KIRISH SO‘ZI
Inson huquqlari qonun ustuvorligi va demokratiya bo‘lgan barcha jamiyatlar qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy tamoyil hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng inson huquqlari masalasi asosiy ahamiyatga ega qadriyat sifatida umumbashariy miqyosda eʼtirof etilib kelinmoqda hamda bugun mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sud-huquq sohasidagi islohotlar maqsadi barcha uchun teng, adolat hukmron bo‘lgan, shaxs, uning huquq va erkinliklarini himoyasida turadigan sud-huquq tizimini yaratishdan iborat.
Hozirgi zamon rivojlangan demokratik davlatlarida hech bir inson sudning maxsus qarorisiz yoki prokurorning ruxsatisiz hibsga olinishi va qamoqda saqlanishi mumkin emas. Jinoyat qilganlikda ayblanib, ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslar garov yoki kafillik evaziga, sud hukmiga qadar ozodlikda yurishi mumkin.
Sizning qo‘lingizdagi ushbu risola orqali inson huquqlari tushunchasi, insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi deganda nima tushunilishi, O‘zbekistonda insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy asoslari va kafolatlari, insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini buzganlik uchun javobgarlik masalalariga oid ma’lumotlar bilan tanishasiz.
Har bir inson yashash, erkin bo‘lish va
shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir.
Inson huquqlari umumjahon
deklaratsiyasi 3-moddasi
Inson huquqlari nima?
Inson huquqlari – har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qat’i nazar, ajralmas huquqlaridir. Barcha odamlar har qanday turdagi kamsitishlarni istisno qilgan holda, inson huquqlaridan bir xilda foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu huquqlar o‘zaro bog‘liq va ajralmasdir.
Insonning umumbashariy huquqlari ko‘pincha shartnomalar, xalqaro odat huquqi, huquqning umumiy prinsiplari va xalqaro huquqning boshqa manbalarida qonun ko‘rinishida mustahkamlangan va kafolatlangan. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq davlatlarga inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish hamda himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarni yuklaydi.
Universallik va ajralmaslik

Inson huquqlarining universalligi prinsipi – xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi asosidir. Bu prinsip 1948-yilda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilinishi bilan birinchi marotaba muhim ahamiyat kasb etgan va doimiy ravishda inson huquqlari sohasiga oid ko‘plab xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar va rezolyutsiyalarda namoyon bo‘lgan.

Inson huquqlari ajralmasdir. Shaxs ulardan mahrum etilishi mumkin emas, faqat kamdan kam hollarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bundan mustasno. Masalan, inson sud tartibida jinoyat sodir etishda aybdor deb topilsa, uning erkinlik huquqi cheklanishi mumkin.
O‘zaro bog‘liqlik va bo‘linmaslik
Barcha inson huquqlari bir butun bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liq: masalan, yashash huquqi, qonun oldida tenglik yoki so‘z erkinligi kabi fuqarolik va siyosiy huquqlar; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar. Masalan, mehnat qilish huquqi, jamoat xavfsizligi va ta’lim, yoki rivojlanish va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kabi jamoaviy huquqlar. Bir huquqni hurmat qilish, boshqa huquqlarni hurmat qilishga olib keladi. Xuddi shu tarzda, biron-bir huquqqa rioya qilmaslik, boshqa huquqlarning amalga oshirilishiga salbiy ta’sir qiladi.

Tenglik va kamsitmaslik prinsipi
Kamsitmaslik prinsipi – inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning keng qamrovli prinsipidir. Ushbu prinsip inson huquqlari to‘g‘risidagi barcha asosiy shartnomalarda mavjud va inson huquqlari bo‘yicha ba’zi xalqaro konvensiyalarning markaziy mavzusidir. Masalan, irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Konvensiya va ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya.

Kamsitmaslik prinsipi har bir insonga qo‘llaniladi va insonning barcha huquqlari va erkinliklariga, jinsi, irqi, tanasining rangi yoki boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, biron-bir kamsitishsiz qo‘llaniladi.
Huquq va majburiyatlar
Inson huquqlarini tan olish nafaqat ularni amalga oshirish huquqini, balki muayyan majburiyatlarni bajarishni ham anglatadi. Xalqaro huquqqa muvofiq, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va ularni ro‘yobga chiqarish majburiyatlarini o‘z zimmalariga oladilar. Inson huquqlarini hurmat qilish, davlatning inson huquqlarini amalga oshirishga aralashmaslik va ularni cheklashdan tiyilishini anglatadi. Inson huquqlarini himoya qilish majburiyati davlatdan huquqbuzarliklarning oldini olishni talab qiladi. Inson huquqlarini amalga oshirilishi davlatga insonning asosiy huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirilishini kafolatlash majburiyatini yuklaydi. Individual darajada har bir inson boshqalarning huquqlarini hurmat qilishi kerak.

INSONNING ERKINLIK VA SHAXSIY DAXLSIZLIK HUQUQI DEGANDA NIMA TUSHUNILADI?
Inson huquq va erkinliklarining falsafiy asosini shaxsning
qadr-qimmati tashkil etadi. Qadr-qimmat huquq va erkinliklar hamda majburiyatlarning manbai hisoblanadi. Inson tabiatiga xoslik shuki, u hech qachon o‘z qadr-qimmatidan, huquqlaridan voz kechmaydi. Bu inson tabiatiga ziddir.
Fanda bir nechta “erkinlik” tushunchasi ajratib ko‘rsatiladi:
tor ma’noda – hibsga olish va qamoqda saqlanish orqali cheklanadigan fizik erkinlik; keng ma’noda – individual erkinlik, fuqaroviy huquq tizimida ko‘rinadigan, eng keng ma’noda – butun inson huquqlari tizimida qo‘llaniladigan erkinlik.

Shaxs erkinligi demokratik qadriyatlar tizimida alohida o‘rin tutadi. Erkinlik insonning intellektual-ma’naviy kamolotga erishuvining zarur sharti anglanganligidir. Erkinlik tufayligina inson yaratuvchanlik qobiliyatini namoyon etadi, shaxsiy mas’uliyat va insoniy burchini to‘la his etadi. Shaxs erkinligi, avvalo, axloqiy, so‘z, vijdon, matbuot erkinligida ro‘yobga chiqadi. Demokratik jamiyat shaxs erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslarini yaratish bilan cheklanib qolmay, ilm-fan, san’at, din, huquq va h.k.larni rivojlantirishga alohida e’tibor beradi.
Demokratik rejim barcha odamlarning tengligi va ozodligini e’tirof etib, davlatni boshqarishda xalqning ishtirokiga asoslanadi. Demokratik davlat faqat o‘z fuqarolarining huquq va erkinliklarini e’lon qilibgina qolmay, bu huquq va erkinliklarning iqtisodiy asoslarini ta’minlashi, ularning konstitutsiyaviy kafolatlarini ham belgilashi kerak bo‘ladi. Natijada keng huquq va erkinliklar qog‘ozda emas, amalda mavjud bo‘lib qoladi.
“Erkinlik” tushunchasi har qanday shaxsga nisbatan emas, balki o‘z xatti-harakati, xulq-atvori va faoliyati uchun javobgarlikni his etadigan, ma’naviy jihatdan barkamol insonga nisbatan qo‘llaniladi. Jamiyatning ma’naviy salohiyati yuksalib borgani sayin, kishilar erkinlikka o‘zboshimchalik, nimani xohlasa shuni qilish deb emas, balki ma’naviy-intellektual rivojlanish imkoniyati deb qaraydilar.

BMT Bosh Assambleyasining tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 1-moddasida belgilanganidek: “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin, bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak”.
Erkinlik va shaxs daxlsizligi huquqi inson tug‘ilishi bilan qo‘lga kiritadigan eng muhim huquqlardan biri bo‘lib, qonunga xilof bo‘lmagan holda xohlagan shaklda faoliyat yuritish huquqidir. Konstitutsiyaviy erkinlik huquqi ijtimoiy tuhfalar ichida eng qadrli huquqlardan biri bo‘lib, nafaqat shaxsning talablarini har tomonlama qondiradigan, shart-sharoitlarini yaratadigan, balki jamiyatning demokratik rivojlanishini ta’minlaydigan huquqdir.

Konstitutsiyaviy erkinlik huquqi ijtimoiy tuhfalar ichida eng qadrli huquqlardan biri bo‘lib, nafaqat shaxsning talablarini har tomonlama qondiradigan, shart-sharoitlarini yaratadigan, balki jamiyatning demokratik rivojlanishini ta’minlaydigan huquqdir.
Erkinlik huquqi aniq qonun-qoidalar kompleksini o‘z ichiga olib, shaxsiy hayotda amalga oshiriladigan (turar joy tanlash huquqi, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqi, faoliyat erkinligi va hokazo), siyosiy hayotda (fikrlash erkinligi, so‘z erkinligi va hokazo) va kasbda (mehnat erkinligi, ijod erkinligi va h.k.) tanlanadigan imkoniyatlarni aks ettiradi.
Shaxsiy hayot daxlsizligi shaxsning individual hayotiga tash- qaridan aralashmaslikni nazarda tutib, bunga fizik (hayoti, inson sog‘lig‘i) daxlsizlik va ruhiy daxlsizlik (axloqiy, dini va vijdoni) kiradi.
O‘ZBEKISTONDA INSONNING ERKINLIK VA SHAXSIY DAXLSIZLIK HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY ASOSLARI VA KAFOLATLARI
Insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy asoslari
O‘zbekistonda demokratiyaning mohiyati, avvalo, xalq manfaat- larini himoya qilishda namoyon bo‘lmoqda. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, hamda uni takomillashtirish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy rivojlanishining ustuvor tamoyilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida O‘zbekiston xalqi inson huquqlariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qiladi. Bundan tashqari, Asosiy qonunning 43-moddasida davlat tomonidan fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlanishi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida qayd etilganidek, demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

Shaxsiy daxlsizlik huquqi konstitutsiyada mustahkamlangan, har bir insonning subyektiv huquqi hamda uning erkinligi va xavfsizligiga kimningdir noqonuniy tazyiqidan davlat himoyasidir.
Shaxsiy hayot davlat, fuqarolar tomonidan nazorat qilinmaydigan alohida oilaviy, maishiy, xususiy, intim munosabatlarni ham bildiradi. Qonunda shaxsiy hayot deganda, har bir shaxsning faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan yozishma, telefon orqali suhbat, telegraf va boshqa xabarlar, tibbiy, intim ma’lumotlarni oshkor etishi unga ma’naviy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa axborotlar tushuniladi. Shuningdek, konstitutsiya yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bilan birga hech kimning odamlar uyiga kirishi, tintuv yoki tekshiruv o‘tkazishi, yozishma yoki telefon orqali suhbatining maxfiyligini buzishga haqqi yo‘qligini ham o‘zida mustahkamlaydi.
Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini davlat institutlari ta’minlaydi. Uning amalga oshirilishi, davlat organlarining himoyasi va huquq normalari bilan kafolatlanishi darajasi huquqiy davlatning shakllanganlik hamda demokratiyalashganlik darajasini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, uch shart amalda bo‘lgandagina shaxs o‘zini himoyalangan his qiladi:
- birinchidan, konstitutsiya va qonunlarda barcha shaxsiy huquq va erkinliklar aks etgan bo‘lishi kerak;
- ikkinchidan, shaxsning hayotiga va erkinligiga ta’sir qiluvchi davlat aralashuvi qonun bilan aniq belgilab berilishi kerak;
- uchinchidan, shaxs unga nisbatan har qanday aralashuvlarga qarshi samarali himoya vositasi bilan ta’minlanganligi, bu ham o‘z navbatida davlat organlari pozitsiyasini yumshatadi.
Erkinlik va shaxsiy daxlsizliklar qonun bilan kafolatlanadi va faqatgina qonunda belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan cheklanishi mumkin. Bunday organlar qonunga asosan shaxsni hibsga olishi, qamoqda ushlab turishi va ozodlikdan mahrum etishi mumkin. Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha Xalqaro Paktning 9-moddasida ushbu huquq kafolati belgilab berilgan: “Jinoiy ayblov bilan qamalgan yoki ushlangan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hukmronligini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va ayblanayotgan shaxs oqilona muddatda ishi sudda ko‘rilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega”.
Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi – bu har bir inson tug‘ilishi bilan qo‘lga kiritadigan, har kim erkin, o‘z ixtiyori bo‘yicha harakat qilishi, o‘zganing shaxsiy erkinligi va daxlsizligiga ziyon yetmaydigan tarzda yurish-turishni tanlash imkonini beruvchi huquqdir.
Shaxsning erkinligi jamiyatdagi axloq me’yorlari doirasidan chiqmasligi va qonun asosida bo‘lishi kerak, ya’ni shaxs har qanday harakatni qonun va qonun hujjatlarida man etilmagan va huquqiy ko‘rsatmalarga zid kelmagan taqdirda, amalga oshirish mumkin. Yurtimizda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarining ustunligi konstitutsiyaviy asosda e’tirof etilgan.

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ziyod xalqaro hujjatlar, shu jumladan, BMT tomonidan bu sohada qabul qilingan oltita asosiy xalqaro shartnoma qatnashchisi sifatida o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni muntazam ravishda bajarib kelmoqda. Inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirilmoqda. Bu borada Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi qoidalarini hayotimizga teran tatbiq etish yo‘lida izchil va tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi ayniqsa e’tiborga sazovor.
Insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari
Fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy hayotini ba’zan bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishadi. Amalda esa inson hayotining har ikki sohasi ham uyg‘unlik bilan o‘zaro aloqaga kirishib muayyan yaxlitlikni tashkil etadi. Insonga yakka qolish, o‘z yaqinlari bilan muloqotga kirishish imkoniyati yaratilmasdan, uning faol va samarali ijtimoiy faoliyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shaxsiy hayotni ijtimoiy manfaatlarga bo‘ysundirish hamda shaxsiy hayotni individualizm sarqiti sifatida tushunish totalitar tuzumning o‘ziga xos xususiyat sifatida namoyon bo‘lgan va aynan shu negizda davlat va jamiyatning shaxs bilan munosabatlari qurilgan. Hozirgi paytda esa insonlarga turli-tumanlik xos bo‘lib, ularning har biri o‘z dunyoqarashi va huquqiy ongi, ijtimoiy-siyosiy bilimlarga ega.
Shaxsiy hayotning sir saqlanish huquqi – insonni kuzatishga, ta’qib qilishga, uning shaxsiy hayotiga aralashishga, uning telefon va boshqa so‘zlashuvlarini eshitib turilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi konstitutsiyaviy qoidalardan kelib chiqadi va uni cheklashga qaratilgan harakatlar faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkinligi tushuniladi.
Shaxsiy daxlsizlik huquqining barcha tarkibiy qismlari huquqning turli sohalarini o‘zida mujassamlashtirgan yagona kompleks huquqiy institutni tashkil etadi. Shaxsiy hayot daxlsizligi institutining asosiy qismlari 1948-yil 10-dekabrda BMTning Bosh Assambleyasida qabul qilingan “Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi”da ham o‘z ifodasini topgan, uning 12-moddasida “Hech kim uning shaxsiy yoki oilaviy hayotiga aralashishga, uning turar joyi, yozishmalari daxlsizligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga nisbatan tajovuzlarga duchor qilinishi mumkin emas. Har kim bunday tajovuz yoki aralashishlardan qonuniy himoya qilinish huquqiga ega” – deyilgan. Aynan shunday qoidalar fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktda (BMT, 1966-y. 8-modda), Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasida (Rim, 1950-y.) va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o‘zining aksini topgan.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi prinsipini ro‘yobga chiqarilishida bir necha istisno holatlar, ya’ni qonunda belgilangan hollarda va chegaralarda davlatning inson hayotiga kirib borishiga yo‘l qo‘yadi.
Bunday zaruriyat quyidagi sohalarda:
- jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurash sohasida;
- epidemiya yoki tabiiy ofat sharoitlarida;
- harbiy yoki favqulodda holatlarda yuzaga kelganda.
Mamlakatimiz konstitutsiyasiga muvofiq, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi va hech bir shaxs sud hukmisiz aybdor deb topilishi mumkin emas.
Sud vakolatlari ta’sir doirasini kengaytirish lozimligini, sud prokurorga nisbatan shaxs huquq va erkinliklarini muhofaza qilishning ishonchli kafolati ekanligidadir. Chunki sud hokimiyatning mustaqil tarmog‘i sifatida idoraviy manfaatlar bilan cheklanmagan, jinoyatlarning ochilishi darajasi uchun javobgar emas hamda faqat qonunga bo‘ysunadi va sud muhokamasining tartib-qoidalari doirasidagina ish tutadi.
Mamlakatimizda shaxs manfaatlari ustunligi tan olingan sharoitlarda, shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari faqat sud tomonidan cheklanishi mumkinligini huquqiy tartibga solinishi inson va uning erkinliklari oliy qadriyat degan prinsipning amalda ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qiladi.
Shaxsiy erkinlik daxlsizdir. Shaxs daxlsizligini davlat va uning hokimiyat tuzilmalari tomonidan ta’minlanadigan shaxs erkinligining kafolati sifatida tushunish lozim.
Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 5-moddasidagi “Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha, insoniylikka isnod keltiradigan yoki qadr-qimmatini xo’rlaydigan muomala va jazoga mustahiq bo’lmasligi kerak”, degan fikr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida ham o‘z aksini topgan. Deklaratsiyaning 22-moddasida insonning qadr- qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘ymaydigan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitni yaratish zarurligi ko‘zda tutilgan.
Fuqarolarning shaxsiy hayotiga asossiz aralashuv, yozishmalar, telefonda so‘zlashuvlar va telegraf xabarlarini oshkor qilganlik uchun javobgarlikning turli shakllari ko‘zda tutilgan. Faqat qonunda ko‘zda tutilgan ma’lum hollarda, ya’ni jinoiy ishlar ko‘rib chiqilayotgan taqdirdagina yozishmalar ushlanib qolinishi va ularni pochta, telegraf muassasalaridan olib qo‘yilishi mumkin.
Turar joy daxlsizligi huquqi yuqorida ko‘rib o‘tilgan erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, shaxsiy hayot daxlsizligi huquqlariga mazmunan yaqin. Turar joy deganda, xona, hovli, dala hovli, yer maydoni, mehmonxona, yotoqxona va h.k., ya’ni fuqaroning qonun asosida doimiy yoki vaqtincha turar joyi tushuniladi.
Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 12-moddasida o‘zboshimchalik bilan turar joyga kirish va Fuqarolik hamda siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktning 17-moddasida noqonuniy tajovuz qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi qayd qilingan. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, hech kim qonunda belgilangan holatdan tashqari, biror kishining xohish-irodasiga qarshi uning uyiga kirish huquqiga ega emasligi aniq ko‘rsatilgan. Unda tergov ishlari bo‘yicha tintuv dastlabki tergov organlarining prokuror ruxsati bilan asoslangan qarori va guvohlar ishtirokida o‘tkazilishi mumkinligi ta’kidlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining daxlsizligi kafolatlanadi. Shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga faqat O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan asoslar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi.
USHLAB TURILGAN YOKI HIBSDA SAQLANAYOTGAN SHAXS QANDAY HUQUQLARGA EGA?
Hibsga olish yoki ushlab turish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan holatlarning aniq ro‘yxati “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasi”ning 5-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, Yevropada shaxsiy erkinlik huquqi qanday qonuniy asoslarda cheklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan va “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasidagi “erkinlikning asossiz ravishda cheklanishi” iborasini sharhlashga ko‘maklashadi. “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 11-moddasi, “Inson huquqlari bo‘yicha Аmerika konventsiyasi”ning 7-moddasi 7-bandi va “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasiga 4-qo‘shimcha protokol”ning 1-moddasiga ko‘ra, qarzni qaytarib bera olmaslik kabi shartnoma majburiyatlarini bajara olmaganlik uchun ozodlikdan mahrum etish taqiqlanadi.
Ushlab turilgan yoki hibsda saqlanayotgan shaxs qanday huquqlarga ega?
• Hibsga olingan shaxslar zudlik bilan o‘zining ushlab turilish yoki hibsga olinish sabablarini bilish yoki huquqiy yordam olish huquqlaridan xabardor qilinishi lozim. Ular o‘zlariga nisbatan eʼlon qilinayotgan ayblov va ushlab turilish hamda hibsga olinishning qonuniyligi bo‘yicha o‘z eʼtirozlarini bildira olishlari uchun qanday jinoyat sodir etishda ayblanayotganlarini bilishga haqlidirlar (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasi 4-qismi).
• Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs o‘zi xohlagan advokatning ko‘magidan foydalanish huquqiga ega. Аgarda ular bunday huquqdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasalar, malakali va samarador huquqiy yordamdan foydalanishlari taʼminlanishi shart. Ularning huquqiy yordam bilan aloqa qilishlari uchun zarur vaqt ajratilishi va shart-sharoit yaratib berilishi shart bo‘lib, ularning bu huquqi darhol amalga oshirilishi zarur (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 14(3) (g)-moddasi).
• Ushlab turilgan yoki hibsda saqlanayotgan shaxs tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lish huquqidan, xususan, o‘z oila aʼzolari, advokat, shifokor yoki huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, agarda mahbus boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa, konsullik idoralari yoki xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashish huquqidan foydalanishlari zarur. Ularning tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lishlari “g‘oyib bo‘lish”, qiynoq va insoniylikka zid muomalada bo‘lish singari inson huquqlari buzilishlarini himoyalovchi muhim chora bo‘lib, adolatli sudlov huquqlaridan foydalanishlarida katta ahamiyat kasb etadi (BMTning “Qanday shaklda bo‘lmasin, hibsga yoki qamoqqa olingan barcha shaxslarni himoya qilish prinsiplari” turkumi 16-moddasi).
• Jinoyat sodir etishda gumon qilinib hibsga olingan shaxs uchun zudlik bilan sudya yoki tegishli shaxs tomonidan quyidagi choralar ko‘rilishi zarur: a) hibsga olish uchun qonuniy asoslar yetarliligini baholash; b) sudlov jarayonidan oldin ushlab turish masalasining muvofiqligini ko‘rib chiquvchi; d) ushlab turilgan shaxsning farovonligini himoyalash choralarini ko‘rishi mumkin bo‘lgan; e) mahbusning asosiy huquqlari buzilishining oldini olish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga darhol keltirilish huquqiga ega (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasi).
• Sudlov muhokama jarayoni boshlanishidan oldin hibsga olingan shaxs asosli muddatlarda sud qilinishi yoki qo‘yib yuborilishi lozim. Аybsizlik prezumpsiyasiga muvofiq, qoida tariqasida jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxslar ushlab turilishi yoki hibsda saqlanishi mumkin emas (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasi 3-qismi).
• Qanday asoslarga ko‘ra bo‘lmasin, shaxsiy erkinligidan mahrum bo‘lgan shaxslar “Xabeas korpus” huquqidan, yaʼni vakolatli sud oldida o‘zlarining ushlab turilishi yoki hibsda saqlanishi qanchalik qonuniy asoslarga ega ekanligini bilishni va ushlab turish yoki hibsda saqlash uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar muntazam tarzda qayta ko‘rib chiqilishini talab qilish huquqiga egalar. Sudlar hech qanday kechiktirishlarsiz, odatda bir necha kun yoki hafta ichida ushlab turish yoki hibsda saqlashning qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqishlari va agarda bu holat noqonuniy deb topilsa, mahbusning darhol ozod qilinishi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishi shart. Аgarda nomaʼlum muddatlarga erkinlikni cheklash to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lsa (masalan, ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolash), mahbus qoida tariqasida har ikki-uch oyda ushlab turishning maqsadga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqilishini talab qilish huquqiga ega (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasi 4-qismi).
• Ushlab turish yoki hibsga olish noqonuniyligi natijasida jabr ko‘rgan shaxs yetkazilgan moddiy yoki maʼnaviy zararni undirish huquqiga ega (“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 9-moddasi 5-qismi).
INSONNING ERKINLIK VA SHAXSIY DAXLSIZLIK HUQUQINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK
Erkinlik va shaxsiy daxlsizliklar qonun bilan kafolatlanadi va faqatgina qonunda belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan cheklanishi mumkin. Bunday organlar qonunga asosan shaxsni hibsga olishi, qamoqda ushlab turishi va ozodlikdan mahrum etishi vakolatiga ega. Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha Xalqaro Paktning 9-moddasida ushbu huquq kafolati quyidagicha belgilab berilgan: “Jinoiy ayblov bilan qamalgan yoki ushlangan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hukmronligini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va ayblanayotgan shaxs oqilona muddatda ishi sudda ko‘rilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega”.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq shubha qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxsni qamoqqa olish haqidagi sanksiya sudlar tomonidan beriladi. Ushlab turish, qamoqda saqlash, ozodlikdan mahrum qilish, ma’muriy, jinoiy-protsessual, jinoiy huquqlarda aniq belgilab qo‘yiladi.
Shaxsiy daxlsizlik, shaxs erkinligi huquqi faqat tegishli instansiya sudining, ya’ni birinchi, apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalaridagi sudning qarori asosidagina cheklanishi mumkin.
Huquqlari muhofaza qilinayotgan subyektlarga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, xorijiy fuqarolar va mamlakatimiz hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kiritish lozim.

Shaxsiy erkinlik va daxlsizlik to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalar jinoyat-protsessual qonunchiligida rivojlantiriladi va to‘ldiriladi. Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksining 18-moddasi 2-qismida: “Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”1, deb belgilangan. Uning 3-qismida esa sud va prokuror qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etilgan yoki qonun yoxud sud hukmida nazarda tutilganidan ortiq muddat hibsda ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan har qanday shaxsni darhol ozod qilishi shartligi qat’iy belgilangan. Ushbu moddaning 4-qismida fuqarolarning shaxsiy hayoti, ularning turar joylari daxlsizligi, o‘zaro yozishmalari, telegraf aloqalari va telefon orqali so‘zlashuvlarining sir saqlanishi qonun bilan qo‘riqlanishi haqidagi norma mustahkamlab qo‘yilgan.
Shaxsiy erkinlik va daxlsizlik to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalar jinoyat-protsessual qonunchiligida rivojlantirildi. Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksining 18-moddasi 1-qismida:
Jinoyat ishini yuritish uchun mas’uliyatli barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishlari shartligi;
18-moddasi 2-qismida: hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi hamda sud va prokuror qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etilgan yoki qonun yoxud sud hukmida nazarda tutilganidan ortiq muddat hibsda ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan yoxud uy qamog‘ida bo‘lgan har qanday shaxsni darhol ozod qilishi shartligi;
18-moddasi 3-qismida: fuqarolarning shaxsiy hayoti, ularning turar joylari daxlsizligi, o‘zaro yozishmalari, telegraf aloqalari va telefon orqali so‘zlashuvlarining sir saqlanishi qonun bilan qo‘riqlanishi;
18-moddasi 4-qismida: shaxs egallab turgan turar joy yoki boshqa bino va hududda tintuv o‘tkazish, olib qo‘yish, ko‘zdan kechirish, aloqa muassasalarida pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va ularni olib qo‘yish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish faqat ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkinligi hamda ishni yuritish jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini buzish oqibatida unga yetkazilgan zarar ushbu Kodeksda belgilangan asoslar va tartibda undirilishi lozimligi belgilangan.
Kodeksning 220-moddasiga binoan, ushlab turish jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishi, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida, qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilishdan iboratdir.
Jinoyat-protsessual ushlab turishning asosiy maqsadi va mohiyati – erkinlikni cheklashning vaqtinchaligidir. Qonunga muvofiq inson erkinligini qisqa vaqtga cheklash, faqat ushlangan shaxsning jinoyatga haqiqatan ham aloqadorligi yoki aloqador emasligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Ushlab turish asoslarining qatʼiy tartibda belgilab qo‘yilishi hozirgi zamon qonunchiligida ustuvor bo‘lib, shaxsning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarining yana bir kafolatlanish shakli hisoblanadi.
Shaxsni qonunga xilof ravishda ushlab turish va hibsga olish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Unga ko‘ra, bila turib, qonunga xilof ravishda ushlab turish, ya’ni tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan qonuniy asosga ega bo‘lmagan holda shaxs erkinligining qisqa muddatga cheklanishi – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bila turib, qonunga xilof ravishda hibsga olish yoki hibsda saqlash – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Inson erkinligi va shaxsiy daxlsizligining buzilishi har bir shaxsning sudga shikoyat bilan murojaat qilish hamda buzilgan huquqlarini tiklash va uning talablarini qondirish huquqini keltirib chiqaradi. Modomiki, jamiyatimizda inson manfaatlari ustuvor ekan, fuqarolar o‘zligini anglash, haq-huquqini tanish uchun murojaat etish huquqlaridan foydalanishlari lozim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
- Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi
- Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Pakt
- Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi
- Ўзбекистон Республикасининг Конституциясига шарҳ. Муаллифлар жамоаси. -Т.: ТДЮИ нашриѐти, 2012. 649 бет.
- Inson huquqlari: darslik / A.R. Mo‘minov, M .A. Tillabayev; – 2 -nashr. – Т.: A dolat, 2013. – 504 b.
- Инсон ҳуқуқлари [Матн] : Парламент аъзолари учун қўлланма. – Тошкент: Baktria press, 2019. – 284 б.