KIRISH
Kishilarning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlari orasida turar joyga boʻlgan ehtiyoj eng birinchi va asosiy ehtiyojlardan biri hisoblanadi. Zero, turar joyga nisbatan ehtiyoji qondirilmasdan turib inson xotirjam hayot kechirish va oʻzini erkin his qilish imkoniyatiga ega boʻlmaydi. Fuqarolarning turar joyga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlar hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida yangicha koʻrinish va mazmun kasb etganligini taʼkidlab oʻtish joiz. Zero, bozor munosabatlari sharoitiga kelib kishilardagi boqimandalik tuygʻusi barham topa boshlashi bilan birgalikda, davlatga tegishli boʻlgan turar joy binolarning katta qismi xususiylashtirildi.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni tashkil etilishi kommunal xizmatlar sohasida ham yangi munosabatlarni vujudga keltirdi. Ayniqsa, kommunal xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, issiq suv va sovuq suv taʼminoti, suv oqova xizmatlarini koʻrsatuvchi turli yuridik shaxslar tomonidan isteʼmolchilarga kommunal xizmatlar koʻrsatish shartlari, tartibi va asosiy qoidalari, xizmatlar uchun haq toʻlash, isteʼmolchilarning huquq va majburiyatlari, bu huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik masalalari borasida yangi qonun hujjatlari qabul qilindi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi boshlanishi bilan isteʼmolchilarning huquqlarini har tomonlama taʼminlash, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, isteʼmolchilik madaniyatini oshirish, isteʼmolchilarga masʼuliyat va javobgarlik hissini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Ana shu maqsadlarda ushbu risola isteʼmolchilarning kommunal xizmatlar sohasidagi huquq va majburiyatlari borasidagi bilim va tasavvurlarini kengaytirish, ularning oʻz huquqlarini amalga oshirish boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
SAVOLLAR VA JAVOBLAR
1. Kommunal xizmatlar tushunchasi va uning turlari
Kommunal xizmatlar – bu bino, inshoot, uskuna, kommunikatsiya va kommunal maqsadlar uchun foydalaniladigan obyektlarning lozim darajadagi texnik va sanitariya-gigiyenik holatini qoʻllab-quvvatlash va qayta tiklash boʻyicha xizmatlardir. Shuningdek, kommunal xizmatlarga sovuq va issiq suv taʼminoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya), elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, isitish (issiqlik taʼminoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish hamda turar joylarda fuqarolarning yashashi uchun qulay sharoitlarni taʼminlovchi boshqa xizmatlar kiradi.
2. Kommunal xizmat koʻrsatish munosabatlar qaysi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi?
Kommunal xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori va shu qaror bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish qoidalari, isteʼmolchilarga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalari bilan tartibga solinadi.
3. Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida kimlar isteʼmolchi hisoblanadi?
Isteʼmolchining kim boʻlishi, yaʼni fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud shartnoma tarafi boʻlishi kommunal xizmat turlaridan kelib chiqib farqlanadi. Masalan, issiqlik taʼminoti sohasida isteʼmolchi – koʻp kvartirali uyda issiqlik taʼminoti shartnomasi boʻyicha yoki boshqa qonuniy asosda xonaga mulk egasi huquqidan foydalanuvchi, issiqlik taʼminoti shartnomasi boʻyicha issiqlik taʼminoti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs hisoblanadi.
Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatish sohasida isteʼmolchi – suv quvuri-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkiloti bilan suv olish va (yoki) oqova suvlarni oqizib yuborish xizmatlari olish yuzasidan belgilangan tartibda shartnoma tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar. Shuningdek, xoʻjalik yurituvida va (yoki) operativ boshqaruvida uy-joy fondi hamda muhandislik infratuzilmasi obyektlari boʻlgan tashkilotlar va davlat (idoraviy) uy-joy fondida joylashgan jismoniy shaxslarga kommunal xizmatlar koʻrsatishga vakolati boʻlgan tashkilotlar.
4. Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida kimlar xizmat koʻrsatuvchilar – ijrochi va yetkazib beruvchi hisoblanadi?
Ijro etuvchi – tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, isitish va issiq suv taʼminoti tizimlaridan foydalangan holda isteʼmolchilarga issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatiladigan uy ichidagi tizimlarga xizmat koʻrsatish va ularning texnik holati uchun javob beruvchi yuridik shaxsdir.
Yetkazib beruvchi – issiqlik taʼminoti shartnomasi asosida issiqlik energiyasini taqsimlash va sotish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxsdir. Masalan, “Toshkent issiqlik markazi” DUKning “IM-1” va “IM-6” qozonxonalari. Bugungi kunda issiqlik taʼminoti tashkilotlari tasarrufida jami 709 ta markaziy va lokal qozonxonalar aholiga issiqlik energiyasini yetkazib berish boʻyicha faoliyat yuritmoqda. Aholi xonadonlariga issiqlik energiyasi 2 830 km dan ziyod issiqliq tarmoqlari orqali yetkazib berilmoqda.
5. Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlarini koʻrsatish nima asosida amalga oshiriladi?
Yetkazib beruvchi isitish uchun issiqlik energiyasi yetkazib berish va issiq suv bilan taʼminlashga isteʼmolchilar bilan issiqlik taʼminoti shartnomasi tuzadi hamda issiqlik tarmogʻining balans mansubliligi chegarasida issiqlik energiyasi berish rejimi va sifati uchun javob beradi.
Koʻp kvartirali uylarda kommunal xizmatlar isteʼmolchisining nomidan shartnoma ijro etuvchi (uy-joy fondidan foydalanuvchi yuridik shaxs – xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar) tomonidan tuzilishi mumkin.
Isitish va issiq suv taʼminoti uy ichidagi tizimlarga, shu jumladan, issiqlik punktiga (elevator bogʻlamasiga) texnik xizmat koʻrsatish ijro etuvchi (xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va shu kabilar) bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha, toʻlov asosida yetkazib beruvchi yoki boshqa tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
6. Issiq taʼminoti shartnomasini tuzish uchun isteʼmolchi qanday hujjatlarni taqdim etishi lozim?
Issiqlik taʼminoti shartnomasini tuzish uchun isteʼmolchilar quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
turar joy yoki noturar xonaning mulkdori shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
koʻp kvartirali uyda xonaning mulkdori (foydalanish) huquqini tasdiqlovchi hujjat va ushbu huquq paydo boʻlgan sana;
ichki ishlar boʻlimi pasport boʻlinmasidan berilgan maʼlumotnoma (f-17) yoki uy daftaridan koʻchirma;
yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma (noturar xonaning mulkdori uchun);
issiqlik taʼminoti tizimlariga ulanish uchun loyiha hujjatlari (noturar xonaning mulkdori uchun).
7. Issiqlik taʼminoti shartnomasida nimalar nazarda tutiladi?
Issiqlik taʼminoti shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
isteʼmol va issiqlik energiyasi sifati koʻrsatkichlarining belgilangan rejimlariga rioya qilish shartlari va tomonlarning majburiyatlari;
balans mansublilik chegaralari;
issiqlik energiyasi bilan taʼminlashni toʻxtatish yoki cheklash shartlari;
haq toʻlash tartibi, vaqti, tariflar va shartlar;
isteʼmolchiga issiqlik energiyasini yetkazib bermagan yoki toʻliq hajmda yetkazib berilmagan hollarda toʻlovlarni qayta hisob-kitob qilish;
hisobga olish asboblari boʻyicha maʼlumotlar (issiq suvni individual hisobga olish asbobining turi);
issiqlik energiyasini berish va isteʼmol qilishning asosiy shartlari;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
8. Isitish taʼminoti qanday shartlar asosida amalga oshiriladi?
Ijro etuvchi tomonidan isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimni foydalanish uchun texnik jihatdan yaroqli holatda saqlash sharti bilan yetkazib beruvchi isteʼmolchiga sifatiga koʻra standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga, sanitariya normalari va qoidalariga hamda issiqlik taʼminoti shartnomasi shartlariga muvofiq boʻlgan issiqlik taʼminoti boʻyicha xizmatlar koʻrsatishi shart.
Koʻp kvartirali uyda xonalar mulkdorlarining umumiy mulki tarkibiga kiruvchi uy ichidagi isitish va issiq suv taʼminoti tizimlarining tayyorligini taʼminlash ijro etuvchiga yoki koʻp kvartirali uyda xonalarning mulkdorlariga (ushbu uy bevosita boshqarilgan taqdirda) yuklanadi.
Isitish va issiq suv taʼminoti tizimlarining texnik holati va ulardan foydalanishga, asbob-uskunalarga, asboblarga qoʻyiladigan talablar, ularga rioya etilishini nazorat qilish kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
9. Isteʼmol xossalari va issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish rejimiga nisbatan qanday meʼyorlar belgilangan?
Isteʼmol xossalari va issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish rejimi belgilangan meʼyorlarga muvofiq boʻlishi kerak, yaʼni:
isitish boʻyicha – belgilangan tartibga koʻra xonalarni isitish boʻyicha chora-tadbirlarni (derazalar, balkonlar va kirish eshiklarining dahlizlarini zichlashtirish, isitish tagsinchlarini izolyatsiyalash) bajarish sharti bilan isitish mavsumi davrida 1995-yilgacha qurilgan koʻp qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar koʻp qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan boʻlsa – turar joy xonalaridagi harorat kamida 18o S boʻlishi lozim;
issiq suv taʼminoti boʻyicha – issiq suv taʼminotining markazlashtirilgan tizimlarini nazorat qilishning sanitariya qoidalariga muvofiq suv olish joylarida issiq suvning harorati 50–75o S boʻlishi kerak.
Bunda:
suvning epidemiya xavfsizligi;
suvning qulay organoleptik xossalari;
suvning inson organizmiga zararli taʼsirining oldini olish boʻyicha issiq suv taʼminotining markazlashtirilgan tizimlarini nazorat qilishning sanitariya qoidalari talablarining bajarilishi taʼminlanishi kerak.
10. Isitish mavsumining boshlanishi va uning davrlari qanday belgilanadi?
Xonalarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berishda Yetkazib beruvchi isitish davrini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlaydi va tamomlaydi.
Isitish davri tashqi havoning oʻrtacha sutkalik harorati 8oSdan past boʻlgan 5 kunlik davr tamom boʻlgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8oS yuqori boʻlganda esa tamomlanishi kerak.
11. Isitish tizimidan nimalarga asosan foydalaniladi?
Turar joy xonalarini isitish tizimi issiqlik taʼminoti sohasidagi normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi hamda ulardan turar joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalari talablariga muvofiq foydalanilishi kerak.
Quyidagilar:
koʻp kvartirali uylarning ayrim turar joy va noturar joy xonalarini isitishning ushbu tizimlarini issiqlik jihatidan va gidravlik qayta tartibga solmaslik uchun isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimidan uzish;
isitish asboblariga qoʻshimcha seksiyalarni birlashtirish yoki ular sonini kamaytirish, shuningdek qayta jihozlash boʻyicha talablarga rioya etmasdan radiatorlarning isitish hajmining kamayganini olib tashlash va isitish hamda sanitariya-texnik asboblar joyini oʻzgartirish taqiqlanadi.
12. Issiqlik taʼminoti xizmatini koʻrsatish vaqtincha toʻxtatilganda isteʼmolchini xabardor qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Isteʼmolchi issiqlik energiyasi toʻliq uzib qoʻyilishi va issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatishdagi tanaffus toʻgʻrisida yozma shaklda ogohlantiriladi (koʻp kvartirali uyning barcha kirish joylaridagi eʼlonlar taxtasiga yoki koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi doirasida eʼlon joylashtirish, shuningdek tanaffuslar vaqti koʻrsatilgan holda ommaviy axborot vositalari orqali).
Odamlarning xavfsizligini taʼminlaydigan ishlarni bajarish maqsadida issiqlik tarmoqlaridagi yoxud issiqlik energiyasi manbalaridagi yoki isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimlarida avariyali va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha yetkazib beruvchi, boshqaruvchi tashkilot tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan zarur chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda ushbu issiqlik taʼminoti xizmatlari sifatiga qoʻyiladigan talablarga muvofiq, kelishmasdan va isteʼmolchini ogohlantirmasdan, biroq uni 2 sutkada darhol xabardor qilgan holda issiqlik taʼminotini toʻxtatish yoki cheklashga yoʻl qoʻyiladi.
13. Issiqlik tizimiga oʻzboshimchalik bilan ulanish qanday oqibatlarga olib keladi?
Issiqlik taʼminotining ishlab turgan tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish, shuningdek ushbu tizimlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi, bunday tizimlar, ishlarni bajarishga xarajatlar summasini toʻlash uchun isteʼmolchiga talab qoʻyilgan holda, yetkazib beruvchi yoki ijro etuvchining xodimlari tomonidan darhol uzib qoʻyilishi kerak.
Issiqlik taʼminoti tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish (yuridik va jismoniy shaxslar) aniqlanganda yoki shikastlanish yoxud issiqlik tizimidan suv oqib ketishi natijasida issiq suv isrof qilinganda Yetkazib beruvchining vakili tomonidan ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi, ulardan biri ulanishning egasiga yoki isteʼmolchiga topshiriladi. Isteʼmolchi imzolashni rad etganda dalolatnoma ijro etuvchining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili bilan birgalikda yetkazib beruvchining vakili tomonidan imzolanadi. Ushbu holatda dalolatnoma haqiqiy hisoblanadi va u isteʼmolchining javobgarligi choralarini aniqlash va quyidagi tartibda hisoblab chiqilgan foydalanilgan issiq suv hajmi uchun toʻlashga koʻchirma berilgan holda yetkazib beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun asos hisoblanadi:
oʻzboshimchalik bilan ulanganda isrof qilingan yoki suv oqishi yoxud shikastlanish sababli yoʻqotiladigan suvning miqdori (m3) quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
G =7,76 x 10-3 x d2 x √N x n, bunda:
7,76 – suv sarfini oʻlchash doimiy koeffitsiyenti;
d – oʻzboshimchalik bilan ulangan quvurning diametri yoki undan suv oqib chiqadigan teshikning ekvivalent diametri, mm;
N – oʻzboshimchalik bilan ulangan yoki quvurdagi teshikdan oqib tushadigan issiq suv bosimi, suv stolbasi metri;
n – quvurdan suv oqqan muddat, soat.
Oʻzboshimchalik bilan ulanishda, oqish yoki shikastlanishda yoʻqolgan issiqlik energiyasi miqdori (Gkal) quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Q = G X (tissiq s.-tsovuq s.) x 10-3, bunda:
G – oʻzboshimchalik bilan ulanishda, oqish yoki shikastlanishda yoʻqotiladigan suv miqdori, m3;
tissiq s. – oʻzboshimchalik bilan ulangan quvurdagi yoki shikastlanishda oqadigan issiq suv harorati, 0S;
tsovuq s. – issiqlik manbaidagi sovuq suv harorati, 0S.
Turar joy binosi noturar joy binoga aylantirilganda isteʼmolchi yetti kun muddatda issiqlik taʼminoti xizmatlaridan foydalanish uchun shartnoma tuzishi, hisobga olish asbobini oʻrnatishi va roʻyxatdan oʻtkazishi kerak. Issiq suv taʼminotiga zaruriyat boʻlmaganda isteʼmolchi yetkazib beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi va uzib qoʻyishni tasdiqlash uchun uning vakilini taklif etishi shart. Issiq suv taʼminoti tiklanganda ham isteʼmolchi bu haqda yetkazib beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
14. Koʻp kvartirali uylardagi issiqlik taʼminoti tizimi nimalar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak?
Koʻp kvartirali uylardagi issiqlik taʼminoti tizimi issiqlik energiyasining umumiy va individual (bir xonadagi) hajmini (sarfini) aniqlaydigan va issiq suvning real hajmini miqdoriy hisobga oladigan, shuningdek uning sifat koʻrsatkichlarini belgilaydigan umumiy va individual hisobga olish asboblari bilan taʼminlanadi.
Umumiy hisobga olish asboblari yetkazib beruvchi yoki ijrochiga tegishli boʻladi va ulardan birining balansida qayd etiladi va hisobga olinadi. Oʻrnatilgandan keyin uy boʻyicha umumiy hisobga olish asbobi ijro etuvchi va yetkazib beruvchining vakillaridan iborat boʻlgan tarkibdagi komissiya tomonidan ishga tushiriladi hamda yetkazib beruvchi tomonidan tamgʻalanadi.
Uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
– Oʻzbekiston Respublikasining oʻlchov vositalari davlat reyestriga kiritilishi;
– belgilangan tartibda qiyoslashdan oʻtkazilishi;
– individual pasportiga, qiyoslovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarga va tekshirish tamgʻalariga ega boʻlishi;
– litsenziyalangan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq oʻrnatilishi;
– yetkazib beruvchi tomonidan tamgʻalangan boʻlishi;
– qiyoslashdan oʻtkazish muddatida qiyoslovdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
15. Uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblarini qiyoslashdan oʻtkazishga nisbatan qanday muddatlar belgilangan?
Uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblarini qiyoslashdan oʻtkazish oraligʻi:
bosimning oʻzgaruvchan darajasi elektron sarflarni oʻlchagichlar (difmanometrlar) uchun – 1 yilda 1-martani;
ultratovush, elektromagnit, oqimli va shu kabi sarfni oʻlchagichlar uchun – 2 yilda 1-martani tashkil etadi.
Individual hisobga olish asboblari uchun qiyoslashdan oʻtkazish oraligʻi:
yuridik shaxslardagi issiq suvni hisobga olish asbobi uchun – 2 yilda 1-martani;
jismoniy shaxslardagi issiq suvni hisobga olish asbobi uchun – 4 yilda 1-martani tashkil etadi.
16. Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti tizimidagi individual hisobga olish asboblari qanday tartibda oʻrnatiladi?
Individual hisobga olish asboblarini oʻrnatish uchun isteʼmolchi yetkazib beruvchiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgandan keyin yetkazib beruvchi uch kun muddatda isteʼmolchi bilan individual hisobga olish asboblarini sotib olish va oʻrnatishga shartnoma tuzadi. Shartnomada isteʼmolchi tomonidan shartnoma summasining 100 foizini oldindan toʻlash toʻgʻrisidagi shart nazarda tutiladi. Bunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, nafaqa oluvchi kam taʼminlangan oilalarni issiq suvni hisobga olish asboblari bilan jihozlash yetkazib beruvchi hisobidan uy-joy mulkdoridan individual hisobga olish asbob qiymatini keyingi 12 oy mobaynida toʻlash shartnomasi asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yetkazib beruvchi yoki “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiyadan oʻtgan boshqa tashkilot isteʼmolchi tomonidan issiq suvni individual hisobga olish asbobi oʻrnatilgan joyga borish imkonining berilishi sharti bilan, toʻlov amalga oshirilgandan keyin 30 kalendar kun mobaynida isteʼmolchiga individual hisobga olish asbobini oʻrnatishi shart.
Yetkazib beruvchi tomonidan individual hisobga olish asbobini oʻrnatish muddatiga rioya qilinmagan taqdirda isteʼmolchi qonun hujjatlarida belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentni toʻlashdan ozod etiladi.
17. Individual hisobga olish asboblarini oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish qanday rasmiylashtiriladi?
Individual hisobga olish asbobini oʻrnatish, taʼmirlash, davlat tekshiruvidan oʻtkazish yoki almashtirish uchun yechib olish boʻyicha xizmatlar yangidan oʻrnatiladigan individual hisobga olish asbobining raqami yoki oʻrnatish va yechib olish paytidagi hisobga olish koʻrsatkichlari bilan birgalikda hisobga olishning yechib olinadigan individual hisobga olish asbobi raqami koʻrsatiladigan ikki tomonlama dalolatnoma tuzilgan holda, isteʼmolchi yoki uning vakili ishtirokida bajarilishi kerak.
Individual hisobga olish asbobini oʻrnatish yoki uni yechib olish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni tuzish, shuningdek yetkazib beruvchi tomonidan ularni tamgʻalash bepul amalga oshiriladi.
Individual hisobga olish asbobini va ulardagi tamgʻalarning saqlanishi va butligi uchun javobgarlik isteʼmolchiga, hisobga olish umumiy asboblarining saqlanishi va tamgʻalarining butligi uchun javobgarlik – balansda saqlovchiga yuklanadi.
18. Individual hisobga olish asboblari shikastlangan va ularning tamgʻalari uzilganda qanday oqibatlar kelib chiqadi?
Individual hisobga olish asboblarining shikastlanganligi, ulardagi tamgʻalarning uzilishi yoki uning butunligi buzilgan taqdirda, shuningdek tekshirish muddati tamom boʻlganda isteʼmolchi bu haqda darhol yetkazib beruvchini xabardor qilishi shart.
Ushbu holat boʻyicha taraflar tomonidan tegishli qoʻshma dalolatnoma tuziladi, keyinchalik individual hisobga olish asboblari ishlashidagi buzilishlarni bartaraf etish, shuningdek rejali tekshirishni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Belgilangan tartibga muvofiq bir sutka mobaynida individual hisobga olish asbobining shikastlanganligi toʻgʻrisida ogohlantirilmagan hollarda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob issiq suvni hisobga olishning soz holatdagi asbobi koʻrsatkichlari oxirgi marta qayd etilgan paytdan boshlab tekshirish oʻtkazilgunga qadar roʻyxatdan oʻtkazilgan (yashovchi) odamlarning soni boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Individual hisobga olish asboblarini tekshirish qanday amalga oshiriladi?
Yetkazib beruvchi isteʼmolchilarning isitish va issiq suv taʼminoti tizimini yil choragida bir marta tekshirishi, isteʼmolchilar tomonidan individual hisobga olish asbobi yozib olingan koʻrsatkichlarining toʻgʻriligini oʻz maʼlumotlari bilan tekshirishi va ular tomonidan issiq suvning isteʼmol qilingan hajmi toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etilishi, shuningdek zarur hollarda yoki isteʼmolchining talabiga koʻra uy ichidagi issiqlik taʼminoti tizimi yoki uy ichidagi asbob-uskunalarni tekshirishi shart.
20. Individual hisobga olish asboblarini koʻzdan kechirish mumkinmi?
Isteʼmolchiga tegishli va uning kvartirasida joylashgan individual hisobga olish asboblarini tekshirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda isteʼmolchilar (oldindan kelishuv boʻyicha yozma yoki ogʻzaki shaklda) yetkazib beruvchining vakillari, ularda xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, hisobga olishning umumiy yoki individual hisobga olish asbobi, isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimlariga, kvartira ichidagi asbob-uskunaga ularni koʻzdan kechirish uchun boshqaruvchi tashkilot vakilining majburiy ishtirokida toʻsiqsiz koʻzdan kechirishlarini taʼminlashi shart.
Individual hisobga olish asbobini tekshirish, hisobga olish asbobini yechib olish, tekshirish joyigacha olib borish va u yerdan keltirish, hisobga olishning tekshirilgan asbobini oʻrnatish ishlarini, shuningdek tekshirish boʻyicha metrologiya xizmatlariga haq toʻlashni oʻz ichiga oladi.
21. Individual hisobga olish asbobidan foydalanish muddati tamom boʻlishi munosabati bilan uni tekshirishdan oʻtkazish qanday amalga oshiriladi?
Individual hisobga olish asbobidan foydalanishning belgilangan cheklangan muddati tamom boʻlgunga qadar yetkazib beruvchi oldindan (kamida 10 kalendar kundan oldin) isteʼmolchiga shartnomada qayd etilgan individual hisobga olish asbobidan foydalanishning cheklangan muddati tamom boʻlganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda bildirishnoma yuboradi.
Isteʼmolchi bildirishnoma olingan kundan boshlab uch kun muddatda buyurtmanomani, hisobga olishning individual hisobga olish asbobini tekshirish uchun yetkazib beruvchining vakillari tomonidan chiqarib olingan kun va vaqtni yozma yoki ogʻzaki shaklda (telefon orqali) kelishadi, keyinchalik yechib olish sanasi, individual hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari va tekshirishni oʻtkazish va hisobga olishning tekshirilgan individual hisobga olish asbobini oʻrnatish muddatlari koʻrsatiladigan ikki tomonlama dalolatnoma tuziladi.
Isteʼmolchi uzrli sabab bilan (xizmat safari, davolanish, dam olish) hozir boʻlmagan taqdirda, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda individual hisobga olish asbobini tekshirish uchun yechib olish toʻgʻrisidagi koʻrsatma olingan kundan boshlab hozir boʻlmagan davrga uzaytiriladi.
22. Individual hisobga olish asbobini qiyoslovdan oʻtkazish va taʼmirlashga nisbatan qancha muddat belgilangan?
Yetkazib beruvchining individual hisobga olish asbobini qiyoslovdan oʻtkazish va taʼmirlash, uni yechib olingan kundan boshlab, qayta oʻrnatish va tamgʻalash 30 ish kunidan ortiqni tashkil etmasligi lozim.
Individual hisobga olish asboblarini tekshirish yoki taʼmirlash davrida, issiq suv taʼminoti uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitob oldingi uch oylik individual hisobga olish asboblarining oʻrtacha sutkalik koʻrsatkichlari yozib olingan paytdan boshlab 30 kalendar kun mobaynida amalga oshiriladi.
23. Xonadon ichidagi issiqlik asbob-uskunlarining holati boʻyicha majburiyat va javobgarlik kim tomonidan taʼminlanadi?
Xonadon ichidagi asbob-uskunaning zarur texnik holati va ulardan xavfsiz foydalanish isteʼmolchi tomonidan taʼminlanadi. Bunda uy-joy mulkdoriga tegishli boʻlgan xonadondagi suv olinadigan tik quvurdan isitish va issiq suv taʼminoti tizimlarining tarmoqlanishi, xonadon mulkdorining foydalanish boʻyicha javobgarlik joyi hisoblanadi.
Yetkazib beruvchiga tegishli boʻlgan issiqlik tarmoqlarida isteʼmolchiga tegishli boʻlgan qurilmalar va asbob-uskunalar boʻlmasligi kerak.
24. Isitishning uy ichidagi tizimini gidravlik presslash va keyinchalik uni tarmoqdagi suv bilan toʻldirgan holda yuvish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Isitish davri tamom boʻlgandan keyin ijro etuvchi (bunday uy bevosita boshqarilgan taqdirda – isteʼmolchilar) yetkazib beruvchining vakili hozirligida isitishning uy ichidagi tizimini gidravlik presslashi va keyinchalik uni tarmoqdagi suv bilan toʻldirgan holda yuvishi kerak, bu haqda tegishli dalolatnomalar tuziladi. Tizimlarni yuvish uchun vodoprovod suvidan yoki texnik suvdan foydalaniladi.
Yuvishning qancha muddat davom etishi, yuviladigan tik quvurning diametri, tarmoqdagi bosim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ijro etuvchining (bunday uy bevosita boshqariladigan taqdirda – Isteʼmolchilarning) va yuvishni amalga oshiruvchi tashkilotning vakillari tomonidan tuziladigan dalolatnomaga yoziladi.
Uyning ichidagi isitish tizimini yuvish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yetkazib beruvchi va ijro etuvchining (isteʼmolchilarning) vakillari tomonidan imzolanadi.
Yuvish boʻyicha xarajatlar ijro etuvchining (isteʼmolchilarning) hisobidan amalga oshiriladi va umumiy mulkni saqlash hamda taʼmirlashga majburiy badallarni shakllantirishda nazarda tutiladi.
Yetkazib beruvchining issiqlik tarmoqlarini rejali-oldini oluvchi taʼmirlashlarni bajarishda issiqlik taʼminotini bir yilda 15 kundan ortiq boʻlmagan muddatga, belgilangan tartibda uzib qoʻyishga yoʻl qoʻyiladi.
25. Issiqlik energiyasi berishni toʻxtatib qoʻyish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Yetkazib beruvchi kamida 2 sutka oldin isteʼmolchini yozma ravishda ogohlantirgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq, quyidagi hollarda issiqlik energiyasi berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish chora-tadbirlarini koʻrish huquqiga ega:
toʻlovni issiqlik taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda issiqlik energiyasi uchun toʻlov hujjati boʻyicha amalga oshirmaslik;
Isteʼmolchilarning issiqlik taʼminoti tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olish;
Yetkazib beruvchining vakillarini hisobga olish asbobini koʻzdan kechirish va ularning koʻrsatkichlarini yozib olish uchun hisobga olishning umumiy va individual hisobga olish asboblariga sababsiz qoʻymaslik.
26. Qaysi holatlarda issiqlik taʼminoti uzib qoʻyilishi mumkin?
Rejali – oldini oluvchi taʼmirlashlar bajarilganda yoki yangi isteʼmolchilar ulanganda yetkazib beruvchi koʻp kvartirali uydagi mavjud xonalarning issiqlik taʼminotini uzib qoʻyish huquqiga ega.
Isteʼmolchilarni ogohlantirish issiqlik energiyasini berishdagi tanaffusni kelishish uchun 7 kun oldin amalga oshiriladi. Agar ogohlantirish olingandan keyin 5 kun muddatda ijro etuvchi (isteʼmolchilar) issiqlik energiyasini yetkazib berishdagi tanaffus vaqtini kelishib olmasalar, yetkazib beruvchi ushbu vaqtni mustaqil belgilash huquqiga ega.
Avariyalarning oldini olish yoki ularni bartaraf etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrish uchun yetkazib beruvchi isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish huquqiga ega, biroq uzib qoʻyish sabablari toʻgʻrisida darhol bildirishnoma yuboradi.
27. Qaysi holatlarda yetkazib beruvchi issiqlik energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar va ularning sifati boʻyicha javobgarlikdan ozod hisoblanadi?
Yetkazib beruvchi isteʼmolchilar oldida issiqlik energiyasini yetkazib berishdagi tanaffuslar, issiqlik berish parametrlarining pasayishi va issiqlik energiyasini yetkazib bermaslikka sabab boʻluvchi quyidagi holatlarda:
Yetkazib beruvchining asbob-uskunasi ishdan chiqishiga sabab boʻlgan tabiiy ofatlar, shuningdek yongʻin va tashqi havoning harorati 30S dan past va ushbu joyda isitishni loyihalashtirish uchun qabul qilingan hisob-kitobdagi harorat 48 soatdan koʻp davom etadigan uzoq muddatli sovuq tushishi, birlamchi suv sifatining yomonlashishi;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining xodimlari va isteʼmolchilar tomonidan issiqlik taʼminoti rejimi oʻzgarishiga sabab boʻlgan buzilishlar;
bir necha sutka mobaynida ijro etuvchi yoki isteʼmolchilar tomonidan shartnomaviy issiqlik yuklamalari oshirilishiga yoki issiqlik manbai parametrlarining pasayishiga olib kelgan uning uchun belgilangan issiqlik isteʼmoli rejimlariga rioya qilmaslikka yoʻl qoʻyilishi tufayli issiqlik energiyasi toʻliq berilmasligi uchun isteʼmolchilar oldida moddiy javob bermaydi.
28. Yetkazib beruvchi isteʼmolchi oldida qanday majburiyatlari mavjud?
Yetkazib beruvchi:
issiqlik taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan hajmda, issiqlik energiyasining ulangan tarmoq orqali uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlashga va tomonlar bilan kelishilgan rejimiga rioya etishga;
issiqlik energiyasini standartlashtirish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq sifat bilan yetkazib berishga;
isteʼmolchiga koʻp kvartirali uydagi turar joy va noturar joy xonalarining hisoblab chiqilgan issiqlik yuklamalari boʻyicha maʼlumotlarni berishga;
issiqlik taʼminoti shartnomasiga muvofiq issiqlik tarmoqlarining balans mansubliligi ajralishi chegarasida issiqlik manbai (issiq suv) parametrlarini saqlashga va:
harorat boʻyicha kamida 500S va 750Sdan yuqori boʻlmagan;
aniqlash nuqtasida issiq suv taʼminoti tizimidagi bosim boʻyicha 0,03 MPa (0,3 kgs/sm2) dan 0,45 MPa (4,5 kgs/sm2)gachadan chetga chiqishga yoʻl qoʻymaslikka;
nazarda tutilgan isitish davrida turar joy xonalarida havo haroratini taʼminlashga;
issiqlik beruvchi quvurda havo harorati boʻyicha issiqlik manbai parametrlarining (+/-) 3 %dan ortiq, suv bosimi boʻyicha: issiqlik beruvchi quvurda -(+/-) 5 %, issiqlik qaytadigan quvurda -(+/-) 20 KPAdan chetga chiqishga yoʻl qoʻymaslikka;
issiqlik taʼminoti boʻyicha amaldagi va yangi meʼyoriy hujjatlar joriy etilishi toʻgʻrisida aloqa kanallari orqali ijro etuvchini va isteʼmolchini xabardor qilishga;
tariflardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ular amalga kiritilishidan 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilishga;
Isteʼmolchilarga issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun toʻlov boʻyicha hisob-kitoblarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun toʻlov boʻyicha qarzlarning yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bepul berishga;
daʼvo muddati doirasida issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun isteʼmolchilarning qarzlarini undirish boʻyicha barcha choralarni koʻrishga majbur.
29. Koʻp kvartirali uylarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash borasida ijrochining majburiyatlari nimalardan iborat?
Ijro etuvchi quyidagilarga majbur:
issiqlik energiyasini tegishli hajmlarda va zarur sifatda berish uchun issiqlik taʼminotining uy ichidagi tizimlarini zarur tarzda saqlash;
ulardan foydalangan holda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatiladigan issiqlik taʼminotining uy ichidagi tizimlariga mustaqil ravishda yoki boshqa shaxslarni jalb etgan holda xizmat koʻrsatish;
avariyalarni bartaraf etish, shuningdek isteʼmolchining buyurtmanomalarini oʻz vaqtida bajarish, issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish rejimi va sifati boʻyicha isteʼmolchilarning murojaatlari (arizalari, taklifi, shikoyatlari) hisobini yuritish;
isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimlari va (yoki) issiqlik tarmoqlari va asbob-uskunalari ishida nosozliklar aniqlangan kundan boshlab bir sutka mobaynida issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatishning moʻljallanayotgan toʻxtatib turilishi davri yoki cheklanishining sabablari toʻgʻrisida Isteʼmolchini xabardor qilish;
Isteʼmolchining talabiga koʻra issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki zarur sifatda koʻrsatilmaganligining sabablarini aniqlash uchun oʻz vakilini yuborish (tegishli dalolatnoma tuzilgan holda), shuningdek avariyalar, tabiiy ofatlar, issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki sifatsiz koʻrsatilganligi sababli isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararni qayd etuvchi dalolatnomani yuborish;
koʻp kvartirali uydagi xonaning ichkarisida rejali ishlar oʻtkazilishidan oldin uch kundan kechikmay ushbu xonaga kirish vaqtini isteʼmolchi bilan kelishish yoki isteʼmolchining xonasi ichkarisida ishlarni bajarish toʻgʻrisida unga yozma bildirishnoma yuborish. Yozma bildirishnomada ishlarning bajarilishi uchun masʼul xodim (familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi va telefon raqami koʻrsatilgan holda), bajariladigan ishlarning turi, sanasi, vaqti va muddatlari koʻrsatiladi;
isitish va issiqlik suv taʼminotining uy ichidagi tizimlari qayta jihozlanishiga yoʻl qoʻymaslik;
isitish tizimidan tarmoq suvining oqishi va chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslik;
Yetkazib beruvchining vakili bilan birgalikda uy boʻyicha umumiy hisobga olish asbobi bilan birlashtirish shtutserlarini tamgʻalash, tamgʻalarning, shu jumladan zavod tamgʻalarining saqlanishini taʼminlash;
koʻp kvartirali uyni isitish tadbiriga tayyorlash, shu jumladan germetizatsiya hamda deraza va eshik yoriqlarini (shu jumladan, shaxtalar va tuynuklarni) oyna bilan berkitish va isitish yoʻli bilan koʻp kvartirali uyning umumiy xonalarini (kvartiralar oraligʻidagi maydonchalarni) isitish, kirish yoʻlaklarida isitish asboblari, radiator aks ettiruvchilari oʻrnatish, tomlarni yopish materiallarini toʻplash ishlarini bajarish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrish;
isitish davri boshlanishidan bir oy oldin yetkazib beruvchiga uyning isitish va issiq suv taʼminoti uy ichidagi tizimlarining isitish davriga tayyorligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani taqdim etish;
issiqlik isteʼmoli rejimiga nisbatan yetkazib beruvchining tezkor koʻrsatmalarini bajarish;
Yetkazib beruvchi bilan taʼmirlashlarning hajmi, muddati va jadvallarini kelishgan holda rejali-oldini oluvchi taʼmirlashni va quvurlarni, tik quvur va tartibga soluvchi armaturani sinashni oʻz vaqtida bajarish;
issiqlik va issiq suv berilishidan va toʻxtatilishidan 7 kun oldin isteʼmolchini ogohlantirish;
yetkazib beruvchining buyurtmanomalari boʻyicha uning vakolatli vakillarining isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimlariga toʻsiqsiz kirishini taʼminlash;
yetkazuvchining balansidagi issiqlik tarmoqlarini, asbob-uskunalar va uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblarini taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha oldindan kelishilgan ishlarni bajarish uchun oʻz hududiga yetkazib beruvchini kiritish;
uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblari mavjud boʻlganda har oyda oyning oxirgi haftasida yetkazib beruvchining vakili bilan birgalikda ularning koʻrsatkichlarini yozib olish, uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini hisobga olish daftariga yozish, issiqlik energiyasi hajmini isteʼmolchilar oʻrtasida taqsimlash, isteʼmolchining talabiga koʻra murojaat qilingan kundan keyingi bir ish kuni mobaynida unga koʻrsatib oʻtilgan daftarni taqdim etish;
belgilangan tartibda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirilgan va issiqlik tarmoqlarining yer osti trassasi oʻtadigan uy atrofidagi hududda:
qurilishlar tiklanishiga;
materiallar uyilishiga;
issiqlik tarmoqlaridan kamida 5 metr masofada daraxtlar oʻtqazilishiga;
avariyali taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilishiga toʻsqinlik qiluvchi yer qazish ishlari bajarilishiga;
issiqlik tarmoqlari oʻtadigan xonalarda odamlar doimiy ravishda boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, navbatchi xodimlar bundan mustasno.
30. Issiqlik taʼminoti sohasida Isteʼmolchilar qanday huquqlarga ega?
Issiqlik taʼminoti sohasida isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
– koʻp kvartirali uyda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida belgilangan sifatga, hajmga, uning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz boʻlgan, uning mol-mulkiga zarar yetkazmaydigan issiqlik taʼminoti xizmatlari uzluksiz koʻrsatilishini talab etish;
– ushbu qoidalarga va issiqlik taʼminoti shartnomasiga muvofiq, ushbu xizmatlar koʻrsatilmagan davr uchun issiqlik taʼminoti xizmatlariga haq toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etilgan holda, issiqlik taʼminoti shartnomasida belgilanganidan ortiqcha tanaffuslar vaqti uchun issiqlik taʼminoti xizmatlariga haq toʻlamaslik;
– qonun hujjatlarida, issiqlik taʼminoti shartnomasida yoki issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan holatlarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatilmaganda yoki xizmatlar zarur sifat va tartibda koʻrsatilmaganda neustoyka (jarimalar, penyalar) toʻlashni, qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish;
– issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun toʻlov boʻyicha hisob-kitoblarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (shaxsan yoki oʻz vakili orqali), shuningdek yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun toʻlov boʻyicha qarzlarning yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni bepul olish;
– issiqlik taʼminoti xizmatlarining hajmi va sifati, uni koʻrsatish shartlari, issiqlik taʼminoti uchun toʻlov miqdori va uni toʻlash tartibi oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bepul olish;
– buyurtmanomalar yuborilgan paytdan boshlab issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki zarur sifatda koʻrsatilmaganligi va aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani 18 soat mobaynida olish.
31. Issiqlik taʼminoti boʻyicha isteʼmolchining majburiyatlari nimalardan iborat?
Isteʼmolchi issiqlik taʼminoti sohasida quyidagilarga majbur:
individual hisobga olish asboblarining yaqqol koʻrinib turgan nosozliklari aniqlanganda bu toʻgʻrida ijro etuvchi (yetkazib beruvchi)ga darhol xabar berish, shu jumladan issiqlik taʼminoti boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga tuzilgan shartnomada qayd etilgan telefon, elektron pochta orqali xabar berish;
kvartira ichidagi asbob-uskunalarning nosozliklari (avariyalar) aniqlanganda ularni bartaraf etish yuzasidan mumkin boʻlgan barcha choralarni koʻrish;
isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimlaridagi avariyalar, shuningdek issiqlik energiyasidan foydalanishda yuzaga keladigan boshqa buzilishlar toʻgʻrisida tegishli ravishda ijro etuvchiga yoki yetkazib beruvchiga darhol xabar berish;
issiqlik taʼminotining foydalanilgan xizmatlari uchun toʻlovni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlash;
issiqlik energiyasidan foydalanishda texnika xavfsizligi choralariga rioya etish;
issiq suvni individual hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini yigʻish uchun koʻp kvartirali uyning har bir yoʻlagida yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarida oʻrnatilgan metall qutiga solish yoʻli bilan individual hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini ijro etuvchiga (yetkazib beruvchiga) taqdim etish;
individual hisobga olish asboblaridan nazorat koʻrsatkichlarini yozib olish uchun yetkazib beruvchining vakilini, xizmat guvohnomasi mavjud boʻlgan taqdirda, oldindan kelishilgan vaqtda qoʻyishni taʼminlash;
yuz bergan oʻzgarishlar (egasi, odamlar soni, maydon oʻzgarishi, turar joy fondidan noturar joy fondiga va noturar joy fondidan turar joy fondiga aylantirish) paytidan (kunidan) boshlab 10 ish kunidan kechikmay issiqlik taʼminoti xizmatlaridan foydalanish shartnomasi shartlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida Yetkazib beruvchini oʻz vaqtida xabardor qilish.
32. Issiqlik taʼminoti boʻyicha Isteʼmolchi qanday xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin emas?
Issiqlik taʼminoti xizmatlarini qabul qilayotgan Isteʼmolchi uchun quyidagilar taqiqlanadi:
isitish tizimidan issiqlik manbaini chiqarib tashlash;
uy ichidagi issiqlik tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olish yoki hisobga olishning umumiy yoki individual hisobga olish asboblarini chetlab oʻtib ularga ulanish, tegishli oʻzgarishlarni belgilangan tartibda kiritmasdan issiqlik taʼminotining uy ichidagi tizimlariga oʻzgartirishlar kiritish;
turar joy xonasida oʻrnatilgan isitish asboblarining isitish yuzasini xonaning texnik pasportida koʻrsatilgan parametrlardan ortiq oʻzboshimchalik bilan koʻpaytirish, shuningdek qoʻshimcha tartibga soluvchi va tik quvur armaturasiga oʻrnatish;
koʻp qavatli uyning isitish va issiq suv taʼminoti tizimidan alohida turar va noturar joylarning isitish asboblarini demontaj qilish orqali isitish tizimidan uzib qoʻyish;
individual hisobga olish asboblaridagi tamgʻalarni oʻzboshimchalik bilan buzish, hisobga olishning umumiy yoki individual hisobga olish asboblarini qismlarga ajratish va ularning koʻrsatkichlarini buzishga yoki shikastlashga yoʻnaltirilgan xatti-harakatlarni sodir etish;
issiqlik energiyasidan uning bevosita vazifasidan (isitish, issiq suv taʼminoti) boshqa maqsadda foydalanish;
issiqlik taʼminoti shartnomasida va ushbu Qoidalarda belgilangan issiqlik energiyasidan foydalanish tartibini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etish.
33. Isteʼmolchiga koʻrsatilgan issiqlik taʼminoti xizmati uchun toʻlanadigan haq qanday tartibda aniqlanadi?
Jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlariga tariflar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
a) isitishga – isitiladigan maydonning bir kvadrat metriga (soʻm/kv.m/oy);
b) issiq suv taʼminotiga:
individual hisobga olish asboblari boʻlmagan taqdirda – bir odamga bir oyda (soʻm/kishi/oy);
individual hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari boʻyicha, ular mavjud boʻlganda, issiq suvning bir kub metri uchun (soʻm/kub.m) tasdiqlanadi.
34. Individual hisobga olish asbobiga ega boʻlmagan isteʼmolchiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi (issiq suv)ga haq toʻlash miqdori qanday tartibda aniqlanadi?
Issiq suvni individual hisobga olish asbobiga ega boʻlmagan jismoniy shaxslarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi (issiq suv) qiymatiga haq toʻlash issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun belgilangan tariflarga qonun hujjatlarida belgilangan oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazilgan fuqarolar boʻlmagan turar joy xonadonlarida issiq suvni individual hisobga olish asboblari mavjud boʻlmaganda issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun hisob-kitoblar bir xonali va ikki xonali turar joy binosidagi bir kishiga; uch xonali turar joy binosidagi ikki kishiga; toʻrt xonali turar joy binosidagi uch kishiga; besh xonali turar joy binosidagi toʻrt kishiga hisobidan, issiq suv taʼminoti xizmatlariga belgilangan tariflarga qonun hujjatlarida belgilangan oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllangan holda, amalga oshiriladi.
35. Markaziy isitish xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatlari va davrlari qanday belgilangan?
Jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan markaziy isitish xizmatlari uchun hisoblash kalendar yil mobaynida har oyda teng ravishda belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun hisoblash yil mobaynida har oyda belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
Markaziy isitish manbaiga ega boʻlgan uyga koʻchib kirgan mulkdorlar yoki turar joyni ijaraga oluvchilar isitish mavsumi tamom boʻlgandan keyin markaziy isitish uchun toʻlovlarni, boshqa isteʼmolchilar bilan teng ravishda, belgilangan tarif boʻyicha toʻlashga majbur.
Uy-joy mulkdorlari yoki turar joyni ijaraga oluvchilar, istiqomat qilishidan va/yoki roʻyxatda turishidan qatʼi nazar, markaziy isitish uchun toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
36. Issiqlik energiyasi taʼminoti xizmatlariga taʼrif oʻzgarishi qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?
Issiqlik energiyasi taʼminoti xizmatlariga tariflar oʻzgarganda, sanadan qatʼi nazar, issiqlik taʼminoti shartnomasi kuchida qoladi va Isteʼmolchi foydalanilgan issiqlik taʼminoti xizmatlariga ular joriy etilgan kundan boshlab yangi tariflar boʻyicha haq toʻlashga majbur. Yetkazib beruvchi tarif oʻzgarishidan oʻn besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida tegishli xabarni eʼlon qilish yoʻli bilan tariflar oʻzgarishi toʻgʻrisida isteʼmolchilarni xabardor qilishi shart.
Bunda isteʼmolchi – jismoniy shaxs ushbu davrda tegishli tariflar oshgan taqdirda issiqlik taʼminoti xizmatlariga avans bilan toʻlangan toʻlovlarga (toʻlov kunidan boshlab oʻn ikki oydan oshmaydigan davrga) qoʻshimcha toʻlovlar toʻlashdan ozod etiladi.
Isteʼmolchi tomonidan issiqlik taʼminoti xizmatlariga avans toʻlanganda yetkazib beruvchi isitish va issiq suv taʼminotiga toʻlov paytida amalda boʻlgan tariflar boʻyicha toʻlov hisoblanadi (avans toʻlovlar muddatiga, biroq oʻn ikki oydan ortiqqa emas).
37. Issiq suvni hisobga olish asbobining koʻrsatkichlari yoki issiqlik taʼminoti tarmoqlariga ulanish sanasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etmaslikning oqibatlari nimalardan iborat?
Hisobot davri uchun issiq suvni hisobga olish asbobining koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda Yetkazib beruvchi hisob-kitob oyida amalda boʻlgan tarif boʻyicha ushbu va keyingi hisob-kitob davrlari uchun toʻlovni keyingi koʻrsatkichlar (yoxud hisobga olish asbobining koʻrsatkichlari yetkazib beruvchining vakili tomonidan nazorat tartibida yozib olingungacha) taqdim etish paytigacha issiq suvning oʻrtacha oylik sarfi boʻyicha hisoblashga haqlidir.
Keyingi koʻrsatkichlar (yoxud hisobga olish asbobining koʻrsatkichlari yetkazib beruvchining vakili tomonidan nazorat tartibida yozib olingungacha) taqdim etilganda yetkazib beruvchi hisobga olish asbobining oldingi koʻrsatkichidan boshlanadigan davr uchun hisobga olish asbobining amaldagi koʻrsatkichlari boʻyicha isteʼmol qilingan issiq suv miqdorining qayta hisob-kitobini amalga oshirishi shart. Bunda qayta hisob-kitob qilish hisob-kitob qilinadigan davrning hisob-kitob oyida amalda boʻlgan tarif boʻyicha amalga oshiriladi.
Isteʼmolchi – noturar joy mulkdori tomonidan issiqlik taʼminoti tarmoqlariga ulanish sanasi toʻgʻrisidagi hujjat oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, yetkazib beruvchi mol-mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatdan, hokimning qaroridan kelib chiqib, hisoblashni ulashning hujjatlar bilan tasdiqlangan sanasi boʻyicha amalga oshirish huquqiga ega.
38. Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun haq toʻlash qaysi muddatlarda amalga oshiriladi?
Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovlarni toʻlash isteʼmolchilar tomonidan har oyda quyidagi tartibda amalga oshirilishi kerak:
yuridik shaxslar – koʻp kvartirali uydagi noturar joy xonalarining mulkdorlari – koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatining kamida 15 foizi miqdorida oldindan haq toʻlash va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻliq hisob-kitob qilish – kalendar oy tamom boʻlgandan keyin yuridik shaxslar uchun belgilangan tariflar boʻyicha 30 kun mobaynida;
jismoniy shaxslar – tamom boʻlgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechikmay.
39. Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirmagan isteʼmochining javobgarligi doirasi qanday?
Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun belgilangan muddatda toʻlovlar toʻlanmagan taqdirda muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun penya toʻlanadi, biroq muddati oʻtkazib yuborilgan toʻlov summasining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda:
isteʼmolchilar – yuridik shaxslar tomonidan 0,4 foiz miqdorida;
isteʼmolchilar – aholi tomonidan 0,1 foiz miqdorida;
ijro etuvchi (turar joy fondidan foydalanuvchi yuridik shaxs – xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar) tomonidan, agar kommunal xizmatlarning isteʼmolchisi nomidan yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzilgan boʻlsa – 0,1 foiz miqdorida toʻlanadi.
Isteʼmolchilar toʻlovlarni uch oydan ortiq toʻlamagan taqdirda ularga issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish toʻxtatiladi.
40. Isteʼmol qilingan issiqlik taʼminoti uchun belgilangan muddat toʻlov amalga oshirilmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?
Isteʼmolchi isteʼmol qilingan issiqlik taʼminoti xizmati uchun ikki hafta oʻtgach toʻlov toʻlanmaganda yetkazib beruvchi qarzdorlik va 7 kundan keyin uzib qoʻyish toʻgʻrisida yozma xabar beradi, xabarnoma muddati tamom boʻlgach yetkazib beruvchi issiq suv berishni uzib qoʻyishga haqlidir. Issiq suv berish isteʼmolchi tomonidan qarzlar toʻlangandan va yetkazib beruvchi tomonidan tasdiqlangan kalkulyatsiyaga muvofiq abonentni manbadan uzib qoʻyish va unga ulash ishlari uchun qoʻshimcha hisob toʻlangandan keyin tiklanadi.
41. Issiqlik taʼminoti xizmati uchun toʻlanishi lozim boʻlgan summa notoʻgʻri hisoblanganda qanday oqibatlarga olib keladi?
Toʻlanishi lozim boʻlgan summani notoʻgʻri yozilganligi aniqlangan kundan boshlab, isteʼmolchi yetkazib beruvchiga eʼtirozni yozma shaklda besh kundan kechikmay taqdim etadi. Eʼtiroz bildirilishi isteʼmolchining issiqlik taʼminoti xizmati uchun toʻlovni belgilangan muddatda toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Eʼtiroz yetkazib beruvchi tomonidan 10 kun muddatda koʻrib chiqiladi va uning asoslanganligi aniqlanganda ortiqcha summa keyingi issiqlik energiyasi uchun toʻlovga hisoblanadi. Eʼtirozni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida isteʼmolchi 5 kundan kechikmay xabardor qilinishi kerak.
Isteʼmolchi yetkazib beruvchining qaroridan rozi boʻlmaganda, bu uni issiqlik taʼminoti xizmati uchun toʻlovni belgilangan muddatda toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Yetkazib beruvchi daʼvo qilingan summani majburiy tartibda undirish toʻgʻrisida daʼvo arizasi beradi.
42. Uy-joy mulkdori oʻzgarganda yetkazib beruvchini xabardor qilish shartlari va tartibi nimalardan iborat?
Uy-joy mulkdori oʻzgarganda oldingi mulkdor bu haqda yetkazib beruvchiga chiqib ketishidan 7 kun oldin maʼlum qilishga majbur, chiqib ketgandan keyin tamgʻalar va hisobga olish asbobining saqlanishi uchun javobgarlik yangi mulkdorga yuklanadi. Oldingi mulkdor xona yangi mulkdorga berilgunga qadar issiqlik taʼminotining isteʼmol qilingan xizmatlari uchun qarzlarni toʻliq toʻlashi shart.
43. Yangi mulkdorning yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzish boʻyicha qanday majburiyatlari mavjud?
Yangi mulkdor koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 30 kun muddatda shartnoma tuzishi shart.
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan yetkazib beruvchiga yangi mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi, yangi doimiy propiska qilingan manzili, notarial harakat amalga oshirilgan sana va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqami va umumiy (turar joy) maydoni, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) haqidagi maʼlumotni yuboradi. Bunda yetkazib beruvchi maʼlumot tushgandan keyin bir oy muddatda mulkdor bilan issiqlik taʼminoti shartnomasi tuzilishini taʼminlashi shart.
44. Koʻp kvartirali uyda hisobga olishning umumiy asbobi mavjud boʻlmaganda hisob-kitoblar qanday tartibda amalga oshiriladi?
Koʻp kvartirali uyda hisobga olishning umumiy asbobi mavjud boʻlmagan taqdirda hisob-kitob davrida foydalanilgan koʻp kvartirali uylarni isitish va issiq suv taʼminoti ehtiyojlariga berilgan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchilarning yetkazib beruvchi bilan hisob-kitobi isitish va issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun jami hisoblab chiqishdan kelib chiqqan holda har oyda amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylarning turar joy xonalarida isitish xizmatlari uchun toʻlovning oylik miqdori quyidagi tartibda hisoblab chiqiladi:
Pov = S x Tov, bunda:
Pov – isitish xizmatlari uchun toʻlov;
Tov – isitish xizmatlariga tasdiqlangan tarif (soʻm/kv.m/oy);
S – isitiladigan maydon (kv.m).
Koʻp kvartirali uylarning noturar joy binolarida isitish xizmatlari uchun toʻlovning oylik miqdori quyidagi tartibda hisoblab chiqiladi:
Pnoturar joy xona mi = qnoturar joy mi x TGkal, bunda:
Pnoturar joy mi – noturar joy xonada markaziy isitish uchun toʻlov (soʻm);
TGkal – qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan issiqlik energiyasiga tarif, qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan (soʻm/Gkal)
qnoturar joy mi – issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq noturar joy xonasini isitishga hisoblab chiqilgan issiqlik yuklamasi (Gkal).
Koʻp kvartirali uylarning turar joy xonalarida issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovning oylik miqdori quyidagi tartibda hisoblab chiqiladi:
a) issiq suvni hisobga olishning individual asbobi mavjud boʻlganda;
Pist = Gamaldaist x Tist1, bunda:
Gamaldaist – individual hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlangan hisob-kitob davri uchun issiq suv sarfi (kub.m);
Tist1 – issiq suv taʼminoti xizmatlariga tasdiqlangan tarif (soʻm/kub.m);
b) issiq suvni individual hisobga olish asbobi mavjud boʻlmaganda:
Pist = n x Tist2 x Kkishi, bunda:
n – kvartirada yashovchi kishilar soni (kishi);
Tist2 – issiq suv taʼminoti xizmatlariga tarif (soʻm/kishi/bir oyda);
Kkishi – issiq suvni individual hisobga olish asbobi mavjud boʻlmaganda qoʻllanadigan 1,5 ga teng koeffitsiyent.
Koʻp kvartirali uylarning noturar joy xonalarida issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlov miqdori hisobga olishning individual asbobi koʻrsatkichlari boʻyicha hisoblab chiqiladi:
Pist = Gamaldaist x Tist, bunda:
Gamaldaist – individual hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlangan hisob-kitob davri uchun issiq suv sarfi (kub.m);
Tist – issiq suv taʼminoti xizmatlariga tasdiqlangan tarif, qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan (soʻm/kub.m).
45. Uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblari bilan jihozlangan koʻp qavatli uylarda isteʼmolchilar tomonidan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun toʻlov miqdorini hisoblash qanday tartibda amalga oshiriladi?
Koʻp qavatli uyda uy boʻyicha umumiy hisobga olish asboblari mavjud boʻlgan taqdirda foydalanilgan hisob-kitob davrida koʻp qavatli uylarning isitish va issiq suv taʼminoti ehtiyojlari uchun berilgan issiqlik energiyasi uchun ijro etuvchining yetkazib beruvchi bilan hisob-kitobi issiqlik energiyasi uy boʻyicha umumiy hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan issiqlik taʼminoti xizmatlariga tariflar asosida amalga oshiriladi.
Bunda issiqlik energiyasini turar joy va noturar joylar oʻrtasida taqsimlash, koʻp kvartirali uydagi 1-turar joy xona (kvartirada) markaziy isitish xizmatlari uchun toʻlovni hisoblash (soʻm), koʻp kvartirali uydagi 1-noturar joyning markaziy isitish xizmatlari uchun toʻlovni hisoblash (soʻm), issiq suvni individual hisobga olish asbobi bilan jihozlanmagan 1-turar joy xonalarda (kvartiralarda) issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovni hisoblash, issiq suvni individual hisobga olish asboblari bilan jihozlangan 1-turar joy xonalarda (kvartiralarda) issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovni hisoblash, issiq suvni individual hisobga olish asbobi bilan jihozlangan 1 noturar joyda issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovni hisoblash alohida formulalar orqali amalga oshiriladi. Mazkur formulalar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish qoidalarining 117–122-bandlarida belgilangan.
46. Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi va zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi holati qanday tartibda aniqlanadi?
Issiqlik energiyasi yetkazib berilmagan, shuningdek zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilgan taqdirda isteʼmolchi yetkazib beruvchini va ijro etuvchini xabardor qiladi.
Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi xabar isteʼmolchi tomonidan yozma shaklda yoki ogʻzaki (shu jumladan, telefon orqali) berilishi mumkin va yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) tomonidan, albatta, roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Bunda isteʼmolchi oʻz familiyasi, ismi va otasining ismini, aniq yashash manzilini, shuningdek yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi turini (isitish, issiq suv taʼminoti) yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligini maʼlum qilishi shart. Yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) isteʼmolchiga buyurtmanomani olgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (familiyasi, ismi va otasining ismini), buyurtmanomani roʻyxatdan oʻtkazish raqamini va uni qabul qilish vaqtini xabar qilishi shart.
47. Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi va zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi qanday tartibda rasmiylashtiriladi?
Agar issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligining sabablari maʼlum boʻlsa, yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) bu haqda darhol (isteʼmolchiga) xabar berishi va buyurtmalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftarida tegishli yozuvni qayd etishi shart. Ushbu belgi issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi holati yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) tomonidan eʼtirof etilishi uchun asos hisoblanadi.
Agar issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi sabablari yetkazib beruvchiga (ijro etuvchiga) maʼlum boʻlmasa, yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) koʻrsatib oʻtilgan holatlarni aniqlashning va issiqlik energiyasi sifatini tekshirishning aniq vaqti va sanasini isteʼmolchi bilan kelishishi shart. Tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma isteʼmolchi (yoki uning vakili), yetkazib beruvchi (yoki uning vakili),i etuvchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolanadi.
Agar isteʼmolchi (yoki uning vakili), yetkazib beruvchi (yoki uning vakili), ijro etuvchi (yoki uning vakili) issiqlik energiyasi sifatiga yoki issiqlik taʼminoti koʻrsatilishiga nisbatan yagona qarorga kelmasalar, u holda ular tomonidan issiqlik energiyasi sifatini baholashning yangi vaqti va sanasi belgilanadi, unga mahalliy davlat hokimiyati organi, standartlashtirish organlari, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat organlari vakillari hamda yetkazib beruvchi va ijro etuvchining vakillari taklif etiladi.
Issiqlik energiyasining sifatini takroran baholash natijalari boʻyicha issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma isteʼmolchi (yoki uning vakili), yetkazib beruvchi (yoki uning vakili), ijro etuvchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolanadi. Koʻrsatib oʻtilgan shaxslar bilan birgalikda dalolatnomani mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari imzolashi mumkin.
Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomada sifat parametrlari buzilishi, issiqlik energiyasini yetkazib berish toʻxtatilishi boshlanishining yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligining vaqti va sanasi koʻrsatiladi.
48. Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi yuzasidan qayta hisob-kitob qilinadimi?
Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma issiqlik taʼminoti boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov miqdorini qayta hisob-kitob qilish uchun asos hisoblanadi.
Yetkazib beruvchi yoki ijro etuvchi yoki uchinchi shaxslar tomonidan isteʼmolchining yoki u bilan birga yashaydigan shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga, koʻp kvartirali uydagi xonalarning mulkdorlari umumiy mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda yetkazib beruvchi (yoki uning vakili), ijro etuvchi (yoki uning vakili) va isteʼmolchi (yoki uning vakili) dalolatnoma tuzadilar va uni imzolaydilar. Dalolatnomada bunday zarar yetkazilganligi holati qayd etiladi. Mazkur dalolatnoma isteʼmolchi murojaat qilgan paytdan boshlab 12 soatdan kechikmay yetkazib beruvchi (ijro etuvchi) tomonidan tuzilishi va tegishli ravishda uning vakolatli vakili tomonidan imzolanishi kerak. Dalolatnomani isteʼmolchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolash imkoniyati boʻlmagan taqdirda u fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining vakillari tomonidan imzolanishi kerak.
Issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yoki isteʼmolchiga (yoki u bilan birga yashaydigan shaxslarning) hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga, koʻp kvartirali uydagi xonalarning mulkdorlari umumiy mol-mulkiga zarar yetkazilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma 2 nusxada tuziladi, ulardan biri isteʼmolchiga (yoki uning vakiliga) beriladi, ikkinchi nusxasi – tegishli ravishda yetkazib beruvchida (ijro etuvchida) qoladi.
49. Zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berish davri qaysi paytdan boshlab hisoblanadi?
Zarur sifatga ega boʻlmagan issiqlik energiyasi yetkazib berish davri:
a) issiqlik energiyasi yetkazib berish yoki issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi dalolatnoma isteʼmolchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolangan paytdan (kundan) boshlab:
b) hisobga olish asbobida qayd etilgan zarur sifatga ega boʻlgan issiqlik energiyasini yetkazib berish tiklangan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Amalga oshirilgan qayta hisob-kitob qilish keyingi hisob-kitob davrining isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun navbatdagi toʻlov hujjatini yozishda hisobga olinadi.
50. ISKX (suv quvuri-kanalizatsiya xoʻjaligi) tashkiloti isteʼmolchilari qanday guruhlarga boʻlinadi?
ISKX tashkiloti isteʼmolchilari quyidagi uch guruhga boʻlinadi:
a) I guruhga – xususiy uy-joylarda va koʻp kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslar kiradi;
b) II guruhga quyidagilar kiradi:
issiqlik taʼminoti tashkilotlari;
ISKX tashkilotlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va boshqa tashkilotlarning idoraviy uy-joy fondi va yotoqxonalari;
byudjet tashkilotlari;
diniy tashkilotlar;
elchixonalar va diplomatik vakolatxonalar;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
xususiy uy-joy egalari shirkatlari;
v) III guruh esa I va II guruhga kirmagan boshqa tashkilotlardan iborat boʻladi.
51. Ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarish xizmatlari koʻrsatish yuzasidan shartnoma tuzish qanday asosga koʻra amalga oshiriladi?
Isteʼmolchilarga (subisteʼmolchilarga) suv berish va ulardan oqova suvlarni qabul qilish faqat ISKX tashkiloti bilan isteʼmolchi (subisteʼmolchi) oʻrtasida tuzilgan shartnoma mavjud boʻlgandagina amalga oshiriladi. ISKX tashkiloti bilan isteʼmolchi (subisteʼmolchi) oʻrtasida tuzilgan shartnoma ushbu qoidalarga muvofiq tuzilgan boʻlishi, tomonlarning barcha huquq, vazifa va majburiyatlarini aks ettirishi kerak.
Isteʼmolchi bilan suv taʼminoti xizmatlari yuzasidan shartnoma tuzishda, markaziy kommunal oqova suv tarmogʻiga ulanish holatlari mavjud boʻlsa, majburiy ravishda, oqova suv (kanalizatsiya) xizmatlari uchun ham shartnoma tuziladi.
52. I guruh isteʼmolchisi shartnoma tuzish uchun ISKX tashkilotiga qanday hujjatlarni taqdim etishi kerak?
I guruh isteʼmolchisi shartnoma tuzish uchun ISKX tashkilotiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
turar joy egasi pasportining nusxasi;
mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;
ulanish uchun yangi qurilgan turar joyning loyiha (texnik) hujjati.
Hisobga olish asboblari bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar tomonidan sarflangan suv hajmini aniqlash uchun zarur boʻlgan doimiy va vaqtinchalik istiqomat qiluvchilar soni haqidagi maʼlumotlar ISKX tashkiloti tomonidan isteʼmolchining yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organlaridan mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
53. II va III guruh isteʼmolchisi (fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan tashqari) shartnoma tuzish uchun ISKX tashkilotiga qanday hujjatlar topshirishi lozim?
II va III guruh isteʼmolchisi (fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan tashqari) shartnoma tuzish uchun ISKX tashkilotiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
isteʼmolchi va subisteʼmolchining bevosita suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlariga ulangan (ulanuvchi) obyektlari koʻrsatilgan buyurtmanoma;
ulanish uchun zarur boʻlgan loyiha (texnik) hujjat;
suv taʼminoti va kanalizatsiya sxemalari;
suv taʼminoti va oqova suv balansi;
loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan, isteʼmol qilinadigan va tashlanadigan oqova suvlarning miqdori, sifati tarkibini meʼyoriy asoslovchi hisob hujjati, shuningdek kommunal-ekologik normativlar.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati shartnoma tuzish uchun ISXK tashkilotiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari shart:
isteʼmolchi va subisteʼmolchining markaziy kommunal suv taʼminoti va oqova tizimlariga bevosita ulangan (ulanadigan) obyektlari koʻrsatilgan buyurtmanoma;
mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori, kadastr hujjatlari, ijara shartnomasi).
54. Ichimlik suv bilan taʼminlash va (yoki) oqova suvlarni chiqarish (oqizish) shartnomasida qanday maʼlumotlar aks etishi lozim?
Shartnomada uning predmeti, yaʼni ichimlik suv bilan taʼminlash va (yoki) oqova suvlarni chiqarish (oqizish) koʻrsatilib, quyidagi alohida sharoitlar ham nazarda tutiladi:
ichimlik suvni olish tartibi, shu jumladan oʻt oʻchirish va oqova suvlarni chiqarish holatlarida (II va III guruh isteʼmolchilari uchun);
ichimlik suv sifatiga talablar;
isteʼmolchi ichimlik suv bilan taʼminlanmagan yoki toʻliq taʼminlanmagan holatlarda qayta hisob-kitob qilish;
ichimlik suv taʼminotini va oqova suvlarni chiqarishni toʻxtatish yoki cheklash shartlari;
olingan ichimlik suv va chiqarilgan oqova suvlar hisobi,
toʻlov tartibi, muddatlari, tariflari va shartlari;
tomonlarning suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmogʻidan foydalanish boʻyicha javobgarlik chegaralari;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
qarzdorlik kelib chiqqanda I guruh isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslarning suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun toʻlovlar boʻyicha solidar javobgarligi;
tomonlardan birining arizasiga koʻra kelishuvga asos boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa shartlar;
shartnomani bekor qilish tartibi.
55. Kommunal suv taʼminoti va oqova suv tarmoqlari tizimiga obyektlarni ulash qanday tartibda amalga oshiriladi?
Yangi, rekonstruksiya qilinayotgan, qayta ixtisoslashtirilayotgan yoki kengaytirilayotgan obyektlarni (keyingi oʻrinlarda ulanuvchi obyektlar deb ataladi) markaziy suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulash hamda suv muhofazasiga oid tadbirlarni bajarish uchun II va III guruh isteʼmolchilari (buyurtmachi) ISKX tashkiloti tomonidan ikki kun mobaynida beriladigan texnik shartlarga ega boʻlishi kerak, ular asosida koʻrsatib oʻtilgan isteʼmolchilar normativ-texnik hujjatlarga muvofiq loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi.
Texnik talablarni berish imkoniyati mavjud boʻlmagan holatlarda (tizimlarning juda bandligi, muhandislik kommunikatsiyalarining obyekt joylashgan hududda yoʻqligi, joyning noqulay relyefi va boshqa sabablarga koʻra), ISKX tashkiloti 3 kun mobaynida isteʼmolchiga kommunal suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish imkoniyati yoʻqligi haqida, asoslangan, masala yechimiga oid muqobil variantlarni taklif etgan holda, yozma ravishda raddiya taqdim etishi kerak.
ISKX tashkiloti bilan shartnomaviy munosabatlarga ega boʻlgan isteʼmolchi, ISKX tashkiloti ruxsati bilan va u texnik imkoniyatlarni mavjud deb topgan holatlarda, oʻz tasarrufidagi suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlariga, inshoot va qurilmalarga subisteʼmolchilarning ulanishiga ruxsat berish huquqiga ega.
Turar joy binolarining yertoʻla qismidan tranzit sifatida oʻtadigan magistral tarmoqlar ISKX tashkiloti tasarrufida boʻladi, uning tomonidan texnik xizmat koʻrsatiladi.
56. Texnik shartlarni olish uchun II va III guruh isteʼmolchilari (buyurtmachi) ISKX tashkilotiga qanday hujjatlarni ilova qilishi kerak?
Texnik shartlarni olish uchun II va III guruh isteʼmolchilari (buyurtmachi) ISKX tashkilotiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda buyurtmanoma topshiradilar:
hududiy qurilish boʻlimlari tomonidan berilgan, obyektning aholi yashash joyi hududiga nisbatan joylashishi aks ettirilgan vaziyat rejasi;
ulanayotgan obyektning suvdan foydalanish turlari boʻyicha koʻrsatkichlari aks ettirilgan (jumladan, oʻt oʻchirishda ham) suvdan foydalanish va oqova suvni chiqarish balansi;
kanalizatsiya tizimiga oqizishga moʻljallangan oqova suvlar tarkibi haqidagi maʼlumot;
imoratning balandligi, qavatlari va qanday maqsadlarda foydalanilishi haqidagi maʼlumotlar;
subisteʼmolchilar haqidagi maʼlumotlar.
yer uchastkasiga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari.
57. Texnik shartlarda nimalar koʻrsatiladi?
Texnik shartlarda ularning amal qilish muddati, ichimlik suv va kanalizatsiya tizimiga ulanish joyi, ulanish inshooti va uskunalariga nisbatan qoʻyiladigan maxsus texnik talablar, manzil koʻrsatilishi shart.
Bundan tashqari, quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
a) suv taʼminoti boʻyicha:
ulanish joyidagi kafolatlangan erkin bosim;
kelishilgan miqdordagi ichimlik suvni qabul qilish hajmi va suvdan foydalanish tartibi;
ichimlik suvni oʻlchash vositalari va hisoblash joyi (uzeli);
mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqadigan maxsus talablar;
b) oqova suvlarni chiqarish boʻyicha:
suv tashlash normativlari (oqova suvlarni chiqarish tartibi);
oqova suvlardan namuna olish va hisobini yuritish uskunalariga qoʻyiladigan talablar;
ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlashning oldini olishga va yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyalar darajasini nazorat qilishga oid talablar;
mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqadigan maxsus talablar.
58. Markaziy kommunal suv taʼminoti tizimiga ulanish loyihasida nimalar mavjud boʻlishi shart?
Markaziy kommunal suv taʼminoti tizimiga ulanish loyihasi topografik surat asosida loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilishi va unda quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
uchastkaning barcha mavjud va loyihalashtirilayotgan yer osti inshootlari aks ettirilgan, ularning joylashish chuqurligi koʻrsatilgan, 1:500 masshtabdan kam boʻlmagan bosh rejasi;
suv oʻlchash uzellari joylashtirilgan xonaning ichimlik suv tizimlari va qurilmalari bilan 1:50 – 1:100 masshtabda aks ettirilgan rejasi;
ichimlik suv quvurini kiritish va suv oʻlchash uzellari hamda quduq va kameralarining 1:10 – 1:20 masshtabdagi ish chizmalari;
xoʻjalik-maishiy, yongʻin xavfsizligi va ishlab chiqarish-texnik ehtiyojlar uchun maksimal kunlik va soatlik suv sarfi balansi koʻrsatilgan hisob-tushuntirish xati.
59. Markaziy kommunal suv tashlash tizimiga ulanish loyihasi nimalarni qamrab olishi kerak?
Markaziy kommunal suv tashlash tizimiga ulanish loyihasi topografik surat asosida loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilishi, u quyidagilarni qamrab olgan boʻlishi lozim:
uchastkaning barcha mavjud va loyihalashtirilayotgan yer osti inshootlari aks ettirilgan, ularning joylashish chuqurligi koʻrsatilgan, 1:500 masshtabdan kam boʻlmagan bosh rejasi;
quvurlar diametri, yer yuzasi belgilari koʻrsatilgan, mavjud yoki oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan quvurlar, loyihalashtirilayotgan kanalizatsiya liniyalarining yon tomondan koʻrinish kesmasi;
yer osti inshootlari (diametri bilan koʻrsatilgan holda) bilan kesishish nuqtalari va belgilari. Koʻndalang kesmalar vertikal boʻyicha 1:100 masshtabda va gorizontal boʻyicha 1:100dan 1:1000gacha boʻlgan masshtabda taqdim etiladi;
sanoat ishlab chiqarish korxonalari oqovalarini tozalashning loyihalashtirilayotgan lokal tozalash va boshqa kanalizatsiya inshootlarining ish chizmalari;
oqova suvlarning miqdori, tarkibi va ifloslanish darajasi, quvurlarning moʻljallangan diametri va ularning nishabi, shuningdek oqova suvlarning toʻlishi va oqish tezligi koʻrsatilgan hisob-tushuntirish xati.
60. ISKX tashkiloti ulanish uchun kelishuvga taqdim etilgan loyihani qancha muddatda va qanday tartibda koʻrib chiqadi?
ISKX tashkiloti ulanish uchun kelishuvga taqdim etilgan loyihani, belgilangan tartibda ikki hafta muddatda koʻrib chiqishi shart. Bunda ISKX tashkiloti taqdim etilgan loyihaning ilgari berilgan texnik shart talablariga va ushbu Qoidalarga muvofiq ekanligini tekshirib chiqishi zarur.
Loyihalashtirish jarayonida loyihaviy yechimlarga kiritilgan barcha oʻzgarishlar, ulanishga berilgan texnik shartlardan chetga chiqishlar ISKX tashkiloti bilan qoʻshimcha ravishda kelishilishi zarur.
Texnik shartlar 2 yil muddatga beriladi. Belgilangan muddat tugagach buyurtmachi (obyektni loyihalashtirish va qurishni boshlash uchun) loyiha muddatini choʻzdirishi yoki yangi texnik shartlarni olishi zarur.
Ulanish uchun tasdiqlangan loyihaning bir nusxasi ISKX tashkilotiga topshiriladi. Mazkur nusxadan markaziy suv tarmogʻi va kanalizatsiya tizimlariga ulanish bilan bogʻliq qurilish ishlari borishini texnik nazorat qilishda, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanuvchi qurilma va inshootlarni foydalanishga topshirish va qabul qilishda foydalaniladi. II yoki III guruh isteʼmolchilarining kuch va mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan ulanish va uni rekonstruksiya qilish boʻyicha barcha ishlar texnik nazoratda boʻladi.
Kommunal suv tarmogʻi va oqova suv tarmogʻiga ulash uchun qurilma va inshootlar foydalanishga topshirilishidan oldin isteʼmolchi (buyurtmachi yoki qurilish tashkiloti)dan ISKX tashkiloti vakili tomonidan, ularning berilgan texnik shartlarga muvofiqligini tekshirib qabul qilinishi kerak.
Obyekt ishga tushirilgungacha kommunal suv taʼminoti va oqova suv tarmogʻiga ulanish uchun, isteʼmolchi qurilma va inshootlar ijro hujjatlarining bir nusxasini ISKX tashkilotiga topshiradi.
61. Isteʼmolchi (buyurtmachi yoki qurilish tashkiloti) ISKX tashkilotiga topshirish qanday hujjatlar taqdim etilishi shart?
Barcha ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda inshootlari foydalanishga topshirilishidan oldin isteʼmolchi (buyurtmachi yoki qurilish tashkiloti) tomonidan majburiy tarzda ISKX tashkilotiga topshirish uchun quyidagi hujjatlar bilan birga taqdim etiladi:
asoslar, poydevorlar, tirgaklar qurish, tuproqni zichlash, izolyatsiyalash va boshqa yashirin ishlar boʻyicha dalolatnomalar;
elektr-kimyo himoyasi boʻyicha hujjatlar toʻplami (zarurat boʻlsa);
agar ular uchun majburiy sertifikatlashtirish nazarda tutilgan boʻlsa, suv taʼminotida (suv chiqarib yuborishda) foydalaniladigan quvurlar, uskunalar, konstruksiyalarga sertifikat va pasportlar yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar;
agar tovar beton ishlatilgan boʻlsa, beton kubiklarining pishiqligini sinash qaydnomalari;
quvurlar va inshootlarning sanitariya ishlovi dalolatnomalari;
kommunikatsiyalar va inshootlarning pishiqligi hamda germetikligi toʻgʻrisida gidravlik sinash dalolatnomasi;
chiqarilish samaradorligi toʻgʻrisida dalolatnomalar;
tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan ijro chizmalari;
quvurlarni korroziyadan himoyalash boʻyicha ishlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar (zarur holatlarda);
loyihalash tashkiloti, buyurtmachi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan loyihadan chekinishlar qaydnomalari;
qurilish tashkilotining topshirilayotgan obyektga kafolat pasportlari, unda yashirin nuqsonlar uchun qurilish tashkilotining javobgarligi muddati ham koʻrsatiladi;
bajarilgan ishlarni qayd etish daftari;
suv oʻlchash uzelining tayyorligi haqidagi dalolatnoma.
62. Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish va foydalanish qanday oqibatlarga olib keladi?
Faoliyat koʻrsatayotgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga (shu jumladan, suv olish kolonkalari va oʻt oʻchirish gidrantlari, uyning kiritma va chiquvlariga ham) oʻzboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek ushbu tizimlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga (yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan) oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi oʻrinlarda Byuro deb ataladi) vakili tomonidan bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuziladi, bir nusxadan oʻzboshimchalik bilan ulanib olgan subyektga va ISKX tashkilotiga topshiriladi. Ushbu dalolatnoma oʻzboshimchalik bilan ulanganning javobgarlik darajasini va ISKX tashkilotiga yetkazilgan zararni aniqlash uchun asos boʻladi hamda ISKX tashkiloti belgilangan qoidalargi muvofiq suv sarfi va oqova suvlarni chiqarganlik uchun toʻlov summalarini toʻlash uchun ulanma egasiga toʻlov hujjati yozib beradi.
Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi. Bosh tortish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Bunda isteʼmolchi dalolatnomada uning mazmuni boʻyicha tushuntirish va eʼtirozlarni, shuningdek, imzolashdan bosh tortish sabablarini bayon etish huquqiga ega.
Oʻzboshimchalik bilan foydalanilgan suv sarfini qayta hisob-kitob qilish isteʼmolchini isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan isteʼmolchi Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan tarmoqdan uziladi va bu haqda belgilangan tartibda uch nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimidan ilgari uzib qoʻyilgan (oʻzboshimchalik bilan ulanish, qarzdorlik mavjud boʻlganda yoki shartnoma shartlari bajarilmaganda) shaxslarni qayta ulashda I guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida toʻlov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablagʻlarni oʻtkazish orqali tarmoqqa qayta ulanadi.
63. Xona turar joydan noturar joy toifasiga oʻtkazilganda isteʼmolchi suvni berish va oqova suvlarni qabul qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Xona turar joydan noturar joy toifasiga oʻtkazilganda isteʼmolchi suvni berish va oqova suvlarni qabul qilishga yetti kun muddatda shartnoma tuzishi, hisoblash asbobini oʻrnatishi va roʻyxatdan oʻtkazishi shart. Isteʼmolchini II yoki III guruhga oʻtkazish uning asosiy ish faoliyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Suv taʼminotiga va (yoki) oqova suvni chiqarishga ehtiyoj mavjud boʻlmagan taqdirda isteʼmolchi ISKX tashkilotini yozma shaklda xabardor qilib qoʻyishi va uzib qoʻyilganlikni tasdiqlash uchun uning vakilini taklif etishi shart. Suv taʼminoti va (yoki) oqova suvni chiqarish qaytadan tiklanganda ham isteʼmolchi ISKX tashkilotini bu haqda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Bunda, isteʼmolchini tarmoqdan uzish yoki qayta ulash Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
64. Markaziy kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimiga ulangan yoki yangidan ulanayotgan isteʼmolchilar (subisteʼmolchilar)ga xizmat koʻrsatish asboblari qanday tartibda oʻrnatiladi?
Markaziy kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimiga ulangan yoki yangidan ulanayotgan isteʼmolchilar (subisteʼmolchilar)ga xizmat koʻrsatish ISKX tashkiloti tomonidan, majburiy tartibda, sarflangan va chiqarib yuborilgan oqova suvni hisoblash uchun zarur suvni hisobga olish asboblari oʻrnatilgan holda amalga oshiriladi. Yangi isteʼmolchilarni ISKX tashkiloti tomonidan suvni hisobga olish asboblarini oʻrnatmasdan kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimiga ulash qatʼiyan taqiqlanadi.
Isteʼmolchilarning II yoki III guruh isteʼmolchilari uchun suvni hisobga olish asboblarini oʻrnatish ushbu maqsadlar uchun maxsus loyihalashtirilgan suv oʻlchash uzeli xonalarida amalga oshirilishi kerak.
Suv oʻlchash uzeli sunʼiy (tabiiy) yorugʻlikka ega boʻlishi va ventilyatsiya qurilmasi (yetarli darajadagi asosda – tabiiy ventilyatsiya) bilan jihozlangan, qish vaqtida havo harorati 4 0S darajadan past boʻlmagan, shuningdek uzel ichida himoyalangan elektr rozetkasi boʻlishi kerak. Suv oʻlchash uzelining oʻlchami rejada ikki kishining bir vaqtning oʻzida erkin, tiqilinchsiz ishlashini taʼminlashi, shuningdek suv oʻlchash uzelini suv bosgan taqdirda ularning ishdan chiqishi, buzilishining oldini olish uchun moddiy qiymatga ega buyumlar saqlanayotgan joydan mustahkam izolyatsiyalangan boʻlishi kerak. Suv oʻlchash uzeli xonasi yerosti va yomgʻir suvlari tushishidan himoyalaydigan tashqi gidroizolyatsiyaga ega boʻlishi kerak.
Suv oʻlchash uzeli zaruriy tarzda detallashtirilishi, shu jumladan, suvni hisobga olish asbobi (suv oʻlchagich yoki diafragmali manometr) oʻrnatish va montaj qilishning batafsil sxemasi loyiha bilan rasmiylashtirilgan va ISKX tashkilotlari bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
Suv oʻlchash uzeli mustaqil zulfinli qurilmaga ega boʻlishi, uning kalitlari tashkilot buyrugʻi bilan belgilangan masʼul shaxsda saqlanishi kerak.
Uzel joylashgan xonada tranzit kanalizatsiya liniyalari, ustunlar va chiqargichlar oʻrnatish, boshqa muhandislik kommunikatsiyalarini oʻtkazish taqiqlanadi.
Suv hisoblagichlar:
ushbu turdagi ishlarni olib borish uchun “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiyadan oʻtgan tegishli organlar tomonidan tekshirilgan va plombalangan boʻlishi;
suvni hisobga olish asbobi pasportida tekshirish sertifikati, metrologik attestatsiyadan oʻtgazilganlik toʻgʻrisidagi qaydlar boʻlishi lozim.
65. Sovuq suvni hisobga olish asboblarini tekshirish qaysi davrlarda amalga oshiriladi?
Sovuq suvni hisobga olishning maqbul usullari va oʻlchash vositalarini tanlash, suvni hisobga olish asboblarini nazoratdan oʻtkazish ishlari normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Suv oʻlchagichdan foydalanishning belgilangan chegarali tekshirishlararo muddati tugaganda yoki uning haqiqiy holati boʻyicha tekshiruv oʻtkazishning imkoniyati boʻlmaganda ISKX tashkiloti yoki ushbu asbobni taʼmirlash va tekshirish ishlari uchun ruxsatnomasi bor, akkreditatsiyadan oʻtgan tegishli organlar xulosasiga koʻra uni almashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.
Suvni hisobga olish asbobini tekshirishlar oraligʻi:
jismoniy shaxslarning hisoblash asbobi uchun – 4 yilni;
yuridik shaxslarning hisoblash asbobi uchun – 2 yilni tashkil qiladi.
Bosimning oʻzgaruvchan farqi sarflarini aniqlovchi elektron hisoblagichlar (difmanometrlar), ultratovushli, elektr magnitli, uyurmali va boshqa turdagi hisoblagichlar uchun tekshirishlar oraligʻi – 1 yildan iborat boʻladi.
66. Suv isteʼmolini tekshirish qanday tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi?
II va III guruh isteʼmolchilarida oʻrnatiladigan suv hisoblagich shartli oʻtkazmasi (kalibri)ning diametri hisob-kitob bilan aniqlanadi, obyektning maksimal va minimal suv isteʼmoli tekshiriladi hamda ISKX tashkiloti bilan kelishiladi.
II va III guruh isteʼmolchilarida suvni hisobga olish asboblarining ishlashi nazorat qilinganda, oʻlchovlarning texnik tavsifnomasida yoʻl qoʻyiladigan minimal chegaradan kam miqdorda suv isteʼmol qilingan taqdirda ISKX tashkiloti suv oʻlchash uzelini amalda sarflanayotgan suv hajmiga mos, kichikroq diametrdagi asbobga (berilgan kundan keyingi 30 kalendar kun ichida) qayta jihozlashga koʻrsatma beradi. Bu koʻrsatma bajarilmagan taqdirda suvdan foydalanish va oqova suvlarni chiqarish uchun toʻlovlar belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Suvni hisobga olish asbobining yoʻl qoʻyiladigan minimal chegarasidan kam miqdordagi oʻlchovlarda ishlashini aniqlash II va III guruh isteʼmolchilarida ilgarigi olti oy mobaynida suv isteʼmol qilinishining monitoring hisobiga koʻra, fasllarga koʻra notekis taqsimlanishini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
67. Hisobga olish asboblarini xarid qilish, oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) qanday tartibda bajariladi?
I, II va III guruh isteʼmolchilari uchun suvni hisobga olish asboblarini xarid qilish, oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) ishlari ISKX tashkiloti tomonidan, isteʼmolchi (subisteʼmolchi)ning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda ISKX tashkiloti isteʼmolchilarga mazkur xizmatlarni bajarish uchun narxni tartibga solish organi bilan kelishilgan alohida tariflar belgilashi kerak.
Isteʼmolchi (subisteʼmolchi)ning xohishiga koʻra individual suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, taʼmirlash va almashtirish ishlari “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiyadan oʻtgan boshqa tashkilotlar tomonidan, isteʼmolchining mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
Suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish, almashtirish, yechish Byuro vakili ishtirokida amalga oshiriladi.
68. Suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish yuzasidan isteʼmolchining qanday majburiyatlari mavjud?
Suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish uchun isteʼmolchi ISKX tashkilotiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgach, ISKX tashkiloti uch kun muddatda isteʼmolchi bilan suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish yuzasidan shartnoma tuzadi va unda shartnomada koʻrsatilgan summaning 100 foizi miqdorida oldindan toʻlov oʻtkazilishi nazarda tutiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan qonunchilikka muvofiq nafaqa oluvchi kam taʼminlangan oilalarning uyini suvni hisobga olish asboblari bilan taʼminlash ISKX tashkiloti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi, bu mablagʻ keyinchalik uy egasi tomonidan shartnomaga asosan, belgilangan tartibda 12 oy muddatda toʻlanadi.
ISKX tashkiloti, isteʼmolchi tomonidan shartnomada koʻrsatilgan toʻlov summasi toʻliq toʻlangach, 30 kalendar kuni mobaynida suvni hisobga olish asbobini oʻrnatishi shart.
Shu bilan birga, isteʼmolchi ISKX tashkiloti vakili oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatgach, unga belgilangan tartibda suvni hisobga olish asbobi oʻrnatilgan joyga borish sharoitini yaratib berishi, suvni hisobga olish asbobi oʻrnatiladigan yerni hozirlashi, nazorat vinteli va zulfinlarning ishlashini taʼminlashi, ish olib borishga xalaqit beruvchi omillarni bartaraf etishi shart.
Isteʼmolchi suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib bermagan holatlarda va bu sabablar ISKX tashkilotiga bogʻliq boʻlmagan boʻlsa, ikki tomonlama dalolatnoma tuziladi, unga asosan suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish muddati uzaytiriladi.
ISKX tashkiloti suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish muddatlariga amal qilmagan taqdirda, isteʼmolchi suvni hisobga olish asbobi yoʻqligi sababli toʻlashi lozim boʻlgan ortiqcha koeffitsiyentli toʻlovlardan ozod etiladi. Shuningdek, ISKX tashkiloti suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish muddatlariga amal qilmagani uchun kechiktirilgan har bir kun uchun 0,1% miqdorida penya toʻlaydi, lekin uning miqdori shartnoma summasining 50 foizidan oshmasligi kerak.
69. Suvni hisobga olish asbobining ishlamayotganligi aniqlanishi qanday oqibatlarga olib keladi?
ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobining ishlamayotganligi aniqlansa yoki uning ish tartibiga ruxsatsiz aralashilgan yoki plombalari uzilgan boʻlsa, ushbu holatga aniqlik kiritilgan holda dalolatnoma tuziladi hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan isteʼmolchiga (subisteʼmolchiga) suvni hisobga olish asbobini 30 kun mobaynida navbatdan tashqari tekshiruvdan oʻtkazishga koʻrsatma beradi. Muddat koʻrsatma taqdim etilgan sanadan boshlab hisobga olinadi.
Berilgan koʻrsatma 30 kun muddatda bajarilmagan taqdirda I guruh isteʼmolchilari toʻlovlarni belgilangan qoidalarga koʻra amalga oshiradilar va bu holat suvni hisobga olish asbobidagi kamchiliklar bartaraf etilmagungacha yoki yangi suvni hisobga olish asbobi oʻrnatilmagungacha davom etadi.
70. Suvni hisobga olish asbobidan foydalanishning cheklangan muddati tugashiga nisbatan qanday oqibatlar belgilangan?
Suvni hisobga olish asbobidan foydalanishning cheklangan muddati tugashidan kamida 30 kalendar kun avval ISKX tashkiloti yoki Byuro isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan tartibda (pochta orqali, shaxsan, elektron pochta vositasida, ijtimoiy tarmoqlar yordamida va hokazo) ogohlantirish xati joʻnatadi. Unda suvni hisobga olish asbobidan foydalanish muddati tugayotganligi qayd etiladi, isteʼmolchi uchrashishi kerak boʻlgan shaxs, manzil, telefon raqami va elektron manzili koʻrsatiladi.
Isteʼmolchi ogohlantirish xatini olgan kundan boshlab uch kun muddatda ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili bilan yozma, ogʻzaki yoki telefon orqali bogʻlanib, ushbu korxona vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobini tekshirishga olib ketish, ikki tomonlama dalolatnoma tuzish sanasi, vaqtini kelishib oladi. Bunda dalolatnoma tuzilgan sana, suvni hisobga olish asbobini tekshirish va qayta oʻrnatish uchun ketadigan vaqt, uning koʻrsatkichlari qayd etilishi lozim.
I guruh isteʼmolchisi uzrli sababga koʻra (xizmat safarida, kasalxonada boʻlish) oʻz vaqtida suvni hisobga olish asbobini nazoratdan oʻtkaza olmagan hollarda (tegishli hujjatlar taqdim etilganda) ogohlantirish xati berilgan kundan keyingi muddat uzrli sabab koʻrsatilgan muddatga uzaytiriladi.
Belgilangan tartibda ISKX tashkiloti yoki Byuro isteʼmolchiga ogohlantirish xati bermaganda, barcha guruh isteʼmolchilari tomonidan qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisobga olish pribori orqali isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun qaytadan hisob-kitob qilish qatʼiyan man etiladi.
ISKX tashkiloti yoki Byuro isteʼmolchiga ogohlantirish xati yuborgandan soʻng belgilangan muddatda davriy qiyoslovdan oʻtkazilmagan hisoblash asbobining koʻrsatkichlari inobatga olinmaydi va hisob-kitob I guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tartib boʻyicha hisob-kitob qilinadi.
71. Suvni hisobga olish asbobining oʻz vaqtida nazoratdan oʻtkazilishi yuzasidan ISKX tashkiloti va Byuroning majburiyati nimalardan iborat?
ISKX tashkiloti va Byuro suvni hisobga olish asbobining oʻz vaqtida nazoratdan oʻtkazilishi uchun isteʼmolchiga oldindan xabar berish, uni yechish, oʻrnatish, koʻrsatkichlarini nazorat qilish yuzasidan masʼul hisoblanadi.
Suvni hisobga olish asbobini tekshirish (taʼmirlash) muddati uning yechilgan vaqtidan boshlab plombalanib, qayta qoʻyilgungacha 30 kalendar kundan oshmasligi kerak.
Sovuq suvni hisobga olish asbobini tekshirish yoki taʼmirlash muddati davomida barcha guruh isteʼmolchilari asbob yechilganidan keyingi 30 kalendar kun mobaynida toʻlovlarni oldingi uch oydagi koʻrsatkichlarning oʻrtacha sutkalik hisobidan kelib chiqqan holda amalga oshiradilar.
72. Isteʼmolchilar uchun suvni hisobga olish asboblarini oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash) xizmatlari uchun toʻlovlar qanday belgilanadi?
I, II va III guruh isteʼmolchilari uchun suvni hisobga olish asboblarini oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash) xizmatlari uchun toʻlovlar ISKX tashkiloti tomonidan, belgilangan narxni tartibga solish organi bilan kelishilgan alohida tariflar asosida amalga oshiriladi. Ular montaj (almashtirilganda — eskisini demontaj) qilishda, taʼmirlash, oʻrnatish (yechish) joyigacha, u yerdan qaytishgacha boʻlgan transport xarajatlarini, tekshirish zarurati tugʻilganda, standart organlari xizmati va asbobni oʻrnatish xizmatlari uchun toʻlovni oʻz ichiga oladi.
Isteʼmolchi suvni hisobga olish asbobidagi plombaga shikast yetgani, uzilgani yoki butun emasligi kabi holatlarni aniqlaganda, 2 sutka mobaynida ISKX tashkiloti yoki Byuroni bu haqda ogohlantirishi lozim.
Ushbu fakt boʻyicha ikki tomonlama dalolatnoma tuziladi, undagi kamchilik va nosozliklarni bartaraf etish yuzasidan qaror qabul qilinadi va asbob rejadan tashqari qayta nazoratdan oʻtkaziladi.
73. Sarflangan suv hajmi qanday aniqlanadi?
Isteʼmolchi tomonidan sarflangan suv hajmi belgilangan talablarga muvofiq oʻrnatilgan suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanishi lozim.
Mulk egasi oʻzgarganda yangi mulkdor suvni hisobga olish asbobini qayta roʻyxatdan oʻtkazishi shart. Suvni hisobga olish asbobi qayta roʻyxatdan oʻtkazilmagan holatlarda II yoki III guruh isteʼmolchilari yozma ogohlantirilib, suvni hisobga olish asbobining koʻrsatkichlari oʻzaro hisob-kitoblar uchun qabul qilinmaydi.
Suvni hisobga olish asbobi isteʼmolchining aybisiz nosoz boʻlgan taqdirda sarflangan suv miqdori oldingi uch hisob-kitob oyidagi oʻrtacha sarf boʻyicha aniqlanadi. Hisob-kitobning bunday tartibi bir oydan koʻp qoʻllanilishi mumkin emas.
74. Suvni hisobga olish asbobi bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar tomonidan sarflangan suv miqdori qanday aniqlanadi?
Suvni hisobga olish asbobi bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar tomonidan sarflangan suv miqdori quyidagicha aniqlanadi:
a) I guruh isteʼmolchilari uchun – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan amaldagi suv isteʼmoli normalariga muvofiq, suv berish jadvalidan qatʼi nazar.
Suv isteʼmoli normasi quyidagi hollarda koʻpaytiriladi:
dov-daraxtlarni sugʻorishda, quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = S ⸱ n, l, bunda:
Q – sutkasiga bir marta sugʻorish sharti bilan, dov-daraxtlarni sugʻorishga sarflangan suv miqdori;
S – sugʻoriladigan maydon, kv.m.;
n – mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda tasdiqlangan bir m2 ni sugʻorish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan bir m2 ni sugʻorish normasi;
trotuar va yoʻlaklarga suv sepilganda, quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = S ⸱ n, l, bunda:
Q – trotuar va yoʻlaklarga sutkasiga bir marta suv sepilganda sarflangan suv miqdori;
S – suv sepiladigan maydon, kv.m.;
n – mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan amaldagi suv isteʼmoli bir m2ga suv sepish normasi;
ichimlik suvdan yozgi dush uchun foydalanilganda quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = n ⸱ N, bir kishiga litr, bunda:
n – KMK (SNiP) 2.04.02 – 97.ga koʻra suv sarfi normasi;
N – kishilar soni;
mashinalarni yuvishga ichimlik suv ishlatilgan taqdirda, quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = n ⸱ N, bir marta yuvishga litr hisobida, bunda:
n – suv sarfi normasi;
N – mashinalar soni;
ichimlik suvdan chorva mollarini saqlashda foydalanilgan taqdirda quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = n ⸱ N, sutkasiga litr, bunda:
n – KMK (SNiP) 2.04.02 – 97.ga koʻra suv sarfi meʼyori;
N – chorva mollari bosh soni;
ichimlik suvdan hovlidagi hovuzlarni toʻldirish uchun foydalanilgan taqdirda quyidagi formula boʻyicha hisoblangan suv miqdoriga:
Q = V ⸱ n, bir oyda/litr, bunda:
V – hovuz hajmi, kub.m;
n – har sutkada hovuz umumiy hajmining 10 foizi miqdorida yetkazib bergan holda oyiga uch marta hisobidan har oydagi oylik toʻldirish miqdori;
b) II va III guruh isteʼmolchilari uchun hisoblash asosiy ichimlik suv tarmogʻi ulanmasining suv oʻtkazish quvvati boʻyicha quyidagi formula bilan amalga oshiriladi:
______
Q = M ⸱ F ⸱ √2g ⸱ H ⸱ t, bunda:
M – 0,60-0,62 ga teng boʻlgan zulfin orqali suv sarfi koeffitsiyenti;
F – suyuqlik oqib oʻtadigan quvur yoki teshik kesimi maydoni (ichki diametr boʻyicha), m2;
g – 9,8 m/sekund2 ga teng boʻlgan erkin tushish tezligi;
N – suv taqsimoti yoki kommunal suv tarmogʻiga ulanish joyidagi suvning bir metrdagi bosimi;
t – oyning kalendar kunlari, 24 soat mobaynidagi sekundlardagi vaqt.
75. Fuqarolar propiskadan oʻtkazilmagan xonadonlarda, suvni hisobga olish asbobi mavjud boʻlmaganda, ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlar qanday hisoblanadi?
Fuqarolar propiskadan oʻtkazilmagan xonadonlarda, suvni hisobga olish asbobi mavjud boʻlmaganda, ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlar qonunchilikda koʻrsatilgan isteʼmol normalariga koʻra, belgilangan tariflarning orttiriluvchi koeffitsiyentini qoʻllash yoʻli bilan: bir va ikki xonali uylarda – bir kishi hisobidan; uch xonali uylarda – ikki kishi hisobidan; toʻrt xonali uylarda – uch kishi hisobidan; besh xonali uylarda – toʻrt kishi hisobidan va undan ortiq xonali uylarda shu tartibda amalga oshiriladi.
78. Hisob-kitob davrida suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmagan holatlarda qanday oqibat yuzaga keladi?
Hisob-kitob davrida suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmagan holatlarda ISKX tashkiloti ushbu va keyingi davr hisob-kitoblarini ichimlik suv va oqova suv sarfining oʻrtacha sutkalik normasi asosida, shu oyda amalda boʻlgan tariflar boʻyicha isteʼmolchi tomonidan keyingi koʻrsatkichlar taqdim etilgungacha (yoki Byuro vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingungacha) amalga oshirish huquqiga ega.
Isteʼmolchi tomonidan keyingi koʻrsatkichlar taqdim etilgan yoki Byuro vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingan taqdirda ISKX tashkiloti ishlatilgan ichimlik suv va chiqarilgan oqova suv hajmini oʻrtacha sutkalik sarf hisobida, suvni hisobga olish asbobining avvalgi qayd qilingan koʻrsatkichi davridan boshlab qayta hisob-kitob qilishi lozim. Bunda toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinayotgan oydagi tariflar asosida hisoblab chiqiladi.
79. Isteʼmolchiga yetkazilgan suv va qabul qilingan oqova suvlar uchun hisob-kitoblar qanday tartibda amalga oshiriladi?
Isteʼmolchiga yetkazilgan suv va qabul qilingan oqova suvlar uchun hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
– isteʼmolchilarning II guruhi (byudjet tashkilotlardan tashqari) va III guruhi bilan – avans toʻlovlari tartibida, belgilangan muddatda toʻliq hisob-kitob qilish sharti bilan yoki ISKX tashkiloti tomonidan hisob varaqasi (schyot-faktura)lar taqdim etish orqali;
– isteʼmolchilarning I guruhi bilan – ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan ishlatilgan ichimlik suv va chiqarilgan oqova suvlar uchun toʻlov talabnomalari yoki hisobvaraqalarini taqdim etish yoxud isteʼmolchilarning oʻzlari (oʻz-oʻziga xizmat orqali) oyma-oy hisob toʻlovlarini rasmiylashtirish yoʻli bilan;
– koʻchadagi suv manbalaridan foydalanuvchi fuqarolar bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan muddatlar asosida ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan toʻlov talabnomalarini taqdim etish orqali. Fuqarolar mahalliy manbadan suv isteʼmol qilayotgan boʻlsalar va bu suv tegishli organlar tomonidan ichishga yaroqli deb hisoblangan boʻlsa, ular koʻchada suv manbalaridan foydalanganlik uchun toʻlovlardan ozod qilinishi mumkin;
– isteʼmolchilarning II guruhi bilan – suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining hududiy boʻlinmalari orqali oʻzaro hisob-kitob qilishga oʻtkazilgan byudjet tashkilotlari tomonidan, ISKX tashkiloti taqdim etadigan schyot-fakturalar boʻyicha har oyda amalga oshiriladi.
80. Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflar oʻzgarishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflar oʻzgarganda, sanasidan qatʼi nazar, ushbu xizmatlar yuzasidan isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnoma oʻz kuchini saqlab qoladi va isteʼmolchi koʻrsatilgan xizmatlar uchun, yangi tariflar asosida, ular kiritilgan sanadan eʼtiboran toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun toʻlovlar isteʼmolchining tanlovi boʻyicha cheklanmagan ravishda, naqd yoki pul oʻtkazish (toʻlov hujjati yoki toʻlov topshiriqnomasi boʻyicha) orqali pul mablagʻlari bilan, shuningdek plastik kartochkalardan pochta yoki elektron aloqa tizimlari vositasida pul oʻtkazish yoʻli bilan ham amalga oshiriladi.
81. Ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati uchun toʻlovlar oldindan toʻlanganda yoki toʻlash muddati oʻtkazib yuborilganda qanday oqibatlar vujudga keladi?
I guruh isteʼmolchilari, avans tariqasida, kommunal xizmatlar (shuningdek, maxsus ustama) uchun 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlovlarni avvaldan amalga oshirib qoʻygan boʻlsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maxsus ustama miqdori)ning oʻzgarishi tufayli toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlardan ozod etiladilar.
Barcha guruh isteʼmolchilari ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati uchun hisobga olish priborlari mavjud boʻlganda oxirgi uch oyning oʻrtacha sarfi boʻyicha hamda hisobga olish priborlari mavjud boʻlmaganda oylik isteʼmol normasi boʻyicha keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlashni amalga oshirishlari lozim.
Toʻlovning shartnomada belgilangandan kechiktirilgan har bir kuni uchun – yuridik shaxslar 0,4 foiz, jismoniy shaxslar esa 0,1 foiz penya toʻlaydilar. Ammo bu koʻrsatkich jami kechiktirilgan summaning 50 foizidan oshmasligi lozim.
Suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud boʻlganda, I guruh isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladilar. Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u I guruh isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi.
Barcha guruh isteʼmolchilari keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlovlarini amalga oshirmasalar, Byuro isteʼmolchilarni yozma ravishda xabardor qilgan paytdan boshlab besh ish kuni oʻtgandan keyin qarzlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isteʼmolchilarni ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qoʻyish yoʻli bilan undirish choralarini koʻradi.
82. Hisob-kitoblarning notoʻgʻri qilinganda eʼtiroznoma qanday tartibda topshiriladi?
Hisob-kitoblarning notoʻgʻri qilinganligi (tariflarning notoʻgʻri hisobga olinganligi va shu kabi holatlar) toʻgʻrisida yoziladigan eʼtiroznoma toʻlov hujjati olingandan keyin 5 kun muddatda ISXK tashkiloti yoki Byuroga taqdim etilishi kerak. Eʼtiroznoma isteʼmolchini toʻlov hujjatida koʻrsatilgan summani toʻliq va belgilangan muddatda toʻlashdan ozod qilmaydi.
Eʼtiroznoma ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan 10 kun muddatda koʻrib chiqiladi. Ular asosli deb topilsa, toʻlangan ortiqcha summa keyingi toʻlov hujjati hisobiga oʻtkaziladi. Isteʼmolchi eʼtiroznoma koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotdan, aloqa vositalari orqali, eʼtiroz koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan muddat tugagandan keyin 3 kun muddatda xabardor qilinishi lozim. Koʻrsatilgan muddat ichida isteʼmolchi xabardor qilinmasa, masala isteʼmolchi foydasiga hal qilingan hisoblanadi.
83. Isteʼmolchining oʻz-oʻziga xizmat qilish tartibida toʻlov hujjatlarini yozish va toʻldirishda yoʻl qoʻygan xatolari uchun toʻlovlarni hisoblash muddati va tartibi qanday amalga oshiriladi?
Isteʼmolchining oʻz-oʻziga xizmat qilish tartibida toʻlov hujjatlarini yozish va toʻldirishda yoʻl qoʻygan xatolari ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan aniqlangan vaqtida hisobga olinadi. Suv sarfi hisobini yuritishda xato aniqlangan taqdirda ISKX tashkiloti qayta hisob-kitobni oxirgi hisob-kitob davri uchun yoki suv hisoblagich koʻrsatkichlarining oldingi tekshiruv kunidan boshlab, biroq daʼvo davri muddati doirasida amalga oshirishi kerak.
84. I guruh isteʼmolchisining ISKX tashkiloti qaroriga rozi boʻlmasligi yoki uyda yashovchilar soni oʻzgarishi qanday oqibatlarga olib keladi?
I guruh isteʼmolchisining ISKX tashkiloti qaroriga rozi boʻlmasligi uni qoʻshimcha toʻlov hujjati boʻyicha toʻlovni belgilangan muddatda toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi. Qoʻshimcha toʻlov hujjati 10 kun muddatda toʻlanmagan taqdirda ISKX tashkiloti taqdim etilgan summani majburiy tartibda undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritadi.
Uyda vaqtincha istiqomat qiluvchi (yollovchi)lar istiqomat qilganda toʻlovlar haqiqatda istiqomat qilayotganlar soniga qarab amalga oshiriladi. I guruh isteʼmolchisi, oʻzi yashayotgan xonadonda turuvchilar soni koʻpayishi yoki kamayishi holatlari yuzasidan, oʻzgarishlar sodir boʻlgan vaqtdan boshlab 5 ish kunidan kechikmay ISKX tashkiloti yoki Byuroni yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Bunda isteʼmolchi, ISKX tashkiloti yoki Byuro, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari va uyning asosiy egasi tomonidan – uch tomonlama dalolatnoma tuziladi.
85. Suv taʼminoti obyekti egasi yoki uy‑joy mulkdor oʻzgarganda amalga oshirilishi lozim boʻlgan harakatlar nimalardan iborat?
Obyekt egasi oʻzgarganda isteʼmolchi chiqib ketishidan 7 kun avval debitorlik qarzlarini uzib, bu haqda Byuro bilan dalolatnoma imzolashi shart. Isteʼmolchi chiqib ketgach, suvni hisobga olish asbobi, plombalarning butligi va qoplanmagan debitor qarzdorlik uchun javobgarlik obyektning yangi egasi zimmasiga yuklanadi.
Koʻp kvartirali turar joy va yakka tartibdagi uy-joy mulkdorlari oʻzgargan taqdirda, I guruh isteʼmolchilari bu haqda ISKX tashkiloti bilan tuzilgan shartnomada belgilangan muddatda yozma ravishda xabardor qilishi va sarflangan suv va (yoki) oqizilgan oqova suvlar uchun toʻliq hisob-kitob qilishi shart, yangi mulkdor esa mulkdor oʻzgargan kundan boshlab 30 kun muddatda yangi shartnoma tuzishi shart.
II va III guruh isteʼmolchilari obyektni yangi egasiga topshirganda bu xususda ISKX tashkilotini 30 kun muddatda ogohlantiradi, yangi mulkdor esa obyektdan foydalanishni boshlashdan oldin ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish yuzasidan yangi shartnoma imzolaydi. Agar obyekt profili oʻzgaradigan boʻlsa, yangi mulkdor yangi texnik shartlarni olishi kerak.
Texnik shartlar va yuqorida taʼkidlangan shartnomaning yoʻqligi kommunal suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatidan foydalanish oʻzboshimchalik bilan amalga oshirilayotganiga asos hisoblanadi.
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan ISKX tashkilotiga yangi mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy propiska qilingan manzili, notarial harakat amalga oshirilgan sana va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqami va umumiy (turar joy) maydoni, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) haqidagi maʼlumotni yuboradi. Bunda ISKX tashkiloti maʼlumot olingandan keyin bir oy muddatda mulkdor bilan ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvni chiqarish xizmatlaridan foydalanishga shartnoma tuzilishini taʼminlashi shart.
86. ISKX tashkiloti quyidagilarga majburiyatlari nimalardan iborat?
ISKX tashkiloti quyidagilarga majbur:
suv taʼminoti va oqova suvni chiqarib yuborish yuzasidan shartnoma shartlarini bajarish;
ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarining texnik holatini muntazam ravishda nazorat qilib borish;
suv taʼminoti uzluksizligini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlar (PDS) talabi va ichimlik suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomalariga muvofiq oqova suvlarni tozalash ishlarini tashkil qilishni taʼminlash;
tarmoqdagi ichimlik suv sifati monitoringini olib borish;
isteʼmolchilarning kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlariga ulangan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlari hamda qurilmalarining holatini va ulardan foydalanilishini muntazam ravishda nazorat qilib borish, ulardan samarali foydalanishni tashkillashtirishda isteʼmolchilarga amaliy yordam koʻrsatish;
isteʼmolchilardagi suvning behuda oqib ketishi va oqilona foydalanilmayotganlik holatlarini aniqlash, suv berish va undan foydalanishni qatʼiy nazorat qilish va hisobga olish, sanoat korxonalari va ularga tenglashtirilgan korxonalarda suv berish boʻyicha belgilangan limitlarga rioya qilinayotganini muntazam ravishda nazorat qilish;
suvning texnologik sarflari va yoʻqotilishining yigʻma jadvalini ishlab chiqish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda tasdiqlash;
suv isteʼmoli belgilangan meʼyor (limit)lardan ortib ketgan holatlarda ISKX tashkilotlariga belgilangan tariflarga nisbatan orttiriluvchi koeffitsiyentni qoʻllash;
kommunal oqova suv tizimiga oqizilayotgan oqovalarning sifati monitoringini taʼminlash;
isteʼmolchilarga suvni hisobga olish individual asboblarini oʻrnatish, belgilangan tartib va muddatlarda ularni nazoratdan oʻtkazib turish;
kommunal ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarida, inshootlar va qurilmalarda naryadsiz hamda ISKX tashkilotlarining xizmat guvohnomasisiz biror-bir ish olib borayotgan shaxslar haqida ichki ishlar organlari xodimlariga xabar qilish;
shartnoma shartlariga muvofiq oʻz majburiyatlarini bajara olmagan holatlarda isteʼmolchiga penya toʻlash;
ichimlik suv tarmoqlarida taʼmirlash ishlari tugallangach, shikast yetkazilgan obodonlashtirish obyektlari va boshqa inshootlarni qayta tiklash;
avariya holatlarini bartaraf etish, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlaridagi avariyali uchastkalarni tiklash yuzasidan shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrish;
isteʼmolchilarning shartnoma shartlariga rioya etishmagani masalasi boʻyicha sud organlariga murojaat qilish;
ichimlik suv va kanalizatsiya tizimida roʻy bergan buzilishlar aniqlangan kundan boshlab bir sutka mobaynida ularning sabablari, xizmat koʻrsatishdagi toʻxtalish muddatlari va cheklanishlar, shuningdek koʻrsatilayotgan xizmat sifatlarining oʻzgarishi sabablari haqida isteʼmolchilarga axborot berish;
ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatishda roʻy berishi mumkin boʻlgan rejali toʻxtatish va uzilishlar haqida isteʼmolchilar uzilishlar boshlangungacha 10 ish kunidan kechikmay ogohlantirish;
ichimlik suvni isteʼmol qilishga doir amaldagi va yangi joriy qilingan meʼyoriy-huquqiy va boshqa hujjatlar bilan isteʼmolchilarni aloqa vositalari orqali xabardor qilish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari tariflaridagi oʻzgarishlar haqida ular amalda joriy qilinishidan 15 kun avval ommaviy axborot vositalari yoki boshqa aloqa vositalari yordamida isteʼmolchilarni xabardor qilish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun amalga oshirilgan toʻlovlarning holati, qarzlarning yoʻqligi haqidagi maʼlumotlarni isteʼmolchilarga bepul taqdim etish;
shaxsiy hisob raqami va yakka tartibda hisobga olish asboblarining holati haqida batafsil maʼlumotni shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga aniq vaqt rejimida yuborish.
87. ISKX tashkiloti qaysi holatlar yuzasidan javob beradi?
ISKX tashkiloti quyidagilar yuzasidan javob beradi:
isteʼmolchilarni meʼyoriy-huquqiy va boshqa hujjatlarga hamda oʻzaro tuzilgan shartnomaga muvofiq ichimlik suv bilan taʼminlash, oqova suvlarni chiqarish;
isteʼmolchilarga meʼyoriy-huquqiy va boshqa hujjatlar hamda qonunchilik asoslari va shartnomada koʻrsatilgan talablarga muvofiq sifatli ichimlik suvi yetkazib berish;
isteʼmolchilarga ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimlariga ulanish uchun oʻz vaqtida qonuniy asoslangan texnik shartlarni taqdim etish;
suvni hisobga olish individual asboblarini oʻz vaqtida davlat nazoratidan oʻtkazish, belgilangan muddatlarda isteʼmolchilardagi suvni hisobga olish asboblarining yechib olinishi, oʻrnatilishi, koʻrsatkichlari nazorat qilinishi va tekshiruv oʻtkazilishi haqida ogohlantirish;
isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi, mulkiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar uchun qonunchilikda koʻrsatilgan tartibda javob berish;
shartnoma shartlari va oʻziga yuklangan majburiyatlarni bajarmaganlik.
89. Suv taʼminoti yuzasidan uzilishlar uchun javobgarlik qanday belgilanadi?
Tozalash inshootlari, nasos stansiyalari quvvatining yoki kommunal suv quvurlarining suv oʻtkazish quvvatining yetarli emasligi tufayli suv taʼminotida muntazam ravishda uzilishlar boʻlgan taqdirda ISKX tashkiloti, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda, isteʼmolchilarni ularga suv berilishi rejalari haqida xabardor qilib, alohida tumanlarga suv berilishi yuzasidan javob beradi. Shu bilan birga, ISKX tashkiloti isteʼmolchilarni suv bilan normal taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan sabablarni bartaraf etishga doir barcha zarur tadbirlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi, shuningdek I guruh isteʼmolchilarida suvni hisobga olish asboblari mavjud boʻlmaganda — suvni berish soatlariga mutanosib ravishda qayta hisob-kitob qilinishi yuzasidan javob beradi.
90. Suv taʼminoti va oqova suvni chiqazib yuborish xizmatlari sohasida isteʼmolchining majburiyatlari nimalardan iborat?
Isteʼmolchilar quyidagilarga majbur:
shartnoma shartlarini bajarish;
oʻzlarining hududida va tasarrufida boʻlgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda qurilmalarining zarur darajada qoʻriqlanishini taʼminlash, ularning buzilishi, suv bosishi va muzlab qolishiga yoʻl qoʻymaslik, quduqlarning qopqogʻini muz va qordan tozalash, ISKX tashkiloti Byuro bilan birgalikda oʻrnatilgan plombalarning saqlanishini nazorat qilish, yer usti suv oqimlarining quduqlar yonidan oqizib yuborilishini taʼminlash, yongʻin gidrantlariga kirib borish yoʻlaklarini tirband qilmaslik, yongʻin gidrantlari koʻrsatkichlarining ishga yaroqliligini kuzatib borish va mavjud boʻlgan yongʻin gidrantlarini va yongʻin kranlarini plombalash uchun taqdim qilish;
turli predmet va materiallarning uyum boʻlib saqlanishiga, shuningdek isteʼmolchining hududida yoki tasarrufida boʻlgan ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlari va qurilmalari ustida hamda ichimlik suvi va kanalizatsiya tashqi joylashuvda boʻlgan (koʻchada va kvartal ichida) yerlarda biror-bir inshootlarni qurishga yoʻl qoʻymaslik. Amaldagi tarmoqlarda oʻzboshimchalik bilan qurilgan inshootlarda avariya sodir boʻlgan taqdirda yetkazilgan zarar uchun javobgarlik qoidani buzganning zimmasiga yuklanadi;
tranzit kommunal ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlar va qurilmalardagi oʻzlari aniqlashgan nosozliklar yoki shikastlanishlar haqida ISKX tashkilotiga zudlik bilan xabar berish;
suvni hisobga olish asboblarida yaqqol koʻrinib turgan nosozliklar aniqlanganda aloqa vositalari orqali ISXK tashkiloti yoki Byuroga xabar berish;
asfaltlash boʻyicha taʼmirlash ishlari olib borilganda ichimlik suv-kanalizatsiya quduqlari, kameralarning saqlanishi va ularning oldiga erkin kirilishini taʼminlash maqsadida taʼmirlash-qurilish tashkilotlari ISKX tashkilotidan olingan lyuk xoʻjaligining yangi yoʻl oʻtuvchi qismigacha koʻtarilishni tasdiqlaydigan maʼlumotnomani majburiy tarzda taqdim etish;
ISKX tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma doirasidagi majburiyatlarini bajarish, joriy oyning 23–25-sanasida suvni hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini toʻgʻri va oʻz vaqtida qayd qilib borish, joriy oyning soʻnggi sanasigacha ISKX tashkilotiga koʻrsatkich — maʼlumotlarni aloqa vositalari yordamida taqdim etish va toʻlovlarni amalga oshirish;
suv sarfi va oqova suvlar oqizilishining shartnomada belgilangan hajmlardan oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik;
subisteʼmolchilardagi suv sarfini nazorat qilish va barcha turdagi suvni yoʻqotishlar boʻyicha choralar koʻrish;
isteʼmolchiga qarashli va u xizmat koʻrsatishi lozim boʻlgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlar va qurilmalardan texnik jihatdan samarali foydalanishni taʼminlash;
ishlab chiqarish oqova suvlaridagi ifloslanish konsentrasiyasini normativdagi meʼyorlargacha yetkazgan holda oldindan tozalanishini taʼminlash;
kanalizatsiya tarmogʻiga oqiziladigan oqova suvlar sifati boʻyicha monitoring oʻrnatish;
isteʼmolchi hududida joylashgan suv oʻlchash uzeli, kommunal ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarida olib boriladigan barcha turdagi ishlarni bajarishga begona shaxslarni kiritmaslik;
ISKX tashkiloti vakilining ishtirokisiz quduqlar (kameralar) qopqogʻini ochishga ruxsat bermaslik;
kommunal drenaj tizimi mavjud boʻlgan holatlarda isteʼmolchi hududida joylashgan kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga yomgʻir va erigan qor suvlarining ruxsat etilmagan holda oqizilishiga yoʻl qoʻymaslik. Mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda ISXK tashkiloti yoki Byuro vakili, belgilangan tartibda, isteʼmolchiga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash uchun asos boʻladigan dalolatnomani tuzadi;
kommunal ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarida, inshootlar va qurilmalarda naryadsiz hamda ISKX tashkilotlarining xizmat guvohnomasisiz biror-bir ish olib borayotgan shaxslar toʻgʻrisida ichki ishlar organlariga xabar berish.
91. II va III guruh isteʼmolchisi qaysi holatlar yuzasidan javob beradi?
II va III guruh isteʼmolchisi quyidagilar yuzasidan javob beradi:
kanalizatsiya tarmogʻida avariya boʻlgan taqdirda yertoʻla xonalarini suv bosishidan saqlaydigan barcha oʻchiruvchi qurilmalarning butligi, saqlanganligi, ishga yaroqliligi va normal texnik holatdaligi uchun;
isteʼmolchiga qarashli sanitariya asboblari, kanalizatsiya tarmoqlari, inshoot va qurilmalarda tambaning yoʻqligi, reviziyalarning zich yopilmasligi, nosoz texnik holati tufayli isteʼmolchining kanalizatsiya tarmoqlarida yoki ISKX tashkilotida, ichimlik suv va kanalizatsiyaning tashqi tarmoqlarida avariya (tiqilib qolish, suv bosish) sodir boʻlishi sababli yertoʻla xonalarini suv bosishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun;
ISKX tashkiloti yoki Byuro bilan hisob-kitob qilish uchun foydalaniladigan suvni hisobga olish asbobi, aylanma liniya zulfini, yongʻin zulfinlari, gidrantlar va uning hududida yoki tasarrufida boʻlgan hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan plombalangan boshqa ichimlik suv qurilmalaridagi plombalarning butligi va saqlanishi uchun;
ISKX tashkilotiga ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlari va qurilmalarining shikastlanishi tufayli yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda.
92. I guruh isteʼmolchisi javobgar boʻladigan holatlar qaysilar?
I guruh isteʼmolchisi quyidagilar yuzasidan javob beradi:
shartnoma shartlarining bajarilishi;
sanitariya-texnika uskunalarining doimiy soz holatda saqlanishi;
sanitariya-texnika uskunalaridan suv oqishiga yoʻl qoʻymaslik;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun har oyda toʻlovlarni amalga oshirish;
suvni hisobga olish asboblari va ulardagi plombaning oʻzboshimchalik bilan yechilganligi.
93. Qaysi hollarda ISKX tashkiloti isteʼmolchini oldindan ogohlantirgan holda suvni uzatish va oqova suvlarni qabul qilishni toʻliq va qisman toʻxtatishi mumkin?
ISKX tashkiloti, isteʼmolchini 7 kun avval yozma ravishda ogohlantirgan holda, quyidagi holatlarda suvni uzatish va oqova suvlarni qabul qilishni toʻliq va qisman toʻxtatishi mumkin:
isteʼmolchiga tegishli va uning tasarrufida boʻlgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, qurilma va inshootlarning texnik holati qoniqarsiz boʻlganda va ISKX tashkiloti vakillari tomonidan aniqlangan texnik foydalanishdagi xatoliklarni bartaraf etish boʻyicha ISKX tashkiloti talablari isteʼmolchi tomonidan bajarilmaganda (isteʼmolchilarning II va III guruhi uchun);
ISKX tashkiloti mansabdor shaxsi isteʼmolchining suvni hisobga olish uzeli, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari, qurilmalari va inshootlarini nazorat qilish hamda suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlarini qayd etish, plombalarni oʻrnatish maqsadida koʻzdan kechirish, belgilangan limitdan koʻp sarf qilinganda suv berishni muvofiqlashtirish va ISKX tashkiloti naryadlari boʻyicha boshqa ishlarni bajarish uchun kelganda isteʼmolchi tomonidan asossiz ravishda kiritilmaganda;
ISKX tashkiloti tomonidan isteʼmolchi ulangan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari va qurilmalarida rejali-ogohlantirish tarzida taʼmirlash hamda xizmat koʻrsatish ishlari oʻtkazilganda, shuningdek yangi abonentlarni ulash ishlari amalga oshirilganda;
isteʼmolchi tasarrufida boʻlgan suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlari yoki tarmoqlariga subabonentlarning oʻzboshimchalik bilan ulangani aniqlanganda;
isteʼmolchi tomonidan suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatlari uchun belgilangan muddatlarda haq toʻlanmaganda;
isteʼmolchining tasarrufida boʻlgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlariga, qurilmalariga ISKX tashkilotidan ulanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan subabonentlarning tegishli tartibda ulanishi rad etilganda (isteʼmolchilarning II va III guruhi uchun);
isteʼmolchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilmaganda va u oqizilayotgan oqova suvlar miqdori va tarkibi boʻyicha shartlarga rioya qilmaganda.
94. Qaysi holatlarda ISKX tashkiloti oldindan xabar qilmasdan suv uzatishni toʻliq yoki qisman toʻxtatishga haqli?
ISKX tashkiloti quyidagi holatlarda oldindan xabar qilmasdan suv uzatishni toʻliq yoki qisman toʻxtatishga haqli:
ISKX tashkilotining elektr taʼminoti toʻxtatilganda;
tabiiy ofatlar roʻy berganda;
avariya holatlarida;
yongʻin chiqqan joylarga suv uzatishni koʻpaytirishga zarurat tugʻilganda.
95. Isteʼmolchilar qanday huquqlari mavjud?
Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
ISKX tashkilotidan, uning bilan tuzilgan shartnoma asosida, ichimlik suv va oqova suvni chiqarish xizmatlarining uzluksiz amalga oshirilishini, oʻz hayoti va sogʻligʻiga, mulkiga xavf tugʻdirmaydigan darajadagi sifat va miqdorda ichimlik suv berilishini talab qilish;
ISKX tashkilotidan suvni hisobga olish asboblarini oʻrnatish, ularni belgilangan tartibda va muddatlarda nazoratdan oʻtkazishni talab qilish;
tegishli sifat darajasidagi ichimlik suv va oqova suv tarmoqlariga xizmat koʻrsatish talablarini bajarmaganligi uchun ISKX tashkilotidan qonunchilikda va shartnoma shartlarida koʻrsatilgan miqdorda jarima (penya)lar toʻlashni talab qilish;
ISKX tashkilotini shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida, uning bekor qilinishidan kamida 15 kun oldin ogohlantirgan holda va ushbu muddatda suv taʼminoti yoki oqova suvni chiqarish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻliq amalga oshirgan holda shartnomani bir tomonlama bekor qilish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun amalga oshirilgan toʻlovlarning holati, qarzlarning yoʻqligi haqidagi maʼlumotlar va maʼlumotnomani shaxsan yoki oʻz vakili orqali bepul olish;
ISKX tashkilotidan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari hajmi va sifati, ularni amalga oshirish shartlari, toʻlovlar tarifi va tartiblarining oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlarni bepul olish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilmayotganligi yoki ularning past sifatda ekanligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma taqdim etilgandan keyin 18 soat mobaynida ISKX tashkilotidan nosozlik va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
“Davsanepidnazorat” organlari tomonidan tasdiqlangan amaldagi standartlarga javob beradigan sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanmaganlik (sifatsiz ichimlik suv mavjudligi aniqlangan davrdan u tegishli darajaga olib kelingan vaqt) uchun qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish.
96. Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlarning toʻlanish tartibi qanday?
Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar sovuq va issiq suv taʼminoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya), elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, isitish (issiqlik taʼminoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun toʻlanadigan toʻlovlardan iboratdir.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari oʻzlariga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun qonun hujjatlariga va kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq majburiy toʻlovlar toʻlaydi.
Uy-joy obyektining manzili boʻyicha doimiy propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari koʻrsatilganligi uchun haq toʻlash boʻyicha majburiyatlar yuzasidan qonun hujjatlariga va kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchi (bajaruvchi) korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq solidar javobgar boʻladi.
97. Koʻp kvartirali uydagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini va kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar qaysi muddatlarda toʻlanadi?
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlarini oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.
Davlat uy-joy fondining koʻp kvartirali uyidagi joylarni ijaraga, arendaga oluvchilar shu uydagi umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash haqini ijaraga, arendaga berish shartnomasi shartlariga muvofiq, biroq oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar toʻlash oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay har oyda amalga oshirilishi kerak, bundan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari mustasno.
Davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar oldindan 100 foizlik haq toʻlash asosida amalga oshirilishi kerak.
98. Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar oʻz muddatida toʻlamaganlik uchun qanday javobgarlik chorasi belgilangan?
Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari kechiktirilgan har bir kunga yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, biroq kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.
Agar shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uyning kommunal xizmatlar buyurtmachisi boʻlsa, ularga penya miqdorlari boʻyicha jismoniy shaxslar uchun belgilangan norma qoʻllaniladi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar koʻrsatish majburiy toʻlovlar uch oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda toʻxtatib turiladi, bundan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari, shuningdek elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish mustasno.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq toʻlash amalga oshirilmagan taqdirda, suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan toʻliq uzib qoʻyishgacha boʻlgan choralar koʻriladi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berganlik uchun belgilangan muddatda majburiy toʻlovlar toʻlanmagan taqdirda, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyishgacha boʻlgan choralar koʻriladi.
99. Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joyni saqlash va kommunal xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari boʻyicha qanday imtiyozlar belgilangan?
Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joyni saqlash va kommunal xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi PF–4715-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha har oyda kompensatsiya pul toʻlovlari beriladigan shaxslarning imtiyozli toifalari roʻyxati” belgilangan.
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha har oyda kompensatsiya pul toʻlovlari beriladigan shaxslarning imtiyozli toifalari
ROʻYXATI
T/r | Shaxslar toifalarining roʻyxati | Har oyda beriladigan kompensatsiya pul toʻlovlari miqdori (eng kam ish haqiga nisbatan foizda) |
1 | 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslardan tashqari | 50 |
2 | 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar | 45 |
3 | Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar | 45 |
4 | Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va “Slava»” ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar. Fashist konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan mahbuslari, Leningrad shahri qamali davrida ishlagan fuqarolar, koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironlari, Chernobil halokati oqibatida jabrlangan fuqarolar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar | 45 |
5 | 194–1945-yillardagi urushning mehnat fronti qatnashchilari | 25 |
100. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan toʻlanadigan kommunal xizmatlar uchun qanday tartibda haq toʻlanadi?
Shirkat aʼzolari oʻzlariga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar uchun toʻlaydigan har oylik toʻlovlar majburiy toʻlovlar hisoblanadi.
Majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati va ularning miqdori qonun hujjatlarida hamda kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalar asosida belgilanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi.
- “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni,
- “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni,
- “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni,
- “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni,
- “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni,
- “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori.