Ma’muriy odil sudlov davlat organlari bilan fuqarolar о‘rtasida ommaviy-huquqiy munosabatlarni samarali hal qilishga qaratilgan ma’muriy huquq instituti bо‘lib, О‘zbekistonda uning rivoji oxirgi yillarda ma’muriy sudlar tizimining joriy etilishi bilan yangi bosqichga kо‘tarildi deb aytishimiz mumkin.
Bu borada О‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida ham bir qancha muhim huquqiy islohotlar amalga oshirilganini ta’kidlash о‘rinlidir. Avvalo 1992-yil 8-dekabr О‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi va Konstitutsiyaning 11-moddasiga muvoffiq hokimiyatlar bо‘linishi tamoyili о‘rnatib qо‘yildi. Shuningdek, ijro hokimiyati faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi “Vazirlar Mahkamasi tо‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunlar qabul qilindi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini buzadigan g‘ayriqonuniy ma’muriy harakatlar yuzasidan sud tartibida shikoyat, ariza keltirish (nizolashish) tartibi – ma’muriy yustitsiya shakllana bordi.

О‘zbekiston mustaqillikka erishgach 1992-yil 8-dekabrda Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsga о‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti- harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi mustahkamlab qо‘yildi.
Shundan sо‘ng, 1995-yil 30-avgustdagi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish tо‘g‘risida”gi О‘zbekiston Respublikasining 108-I-sonli Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun О‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi О‘RQ-496-sonli “О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish, shuningdek “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti- harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish tо‘g‘risida”gi О‘zbekiston Respublikasi Qonunini о‘z kuchini yо‘qotgan deb topish haqida”gi qonuniga asosan о‘z kuchini yо‘qotgan.
1997-yil 30-avgustdagi 477-I-sonli qonun bilan tasdiqlangan О‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik-protsessual kodeksida “Davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat va arizalar bо‘yicha ish yuritish”(264-278 moddalar) deb nomlangan 3-kichik bо‘lim mavjud bо‘lib, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan va bir tarafi fuqaro bо‘lgan shikoyatlarni fuqarolik sud ish yurituvi doirasida ma’muriy sudlovning ayrim о‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda kо‘rib chiqilgan.
О‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 477-I- sonli “О‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksini tasdiqlash tо‘g‘risida”gi Qonuni О‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi О‘RQ-463-sonli “О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini о‘z kuchini yо‘qotgan deb topish tо‘g‘risida”gi Qonuni bilan о‘z kuchini yо‘qotganligi sababli mazkur Kodeks ham 2018-yil 1-apreldan о‘z kuchini yо‘qotgan.
Bu borada О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi 18-sonli “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda kо‘rish amaliyoti tо‘g‘risida”gi qarori ham mavjud bо‘lgan. 1997-yil 30-avgustdagi 477-I-sonli qonun bilan tasdiqlangan О‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 3-kichik bо‘limi о‘z navbatida 3 ta bobdan (27,28, 29-boblar) iborat bo‘lgan hamda mazkur Kodeks 264-moddasiga kо‘ra, davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlar bо‘yicha ishlarga quyidagilar kiritilgan edi: 1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlar va qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar (FPKning 27-bobi («Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan shikoyatlar»); 2) notariusning, fuqarolik holati aktlarini qayd qilish organlarining harakatlarni bajarishni rad etganligi yoxud ularni notо‘g‘ri bajarganligi ustidan berilgan shikoyatlar(FPKning 28-bobi «Notariusning, fuqarolik holati aktlarini qayd qilish organining muayyan harakatlarni bajarishni rad etganligi yoki notо‘g‘ri bajarganligi ustidan shikoyatlar»); 3) prokurorning huquqiy aktni g‘ayriqonuniy deb topish tо‘g‘risidagi arizasi bо‘yicha ishlar (FPKning 29-bobi «Prokurorning huquqiy hujjatni g‘ayriqonuniy deb topish haqidagi arizasi»).
Bir tarafi tadbirkorlik subyekti bо‘lgan ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar xо‘jalik sudlari tomonidan О‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 478-I-sonli “О‘zbekiston Respublikasining Xо‘jalik protsessual kodeksini tasdiqlash tо‘g‘risida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Xо‘jalik protsessual kodeksi 24-moddasi birinchi qismi 9-bandi, ya’ni davlat organlari va fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bо‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qо‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish tо‘g‘risidagi nizolar doirasida kо‘rilgan.
О‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 478-I-sonli “О‘zbekiston Respublikasining Xо‘jalik protsessual kodeksini tasdiqlash tо‘g‘risida”gi Qonuni О‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi О‘RQ-463-sonli “О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini о‘z kuchini yо‘qotgan deb topish tо‘g‘risida”gi Qonuni bilan о‘z kuchini yо‘qotganligi sababli mazkur Kodeks ham 2018-yil 1-apreldan о‘z kuchini yо‘qotgan.
Yuqoridagilardan kо‘rinib turganidek, ma’muriy sudlov О‘zbekiston mustaqillikka erishgach bir muncha rivojlangan bо‘lsada, Fuqarolik protsessual kodeks hamda Xо‘jalik protsessual kodeks doirasida fuqarolik ishlari bо‘yicha sudlar va xо‘jalik sudlari tomonidan kо‘rilgan. Ikkita alohida sud va ikkita alohida protsessual tartibda ma’muriy nizolarning sudda kо‘rilishi ma’muriy sudlovning tо‘laqonli rivojiga tо‘siq bо‘lib kelayotgan edi. Shunga kо‘ra, О‘zbekistonda ma’muriy sudlovning ilmiy-nazariy asoslari ham yetarlicha rivojlanmagan edi deb aytishimiz mumkin.
I. О‘ZBEKISTONDA MA’MURIY SUDLAR TIZIMINING JORIY ETILISHINING MAZMUNI VA AHAMIYATI
2017-yil 1-iyundan О‘zbekiston tarixida birinchi marotaba fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlardan alohida bо‘lgan ma’muriy sudlarning joriy etilishi, shuningdek, О‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 2018-yil 8-yanvarda О‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar tо‘g‘risida»gi Qonunining, 2018-yil 25-yanvarda esa Ma’muriy sud ishlarini yuritish tо‘g‘risidagi kodeksning (MSIYutK) qabul qilinishi bilan О‘zbekistonda ma’muriy huquq rivojining mutlaq yangi, muhim bosqichi, davri boshlandi, desak hech mubolag‘a qilmagan bо‘lamiz. Chunki ushbu yangiliklar rivojlangan xorijiy davlatlar standartlari darajasida hamda milliy qonunchilikning о‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda, ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning eng zamonaviy qoidalarini mamlakatimizda joriy etdi [3, b-96-102], [4, b-29-38.].
Ma’muriy sudlar tizimining О‘zbekistonda bundan keyin ham takomillashib borishiga mamlakatimizda sud-huquq islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish va mavjud muammolar yechimini maqsad qilgan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PF–6034-son farmoni ham asos bо‘lib xizmat qilmoqda.
О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 107-moddasining birinchi qismi О‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi О‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda о‘zgartirildi hamda О‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi О‘RQ-703-sonli «Sudlar tо‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Natijada, viloyat darajasidagi jinoyat, fuqarolik ishlari bо‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar umumiy yurisdiksiya sudlari sifatida birlashtirildi. Ma’muriy sudlar esa umumiy yurisdiksiya sudlaridan alohida sudlar sifatida saqlab qolindi. Shuningdek, О‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar tо‘g‘risidagi ishlarni kо‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bо‘yicha sudlarga о‘tkazildi [5, b-359-364.].
Ma’muriy sudlar faoliyatiga nazar tashlaydigan bо‘lsak, 2018-yilda jami kо‘rilgan ishlar soni 17427 tani shundan qanoatlantirilganlar soni 12404 (71 %), 2019-yilda jami kо‘rilgan ishlar soni 16255 tani shundan qanoatlantirilganlar soni 11142 (69%), 2020-yilda jami kо‘rilgan ishlar soni 15066 tani shundan qanoatlantirilganlar soni 10130 (67 %), 2021 yilda jami kо‘rilgan ishlar soni 15143 tani shundan qanoatlantirilganlar soni 7876 (52%) tani tashkil etgan[6].
Ushbu statistik ma’lumotlardan shuni tushunish mumkinki, О‘zbekistonda ma’muriy sudlar ma’muriy-huquqiy munosabatlar doirasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qila oladigan tizimga aylanib bormoqda. Bu esa о‘z navbatida mamlakatimizda ma’muriy odil sudlovning bundan keyin ham islohotlarning markazida turishini anglatadi.
2022-yil 29-yanvarda О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bо‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-107-Qarori qabul qilindi.
Prezident Qarori bilan ma’muriy sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining ma’muriy organlar bilan bо‘ladigan ma’muriy-huquqiy munosabatlarda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi о‘rnini jiddiy ravishda oshirish nazarda tutilmoqda.
Yangi joriy etilgan ma’muriy sudlar о‘z navbatida nazariy va amaliy jihatdan yangi muammo va ijobiy о‘zgarishlarni ham yuzaga keltirdi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-107-Qarori bilan ma’muriy sudlov tizimidagi bir necha muammolar yechimiga qaratilgan vazifalar belgilanmoqda.
II. SUDGA SHIKOYAT QILISH TARTIBI















О‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish tо‘g‘risidagi kodeks 127-modda talabiga kо‘ra, manfaatdor shaxslarning arizalari asosida ma’muriy sudda ish qо‘zg‘atiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ma’muriy sudga murojaat qilishda ma’muriy sud tomonidan qanday toifadagi ishlar kо‘rib chiqilishiga ham e’tibor berilishi lozim.
Kodeks 27-moddasiga kо‘ra, quyidagi ishlar ma’muriy sudlar tomonidan kо‘rib chiqiladi:
- idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish tо‘g‘risidagi;
- mahalliy davlat hokimiyati organlarining, davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bо‘lgan boshqa organlarning (bundan buyon matnda ma’muriy organlar deb yuritiladi), fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qо‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish tо‘g‘risidagi;
- saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish tо‘g‘risidagi;
- notarial harakatni amalga oshirish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishni rо‘yxatga olish rad etilganligi yoki notariusning yoxud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish tо‘g‘risidagi;
- davlat rо‘yxatidan о‘tkazishni rad etish yoxud belgilangan muddatda davlat rо‘yxatidan о‘tkazishdan bо‘yin tovlash ustidan shikoyat qilish tо‘g‘risidagi;
- investitsiya nizolari bо‘yicha;
- raqobat tо‘g‘risidagi ishlar.
Ma’muriy sudga shikoyat qilishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bо‘lgan yana bir jihat bu sudga tegishlilik qoidalaridir.
Kodeks 28-moddasi talabiga kо‘ra, shikoyat(ariza) tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan kо‘riladi, bundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, shuningdek О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishli ishlar mustasno.
Investitsiya nizolari bо‘yicha yirik investorning, raqobat tо‘g‘risidagi ishlar bо‘yicha tomonlarning xohishiga kо‘ra ushbu toifadagi ishlar bevosita О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, qolgan investitsiyaviy nizolar investorning xohishiga kо‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida kо‘rib chiqiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari birinchi instansiya sudi sifatida davlat sirlari bilan bog‘liq ishlarni kо‘radi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari alohida holatlarga qarab, har qanday ishni tumanlararo ma’muriy suddan olib qо‘yishga va uni birinchi instansiya bо‘yicha о‘zining ish yurituviga qabul qilishga, ishni bir suddan boshqasiga о‘tkazishga haqli.

О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi birinchi instansiya sudi sifatida:
- idoraviy normativ – huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish tо‘g‘risidagi;
- О‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish haqidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonun bilan о‘z vakolatlariga kiritilgan boshqa ishlarni ham birinchi instansiya sudi sifatida kо‘radi.
О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi alohida holatlarga qarab, har qanday ishni istalgan ma’muriy suddan olib qо‘yishga va uni birinchi instansiya bо‘yicha о‘zining ish yurituviga qabul qilishga, ishni bir suddan boshqasiga о‘tkazishga haqli.
О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ish kassatsiya tartibida takroran kо‘rib chiqilayotganda hal qiluv qarori, qaror bekor qilinib, uni birinchi instansiya sudiga yangidan kо‘rib chiqish uchun yuborilayotganda ishni о‘z ish yurituviga birinchi instansiya sudi sifatida qabul qilishga haqli.

Fuqaroning yoki yuridik shaxsning arizasi (shikoyati) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan ma’muriy organ joylashgan yer yoxud mansabdor shaxsning ish joyi bо‘yicha sudga taqdim etiladi.

Turli yerlarda joylashgan bir nechta javobgarga nisbatan ariza (shikoyat) arizachining tanlovi bо‘yicha javobgarlardan biri joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Yirik investor bо‘lmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bog‘liq da’vo arizalari (shikoyatlari) javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo ma’muriy sudga yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga taqdim etilishi mumkin.
Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bog‘liq da’vo arizalari (shikoyatlari), shuningdek tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan da’vo arizalari tumanlararo ma’muriy sudga yoki О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin.
Ariza (shikoyat) sudga yozma shaklda beriladi. U arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Arizada (shikoyatda) quyidagilar kо‘rsatilishi kerak:
- ariza (shikoyat) berilayotgan sudning nomi;
- ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
- arz qilingan talablarga asos bо‘lgan holatlar (agar ular mavjud bо‘lsa);
- arz qilingan talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
- arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar;
- ilova qilinayotgan hujjatlarning rо‘yxati.
Arizada (shikoyatda) arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili kо‘rsatilishi mumkin.
Arizada (shikoyatda), agar nizoni tо‘g‘ri hal qilish uchun zarur bо‘lsa, boshqa ma’lumotlar, shuningdek arizachidagi mavjud bо‘lgan iltimosnomalar kо‘rsatiladi.
Arizachi о‘zaro bog‘liq bо‘lgan bir nechta talabni, agar ular ma’muriy sudga taalluqli bо‘lsa, bitta arizaga (shikoyatga) birlashtirishga haqli.
Arizachi ariza (shikoyat) berayotganda javobgarga va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan, ularda bо‘lmagan hujjatlarning kо‘chirma nusxalarini yuborishi shart.
Arizaga (shikoyatga) quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
- belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji tо‘langanligini, agar bu ushbu toifadagi ishlar uchun qonunda nazarda tutilgan bо‘lsa;
- belgilangan tartibda va miqdorda pochta xarajatlari tо‘langanligini;
- arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning kо‘chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga yuborilganligini;
- arz qilingan talablarga asos bо‘lgan holatlarni;
- arizani (shikoyatni) imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan bо‘lsa.
Ariza shakl-mazmuni, talabida xatolar mavjud bо‘lsa, sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoxud qaytarish haqidagi masalani ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qiladi.
Kodeks 133-moddasiga kо‘ra, sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
- ish ma’muriy sudga taalluqli bо‘lmasa;
- ma’muriy sudning ayni bir shaxslar о‘rtasidagi, ayni bir predmet tо‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bо‘yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimi mavjud bо‘lsa;
- sudning ish yuritishida ayni bir shaxslar о‘rtasidagi, ayni bir predmet tо‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bо‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bо‘lsa.
Arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish tо‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, Kodeks 134-moddasi talabiga kо‘ra, sudya arizani (shikoyatni) va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
- arizaning (shikoyatning) ushbu Kodeksning 128-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan bо‘lsa;
- о‘zaro bog‘liq bо‘lgan bir nechta talab birlashtirilgan bо‘lib, ularning ayrimlari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bо‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli bо‘lsa;
- ariza (shikoyat) imzolanmagan bо‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bо‘lmagan shaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-sharifining bosh harflari kо‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bо‘lsa;
- ish mazkur sudning sudloviga tegishli bо‘lmasa;
- javobgar va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning kо‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan bо‘lsa;
- davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda tо‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bо‘lsa, davlat boji tо‘lashni kechiktirish, bо‘lib-bо‘lib tо‘lash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bо‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bо‘lsa;
- bitta arizada (shikoyatda) bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan о‘zaro bog‘lanmagan bir nechta talab birlashtirilgan bо‘lsa;
- arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish tо‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar arizani (shikoyatni) qaytarib olish tо‘g‘risida arizachidan ariza kelib tushgan bо‘lsa.
Arizani (shikoyatni) qaytarish tо‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Arizaning (shikoyatning) qaytarilishi yо‘l qо‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin sudga takroran umumiy tartibda murojaat etishga tо‘sqinlik qilmaydi.
Yuqoridagilardan shuni kо‘rishimiz mumkinki, jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy sudga murojaat qilishining о‘ziga xos talab va shartlari mavjud. Mazkur qoidalarga rioya qilmaslik esa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ma’muriy sud orqali himoya qilishda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
III. SUDGA SHIKOYAT QILISH MUDDATI
Jismoniy va yuridik shaxslar о‘z huquqlarini ma’muriy sud tartibida himoya qilishda sudga murojaat qilish muddatlariga ham jiddiy e’tibor qaratishlari lozim. Zero, tegishli muddatlar о‘tgandan keyin qilingan ariza(shikoyat) qanoatlantirilmasdan qoldirilishi mumkin.

Manfaatdor shaxs ma’muriy organning, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish tо‘g‘risida ariza (shikoyat) bilan, agar bu qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli:
- uning huquqlari va qonun bilan qо‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan;
- uning huquqlari, erkinliklarini amalga oshirishga va qonuniy manfaatlarini rо‘yobga chiqarishga tо‘siqlar vujudga keltirgan;
- uning zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklagan;
- uning u yoki bu sohadagi faoliyatni amalga oshirishi uchun boshqa tо‘siqlar vujudga keltirgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqli.
Agar ushbu Kodeksda yoki о‘zga qonunlarda boshqa muddatlar belgilanmagan bо‘lsa, ma’muriy organning, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga о‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi tо‘g‘risida ma’lum bо‘lgan paytdan e’tiboran uch oy ichida sudga berilishi mumkin.
Davlat ijrochisining qarorini haqiqiy emas, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish tо‘g‘risidagi ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga о‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi tо‘g‘risida ma’lum bо‘lgan paytdan e’tiboran о‘n kun ichida sudga berilishi mumkin.
Ariza (shikoyat) berishning uzrli sababga kо‘ra о‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.
О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-dekabrdagi “Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish tо‘g‘risidagi ishlarni kо‘rib chiqish bо‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 24-sonli qarori 18-bandida ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tо‘g‘risidagi ishlarni kо‘rishda, sud О‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining da’vo muddati tо‘g‘risidagi normalarini qо‘llashga haqli emas va faqat MSIYutK hamda tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda nazarda tutilgan muddatlargagina asoslanishi kerakligi keltirilgan [7].
О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-dekabrdagi 24-sonli qarorining 19-bandiga kо‘ra, arizaning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarni о‘tkazib berilishi uni qaytarish uchun asos bо‘lmaydi. Bunday hollarda ariza ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan kо‘rib chiqilishi lozim.
Sud har bir ish bо‘yicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxs ushbu holatga e’tibor qaratganligidan qat’i nazar ularning о‘tkazib yuborilishi sabablarini muhokama qilishi lozim.
Sudga murojaat qilish muddati arizachiga quyidagilar ma’lum bо‘lgan kunning ertasidan boshlanadi:
- uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;

- uning huquqlari va erkin liklarini amalga oshirishga tо‘siqlar vujudga keltiril ganligi;
- uning zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi.
Sudga murojaat qilish muddatiga rioya qilinish masalasi ishni tо‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega
holat ekanligi sababli, uni tiklash yoki tiklashni rad etish tо‘g‘risidagi xulosalar, MSIYutK 156-moddasi birinchi qismining 2-bandiga kо‘ra, sudning hal qiluv qarorida asoslantirilishi lozim. Agar sudga murojaat qilish muddati о‘tkazib
yuborilgan yoki о‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash sud tomonidan rad etilgan bо‘lsa, arizani qanoatlantirish rad qilinadi.
Bundan kо‘rinadiki, jismoniy va yuridik shaxslar 3 oylik, о‘n kunlik, saylov masalalari bо‘yicha esa besh kun ichida ma’muriy sudga shikoyat qilishi mumkin. Mazkur muddatga rioya qilmaslik ariza (shikoyat)ni qanoatlantirmasdan qoldirilishiga asos bо‘lishi mumkin[8].
IV. ARIZA (SHIKOYAT) SHAKLI
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini sud tartibida himoya qilishda ariza (shikoyat) shakliga ham yetarlicha e’tibor qaratish lozim.

О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-dekabrdagi 24-sonli qarori 15-bandiga kо‘ra, qarorni haqiqiy emas deb topish, harakatni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish tо‘g‘risidagi ariza (shikoyat) MSIYutK 128-,187-moddalariga muvofiq rasmiylashtirilishi hamda qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji tо‘langan bо‘lishi lozim. Ariza (shikoyat) shakli va mazmuniga nisbatan MSIYutK 187-moddasida belgilangan talablarni inobatga olib, unda jumladan, quyidagilar kо‘rsatilishi kerak:
- qanday qaror, harakat (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotganligi;

- ma’muriy organning nomi;
- mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari;
- qarorning rekvizitlari;
- arizachining aniq qanday huquq lari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
- arizachining fikriga kо‘ra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakat (harakatsizlik) qaysi qonun hujjatiga zid ekanligi;
- shunga о‘xshash shikoyat bо‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga berilgan-berilmaganligi va agar berilgan bо‘lsa, qanday javob olinganligi.
Ta’kidlash joizki, О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019- yil 24-dekabrdagi 24-sonli qarori 15-bandiga kо‘ra, arizaga (shikoyatga) MSIYutK 130-moddasida kо‘rsatilgan hujjatlar, shuningdek, nizolashilayotgan qaror nusxasi ilova qilinadi. Biroq MSIYutK 134-moddasining birinchi qismiga muvofiq, arizaga qarorni ilova qilmaslik arizani qaytarishga asos bо‘lmaydi. Sud nizolashilayotgan qarorni arizachining iltimosnomasiga kо‘ra yoki о‘z tashabbusi bilan ma’muriy organdan talab qilib olishga haqli.
Bundan kо‘rinadiki, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sudga murojaat qilinganda tegishli ma’muriy organ qarorini arizaga ilova qilmaslik, arizani qaytarishga asos bо‘lmas ekan[9].
V. SHIKOYATNI KО‘RIB CHIQISH VA SUDNING
HAL QILUV QARORI
Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning majlisi videokonferensaloqa rejimida о‘tkazilishi mumkin.
Sud tashabbusiga kо‘ra yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasiga kо‘ra sud majlisining audio yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi sudya:
- sud majlisini ochadi va qanday ish kо‘rilishini e’lon qiladi;
- ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari majlisga kelgan-kelmaganligini, ularning vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilingan-qilinmaganligini hamda ularning kelmaganligi sabablari tо‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini tekshiradi;
- sud tarkibini e’lon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini ma’lum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish huquqini tushuntiradi;
- kelgan guvohlarni sо‘roq qilish boshlanguniga qadar ularni majlis zalidan chiqarib yuboradi;
- sud protsessi ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
- tarjimonni bila turib notо‘g‘ri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib notо‘g‘ri xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolg‘on kо‘rsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik tо‘g‘risida ogohlantiradi;
- dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
- ish uchun ahamiyatga ega bо‘lgan holatlar aniqlanishini ta’minlab, majlisga rahbarlik qiladi;
- majlisda tegishli tartibni ta’minlash choralarini kо‘radi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bо‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni kо‘rayotgan sudning ruxsati bilan yо‘l qо‘yiladi.
Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir bо‘lganlarning barchasi о‘rinlaridan turadi.
Sud protsessi ishtirokchilari sudga «Hurmatli sud!» degan sо‘zlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga о‘z tushuntirishlari va kо‘rsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yо‘l qо‘yilishi mumkin.
Sud majlisi sudning normal ishlashini va sud protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlaydigan sharoitlarda о‘tkaziladi. Sud majlisi zalida hozir bо‘lgan hamda sudning ruxsati bilan sud majlisining fototasvirini, videoyozuvini, radio va televideniye orqali translyatsiyasini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlari sud majlisidagi tartibga xalaqit bermasligi kerak. Bu harakatlar sud tomonidan vaqt bо‘yicha cheklanishi mumkin.
Majlis vaqtida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarorini majlis zalida hozir bо‘lganlarning barchasi tik turib eshitadi.

Sud muhokamasi davomida sud ish bо‘yicha dalillarni tekshiradi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning kо‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini, mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitadi, yozma dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni kо‘zdan kechiradi, shuningdek yozma shaklda taqdim etilgan tushuntirishlar, kо‘rsatuvlar va xulosalarni о‘qib eshittiradi.
Audio va videoyozuvlarni namoyish qilish sud majlisi zalida yoki ushbu maqsad uchun maxsus jihozlangan boshqa xonada amalga oshiriladi. Audio va videoyozuvlar namoyish qilinganligi fakti sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ariza (shikoyat) yuzasidan taqdim etishni taklif qilgan yozma fikr yoki qо‘shimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni mavjud materiallar bо‘yicha kо‘rishga tо‘sqinlik qilmaydi.
Ish muhokamasining vaqti va joyi tо‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan arizachi sud majlisiga kelmasa, arizachining ishni uning yо‘qligida kо‘rish tо‘g‘risidagi arizasi bо‘lgan taqdirda, arz qilingan talab uning yо‘qligida hal qilinishi mumkin.
Ish muhokamasining vaqti va joyi tо‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, ish ularning yо‘qligida kо‘rilishi mumkin.
Barcha dalillar tekshirilganidan keyin sud majlisida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ularda ish bо‘yicha qо‘shimcha materiallar bor-yо‘qligini aniqlaydi. Sud bunday materiallar mavjud bо‘lmagan taqdirda, sud muzokaralariga о‘tadi.
Sud muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning og‘zaki chiqishlaridan iborat bо‘ladi. Muzokaralarda ular ish bо‘yicha о‘z nuqtai nazarini asoslaydi.
Sud muzokaralarida birinchi bо‘lib arizachi, keyin nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs va javobgar sо‘zga chiqadi. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishda qaysi arizachining yoki javobgarning tarafida ishtirok etayotgan bо‘lsa, shu arizachidan yoki javobgardan keyin sо‘zga chiqadi
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qо‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat organlarining va boshqa shaxslarning vakillari sud muzokaralarida birinchi bо‘lib sо‘zga chiqadi.
Sud muzokaralari ishtirokchilari sud tomonidan aniqlanmagan holatlarga va sud majlisida tekshirilmagan yoki sud tomonidan yо‘l qо‘yib bо‘lmaydigan deb tan olingan dalillarga tayanishga haqli emas.
Agar sud muzokaralari vaqtida yoki keyin qо‘shimcha holatlarni aniqlash yoki yangi dalillarni tekshirish zarur deb topsa, u dalillarni tekshirishni tiklaydi, bu haqda sud majlisi bayonnomasida kо‘rsatiladi.
Dalillarni qо‘shimcha tekshirish tugaganidan keyin sud muzokaralari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda о‘tkaziladi.
Sud ish bо‘yicha dalillarni tekshirish va sud muzokaralari tugaganidan keyin sud hujjatini qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi.
Sud ishni mazmunan kо‘rib chiqish natijalari bо‘yicha hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Sud hal qiluv qarorini О‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Sudning hal qiluv qarori sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilinadi.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bо‘lishi kerak. U sud majlisida tekshirilgan dalillargagina asoslangan bо‘lishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat bо‘ladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi; sud tarkibi, sud majlisi kotibi; ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va joy; talab predmeti; ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ularning vakillari va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kо‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arz qilingan talablari va e’tirozlari, tushuntirishlari, arizalari va iltimosnomalarining qisqacha bayoni bо‘lishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida:
- ishning sud tomonidan aniqlangan haqiqiy holatlari;
- sudning ish holatlari tо‘g‘risidagi xulosalari asoslangan dalillar;
- sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligining, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini qabul qilganligining yoki rad etganligining asoslari;
- hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonunchilik hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonunchilik hujjatlarini qо‘llamaganligining asoslari kо‘rsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havolalar kо‘rsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan talablardan har birini tо‘liq yoki qisman qanoatlantirish haqidagi yoki qanoatlantirishni rad etish tо‘g‘risidagi xulosalar bо‘lishi kerak.
Agar sud hal qiluv qarorini ijro etish tartibini belgilagan yoki uning ijrosini ta’minlash choralarini qabul qilgan bо‘lsa, bu haqda hal qiluv qarorining xulosa qismida kо‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini ishda ishtirok etuvchi shaxslar о‘rtasida taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) muddati va tartibi kо‘rsatiladi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, jismoniy va yuridik shaxslarning о‘z huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari hamda о‘z huquqlari buzilganligi tо‘g‘risidagi ishlar bо‘yicha ariza (shikoyat)larni kо‘rib chiqish tartibini bilish eng muhim konstitusiyaviy huquqlardan biri bо‘lmish sud orqali huquqini samarali himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi[10].
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RО‘YXATI
- О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021 y., 03/21/670/0089-son, 09.02.2021 y., 03/21/671/0093-son)
- О‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish tо‘g‘risidagi kodeksi (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021 y., 03/21/662/0012-son).
- Nematov J. Some issues of perception, interpretation of administrative law and legal education in modern Uzbekistan. Review of Law Sciences. – 2019. – № 1. – P. 96–102.
- Nematov J. New administrative law reforms in Uzbekistan: problems and their solutions.// International Cooperation Department Research and Training Institute Ministry of Justice (Japan). ICD News 2018 № 75 (2018/6) – P. 29-38.
- Nematov J., Astanov Sh. O’zbekistonda mamuriy huquqbuzarlik togrisidagi ishlarni sudda korishni isloh qilish masalalari // Journal of Legal Research. – 2020. – № SI2. – P. 359–364
6. https://stat.sud.uz/file/2022/17-01/mamuriy-2021-12oy.pdf (20.02. 2022 yil)