KIRISH
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi bilan shugʻullanuvchi subyektlar doirasini belgilash va ularning maqomini aniqlash mamlakat mustaqilligining ilk davrlaridan boshlab agrar siyosatining ustuvor vazifalaridan biri boʻlib kelmoqda. Oʻzbekistonning 30 yillik mustaqil taraqqiyoti davomida fermer xoʻjaliklari bilan bogʻliq oʻtkazilgan islohotlarni bir nechta bosqichlarga boʻlish va ularning rivojlanish tendensiyasi va qonuniyatlarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish jarayonlari bilan izohlash mumkin. Biroq bu islohotlar davomida qabul qilingan qonun hujjatlarida fermer xoʻjaliklari va agroklasterlarning maqomi borasida qonun chiqaruvchi aniq toʻxtamga kelmaganligini ham taʼkidlash zarur. Shu bois bugungi kunda fermer xoʻjaliklari va agroklasterlarning xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatidagi maqomiga aniqlik kiritish, huquq subyekti sifatida tashkil topishi va faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish alohida dolzarblik kasb etmoqda. Qolaversa, keyingi yillarda yurtimizda fermer xoʻjaliklarini optimallashtirishning navbatdagi bosqichi davom etayotgan bir paytda, fermer xoʻjaligi va agroklasterlar huquq subyekti sifatida qanday tashkiliy-huquqiy shaklga egaligi, alohida turdagi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor ekanligi borasidagi masalalarni aniqlash kun tartibidagi muhim masalalarga aylanib bormoqda. Bu masalalarning yechimi esa, oʻz navbatida, milliy qonunchilik normalarini ilmiy tahlil etish hamda xorijiy qonunchilikning ijobiy jihatlaridan kelib chiqib fermer xoʻjaliklarining huquqiy maqomini qonunchilik darajasida aniqlash lozim. Buning uchun esa, eng avvalo, sohaga oid qonun hujjatlari, shuningdek ushbu yoʻnalishda izlanishlar olib borgan olimlar fikrlarini chuqur nazariy tahlil qilish zarurati paydo boʻladi. Qishloq xoʻjaligida faoliyat yurituvchi eng asosiy subyekt sifatida fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar faoliyatini toʻgʻri tashkil qilish va uni rivojlantirish masalasi birinchi navbatda uning huquqiy maqomini belgilash vazifasini qoʻyadi.
Xoʻjalik yuritishning eng samarali, taraqqiy etgan davlatlar tajribasida oʻzini har tomonlama oqlagan fermerlik harakatiga oʻtilishi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Mahsulot yaratuvchi fermerni haqiqiy mulkdorga aylantirish orqali qishloq xoʻjaligida tadbirkorlik asosidagi ijodkorlikka asoslangan halol mehnatni ragʻbatlantirish bilan birgalikda, tabiiy va boshqa resurslardan samarali foydalanishda bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi normativ-huquqiy baza, iqtisodiy usullar va mexanizmlar shakllantirildi. Ammo, shunga qaramasdan bugungi jahon iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat ishlab chiqarish va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida zamonaviy texnalogiyalardan foydalangan holda fermer xoʻjaliklari faoliyatini tashkil qilish sohasidagi oʻzgarishlarning barchasi, shuningdek fermer xoʻjaliklarida zamonaviy xoʻjalik yuritish turlariga oʻtilayotganligi mazkur sohaning xoʻjalik yuritish turini aniqlash va huquqiy maqomini belgilashning zaruriyatini ifodalaydi.
1. FERMER XOʻJALIGINI TASHKIL ETISH
TARTIBI QANDAY?
Oʻzbekiston Respublikasining “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi Qonunini 3-moddasida belgilanishicha “Fermer xoʻjaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyekti” ekanligi belgilangan. “Tadbirkorlik subyekti” atamasi esa xoʻjalik (tadbirkorlik) faoliyatini yurituvchi yuridik shaxslarga va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarga nisbatan qoʻllaniladigan keng qamrovli atama hisoblanadi. Mazkur tushuncha Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolati toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida tadbirkorlik faoliyati tushunchasi keltirilgan boʻlib, unda belgilanishicha tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) –tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyatni nazarda tutadi. Shuningdek, mazkur qonunning 4-moddasi birinchi qismida “tadbirkorlik faoliyati subyektlari (tadbirkorlik subyektlari) belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir” deb belgilangan tushuncha bilan tadbirkorlik subyektlari kimlar boʻlishi mumkinligi yoritib berilgan.
Fermer xoʻjaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektidir. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi esa qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish bilan birga qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaligidir.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestri Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan yuritiladi.
Fermer xoʻjaligi Fermer xoʻjaligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda va zaxira yerlarda tashkil etiladi.
Yer uchastkalari berilganda fermer xoʻjaligi oʻz zimmasiga qishloq xoʻjalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun oʻrtacha yillik hosil hisobida) qonunchilikda belgilangan normativ hosildorlikdan kam boʻlmasligini taʼminlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qoʻyiladi.
Fermer xoʻjaligini tashkil etish tartibi:
– fermer xoʻjaligi shu xoʻjalik boshligʻi tomonidan tashkil etiladi, u fermer xoʻjaligiga tegishlicha alohida mol-mulk ajratib beradi va ustavini tasdiqlaydi;
– fermer xoʻjaligi tashkil etish uchun uning boshligʻi belgilangan tartibda yer uchastkasi olishi kerak.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Fermer xoʻjaligi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi hamda uning muassisi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. Fermer xoʻjaligi bank muassasasida hisob-kitob varagʻi va boshqa xil hisobvaraqlar ochishga, oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻlishga haqli.
Fermer xoʻjaligi ustav asosida faoliyat koʻrsatadi.
Fermer xoʻjaligining namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
FERMER XOʻJALIGI USTAVINING MAZMUNI
Fermer xoʻjaligining ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
fermer xoʻjaligining nomi;
fermer xoʻjaligi boshligʻining familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
fermer xoʻjaligining joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va pochta manzili;
fermer xoʻjaligining ixtisoslashuvi va faoliyatining asosiy turlari;
ustav fondining miqdori.
Fermer xoʻjaligining ustavida qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
2. FERMER XOʻJALIKLARI YURITISH UCHUN YER UCHASTKALARI BERISH. YERDAN FOYDALANISH VA SUV ISTEʼMOLI QANDAY AMALGA OSHIRILADI?
Fermer xoʻjaliklariga qanday yerlardan yer ajratiladi?

FERMER XOʻJALIKLARI YURITISH UCHUN YER UCHASTKALARI BERISH TARTIBI
Fermer xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari ajratish tartibi Yer kodeksi, Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonun va Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomi asosida amalga oshiriladi.
Yer kodeksida fermer xoʻjaliklariga yer uchastkalari:
– ochiq tanlov asosida;
– oʻttiz yildan ellik yilgacha boʻlgan muddatga;
– zaxira yerlari yoki qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan ajratilishi nazarda tutilgan.
Fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasining oʻlchami yer uchastkasini beradigan organ tomonidan har bir muayyan holatda mahalliy sharoitlarni, shuningdek fermer xoʻjaligida ishlovchilar sonini hisobga olgan holda belgilanadi.
Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xoʻjaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar, shuningdek, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega boʻlgan yosh fuqarolar boshqa teng sharoitlarda ustuvor huquqdan foydalanishi belgilangan.
Fermer xoʻjaliklariga yer ajratish fermer xoʻjaligining maʼlum bir faoliyat yoʻnalishga ixtisoslashganini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Xususan, chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi xoʻjalikning biznes rejasida nazarda tutilgan kamida 30 shartli bosh chorva mollarini boqish shartlari bilan tashkil etiladi.
Bunda fermer xoʻjaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami har bir shartli bosh chorva moliga hisoblanganda:
Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi sugʻoriladigan yerlarda – kamida 0,30 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,5 gektarni);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi sugʻoriladigan yerlarda – kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,6 gektarni);
sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda – kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashayotgan fermer xoʻjaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami, quyidagicha belgilangan:
paxtachilik va gʻallachilik uchun – kamida 30 gektar;
gʻallachilik va sabzavotchilik uchun – kamida 10 gektar
bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlar yetishtirish uchun – kamida 1 gektarni hamda koʻpi bilan 5 gektar.
Fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari olgan va qishloq aholi punktida turarjoyi boʻlgan shaxslarning tomorqa yer uchastkasi saqlanib qoladi.
Fermer xoʻjaligining yer uchastkasi chegaralarini naturada (joyning oʻzida) belgilash hamda yer tuzish loyihalariga muvofiq fermer xoʻjaligiga yer uchastkasini ijaraga berish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish yer tuzish xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga egalik qilish hamda undan foydalanish borasidagi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalaridan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari ushbu Qonun 16-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) mumkin.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xoʻjaligi tomonidan garovga qoʻyilishi mumkin.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi fermer xoʻjaligi qayta tashkil etilgan taqdirda, agar yer uchastkasining boʻlinishi natijasida yangi tashkil topgan yer uchastkalarining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida nazarda tutilgan eng kam oʻlchamlardan kam boʻlmasa, boʻlinishi mumkin.
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat fermer xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi qonunchilikka muvofiq ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddatiga meros boʻyicha oʻtadi.
Fermer xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, shuningdek muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, oliy taʼlim muassasalariga kunduzgi oʻqishga qabul qilingan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini ijara shartnomasiga oʻzgartishlar kiritish orqali ushbu Qonun 4-moddasining birinchi qismi talablariga javob beradigan oʻz oila aʼzolaridan biriga qonunchilikka muvofiq ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishga haqli.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin fermer xoʻjaligi ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish huquqiga ega. Fermer xoʻjaligining boshligʻi vafot etgan taqdirda, ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish huquqiga uning merosxoʻri ega boʻladi.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda esa, sud tomonidan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi tugatilgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishi lozim.
3. FERMER XOʻJALIGINING HUQUQLARI, MAJBURIYATLARI HAMDA MOL-MULKI KAFOLATI
Shuningdek, fermer xoʻjaligi quyidagi huquqlarga ham ega hisoblanadi:
elektr energiyasi, yoqilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlarning, oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari yetkazib berilishi, suv xoʻjaligi xizmatlari, texnik va boshqa xizmatlar koʻrsatilishi uchun shartnomalar tuzish;
olgan daromadlarini (foydasini), bank muassasasidagi oʻzining hisobvaraqlarida boʻlgan pul mablagʻlarini tasarruf etish;
aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar olish;
kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini hamda boshqa mol-mulkini shartnoma asosida jalb etish hamda ularni ishlab chiqarishga va takror ishlab chiqarishga yoʻnaltirish;
kreditlar olish uchun oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish;
kichik hamda xususiy korxonalar uchun berilgan imtiyozlar va preferensiyalarning barcha turlaridan foydalanish;
zarur asbob-uskunalar, ishlab chiqarish vositalari hamda boshqa mol-mulkni olish, ijaraga olish, binolar va inshootlar qurish hamda ularni taʼmirlash;
ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni, fan va texnika yutuqlarini joriy etish;
fan-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etish.
Shunindek, fermer xoʻjaligi oʻzining ustav fondiga ham ega boʻlishi mumkin. Bunda, fyermer xoʻjaligining ustav fondi fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan belgilanadi.
Pul, qimmatli qogʻozlar, binolar, inshootlar, boshqa mol-mulk yoki pul bilan baholanadigan mulkiy huquqlar fermer xoʻjaligining ustav fondiga qoʻshiladigan hissa boʻlishi mumkin. Bunda fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish boʻyicha ochiq elektron tanlovda koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk, texnika va pul mablagʻlari fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan fermer xoʻjaligining ustav fondiga kiritiladi.
Agar fermer xoʻjaligining ustav fondi shakllantirilayotganda fermer xoʻjaligining boshligʻi oʻz oila aʼzolarining umumiy (ulushli yoki birgalikdagi) mulki hisoblangan mol-mulkni fermer xoʻjaligiga topshirayotgan boʻlsa, ushbu mol-mulkning barcha mulkdorlaridan notarial tasdiqlangan rozilik olish talab etiladi.
Fermer xoʻjaligining ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish fermer xoʻjaligi boshligʻining qaroriga koʻra fermer xoʻjaligi ustaviga oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Fuqarolik kodeksining 164-moddasida belgilanganidek, Mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, fermerning ham mulk huquqi qonun bilan kafolatlagan. Yaʼni “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan Fermer xoʻjaligining mulk huquqi davlat himoyasidadir. Binolar, inshootlar, qishloq xoʻjaligi ekinzorlari va koʻchatzorlari, dov-daraxtlar, chorva mollar, parrandalarga, yetishtirgan mahsulotiga, qishloq xoʻjalik texnikasi, inventar, asbob-uskunalar, transport vositalari, pul mablagʻlari, intellektual mulk obyektlariga, shuningdek fermer xoʻjaligining balansidagi boshqa mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi fermer xoʻjaligiga qarashlidir.

Fermer xoʻjaligi boshligʻining pul va moddiy mablagʻlari, tovarlarni realizatsiya qilishdan (ishlar bajarishdan, xizmatlar koʻrsatishdan) olingan daromadlar (foyda), qimmatli qogʻozlardan kelgan daromadlar, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar fermer xoʻjaligining mol-mulkini shakllantirish manbalari boʻlishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi qonunchilikda belgilangan tartibda mol-mulkni yaratish, koʻpaytirish, olish, sotish, ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga olish huquqiga ega.
Fermer xoʻjaligi tugatilayotganda faoliyatni amalga oshirish davrida oʻz mablagʻlari hisobiga yaratilgan mol-mulkni qonunchilikda belgilangan tartibda erkin tasarruf etishi mumkin.
Bundan tashqari, Fermer xoʻjaligi pul muomalasini yuritish hamda pul mablagʻlarini saqlab turish uchun bank muassasasida hisobvaraqlar ochish va bu mablagʻlarni erkin tasarruf etish huquqiga ega. Fermer xoʻjaligining hisob-kitob varagʻidan mablagʻlarni faqat fermer xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan yoki sudning qaroriga binoan hisobdan chiqarish mumkin.
Fermer xoʻjaligining mol-mulki qonunchilikka muvofiq meros qilib qoldiriladi. Xoʻjalikda faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganligi uchun davlat boji toʻlashdan ozod etiladilar.
4. FERMER XOʻJALIGI FAOLIYATINING TASHKIL ETILISHI
Fermer xoʻjaligi oʻz ustavida va yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan ixtisoslashuvga muvofiq faoliyati yoʻnalishlarini, ishlab chiqarish tuzilmasi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi. Fermer xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining har qanday turi bilan, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanishga haqli.
Fermer xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan mahsulot va ishlab chiqarayotgan tovarlar, bajarayotgan ishlar va koʻrsatayotgan xizmatlar sifatiga oid normativlar va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga taalluqli hamda qonunchilikda belgilab qoʻyilgan boshqa talablar va qoidalarga rioya etishi shart.
Fermer xoʻjaliklarining xoʻjalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlarning gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining va fuqarolarning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fermer xoʻjaligiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
Fermer xoʻjaligi tashqi iqtisodiy faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Fermer xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan mahsulotni realizatsiya qilish, shu jumladan davlat ehtiyojlari uchun realizatsiya qilish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar bilan xoʻjalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda taraflar qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Fermer xoʻjaligi yetishtirayotgan mahsulotning eksportga yetkazib berilishi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi
Shuningdek, fermer xoʻjaliklari ixtiyoriylik asosida birlashishi, mahsulot yetishtirish, xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, moddiy-texnika taʼminoti, qurilish, texnikaviy, suv xoʻjaligi, veterinariya, agrokimyo, maslahat berish yoʻsinidagi va boshqa xil xizmatlar koʻrsatish boʻyicha uyushmalar hamda boshqa birlashmalarga kirishi mumkin.
Fermer xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiydir.
Fermer xoʻjaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini olish uchun uzoq muddatli kreditlash hamda uning joriy ishlab chiqarish faoliyatini qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaligini imtiyozli kreditlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaligi oʻziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlari va koʻchatzorlarining, koʻp yillik dov-daraxtlarning, yetishtirgan mahsulotining, xomashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻzining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qildiradi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida sugʻurta tovoni (sugʻurta summasi) oladi.
DIQQAT!
Davlat fermer xoʻjaliklarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat organlari fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishlari shart.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shaharcha, qishloq va ovul fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻz vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda:
ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy ahamiyatga molik obyektlari boʻlmagan hududda fermer xoʻjaliklari tashkil etilganida mazkur hududni birlamchi obodonlashtirishni (yoʻllar, elektr uzatish va aloqa liniyalari qurishni, suv bilan taʼminlashni, gazlashtirishni, telefonlashtirishni, radiolashtirishni, yer tuzishni, yerlarni melioratsiyalashni) amalga oshiradilar;
fermer xoʻjaliklariga yer uchastkalari beradilar hamda ishlab chiqarish obyektlari va uy-joylar barpo etishda yordam koʻrsatadilar;
fermer xoʻjaliklarining ishlab chiqarish obyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishiga koʻmaklashadilar;
foydalanilmayotgan yashash uchun moʻljallanmagan joylarni ularda mahsulot yetishtirishni va tovarlar ishlab chiqarishni (ishlar bajarishni, xizmatlar koʻrsatishni) tashkil etish uchun ijaraga beradilar;
fermer xoʻjaliklari boshliqlari va xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga koʻmaklashadilar;
qishloq xoʻjalik ekinlarining navli urugʻlik hamda koʻchatlari, organik va mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalardan, kasalliklar hamda begona oʻtlardan himoya qilish vositalari yetkazib berish yuzasidan davlat agrotexnika xizmati koʻrsatish tizimi orqali xizmatlar, shuningdek texnikaviy xizmat koʻrsatadilar;
qishloq xoʻjaligi texnikasi, asbob-uskunalar va inventarlarni lizing asosida sotib olishga koʻmaklashadilar;
zotdor chorva mollar va parrandalar, shuningdek omixta yem sotib olishda koʻmaklashadilar;
fermer xoʻjaliklarining chorva mollariga veterinariya xizmati koʻrsatilishi uchun zarur sharoitlar yaratib beradilar;
fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotini tayyorlash va realizatsiya qilishda koʻmaklashadilar;
noqishloq xoʻjalik yoʻnalishidagi ishlab chiqarishlarni tashkil etayotgan fermerlarni ragʻbatlantiradilar
konsalting, axborot yoʻsinidagi va boshqa xil xizmatlar koʻrsatadilar.
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllari fermer xoʻjaliklariga ham tatbiq etiladi.
EHTIYOT BOʻLING!
Fermer xoʻjaligi faoliyatini tekshirish (moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar bundan mustasno), davlat ehtiyojlari uchun mahsulot realizatsiya qilish shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki yer toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligiga dalillar boʻlgan hollarda, ijaraga olish shartnomasiga muvofiq ijaraga berilgan yer uchastkasidan faqat belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish masalalari boʻyicha, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaligini qayta tashkil etish
Fermer xoʻjaligini qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinganda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi oʻz rahbari tomonidan uning tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilishi
DIQQAT! Fermer xoʻjaligi quyidagi hollarda tugatiladi:
fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish boʻyicha ochiq elektron tanlovda fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk, texnika va pul mablagʻlari ustav fondiga kiritilmaganda;
moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda;
yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganida;
fermer xoʻjaligi bankrot deb topilganda, shu jumladan moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar, ish bajaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar bilan hisob-kitob muntazam ravishda amalga oshirilmaganida;
fermer xoʻjaligining boshligʻi vafot etib, xoʻjalik faoliyatini davom ettirishni xohlovchi merosxoʻr boʻlmasa;
fermer xoʻjaligining yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinganda, bundan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi oʻz rahbari tomonidan fermer xoʻjaligining tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilgan hollar mustasno.
Fermer xoʻjaligi oʻz majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini taʼminlash boʻyicha, shuningdek moddiy-texnika resurslari yetkazib berilganligi va xizmatlar koʻrsatilganligi uchun oʻz vaqtida haq toʻlash boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan oʻz mol-mulki bilan javob beradi.
Fermer xoʻjaligining boshligʻi fermer xoʻjaligining mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda fermer xoʻjaligining majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar boʻladi.
Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan fermer xoʻjaligida mablagʻ boʻlmagan yoxud yetarli boʻlmagan taqdirda, undirilishi lozim boʻlgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan toʻlanadi.
5. PAXTA-TOʻQIMACHILIK KLASTERI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TARTIBI
Qishloq xoʻjaligi klasterining yerni shudgorlashdan tortib, ekish, parvarishlash va xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayondagi koʻp bosqichli kompleks tizimga ega korxona ekanligidan xabaringiz bor. Chunki bu haqida ommaviy axborot vositalarida yetarlicha maʼlumot berildi. Natijaning qanday boʻlganligi koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Maʼlumotlarni tahlil qilarkanmiz, klasterlar agrar sohasining lokomotiviga aylanayotganini eʼtirof etishimiz mumkin.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan joylarda bosqichma-bosqich zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari parkini yaratish, sohani mexanizatsiya darajasini oshirish, yetishtirilgan hosilni chuqur qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish, mahsulot yetishtirishda band boʻlgan aholini sanoat va xizmat koʻrsatish tarmoqlariga oʻtkazish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur paxta-toʻqimachilik klasterlarining tashkil etilishining huquqiy asoslariga toʻxtaladigan boʻlsak, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan Paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi shaklda tashkil etiladi:
qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta xomashyosini yetishtirish;
qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan paxta xomashyosini shartnoma asosida fermer xoʻjaliklari va boshqa paxta xomashyosi yetishtiruvchi xoʻjalik subyektlaridan (keyingi oʻrinlarda – paxta xomashyosi yetishtiruvchilar) sotib olish;
qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta xomashyosini yetishtirish hamda paxta xomashyosi yetishtiruvchilardan shartnoma asosida paxta xomashyosini sotib olish.
Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10-sentabrga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qiladi.
Shuningdek, biznes rejada quyidagilar boʻlishi lozim:
paxta xomashyosi yetishtirishdan boshlab uni tayyor mahsulot sifatida sotishgacha boʻlgan ishlab chiqarish jarayonining uzluksiz zanjirini, shu jumladan hamkorlik asosida tashkil etish;
mexanizatsiya darajasini va ekinlar hosildorligini oshirish, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan zamonaviy sugʻorish usullaridan foydalanish, yerlarning unumdorligini va melioratsiya holatini yaxshilash (qishloq xoʻjaligi yer uchastkasi ijaraga oluvchi talabgor uchun);
investitsiya loyihalari, shu jumladan ularning quvvatlari, moliyalashtirish manbalari, yaratiladigan ish oʻrinlari hamda eksport prognoz koʻrsatkichlari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Davlat xizmatlari markazi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn vaqt rejimida talabgor tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun Vazirlikka yuboradi.
EʼTIBOR BERING! Vazirlik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha yuborilgan arizani va unga ilova qilingan hujjatlarning toʻliqligini ikki ish kunida koʻrib chiqadi.
Agar hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda Vazirlik tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun besh ish kuni beriladi. Bunda, ushbu muddat oʻtgandan keyin talabgor tomonidan yetishmaydigan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Vazirlik arizani qaytarishga haqli.
Vazirlik besh ish kunida Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq va kamchiliklarsiz taqdim qilingan arizani hamda unga ilova qilingan hujjatlarni Respublika komissiyasiga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi.
Respublika komissiyasi kotibi paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish masalalarini koʻrib chiqish uchun yigʻilish vaqti haqida Respublika komissiyasi aʼzolariga xabarnoma yuboradi.
Respublika komissiyasi yigʻilishlari unda aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli (kvorum) hisoblanadi.
Respublika komissiyasi xulosasi qaror shaklida komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Bunda, Respublika komissiyasining har bir aʼzosi bir ovozga ega va ularning ovoz berish jarayonida betaraf qolishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Respublika komissiyasi kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqib, aniq asoslarni koʻrsatgan holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
- talabgorlarning arizalarini rad etish toʻgʻrisida;
– eng yaxshi taklif foydasiga ijobiy va qolgan takliflar yuzasidan salbiy qaror qabul qilish.
EʼTIBOR BERING!
Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1-oktabrga qadar koʻrib chiqib, eng maqbul taklif foydasiga qaror qabul qiladi. Bunda talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi davlat organlari va idoralarining elektron maʼlumotlar bazalari orqali tekshirilishi mumkin.
Respublika komissiyasi tomonidan talabgorlarning arizasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Vazirlik ikki ish kunida paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytida qayta eʼlon qiladi.
Bunda, arizalari rad etilgan talabgorlar Respublika komissiyasi qaroridagi kamchiliklarni tuzatgan holda paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha bir oy muddatda ariza berishlari mumkin.
Vazirlik bir oy muddatda Respublika komissiyasi yigʻilishining ijobiy qaroriga muvofiq paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati qabul qilingandan soʻng:
- uch ish kunida Vazirlik talabgorlarni, ularning arizalari qanoatlantirilganligi toʻgʻrisida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan tartibda xabardor qiladi;
- besh ish kunida Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan talabgor oʻrtasida paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida oʻttiz yil (talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi boʻlgan taqdirda yigirma besh yilgacha boʻlgan) muddatga toʻrt tomonlama bitim (keyingi oʻrinlarda – bitim) tuziladi. Bunda faoliyat yuritayotgan paxta-toʻqimachilik klasteri bitimning amal qilish muddati tugaganidan keyin bitimni yangilashda ushbu paxta-toʻqimachilik klasteri boshqa teng sharoitlarda ustunlik huquqiga ega boʻladi;
- uch ish kunida paxta-toʻqimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (paxta-toʻqimachilik klasteri yer uchastkasini ijara olgan holda tashkil etilgan taqdirda).
Bunda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalari toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga beriladi:
yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablagʻi depozitga qoʻyilganda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga koʻra ortib boradi) boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablagʻ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq toʻlagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
Bitimda quyidagilar nazarda tutiladi:
bitimning predmeti;
tashkil etilayotgan paxta-toʻqimachilik klasteri shakli;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
bitimda belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
paxta-toʻqimachilik klasterining yillar kesimida investitsiyalar kiritish va ish oʻrinlarini yaratish hamda ularni amalga oshirish muddatlari;
auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda har yili paxta-toʻqimachilik klasterining faoliyatini tahlil qilish, bitim, shu jumladan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, samaradorlik va moliyaviy auditni amalga oshirish shartlari;
bitimni bekor qilish shartlari;
nizolarni hal qilish tartibi;
majburiyatlarni buzish holatlarini aniq belgilash;
bitim tuzilgan sana va joy, taraflarning rekvizitlari, pochta manzillari.
Tomonlarning kelishuviga koʻra bitimda boshqa qoʻshimcha shartlar ham aks ettirilishi mumkin.
Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taraflarning kelishuviga koʻra amalga oshiriladi.
Taraflardan birining bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi taklifi qolgan taraflar tomonidan rad etilgan taqdirda, ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilinishi mumkin.
6. PAXTA-TOʻQIMACHILIK KLASTERINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
Paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatini yuritishda ishlab chiqaradigan mahsulotlarini, tijorat banklaridan oladigan kreditlarni, oʻzining tasarrufidagi koʻchmas mulk obyektlarini, texnika vositalari va ishlab chiqarish texnologiyalari asbob va uskunalarini sugʻurtalashda mustaqil ravishda xohlagan sugʻurta tashkiloti xizmatlaridan foydalanib amalga oshirish;
zarurat boʻlganda, agrotexnologik xaritaga oʻzgartirishlar kiritish;
gʻoʻza navlari urugʻlik chigitlarini mustaqil ravishda ishlab chiqarish;
suv resurslarini oʻz vaqtida yetkazib berishni mutasaddi tashkilotlardan talab qilish;
paxta xomashyosini oʻzining yoki ijaraga olingan paxta tozalash zavodida yoxud tegirmon usulida dastlabki qayta ishlashni amalga oshirish;
yetishtirilgan paxta xomashyosidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni erkin tasarruf etish (paxta tolasini eksport qilish bundan mustasno);
ishlab chiqarilgan paxta tolasining oʻz ishlab chiqarish quvvatlari ehtiyojidan ortiq qismini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotish;
paxta xomashyosidan olinadigan chigit va boshqa mahsulotlarni mustaqil ravishda qayta ishlash yoki ularni, shu jumladan qayta ishlangan mahsulotlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotish.
Paxta-toʻqimachilik klasteri qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi qoʻshimcha huquqlarga ega:
gʻoʻza navlarini mustaqil joylashtirish;
ajratilgan yer uchastkalarida almashlab ekishni joriy etgan holda, ushbu yerlarning konturlarini tuzish;
tasdiqlangan agrotexnologik xaritadagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish;
mineral oʻgʻitlar va yoqilgʻi-moylash materiallarini import qilish;
qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni tashkil etishning bozor tamoyillariga asoslangan klaster – fermer, klaster – dehqon xoʻjaligi, klaster – oilabay pudrat va qishloq xoʻjaligida ish yuritishning boshqa zamonaviy usullarini joriy etish;
oʻziga biriktirilgan yer uchastkalarini shartnomaga asosan yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijara (ularni uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) asosida berish.
Qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi qoʻshimcha huquqlarga ega:
oʻzi faoliyat yuritayotgan hududdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilingan taqdirda, boʻshagan yer uchastkasini qayta ijaraga berishda teng sharoitlarda ustunlik huquqidan foydalanish;
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga gʻoʻza navlarini joylashtirish boʻyicha tavsiya berish;
paxta xomashyosi yetishtiruvchilardan tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq tegishli chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini talab qilish;
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga yangi zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari, yoqilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlar va boshqa zarur tovarlarni xarid qilish va texnologiyalarni joriy qilishda koʻmaklashish;
paxta xomashyosi yetishtirish uchun yer uchastkasini, shu jumladan qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer uchastkasini ijara shartnomasi asosida ajratish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish;
paxtadan yuqori hosil olgan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni ragʻbatlantirish.
Paxta-toʻqimachilik klasterining majburiyatlari
Paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi majburiyatlarga ega:
biznes-reja va bitim parametrlariga rioya qilish hamda bir yilda kamida bir marta hisobotlarni Vazirlikka, Uyushmaga hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va viloyatlar hokimliklariga taqdim etish;
ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslardan tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq foydalanish;
paxta xomashyosi yetishtirishdan boshlab uni tayyor mahsulot sifatida sotishgacha boʻlgan ishlab chiqarishning uzluksiz zanjirini, shu jumladan kooperatsiya asosida tashkil etish hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish;
raqamli va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Uyushma bilan paxta-toʻqimachilik klasteri oʻrtasida tuzilgan aʼzolik shartnomalari doirasida olingan majburiyatni bajarish hamda aʼzolik badallarini belgilangan muddatlarda toʻlab borish.
Paxta-toʻqimachilik klasteri qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi qoʻshimcha majburiyatlarga ega:
paxta yetishtirishda mexanizatsiya darajasini oshirib borish hamda suv tejaydigan zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish;
yerlarning irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash, tuproq tarkibini laboratoriyadan oʻtkazish;
yerlarning hosildorligini oshirish, ball bonitetini doimiy nazorat qilib borish.
Qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri quyidagi qoʻshimcha majburiyatlarga ega:
oʻzi faoliyat yuritayotgan hududdagi paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan paxta xomashyosini sotib olish boʻyicha shartnoma tuzish;
paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan tuzilgan shartnoma talablariga qatʼiy rioya etish;
paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish boʻyicha barcha tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish hamda zarur tovar va materiallarni yetkazib berish (agar shartnomada paxta xomashyosi yetishtirishni moliyalashtirish paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan boʻlsa);
paxta xomashyosi yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va yakuniy hisob-kitoblarni hosil yigʻib olingan yilning 31-dekabriga qadar amalga oshirish.
Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning huquq va majburiyatlari
Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzi faoliyat yuritayotgan hududda (tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar) istalgan paxta-toʻqimachilik klasteri bilan paxta xomashyosini yetkazib berish boʻyicha ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzish;
tasdiqlangan agrotexnologik xaritadagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish;
oʻz faoliyatini yuritishda ishlab chiqaradigan mahsulotlarini, tijorat banklaridan oladigan kreditlarni, oʻzining tasarrufidagi koʻchmas mulk obyektlarini, texnika vositalari va ishlab chiqarish texnologiyalari asbob va uskunalarini sugʻurtalashda mustaqil ravishda xohlagan sugʻurta tashkiloti xizmatlaridan foydalanib amalga oshirish;
suv resurslarini oʻz vaqtida yetkazib berishni mutasaddi tashkilotlardan talab qilish;
tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish;
oʻziga biriktirilgan yer uchastkalarini shartnomaga asosan yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijara (ularni uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) asosida berish.
Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar qonunchilik hujjatlari va paxta-toʻqimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining huquq va majburiyatlari
Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari quyidagi huquqlarga ega:
paxta-toʻqimachilik klasteridan biznes reja va investitsiya loyihalarida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni talab qilish;
bitimni bekor qilish toʻgʻrisida asoslantirilgan takliflarni Respublika komissiyasiga kiritish.
Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qonunchilik hujjatlari va paxta-toʻqimachilik klasteri bilan tuzilgan bitimga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari quyidagi majburiyatlarga ega:
bitimda nazarda tutilgan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish;
yerlarning melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida xoʻjaliklararo irrigatsiya va melioratsiya inshootlarini kapital taʼmirlash va tiklash ishlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
paxta-toʻqimachilik klasterining ishlab chiqarish obyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishiga koʻmaklashish;
paxta-toʻqimachilik klasteriga imtiyozli va tijorat kreditlari, shuningdek, subsidiya va kompensatsiyalar berilishiga koʻmaklashish;
paxta-toʻqimachilik klasterining paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan bogʻliq munosabatlarini barqarorlashtirishga koʻmaklashish;
paxta-toʻqimachilik klasteri xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga koʻmaklashish.
Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qonunchilik hujjatlari va paxta-toʻqimachilik klasteri bilan tuzilgan bitimga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Paxta-toʻqimachilik klasterining yer uchastkalaridan foydalanishi va ijara huquqlari, shuningdek, tomonlar kelishuvi boʻyicha tuzilgan shartnomalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kafolatlanadi.
Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati monitoringini yuritish
Vazirlik Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish majburiyatlari, shuningdek, shartnomaviy majburiyatlarga rioya etilishi va paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati samaradorligi bilan bogʻliq boshqa masalalar yuzasidan bir yilda kamida bir marta monitoring oʻtkazadi.
Bunda, Vazirlik paxta-toʻqimachilik klasterining biznes-reja va bitim hamda boshqa koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini yuritadi.
Vazirlik Uyushma, tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan birgalikda tahliliy maʼlumotlar asosida sohadagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
Vazirlik Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini har tomonlama chuqur tahlil qilgan holda oʻrganib, monitoring natijalarini hisobot yilining oxirida Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi.
Bitimni bekor qilish tartibi
Quyidagilar bitimni bekor qilishga (toʻliq yoki muayyan hududga nisbatan) asos boʻladi:
paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksida belgilangan tartibda bekor qilinganda;
bitim tarafi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatilishi;
bitim tarafi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining bitimni bekor qilish boʻyicha Vazirlikka, Uyushmaga hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga murojaatlari;
paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan bitimda nazarda tutilgan majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmaganda (fors-major holatlar va (yoki) oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra vujudga keladigan holatlar bundan mustasno);
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning uchdan ikki qismi paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan shartnoma munosabatlarini uch yil davomida bajarilmay kelganligini asoslovchi yozma murojaatlari boʻlganda.
Bitimni mazkur bandda va bitimning oʻzida koʻrsatilmagan boshqa asoslarga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi murojaatlari yozma ravishda Vazirlikka yuboriladi.
Vazirlik uch ish kunida murojaatni oʻrganib chiqib, tahlillarga asoslangan takliflarni Respublika komissiyasiga qaror qabul qilish uchun kiritadi.
Respublika komissiyasi bitimni bekor qilish masalasini koʻrib chiqish uchun yigʻilish vaqtini belgilaydi va bu haqida Respublika komissiyasi aʼzolariga xabarnoma yuboradi. Bunda Respublika komissiyasining qarori qabul qilinadi.
Vazirlik yoki Uyushma yoxud tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Respublika komissiyasining tavsiyasiga asosan ikki ish kunidan kechiktirmay bitimni bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi. Sudning bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori paxta-toʻqimachilik klasteriga hamda Vazirlik yoki Uyushma yoxud tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar
hokimliklariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Paxta-toʻqimachilik klasteri bilan tuzilgan bitim bekor qilingan taqdirda, Vazirlik tomonidan ularning klasterlik faoliyatini tugatish yuzasidan bir oy muddatda tegishli hujjat loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Faoliyati tugatilayotgan paxta-toʻqimachilik klasteriga tugatilayotgan yildagi mavsum boʻyicha paxta hosilini toʻliq yigʻib (sotib) olishga ruxsat beriladi.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tugatish toʻgʻrisida normativ-huquqiy hujjatni qabul qiladi.
Vazirlik paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tugatish toʻgʻrisida normativ-huquqiy hujjat qabul qilingandan soʻng, uch ish kunida bu haqda faoliyati tugatilgan paxta-toʻqimachilik klasterini xabardor qiladi.
Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar | Masʼullar | Amalga oshirish mexanizmi | Ijro muddati | |||
1-bosqich | Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari | Yangi paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi. | Har yili 20-avgustga qadar | |||
2-bosqich | Talabgor (jismoniy yoki yuridik shaxs) | Paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi. | Ixtiyoriy ravishda, har yili 10-sentyabrga qadar | |||
3-bosqich | Davlat xizmatlari markazi | Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgor tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun Vazirlikka yuboradi. | Onlayn vaqt rejimida | |||
4-bosqich | Vazirlik | Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha yuborilgan arizalarni qabul qiladi va ularga ilova qilingan hujjatlarning toʻliqligini koʻrib chiqadi. | Ikki ish kunida | |||
5-bosqich | Vazirlik | Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq va kamchiliklarsiz taqdim qilingan arizalarni hamda ularga ilova qilingan hujjatlarni Respublika komissiyasiga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi. | Besh ish kunida | |||
6-bosqich | Respublika komissiyasi | Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha taqdim etilgan arizalarni hamda ularga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqib, eng maqbul taklif foydasiga ijobiy qaror qabul qiladi. | Har yili 1-oktyabrga qadar | |||
7-bosqich | Vazirlik | 1. Respublika komissiyasi tomonidan talabgorlarning arizasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Vazirlik paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytida qayta eʼlon qiladi. | Ikki ish kunida | |||
2. Respublika komissiyasi yigʻilishining ijobiy qaroriga muvofiq paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. | Bir oy muddatda | |||||
8-bosqich | Vazirlik | Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingandan soʻng, talabgorlarni ularning arizalari qanoatlantirilganligi toʻgʻrisida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan tartibda xabardor qiladi. | Uch ish kunida | |||
9-bosqich | Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari | Talabgor bilan paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida oʻttiz yil (talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi boʻlgan taqdirda yigirma besh yilgacha boʻlgan) muddatga toʻrt tomonlama bitim tuzadi. | Besh ish kunida | |||
10-bosqich | Tuman (shahar) hokimliklari | Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq yangi tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri bilan yer ijara shartnomasini tuzadi (paxta-toʻqimachilik klasteri yer uchastkasini ijara olgan holda tashkil etilgan taqdirda). | Uch ish kunida |
- Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. //Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi,06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son.
- Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. //Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03/20/602/0052-son; 23.01.2020-y., 03/20/603/0071-son.
- Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi. //Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/19/526/2701-son, 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonuni. // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 1-son, 45-modda; 1993-y., 9-son, 329-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonuni.// Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2019-y., 03/19/552/3541-son
- Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-dekabrdagi 272-son qarori bilan tasdiqlangan “Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi toʻgʻrisida”gi nizom. // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son, 24.05.2018-y., 09/18/370/1253-son; 29.01.2019-y., 09/19/63/2541-son
- Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 167-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.// Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/167/2665-son
- Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-dekabrdagi 963-son qarori bilan tasdiqlangan “Sirdaryo viloyatida doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotib olish tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik maʼmuriy reglament”. // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2019-y., 09/19/963/4104-son
- Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi 1023-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom. // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2019-y., 09/19/1023/4182-son