KIRISH

Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va erkinlashtirish hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish va huquqiy jihatdan himoya qilinishi bir nechta omillarga bog‘liq. Ushbu omillardan biri bo‘lib davlat tomonidan insofsiz raqobat va monopolistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisoblanadi.

So‘nggi paytlarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining soni ko‘payib, ular o‘rtasida muayyan darajada sog’lom raqobat muhiti shakllangan. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan monopolistik faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik va ular o‘rtasida raqobat muhitini yaratish yuzasidan bir nechta qonun hujjatlari qabul qilingan. Tadbirkorlik subyektlariga ularda aks ettirligan raqobatni qo‘llab-quvvatlash va monopoliyaga qarshi kurashishga oid ma’lumotlarni berish va bu orqali ularda raqobatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmasini yaratish ushbu risolaning amaliy ahamiyatini ko‘rsatib beradi.

Tadbirkorlik subyektlari uchun raqobat muhitini ta’minlash, raqobatni qo‘llab-quvvatlash, monopoliyaga qarshi kurashishga oid bilimlar bilan fuqarolarni tanishtirish, ularni qiziqtirgan savollariga javob berish maqsadida mazkur risola tayyorlandi.

Unda ustun mavqega ega bo‘lgan subyektlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar, insofsiz raqobat va uning oldini olish choralari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlari, bitimlari va hujjatlarini oldini olishning huquqiy masalalari, monopoliyani tartibga solish, tabiiy monopoliya subyektlarining huquqiy holati bilan bogʻliq masalalar sodda, hamma uchun tushunarli tilda bayon etilgan.

I BOB. RAQOBATNI QO‘LLAB-QUVVATLASH

  1. Raqobat nima va u nima uchun zarur?

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xulq-atvor mustaqilligiga asoslangan raqobat bozor iqtisodiyoti tizimining eng muhim asosiy elementi hisoblanadi. Raqobat haqida gap ketganda, monopoliyaning yo‘q bo‘lishi, xizmatlarning sifati va turining yaxshilanishi, iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari, moslashuvchanligi, noyob takliflar va boshqalar kabi tushunchalar namoyon bo‘ladi. Lekin, bu kabi tushunchalar bozorda faqat raqobatchilarning mavjudligi bilan o‘z ahamiyatini mustahkamlaydi.

“Raqobat” (lotincha concurrere – to‘qnashuv; inglizcha competition, rivalry) – bozorda ishtirok etayotgan korxonalar o‘rtasidagi o‘z mahsulotlarini sotishning eng qulay imkoniyatlarini ta’minlash, xaridorlarning turli-tuman ehtiyojlarini qondirish maqsadidagi o‘zaro ta’sir, o‘zaro aloqa va kurash iqtisodiy jarayonidir[1].

Raqobat tovar oldi-sotdisi, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda bozor qatnashchilari o‘rtasidagi o‘zaro kurash demakdir. Raqobat tovarlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar, ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi hamda ishlar bajaruvchilarini olg‘a intiltiruvchi kuch, bozordagi tovarlar, ishlar va xizmatlarning sifatiga hamda narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi mexanizm hisoblanadi.

Raqobat narxlarning pasayishini ta’minlaydi, iste’molchilar uchun tanlov doirasini kengaytiradi, shuningdek samaralilik va yangilikka intiluvchanlikni rag‘batlantiradi[2].

Bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobat quyidagi xususiyatlari bilan ahamiyatli bo‘ladi:

Raqobat bozorda barqarorlik muhitini yaratadi.

Raqobat o‘zida moslashuvchanlikni, mahsulot turini kengaytirishni, mijozlar uchun kurashni aks ettiradi. Shu xususiyatlari bilan erkin raqobat bozorda barqarorlik muhitini yaratadi. Tasavvur qiling, birida monopoliya hukmronlik qiladigan, ikkinchisida esa erkin raqobat mavjud bo‘lgan ikki bozor mavjud. Monopol subyekt bozor talabiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘zi faoliyat yuritayotgan sohani boshqasiga o‘zgartirdi, natijada bozorning ehtiyojlarini ta’minlayotgan xizmat yoki mahsulot ishlab chiqarish to‘xtaydi. Bu holatda bozor yagona ishlab chiqaruvchini yoki xizmat ko‘rsatuvchini yo‘qotish orqali tovar yoki xizmatlar bozorini yo‘q bo‘lishiga olib keladi. Erkin raqobat mavjud bo‘lgan joyda raqobatchi subyekt o‘z faoliiyatini to‘xtatsa yoki faoliyat yo‘nilishini o‘zgartirsa, ko‘pi bilan ishlab chiqarish pasayishi mumkin. Hatto, har bir ishlab chiqaruvchi doimiy quvvat zaxirasiga ega bo‘lganligi uchun ham bozorda hech narsa o‘zgarmasligi ham mumkin.

Raqobat bozorning ishlab chiqarish quvvati zaxiralarini ko‘paytiradi.

Bozor quvvati zaxirasi – bu ma’lum bir bozordagi mahsulotga kundalik talabdan farqli ravishda shu mahsulotga ertaga talab oshsa necha foiz qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqara olishidir. Ya’ni, agar xaridor ertaga bugungidan tamomila farqlanuvchi mahsulotga ko‘proq miqdorda talab bilan chiqsa, monopoliya mavjud bo‘lgan bozorda bunga imkon bo‘lmasligi tabiiy. Chunki, raqobatning mavjudligi mijoz talabining qat’iy barqarorligi yo‘qligidan dalolat beradi. Bu degani, bugun bozorda ikkita talab bo‘lsa, ertaga shu talab beshtaga oshishi mumkin. Shuning uchun har bir raqobatchi, agar kerak bo‘lsa, imkon qadar ko‘proq mijozlarning ehtiyojlarini qondirish uchun yеtarli miqdorda mahsulot zaxirasini saqlashi kerak.

Shuningdek, raqobatchilar hech qachon ishlab chiqarish quvvatining zaxirasini kamaytirmaydi. Hamma bir xil narsani bir xil miqdorda xohlaydigan monopoliya mavjud bo‘lgan bozorda esa mahsulot zaxirasiga ehtiyoj bo‘lmasligi aniq. Raqobat mavjud bo‘lgan bozorda esa xaridorlarlarning yoki mijozlarning qat’iy taqsimoti mavjud bo‘lmaganligi tufayli ham doimo ishlab chiqarish quvvati zaxirasini saqlashga harakat qilinadi.

Raqobat bo‘lmasa bozor ham bo‘lmaydi.

Bozorda agar barcha mahsulotlar va ular bilan bog‘liq bitimlar bitta ishlab chiqaruvchi bilan bog‘liq bo‘lsa, unda takliflar nuqtai nazaridan butun bozor ushbu ishlab chiqaruvchiga to‘liq bog‘liqdir. Lekin, bozor nafaqat taklif, balki talab bilan ham bog‘liq, ya’ni bozorda mahsulotga qiziquvchilar bo‘lmasa, u holda bozor ham bo‘lmaydi.

Agar bitta ishlab chiqaruvchi uzoq muddatli muammolarga duch kelsa, bozor darhol qulab tusha boshlaydi, chunki odamlar o‘z talablarini bajarish uchun shunchaki boshqa bozorni izlashlari lozim bo‘ladi. Yoki mijoz yagona ishlab chiqaruvchining muammolari sabab o‘z talabini o‘zgartirishi ham mumkin.

Yuqoridagi nuqtai nazarlardan kelib chiqib shuni ta’kidlash mumkinki, monopoliya sharoitida bozor butunlay ishlab chiqaruvchining ideal holatiga bog‘liq bo‘lib, har qanday muammolar bozorning to‘liq yo‘q qilinishigacha olib kelish mumkin.

  1. Raqobatga qarshi harakatlar deganda nima tushuniladi?

Raqobatga qarshi harakatlar – raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun man etilgan harakatlar, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ular mansabdor shaxslarining raqobatni cheklashga qaratilgan harakatlari (harakatsizligi)dir.

Raqobatga qarshi harakatlarga ustun mavqeni suiiste’mol qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlari, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlari hamda insofsiz raqobat kiradi.

Ustun mavqeni suiiste’mol qilish – xo‘jalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan taqiqlangan harakatlaridir. Bu kabi raqobatga qarshi harakatlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

– muomalada bo‘lgan tovarlarning hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga olib keladigan tarzda qisqartirishi;

– tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilashi;

– shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek, raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishi;

– shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni olishini yoki realizatsiya qilishini taqiqlashi yoxud cheklashi;

– kontragent tomonidan boshqa tovarlarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarlarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi sharti bilangina shartnoma tuzishga rozilik berishi;

– tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishi;

– tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishiga to‘siqlar qo‘yishi tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.

Raqobatga zid harakatlarning ikkinchi turi Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlaridir.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlari, o‘zaro og‘zaki yoki yozma bitimlar orqali quyidagi kelishuvlarga erishib raqobatga zid harakatlar qilishlari mumkin:

– sun’iy ravishda narxlar, tariflar, chegirmalar, ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlarni yoki ustama narxlarni belgilashga yoki saqlab turish;

– narxlarni sun’iy ravishda oshirgan yoki pasaytirgan holda erkin bozor narxlarining qaror topishiga to‘sqinlik qilish;

– ishlab chiqarish ustidan, mahsulot sotish bozorlari va kapital qo‘yilmalar ustidan nazorat o‘rnatish;

– taklif hajmini sun’iy ravishda o‘zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olish;

– shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek, raqobatni cheklovchi boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirish;

– auksionlarda, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirishga, pasaytirishga yoki saqlab turish;

– shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritish;

– tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olish;

– boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tegishli tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari sifatida bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlashtirishga yoxud xo‘jalik yurituvchi subyektlarni muayyan tovarlar bozoriga qo‘ymaslik;

– tovarlarni ishlab chiqarishni iqtisodiy yoki texnologik jihatdan asossiz ravishda kamaytirishga va (yoki) to‘xtatish;

– muayyan sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) bilan shartnomalar tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishga olib kelsa yoki olib kelish.

Raqobatga zid harakatlar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bu kabi raqobatga zid harakatlar quyidagi ko‘rinishlarda uchraydi:

– faoliyatning biror-bir sohasida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga cheklovlar joriy etishi, shuningdek, faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishni man etishi;

– shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘rsatmalar berishi;

– ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yеngilliklarni asossiz ravishda berish;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishi;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashish;

– o‘z vazifalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vazifalari bilan qo‘shib bajarish;

– ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar)ni belgilash.

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:

– narxlarni yoki tariflarni oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga;

– tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Raqobatga zid harakatlarni amalga oshirish muayyan javobgarlikni keltirib chiqaradi. Raqobatchi subyektlarining erkin raqobatlashish munosabatlariga zarar yеtkazganlik uchun huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash vakolatiga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ega bo‘lib:

  • raqobat qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik belgilash. Bunda monopoliyaga qarshi organ o‘z vakolati doirasida xo‘jalik yurituvchi subyektlardan raqobatga qarshi harakatlar natijasida asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) olib qo‘yish va jarima solish haqida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi;
  • raqobat qonunchiligini buzganlik uchun sud tomonidan javobgarlik choralarini belgilash (bunda sud raqobat qonunchiligi buzilganligi bilan bog‘liq yеtkazilgan zararni o‘rnini qoplash yoki jinoiy javobgarlik chorasini qo‘llash).

Yuqoridagilardan kelib chiqib, monopolistik faoliyat subyektlarining raqobat qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik xususiyatidan kelib chiqqan holda:

– fuqarolik huquqiy;

– ma’muriy;

– jinoiy;

– boshqa javobgarlik choralari (masalan intizomiy jazo chorasi) qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 9-moddasida fuqarolik munosabatlarini amalga oshirish shartlari, xususan, tovar va moliya bozori ishtirokchilari:

  • fuqarolik huquqlarini amalga oshirish jarayonida boshqa shaxslarining huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi;
  • ushbu munosabat ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi;
  • jamiyatning ma’naviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa – ish odobi qoidalariga ham rioya etishi;
  • fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa shaxsga zarar yеtkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiiste’mol qilishga;
  • huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yo‘l qo‘yilmasligiga asoslanadi. Sanab o‘tilgan mazkur holatlar mahsulot bozorida o‘zaro raqobatlashayotgan shaxslarning amal qilishi lozim bo‘lgan talablar hisoblanadi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobat qonunchiligini buzganlik uchun fuqarolik huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash zarar ko‘rgan shaxsning moddiy va ma’naviy zarar yеtishiga yuridik shaxs bo‘lsa uning ishchanlik obro‘siga putur yеtishiga olib kelishi bilan bog‘liq zararni qoplash orqali zarar yеtkazuvchidan undirish orqali huquqiy ta’sir choralari qo‘llaniladi. Fuqarolik kodeksining 14-moddasiga muvofiq zararni tarkibiy qismi sifatida:

  • huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan harakatlari;
  • uning mol-mulkining yo‘qolishi yoki shikastlanishi;
  • shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganda, odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari tushuniladi. Fuqarolik kodeksining 14-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli. Raqobat qonunchligini buzgan shaxslarni fuqarolik huquqiy javobgarlikka tortish faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish uchun monopoliyaga qarshi organning o‘z tekshiruvlari, o‘rganishlari, yuridik va jismoniy shaxslarning, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining arizalari hamda tegishli organlarning taqdimnomalari asos bo‘ladi.

“Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida” Nizom qoidalariga muvofiq qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ish jismoniy shaxsga, xo‘jalik yurituvchi subyektga, davlat boshqaruvi organiga va mahalliy davlat hokimiyati organiga nisbatan ular joylashgan joy bo‘yicha tegishli monopoliyaga qarshi organ tomonidan qo‘zg‘atiladi. Raqobat qonunchiligi buzilganligi bilan bog‘liq ishni qo‘zg‘atish monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining qarori asosida amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlari buzilishi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish uchun monopoliyaga qarshi organda qonun hujjatlari buzilganligini ko‘rib chiqish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning mas’ul xodimlaridan iborat maxsus komissiyalar tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlar yuzasidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va tadbirkorlik subyektlari faoliyati erkinligi kafolatlarini ta’minlash sohasidagi boshqa davlat boshqaruvi organlarining hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiritilishi mumkin. Komissiya raisi va uning tarkibi monopoliyaga qarshi organ rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Aniq bir ishni ko‘rib chiqishda komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi, shu jumladan rais qatnashadi.

  1. Insofsiz raqobat ham bo‘ladimi?

(Insofsiz raqobatning huquqiy tartibga solinishi)

Shiddat bilan rivojlanayotgan bozor munosabatlari sharoitida insofsiz raqobat va uning oldini olish bugungi kunning eng muhim iqtisodiy masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, davlat tomonidan iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish sohasida shaxslarni raqobatga zid bo‘lgan har qanday harakatlardan himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tizimli huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, raqobat bor joyda har doim qonun bilan taqiqlangan insofsiz raqobat bo‘lishi mumkin.

Bozorda faoliyat olib borish, biznes yuritish va boshqa yo‘llar bilan raqobatlashish erkinligi har qanday erkin tadbirkorlik tizimining ajralmas qismidir. Erkin raqobat korxonalarni sifatli mahsulotlarni maqbul narxlarda taklif qilish orqali mijozlarning sadoqatiga erishish uchun turtki beradi.

Erkin raqobat mavjud bo‘lgan bozorda mustaqil korxonalar bir xil faoliyat bilan shug‘ullanadi va iste’molchilarni jalb qilish uchun kurashadi, ya’ni har bir korxona boshqalarning raqobat bosimiga duchor bo‘ladi[3]. Erkin raqobatning yana bir xususiyati uning korxonalarga raqobatchilardan mijozlarni tortib olish huquqini berishida namoyon bo‘ladi. Bir korxona boshqa raqobatchidan yеtarlicha mijozlarni tortib olsa, raqobatchi o‘z biznesini yopishga yoki faoliyat sohasini o‘zgartirishga majbur bo‘lishi mumkin. Insofsiz raqobat esa bozorda erkin raqobatni cheklaydi.

Ijtimoiy bozor iqtisodiyotiga asoslangan tizimda raqobat erkinligiga erishish va bozor raqobatbardoshligini ta’minlash borasida raqobat to‘g‘risidagi qonun va insofsiz raqobatga qarshi qonunchilik birgalikda muhim rol o‘ynaydi[4].

Raqobat huquqining ushbu ikkita katta prinsipi: erkinlik va insoflilik prinsiplari orqali raqobat aslida qanday xususiyatga ega bo‘lishi haqida xulosa qilish mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, raqobat erkin va insofli bo‘lishi lozim[5]. Erkin raqobat buzilsa bu monopoliya, kartel va boshqa raqobatga zid harakatlarga olib keladi[6]. Insoflilik prinsipi buzilsa, insofsiz raqobatga qarshi qoidalar ishlaydi. Insofsiz raqobatga qarshi normalar ishlashi uchun, eng avvalo, insofsiz raqobat nima ekanligi: uning belgilari va xususiyatlari to‘g‘ri belgilanishi lozim.

Insofsiz raqobat – bu bozor ishtirokchisining savdo yoki tijoratda chalg‘ituvchi, yolg‘on, insofsiz, firibgarona, majburlash yoki vijdonsiz xatti-harakatlari orqali o‘z raqiblaridan ustunlikka ega bo‘lgan yoki bozorda raqobatdosh ustunlikka ega bo‘lish uchun intilayotgan xatti-harakatidir.

Huquqshunos olimlarning insofsiz raqobatga berigan ta’riflarida taraflarga zarar yеtkazish xususiyatiga ega bo‘lgan insoflilik prinsipi va qonunga zid, chalkashlikni keltirib chiqaradigan va ishchanlik obro‘siga zid harakatlar insofsiz raqobat ekanligi ta’kidlanadi.

Insofsiz raqobatga qarshi rivojlangan g‘arb mamlakatlari raqobat qonunchiligida esa insofsiz raqobat jamiyatning umumiy farovonligiga ham ta’sir qilishi e’tirof etilgan holda, insofsiz raqobatni vijdonsizlik, firibgarlik yoki zulm bilan tavsiflanadigan raqobat deb hisoblanadi. Unda jabrlanuvchining raqobatchining tadbirkorlik faoliyatini yoki iste’molchining mahsulot (xizmat, ish) iste’molini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilishi yoki xalal berishi tendensiyasi tufayli u davlat siyosatiga zid harakat deb qabul qilinadi.

Jahon mamlakatlarida iste’molchilar va biznesni himoya qilish hamda noqonuniy savdoning oldini olishga yordam beradigan insofsiz raqobatga qarshi qonunlar o‘rnatilgan. Lekin jahon amaliyotida insofsiz raqobatning huquqiy ta’rifini topish mumkin bo‘lgan holatlar kam uchraydi. Masalan, 1986-yil 19-dekabrda qabul qilingan Insofsiz raqobatga qarshi Shveysariya Federal qonunining 2-moddasiga ko‘ra, firibgarlik yoki boshqacha tarzda insoflilik qoidalarini buzadigan va raqobatchilar yoki yеtkazib beruvchilar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarga yoxud tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir qiladigan har qanday xatti-harakatlar insofsiz va noqonuniy hisoblanadi[7]. Polsha mamlakatining 1993-yil 16-apreldagi “Insofsiz raqobatga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni, agar harakat boshqa tadbirkor yoki mijozning huquqini buzsa yoki bunday buzilish bilan tahdid qilsa, bunday noqonuniy va insofli biznes amaliyotini buzuvchi harakat insofsiz raqobat deb e’tirof etiladi[8].

Shuningdek, 1883-yilgi sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasida ham insofsiz raqobat konsepsiyasi aks ettirilgan. Konsepsiyaning maqsadi insofsiz raqobatni to‘xtatish bo‘lib, “sanoat yoki tijorat masalalarida insofli amaliyotga zid bo‘lgan har qanday raqobat harakati”dir. Parij konvensiyasi raqobatchini obro‘sizlantiradigan noto‘g‘ri bayonotlar, shuningdek, savdo jarayonida jamoatchilikni mahsulotning tabiati, ishlab chiqarish jarayoni, xususiyatlari, ularning maqsadiga muvofiqligi yoki miqdori to‘g‘risida chalg‘itishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatmalar yoki bayonotlar kabi muayyan taqiqlarni belgilaydi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, sanoat yoki tijorat faoliyati davomida amalga oshirilgan halol amaliyot (honest practices) ga zid bo‘lgan har qanday harakat yoki amaliyot insofsiz raqobatni tashkil etadi. Bunda hal qiluvchi mezon “insofli raqobatga zid” bo‘lishdir. Belgiya va Lyuksemburgda halol amaliyot ba’zan “halol savdo amaliyoti”, Shveysariya va Ispaniyada “yaxshi niyat tamoyili”, Italiyada esa “professional to‘g‘rilik” deb ataladi[9].

Halol amaliyotga (honest practices) uning aksi bo‘lgan harakatni ifodalovchi aniq va umum qabul qilingan ta’rifni topish oson emas. “Halollik” va “insoflilik” me’yorlari ma’lum bir jamiyatning iqtisodiy, sotsiologik va axloqiy tasavvurlarini aks ettirishda har bir davlatda farq qilishi mumkin. Shuning uchun “halollik” tushunchasi tegishli davlatning sud organlari tomonidan sharhlanishi muhimdir. Xalqaro savdoda ustun bo‘lgan halol amaliyot tushunchalari, ayniqsa, turli mamlakatlardagi tashkilotlar o‘rtasidagi raqobat holatlarida ham hisobga olinishi kerak.

AQSHning Kornel universitetining Huquqiy axborot instituti tadqiqotlariga ko‘ra “insofsizlik” tushunchasi biznes kontekstiga, ko‘rib chiqilayotgan harakatga va muayyan ishning faktlariga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Shuningdek, tadqiqot natijalariga ko‘ra, insofsiz raqobat korxona tomonidan iste’molchilarga yoki boshqa biznesga iqtisodiy zarar yеtkazadigan firibgarlik yoki noqonuniy xatti-harakatlar – huquqbuzarliklar sifatida baholanadi.

Tadqiqotchilar va olimlarninig ilmiy izlanishlari natijasi o‘laroq, insofsiz raqobat ikki toifaga bo‘linishi mumkin. Bular ba’zan iste’molchilarni mahsulot manbasi to‘g‘risida chalg‘itishga qaratilgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan “insofsiz raqobat” (unfair competition) va insofsiz raqobatning boshqa barcha shakllarini o‘z ichiga olgan “insofsiz savdo amaliyotlari” (unfair trade practices)[10]dir.

Insofsiz raqobat bir nechta turli da’volarga olib keladigan doktrinalar to‘plamidan iborat. Jumladan patent, tovar belgisi yoki mualliflik huquqining buzilishi bo‘yicha da’volar (1); firma nomlari, taqdimot va tijorat sirlarini o‘zlashtirish to‘g‘risidagi da’volar (2); va tuhmat, yolg‘on yoki chalg‘ituvchi bayonotlarni nashr etish da’volari (3) [11].

Demak, insofsiz raqobatning asosiy toifasi xaridorlarni mahsulot qayerdan kelganligi haqida qasddan chalkashtirib yuborish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi toifasi esa insofsiz savdo amaliyotiga taalluqlidir.

Insofsiz raqobat instituti butun dunyoda Intellektual mulk huquqi va Raqobat huquqi bilan tartibga solinishi sir emas. Insofsiz raqobatning xaridorlarni mahsulot qayerdan kelganligi haqida qasddan chalkashtirib yuborish bilan bog‘liq jihatlari, jumladan tadbirkorlik subyektining intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarga oid xususiyatlar xususida iste’molchilarni chalg‘itish, raqobatchining tovarini individuallashtiruvchi barcha elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish yoki ularni takrorlash kabilar Intellektual mulk huquqi obyekti bo‘lsa, qolgan munosabatlar, xususan, insofsiz savdo amaliyoti Raqobat huquqining obyekti hisoblanadi.

Insofsiz raqobat o‘zida quyidagi belgilarni namoyon etadi:

– odatda raqobatchi subyektlar yoki iste’molchilarga zarar yеtkazadi;

– bunday amaliyotni amalga oshirgan korxona bozor yoki biznesda afzallikka erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi va buning uchun chalg‘ituvchi, aldamchi, firibgarlik yoki axloqsiz usullardan foydalanish orqali iste’molchilar va bozorni egallaydi;

– bu amaliyot bozor manipulyatsiyasi orqali ham amalga oshiriladi;

– korxonalarning bozorda o‘z kuchini ko‘rsatish – “Market power”ni ko‘rsatish orqali ham namoyon bo‘ladi.

Insofsiz raqobatning asosiy belgilaridan biri sifatida raqobat jarayoniga yoki ma’lum bir raqibga shubhasiz zarar yеtkazadigan xatti-harakatlarni tushunish mumkin. Bu holat ko‘pincha savdo munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Lekin insofsiz raqobatning iste’molchilarga ham zarar yеtkazishi tez-tez kuzatiladi.

Insofsiz raqobatning iste’molchilarga yеtkazadigan yoki yеtkazishi mumkin bo‘lgan zararida iste’molchilar undan qochib qutula olmaydigan va iste’molchi yolg‘on natijasida foydalangan tovari yoki xizmati yolg‘onsiz olinganidan sifat, narx va h.k. bo‘yicha ustun bo‘lmagan amaliyotdir.

Shu bilan birga, insofsiz raqobat doirasida zararni quyidagicha hisobga olish kerak bo‘ladi:

– sodir bo‘lgan oqibatlar – haqiqiy zarar – huquqi buzilgan shaxsning mol-mulkining yo‘qolishi yoki shikastlanishi bilan bog‘liq xarajatlar);

– yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar (potensial zararlar – potensial yo‘qotishlar – huquqi buzilgan shaxs buzilgan huquqini tiklash uchun qilishi kerak bo‘lgan xarajatlar);

– boy berilgan foyda (fuqarolik muomalasining normal sharoitida, agar uning huquqi buzilmaganda, shaxs ololmaydigan daromad)[12].

Insofsiz raqobat va insofsiz savdo amaliyoti bozorda iqtisodiy afzallikka erishishda ham namoyon bo‘lishi mumkin.

Insofsiz raqobat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgani bilan aslida boshqa raqobatga zid harakatlar: ustun mavqeni suiiste’mol qilish yoki kelishib olingan harakatlar yoki kelishuvlar ham tadbirkorlik faoliyatida afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgandir. Zero, raqobat o‘z-o‘zidan bozorda foyda olish uchun kurashdir. Shuning uchun, iqtisodiy afzallikka ega bo‘lish belgisini insofsiz raqobatning asosiy xususiyati deb hisoblab bo‘lmaydi.

Insofsiz raqobat bozor manipulyatsiyasi orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Bozor manipulyatsiyasi deganda g‘ayritabiiy yoki sun’iy darajadagi bir yoki bir nechta moliyaviy vositalar orqali taklif va talab yoki narxga nisbatan yolg‘on yoki chalg‘ituvchi signallarni beradigan, yaratishi mumkin bo‘lgan savdolar yoki buyurtmalar tushuniladi.

Bozor manipulyatsiyasi – bu bozor narxini ataylab ongli holda sun’iy ravishda o‘zgartirish hisoblanib, manipulyatsiyachi tomonidan go‘yoki bozordagi narx-navo talab va taklif asosida shaklanayotgandek ko‘rsatiladi. Ular iste’molchi va raqobatchilarni adashtirib narxlarni o‘zgarishidan foydalangan holda daromad olishga harakat qiladilar. Bunday harakatlar bozorda insofli narxlanishga to‘sqinlik qiladi va investorlarga kutilmagan zarar yеtkazadi, shuning uchun ular qonun hujjatlari bilan ta’qiqlanadi[13].

Rivojlangan mamlakatlar tajribasida qalbaki qurilmalardan yoki aldash yoxud hiyla-nayrangning boshqa shakllaridan foydalanadigan bozordagi narxga ta’sir qiladigan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday holat yoki xatti-harakat bozorni manipulyatsiya qilish sifatida ta’qiqlanadi. Bozor manipulyatsiyasi quyidagi ko‘rinishlarda:

– shaxslar tomonidan buyurtmalar yoki sotuvlar o‘sha shaxslar yoki ular bilan bog‘liq shaxslar tomonidan yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar –axborotlarni (“axborot” keng ma’noda tushuniladi, shu jumladan mish-mishlar) tarqatish uchun taqdim etilgan holatlarda;

– o‘sha shaxslar yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslardan oldin yoki undan keyin buyurtmalar yoki sotuvlarga noto‘g‘ri, noxolis yoki moddiy manfaat ko‘rinib turgan holda ta’sir ko‘rsatadigan investitsiya tavsiyalarini ishlab chiqarish yoki tarqatadigan holatlarda;

– talab, taklif yoki narx bo‘yicha noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi signallarni beradigan yoki berishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatish[14] holatlarida namoyon bo‘lishi mumkin.

Insofsiz raqobatning milliy qonunchilikdagi huquqiy ta’rifiga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasida insofsiz raqobatga quyidagicha ta’rif berilganining guvohi bo‘lamiz. Insofsiz raqobat – xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yеtkazadigan yoki zarar yеtkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yеtkazadigan yoki putur yеtkazishi mumkin bo‘lgan harakatlardir.

Qonun insofsiz raqobatning birinchi belgisi sifatida afzallik belgisini ko‘rsatadi. Tadbirkorlik o‘z iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lish xususiyati amalga oshirilgan harakatning maqsadini tavsiflaydi. Bundan tashqari, shuni ta’kidlash kerakki, afzallikka erishish faqat ushbu afzalliklar asossiz bo‘lsa, insofsiz raqobat deb hisoblanishi mumkin, chunki oddiy tadbirkorlik faoliyatidan va insofsiz raqobat bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlardan olingan foyda insofli raqobat natijasidir. Asossiz afzalliklarga raqobatchining taniqli nomidan foydalanish, raqobatchini asossiz ravishda obro‘sizlantirish, raqobatchining yutuqlarini o‘zlashtirish va boshqalar kiradi[15].

Qonun insofsiz raqobatning yana bir belgisi sifatida qonunga zid xatti-harakatni ham nazarda tutadi. Lekin insofsiz raqobat har doim ham qonunga zid bo‘lavermaydi. Ba’zan, insofsiz raqobat subyekti qonun hujjatlariga muvofiq harakat qilishi ham mumkin[16].

Insofsiz raqobat ish muomalasi odatlariga ham zid bo‘lishi qonunchilikda keltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 6-moddasida Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo‘llaniladigan, qonunchilikda nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga sharhda ushbu modda quyidagicha sharhlanadi: “o‘zining vazifasi va xususiyati bo‘yicha ular fuqarolik-tadbirkorlik muomalasi sohasida qo‘llanadigan O‘zbekiston Fuqarolik huquqi manbalari guruhiga mansubdir. Odat ashyoviy huquq emas, majburiyat huquqining manbasidir. Shu sababdan, Fuqarolik Kodeksida ular ish muomalasi odatlari deb atalmoqda. Tadbirkorlik munosabatlari doirasidan tashqarida ish muomalasi odatlari (savdo odatlari) fuqarolik huquqi manbalari deb hisoblanmaydi”[17]. Amaldagi qonunchilik va huquq nazariyasi ish muomalasi odatlarini fuqarolik huquqining manbai sifatida tasniflaydi. Ish muomalasi odatlari asosan majburiyatlar huquqi sohasida, shartnoma munosabatlari sohasida qo‘llaniladi.

Insofsiz raqobatning boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yеtkazadigan yoki zarar yеtkazishi mumkin bo‘lgan belgisi insofsiz xatti-harakatlarning yuridik ahamiyatga molik mulkiy va nomulkiy oqibatlarini tavsiflaydi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 14-moddasida haqiqiy zarar va boy berilgan foyda quyidagicha bayon etiladi: “Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi. Shu jihatdan ham, insofsiz raqobat doirasida zararni hisobga olishda sodir bo‘lgan oqibatlar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar va boy berilgan foydani inobatga olish muhim”.

Insofsiz raqobatning nafaqat raqobatchilarga, balki iste’molchilarga yеtkazadigan zararlarini ushbu misol orqali ko‘rsatib berishga harakat qilamiz.

“Orasta” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan bosh kiyim mahsulotlari “100% junli mato” deb reklama qilinadi. Iste’molchilarning murojaatlari natijasidagi tekshiruvlardan mahsulot 100 foiz junli mato emasligi, aksincha jun va sintetik matolar aralashmasi ekanligi aniqlanadi. Bu holatda tovarning xususiyati haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilib, iste’molchilar chalg‘igan va natijada ular zarar ko‘rgan. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunida tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish orqali ularga zarar yеtkazish insofsiz raqobat sifatida ta’qiqlanishi keltirilgan.

Insofsiz raqobat doirasida ishchanlik obro‘siga putur yеtkazish uning muhim natijasidir. Adabiyotlarda ishchanlik obro‘si odatda kasbiy yoki tadbirkorlik faoliyati davomida olingan jamoatchilik bahosi, shaxs yoki yuridik shaxsning ishbilarmonlik fazilatlari, xizmatlari to‘g‘risida umumiy yoki keng tarqalgan fikr sifatida ta’riflanadi.

Shu o‘rinda, mazkur fikrni quyidagi amaliy misol bilan tushuntirish maqsadga muvofiqdir. Ish faoliyatini yaqindagina boshlagan “Drink King” alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘kon, binoning tashqarisidagi fasadiga “Qarshimizdagidan ko‘ra arzonroq Alcohol” (“Alcohol deshevle chem na protiv”) yozuvi tushirilgan banner o‘rnatgan. Bu esa, haqiqatdan ushbu do‘konning ro‘parasida joylashgan yana bir alkogol mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konning obro‘sini tushishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunida bu kabi noto‘g‘ri solishtiruvlar yoki ifodalashlar orqali boshqa bir xo‘jalik yurituvchi subyektning obro‘si, savdosiga zarar yеtkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holatni o‘rganish jarayonida yuqorida keltirilgan vaziyatlar aniqlanganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan “Avangard trade group” MChJga o‘rnatilgan tartibda “Alcostore” MChJning foydasiga mazkur bannerlarni olib tashlash ko‘rsatmasi berilgan.

Xo‘jalik yurituvchi subyektning ishchanlik obro‘siga bunday usulda putur yеtkazilsa, zarar yеtkazilgan hisoblanadi. Xo‘jalik yurituvchi subyektning ishchanlik obro‘siga yetkazilgan zararning mulkiy xususiyati, jumladan, nomoddiy aktiv sifatida ishbilarmonlik obro‘sining pasayishiga olib keladigan raqobat harakatlari natijasida yo‘qotishlar mavjudligida namoyon bo‘ladi. Ishchanlik obro‘siga yetkazilgan zararning nomulkiy xususiyati xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan o‘zining ishbilarmonlik fazilatlari to‘g‘risida jamoatchilik va, xususan, tadbirkorlik jamiyati oldida ijobiy fikrni yo‘qotishida namoyon bo‘ladi. Bunday yo‘qotish mijozlarning yo‘qolishiga, buyurtmalar sonining kamayishiga, shartnoma munosabatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin, ya’ni, oxir-oqibat mulkiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Bu esa, ushbu yo‘qotishning umumiy xususiyatini ko‘rsatadi[18].

Raqobat huquqining maqsadi erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobat jarayonini himoya qilishdir. Raqobat huquqining obyekti sifatida savdo munosabatlaridagi insofsiz savdo amaliyoti esa, bozorda ustunlikka erishish yoki foyda olish uchun o‘zida raqobatchi va iste’molchilarni aldash, firibgarlik orqali iste’molchilar ishonchini suiste’mol qilish yoki axloqiy bo‘lmagan usullar orqali iste’molchiga zarar yеtkazish xususiyatiga ega bo‘lgan amaliyotdir. Insofsiz raqobatning insofsiz savdo amaliyoti hisoblangan jihatlarini milliy qonunchilikda aks ettirish esa tobora rivojlanib borayotgan raqobat munosabatlaridagi muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi.

II BOB. MONOPOLIYAGA QARSHI KURASHISH

2.1. Monopoliya nima?

Monopoliya bu (yun. mono – tanho, poleo – sotaman) – iqtisodiyotning bir sohasida tanho hukmronlik; bozorni tashkil etish shakli. Bunday bozorlarda yagona sotuvchi o‘z tovari bilan faoliyat ko‘rsatadi, boshqa tarmoqlarda bunday tovarning o‘rinbosari bo‘lmaydi[19].

Monopoliya va monopol korxonalarning mavjudligi ular mavjud bo‘lgan tarmoqlarda raqobatning mutlaqo yo‘qligi yoki raqobatni shakllantirish uchun kuchli to‘sqinliklar tufayli boshqa raqobatlashuvchilarning mavjud bo‘la olmasligiga olib keladi. Monopol subyektlarning bozorda “erkin” ravishda harakatlanishi ijobiy holat hisoblanmaydi.

Monopol korxonalar isteʼmolchilarning tanlov imkoniyatlarini qatʼiy inkor etgan holda, o‘z xohishlariga ko‘ra “o‘yin qoidalari”ni belgilaydilar. Tabiiyki, eng birinchi navbatda narx jihatidan, qolaversa, sifat jihatidan isteʼmolchi monopol korxonaga qaram bo‘lib qoladi.

Davlat va jamiyat monopol korxonalarning mavjud bo‘lmasligi tarafdori. Davlat tomonidan monopoliyalarning vujudga kelmasligi va raqobat muhitining hukm surishi uchun qonuniy mexanizmlar asosida kurash olib boriladi. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, davlat monopoliyalarning mavjud bo‘lmasligi tarafdori bo‘ladi.

Monopoliyalarning ham bir nechta turlari mavjud. Bozorni qamrab olish darajasiga ko‘ra: sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya.

Sof monopoliya – tarmoqdagi yagona ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi. Darhaqiqat, ular o‘z tarmoqlaridagi tegishli faoliyatlarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadilar. Shuningdek, baʼzi hollarda tarmoqdagi monopolist ishlab chiqaruvchilar sonining ko‘payib borishi monopolistik raqobat holatining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.

Monopolistik raqobat – tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni ko‘p hamda ular o‘rtasida maʼlum darajada raqobat mavjud bo‘lgan, biroq har bir ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi o‘z tovar yoki xizmatining alohida, maxsus xususiyatlari mavjudligi sababli ularning narxi va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi maʼlum darajada hukmronlik holati hisoblanadi. Bunga misol tariqasida ko‘plab mebel, kiyim-kechak turlari, kir yuvish vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini keltirish mumkin.

Oligopoliya – bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi.

Monopsoniya – tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni juda ko‘p bo‘lib, ular tovar yoki xizmatlarining yagona isteʼmolchisi yoki xaridori mavjud bo‘lgan sharoitdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi[20].

Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‘ra ma’muriy monopoliya, iqtisodiy monopoliya, tabiiy monopoliyalarga ajratish mumkin[21].

Ma’muriy monopoliyaning paydo bo‘lishiga davlat organlarining faoliyati sabab qilib ko‘rsatiladi. Ma’muriy monopoliya vakillari u yoki bu sohada faoliyat yuritishda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga mutlaqo berilmagan huquqlarga istisno tariqasida ega bo‘ladilar. Davlat tomonidan bunday monopolistlatga turli xil imtiyozlar beriladi, ular faoliyat yuritadigan sohalarga boshqa raqobatchilarning kirishi uchun noqulay sharoitlar yaratuvchi turli xil choralar ko‘rilgan bo‘ladi.

Iqtisodiy monopoliya bozor munosabatlaridagi iqtisodiy faktorlar va xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z salohiyati tufayli paydo bo‘ladi. Ya’ni, iqtisodiy monopolist o‘zining ishchanligi va tadbirkorlik qobiliyati tufayli bu darajaga erishadi. Umuman olganda, iqtisodiy monopoliyaga erishgan tadbirkorni qoralab bo‘lmaydi, chunki bu uning tashabbuskor va faol harakatlari natijasi sifatida yuzaga kelgan holat hisoblanadi. Ammo, bu tadbirkorning o‘z holatini keyinchalik suiste’mol qilishi salbiy holat hisoblanadi.

Tabiiy monopoliyalar haqida esa 2.3-paragrafda batafsil to‘xtalamiz.

2.2. Monopoliyaga qarshi kurash deganda nima tushuniladi?

Qonunchiligimizda monopoliya terminining legal ta’rifiga alohida urg’u berilmagan, raqobatga qarshi harakatlar tushunchasi qo‘llanib o‘tilgan.

Mamlakatimizda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raqobatga zid bo‘lgan xatti-harakatlarga baho berish va ularga nisbatan chora ko‘rish huquqiga ega.

O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g’risida”gi Qonuniga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, ustun mavqeni suiiste’mol qilish, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashni amalga oshiradi. Qo‘mita tomonidan doimiy va tizimli ravishda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan subyektlar tomonidan raqobat qonunchiligiga rioya etishi yuzasidan tahlil o‘tkazib boriladi[22].

Monopoliyaga qarshi olib boriladigan kurashni shartli ravishda quyidagi shakllarga tasniflash mumkin:

1. Ustun mavqega ega bo‘lgan subyektlar faoliyatini nazorat qilish. Monopoliyaga qarshi organ ustun mavqega ega bo‘lgan subyektlar reyestrini yuritadi, bu reyestrga kiritilgan subyektlarning o‘z mavqelarini suiste’mol qilmasliklarini nazorat qilib boradi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan taqiqlangan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari:

– muomalada bo‘lgan tovarlarning hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga olib keladigan tarzda qisqartirishi;

– tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilashi;

– shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek, raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishi;

– shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni olishini yoki realizatsiya qilishini taqiqlashi yoxud cheklashi;

– kontragent tomonidan boshqa tovarlarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarlarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi sharti bilangina shartnoma tuzishga rozilik berishi;

– tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishi;

– tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishiga to‘siqlar qo‘yishi tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.

2. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlarini taqiqlash.

Tovar yoki moliya bozorida o‘zaro raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan potensial raqobatchilar bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar, agar bunday kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar:

– sun’iy ravishda narxlar, tariflar, chegirmalar, ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlarni yoki ustama narxlarni belgilashga yoki saqlab turishga;

– narxlarni sun’iy ravishda oshirgan yoki pasaytirgan holda erkin bozor narxlarining qaror topishiga to‘sqinlik qilishga;

– ishlab chiqarish ustidan, mahsulot sotish bozorlari va kapital qo‘yilmalar ustidan nazorat o‘rnatishga;

– taklif hajmini sun’iy ravishda o‘zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olishga;

– shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek raqobatni cheklovchi boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishga;

– auksionlarda, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirishga, pasaytirishga yoki saqlab turishga;

– shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishga;

– tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;

– boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tegishli tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari sifatida bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlashtirishga yoxud xo‘jalik yurituvchi subyektlarni muayyan tovarlar bozoriga qo‘ymaslikka;

– tovarlarni ishlab chiqarishni iqtisodiy yoki texnologik jihatdan asossiz ravishda kamaytirishga va (yoki) to‘xtatishga;

muayyan sotuvchilar yoki xaridorlar (buyurtmachilar) bilan shartnomalar tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, taqiqlanadi.

3. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarini taqiqlash.

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:

– faoliyatning biror-bir sohasida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga cheklovlar joriy etishi, shuningdek faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishni man etishi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;

– shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘rsatmalar berishi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;

– ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yеngilliklarni asossiz ravishda berishi;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi;

– o‘z vazifalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vazifalari bilan qo‘shib bajarishi;

– ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.

Alohida hollarda, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish hamda epidemiyalarning oldini olish maqsadida yuqorida belgilangan mazmundagi hujjatlar qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin.

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:

– narxlarni yoki tariflarni oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga;

– tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yuridik shaxslar birlashmalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy faoliyatiga pirovard natijada raqobatni cheklab qo‘yadigan yoki cheklab qo‘yishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi.

4. Insofsiz raqobatni taqiqlash (bu haqida birinchi bobda batafsil ma’lumot berildi.).

5. Tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar bajarilishini nazorat qilish.

Tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

– savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;

– savdolarning tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

– xo‘jalik yurituvchi subyektlardan savdolarda qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilishni asossiz ravishda rad etish;

– savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish;

– savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;

– lotlar tarkibiga savdolarning predmetiga texnologik va funksional jihatdan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritish;

– tovarning aniq ishlab chiqaruvchisini ko‘rsatish, bundan tovarlarning mos kelmasligi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno.

6. Birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar bajarilishini nazorat qilish.

Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib boradi, qonunchilikda birja narxlarining o‘tgan savdolarga nisbatan keskin oshishi, talab yoki taklifning jiddiy nomutanosibligi kuzatilgan taqdirda, monopoliyaga qarshi kurashish organi narxlarning oshish sabablarini va manipulyasiya alomatlari yoki boshqa birjaga oid huquqbuzarliklar mavjudligini o‘rganib borishi belgilab qo‘yilgan[23].

7. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga doir monopoliyaga qarshi talablar bajarilishini ta’minlash.

Monopoliyaga qarshi organ xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimga oldindan rozilik beradi.

Agar tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, yoxud ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimlar uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur.

Bu talablar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra qo‘shib yuborilishi va qo‘shib olinishi hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

8. Aksiyalarni (ulushlarni) olishda monopoliyaga qarshi talablar bajarilishini nazorat qilish.

Monopoliyaga qarshi organ shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan rozilik beradi.

Quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi, agar:

– bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;

– bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa.

9. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish.

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishini bartaraf etish yuzasidan ilgari qo‘llanilgan choralar samarasiz bo‘lgan taqdirda, monopoliyaga qarshi organ xo‘jalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish haqidagi da’vo bilan sudga murojaat etadi, bo‘lish yoki ajratib chiqarish xo‘jalik yurituvchi subyekt negizida ikki yoxud bir nechta alohida xo‘jalik yurituvchi subyektni tashkil etish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 230-son qarori bilan tasdiqlangan “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish quyidagi shartlarning barchasi jam bo‘lganda amalga oshirilishi mumkin:

– bo‘linayotgan yoki ajratib chiqarilayotgan tarkibiy bo‘linmalarning tashkiliy va hududiy jihatdan ajralib chiqish imkoniyati mavjud bo‘lganda;

– uning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro uzviy texnologik bog‘lanish mavjud bo‘lmaganda;

– bo‘lish yoki ajratib chiqarish natijasida tashkil topgan tarkibiy bo‘linmalarning tovar yoki moliya bozorida mustaqil faoliyat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lganda.

2.3. Tabiiy monopoliya nega tabiiy?

Odatda, tabiiy so‘zi tabiatdan kelib chiqqan narsalarga ishlatiladi. Masalan, tabiiy yorug‘lik, tabiiy resurslar, tabiiy maʼdanlar, tabiiy sharoit kabilar. Lekin qanday qilib bu so‘z monopoliyaga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘lgan? O‘zi monopoliyani “tabiiy” deb qabul qilish qanday ro‘y bergan?

Iqtisodiy adabiyotlarda tabiiy monopoliya tushunchasining turlicha talqinlari uchraydi. Tabiiy monopoliya tushunchasi haqidagi dastlabki qarashlar 1848-yilda iqtisodchi Jon Styuart Mill tomonidan taqdim etilgan. A. Smit, D. Rikardo, A. Sen-Simon kabi iqtisodchi olimlarning izdoshi bo‘lgan bu ingliz siyosiy iqtisodchisi o‘zining “Siyosiy iqtisod asoslari” deb nomlangan fundamental asarida tabiiy monopoliya va sun’iy (ruxsat etilgan) monopoliyalarni farqlaydi.

Millning fikricha, sun’iy (ruxsat etilgan) monopoliya qonun hujjatlari bilan mustahkamlanib qo‘yiladi va davlat tomonidan vujudga keltiriladi, bunday monopoliyalarning tugatilishi esa milliy boylikning oshishiga xizmat qiladi. Bundan farqli ravishda, tabiiy monopoliya davlatning ta’siri va qonunlarga bog’liq bo‘lmasdan mavjud bo‘laveradi.

“Erkin savdo ritsari[24]” va faol raqobatning ashaddiy tarafdori bo‘lgan J. Mill tabiiy monopoliyalarning ayrim xo‘jalik sohalaridagi ustuvorligini ham tan olgan. Londonning gaz va suv bilan ta’minlanishidagi kamchiliklar haqida to‘xtalar ekan, quyidagicha fikr bildiradi: “Hozirda bir nechta gaz va suv ta’minoti bilan shug’ullanadigan kompaniyalar mavjud, shu bir nechta kompaniyaning o‘rniga bitta kompaniya ishlaganida ancha-muncha xarajatlar tejab qolingan bo‘lardi. Asl ijtimoiy ahamiyatli kompaniya raqobat erkinligi illyuziya darajasiga keltirilgan holatda o‘z funksiyalarini samarali amalga oshirishi mumkin[25]”.

Garchand J. Mill sunʼiy va tabiiy monopoliyalarni farqlashga harakat qilgan bo‘lsa-da, buning uddasidan chiqa olmagan. J. Mill tabiiy monopoliyalar deganda, ularning paydo bo‘lishini asosiy omil deb hisoblagan va bu orqali davlat tomonidan tashkil etiladigan sunʼiy monopoliyalardan farqlashga harakat qilgan. Tabiiy monopoliya deb, J. Mill tabiiy kelib chiqishni asos qilib olgan.

Shunga o‘xshash fikr 1838-yilda, J. Milldan o‘n yil oldin fransuz iqtisodchisi А. Kurno tomonidan ham bildirilgan. Аntuan Kurno tabiiy suv manbasi mulkdori aholining suv bilan taʼminoti ustidan nazoratni o‘rnata olganligi, suvning narxini mustaqil belgilay olganligini tabiiy monopoliya sifatida e’tirof etgan[26].

Marksistik nazariya ham tabiiy monopoliyani tabiiy resurslarga bog‘laydi. K. Marksning fikricha, tabiiy monopoliya u yoki bu ishlab chiqaruvchining tabiiy manbaga monopol egalik qilishi natijasida vujudga keladi[27].

Keyinchalik ingliz iqtisodchisi A. Marshall “Siyosiy iqtisod tamoyillari” (1890) asarida absolyut monopoliyaga to‘xtalib o‘tgan. Bozorda o‘rnini bosuvchi subyekt mavjud bo‘lmagan yagona ishlab chiqaruvchi tovar va xizmatlarni taqdim etgan subyektni absolyut monopolist deb nomlagan. Raqobatdan qo‘rqmaydigan monopolist mahsulotining narxini va hajmini istaganicha nazorat qilish imkoniga ega bo‘lgan[28]. Ammo Alfred Marshall “tabiiy monopoliya” terminini ishlatmagan.

A. Marshalldan keyin amerikalik iqtisodchi Edvard Chemberlin “Monopolistik raqobat nazariyasi” kitobi (1933) da hamda ingliz olimi Joan Vayolet Robinson “Mukammal bo‘lmagan raqobat iqtisodiyoti” kitobida monopolistik raqobat masalasini o‘rtaga tashlaydilar. Bu kitoblar shunisi bilan ahamiyatliki, ularda g’arb olimlari erkin raqobatni bozorning asosi sifatida e’tirof etish tasavvuridan voz kecha boshlaganlar. Monopoliya nafaqat raqobatning aksi sifatida, balki iqtisodiy tizimning muhim qismi sifatida e’tirof etila boshlaydi.

E. Chemberlin “monopoliyaning eng so‘nggi nuqtasini takliflar ustidan nazorat[29]” da ko‘radi. Ya’ni, muqobil taklif beruvchilar istisno etilishini ta’kidlaydi. J. Robinson raqobatning mavjudligi mantiqsiz bo‘lib qoladigan holatlarni tasvirlab o‘tadi: “Temiryo‘l transporti, elektr energetika, gaz sanoati kabi sohalarda agarda bozorning hajmi katta bo‘lmasa raqobatning bo‘lishi mantiqsiz[30]”. Ammo, bu ikki olim tabiiy monopoliya nazariyasi bilan maxsus shug’ullanmaganlar ham, bunga mos terminni qo‘llamaganlar ham.

Tan olish kerakki J. Mill, A. Marshall, J. Robinson va E. Chemberlin asarlarida zamonaviy tabiiy monopoliya nazariyasi uchun asos bo‘lgan “miqyos jihatidan samaradorlik” qoidasi o‘z ifodasini topgan.

Miqyos jihatidan samaradorlik bu bir korxona qancha katta hajmda mahsulot ishlab chiqarsa, uning sarf-xarajati ham shuncha kam va mahsulotning narxi ham shunga yarasha taqsimlanishi g’oyasi hisoblanadi. Xarajatlarni qisqartirish maqsadida bitta (monopol) ishlab chiqaruvchi ko‘p miqyosda mahsulot ishlab chiqarishi hamma uchun manfaatli bo‘lishini bu olimlar ham o‘z asarlarida yozib qoldirishgan.

Agarda bir subyekt temiryo‘l tarmoqlarini o‘rnatsa (qursa, yangi yo‘llarni barpo etsa, tegishli qurilmalar va vositalarni shakllantirsa) katta xarajatlarni amalga oshiradi. Yana bir boshqa subyekt ham huddi shu kabi harakatlarni takrorlasa, tabiiyki, muayyan darajada xarajat qiladi. Bu holda, birinchidan har qaysi subyekt qilgan ishi uchun ketgan xarajatlarni o‘zi taqdim etgan tovar yoki xizmat narxiga qo‘shgan. Natijada, narx oshgan. Ikkinchidan, kommunikasion tizimlarni o‘rnatish aholiga muayyan noqulayliklar yuzaga keltirgan (masalan, yеrlarning qazib tashlanishi, yo‘llarning vaqtinchalik berkitilishi). Tabiiy monopoliya tarafdorlari bu kabi holatni keraksiz takrorlashlar deb atab, tabiiy monopoliyalar aholini noqulayliklardan xalos etish uchun tashkil etilganligiga ishontirishgan.

XX asrning 70-yillarigacha miqyos jihatidan samaradorlik tabiiy monopoliya nazariyasida ustuvorlik kasb etgan. Go‘yoki, jamiyatda boshqa bir subyekt ortiqcha sarf-xarajat qilmasligi, odamlarga noqulaylik tug‘dirmasligi (masalan, suv taʼminoti uchun bir nechta raqobatchi bo‘lsa, har bir subyekt har safar o‘ziga kerak bo‘lganda alohida quvurlar o‘tkazishda mahalliy yo‘llar kavlab tashlansa, aholiga noqulayliklar tug‘diradi) uchun zarur bo‘lgan institut sifatida “tabiiy monopoliya” tushunchasi jamiyat ongiga zaruriy institut sifatida singdirildi.

Umumiy foydalanishdagi korxonalar[31] (public utilities) sifatida e’tirof etilgan bunday korxonalar ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar) jamiyatdagi talablarni qanoatlantirishda muhim rol o‘ynagan va ularning muqobillari bo‘lmagan.

Bunday g‘oyalarga tayangan holda, iqtisodchi F.M. Shere (1970) agarda ikki yoki undan ko‘p korxonadan ko‘ra bir korxona butun tarmoqdagi talabni maqbul narxda qanoatlantirishi samaraliroq bo‘lgan vaziyatda tabiiy monopoliyalar yuzaga kelishini taʼkidlaydi[32].

Fransuz iqtisodchisi J. Dyupyui bozorning ayrim tarmoqlarida bunday monopoliyalarning paydo bo‘lishining tabiiyligini ulkan kapital bilan bog’laydi, tabiiyki, bunday kapitalsiz bozorga kirib kelishning imkoni yo‘q, shuning uchun ko‘p va yangi korxonalarning bu sohalarda faoliyat yuritishining imkoni mavjud emas[33].

J. Dyupyuining bu fikriga ko‘ra, tabiiy monopoliya sohalarining katta hajmdagi investitsiyani talab etishi va har qanday korxonaning ham bunday ulkan hajmdagi kapitalga ega bo‘la olmasligi yoki aynan shunday sohalarga mablag’ sarflashni ma’qul ko‘rmasligi ko‘zga tashlanadi.

Tabiiy monopoliya tushunchasiga nisbatan zamonaviy qarashlar 1980-yillarda paydo bo‘la boshlagan. Iqtisodchi olim A.V. Trachukning fikricha[34], sanoatdagi infrastrukturaviy tarmoqlarning tezkorlik bilan o‘sishi tabiiy monopoliya sohalarining texnologik xususiyatlariga alohida urg’u bera boshlagan, bu sohalardagi mahsulotlarning muqobili bo‘lmasdan, aynan texnologik xususiyat tufayli tabiiy monopoliyalik xususiyati birinchi o‘ringa chiqib olgan.

XX asr turli inqilobiy texnologik yutuqlarga boy bo‘ldi. Qo‘l mehnatining kamayib, avtomatlashtirishning ortishi, konveyer usulining paydo bo‘lishi, ulkan hajmlarda ishlab chiqarishning ortishi, temiryo‘llar, elektr taʼminoti qamrovining kengayishi biznesning mavqeini oshirdi. Asta-sekinlik bilan, tabiiy monopoliyalarning “tabiiyligiga” shubha paydo bo‘la boshladi. Sababi, bozordagi boshqa subyektlarda ham manfaatli hamda iste’molchisi ko‘p bo‘lgan tarmoqlarda faoliyat yuritish istagi paydo bo‘la boshladi. Chunki, texnologik imkoniyatlar xarajatlarni qisqartirgan holda raqobatli sharoitlarni yaratishga imkon berdi. Natijada tabiiy monopoliya g’oyasining tabiiyligiga shubha bilan qaraydigan yondashuvlar ham paydo bo‘la boshladi.

Tabiiy monopoliyalarning “tabiiy”ligini keskin tanqid qilgan olimlar ham bor. Tabiiy monopoliya korxonalarining paydo bo‘lish tarixini o‘rgangan Di Lorenso o‘z tadqiqotida “tabiiy monopoliya – iqtisodiy fiksiya” ekanligini bildirib o‘tgan. Ayniqsa, kommunal sohalarga e’tibor berar ekan, AQShda hattoki XIX asrning oxiridayoq elektr taʼminoti bo‘yicha bir nechta kompaniyalar bo‘lganligi bilan o‘zining qarashlarini asoslaydi.

Di Lorensoning fikricha, muttasil raqobatlashib kelgan korxonalar davlatning qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zlarining monopol statuslariga erishib, tabiiy monopoliya korxonalariga aylanib olganlar. Keyinchalik, iqtisodchilar yordamida o‘zlarining aslida monopol maqomlarini tabiiy monopoliya sifatida qonuniylashtirib olganlar[35].

Huquqshunos olimlar P.N. Gridnev va S.A. Frolovlarning fikricha, tabiiy monopoliyalarning o‘ziga xosligi ularga davlat tomonidan berilgan maxsus huquqda ko‘zga tashlanadi. Bunda tovarni ishlab chiqarish miqyos samaradorligiga asoslangan hamda shu ishlab chiqarilayotgan tovarning o‘rnini bosuvchi muqobili mavjud emas, unga bo‘lgan talabga hatto narxning o‘zgarishi ham ta’sir eta olmaydi[36].

Iqtisodchi P. Kononkovning fikricha, tabiiy monopoliya tushunchasining paydo bo‘lish bosqichlarini quyidagicha ifodalash mumkin: monopoliya tushunchasining paydo bo‘lishi, monopoliyaning salbiy oqibatlarining aniqlanishi, monopoliyaning ayrim ko‘rinishlarini bekor qila olmaslik natijasida ularni davlat nazorati ostida ushlab turish sharti asosida “tabiiy monopoliya”larga aylantirilishi[37] .

Shu tariqa tabiiy monopoliya konsepsiyasi texnologik xususiyatlar va katta xarajatlarni sabab qilgan holda “de-fakto” monopol tarmoqlarni davlat tomonidan himoyalanadigan subyektlarga aylantirib bergan.

Monopoliyalar jamiyat tomonidan eʼtirozlarga uchray boshlagach, huquqlari kamsitilgan raqobatchilar va isteʼmolchilarning noroziliklari oshib borgach, davlat yoki ayrim shaxslar guruhi muayyan sohalarni o‘z nazoratida ushlab turish uchun muayyan monopolistik tarmoqlarni “tabiiy monopoliyalar”ga aylantirgan. Bu jarayon davlatning o‘zi tashkil etgan korxonalari yordamida yoki davlatdan berilgan litsenziyani sotib olgan biznes vakillari orqali amalga oshirilgan. Tabiiyki, bir sohada mutlaq yakkahokimlik asosida tadbirkorlikni amalga oshirish uchun litsenziya olish jarayonida korrupsion holatlar ham tez-tez uchrab turgan.

Tabiiy monopoliya subyektlari mahsulining talabga noelastikligini tan olsak-da, bunday tovarlarga nisbatan narxning yuqorilashi yoki pastlashi muayyan darajada talabga ta’sir ko‘rsata boshlaganini tan olmay ilojimiz yo‘q. Masalan, elektr energiyasi narxlarining oshishi elektr energiyasi iste’molining kamayishiga sabab bo‘lmoqda yoki hattoki muqobil manbalarni izlash choralari ko‘rilmoqda, texnika rivoji tufayli tejamkor mexanizmlar ishlab chiqilgan, masalan, suv iste’molini kamaytirish uchun idish yuvadigan yoki kir yuvadigan maishiy texnikalar davrida yashamoqdamiz.

Vaholanki, tabiiy monopoliya tushunchasining kelib chiqishi asosida monopoliya tushunchasi yotadi. Umuman olganda, tabiiy monopoliya bu monopoliyaning bir ko‘rinishi. Farqi shundaki, tabiiy monopoliyani insonlar “tabiiy” deb qabul qilishga o‘rganishgan.

Tabiiy monopoliyalar faoliyati davlat tomonidan tartibga solinadi, nazorat qilinadi va ular mavjud bo‘ladigan tarmoqlar davlat tomonidan belgilab beriladi. Tabiiy monopoliya subyektlari kim bo‘lishini davlatning o‘zi maqsadli ravishda belgilaydi, ularni o‘zi “yaratadi”.

Shunisi ahamiyatliki, tabiiy monopoliya subyektlari ishlab chiqarish jarayonidagi qisqa uzilishlar ham davlat iqtisodiyotida darhol o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatadi. Elektr energiyasi, gaz ta’minoti, aviatsiya va temiryo‘l xizmatlari, kanalizatsiya, pochta aloqasi borasidagi uncha yirik bo‘lmagan muammolar ham jamiyatning qaysidir qismiga albatta o‘z ta’sirini namoyon qiladi. Bu xususiyat esa, davlat tomonidan tabiiy monopoliyalar faoliyatini tartibga solib turish ehtiyojini kuchaytiradi.

Davlat tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatida muammolar yuzaga kelganda bevosita ko‘maklashadi, ularga “homiylik” qiladi. Chunki, ularning boshqa raqobatchisi yo‘q, tabiiy monopoliya subyektlari bajaradigan vazifani uddalay oladigan boshqa subyektlar, masalan xususiy sektorda mavjud emas deb hisoblaniladi. Chunki, davlat xususiy sektorda tabiiy monopoliya subyektlari bajaradigan funksiyalarni boshqa subyektlar bajarishining texnologik imkoni yo‘q deb hisoblaydi yoxud boshqa raqobatchining mavjud bo‘lishini foydasiz va o‘zini oqlamaydi degan nuqtayi nazarda.

Demak, monopoliyaga qarshi barcha imkoniyatlarni ishga solib kurashadigan davlat tabiiy monopoliya subyektlarini o‘zi vujudga keltiradi. Monopoliyaga nisbatan davlatning munosabati murosasiz, tabiiy monopoliyaga esa o‘zi ko‘mak ko‘rsatadi, uning faoliyati uchun shart-sharoit yaratib beradi.

O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi 815-I-son Qonunining 3-moddasiga muvofiq, tabiiy monopoliya – tovar bozorining holati bo‘lib, unda texnologik xususiyatlar tufayli muayyan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlariga bo‘lgan talabni qondirishning raqobatli sharoitlarini yaratish mumkin emas yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas.

Oddiyroq qilib aytganda, tabiiy monopoliya subyekti sifatida tan olinishi uchun quyidagi ikkita talabga javob berish kerak:

1) texnologik xususiyatlar tufayli sohada raqobat muhitini yaratishning iloji yo‘q;

2) sohada bitta xo‘jalik subyektidan ko‘p faoliyat olib borilishi iqtisodiy jihatdan samarasiz[38].

Legal ta’rifda urg’u texnologik xususiyatga hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emaslikka qaratilgan. Bizningcha, hozirgi texnologik jarayonlar ayrim sohalarda (energetika, pochta, kanalizatsiya, temiryo‘l) raqobatni shakllantirish imkoniyatini allaqachon yaratgan. Shuningdek, ayni texnologik imkoniyatlar tufayli iqtisodiy jihatdan xarajatlarni tejash imkoniyati ham vujudga kelgan.

Sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan mamlakatlarda barcha “tabiiy monopo­liya” sohalari “meros” qilib olingan. Sobiq Ittifoqda nafaqat tabiiy monopoliyalar, balki boshqa tarmoqlardagi korxonalar ham davlatniki bo‘lganligini hisobga olganda, postsovet mamlakatda yashayotgan odamlarda, bu tarmoqlarning keyinchalik ham tabiiy monopoliya deb qabul qilinib kelinganligini tushunish mumkin. Qonunchilik ham barcha MDH[39] mamlakatlarida deyarli analogik ko‘rinishda ekanligi ham buni tasdiqlab beradi. Albatta, qonunchilik, mamlakatda yashayotgan insonlar dunyoqarashining inʼikosidir.

Tabiiy monopoliyalar genezisiga bag’ishlangan iqtisodiy va huquqiy tadqiqotlar tabiiy monopoliya tushunchasi yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish imkonini beradi:

Birinchidan, tabiiy monopoliyalar haqidagi qarashlar xarajatlarni tejash va aholiga noqulayliklar tug’dirmaslik g’oyalari bilan o‘zini uzoq yillar davomida oqlab kelgan. Bu esa, muttasil ravishda raqobatchilarning vujudga kelishining oldini olib kelgan.

Ikkinchidan, bu sohalarda mahsulot taqdim etish jarayonini tashkil etish uchun ulkan kapital (investitsiya) talab etiladi, tashkiliy va moliyaviy masalalarni bozordagi har qanday korxona ham hal etish imkoniga ega emas.

Uchinchidan, tabiiy monopoliya sohalari faoliyatidagi har qanday muammo jamiyat hayotida o‘z aksini topadi, bu esa ularni tartibga solishdagi oldindan ko‘ra olish, yaqin, o‘rta va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan aniq strategiyaga ega bo‘lishni taqozo etadi.

To‘rtinchidan, garchi tabiiy monopoliya sohalari ishlab chiqargan tovarlarga nisbatan talab noelastik bo‘lsa-da, ayni davrda narxlarning oshishi bu tovarlar iste’molining kamayishiga, ya’ni tovarning noelastiklik darajasi o‘zgarishiga ham sabab bo‘lmoqda, ilgari, muqobili yo‘q deb hisoblangan bunday tovarlarning o‘rnini bosuvchilari yoki ularni tejovchi, iste’molini kamaytiruvchi mexanizmlar yuzaga kelgan va odamlar hayotiga allaqachon kirib borgan.

Beshinchidan, tabiiy monopoliya sohalaridagi ayrim tovarlar bevosita shaxs, jamiyat va davlatning, atrof-muhitning xavfsizligi bilan bog’liq.

Oltinchidan, tabiiy monopoliya sohasi subyekti deb e’tirof etilish davlat tomonidan beriladigan, joiz bo‘lsa “kafolatlanadigan” maxsus huquq orqali amalga oshiriladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI

Ilmiy adabiyotlar:

Aдамс Г. Воспитание Генри Адамса. – М.: «Прогресс», 1988. –С.9.

Милл Дж.С. Основы политической экономии. – М.: «Прогресс», 1980. – Т.1. – С.259-260.

Курно А. «Исследование математических принципов теории богатства» (1838 г.).

Маркс К. Капитал // К. Маркс, Ф. Энгелс. Полное собрание сочинений. – Т. 25. – С.41.

Маршалл А. Принципы политической экономии. – М.: «Прогресс», 1983. – Т.2. – С.1.

Чемберлин Э. Теория монополистической конкуренции: (Реориентaция теории стоимости). – М.: «Экономика», 1996. – С.102.

Робинсон Дж. Экономическая теория несовершенной конкуренции. – М.: «Прогресс», 1986. – С.238.

Малинникова Е.В. Зарубежный опыт регулирования естественных монополий // Экономический журнал Высшей школы экономики. – 1998. – Т. 2. – №.3. – С.342-357.

Phillips, Charles F. The Bell Journal of Economics and Management Science, vol. 2, no. 2, 1971, pp. 683–87. JSTOR, https://doi.org/10.2307/3003013. Accessed 13 Jul. 2022.

Dupuit J. Dictionnaire de l’économie politique. – Paris, 1852. – P. 340.

Трачук А.В. Реформирование естественных монополий: цели, резултаты и направления развития. – Москва, 2011. – С.28.

Томас Ди Лоренцо. Миф «о естественной» монополии. Перевод с английского Бориса Лвина // Современная конкуренция 2009/5(17). С.100-114.

Гриднев П.Н., Фролов С.А. Теоретические подходы к изучению понятия «естественная монополия», экономические и правовые условия ее существования // Современные научные исследования и инновatsiи. – 2017. – №3. – URL: https://web. snauka.ru/issues/2017/03/80056.

Кононков П.Ф. Государственное регулирование естественных монолий. Диссертatsiя на соискание ученой степени кандидата экономических наук. – Москва, 2007. – C.11.

Демакова С.Г. Понятие естественной монополии и её особенности в электроэнергетике // Право и общество. – С.27.

Radjapov X. Tabiiy monopoliyalar sohasida raqobatni shakllantirishning huquqiy asoslari / Yuridik fanlar axborotnomasi, 2000. – №3. – Vestnik yuridicheskix nauk – Review of law siences. – 112 b.

Internet manbalari:

  1. https://qomus.info/encyclopedia/cat-m/monopoliya-uz/
  2. https://genderi.org/kirish-3-1-bob-monopoliya-nazariyasi-va-uning-turlari.html
  3. https://cyberleninka.ru/article/n/monopolii-i-osobennosti-ih-razvitiya-v-sovremennyh-usloviyah-rynka
  4. https://antimon.gov.uz/faoliyat/kartel-kelishuv-va-til-biriktirishlarga-qarshi-kurashish/

TADJIBAYEVA MAXSUDA RUSTAMJONOVNA

IBRAGIMOVA AZIZA RUZIBOYEVNA

RAQOBAT

QONUNCHILIGINI

BILASIZMI?

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

00.00.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 00 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 00-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 3

QAYDLAR UCHUN

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

  1. Язык бизнеса. Термины. Под ред. В.А.Чжена. – Т.: ИПК «Шарк», 1995. – C.216.

  2. Moritz Lorenz. An introduction to EU competition law. Cambridge University Press, 2013. – Pаge 1.

  3. https://eur-lex.europa.eu/summary/glossary/competition.html

  4. Roles of unfair competition and protection of competition rules in the attainment of social market economy in TURKEY Yrd. Doç. Dr. Hamdi PINAR** & Dr. Elif Cemre HAZIROĞLU TFM 2017; 3(2), s. 97–104 https://dergipark.org.tr/tr/download/article-file/394225

  5. Ходжаев, Бахшилло Камолович. «Переходная модель конкуренции для регулирования вводящей в заблуждение рекламы в Узбекистане: альтернативный подход». Review of law sciences 4 (2020).

  6. Husain, Radjapov. The Identification of Tacit Collusion in Oligopolistic Markets. Diss. 神戸大学, 2019.Radjapov, Husain.

  7. https://www.global-regulation.com/translation/switzerland/2974976/sr-241-federal-law-of-december-19%252c-1986-against-unfair-competition-%2528lcd%2529.html

  8. https://www.paih.gov.pl/polish_law/unfair_competition

  9. Rustamjonovna, Mahsuda Tadjibayeva. “The Principle Of Good Faith In Civil Law”. Turkish Journal of Computer and Mathematics Education (TURCOMAT) 12.4 (2021): 1062-1067.

  10. Hayashi, Shuya, and Bakhshillo Khodjaev. “Regulatory Approach and Specification of Unfair Trade Practices in Uzbekistan: Comparison with Japanese Law.” 同志社法學= The Doshisha Hogaku (The Doshisha law review) 68.7 (2017): 3262-3225.

  11. Abad, A. R., Gonzales, K., Rosellon, M., & Yap, T. (2012). Unfair trade practices in the Philippines. Philippine Institute for Development Studies.

  12. Скляр Роман Владимирович. Недобросовестная конкуренция: понятие и общая характеристика // Имущественные отношения в РФ. 2014. №2 (149). URL: https://cyberleninka.ru/article/n/nedobrosovestnaya-konkurentsiya-ponyatie-i-obschaya-harakteristika (дата обращения: 12.11.2021).

  13. https://www.jpx.co.jp/regulation/preventing/manipulation/index.html

  14. Klepitskij I. Market Manipulation in Russia and in Europe: The Criminal Law Dimension. Russian Law Journal. 2016;4(3):120-135. https://doi.org/10.17589/2309-8678-2016-4-3-120-135.

  15. Скляр Роман Владимирович. Недобросовестная конкуренция: понятие и общая характеристика // Имущественные отношения в РФ. 2014. №2 (149). URL: https://cyberleninka.ru/article/n/nedobrosovestnaya-konkurentsiya-ponyatie-i-obschaya-harakteristika (дата обращения: 12.11.2021).

  16. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanilmaganligi munosabati bilan Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga eʼtiroz bildiradi, keyin ushbu Tovar belgisini yoki unga o‘xshash narsalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza beradi. Chalkashlik darajasiga qadar, Tovar belgisi uchun sertifikat oladi, bozorda paydo bo‘lgan oldingi Tovar belgisi egasining mahsulotini sotishni qonuniy ravishda taqiqlashdan boshlanadi. Shunday qilib, qonunga zid bo‘lgan harakatlar o‘z mohiyatiga ko‘ra noqonuniy raqobatdir, insofsiz emas degan xulosa paydo bo‘ladi.

  17. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga sharh. 1-jild (birinchi qism) Adliya vazirligi. (Professional (malakali) sharhlar).  –  T.: “Vektor-Press”, 2010. – 816 b.

  18. Скляр Роман Владимирович. Недобросовестная конкуренция: понятие и общая характеристика // Имущественные отношения в РФ. 2014. №2 (149). URL: https://cyberleninka.ru/article/n/nedobrosovestnaya-konkurentsiya-ponyatie-i-obschaya-harakteristika (дата обращения: 12.11.2021).

  19. https://qomus.info/encyclopedia/cat-m/monopoliya-uz/

  20. https://genderi.org/kirish-3-1-bob-monopoliya-nazariyasi-va-uning-turlari.html

  21. https://cyberleninka.ru/article/n/monopolii-i-osobennosti-ih-razvitiya-v-sovremennyh-usloviyah-rynka

  22. https://antimon.gov.uz/faoliyat/kartel-kelishuv-va-til-biriktirishlarga-qarshi-kurashish/

  23. https://antimon.gov.uz/birja-savdolarini-otkazishda-raqobat-togrisidagi-qonun-hujjatlariga -rioya-etilishi-ustidan-nazorat-qilish/

  24. Aдамс Г. Воспитание Генри Адамса. – М.: «Прогресс», 1988. – С.9.

  25. Милл Дж.С. Основы политической экономии. – М.: «Прогресс», 1980. – Т.1. – С.259-260.

  26. Курно А. «Исследование математических принципов теории богатства» (1838 г.).

  27. Маркс К. Капитал // К. Маркс, Ф. Энгелс. Полное собрание сочинений. – Т. 25. – С.41.

  28. Маршалл А. Принципы политической экономии. – М.: «Прогресс», 1983. – Т.2. – С.1.

  29. Чемберлин Э. Теория монополистической конкуренции: (Реориентaция теории стоимости). – М.: «Экономика», 1996. – С.102.

  30. Робинсон Дж. Экономическая теория несовершенной конкуренции. – М.: «Прогресс», 1986. – С.238.

  31. Малинникова Е.В. Зарубежный опыт регулирования естественных монополий // Экономический журнал Высшей школы экономики. – 1998. – Т. 2. – №.3. – С.342-357.

  32. Phillips, Charles F. The Bell Journal of Economics and Management Science, vol. 2, no. 2, 1971, pp. 683–87. JSTOR, https://doi.org/10.2307/3003013. Accessed 13 Jul. 2022.

  33. Dupuit J. Dictionnaire de l’économie politique. – Paris, 1852. – P. 340.

  34. Трачук А.В. Реформирование естественных монополий: цели, результаты и направления развития. – Москва, 2011. – С.28.

  35. Томас Ди Лоренцо. Миф «о естественной» монополии. Перевод с английского Бориса Лвина // Современная конкуренция 2009/5(17). С.100-114.

  36. Гриднев П.Н., Фролов С.А. Теоретические подходы к изучению понятия «естественная монополия», экономические и правовые условия ее существования // Современные научные исследования и инновatsiи. – 2017. – №3. – URL: https://web. snauka.ru/issues/2017/03/80056.

  37. Кононков П.Ф. Государственное регулирование естественных монолий. Диссертatsiя на соискание ученой степени кандидата экономических наук. – Москва, 2007. – C.11.

  38. Radjapov X. Tabiiy monopoliyalar sohasida raqobatni shakllantirishning huquqiy asoslari / Yuridik fanlar axborotnomasi, 2000. – №3. – Vestnik yuridicheskix nauk – Review of law siences. – 112 b.

  39. Федеральный закон РФ от 17 августа 1995 г. N 147-ФЗ «О естественных монополиях» (с изменениями и дополнениями) http://pravo.gov.ru /proxy/ips/?docbody =&nd=102037075; Закон Республики Казахстан от 27 декабря 2018 года № 204-VI «О естественных монополиях» (с изменениями и дополнениями по состоянию на 02.03.2022 г.) https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=38681059; Закон Кыргызской Республики от 8 августа 2011 года № 149 «О естественных монополиях в Кыргызской Республике» (В редакции Законов КР от 9 июля 2014 года № 119, 19 июля 2014 года № 145, 13 января 2015 года № 9, 13 августа 2015 года № 225 14 июня 2016 года № 80, 15 июля 2016 года № 118, 15 июля 2017 года № 126, 17 мая 2019 года N 64 ) http://cbd.minjust.gov.kg/act/view/ru-ru/203389; Закон Республики Таджикистан от 5 марта 2007 года № 235 «О естественных монополиях» (с изменениями и дополнениями по состоянию на 18.03.2022 г.) http://ncz.tj; Закон Республики Беларусь «О естественных монополиях» от 16 декабря 2002 г. № 162-З https://kodeksy-by.com/zakon_rb_o_estestvennyh_monopoliyah.htm; Закон Украины от 20 апреля 2000 года № 1682-III «О естественных монополиях» (с изменениями и дополнениями по состоянию на 03.12.2020 г.) https://pravoved.in.ua/section-law/203-zuoem.html.