KIRISH

Ayollarga berilgan taʼriflar juda koʻp va xilma-xildir. Shulardan kelib chiqib, ayol siymosiga quyidagicha taʼrif berish mumkin, Ayol – moʻtabar ona, aziz opa-singil, suyukli va vafodor yor, sirdosh, maslahatdosh, tarbiyachi, ustoz, siyosatchi, tashkilotchi, tadbirkor va avlod davomchisidir. Bir soʻz bilan aytganda ayol – goʻzallik timsolidir. Jamiyatning sogʻlomligi, uning barqarorligi va porloq kelajagi yoʻlida ishlarni amalga oshirishda ayollarning oʻrni beqiyosdir.

Mamlakatimiz aholisining qariyb 49,8 foizini xotin-qizlar, jumladan, ularning 29 foizini 14 yoshgacha boʻlgan qizlar, 28 foizini 15-30 yoshlilar, 21 foizini 31-45 yoshlilar, 15 foizini 46-60 yoshlilar, 7 foizini esa 60 yoshdan oshgan xotin-qizlar tashkil etadi.

Soʻnggi yillarda gender tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi. Xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, bu borada jamiyatning eng asosiy jabhalari – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ayollar nufuzini kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatish mumkin[1].

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirishga jadal kirishildi. Jumladan, gender tenglikni taʼminlash siyosati davom ettirilmoqda, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshiril­di, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarning taʼlim olishlari va kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish davom etmoqda.

Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini koʻpaytirish borasida tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash jadal amalga oshirilmoqda. Biroq, xotin-qizlarning qator muammolari ham borligi hech kimga sir emas. Ushbu muammolarni hal etishning bir yoʻnalishi sifatida moddiy jixatdan qiynalgan ayollarga qashshoqlikdan chiqishlariga koʻmaklashish maqsadida “Ayollar daftari” joriy etildi.

“Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari oʻz vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirilmoqda.[2] Shuningdek xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, fikrimizni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
18-moddasida fuqarolarning jinsi, millati, diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar teng huquqli ekanligi, 46-moddasida ayollar va erkaklarning teng huquqliligi, 117-moddasida saylash va saylanish huquqlarining kafolatlanganligini bevosita tasdiqlaydi.

Konstitutsiyaning mazkur moddalari ayollarga erkaklar bilan teng asosda ilm olish, kasb egallash, mehnat qilish, xizmat pillapoyalaridan koʻtarilish, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalarda faoliyat koʻrsatish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda respublikamiz ayollari erkaklar bilan bir qatorda jamiyat hayotining turli jabhalarida, jumladan, ilgari faqat erkaklarga imtiyoz berilgan sohalarda ham samarali faoliyat olib bormoqdalar.

Ammo, shuni alohida taʼkidlash joizki, ayollarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgani va hozirda ham  bu jarayon davom etayotganligiga qaramay oila gavhari boʻlmish – ayollar tomonidan jinoyatlarning sodir etilishi juda ham ayanchli holdir.

Oʻtkazilgan tahlillar oxirgi yillarda sodir etilgan jinoyatlarda ayollar tomonidan respublikamiz boʻyicha 2019-yilda ayollar sodir etgan jinoyatlarning 10,2 %ni qasddan odam oʻldirish, 17,3 %ni qasddan badanga yengil shikast yetkazish, 24,7 %ni qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish, 18,2 %ni qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, 12,4 %ni haqorat qilish, 5,7 %ni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish, 9,0 %ni bezorilik, 8,8 %ni nomusga tegish, 4,1 %ni qiynash, 3,0 %ni oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, 9,3 %ni boshqa turdagi jinoyatlar tashkil etgan. 2017-yilda Respublikamizda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 17,03 %ga 2018-yilda 37,6 %ga 2019-yilda esa, 30,3 %ga kamayganligini kuzatish mumkin. Shundan 2019-yilda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar viloyatlar kesimida tahlil etilganda Andijon viloyatida 9,4 %ga, Buxoro viloyatida 14,1 %ga, Sirdaryo viloyatida 3,3 %ga, Toshkent shahrida 9,7 %ga kamayganligini koʻrish mumkin.

Keltirilgan raqamlar unchalik koʻpga oʻxshamaydi, ammo har bir ayolning zimmasida oilasi, bolalari tarbiyasi, jamiyatimiz kelajagi turganligini koʻz oldimizga keltirsak, bu fikrning toʻgʻri emasligiga ishonch hosil qilamiz.

Chunki onasi jinoyatchi boʻlgan oila tanazzulga uchraydi, bolalari nazoratsiz qoladi. Tadqiqotlardan maʼlumki,  nazoratsiz qolgan bolalarning voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga “hissa” qoʻshishi darajasi yuqori boʻladi.

Tadqiqotlardan maʼlumki, umumiy jinoyatchilikda ayollar sodir etadigan jinoiy xatti-harakatlar erkaklar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlardan farq qiladi. Shu bois ayollar jinoyatining tabiati va oqibati, sodir etish usuli va jinoyat qurolini maʼlum bir vaziyatlarda qoʻllanishi, jinoyat sodir etilishida ishtirok etishdagi oʻrni, jinoyat qurbonini tanlash, maishiy turmush sharoiti kabilarga kriminologiyada alohida eʼtibor qaratilgan holda tadqiqot ishlari olib boriladi va zarur tavsiyalar beriladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda taʼkidlash joizki, bugungi kunda ayollar jinoyatchiligi bilan bogʻliq sabab va sharoitlarni kriminologik va jinoyat huquqiy jihatdan oʻrganish hamda ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning profilaktikasini samarali tashkil etish zarurati mavjud.

1-BOB. AYOLLAR JINOYATCHILIGI TUSHUNCHASI VA KRIMINOLOGIK TAVSIFI

1.1-§. Ayollar jinoyatchiligining miqdor va sifat koʻrsatkichlari tahlili

Ayollar jinoyatchiligi umumiy jinoyatchilikning tuzilishida nisbatan oʻzgarmas kattalikka ega boʻlgan holda, ijtimoiy shart-sharoitlarga qarab oʻzgarib boradigan, shu bilan bir vaqtda umuman jinoyatchilik (erkaklar jinoyatchiligi)dagi oʻzgarishlarni takrorlamaydigan hodisadir. Yuqorida zikr etilgan sabablarga koʻra, ayollar jinoyatchiligi jinoyatchilikning oʻsib borishga moyil boʻlgan nisbatan mustaqil qismini tashkil etadi.

Umumiy jinoyatchilik yoki uning muayyan yoʻnalishi oʻrganilganida albatta, jinoyatchilikning miqdor va sifat koʻrsatkichiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki, bu koʻrsatkichlarsiz jinoyatchilik haqida tasavvurga ega boʻlishning hech qanday iloji yoʻq. Ushbu koʻrsatkichlar bir vaqtning oʻzida jinoyatchilikning elementlari deb ham izohlanadi. Mazkur koʻrsatkichlar toʻrtta tarkibiy qismdan, yaʼni jinoyatchilikning ahvoli (holati), tuzilishi, darajasi va dinamikasidan iborat boʻladi.

Ayollar jinoyatchiligining ahvoli (holati) − maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar hamda jinoyatchi ayollar yigʻindisiga aytiladi.

Ayollar jinoyatchiligining tuzilishi – maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan muayyan jinoyatlarning ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar yoki umumiy jinoyatlar nisbatiga aytiladi, yaʼni ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar qaysi turdagi jinoyatlardan iboratligini anglatadi.

Ayollar jinoyatchiligining tuzilishini aniqlash uchun muayyan formula asosida hisoblash talab etilmaydi, oddiy statistik koʻrsatkichlarda ushbu tuzulishni anglab olish mumkin hisoblanadi.

Ayollar jinoyatchiligining darajasi – maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar yoki ularni sodir etgan ayollar koʻrsatkichlarining ushbu hududda yashovchi ayollar soniga nisbatiga aytiladi, yaʼni hududda yashovchi jami ayollarning qancha qismiga nechta ayollar ishtirokida sodir etilgan jinoyat yoki jinoyatchi ayol toʻgʻri kelishi tushuniladi.

Formula,                                AJ× 1000=Aj.d

                                                     As

Aj – ayollar ishtirokida sodir etilgan jamijinoyatlar soni;

1000 – nisbiy koʻrsatkich hisoblanib, uning oʻrniga 10, 100 yoki 10000 sonini ham ishlatish mumkin. Bu sonlarni tanlash maʼmuriy hududda yashovchi ayollar sonining qanchalik koʻp yoki kamligi bilan bogʻliq boʻladi.

As – maʼmuriy hududda yashovchi jami ayollar soni;

Aj.d – ayollar jinoyatchiligining darajasi (koefsenti).

Yuqorida ayollar jinoyatchiligining darajasiga berilgan taʼrifda maʼmuriy hududda yashovchi ayollarning muayyan qismiga ayollar ishtirokida sodir etilgan nechta jinoyat toʻgʻri kelishi bilan birga qancha jinoyat sodir etgan ayollar toʻgʻri kelishini aniqlashga urgʻu berilgan edi. Shu munosabat bilan jinoyatchi ayollarning nisbati ham keltirilgan formula orqali aniqlanishi mumkin boʻladi. Buning uchun faqat ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar oʻrniga jinoyatchi ayollar koʻrsatkichidan foydalaniladi;

Ayollar jinoyatchiligining dinamikasi – maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar yoki jinoyatchi ayollar koʻrsatkichlarining boshqa davrga nisbatiga aytiladi, yaʼni oʻsgan yoki kamayganligi tushuniladi.

Ayollar jinoyatchiligining dinamikasini aniqlash ham xuddi uning tuzilishini aniqlash kabi muayyan formula asosida ishlashni talab etmaydi. Bu borada muayyan koʻrsatkichlar taqqoslanadi xolos.

Anʼanaga koʻra, ayollar erkaklarga qaraganda ancha kam jinoyat sodir etadi. Uzoq vaqt mobaynida erkaklar va ayollar jinoyatchiligining nisbati taxminan 7:1, 6:1 ni tashkil etib kelgan. Odatda, poraxoʻrlik, oʻzlashtirish, rastrata yoki xizmat vakolatini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish, xaridor yoki buyurtmachilarni aldash kabi jinoyatlar bundan mustasno boʻlgan. Mazkur jinoyat turlarida ayollar odatda aniqlangan jami jinoyatchilarning yarmini tashkil etgan. Bu holat xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy roli va funksiyalari, ular ijtimoiy ishlab chiqarishning maʼlum sohalari: savdo, umumiy ovqatlanish, aholiga maishiy xizmat koʻrsatishda band ekanligi bilan izohlanadi. Bu yerda sobiq ittifoqda mazkur sohalarda koʻrsatiladigan xizmat darajasining pastligi, aholiga zarur boʻlgan tovar va xizmatlarning surunkali taqchilligi ham oʻz taʼsirini koʻrsatganki, bular har xil qonunbuzarliklar, xizmat vakolatini suiisteʼmol qilishlar va pirovard natijada jinoyatlarga qulay zamin yaratgan.

Statistika maʼlumotlari ayollar jinoyatchiligi tuzilishida iqtisodiyot sohasidagi, jumladan oʻgʻrilik, firibgarlik, bezorilik, giyohvandlik vositalarini tayyorlash va oʻtkazish kabi “umumiy” jinoyatlarning salmogʻi ancha kattaligidan dalolat beradi. Odam oʻldirish, badanga shikast yetkazish kabi jinoyatlarni ayollar koʻpincha oilaviy-maishiy mojarolar negizida sodir etadilar, bunda koʻpincha jabrlanuvchilar, asosan aybdorlarning er yoki jazmanining viktim, provokatsion xulq-atvori yetakchi rol oʻynaydi. Oʻzbekistonda ham boshqa chet el davlatlardagi singari onaning oʻz chaqalogʻini oʻldirishi ayollarga xos jinoyat boʻlib qolayotir. “Odam oʻldirishning boshqa turlaridan farqli oʻlaroq, yangi tugʻilgan chaqaloqni oʻldirish qishloq joylarida ham tarqalgan. Qator hollarda bu jinoyatlarning orqasida aybdorning eri yoki jazmani turadi, mazkur jinoyatlar zikr etilgan shaxslarning taʼsirida yoki ularning roziligi bilan sodir etiladi”[1]. Bezorilik xatti-harakatlarini sodir etgan shaxslar orasida ayollarning salmogʻi odatda 5-6 %ni, barcha ayol jinoyatchilar orasida esa – 3-4 %ni tashkil etadi. Erkaklar singari, ayollar ham bezorilikni odatda mast holatda sodir etadi, bu surunkali ravishda alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilish, gʻayriijtimoiy turmush tarzining, baʼzan ruhiy xastalik bilan bogʻliq umumiy maʼnaviy tanazzulning oqibati hisoblanadi.

Jinoyatchi ayollar orasida daydi ayollarning salmogʻi hamisha katta boʻlgan. Ammo, 1991-yili bu qilmish Jinoyat kodeksidan dekriminalizatsiya qilindi. Bu, tabiiyki, ayollar umumiy jinoyatchiligining statistikasida ham oʻz aksini topdi. Jinoyatchilikning statistik koʻrsatkichlari yaxshilandi, ammo ijtimoiy hodisa, uning ildizlari saqlanib qoldi.

Mazur gʻayriijtimoiy hodisaning keskinligini anglagan Oʻzbekistonda davlat-hokimiyat tuzilmalari tomonidan soʻnggi davrda bu yoʻnalishda maʼlum choralar koʻrildi.

Jinoyatchilik eng avvalo ijtimoiy hodisa boʻlgani uchun, uning miqdor va sifat xususiyatlari, dinamikasi va tuzilishidagi oʻzgarishlarning tub sabablari jamiyatda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, jugʻrofiy-siyosiy va demografik jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq.

Jamiyat rivojlanishining har bir bosqichi qonuniy ravishda ayollarning shaxs sifatidagi holati oʻzgarishiga olib keladi. Bunday aloqa jinoiy qilmishlar sohasida ham mavjud. Ayollarning bandligi va ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻrtasida maʼlum bogʻliqlik kuzatiladi. Bundan ayollar jinoyatchiligini va umuman jinoyatchilik muammosini muayyan tarixiy shart-sharoitlarni eʼtiborga olgan holda oʻrganish kerak boʻladi. Muayyan ijtimoiy vaziyatlarning tahliligina mazkur murakkab muammoni hal qilish imkonini beradi[2].

Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kriminologik tahlili shuni koʻrsatadiki, ayollar jinoyatchiligi oʻzgarmas emas, balki hayotning turli sohalaridagi oʻzgarishlar, albatta, uning tuzilishiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi va u ilgari oʻzida boʻlmagan xususiyatlarni kasb etib boradi.

Ayollar jinoyatchiligida taʼmagirlik jinoyatlarining soni koʻpchilikni tashkil etib kelgan. Bu tarixiy fakt, 50 yil oldin va hozirda ham shunday. Shu bilan birga ayollar jinoiy faoliyatining taʼmagirlik yoʻnalishini amalga oshirishning anchagina nozik mexanizmlari mavjuddir. Ayollarning kasbiy faolligi jinoyatchilarning jamiyatga qarshi qaratilgan maqsadlarini amalga oshirishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Ayollar tomonidan shahar va qishloqda sodir etiladigan jinoyatlarning maʼlum farqlari mavjud. Shaharga xos jinoyatlar: oʻgʻrilik, firibgarlik, savdo qoidalarini buzish, oʻzlashtirish, badanga shikast yetkazish hisoblansa, qishloqda: taʼqiqlangan ekinlarni yetishtirish koʻproq uchraydi.


[1] Antonyan Yu.M. Prestupnost sredi jengsin. M., 1992. 34.s.

[2] Serebryakova V.A. Kriminologicheskaya xarakteristika jenщin-prestupnis//Voprosы borbы s prestupnostyu. 1971, №14. 5.s.

Bundan tashqari, shaharlarda oilaviy maishiy mojarolar natijasi sifatida shaxsga qarshi jinoyatlar koʻproq sodir etiladi.

Masalan, Sh. TTZ zavodida shtampovkachi boʻlib ishlagan va shu zavodda yigʻuvchi slesar boʻlib ishlovchi turmush oʻrtogʻi bilan zavodga qarashli Buyuk ipak yoʻli koʻchasida joylashgan 4-yotoqxonada istiqomat qilgan. Ikki nafar farzandlari bor. Sh. turmush oʻrtogʻini shu yotoqxonada yashovchi A.ga rashk qilishi tufayli tez-tez janjal boʻlib turgan. Navbatdagi janjallardan birida Sh. stol ustida turgan oshxona pichogʻini olib, erining qorniga sanchadi. Soʻngra erini shu ahvolda qoldiradi va pichoqni lattaga oʻrab, “Doʻrmon” qishlogʻi hududidan oqib oʻtuvchi ariqqa tashlab yuboradi[1].

Ayollar jinoyatchiligining yana bir oʻziga xos xususiyati – oʻta xavfli retsidivist deb topilgan ayollar sonining juda kam ekanligidadir.

Ammo haqiqatda esa ular sodir etilgan ayrim jinoyatlar, masalan, oʻgʻrilik, firibgarlik va hokazolarning retsidivi yuqori hisoblanadi. Qasddan badanga shikast yetkazish, qasddan odam oʻldirish kabi jinoyatlarning retsidivi mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlarga nisbatan bir necha marta kam.

Ayollarga xos xususiyatlardan yana biri ular jinoyatni asosan yolgʻiz oʻzlari sodir etadilar. Guruh tarkibida koʻpincha oʻgʻrilik, kasb bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etadilar. Talonchilik, bosqinchilik jinoyatlarini sodir etishda ular asosan yordamchi sifatida ishtirok etadilar.

Ayollar jinoyatchiligida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni oʻrganish birinchi navbatda:

a) ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning statistik qonuniyatlarini;

b) ayol – jinoyatchiga kriminologik tavsif berishni;

v) ayollar jinoyatchiligi tuzilishini aniqlash imkonini beradi.

Qisqa qilib aytganda, erkaklar va ayollar jinoyatchiligining nafaqat oʻxshash tomonlari va farqlarini, balki ular rivojining yoʻnalishi, oʻziga xos xususiyatlari va sifatiy oʻzgarishlarni aniqlash fan uchun ham, amaliy faoliyat yuritishda ham muhim ahamiyatga egadir.

1.2-§. Ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablari

Ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarningobyektiv va subyektiv sabablari ayollarning jinoiy xulq-atvori hamda ushbu xulq-atvorga taʼsir koʻrsatuvchi ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy omillar asosida oʻrganiladi. Bunday omillar jumlasiga, birinchi navbatda quyidagilar kiradi: ijtimoiy-demografik omillar (urbanizatsiya, migratsiya, jins va yoshga oid maʼlumotlar va maʼmuriy-hududiy tuzilishning oʻzgarishi); iqtisodiy omillar (umumiy va tarmoqlardagi bandlik, mehnatga haq toʻlash, narx-navoni belgilash); siyosiy va ijtimoiy-ruhiy omillar (milliy mafkura, axborot texnologiyalari, demokratik institutlarning faoliyati, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga davlatning munosabati); tashkiliy-huquqiy omillar (amaldagi qonun hujjatlari, ularni qoʻllashni taʼminlovchi institutlarning samaradorligi) kiradi.

Biroq yuqorida keltirilgan ushbu omillar doirasini mukammal va toʻliq deb hisoblab boʻlmaydi. Chunki, jinoyatning sodir etilishiga olib keladigan katta-kichik omillar miqdorini toʻla va toʻgʻri aniqlash mumkin emas. Shunga qaramasdan kriminolog olimlar bu borada koʻproq natijaga erishish maqsadida tinimsiz intilmoqdalar va hozirda jinoyatchilikka 320 dan ortiq omillar taʼsir koʻrsatishini aniqlanganlar. Hozirgi zamon kriminologiyasida jinoyatchilikning sabablari va shart-sharoitlari tushunchalarining qoʻllanishi, ularning farqlari yuzasidan munozara tobora keskin tus olib bormoqda. Olimlar jinoiy xulq-atvorning asl sabablarini bugungi kunda (jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida) aniq va toʻliq bilish mumkin emas, degan xulosaga kelmoqdalar. Zotan, kishilarning xulq-atvorini tushuntiruvchi mukammal nazariya haligacha ishlab chiqilmagan. Bunday nazariya qachondir ishlab chiqilgan taqdirda ham muayyan jinoyatning (shu jumladan jinoyatchilikning ham) asl sabablarini tushuntiruchi holatlar va omillarni aniq belgilashi mumkin emas.

Shu narsa diqqatga sazovorki, mazkur tendensiyalar eng yangi kriminologik tadqiqotlarda ham oʻz aksini topmoqda. Masalan, M.O.Naukenov yuqorida zikr etilgan bahsli muammoning yechimini topishga harakat qilib, oʻz asarida “sababiy omillar” tushunchasini qoʻllagan.[2] Bu munosabat bilan Ye.I.Kairjanov, jinoyatchilik sabablarini oʻrganish tarixidan kelib chiqib, jinoyatchilik sabablarining manbalari soniga qarab ularni bir omilli va koʻp omilliga ajratish mumkinligini qayd etadi.[3]

Mazkur qarashdan kelib chiqib, biz yuqorida zikr etilgan masalalar yuzasidan munozaraga berilmasdan, ayollar jinoyatchiligining sabablari va uni vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarini yoritishdan ham koʻra, mazkur jinoyatchilikni vujudga keltiruvchi omillarni tahlil qilish oʻrinlidir. Bunda jinoyatchilik omillariga jinoyatchilikka bevosita taʼsir koʻrsatuvchi (uni keltirib chiqaruvchi, unga turtki beruvchi yoki monelik qiluvchi) hodisa (hodisalar yigʻindisi) deb qarash lozim. Bu borada yana shuni ham inobatga olish kerakki, jinoyatchilikning umumiy sababi mavjudligi empirik jihatdan aniq isbotlanmagan, uning tavsifi ziddiyatli, gipotetik xususiyatga ega.

Biz sabab va shart-sharoitlarga maʼlum tarixiy bosqichda ayollar jinoyatchiligi koʻrsatkichlarining dinamikasi – oʻsishi yoki pasayishini belgilovchi holatlar deb qaraymiz.

Agar shart-sharoitlar atamasini qoʻllaydigan boʻlsak, aynan ular – yashash sharoitlari ayollarning jamiyatdagi holatini yorqin tavsiflaydi.

Bu nuqtayi nazardan olib qaraganda, kriminolog olimlarning jamiyat taraqqiyotidagi har bir yangi bosqich ayolning shaxs sifatidagi holati oʻzgarishiga olib keladi, degan fikri oʻrinlidir. Zotan, jinoiy qilmishlar sohasida ham shunday aloqa mavjud. Masalan, ayollar band boʻlgan sohalar va ular sodir etuvchi jinoyatlarning turlari oʻrtasida maʼlum aloqa mavjud. Bundan ayollar jinoyatchiligini, umuman jinoyatchilik muammosi qatori, muayyan tarixiy shart-sharoitlarga bogʻlab oʻrganish zarur degan muhim metodologik qoida kelib chiqadi. Muayyan ijtimoiy vaziyatlarni tahlildan oʻtkazishgina yuqorida zikr etilgan murakkab muammoning yechimini topish imkonini beradi.

Bu borada zararli ishlab chiqarishlarda band boʻlgan xotin-qizlarning salbiy statistikasiga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Zotan, tibbiy xizmat koʻrsatish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan, ogʻir turmush sharoitlarida, zararli ishlab chiqarishlarda mehnat qilish shaxsning salomatligiga va maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Jadvaldan koʻrinib turganidek, MDH mamlakatlarida 2,4 milliondan ortiq xotin-qizlar ogʻir ishlab chiqarishlarda band boʻlib, ogʻir uy-roʻzgʻor va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlarida shaxsning umumiy sogʻligʻiga, shu jumladan uning ruhiyatiga, ayniqsa, salbiy taʼsir koʻrsatmoqda[4].

Maʼlumki, jamiyatda ayollarni siyosatga kamroq aralashtirish tendensiyasi uzoq vaqt hukm surib keldi. Parlamentda va mahalliy vakillik organlarida ayollar juda ham kam edi. Respublikamizda ilk bor 1994-1999-yillarda xotin-qizlar koʻp partiyaviylik asosida oʻtkazilgan saylovda ishtirok etdilar. 1994-yilda ayollar Parlamentda 6 %ni[5], 1999-yilda 7 %ni, 2004-yilda boʻlib oʻtgan saylovlar natijasiga koʻra Qonunchilik palatasida 18,8 % ni, Senatda 15 % ni tashkil etdi. Viloyat hokimlari orasida esa ayollar umuman yoʻq. Oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli ayollar koʻpchilikni tashkil etgani holda, maʼmuriy boshqaruv apparatida ularning ulushi atigi 17,5 %ni tashkil qiladi.

Oʻz-oʻzidan ayonki, biz ushbu ishda koʻrib chiqayotgan muammolarning yuqorida qayd etib oʻtilgan alohida jihatlari oʻz holicha sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yoʻsindagi salbiy hodisalar har xil darajada ijtimoiy beqaror odamlarni muqarrar ravishda jinoyat yoʻliga olib kiradi, degan maʼnoni anglatmaydi. Zotan, jinoiy xulq-atvor insonning shunchaki turmush sharoitlariga emas, balki uning mazkur sharoitlarni qanday idrok etishi va ularga qanday baho berishiga bogʻliqdir.

Maʼlumki, jinoiy-xulq atvorni ong doim ham qamrab olavermaydigan nozik, chuqur va oʻziga xos ichki kechinmalar shakllantiradi. Bu kechinmalar inson hayotining asoslari, uning dunyoqarashi, oʻzining hayotdagi oʻrniga munosabati va turmush sharoitlariga bogʻliq boʻladi.

Ijtimoiy huququsizlik, umumiy ruhiy beqarorlik, maʼnaviyvapsixologik qadriyatlarning yoʻqolishi va buning natijasi oʻlaroq, bunday sharoitlarda oilaviy turmushga, ijtimoiy muhim “oila oʻchogʻining yoquvchisi” rolini bajarishga layoqatsizlik – jamiyatida, ayniqsa, yoshlar orasida ayollar jinoyatchiligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillardir.

Yosh ayollar va qizlar, jumladan voyaga yetmaganlar ham qandaydir yoʻllar bilan boyib ketishi, ijtimoiy zinaning nisbatan baland pogʻonalariga koʻtarilishga harakat qilmoqdalar. Intilish, albatta, yaxshi, ammo bu maqsadga erishi yoʻlida har qanday, hatto gʻayriqonuniy vositalar ishga solinmoqda.

Maʼlumki, boylik bu faqat moddiy neʼmat boʻlib qolmay, jamiyatda nisbatan yuksak mavqeni qoʻlga kiritish, ijtimoiy nufuzga, har xil imtiyozlarga ega boʻlish vositasi hamdir. Bu koʻpchilikni, ayniqsa, yoshlarni oʻziga tortmoqda. Boylikka odamlar nafaqat toʻgʻri, balki egri yoʻllar bilan ham intilmoqda, zotan, pul, imtiyozlar va yuksak mavqe ularga qachondir, noaniq kelajakda emas, balki hozir, shu damda kerak. Afsuski, buning uchun hozir imkoniyatlar bor.

Yuqorida zikr etilgan jarayonlarning boshqa bir salbiy tomoni ham bor. Bu yoshlar orasida asosan moddiy neʼmatlarning mavjudligi prinsipiga koʻra ijtimoiy tabaqalanishning kuchayib borayotganida koʻrinadi. Targʻib qilinayotgan “goʻzal hayot”dan chetda qolgan va oʻz muammolarini hal qilishning boshqa usulini topa olmagan ayrim yoshlar (ayni holda – xotin-qizlar) jinoyatga qoʻl urmoqdalar. Bu esa ayollar jinoyatchiligining subyektiv va obyektiv sabablarining oʻzaro uygʻunligini namoyon etadi. Ilmiy adabiyotlarda bu masala ilgari ham koʻtarilgan edi. Masalan, Yu.M.Antonyan taʼminlanmagan va kam taʼminlangan oilalarda yosh ayollar va qizlar yaxshi kiyinish hamda boshqa zarur va nufuzli buyumlarga ega boʻlish imkoniyatiga ega emasligi, buning natijasida ular oʻzini kamsitilgan his qilishi, ularda yuqorida zikr etilgan neʼmatlarga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan hasad, baʼzan hatto nafrat tuygʻulari uygʻonishi, bu ularning oʻgʻrilikka qoʻl urishi, fohishalik bilan shugʻullanishiga turtki berishini qayd etgan[6]. Bu fikrni ayol jinsiga mansub voyaga yetmagan jinoyatchilar muammosiga bagʻishlangan maxsus

tadqiqotlarning natijalari ham tasdiqlaydi.  Bundan tashqari, milliy ilmiy adabiyotlarda uchraydigan ayollar jinoyatchiligi toʻgʻrisida ayrim maʼlumotlar ham yuqorida keltirilgan xulosalarga mos keladi.

Ayollar jinoyatchiligi ijtimoiy muhitdagi madaniyat va jinslar tengligi muammolari bilan, ayniqsa bogʻliqdir. Konservativ patriarxal madaniyat tipi, jamiyatimiz boshidan oʻtkazilgan mustabid tuzum ayollar ijtimoiy qaramligining ikki xil mezonini shakllantirdi. Bu assossiz ikki xil standartlarga tayanuvchi axloqda, jinsiy tengsizlik shaklini aks ettiruvchi tilda, xurofiy qarashlarni bolalikdan shakllantiradigan taʼlimda, xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini yerga uradigan obrazni shakllantiruvchi ommaviy axborot vositalarida oʻz ifodasini topadi.

Bugungi kunda yirik shaharlarda ijtimoiy-maishiy va madaniy ahamiyatga molik muassasalarda mansabdor shaxslari va xizmatchilarini, mahalliy hokimiyat organlari xodimlarini pora berish yoʻli bilan oʻziga ogʻdirishga asoslangan xufiya xonadonlar (amalda buzuqxonalar), qoʻshmachilarning keng tarqalgan va mukammal tarmogʻiga ega boʻlgan fohishalar xizmatidan foydalanish uyushgan tijorat negiziga qoʻyilgan. Fohishalik bilan shugʻullanishga va jinoiy faoliyatning boshqa shunga oʻxshash shakllariga voyaga yetmaganlar ham faol jalb etilmoqda.

Voyaga yetmay turib jinoyat sodir etganligi sababli ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining oldini olish boʻlimlarida hisobda turgan qizlarning shaxsini oʻrganish, ular orasida oʻqishdan boʻyin tovlash, spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish bilan birga jinsiy buzuqlik bilan ham shugʻullanayotganlar erkak jinsidagi oʻsmirlarga qaraganda koʻproq uchraydi.

Agar aqli zaiflik, ruhiy kamchilikning mavjudligini aniqlash shaxsning muomala layoqatiga ega ekanligini aniqlash uchun kerak boʻlsa, binobarin u huquqiy oqibatlarga ega boʻladi, jinsiy anomaliyalar (normadan chetga chiqishlar) mavjudligini aniqlash aybdorni jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi masalani hal etish chogʻida uning ruhiy holatini tibbiy baholashda hech bir ahamiyat kasb etmaydi. Nazariya va amaliyot bu muammoni koʻrib chiqmagan, biroq ekspertlar (seksopatologlar, psixiatorlar) zimmasiga jinsiy anomaliyalar, ularning sabablari va xususiyatlari, oqibatlari haqidagi masalaning yechimini topish vazifasini yuklash vaqti keldi.

Toʻgʻri bugungi kunda sud-tergov amaliyoti va ilmiy adabiyotlarda ushbu muammoga yetarlicha eʼtibor berilmapti. Ammo kompleks sud-psixiatriya va seksopatologik ekspertizalarda tekshirilgan qizlarning kamida 1,5% da xudbinlik, aqliy zaiflik, telbanamo xulq-atvor bilan kechadigan jinsiy buzuklikning mavjudligi aniqlangan. Lekin bu nuqsonlar shaxsda muomala layoqatining yoʻqligini bildirmaydi va shu bois jinoiy qilmishni kvalifikatsiya qilishga va jazo tayinlanishiga taʼsir etmaydi. Biroq bu ayollar jinoyatchiligini oldini olishda profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirishda juda muhim sanaladi.

Shu boisdan yuridik adabiyotlarda muomala layoqati doirasidagi ruhiy nuqsonlarning jinoiy qilmishga taʼsiri va ularni jinoyatchilarni axloqan tuzatish jarayonida inobatga olish mumkinligi haqidagi masala qizgʻin muhokama qilinmoqda. Ayni paytda aybdor ruhiy holatining obyektiv voqeligi (binobarin, jinoyatning subyektiv tomoni ham) sifatidagi jinsiy anomaliya holatiga hanuzgacha jinoyat huquqiy baho berilgan emas.

Qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti nomukammal boʻlgan sharoitlarda uyushgan jinoiy tuzilmalarning roli kriminogen vaziyatga, shu jumladan ayollar jinoyatchiligiga taʼsiri ham qonuniy ravishda ortadi. Jinoiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi alohida shaxslar va guruhlar birlashadi. Bunday uyushmalarning qatʼiy iyerarxiya va intizomga boʻysundirilgan infratuzilmasi maromiga yetkaziladi. Jinoiy uyushmalar faoliyatiga xotin-qizlar tobora faol jalb etiladi. Tabiiyki, jinoyatchilikning umumiy oʻsishi sodir boʻlayotgan, uyushgan jinoiy tuzilmalar faol ish olib borilayotgan sharoitlarda ayollar jinoyatchiligiga huquqni muhofaza qilish organlarining qarshilik koʻrsatishi, xotin-qizlarning jinoiy uyushmalar tizimiga jalb etilishining oldini olishi ancha qiyinlashadi.

Jinoyatga qoʻl urishdan oʻzini tiyishga majbur qiluvchi omil, ijtimoiy nazorat funksiyasini bajaruvchi oila ayollar ozodlikdan mahrum qilish joylaridan chiqquniga qadar odatda buzilib ketadi. Ota-onaning ajralishi va oilaning buzilishi natijasida bolalarga eʼtibor susayadi. Soʻqqabosh, nikohda omadi yurishmagan onalar nikohda baxtiyor onalarga qaraganda oʻz farzandlarining tarbiyasiga kam eʼtibor beradilar. Otasizlik emas, balki nazoratning susayishi hamda farzand bilan qolgan onaning oʻzining yangi maqomiga moslashishida muhim rol oʻynaydi. Bu esa ayollar jinoyatchiligining obyektiv sabablari sifatida gavdalanadi.

Shu narsa diqqatga sazovorki, yuqorida zikr etilgan hollarda erkak mahkumlarga qaraganda, mahkum ayollarning oilalari koʻproq buzilib ketadi. Bunday holatlar sobiq mahkumlarning jamiyatga moslashishini oʻz-oʻzidan ogʻirlashtiradi, uzoq vaqt mobaynida normal turmush sharoitlaridan mahrum boʻlgan, jizoni oʻtash davrida gʻayriijtimoiy koʻnikmalar va odatlardan qutilmagan ayollar oldida baʼzan faqat bitta yoʻl – jinoiy faoliyatni davom ettirish qoladi.

Toʻgʻri, bu avvalambor, jamiyatimizning bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida boshdan kechirayotgan obyektiv qiyinchiliklar bilan bogʻliq, koʻp jihatdan qonuniy boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy jarayondir. Bu yerda, jumladan, bozor iqtisodiga oʻtilishiga qarab, davlatning ochiq jahon iqtisodiyoti tizimiga muqarrar ravishda qoʻshilishi natijasida mamlakatning iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning roli ortib borishiga eʼtiborni qaratishni istar edik. Bu ham obyektiv tarixiy jarayondir, ammo u doim ham ijobiy natijalarga olib kelavermaydi.

Tadbirkorlikda xotin-qizlarning ishtirok etishi – bozor iqtisodiyoti sharoitlarida yuzaga kelgan zarurat taqazosidir. Respublikada kichik biznes sohasida band boʻlganlarning 45%ni xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning aksariyati turli mulk shakllariga asoslangan nodavlat korxonalarda yollanma ishchi kuchi sifatida mehnat qiladi.

Bozor iqtisodiyoti tuzilmalari shakllanayotgan, ilgari bizga maʼlum boʻlmagan erkin tadbirkorlik shakllarini qonun yoʻli bilan samarali tartibga solish tizimi mavjud boʻlmagan sharoitlarda jamiyat jinoiy faoliyat, shu jumladan ayollar jinoyatchiligining yangi shakllari bilan toʻqnash kelishga majbur boʻladi. Mamlakatning iqtisodiy hayotida xotin-qizlar rolining ortib borishi bank operatsiyalari bilan bogʻliq firibgarlik, davlatning pul mablagʻlarini oʻzlashtirish, soliq qonunlarini buzish kabi jinoyat turlari uchun qulay zamin yaratishini jahon amaliyotidan koʻrish mumkin.

Masalan, “Speskomplektgaz” OTAJ buxgalteri S., ushbu jamiyatning boshqaruvi raisi D. va ombor mudiri A.lar bilan oldindan til biriktirib, oʻzlariga ishonib topshirilgan oʻzgalar mulkini talon-taroj qiladilar. S. Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 4-qismi “a” bandi, JK 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va JK 207-moddasi 1 qismi bilan aybdor deb topilgan, jinoyat jami boʻyicha 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.[1]

2000-yil oktyabrda “Paxta-bank” AB boshqaruvining raisi, Oʻzbekiston fuqarosi G. V. 1,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U bank muassislari bilan jinoiy til biriktirib, ularga gʻayriqonuniy ravishda 100 million soʻm miqdordagi kreditni berganlikda ayblandi.

Tadqiqotlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat qonunining ayrim moddalari, jumladan JKning soliq va boshqa toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 184-moddasini qoʻllash amaliyotini oʻrganish natijalari ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning doirasi kengayganligining guvohi boʻlish mumkin.

Biz oʻrgangan shaxslarning aksariyatiga nisbatan jinoiy taʼqib dastlabki tergov bosqichida, qoida tariqasida, davlatga yetkazilgan zarar qoplanishi va aybdorlarga qonunda belgilangan jarimalar solinishi munosabati bilan toʻxtatilgan.

Toʻgʻri, hozirgi zamondagi ayollar jinoyatchiligining tavsifi yuqorida keltirilgan omillar bilangina cheklanmaydi, biroq prinsipial ahamiyatga ega. Shu bois ularga ayollar jinoyatchiligiga ularning salbiy taʼsirining oldini olish maqsadida jiddiy eʼtibor berish kerak.

Ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarningobyektiv sabablarini oʻrganishda ular yashaydigan va faoliyat koʻrsatadigan muhit masalasiga eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumki, oila mikromuhitning asosiy sohalaridan biridir. Oilaning muayyan shaxsga taʼsiri uning tarkibi (ota-onaning yoki ulardan birining mavjudligi) va oiladagi oʻzaro munosabatlarning xususiyati bilan belgilanadi. Ota-onali oilada inson odatda ijtimoiy aloqalarning dastlabki va umumiy tajribasini orttirsa, oʻzining shaxsiy oilasida munosabatlarni u shu vaqtgacha orttirgan ijtimoiy tajribasiga asosan quradi. Shuning uchun ham xotin-qizlarning deviant xulq-atvorining shakllanishida oila mikro-muhitining roliga mana shu tafovutlardan kelib chiqib qarash kerak.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻrganilgan jinoyatchi ayollardan 16,9 % – toʻliq oilada, 55,4 % – toʻliq boʻlmagan oilada (shundan 93,1 % – yolgʻiz ona qoʻlida), 12,3 % – yaqin qarindoshlari tomonidan, 15,4 % – bolalar uylari, internatlarda tarbiyalangan. Bunda toʻliq oilada tarbiyalanganlarning 42,3% otasi yoki onasining ikkinchi nikohga kirishiga guvoh boʻlgan.

Oilaviy, maishiy sohada ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishi masalalariga maxsus kriminologik tadqiqotlarda katta eʼtibor berilgan. Ularning deyarli hammasida spirtli ichimliklarni suiisteʼmol qilish va ichkilikbozlikning jinoiy xulq-atvor bilan bevosita aloqadorligi alohida qayd etib oʻtilgan.

Oila-roʻzgʻordagi janjallar negizida ayollar Oʻzbekiston Respublikasi JK 103-105, 108-109-moddalarida nazarda tutilgan va bezorilik jinoyatini (JK 277-moddasi) ham ancha koʻp sodir etadilar. Ularning bunday harakatlari natijasida koʻpincha ularning erlari, jazmanlari, qarindosh-urugʻlari va qoʻshnilari jabr koʻradi. Jinoyatchi ayollarning mikroijtimoiy oila muhitini taʼriflashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan maʼlum viktimologik jihat – jabrlanuvchilarning xulq-atvoriga eʼtiborni qaratishni istar edik. Tadqiqotimiz koʻrib chiqilgan jami jinoyatlarning 59,8 %da jabrlanuvchilarning xulq-atvori, shu jumladan: alkogolizm, aybdorning shaxsiga, uning farzandlariga hurmatsizlik, urish, kaltaklash koʻrinishidagi zoʻravonlik jinoyatga turtki berganini koʻrsatdi. Bundan tashqari, jinoyat ishlari va qonunni qoʻllash amaliyotini oʻrganish natijasida biz tergov va sud organlari koʻpincha jabrlanuvchilarning mohiyat eʼtibori bilan jinoiy jazoga loyiq tegishli qilmishlar doirasiga mansub bunday xatti-harakatlariga muvofiq yuridik baho bermaydi, degan xulosaga keldik. Masalan, ayollarning jinoiy xulq-atvorini jinoyat-huquqiy baholashda mazkur viktimologik omilga bepisand

qarash hollari odatda ularga qoʻyiladigan aybning darajasi va qonuniy ravishda – jinoiy jazo sanksiyalarining miqdorida ham oʻz aksini topadi.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tuman sudining 2008 yil 23-oktyabrdagi hukmi bilan S. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi
1-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sudning hukmiga koʻra S. 2008-yil 2-avgust kuni soat 13.00 larda kelinoyisi Yoʻldosheva bilan janjallashib, qoʻlidagi oshpichogʻi bilan uning koʻkrak qismiga bir marta urib, uning hayoti uchun xavfli boʻlgan tan jarohati yetkazganlikda ayblangan.

Sud jazo tayinlayotganida jabrlanuvchining gʻayriaxloqiy xulqiga, uning kasalxonada 10 kun davolanganiga eʼtibor bermaganligi tufayli S. va Y.ning kassatsiya shikoyatiga koʻra Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻrilib, qoʻshimcha sud ekspertizasining xulosasida Y.ga yetkazilgan tan jarohati sodir etilgan vaqtida hayoti uchun xavfli boʻlmagan deb koʻrsatilgan. Shularga asosan viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tuman sudining S.ga nisbatan chiqargan hukmini oʻzgartirib, uning jinoiy harakatlarini JK 105-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilib, uni 3 yil ozodlikdan mahrum etishga ajrim chiqargan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 1-dekabrdagi “Amnistiya toʻgʻrisida”gi Farmonining 2-moddasiga asosan S.ni jazodan ozod etgan.

Yakkabogʻ tumanida yashovchi S. 2010-yil 4-sentabrda eri Yu. bilan oʻzaro janjallashib, uning boshiga bolta bilan urib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan. Aybdorning qilmishi Oʻzbekiston Respublikasi JKning 98-moddasi bilan kvalifikatsiya qilingan.

Qarshi tumanida tugʻilgan oilali, 2 nafar farzandi boʻlgan P.A. bilan yashagan, uni boshqa xotinlar bilan yurganlikda gumon qilib, uxlab yotganida boshiga bolta bilan urib, jabrlanuvchining hayoti uchun xavfli boʻlgan ogʻir tan jarohatini yetkazgan va hodisa joyidan qochib ketgan.

Qarshi tuman sudining hukmi bilan P. JK 25-97-moddasi 2-qismi “v” va “j” bandlari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oʻquv-tarbiya mikromuhiti shaxsning hayotiy qadriyatlari va qiziqishlarining shakllanishida muhim oʻrin tutadi. Maʼlumot darajasi bilan kriminogenlikning oʻzaro bogʻliqligi umum eʼtirof etilgan: shaxsning maʼlumot darajasi qancha yuqori boʻlsa, uning gʻayriqonuniy xatti-harakatlar sodir qilish ehtimoli shuncha kam boʻladi, zotan, yuqori maʼlumot darajasi shaxsga u yoki bu xulq-atvor variantining oqibatlarini yaxshiroq anglash, ijtimoiy maqbul ehtiyojlarni shakllantirish va ularni qondirishning qonuniy yoʻllarini topish imkonini beradi.

Jinoyatchi ayollarning maʼlumoti darajasi oʻrganilganda maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurtlaridagi taʼlim berish va tarbiyalash bilan bogʻliq ayrim muammolarning mavjudligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Zotan, bu muassasalarda oʻquv-tarbiya jarayoni uzoq vaqt mobaynida “bir jinsli”, umumlashtirilgan va tenglashtirilgan yondoshuv asosiga qurilib kelgan. Bunday ahvol bugungi kunda ham qisman saqlanib qolayotir. Pirovard natijada oʻsmirlarda oʻgʻil bolalar va qizlarga xos boʻlgan individual ruhiy-jismoniy xususiyatlarning chegaralari “yuvilib” ketmoqda. Tarbiya chora-tadbirlarining mavjud tizimi aynan oʻsmirlar feʼl-atvori, ruhiyati, fiziologik ehtiyojlariga koʻproq mos keladi, ularga xos boʻlgan dunyoqarashni shakllantiradi. Qizlar esa, oʻz shaxsining shakllanishi davrida bunday taʼsirni xis qilish natijasida, birinchidan, oʻziga tabiat ato etgan ayollik asoslarini yoʻqotadi, ikkinchidan, ularda erkaklarga xos boʻlgan jihatlar – erkakshodalik, yetakchilik qilishga intilish, baxsli vaziyatlarni xal qilishda kuchga tayanish, jizzakilik, shafqatsizlik va hokazo xususiyatlar shakllanadi.

Yuqorida zikr etilgan omillar baʼzan shaxsning anomal rivojlanishiga, insoniy aloqalarning asl qadriyatlarini notoʻgʻri tushunishiga, gʻayriijtimoiy sifatlarning rivojlanishiga olib keladi. Agar mazkur salbiy omillarning taʼsiri katta boʻlib, voyaga yetmagan qizlar jinoyat sodir etsalar ular taʼlim jarayoni majburiy-tarbiyaviy xususiyat kasb etadigan koloniyalar yoki maxsus oʻquv muassasalarida taʼlimni davom ettiradilar. Ayol jinsiga mansub voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini oʻrganuvchilar ozodlikdan mahrum etish joylari va tergov hibsxonalarida bunday voyaga yetmagan qizlarda taʼlim jarayonida tajovuzkorlik ayniqsa kuchayishini qayd etadilar.

Ayollar jinoyatchiligini oʻrganish natijalari shaharlar va qishloq joylarida ayollarning jinoyatchilik darajasi oʻzaro farqlanishini namoyon etadi. Bu, jumladan, ijtimoiy muhitdagi omillarning taʼsiri bilan ham izohlanadi. Shaharda insonning xulq-atvori ustidan yaqin maishiy muhitning nazorati ancha zaiflashadi, bu esa, tabiiyki, gʻayriqonuniy qilmishlar sodir etilishini yengillashtiradi. Qishloq joylarida shaharga nisbatan mustahkam ijtimoiy aloqalarning saqlanib qolganligi oʻz holicha ijtimoiy nazorat elementi boʻlib xizmat qiladi va umumiy ijtimoiy-psixologik oʻzaro bogʻliqlik bilan hisoblashishga majbur qiladi.

Qishloq sharoitlarida shaxs oʻz xulq-atvorini oʻzini qurshagan odamlarning qarashlariga muvofiqlashtirishini onglilikdan ham koʻra koʻproq konformizm, yaʼni murosasozlikning ifodasi deb bilish kerak. Oʻzi koʻnikkan muhit bilan aloqani yoʻqotgach, qishloq aholisining vakili zararli taʼsirlarga juda oson berilishining sababi shu bilan izohlanadi.

Oila-roʻzgʻor muhitida qishloq ayollari shaxsga qarshi jinoyatlar va oʻgʻriliklar ham sodir etadi, ammo bunday jinoyatlar jamoatchilik tomonidan shahardagiga nisbatan ancha qattiq qoralanadi. Buning ustiga, qishloqda jinoyat sodir etgan va ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan ayollar ozodlikka chiqqanidan keyin koʻpincha uyiga qaytib kelmaydi, balki boshqa joylarda, asosan shaharlarda qoladi. Bu oʻziga xos qonuniyatda ham oʻziga xos mezonlariga ega boʻlgan qishloq mikromuhitining maʼlum xususiyati koʻzga tashlanadi, zotan, mazkur mezonlar, odatda, yuqorida zikr etilgan toifaga mansub ayollar oʻzining avvalgi yashash joyiga qaytib kelishiga sof psixologik toʻsiq boʻlib xizmat qiladi, chunki yashash joyidagi mustahkam ijtimoiy – foydali aloqalar ozodlikdan mahrum qilish tariqasida oʻtalgan jazoning muddati bilan bevosita bogʻliqdir. Bunday sharoitlarda orttiriladigan salbiy koʻnikmalar va xulq-atvor prinsiplari esa, ayollar tushunchasida, ozodlikdagi avvalgi turmush tarziga mos kelmaydi.

Shaharlarda va qishloq joylarida ayollar jinoyatchiligiga mikroijtimoiy muhit omillarining taʼsiriga umumiy taʼrif berishda, shaxs ijtimoiy muhitining oʻzgarishida migratsiya jarayonlarining ahamiyatini ham eʼtiborga olish kerak.

Avvalambor, oila, qarindosh-urugʻlar, qoʻshnilar, oshna-ogʻaynilar, mehnat jamoasi va xokazolar bilan bogʻliqlikda shakllangan ijtimoiy aloqalarning uzilishi oqibatlari aynan ayollarning jinoiy xulq-atvoriga ayniqsa salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Yashash joyining aniq emasligi, shaxsiy tirikchilik va oilani taʼminlash uchun mablagʻlar yetishmasligi koʻpincha bunday shaxslarda hasadgoʻylikning kuchayishiga olib keladi, ularni oʻzini va oʻz yaqinlarini qanday qilib boʻlmasin himoya qilishga daʼvat etadi, buning oqibatida ayollar baʼzan jinoyatga qoʻl uradi.

Bir guruh shaxs boʻlib sodir etilgan jinoyatlar tuzilishida ayollar jinoyatchiligining salmogʻi mazkur jinoyatchilikning holatini taʼriflovchi asosiy koʻrsatkichlardan biridir.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudida 2013-yil 20-oktyabrda M. G.ning jinoyat ishi guruh tarkibida bir nechta jinoyat sodir etilganiga misol boʻla oladi. Muqaddam giyohvandlik vositalarini sotganlik uchun sudlangan ushbu ayol bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, qonunga xilof ravishda qalbaki hujjatlar tayyorlab, oʻz qizi V.G.ni shahvoniy yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun pul evaziga Dubay shahriga yuborgan.

Obyektiv sabab hisoblanmish shaxs ijtimoiylashishining barcha bosqichlari, oila muhitidan boshlab jinoyat sodir etilgan muhitgacha, ayolni qonuniy ravishda muqarrar salbiy natijaga – jinoyat sodir etishga olib keladi. Ammo, baʼzan faqat hayotiy faoliyatning maʼlum bosqichlaridagina ijtimoiy muhitning salbiy omillari taʼsiri kuchayadi va jinoyatchi shaxsining shakllanishiga koʻmaklashadi.

1.3§. Ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlari

Ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar –bu bevosita turtki berib, ayollar tomonidan jinoyatning sodir etilishini keltirib chiqarmasada, ammo uning sodir etilishiga imkon bergan voqea, hodisa va jarayonlardir.

Kriminologiyada sabab va shart-sharoitlarni har doim ham toʻliq va aniq bir-biridan ajratish imkoni boʻlavermaydi. Shunday sabablar borki koʻrinishidan shart-sharoitga va shunday shart-sharoitlar borki, koʻrinishidan sababga oʻxshab ketadi. Qolaversa, sabab va shart-sharoitning birlamchi va ikkilamchi kabi turlarga boʻlinishi ular oʻrtasidagi tafovutni aniqlashda turli murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Shu boisdan, kriminologiyada “jinoyatchilik determinantlari” tushunchasi keng qoʻllaniladi. Ushbu tushuncha oʻz tarkibiga jinoyatchilikning ham sababini va ham shart-sharoitini qamrab oladi.

Biroq ushbu paragrafda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-may kuni qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuni talablari asoslanib, ayollar jinoyatchiligini sodir etilishiga imkon yaratgan shart-sharoitlarni yoritishga harakat qilinadi.

Maʼlumki, jinoyatchilikning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar oʻzaro aloqada boʻladi. Bu aloqa eng avvalo jinoiy xulq-atvorning shakllanishida namoyon boʻladi. Bu esa ayollar jinoyatchiligining subyektiv sabablari bilan oʻzar aloqador hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, jinoyatchi ayollarning hayotiy qadriyatlari, dunyoqarashi, psixologiyasi va psixikasi bilan belgilanadigan ongli faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir. Xoʻjasizlik va huquqiy nigilizm, hokimiyat uchun siyosiy kurash va ijtimoiy nazoratning yoʻqligi ayollar jinoyatchiligida uyushgan professional jinoyatchilar faoliyatining faollashishiga olib keldi. Professional jinoyatchilar uzoq vaqt mobaynida jinoyatchilik sohasiga ishchi va xizmatchilarning katta kontingentini jalb etib kelib, xalq xoʻjaligining alohida sohalarini mehnatsiz daromad olish va boyish manbaiga aylantirdilar. Qonunni buzish asosida olingan yirik va oʻta yirik daromadlar jamiyatda yangi elitaning shakllanishiga olib kelmoqda. Mazkur jarayon biz koʻrib chiqayotgan muammoda oʻzining bevosita aksini topmoqda. Birinchidan, yuzaga kelayotgan vaziyat muqarrar ravishda eng qonunga itoatkor fuqarolarning tubanlashishiga,

gʻayriijtimoiy axloq va oʻziga xos mafkuraning vujudga kelishiga olib keladi. Bu kabi fuqarolar orasida ayollar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Ikkinchidan, ayol-ona oʻz psixologiyasiga “yangi” hayotiy qadriyatlarni singdirib, ularni oʻz farzandining xulq-atvoriga va ongiga joylaydi. Uchinchidan, mazkur vaziyat har xil jinoyatlar uchun hukm etilgan shaxslarga nisbatan jamiyatning tarbiya-reabilitatsiya funksiyalarini bajarishiga toʻsqinlik qiladi.

Shaxsning xulq-atvorida shakllangan va ijtimoiy axloq darajasiga koʻtarilgan tamagirlik niyatlari (professionalizmning asosiy belgisi boʻlgani holda) muqarrar ravishda eng ijobiy ijtimoiy-maʼnaviy institutlarning zaiflashishiga olib keladi.

Oila ijtimoiy rolining kamayishi va maʼnaviy xususiyatga ega boʻlgan hayotiy qadriyatlarga nisbatan qarashlarning oʻzgarishi jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalaridan uzoqlashishga va jinoiy muhitning yosharishiga olib keladi.

Ayollar jinoyatchiligining kelib chiqishiga koʻmaklashuvchi yuqorida qayd etilgan omillarni oʻrganishning dolzarbligi ayollar jinoyatchiligi muammosiga jiddiy eʼtibor berilmayotganligi, davlat, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari mazkur jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish usullari va shakllarini ishlab chiqmagan sharoitlarda yanada yaqqol namoyon boʻladi.

Odatda, yulgʻichlik va parazitizm psixologiyasi bilan zararlangan shaxslar professional jinoyatchilar, ularning anʼanalari bilan toʻqnash kelganidan soʻng pirovard natijada oʻz hayot yoʻlini jinoiy faoliyat bilan bogʻlaydi.

Ayollar jinoyatchiligiga tatbiqan olganda, mazkur jarayon “jinoiy romantizm” anʼanalari ancha kuchli boʻlgan ozodlikdan mahrum qilish joylari, tergov hibsxonalari va maxsus maktablarda ayniqsa sezilarli kechadi. Yosh jinoyatchi ayollar, odatda, jinoiy muhitda erkak jinsiga mansub tengqurlari bilan katta aloqalarga ega boʻladi. Vaholanki, bunday shaxslar orasida soʻnggi vaqtlarda “qonundagi oʻgʻrilar”ga va boshqa jinoiy avtoritetlarga taqlid qilib yashash anchagina keng tarqalgan.

Soʻnggi yillarda badanga tatuirovkalar tushirish udumi ayniqsa ayollarda yana urf boʻlmoqda. Modaning bu elementi ham voyaga yetmaganlar va yosh qizlarni oʻziga tortmoqda. Oʻrganilgan voyaga yetmagan jinoyatchi qizlarning yarmidan koʻpida tatuirovkalar borligi aniqlandi. Bunda mazkur tatuirovkalarning qariyb 30% yorqin ifodalangan maʼnoli xususiyatga ega, qolganlari esa, voyaga yetmagan jinoyatchi qizlarning iqroriga koʻra, “qiziqish tufayli” tushirilgan. Shunisi eʼtiborga molikki, nisbatan katta yoshli jinoyatchi ayollar orasida tatuirovkalarga yoshlar muhitidagidek jiddiy ahamiyat berilmaydi. Buning ustiga, biz suhbatlashgan professional jinoyatchi ayollarning koʻpchiligi tatuirovka tushirish udumi haqida ancha salbiy fikr bildirdilar va bir paytlar oʻz badanlariga bunday tatuirovkalarni tushirganliklaridan bugun afsus qilayotganliklarini koʻrsatdilar. Aftidan, bu tatuirovka professional jinoyatchining oʻziga xos “tashrif kartochkasi” boʻlib xizmat qilishi, shuningdek shaxs tashqi koʻrinishining individual belgilariga ham urgʻu berishi, huquqni muhofaza qilish organlari shaxsni identifikatsiya qilishi jarayonida maʼlum hollarda professional jinoyatchi ayol zarariga xizmat qilishi mumkinligi bilan izohlansa kerak.

Giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatchilikning kriminologik xususiyati jinoyatlarning muayyan turlari va tegishli ravishda, jinoyatchilar toifalarining xilma-xilligidan iboratdir.

Giyohvandlik vositalarining gʻayriqonuniy muomalasi sohasida ayollar jinoiy “qobiliyati” qoʻllanadigan yana bir soha farmatsevtika sanoati sohasida va sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida – dorixonalar va kasalxonalardagi jinoyatlardir.

Koʻpchiligini xotin-qizlar tashkil etuvchi mazkur muassasalarning xodimlari baʼzan jinoyatchilar bilan til biriktirib, tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan dorilar va preparatlar bilan gʻayriqonuniy savdo qiladi va buning evaziga jinoyatchilardan katta haq oladi.

Maʼlumki, giyohvandlik vositalarini uzoq vaqt va surunkali isteʼmol qilish natijasida shaxs ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan tubanlashadi, ijtimoiy foydali mehnat qilishga layoqat va xohish-istakni yoʻqotadi. Giyohvandlik vositasini har qanday yoʻl bilan qoʻlga kiritishga yoʻnaltirilgan jinoiy faoliyat bunday shaxs hayotining asosiy maqsadiga aylanadi. Bunday intilishlarning ijtimoiy xavfliligi yaqqol koʻrinib turadi.

Jinoyat qonunlarida sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra turli jazo choralari belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodeksida bu borada bir qancha imkoniyatlar nazarda tutilgan. Biroq, jinoiy jazoni ijro etish turlarining xilma-xilligi va vaqt oʻtishi bilan ular doirasining tobora kengayib borayotganligiga qaramay, mahkumlarga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash eng anʼanaviy va ommaviy boʻlib qolayotir.

Maʼlumki, ozodlikdan mahrum etish jazosiga odatda xavfli jinoyatchilar hukm etiladi, ozodlikdan mahrum etish joylarida esa mahkumlarni tarbiyalash va takroriy jinoyatlarning oldini olish maqsadida tarbiyaviy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Tarbiyaviy chora-tadbirlarning koʻpchiligi jazoni oʻtayotgan shaxslarda ozodlikdagi mikroijtimoiy muhitning salbiy taʼsirida shakllangan gʻayriijtimoiy qarashlar, moyilliklar va odatlarni tubdan yoʻqotishga qaratilgan. «Biroq, jazoni oʻtash joylaridagi boshqa jazoni oʻtayotgan jinoyatchilarning mahkumga taʼsiri yuqorida aytilgan maqsadlarga erishishga jiddiy toʻsiq boʻladi. Qolaversa, bu taʼsir mazkur jinoyatni sodir etishga turtki boʻlgan salbiy omillarning shaxs ongida yanada chuqurroq oʻrnashishiga olib kelishi, shuningdek yangi gʻayriijtimoiy qarashlar va intilishlarning shakllanish manbai boʻlib xizmat qilishi mumkin[1].

Qoʻllanilgan jazo va tarbiyaviy yoʻsindagi majburlov choralarini idrok etishning muhim shaxsga oid tavsiflaridan yana biri mahkumlarning sodir etilgan jinoyatga va uning oqibatlariga munosabati hisoblanadi. Soʻrovga jalb etilgan mahkum ayollarning 24,6% oʻz javoblarida qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirgan boʻlsa, 27,7% oʻzini qisman aybdor hisoblagan va qilmishidan qisman afsus chekishini maʼlum qilgan. Oʻz aybini tushunib yetgan, biroq pushaymon chekmaganlar 15,4% ni tashkil qildi. Eʼtiborli tomoni 15,4% oʻzini mutlaqo aybsiz hisoblagan boʻlsa, 16,9% sodir etilgan jinoyat va uning oqibatlariga befarq ekanliklarini bildirdi.

Soʻrov jarayonida mahkum ayollarning tayinlangan jazoga nisbatan munosabatlari oʻrganilganida 12% jazoni adolatli deb hisoblagan boʻlsa, 52,8% adolatli, biroq haddan tashqari qattiq deb biladilar. Biroq 50,8% jazoni adolatsiz deb hisoblaydilar.

Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mikroijtimoiy muhitni tavsiflovchi muhim mezonlardan yana biri bu mahkum ayolning boshqa mahkumlar, kameradoshlari orasidagi oʻz ijtimoiy holatiga munosabatidir (bu yerda mazkur tadqiqot oʻtkazilgan tergov izolyatorlarida saqlangan shaxslar (ayblanuvchilar) ham nazarda tutiladi).

Mazkur masala yuzasidan qoʻyilgan savolga javobida respondentlarning 21,5% jamoada, guruhda peshqadamlik qilishga intilayotganini koʻrsatdi. Peshqadamlikka daʼvo qilmagan holda shaxsiy obroʻ orttirishga intilayotganlar – 18,5% ni, oʻzini yetarli darajada erkin his qiluvchi va obroʻsini mustahkamlashga muhtoj boʻlmaganlar – 26,2% ni tashkil etdi. Soʻralganlarning 15,4% oʻzini nooʻrin kamsitilgan, tushunilmagan, eʼtiborsiz qoldirilganlar qatoriga kiritdi. Boshqa mahkumlar davrasidagi oʻz mavqeiga befarq qaraydigan ayollar 18,4% ni tashkil etdi.

Oilaning buzilishi ayol kishining hayotida erkaknikiga qaraganda muhimroq ahamiyatga ega. Vaholanki, jazoni oʻtash davrida mahkum ayollarning har ikkinchi oilasi (erkaklarda – har uchinchisi) buzilib ketadi.

Bolalardan ajralganlik, ularni tarbiyalashda (ular uch yoshdan katta boʻlgan bolalarni ham) ishtirok etish imkoniyatidan mahrumlik erkaklardan ham koʻra ayollarga kuchli taʼsir qiladi.

Mahkumlarning oilaviy munosabatlari bilan bir qatorda, ularning ozodlikka chiqqandan soʻng mehnat faoliyatiga boʻlgan munosabati oʻrganilganida ayollarning 37,7 % oʻz kuchi, bilimi va kasbiy oʻquviga ishonch hamda qonuniy mehnat faoliyati bilan shugʻullanish niyatini bildirdi. Ozodlikka chiqqandan soʻng ishsiz qolishdan choʻchiyotganlar 35,8 %ni tashkil etdi. Soʻralganlarning 26,9% bu muammoga befarq ekanliklarini bildirdi. Nihoyat, mahkumlarning 20,6% ongli ravishda oʻzini jinoiy faoliyatni davom ettirishga tayyorlayotganini tan oldi.

Ayollarda qonunga zid xulq-atvori shakllanishiga imkoniyat yaratgan shart-sharoitlarning oʻziga xosliklarini oʻrganish: 1) ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar avvalambor ijtimoiy omillar bilan belgilanishini; 2) faqat ayollar jinoyatchiligiga xos boʻlgan va shuning uchun ham uni barcha jinoyatchilik orasida alohida hodisa sifatida ajratib turadigan maʼlum oʻziga xosliklarni qayd etishning zarurligini; 3) bu oʻziga xosliklar faqat obyektiv tavsiflarni taqqoslashdagina emas, avvalambor jinoiy faoliyat sabablarining yoʻnalishini baholashda aniqlanishini; 4) ayollarning jinoiy faoliyati ijtimoiy voqelikning obyektiv va subyektiv omillarining oʻzaro taʼsiri bilan belgilanishini; 5) hozirgi zamon ayollar jinoyatchiligi jamiyatda sodir boʻluvchi tarixiy, jugʻrofiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy va demografik oʻzgarishlar bilan belgilanadigan oʻz ijtimoiy xususiyatlariga ega ekanligini; 6) koʻrsatilgan oʻzgarishlar ayollar turmushining mikroijtimoiy muhitida oʻzining eng yorqin ifodasini topishini; 7) mikroijtimoiy muhitning salbiy taʼsiri turmushning har xil bosqichlarida turlicha ekanligi va maʼlum ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar bilan belgilanishini; 8) bunday hodisa mahkum ayollar jazoni oʻtaydigan ozodlikdan mahrum etish joylarida ayniqsa keskin his qilinishini, bu joylardagi ijtimoiy muhit esa faqat oʻzigagina xos xususiyatlarga ega boʻlib, erkaklar koloniyalaridagi muhitdan jiddiy farq qilishini koʻrsatdi.

2-BOB. AYOLLAR JINOYATCHILIGINING PROFILAKTIKASI

2.1-§. Ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning umumiy profilaktikasi

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan huquqbuzarliklar profilaktikasining toʻrtta turidan samarali foydalangan holda ayollar jinoyatchiligining profilaktikasi tashkil etish maqsadga muvofiq.

Shulardan biri huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasidir. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunning “Huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasi” deb nomlangan 3-bobi talablaridan kelib chiqqan holda “ayollar jinoyatchiligining umumiy profilaktikasi”ga quyidagicha taʼrif berish mumkin: “Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalarning ayollar jinoyatchiligining oldini olish, ushbu yoʻnalishdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish boʻyicha faoliyatidir”.

Ayollar va erkaklar gʻayriqonuniy xulq-atvorning genezisida baʼzan turlicha (ijtimoiy, ijtimoiy-psixologik, fiziologik va h.k.) omillarning mavjudligi tufayli, shuningdek ijtimoiy hayotdagi bir xil hodisalar ayollar va erkaklarning xulq-atvoriga har xil taʼsir koʻrsatishi hamda ularda jinoiy niyatning tugʻilishi va uni amalga oshirish mexanizmi har xil ekanligini inobatga olgan holda, ayollar jinoyatchiligining profilaktikasida ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning umumiy xususiyatiga ega boʻlgan omillari bilan birga, aynan ayollarda gʻayriqonuniy xulq-atvorni vujudga keltiruvchi kuchli emotsional omillarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish kutilgan natijalarni beradi.

Tadqiqotlardan maʼlumki, aksariyat hollarda zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan ogʻir jinoyatlar (odam oʻldirish, badanga ogʻir shikast yetkazish, bezorilik va h.k.) ayollar tomonidan asosan oila-roʻzgʻor muhitida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolar tufayli jinoyatlarning sodir etilishiga koʻp hollarda shaxsning oʻz man­fa­atini ustun qoʻyib, boshqalarga oʻzining jismoniy ustunligini namoyish etish yoki qoʻrqitib qoʻyish maqsadida oʻz soʻzi va taʼsirini oʻtkazishga harakat qilganligini koʻrish mumkin. Maʼlumki, oila-turmush doirasida sodir etilgan jinoyatlar tarkibida oʻch olish, qasos, oila aʼzolarining bir-birini yoqtirmasligi, adovat, alam, kelish­movchilik va psixologik ziddiyatlar oqibatida zoʻravonliklar sodir etiladi. Shunday holatlarda koʻpincha aybdor shaxsning qilmi­shi­ga yarasha munosib javob qaytarish, kuchi, jahli yoki nimaga qodir ekanligini koʻrsatish, xafa qilgan kishiga shikast yetkazish yoʻli bilan boshidan kechirgan azob-uqubat va kechinmalar oʻrnini toʻldi­rishga intilish kabi ruhan oʻzini tayyorlash bilan bogʻliq holatlar va vaziyatlar vujudga keladi.

Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olgan holda taʼkidlash joizki, huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasi chora-tadbirlaridan hisoblangan aholi oʻrtasida oʻtkaziladigan huquqiy targʻibotlarni tegishli mavzular boʻyicha yetarli bilimga va tayyorgarlikga, shuningdek bir qator kasbiy va insoniy fazilatlarga, yetuk malakali va koʻp yillik amaliy tajribaga ega boʻlgan xodimlar tomonidan oʻtkazilishi huquqbuzarliklar, xususan ayollar jinoyatchiligining profilaktikasini samarali tashkil etish garovidir. 

Shuningdek, koʻpgina oilaviy nizolarning oldini olish ichki ishlar organlari xodimlari, xususan profilaktika inspektorlaridan maʼlum pedagogik va psixologik koʻnikma va bilimlarni, nizolarning tabiatini teran tushunishni talab etadi. Amalda janjal sodir boʻlayotgan xonadonga kelishdan boshlab huquqbuzarga nisbatan chora koʻrish va kelgusida jabrlanuvchining xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq juda koʻp taktik va ruhiy qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bunday sharoitlarda oila bilan ishlaydigan xodimlardan murakkab emotsional vaziyatda nizoga va jinoyatning oldini olish choralarining maqbul tarzini tanlashi talab etiladi. Bunga oilaviy janjallarni yarashtirish komissiyalarida koʻrib chiqish, fuqarolar yigʻini majlislarida muhokama qilish jarayonlarida qatʼiy amal qilish lozim hisoblanadi. Bundan tashqari, oilaviy janjallar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish natijasida huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishda ham eʼtiborga olish talab etiladi.

Ayollar jinoyatchiligining profilaktikasida oiladagi munosabatlar ham muhim ahamiyatga ega. Ota-onaning oʻz farzandidan uzoqlashishi, uning tarbiyasi va xulq-atvoriga befarqligi, ota-ona bilan bola oʻrtasida zarur emotsional aloqalarning yoʻqligi yoki bunday aloqalarning zaiflashishi odamlarda oʻzining ijtimoiy holati va oʻziga nisbatan ishonchsizlik tuygʻusini paydo qiladi. Yuqorida zikr etilgan hodisalar bunday shaxslarning tashqi holatlar va shart-sharoitlarga qaram boʻlishiga olib keladi. Bu esa ayniqsa voyaga yetmagan qizlarga koʻproq salbiy taʼsir qiladi. Ularning maʼnaviy va ijtimoiy tiklanishi erkaklarning maʼnaviy va ijtimoiy tiklanishiga qaraganda qiyin kechadi. Shuning uchun ham oila va oiladagi tarbiya umumiy profilaktik taʼsir koʻrsatishning asosiy obyektlaridan biri boʻlishi kerak.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda ayollar jinoyatchiligining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan davlat, hududiy va sohaviy dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish, oʻz vaqtida sifatli huquqiy targʻibotlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va samarali tashkil etish talab etiladi.

2.2-§. Ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning maxsus profilaktikasini tashkil etish

Ayollar jinoyatchiligining maxsus profilaktikasi – huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalarning mavsumiy yoki kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, respublikada, mintaqada yoki shahar-tuman miqyosida yoxud alohida kichik hudud va obyektda ayollar jinoyatchiligining profilaktikasini amalga oshirish, bu turdagi huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etishga, gʻayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarlik sodir etgan ayollarni aniqlash va ularga profilaktik taʼsir koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat tushuniladi.

Ichki ishlar organlarida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi IIVda ishlab chiqilgan va amalga oshirish tartibi ichki buyruqlar bilan belgilab beriladigan maxsus hamda tezkor tadbirlar boʻyicha maxsus rejalar asosida amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari bu boradagi maxsus rejalarni huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimiga kiruvchi boshqa subyektlar bilan hamkorlikda ishlab chiqishi va amalga oshirishi, shuningdek bu jarayonga huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organ va muassasalar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb etishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2015-yil 17-oktyabr kuni qabul qilingan “Odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasining samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 182-sonli buyrugʻi ayollar jinoyatchiligining profilaktikasi, xususan, maxsus profilaktikasini amalga oshirishda alohida oʻrin tutadi.

Buyruqda tezkor vaziyatdan kelib chiqib, odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklarni aniqlash maqsadida “Oriyat” tadbiri va boshqa tezkor-profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilishi, ushbu tadbirlar tegishli ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi, boʻlinmalari, guruhlari xodimlari tomonidan sohaviy xizmatlarning xodimlari bilan oʻzaro hamkorlikda respublika, hududiy yoki tarmoq miqyosida amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan.

Bu borada olib boriladigan tezkor-profilaktik tadbirlar hammomlar, saunalar, mehmonxonalar, yotoqxonalar, dam olish maskanlari, kinoteatrlar, videozal va videosalonlar, audiovizual mahsulotlarni sotish doʻkon va shoxobchalari, internetlar (kafe, klub va h.k.), tungi klublar, diskotekalar, choyxonalar, bilyard mavjud boʻlgan obyektlar hamda odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar sodir etilishi mumkin boʻlgan boshqa obyektlarda oʻtkazilishi belgilangan.

Oʻz uylarini ijaraga beradigan shaxslar tomonidan odam savdosi, jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar sodir etilayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplash maqsadida manbalar biriktiriladi va olingan maʼlumotlar asosida chora-tadbirlar belgilanadi.

Bundan tashqari, tanosil va OIV/OITS kasalligining aholi orasida tarqalishiga sababchi asosiy manbalar boʻlgan fohishalarni aniqlash boʻyicha maxsus tadbirlar oʻtkaziladi, natijalariga koʻra aniqlangan ushbu toifa shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtishlari taʼminlanadi.

Alkogolizm va giyohvandlikka ruju qoʻygan ayollarning shaxsini taʼriflaydigan maʼlumotlardan ularning hayotiy qarashlari, xulq-atvori, atrofdagilarga, jamiyatga munosabati va hokazolardagi maʼlum oʻxshashlik profilaktika vazifalarining oʻxshashligini ham belgilab beradi.

Spirtli ichimliklarni suiisteʼmol qiluvchi ayollarning koʻpchiligiga (feʼl-atvor xususiyatlaridan qatʼi nazar) ruhiy infantilizm xos. Ruhiyatning reaktiv va affektiv buzilishi ham ayollar feʼl-atvorining umumiy jihatlaridan hisoblanadi. Ular 30-35 yoshdan keyin ayollarda alkogolizm bilan kasallanish ehtimoli ancha ortgan davrda kuchayadi (ayollar jinoyatchiligiga doir statistika maʼlumotlari ham, maxsus tadqiqotlarning natijalari ham 30-50 yoshlilar ayollarning eng kriminogen yosh guruhini tashkil etishini koʻrsatadi). Bu xususiyatlar ayollarning gʻayriijtimoiy xulq-atvoridan kelib chiqib maxsus profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini talab etadi. Giyohvand ayollar asosan giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish va ularning gʻayriqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarni, shuningdek bunday vositalarni sotib olish uchun mulkka qarshi jinoyatlarni sodir etadi. Giyohvand ayollarning koʻpchiligi 30 yoshga toʻlmagan boʻladi, ular giyohvandlik vositalarini asosan 15-25 yoshidan boshlab isteʼmol qila boshlaydilar. Odatda ayollar orasida opiomaniya ayniqsa keng tarqalgan 67%, polinarkomaniya – 35%, gashishizm – 7% ni tashkil etadi[1]. Piyonista ayollar orasida boʻlgani singari, giyohvand ayollar orasida ham maʼlumoti va ijtimoiy maqomi past, doimiy ish joyi va maʼlum ixtisoslikka ega boʻlmagan shaxslar koʻpchilikni tashkil etadi.

giyohvandligining oldini olishda, birinchi navbatda ularga nisbatan alkogolni suiisteʼmol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qiluvchi ayollar oʻrtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari samarali tashkil etish lozim.

Tabiiyki, mazkur ijtimoiy illatlarga qarshi kurashda davlat tomonidan amalga oshiriladigan maxsus profilaktik chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bular jumlasiga avvalambor, ichkilikbozlik va giyohvandlikning tarqalishiga mafkuraviy qarshilik koʻrsatish, jamoatchilik fikrini shakllantirish kabi tadbirlar kiradi.

Maishiy sohadagi retsediv jinoyatlarning oldini olish muammosi ham alohida diqqatga sazovordir, zotan, u sudlangan ayollarni tarbiyalash va ularni axloqan tuzatish muammolari bilan chambarchas bogʻliq. Bunda oila aʼzolariga qarshi zoʻrlik ishlatib sodir qilgan jinoyatlari uchun jazoga hukm etilgan ayollar bilan ishlash ularning yaqinlari, ayniqsa, farzandlari bilan munosabatlarini (agar bunday munosabatlar saqlanib qolgan boʻlsa) puxta oʻrganishni talab etadi.

Mahkuma ozodlikka chiqadigan payt yaqinlashgani sari bunday ishning ahamiyati ortib boradi. Mahkuma ayol va uning oilasi oʻrtasida nizoning yuzaga kelishi yoki ilgarigi salbiy munosabatlarning qaytarilishini oldini olish boʻyicha profilaktika ishlari qonun hujjatlari asosida amalga oshirilishi, shuningdek bu sohada kadrlarni maxsus tayyorlash maqsadga muvofiq.

2.3-§. Ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning yakka tartibdagi profilaktikasini tashkil etish

“Ayollar jinoyatchiligining yakka tartibdagi profilaktikasi” huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalar tomonidan gʻayri ijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan va huquqbuzarlik sodir etgan ayollarning hisobini yuritish, tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish orqali ularni ahloqan tuzatish, ularda ijtimoiy hayotga mos xulq-atvor va turmush tarzini shakllantirish hamda nazorat qilish, shuningdek huquqbuzarliklardan jabrlanish ehtimoli (viktimligi) yuqori boʻlgan ayollarni huquqbuzarlikning qurboniga aylanish xavfining mavjudligi, xavf tugʻdirayotgan huquqbuzarlikning sodir etilishi sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlar, huquqbuzarliklarni sodir etish usuli, shakli va vositalari toʻgʻrisida xabardor qilish, ularni ogohlikka, xushyorlikka chaqirish hamda xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasida profilaktika suhbati, rasmiy ogohlantirish, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida xabardor qilish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish, profilaktik hisobga olish, majburiy davolanishga yuborish, maʼmuriy nazorat va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.

Profilaktika suhbati – ayollarni jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirishdan, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirish maqsadida gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarlik sodir etgan, profilaktik hisobga olingan hamda huquqbuzarliklardan jabrlanish ehtimoli (viktimligi) mavjud boʻlgan ayollarga nisbatan amalga oshiriladi.

Profilaktika suhbati huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasa joylashgan binoda, shuningdek gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega yoki huquqbuzarlik sodir etgan ayolning yashash, oʻqish, ish joyida, ichki ishlar organlarining militsiya tayanch punktlarida, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi joylashgan binoda yoxud bevosita gʻayriijtimoiy xulq-atvor yoki huquqbuzarlik aniqlangan joyda oʻtkaziladi.

Oʻtkazilgan profilaktika suhbati ijobiy natija bermasa va shaxs (ayol) gʻayriijtimoiy xulq-atvorini oʻzgartirmasa yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyillikni davom ettirsa, ushbu hollarda, unga nisbatan rasmiy ogohlantirish qoʻllanilishi mantiqiy profilaktik taʼsir chorasi sifatida eʼtirof etiladi.

Rasmiy ogohlantirish ilgari profilaktika suhbati oʻtkazilmagan, ammo davom ettirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xulq-atvorga ega, shuningdek huquqbuzarlik sodir etgan va keyinchalik ham huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan ayollarga nisbatan amalga oshiriladi. Bunda davom ettirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xulq-atvorga ega ayollardan yozma ravishda tushuntirish xatlari olinadi va alohida yigʻma jildga tikilishi hamda bu haqda kompyuterdagi maʼlumotlar bazasiga kiritilishiga doir amaliyotni joriy etish talab etiladi.

Rasmiy ogohlantirish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslari tomonidan belgilangan shaklda amalga oshiriladi. Shuningdek, rasmiy ogohlantirish amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasaning masʼul mansabdor shaxslari roʻyxati ushbu organ va muassasa tomonidan shakllantirilishi lozim.

Rasmiy ogohlantirilishiga qaramasdan huquqbuzarlik sodir etgan ayol qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi, biroq uning ilgari huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik haqida rasmiy ogohlantirilganligi ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholanishi lozim hisoblanadi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari tomonidan huquqbuzarliklardan jabrlanuvchi ayollarga, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarliklar sodir etgan ayollarga nisbatan quyidagilar asosida ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlari amalga oshiriladi:

pedogogik yordam;

psixologik yordam;

tibbiy yordam;

ijtimoiy yordam (ish, oʻqish, yashash joyi bilan taʼminlanishi, oilasi va yashash joyidagi mahalla ahli bilan kirishib ketishi kabilarda);

moddiy yordam;

huquqiy yordam.

Huquqbuzarlik sodir etgan ayollarning tuzalishi va takroran huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish maqsadida profilaktik hisobning yuritilishi ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklarning oldini olish xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Profilaktik hisobga olingan ayollar bilan individual profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularning yoshi, ruhiy holati, ijtimoiy ahvoli, maʼlumoti va mutaxassisligi, ehtiyojlari, qiziqishlari, qobiliyatlari kabi shaxsiy xususiyatlari eʼtiborga olinishi lozim.

Ayollar quyidagi toifalar boʻyicha profilaktik hisobga olinadi:

“Ilgari sudlanib, jinoiy jazoni oʻtagan shaxslar” (maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxslar bundan mustasno);

“sudning jazo tayinlanmagan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxslar”;

“Jinoyat ishini JPKning 84-moddasiga asosan tugatish yoki reabilitatsiya qilmaydigan asoslarga koʻra qoʻzgʻatishdan rad etish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan shaxslar”;

“Jinoyat ishi boʻyicha qamoq bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyot chorasi qoʻllanilgan ayblanuvchilar”;

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40, 41, 45, 47, 52, 56, 58, 61, 106, 131, 1651, 183, 184, 1841, 1842, 1843, 187, 188, 1881, 189, 1891, 190, 191, 201, 202, 2021, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar”;

“Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytgan shaxslar” (xulq-atvori tuzalganligi sababli ushbu taʼsir chorasini qoʻllashni ­davom ettirishga muhtoj emas deb topilib, mazkur muassasalarda boʻlishi yuzasidan sud ­tomonidan belgilangan muddat oʻtishidan oldin chiqarilgan shaxslar bundan mustasno).

Profilaktik hisobga olish, profilaktik hisob ishini yuritish va tamomlash faoliyati ichki ishlar organlarining ichki normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan ayollarning huquq va majburiyatlari:

oʻziga nisbatan qoʻllanilayotgan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlarining asoslari va huquqiy oqibatlarini bilishga;

oʻziga nisbatan toʻplangan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishishga;

iltimoslar qilishga;

yuridik yordam olishga;

huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organning yoki muassasaning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan ayollar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi shart.

Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan ayollar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Ayollarga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishda Fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha komissiyasining roli katta. Bu borada quyidagi ishlarni amalga oshirishda koʻmaklashadilar:

– jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan xotin-qizlar hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlarni ishga joylashtirish, ularning hayotda oʻz oʻrinlarini topishida;

– xorijga chiqib ketayotgan va xorijdan kelayotgan xotin-qizlar hisobini olib borish, ularning oilalari ahvolidan xabardor boʻlib turish, xorijda ishlab kelgan xotin-qizlarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ishga joylashtirishda;

– ichki ishlar organlari hisobida turuvchi xotin-qizlar bilan ishlashda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ish olib borish va boshqalarda.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi amalga oshirilayotgan ayollar bilan ishlashda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunning “ishontirish usulining ustivorligi” maxsus prinsipiga qatʼiy rioya qilishlari talab etiladi. Aks holda yakka tartibdagi profilaktika orqali samarali natijaga erishib boʻlmaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. https://hsti.uz/?p=27654
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son “2022 – 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni / qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son.
  3. Антонян Ю.М. Преступност среди женгсин. М., 1992. 34.с.
  4. Серебрякова В.А. Криминологическая характеристика женщин-преступнис//Вопросы борбы с преступностю. 1971, №14. 5.с.
  5. Тошкент шаҳар Мирзо Улуғбек тумани суди архивидан. 184-94 сонли жиноят иши.
  6. Наукенов М.О. Коррупционные преступления: кримино­логический и уголовно-правовой анализ. Алматы, 1999. –С. 62.
  7. Каиржанов Е.И. Криминология (общая част). Алматы, 1995. –С. 72.
  8. Аргументы и факты, №42, 2003.
  9. Ўзбекистон Республикасида хотин-қизларнинг аҳволи тўғрисида маъруза. Т., 1999. –Б. 27.
  10. Антонян Ю.М. Преступност женщин // Социалистическая законност. № 7. 1991. –С. 20.
  11. Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman sudi arxividan. 1-382/99 raqamli jinoyat ishi.
  12. Антонян Ю.М. Социалная среда и формирование личности преступника. -М., 1975.108.С.
  13. Антонян Ю.М. Преступност среди женшин. — М., 1992. – С.185; Габиани А.А. На краю пропасти: наркомания и наркоман.-М., 1990. – С. 55.

[1] Antonyan Yu.M. Prestupnost sredi jenshin. – M., 1992. – S.185; Gabiani A.A. Na krayu propasti: narkomaniya i narkoman.-M., 1990. – S. 55.



[1] Antonyan Yu.M. Sotsialnaya sreda i formirovaniye lichnosti prestupnika. -M., 1975.108.S.


[1] Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman sudi arxividan. 1-382/99 raqamli jinoyat ishi.


[1] Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani sudi arxividan. 184-94 sonli jinoyat ishi.

[2] Naukenov M.O. Korrupsionnыe prestupleniya: kriminologicheskiy i ugolovno-pravovoy analiz. Almatы, 1999. –S. 62.

[3] Kairjanov Ye.I. Kriminologiya (obщaya chast). Almatы, 1995. –S. 72.

[4] Argumentы i faktы, №42, 2003.

[5] Oʻzbekiston Respublikasida xotin-qizlarning ahvoli toʻgʻrisida maʼruza. T., 1999. –B. 27.

[6] Antonyan Yu.M. Prestupnost jenщin // Sotsialisticheskaya zakonnost. № 7. 1991. –S. 20.


[1] https://hsti.uz/?p=27654

[2] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son “2022 – 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni / qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son.