KIRISH
Demokratik huquqiy davlatlar oldida turgan eng asosiy vazifa inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va uni amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Oʻzbekiston ham demokratik huqiqiy davlat sifatida, mamlakatda yashovchi fuqarolar, insonlarning huquq va erkinliklarini toʻla taʼmishlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida umum eʼtirof etilgan xalqaro hujjatlar qoidalariga mos keluvchi inson huquq va erkinliklari belgilab qoʻyildi. Shuningdek, uni amalga oshirish mexanizmi joriy qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “biz bundan buyon faoliyatimizni “inson-jamiyat-davlat”degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”[1], deb taʼkidlaganliklari jamiyatning barcha sohalarida yuqoridagi tamoyil asosida shaxsga yetkazilgan zararni toʻliq qoplash sohasida islohotlar amalga oshirilayotganligini koʻrsatadi.
Haqiqatdan ham shaxsni huquq va erkinliklarini himoya qilish yuzasidan ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda, lekin shaxs oʻz buzilgan huquqlarini tiklash uchun murojaat qilish mexanizmi toʻgʻrisida tushunchaga ega emasligi ayrim muammolarini keltirib chiqarmoqda.
Shu sababli risolada avtohalokat natijasida yetkazilgan zarar tushunchasi, turlari, shaxs tomonidan zararni undirish yuzasidan qanday harakatlarni amalga oshirish va sudga taqdim etish lozim boʻlgan hujjatlar haqida bayon qilinadi .
1. AVTOHALOKAT NATIJASIDA YETKAZILGAN ZARAR TUSHUNCHASI VA TURLARI
Dunyoda shaxsning huquq va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali muhofaza qilishning yangicha yondashuvlari shakllanib bormoqda. Bunda fuqaroga yetkazilishi mumkin boʻlgan moddiy va maʼnaviy zararni toʻlashning aniq, real mexanizmlarini ishlab chiqish hamda amalda qoʻllashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi (FKning 14-moddasi 2-qismi). Shuningdek, ushbu tushunchaga quyidagi fikrlarni qoʻshimcha qilish mumkin, yaʼni shaxsga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (oʻtkazgan) jismoniy va ruhiy (jismoniy ogʻriq, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi
Avtohalokat natijasida yetkazilgan zarar ikki turga boʻlinadi:
1. Moddiy zarar;
2. Maʼnaviy zarar.
Moddiy zarar bu shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari (sogʻligʻini yoki mulkini tiklash bilan bogʻliq xarajatlar), uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Maʼnaviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (oʻtkazgan) maʼnaviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy ogʻriq, zarar koʻrish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.
Maʼnaviy zarar obyektlari insonning salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati, obroʻ-eʼtibori hisoblanadi.
Umumiy qilib aytganda moddiy zarar shaxsning mol mulkiga, maʼnaviy zarar esa shaxsning hayoti va sogʻligʻiga, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishdan iborat.
Moddiy va maʼnaviy zarar pul bilan qoplanadi, uni qoplash miqdori sud tomonidan aniqlanadi. Moddiy va maʼnaviy zarar va uni qoplashning huquqiy jihatlari Oʻzbekiston Respublikasining FK, FPK, MJTK va JPKda belgilangan.
Moddiy va maʼnaviy zarar yuzasidan murojaat qilishni quyidagi misolda ko‘rishimiz mumkin.
Daʼvogar M.T. javobgar K.F.ga nisbatan moddiy va maʼnaviy zararni undirish haqidagi daʼvo ariza bilan Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudga murojaat qilib Javobgar K.F 2013-yil 16-oktabr kuni soat tahminan 18:30 larda davlat raqami 00 K 789 SA boʻlgan, “Matiz” rusumli avtomashinani spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda boshqarib kelib, amaldagi Yoʻl harakati qoidalari talablarini qoʻpol ravishda buzib, uning boshqaruvida boʻlgan, daʼvogarga tegishli boʻlgan, davlat raqami 00 S 844 SA boʻlgan, “Damas” rusumli avtomashina va yana ikkita avtomashina bilan toʻqnashuv sodir qilganligini, mazkur holat yuzasidan javobgarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, jinoyat ishi amnistiya akti qoʻllanilgan holda harakatdan tugatilganligini va unga yetkazilgan zararni undirish masalasida fuqarolik ishlar boʻyicha tumanlararo sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilganligini, sodir etilgan yoʻl transport hodisasi natijasida uning boshqaruvida boʻlgan avtomashinaga “Avto” MCHJ tomonidan tuzilgan baholash xulosasi asosida 4.269.400 soʻm miqdorida moddiy zarar va ruhiy tushkunlikka tushgani, azob chekkani sababli 30.000.000 soʻm maʼnaviy zarar yetkazilganligini, javobgar ixtiyoriy ravishda zararni toʻlashdan boʻyin tovlaganligi sababli sudga murojaat qilishga majbur boʻlganligini bayon qilib, suddan oʻzining foydasiga javobgar K.F.dan yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar uchun 34.269.400 soʻm kompensatsiya undirishni soʻragan.
Oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatilgan fuqaro bunday maʼlumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir (FK 100-modda).
Oʻzbekiston Respublikasining FKning 1021-moddasiga koʻra, maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining FKning 1021-moddasi 2-qismida mustasno holat belgilangan, yaʼni: maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qatʼi nazar, quyidagi hollarda qoplanadi, agar:
- zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa;
- zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof tarzda qoʻllanish, qonunga xilof tarzda maʼmuriy jazo qoʻllanish va qonunga xilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan boʻlsa;
- zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ-eʼtiborini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Amaliyotda zarar koʻrgan shaxslar, ayniqsa moddiy zarar yuzasidan qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni tegishli joylardan (magazin, apteka) talab qilib olmasligi yoki saqlamasligi sababli, yetkazilgan moddiy zararni isbotlab berishda muammolar yuzaga kelmoqda.
Shu sababli ham shaxs har bir qilingan (sogʻligʻini tiklash uchun olingan dorilar yoki boshqa) xarajatlar cheklarini yigʻishlari va sudga taqdim etishlari lozim.
Fuqarolik ishlarida umumiy qoidaga koʻra shaxs oʻziga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar miqdorini isbotlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining FPKning 72-moddasiga koʻra, har bir taraf oʻzining talablari va eʼtirozlariga asos qilib koʻrsatgan holatlarni isbotlashi shart. Sud qanday holatlar ish uchun ahamiyatga ega ekanligini, ularni taraflardan qaysi biri isbotlashi kerakligini aniqlaydi, hatto taraflar bu holatlarni dalil qilib keltirmagan boʻlsa ham ularni muhokamaga qoʻyishi belgilangan.
Amaliyotda sodir etilgan avtohalokatning huquqiy oqibatlariga qarab jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini yuritish tartibi jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda koʻrib chiqiladi.
Agarda moddiy va maʼnaviy zarar jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda koʻrilmagan boʻlsa shaxs zararni undirish uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishi mumkin.
2. AVTOHALOKAT NATIJASIDA YETKAZILGAN ZARARNI BAHOLASH
Avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni aniqlash oʻziga xos xususiyatlarga ega jarayon hisoblanadi.
Jabralanuvchini sogʻligʻini teklash uchun ketgan xarajatlarni aniqlash uchun jabrlanuvchi oʻzi qilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, yaʼni davolanish jarayonida qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi cheklar, tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan (kassalik varaqasi, retsept qogʻozi va dorilarni olganini tasdiqlovchi hujjatlar) maʼlumotlarga asoslanib xarajatlar baholanadi.
Agarda jabrlanuvchini avtotransportiga zarar yetkazilgan boʻlsa, ushbu holatda avtotransport tegishli tartibda baholanadi. Avtotransport vositalarini baholash – bu aniq bir sanadagi maʼlum bir avtotransport vositasining qiymatini aniqlash jarayoni. Avtotransport vositalarining bozor qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan yoʻl-transport xodisalari natijasidagi zararni qoplashda foydalaniladi. Avtotransport vositasi vaqt oʻtishi bilan ekspluatatsiya qilish natijasida tarkibiy qismini tashkil qiluvchi konstruktiv elementlar eskirib boradi, bu esa uni baholashda inobatga olinadi. Eskirish – baholash faoliyatida avtotransport
vositalarini qiymatining ekspluatatsiya jarayonida jismoniy va maʼnaviy eskirishi natijasida qadrsizlanishi. Avtotransport vositalarining qiymatini baholash jarayonida eskirish inobatga olinadi, chunki eskirish avtotransport vositalari qiymatining kamayishiga olib keladi. Obyektni baholashga nisbatan eskirish baholash obyekti qiymatining quyidagi sabablarga koʻra yoʻqotilishini anglatadi: – uning ekspluatsiyasi yoki uzoq muddatli saqlanishi (jismoniy eskirish); – fan-texnika taraqqiyotining rivojlanishi, bu esa yanada ilgʻor konstruksiyalarning chiqarilishiga olib keldi (funksional yoki maʼnaviy eskirish); – makroiqtisodiy vaziyatning tubdan oʻzgarishi (iqtisodiy yoki tashqi eskirish). Taʼsir qiladigan omillarning turiga qarab, avtotransport vositalarini baholashda eskirish uch turga ajratiladi: jismoniy, funksional va iqtisodiy eskirish. Avtotransport vositalari qiymatining shakllanishiga turli eskirishlar taʼsir koʻrsatadi, shu sababli avtotransport vositalarini baholashda ushbu taʼsir qilayotgan eskirishlarning qiymatga taʼsir darajasini aniqlash muhim vazifa hisoblanadi[1].
Avtotransport vositasiga yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini shakllantirishda quyidagilar hisobga olinadi:
• ehtiyot qismlar, sarf materiallari va taʼmirlash narxlari;
• avtomobil yoshi va boshqa omillar.
Hodisa natijasida avtomobilga yetkazilgan zararni baholash uchun hujjatlarni tayyorlash kerak:
• avtomobil egasining shaxsiy guvohnomasi;
• Avtomobilni roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi yoki avtomobil pasporti
• hodisa toʻgʻrisidagi hujjat.
Avtotransport vositasiga yetkazilgan zarar quyidagi taribda baholanadi:
- Mustaqil baholavchi tashkilot tomonidan;
- Ekspertiza tayinlash orqali.
Jabrlanuvchi transport vositasiga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida baholovchi tashkilotga murojaat qilishi mumkin. Baholovchi tashkilot transport vositasiga yetkazilgan zarar yuzasidan xulosa tuzadi.
Mustaqil ekspertiza oʻtkazish ketma-ketligi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi:
Baholovchi tashkilot bilan baholash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish. Tekshiruv uchun toʻlov. Mashinani texnik koʻrikdan oʻtkazish kuni va vaqtini muvofiqlashtirish.
Baholash shikastlangan mashinani koʻzdan kechirishdan boshlanadi. Shundan soʻng mashinaning texnik holati, shikastlanishning tavsifi, almashtiriladigan ehtiyot qismlar, taʼmirlashga ketadigan xarajatlar bayon qilinadi. Tegishli shakldagi dalolatnoma (hisobot shaklida) rasmiylashtiriladi.
Avtomobilga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash usullari:
• izlarni oʻrganish. Toʻgʻridan toʻgʻri voqea sodir boʻlgan joyda amalga oshiriladi. Barcha muhim tafsilotlar suratga olingan: tarqoq parchalar, shikastlanishlar. Avtomobil harakatlanayotgan trayektoriya, tormozlash masofasining uzunligi, toʻxtash joyi tahlil qilinadi;
• tovar tadqiqotlari. Hodisadan keyin tovar qiymatining yoʻqolishini aniqlash uchun avtomobilning ichki va tashqi qismidan zararni aniqlash uchun amalga oshiriladi;
• avtotexnik tadqiqotlar. Haydovchining avtohalokat paytidagi xatti-harakati va voqea sodir boʻlishidan oldin qilgan manevrlari tekshiriladi;
• keng qamrovli tadqiqotlar. Mashinaning texnik holati, shuningdek, avariyadan oldin, paytida va undan keyin sodir boʻlgan voqealar haqida eng ishonchli va toʻliq maʼlumot olish uchun boshqa faoliyatni birlashtiradi.
Tayyorlangan hisobot quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
• olib borilayotgan tadqiqot maqsadi;
• hodisada jabrlanuvchining toʻliq ismi;
• mashinani taʼmirlash uchun kompensatsiya miqdori;
• voqea sodir boʻlgan sana;
• hisob-kitoblariga koʻra qoplanishi lozim boʻlgan summa.
Hujjat varaqlari raqamlanadi, xulosa muhrlanadi, tekshirishni oʻtkazgan tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi.
Tekshiruv xarajati jabrlanuvchi tomonidan toʻlanadi. Ammo agar ish sud organlariga tushsa va arizachining foydasiga qaror qabul qilinsa, mustaqil baholash uchun barcha xarajatlar aybdor shaxsdan undiriladi.
Agarda jabrlanuvchini avtotransporti baholangan boʻlmasa avtotransportini baholash yuzasidan transportni baholash ekspertizasi tayinlanadi.
Transport vositalarini baxolash va moddiy zarar qiymatini aniqlash ekspertizasida quyidagi savollar hal etiladi:
- transport vositasining ekspertiza oʻtkazish vaqtidagi bozor bahosini aniqlash;
- transport vositasiga yetkazilgan moddiy zararini va tiklash uchun ketadigan sarf-xarajatlar miqdorini aniqlash;
- transport vositaning ayrim qismlarini narxini aniqlash va h.k.
Zarar yetkazilgan avtomobilni baholash uning oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan qiymatiga bogʻliq emas.
Avtomobilning haqiqiy qiymati deganda uning bozor qiymati tushuniladi, bu bozorning istalgan vaqtidagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda aniqlangan tovarlarning joriy qiymatidir.
Oʻzbekiston Respublikasining FPKning 1022-moddasida maʼnaviy zararni qoplash usuli va miqdori belgilangan. Ushbu moddaga koʻra maʼnaviy zarar pul bilan qoplanadi. Maʼnaviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari eʼtiborga olinishi lozim. Jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyati maʼnaviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi. Maʼnaviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qatʼi nazar qoplanadi.
3. ZARARNI UNDIRISH YUZASIDAN SUDGA MUROJAAT QILISH TARTIBI VA ISH YURITISH QOIDALARI
Shaxs oʻziga avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni sud orqali undirib olishi mumkin. Agarda moddiy va maʼnaviy zarar yetkazilgan shaxs voyaga yetmagan boʻlsa, zararni undirish yuzasidan uning qonuniy vakillari sudga murojaat qilishi mumkin.
Shaxsga yetkazilgan zararni tamonlar oʻzaro kelishib qoplashlari ham mumkin.
Avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish bilan bogʻliq ishlarni holatga qarab quyidagi sudlar koʻrib chiqishi mumkin.
Avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy zarar bilan bogʻliq ishlar:
- jinoyat ishlari boʻyicha sudlar (jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar);
- agarda moddiy zarar jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrilmagan boʻlsa fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻriladi.
Avtohalokat natijasida yetkazilgan maʼnaviy zarar bilan bogʻliq ishlar:
- jinoyat ishlari boʻyicha sudlar (jinoyat ishlar bilan bogʻliq);
- fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar.
Maʼnaviy zarar bilan bogʻliq ishlarni asosan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar koʻrib chiqadi. Amaliyotda ayrim holatlarda maʼnaviy zararni undirish jinoyat ishlari boʻyicha sudlar ham koʻrib chiqish holatlari mavjud.
Avtohalokat natijasida maʼmuriy huquqbuzarlik kelib chiqqan boʻlsa, shaxs maʼnaviy zararni undirish (moddiy zarar esa maʼmuriy ish yuritish tartibida koʻrib chiqiladi) yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi “Sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 35-sonli qarorining 16-bandi 2-qismiga koʻra maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish (maʼnaviy zararni qoplash) masalasi fuqarolik sud ishini yuritish tartibida hal etiladi.
Shaxs moddiy va maʼnaviy zararni undirish yuzasidan (agarda jinoyat ishlari boʻyicha sudda koʻrilmagan bo‘lsa) fuqarolik ishlari boʻyicha sudga daʼvo arizasi shaklida murojaat qiladi. Daʼvo arizasiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Daʼvo arizasi namunasi quyidagi shaklda yozilishi mumkin.
Fuqarolik ishlari boʻyicha ___________________________________tumanlararo sudiga
Daʼvogar:_____________________________
(F.I.Sh.)
manzil: ______________________________,
telefon: ______________________________,
Javobgar:____________________________
(F.I.Sh.)
manzil: ______________________________,
telefon: ______________________________,
DAʼVO ARIZA
(moddiy va maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisida)
_________ yil 12-sentabrga oʻtar kechasi soat 22:00 larda javobgar boshqaruvidagi __________ rusumli avtomashina bilan meni boshqaruvimdagi _________ rusumli avtomashinamni urib yuborib, yoʻl harakat qoidalarini buzgan. Javobgar esa meni avtomashinamni urib yuborib, menga tan jarohati yetkazib yoʻl hodisasini sodir etganligini sababli Oʻzbekiston Respublikasi JK yoki MJtKning tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortildi. Javobgar moddiy va maʼnaviy zararni qoplab berishni istamasdan kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksini 985-moddasi 1-qismida “Gʻayriqonuniy harakat (xarakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim”ligi nazarda tutilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 189 va 191-moddalariga asosan
S Oʻ R A Y M A N:
Javobgar (F.I.Sh.) tomonidan meni foydamga 11.000.000 soʻm moddiy va 30.000.000 soʻm maʼnaviy zararni undirib berishingizni soʻrayman.
Ilova:
- Daʼvo ariza nusxasi,
- Davlat boji nusxasi (jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar uchun davlat boji toʻlanmaydi),
3. Pasport nusxasi,
4. Avtomobil hujjatlari,
5. Mutaxassis xulosasi nusxasi,
6. Daʼvo arizamni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
«__»____ yil._____/___/ (imzo) (F.I.Sh.)
Sudda ishlar yozma shaklda, shu jumladan pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida ariza berish yoʻli bilan qoʻzgʻatiladi (FPKning 188-moddasi).
Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy zararni, shuningdek maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizalariga daʼvo muddati qoʻllanilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining FKning 163-moddasida shaxsiy nomulkiy huquqlarni va jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga daʼvo muddati joriy etilmasligi belgilangan. Maʼnaviy zarar shaxsiy nomulkiy huquqlar sifatida belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuning 8-moddasiga koʻra avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy zarar jinoyat bilan bogʻliq boʻlsa, yaʼni jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan.
Maʼnaviy zararni undirish talabidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorda davlat boji toʻlanadi. Shuningdek, shaxsni moddiy va maʼnaviy zararni undirish yuzasidan berilgan daʼvo arizasi yuzasidan pochta xarajati toʻlanishi lozim. Pochta xarajati bazaviy hisoblash miqdorining 7 foiz miqdorda toʻlanadi.
Qonunchilikda avtohalokat natijasida yetkazilgan maʼnaviy zararni miqdori belgilanmagani sababli, maʼnaviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari eʼtiborga olinishi lozim. Jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyati maʼnaviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi. Maʼnaviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qatʼi nazar qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining FPKning 38-moddasida jinoyat tufayli yetkazilgan zararlar toʻgʻrisidagi fuqarolik ishining sudlovga tegishliligi belgilangan. Ushbu qoidaga koʻra, jinoyat ishidan kelib chiqadigan fuqarolik daʼvosi, agar jinoyat ishi koʻrilganda ushbu daʼvo arz qilinmagan yoki hal etilmagan boʻlsa, fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida koʻrib chiqish uchun fuqarolik ishlarining sudlovga tegishliligiga doir umumiy qoidalar boʻyicha taqdim etiladi.
Jinoyat ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilganligi yoki etilmaganligi masalalari yuzasidan majburiydir (FPKning 75-moddasi). Yaʼni daʼvogar yetkazilgan zararni tegishli tartibda dalillar bilan isbotlab berishi lozim.
Umumiy qoidaga koʻra daʼvo arizasi javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashgʻul boʻlgan joydagi sudga beriladi.
Fuqaro mol-mulkiga yetkazilgan va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar zarar yetkazilgan joydagi sudga ham taqdim etilishi mumkin (FPKning 34-moddasi).
Avtohalokat natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish sud majlisida koʻrib chiqiladi, daʼvo arizasida koʻrsatilgan holatlar tegishli tartida dalillar bilan oʻz tasdigʻini topgan yoki topmaganiga qarab sud (qisman, toʻliq) qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqaradi.
Transport vositalari harkat yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida shaxsga moddiy zararni yetkazilgan boʻlsa zararni undirish jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda koʻrib chiqilishi mumkin.
Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning jamoat uchun xavfli qilmishi shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar boʻlsa, ular fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etiladi. Fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi (JPKning 56-moddasi).
Qoʻzgʻatilgan fuqaroviy daʼvoning qanoatlantirilishi jinoiy ishni sudda koʻrish jarayonida rad etilgan taqdirda daʼvogar shu shaxsga va xuddi shu asoslar boʻyicha fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatish huquqidan mahrum boʻladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy daʼvo qoʻzgʻatish va uni koʻrib chiqishda davlat boji undirilmaydi va bunday daʼvolarga daʼvo muddati joriy qilinmaydi (JPKning 276,281-moddalari). Ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning daʼvoni tan olganligi, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning oʻzaro kelishganlik toʻgʻrisidagi arizasi fuqaroviy daʼvo boʻyicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy daʼvoga doir holatlarni sinchkovlik
bilan, toʻla, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy fuqaroviy daʼvoni koʻrish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi. Daʼvodan voz kechishning qabul qilinishi daʼvo boʻyicha ish yuritishni tugatishga asos boʻladi va jinoyat protsessida ham, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida ham fuqaroviy daʼvogarni oʻsha shaxsga xuddi shu asos bilan daʼvoni qayta qoʻzgʻatish huquqidan mahrum qiladi (JPKning 282-modda).
Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda avtohalokat natijasida undirilayotgan zarar yuzasidan quyidagi qarorlaridan birini qabul qilishi mumkin: ayblov hukmini chiqarishda, shuningdek tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash yoki sodir etgan qilmishning xususiyatiga va oʻzining ruhiy holatiga koʻra shaxs ijtimoiy xavfli boʻlmagan hollarda bunday chorani qoʻllamaslik haqida ajrim chiqarishda sud asoslarning isbotlanishi va daʼvo hajmini eʼtiborga olib, uni toʻliq yoki qisman qanoatlantiradi yoxud uni qanoatlantirishni rad etadi.
Sud oqlov hukmini chiqarayotganda, shuningdek tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha ishni tugatish haqida ajrim chiqarayotganda fuqaroviy daʼvoni qondirishni quyidagi hollarda rad etadi, basharti:
1) jinoyat yoki ijtimoiy xavfli qilmish hodisasi yuz bermagan boʻlsa;
2) sudlanuvchining yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash masalasi hal etilayotgan shaxsning sodir etilgan jinoyatga yoki ijtimoiy xavfli qilmishga daxli yoʻqligi aniqlangan boʻlsa;
3) sudlanuvchining yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash masalasi hal etilayotgan shaxsning mulkiy ziyon keltirgan harakati zaruriy mudofaa chegarasidan chiqmagan holda sodir etilgan boʻlsa.
Sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan qilmish jinoyat deb topilmaganligi sababli u oqlangan taqdirda, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan boshqa asoslarga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha ish yuritish tugatilganda sud daʼvoning isbotlanish darajasi va hajmini eʼtiborga olib, uni toʻliq yoki qisman qanoatlantiradi yoki qanoatlantirishni rad etadi.
Daʼvoning hajmi jinoyat tavsifiga va aybdorga jazo chorasi tayinlashga taʼsir etmasa, fuqaroviy daʼvoni qanoatlantirishda sud daʼvo talabi chegarasidan chiqishga haqlidir.
Jinoyat protsessida qoʻzgʻatilgan fuqaroviy daʼvo qanoatlantirilmagan taqdirda daʼvogar shu shaxsga va xuddi shu asoslar boʻyicha fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatish huquqidan mahrum boʻladi (JPKning 283-modda).
Avtohalokat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan boʻlsa, shaxsga yetkazilgan moddiy zarar jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan maʼmuriy ish yuritish jarayonida koʻrib hal etiladi. Shaxs oʻziga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim etishi lozim.
[1] Turdibekov Y.I. Avtotransport vositalarini baholashda eskirishlarni hisoblash uslubiyati. “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” (Economics and Innovative Technologies) ilmiy elektron jurnal. 3/2022 y.
[1] Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz. Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqi. Manba.
https://president.uz/oz/lists/view/4743 (murojaat sanasi 11.06.2022-y.)