ADVOKAT  TANLASHDA NIMALARGA  E’TIBOR BERISH  ZARUR?

Zamonaviy jamiyatimizda tez-tez savol tug‘iladi: yaxshi, tajribali, professional advokatni qayerdan va qanday topish mumkin, bunda nimaga e’tibor berish lozim?

Afsuski, bunday savol inson allaqachon muammoga duch kelgan va unda vaqti haddan ziyod kam bо‘lgan vaqtda paydo bо‘ladi. Bu masala, ayniqsa, vaqt hamma narsani hal qiladigan jinoyat ishlarida о‘ta dolzarbdir.

Ushbu risolada “Yaxshi advokatni qanday topish va bunda nimaga e’tibor qaratish kerak” degan savolni hal qilishingiz uchun kerak bо‘lgan vaziyatlar yuzasidan asosiy tavsiyalarimizni qisqacha bayon qilamiz.

Zamonamizda birorta inson Jinoyat kodeksining buzilishi bilan bog‘liq ishda gumon qilinish yoki ayblanishi ehtimolidan himoyalan­magan. Shu bilan birga, siz hech qanday jinoiy harakatlar qilmasdan ham bunga duch kelishingiz mumkin. Qiyin ahvolga tushib qolganingizda, birinchi navbatda, tegishli mutaxassislikka ega malakali advokatga о‘z vaqtida murojaat qilish shart.

Vaqtdan unumli foydalanish tavsiya etiladi, aks holda bu ayblanuvchi uchun salbiy oqibat keltiradi. Agar siz yoki sizning oila a’zolaringiz oldida qamoq tahdidi paydo bо‘lsa, professional advokat bilan maslahatlashish ustuvor ahamiyatga ega. Haqiqatda tajribali va bilimli, ishni yuritishni о‘z zimmasiga oladigan, sudda о‘z himoyasi ostidagi shaxsning huquqlari va manfaatlari himoyasini ta’minlay oladigan advokatni tanlash juda muhim.

Hech kimga sir emaski, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishlarni kо‘rib chiqishda о‘ta tezkor, shoshilinch ravishda masalani hal qilishni istashadi. Vakolatli mansabdor shaxslar ish tugagan degan hisobotni ertaroq topshirish uchun ishni iloji boricha tezroq yakunlashga intilishadi. Bunday sharoitda malakali advokat himoyasi ostidagi shaxsni himoya qilishning individual yо‘nalishini ishlab chiqadi va ishonch bildiruvchining huquqlari va erkinliklari buzilishining oldini oladi. Tajribali advokatni tanlab, siz adolatsiz jazodan qutulishingiz yoki jinoyat uchun javobgarlik darajasini imkon qadar minimal darajaga tushiri­shingiz mumkin.

Sud majlisi taraflarning qarama-qarshiligida namoyon bо‘lib, sudlanuvchining raqiblari amaldagi qonunchilik sohasida zarur bilimlarga ega bо‘lgan va undan tо‘g‘ri foydalana oladigan mansabdor shaxslardir. Ushbu qarama-qarshilikda g‘alaba qozonish yoki yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan yо‘qotishlarni va salbiy oqibatlarni imkon qadar minimallashtirish uchun faqat ikkita variant mavjud – munosib yuridik bilimga ega bо‘lish yoki bilimli advokat xizmatidan foydalanish.

Kо‘pincha, yaxshi mutaxassisni tanlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelinadi. Sohada yetarlicha bilimga ega bо‘lmagan, ba’zan esa xizmat kо‘rsatish haqqi yuqori bо‘la turib, ish sifati umuman past bо‘lgan “mutaxassislar” juda kо‘p. Bunday holatlarda kimga murojaat qilish kerakligini hamma ham aniq bilmasligini hisobga olsak, bunday “advokatlar” shaxsning umidsiz vaziyatda ekanligidan va huzuriga kelgan shaxslarning ishonchidan foydalanadilar. Advokatura vakillari sonining tobora kо‘payib borishi bilan ularning ichidan munosibini tanlash tobora qiyinlashmoqda. Shu bilan birga, jinoyat protsessida sizga yuqori professional darajada yuridik yordam kо‘rsatishga tayyor bо‘lgan juda tajribali advokat kerak bо‘ladi. Yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan qiyinchiliklar va muammolarning oldini olish uchun sizga advokatni tо‘g‘ri tanlash va bilimsiz himoyachilar bilan hamkorlik qilishni oldini olish yо‘llarini о‘rganishni tavsiya qilamiz.

Ishonch bildiruvchi va advokat о‘rtasidagi munosabatlar – bu, eng avvalo, ishonchli munosabatlardir. Masalan, aksariyat tovarlar va xizmatlarni sotib olishda sizga qaysi mahsulot kerakligini darhol aniqlay olsangiz, advokatning yuridik xizmatlari tanlash bir-biri bilan juda katta farqi bor. Hech qachon, nafaqat yuz foizga, balki tо‘qson foizga ham, advokat sizning muammoyingizni aniq hal qilishiga amin bо‘lolmaysiz. Shu bilan birga, muammoning qoniqarsiz yechimiga nima ta’sir qilganligini isbotlash ham qiyin masala. Ya’ni bunga asosiy sabab advokatning bilimsizligimi yoki huquqiy vaziyatning о‘zi boshqacha hal etilmasligimi? Va eng muhimi – advokatning kо‘pgina xatolarini keyinchalik tuzatib bо‘lmasligi ham mumkin. Masalan, bizning amaliyotimizda advokatning aybi bilan apellyatsiya muddatini о‘tkazib yuborish, о‘z vaqtida qonuniy ahamiyatga ega bо‘lgan harakatlar qilmaslik holatlari uchraydi. Bunday holatda qonun advokatning bilimsizligiga doir hech qanday yengillik kо‘zda tutmaydi. Advokatning vijdonli, halol emasligi sizni oqlash uchun asos bо‘lmaydi.

Advokatsiz ish yuritish mumkinmi?

Ushbu savolni birinchi marta о‘z ishini sudda himoya qilish zaruratiga duch kelgan insonlar tez-tez sо‘rashadi. Javob oddiy. Ha, albatta mumkin. Agar ishni yutqazmoqchi bо‘lsangiz.

Kо‘pchilikka qonun matnlarini о‘qish oson kо‘rinadi. Ular о‘zlarining huquqlarini hatto boshlang‘ich yuridik ma’lumotga ega bо‘lmasdan  himoya qilishga qodir ekanligiga ishonishadi. Darhaqiqat, bundan oddiyroq nima bо‘lishi mumkin – Fuqarolik kodeksini ol va uning har bir bandiga rioya qilib, g‘olibona sud qarorini chiqishiga ishon.

Vaholanki, huquq chigalliklarida tajribaga ega bо‘lmagan shaxs, о‘z harakatlarining eng oddiy huquqiy oqibatlarini ham kо‘ra olmaydi, natijada bu muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Shuning uchun о‘zingizning imkoniyatlaringizga ortiqcha baho bermasdan, hech bо‘lmaganda maslahat olish uchun darhol advokat bilan bog‘lanish ma’qul. Oddiy masalani hal qilish uchun shuning о‘zi yetarli. Agar sizning ishingiz jiddiyroq bо‘lsa va sud aralashuvisiz uni hal qilish imkonsiz bо‘lsa, albatta, malakali advokatning yordamiga ehtiyoj seziladi.

Yodingizda tuting: vaziyatni keyinchalik tо‘g‘irlash uchun yugur-yugur  va ortiqcha qog‘ozbozlik – kassatsiya shikoyatlarini yuborish, ilgari e’tibor bermagan yangi hujjatlarni taqdim etish, birinchi instansiya sudining qarorlariga shikoyat keltirish va h.k.dan kо‘ra bularning oldini olish osonroq.

Quyida sizga bilimli va professional advokatni tо‘g‘ri tanlash bо‘yicha bir nechta maslahatlar va tavsiyalarni beramiz:

1-maslahat: Tergovchi tomonidan taklif qilingan advokat sizga   mos emas

Huquqiy amaliyotda tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan tavsiya etilgan advokat о‘zini chindan ham malakali, vijdonli mutaxassis sifatida kо‘rsatgan va о‘z ishonch bildiruvchilariga nisbatan ayblovlarga qarshi kurashishda yordam bergan, ularni jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan yoki ishni yengilroq jazo tayinlashga erishgan holatlar mavjud. Afsuski, bunday holatlar qoidadan istisno. Kо‘pincha tergovchi va surishtiruvchi tomonidan tavsiya etilgan advokatlar ayblanuvchining о‘ziga qaraganda ayblov taraf uchun qulayroqdir.

Kо‘pgina hollarda, agar tergovchi yoki surishtiruvchi ayblanuvchiga ma’lum bir himoyachini taklif qilsa, bu ular dastlabki tergov va sud jarayonida hech qanday muammolar, tо‘siqlar va bezovtalik manbaiga aylanib qolmasligi bilan izohlanadi. Qolaversa, bunday holatlarda kо‘pincha advokat amalda tergovchining foydasiga ishlashi mumkin, hattoki, ishonch bildiruvchi unga xizmat haqini tо‘laganda ham. Masalan, advokat о‘ziga ishonch bildirgan shaxsni unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni tan olish yoki shikoyat berishdan bosh tortishga ishontirish va shu orqali unga zarar yetkazish holatlar mavjud.

Hech qachon tergovchining maslahati bilan advokatlar izlamang. Tergovchi u tavsiya qilgan advokat siz uchun eng yaxshi tanlov deb istaganicha aytishi mumkin, ammo aslida u tergovchi uchun eng yaxshi tanlovdir. Bunday himoyachi о‘z “ish beruvchisi” uchun imkon qadar kamroq muammoni yaratishga harakat qiladi. Bunday advokat “kerakli” odamlar bilan “muzokaralar olib boradi” degan taxmin deyarli hech qachon о‘zini oqlamaydi. Shuningdek, “taklif etilgan” advokat boshqalarning manfaatlarini himoya qilish xavfi juda katta, kо‘pincha amalda shunday bо‘ladi ham.

Ilgari, advokatga mijoz yetkazuvchi asosiy manba bо‘lib huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari namoyon bо‘lar edi. Tezkor xodimlar, tergovchilar shaxs advokatga juda muhtojligini birinchi bо‘lib xabar berishar edi… Bu shaxsga qachon va qanday advokat tavsiya qilingan –  bu endi boshqa masala. Keling, bir о‘ylab kо‘ramiz – tergovchi ishda ishonch bildiruvchining manfaatlari yо‘lida harakat qilgan holda, qoida tariqasida qonun normasiga rioya qilinishini nazorat qilishi kerak bо‘lgan, binobarin bilimli, tergov mashinasi uchun “bosh og‘rig‘i” bо‘ladigan, “ishni” sindira oladigan va h.k. advokatni istaydimi? Aksincha, tergovchi о‘z “yurituvidagi” shaxsga о‘ziga yaqin bо‘lgan, jimgina, rozi va hamma qog‘ozlarga imzo qо‘yadigan advokatni maslahat berishi foydaliroq.

2-maslahat: Sudga yaqin bо‘lgan advokatlarni tanlashda ehtiyot bо‘ling

Ofisi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri sud binosida yoki unga yaqin hududda joylashgan advokatni tanlash tо‘g‘risidagi qaror ancha munozarali. Bir tomondan, sud binosida vakillik qilish sudyalar va prokurorlar bilan yaxshi tanish bо‘lish, vakolatli shaxslarning ish joylariga kirib yurish va jazoni qisqartirish yoki himoyasi ostidagi shaxsning moddasini malakasini о‘zgartirish masalalari bо‘yicha norasmiy muloqot qilish imkoniyatini anglatadi. Fuqarolik nizolarini kо‘rib chiqish tо‘g‘risida gap ketganda, ushbu advokat о‘z ishonch bildiruvchisining manfaatlarini muvaffaqiyat­li himoya qilish uchun hamma imkonga egadek kо‘rinadi.

Jinoyat ishlari bо‘yicha hamma narsa ancha murakkab. Axir, himoya vakili о‘z joyini juda qadrlaydi va sudyalar bilan munosabatlarni saqlashga intiladi, natijada ishni sudda kо‘rib chiqishda ularga hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaslikka harakat qiladi. Bunday mutaxassis о‘z ishonch bildiruvchisining huquqlarini himoya qilish uchun mumkin bо‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanadi va xatto imkonsiz narsalarni ham qila oladi deb kutish qiyin. Agar sud va ayblov jazo muddati borasida о‘zaro kelishib olishsa, u holda advokat ushbu qarorga rozi  bо‘ladi, qо‘yadi.

Sud binolari yaqinida ishlaydigan advokatlar kо‘p. О‘zingizni aldamang, bu sudga yaqin advokatlar emas. Ular sudyalarning “eng yaqin dо‘stlari” emas va ularga murojaat qilish yuz foizlik muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Ushbu inson huquqlari himoyachi­lari faqatgina imkon qadar kо‘proq mijozlarni jalb qilish uchun sud binosiga yaqin binolar va xonalarni ijaraga olishadi.

3-maslahat: Bepul advokat odatda yomon advokatdir

Advokatning ish haqi bilan bog‘liq yana bir og‘riqli mavzuga tegib о‘tmay bо‘lmaydi. Qonun bо‘yicha sizga bepul advokat taqdim etishlari mumkin. Qonunda “bepul” advokatni yollashga ruxsat berilgan fuqarolar toifalari mavjud (Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yoki daromadlari yashash darajasidan past bо‘lgan odamlar). Biroq, bunday advokatni kо‘pincha ushbu ishning muvaffaqiyatli natijasi qiziqtirmaydi, chunki uning gonorari ancha kam miqdorni tashkil etadi. Bepul advokat yaxshi haq evaziga ishlaydigan advokat qiladigan ishni qilishi dargumon.

Hech narsa bepul emasligi aniq va advokatning ishi bizning davlatimiz tomonidan, hatto kamroq hajmda bо‘lsa ham tо‘lanishi kerak. Ammo muammo shundaki, davlat fuqarolarga bepul yuridik yordam kо‘rsatish huquqini qonuniylashtirgan holda, aslida bu huquq faqat qog‘ozda qolmasligi uchun deyarli hech narsa qilmaydi. Bir sо‘z bilan aytganda, insonga “bepul”, va yaxshi advokat topish nasib etishi ehtimoldan yiroq. Bu holatda erishishi mumkin bо‘lgan narsa, kо‘pi bilan – bepul yuridik maslahat.

Ehtimol, advokat kuchli mutaxassis bо‘lib chiqishi va о‘z himoyasi ostidagi shaxs aybsizligini isbotlashi yoki ayblovning og‘irligini kamaytirishga yordam berishi mumkin. Shunga qaramay, aksariyat hollarda  bunday natijaga amin bо‘lmaslik va qat’iy ishonmaslik kerak.

4-maslahat: Yaxshi advokat hech qachon arzon bо‘lmaydi.

Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida advokatlar alohida о‘rin tutadi. Ular davlat xizmatchilari yoki vakillari emaslar, aksincha, ularga ishonch bildiruvchilarning manfaatlarini himoya qilishga intiladigan mustaqil yuristlardir. Bu davlatdan mustaqilligini hal qiluvchi omil hisoblanadi. Advokat faqat sizning manfaatlaringizni himoya qiladi va boshqalarning manfaatlarini himoya qilishi mumkin emas.

Ishni kо‘rib chiqayotgan advokat bir qator hujjatlarni kо‘zdan kechirishi, juda kо‘p sonli adabiyotlarni о‘qishi, о‘zgaruvchan qonun hujjatlaridan doimo xabardor bо‘lishi, ba’zan sudlarda bir necha kunlab о‘tirishi, о‘z ishonch bildiruvchisi haqiqatini isbotlashi uchun da’vo arizalari, iltimosnomalar yozishi va turli instansiyalarga sо‘rovlar tayyorlashi zarur bо‘ladi. Ba’zan da’vo ishi tugashiga bir hafta yoki bir oy kerak bо‘lmaydi; kо‘p holatlarda bir yil, ikki yil yoki undan ham kо‘proq vaqt davomida kо‘rib chiqiladi.

Bugun hech kim ortiqcha pul tо‘lashni istamaydi. Biroq, shunday murakkab ishlar borki, unda ortiqcha tejamkorlik natijaga zarar yetkazishi mumkin, chunki yaxshi advokat qimmat advokat ekanligi ayni haqiqat! Agar siz sud jarayonida “ortiqcha tо‘lov” qilsangiz ham, tajribali advokatning say-harakatlari bilan sizning foydangizga chiqarilgan ijobiy sud qarori sizning barcha xarajatlaringizni ortig‘i bilan qaytaradi. Agar fuqarolik ishlarini oladigan bо‘lsak, aholi aksariyat hollarda advokatlarning malakali xizmatlarini e’tiborsiz qoldirishadi va bu keraksiz tejamkorlik tufayli sodir bо‘ladi, ammo keyinchalik xarajat ikki baravar kо‘p ketadi! Shuningdek, sarf qilingan vaqt va asablar, qolaversa, sud ishining salbiy yakuniy natijalari ortiqcha tejamkorlikni oqlaydi deb aytish qiyin. Albatta, siz shubhali yuridik firmalar bilan bog‘lanmasligingiz kerak. Agar siz yuqori malakali advokatni topishga muvaffaq bо‘lsangiz, unda siz о‘zingizning huquqlaringizni himoya qilishni unga bemalol ishonib topshirishingiz mumkin. Haqiqiy advokat hech qachon vaziyatdan shunchaki foyda kо‘rmaydi. Inson huquqlarini himoya qilish advokatlarning asosiy vazifasidir va ularning faoliyatidagi halollik faqat shu prinsipga amal qilish bilan о‘lchanishi kerak.

5-maslahat: Advokat og‘zaki va yozma nutqi ravonligiga ega bо‘lishi kerak

Advokat tuzilmasi kо‘plab mashhur unvonlar va yaxshi obrо‘-e’tiborga ega bо‘lishi mumkin, ammo bu hech narsani anglatmaydi. Suddagi manfaatlaringiz advokat tuzilmasi tomonidan emas, balki aniq bir shaxs tomonidan ifodalanadi va aynan uning professionalizmi, obrо‘si va vijdoni, halolligi tekshirilishi kerak.

6-maslahat: Advokat yaxshi sо‘zlash va yozishni bilishi kerak.

Uchrashganingizda, advokatdan u tuzgan hujjatlarni kо‘rsatishini sо‘rang. Ularni tahlil qiling: imlo, stilistik va tinish belgilarida xatolar bormi? Xatolarga tо‘la hujjat, tarkibidan qat’iy nazar, sud tomonidan keskin salbiy reaksiyaga sabab bо‘ladi. Xuddi shu tarzda, advokat nutqini tanqidiy tahlil qiling: u о‘z fikrlarini tо‘g‘ri va aniq ifodalashi, tо‘g‘ri nutq uslublaridan foydalanishi va og‘zaki iboralar, parazit sо‘zlar va, albatta, qо‘pol sо‘zlardan qochishi kerak.

Yaxshi advokatning nutqida siz о‘zingizning fikrlaringizni shunga о‘xshash tarzda ifoda etgan bо‘lsangiz ham, hech qachon jargon yoki senzurasiz, behayo sо‘zlarni eshitmaysiz.

Shubhasiz, savodli tarzda gapirishni va yozishni bilmaydigan, omma oldida nutq paytida his-tuyg‘ularni nazorat qilishni bilmaydigan yoki tashqi qiyofasi beparvo, kiyim-boshi tartibsiz bо‘lgan advokat о‘z ishonch bildiruvchisining manfaatlarini tо‘laqonli himoya qila olishiga ishonish qiyin. Bunday holda, professional bо‘lmaganlarga ishonish va undan bilimsiz va malakasiz yordamni olgandan kо‘ra, boshqa mutaxassisni izlash yaxshiroq.

Sо‘zlashda nо‘noqlik – bu advokatning professional nuqsonidir. Bunday himoyachi kо‘pincha sud majlisida о‘z fikrini tushuntira olmaydi. Yozma muloqot qilish, hujjatlar, bayonotlar va iltimosnomalarni rasmiylashtirish kо‘nikmalari muhimdir. Agar hujjatlar notо‘g‘ri tuzilgan bо‘lsa, xatolari bо‘lsa yoki tushunish qiyin bо‘lsa, bu sudyaning, shu jumladan, ayblanuvchiga nisbatan noxolis munosabatiga sabab bо‘ladi. Advokat fikrlarni ifodalashda savodxonlik va izchillikni kuzatishi kerak. Bundan tashqari, haqoratli sо‘zlarni ishlatish mumkin emas.

Mavjud vaziyat tafsilotlari bilan tanishmay turib, Sizga yaxshi natija va sо‘zsiz g‘alaba kafolatlaydiganlarga murojaat qilish ham notо‘g‘ri qaror bо‘ladi. Albatta, ortiqcha savol tug‘dirmaydigan va muvaffaqiyatga mahkum bо‘lgan holatlar ham bо‘ladi. Biroq, hech kim hech qachon mutlaq kafolat bera olmaydi. Har qanday ishlar kutilmagan burilishlar va о‘zgarishlar bilan tavsiflanadi. Jinoyat kodeksining moddalarini buzish holatlarida – bu, ayniqsa, muhimdir.

7-maslahat: Muvaffaqiyatga kafolat beradigan advokatlarga ishonmang

Advokat yuridik yordam sо‘rab murojaat qilgan shaxsga yoki ishonch bildiruvchiga topshiriqni bajarilishining ijobiy natijasi tо‘g‘risida va’da

berishga haqli emas, basharti bu advokat о‘z vazifalarini vijdonan bajarish о‘rniga, ushbu maqsadga erishish uchun tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri yoki bilvosita boshqa vositalardan foydalanmoqchi bо‘lsa.

Boisi, bu vaziyatda о‘z ishonch bildiruvchisiga sudda muvaffaqiyatli himoyani kafolatlaydigan advokat о‘z kasbiy faoliyati asoslarini buzishi aniq. Biroq, bu advokat о‘z ishonch bildiruvchisiga ishining taxminiy sud istiqbolari borasida о‘z fikrini bildirishga haqli emas degani emas.

Advokat sudda g‘oliblikni kafolatlay olmaydi – u jarayonni nazorat qilmaydi va qaror qabul qilmaydi. Sud hukmi kо‘plab omillarga bog‘liq va ularning aksariyati advokatning nazorati ostida emas. Shu sababli, tajribali mutaxassis, hatto ishning muvaffaqiyatli bо‘lishiga amin bо‘lgan holda ham buni hech qachon qat’iyat bilan baralla e’lon qila olmaydi.

Haqiqiy advokat aytishi mumkin bо‘lgan yagona narsa: “Bu ish yutuqli kо‘rinadi, lekin men 100% kafolat berolmayman”. Agar qarama-qarshi tomon о‘z haqiqatiga ishonch hosil qilmaganda yoki hech bо‘lmaganda sud ularning dalillarini qabul qilishiga umid qilmaganda, ish sudga umuman yetib bormagan bо‘lar edi. Hammasi tinchlik bilan hal qilinardi.

Pessimizm – yuqori malakali advokatning tashrif belgisidir. Ish nisbatan oson bо‘lsa ham, yaxshi advokat о‘zini aldanishiga yо‘l qо‘ymaydi va har qanday tuzoqqa tayyor bо‘ladi. Shu bilan birga, faqatgina firibgar, yolg‘onchi yoki pora beruvchi natijaga kafolat berishi mumkin. Aksincha, eng yomon narsalarga tayyorgarlik kо‘rish va yaxshilikni kutish maqbul.

Ishonch bildiruvchiga muvaffaqiyatni kafolatlash – bu advokat etikasini buzish, aslida firibgarlikning о‘zidir.

8-maslahat: Yaxshi advokat kamdan-kam hollarda yolg‘iz ishlaydi

Shubhasiz, dushman ortida yashirinib ishlash, konspiratsiya shaklida ish olib borish va razvedka qilishda bir о‘zi harakat qilish ma’qul. Ammo, odatda, advokatlarga bunday talablar qо‘yilmaydi. Jamoada ishlash advokat oldiga qо‘yilgan vazifani samarali hal qilishga imkon beradi, bu, albatta, muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini oshiradi.

9-maslahat: Sudya bilan “norasmiy munosabatlarni” nazarda tutadigan himoyachilardan uzoqroq turing

Agar bu haqiqat bо‘lsa, siz muqarrar ravishda korrupsiya botqog‘iga tushib qolasiz. Agar yо‘q bо‘lsa, unda siz shunchaki aldanib qolasiz. Ikkalasi  ham yomon natija. Bundan tashqari, siz sudyaga pora berishda vositachilik qilishga tayyor bо‘lgan shaxs bilan quyidagi sababga kо‘ra aralashmasligingiz kerak: raqiblaringiz bunday advokatni bemalol sotib olishlari mumkin. Shunda siz unga aytgan barcha ma’lumotlar qarshi tomonga ma’lum bо‘ladi. Himoyachidan sizni vijdon azobisiz sudda girdobga g‘arq qiladigan odamga aylanadi.

10-maslahat: G‘olibligi bilan maqtanib, sо‘zlarini mijozlari haqidagi maxfiy ma’lumotlar bilan qо‘llab-quvvatlagan advokatdan ehtiyot bо‘ling

 

Bu odat advokatlarning kasb axloq qoidalariga zid keladi.

Maxfiylik – bu advokat faoliyatidagi zaruriy shart. Unga ishonch bildiruvchilar tomonidan “zavqli xotiralar” emas, balki shaxsiy sirlar ishonib topshirilgan. Professional advokat о‘z ishlari haqida gaplashganda, hamkasblari bilan maslahatlashishda, aniq ismlarni kо‘rsatmaydi.

11-maslahat: Advokat sizni qanday himoya qilmoqchi ekanligiga  e’tibor bering

Undan himoya usullari, ishning qaysi holatlariga alohida e’tibor qaratishi va boshqalar haqida batafsilroq aytib berishni sо‘rash kerak. Basharti advokat sudga aytmoqchi bо‘lgan dalillarni aniq keltira olmasa, sudni sizning haqligingizga ishontira olmaydi. Axir, agar siz, nizoli vaziyatning butun tarixini yaxshi biladigan va qiziqtiradigan inson, uning fikrini tushuna olmasangiz, unda boshqalar haqida nima deyish kerak?

12-maslahat: Advokatning xizmat kо‘rsatish jarayonida о‘zini tutishiga e’tibor bering

 

Siz advokatga – pulini tо‘la va ma’lum vaqtdan keyin natijani qо‘lga kirit, kabi prinsip bо‘yicha murojaat qilmasligingiz kerak. Albatta, har kim shunday bо‘lishini xohlaydi, ammo amaliyot shuni kо‘rsatadiki, hatto eng yaxshi advokat bilan ishlashda ham har doim ishdagi vaziyatdan xabardor bо‘lishingiz va topshiriq ijrosi tо‘g‘risida doimiy ravishda advokatdan ma’lumot olishingiz kerak.

Sizni ogohlantirishi va ish bо‘yicha ishlar yaxshi emasligidan darak beruvchi asosiy alomatlar – advokatga qо‘ng‘iroq qila olmaslik va topshiriqning ijrosi haqida sizni uzoq vaqt davomida xabardor qilmaslik, advokatda aniq ish rejasi bо‘lmasligi yoki ilgari siz bilan kelishilgan ishlarni ma’lum bahonalar bilan bajarmaslik, advokatning nofaolligi (hech qanday sababsiz harakatni tо‘xtatishi) yoki, aksincha, biror natijasiz haddan tashqari faollik. Ishlar yurishmayotganda, sizning huquqlaringiz buzilgan va sizning advokatingiz bunga hech qanday munosabat bildirmagan bо‘lsa, hech qanday shikoyat yozmasa yoki u vaziyatga izoh berishdan bosh tortganda, shubhalar paydo bо‘lishi kerak.

Shuni yodda tuting: advokatning ish darajasi uning miqdorida emas, balki u tuzgan hujjatlar sifati bilan, shuningdek, harakatlarning о‘ylanganligi va tо‘g‘riligi, sizning manfaat­laringizni himoya qilish pozitsiyasi haqida aniq tasavvurga ega bо‘lishda.

Advokat sizning topshirig‘ingizni bajarishi paytida, undan barcha oraliq va protsessual hujjatlarning nusxalarini olib, alohida papkaga joylashtirishingizni maslahat beramiz, shuningdek, ma’lum muddatdan sо‘ng (oy, kvartal va boshqalar) yoki ishning ba’zi bosqichlarni bajarish yuzasidan oraliq natijalarini qabul qilish ham samarali bо‘ladi, ammo bu siz va advokatingiz о‘rtasida tuzilgan shartnomada kо‘rsatilgan bо‘lishi kerak.

13-maslahat: Asosiy e’tibor sizga emas, balki sizning ishingizga qaratilishi kerak

Ishonch bildiruvchining muammosi haqida 24 soat davomida uxlamay va dam olmay, argumentlar, dalillarni izlab, kerakli yechimni topguncha harakatda bо‘ladigan, ishonch bildiruvchi kim va qandayligidan qat’iy nazar himoya va yordamga tayyor mutaxassislar ham mavjud. Bu advokat kasbiy mahoratining mohiyati – barchani himoya qilish, chunki aybsizlik prezumpsiyasi har qanday inson uchun bir xilda teng.

14-maslahat: Advokatning mashhurligi kо‘pincha ishonch bildi­ruvchining eng qiyin muammolarini hal qilishga yordam beradi

Mashhurlik, albatta, ijobiy mazmundagi, katta yordam beradi. Biroq, janjalkashligi bilan mashhur advokatlar ishning yechimiga salbiy ta’sir kо‘rsatishi mumkin. Kо‘pgina rivojlangan jamiyatlarda quyidagi fenomenni kuzatish mumkin. Ishni qabul qilgan yuridik firma birinchi navbatda raqibning vakili kim ekanligini aniqlashga intiladi. Agar raqib mashhur, obrо‘li, muvaffaqiyatli, qudratli, badavlat yuridik firma xizmatlari va yordamidan foydalanayotgan bо‘lsa, unda raqiblar yarashuv tuzishni afzal kо‘rishadi.

Ommaviy axborot vositalarida advokat haqida mavjud bо‘lgan ma’lumotlarga asoslanib, uni baholashda shuni yodda tutishingiz kerakki, bir tomondan bunday ma’lumotlar kо‘pincha tekshirilmagan bо‘lib, advokatni  obrо‘sizlantirish uchun yoki, aksincha, yolg‘on reklamani о‘z ichiga olgan bо‘lishi mumkin. Boshqa tomondan esa olovsiz tutun bо‘lmaydi va agar mijozlardan biri advokatga nisbatan uning insofsizligi tо‘g‘risida fikr bildirsa, siz ehtiyot bо‘lishingiz, iloji bо‘lsa, bunday advokat bilan shartnoma tuzishdan qaytishingiz ma’qul.

Advokatning ommaviyligi – bu uning kasbining bir qismidir! Advokat qanchalik taniqli bо‘lsa, u о‘zining ishbilarmonlik obrо‘si uchun shunchalik mas’ul. Taniqli advokatlar о‘z ishlari va intellek­tual brendini qadrlashadi, shuning uchun «taniqli yuristlar» atamasi deyarli har doim «eng yaxshi advokatlar» degan ma’noni anglatadi.

Boshqa tomondan, mashhurlik uchun tо‘lash kerak – taniqli advokat kо‘proq mijozlarga ega, shuning uchun u ishlarni tanlashda kо‘proq tanlaydi va yuqori haq talab qiladi.

Maslahat: Agar haqiqatdan imkoningiz bо‘lsa va sizning ishingizning о‘ta murakkab bо‘lsa, mashhur va taniqli advokatlarni tanlashingiz mumkin.

15-maslahat: Advokat sizning ishingiz kо‘riladigan mamla­katda ma’lumot olganligiga ishonch hosil qiling

Advokatlik kasbi – bu eng “hududiy” mutaxassislik va fan hisoblanadi: masalan, dasturchi yoki pianinochi Afrikada ham shun­dayligicha  qolaveradi, lekin advokat u ishlayotgan va advokatlik litsenziyasiga ega bо‘lgan mamlakatdan tashqarida advokat bо‘lmay qoladi. Turli mamlakatlarning huquqiy tizimlari juda xilma-xil bо‘lishi mumkin.

 

16-maslahat: Advokatning kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishiga e’tibor bering

Agar advokat sizning oldingizda professional axloq qoidalarini buzsa (о‘z hamkasblariga nisbatan haqoratli ohangda gapirsa, boshqa mijozlariga tegishli maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilsa, sudya, prokurorga pora berish ehtimoli tо‘g‘risida firk yuritsa), unda bunday advokat bilan bog‘lanmaslik yaxshiroq. Advokat huzurida siz xuddi shifokor oldida bо‘lgandeksiz (u barcha tafsilotlarni bilmasa, sizni himoya qila olmaydi), barcha ishga doir haqiqatlarni ayting, eng maxfiy sirlaringizni, sizga zarar yetkazishi mumkin bо‘lsa ham, aytib berishingiz lozim. Aynan shu sababli, himoyachini tanlashda juda ehtiyot bо‘lish kerak.

17-maslahat: Advokat sizning ishingizni kо‘rib chiqishdan bosh tortsa, undan xafa bо‘lmang

Advokatlik ijodkor faoliyat va bosim ostida ishlay olmaydi. Ehtimol, unga ishning ijobiy natijasi shubhali tuyulgandir yoki uning axloqi va e’tiqodi unga sizning tarafingizda qatnashishga imkon bermaydi, balki u shunchaki ishi haddan tashqari kо‘pdir.

 

18-maslahat: Yuqoridagi barcha narsalarga qо‘shimcha ravishda, advokat sizga inson sifatida kо‘nglingizga о‘trishi maqsadga muvofiq

Advokatni tanlashda birinchi qadam bu sizning psixologik о‘zaro muvofiqligingizga e’tibor berishdir. Axir, siz u bilan cheksiz vaqt davomida о‘ta muhim mavzularda suhbatlashishingizga tо‘g‘ri keladi. Ehtimol, unga yaqin sirlarni va maxfiy ma’lumotlarni ishonib topshirish kerak bо‘ladi. Xо‘sh, agar advokat sizga shaxs sifatida mos keladigan bо‘lsa, undan о‘rganadigan narsalar bor bо‘lsa va u bilan muloqot qilish faqat quvonch va yangi bilimlarni keltirib chiqarsa – demak, savdolashib

о‘tirish, tanlashga hojat yо‘q. Bundan tashqari, bizning mamlakatimizda, masalan, Amerika bilan taqqoslaganda, yuqori darajadagi advokatning ishi hanuzgacha ancha past baholanadi.

Ishonch birinchi uchrashuvdan xayrixohlik va tо‘g‘rilik, ishga va ishonch bildiruvchiga qiziqish bilan erishiladi. Ishlarni kо‘rib chiqishda vijdonan yuritish ham advokatning majburiyatidir: u va’da bergan hamma narsani о‘z vaqtida, tо‘liq bajarishi va qonuniy muddatlarga rioya qilishi shart.

Shunday qilib, eng muhim fikrlardan biri bu sizning о‘zingiz advokatga qanchalik ishonishingiz! Boshqacha qilib aytganda, advokatni tanlayotganda, bu hal qiluvchi ahamiyatga ega bо‘lgan psixologik omil. Agar advokat bilan maslahatlashgandan sо‘ng sizda biron-bir noqulaylik bо‘lsa, uning bilimiga shubha qilsangiz, boshqa advokat bilan bog‘laning. О‘zingizning fikringizni qabul qiling va tanlov qiling. Agar advokat ishonch bildiruvchiga hurmat bilan munosabatda bо‘lsa va tegishli xizmat kо‘rsatsa, ishonch bildirgan shaxs ham, advokat ham mamnun bо‘lib, bir-biridan foyda kо‘radi.

ADVOKAT BILAN SHARTNOMA TUZISHDA NIMAGA E’TIBOR BERISH ZARUR?

Shartnomani qanday tuzish kerak? Bu yerda g‘ayritabiiy narsa yо‘qdek tuyuladi: yaxshi advokat (tanish yoki e’lonlar orqali) topasiz, u bilan sizning huquqiy muammolaringizning barcha tafsi­lotlarini muhokama qilasiz, u bilan shartnoma tuzasiz – tamom, vassalom. Biroq, hamma narsa shunchalik oddiy emas. Birinchidan, advokat “kо‘chadan” bо‘lishidan yoki yaxshi dо‘stlarining tavsiyasidan qat’iy nazar, mutlaqo turfa malakaga ega bо‘lishi mumkin. Albatta, hech bо‘lmaganda malakasini, uning tegishli toifadagi  ishlarni yuritish bо‘yicha amaliy tajribasini о‘rganish, shuningdek uning gaplarini tinglash va sizning muammoingizni qanday kо‘rishini tekshirish mumkin. Ammo bu hali hammasi emas.

Asosiy e’tiborli holatlar

  • Advokat xizmatining narxi. Ba’zan u ilovada, lekin kо‘pincha shartnomaning о‘zida kо‘rsatiladi. Shuni e’tiborga olingki, shartnoma miqdori tushunchasi chalg‘itishi mumkin, chunki u biroz noaniq bо‘ladi. Shu sababli, shartnomada qancha miqdor va nima uchun tо‘lanishi kerakligini aniq kо‘rsatish maqsadga muvofiq. Masalan, siz bir ibora bilan cheklanib qolmasligingiz kerak, masalan, yer uchastkasiga mulk huquqini rо‘yxatdan  о‘tkazish bо‘yicha xizmatlar. Bu yerda qanday xizmatlar kо‘rsatish zarurligi aniq emas. Bunday holda, shartnoma predmeti mavhum bо‘lib qoladi.
  • Muddat. Xususan, u ma’lum bir sana (bir yoki bir nechta) sifatida kо‘rsatilishi mumkin. Biroq, qoida tariqasida, muddat yoki tegishli voqea kо‘rsatiladi (masalan, birinchi instansiya sudida ish muhokamasi)
  • Kafolat. Ya’ni, advokat о‘z xizmatlari uchun kafolatlar beradimi. Agar beradigan bо‘lsa, unda kafolat muddati, masalan, shartnoma muddati davomida kо‘rsatilishi kerak. E’tibor bering, qonunchilikka kо‘ra, advokat, shuningdek, boshqa har qanday yurist mijozga biron-bir ish natijasini kafolatlash huquqiga ega emas, chunki yakuniy qaror sudning ichki ishonchiga asoslanib, ishni har tomonlama va obyektiv kо‘rib chiqish natijasida qabul qilinadi. Advokatlarning kasb etikasi yuridik xizmat sо‘rab kelganlarga kafolat berishni aniq taqiqlaydi.
  • Advokat xizmatiga haq tо‘lash jarayoni. Xususan, shartnomada tо‘lovni tо‘lash kerak bо‘lgan tartib – qisman yoki tо‘liq tо‘lash zarurligi kо‘rsatilishi kerak. Agar tо‘lov qismlarga bо‘lib amalga oshirilsa, unda har bir tо‘lov uchun tо‘lov muddati, tо‘lov shakli kelishib olinadi (masalan, naqd  pulda).
  • Shartnoma taraflarining huquqlari (har bir taraf nimaga erishishi mumkin).
  • Taraflarning javobgarligi. Ya’ni taraflar (ularning har biri) shartnoma doirasida aynan nima qilish majburiyatini zimmasiga olganligi.

Shartnoma tugagandan sо‘ng, taraflar kо‘rsatilgan xizmatlarni qabul qilish dalolatnomasini imzolaydilar. Ushbu dalolatnoma avvalroq tuzilgan pullik (yuridik) xizmatlarni kо‘rsatish shartnomasi natijalari asosida tuziladi va majburiyatlarning bajarilishi faktini aks ettiradi.

Shuni ta’kidlash kerakki, yuridik xizmatlarni kо‘rsatish tо‘g‘risida bitim tuzish yakka tartibdagi tadbirkor va jismoniy shaxs о‘rtasida, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, jismoniy shaxslar о‘rtasida bо‘lishi mumkin.

Bunday hujjatning standart shakli mavjud emas. Ushbu dalolatnoma oddiy yozma shaklda tuziladi. Biroq, u quyidagi ma’lumotlarni о‘z ichiga olishi kerak:

  • hujjat nomi;
  • tuzilgan sana;
  • hujjatni rasmiylashtirgan shaxsning ismi;
  • xizmat turlari va ularning tarkibiga nimalar kiradi;
  • xizmatlarning naturadagi va pul kо‘rinishidagi tarkibi;
  • shartnoma tuzgan va uning bajarilishi uchun mas’ul bо‘lgan shaxslarning tо‘liq ismi va boshqa tafsilotlari;
  • ushbu shaxslarning imzolari.

 

YANA OG‘RIQLI MASALA HAQIDA OZGINA FIKRLAR

Bu yerda biz advokaturaning halollik kabi muhim jihatlariga tо‘xtalmoqchimiz. Albatta, advokatlarni barchasini tо‘liq vijdonli va halol  yoki aksincha deb aytish mumkin emasligi hammaga ma’lum, chunki ular bir tomondan qonun doirasida harakat qilishadi, ikkinchidan, aytaylik, pora olish ehtimoli yuqori bо‘lgan mansabdor shaxslar (sudyalar, ROVD xodimlari va boshqalar) bilan munosabatlar doirasida faoliyat kо‘rsatishadi. Albatta, mamlakatimizdagi barcha amaldorlar poraxо‘rlik bilan shug‘ullanmaydilar, ammo ularning ma’lum qismi bunga dahldor.

Umuman olganda, yuridik faoliyatning о‘ziga xos xususiyati advokatlarni, gо‘yo axloqning boshqa tomonida bо‘lishga majbur qiladi. Bu haqiqat ba’zan о‘z vazifalariga muvofiq о‘zganing huquqlarini himoya qilishga chaqirilganlar orasida, ya’ni advokatlarda namoyon bо‘lishi achinarli holdir. Amaliyotdan bir misolni kо‘rib chiqamiz. Keling, advokatni

Muxtorov O.L. (ism, familiyasi о‘zgartirildi). Nisbatan yaqin о‘tmishda, u, ROVD xodimi bо‘lgan. Ammo endi vaqti keldi, nafaqaga chiqib, xususiy  yuridik amaliyoti bilan shug‘ullanishni boshlaydi.

U haqida juda yaxshi dо‘stimizdan tavsiya berilgan. Darhaqiqat, uning birinchi ishida (bu jinoyat ishi edi) qiyinchiliksiz g‘alaba qozonilgan edi. Ayblanuvchi haqiqatan ham aybsiz edi, chunki ishni tuman ichki ishlar bо‘limi juda oshkora ravishda, qо‘pol qonun buzilishlar bilan yuritgan. Ochig‘i, advokatning о‘zi ham bundan hayron qoldi. Uning sо‘zlariga kо‘ra, qoida tariqasida, bunday holatlarda sudyalar ayblanuvchi zimmasiga kichikroq bо‘lmsada shartli muddatni “osib qо‘yishadi”. Shunday qilib, Muxov O.L. shaxsni jinoyat ishlari bо‘yicha sudda himoya qilishga muvaffaq bо‘ldi. Keyingisi, ayblanuvchini asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortish natijasida davlat tomonidan yetkazilgan ma’naviy zararni undirish jarayoni edi. Va aytishimiz kerakki, haqiqatdan ham zarar yetkazilgan edi. Tergov, sudlar bir yarim yil davom etdi. Bu vaqt davomida ayblanuvchi fuqarolik huquqlarining bir qismini buzgan, moddiy zarar kо‘rgan. Bundan tashqari, albatta, ma’naviy ziyon kо‘rdi.

Umuman olganda, ayblanuvchini reabilitatsiya qilish tо‘g‘risida fuqarolik da’vo arizasi berish va ma’naviy va moddiy zarar uchun tegishli pul kompensatsiyasini talab qilish vaqti keldi. Va bu yerda advokat о‘zini kutilmagan tomondan kо‘rsatdi.

Avvaliga u ayblanuvchini bunday fuqarolik da’vosini kiritishga ishontirish uchun qо‘lidan kelganicha harakat qildi. U bu ish yutuqli ekanligini ta’kidladi (va aslida ham shunday bо‘ldi). Biroq, ushbu da’voda, ayblanuvchining fikriga kо‘ra, unga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zarar miqdorni kо‘rsatish kerak edi. Advokat qat’iy taklif qildi: “Keling, kattaroq miqdorini kо‘rsatamiz, uyog‘ini sud hal qiladi. Agar avvaldan, kichikroq hajmini kо‘rsatadigan bо‘lsak, unda sud uni yanada kamaytirish mumkin va siz, ayblanuvchi (aniqrog‘i, allaqachon oqlangan) umuman bir tiyinsiz qolasiz, degan edi.

Xullas, bu fikrlar ancha ishonchli kо‘rinadi. Umuman olganda, ular 22 million 32 ming sо‘m zarar miqdorini kо‘rsatishga qaror qildi. Siz sud oldida kо‘rsatilgan summani qanday oqlaysiz, deb sо‘radi ishonch  bildirkuvchi. Bu yerda advokat biroz qizarib, ma’lum bir usul borligini aytdi. Qanday usul bor? U bilan tanishish mumkinmi? Advokat bu savollarga shartnoma bо‘yicha ishi hali boshlanmagani (mijoz allaqachon avans berganiga qaramasdan), shuning uchun u ushbu usulni hozircha oshkor qilmasligini aytdi. Ammo, xavotir olmaslikni, sudlar bu haqda juda yaxshi bilishini ta’kidlaydi. Natijada, oqlangan shaxs hecham advokatdan ushbu “maxfiy” usul qoidalarini ololmaydi.

Advokat uchun pul (tо‘lov) haqida nima deyish mumkin? Xо‘sh, hamma advokatlar singari: 5 million sо‘m – ish uchun plyus shartnoma summasining 10 %i. “Menimcha, bu sizning ishingizda adolatli, chunki kо‘plab advokatlar 12 % va undan kо‘proqni oladi”, degan sо‘zlar bilan advokat O.L.Muxov darhol belgilangan shartni shartnomaga kiritdi, chiqarib ishonch bildiruvchiga imzo uchun topshirdi. Biroq, ikkinchisi, davlat tomonidan  unga qarshi noqonuniy xatti-harakatlaridan hali tо‘liq о‘ziga kelmagan bо‘lsada, о‘z vaqtida, bu yerda biron-bir narsa tо‘g‘ri emas, degan fikrga keladi… “Agar ish yutib chiqmasa va sud, masalan, hech nimani undirib bermasa, nima bо‘ladi?” Bu sо‘zlarda advokat bunday mumkin bо‘lmasligini aytadi. Biroq, siz ehtiyot shart desangiz, keling, shartnomaga quyidagi satrni kiritamiz: “…agar sud da’voni qondirsa, shartnoma summasining 10 %”. Xо‘sh, agar da’vo sud tomonidan faqat qisman qondirilsa, nima bо‘ladi? Bu yerda advokat yana qizarib ketadi: “Xо‘sh, buni biz keyinroq kelishib olarmiz” Natijada, u ochiqchasiga istamay, shartnomaga quyidagilarni kiritdi: “… sud tomonidan qondirilgan da’vo miqdorining 10 %i”.

Farqi, menimcha, hammaga ayon. Shartnoma summasining 10%i (ya’ni 22 million 32 ming sо‘m) va boshqa narsa – sud tomonidan qondirilgan da’vo miqdorining 10 %! Xо‘sh, keyin nima bо‘ldi, deb sо‘rashingiz mumkin. Shartnoma imzolangandan sо‘ng darhol 5 million sо‘m miqdorida avans tо‘lovi amalga oshirildi (shartnomada kо‘rsatilganidek). Advokat Muxov O.L.ning “nou-xau” si bо‘lgan “maxfiy” usul hech qanday ish bermadi. Keyin advokat shunchaki… sudga kelmadi. Aytishicha, unutgan ekan. Ish kechiktirildi, bu haqda advokatga xabar berildi. Ikkinchi marta – u yana kо‘rinish bermadi. Va uchinchi marta ham… Natijada, ishni boshqa advokat kо‘rib chiqadigan bо‘ldi. Aytgancha, keyinchalik sud faqat 3 million sо‘m miqdoridagi da’volarni qondirdi. Shunga kо‘ra, advokatga qо‘shimcha tо‘lov 22 million 32 ming sо‘m emas, balki 300 ming sо‘m bо‘lishi kerak. Xulosa nima? U avvalgi sudda g‘olib bо‘lgan, о‘z ishini biladigan yaxshi advokat bо‘lib kо‘rinadi. YA’ni, unga ishonsa bо‘ladi. U esa, о‘z navbatida, darhol bundan foydalanib, mijozni tо‘liq “pulini shilib olishga” harakat qiladi. Afsuski, bu – yagona holat emas.

 

JINOYAT ISHI BО‘YICHA ADVOKATNI TANLASHNING ASOSIY SHARTLARI

 

Tо‘g‘ri advokatni tanlash uchun himoyachiga qо‘yiladigan asosiy talablarga e’tibor berishingiz kerak:

Advokatning rasmiy maqomining mavjudligi. Ushbu maqomni olganidan sо‘ng, himoyachi advokatlar kollegiyasining rasmiy reyestrida rо‘yxatdan о‘tish tartibidan о‘tadi. Rо‘yxatdan о‘tish internetda erkin mavjud, siz о‘zingiz uning maqomini va rо‘yxatdan о‘tishini tekshirishingiz mumkin. Tegishli maqom bо‘lmagan taqdirda, advokat Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq ish yuritishga haqli emas.

Oliy yuridik ma’lumot. Potensial himoyachini tayyorlash uchun nazariy asos qanchalik nufuzli bо‘lsa, u bilan u qadar istiqbolli hamkorlik. Nomzodlikni qо‘llab-quvvatlovchi yana bir omil – aspiranturada ilmiy daraja yoki oliy ma’lumotga ega bо‘lish. Agar advokatning kasbiy mahoratiga oid savollaringiz bо‘lsa, advokatning ma’lumot darajasini tasdiqlovchi diplom va qо‘shimcha hujjatlar bilan tanishishingizni sо‘rash huquqiga egasiz.

Yetarli ish tajribasi va yuridik amaliyot. Biz umumiy advokatlik va ma’lum bir mutaxassislik bо‘yicha aniq yuridik amaliyot haqida sо‘zlayapmiz. Ilgari tergovchi yoki prokuror sifatida ishlaganligi advokat foydasiga muhim plyus hisoblanadi. Odatda, bunday advokat Jinoyat qonunining kо‘rib chiqilayotgan sohasini yaxshi biladi, tegishli qonunchilik normalari va qoidalaridan malakali foydalanishi mumkin.