1-§. TUHMAT DEGANDA NIMANI TUSHUNAMIZ?

Tuhmat nima?

Bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, sha’ni, qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keluvchi yolg‘on ma’lumotlar berish tuhmat hisoblanadi.

Bunda agar shaxs aynan shu qilmishi uchun unga nisbatan ma’muriy jazo qо‘llanilganidan sо‘ng 1 yil ichida shu qilmishni sodir etsa, JK 139-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortiladi.

Tuhmat deb topishning uch belgisi:

• tuhmat qilayotgan shaxs о‘zining tarqatayotgan ma’lumoti yolg‘on ekanligini oldindan biladi;

• ma’lumot boshqa jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan qaratilgan bо‘ladi;

• tarqatilayotgan bu ma’lumotlarda shaxsni yoki tashkilotni sharmanda qilish ehtimoli mavjud bо‘ladi.

Masalan, qiz bolaning bokira emasligi tо‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlar sharmanda qiluvchi bо‘lishi mumkin. Bunday sharmanda qiluvchi yolg‘on ma’lumotlar shaxs hayoti va faoliyatining turli sohasiga tegishli bо‘lishi mumkin: shaxsiy munosabatlar, kasb yuzasidan, ijtimoiy munosabatlar va boshqalar. JK 139-moddasi bо‘yicha javobgarlik yuzaga kelishi uchun ma’lumotlar faktik (aniq) mavjud bо‘lishi mumkin va avvalgi yoki hozirgi davrga tegishli bо‘lishi kerak. Agar aybdor boshqa shaxs haqida uni sharmanda qiluvchi, ammo haqiqatga tо‘g‘ri keladigan ma’lumotlarni tarqatgan bо‘lsa, uni tuhmatda ayblab, javobgarlikka tortib bо‘lmaydi.

О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudning plenum qaroriga kо‘ra, tuhmat deganda yuridik yoki jismoniy shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obrо‘sini pastga uruvchi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida, xizmat ta’rifnomalarida, kо‘pchilik oldida sо‘zlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan, og‘zaki bо‘lsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi.

Bunday ma’lumotlarni shaxsning о‘ziga aytish – ma’lumot tarqatish deya hisoblanmaydi. Badnom etuvchi sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obrо‘sini oyoqosti qiluvchi, obrо‘ni tо‘kuvchi ma’lumotlar deb belgilangan.

Ishdagi kamchiliklarni, jamoat va ish joylaridagi, turmushdagi fe’l-atvorini tanqid qiluvchi, haqiqatga tо‘g‘ri keladigan ma’lumotlarga shaxsni badnom qiluvchi ma’lumotlar deb hisoblanmaydi.

ESDA TUTING!

Tarqatilayotgan ma’lumot rost bо‘lsa, bu tuhmat hisoblanmaydi.

Sha’n va qadr-qimmat tushunchalari bir-biri bilan bog‘liq: ular axloq kategoriyasiga kiradi.

Sha’n – bu jamiyatning obyektiv fikri, shaxsning ijtimoiy bahosidir.

Qadr-qimmat – bu mazkur xususiyatlarning shaxs ongida aks etishi, ya’ni jamiyatning obyektiv fikri asosida unga baho berilishidir.

Yolg‘onligini bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatish deganda, ularning hech bо‘lmaganda bir shaxsga ma’lum qilishi tushuniladi.

2-§. TUHMATNING JINOYAT BELGILARI QANDAY?

Tuhmat uchun javobgarlik qanday?

Amaldagi qonun hujjatlarida tuhmat qilgan shaxsga nisbatan uning og‘irlik darajasiga qarab ikki xil – ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksda Fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik deb nomlangan V bobida tuhmat va haqorat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari keltirilgan bо‘lib, Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga kо‘ra, tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi mumkin. Tuhmatga oid ishlar bо‘yicha surishtiruv, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kо‘rib chiqiladi. Tuhmat qilgan shaxsga nisbatan jazo esa tegishli sudning qaroriga muvofiq qо‘llaniladi.

Sudning qaroriga asosan tuhmat qilganlikda ifodalanuvchi ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan shaxs bir yil ichida ushbu harakatni takror sodir etsa, unga nisbatan jinoyat ishi qо‘zg‘atilishi mumkin.

Boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish usuli – og‘zaki, yozma, biror tasvir kо‘rinishdagi lavha va hokazo usulida bо‘lishi mumkin.

ESDA TUTING!

Aybdor tomonidan bila turib yolg‘on ma’lumotlarni hech bо‘lmaganda bir shaxsga yetkazganda tuhmat jinoyati bо‘ladi.

Jinoyat kodeksining 139-moddasi birinchi qismiga kо‘ra, tuhmat u uchun ma’muriy jazo qо‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jinoiy qilmish deya baholanadi. Buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan bog‘liq jazo qо‘llanilishi mumkin.

Agar tuhmat qilish nashr qilish yoki boshqacha usulda kо‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali amalga oshirilgan bо‘lsa, bu qilmish JK 139-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Ya’ni, bu holatda javobgarlik yanada og‘irlashadi. Bunday holatda bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan tо‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash kabi jazolardan biri qо‘llanilishi mumkin.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda kо‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish deganda yolg‘on ma’lumotlarni kitoblarda, gazeta va jurnallarda, varaqalarda yoki boshqa asarlarda radio, televideniya, videoda, internet saytlarida namoyish qilish orqali keng ommaga tarqatish tushuniladi.

Mazkur holat orqali amalga oshirilgan tuhmat jabrlanuvchiga oddiy tuhmatdan kо‘ra, katta ma’naviy zarar yetkazadi.

Telekommunikatsiyalar tarmog‘i aloqa liniyalari orqali axborotni uzatish uchun mо‘ljallangan texnologik tizim bо‘lib, unga kirish hisoblash texnikasi vositalari yordamida amalga oshiriladi.

Internet tarmog‘i global axborot tarmog‘i bо‘lib, uning qismlari bir-biri bilan yagona adres maydoni vositasida mantiqiy bog‘langan. Internet bir-biri bilan bog‘langan kо‘p sonli kompyuter tarmoqlaridan iborat va kompyuterlar, elektron pochta, e’lonlar taxtalari, ma’lumotlar bazalari va munozara guruhlariga masofadan turib ulanishni ta’minlaydi.

Provayder – axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar (masalan, telekommunikatsiya tarmoqlariga ulash) kо‘rsatuvchi shaxs (firma).

Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlari deb foyda­lanuvchilarga Internet tarmog‘iga kirish xizmatlarini, shu jumladan, tijorat asosida telekommunikatsiya operatorlari tarmoqlari orqali hamda serverlarni yaratish va quvvatlash xizmatlarini kо‘rsatuvchi yuridik shaxslar e’tirof etiladi.

Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar kо‘rsatilishi tarmoq abonentlariga amaliy protokollar: elektron pochta, fayllarni qabul qilish va uzatish, tarmoqda hujjatlarni saqlash va qidirish va hokazolar yordamida taqdim etiladigan funksional imkoniyatlar majmuidan iborat.

Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi bilan quyidagi hollarda javobgarlik kelib chiqadi:

– og‘ir yoki о‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab;

– og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bо‘lgan holda;

– xavfli retsidivist tomonidan;

– g‘arazgо‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa.

Bordiyu, shaxs og‘ir yoki о‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab yoki og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bо‘lgan holda yoxud xavfli retsidivist tomonidan yoki g‘arazgо‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan tо‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Agar shaxs tuhmatda ayblanayotgan bо‘lsa, buni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan aybi isbotlanishi lozim va bunga sud baho beradi. Bajarilgan xatti-harakatning tuhmat ekanligini isbotlash esa ma’lum vaqt talab qiladi.

3-§. HAQORAT DEGANDA NIMANI TUSHUNAMIZ?

Haqorat qilish nima?

Shaxsning sha’ni va qadrini nomaqbul kо‘rinishda yerga urish haqorat qilish hisoblanadi.

Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksda Fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik deb nomlangan V bobida haqorat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari keltirilgan bо‘lib, Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga kо‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bо‘lishi belgilangan.

Jinoyat kodeksining 140-moddasi birinchi qismiga kо‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qо‘llanilgandan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jinoiy qilmish deya baholanadi. Buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan bog‘liq jazo qо‘llanilishi mumkin.

Haqorat – bu jabrlanuvchi shaxsning nomaqbul kо‘rinishdagi salbiy bahosi bо‘lib, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini yerga uradi, uning ma’naviy qiyofasini ham atrofdagilar nazarida, ham о‘zining nazarida paymol qiladi.

Haqorat turli kо‘rinishlarda va usullarda – og‘zaki, yozma, bevosita tegmasdan tana harakatlari orqali (jabrlanuvchi tarafga qarab tuflash, xunuk qiliqlar qilish va hokazo) va bevosita tegish bilan tana harakatlari orqali, lekin jabrlanuvchiga jismoniy zarar yetkazmasdan sodir etilishi mumkin.

Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash deganda, insonga nisbatan salbiy baho berilishi tushuniladi va haqoratning tarkibi uchun bu baholarning yolg‘on yoki rostligi ahamiyatsizdir.

Agar haqorat haqiqat bо‘lganda va uyatsiz, noma’qul kо‘rinishda ifoda etilgan bо‘lsa, haqorat jinoyati bо‘ladi. Aksincha, tо‘g‘ri ifoda etilgan tanqid haqorat hisoblanmaydi.

Haqorat jinoyati bо‘lishi uchun qadr-qimmatning tahqirlanishi, albatta, uyatsiz va noma’qul kо‘rinishda ifoda etilishi kerak, ya’ni sudda aniqlangan har bir holat jabrlanuvchiga nisbatan jamiyatda qabul qilingan odob-axloq qoidalariga va muomala madaniyatiga zid tarzda ifodalangan bо‘lishi shart.

Shuni yodda tutish kerakki, haqorat doimo aynan bir kishiga qaratilgan bо‘ladi.

ESDA TUTING!

Aybdor tomonidan shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlashga qaratilgan uyatsiz harakatlar sodir etilgan vaqtdan boshlab haqorat qilish jinoyati bо‘ladi.

4-§. HAQORATNING JINOYAT BELGILARI QANDAY?

Haqorat uchun javobgarlik qanday?

Agar haqorat qilish nashr qilish yoki boshqacha usulda kо‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali amalga oshirilgan bо‘lsa, bu qilmish JKning 140-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Ya’ni, bu holatda javobgarlik yanada og‘irlashadi. Bunday holatda bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan tо‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazolardan biri qо‘llanilishi mumkin.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda kо‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish deganda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi ma’lumotlarni kitoblarda, gazeta va jurnallarda, varaqalarda yoki boshqa asarlarda radio, televideniya, videoda, internet saytlarida namoyish qilish orqali keng ommaga tarqatish tushuniladi.

Mazkur holat orqali amalga oshirilgan haqorat qilish jabrlanuvchiga oddiy haqorat qilishdan kо‘ra, katta ma’naviy zarar yetkazadi.

JK 140-moddasi 3-qismi bilan quyidagi hollarda javobgarlik kelib chiqadi:

– jabrlanuvchini о‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;

– xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilinsa.

Bordiyu, shaxs jabrlanuvchini о‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda yoki xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan haqorat qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining tо‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

5-§. PREZIDENTNI INTERNETDA HAQORATLAGAN YOKI TUHMAT QILGANLIK UCHUN JINOIY JAVOBGARLIK

Prezidentni haqorat va tuhmat qilganlik uchun javobgarlik qanday?

О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasining 91-moddasiga muvofiq, “Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etilishi” kafolatlangan.

JKning 158-moddasi 3-qismida О‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

2021-yil 30-martda О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-modda uchinchi qismining dispozitsiyasida о‘zgartirish va qо‘shimchalar kiritildi, unga kо‘ra, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uchun javobgarlik belgilandi.

Bunga qadar Prezidentni haqoratlash va unga tuhmat qilish uchun omma oldida sodir etilish bilan bir qatorda faqatgina ommaviy axborot vositalaridan foydalanilganda javobgarlik vujudga kelar edi. Endi esa Facebook, Instagram, Twitter, Tik Tok, Telegram kabi – har qanday ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan post, tvit va boshqa materiallar hamda ularga qoldirilgan sharhlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qо‘shimchaga kо‘ra, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.)

Internetdagi biror blog, ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifa yoki biror-bir xabar ostidagi izohda ham О‘zbekiston Prezidentini haqorat yoki tuhmatni ifoda etadigan ma’lumotni aks ettirish (matn, surat, audio, video kabi shakllarda) tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bо‘ladi.

ESDA TUTING!

Prezidentga nisbatan haqorat qilish yoki tuhmatni anglatuvchi har qanday harakatlarni sodir etgan vaqtdan boshlab ushbu qilmish jinoyati bо‘ladi.

Xulosa о‘rnida shuni aytish mumkinki, har bir inson ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda nihoyatda ehtiyot bо‘lmog‘i kerak. Zero, internetdan foydalanib qonunga zid harakatlar, ya’ni tuhmat yoki haqorat qilgan shaxslar uchun jazo muqarrardir. Internet deya atalmish bu imkoniyatlardan faqat ilm olish maqsadida, yaxshilik ulashish maqsadida foydalanilsa, maqsadga muvofiq bо‘ladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. 2019-yil // www.lex.uz//
  2. О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi. https://lex.uz/ docs/111453
  3. О‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksi. https://lex.uz/docs/97664
  4. Rustambayev M.X. Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 3. Maxsus qism. Shaxsga qarshi jinoyatlar.Tinchlik va xavfsizligiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, toʻldirilgan va qayta ishlangan – T.: Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 412 bet.