O‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan va jahonda tom ma’noda yangi qiyofada namoyon bo‘layotgan O‘zbekiston muhim siyosiy voqelik – O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarini qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishi – Referendum o‘tkazilishi arafasida turibdi. Mazkur referendumning yurtimizda jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o‘sgan, fuqarolarning mas’uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda o‘tayotganligi xalqimizning va xalqaro hamjamiyatning unga nisbatan bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi.

Darhaqiqat, zamonaviy demokratik huquqiy davlatning siyosiy hayotida referendum va saylovlarning ahamiyati beqiyos. Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda erkin, adolatli saylovlar o‘tkazish demokratik qadriyatlarni qaror toptirishning eng muhim omillaridan biriga aylandi. Zero, 2021-yilning 24-oktabridagi navbatdagi Prezident saylovi ham eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan milliy saylov qonunchiligi asosida o‘tganligini xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etdi.
Diqqatga sazovor tomoni shundaki, yangi O‘zbekistonda yangi saylov sifatida o‘tganligi e’tirof etilgan mazkur jarayon mamlakatni demokratik yangilashning bugungi bosqichidagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining benuqson va samarali ishlashini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta’minlash, ko‘p jihatdan, ochiq va oshkora tashkil etiladigan saylovlarda namoyon bo‘ladi. Saylov xalq hokimiyatchiligining yorqin timsoli bo‘lib, jamiyat a’zolarining, saylovchi fuqarolarning manfaatini, qolaversa, xalqning siyosiy madaniyatini, ijtimoiy adolat, qonuniylik, tenglik kabi tamoyillarning amaldagi ifodasini namoyon etadi.
Saylov huquqi har bir fuqaroning mamlakat hayotida, uning boshqaruvida faol ishtirok etishiga qaratilgan bo‘lib, inson hamda jamiyat va davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun sharoit yaratib beradi. Bu huquq fuqarolarning referendumlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovida qatnashishi orqali amalga oshiriladi.
Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari masalasi O‘zbekiston saylov qonunchiligida asosiy o‘rinni egallaydi. 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirishni ta’minlovchi shart-sharoit va mexanizmlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilish, amalga oshirish, ularga rioya qilish kafolatlarini ta’minlashning shart-sharoitlari, vositalari, mexanizmlari, usullari nazarda tutildi. Kodeksda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy, g‘oyaviy va huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Mazkur risolada fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari tushunchasi, turlari, mohiyati va huquqiy asoslarini o‘rganish asosiy maqsad qilib olindi.
Umid qilamizki, risola mamlakatimiz saylovchi fuqarolariga bo‘lajak saylovlarda faol ishtirok etishlari va o‘z saylov huquqlaridan to‘la-to‘kis va keng foydalanishlarida amaliy yordam beradi.
1. FUQAROLARNING SAYLOV HUQUQLARI
KAFOLATLARI NIMA?
Fuqarolarning umum e’tirof etilgan eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri bu saylov huquqidir. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda siyosiy, huquqiy tizim bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida yuksak demokratik talablarga mos milliy saylov tizimi yaratildi. Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi to‘liq ta’minlandi. Bunda saylov huquqiga oid umum e’tirof etilgan demokratik me’yorlarning Konstitutsiya va qonunlarimizda mustahkamlab qo‘yilganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fuqarolar saylov huquqlarining qonunda mustahkamlab qo‘yilishi va bu huquqlardan to‘la-to‘kis va samarali foydalanishi juda muhim va zarur masalalardan hisoblanadi.
Aynan shu yerda kafolat masalasi markaziy o‘rin egallaydi. Kafolat fransuzcha garantie so‘zidan olingan bo‘lib, “javob berish”, “ta’minot”, “tasdiqlash” degan ma’nolarni anglatadi.
Yodda tuting!
Saylov huquqlari kafolatlari deganda fuqarolarga Konstitutsiya va boshqa qonunlar bilan o‘rnatilgan saylov huquqlaridan to‘liq va keng foydalanish imkonini beruvchi chora-tadbirlar, shart-sharoitlar va me’yorlar yig‘indisi tushuniladi.
Qonunchilikda “kafolat” atamasidan huquqlarni ta’minlash ma’nosida ishlatilsa-da, saylov huquqlarining to‘la-to‘kis va benuqson amalda joriy etilishi uchun davlat organlari va fuqarolarning o‘zlari ham birmuncha mas’ul va faol bo‘lishlari talab etiladi. Bunda, eng avvalo, har qanday huquq singari saylov huquqini ham ta’minlash choralari ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
Saylov huquqlari kafolatlari mexanizmi saylov huquqlarini amalga oshirishning bir-biri bilan bog‘liq me’yorlar, tartibotlar va shartlar tizimidan iboratdir.
Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari tamoyili shuni bildiradiki, saylov huquqi fuqaroga tegishliligidan va qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lishidan qat’i nazar, fuqaro o‘z saylov huquqini qonunda taqiqlanmagan hamma choralar bilan himoya qilishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning saylov huquqlarini tan olish va ular buzilgan taqdirda, tiklash imkonini beradi. Shunisi xarakterliki, qachonki davlat yoki boshqa shaxs (organ) saylov huquqini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olsagina, bu huquq samarali amalga oshirilishi mumkin.

Saylov huquqi kafolatlari saylov huquqining hayotga to‘liq joriy etilishi uchun juda zarur tamoyil hisoblanadi. U shunday sharoitni yaratadiki, bunda Konstitutsiya va boshqa qonunlarda qayd etilgan saylov huquqlarining shaxsning huquqiy maqomi, huquq va erkinliklari to‘g‘risidagi qoidalar amalda har bir kishiga tegishli ekani ta’minlanadi.
Yodda tuting!
Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlab beruvchi, amaldagi qonunchilikda o‘z aksini topadigan, ko‘rsatilgan huquq va erkinliklarni aniqlashtirib beradigan barcha choralarni o‘z ichiga oladi.
Muxtasar qilib aytganda, fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari tushunchasi keng ma’noda fuqarolar saylov huquqlarining to‘liq amalga oshirilishi va himoyasiga qaratilgan barcha obyektiv va subyektiv omillarni qamrab oladi.
2. SAYLOV HUQUQLARI KAFOLATLARINING QANDAY TURLARI MAVJUD?
Yuridik adabiyotlarda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari ko‘pincha quyidagi turlarga ajratiladi:

Ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlar fuqarolarga saylov huquqlaridan foydalanishni ta’minlab beruvchi (ijtimoiy barqarorlik, rivojlanayotgan iqtisodiyot va h.k.) maxsus muhitni va moddiy asosni ko‘zda tutadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi davlatga qonuniy iqtisodiy faoliyat hamda raqobatni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlab berishni, monopollashtirish va g‘irrom raqobatni taqiqlab, mulkchilikning barcha shakllari tengligini va ularni teng himoya qilish majburiyatini yuklaydi.
Saylov huquqlarini moddiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarga iqtisodiy (moddiy) kafolatlar deyiladi.
Mafkuraviy kafolatlar – bu davlat va jamiyatning shaxs dunyoqarashining erkinligini shakllantiradigan sharoitlarni yaratishga (qo‘llab-quvvatlashga) qaratilgan faoliyatidir.
Fuqarolar saylov huquqlarining siyosiy kafolatlari quyidagilar bilan ta’minlanadi:

Ba’zida tashkiliy kafolatlar ham farqlanadiki, u davlat va jamiyat tashkilotlari faoliyatida mujassamlashadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan kafolatlarning hammasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yagona tizimni tashkil etadi. Har bir vositaning samaradorligi, ma’lum darajada ularning o‘zaro ta’siriga, fuqarolarning saylov huquqlarini so‘zsiz ta’minlash maqsadlarida faol ishlatilishiga bog‘liqdir. Albatta, bu tizim hali bu darajada juda mukammal emas. Huquqiy baza yanada takomillashtirilishi, saylov huquqlarini himoya qilish organlari faoliyatining professionalizmini oshirish lozim.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, qachonki fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash majburiyati muayyan normativ-huquqiy hujjat bilan davlat yoki boshqa mas’ul shaxs (organ)ga yuklatilsagina, u to‘liq va benuqson amalga oshirilishi mumkin.
Ayni paytda shu narsani doimo yodda tutish kerakki, saylov huquqlari kafolatlarining samarasi ko‘p jihatdan fuqarolarning faolligiga bog‘liq. Zero, saylovlar, avvalo, o‘z taqdirimizga o‘zimiz egalik qilish, kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etish, o‘zimiz ongli ravishda tanlagan munosib nomzod orqali jamiyat va davlatni boshqarish demakdir.
Dunyoning turli mamlakatlarida saylov huquqlarini himoya qilishning turli xil mexanizmlari mavjud. Zamonaviy dunyoda saylov huquqlarini ta’minlashning xalqaro tizimi shakllangan bo‘lishiga qaramasdan, bunday himoyaning samaradorligi, avvalambor davlatning ichki mexanizmi qay tarzda qurilganligi va ishlashi bilan belgilanadi.
3. SAYLOV HUQUQINING YURIDIK KAFOLATLARI NIMA?
Yuridik (huquqiy) kafolatlar fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashga qaratilgan barcha huquqiy vositalarni o‘z ichiga olib, saylov huquqining mazmunini ochib beradi va aniqlashtiradi hamda joriy qonunchilik normalarida aks etadi.
Saylov huquqining yuridik kafolatlari deganda, avvalo, saylov huquqini ta’minlashga qaratilgan moddiy va protsessual huquq institutlari va normalarining keng tarmog‘ini tushunish lozim. Zero, shaxsning huquqiy maqomini belgilovchi normalar bilan saylov huquqlarini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar ham o‘rnatiladi.
Yodda tuting!
Yuridik kafolatlar deganda, fuqarolarning saylov huquqlarini huquq normalari orqali ta’minlab qo‘yilishi, ularni davlatning butun huquqni muhofaza qilish faoliyati orqali himoya qilinishi tushuniladi.
Yuridik kafolatlar

Yuridik kafolatlarning boshqa kafolat turlaridan asosiy farqi shundaki, agar iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy kafolatlar inson va fuqaroning o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishida ilk qadam bo‘lsa, huquqiy kafolatlar esa saylov huquqlarining amalga oshirilishini aniq va to‘liq ta’minlashga, bu huquqlarni tajovuzlardan himoya etishga qaratilgandir.
Shuni unutmaslik kerakki, barcha normalar ham fuqarolar saylov huquqlarining yuridik kafolatlari hisoblanmaydi. Faqatgina o‘zida fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilish va ular buzilgan taqdirda, ularni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi normalar saylov huquqining yuridik kafolatlaridir.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilish mexanizmini kafolatlar tizimi bilan o‘z normalarida aks ettiradi. Ushbu mexanizmning samarali ishlashi davlat hokimiyati organlarining va mansabdor shaxslarning nechog‘li mas’uliyatni his qilgan holda faoliyat yuritishiga, amaldorlarning o‘z mansab vazifalarini bajarish chog‘ida noqonuniy harakati (harakatsizligi) uchun javobgarlikni oshirilishiga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy madaniyati yuksalishiga bog‘liqdir.
4. FUQAROLARNING SAYLOV HUQUQLARI XALQARO HUQUQNING QAYSI HUJJATLARI BILAN KAFOLATLANADI?
Hozirgi paytda dunyoda insonning saylov huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, erkin, demokratik, adolatli saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasiga doir 20 dan ziyod xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
Ta’kidlash joizki, fuqarolarning saylov huquqlari, avvalo, saylovga oid xalqaro huquq normalari va standartlari bilan kafolatlanadi. Xususan, 1948-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” (21-modda), 1966-yilgi “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” (25-modda), 1952-yil 20- dekabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi Konventsiya (1–2-moddalar), Parlamentlararo ittifoq Kengashining 1994-yilgi “Erkin va adolatli saylov prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiya”si, BMTning 2005-yil 27-oktabrda qabul qilingan “Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari to‘g‘risida”gi Deklaratsiyasi, unga ilova qilingan “Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning ahloq kodeksi”, 1950-yilgi “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konventsiyasi”, 1969-yilgi “Inson huquqlari to‘g‘risidagi Amerika konventsiyasi”, 1986-yilgi “Inson va xalqlar huquqlarining Afrika xartiyasi”, 1990-yil 21- noyabrda qabul qilingan “Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi” (O‘zbekiston Respublikasi uchun 1993-yil 27-noyabrdan kuchga kirgan), YeXHTning 1990-yilgi “Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi” Kopengagen kengashining hujjati hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy hujjatlar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi yuqorida nomlari zikr etilgan barcha xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi
21-MODDA
1. Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega.
2. Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega.
3. Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi lozim; bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozim.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt
25-modda
Har bir fuqaro hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar
a) ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish;
v) yalpi va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovlarning erkin holdagi xohish-irodasini ta’minlovchi chinakam davriy saylovda ovoz berish va saylanish;
s) o‘z mamlakatida umumiy shartlarda davlat xizmatiga kirishda tenglikka yo‘l qo‘yish kabi huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.
Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya
1-modda
Xotin-qizlar hech bir kamsitishlarsiz erkaklar bilan teng sharoitlarda barcha saylovlarda ovoz berish huquqiga egadirlar.
2-modda
Xotin-qizlar hech bir kamsitishlarsiz erkaklar bilan teng sharoitlarda saylab qo‘yiladigan muassasalarga milliy qonunchilikda belgilangan tartibda saylanishi mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan xalqaro hujjatlarda fuqarolar saylov huquqlarining ta’minlanishiga qaratilgan xalqaro andozalar o‘rnatilgan.
O‘zbekistonda ana shunday xalqaro andoza va talablar asosida demokratik va adolatli saylovlar haqida qonunlar ishlab chiqilgan.

. O‘zbekistonda qanday qonunlar fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlaydi?
Mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqi va erkinliklari umum e’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq holda milliy saylov qonunchiligi bilan kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasi hamda 17-moddasida xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustuvorligi tan olinadi. Konstitutsiyaning X bobi “Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, 43-moddasida: “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”, deyilgan.

Fuqarolarning siyosiy huquqlari orasida eng muhimi davlat vakillik organlari va boshqa hokimiyat organlarini tuzishda faol ishtirokini ta’minlovchi saylov huquqidir. Shu sababli fuqarolarning saylov huquqlarini amalda ta’minlashga yordam beradigan huquqiy vositalar, yuridik usullar va shart-sharoitlar yaratish davlatimizning diqqat markazidadir. Saylovga oid xalqaro normalar va standartlar asosida ishlab chiqilgan Konstitutsiyamizning alohida 117-moddasi aynan saylov tizimiga bag‘ishlangan: “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi”.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi fuqarolar saylov huquqlarini kafolatlovchi asosiy qonunlardan biridir. Uni ishlab chiqishda 20 dan ortiq davlat, jumladan, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Turkiya kabi mamlakatlar tajribasi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar puxta o‘rganib chiqilgan, 10 dan ortiq xalqaro hujjatlarning asosiy g‘oyalari loyihaga chuqur singdirilgan. YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qo‘mitasi, Saylov organlari butunjahon assotsiatsiyasi kabi qator nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari Saylov kodeksida hisobga olingan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida saylovni o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yorlar nazarda tutilgan.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksda saylov komissiyalarining xatti-harakatlariga doir nizolar, saylovni o‘tkazish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudga murojaat qilishga haqlidir.
Saylov komissiyasining xatti-harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqilishi, biroq bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolarning saylov huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bilan ham himoya qilinadi. Jumladan, saylovni tashkil qilish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hamda saylov huquqining yoki ishonchli vakillar vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish kabi harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146- va 147-moddalarida jinoiy javobgarlik belgilangan.
Saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, ovoz berish byulletenlariga yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash kabi harakatlar jinoiy qilmish sifatida baholanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, saylovga oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari, avvalo, mazkur muhim siyosiy tadbirning qonunga qat’i amal qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlashga, bu jarayonda har qanday qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
6. SAYLOV KODEKSIDA FUQAROLARNING SAYLOV HUQUQLARI KAFOLATLARI QANDAY BELGILANGAN?
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi eng yuqori demokratik standartlarga mos bo‘lib, fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini kafolatlaydi. Unda demokratik saylovlarni o‘tkazishning aniq tartib-taomillari belgilangan bo‘lib, saylov tizimining barcha jihati qamrab olingan. Saylov kodeksiga muvofiq fuqarolar saylov huquqlarining ishonchli himoya qilish vazifasi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatilgan.

Saylov kodeksi umumiy saylov huquqi tushunchasini aniqlashtiradi va mustahkamlaydi.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir (4-modda).
Fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, saylov to‘g‘risidagi qonunlarda belgilab qo‘yilgan talablar bundan mustasnodir.
Mamlakatimiz qonunchiligida nazarda tutilgan umumiy saylov huquqi faqat O‘zbekiston fuqarolariga tegishli. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekiston hududida yashovchi ajnabiylar saylovda qatnashish va vakillik organlariga saylanish huquqiga ega emas. Shuningdek sud hukmi bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning bu huquqdan mustasno qilinganligi tamomila tabiiy va qonuniyatli bir holdir. Buning boisi shuki, bunday shaxslar o‘z xatti-harakatlari yuzasidan o‘zlariga hisob berolmaydilar va saylovda qatnashish huquqidan ongli ravishda foydalana olmaydilar.
Avvalgi qonunlarda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda qatnashmasligi belgilangan bo‘lsa, yangi kodeksga asosan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylov huquqi vujudga keldi.
Saylov kodeksiga binoan Markaziy saylov komissiyasi ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tuzish, ovoz berishni tashkil etish tartibini belgilashga qaratilgan alohida qaror qabul qiladi.
Umumiy saylov huquqi O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida, kasalxonalarda, tug‘ruqxonalarda, sanatoriylarda va boshqa shifoxonalarda, kemalarda, yirik temir yo‘l stansiyalarida, aeroportlarda va shu singarilarda saylov uchastkalarini tashkil etish yo‘li bilan ham ta’minlanadi. Tegishli organlar saylov uchastkalarini tuzish va ovoz beriladigan joylarni belgilash vaqtida saylovchilar uchun eng maqbul qulaylik vujudga keltirish zarurligini ko‘zda tutadi.
Saylov dam olish kuni o‘tkaziladi. Saylov bilan bog‘liq xarajatlar davlat hisobidan bo‘lib, bu qoida Saylov kodeksida mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovga, mahalliy Kengashlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi (98-modda).
Saylov o‘tkazish uchun eng yaxshi jamoat binosi ajratib beriladi. Fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishiga hech narsa xalaqit bera olmaydi.
Qonunda fuqarolarning saylov huquqlarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan. Umumiy saylov huquqining kafolatlanganligi fuqarolarning ovoz berishda deyarli yoppasiga ishtirok etishlarini ta’minlaydi.
O‘zbekistonda fuqarolarning saylovda qatnashishlariga keng va real imkoniyatlar yaratilgan. Saylov kodeksining 27-moddasiga binoan saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, saylovchilar ro‘yxati tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Qonunga muvofiq, fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi (29-modda).
Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart. Uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin (30-modda).
Biror bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga vaqtida kirmay qolgan saylovchi uning shaxsi, fuqaroligi va turar joyini tasdiqlovchi hujjatga asosan uchastka saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga kiritiladi.
Kodeksda saylov senzlarining kamligi va adolatli qilib belgilanganligi ham saylov huquqini kafolatlashga xizmat qiladi.
Qonun fuqarolarga ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi hamda xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqini ta’minlaydi va fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga xizmat qiladi.
Saylov kodeksining 5-moddasiga binoan, saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.
Albatta, saylanuvchilar uchun yosh senzi biroz yuqoriroq belgilangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin (61-modda).
Saylov kodeksining 11-moddasida ko‘rsatilganidek, saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.
Saylovda qatnashish uchun yosh senzi va qisman o‘rtoqlik senzlaridan boshqa cheklovchi senzlarning yo‘qligi saylov huquqining chinakam va haqiqiy umumiyligini ko‘rsatadi.
Saylov kodeksining 6-moddasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipi mustahkamlangan.
Kodeksda fuqarolar saylov huquqlariga rioya qilishning muhim kafolatlari sifatida quyidagi asosiy tamoyillar belgilangan:
Birinchidan, saylovning ochiqligi va oshkoraligi.
Saylov kodeksining 8-moddasiga binoan saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi.
Kodeksning quyidagi normalari saylovlarda shaffoflikning ta’minlanishiga xizmat qiladi:
– fuqarolarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanganligi (29-modda);
– Markaziy saylov komissiyasining qarorlari uning rasmiy veb-saytida o‘sha kunning o‘zida e’lon qilinishi lozimligi (16-modda);
– viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida o‘z tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi (19-modda);
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi (97-modda);
– siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori haqidagi axborot Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi (100-modda);
– Senat a’zolarini saylash bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining qo‘shma majlislarni o‘tkazish sanasi, vaqti hamda joyi ko‘rsatilgan qarori uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi (78-modda);
– siyosiy partiyalar o‘zining saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborotni saylov yakunlari e’lon qilinganidan keyin bir oy ichida o‘z rasmiy veb-saytlarida va bosma nashrlarida e’lon qilishi (100-modda);
– saylov komissiyalarining fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti to‘g‘risida xabardor etishi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtirishi (11-, 14-, 22-, 24-moddalar);
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar to‘g‘risidagi, shuningdek, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qilinishi ( 20-, 97-moddalar);
– saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkazilishi (11-modda);
– saylov komissiyalari qarorlarining ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi (11-, 14-, 16-, 20-moddalar);
– saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqining ta’minlanganligi (33-35-moddalar) va boshqalar.
Shaffoflikni ta’minlash ovoz berish boshlangandan boshlab, tugaganda ham davom etadi. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida ovoz berishning boshlanganligini e’lon qilib, saylov qutilarining bo‘shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, uchastkadagi ro‘yxat bo‘yicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida ma’lum qiladi.
Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha aʼzolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida eʼlon qiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari aks etgan bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.
Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.
Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Ikkinchidan, erkin saylovlar. Saylov kodeksining 7-moddasiga binoan saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi.
Fuqarolar saylovda erkin va ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Hech kimning ularni muayyan bir nomzodni yoqlab yoki unga qarshi ovoz berishga majbur qilishga haqqi yo‘q. Shu bilan birga, hech kim fuqaroga uni saylovda ishtirok etishga majburlash maqsadida hamda uning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir ko‘rsatishga haqli emas. Saylovlarda ovoz berish yashirin bo‘lib, fuqarolar tomonidan bevosita amalga oshiriladi.
Fuqarolarning xohish-iroda bildirishlari ustidan nazorat etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Byulletenlarni to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa biron-bir kishining hozir bo‘lishi taqiqlanadi.
Uchinchidan, haqqoniy saylovlar. Saylovlar fuqarolarning xohish-irodasini erkin bildirishi va uni bevosita amalga oshirishini taʼminlaydi. Saylov kodeksi saylovchilarga nomzodlarni tanlash imkoniyatini beradi. Hozirgi kunda mamlakatimizda siyosiy pluralizm, g‘oyalar xilma-xilligi hamda ko‘ppartiyaviylik amalda to‘liq taʼminlangan. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladi. Saylov muddati va tartibi nomzodlarga, saylov jarayoni ishtirokchilariga keng ko‘lamli hamda to‘laqonli saylovoldi tashviqotini olib borish imkonini beradi.
Yurtimizda haqqoniy saylovni o‘tkazish maqsadida nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun teng huquqiy sharoitlar yaratilgan (41-modda). Ro‘yxatga olish tartibi aniq va tushunarli qilib taʼriflangan. Unda kim uchundir imtiyoz berish yoki kimnidir cheklash uchun asos bo‘ladigan sharoitlar ko‘zda tutilmagan. Ovozlarni sanab chiqish, ovoz berish yakunlari hamda saylov natijalarini soxtalashtirish, fuqarolarning o‘z saylov huquqlarini erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish qonun bilan taqiqlangan.
To‘rtinchidan, adolatli saylov printsipi. Saylovlarning adolatliligi tamoyili nomzodlarga teng huquqiy sharoitlarning ta’minlanishi (20-, 41-moddalar) bilan belgilanadi. Adolatli saylovlar tamoyili, shuningdek umumiy va teng saylov huquqida, ayni paytda nomzodlarga saylov kompaniyasida ishtirok etishda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilishi va kafolatlanishida (14-, 20-moddalar) ham namoyon bo‘ladi. Shuningdek, saylovni, saylov kampaniyasini adolatli va oshkora moliyalashtirish (100-modda), saylovning barcha tadbirini rasmiy eʼlon qilish, ovoz berish natijalari haqida to‘liq va tezkorlik bilan xabardor qilish (97-modda), qolaversa, saylov jarayonining ochiq hamda oshkora, jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar nazorati ostida faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari (11-, 33-moddalar) tomonidan tashkil qilinishi ham adolatli saylov garovi hisoblanadi.
Beshinchidan, saylovlarni mustaqil saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi. O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, fuqarolarning saylov huquqi hamda erkinligini taʼminlash, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish Konstitutsiya va qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida xolis faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Konstitutsiyamizning 117-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy printsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik hamda adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir. Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart (26-modda).
Oltinchidan, saylovni va saylov kampaniyasini davlat tomonidan moliyalashtirilishi. Saylov kodeksida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Xususan, unda ko‘rsatilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovga, mahalliy Kengashlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi (98-moddasida). Davlat saylovda ishtirok etayotgan nomzodlarga o‘z saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun budjet mablag‘larining qonunlarda ko‘zda tutilgan holatlarda va tartibda adolatli ajratilishini taʼminlaydi. Chet davlatlarning, ular jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar saylov o‘tkazish uchun o‘z mablag‘larini ixtiyoriy ravishda berishi mumkin. Bu mablag‘lar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kompaniyasi jarayonida ulardan foydalanish uchun qabul qilib olinadi.
Yettinchidan, saylov kampaniyasini yoritishga, nomzodlar va siyosiy partiyalarga tashviqot faoliyatini olib borishga davlat tomonidan axborot ko‘magi berilishi. Davlat saylov, nomzodlar haqida axborotni izlash, to‘plash, tarqatish erkinligini, ommaviy axborot vositalarida saylovning xolis yoritilishini taʼminlaydi. Qonunchilikka muvofiq, ommaviy axborot vositalari nomzodlar ko‘rsatilishi, ularning saylovoldi dasturlari, saylov kompaniyasining borishi hamda ovoz berish yakunlari va saylov natijalari haqida aholini xabardor qiladi (44–48-moddalar).
Davlat fuqarolarga, nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini qonun ruxsat bergan barcha tur, shakl va usullarda, shuningdek qonunda ko‘zda tutilgan tartib hamda muddatlarda erkin olib borishni taʼminlaydi. Kodeksga muvofiq, barcha nomzodga o‘z saylovoldi tashviqotini olib borish, shu jumladan, Saylovoldi dasturi qoidalarini keng targ‘ib qilish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda adolatli va teng sharoitlar taʼminlanadi. Ayni paytda ommaviy axborot vositalari erkinligini suiisteʼmol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlarning, siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlarni, shuningdek nomzodlarning shaʼni hamda qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi (44-modda).
Sakkizinchidan, saylovlarda milliy, xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki. Saylov kodeksiga asosan saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega (33–35-moddalar).
Nomzodlarning har biri qonun bilan belgilangan tartibda har bir saylov uchastkasiga bittadan kuzatuvchi tayinlashga haqli. Ular ovoz berish xonalarida kuzatuvni amalga oshirish huquqiga ega. Kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari qonun bilan belgilangan (33-modda).
Xalqaro kuzatuvchilarning saylovda ishtiroki siyosiy tadbirning ochiq hamda oshkoraligiga, davlatning xalqaro majburiyatlarga rioya etishiga xizmat qiladi. Ularning faoliyati xalqaro hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Xalqaro kuzatuvchilar davlat hududiga qonunda belgilangan tartibda kirishga ruxsat oladi hamda tegishli taklifnoma bo‘lgan taqdirdagina Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga o‘rnatilgan namunada mandat beradi (33-modda). Bunday mandat xalqaro kuzatuvchiga saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish davrida kuzatuvni amalga oshirish huquqini beradi. Saylov kodeksida xalqaro va milliy kuzatuvchilarga saylov kompaniyasi boshlanishidan – ovoz berish natijalari eʼlon qilingungacha bo‘lgan davrdagi barcha jarayonni kuzatishga ruxsat berilishi kafolatlangan. Bu xalqaro amaliyotda juda kam uchraydigan majburiyatlardan biridir. To‘qqizinchidan, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi ustidan shikoyat qilish huquqi va javobgarlik. Fuqaroning saylov
huquqi hamda erkinliklari buzilganda jabrlangan shaxs yoki shaxslar mustaqil sudlarga shikoyat qilish huquqiga ega. Saylov kodeksining 103- moddasiga ko‘ra, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.
O‘ninchidan, kamsitmaslik tamoyili va kamsitish deb hisoblanmasligi kerak bo‘lgan choralar. Fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishiga oid yuqorida zikr etilgan huquq hamda erkinliklari qonun bilan cheklanishi mumkin. Agar bunda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sudning hukmiga muvofiq, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylash va saylanish huquqini cheklash ko‘zda tutilsa, u holda bu kamsitish xususiyatiga ega chora sifatida ko‘rilmaydi.
Siyosiy partiyalar tashkil etilishi va faoliyatiga bog‘liq holda nomzodlar ko‘rsatilishi hamda fuqarolarning saylov huquq va erkinliklarini cheklash ko‘zda tutilishi mumkin. Bu cheklashlar ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab amalga oshirilmasligi kerak. Cheklashlar faqatgina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa tegishli qonunlar bilan belgilanishi mumkin hamda milliy xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash, jamiyat farovonligi yo‘lida, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadidagina asosli qo‘llanilishi mumkin. Eng muhimi, bunday cheklashlar davlatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Saylov kodeksida imkoniyati cheklangan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash maqsadida saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkinligi, ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi tashkil etilishi, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish shartligi va boshqa muhim qoidalar ham qayd etilgan.
7. SAYLOV HUQUQLARINI SUD TOMONIDAN HIMOYA QILINISHI QANDAY AMALGA OSHIRILADI?
Fuqarolarning saylov huquqlari qonun bilan kafolatlanadi va sud tomonidan himoya qilinadi. Saylov kodeksida saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi mustahkamlangan. Unga ko‘ra, saylov komissiyalari saylov kampaniyasini o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqishi, ushbu murojaatlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol ko‘rib chiqib, javob qaytarishi shart (101-modda).
Murojaatlar qaydlov daftarida ro‘yxatga olinishi lozim.
Murojaatni ko‘rib chiqqan saylov komissiyalari aʼzolari uni ko‘rib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror to‘g‘risida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.
Agar fuqaro saylovchilar ro‘yxatida xato yoki noaniqliklarni aniqlasa, tegishli saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Shuningdek, fuqaro bu haqida sudga ham murojaat qilishi mumkin.
Saylov komissiyasining vakolatiga kirmaydigan murojaat uch kunlik muddatda tegishli organga yuboriladi va bu haqda murojaat yuborgan shaxs xabardor qilinadi.
Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham kodeksda o‘z ifodasini topgan.
Fuqarolar saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli maʼmuriy sudga murojaat qilishi mumkin.
Bunda saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqiladi.
Murojaat bo‘yicha o‘tkaziladigan sud majlisida arizachi va tegishli saylov komissiyasining vakili, shuningdek, prokuror, agar shikoyat ariza bergan shaxsga emas, boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxs ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Yuqorida qayd etilgan shaxslarning kelmasligi shikoyatni sudda ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Eʼtiborlisi, sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi va darhol ijro etilishi shart.
Saylov kodeksiga muvofiq saylov komissiyalarining qarorlari ustidan yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida saylovni o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida bob o‘rin olgan. Xususan, uning VI bobida Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
Saylov komissiyalarining xatti-harakatlariga doir nizolar, saylovni o‘tkazish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar O‘zbekiston Respublikasining maʼmuriy sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasining maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 4-moddasiga binoan har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun maʼmuriy sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.
Saylov komissiyasining xatti-harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqilishi, biroq bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqlaridan biri hisoblangan saylash va saylanish huquqi jinoyat qonunchiligi bilan ham himoya qilinadi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, saylovga oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari, avvalo, mazkur muhim siyosiy tadbirning qonunga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazilishini taʼminlashga, bu jarayonda har qanday qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
XULOSA
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqlari kafolatlari Konstitutsiya va boshqa qonunlarda mustahkamlanib, davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Bu quyidagi prinsiplar va talablarga asoslanadi:
Birinchidan, fuqarolarning saylov huquqlari Konstitutsiya va qonunlar bilan taʼminlanadi, ushbu qonunchilik asosi inson huquq hamda erkinliklari, shu jumladan, fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda saylovlar yo‘li bilan shakllantiriladigan davlatchilik va davlat hokimiyati butunlay qonuniydir. Bu davlat hokimiyati ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi hamda xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqini taʼminlaydi va fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, O‘zbekiston saylov tizimi tartibotlari va vazifalari qonuniy bo‘lib, ular huquqiy jahatdan to‘la taʼminlangan. O‘zbekistonda demokratik saylovlarni o‘tkazishning aniq tartib-taomillari belgilangan bo‘lib, saylov tizimining barcha jihati qamrab olingan. Saylovning huquqiy asoslari aniq, izchil va sodda tuzilgan.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonda saylov huquqi va saylov tizimining demokratikligi, fuqarolarning va siyosiy partiyalarning teng huquqliligi Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlanadi.
Beshinchidan, O‘zbekiston saylov tizimi barqarorlik, taraqqiyot, qonuniylik, huquqiy tartibot, inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga yo‘naltirilgan.
Oltinchidan, O‘zbekistonda saylov huquqi va saylov tizimi xalqchil bo‘lib, barcha fuqarolar uchun tushunarli va qulay qilib o‘rnatilgan.
Yettinchidan, O‘zbekistonda saylovlar tashkiliy jihatdan uyushgan holda, konstitutsiyaviy, huquqiy, sud nazorati ostida o‘tkaziladi va qonuniy boshqariladi.
Sakkizinchidan, O‘zbekiston saylov tizimi tejamli qilib o‘rnatilgan.
To‘qqizinchidan, O‘zbekistonda ovoz berish va saylanishning ziddiyatsiz o‘tishi uchun hamda ovoz berish natijalarini olish uchun yetarlicha kafolatlar yaratilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2022.
2. O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi. – T.: Adolat, 2021.
3. Xusanov O.T. Konstitutsiyaviy huquq. Darslik. – Toshkent: Adolat, 2013. – 552 b.
4. Turg‘unov O.K. Saylov huquqi. Darslik. – Toshkent: TDYuU, 2018. – 304 b.
5. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining kafolati. Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami. – Toshkent: TDYU, 2018. – 242 b.
6. Referendum qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanma. Toshkent: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2022. – 160 b.