Bojxona nafaqat mamlakat iqtisodiy xavfsizligini, balki davlat chegarasida turib, xalqimiz tinchligini ham taʼminlovchi organdir. 

Bugungi kunda, aytish mumkinki, respublikamiz bojxona tizimi zamon talablariga mos ravishda rivojlanmoqda.

  Mamlakat chegara sarhadlarida uning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, chetdan qurol-yarogʻ, oʻq-dori va narkotik moddalar hamda respublikaga turli adabiyotlar kirib kelishining oldini olish, ichki bozorni, ishlab chiqaruvchilarni muhofaza qilish ana shunday sharafli vazifalar jumlasidandir.

Ushbu risolada Oʻzbekiston Respublikasida bojxona nazorati tushunchasi, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan jismoniy shaxslar uchun bojxona qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar uchun bojxona qoidalari, jismoniy shaxslar tomonidan ayrim tovarlarni bojxonadan olib oʻtish normalari, jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalari, jismoniy shaxslar tomonidan avtotransport vositalarni olib oʻtish tartibi, jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali dori vositalarini olib oʻtish, jismoniy shaxslar tomonidan pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali tovarlarni joʻnatish tartibi, temir yoʻl transporti yoʻlovchilarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibiga oid masalalarni yoritib berish maqsad qilib qoʻyildi.

Risola fuqarolarimizning bojxona nazorati borasidagi bilimlarini shakllantirishda  va ularni amaliyotda qoʻllashga xizmat qiladi,  degan umiddamiz.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA BOJXONA NAZORATI

Bojxona nazorati kompleks chora-tadbir boʻlib, bunda asosiy eʼtibor mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo boʻlgan xalqaro shartnomalar shartlari bajarilishidir.

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Bojxona kodeksiga  binoan, bojxona nazorati bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan quyidagi yoʻllar bilan oʻtkaziladi:

  • bojxona maqsadlari uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish;
  • jismoniy va mansabdor shaxslarni ogʻzaki  soʻrab-surishtirish;
  • bojxona koʻrigidan oʻtkazish;
  • tovarlar, transport vositalari, binolar va  boshqa joylarni bojxona tomonidan qiyoslash;
  • tovarlar va transport vositalarini hisobga olish;
  • hisobga olish va hisobot tizimini tekshirish;
  • bojxona nazoratidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan tovarlar va transport vositalari turishi mumkin boʻlgan yoxud nazorat qilish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyat amalga oshirilayotgan hududlar, binolar va boshqa joylarni tekshirish;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan  boshqa shakllarda.

Bojxona nazorati oʻtkazilayotganida inson, hayvonot va oʻsimliklar hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz boʻlgan hamda tovarlar va transport vositalariga ziyon yetkazmaydigan texnikaviy va boshqa vositalar qoʻllanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan hamda shartli chiqarib yuborilgan tovarlar va transport vositalari bojxona nazoratidan oʻtkazilishi lozim.

Bojxona nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:

  • hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish;
  • ogʻzaki soʻrov;
  • axborot olish;
  • bojxona koʻzdan kechiruvi;
  • tovarlarning tamgʻalanganligini tekshirish;
  • bojxona koʻrigi;
  • shaxsiy koʻrik;
  • bojxona identifikatsiyalashi;
  • bojxona kuzatuvi;
  • binolar va hududlarni tekshirish;
  • tovarlarni va transport vositalarini hisobga olish, ularni hisobga olish tizimini tekshirish hamda ushbu tovarlarni va transport vositalarini inventarizatsiya qilish;
  • tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazorati.

Bojxona organlari bojxona nazorati shakllarini qoʻllashda tanlab olish prinsipiga asoslanadi va bojxona nazoratining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlaydigan shakllari bilan cheklanadi. Bojxona nazorati shaklini tanlash bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan belgilanadi.

Bojxona nazorati amalga oshirilayotganda bojxona organlari bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olish maqsadida, tekshirilishi kerak boʻlgan tovarlarni va transport vositalarini, yuridik va jismoniy shaxslarning hujjatlarini aniqlash, bojxona nazorati shakllarini va ularning qoʻllanilish hajmini tanlash uchun xavfni boshqarish tizimini qoʻllaydi.

Bojxona nazoratining muayyan shakllaridan ozod etish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Bojxona nazoratining ayrim shakllarini qoʻllamaslik yoki ulardan ozod qilish yuridik va jismoniy shaxslar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish majburiyatidan ozod qilinganligini anglatmaydi.

Quyidagilar bojxona koʻrigidan oʻtkazilmaydi:

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi sobiq Prezidentining shaxsiy bagaji;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining va Qonunchilik palatasi deputatlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) va Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik pasportlari egalarining shaxsiy bagaji, agar mazkur shaxslar xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda bojxona chegarasini kesib oʻtsalar;
  • qonunga muvofiq boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy bagaji.

Chet el harbiy kemalari, jangovar va harbiy-transport havo kemalari, shuningdek oʻzi yurib kelayotgan harbiy texnikasi bojxona koʻrigidan ozod qilinadi.

Bojxona nazoratini oʻtkazishda insonning hayoti va sogʻligʻi, hayvonlar, oʻsimliklar uchun xavfsiz boʻlgan hamda tovarlarga va transport vositalariga zarar yetkazmaydigan texnik va boshqa vositalar qoʻllanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida chet davlatlarning bojxona organlari bilan hamkorlik qiladi, ular bilan oʻzaro yordam va axborot almashinuvi toʻgʻrisida bitimlar tuzadi.

Bojxona organlari erkin bojxona zonalari va erkin omborlarda turgan tovarlar ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona nazoratini amalga oshirishga haqlidir.

Bojxona organlari bojxona hududidan bojxona organining ruxsatisiz chiqib ketgan transport vositalarini majburiy ravishda toʻxtatish, dengiz, daryo va havo kemalarini majburiy ravishda orqaga qaytarishga haqlidir, Chet el kemalari va boshqa davlatlarning hududida turgan kemalar bundan mustasno.

Bojxona nazorati: bojxona hududiga olib kirishda – tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtgan paytdan eʼtiboran; bojxona hududidan tovarlar va transport vositalarini olib chiqishda – bojxona deklaratsiyasi qabul qilib olingan paytdan eʼtiboran boshlanadi.

Bojxona nazorati, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarlar va transport vositalar  saqlangan bojxona rejimiga muvofiq chiqishga ruxsat berilgan paytdan eʼtiboran yoxud ular bojxona chegarasini kesib oʻtgan paytdan eʼtiboran tugallanadi.

Bojxona nazorati zonalari bojxona chegaralari boʻylab, bojxona rasmiylashtiruvi joylarida, bojxona organlari joylashgan yerlarda va bojxona organlari tomonidan belgilanadigan boshqa joylarda tuziladi.

Bojxona nazorati zonalarini tuzish va belgilash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Bojxona nazorati zonalarida ishlab chiqarish, tijorat faoliyatini va boshqa  faoliyatni amalga oshirishga, shuningdek ularning chegaralari orqali transport vositalari, tovarlar va shaxslarni olib oʻtishga bojxona organlarining ruxsati bilan va nazorati ostida yoʻl qoʻyiladi.

Bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini olib oʻtuvchi yoki nazorat qilish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar bu organlarga roʻyxati va taqdim etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadigan hujjatlar va maʼlumotlarni topshiradilar.

Bojxona nazoratini amalga oshirish uchun bojxona organlari banklardan, boshqa moliya-kredit muassasalaridan va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan eksport-import operatsiyalari hamda nazorat qilish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatning boshqa turlariga doir maʼlumotlarni olishga haqlidir.

Bojxona nazorati uchun zarur boʻlgan hujjatlar shaxslar tomonidan kamida uch yil saqlanishi lozim.

Tovarlar va transport vositalarini bojxona koʻrigidan oʻtkazish tovarlar va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishning qonuniyligini aniqlash, ularni hisobga olish, boj, soliqlar, yigʻimlar olish, shuningdek olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish taʼqiqlangan tovarlar bojxona chegarasi orqali oʻtishining hamda bojxona hududi orqali tranzit tartibida oʻtishining oldini olish uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar tovarlar va transport vositalarini koʻzdan kechirish paytida hozir boʻlishga haqlidir, bojxona organlari mansabdor shaxslarining talabiga koʻra esa tekshirish paytida hozir boʻlishlari va bojxona organlarining mansabdor shaxslariga zarur yordam koʻrsatishlari shart.

Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega shaxs boʻlmagan taqdirda, transport vositasini boshqaruvchi shaxs bojxona maqsadlari uchun vakolatli shaxs deb hisoblanadi.

Tovarlar va transport vositalariga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar yoʻqligida bojxona organlari quyidagi hollarda tovarlar va transport vositalarini koʻzdan kechirishga  haqli:

  • ular tovarlar va transport vositalari taqdim etilganidan soʻng oʻn kun oʻtganidan keyin kelmagan boʻlsa;
  • davlat xavfsizligi, jamoat tartibiga, inson hayoti va sogʻligʻiga, hayvonot va oʻsimliklar, atrof tabiiy muhitga, Oʻzbekiston Respublikasining badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklari saqlanishiga xavf mavjud boʻlganda va kechiktirib boʻlmaydigan  boshqa  holatlarda;
  • tovarlar xalqaro pochta joʻnatmalari orqali yuborilgan boʻlsa;
  • tovarlar va transport vositalari ular joylashtirilgan bojxona rejimini buzgan holda bojxona hududida qoldirilgan boʻlsa.

Shaxsni koʻzdan kechirish bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan yoxud bojxona nazorati zonasida yoki xalqaro aloqa uchun ochiq aeroportning tranzit zonasida turgan jismoniy shaxs qonun hujjatlarini buzish obyektlari hisoblanuvchi tovarlarni oʻz yonida yashiryapti va koʻrsatmayapti deb hisoblashga asoslar boʻlgan taqdirda, bojxona organi mansabdor shaxsining qaroriga binoan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.

Bojxona nazorati ostida boʻlgan hujjatlar, tovarlar, transport vositalari, binolar va boshqa joylarni bojxona qiyoslashidan oʻtkazish ularga plombalar, muhrlar qoʻyish, raqamli, harfiy va boshqa markalar bosish, qiyoslash belgilarini qoʻyish, shtamplar bosish, namunalar va nushalar olish, tovarlar va transport vositalarini taʼriflash, ularning chizmalarini tayyorlash, masshtabli tasvirlar, fotosuratlar, illyustratsiyalar tayyorlash, tovarlarga ilova qilingan va boshqa hujjatlardan hamda oʻzga qiyoslash vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanadi.

Qiyoslash vositalari faqat bojxona organlari tomonidan yoki ularning ruhsati bilan oʻzgartirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishi mumkin, tovarlar va transport vositalarining yoʻq boʻlib ketishi, ularga qayta tiklab boʻlmaydigan darajada putur yetkazilishi yoki ularning jiddiy buzilishi xavfi tugʻilgan hollar bundan mustasno. Qiyoslash vositalari oʻzgartirilganligi, olib tashlanganligi yoki yoʻq qilinganligi toʻgʻrisida bojxona organlariga darhol maʼlum qilinadi va bunday xavf mavjud boʻlganligini isbotlovchi dalillar taqdim etiladi.

Bojxona organlari bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va transport vositalarini, shuningdek boj toʻlovlari toʻlanmagan yoki boj toʻlovlari yuzasidan bojxona imtiyozlari berilgan tovarlarni inventarizatsiyadan oʻtkazishga haqlidir.

Bojxona organlari qonun hujjatlariga muvofiq shaxslarning nazorat qilish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatini tekshirishga haqlidir.

Bojxona organlari bojxona nazoratini oʻtkazishda, qoida tariqasida, nazoratning qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash uchun yetarli boʻlgan shakllarini qoʻllaydilar.

Bojxona nazoratining ayrim shakllarini qoʻllamaslik yoki ulardan ozod qilish shaxslar qonun hujjatlariga rioya etish majburiyatidan ozod qilinishini bildirmaydi.

Bojxona nazoratining muayyan shakllaridan ozod qilish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolarining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining shaxsiy bagaji, agar mazkur shaxslar xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan oʻtayotgan boʻlsalar, bojxona tekshiruvidan ozod qilinadi.

Chet el harbiy kemalari, jangovar va harbiy-transport havo kemalari, shuningdek oʻzi yurib kelayotgan harbiy texnikasi bojxona tekshiruvidan ozod qilinadi.

Tovarlar va transport vositalari chiqishiga ruxsat berilganidan keyin, agar qonun hujjatlari buzilgan deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlsa, tovarlar va transport vositalari bojxona nazoratidan oʻtkazilishi mumkin.

Koʻrsatib oʻtilgan hollarda bojxona organlari tovarlar va transport vositalari mavjudligini tekshirishga, ularni takroran bojxona tekshiruvidan oʻtkazishga, bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarni qayta tekshirishga, ushbu tovarlar bilan amalga oshiriladigan tashqi iqtisodiy va keyingi tijorat operatsiyalariga dahldor hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni tekshirishga haqlidir. Tekshirish deklarant turgan joyda, koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalarga bevosita yoki bilvosita aloqasi boʻlgan yoki zarur hujjatlarga ega boʻlgan har qanday boshqa shaxs turgan joylarda oʻtkazilishi mumkin. Huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.

Bojxona organlarining mansabdor shaxslari xizmat guvohnomasi asosida bojxona nazoratidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan tovarlar va transport vositalari, bojxona nazorati uchun zarur boʻlgan hujjatlar mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan yoxud nazorat qilish bojxona organlari zimmasiga yuklangan faoliyat amalga oshirilayotgan hudud va binolarga kira olish huquqiga ega, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Bojxona organlari bojxona nazoratini oʻtkazishda yordam koʻrsatish uchun qonun hujjatlariga muvofiq mutaxassislar va ekspertlarni jalb etishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotganda va olib chiqilayotganda bojxona nazoratini amalga oshirish

Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilishi va olib chiqilishi ustidan nazorat jismoniy shaxslar bojxona chegarasini kesib oʻtayotganda bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilayotganda va olib chiqilayotganda jismoniy shaxsni tekshirish valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish maqsadida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilayotganda va olib chiqilayotganda quyidagilar tekshiriladi:

  • olib kirilishiga va olib chiqilishiga ruxsat etilgan summalarning cheklangan normalariga rioya etilishi;
  • olib kirilishiga va olib chiqilishiga ruxsat etilgan summalarning belgilangan cheklangan normalaridan ortiq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilayotganda va olib chiqilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining yoki vakolatli banklarning ruxsatnomasi mavjudligi;
  • jismoniy shaxsda mavjud boʻlgan summaning bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi.

Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini va naqd chet el valyutasini noqonuniy olib kirish va olib chiqish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda bojxona organlari noqonuniy olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini va naqd chet el valyutasini olib qoʻyadi, tergovga qadar tekshiruv oʻtkazadi, maʼmuriy ish yoki jinoyat ishini qoʻzgʻatadi.

Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga Oʻzbekiston Respublikasi naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi noqonuniy olib kirilganligi va olib chiqilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.

YOʻLOVCHI BOJXONA DEKLARATSIYASINI TOʻLDIRISH VA RASMIYLASHTIRISH TARTIBI

Tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotganida bojxona deklaratsiyalarining quyidagi turlari qoʻllaniladi:

transport vositasi uchun deklaratsiya;

tranzit deklaratsiyasi;

bojxona yuk deklaratsiyasi;

yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi.

Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi notijorat maqsadlar uchun moʻljallangan, deklaratsiyalanadigan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtayotgan jismoniy shaxs tomonidan toʻldiriladigan va bojxona organiga taqdim etiladigan hujjatdir.

Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotganda, bojxona rejimi oʻzgartirilayotganda, shuningdek Bojxona Kodeksida belgilangan boshqa hollarda bojxona organlariga deklaratsiyalanishi lozim.

Tovarlarga doir bojxona deklaratsiyasi bojxona deklaratsiyasini qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan istalgan bojxona organiga taqdim etilishi mumkin.

Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tovarlarning va (yoki) transport vositalarining ayrim toifalarini deklaratsiyalash quyidagilarga bogʻliq holda faqat muayyan bojxona organlarida amalga oshirilishi kerakligini belgilaydi:

  • madaniy boyliklarning, qurol-yarogʻning, harbiy texnikaning va oʻq-dorilarning, radioaktiv materiallarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun maxsus asbob-uskunalar va (yoki) maxsus bilimlar qoʻllanilishi zarurligiga;
  • tovarlarni xalqaro tashish uchun foydalaniladigan transportning turiga (avtomobil, havo, temir yoʻl, daryo, quvur transporti va elektr uzatish liniyalari);
  • bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning bir necha marta buzilishi hollari qayd etilgan yoki iqtisodiy siyosat choralari belgilangan tovarlarning alohida turlariga;
  • tarkibida intellektual mulk obyektlari boʻlgan tovarlarga.

Tovarlarni tashiyotgan transport vositalari tovarlar bilan bir vaqtda deklaratsiyalanadi.

Yuksiz transport vositalari va yoʻlovchilarni tashiyotgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtayotganda deklaratsiyalanadi.

Daryo va havo kemalari bojxona hududiga kelish joyidagi daryo portida yoki aeroportda yoxud bojxona hududidan ketish joyidagi daryo portida yoki aeroportda deklaratsiyalanadi.

Deklaratsiyalash tovarlar va (yoki) transport vositalari toʻgʻrisidagi, ularning bojxona rejimlari haqidagi toʻgʻri maʼlumotlarni hamda bojxona maqsadlari uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni belgilangan shaklda (ogʻzaki, yozma, elektron) maʼlum qilish orqali amalga oshiriladi.

Bojxona nazorati maqsadlari uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat bojxona deklaratsiyasidir.

Bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilishi kerak boʻlgan maʼlumotlarning roʻyxati bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish va undirish, bojxona statistikasini shakllantirish va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash maqsadi uchun zarur maʼlumotlar bilangina cheklanadi. Bojxona deklaratsiyasidan bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan valyuta nazorati maqsadlari uchun hisobga olish hujjati sifatida foydalanilgan taqdirda, bojxona deklaratsiyasida shu maqsad uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak.

Bojxona deklaratsiyalarining shakli, ularda koʻrsatiladigan maʼlumotlarning roʻyxati, ularni bojxona organlariga berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.

Deklaratsiya:

  • jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona toʻlovlari undirilmaydigan cheklangan meʼyorlaridan oshadigan tovarlarga;
  • jismoniy shaxsning yashash joyi oʻzgarganda (avvalgi yashash joyidan hisobdan chiqarilganligi toʻgʻrisida qayd mavjud boʻlgan holda) uning shaxsiy mol-mulki boʻlgan tovarlarga, bundan avtotransport vositalari mustasno;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida koʻrsatilgan hollarda, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi transport vositalariga;
  • qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan naqd koʻrinishdagi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi va valyuta boyliklariga;
  • jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududidan tovarlarni olib chiqishning cheklangan meʼyoridan oshadigan tovarlarga;
  • qonun hujjatlariga muvofiq tegishli taqiqlar va (yoki) cheklovlar belgilangan tovarlarga toʻldiriladi.

Deklaratsiya 16 yoshga toʻlgan shaxslar tomonidan yuqorida koʻrsatilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidagi oʻtkazish punktlari orqali Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasini kesib oʻtganda toʻldiriladi.

Bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan shaxs oʻzi erkin ravishda Deklaratsiyani toʻldira olmasa (ruhiy kasal, aqli zaif, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxs va boshqalar), Deklaratsiya uning nomidan ushbu shaxsni kuzatuvchi shaxs tomonidan toʻldiriladi. Bunda Deklaratsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun Deklaratsiyani toʻldirgan va imzolagan shaxs javobgar boʻladi.

Deklaratsiya bojxona organlarida rasmiylashtirilgan yildan keyingi yildan eʼtiboran uch yil davomida saqlanadi.

Deklaratsiya mazkur “Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning ilovasiga muvofiq shaklda ikki nusxada toʻldiriladi. Deklaratsiyaning bir nusxasi bojxona organida qoladi, ikkinchi nusxasi esa Deklaratsiyani toʻldirgan shaxsga beriladi. Ushbu Deklaratsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, har qanday koʻrinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar (bundan buyon matnda qimmatbaho buyumlar deb yuritiladi), tovarlar hamda transport vositasini olib kirish yoki olib chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Deklaratsiya fuqarolar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda va chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishda bir nusxada toʻldirilishi mumkin. Bunda mazkur Deklaratsiya bojxona organida qoladi.

Deklaratsiya blanklari oʻzbek, rus va ingliz tillarida A-5 formatida tayyorlanadi. Shaxs oʻzi istagan tildagi Deklaratsiya blankini toʻldirishi mumkin.

Deklaratsiyada barcha bandlar toʻldirilishi va barcha savollarga javob berilishi kerak.

Tegishli bandlardagi maʼlumotlar oʻzbek (kirill yoki lotin alifbosida), rus yoki ingliz tillarida qatʼiy belgilangan joylarga ruchka bilan qoʻlda aniq va tushunarli yoki yozuv moslamasi yordamida yoziladi.

Tegishli savollardagi kerakli katakchalarga “X” belgisini chizish yoʻli bilan javob beriladi.

Deklaratsiya quyidagi tarzda toʻldiriladi:

1-bandda shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar (familiyasi, ismi, tugʻilgan sanasi, jinsi, pasportining seriyasi va raqami), doimiy yashash mamlakati, fuqaroligi, birga harakatlanayotgan 16 yoshga toʻlmagan shaxslar mavjudligi va ularning soni koʻrsatiladi;

2-bandda harakat turi (kirish, chiqish) hamda qaysi mamlakatdan kelganligi, qaysi mamlakatga borayotganligi koʻrsatiladi;

3-bandda safar maqsadi koʻrsatiladi (xizmat, oʻqish, ish, sayohat, qarindoshlarni yoʻqlash, davolanish, doimiy yashash joyi, tijorat);

4-bandda bagaj mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi;

5-bandda qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari hamda qimmatbaho buyumlarning mavjudligi va miqdori koʻrsatiladi;

6-bandda tovarlar va transport vositasi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi.

16 yoshga toʻlmagan shaxslarga tegishli boʻlgan va yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutalari, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar va transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular bilan birga harakatlanayotgan ota-onalari, boshqa qarindoshlari yoki ularni kuzatib boruvchi boshqa shaxslarning Deklaratsiyalarida koʻrsatiladi.

Deklaratsiyaning 6-bandida koʻrsatilgan tovarlarni tavsiflash imkon qadar ularning nomi, farqlash xususiyatlari, miqdori hamda ularning AQSH dollaridagi qiymatlarini koʻrsatgan holda amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, shuningdek tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlaridagi satrlarga sigʻmagan taqdirda, mazkur maʼlumotlar qoʻshimcha Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlarida koʻrsatiladi va u asosiy Deklaratsiyaga ilova qilinadi. Bunda qoʻshimcha Deklaratsiyaning 1– 4-bandlari toʻldirilmaydi.

Deklaratsiyaning 6-bandidagi Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida toʻldiriladi.

Deklaratsiya Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar hamda transport vositasini bojxona nazoratiga taqdim etishga qadar uni toʻldirgan shaxs tomonidan imzolanishi kerak.

Bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun Deklaratsiya bojxona organi xodimi tomonidan unda koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar hamda transport vositasini bojxona nazoratiga taqdim etish bilan bir vaqtda qabul qilinadi.

Deklaratsiyada boʻyab tuzatishlar va oʻchirib yozishlar boʻlmasligi lozim. Notoʻgʻri toʻldirilgan bandlar aniqlangan taqdirda, Deklaratsiyani bojxona nazoratidan oʻtkazgunga qadar shaxs ushbu bandlardagi xato maʼlumotlarni toʻgʻri chiziq bilan oʻchirib, tegishli maʼlumotlarni qoʻlda yozib toʻgʻrilashi mumkin.

Har qanday bunday toʻgʻrilash Deklaratsiyani toʻldirgan shaxsning imzosi hamda bojxona organi xodimining shaxsiy muhri bilan tasdiqlanadi.

Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlaridagi yozuvlar (tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qismi) bojxona organi xodimi tomonidan biror-bir oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini oldini olish maqsadida uzluksiz chiziq bilan doiraga olinadi hamda yozuv uchun nazarda tutilgan barcha boʻsh joylar esa chizib qoʻyiladi.

Deklaratsiyani bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish bojxona organi xodimi tomonidan Deklaratsiyaning orqa tomoniga shaxsiy muhrini qoʻyish bilan amalga oshiriladi.

Deklaratsiya yoʻqotilgan taqdirda tiklanmaydi.

Deklaratsiya yoʻqotilgan taqdirda shaxs Deklaratsiyani bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazgan bojxona organiga murojaat qilganda, Deklaratsiya nusxasini va unda koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar hamda tovarlarni olib oʻtilganligini tasdiqlovchi maʼlumotni olish huquqiga ega boʻladi.

Olib kirilgan ortiqcha tovar uchun bojxona toʻlovini Internet orqali aniqlash va toʻlash mumkin!

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish maqsadini aniqlash tartibi

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlar toifasiga jismoniy shaxs (oʻn olti yoshga toʻlmagan jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtiladigan tovarlarni ularni kuzatib borayotgan shaxs) tomonidan deklaratsiyalash yoʻli orqali kiritiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish maqsadini aniqlash bojxona organining mansabdor shaxsi tovarlarning miqdori, xususiyati va olib oʻtilishining takroriyligi hamda safarning holatlari, shuningdek, bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar jismoniy shaxs va uning oila aʼzolari shaxsiy ehtiyojlari uchun moʻljallanganligini inobatga olib, xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilgan holda aniqlaydi.

Jismoniy shaxslarning chegara bojxona postlari orqali notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlgan tovarlariga nisbatan amalga oshiriladigan tartiblar

Jismoniy shaxslarning qonun hujjatlarida belgilangan meʼyorlardan ortiqcha boʻlgan qismi uchun bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun yetarli pul mablagʻlari boʻlmagan, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar ichida qaytarib olib chiqib ketish yoki bojxona toʻlovlarini toʻlab bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan holda olib ketish istagi bildirilgan notijorat maqsadlardagi tovarlari ularning tanloviga koʻra davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtincha saqlashga qoʻyilishi mumkin.

Jismoniy shaxslar tomonidan deklaratsiyalangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida belgilangan tartib-taomillar amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona deklaratsiyasida bayon etilgan tovarlarning miqdori yoki qiymati bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib kirish meʼyorlaridan ortadigan hollarda bayon qilingan tovarlarning belgilangan meʼyor doirasida qaysi qismini oʻzi bilan olib ketish va belgilangan meʼyordan ortiq qaysi qismini qonun hujjatlari asosida vaqtincha saqlash uchun qoldirish vakolatli shaxs tomonidan hal qilinadi.

Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan barcha tovarlarning vazni va miqdori oʻlchovdan oʻtkazilishi shart.

Jismoniy shaxs tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi tovar hujjatlari taqdim etilmagan taqdirda, davlat bojxona xizmati organi tovarlarning bojxona qiymatini qonun hujjatlari talablariga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.

Notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlgan tovarlarning shaxsiy ehtiyojlar uchun moʻljallanganligi ularga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sertifikat va (yoki) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olinishini istisno etmaydi.

Sertifikat va (yoki) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olinishi lozim boʻlganda, bojxona toʻlovlarini toʻlab bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan holda olib ketiladigan tovarning vaqtincha saqlash muddati ularni vaqtincha saqlashga olingan kunning ertasidan boshlab bunday hujjatlarning qonun hujjatlarida belgilangan rasmiylashtirish muddatigacha toʻxtatib turiladi va ushbu muddat tugagan kunning ertasidan uch ish kuni oʻtgandan keyin qayta tiklanadi.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDAN CHIQIB KETAYOTGAN JISMONIY SHAXSLAR UCHUN BOJXONA QOIDALARI

Shuni yodda tuting-ki, agar Siz Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan boʻlsangiz, jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga ruxsat etiladi.

Ammo, ayrim turdagi tovarlarni olib chiqishning cheklangan meʼyorlari mavjud.  Jumladan, guruch – 3 kg.gacha, non mahsulotlari – 5 kg.gacha, goʻsht va goʻsht mahsulotlari, shakar va oʻsimlik yogʻi – 2 kg.gacha, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalardan 40 kg.gacha olib chiqish mumkin.

Unutmang! Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlar, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlar, madaniy boyliklar, oʻqotar qurol va patronlar, yovvoyi oʻsimliklar, ularning qismlari, mevalari, urugʻlari va botanika kolleksiyalari, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, oʻljalar, tulumlari, ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarini olib chiqishda vakolatli organlarning tegishli ruxsatnomalari talab etiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi banklari mustasno.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA KIRIB KELAYOTGAN JISMONIY SHAXSLAR UCHUN BOJXONA QOIDALARI

Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar, quyidagi bojxona qoidalarini albatta yodda tuting!

Jismoniy shaxslar respublikamizga xalqaro aeroportlar orqali kirib kelayotgan boʻlsa, 2000 AQSH dollari, temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali kirib kelayotgan boʻlsa 1000 AQSH dollari hamda avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelayotgan boʻlsa, 300 AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishlari mumkin!  

Bunda ularni yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatish talab etilmaydi.

Ammo, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan meʼyorlari mavjud. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasiga alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha olib kirish mumkin.Unutmang, Oʻzbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar, portlovchi moddalar va portlatish vositalari, davlat va jamiyat qurilishiga rahna solishga, urush, terrorizm,

zoʻravonlik, ekstremizm, pornografiya va boshqalarni targʻib etishga qaratilgan har qanday turdagi materiallarni, shuningdek etil spirti, lazerli nur tarqatgichlar, uchuvchisiz uchish apparatlari, pirotexnika mahsulotlari, pul yutugʻi bilan bogʻliq boʻlgan oʻyin avtomatlari, “M2”, “M3” va “N2” toifadagi oldin foydalanuvda boʻlgan avtotransport vositalari, zaharlilik darajasi “Yevro-3” ekologik sinfi talablariga javob bermaydigan, benzin yoki dizel yoqilgʻisida harkatlanadigan yangi avtotransport vositalarini,  bundan tashqari energiya samaradorligining “G” va “F” klassiga mansub boʻlgan maishiy elektr priborlarini hamda quvvati 40 vattdan ortiq boʻlgan choʻgʻlanma lampochkalarni  chetdan olib kirish taʼqiqlanadi.

Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarni, sanoat maqsadidagi portlovchi materiallarni, alyuminiy kukuni va qurumini, oʻqotar qurol va patronlarni, yovvoyi oʻsimliklar, ularning qismlari, mevalari, urugʻlari va botanika kolleksiyalari, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, oʻljalar, tulumlari, radioelektron vositalar va yuqori chastotali uskunalar ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilar, diniy adabiyotlar va madaniy boyliklarni olib kirishda vakolatli organlarning tegishli ruxsatnomalari yoki xulosalari talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib oʻtish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” PQ-4508-son qaroriga muvofiq,  2020-yil 1-yanvardan boshlab, respublikamizga kirib kelayotgan jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi tovarlari bojsiz olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan holatlarda bojxona toʻlovlari soddalashtirilgan tartibda undirilishi yoʻlga qoʻyildi.

Yaʼni, bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi joriy qilindi.

Mazkur stavkalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda tadbiq qilinadi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan hayvonot olamiga mansub oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilayotganda ushbu tovarlarda ishlab chiqaruvchining oʻrov varagʻi boʻlishi majburiydir.

Yana bir jihat – jismoniy shaxslar tomonidan olib kirishda bojxona toʻlovlariga tortilmaydigan ayrim turdagi tovarlar olib kirish meʼyorlaridan ortgan taqdirda ularga yagona bojxona toʻlovi stavkasi tatbiq etilmaydi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi.

Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi banklari mustasno.

Agar Siz bojxona qoidalari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasangiz, u holda chegara-bojxona postida xizmat olib borayotgan bojxona xodimlariga murojaat qilishingiz mumkin.

JISMONIY SHAXSLAR TOMONIDAN AYRIM TOVARLARNI BOJXONADAN OLIB OʻTISH NORMALARI

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalari tasdiqlangan.

Yaʼni, endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning davriyligi oʻzgardi.

Roʻyxatdan oʻrin olgan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlarni endilikda har 6 oyda chegarani birinchi marotaba kesib oʻtayotganda faqat 1 donadan olib kirish mumkin.

Boshqa turdagi tovarlarni esa 1 kalendar oyda 1 marotaba har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha (boʻlinmaydigan tovarlar bundan mustasno) olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy ogʻirligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.

Unutmaslik kerak-ki, qonun hujjatlariga koʻra, alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Olib oʻtilayotgan tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan piyoda, avtomobilda, temir yoʻl yoki daryo oʻtkazish punktlari orqali tovarlarni bojxona toʻlovlari undirmasdan olib oʻtishning cheklagan meʼyorlaridan oshmasligi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib oʻtganda – 1000 AQSH dollari miqdorida hamda avtomobil yoʻli (piyodalar yoʻli) oʻtkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib oʻtganda – 300 AQSH dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Unutmang, tovarlarni bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib oʻtishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini chegara oʻtkazish punktidan belgilangan davrda birinchi marta oʻtishida qoʻllaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qoʻyiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalari

Tovarlarning nomiSoniDavriylik
1.Sovutgich1 dona6 kalendar oy
2.Muzlatgich1 dona6 kalendar oy
3.Konditsioner1 dona6 kalendar oy
4.Kir yuvish mashinasi1 dona6 kalendar oy
5.Chang yutgich1 dona6 kalendar oy
6.Gaz plitasi1 dona6 kalendar oy
7.Elektr plita1 dona6 kalendar oy
8.Televizor1 dona6 kalendar oy
9.Mikrotoʻlqinli pech1 dona6 kalendar oy
10.Duxovkali pech1 dona6 kalendar oy
11.Elektr goʻsht qiymalagich1 dona6 kalendar oy
12.Dazmol1 dona6 kalendar oy
13.Fen1 dona6 kalendar oy
14.Oshxona kombayni1 dona6 kalendar oy
15.Telefon apparati, shu jumladan qoʻl telefoni1 dona6 kalendar oy
16.Kompyuter texnikasi1 dona6 kalendar oy
17.Printer va koʻp funksiyali ofis qurilmasi1 dona6 kalendar oy
18.Planshet kompyuter1 dona6 kalendar oy
19.Noutbuk1 dona6 kalendar oy
20.Oshxona idishi1 toʻplam6 kalendar oy
21.Boshqa tovarlarhar bir nomdagi tovardan 2 kg (boʻlinmaydigan tovarlar bundan mustasno), ammo umumiy ogʻirlik 10 kg dan oshmasligi kerak1 kalendar oy

JISMONIY SHAXSLAR TOMONIDAN AVTOTRANSPORT VOSITALARNI OLIB OʻTISH TARTIBI

Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari bojxona hududidan tashqarida oʻzlariga notijorat maqsadlarda transport vositalarini xorijiy davlatda vaqtincha boʻlish muddatiga vaqtincha olib chiqishga haqli.

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan avtotransport vositalarning bojxona rasmiylashtiruvi faoliyat hududida joylashgan TIF bojxona postida amalga oshiriladi.

Avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida davlat bojxo­na xizmati organlariga qonun hujjatlariga  asosan hujjatlar taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ–1245-sonli qaroriga asosan yangi import avtomobillari bilan chakana savdo faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan xorijiy avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvida oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 19-noyabrda 2156-son bilan roʻyxatga olingan “Bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy mud­dati kalendar yil mobaynida jami toʻqson kalendar kundan oshmas­ligi lozim.

Bunda transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yigʻimni toʻlagan holda yuqorida koʻrsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.

Yigʻim undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim.

Mazkur yigʻim quyidagi hollarda toʻlanmaydi:

  • bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun;
  • agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa.

JISMONIY SHAXSLAR TOMONIDAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOJXONA CHEGARALARI ORQALI DORI VOSITALARINI OLIB OʻTISH

Jismoniy shaxslar tomonidan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni quyidagi hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan hamda bojxona rasmiylashtiruvisiz olib kirish va olib chiqishga ruxsat beriladi, agar ular:

  •  mamlakatda boʻlish davrida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan boʻlsa;
  •  Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy koʻrsatma asosida, davolash kursi doirasida davolash uchun moʻljallangan boʻlsa;
  •  diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda maʼmuriy-texnik xodimlari, shu jumladan ular bilan birga yashab turgan oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan boʻlsa;
  • Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududidan chiqib ketayotgan transport vositasining yoʻlovchilariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan boʻlsa;
  • Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy, madaniy, sport tadbirlari ishtirokchilarini hamda xalqaro ekspeditsiyalar ishtirokchilarini davolash uchun moʻljallangan boʻlsa.

Bunda dori vositalari va tibbiy buyumlar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirilishi va olib chiqilishida faqat koʻrsatib oʻtilgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun foydalanilishi va sotish uchun boshqa shaxslarga berilmasligi kerak.

Yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan quyidagilar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladi va olib chiqiladi:

  • turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 oʻramdan ortiq boʻlmagan dori vositalari;
  • 5 birlikdan ortiq boʻlmagan tibbiy buyumlar.
  • Bunda bir oʻramda:
  • qattiq (tabletkalar, drajelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun — 100 birlikdan ortiq emas;
  • eritma tayyorlash uchun qoʻllaniladigan kukunlar uchun — 500 grammdan ortiq emas;
  • granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun — 50 grammdan ortiq emas;
  • infuzion eritmalar va oral (ogʻiz orqali) qoʻllaniladigan eritmalar uchun — 500 millilitrdan ortiq emas;
  • inyeksiyalar uchun eritmalar — 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
  • tashqi dorilar uchun — 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq emas.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining oʻramida boʻlishi kerak.

Dori vositalarini yuqorida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda olib kirish va olib chiqishda jismoniy shaxslar bojxona organlariga boʻlish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini koʻrsatgan holda muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjatni taqdim etadilar.

Xalqaro qatnaydigan dengiz (daryo) kemalarida, samolyotlarda tibbiy dorilar qutichasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining cheklangan miqdorini olib kirish va olib chiqish tegishli transport vositalari roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan nazorat choralariga rioya etilgan holda litsenziyasiz amalga oshiriladi.

Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar boʻlgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish

Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar boʻlgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq boʻlmagan miqdorda olib chiqishga tibbiyot muassasasining davolash-maslahat komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan xulosasi mavjud boʻlganda ruxsat beriladi.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq boʻlmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki boʻlish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni koʻrsatilgan hujjatlar mavjud boʻlganda ruxsat beriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashash yoki boʻlish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5 tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq boʻlmagan oʻramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.

Oʻtkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib oʻtishda jismoniy shaxslar ularda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart, bunda giyohvandlik vositalari uchun — bojxona organiga jismoniy shaxsning yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni koʻrsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning jismoniy shaxsdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.

Jismoniy shaxslar tomonidan tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va bojxona organiga bildirilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar nomlari va sonidan ortiq boʻlgan taqdirda ortiqchasi olib qoʻyilishi va belgilangan tartibda yoʻq qilinishi kerak.

Unutmang!

Jismoniy shaxs dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shu jumladan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqishda taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javob beradilar.

JISMONIY SHAXSLAR TOMONIDAN POCHTA VA KURYERLIK JOʻNATMALARI ORQALI TOVARLARNI JOʻNATISH TARTIBI

Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar bojxona nazoratidan oʻtishi kerak.

Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga joʻnatilishi mumkin emas.

Xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi.

Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki joʻnatuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta joʻnatmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali tovarlarni joʻnatishni tartibga solishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyuldagi PQ–3873-son qarori muhim rol oʻynamoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF–5414-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlarni bojxona nazoratidan oʻtkazish samaradorligini yanada oshirish maqsadida pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan davlat bojxona xizmati organlariga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlar haqida majburiy ravishda xabardor etish belgilangan.Pochta aloqasi operatori va provayderlari tomonidan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar toʻgʻrisida oldindan elektron tarzda xabar berishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi. Roʻyxatga ushbu hujjatlar kiritilgan.1. Qabul qiluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi.2. Qabul qiluvchining manzili.3. Qabul qiluvchining pasport seriyasi va raqami yoki soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.4. Pochta aloqasi operatori yoki provayderining nomi.5. Joʻnatuvchi davlat.6.  Joʻnatmaning tavsifi.7. Joʻnatmaning qiymati.* Yozma xat-xabarlar (mayda paketlardan tashqari), diplomatik pochta va konsullik pochta qoplariga tatbiq etilmaydi.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlarini oldindan elektron tarzda xabardor qilish jarayonlarini amalga oshirish sxemasi tasdiqlandi.

Kirib kelayotgan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi:

– temir yoʻl va avtomobil transporti orqali yetkazishda — maxsus belgilangan bojxona postlarida;

– havo transporti orqali yetkazishda — xalqaro aeroportlar yoki unga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi.

Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali Oʻzbekiston Respub­likasi hududiga yuridik shaxslar nomiga kelayotgan qiymati 100 (yuz) AQSH dollariga teng boʻlgan tovarlardan bojxona toʻlovlari undirilmaydi.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlarning boj undirilmaydigan miqdori bir kalendar chorak mobaynida 1 000 (bir ming) AQSH dollarini tashkil qiladi.

Tovarlarni jismoniy shaxs tomonidan bojxona chegarasidan olib kirilishi va olib chiqilishi majburiy yozma deklaratsiyasiz amalga oshiriladi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari hamda tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallangan tovarlar mustasno.

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning qanday maqsadga moʻljallanganligini aniqlashda tovarlarning miqdori hisobga olinadi va bunda tovarlarni olib oʻtayotgan jismoniy shaxs va uning oila aʼzolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib oʻtayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi.

Qanday tovarlarni xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali yuborish taqiqlangan?

Javob: Joʻnatilishi taqiqlangan va cheklangan predmetlar va moddalar roʻyxati Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish qoidalari (roʻyxat raqami 2219, 18.04.2011-y.) bilan tasdiqlangan. Ichki va xalqaro pochta, kuryerlik joʻnatmalarida quyidagilarning joʻnatilishi taqiqlangan:

a) oʻqotar, signalli, pnevmatik, gazli qurollar, oʻq-dorilar, sovuq qurol (jumladan, otiladigan), elektroshok qurilmalari va uchqunli razryadniklar, shuningdek, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, jihozlanmagan portlash qurilmalari va oʻq-dorilar, shu jumladan jihozlanmagan granatalar, snaryadlar va boshqa oʻxshash predmetlar, shuningdek, shunday qurilmalar va predmetlarning mulyajlari;

b) giyohvandlik vositalari, psixotrop, kuchli taʼsir etadigan, radioaktiv, portlaydigan, zaharli, oʻyuvchi, oson alangalanadigan va boshqa xavfli moddalar (mazkur Roʻyxatning 3-bandi “v” va “g” kichik bandlarining oltinchi xatboshisida sanab oʻtilganlardan tashqari);

d) Oʻzbekiston Respublikasining pul belgilari va xorijiy valyuta (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va uning muassasalari tomonidan yuboriladiganlaridan tashqari);

e) axloqsizlik yoki buzuqlik xususiyatidagi predmetlar;

f) kontrafakt va qaroqchilik predmetlari;

g) olib kirish yoki muomalada boʻlishi tayinlangan mamlakatda taqiqlangan predmetlar chiquvchi (xalqaro pochta joʻnatmalari uchun);

h) oʻzining xususiyatiga yoki oʻrovlanishiga koʻra, pochta xodimlari yoki oddiy aholi uchun xavf tugʻdirishi, boshqa joʻnatmalarni va pochta uskunasini iflos qilishi yoki buzishi mumkin boʻlgan predmetlar;

i) joriy va shaxsiy yozishma mazmunidagi hujjatlar, shuningdek, joʻnatuvchi va oluvchi boʻlmagan shaxslar yoki ular bilan yashovchi shaxslar almashinadigan oddiy va buyurtma xatlar, pochta varaqchalari va banderollar;

j) tirik hayvonlar.

k) uskunada mavjud boʻlgan va uskunadan alohida joʻnatiladigan litiyli elementlar yoki litiyli batareyalar.

Bundan tashqari, xalqaro pochta, kuryerlik joʻnatmalarida quyidagi predmetlar va buyumlarni joʻnatish taqiqlangan:

Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, shuningdek belgilangan mamlakatga olib kirish taqiqlangan;

Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq joʻnatilishi taqiqlangan;

roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashqi savdo faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻrnatilgan cheklovlar qoʻllaniladigan predmetlar va buyumlar.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga xorij mamlakatlaridan kelib tushadigan xalqaro pochta joʻnatmalarida urugʻlar va ekish materiali, mevalar, yangi mevalar va sabzavotlarni joʻnatish taqiqlanadi.

Tegishlicha oʻrovdagi bosma nashrlar va koʻzi ojizlar uchun moʻljallangan joʻnatmalar:

hech qanday annotatsiyaga ega boʻla olmaydi, joriy yoki shaxsiy yozishma mazmunidagi hech qanday hujjatlarni ichiga ololmaydi;

tamgʻalangan yoki tamgʻalanmagan hech qanday markalarni, toʻlov blanklarini, pul qiymatiga ega boʻlgan hech qanday hujjatlarni ichiga ololmaydi, joʻnatmada joylanma sifatida joʻnatuvchining manzili bosilgan banderol yoki varaqcha, konvert boʻladigan hollardan tashqari.

Maʼlum shart-sharoitlarda xalqaro pochta, kuryerlik joʻnatmalarida joʻnatish ruxsat etilgan predmetlar:

a) madaniy boyliklar — Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining maxsus qarorlari bilan va boshqa vakolatli organlar tomonidan shunday huquq berilgan tashkilotlar tomonidan;

b) Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi tangalar va banknotlar, xorijiy banklar bilan valyutalar namunalarini almashinish tartibida va numizmatika maqsadlarida;

d) tashkilotlar tomonidan, vakolatli organlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha quyidagilarni joʻnatishga ruxsat etiladi:

  • ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari, nou-xau, ixtirolar — Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan;
  • sanʼat asarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan;
  • Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan oʻsimliklar va hayvonlar — Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan;
  • dorivor vositalar, tibbiyot maqsadlaridagi mahsulotlar (buyumlar) va tibbiyot texnikasi — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy texnikalar sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tibbiyot yoki ilmiy maqsadlarda, ularni joʻnatish ruxsat etiladigan mamlakatlarga va rasmiy kelishuvga muvofiq — sogʻliqni saqlash organlari tomonidan milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari bilan kelishilgan holda beriladigan sertifikatlar asosida va giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining tegishli ruxsatnomasi bilan;
  • ov qilish cheklangan yoki vaqtinchalik taqiqlangan oʻsimliklar va hayvonlar — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi, Davlat veterinariya bosh boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tegishli taqiqlar va cheklovlar amal qilishi davrida.

Madaniy boyliklar boʻlgan pochta, kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatishda, joʻnatuvchi pochta aloqasi obyektiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy boyliklarni chet ellardan olib kelish va chet elga olib ketish nazorati boʻyicha badiiy ekspertizalar boshqarmasining ruxsatnomasini taqdim etishlari kerak, bu ruxsatnoma pochta, kuryerlik joʻnatmasining ichiga qoʻyiladi.e) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar, ular Oʻzbekiston Respublikasida tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar boʻlgan dorivor vositalarni roʻyxatga olish yoki qayta roʻyxatga olish uchun namunalar sifatida yuborilganda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari

boʻyicha axborot-tahlil departamentining koʻrsatilgan yuklarning gumanitar yordamga tegishliligi toʻgʻrisidagi xulosasiga muvofiq ular Oʻzbekiston Respublikasidagi muayyan yuridik shaxslarga yuborilayotganda, ularni gumanitar yordam koʻrinishida joʻnatishga ruxsat beriladi.

Xalqaro xatlar va qiymati eʼlon qilinmagan posilkalarda tangalar, bank chiptalari, kredit chiptalari yoki daʼvogarning biror-bir qimmatbaho buyumlari, yoʻl cheklari, platina, oltin yoki kumushdan yasalgan buyumlar yoki ishlov berilmagan koʻrinishdagi qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari va boshqa qimmatbaho predmetlarni joʻnatish taqiqlanadi.

Istisno tarzida buyurtma mayda paketlarda quyidagilar joʻnatilishiga ruxsat etiladi:

  • tirik asalarilar, zuluklar va ipak qurtlari;
  • parazitlar va hasharotlarni oʻrganish uchun moʻljallangan va rasman tan olingan muassasalar oʻrtasida almashinadigan zararli hasharotlarni qiruvchilar;
  • rasman tan olingan muassasalar uchun, tibbiy-biologik tadqiqotlar uchun drozofil (Drosophilidae) oilasiga kiradigan mayda pashshalar.

TEMIR YOʻL TRANSPORTI YOʻLOVCHILARINING QOʻL YUKINI, BAGAJINI, VALYUTASINI VA VALYUTA BOYLIKLARINI BOJXONA NAZORATIDAN OʻTKAZISH VA RASMIYLASHTIRISH TARTIBI

Oʻzbekiston Respublikasidan joʻnab ketayotgan va Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish bojxona nazorati zonasidagi maxsus xonalarda (koʻrikdan oʻtkazish joylari) yoki yoʻlovchi tashish poyezdlarida ularning toʻxtab turish vaqtida amalga oshiriladi.

Yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish temir yoʻl maʼmuriyati bilan kelishilgan holda temir yoʻl vokzallari yoki Davlat chegarasida joylashgan temir yoʻl stansiyalarida amalga oshirilishi mumkin.

Yoʻlovchilar tomonidan qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda olib oʻtilayotgan tovarlarning, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan shunday tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojsiz olib kirish normasi va aksiz soligʻi solinmaydigan olib kirish normasidan ortiq boʻlsa, ortiq qismiga nisbatan bojxona toʻlovlari toʻlanadi.

 Yoʻlovchilar hamda ularning qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish

Yoʻlovchilarning qoʻl yuki, bagaji, valyutasi va valyuta qimmatliklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi bojxona nazorati zonasida belgilangan tartiblarga asosan amalga oshiriladi. Yoʻlovchilarning qoʻl yuklari nazoratning texnik vositalari yordamida tekshiruvdan oʻtkaziladi hamda bojxona qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona nazoratining soddalashtirilgan shakllari qoʻllanilishi mumkin.

Yoʻlovchilarning bojxona nazorati yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va chipta asosida amalga oshiriladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz harakatlanayotgan yoʻlovchilarning bojxona chegarasini kesib oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yoʻlovchilarning bagaji, qoʻl yuki hamda boshqa qimmatliklarining rasmiylashtiruvi toʻldirilishi majburiy boʻlgan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Yoʻlovchi bojxona deklaratsiya ikki nusxada toʻldiriladi va uning bir nusxasi bojxona organida qoladi, ikkinchi nusxasi esa deklaratsiyani toʻldirgan yoʻlovchiga beriladi.

 Agar bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan va bojxona nazorati zonasida boʻlgan har bir shaxs bojxona hududiga olib kirish yoki ushbu hududdan olib chiqish taqiqlangan tovarlarni yoxud bojxona qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibni buzgan holda olib oʻtilayotgan tovarlarni yonida yashirmoqda va ularni oʻz ixtiyori bilan taqdim etmoqchi emas, deb taxmin qilishga asoslar boʻlgan taqdirda bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan ushbu shaxs shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtgan yoʻlovchilar oʻtib ketayotgan yoʻlovchi tashish poyezdi temir yoʻl stansiyasiga kelguniga qadar bojxona nazorati zonasida boʻladi va bojxona nazorati zonasini asossiz tark etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

ILOVALAR

DBQ saytidan olingan maʼlumotlar