KIRISH

  Hurmatli kitobxon! Siz oʻqimoqchi boʻlayotgan risola har bir inson hayotida, shu nuqtayi nazardan Sizning ham hayotingizda muhim oʻrin olgan voqelik boʻlgan masala, huquq masalasiga bagʻishlangandir.

  Risolamiz nomlanishi “Huquq bu nima?!” deb nomlanadi va toʻgʻrisini taʼkidlash kerak, ushbu savolga javobni atrofimizdagi har kim ham bilavermaydi. Bugungi kunda, jamiyatimizdagi aksariyat insonlar oʻzlarini huquqdan ayro koʻradi. Huquqni, faqatgina Ichki ishlar yoki Prokuratura organlariga, yoinki sud organlariga ehtiyoji paydo boʻlganida huquq bilan, uning turli koʻrinishlari bilan toʻqnashaman deb o‘ylaydi. Tegishincha, mazkur organlarga insonning ishi asosan musibatli kunlarda tushganligi sababli boʻlsa kerak, jamiyatimizda huquqdan “nariroq yuray, yozuvchi odamlardan uzoqroq boʻlay” yoki “organlarga ishim tushmagay” yoʻsinida huquq tushunchasiga yondashish shakllangan. Bunga albatta maʼlum maʼnoda, Sovet davrida insonlarni huquq bilan choʻchitish, davlat organlari va ular mansabdor shaxslarini hech qachon adashmaydigan, ilohiy insonlar sifatida “tasvirlash” sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Unday boʻlsa, aslida huquq bu nima?! Huquq bilan biz faqat “organlar”ga ehtiyojimiz paydo boʻlganida toʻqnashamizmi? Javob esa, yoʻq. Biz huquq degan fenomenga nafaqat “organlar”ga ehtiyojimiz paydo boʻlganida yoki notariusda biron bir hujjatlarimizni tasdiqlatganimizda balkim, har kuni va har daqiqada toʻqnashamiz. Aslida har birimiz, yashayotganimiz zamonaviy jamiyatda huquq bilan hayotga kelib, huquq bilan bu olamni tark etamiz.

  Misol uchun chaqaloqning dunyoga kelishi tegishli fuqarolik holatini ro‘yxatga olish (xalq ichida ZAGS) organlarida ro‘yxatga olinadi, faqat oʻsha chaqaloqga tegishli boʻlgan, uning xususiy mulki boʻlgan ism beriladi. Aslida, oʻsha chaqaloq bu olamga kelar ekan u ro‘yhatga olinib, unga ism berilmasidan oldin u huquqga ega boʻladi. Bu uning yashash huquqidir. Zero, u Yaratganning inoyati bilan ona qornida paydo boʻlishi bilanoq bu huquqga ega boʻlgan boʻladi. Bu masala toʻgʻrisida “Insonning yashash huquqi” deb nomlangan paragrafimizda atroflicha mulohaza yuritamiz.     

  Biz har kuni bahramand boʻladiganimiz, oila davrasida oʻtirib, yaqinlarimiz bilan muloqotga kirishganimizda ham huquq bilan muhofaza etilganmiz va chegaralanganmiz. Zero, oilada ota-onaning oʻz farzandlarini tarbiyalash, moddiy va ijtimoiy taʼminlash majburiyati bor. Tegishincha, voyaga yetmagan bolaning ota-ona tomonidan tarbiyalanish, moddiy va ijtimoiy taʼminlanish huquqi bordir. Yoinki, har kuni jamiyatga aralashib, oʻqishimizga yoki ishxonamizga yetib borishimizda qaysi transport turini tanlash huquqimiz bor. Bu jamoat transporti boʻlishi mumkin, xususiy taksi xizmati boʻlishi mumkin yoki shaxsiy avtoulovimiz boʻlishi mumkin. Qay birini tanlash Siz-u bizning oʻz huquqimiz. Jumladan, xususiy taksi xizmatidan foydalanganimizda ham narxini kelishish va oʻzimizga toʻgʻri kelsagina ushbu xizmatdan foydalanish ham oʻzimizning huquqimizdir. Faqat, ushbu xizmatga rozi boʻlib foydalanganimizdan soʻng, oʻz majburiyatimiz boʻlgan haqqini oʻz vaqtida va kelishilgan miqdordagi toʻlovini amalga oshirishimiz, majburiyatimizdir. Yaʼni, biz huquqimizdan foydalanishga qaror qilib biron bir shaxs bilan yozma yoki ogʻzaki kelishuvga ahdlashgan boʻlsak, soʻngra majburiyatimizni ham bajarishimiz shart. Zero, bu ushbu munosabatdagi ikkinchi tomonning huquqlarini hurmat qilish va amalga oshirilishiga xamin yaratishdir. Ushbu ijtimoiy-iqtisodiy qonuniyatning buzilishi insonlar oʻrtasidagi munosabatlarning zaiflashishiga, oʻzaro ishonch va hurmatning yoʻqolishiga olib keladi. Oʻzaro ishonch va hurmat boʻlmagan jamiyatda esa, baraka va rivojlanish boʻlmaydi. Demak, biz barakamiz boʻlishi va rivojlanishimiz uchun huquqga rioya etishimiz, uni adolatli tarzda oʻrnatishimiz zarur.

HUQUQ TOʻGʻRISIDA UMUMIY TUSHUNCHA

“Men uchun kuch kim tomonda ekanligi emas,

huquq kim tomonda ekanligi muhim”

Viktor Mari Gyugo

Huquq – bu insoniyatga Yaratgan[1] tomonidan berilgan eng buyuk tuhfa boʻlib, insonlarning birgalikda oʻzaro kelishib, ahil va farovonlikda yashash vositasidir.

Aslida huquq hech kim tomonidan berilmaydi, u erishiladi. Bunga tarix guvoh. Agar huquq kimdir tomonidan beriladigan boʻlsa ham, u faqat va faqat Yaratganning inoyati bilan barchaga, jamiiyki insoniyatga bir hil miqdor va koʻlamda beriladi. Bunday huquqlar jumlasiga:

  • insonning yashash huquqi;
  • insonning erkinlik huquqi;
  • insonning mulkga ega boʻlish huquqlari taalluqlidir.

Demak, Yaratgan barchaga bir hil huquqlarni bergan ekan, insonlar o‘z huquqlarida boshqa shaxslar bilan tenglikda, ularni adolatli belgilashga mujburdir.

Hech bir inson oʻz huquqlarida, boshqa insonlardan biror bir tarzda asoslanmagan ustunlikka ega boʻlmaydi. Ammo ushbu haqiqatni tushunib yetishi uchun insoniyat oʻtgan davr mobaynida juda koʻplab qonli voqealarni, koʻplab talofatlarni bosib oʻtishiga toʻgʻri keldi. Siz bilan biz bugungi kunda bahramand boʻlayotgan – yakshanba kunining dam olish kuni sifatida belgilanishi uchun ham insoniyat maʼlum davrni boshidan kechirishga majbur boʻldi. Ilk bor yakshanbani dam olish kuni deb belgilash 321-yil 7-martda Rim imperiyasida boshlangan. Ammo koʻplab mamlakatlarda bu kunni dam olish kuni sifatida belgilash va insonlarning dam olish huquqining ommalashishi XIX asrga taqaladi.

Hech bir inson oʻz huquqlarida, boshqa insonlardan biror bir tarzda asoslanmagan ustunlikka ega boʻlmasligiga yana bir yorqin misoli 1789-yil 26-avgustda buyuk fransuz inqilobi natijasida qabul qilingan “Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi” 1-moddasida “kishilar erkin va huquqda teng boʻlib tugʻiladilar va keyin ham erkin, huquqda tengliklaricha qoladilar. Ijtimoiy farqlar faqat umumning foydasiga asoslangan boʻlmogʻi lozim” deb belgilangan edi. Shu va AQSH mustaqilligi Deklaratsiyasida mustahkamlangan qoidalardan keyin jahon miqyosida barcha mintaqalarda insonning teng huquqliligini birin-ketin qonunchilikda mustahkamlashni boshladi.

Haqiqat va adolat tomonda boʻlgan barcha narsa bu – huquqdir!

Viktor Mari Gyugo

Yuqorida taʼkidlangan, Yaratgan tomonidan insoniyatga berilgan yashashga, erkinlikka va mulkga ega boʻlish kabi ajralmas huquqlarni hech kim cheklashi mumkin emas. Hattoki, insonning oʻzi ham oʻzini yashash huquqidan mahrum etishga haqli emas. Shuning uchun ham insonning oʻz joniga qasd qilishi huquq bilan ham, din bilan ham qoralanadi.

INSONNING YASHASH HUQUQI

Nazarimizda, Yaratganning inoyati bilan ona ichida homila paydo boʻlib uning yuragi ura boshlashi bilan, ayni oʻsha paytda uning hayoti boshlangan sanaladi. Yaʼni, Yaratgan xomilaga jon ato etdi. U jonni faqat va faqat Uning Oʻzi vaqti soati yetganida qayta olishi mumkin.

Ayni mana shu fundamental haqiqatni anglagan holda Oʻzbekiston Respublikasida 2005-yil 1-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni[1] bilan oʻlim jazosi qoʻllanilishidan voz kechildi. Zero, inson huquqlarini qadrlovchi, uning qadri va huquqlari toʻgʻrisida bong uruvchi mamlakat, uning jonini oluvchi rolida boʻlmasligi kerak edi.

Qolaversa, barcha muqaddas kitoblarda ham insonni o‘ldirish eng ogʻir jinoyat sifatida bejiz qoralanmagan. Shunday ekan, insonning yashash huquqi – bu uning ajralmas huquqidir.

Mamlakat yashashi uchun, huquqlar yashashi shart!

Adam Miskevich

Ammo, dunyoda oʻlim jazosi masalasida fikrlash bir xil emas. Ayrim davlatlarda, xattoki rivojlangan deb taʼriflanadigan davlatlarda ham oʻlim jazosining qonunchilikda mavjud ekanligini kuzatish mumkin. Zero, iqtisodiy qudratli boʻlgan mamlakatlardan biri Xitoy Xalq Respublikasida ham asosan davlat xizmatidagi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun oʻlim jazosi qoʻllanilib kelinadi. AQSHning ayrim shtatlarida ham oʻlim jazosi amaliyotda bugungi kunda ham keng foydalaniladi. Shularni hisobga olib, qaysidir maʼnoda Oʻzbekistonda inson huquqlarini ro‘yobga chiqarish, uni asrashga boʻlgan ayrim ustun tomonlarni ham kuzatish mumkin. Lekin, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda ham oʻlim jazosini tiklash tarafdorlari mavjud ekanligini kuzatish mumkin. Fikrimizcha, butun jamiyatning jinoyatchi emas ekanligini hisobga olib, o‘lim jazosini tiklash notoʻgʻri qaror boʻlishini ham bildirib oʻtish joyizdir. 

Tarixdan bizga maʼlumki, insonlarni biror bir sudsiz va tergovsiz, gohida aybsiz aybdor qilish natijasida oʻlim jazosiga hukm qilingan voqealar juda koʻplab uchragan. Birgina Sobiq ittifoq davridagi qatogʻon davrlarini eslashning oʻzi kifoya. Yoki Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar tomonidan asir olingan askarlar va tinch aholi vakillarini sudsiz va tergovsiz qatl qilganlarini eslashning oʻzi yetarli boʻlsa kerak.

Insonning bu dunyoda yashash, baxtga erishish huquqi har doim insonning oʻzi bilan birga boʻladi, uni hech kim, hatto oʻzi ham oʻz yashash huquqidan voz kechishi mumkin emas. Diniy nuqtayi nazardan ham bu gunoh hisoblanishi barchamizga maʼlum.  

Shunday qilib, har bir inson bu dunyoda yashashga, baxtga intilishga, oʻz bilim va salohiyatini, mahorat va qobiliyatlarini rivojlantirishga va jamiyatga nafli tarzda foydalanishda teng imkoniyatlarga ega boʻlishga tabiiy ravishda haqlidir. Ushbu haqiqatni tushunib yetishi uchun ham insoniyat uzoq tarixiy yoʻlni bosib oʻtishiga toʻgʻri keldi. Ilk bor bunday misralarni insoniyat tarixining milodiy XVIII asri ikkinchi yarmida, Amerika Qoʻshma Shtatlarining Mustaqillik Deklaratsiyasining ilk qatorlarida kuzatish mumkin. Jumladan, u yerda yozilishicha, “Biz bu haqiqatlarni oʻz-oʻzidan ravshan deb bilamiz, barcha insonlar teng yaratilgan, ularga Yaratgan tomonidan maʼlum ajralmas huquqlar berilgan, ular orasida hayot, ozodlik va baxtga intilish huquqlari ham bor”[1].

Faqat bunday intilish va baxtga erishishga harakat, boshqaning baxtsizligi hisobiga boʻlmasligi kerak.

Shuning uchun ham har bir inson, oʻziga ravo koʻrmagan biror bir salbiy narsani boshqaga ham ravo koʻrmasligi adolatdandir. Agar jamiyatda har kim faqat oʻzi uchun manfaatli boʻlgan va boshqalar uchun zararli boʻlgan ishlarni koʻzlab harakat qiladigan boʻlsa, bunday jamiyatning umumiy farovonlikka erishishi mushkul. Bejiz halqimizda “pichoqni avval oʻzingga ur, botmasa boshqaga” demaydi.

Bir birini hurmat qilgan, oʻz manfaatlarini boshqaning zarari hisobiga amalga oshirmaydigan, oʻzaro mehr va muruvvatli boʻlgan jamiyatdagina huquq ustuvor boʻladi, adolat tantana qiladi va baraka boʻladi.

Afsuski, bugungi kunda statistik maʼlumotlarga qaraganda mamlaka­timizda eng koʻp sodir etiladigan jinoyat turi bu – firibgarlik jinoyatidir. Yaʼni, “aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish”[1]. Birgina 2020-yilda 10 mingdan ziyod firibgarlik jinoyatlari bilan bogʻliq jinoyat ishlari ochilgan[2]. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilmasdan qolganlari qancha ekanligini, yolgʻiz Yaratganning oʻzi biladi.

INSONNING ERKINLIK HUQUQI

Biz yuqorida sanab oʻtgan har bir insonning ajralmas huquqlaridan yana biri – erkinlikka boʻlgan huquqidir.

Insonning erkinliklari qatoriga:

 – soʻz erkinligi huquqi,

– harakat erkinligi huquqi,

– ijod erkinligi huquqi,

– eʼtiqod erkinligi huquqi,

– erkin kasb tanlash huquqi,

Прямоугольник: скругленные углы: Erkinlik – bu shunday yagona narsaki basharti uni oʻzingiz boshqalarga bermasangiz, ola olmaysiz!
Uilyam Uayt
– dahlsizlik erkinligi huquqi kabilar taalluqlidir.

Erkinlik – bu shunday yagona narsaki basharti uni oʻzingiz boshqalarga bermasangiz, ola olmaysiz!

Uilyam Uayt

Soʻz erkinligi huquqi insonga berilgan eng katta neʼmatlardan biridir. Insonning soʻzlashi, oʻz fikrini bayon qilishi, oʻz nuqtayi nazarini himoya qilish, koʻrgani va bilganini bayon qilishi tabiiydir. Uni cheklashga urunish, istiqbolsiz mashgʻulot.

Soʻz erkinligining jamiyat uchun muhim ijobiy jihati shuki, u turli hil fikrlarning emin-erkin bayon qilinishi orqali, u yoki bu masalaning salbiy va ijobiy tomonlarini aniqlab olishga, vaziyatga turli hil nuqtayi nazardan fikr yuritishga va pirovardida jamiyat taraqqiyotiga zamin yaratishi mumkin. Shu bilan birga, har bir narsaning egri tomoni boʻlganidek, “soʻz erkinligi” niqobi ostida oʻzgaga tuhmat qilishga, haqorat qilishga, insonning shaxsiy siri yoki umumiy farovonlikka salbiy taʼsir qiluvchi asoslanmagan gaplarni tarqatishdan tiyilgan maʼqul.

Insonning soʻz erkinligi huquqidan foydalanishida “chegaradan” chiqishi, oʻzganing dahlsizlikka boʻlgan huquqining poymol boʻlishiga olib kelmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan Konstitutsiyamizning 29-moddasida, Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʻlgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin[1].

Insonlar asosan 3 ta darajadagi maʼlumotlarni tarqatishda oʻzlarini tiyishi kerak. Bular:

– davlat sirlari;

– tijorat sirlari;

– shaxsiy sirlar.

Ushbu 3 ta kategoriyaga kirmaydigan har qanday maʼlumot ochiq maʼlumotdir. Zero, bir insonning davlat sirlarini oshkor qilishi butun jamiyatga, mamlakatning iqtisodiy, harbiy, ilmiy va boshqa salohiyatiga zarar yetkazishi mumkin. Maʼlumki, Sobiq Ittifoq davrida qanchadan-qancha odamlar davlat sirlarini boshqa mamlakatlarga fosh etishi natijasida milliardlab rubl turadigan loyihalar barbod boʻlgan, bu esa oʻz navbatida shu mamlakatda yashaydigan millionlab insonlarning daromadsiz qolishiga, ixtirolarining fosh boʻlishiga olib kelgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 157-moddasida ushbu qilmish jinoyat sifatida baholanib, “Davlatga xoinlik qilish” deb nomlanadi. Ushbu qilmish doirasiga kiruvchi harakatlar jumlasiga qonunda quyidagicha keltirilgan: davlatga xoinlik qilish, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan josuslik, chet el davlatiga, chet el tashkilotiga yoki ularning vakillariga davlat sirlarini yetkazish yoxud Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda boshqacha yordam koʻrsatish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy daxlsizligiga, xavfsizligiga, mudofaa salohiyatiga, iqtisodiyotiga zarar yetkazishga qaratilgan qasddan sodir etilgan qilmish[2], degan taʼrif berilgan. Shuning uchun, shu kabi masalalar bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni tarqatish, insonning soʻz erkinligi huquqlari qatoriga kirmaydi.

Tijorat siri ham yuridik shaxsning, korxona, muassasa va tashkilotning mol-mulki, bank hisob raqami, va boshqa maʼlumotlari bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksida, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunda va boshqa qonun hujjatlarida tijorat siriga oid koʻplab maʼlumotlar belgilangan. Shunga koʻra, insonlar ushbu sirga oid maʼlumotlarni ham “soʻz erkinligi huquqi” sifatida foydalana olmaydi. Zero insonning bunday “erkinligi” boshqalarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazmasligi shart. Barchaga maʼlumki, bugungi kunda butun dunyoga maʼlum boʻlgan Coca-cola, Facebook, Amazon, Huawei, Lukoil, IKEA va boshqa koʻplab brendlar, yirik trans milliy korporatsiyalar mavjud. Ular oʻz mashxurligiga erishishida maʼlum maʼnoda raqobatchilariga oʻz faoliyatida qoʻllanadigan tashkiliy, texnik, moliyaviy, ilmiy va boshqa uslublarni oshkor qilmaslik evaziga ega boʻlgan. Albatta, shu bilan birga mazkur tijorat sirlari qonuniy boʻlishi shart. Aks holda mazkur yirik trans milliy korporatsiyalar ham tegishli javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Xullas, raqobatchilarga oʻz tijoriy sirlarini fosh etmaslik, “bozor”dagi oʻz mavqeini saqlab qolish uchun yuqorida taʼkidlanganidek tijorat sirlarini har bir hodim saqlashga majbur. Shu kabi tijorat siriga taalluqli boʻlgan masalalarni ham “soʻz erkinligi” niqobi ostida oshkor etish, javobgarlikka sabab boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Tijorat siri” toʻgʻrisidagi Qonuniga koʻra, tijorat siri – uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot boʻlib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi[1].

Nega tijorat sirini tarqatish soʻz erkinligi boʻlaolmasligi kerak ekan? Deb soʻrasangiz agar, bu yerda mantiq shuki, Siz bilan bizga oʻxshagan teng huquqli boʻlgan bir shaxs, oʻz intellektual va jismoniy mehnati orqali jamiyat uchun foydali boʻlgan yangi ihtiro yaratdi. Masalan, yangi kommunikatsiya (muloqot qilish) shaklini yaratdi (bugungi kundagi telegram, whatʻs app, facebook, twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar), yangi sogʻlomlashtiruvchi dori vositasini yaratdi, yangi biror bir texnika yaratdi. Shunday ekan, oʻz mehnati, peshona terini sarf qilib yaratgan ixtirosini, jamiyatga foydali boʻlgan tizimini, oʻz mahsulotining foydasini koʻrishni istashi tabiiy. Bu uning mehnati maxsuli ahir. Shunday ekan, bunday kashfiyotchi insonni, huquq, qonun himoya qilishi kerak. Zero u, millionlab insonlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilishga erishdi. Nega uning ijtimoiy foydali mehnati, kimningdir “soʻz erkinligi” qurboniga aylanishi kerak?! Shuning uchun, soʻz erkinligi masalasi shu kabi holatlarda tiyilishi shart.

Shu jumladan, shaxsiy sir va boshqa maʼlumotlar ham “soʻz erkinligi”ning obyekti boʻla olmaydi. Yaʼni, oddiy qilib aytganda ikkinchi bir shaxsga tegishli boʻlgan har qanday maʼlumotni tarqatish ham huquqbuzarlikdir. Misol uchun,soʻnggi yillarda oliy taʼlim tashkilotlarida taxsil olayotgan talaba qizlarning shaxsiy (ismi sharifi, uy manzili, telefon raqami, millati, vaqtincha turar joyi, ota-onasi va ularning ish joylari va lavozimi kabi) maʼlumotlarini “yaxshi niyatda” surishtirib olish holatlari uchragan.

Aytar soʻzni ayt, aytmas soʻzdan qayt

Oʻzbek xalq maqoli

Bu ham aslida shaxsiy maʼlumotlarni tarqatish sirasiga kiradigan huquqbuzarlik hisoblanadi. Shuning uchun, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi 1411-moddasida: Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa[1], – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shunday qilib, soʻz erkinligi bu insonga Yaratgan tomonidan berilgan oliy neʼmat, ammo bu, har qanday masalani gapira olaman, ayta olaman degan xulosa chiqarishimiz uchun asos boʻla olmaydi. Zero, bizning bilib-bilmay qilgan ishimiz, gapirgan gaplarimizdan, boshqa biz bilan teng huquqli boʻlgan shaxsning huquqlari buzulmasligi kerak.

Buyuk bobomiz Abu Nasr Farobiy orzu qilgan “Fozil odamlar shahri”ni barpo etishimiz uchun ham biz insonlar, eng avvalo bir birimizga hurmat bilan munosabatda boʻlmogʻimiz, bir birimizni eʼzozlamogʻimiz, ahil boʻlishimiz kerak. Ana shunda mamlakatda baraka va totuvlik boʻladi.  

Yaʼni, huquqga rioya etish, huquq talablariga qat’iy boʻysunish koʻnglimizga xotirjamlik, ishimizga unum va rivoj olib keladi. Buni fuqarolik jamiyati deydilar.Harakat erkinligi huquqi ham Siz-u bizning erkinlikka boʻlgan huquqimiz negizida shakllangan boʻlib, barchamiz harakatlanishda erkinmiz. Siz-u bizning har kunlik oʻz yumishlarimizni bitirish niyatida

yoʻlga otlanishimiz, boshqa insonlar bilan muloqotga kirishimiz yoki boshqa shahar-u davlatlarga safar uyushtirishimizning barchasi siz-u bizning harakatlanish erkinligimizdir.

Muhtaram kitobxon! Siz-u biz oʻz ezgu niyatlarimizni ro‘yobga chiqarish yoʻlida mehnat qilamiz, taʼlim olamiz, shartnomalar tuzamiz, haridlar amalga oshiramiz, xizmatlar koʻrsatamiz, turli darajadagi insonlar bilan muloqotga kirishamiz va hokazo. Bularning barchasi harakatlanish erkinligidir.

Ushbu erkinlikdan foydalanish chogʻida biz boshqalarga bizga qanday hurmat koʻrsatilsa, huddi shunday hurmatda boʻlmogʻimiz darkor. Zero, bizning oʻz ezgu niyatlarimizni amalga oshirish uchun harakatlarimiz erkinligi boʻlgani kabi, boshqaning ham huddi shu darajada harakatlanish erkinligi ham bor ekanligini unutmasligimiz kerak. Oʻzbekiston Respublikasida insonlarning harakatlanish erkinligi toʻla taʼminlangan deyishga asoslarimiz bor. Yaqin oʻtmishdan maʼlumki, koʻp yillar davomida vatandoshlarimizning Toshkent shahriga kelib-ketishida, vaqtincha yashab turishida, boshqacha taʼkidlaganda harakatlanish erkinligi huquqida jiddiy muammolar mavjud edi. Hayriyatki, ushbu muammolar ham Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qonuni bilan hal etildi.

Shu bilan birga, harakatlanish erkinligi huquqi cheklanadigan, maxsus ruxsatnoma talab qilinadigan “hududlar” har doim mavjud boʻlib qolaveradi. Bularga: davlatning maxsus strategik obyektlari (harbiy qismlar, ilmiy-texnikaviy obyektlar, milliy havfsizlik xizmati obyektlari, suv omborlari, harbiy va fuqaro aviatsiyasi obyektlari) joylashgan hududlar; shaxsiy mulk obyektlari hududlari (dala ekinzor maydonlari, dala hovlilar, shaxsiy xonadonlar va hokazo). Eʼtibor bergan boʻlsangiz, ruxsatnoma talaba qiluvchi shaxsning harakatlanish erkinligi cheklanadigan hududlar sirasiga shaxsiy xonadonlarni ham kiritishni asosli deb bildik. Zero, oʻzganing xonadoniga kirish va tasarruf etishga ham sudning maxsus ruxsatnomasi yoki xonadon egasining ogʻzaki roziligi talab etiladi.

AQSHda insonning shaxsiy mulki hududi shu darajada muhofaza etilganki, xatto qonunchilikka koʻra shaxsiy mulki boʻlgan hududga beruxsat kirgan shaxsga, mulk egasi zarur boʻlsa, oʻq uzishga ham qonuniy huquqi mavjud.

AQSH qonunchiligidan

Demak, harakatlanish erkinligi huquqi boshqa, biz bilan teng huquqli boʻlgan shaxsning huquqlariga dahl qiladigan masalalarga kelganida, cheklanishi mumkin.

Harakatlanish erkinligi huquqiga koʻra, har qanday inson oʻsha mamlakat hududida emin-erkin, ortiqcha hujjatlarsiz harakatlanishiga haqli. Shuningdek, boshqa mamlakatlar hududiga ham oʻtish, harakatlanish huquqiga ega. Lekin, boshqa mamlakat hududiga chiqish va harakatlanish masalasida oʻsha mamlakat qonunlarini bilish va unga rioya qilish muhim. Shu bilan birga insonning harakatlanish erkinligi ham chegaraga ega. Biz oʻzganing mulkidan oʻz ihtiyorimizcha foydalana olmaymiz. Masalan, birovning uyiga beruxsat kirish, oʻzganing mulkini beruxsat ishlatish, korxona muassasa va tashkilotlarning “kirish taʼqiqlangan” degan joylariga ruxsatsiz kirish, chegarani noqonuniy kesib oʻtish kabi masalalar insonning harakatlanish erkinligining ham chegarasi bor ekanligini koʻrsatadi. Chunki, ruxsat berilmagan joyga kirish va oʻzganing mulkidan foydalanish birinchidan odobsizlik hisoblansa, ikkinchidan biz kimnidur noqulay ahvolga solib qoʻyishimiz, oʻzimiz istab-istamagan holda birovga zarar yetkazib qoʻyishimiz mumkin. Yaʼni, eng avvalo, bunday holatlarda oʻz “harakat erkinligimizni” cheklashimiz oʻzimiz uchun foydadir.

Ijod erkinligi huquqi ham har bir insonning ajralmas huquqlaridan biridir. Uning ajralmasligi shunda namoyon boʻladiki, inson oʻz ravnaqi, kamoli yoʻlida oʻqishi, oʻrganishi, bu olamning turli sir-sinoatlarini anglab yetishi kerak. Ahir, qadim davrlarda odamlar qavm-qabila shaklida yashaganlarida olovni ihtiro qilgan, turli mehnat qurollarini ihtiro qilgan va shu tariqa oʻz hayotlarining oz boʻlsa ham yengillashishiga zamin yaratgan. Shunday ekan, ijod erkinligi natijasida inson hayoti erkinlashadi, insonning ongi, fikrlashi yuksaladi va pirovardida oʻzi va boshqalarga ham biror bir manfaat keltiruvchi ishni amalga oshiradi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ijod erkinligiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 42-moddasida:Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga gʻamxoʻrlik qiladi[1].

Insonning ijod qilish erkinligi boʻlmasa, u bu olamda kashfiyotlarni qilaolmaydi, kashfiyotlar boʻlmasa, rivojlanish boʻlmaydi. Rivojlangan davlatlarning yutugʻi ham oʻz aholisiga keng ijod erkinligini taʼminlab berishidadir. Bugungi kundagi uyali aloqalarning  rivojlanishi, internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishining barchasi insonga berilgan ijod erkinligi huquqining roʻyobga chiqishi natijasi hisoblanadi.

Har bir narsada inson erkini cheklash esa, shijoatni soʻndirishi, ijodkorlikni pasaytirishi mumkin. Oʻz vaqtida Albert Eynshteyn, Nikolla Tesla va boshqa koʻplab buyuk olimlarning kashfiyotlar yaratishi, ularning ijod erkinligi huquqi mahsulidir.

Eʼtiqod erkinligi huquqi har bir insonning ajralmas huquqlaridan boʻlib, eʼtiqod qilish, biror bir dinga mansub boʻlish yoki hech bir dinga eʼtiqod qilmaslik insonga Yaratgan tomonidan berilgan ulugʻ tuygʻularning biridir. Insonning, qalban Yaratganni anglashi, uning qudratini tan olishi va Uning oʻzidangina panoh soʻrashga boʻlgan erkinligi muqaddas boʻlib, shu orqali inson ruhiy taskin topishi, maʼnaviy kuch olishi mumkin. Ushbu maʼnaviy kuch esa unga hayotida ezgu ishlarni amalga oshirishni, oʻzidan soʻng yaxshi hotiralar qolishini istab jamiyatga ezgulik “nurining sochilishiga” zamin yaratadi.

Shuningdek, eʼtiqod masalasi insonning ichki dunyosi, uning qalb “olami” bilan bogʻliq boʻlgan narsa boʻlganligi uchun uni nazorat qilish, cheklash yoki biror bir shaklda taʼsir oʻtkazish, samarasiz ishdir. Shuning uchun, insonga Yaratgan tomonidan berilgan ushbu eʼtiqod erkinligi huquqini taʼminlash orqali, uni toʻgʻri shakllanishiga zamin yaratish xairli va samarali mashgʻulotdir.   

Shu bilan birga jamiyatda turli xil xarakter va dunyoqarashdagi insonlarning mavjud boʻlishini eʼtiborga olib, biror bir dinga yoki taʼlimotlarga ishonmaydigan insonlar toifasidagi shaxslarni ham huquq oʻz himoyasiga oladi. Bunday insonlar olamdagi turli jarayonlarni tabiyat va dunyoviy ilmga asoslangan qonuniy jarayonlar tartibga solib turishiga ishonadi. Aslida, bu ham ishonch. Bunday shaxslar ham beixtiyor atrofimizda  boʻlayotgan jarayonlarning Yaratganning inoyati bilan emas, tabiiy jarayon ekanligiga ishonadi. Masalan Gyote taʼkidlaganidek, “Kimda ilm boʻlsa, u dinga muhtojlik sezmaydi”. Shuning uchun ham huquq bunday toifadagi shaxslarni ham, ularning ishonchlarini ham himoya qiladi. Huquqning ilohiyligi ham mana shundadir.  

Ushbu ilmiy haqiqatni anglagan holda qonunchiligimizda eʼtiqod erkinligi toʻgʻrisida asosli qoidalar mustahkamlangan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan Qonuni 4-moddasida “Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Fuqaro dinga, dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy taʼlim olishga nisbatan oʻz munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi”[2] degan adolatli qoida belgilangan.

Zero, Yaratganning Oʻzi har xil toifadagi ishonchlarga ega boʻlgan insonlarni yaratishni afzal bildi. Shunday ekan, biz biror bir shaxsni uning eʼtiqodiga, hayot tarziga qarab ajratishimiz, kamsitishimiz yoki biron bir oʻz salbiy munosabatimizni

bildirishimiz, nooʻrindir. Chunki, barchamizni – huquq, deb atalmish Yaratgan tomonidan bizga tushirilgan kuchli tartibga soluvchi vosita barchamizni chegaralab, tengligimizni taʼminlab, kelishib, oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlarni shakllantirishga yoʻnaltirib turadi.

Shunday ekan, eʼtiqod masalasi ham har bir insonning ichki dunyosi bilan bogʻliq boʻlgan erkinlikka boʻlgan huquqlarining biri boʻlib, ushbu masalada ortiqcha nazorat, tartibga solish oʻta murakab va samarasizdir. 

Erkin kasb tanlash huquqi ham insonning erkinlikka boʻlgan huquqlarining biri boʻlib, bu huquq yuqoridagi ijod va eʼtiqod erkinliklari negizida shakllanadigan huquqdir. Har bir inson oʻz dunyoqarashi, feʼl-atvori va qiziqishlaridan kelib chiqib oʻziga kasb tanlashi mumkin va shunday boʻlishi ham kerak. Zero, insonning oʻz qiziqishlariga toʻgʻri kelmagan kasb bilan band boʻlishi – na oʻziga va na jamiyatga foyda keltiradi.

Mehnat – insonni ulugʻlaydi, degan xalq maqolining qanchalik asosli ekanligini tan olgan holda shuni taʼkidlash zarurki, oʻz qobiliyatiga mos kasb bilan mashgʻul boʻlgan har qanday inson muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Aksincha, insonni oʻzi xohlamagan, qobiliyati boʻlmagan mehnatga majburlash esa huquq nuqtayi nazaridan “majburiy mehnat” deb nomlanadi va qonunda javobgarlikka sabab boʻladi. Eng muhimi, majburlangan mehnatning samarasi, el-yurtga nafi boʻlmaydi. Natijada, sarflangan vaqt va kuch samarasiz ishlatilishiga olib kelinadi.

Shuning uchun ham kasb tanlashni, erkinlik sifatida qarash oʻrinlidir. Biror bir shaxs oʻzi mashgʻul boʻlgan ishdan qoniqmasa, u albatta kasbiga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishi kerak yoki oʻz kasbini boshqa sohadan qidirish zarur. Zero, oʻz xohishiga zid boʻlgan ish bilan kundalik tarzda shugʻullanish, insonni baxtsizlikka olib keladi. Xazrati insonning bu olamda baxtga yashashga haq-huquqi borligi yuqorida taʼkidlangan edi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida belgilangan: “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi” degan masala, mamlakatimiz Asosiy qonunining huquq poydevori boʻlgan masalalarni oʻzida jamlaganligini koʻrishimiz mumkin.

Erkin kasb tanlash huquqining xalqaro huquqiy asoslari ham tabiiy huquq (yaʼni, Yaratgan tomonidan yaratilgan va tushirilgan barcha uchun bir xil boʻlgan huquq) negizida ishlab chiqilganligini kuzatish mumkin. Bunga misol, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 23-moddasiga xavola qilish mumkin. Mazkur moddada, “1. Har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay ish sharoitiga ega boʻlish va ishsizlikdan himoya qilinish huquqiga ega. 2. Har bir inson hech bir kamsitishsiz teng mehnat uchun teng haq olish huquqiga ega. 3. Har bir ishlovchi kishi oʻzi va oilasi uchun insonga munosib yashashni taʼminlaydigan adolatli va qoniqarli daromad olishga, zarur boʻlganda ijtimoiy taʼminotning boshqa vositalari bilan toʻldiriluvchi daromad olish huquqiga ega. 4. Har bir inson kasaba uyushmalari tuzish va oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga kirish huquqiga ega”[1] ekanligi butun jahon miqyosida belgilangan.

Mehnat – insonni uchta katta ofatdan xalos etadi: zerikishdan, bahillikdan va kambagʻallikdan

Volter

Daxlsizlik erkinligi huquqi har bir insonning tabiiy huquqlaridan biri boʻlib, har kim qonunga asoslanmagan holda daxlsizligi buzilishidan himoyalanishga haqli. Insonning daxlsizligi erkinligi tushunchasi doirasiga jismoniy, ruhiy va mulkiy daxlsizliklari taalluqlidir.

Jismoniy daxlsizlik erkinligi buzilishi deganda, insonga nisbatan jismoniy kuch ishlatish, zoʻravonlik, qonunga asoslanmagan tarzda ushlab turish, jismoniy qiynoqqa solish, inson tanasi ustida tibbiy va boshqa yoʻsindagi tajribalarni oʻtkazish qat’iy taʼqiqlanishi tushuniladi.

Ruhiy daxlsizlik erkinligining toptalishi tushunchasi qatoriga, insonga nisbatan uning oʻtmishi, biron bir shaxsiy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan sirlarni oshkor qilishga oid maʼlumotlar bilan qoʻrqitish, telefon va boshqa aloqa vositalarini eshitib borishi kabi hatti harakatlar taalluqlidir.

Mulkiy daxlsizlikka erkinligining poymol boʻlishiga, insonning mulkidan beruxsat foydalanish, shikast yetkazish, turar joyiga qonunga asoslanmagan tarzda kirish va shikast yetkazish kabi gʻayri-qonuniy harakatlar taalluqlidir.

Inson oʻzini bexavotir sezishi, hayot kechirishi va faoliyat yuritishi uchun uning daxlsizligi huquq bilan himoyalangan boʻlishi zarur. Yaʼni tegishli qonunlar bilan biror bir insonning xoh u oʻsha mamlakat fuqarosi boʻladimi, xoh boshqa mamlakat fuqarosi boʻladimi yoinki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻladimi, qonunan barchaning shaxsiy daxlsizligi kafolatlanishi kerak. Inson, faqat qonunga asoslangan tarzda shaxsiy daxlsizligi cheklanishiga yoʻl qoʻyishi mumkin. Bu ham boʻlsa, jinoyat sodir etganlikda yetarli asoslarga ega boʻlib ushlab turilishi, shaxsiy mulki vaqtincha olib qoʻyilishi, tintuv qilinishi, telefon va boshqa aloqa qurollari tekshirilishi, kuzatib borilishi mumkin.

Ushbu choralarning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan koʻrilishining asoslanishi sifatida shuni taʼkidlash kerakki, u ham boʻlsa jamiyatga mazkur gumonlanuvchi, ayblanayotgan shaxsdan boʻladigan xavfning oldini olish, boshqa shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida amalga oshiriladi.

Agarda, biron bir huquqbuzarlik sodir etishda gumonlanib ushlab turilgan, harakat erkinligi cheklangan, mulki va shaxsiy buyumlariga daxl qilingan shaxs keyinchalik sud hukmi bilan oqlanadigan boʻlsa, unga keltirilgan barcha zarar qonunchilikka koʻra qoplab berilish shart. Bu toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual Kodeksining 302-moddasida quyidagicha qoida belgilangan: “Reabilitatsiya etilgan shaxs qonunga xilof ravishda ushlab turilgani, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangani yoki uy qamogʻiga joylashtirilgani, pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi qonunga xilof ravishda toʻxtatib turilgani, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani tufayli vazifasidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgani yoxud tibbiy muassasaga qonunga xilof ravishda joylashtirilgani natijasida unga yetkazilgan mulkiy zararni undirish hamda maʼnaviy ziyon oqibatlari bartaraf etilishini talab qilish huquqiga ega”[1] ekanligi mustahkamlangan.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, insonning shaxsiy daxlsizligi erkinligi uning hotirjam umr kechirishiga, oʻzining kuch va gʻayratini jamiyatga zarar yetkazmagan holda emin-erkin ishlatishiga sharoit yaratishda, shu tariqa oʻziga va atrofdagilarga naf keltiruvchi mashgʻulot bilan band boʻlishiga zamin yaratishda koʻrinadi.

Tasavvur qilaylik, agar inson har qadamda oʻziga tajovuz boʻlishidan qoʻrqib yashasa, jinoyatchilik qurboni boʻlishi oddiy holga kelgan muhitda faoliyat yuritsa va uning har qanday harakati kuzatib borilib, uning oʻziga qarshi ishlatilishi mumkin boʻlsa, unda bunday jamiyatda rivojlanish boʻlmaydi. Zero, rivojlanish insonning erkinligi taʼminlangan, uning erki nazorat qilinmaydigan jamiyatda taʼminlanishi mumkin.

Insonning daxlsizligi erkinligi huquqi shu darajada muhofaza qilinishi mumkin-ki, unga koʻra eftanaziya ham koʻplab davlatlarda qonunan taʼqiqlanadi. 

Eftanaziya – turli harakatlar yoki qurollar bilan, bemorning hayotini sunʼiy yo‘l bilan ushlab turgan qurilmalar ishini toʻxtatish orqali bemorning oʻz oʻlimini tezlatish haqidagi iltimosini qanoatlantirish.

INSONNING MULKKA EGA BOʻLISH HUQUQI

Insonning mulkka ega boʻlish huquqini koʻplab insonlar yasama, sunʼiy huquqlar yaʼni jamiyatda tovar ayirboshlash kabi kapitalistik munosabatlarning paydo boʻlishi bilan yuzaga kelgan huquqlaridan biri deb hisoblaydi. Aslida, ushbu huquq ham siz-u bizga Yaratgan tomonidan berilgan ajralmas, tabiiy huquqlarimizdan biri hisoblanadi. Zero, muqaddas kitoblardan biri boʻlgan Qurʼonning “Baqara” surasi 22-oyatida Alloh: “sizlarga yerni toʻshak, osmonni bino qilgan va osmondan suv tushirib, u bilan sizlarga mevalarni rizq qilib chiqargan Zotdir” deb murojaat qiladi. Yaʼni bu, Yor atalmish zamindagi suv, havo, tabiat, hayvonot dunyosi, meva-chevalar barchasi inson uchun yaratilgan. Hazrati insonning vazifasi bu neʼmatlar uchun hamdlar aytib, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasdan foydalanishi mumkin. Oddiy, xalq tilida taʼkidlaganda, barchaga yetadigan rizq yaratilgan. Tegishincha, oʻz rizqini har bir ongli tirik jon qidirib topishga, egalik qilishga, tasarruv etishga haqlidir. Faqat bu topilgan va ega chiqadigan mulki qonuniy, huquqga asosan halol yoʻl bilan topilgan boʻlmogʻi zarur.

Oʻrta asrlarda yashab oʻtib ijod qilgan dunyoviy olimlardan biri ingliz mutafakkiri Djon Lokk ham insonning mulkka ega boʻlish huquqini tabiiy huquqlardan biri sifatida taʼriflab, uning isboti sifatida insonning davlatchilik va hech qanday tovar ayirboshlashlar toʻgʻrisida tushunchalar ham boʻlmagan, qadimiy davrdagi munosabatlarga nazar solishni tavsiya etadi. Uning fikricha, insoniyat oʻsha vaqtlari unga tabiat bergan narsalardan bahramand boʻlgan, yovvoyi olmalar, turli giyohlarni yigʻib-terib tanavvul qilgan. Mazkur yemaklarning barchasi tegishincha oʻsha insonning mulki hisoblangan, u oʻz mulkini erkin tasarruv etgan, xohlasa boshqalarga ulashgan, xohlasa, bugungi kun taʼrifi bilan taʼkidlaganda – qarzga bergan. Keyinchalik ular birgalikda ov qilishga, hamkorlikda tabiat inʼomlarini qidirib topishga oʻzaro kelishish mumkinligini anglab yetgan. Zero hamkorlikda jon saqlash ancha oson va xavfsiz boʻlgan. Mutafakkirning taʼkidlashicha, shu tariqa mulkga ega boʻlish ilinjida insonlar orasida ogʻzaki tarzda kelishuvlar, bitimlar, shartnomalar tuzila boshlangan.

  Shu nuqtayi nazardan insonning mulkka ega boʻlishdek tabiiy huquqini ikki katta yoʻnalishga ajratib oʻrganish mumkin. Bu shartnomalar tuzish huquqi va meros huquqi.

Shunday ekan, inson bu olamda oʻz fiziologik ehtiyojlarini qondirish uchun tabiiy ravishda taom tanavvul qilishi, suv ichishi, boshpanaga ega boʻlishi kabi narsalarga muhtojlik sezadi. Bu tabiiy jarayon. Chunki, inson  shunday yaratilgan. Unga hech kim “yemaysan, ichmaysan, kiymaysan, ega boʻlmaysan” deb taʼqiqlay olmaydi. Taʼqiqlashga uringan taqdirda ham bu samarasiz mashgʻulotga aylanishi turgan gap. Ushbu haqiqatdan kelib chiqib inson mulkka ega boʻlish maqsadida boshqa insonlar bilan turli hil munosabatlarga kirishishga majbur. Zamonaviy dunyoda ushbu munosabatlarning aksariyati shartnomalar va kelishuvlar bilan tartibga solinadi. Bu esa, yana huquq degani. Eng avvalo, har qanday insonning mulkka ega boʻlishga tabiiy ravishda huquqi bor boʻlsa, ikkinchidan, shu maqsadda u shartnomaviy munosabatlarga kirishishga huquqlidir.

Insonning shartnomalar tuzish huquqidan kelib chiqib, ularning  qatoriga zamonaviy dunyoda koʻplab shartnomalar turlarini keltirish mumkin. Bular qatoriga oldi-sotdi, ijara, lizing, tovar yetkazib berish, xadya, pudrat, xizmat koʻrsatish, kredit, transport ekspeditsiyasi, kontraktatsiya, investitsiya, lizensiya, sugʻurta kabi shartnomalarning turlari mavjud. Bularning barchasining mohiyati, insonning mulkka ega boʻlishi, moddiy daromad olish maqsadida tuziladigan shartnomalardir. Insoniyat tarixida shartnomaviy munosabatlar, yuqorida taʼkidlagani­mizdek qadim tarixga borib taqaladi. Albatta, u paytlarda insonlar yozma shartnomalarga ehtiyoj sezmagan, shartnomalar ogʻzaki tarzda, insonlarning bir biriga bergan vaʼdasi asosida tuzilib ketavergan. Zero u davrlarda vaʼda, juda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Naqadar insonlar pok va omi boʻlgan ekan-a!

Yozma shartnomalarning paydo boʻlishini miloddan oldingi III-II ming yilliklardagi Qadimiy Bobil hukmdori Xammurapi qonunlari[1]da kuzatish mumkin.

Shartnomalarga amal qilinishi shart!

Pacta sunt servanda

Bugungi kunda nafaqat insonlar bir biri bilan turli mazmundagi shartnomalar tuzish amaliyotiga balki, mamlakatlar, hukumatlar, yirik-yirik kompaniyalar, ular bilan oddiy fuqaroliklar ham shartnomalar tuzishi mumkin. Har qanday tuziladigan shartnomaning ikkita katta sharti: bu uning shartlarini bajarish va shartnoma boshqa, uchinchi shaxslarning qonuniy huquqlariga zarar yetkazmasligi shart. Misol uchun, insonning ishlab chiqarish korxonasi ochishi uning huquqi boʻlsa, undan chiqadigan zararli chiqindilar, hid va boshqa oqibatlari boshqa insonlarning emin-erkin yashashi, faoliyat koʻrsatishiga zarar yetkazmasligi shart. Bunday zararlarning oldini olish, mulk egasining majburiyatidir. 

  Har qanday mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivoji turli xil va mazmundagi hamda murakkablikdagi shartnomalarning tuzilishi, shuningdek ularga amal qilinishiga bogʻliq. Shartnoma tuzib uni bajarish orqali inson oʻzining insonligini namoyon qiladi. Avvalo uni tuzishga boʻlgan tabiiy huquqi hamda undan kelib chiqadigan majburiyatini bajarish orqali shartnomaning ikkinchi tomoni boʻlgan insonning huquqlarini hurmat qilishini koʻrsatadi. Mana shu ham katta insoniylikdir. Uning aksi esa, oʻzaro ishonchning yoʻqolishiga, oʻrtada nizoning kelib chiqishiga, qalblarning toshga aylanishiga olib keladi. Pirovardida, bu har qanday jamiyat va mamlakatning tanazzuliga olib kelishi mumkin. Demak, huquqqa rioya qilish hayot va mamot masalasi deyish ham ayni muddao boʻladi.

Bugungi kunda turli xil shartnomalarni tuzish qonun qoidalari toʻgʻrisidagi masalalarni Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi va “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida” gi 1998-yil qabul qilingan qonunlarida tanishish mumkin. Albatta, yuqorida taʼkidlaganimizdek, shartnomalar aldash va zo‘ravonlik yoʻli bilan tuzilmasligi kerak. Qonunchilikka koʻra bunday yoʻl bilan tuzilgan har qanday shartnoma, bitim, kelishuv sud tomonidan haqiqiy emas deb topiladi. Bu masala ham inson xohishining, uning rozi-rizochiligining katta ahamiyatga egaligini sezish mumkin. Demak, Siz-u bizning kundalik hayotimizda biron bir kishi bilan rozi-rizochilik bilan ish koʻrishimiz mohiyati ham huquqqa borib taqaladi. Zero, xalqimizda birovning haqqiga (huquqiga) hiyonat qilish mumkin emasligini yoshi ulugʻ kishilarimizdan koʻp marta eshitganmiz.

Insonning meros huquqi ham mulkka ega boʻlishdek Yaratgan inʼom etgan tabiiy huquqlaridan kelib chiqadigan muhim huquqlar toifasiga kiradi. Mulkka ega boʻlgan inson, uning uchun aqliy va jismoniy mehnat qiladi. Umrining maʼlum qismini mulkka ega boʻlish ilinjida oʻz ustida ishlashga, yangi-yangi gʻoyalarni, innovatsiyalarni o‘ylab topishga sarflaydi. Binobarin, u oʻz mulkini vaqti kelib oʻzi ixtiyor qilgan insonga qoldirishga huquqli boʻlishi adolatdandir. Meros masalasi ham insoniyatga qadimdan tanish boʻlgan huquqiy munosabatlardandir.

Bir vaqtlar dunyo tarixida oilada merosga faqat katta oʻgʻil jinsidagi farzandlar yoki faqat oʻgʻil farzandlar ega boʻlgan. Oʻrta asrlarga kelib barcha jinsdagi farzandlar va turmush oʻrtoqlari ega boʻlgan. Yangi davr (XVI-XIX asrlar)ga kelib har qanday qarindoshlar merosga ega boʻlishi mumkin boʻlgan. Bugungi kunda ham shunday yoki meros qoldiruvchining oʻzi merosni oʻzi xohlagan kishiga qoldirishi mumkin. Xattoki begona insonga yoki mamlakat foydasiga ham oʻtkazishi mumkin. Bu masalalar ham mazkur insonning ajralmas huquqidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining V boʻlimi Vorislik huquqi masalalariga bagʻishlangan boʻlib, unga koʻra vorislik asoslari, meros tarkibi, umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkni meros qilib olish, Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni meros qilib olish kabi huquqiy masalalar oʻz aksini topgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Oila Kodeksida ham merosga oid qoidalar belgilangan boʻlib, unga koʻra er va xotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining oʻz mulki hisoblanadi.

Ota-onasi (ulardan biri) oʻziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan boʻlmasa, turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tugʻishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

  Voyaga yetmagan bolalarning qonunda belgilangan tartibda hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek shaxsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulki ularning xususiy mulki hisoblanadi[1].

Shunday ekan, insonning oʻzining halol aqliy va jismoniy qobiliyati bilan toʻplangan mulkini, tegishincha oʻzi ixtiyor etgan insonga qoldirishga tabiiy ravishda huquqli ekanligini kuzatishimiz mumkin. Davlat organlari ushbu huquqlarni amalga oshirishda yordam beruvchi, ularni oʻz vaqtida ro‘yxatga olib turuvchi maqomida ishtirok etishi toʻgʻri boʻladi. Mansabdor shaxslar tomonidan insonning mulkka ega boʻlish huquqini qonunga asoslanmagan holda cheklashga urunish, shartnomalar tuzishiga noqonuniy ravishda aralashish va meros qoldirishni huquqqa xilof tarzda taʼqiqlashga urinishlar yuz beradigan boʻlsa, bu holatlarni insonning fundamental huquqlariga tajovvuz deb baholash mumkin.

Bugungi kunda insonning boshpanaga boʻlgan tabiiy huquqlarini inkor etib koʻp yillar oldin barpo etgan mulklarini buzish, uyidan majburan koʻchirib chiqarish holatlari uchrab turadi. Bu nohuquqiy harakatlarning barchasi insonga, Yaratgan tomonidan berilgan huquqlarni inkor etishdir. Bunday holatlar albatta har qanday insonga va jamiyki mamlakat aholisiga salbiy taʼsir etadi. Oʻzaro ishonch yoʻqolib, qalblar toshga aylanishiga olib keladi. Insonlarning bir biriga yaxoʻylik qilishi kamayib rizq va barakaning yoʻqolishiga olib keladi. Shunday ekan, inson huquqlarini taʼminlash shunchaki balandparvoz gap emas, balki uning ruhiyati va kelajagiga taʼsir etuvchi voqelikdir.

Bugungi kundagi rivojlangan deb taʼriflanadigan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarning yutugʻi ham insonning tabiiy (yaʼni, Buyuk Yaratuvchi tomonidan berilgan) huquqlarini tan olib, ularga yashash, erkin ijod etish va fikrlash hamda mulkka ega boʻlishga boʻlgan huquqlarini himoya qilishi va ro‘yobga chiqishiga zamin yaratishi natijasida, bugungi maqomiga egadirlar.

XULOSA

  Muhtaram kitobxon! Mana biz Siz bilan Huquq bu nima?! deb nomlangan ommabop risola bilan ham tanishib chiqdik. Risolada huquq toʻgʻrisida keltirilgan fikr va mulohazalardan xulosa shuki, biz ushbu voqelik bilan har kuni va har joyda duch kelamiz.

  Insonning oʻzini oʻragan atrof-muhit bilan munosabatlarini tartibga solishda huquqning oʻrni beqiyosdir. Zero, insonning koʻchada duch kelgan joyga axlat tashlashi, pirovardida, atrof-muhitning ifloslanishiga, turli kasalliklarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkinligi sababli bunday harakat huquq bilan taʼqiqlanadi va shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi. Chunki, biror bir yuqumli kasallikning yoyilishi natijasida nafaqat boshqa shaxslarning huquqlari paymol boʻladi, balki oʻsha insonning oʻzi ham zarar koʻradi. Yaʼni huquqqa rioya qilish, uni hurmat qilish va qat’iy amalga oshirish, bizning oʻzimizning oʻzimizga qilgan yaxshiligimizdir. Huquq qaysidir maʼnoda, bizning nafsimizni tiyishga ham oʻrgatadi. Bizdan boshqa insonlarning ham huquqlarini unutmaslikka undaydi. Bu esa oliy saodatdir.

  Har qanday inson va jamoat, chin maʼnodagi saodatga erishishni istasa insonni qadrlashi kerak. Uning yashashga, erkinlikka va mulkka ega boʻlishga boʻlgan Yaratgan tomonidan berilgan huquqlarini hurmat qilishi shart. Shundagina bunday jamoat baxt va farovonlikka erishishi mumkin. Ushbu haqiqatni anglagan tarzda joriy yilning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilinganligining hikmati shundadir.

CHIZMA

Insonning fundamental huquqlari

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. // https://lex.uz/ docs/20596
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi. https://lex.uz/docs/ 111453
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual Kodeksi. https://lex.uz/docs/111460
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksi. https://lex.uz/docs/104720
  5. Oʻzbekiston Respublikasining “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi 2014-yil 11-sentyabr. OʻRQ-374-son Qonuni. https://lex.uz/docs/ 2460801
  6. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni. 05.07.2021. OʻRQ-699-son. 4-modda. https://lex.uz/docs/5491534
  7. “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 1-avgustdagi №-3641 son Farmoni https://lex.uz/ru/docs/1264447
  8. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi https://constitution.uz /uz/pages/humanrights
  9. Муҳамедов Ҳ.М. Франциянинг Янги даврда конституциявий ривожланиши. Ўқув қўлланма. Т: ТДЮИ, 2004. Б. 84.
  10. Муҳамедов. Ҳ. Хорижий мамлакатлар давлати ва ҳуқуқи тарихи. Дарслик. 2005. Т.: ТДЮИ нашриёти, 69 Б. 287
  11. The US Constitution and other key American writings. World Cloud Classics. San Diego/ 2015. P. 434.
  12. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. Тафсири ҳилол. 1-жуз. Тузатилган ва тўлдирилган қайта нашр. – Т.: “Hilol-Nashr”, 2022. Б. 640.
  13. 2020 йил давомида содир этилган фирибгарликлар юзасидан маълумот // https://tergov.uz/oz/news/svedenja-o-sovershennyh-moshennichestvah-za-2020-god
  14. Афоризмы Иоганна Вольфганга Гёте. https://grigvas .livejournal.com/569637.html

Муҳамедов. Ҳ. Хорижий мамлакатлар давлати ва ҳуқуқи тарихи. Дарслик. 2005. Т.: ТДЮИ нашриёти, 69 б.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksi 25, 81, 92-moddalari. https://lex.uz/docs/104720


[1] Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. Тафсири ҳилол. 1-жуз. Тузатилган ва тўлдирилган қайта нашр. – Т.: “Ҳилол-Нашр”, 2022. 22 б.


[1] Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual Kodeksi 302-modda. https://lex.uz/ docs/111460 


[1] Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi https://constitution.uz/ uz/pages/humanrights


[1] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 42-modda. https://lex.uz/docs/20596 

Афоризмы Иоганна Волфганга Гёте. https://grigvas.livejournal.com/569637.html

[2] “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni. 05.07.2021. OʻRQ-699-son. 4-modda. https://lex.uz/docs/5491534


[1] Yaʼni, shaxsiy sirni oshkor etgan shaxs avval maʼmuriy javobgarlikka tortiladi va bir yil ichida ayni huquqbuzarlikni qayta sodir esta, jinoiy javobgarlikka tortiladi.


[1] Oʻzbekiston Respublikasining “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi 2014-yil 11-sentyabr. OʻRQ-374-son Qonuni. https://lex.uz/docs/2460801


[1] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29-modda. // https://lex.uz/docs/20596

[2] Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 157-modda. https://lex.uz/docs/111453


[1] Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-modda. https://lex.uz/docs/111453

[2] 2020-yil davomida sodir etilgan firibgarliklar yuzasidan maʼlumot // https://tergov.uz/oz/news/svedenja-o-sovershennyh-moshennichestvah-za-2020-god


[1] The US Constitution and other key American writings. World Cloud Classics. San Diego/ 2015. P. 5.


Муҳамедов Ҳ.М. Франциянинг Янги даврда конституциявий ривожланиши. Ўқув қўлланма. Т: ТДЮИ, 2004. 11-12 б.

[1] “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Reespublikasi Prezidentining 2005-yil 1-avgustdagi №-3641 son Farmoni https://lex.uz/ru/docs/1264447


[1] Yaratgan tushunchasini har bir inson oʻz eʼtiqodidan kelib chiqib Alloh, Xudo, Tangri yoki Oliy kuch deb talqin qilish mumkin boʻlishi uchun ishlatildi.