KIRISH

Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlashdan ko‘zlagan maqsadi iqtisodiyotning mutanosib, barqaror rivojlanishi, aholining ish bilan bandligini ta’minlash asosida turmush darajasi va sifatini oshirishdir. Davlat tomonidan sog‘lom raqobat va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti hamda keng erkinliklar yaratilishi, tadbirkorlik faoliyatiga davlat boshqaruvi va nazorat organlarining ortiqcha, noo‘rin aralashuvini qisqartirish, ortiqcha ma’muriy-byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi vaqtda jamiyatimizning har bir jabhasida shaxsiy biznes yaratish uchun shart-sharoitlar mavjudligi fuqarolarga moliyaviy muvaffaqiyatlarga erishishga imkon yaratmoqda.

TADBIRKORLIK FAOLIYATINI BOSHLASH UCHUN QONUNDA BELGILANGAN TALABLAR

Xo‘sh, shaxsiy biznes boshlash uchun qanday qonuniy talablar mavjudligini bilasizmi?

Umumiy ma’noda har bir shaxs o‘z biznesini boshlashi uchun quyidagi talablar mavjud:

  • biznes g‘oyaga ega bo‘lish;
  • boshlang‘ich kapitalni shakllantirish uchun mulkning mavjudligi;
  • ustav kapitalining minimal miqdorini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lum miqdordagi moliyaviy resurslarning mavjudligi, agar yakka tartibdagi tadbirkorlik tashkil etilgan bo‘lsa, unda ustav kapitali talab qilinmaydi;
  • kelajakdagi tashkilotning ofisini joylashtirish va mo‘ljallangan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan turar-joy bo‘lmagan binolar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri noturar joyni ijaraga olish imkoniyatlarining mavjudligi;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish rejalashtirilgan taklif qilinadigan bozorni dastlabki tahlil qilish;
  • faoliyatning ayrim turlari, buxgalteriya hisobi va soliq hisobini yuritish texnologiyasini yaxshi biladigan malakali muassislar jamoasini shakllantirish.

Agar sizda mazkur shartlar asosida, eng muhimi, tashabbuskorlik bo‘lsa va muvaffaqiyatga ishonsangiz, unda o‘z biznesingizni boshlash vaqti keldi!

Fuqarolar va tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini kafolatlash mexanizmlari zamonaviy bozor iqtisodiyotining ajralmas qismidir. Bu huquqning amalga oshirilishi esa ko‘p jihatdan tadbirkorlik subyekti maqomini olish tartib-taomillari qanchalik samarali tartibga solingani bilan bog‘liq.

Zero, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi dastlabki qadamlar tadbirkor hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ o‘rtasida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar asosida qo‘yiladi. Tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish qanchalik qiyin bo‘lsa, shunchalik ozchilik rasmiy ravishda biznes yuritishga intiladi, ya’ni tadbirkorlik faoliyatini yuritmaydi yoki noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Demak, tadbirkorlikning huquqiy faoliyati uchun uni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinadi, bu tadbirkorlik faoliyatining ma’lum tashkiliy-huquqiy shaklini tanlashni o‘z ichiga oladi. Tadbirkorlik faoliyatining huquqiy shaklini tanlash muhim qaror hisoblanadi, chunki davlat ro‘yxatidan o‘tish tartibi, soliqlarni to‘lash va boshqa bir qator masalalar aynan tadbirkorlik faoliyatining qanday tashkiliy-huquqiy shaklda amalga oshirilishi bilan bog‘liq.

TADBIRKORLIK FAOLIYATINING TASHKILIY-HUQUQIY SHAKLLARI VA ULARNI TASHKIL ETISH TARTIBI

Siz tadbirkorlik faoliyatining qanday tashkiliy-huquqiy shakllari mavjudligi va ularni tashkil etish tartibini bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati subyektlari doirasi quyidagi tashkiliy-huquqiy shakllarda bo‘lishi mumkinligi belgilangan:

Yakka tartibdagi tadbirkorlik. Yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirishdir. Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek, mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.

  • Mikrofirmalar. Mikrofirmalarga ishlab chiqarish tarmoqlaridagi band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yigirma kishi; xizmat ko‘rsatish sohasi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa tarmoqlardagi band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan o‘n kishi; ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlarida band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan besh kishi bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari kiradi.
  • Kichik korxonalar. Kichik korxonalar deganda:
  • yengil va oziq-ovqat sanoati, metalga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik, mebel sanoati, qurilish materiallari sanoati, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan ikki yuz kishi;
  • mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan ellik kishi;
  • fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa sohalarda band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yigirma besh kishi bo‘lgan korxonalar tushuniladi.
  • Xususiy korxona. Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb e’tirof etiladi. Xususiy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

Xususiy korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi. Uning mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda, xususiy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi. Xususiy korxona mulkdor tomonidan tuziladi, mulkdor unga tegishli mol-mulk beradi va uning ustavini tasdiqlaydi. Agar uning ustavida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi. Xususiy korxonaning taʼsis hujjati uning ustavidir. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab u yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

Oilaviy tadbirkorlik. Oilaviy tadbirkorlik oila a’zolari tomonidan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyati bo‘lib, u o‘z ishtirokchilarining ixtiyoriyligiga asoslanadi. Oilaviy tadbirkorlik yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirilishi mumkin. Yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlikning tashkiliy-huquqiy shakli oilaviy korxonadir. Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlari uch nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzish, shuningdek, mehnatga layoqatli yoshga to‘lgan boshqa yaqin qarindoshlari, shu jumladan, bolalari va nevaralarining eri (xotini), aka-ukalari va opa-singillari, ularning xotini (eri) va bolalarini yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektining ishtirokchisi sifatida jalb etishga haqli.

Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tashkil etiladi. Agar uning taʼsis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tashkil etiladi. Oilaviy korxonaning taʼsis hujjati mazkur korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan tuziladigan taʼsis shartnomasidir va u oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan imzolanadi.

Oilaviy korxona boshlig‘i o‘zgargan, ishtirokchi oilaviy korxona tarkibiga ixtiyoriy ravishda kirgan (undan chiqib ketgan), er va xotin o‘rtasidagi nikoh bekor qilingan yoki oilaviy korxona ishtirokchisi vafot etgan va bu hollar oilaviy korxona balansiga berilgan oilaviy korxona ishtirokchilarining mol-mulki ro‘yxatida o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan taqdirda, taʼsis shartnomasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Bunda oilaviy korxonani qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinmaydi. Oilaviy korxona kichik tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan eʼtiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

Oilaviy korxonaning ustav fondi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, shu jumladan, pul bilan baholanadigan mulkiy huquqlar yoki o‘zga shaxsga o‘tkaziladigan boshqa huquqlar hisobidan shakllantiriladi. Yagona uy (kvartira) oilaviy korxonaning ustav fondiga kiritilishi mumkin emas. Oilaviy korxona ishtirokchilari oilaviy korxonaning ustav fondiga korxona taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda o‘zlari kiritadigan mol-mulkni mustaqil ravishda belgilaydi.

  • Dehqon xo‘jaligi. Dehqon xo‘jaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xo‘jaligi boshlig‘iga berilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va realizatsiya qilishni dehqon xo‘jaligi a’zolarining shaxsiy mehnati asosida amalga oshiruvchi xo‘jalikdir. Dehqon xo‘jaligi o‘z faoliyatini bog‘dorchilik va uzumchilikka yoki sabzavot va poliz ekinlari yoxud boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishga ixtisoslashish asosida amalga oshiradi.

Dehqon xo‘jaligi faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va a’zolarining istagiga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda ham, yuridik shaxs tashkil etmasdan ham amalga oshirilishi mumkin. Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xo‘jaligi dehqon xo‘jaligi boshlig‘ida yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xo‘jaligi hisobga qo‘yilganidan keyin; yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xo‘jaligi esa dehqon xo‘jaligi boshlig‘ida yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xo‘jaligi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi.

Dehqon xo‘jaligini hisobga qo‘yish uchun dehqon xo‘jaligining boshlig‘i dehqon xo‘jaligi aʼzolarining tarkibi to‘g‘risidagi axborot (qarindoshlik darajasini ko‘rsatgan holda) va dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjat, dehqon xo‘jaligi yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan taqdirda esa dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjat va taʼsis hujjatlarini taqdim etadi.

Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmada dehqon xo‘jaligining boshlig‘i va aʼzolari, dehqon xo‘jaligining ixtisoslashuvi, dehqon xo‘jaligi hisobga qo‘yilgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana, dehqon xo‘jaligining tashkiliy-huquqiy (yuridik shaxs tashkil etgan yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi) shakli to‘g‘risidagi maʼlumotlar hamda dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasining ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasi muddati ko‘rsatiladi.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan (meros bo‘yicha o‘tgan) yer uchastkalariga nisbatan dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmada yer uchastkasiga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi hujjatda mavjud bo‘lgan axborot ko‘rsatiladi.

Dehqon xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik, dehqon xo‘jaliklarini hisobga qo‘yganlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik hamda dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmalar berganlik uchun davlat boji va yig‘im undirilmaydi.

Fermer xo‘jaligi. Fermer xo‘jaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda, qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi

  • tadbirkorlik subyektidir. Fermer xo‘jaligi O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy subyektidir. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish bilan birga qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligidir.

Fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va zaxira yerlarda hamda shu xo‘jalik boshlig‘i tomonidan tashkil etiladi. U fermer xo‘jaligiga tegishlicha alohida mol-mulk ajratib beradi va ustavini tasdiqlaydi. Fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun uning boshlig‘i belgilangan tartibda yer uchastkasi olishi kerak. Fermer xo‘jaligi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi hamda uning muassisi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish to‘g‘risida shartnoma tuzadi. Fermer xo‘jaligi bank muassasasida hisob-kitob varag‘i va boshqa xil hisobvaraqlar ochish, o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘lishga haqli. Fermer xo‘jaligi ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi.

  • Mas’uliyati cheklangan jamiyat. Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismi qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladi. Jamiyatning muassislari taʼsis shartnomasini tuzadi va jamiyat ustavini tasdiqlaydi. Jamiyat muassislari jamiyatning ijro etuvchi organlarini saylaydi (tayinlaydi), shuningdek, jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali)ga pulsiz hissalar qo‘shilgan taqdirda, ularning pul bahosini tasdiqlaydi. Jamiyat ustavi, shuningdek, jamiyat muassislari kiritadigan

hissalarning pul bahosini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.

Jamiyat muassislari jamiyatni taʼsis etish bilan bog‘liq va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar bo‘ladi. Jamiyat muassislarining uni taʼsis etish bilan bog‘liq majburiyatlari yuzasidan, ularning harakatlari keyinchalik jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan maʼqullangan taqdirdagina javobgar bo‘ladi. Jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi jamiyat taʼsis hujjatlari hisoblanadi. Agar jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning taʼsis hujjati hisoblanadi.

Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga ko‘paysa, ular o‘rtasida taʼsis shartnomasi tuzilishi kerak. Taʼsis shartnomasida jamiyatning muassislari jamiyatni tuzish majburiyatini oladi va uni tuzish yuzasidan birgalikdagi faoliyat tartibini belgilaydi. Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) jamiyat ustavida belgilanadi va uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan iborat bo‘ladi. Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin. Uning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali)ga o‘z hissasini to‘liq kiritishi kerak. Jamiyat ishtirokchisi tomonidan hissaning to‘liq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat. Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlardagi ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat deb hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan hamma uchun bir xil bo‘lgan va qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladi. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ishtirokchilari javobgarligining eng yuqori miqdori qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ustavida nazarda tutiladi. Ishtirokchilardan biri bankrot bo‘lib qolganda, uning qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilar o‘rtasida ularning qo‘shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Aksiyadorlik jamiyati. Ustav fondi (ustav kapitali) aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan huquqlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan tijorat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) deb eʼtirof etiladi. Jamiyat yuridik shaxs bo‘lib, u o‘z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulk, shu jumladan, o‘zining ustav fondi (ustav kapitali)ga berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

Aksiyadorlik jamiyat ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladi. Aksiyalar haqini batamom to‘lamagan aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymatining to‘lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo‘ladi. Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi o‘z ifodasini topishi kerak.

Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, cheklanmagan muddatga tuziladi.

Aksiyadorlik jamiyati yuridik shaxsni taʼsis etish yoki qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) yo‘li bilan tashkil etilishi mumkin. Jamiyatni taʼsis etish yo‘li bilan tashkil etish muassislar (muassis)ning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Jamiyatni taʼsis etish to‘g‘risidagi qaror taʼsis yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir muassis tomonidan taʼsis etilgan taqdirda, jamiyatni taʼsis etish haqidagi qaror shu muassis tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi. Jamiyat muassislari uni tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro taʼsis shartnomasi tuzadi, shartnomada ularning jamiyatni taʼsis etishga doir birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish tartibi, jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning miqdori, muassislar o‘rtasida joylashtirilishi lozim bo‘lgan aksiyalarning turlari, ular uchun to‘lanadigan haq miqdori va uni to‘lash tartibi, muassislarning jamiyatni tashkil etishga doir huquq va majburiyatlari belgilanadi. Jamiyatni taʼsis etish to‘g‘risidagi qaror muassislarning ovoz berish natijalari hamda jamiyatni taʼsis etish, uning ustavini tasdiqlash, jamiyatning boshqaruv organlarini shakllantirish masalalari yuzasidan muassislar qabul qilgan qarorlarni aks ettirishi kerak.

Jamiyatni taʼsis etish, uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi va muassis tomonidan jamiyatning aksiyalari haqini to‘lash uchun kiritilayotgan qimmatli qog‘ozlar, o‘zga mulkiy huquqlar yoki pulda ifodalanadigan bahoga ega bo‘lgan boshqa huquqlarning pulda ifodalangan bahosini tasdiqlash haqidagi qarorlar muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.

Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda, aksiyadorlik jamiyati taʼsis etish to‘g‘risidagi qaror davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.

Jamiyatni tashkil etish to‘g‘risidagi taʼsis shartnomasini imzolagan yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning muassislari (muassisi) deb eʼtirof etiladi.

Agar qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat organlari jamiyatning muassislari (aksiyadorlari) bo‘lishi mumkin emas.

Jamiyat muassislari jamiyatning tashkil etilishi bilan bog‘liq majburiyatlar yuzasidan jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar solidar javobgar bo‘ladi. Jamiyat muassislarning jamiyatni tashkil etish bilan bog‘liq majburiyatlari yuzasidan muassislarning harakatlari keyinchalik aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida maʼqullangan taqdirdagina javobgar bo‘ladi.

Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda, davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ jamiyatning muassisi bo‘ladi. Jamiyat muassislari o‘rtasida aksiyalarni taqsimlash taʼsis hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.

 Aksiyadorlik jamiyati taʼsis etish to‘g‘risida qarorni Taʼsis yig‘ilishi qabul qiladi va uning ustavini tasdiqlaydi, taʼsis etish jarayonida muassislar tomonidan tuzilgan shartnomalarni tasdiqlaydi. Taʼsis yig‘ilishida ovoz berish muassislar kiritadigan ulushlarga muvofiq o‘tkaziladi. Taʼsis yig‘ilishi qarorlarni oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qiladi, bundan taʼsis shartnomasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinadigan hollar mustasno bo‘lib, buning uchun barcha muassislarning roziligi talab etiladi. Taʼsis yig‘ilishining qarorlari jamiyatning barcha muassislari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bir muassisdan iborat bo‘lgan jamiyatda taʼsis yig‘ilishi o‘tkazilmaydi. Jamiyatning taʼsis hujjati – ustav.

Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ustavi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarini taqdim etadi. Davlat tashkilotini o‘zgartirish yo‘li bilan tashkil etilgan, shuningdek, bitta muassis tomonidan tashkil etilgan jamiyat jamiyatning ustavini taqdim etadi.

Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan eʼtiboran ko‘pi bilan uch oy muddatda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi to‘g‘risidagi, jamiyatning kuzatuv kengashi, ijroiya organi haqidagi (tegishincha direktori, boshqaruvi, ishonchli boshqaruvchi to‘g‘risidagi) va taftish komissiyasi (taftishchisi) to‘g‘risidagi ularning faoliyat tartibi, huquq va majburiyatlari, shuningdek, jamiyatning mazkur organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartib-taomilini belgilovchi nizomlarni tayyorlashi hamda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida tasdiqlashi shart.

  • Sho‘ba xo‘jalik jamiyati. Agar bir (asosiy) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeyiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa, boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati sho‘ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi. Sho‘ba xo‘jalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi. U o‘z mulkida o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondi (ustav kapitali)dagi ulushga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas. Sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari bo‘yicha javob bermaydi. Asosiy jamiyat (shirkat) aybi bilan sho‘ba xo‘jalik jamiyati nochor (bankrot) bo‘lib qolgan taqdirda, asosiy jamiyat (shirkat) uning qarzlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi. Sho‘ba xo‘jalik jamiyati ishtirokchilari (aksiyadorlari) asosiy jamiyat (shirkat)dan uning aybi bilan sho‘ba jamiyatga yetkazilgan zararni to‘lashni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, talab qilishga haqli.

Qaram xo‘jalik jamiyati. Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xo‘jalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalar (ulush)ning yigirma foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lsa, bunday xo‘jalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi. Qaram xo‘jalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi. U o‘z mulkida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)dagi ulushlarga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni olgan qaram xo‘jalik jamiyati ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas. Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qo‘lga kiritib olganligi haqidagi ma’lumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e’lon qilishi shart. Xo‘jalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida o‘zaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida foydalanishi mumkin bo‘lgan ovozlar soni qonunda belgilab qo‘yiladi.

To‘liq shirkat. Ishtirokchilari o‘z o‘rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq, shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda uning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat to‘liq shirkat hisoblanadi. Shaxs faqat bitta to‘liq shirkatning ishtirokchisi bo‘lishi mumkin. To‘liq shirkatning firma nomi uning barcha ishtirokchilarining nomlari (nomlanishi), shuningdek, “to‘liq shirkat” degan so‘zlar yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan so‘zlar qo‘shilgan nomi (nomlanishi), shuningdek, “to‘liq shirkat” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.

  •  Kommandit shirkat. Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to‘liq sheriklar) bilan bir qatorda, shirkat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar doirasida javobgar bo‘ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo‘shuvchi, kommanditchi) mavjud bo‘lsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi. Kommandit shirkatda qatnashayotgan to‘liq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi.

Ishlab chiqarish kooperativlari. Fuqarolarning shaxsiy ishtirok etish hamda a’zolar (ishtirokchilar)ning mulk bilan qo‘shiladigan pay badallarini birlashtirish asosida birgalikda ishlab chiqarish yoki boshqa xo‘jalik faoliyatini olib borish uchun a’zolik negizidagi ixtiyoriy birlashmasi ishlab chiqarish kooperativi hisoblanadi. Qonun va ishlab chiqarish kooperativining ta’sis hujjatlarida uning faoliyatida a’zolik asosida yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilishi mumkin. Ishlab chiqarish kooperativining a’zolari kooperativning majburiyatlari bo‘yicha qonun va kooperativ ustavida nazarda tutilgan miqdor va tartibda subsidiar javobgar bo‘ladi. Kooperativning firma nomi kooperativning nomi, shuningdek, “ishlab chiqarish kooperativi” degan so‘zlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim. Ishlab chiqarish kooperativlarining huquqiy mavqeyi va ular a’zolarining huquq hamda burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Unitar korxona. O‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korxona hisoblanadi. Unitar korxonaning mol-mulki bo‘linmasdir va u qo‘shilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo‘yicha, shu jumladan, korxona xodimlari o‘rtasida ham taqsimlanishi mumkin emas. Uning ustavida korxona ustav fondining miqdori, uni tashkil etish tartibi va manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Korxonaning mol-mulki unga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida tegishlidir. U o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi. Unitar korxona o‘z mol-mulki egasining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi.

TADBIRKORLIK FAOLIYATINI TASHKIL ETISH USULLARI

Tadbirkorlar o‘z kompaniyalarini tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan ixtisoslashgan firmalarning yuridik xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Biroq tadbirkor uchun mazkur tartib va bosqichlarni bilish foydalidir.

Demak, umumiy qoidalarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishning quyidagi shakllari mavjud:

  • ta’sis-farmoyish – mazkur usul bilan, asosan, davlat mulkiga asoslangan korxonalar tashkil qilinadi. Bu usulning xarakterli tomoni shundaki, bunda tadbirkorlik subyekti davlat vakil qilgan shaxs tomonidan tashkil etiladi;
  • ta’sis etish usuli bilan bitta shaxs ishtirokidagi tashkilotlar tuzilishi mumkin. Ularning faoliyati xususiy mulkka asoslangan bo‘ladi;
  • shartnomaviy-ta’sis usuli bilan ikki va undan ortiq ta’sischilar tomonidan o‘zlarining mulkiy ulushlarini birlashtirish asosida ta’sis shartnomasi tuzish yo‘li bilan xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining faoliyat yo‘nalishlari belgilanadi va tuziladi.

TADBIRKORLIK FAOLIYATINI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH

Biznesingiz uchun tashkiliy-huquqiy shakl tanladingizmi yoki hali ham biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish murakkab jarayon deb o‘ylayapsizmi?

huquqiy tartibga solish – bu vakolatli ijro etuvchi hokimiyat organlari va ariza beruvchilarning tadbirkorlik subyekti vujudga kelganligi yoki uning faoliyatini tugatish fakti davlat tomonidan tan olinishi bo‘yicha ma’muriy-huquqiy vositalar bilan amalga oshiriladigan birgalikdagi faoliyatiga ta’sir qilishdir.

Davlatning tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyasining samaradorligi, asosan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning tartibli va sifatli ishlashini talab etadi. Chunki tadbirkorlik faoliyati sohasidagi birinchi qadamlar tadbirkor va ro‘yxatga oluvchi organ o‘rtasida vujudga keladigan huquqiy munosabatlardan boshlanadi. Shulardan kelib chiqib, O‘zbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalarini soddalashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida vujudga keladigan ma’muriy to‘siqlar va sansalorlikni kamaytirishga katta e’tibor qaratilgan.

Dastlabki islohotlar natijasida respublikada 2001-yilning o‘zidayoq bir vaqtning o‘zida boshqa organlarda hisobga qo‘yiladigan «bir darcha» tamoyiliga asoslangan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etildi. Keyinchalik mazkur tartib-qoida takomillashtirilib, 2003-yilda joriy etilgan tartibga ko‘ra, tadbirkorlik subyektini ro‘yxatga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida zaruriy ruxsatnoma xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar ham rasmiylashtiriladigan bo‘ldi. 2006-yilda esa ro‘yxatga qo‘yishning xabardor qilish tartibi joriy etildi. 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 27-apreldagi «Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ–630-sonli Qarori qabul qilinishi bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ixtiyoriy tugatish va to‘xtatish tizimi tubdan isloh qilindi.

Islohotlar davomida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga qo‘yish, shuningdek, ularning ixtiyoriy tugatilishida ma’muriy sarf-xarajatlarni kamaytirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadi ko‘zlangan. Respublikada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslar, startaplarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks institutsional va tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar samaradorligi va natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining ijobiy baholarida xolisona aks ettirilmoqda. Jahon bankining «Biznesni yuritish – 2018» hisobotida O‘zbekiston tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi o‘ntalikka kirdi: “Biznesni yuritish – 2019” (Doing Business – 2019) hisobotida 76-o‘rin, “Biznesni yuritish – 2020”da 190 ta mamlakatdan iborat global reytingda 69-o‘rinni egallagan va «Biznesni yuritish – 2020»da dunyodagi eng ilg‘or 20 ta islohotchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qarori bilan bu boradagi islohotlarda tub burilish amalga oshirildi. Xususan, 2017-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga integratsiyalashgan Internet tarmog‘idagi Tizim orqali kecha-yu kunduz o‘tkazish va hisobga qo‘yish yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yuridik va jismoniy shaxslar tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017yil 9fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmati sifatida amalga oshirish quyidagilarni ta’minlash imkonini beradi:

  • ariza beruvchining hujjatlarni taqdim etish va qabul qilish shakli hamda usulini tanlash imkoniyati;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ, boshqa davlat organlari va davlat byudjetidan tashqari jamg‘armalar o‘rtasida idoralararo axborot va hujjatlar almashinuvini optimallashtirish.

Ariza beruvchilar, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va boshqa davlat organlari, shuningdek, davlat byudjetidan tashqari jamgʻarmalar oʻrtasidagi elektron oʻzaro hamkorlik nafaqat roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning oʻz funksiyalarini bajarish samaradorligini oshiradi, balki tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibining yanada soddaligi va ochiqligini taʼminlaydi.

Tadbirkorlik faoliyatimizni tashkil etishning oxirgi bosqichiga ham yetib keldik. Biznesingizni qaysi usulda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmoq­chisiz?

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ikki usuldan iborat:

  • Elektron davlat xizmati – internet jahon axborot tarmog‘i orqali tizim vositasida yagona portalda;
  • Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar, yaʼni davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Internet jahon axborot tarmog‘i orqali tizim vositasida yagona portalda davlat ro‘yxatidan o‘tish quyidagi bosqichda amalga oshiriladi:

Tadbirkorlik faoliyatini elektron davlat xizmati orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Ariza beruvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – https://my.gov.uz/uz da ro‘yxatdan va/yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha tegishli so‘rov yuborishi lozim.

Markaz Identifikatsiya tizimi egasi hisoblangan holda, elektron davlat xizmatlaridan ruxsat bilan foydalana olish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga Identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini taqdim etadi. Identifikatsiya tizimi tomonidan «Elektron hukumat» tizimidan foydalana olish uchun foydalanuvchilarni haqiqiy identifikatsiya, autentifikatsiya va avtorizatsiya qilish ta’minlanadi. Jismoniy shaxs Identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tib, taqdim etilgan kelishuv shartlarini so‘zsiz va to‘liq qabul qiladi hamda «Elektron hukumat» tizimining foydalanuvchilarini identifikatsiyalash, autentifikatsiyalash va avtorizatsiyalashni ta’minlash uchun o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash va saqlashga rozilik beradi.

Identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalanuvchi – jismoniy shaxs quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishi kerak:

• biometrik pasport ma’lumotlari (JShShIR, biometrik pasport seriyasi va raqami);

• login yoki parol yo‘qolganda, hisobga olish yozuvini birlamchi aktivatsiya qilish kodini olish va hisobga olish yozuvini (uchetnaya zapis) tiklash uchun mobil telefonning haqiqiy raqami;

• login yoki parol yo‘qolganda, hisobga olish yozuvini tiklash uchun elektron pochtaning haqiqiy manzili;

• Elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikati bo‘lganda, ERIdan foydalanib ro‘yxatdan o‘tish vaqtida o‘zining hisobga olish yozuvini tasdiqlash huquqiga ega. ERI kalitlarining sertifikati bo‘lmaganda, ERIdan foydalanib hisobga olish yozuvini Identifikatsiya tizimida keyingi avtorizatsiya paytida tasdiqlash mumkin;

• login yoki parol yo‘qolganda, foydalanuvchi hisobga olish yozuvini tiklash uchun elektron pochtaning haqiqiy manzilini ko‘rsatishi mumkin.

AgarYagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tishga qiynal­sangiz, id.egov.uz tizimida jismoniy shaxs va yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish, elektron raqamli imzoni onlayn tarzda olish tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma portal rasmiy saytida joylash­tirilgan[1].

Demak, foydalanuvchi dastlab shaxsiy kabinet yoki «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Ariza beruvchi shaxs “foydalanuvchining shaxsiy kabineti” yoki «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lganidan so‘ng «biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” davlat xizmatini tanlaydi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza shakllaridan faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakliga oid arizani to‘ldiradi.

Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnoma shakllantirilishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ariza beruvchi so‘rovnomani so‘ralayotgan maʼlumotlarni kiritish va Tizim tomonidan umumiy maʼlumotnomadan taklif etilayotgan maʼlumotlarni tanlash yo‘li bilan shakllantiradi. U so‘rovnomani shakllantirishni istalgan bosqichda to‘xtatish yoki davom ettirish huquqiga ega.

Davlat axborot resurslarida mavjud bo‘lgan maʼlumotlar, ariza beruvchining Yagona identifikatsiyalash tizimidan olingan haqiqiy shaxsiy maʼlumotlarini inobatga olgan holda, Tizim tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Tizim har bir bosqichda so‘rovnomada shakllantirilgan maʼlumotlarni saqlab boradi.

Ariza beruvchi tomonidan firma nomini tanlash bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladigan, lotin alifbosidagi erkin firma nomlaridan so‘rovnoma shakllantirilganda amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi u tomonidan firma nomi tanlanayotganda, O‘zbekiston Respublikasining «Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek, yuridik shaxslar nomlari to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi. So‘rovnoma shakllantirilganda, tanlangan firma nomi Tizim tomonidan 60 kalendar kuniga ariza beruvchi nomiga saqlanib turadi.

Agar ariza beruvchi shakllantirilgan so‘rovnomani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ushbu bandda ko‘rsatilgan muddat mobaynida jo‘natmagan bo‘lsa, ariza beruvchi tomonidan tanlangan firma nomining belgisi Tizim tomonidan bekor qilinadi. Bunda ariza beruvchi tomonidan shakllantirilgan boshqa maʼlumotlar ularni ochib ko‘rish, o‘zgartirish va so‘rovnomani shakllantirishni davom ettirish imkoniyati bilan Tizim tomonidan tegishlicha foydalanuvchining shaxsiy kabineti yoki «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”da saqlanib turadi.

Tizim vositasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishlicha so‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • davlat tilidagi taʼsis hujjatlari;
  • monopoliyaga qarshi organning dastlabki rozilik berilganligi to‘g‘risidagi qarori – davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shuningdek, ularning affillangan shaxslari uchun;
  • topshirish dalolatnomasi – qo‘shib yuborilganda;
  • taqsimlash balansi – bo‘lish va ajratib chiqarishda.

So‘rovnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak. Ariza beruvchi taʼsis hujjatlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda, namunaviy shakllar asosida yoki boshqa shakllarda rasmiylashtirish huquqiga ega. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga so‘rovnomani qog‘ozda rasmiylashtirilgan hujjatlarning «pdf» (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari shaklida ilova qilgan holda jo‘natishga yo‘l qo‘yiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuborilayotgan har bir alohida hujjat barcha autentik belgilari haqiqiyligi saqlanishini taʼminlovchi (har bir dyuymga 200 nuqtadan kam bo‘lmagan) alohida fayl ko‘rinishida so‘rovnomaga ilova qilinishi hamda har bir fayl o‘lchami 10 mb.dan oshmasligi kerak.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji to‘lanadi. Davlat boji miqdori «Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan stavkalar bo‘yicha belgilanadi.

Davlat bojlari va yig‘imlar elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda, ariza beruvchidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar va vakolatli tashkilotlar hamkorlik reglamentida belgilangan tartibda mutanosib ravishda taqsimlanadigan to‘lov summasining bir foizi miqdorida vositachilik haqi ushlab qolinadi.

Ariza beruvchi so‘rovnoma shakllantirilishi oxiriga yetganidan so‘ng stavkasi tizim tomonidan avtomatik tarzda aniqlanadigan davlat bojini tizim tomonidan taklif etilayotgan to‘lov usullari orqali to‘lashni amalga oshiradi.

To‘lovni quyidagi usullar orqali amalga oshirish mumkin:

  • internet jahon axborot tarmog‘i orqali real vaqt rejimida – bank kartasi va ulangan «sms xabar berish» xizmati yordamida naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida;
  • banklarning kassalari orqali – tizim tomonidan shakllantirilgan so‘rovnomaning noyob raqami ko‘rsatilgan holda naqd yoki naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida;
  • hisob raqamidan bank o‘tkazmasi yordamida naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida.

Davlat boji to‘langan paytdan boshlab tizim belgilangan muddatlarda ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tekshiradi va ular tizimning tegishli maʼlumotlar bazalariga muvofiq bo‘lganda:

1.  Reyestrga avtomatik tarzda tegishli yozuvlar kiritish yo‘li bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiradi;

2.  Ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani shakllantiradi;

3.  Ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va taʼsis hujjatlarini elektron hujjatlar repozitoriysida saqlaydi;

4.  Elektron hujjatlar depozitoriysida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga rad etishni shakllantiradi va saqlaydi;

5.  Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ masʼul xodimining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, taʼsis hujjatlariga havola (giperhavola) shaklidagi xabarnoma avtomatik tarzda tizim foydalanuvchisining «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”, shuningdek, so‘rovnomada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga jo‘natiladi.

Ariza beruvchi tomonidan tegishli elektron hujjatlar yagona portaldagi «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali qabul qilib olingan payt ushbu bandda nazarda tutilgan elektron hujjatlar berilgan vaqt hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va taʼsis hujjatlarida:

  • tizim foydalanuvchisining – ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ masʼul xodimining ERI va qr-kod (matritsali shtrix kod), shuningdek, identifikatsiya raqamlari;
  • qr-kod tegishli dasturiy-apparat vositalari bilan o‘qilganda, ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va taʼsis hujjatlarining identifikatsiya raqamlari va yagona portaldagi elektron hujjatlar repozitoriysiga havolalar (giperhavolalar);
  • yakka tartibdagi tadbirkor, oilaviy tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada jismoniy shaxsning fotosurati aks ettirilgan bo‘lishi kerak.

Davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng tadbirkorlik subyekti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank hisob raqamlarini ochish uchun banklarga murojaat qiladi. Bank hisob raqamlarini ochish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va taʼsis hujjatlarining asl nusxalari va nusxalarini taqdim etish talab qilinmaydi.

Bank hisobvarag‘i tizimda joylashtirilgan bank hisobvarag‘i shartnoma ofertasini akseptlash yo‘li bilan ochiladi. Tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, shuningdek, ular tomonidan tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda, muhr va shtamplar hamda ularning eskizlarini tayyorlash talab qilinmaydi.

TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH

SXEMASI

Tadbirkorlik faoliyatini davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Ariza beruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zlari kelib murojaat qilish huquqiga ega. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi kelib murojaat qilinganida, qog‘oz hujjatlarning asl nusxalari bir nusxada taqdim etiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga pasporti – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun, shaxsi va O‘zbekiston Respublikasidagi yashash joyini tasdiqlovchi pasport yoki boshqa hujjat – chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun, shuningdek, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoxud to‘lov hujjati nusxasini taqdim etadi.

Tizim foydalanuvchisi – ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ masʼul xodimi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘zi kelib taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarni olganidan so‘ng tegishli ariza shaklini to‘ldiradi, o‘z harakatlarini faqat ariza beruvchi tomonidan belgilangan davlat boji miqdori tizim vositasida to‘laganidan so‘ng amalga oshiradi.

Ariza ariza beruvchi tomonidan imzolanganidan so‘ng tizim foydalanuvchisi – ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ masʼul xodimi tomonidan tizimga kiritilgan ro‘yxatdan o‘tkazish maʼlumotlari buzib ko‘rsatilgan, o‘zgartirilgan va (yoki) qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ javob beradi.

Quyidagilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi:

  • davlat boji to‘lanmaganligi yoki uning to‘liq bo‘lmagan miqdorda to‘langanligi;
  • tegishli bo‘lmagan ro‘yxatdan o‘tkazish organiga murojaat qilinganligi;
  • hujjatlar va (yoki) maʼlumotlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganligi;
  • qonun va taʼsis hujjatlari bilan vakolat berilmagan organ tomonidan taʼsis hujjatlarini tasdiqlash (xulosaga kelish), ularga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi – ustav fondi miqdori oshirilgan (kamaytirilganda), ulush (hissa) boshqa shaxsga o‘tgan, qayta tashkil etilgan taqdirda;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ustav fondining miqdoriga doir talablar belgilangan tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar uchun taʼsis hujjatlarida ustav fondining eng kam miqdoridan kam bo‘lgan miqdorning belgilanganligi.

Ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qarori, shuningdek, mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ariza beruvchiga ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etganlik yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi va maʼnaviy zarar uchun kompensatsiya to‘laydi.

Ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik mavjud.

TADBIRKORLIK SUBYEKTLARI YAGONA DAVLAT REYESTRIDAN MA’LUMOTLAR BERILGANLIGI UCHUN UNDIRILADIGAN YIG‘IMLAR

STAVKALARI

T/rAmalga oshiriladigan harakatlarYig‘imlar miqdori
O‘zi kelibInternet jahon axborot tarmog‘i orqali
I. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yangi namunadagi guvohnoma berish*
1.Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yangi namunadagi guvohnoma berishBazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdoridaKo‘rsatilgan summaning 90 foizi miqdorida
II. Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan ma’lumotlarni berish, maxfiy axborot bundan mustasno
2.Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik subyektining o‘zi to‘g‘risida ko‘chirmaBepulBepul
3.Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan ko‘chirma, maxfiy axborot bundan mustasnoBazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdoridaBazaviy hisoblash miqdorining 0,25 baravari miqdorida
4.Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik subyektining o‘ziga nisbatan bitta hujjatni berishBazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdoridaBazaviy hisoblash miqdorining 2,5 foizi miqdorida
5.Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan so‘ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berishBazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdoridaBazaviy hisoblash miqdorining 0,25 baravari miqdorida
6.Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan ma’lumotlar bundan mustasnoBir qatori – bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 foizi miqdorida, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10,0 baravaridan oshmagan miqdorda

TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH, QAYTA RO‘YXATDAN O‘TKAZISH UCHUN BELGILANGAN

MUDDATLAR

T/rTadbirkorlik faoliyati shakllarining nomiDavlat ro‘yxatidan o‘tkazishning belgilangan muddatlari
I. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
1.Yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan, dehqon xo‘jaligi, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati subyektlariReal vaqt rejimida, lekin 30 daqiqadan oshmagan vaqtda
2.Tadbirkorlik faoliyatining boshqa shakllariReal vaqt rejimida, lekin 30 daqiqadan oshmagan vaqtda
II. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazish
3.Dehqon xo‘jaligi, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati subyektlari boshlig‘i o‘zgargandaReal vaqt rejimida, lekin 30 daqiqadan oshmagan vaqtda
4.Ta’sis hujjatlariga ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulush (hissa)ning boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda16 ish soatidan oshmagan vaqtda
5.Ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari (ta’sis hujjatlari)ga boshqa o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilgandaReal vaqt rejimida, lekin 30 daqiqadan oshmagan vaqtda

Yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyekti (yakka tartibdagi tadbirkor)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga

ARIZA

TADBIRKORLIK SUBYEKTI YURIDIK SHAXSNI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISHGA

ARIZA

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: Oʻzbekiston, 2021. – B. 76.
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. – T.: Adolat, 2019. – B. 560.
  3. O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi  Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ–328-son qarori. 02.05.2012 // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2012. – №18. – 201-modda; – 2013. – №18. – 233-modda. – №41. – 543-modda; – 2014. – №49. – 579-modda. – №50. – 588-modda; – 2015. – №33. – 439-modda. – №52. – 645-modda; – 2016. – №52. – 598-modda; – 2017. – №1. – 1-modda.
  4. O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi qonuni // O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2006. – №12,13. – 100-modda; 2007 – №52. 533-modda; – 2011. – №37. – 374-modda; – 2012. – №37. – 421-modda; – 2014. – №20. – 222-modda; – 2015. – №33. – 439-modda; – 2017. – №1. – 1-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 21.03.2019. 03/19/531/2799-son.
  5. O‘zbekiston Respublikasining “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni. 1998-yil 30-aprel, 604-I son // (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. – 1998. – №5, 6 – 88-modda; – 2001. – №1,2. – 23-modda; – №5. – 89-modda; – 2003. – №9,10. – 149-modda; – 2004. – №1, 2. – 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2004. – №51. – 514-modda; – 2005. – №21. – 148-modda; – 2007. – №52. – 533-modda; – 2008. – №52. – 513-modda; – 2009. – №3. – 9-modda. – №52. – 555-modda; – 2010. – №35,36. – 300-modda; – 2013. – №41. – 543-modda; – 2015. – №33. – 439-modda; – 2016. – №52. – 597-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 21.12.2018. 03/18/506/2356-son; 05.04.2019. 03/19/533/2885-son).
  6. O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni. 1998-yil 30-aprel, 602-I son // (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. – 1998. – №5,6. – 86-modda; – 2001. – №1,2. – 23-modda; – №5. – 89-modda; – 2004. – №1,2. – 18-modda). 19. O‘zbekiston Respublikasining  “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuni // O‘RQ–327-son; 26.04.2012-y. qabul qilingan; 27.04.2012-y. kuchga kirgan // O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2012. – №17. – 188-modda; – 2013 – №18. – 233-modda; – 2015. – №33. – 439-modda; – 2017. – №1. – 1-modda. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 21.03.2019. 03/19/531/2799-son.
  7. O‘zbekiston Respublikasining “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” Qonuni. 2001-yil 6-dekabr, 310-II son // O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2006. – №14. – 110-modda; – 2007. – №29,30. – 297-modda, – №50,51. 506-modda; – 2011. – №51. 542-modda; – 2013. – №1. 1-modda; – 2014. – №4. – 45-modda, – №20. – 222-modda; – 2015. – №33. – 439-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018. 03/18/456/0512-son, 10.01.2018. 03/18/459/0536-son; 21.03.2019. 03/19/531/2799-son.
  8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–2646-son qarori, 2016-yil 28-oktabr. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2016. – №45. – 522-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 03.03.2018. 06/18/5329/0846-son. 07.06.2018. 06/18/5456/1316-son. 31.07.2018. 06/18/5483/1594-son.
  9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2016-yil 28-oktabrdagi PQ–2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2017-yil 9-fevraldagi 66-son. // O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – 2017. – №7. – 89-modda. – №29. – 693-modda. – №33. – 863-modda. – №38. – 1049-modda. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 12.10.2017. 09/17/810/0095-son. 23.01.2018. 09/18/34/0605-son. 23.01.2018. 09/18/40/0609-son. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 21.11.2018. 09/18/934/2197-son. 267 04.06.2019. 09/19/457/3235-son.
  10. O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni // Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi. 05.01.2018. 03/18/456/0512-son. 10.01.2018. 03/18/459/0536-son. 19.04.2018. 03/18/476/1087-son. 21.03.2019. 03/19/531/2799-son.

[1] https://my.gov.uz/uz/service/instruction