1-§. KARANTIN QOIDALARIGA AMAL QILMASLIK JAVOBGARLIKNI KELTIRIB CHIQARADI(MI)?!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni PF–5537-son farmoyishi bilan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etilib (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb yuritiladi), uning asosiy vazifalari belgilab berildi va bu komissiyaga Hukumatimizning 2020-yil 23-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 176-son qarori bilan mamlakatimizning butun hududi boʻyicha amal qiladigan karantin va yoki cheklovchi tadbirlarni kiritish boʻyicha vakolatlar berildi.

Hukumatimizning mazkur qarori bilan koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar – Respublika komissiyasining qarorlariga, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va epidemiyaga qarshi kurashishga jalb etilgan boshqa davlat tashkilotlarining qonuniy talablariga rioya etishga, Oʻzbekistonga qaytib kelganligi, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan hududlarda boʻlgan vaqti va joyi toʻgʻrisida zudlik bilan sogʻliqni saqlash organlariga maʻlumot berishga, oʻzida kasallik alomatlari vujudga kelganda kasallik yuqishi mumkin boʻlgan davrda muloqotda boʻlgan shaxslar va harakatlanish yoʻnalishlari haqida zudlik bilan sogʻliqni saqlash organlariga maʻlumot berishga, 14 kun davomida uyda yoki maxsus belgilangan joyda izolyatsiya sharoitida boʻlishga, sanitariya va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalari va izolyatsiya rejimida boʻlishga oid talablarga qatʻiy rioya etish, shu jumladan, tibbiy himoya vositalarini qoʻllash va jamiyatda bir-birlari orasida masofani saqlashga, sogʻliqni saqlash organlari tomonidan tayinlanadigan tibbiy tekshiruv va davolanishdan oʻtishga majbur ekanliklari ham belgilab qoʻyildi.

Mazkur majburiyatlarga rioya qilmaslik nafaqat maʻmuriy, balki  jinoiy javobgarlikni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 53-54-moddalarida sanitariya qonunchi­ligini buzganlik va epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Mazkur kodeksning 53-moddasiga muvofiq, sanitariya qonunchilikni, sanitariya norma­larini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mumkin.

MJTKning 54-moddasiga koʻra, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz boʻlish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʻlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik esa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi mumkin.

Taʻkidlash joizki, 2020-yil 26-mart kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ–613-sonli qonunning qabul qilinishi bilan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida karantin talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Yuqoridagi qonunga binoan sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2571-moddasi matni yangi tahrirda quyidagicha bayon qilindi:

«Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʻlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, –

ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, –

yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan XVII bobning 2571-moddasida “Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish” jinoyati nazarda tutilgan boʻlib, karantin qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlari sifatida jinoiy javobgarlik mustahkam­langanligidan dalolat beradi.

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati obyekti jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi va aholi sogʻligʻi bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Mazkur jinoyatning asosiy obyekti jamoat xavfsizligi va jamoat tartibi bilan bogʻliq ijtimoiy munosabat hisoblansa, uning qoʻshimcha obyekti esa aholi sogʻligʻi hisoblanadi.

Ushbu jinoyat karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida karantin qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlari natijasi oʻlaroq kasallikning shiddat bilan tarqalishi nafaqat jamoat xavfsizligiga tahdid soladi, balki aholi sogʻligʻini xavf ostida qoldirishi bilan ijtimoiy xavfli hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2571-moddasi 1-qismi boʻyicha sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati obyektiv tomondan sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʻlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarishi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelishida ifodalanadi.

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish quyidagi jinoiy harakatsizlar orqali sodir etiladi:

– karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish kabi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik;

– karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik kabi qonuniy talablari uzrli sabablarsiz bajarmaslik;

– kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʻlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik.

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati moddiy tarkibli jinoyat boʻlib, muayyan oqibatlar, yaʻni odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarishi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelinish holatlari mavjud boʻlganda jinoyat tamom boʻlgan hisoblanadi.

Odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi deganda nimalar tushiniladi?

Odamlarning ommaviy kasallanishi koʻp sonli aholida zaharlanish, surunkali xastalikning paydo boʻlishi, tanadagi biror aʻzoning ishdan chiqishi (koʻrish quvvatining, ichki sekretsiya bezlari faolligining pasayishi va hokazolar)da ifodalanadi.

Odamlarning ommaviy kasallanishi deganda, ikki yoki undan ortiq shaxsda sogʻliqning jismoniy, ruhiy yoki boshqacha buzilishi tushuniladi.

Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlatning qonuniy talablari quyidagilar hisoblanadi:

– karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

– karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

– kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʻlumotlarni oshkor qilish

  • sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati subyektiv tomondan qasddan sodir etiladi.

Mazkur jinoyat subyekti esa jinoyat sodir etgunga qadar oʻn olti yoshga toʻlgan, aqli raso jismoniy shaxslar hisoblanadi.

2-§. AHOLINING SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK OSOYISHTALIGI SOHASINING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLISHINISHI

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

  • sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • davlat tomonidan sanitariya-epidemiologiya normalarining joriy etilishi;
  • aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish;
  • davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish;
  • xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 26-avgustdagi OʻRQ-393-son “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart boʻlgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir. Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlanadi.

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda ijobiy xulosa olinganidan keyin hisobga qoʻyiladi.

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʻlon qilingan kundan eʻtiboran kuchga kiradi.

Mazkur Qonunning 6-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi vakolatlari keltirib oʻtilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

  • aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʻminlaydi;
  • aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
  • davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni PF–5537-son farmoyishi bilan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilab berildi. Bu komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov rais etib belgilandi hamda quyidagilar Respublika komissiyasining (A.N. Aripov) asosiy vazifalar etib belgilandi:

  • umumjahon, mintaqaviy va mamlakat ichidagi epidemiologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, mamlakatda koronavirusning tarqalishi va epidemiologik vaziyatning yomonlashishi tendensiyalarini prognoz qilish;
  • koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish va ularga tuzatishlar kiritish maqsadida XXR va boshqa manfaatdor davlatlarning davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan zarur hamkorlikni va maʻlumot almashishni tashkil etish;
  • koronavirus muammolari boʻyicha tadqiqotlarni muvofiq­lashtirish, ushbu kasallikni profilaktika qilish, diagnostika va davolashning zamonaviy va samarali usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • zaxirani shakllantirish va sohaga aloqador sogʻliqni saqlash muassasalarini hamda aholini diagnostika vositalari, virusga qarshi preparatlar va shaxsiy himoya vositalari bilan oʻz vaqtida zarur hajmda taʻminlash;
  • ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida mamlakat hududida koronavirusga oʻz vaqtida diagnostika va kompleks profilaktika qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, epidemiologik noqulay davlatlarda vaqtincha yashayotgan va koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori zonalarga tushib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga zarur yordam koʻrsatish;
  • koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini oʻz vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • zamonaviy ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, Internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqalar)ni jalb qilgan holda aholi oʻrtasida koronavirusning tarqalishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni tushuntirish, shuningdek, uni profilaktika qilish usullari boʻyicha sanitariya-maʻrifiy ishlarni samarali tashkil etish;
  • koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyat murakkablashgan holatda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan kechiktirib boʻlmay­digan choralarni koʻrish boʻyicha takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish.

3-§. KORONAVIRUSGA GUMON QILINGAN BEMOR UYDA VA TIBBIYOT MUASSASASIDA ANIQLANGANDA QANDAY HARAKAT QILISH KERAK?!

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
23-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 176-son qarorining uchunchi boʻlimida koronavirusga gumon qilingan bemor uyda va tibbiyot muassasasida aniqlanganda harakatlanish tartibi belgilab qoʻyilgan boʻlib, unga muvofiq,

Koronavirusga gumon qilingan bemor uyda aniqlanganda:

  • tibbiyot xodimi bemorni uyida tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, koronavirus infeksiyasiga gumon qilgan hollarda, ushbu Nizomga ilovada belgilangan tartibda darhol oʻzi ishlayotgan tibbiyot muassasasi rahbariga, rahbar esa, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga xabar beradi;
  • tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari infeksiya oʻchogʻiga kombinezon, etik, tibbiy niqob, koʻzoynak va qoʻlqopdan iborat shaxsiy himoya vositalari bilan taʻminlangan tibbiyot xodimlari guruhini va tez tibbiy yordam mashinasini yuboradi;
  • sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi bemorning uyiga tuman epidemiolog vrachi va dezinfeksion guruhni yuboradi;
  • epidemiolog vrach epidemiologik surishtiruv ishlarini olib boradi hamda bemor bilan muloqotda boʻlganlarni va bemorning harakatlanish yoʻnalishini aniqlaydi;
  • dezinfeksiya guruhi infeksiya oʻchogʻida yakuniy dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazadi;
  • bemordan laboratoriya tekshiruvi oʻtkazish uchun namunalar tibbiyot muassasalari tomonidan olinib, virusologiya laborato­riyasiga yuboriladi.

Koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemor tibbiyot muassasasida aniqlanganda:

  • tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan barcha bemorlar muassasaga kirish eshigi oldida yoki qabul boʻlimida filtrdan oʻtkaziladi, tana harorati yuqori, nafas siqishi hamda yoʻtalga shikoyati aniqlanganlar izolyatorga joylashtiriladi;
  • koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemor aniqlanganda, shifokor boshqa bemorlarni qabul qilishni toʻxtatadi va ushbu Nizomga ilovada belgilangan tartibda zudlik bilan bemor haqida tibbiyot muassasasi rahbariga, u esa, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga xabar beradi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi shoshilinch xabarnoma yuboradi;
  • tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi bemorning uyiga tuman epidemiolog vrachi va dezinfeksiya guruhini yuboradi;
  • bemorni qabul qilayotgan shifokor shaxsiy himoya vositalarini kiyib, evakuatsiya va dezinfeksiya guruhlari kelgunga qadar davolash profilaktika muassasasida qoladi;
  • dezinfeksiya guruhi yoki tibbiyot muassasasi oʻzining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda infeksiya oʻchogʻida joriy dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazadi;
  • dezinfeksiya guruhi bemorning uyida yakuniy dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazadi;
  • bemorga aniq birlamchi tashxis qoʻyish maqsadida infeksionist vrach uni koʻrikdan oʻtkazadi va surishtiruv ishlarini olib boradi, bemor koʻrikdan oʻtkazilganidan keyin, evakuatsiya guruhi uni boks palatalari boʻlgan maxsus ajratilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketadi;
  • bemor bilan muloqotda boʻlgan tibbiyot xodimlari va bemorning oila aʻzolari bemor alohidalangan kundan boshlab, 14 kun davomida karantinga olinadi, agar ular orasida koronavirus infeksiyasining belgilari paydo boʻlsa, ular gospitalga yotqiziladi;
  • bemorni olib kelgan avtotransport vositasi yuqumli kasallik­lar shifoxonasining maxsus maydonchasida dezinfeksiya qilinadi;
  • bemordan laboratoriya tekshiruvi oʻtkazish uchun namunalar olinib, virusologiya laboratoriyasiga yuboriladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida barcha aholi yuqoridagi qonun talablariga va karantin qoidalariga qatʻiy rioya qilgan holda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga oʻz hissasini qoʻshishi kerak, barcha uydan chiqqanda, albatta, tibbiy niqob taqishi, ommaviy va koʻngilochar tadbirlar uyushtirmasligi va bundan tadbirlarda qatnashmasligi, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olish, tozalik va tibbiy-sanitariya qoidalariga ogʻishmay amal qilishi lozim.

Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida kimda kim qonun talablariga va karantin qoidalariga qatʻiy rioya qilmaganga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Maʻmuriy javobgar toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan maʻmuriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishi, shuningdek, unga tegishli jazo choralari qoʻllanishi muqarrardir.

Koronavirus infeksiyasiga gumon qilinganda shoshilinch xabar berish

TARTIBI