KIRISH

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillari Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini taʼminlash, hududiy yaxlitligini saqlash, sobiq Ittifoq davridagi maʼmuriy buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimi oʻrniga yangi bozor iqtisodiyoti tizimiga oʻtish bilan bogʻliq boʻlgan boshqaruv tizimini shakllantirish davri boʻldi. Oʻzbekiston mustaqillikning dastlabki oʻn yilligida gʻoyat murakkab yoʻlni bosib oʻtdi. Mamlakat mustaqilligini taʼminlash, aholining tinchligi va osoyishta hayotini taʼminlash bilan birga, yangi davr ijtimoiy munosabatlarini shakllantirish yoʻlida jiddiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqillikdan soʻng Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yoʻlida bir qancha islohotlar amalga oshirildi va oshirib kelinmoqda. Zero, “Bir haqiqat hammamizga aniq va ravshan boʻlishi kerak – bozor islohotlarini chuqurlashtirish sohasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida biz qonunlarimizda belgilab qoʻyayotgan ragʻbatlantiruvchi omillar, preferensiyalar qachon ishlaydi? Qachonki huquqning yuqorida qayd etilgan boshqa tarmoqlariga tegishli boʻlgan huquqiy institutlar, avvalo, sud-huquq sohasining taʼsir koʻrsatish mexanizmlari bilan mustahkamlab qoʻyilgan taqdirdagina ular oʻz samarasini beradi”[1]. Shunday ekan, bozor iqtisodiyoti tizimiga asoslangan yangi jamiyat qonunlari barcha hujjatlar, fuqarolarning shaxsiy hujjatlari (pasport, turli guvohnomalar, oʻquv yurtini tugatganlik toʻgʻrisidagi diplom va shu kabi boshqa shaxsiy hujjatlar)dan tortib davlat idoralari korxona, tashkilot, muassasalarning hujjatlari, qisqasi, muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod qiladigan barcha rasmiy hujjatlar qonun talablariga mos ravishda tayyorlanishi va qabul qilinishi lozim.

Jamiyat taraqqiyotining jadal rivoji davlat siyosatidan tortib to boshqaruv tizimining eng quyi pogʻonasigacha barcha sohalarda ish yuritishning zamon talablariga javob bera oladigan usullari qoʻllanishini talab qiladi. Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda mazkur ishlar muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Islohotlarni amalga oshirish jarayonida turli shakldagi rasmiy hujjatlarni huquqiy muhofaza qilish, ulardan qonunlarga muvofiq ravishda foydalanishni taʼminlash vazifasi ham muhimligicha qoladi.

Mazkur risolada hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ularni qalbakilashtirish tushunchasi, tarixi va yuridik tahlili, qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining kvalifikatsiya qilish masalalari va xorijiy davlatlar tajribasiga doir fikrlar bayon etilgan boʻlib, ushbu masala yuzasidan ayrim qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, jinoyat qonunchiligiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish takliflari ishlab chiqilgan.

I BOB. QALBAKI HUJJATLAR, SHTAMPLAR, MUHRLAR, BLANKALARNI TAYYORLASH VA ULARNI QALBAKILASHTIRISH, SOTISH TUSHUNCHASI VA YURIDIK TAHLILI

1.1. Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ularni qalbakilashtirish tushunchasi va tarixi

Jamiyat paydo boʻlibdiki, insonlar bir-biri bilan oʻzaro munosabatlarga kirishganlar. Bu munosabatlar hayotning har bir jabhasini qamrab olgan boʻlib, shuning uchun ham insonlar bir-birlari bilan oʻzaro aloqada yashaganlar. Bu jarayon esa ular oʻrtasida munosabatlarning vositasi va asosi mavjud boʻlishini oʻz-oʻzidan talab qiladi. Hujjatlar esa bunday vosita va asos boʻlib namoyon boʻladi. Yuridik jihatdan muayyan munosabatlarda hujjatlarning ahamiyati katta hisoblanadi. Hujjatlar mavjudki, ular bilan boʻladigan munosabatlar koʻpayib, kengayaveradi. Shunday ekan, hujjatlar bilan bogʻliq munosabatlarda hujjatlarni tayyorlash va gʻayriqonuniy ravishda soxtalashtirish va qalbakilashtirish institutini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuridik adabiyotlarda qalbaki yoki soxta hujjatlarni tayyorlash tushunchasiga taʼrif berib oʻtilmagan va tushuntirilmagan. Qonunchilikda, shuningdek, jinoiy qonunchilikda ham qalbaki yoki soxta hujjatlarni tayyorlash tushunchasiga tushuntirish berib oʻtilmagan. Xorij adabiyotlarida bu haqida batafsil maʼlumotlar berilgan. Hususan, V.S. Postnikovning fikriga koʻra, soxta hujjatlarni tayyorlash – bu maʼlum bir turdagi rasmiy hujjatlar (ishlab chiqarish, oʻzgartirish)ni yaratib, buzib, zararli yoki notoʻgʻri maʼlumot (berish, tarqatish, foydalanish)lardan iborat boʻlgan axborotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlarni noqonuniy tayyorlash orqali amalga oshiriladigan jinoiy qalloblikning bir shaklidir[2], deb hisoblaydi. Hujjatlarni tayyorlash maʼlum protsessni qamrab oladi. Bu harakatni qamrab oluvchi tushuncha boʻlmaganligi uchun ham yuridik adabiyotlarda uchramaydi. Hujjatlarni tayyorlash, jinoiy-huquqiy nuqtayi nazardan, soxta hujjatlarni ishlab chiqishni qamrab oladi. Qonunchilikda jinoiy motiv, maqsaddan kelib chiqqan holda belgilangan tartib va normalar asosida ishlab chiqilmagan, tayyorlanmagan hujjatlar qalbaki hujjatlarni tayyorlash hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi birinchi qismiga ham eʼtibor beradigan boʻlsak, bu moddada “soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi” tarzida bayon etilgan. Bundan kelib chiqadiki, jinoiy-huquqiy jihatdan hujjatlarni tayyorlash qonunga zid ravishda muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlarni ishlab chiqish hisoblanadi. Yuqoridagi jumlada garchi soxtalashtirish degan tushuncha boʻlmasa-da, qonun chiqaruvchi tomonidan bu jumla orqali muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan soxta rasmiy hujjatlar tayyorlashni nazarda tutadi deb hisoblaymiz. Muayyan huquq beradigan va muayyan majburiyatdan ozod etish tushunchasi qonunchilikda belgilanmagan. Lekin, umumiy qoidaga asosan, muayyan huquq beradigan deganda, shaxsga muayyan, maʼlum bir harakatni amalga oshirish mumkinligini, imkoniyatni yoki muayyan harakatni bajarmaslik erkinligini beradigan holat tushuniladi. Muayyan majburiyatdan ozod etish deganda esa, shaxslar tomonidan maʼlum majburiyatlarni bajarmaslik huquqini beradi. Rasmiy hujjatlar tushunchasiga keyingi boblarda tushuncha berib oʻtilgan.

Hujjatlarni soxtalashtirish – bu hujjatlarga qalbaki maʼlumotlar kiritish va undan foydalanishdir[3]. Shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirish deganda, hujjatlarga oʻzgartirish kiritish, qoʻshimchalar kiritish va yolgʻon maʼlumotlar kiritish va ularni tayyorlash tushuniladi[4].

Hujjatni soxtalashtirish ikki turda ifodalanishi mumkin:

‒ hujjatga yolgʻon maʼlumotlarni kiritish;

‒ qalbakilashtirish, oʻzgartirish va hujjatlar bilan bogʻliq boshqa operatsiyalar.

Yuqoridagilarga asoslangan holda, bizning fikrimizcha, soxta hujjatlarni tayyorlash – bu qonunga zid ravishda muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlarni tayyorlash (ishlab chiqish) dir.

Yuridik adabiyotlarda qalbakilashtirishning faqatgina hujjatlarni qalbakilashtirish turiga tushuncha berib oʻtilgan. Hujjatlarni qalbakilashtirish – sohtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish yohud bunday hujjatlarni sotish[5].

Bizning fikrimizcha, soxtalashtirish bilan qalbakilashtirish tushunchalari oʻrtasida farq bor. Jinoyat qonuni normasiga koʻra, soxtalashtirish qalbakilashtirishga qaraganda kengroq tushuncha hisoblanadi. Soxtalashtirishda hujjatlar soxta ravishda tayyorlanib, undagi shakl ham, maʼlumotlar ham va boshqa rekvizitlar ham soxta boʻladi. Qalbakilashtirishda esa rasmiy hujjatlarga tegishli oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritish bilan hujjatlar qalbakilashtiriladi.

Hujjatlar bilan bogʻliq munosabatlarda hujjatlarni qalbakilashtirish instituti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi shuki, jinoiy qonunchilikda “Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish” jinoyatida hujjatlar qalbakilashtirilgan paytdan boshlab ushbu jinoyat tamomlangan hisoblanadi. Shuning uchun hujjatlarni qalbakilashtirish tushunchasini bilib olishimiz lozim.

Hujjatlarni qalbakilashtirish tushunchasi yuridik adabiyotlarda koʻp uchraydi. Hujjatlarni qalbakilashtirishga jinoiy-huquqiy jihatdan yondashadigan boʻlsak, hujjatlarni qalbakilashtirish tushunchasiga Jinoyat kodeksida taʼrif berilmagan, tushuntirib oʻtilmagan. Lekin, yuridik adabiyotlarda hujjatlarni qalbakilashtirish tushunchasi yoritilgan boʻlib, yuqorida aytib oʻtilganidek, hujjatlarni qalbakilashtirish – sohtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlash yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish yohud bunday hujjatlarni sotish nazarda tutiladi.

Yuqorida hujjatlarni tayyorlash va qalbakilashtirish haqida tushuntirish berib oʻtildi. Hujjatlar ijtimoiy munosabatlarga kirishish vositasi ekan, demak, hujjatlar va u bilan bogʻliq jarayonlar tarixdan paydo boʻlgan. Hujjatlarning paydo boʻlishi va tayyorlash tarixiga nazar tashlaymiz. Avvalo, shuni aytish kerakki, hujjatlar insonlar faoliyatida va turli xil sohalarda foydalaniladi. Hujjatlarning tarixini oʻrganish orqali biz bugungi kunda boshqaruv organlari va korxona, tashkilot va muassasalardagi koʻplab hujjatlar bilan bogʻliq munosabatlarni aniqlashimiz mumkin.

Hujjatlar yozma shakllangandan buyon insonlar hayotida muhim rol oʻynab kelmoqda. Insonlarning ehtiyojlari va ijtimoiy munosabatlarning oʻsishi hujjatlarning paydo boʻlishi, shakllanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Tarixda hujjatning asosiy vazifalari maʼlumotlar qayd etish hisoblangan. Ushbu vazifadan kelib chiqqan holda, tarixiy grafik hujjatlar, tibbiy, moliyaviy (xaritalar, chizmalar) va boshqa turdagi hujjatlar paydo boʻldi.

Binobarin, hujjatlar va yozuvlar jamiyat va insonlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Afsuski, shu kunga qadar “hujjat” atamasining aniq taʼrifi ishlab chiqilmagan.

Hujjat soʻzi dastlab lotin tilidagi “doceo” soʻzidan olingan boʻlib, “xabardor qiladi”, “taʼlim” degan maʼnoni anglatgan. Keyinchalik lotin tilidagi “dosumentum” soʻzining maʼnosidan kelib chiqqan deb hisoblanib, ilmiy va amaliy faoliyatda koʻp qoʻllaniladigan “dalil”, “guvoh” degan maʼnoni anglatgan.

Rus tilida rasmiy “hujjat” tushunchasi XVIII asrda paydo boʻlgan. Pyotr I davrida hujjat tushunchasi qoʻllanilib, “yozilgan dalillar” deb tushunilgan. Hujjatlarning paydo boʻlish tarixi haqida tushuntirish berib oʻtdik.

Oʻzbek xalqi oʻzining uzoq tarixi bilan, tarixiy davlatchiligi bilan maqtana oladi. Ota-bobolarimizning asrlar davomida toʻplagan hayotiy tajribasi, diniy, axloqiy, ilmiy, adabiy qarashlarini ifoda etadigan bu kabi tarixiy yodgorliklar orasida bundan qariyb uch ming yil muqaddam Xorazm vohasi hududida yaratilgan, “Avesto” deb atalgan bebaho maʼnaviy obida alohida oʻrin tutadi[6]. Shunday ekan, hujjatlar sifatida Oʻzbekiston tarixida qadimiy manbalarimiz, “Avesto”, Al-Margʻinoniyning “Al-Hidoya” asarlari, boshqa asarlar va ulardagi yorliqlar, inoyatnomalar, vasiqalardan hujjat sifatida foydalanilgan, ular hujjat sifatida oʻz xususiyatiga ega boʻlgan.

Hujjatlar paydo boʻlishi bilan birga, oʻzbek davlatchiligi tarixida ham hujjatlarning paydo boʻlishi va qoʻllanilishi oʻziga xos tarixga egadir. Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin, 1864-1991-yillar mobaynida uning qonunlari, shu jumladan, jinoyat qonuni chor Rossiyasining qonunlari bilan bevosita bogʻliq boʻlib qoldi. Oʻrta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olinguncha Buxoro amirligi, Qoʻqon va Xiva xonliklarida, asosan, shariat qonunlari amalda boʻlgan. Shariat normalari asosida berilgan hujjatlar bir-biridan deyarli farq qilmagan[7].

Chor Rossiyasi bosib olgunga qadar hududimiz Buxoro amirligi, Xiva xonligi va Qoʻqon xonliklari hukmronligi ostida boʻlgan. Bu davrda esa, jamiyatda axloqiy va boshqa normalar shariat normalari negizida shakllangan va amal qilib kelar edi. Shu tariqa, hududimizga rus millati vakillari kela boshladi. Shunday boʻlsa-da, dastlabki yillarda tub aholi uchun shariat normalari, koʻchib kelgan boshqa xalqlar uchun esa chor Rossiyasi normalari qoʻllanib kelindi. Asta-sekin tub aholi ham chor Rossiyasi normalari asosida tuziladigan, qoʻllaniladigan hujjatlardan foydalana boshladi. Shu asosda, mustaqillikka qadar hujjatlar mazkur yoʻsinda tayyorlandi va foydalanildi.

1.2. Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyektiv belgilari

Jinoiy-huquqiy nuqtayi nazardan, jinoyat obyekti katta ahamiyat kasb etadi, chunki u jinoyat tarkibining zarur elementidir. Agar shaxs jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarni buzmasa yoki ularni buzish tahdidi ostiga qoʻymasa, uning qilmishida jinoyat tarkibi mavjud boʻlmaydi. Aybdor shaxsning ijtimoiy xavfli xatti-harakati faqatgina bir holatda, agar bu xatti-harakat u yoki bu ijtimoiy munosabatlarga, yaʼni jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan maʼlum bir obyektga qarshi qaratilgan boʻlsa, jinoyat deb topilishi mumkin.

Jinoyat obyekti jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan eng ustuvor va ijtimoiy jihatdan muhim boʻlgan, umumlashgan holda sof ijtimoiy kategoriya boʻlgan ijtimoiy munosabat boʻlib, jinoyat sodir etishi natijasida ularga zarar yetkaziladi yoki zarar yetkazilishi xavfi ostida qoladi[8].

Bundan tashqari, jinoyat obyekti institutida obyektlar jinoiy-huquqiy jihatdan turlarga ajratilgan, buni aniqlash ham muhim hisoblanadi.

Har bir jinoyat boʻyicha jinoyat obyektlarini aniqlab olish jinoyatlarni toʻgʻri kvalifikatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Biz tahlil qilayotgan jinoyat, yaʼni qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining maxsus obyekti boʻlib, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalarining normal faoliyati hisoblanadi. Bu jinoyat sodir etilishi oqibatida boshqaruv tizimida adolat, qonuniylik yoʻqoladi. Bu esa, inson, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlariga ziyon yetkazadi. Mazkur jinoyat orqali mulk bilan bogʻliq munosabatlar buzilishi, shaxslarning, davlatning mol-mulki talon-taroj qilinishi mumkin. Qonun chiqaruvchi tomonidan bu sohadagi, shuningdek, hujjatlar bilan bogʻliq munosabatlarni toʻgʻri tartibga solish va javobgarlikni mustahkamlash uchun Jinoyat kodeksining 228-moddasida hujjatlar bilan bogʻliq qonun normalarini buzganlik uchun javobgarlik doirasi oʻrnatib qoʻyilgan.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish jinoyatining obyekti masalasida yuridik adabiyotlarda turli xil, hatto qarama-qarshi fikrlar ham bildirilgan.

Hujjatlar bilan bogʻliq gʻayriqonuniy harakatlarda haqiqatni buzib koʻrsatish yoki yashirish, koʻp hollarda jinoiy qilmishning yakuniy natijasi boʻlmay, jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan muayyan huquqlarga tajovuz qilish vositasi boʻlib xizmat qiladi. Yaʼni, hujjatlar bilan bogʻliq barcha gʻayriqonuniy harakatlar, har xil huquqlarga tajovuz qilish, shuningdek davlat, jamoat manfaatlari va shaxsiy manfaatlarga jinoiy tajovuz qilishga tayyorgarlik koʻrish bosqichi boʻlib, jinoiy faoliyatning vositasi boʻlib xizmat qiladi va yagona obyektga ega emas deb hisoblanadi.

Shuningdek, ushbu jinoyat boʻyicha javobgarlikka tortish subyektlari tomonidan javobgarlikka tortish uchun jinoyat obyektiga katta eʼtibor qaratish lozim. Sababi, hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyat qonunchiligida faqatgina ushbu modda bilan qamrab olinmaydi. Jinoyat obyekti va jinoyat predmeti bilan boshqa hujjatlar bilan bogʻliq jinoiy qonun buzilishi ajratiladi va kvalifikatsiya qilinadi.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 146-moddasi (Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish)da ham hujjatlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, yaʼni “saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish” tarzida moddada saylov yoki referundum hujjatlarni qalbakilashtirish va soxta yozuvlar kiritish bilan javobgarlikni belgilaydi. Ushbu jinoyatlar uchun javobgarlik belgilashda va qilmishni kvalifikatsiya qilishda jinoyat obyekti va predmeti asosiy rol oʻynaydi. Jinoyat kodeksining 146-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning obyekti fuqarolarning erkin ovoz berish huquqi, saylovlar yoki refendumlarni tashkil etish, oʻtkazishning belgilangan tartibi hisoblanadi[9].

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish)da ham “yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan…” tarzidagi qoida boʻlib, bu moddaning bevosita obyekti tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazishning belgilab qoʻyilgan tartibi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asoslari hisoblanadi[10].

Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligi koʻra hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish jinoyati alohida jinoyat hisoblanadi, jinoyat qonunida alohida norma sifatida mustahkamlangan va bu normaning bevosita obyekti bor.

Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyekti hujjatlar, shtamp, muhr, blankalarni, yaʼni biron-bir faktni tasdiqlovchi, biron huquq yoki majburiyatni oʻrnatuvchi yoki ulardan ozod etuvchi moddiy jismlarning aylanishi bilan bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi[11].

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlashninig boshqa barcha turlarida bunday jinoyatning bevosita obyekti davlat, xususiy va jamoat birlashmalarining, korxona, muassasa, tashkilotlar hamda yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan kishilarning normal faoliyati hisoblanadi.

Yuqoridagi taʼriflarga asosan, bizningcha, ushbu jinoyatning bevosita obyekti hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarning aylanishi va ulardan foydalanishdagi ijtimoiy munosabatlardir.

Ushbu jinoyatda jinoyatning obyekti bilan birgalikda jinoyatning predmetini ham ilmiy tomondan oʻrganish talab qilinadi. Jinoyat huquqida jinoyat predmeti deyilganda, jinoyat obyektiga nisbatan tajovuz qilishda aybdor shaxs toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etadigan, u tufayli yoki uning uchun jinoyat sodir qilingan obyektiv olamdagi jonli yoki jonsiz moddiy narsalar[12] tushuniladi.

Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining predmetini aniqlab olish jinoyatni kvalifikatsiya qilishda asosiy kriteriyalardan sanaladi. Sababi, bu jinoyatning predmeti huddi shu jinoyatga oʻxshash jinoyatlardan farqlash mezonlaridan biridir. Shuningdek, soxta, qalbaki hujjatlardan foydalanish boshqa jinoyat alomatlarini bergan holda jinoyat vositasi ham hisoblanadi. Shuning uchun ham, predmeti doirasini aniqlab olish jinoiy qonunchilikni toʻgʻri qoʻllash omilidir. Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining predmeti jinoyat qonuniga koʻra, quyidagilardir: rasmiy hujjatlar; shtamplar; muhrlar; blankalar.

Bizningcha, rasmiy hujjatlar deganda, maʼlum holatni tasdiqlovchi, muayyan huquq beradigan va muayyan majburiyat yuklaydigan yoki ozod etadigan, tegishli rekvizitlar (shtamp, imzo, muhr, sana, tartib raqami)ga ega boʻlgan hujjatlar tushuniladi. Rasmiy hujjatlarning turi koʻp. Bu esa, albatta, sodir etilgan jinoyatning obyektidan kelib chiqib, jinoyatlarda har xil boʻladi. Jinoyat predmeti jinoyat obyektiga bogʻliq boʻlib, bu ikki jinoyatning elementlari javobgarlik doirasiga taʼsiri katta. Shunday ekan qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining predmeti sifatida rasmiy hujjatlarning bir qancha turi mavjud. Biz faqatgina jinoyat qonuni doirasida ushbu moddaning predmeti doirasiga kirmaydigan hujjatlarni belgilab oʻtamiz. Bular:

─ saylov yoki referendum oʻtkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari aʼzolari tomonidan qalbakilashtirilgan saylov yoki referendum hujjatlari, soxta yozuvlar kiritilgan saylov yoki imzo varaqalari. Sanab oʻtilgan hujjatlarni qalbakilashtirganlik uchun Jinoyat kodeksida alohida modda (146-modda)da javobgarlik belgilangan va bu jinoyatning obyekti, obyektiv tomoni, subyekti ham ajratiladi, mustaqil jinoyat hisoblanadi;

─ mansabdor shaxsning gʻarazgoʻylik yoki boshqa manfaatlarni koʻzlab, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻladigan soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritilgan, qalbakilashtirilgan rasmiy hujjatlar. Bu turdagi hujjatlarni qalbakilashtirganlik va soxta yozuvlar kiritganlik uchun Jinoyat kodeksida javobgarlik (209-modda) oʻrnatilgan. Bu jinoyatning bevosita obyekti, obyektiv tomoni, subyekti, subyektiv tomoni ham turlichadir.

Yuqorida keltirib oʻtilgan hujjatlardan tashqari, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibida foydalaniladigan, shuningdek, qonunga xilof ravishda tayyorlangan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar mazkur jinoyatning predmeti hisoblanadi.

Shtamp – hujjatlarni tayyorlashda nusxa qoldirish uchun xizmat qiluvchi ayrim matndan iborat boʻlgan, qoida tariqasida, korxona, muassasa, tashkilotning toʻliq nomi, ular joylashgan manzil, hujjat yuborilgan sanasi, uning raqami, telefon, faks, manzil va hokazolar haqidagi maʼlumotlarni aks ettirgan bosma qolip (boʻrtma bosma tasvir).

Muhr – korxona, muassasa, tashkilot yoki jismoniy shaxsning toʻliq nomini aks ettirgan va zarur hollarda rasm bilan toʻldiriladigan matnning boʻrtma, teskari (relyefli yoki oʻyma) tasvirdan iborat boʻlgan va qogʻozda, saqichda, plastilinda yoki boshqa materiallarda nusxa qoldirish uchun xizmat qiluvchi, qoida tariqasida, doira shakliga ega boʻlgan asbob (bosma qolip).

Blanka – bu burchak yoki markazida shtamp bosmasi tushirilgan yoki istalgan usulda shtamp matni bosilgan yoki boshqa matnli (matnli rasm) boʻlgan hamda hujjatni tayyorlash uchun foydalaniladigan qogʻoz varagʻi (litsenziya, pasport, guvohnoma, ariza va boshqalar blankasi) yoki ayrim shakldagi kitobchalar (pasport, harbiy bilet va boshqalar blankasi.)

Biz tahlil qilayotgan, yaʼni qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining predmeti hujjatlar hisoblanar ekan, shu bilan birgalikda, boshqa jinoyatlarni sodir qilish vositasi hisoblanadi. Jinoyat nazariyasiga koʻra, jinoyat sodir qilish vositasi – bu jinoyat sodir qilishda foydalaniladigan moddiy koʻrinishdagi narsalardir.

Jinoyat predmetini jinoyatni sodir etish quroli va vositasidan farqlash zarur. Chunki, ular sodir etilgan qilmishni kvalifikatsiya qilishda zarur faktlardan biri hisoblanadi. Hujjatlar, ayniqsa, mol-mulkni talon-taroj qilish jinoyatlarida jinoyat sodir qilish vositasi hisoblanadi. Boshqa jinoyatlarda ham jinoyat sodir qilishning vositasi boʻladi, lekin boshqa jinoyatlarda jinoyat vositasi ekanligi koʻrinib turadi. Shunday ekan, mol-mulkni talon-taroj qilish jinoyatlarida hujjatlarning ijtimoiy xavfli qilmishning predmeti yoki vositasini toʻgʻri aniqlash jinoyat qonuni prinsiplari amalga oshirilishida muhim rol oʻynaydi.

Jumladan, M.H. Rustambayevning fikriga koʻra, aybdor firibgarlikni sodir etishda soxta hujjatlardan foydalansa, uning qilmishi firibgarlik tarkibi bilan qamrab olinadi va u Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinmaydi. Biroq, firibgarlik harakatlarini sodir etish maqsadida aybdor shaxsning oʻzi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlasa, ularni qalbakilashtirsa, uning qilmishlari jinoyatlar jami boʻyicha Jinoyat kodeksining 168- va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Biz ham mazkur fikrga qoʻshilgan holda, shaxslar tomonidan asl hujjatlardan foydalanayotgan shaxsga qonuniy huquq va majburiyat yuklamaydigan hujjatdan soxta ravishda foydalansa, bu holatda qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyati (Jinoyat kodeksining 228-moddasi)ning predmeti emas, balki Jinoyat kodesining boshqa moddasi bilan, yaʼni ish holatlariga koʻra qilmish Jinoyat kodeksining qaysi moddasi tarkibini bersa, shu modda bilan javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu holatda, qilmish qoʻshimcha ravishda Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmasligi kerak, deb hisoblaymiz. Shu holatga koʻra, soxta hujjatlarni faqatgina jinoyat sodir qilish vositasi deb hisoblaymiz. Amaliyotda jinoyat sodir qilishning vositasi sifatida soxta hujjatlar koʻpincha firibgarlik (Jinoyat kodeksining 168-moddasi) jinoyatlarida uchraydi.

Shuningdek, agar shaxsning oʻzi tomonidan jinoyat sodir qilishda soxta, qalbaki hujjatlarni tayyorlab firibgarlik yoki boshqa jinoyatlarni sodir qilsa, bunday holda shaxsning qilmishi qoʻshimcha ravishda Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish) bilan javobgarlikka tortiladi. Bunday holda hujjatlar sodir etilgan jinoyatlarning predmeti va vositasi hisoblanadi.

Biz qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyektiv tomonini tahlil qilar ekanmiz, jinoyatning obyektiv tomoniga tushuncha berib oʻtamiz. Jinoyatning obyektiv tomoni sodir etilgan jinoyatning tashqi tomoni boʻlib, muayyan bir harakat yoki harakatsizlikda ifodalanadigan jinoyatning qanday sodir etilishini koʻrsatadi. Jinoyatning obyektiv tomoni Jinoyat kodeksining dispozitsiyasida koʻrsatiladi.

Jinoyat kodeksining 228-moddasi birinchi qismi soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotishda ifodalanadigan harakatni nazarda tutadi. Huquqshunos olimlar qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyektiv tomonini tizimlashtirgan holda oʻrganib, har xil koʻrinishda ifodalaydilar.

Baʼzi huquqshunoslarning fikriga koʻra, ushbu jinoyat obyektiv tomondan:

1) soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishida;

2) foydalanish yoki sotish maqsadida korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlashda ifodalanadi.

Baʼzi huquqshunoslar esa ushbu jinoyat obyektiv tomondan:

  1. soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi;
  2. rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi;
  3. bunday hujjatlarni sotishi;
  4. shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash;
  5. korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini sotishida ifodalanadi deb koʻrsatadilar.

Yuqoridagi fikrlarga qoʻshilgan holda, biz ham shartli ravishda qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatini sodir etiladigan huquqqa xilof harakatining xususiyatiga qarab:

  1. soxta hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash;
  2. rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish;
  3. soxta yoki qalbaki rasmiy hujjatlar shtamplar, muhrlar, blankalarni sotishda ifodalanadigan harakatlar deb bilamiz.

Yuqoridagi fikrlarga koʻra, tadqiq qilinayotgan jinoyatning obyektiv tomonini elementlariga qarab boʻlib oʻrganish shartli va nazariydir, albatta.

Shunday qilib, qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyektiv tomoni soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotishda ifodalanadi.

Jinoyatning obyektiv tomonining elementlarini birma-bir tahlil qilamiz.

Shtamp, muhr, blankalarni tayyorlash – bu asl hujjat (shtamp, muhr, blanka) nusxalarini gʻayriqonuniy tayyorlash yoki ularni aslida mavjud boʻlmagan yuridik shaxs yoki fuqarolar nomidan normativ hujjatlarda oʻrnatilgan talablarni buzgan holda tayyorlash boʻlib, hujjatlarning shakli va mazmuniga ularning huquqiy maqomini oʻzgartiruvchi tuzatishlar, oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish bilan amalga oshiriladi[13].

Hujjatlar quyidagi belgilangan talablarga javob bersagina, qonun asosida tayyorlangan hisoblanadi:

‒ vakolatga ega boʻlgan organ yoki shaxs tomonidan tuzilgan boʻlishi;

‒ hujjatning tuzilishi uchun masʼul boʻlgan shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi;

‒ tuzilgan hujjatlarga asoslar mavjud boʻlishi;

‒ qonun normalariga mos boʻlishi lozim.

Tegishli subyektlar tomonidan hujjatlar tayyorlangan boʻlsa-da, lekin undan foydalanilmagan, sotilmagan boʻlsa ham jinoyat tayyorlangan paytdan boshlab tamomlangan hisoblanadi va Jinoyat kodeksining 228-modda birinchi qismi bilan javobgarlikka tortishga asos boʻladi.

Bundan tashqari, hujjatlarga har bir notoʻgʻri kiritilgan maʼlumotlar ham hujjatlarni qalbakilashtirish deb baholanmasligi lozim. Misol uchun, hujjat tuzuvchi shaxsning ruhiy holatiga koʻra yanglishishi oqibatida mavjud holatni kiritmay notoʻgʻri maʼlumotni kiritishi bilan bu hujjat tasdiqlangandan soʻng, keyinchalik ish yuzasidan aniq holat boshqacha ekanligi aniqlangan holatlarda hujjatlarni qalbakilashtirish emas, balki bu harakatlar qilingan harakatlarga qarab Jinoyat kodeksining 206-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 207-modda (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash)lari bilan javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash ham 228-moddasi bilan javobgarlikni belgilaydi. Shtamplar va muhrlarni tayyorlash tartibi qonun bilan belgilab qoʻyilgan.

Jinoyat kodeksi normalarida, qonunchilikda va yuridik adabiyotlarda sotish tushunchasiga taʼrif berilmagan. Lugʻatlarda “sotish” tushunchasiga isteʼmolchiga biron narsani sotish deb taʼrif berilgan.

Jinoyat huquqiga oid adabiyotlarda sotish deganda, hujjatni foydalanishga chiqarish yoki uni turli usullar bilan tekinga va muayyan haq evaziga begonalashtirish tushuniladi.

Jinoyat kodeksining 228-moddasi mazmuniga koʻra, sotish faqatgina qalbaki hujjatlarni maʼlum haq evaziga boshqa shaxsga oʻtkazishni nazarda tutadi.

Soxta hujjatlar har doim ham sotilavermaydi. Soxta hujjatlar tekinga, sovgʻa, yoki boshqa maqsadlarda oʻzga shaxsga berilishi mumkin. Bu holatda shaxsning harakatlari qanday baholanmogʻi va qanday javobgarlik nazarda tutilishi kerak?

Bizningcha, bu holatda ham Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi kerak deb hisoblaymiz. Sababi, Jinoyat kodeksining rus tilidagi matnida “сбыт” deb koʻrsatilgan. “Сбыт” oʻzbek tiliga tarjima qilinganda “sotish”, “oʻtkazish” degan maʼnolarni anglatadi. Oʻtkazish tushunchasi sotishga nisbatan ancha keng boʻlib, nafaqat haq evaziga, balki tekinga ham soxta hujjatlarni oʻtkazishni qamrab oladi. Bundan kelib chiqqan holda, fuqarolar tomonidan qalbaki hujjatlar boshqa fuqarolarga oʻtkazilganda, yaʼni tekinga berilganda, sovgʻa qilinganda ham shaxslarning harakatlari Jinoyat kodeksining 228-moddasi birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozimб deb hisoblaymiz.

Jinoyat kodeksining 228-moddasi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyati uchun javobgarlik belgilagan boʻlib, oʻziga xos tarzda tuzilishga ega. Ushbu modda 3 qismdan iborat boʻlib, ikkinchi qismining “a” bandida takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, “b” bandida esa bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyati ikkinchi qismining “a” bandi bilan javobgarlikka tortish uchun takroran sodir etilgan deb topish uchun mazkur jinoyatni sodir qilganidan soʻng, maʼlum vaqt oʻtganidan soʻng shunday jinoyatni sodir etgan holatda, agar sudlangan boʻlmasa, shuningdek, mazkur jinoyatni sodir qilganligi uchun sudlanganidan keyin shunday jinoyatni sodir qilganda, mazkur band bilan javobgarlikka tortiladi. Sodir etish vaqtlari orasida belgilangan vaqt oʻtgan boʻlishi kerak. Jinoyat kodeksining 228-moddasi ikkinchi qismi “b” bandi bilan javobgarlikka tortish uchun esa mazkur jinoyatni ikki va undan ortiq shaxslar jinoyatni birga bajaruvchilar sifatida qatnashishlari kerak.

Jinoyat kodeksining 228-moddasi uchinchi qismini tahlil qiladigan boʻlsak, bu alohida jinoyat hisoblanadi. 228-moddasi uchinchi qismida hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Shaxs tomonidan qalbaki hujjatlardan bila turib foydalanganda javobgarlik kelib chiqadi. Qalbaki hujjatdan bila turib foydalanish deganda, foydalanuvchi shaxs tomonidan biror-bir maqsad yoʻlida, hujjatlarni qalbaki ekanligini bilgan holda undan foydalanishdir. Ushbu jinoyat qonuni normasining alohida obyekti, obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomonlari mavjuddir. Jinoyat qonunchiligiga koʻra, jinoyat toʻrtta elementdan tashkil topadi. Biz tahlil qilayotgan norma ham jinoyat tarkibining barcha elementlariga ega boʻlib, bizningcha mustaqil jinoyat hisoblanadi. Bu jinoyat obyektiv tomondan qalbaki hujjatlardan bila turib foydalanishda ifodalanadi. Ushbu qoidadan shunday mazmun kelib chiqadiki, shaxs tomonidan har qanday qalbaki hujjatlardan bilgan holda foydalanishi ushbu norma bilan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi. Agar shaxs tomonidan qalbaki hujjat tayyorlansa va shu shaxs tomonidan foydalanilsa, u holda uning harakatlari 228-moddasining birinchi qismi va uchinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar shaxs tomonidan qalbaki hujjat tayyorlanmay, faqatgina uning qalbaki ekanligini bilgan holda foydalansa, uning qilmishi faqatgina 228-moddaning uchinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

1.3. Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining subyektiv belgilari

Har qanday jinoyatda jinoyat tarkibining subyektiv tomoni belgilari ayb, motiv va maqsadda ifodalanadi va alohida ahamiyat kasb etadi. Qasd yoki ehtiyotsizlik har qanday jinoyat tarkibining zaruriy belgisi boʻlgan ayb shakllaridir.

M.H. Rustambayevning taʼkidlashicha, “Jinoyat huquqi nazariyasida ayb deganda, shaxsning sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishi va uning oqibatlariga (qasddan yoki ehtiyotsizlik koʻrinishidagi) boʻlgan ruhiy munosabati tushuniladi”, “Ayb shaxsning sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishga nisbatan ruhiy munosabatini ifodalash bilan birga, jinoyat tarkibi subyektiv tomonining yadrosini tashkil qiladi…”[14]. A.I. Rarog esa aybga kengroq taʼrif berib, shunday deydi: “Ayb – bu shaxsning oʻzi sodir etayotgan ijtimoiy xavfli qilmishga nisbatan qasd yoki ehtiyotsizlik koʻrinishidagi ruhiy munosabati boʻlib, bunda mazkur shaxsning muhim ijtimoiy qadriyatlarga nisbatan jamiyatga qarshi, jamiyatga xos boʻlmagan yoki yetarli darajada ijtimoiy ifoda etilmagan munosabati namoyon boʻladi”[15].

Ayni paytda ayb tergov va sud amaliyotida eʼtibor berilishi qiyin va kam boʻlgan mezon hisoblanib, shaxsning ruhiy munosabati konkret va aniq boʻlmagan jarayon hisoblanadi[16]. Birgina I.M. Tyajkovaning bergan maʼlumotiga qaraganda, sud hukmi bekor qilingan 853 ta jinoyat ishining 30 foizini aybning shakli notoʻgʻri aniqlangan yoki yetarli darajada aniq belgilanmagan jinoyat ishlari tashkil etgan[17].

Shu bois, mazkur jinoyatda ayb shakli mumkin boʻlgan yoki sodir boʻlgan oqibatlarga shaxsning ruhiy munosabatiga bogʻliqmi yoki uning ijtimoiy qilmishga nisbatan ruhiy munosabatini aniqlashning oʻzi yetarlimi? degan savol tugʻiladi. Bu masala yuzasidan olimlar ikkita qarama-qarshi fikr bildirganlar. Ayrim olimlar formal tarkibli jinoyatlarda ayb shakli shaxsning qilmishga ruhiy munosabati bilan belgilanadi, bunda u qilmishning oqibatlariga munosabati ahamiyatsiz[18] degan xulosaga keladilar. Boshqa olimlarning fikricha, har bir jinoyat tarkibida ayb shakli qilmishga va uning oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabatidan tarkib topadi[19].

Fikrimizcha, birinchi qarash toʻgʻriroq va ishonchliroqdir, chunki aybning shakli sifat jihatidan aniq boʻlishi kerak, bu esa faqat qonun chiqaruvchi tomonidan taʼriflangan jinoyat tarkibi alomatlariga nisbatan ruhiy munosabat bilan belgilanadi. Ikkinchi qarash esa, barcha jinoyat tarkiblari moddiydir degan maʼnoni anglatadi, vaholanki, bu qonunga ziddir yoki boʻlmasa, aybning shakli muayyan jinoyat tarkibini emas, balki amalda sodir etilgan jinoyatni toʻliq tavsiflaydi degan maʼnoni anglatadiki, bu ham oʻrinli emas, chunki bunday qarashda aybning shakli sifat jihatidan oʻzining aniqligini yoʻqotadi.

Jinoyat kodeksining 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyat formal tarkibli jinoyat boʻlib, mazkur jinoyatda ayb shaklining zaruriy alomatlari – jinoyat obyekti, ijtimoiy xavfli qilmishga nisbatan subyektning ruhiy munosabati bilan tavsiflanadi.

Formal tarkibli jinoyatlarda aybning shakli shaxsning jinoiy harakat yoki harakatsizligiga nisbatan ruhiy munosabati bilan belgilanishini aniqlagach, mazkur tarkiblardagi qasdning mazmunini koʻrib chiqish zarur deb hisoblaymiz. Formal tarkibli jinoyatlarda qasd va ehtiyotsizlikning mazmuniga tafakkuriy va irodaviy holatlar kiradi[20] degan nuqtayi nazar ancha keng tarqalgan. Bu, demak, qasdning toʻgʻri va egriga, ehtiyotsizlikning esa jinoiy beparvolik va oʻz-oʻziga ishonishga boʻlinishi mazkur toifaga mansub tarkiblar uchun oʻz ahamiyatini saqlab qoladi, ammo bunda irodaviy holat oqibatdan harakat yoki harakatsizlikning oʻziga koʻchiriladi[21] deganidir. Demak, koʻpgina formal tarkibli jinoyatlar, shu jumladan, qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining ham subyektiv tomoni qilmishning ijtimoiy xavfliligini tushunish, bunday xavfni oldindan koʻrish va bunday qilmishlar sodir etishni istash yoki ularga yoʻl qoʻyish tarzida tavsiflanadi.

Formal tarkibli jinoyatlarda aybning shaklini aniqlash uchun aybdorning tafakkuriy holatini, yaʼni uning qilmishning ijtimoiy xavfli ekanligini tushungan yoki tushunmaganligini aniqlash kifoya[22] deb hisoblovchi olimlarning qarashlari asosliroqdir. Fikrimizcha, formal tarkibli jinoyatni hosil qiluvchi harakat yoki harakatsizlikning irodaviy holatini, yaʼni qilmishni sodir etish istagini aniqlashning hojati yoʻq. Zero, agar shaxs oʻz qilmishining oqibatini tushunsa va uni sodir etishni istamasa, uning bu qilmishni sodir etishi mantiqan ham, psixologik jihatdan ham mumkin emas.

Darhaqiqat, ijtimoiy xavfli qilmishni ongli ravishda sodir etgan shaxs uni sodir etishni istamasligini tasavvur etish qiyin. Boshqa tomondan, agar shaxs oʻzi sodir etayotgan qilmishning ijtimoiy xavfli ekanligini tushungan boʻlsa, bu formal tarkibli jinoyatda egri qasd mavjudligini inkor etadi. Binobarin, agar shaxs oʻzi sodir etayotgan qilmishning ijtimoiy xavfli ekanligini taxmin qilsa, u mazkur qilmishni ehtiyotsizlik orqasida sodir etadi, agar shaxs oʻz qilmishi ijtimoiy xavfli ekanligini tushunsa va uni sodir etishni xohlasa, qasddan harakat qiladi.

Shuning uchun qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyati ham subyektiv tomondan qasddan sodir etiladi.

Jinoyatning motivi va maqsadi subyektiv tomonning fakultativ belgisi boʻlib, qator jinoyatlarda motiv va maqsadni aniqlash shaxsni muayyan jinoyatni sodir etishda aybli ekanligini belgilashning muhim sharti hisoblanadi[23]. Motiv shaxsning muayyan jinoiy harakatni amalga oshirishni harakatga keltiruvchi kuch manbai hisoblanadi.

Jinoyat tarkibi umumiy tushunchasiga tatbiqan motiv jinoyat tarkibi subyektiv tomonining fakultativ belgisi, yaʼni ayrim jinoyat tarkiblari subyektiv tomoni uchun zaruriy sanalgan va ayrimlari uchun esa zaruriy boʻlmagan belgilar hisoblanadi. “Quyidagi shartlardan biri qanoatlantirilgan holda ular muayyan jinoyat tarkiblari obyektiv tomonining zaruriy belgilari hisoblanadi, ‒ deb qayd etadi L.D. Gauxman. Birinchidan, JK Maxsus qismi tegishli moddasi dispozitsiyasida motiv yoki maqsadga toʻgʻridan-toʻgʻri ishora qilingan boʻlsa; ikkinchidan, motiv yoki maqsad mavjud boʻlishi lozimligi muayyan jinoyat tarkibining yuridik tabiatidan kelib chiqqan hollarda mazkur jinoyat tarkibi bayon etilgan JK Maxsus qismi normasi mazmuni JK Maxsus qismida turdosh tarkiblar uchun javobgarlik nazarda tutilgan boshqa normalari mazmuni bilan taqqoslash orqali aniqlanadi”[24].

Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatini kvalifikatsiya qilishda jinoyat sodir qilish motivining ahamiyati yoʻq. Sababi shuki, motiv mazkur jinoyatda formal belgi hisoblanadi. Jinoyatni kvalifikatsiya qilishda jinoyat formal belgisining ahamiyati yoʻq.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish, foydalanish uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Qonun mazmuniga koʻra, ana shu harakatlardan birini sodir qilishning oʻzi, yaʼni hujjat, shtamp, muhr yoki blankani qalbakilashtirish, tayyorlaganlik, sotganlikning oʻzi tamom boʻlgan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinsa-da, hujjatlarni qalbakilashtirish yoki soxta hujjat tayyorlash shaxsning oʻzi yoki boshqa shaxsning ulardan foydalanishi uchun sodir etiladi. Qonun mazmuniga koʻra, bunday hujjatlarni qalbakilashtirish yoxud soxtalashtirishning oʻzi tamom boʻlgan jinoyat hisoblanib, ushbu modda bilan kvalifikatsiya qilish uchun muayyan maqsad borligining oʻzi yetarlidir. Bunda muayyan oqibatning yuz berganligi talab etilmaydi[25].

Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyati formal tarkibli jinoyat tasnifiga kirganligi sababli, hujjat, shtamp, muhr, blankalarni soxtalashtirish, tayyorlash, qalbakilashtirish yoki moddaning uchinchi qismida aytilgan soxta yoki qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanishning oʻzi tamom boʻlgan jinoyat hisoblanadi. Yuqorida sanab oʻtilgan harakatlar qanday maqsadda sodir qilinganligidan qatʼi nazar, jinoyatni kvalifikatsiya qilishga taʼsir qilmaydi. Lekin hujjat, shtamp, muhr yoki blanka muayyan bir jinoyatni sodir qilish maqsadida qalbakilashtirilgan boʻlsa, qilmish OʻzR JK 228-moddasi va tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bu yerda shuni alohida taʼkidlash kerakki, shaxs hujjat, shtamp, muhr yoki blankani soxtalashtirgan yoki qalbakilashtirganida muayyan bir yoki bir nechta jinoyatni sodir qilish maqsadidagina emas, balki Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasininig mazmuniga koʻra, har qanday muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan, ammo jinoyat hisoblanmaydigan har qanday harakatni bajarish maqsadida sodir etilgan taqdirda ham, OʻzR JK 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil qilaveradi.

Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining subyekti 16 yoshga toʻlgan har qanday aqli raso jismoniy shaxslar boʻlishi mumkinligi belgilangan (JK 17-modda).

Jinoyat subyektiga berilgan doktrinal taʼrifda ushbu tushuncha jinoyatchi shaxsi tushunchasidan farqli ravishda ijtimoiy emas, balki faqat jinoyat-huquqiy mazmun kasb etishi taʼkidlanadi. N.S. Leykinaning fikricha, jinoyat subyekti tushunchasi, avvalo, yuridik belgilar yigʻindisini bildirib, ular asosida ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan jismoniy shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Shaxsning aqli rasoligi va qonunda belgilangan yoshga yetganligi shaxsning bunday doimiy va umumiy belgilariga kiradi. Jinoyat subyektining qonunda belgilangan belgilar yigʻindisi jismoniy shaxs, aqli rasolik, yoshi mujassam boʻlgan va jinoyat tarkibi elementlaridan biri – jinoyatning subyekti jinoiy javobgarlik bilan eng yaqin aloqadordir. Ushbu taʼrifda ikkita holat: 1) jinoyat subyektining jinoyat-huquqiy tavsifi (yuqorida keltirilgan uch belgi); 2) subyektning jinoiy javobgarlik bilan bevosita aloqadorligi oʻz aksini topgan. Chunki jinoyat subyektisiz jinoiy javobgarlik ham mavjud boʻlmaydi.

JK 17-moddasida jinoyat qonunimiz uchun yangilik boʻlgan jinoiy javobgarlikka jinoyat sodir etgunga qadar oʻn olti yoshga toʻlgan, aqli raso jismoniy shaxslarning tortilishi haqidagi qoida oʻz aksini topgan.

Ushbu qoida shundayligicha, yaʼni yuqoridagi belgilarga ega boʻlgan shaxs jinoiy javobgar boʻladi deb tushunilmasligi kerak. Chunki, mazkur belgilarning oʻzi jinoiy javobgarlikni vujudga keltirmaydi, balki jinoyat uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortishning minimal yoshiga yetgan, aqli raso jismoniy shaxs faqat sodir etgan jinoyati uchungina javobgarlikka tortilishi, yaʼni jinoyatning subyekti boʻlishi mumkin.

Jinoyat tarkibining turli jihatlari (elementlari), olimlar tomonidan yetarli darajada tadqiq qilingan, jinoyat subyekti muammosi ham ancha mufassal oʻrganilgan, ammo jinoyat tarkibi haqidagi taʼlimotda jinoyatning maxsus subyektiga nisbatan kam eʼtibor berilgan.

JK 228-moddasi bilan javobgarlik masalasini hal qilishda mazkur jinoyat subyektlari belgilarining aniqlanishi juda muhimdir. Jinoyat huquqi nazariyasida jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxs, agar u mazkur qonunda belgilangan jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga toʻlgan va aqli raso holatda boʻlsa, jinoyat subyekti[26] deb topiladi. Ammo, bu belgilar baʼzan muayyan shaxsni bir qator jinoyatlarning subyekti deb topish uchun yetarli boʻlmaydi. Bunday hollar uchun qonun chiqaruvchi Jinoyat kodeksida bir qator qoʻshimcha alomatlarni nazarda tutganki, yuqorida zikr etilganga oʻxshash jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mana shu alomatlarga qarab aniqlanadi. Shunday toifaga mansub shaxslar jinoyat huquqida jinoyatning maxsus subyekti deb ataladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining ikkinchi qismi “a” bandida ushbu jinoyat xavfli retsidivist tomonidan sodir etilganligi uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, qilmishni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun shaxs oldin sodir etilgan jinoyatlari uchun sudning hukmi bilan xavfli retsidivist deb topilgan boʻlishi kerak.

Jinoyat subyekti masalasi jinoyat huquqi nazariyasida va qonunni qoʻllovchi organlarning amaliyotida jinoyat tarkibi masalasi bilan uzviy bogʻliqlikda yuzaga keladi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 16-moddasiga muvofiq, jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud boʻlgan qilmishni sodir etish javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi. Jinoyat subyektini tavsiflovchi alomatlar ham yuqorida zikr etilgan alomatlar jumlasiga kiradi.

Jinoyat huquqi nazariyasiga muvofiq, faqat jismoniy shaxs (har qanday jismoniy shaxs emas, balki ikki asosiy jinoyat-huquqiy alomatlarga ega boʻlgan: jinoyatni sodir etish vaqtida aqlo raso holatda boʻlgan, yaʼni oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va oʻz harakatlarini boshqara olgan hamda Jinoyat kodeksida belgilangan jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga toʻlgan shaxs) jinoyatning subyekti deb topilishi mumkin.

Jinoyat subyekti umumiy tushunchasi yuqorida zikr etilgan alomatlarning majmuidan tashkil topadi.

Jinoyat subyektini tavsiflovchi alomatlar: shaxsning aqli rasoligi va jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlganligi ham mana shunday shartlar jumlasiga kiradi.

Mazkur alomatlarni jinoyat tarkibi doirasida oʻrganish insonni oʻzi sodir etgan jinoyatning elementi degan maʼnoni bildirmaydi. Jinoyatning mazmunini har tomonlama tavsiflash jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim boʻlgan shaxsning alomatlarini aniqlash zarurligini nazarda tutadi.

Jinoyat huquqi nazariyasiga koʻra, faqat jismoniy shaxs jinoyatning subyekti boʻlishi mumkin. Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mazkur qonunning Oʻzbekiston fuqarolari va chet ellik fuqarolarga nisbatan amal qilishi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan (JK 12-modda). Ziyon yetkazuvchi hayvonlar, tabiiy kuchlarga jinoyat subyektlari deb qaralishi mumkin emas, ular yetkazadigan ziyondan saqlanish uchun koʻriladigan choralar jazo hisoblanmaydi.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatining subyekti, JK 17-moddasi talabiga koʻra, 16 yoshga toʻlgan jismoniy shaxslardir.

Maʼlum yoshga toʻlganlik shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishning zaruriy shartlaridan biridir. Qonunda belgilanmagan yoshga toʻlmagan shaxslar jinoyat subyekti boʻla olmaydilar, chunki ular oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydilar va ularni ongli ravishda boshqara olmaydilar.

Qonunda jinoiy javobgarlik yoshi qonun chiqaruvchi organning oʻz ixtiyoriga qarab emas, balki inson ongi, uning oʻz qilmishlari xususiyatini tushunishi, shuningdek, oʻz harakatlarini boshqarish qobiliyatining rivojlanishidan kelib chiqib belgilangan.

Qonun chiqaruvchi mazkur jinoyat uchun jinoiy javobgarlik yoshini belgilash asosida shaxsning ongliligi, uning sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni anglashi, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, bunday hujjatlarni sotish, tayyorlashining xavfliligini anglashi va shunga muvofiq ongli harakat qilish qobiliyatini eʼtiborga olgan.

Oʻz xulq-atvorini ijtimoiy xavfli deb baholash imkoniyati shaxsning maʼlum xayotiy tajriba orttirishi oʻz tajribasining shakllanishi va (yoki) ijtimoiy tajribani oʻzlashtirishi, yaʼni ijtimoiylashish jarayoni bilan bogʻliq. Shaxsning ijtimoiylashishi – bu insonning oʻzini qurshagan ijtimoiy muhit norma va qadriyatlarini oʻzlashtirishi, insonning ijtimoiy muhitga qoʻshilishi, inson shaxsining shakllanishi jarayonidir. Ammo 16 yoshga toʻlgan shaxsning ijtimoiy rivojlanishning maʼlum darajasiga yetganlik prezumpsiyasi sinchiklab tekshirilishi lozim degan qarashni ilgari surishga turtki beruvchi bir nechta muhim holatlarni qayd etib oʻtish zarur.

Birinchidan, ijtimoiy normalar va qadriyatlarni idrok etish va oʻzlashtirish insonning ijtimoiy munosabatlar tizimidagi maʼlum oʻrni bilan bogʻliqligi yuridik adabiyotlarda qayd etilgan. Ijtimoiy munosabatlar tizimida shaxslarning oʻrni beqiyos boʻlib, ular jamiyatning ijtimoiy tuzilmasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatadi. Umumiy eʼtirof etilgandan boshqa qadriyatlar tizimini oʻzlashtirgan shaxslar oʻz xulq-atvorida unga amal qiladilar, pirovard natijada, bu ularning baʼzan gʻayriqonuniy qilmish sodir etishiga olib keladi.

Ikkinchidan, javobgarlikni rasman tushunish va xulq-atvor normalarini bilish shaxsning oʻz hatti-harakatida belgilangan umumiy qoidalarga rioya qilishini kafolatlamaydi.

Yuqorida bayon etilgan qarashlar jinoyat sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish shartlarini yanada chuqurroq differensiatsiya qilish va jazoni individuallashtirish zarurligidan dalolat beradi.

Demak, JK 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti 16 yoshga toʻlgan, aqli raso jismoniy shaxslar hisoblanar ekan. Shunday qilib, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatining obyektiv tomonini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, jinoyatning obyektiv tomonini toʻgʻri tahlil qilish orqaligina qilmishni toʻgʻri baholash va kvalifikatsiya qilish mumkin boʻladi. Shuning uchun biz quyidagicha taklif berib oʻtamiz.

  1. JKning 228-moddasi birinchi qismida “sotish” tushunchasi qoʻllanilgan. Agar Jinoyat kodeksining rus tilidagi matniga eʼtibor beradigan boʻlsak, mazkur harakat “сбыт” tarzida bayon qilinganini koʻramiz. “Сбыт” soʻzining oʻzbek tilidagi tarjimasi “oʻtkazish”, “sotish” degan maʼnolarni anglatadi. Bizningcha, Jinoyat kodeksining oʻzbek tilidagi matnidagi “sotish” soʻzini “oʻtkazish” soʻziga almashtirish lozim deb hisoblaymiz. Sababi, agar shaxslar tomonidan soxta yoki qalbaki hujjatlarni tekinga yoki hadya yoki boshqa koʻrinishda oʻtkazganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Lekin, rus tilidagi matni boʻyicha javobgarlikka tortish mumkin. Shuning uchun, soxta yoki qalbaki hujjatlarni tekinga yoki hadya yoki boshqa koʻrinishda oʻtkazish uchun javobgarlikni belgilash maqsadida Jinoyat kodeksining 228-moddasidagi “sotish” soʻzini “oʻtkazish” soʻziga almashtirish lozim deb hisoblaymiz.
  2. JKning 228-moddasi birinchi qismida “Soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi” tarzida “soxta hujjatlar” va “qalbaki hujjatlar” tushunchalari ajratib koʻrsatilgan. Chunki, bu tushunchalar alohida-alohida, mustaqil harakatlar hisoblanadi. “Soxta hujjatlar” yoki “qalbaki hujjatlar” tayyorlanishi bilan bu jinoyat tamomlangan hisoblanadi. Lekin JK 228-moddasining uchinchi qismida “Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib foydalanish”da faqatgina, shaxs tomonidan hujjatning qalbaki ekanligini bila turib foydalanishidagina javobgarlik belgilanadi. Shaxs tomonidan hujjatning soxta ekanligini bila turib foydalanishida esa javobgarlik doirasi qanday belgilanishi ochiq qolgan. Shuning uchun ham JK 228-moddasining uchinchi qismi “soxta” soʻzi bilan toʻldirilishi kerak deb hisoblaymiz.

II BOB. QALBAKI HUJJATLARNI TAYYORLASH VA ULARDAN FOYDALANISH JINOYATINI KVALIFIKATSIYA QILISH MASALALARI VA XORIJIY TAJRIBA

2.1. Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatini kvalifikatsiya qilish masalalari

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyati uchun Jinoyat kodeksining 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)si qilmishni jinoiyligini va bu uchun javobgarlikni oʻrnatib qoʻygan.

Hujjatlar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishning turi koʻpdir. Qonun chiqaruvchi esa Jinoyat kodeksi 228-moddasida hujjatlar bilan gʻayriqonuniy muomalada boʻlishning faqatgina soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish uchun javobgarlikni belgilab qoʻygan. Vaholanki, hujjatlar bilan bogʻliq boʻlgan qonunga xilof xatti-harakatlar boshqa jinoyatlar bilan birgalikda, shuningdek, mustaqil ravishda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish (Jinoyat kodeksi 227-moddasi) orqali ham hujjatlar bilan gʻayriqonuniy muomala qilishning javobgarlik doirasi belgilangan.

Shunday ekan, qonun chiqaruvchi hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalar bilan gʻayriqonuniy muomalada boʻlishning, ularni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanishning javobgarlik doirasi aniq belgilab qoʻyilgan. Bu esa qilmish uchun javobgarlik masalasini belgilashda, toʻgʻri kvalifikatsiya qilish lozimligini belgilaydi.

Jinoyat kodeksining 228-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida jinoyat sodir etilishining obyektiv tomoni koʻrsatilgan. Unga koʻra, qilmish soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotishda ifodalanadigan harakatlardan iboratdir.

Qilmishni JK 228-moddasi birinchi qismi bilan javobgarlikka tortish uchun faqatgina rasmiy hujjatlarni soxtalashtiruvchining oʻzi tomonidan tayyorlangan, qalbakilashtirilgan yoxud bunday hujjatlarni sotish, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlarning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlaganlik yoxud sotganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Agar yuqoridagi harakatlar, yaʼni soxta yoki qalbaki rasmiy hujjatlarni sotish, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlarning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini sotish soxtalashtiruvchi yoki qalbakilashtiruvchi tomonidan emas, balki boshqa shaxs tomonidan amalga oshirilsa qilmishning sodir etilish xususiyatiga qarab Jinoyat kodeksining jinoyat tarkibini tashkil etgan moddalari bilan javobgarlikka tortiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorida “Sudlarga tushuntirilsinki, qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, hujjat kim tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtiril­ganligidan kelib chiqib, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi”[27], deb koʻrsatilgan.

Oliy sud Plenumi tushuntirishiga koʻra, agar shaxs tomonidan qalbaki yoki soxta hujjatdan foydalangan holda firibgarlik jinoyatini sodir etsa, u holda jinoyat sodir etgan shaxsning harakatlari Jinoyat kodeksining 168-modda (Firibgarlik)sining oʻzi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Mazkur holatda faqatgina soxta yoki qalbaki hujjatdan foydalanib firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxsning oʻzi tomonidan soxta hujjatni tayyorlagan yoki hujjatni qalbakilashtirgan holdagina jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Bundan kelib chiqqan holda, shaxs tomonidan soxta va qalbaki hujjatdan foydalangan holda firibgarlik jinoyatini sodir etish, agar ushbu soxta va qalbaki hujjat firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxsning oʻzi tomonidan tayyorlanmagan boʻlsa, u holda shaxsning sodir etgan jinoyati faqatgina JKning 168-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi, deb hisoblaymiz. Bu holatda soxta va qalbaki hujjatni tayyorlagan shaxsning harakatlari JK 228-moddasi bilan, agar soxta va qalbaki hujjatni tayyorlagan shaxs, bu hujjatdan mol-mulkni talon-taroj qilish maqsadida foydalanilishini bilgan boʻlsa, u holda soxta va qalbaki hujjatni tayyorlagan shaxsning harakatlari JKning 228-moddasi va oʻzganing mol-mulkini soxta hujjat orqali aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish jinoyatiga yordamchi sifatida JKning 28-moddasi orqali 168-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi, deb hisoblaymiz.

M.H. Rustambayevning fikriga koʻra, “Biroq, firibgarlik harakatlarini sodir etish maqsadida aybdor shaxsning oʻzi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlasa, ularni qalbakilashtirsa, uning qilmishlari jinoyatlar jami boʻyicha JK 168- va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Shunga eʼtibor berish lozimki, agar soxta hujjat (kasallik varaqasi, haydovchilik guvohnomasi, maʼlumotnoma va h.k.) firibgar tomonidan tayyorlanmagan boʻlib, u boshqa shaxs tomonidan tayyorlanib, ushbu shaxs hujjatdan talon-taroj qilishda foydalanishini bilgan boʻlsa, unda bu shaxs nafaqat hujjatlarni qalbakilashtirganlik uchun, balki firibgarlik orqali talon-taroj qilishda yordamchi sifatida javobgarlikka tortiladi.”

Biz ham yuqoridagi fikrlarga qoʻshilgan holda, soxta va qalbaki hujjatlardan foydalangan holda firibgarlik jinoyatini sodir etish qoʻshimcha ravishda JKning 228-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmaydi, deb hisoblaymiz. Chunki, JKning 228-moddasi dispozitsiyasida soxtalashtiruvchining oʻzi tomonidan hujjatlarni soxtalashtirganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shuning uchun ham, faqatgina bunday hujjatlardan foydalanib jinoyatni sodir etish JK 228-modda tarkibini bermaydi. Lekin, shaxs jinoyat sodir qilishda oʻzi soxta hujjatlar tayyorlasa yoki hujjatlarni qalbakilashtirsa va undan foydalanib jinoyatni sodir etsa, jinoyatlar jami boʻyicha JK 228-moddasi va JKning tegishli moddalari bilan shaxsning harakatlari kvalifikatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, sud-tergov amaliyotida hujjatlar bilan gʻayriqonuniy muomalada boʻlish soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash (JKning 184-moddasi) jinoyatida hujjatlarni soxtalashtirish yoki qalbakilashtirish orqali sodir etilishi koʻp uchraydi. Shuning uchun ham, yuridik jihatdan soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatini hamda soxta hujjatlar tayyorlash va ularni qalbakilashtirganlik jinoyatlarini kvalifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega.

Jumladan, Oliy sud Plenumi tushuntirishiga koʻra, “Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha shuni eʼtiborga olish kerakki, agar soliq toʻlovchi subyektlarning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) JK 184-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, ularni JK boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar (205-209, 227228-moddalari) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi”[28]. Demak, bu holatda, soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatini sodir qilayotgan shaxsning qasdi aynan soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlashga qaratilgandir. Soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatini sodir qilayotgan shaxsning maqsadi boshqaruv tartibiga qarshi qaratilmaydi. Shuning uchun ham, uning qilmishi boshqaruv tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlar bilan qamrab olinmaydi.

O.M. Maxkamovning fikriga koʻra, “…soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlardan boʻyin tovlaganlik uchun belgilangan javobgarlik 227-228-moddalarida belgilangan javobgarlikni faqatgina bitta holatda qamrab olishi mumkin. Qachonki, nobud qilingan yoki qalbakilashtirilgan hujjatlar bevosita soliq toʻlovchining davlat organlariga soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan rasmiy hujjatlar hisoblansa. Bizning nazarimizda soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa hujjatlarni qalbakilashtirish Jinoyat kodeksining 184- va 209-, 227-228-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim”[29].

Yuqoridagiga asosan, agar jinoyatni soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash jinoyatini sodir qilishda shaxs tomonidan boshqa hujjatlarni soxtalashtirish orqali sodir qilsa, shaxsning harakatlari umumiy asosda javobgarlikka tortiladi.

Shu bilan birga, Oliy sud Plenumining “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi qarorida soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatining zaruriy belgisi boʻlgan foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib koʻrsatish harakatlariga tushuntirish berib oʻtilgan. Unga koʻra, “Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish – bu soliq organlariga taqdim etiladigan tegishli hisobot hujjatlarida ularni olganlik toʻgʻrisida haqiqiy maʼlumotlarni qasddan koʻrsatmaslik, shuningdek, ularning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni yashirib qolish maqsadida ularning kelib tushishini hisobga olish tartibini buzganlikdir.

Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni kamaytirib koʻrsatish soliq organlariga taqdim qilinadigan hisobot hujjatlariga bila turib soliqning miqdori toʻgʻrisida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, balki uni pasaytirish va kamaytirish tomoniga maʼlumotlar kiritishda ifodalanadi”[30].

Yuqorida koʻrsatilganidek, soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatining sodir etish usullari sifatida foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib koʻrsatish harakatlari soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashga oid boʻlgan hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish harakatlarini ham qamrab oladi.

Shuningdek, O.M. Maxkamovning fikriga koʻra, “Shu bilan birga, aytish lozimki, soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning bevosita fakultativ obyekti bu davlat boshqaruv organlari, jumladan, soliq organlarining normal faoliyati hisoblanadi. Chunki mazkur qilmishlarning sodir etilishi natijasida ushbu organlarning obroʻsi va manfaatlariga jiddiy ziyon yetkaziladi. Masalan, soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash hujjatlarni qalbakilashtirish, mansab soxtakorligi, mansab yoki hokimiyat vakolatlarini suiisteʼmol qilish kabi usullar bilan sodir etilishi mumkin. Mazkur holatda, agar yuqorida sanab oʻtilgan qilmishlar soliq sohasidagi jinoyatlarni sodir etish usuli sifatida baholansa, JKning 205-, 209- va 228-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishi shart boʻlmaydi”[31].

Bizning fikrimizga koʻra ham, soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatini sodir qilishda hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish orqali foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib koʻrsatish harakatlari JKning 184-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi va qoʻshimcha ravishda JKning 228-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmaydi.

JK 228-moddasi uchinchi qismida soxta yoki qalbaki hujjat, shtamp, muhr yoki blankadan foydalanish mustaqil jinoyat tarkibi sifatida nazarda tutilgan.

M.X. Rustambayevning fikriga koʻra, hujjat, shtamp, muhr yoki blankadan foydalanish deganda, shunday hujjatlar bilan har qanday harakatlarni sodir etishni tushunmoq kerak, masalan, qalbaki hujjatni haqiqiy hujjat niqobi ostida tashkilotlarga yoki alohida shaxslarga koʻrsatish yoki taqdim qilishdan iboratdir[32].

Shaxsni JKning 228-moddasi uchinchi qismi bilan javobgarlikka tortish uchun, subyekt hujjatdan qanday maqsadda foydalanishni moʻljallangan boʻlsa, shu maqsadda undan foydalangan boʻlishi kerak. Ushbu foydalanish orqali muayyan huquqqa ega boʻlish (masalan, oʻquv yurtiga kirish, haydovchilik kasbini egallashi va h.k.) yoki muayyan majburiyatdan ozod boʻlish (masalan, transport vositasidan bepul foydalanish va h.k.) maqsad qilingan boʻlishi kerak.

JKning 228-moddasi uchinchi qismining zaruriy sharti shaxs foydalanayotgan hujjatining qalbaki ekanligini bilishi kerak. Agar shaxs foydalanayotgan hujjat soxta boʻlsa-yu, undan foydalanayotgan shaxs hujjatning qalbaki ekanligini bilmasa va undan haqiqiy hujjat sifatida foydalansa, shaxsning harakatlarini JKning 228-moddasi uchinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilib boʻlmaydi.

Agarda soxta hujjat tayyorlagan yoki hujjatni qalbakilashtirgan shaxs shu hujjatdan oʻzi foydalansa, uning sodir etgan qilmishi JKning 228-moddasi uchinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Gʻ.O. Ermatov va V.A. Kladkovlarning fikriga koʻra ham, aybdorni qalbaki hujjatdan foydalanishda ayblab kvalifikatsiya qilishning oʻzi yetarlidir.

Hujjatning haqiqiy nusxasini emas, balki uning nusxasini (dublikatini) qalbakilashtirish yoki soxta tayyorlash ham Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni tashkil qiladi. Sababi, Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining[33] (1996-yil 26-dekabr) 35-moddasida “Notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirish uchun qirib oʻchirilgan yoki qoʻshimchalar kiritilgan, soʻzlarni ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari boʻlgan hujjatlarni, shuningdek, qalamda yozilgan hujjatlarni qabul qilmaydi”, 66-moddasida esa “hujjat nusxasidan koʻchirilgan nusxaning toʻgʻriligini notariuslar, basharti avvalgi nusxaning toʻgʻriligini notarial tartibda shahodatlagan boʻlsa, yoki hujjatning nusxasi uning asl nusxasi tayyorlangan korxona, muassasa, tashkilot tomonidan berilgan boʻlsa, shahodatlaydi”, deb qayd etilgan. Ushbu Qonunning 42-moddasida notarial tasdiqlangan hujjatning dublikatini berish mumkinligi va 6-moddasida berilgan dublikatning ham maxfiyligi taʼminlanishi belgilab qoʻyilgan.

Fikrimizga koʻra, “Hujjatlarning asl nusxalari haqiqiy va yuridik kuchga ega boʻlsa, uning nusxasi ham bir xil kuchga ega boʻladi”[34]. Shu bilan birga, hujjatlarning qonun normalari asosida tasdiqlangan nusxalari va dublikatlari hujjatlarning asl nusxasi kabi kuchga ega boʻladi. Hujjatlarning qonun normalari asosida tasdiqlangan nusxalari va dublikatlarini soxtalashtirish va qalbakilashtirish JK 228-moddasi tarkibini beradi.

2.2. Ayrim xorijiy davlatlar jinoyat qonunchiligida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik masalasi

Rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish jinoyati uchun javobgarlik, rasmiy hujjatlar bilan bogʻliq holda sodir etiladigan jinoyatlar uchun qator davlatlar jinoyat qonunchiligida javobgarlik nazarda tutilgan. Bu davlatlar jinoyat qonunchiligini oʻrganish milliy qonunchigimizning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib, mavjud kamchiliklarni aniqlash va uni takomillashtirish imkonini beradi.

Huquq tizimi milliy huquq tizimimizga yaqin boʻlgan MDH davlatlarining jinoyat qonunchiligini oʻrganishdan boshlasak.

Ozarbayjon Respublikasi Jinoyat kodeksining 34-bobi “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan boʻlib, Jinoyat kodeksining 320-moddasida hujjatlarni qalbakilashtirish, rasmiy hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplari, muhrlari, blankalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash va oʻtkazish, shuningdek ulardan foydalanish uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, rasmiy hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplari, muhrlari, blankalarni qonunga xilof ravishda egallash bilan bogʻliq jinoyatlar JK 325-326-moddalarida nazarda tutilgan.

Ozarbayjon Respublikasi JKning 320-moddasi ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda davlat mukofotlari, shtamplari, muhrlari, blankalarni qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik uchun javobgarlik belgilangan[35] boʻlib, ikkinchi qismida esa ulardan foydalanganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi JK 325-moddasida davlat mukofotlari va rasmiy hujjatlarni qonunga xilof ravishda egallash yoki oʻtkazish jinoyati belgilangan. Norma dispozitsiyasiga koʻra, muayyan huquq beradigan yoki majburiyatlardan ozod qiladigan rasmiy hujjatlarni, Ozarbayjon Respublikasi davlat mukofotlarini qonunga xilof ravishda egallash yoki oʻtkazish jinoyat tarkibi obyektiv tomonini ifodalaydi.

Mazkur davlat Jinoyat kodeksining 326-moddasi “Rasmiy hujjatlar, shtamp, muhrlarni oʻgʻirlash va ularni nobud qilish” deb nomlanadi.

Jinoyat tarkibi rasmiy hujjatlarni, shtamp yoki muhrlarni gʻaraz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni koʻzlab oʻgʻirlash, nobud qilish, shikast yetkazish yoki yashirishda ifodalanadi. Jinoyat tarkibi tuzilishi jihatidan Oʻzbekiston Respublikasining JK 227-moddasi dispozitsiyasi bilan oʻxshashdir.

Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksida ham rasmiy hujjatlarni soxtalashtirganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik JKning “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar” deb nomlanuvchi 33-bobidan joy olgan.

Belarus JK 380-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish, tayyorlash va foydalanish yoki oʻtkazish uchun javobgarlik belgilangan[36].

Belarus JK 380-moddasi ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida xuddi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga oʻxshash hisoblanib, oʻzi yoki boshqalar foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni oʻtkazishi, shunday maqsadlarda shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, shuningdek, soxta hujjatlardan foydalanish uchun javobgarlik belgilangan. JK 380-moddasi ikkinchi qismida esa, shunday harakatlarni takroran sodir qilganlik uchun javobgarlik oʻrnatilgan.

Belarus Respublikasi JK 377-moddasida rasmiy hujjatlarni, muhr va shtamplarni talon-taroj qilish, nobud qilish yoki yoʻq qilish, gʻaraz yoki boshqa shaxsiy niyatlarda sodir etilgan boʻlsa, jamoat ishlariga jalb qilish, jarima, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, olti oygacha qamoq yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yuqorida koʻrsatilgan harakatlar Belarus Respublikasi Milliy arxiv fondidagi davlat hujjatlariga yoki davlat tomonidan saqlash uchun topshirilgan Milliy arxiv fondidagi muhim ahamiyatga ega rasmiy va boshqa hujjatlarga nisbatan sodir etilgan, shuningdek muhim ahamiyatga ega muhr, shtamp va blankalarni, bunday blankalarni tayyorlash uchun ishlatiladigan va himoya belgilariga ega boshqa hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun ham javobgarlik mavjuddir. Belarus JKga xos yana bir jihat davlat arxiviga topshirilgan hujjatlarni qonunga xilof ravishda egallash, shikast yetkazish va nobud qilishning alohida koʻrsatilganidir. Bu qilmishning ijtimoiy xavfliligi yuqori boʻlib, davlat arxiviga topshirilgan hujjatlarni nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish, keyinchalik mazkur hujjatlarni qayta tiklash imkoniyatining yoʻqligi bilan xarakterlanadi.

Fuqaro pasporti va boshqa muhim shaxsiy hujjatlar talon-taroj qilinsa, JK 378-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.

Oʻziga xos jihat shundaki, fuqaro pasporti va boshqa muhim shaxsiy hujjatlarni talon-taroj qilish uchun javobgarlik belgilanib, ularni nobud qilish, shikast yetkazish yoki soxtalashtirish jinoiy javobgarlik doirasidan chetda qolgan.

Shuningdek, Belarus Respublikasi JKning 379-moddasida muayyan huquq beradigan yoki majburiyatlardan ozod qiladigan hujjatlarni qonunga xilof ravishda egallash uchun javobgarlik belgilangan.

Yuqorida oʻrganilgan davlatlar jinoyat qonunchiligidagi kabi Gruziya Jinoyat kodeksida hujjatlarni soxtalashtirganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar” bobidan (11-bob) joy olgan boʻlib, Gruziya Jinoyat kodeksining 362-moddasida soxta hujjatlar, muhrlar, shtamplar va blankalarni tayyorlaganlik, oʻtkazganlik va foydalanganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan[37]. Mazkur moddaning birinchi qismida, soxta shaxsiy hujjatlarni yoki rasmiy hujjatlarni, muhrlarni, shtamplarni va blankalarni tayyorlash, oʻtkazish va foydalanganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Gruziya Jinoyat kodeksida hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun javobgarligining oʻziga xos jihati shundaki, mazkur davlat jinoyat qonuni shaxsiy hujjatlarni ham soxtalashtirganlik uchun ham javobgarlik JKning 362-moddasi bilan qamrab olinadi. Bundan tashqari, Gruziya JKda hujjatlar bilan bogʻliq javobgarliklar nazarda tutilgan. Jumladan, 363-moddaning birinchi qismida hujjatlar, muhr, shtamp yoki blankalarni qonunga xilof ravishda egallash, gʻaraz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni koʻzlab sodir etganlik uchun, JK 363-modda ikkinchi qismida shaxsiy hujjat yoki boshqa muhim ahamiyatga ega shaxsiy hujjatlarni qonunga xilof ravishda egallash uchun javobgarlik belgilangan.

Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham hujjatlarni soxtalashtirganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar (JK 14-bob) turkumiga kiritilgan.

Qozogʻiston Respublikasi JK 385-moddasida, huddi Ozarbayjon Respublikasida javobgarlik belgilangan kabi, hujjatlarni qalbakilashtirish, rasmiy hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplari, muhrlari, blankalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash va oʻtkazish, shuningdek ulardan foydalanish uchun javobgarlik belgilangan[38]. Norma dispozitsiyasiga koʻra, muayyan huquq beradigan yoki majburiyatlardan ozod qiladigan guvohnomalarni yoki rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish yoki oʻtkazish, shuningdek, bunday hujjatlarni, muhrlarni, shtamplarni, blankalarni, davlat pochta toʻlov hujjatlarini, Qozogʻiston Respublikasi va SSSR davlat mukofotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash yoki oʻtkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Qozogʻiston Respublikasining hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik belgilovchi moddasining oʻziga xosligi shundan iboratki, Qozogʻiston JK 385-moddasining predmeti doirasi kengroq boʻlib, davlat pochta toʻlov hujjatlarini ham qamrab oladi.

Moldova Respublikasi Jinoyat kodeksining 17-bobi, 361-moddasida hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik oʻrnatilgan. Mazkur moddada, huddi Gruziya JKga oʻxshab, soxta hujjatlar, muhrlar, shtamplar, blankalar va mulklarni tayyorlaganlik, oʻtkazganlik va foydalanganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Faqatgina, Moldova Respublikasi JKning hujjatlarni qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik belgilovchi moddasida mulkni ham soxtalashtirganlik uchun javobgarlikni ham nazarda tutadi. Shu bilan birga, hujjatlar bilan bogʻliq jinoiy javobgarlik Moldova Respublikasi JKning 360-moddasida mulkchilik va tashkiliy huquqiy shaklidan qatʼi nazar, korxona muassasa tashkilotlarning hujjatlari, muhr, shtamp va blankalarini olib qoʻyish, talon-taroj qilish, nobud qilish yoki shikast yetkazish, yashirish gʻaraz yoki boshqa past niyatlarda sodir etish jinoyat sifatida koʻrsatilgan.

Moldova JK 360-modda ikkinchi qismida shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi yoki boshqa muhim hujjatlarini qonunga xilof ravishda olib qoʻyish, talon-taroj qilish, nobud qilish, shikast yetkazish, saqlash shaxsning erkinligini cheklash, shuningdek, erkin harakat qilishini cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish maqsadida sodir etish uchun javobgarlik belgilangan.

Oʻziga xoslik shundaki, qilmish faqatgina yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarda sodir etilsagina jinoyat deb topiladi.

Navbatdagi davlat Rossiya Federatsiyasi, RF Jinoyat kodeksida hujjatlarni soxtalashtirganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar bobidan joy olgan (32-bob) boʻlib, JKning 327-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan. Rossiya Federatsiyasi JKda mazkur masalaga yanada aniqroq yondashilgan, Jinoyat kodeksining 327-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, davlat mukofotlarini qalbakilashtirish uchun javobgarlikni nazarda tutadi[39].

Shuningdek, hujjatlar bilan bogʻliq jinoyatlar 325-326-moddalarida javobgarlik nazarda tutilgan. Bu moddalarga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, RFning JK 325-moddasi uch qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida rasmiy hujjatlar, muhr yoki shtamplarni qonunga xilof ravishda egallash, shikast yetkazish, nobud qilish yoki yashirish gʻaraz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarda sodir etilgan boʻlsa, jinoyat tarkibi mavjud boʻlishi koʻrsatilgan.

Qalbakilashtirishdan himoyalangan muvofiqlik belgisi, maxsus markalar va aksiz markalarini oʻgʻirlaganlik uchun RF JK 325-modda uchinchi qismida javobgarlik nazarda tutilgan.

Ukraina Jinoyat kodeksining 15-bobi (Davlat boshqaruviga qarshi jinoyatlar)ning 358-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni soxtalashtirish, ularni oʻtkazish va ulardan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Ushbu qilmish yuqoridagi davlatlar jinoyat kodeksi kabi sanab oʻtilgan harakatlar bilan sodir etiladi, faqatgina oʻziga xosligi shundaki tadbirkorlik subyektlarining, muassasalarning, tashkilotlarning, notariuslarning, auditorlik tashkilotlarning yoki boshqa tashkilotlarning qatʼiy hisobidagi hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik ham mazkur modda bilan qamrab olinadi. Shuningdek, hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qonunga xilof ravishda egallash jinoyat sifatida 357-moddada koʻrsatilgan. Ushbu davlat jinoyat qonunining oʻziga xosligi shundaki, rasmiy hujjatlar, muhr, shtamplarni egallashning qanday usullarda amalga oshirilishi Ukraina JK 357-moddasida belgilab qoʻyilgan.

Osiyo davlatlari orasida huquq tizimi yaqin boʻlgan davlatlardan biri Xitoy Xalq Respublikasi Jinoyat kodeksida hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Jumladan, XXR Jinoyat kodeksining 6-bobi (Boshqaruv tartibiga va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar)ning 280-moddasida davlat organlarining muhrlari, rasmiy hujjatlar, guvohnomalarini soxtalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi[40]. XXR JKda faqatgina davlat organlarining muhrlari, rasmiy hujjatlar, guvohnomalarini soxtalashtirganlik uchun javobgarlik mavjud boʻlib, unda oʻziga xoslik, mazkur moddada jinoiy qilmishning predmet doirasi torligini koʻrishimiz mumkin. Shu bilan birga, XXR JKning 372-moddasi rasmiy hujjatlarni, qurolli kuchlar muhrlarini olish-sotish, talonchilik yoʻli bilan egallash uchun javobgarlik belgilangan.

Dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri Janubiy Koreya Respublikasi Jinoyat kodeksining 20-bobi “Hujjatlarga oid jinoyatlar” deb nomlanib, JK 225-234-moddalarida javobgarlik nazarda tutilgan:

  • rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish yoki oʻzgartirish (JK 225-modda);
  • soxta maʼlumotlardan foydalanib rasmiy hujjat tayyorlash (JK 226-modda);
  • soxta ommaviy hujjatlarni tayyorlash (JK 227-modda);
  • belgilangan tartibdagi rasmiylashtirilgan rasmiy hujjatga yolgʻon maʼlumotlarni yozish (JK 228-modda);
  • rasmiy ommaviy hujjatlarni oʻtkazish (JK 229-modda);
  • rasmiy hujjatlarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish (JK 230-modda);
  • xususiy hujjatlarni qalbakilashtirish yoki oʻtkazish (JK 231-modda);
  • soxta maʼlumotlardan foydalanib rasmiy hujjatlarni tayyorlash (JK 232-modda);
  • yozuvlarni qalbakilashtirish yoki oʻzgartirish (JK 232-2-modda);
  • soxta tibbiy sertifikat tayyorlash (JK 233-modda);
  • soxtalashtirilgan xususiy hujjatlarni oʻtkazish (JK 234-modda).

Yuqorida keltirilgan jinoyatlarning aksariyat qismi hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq boʻlib, qalbakilashtirilmagan rasmiy hujjatlarni qonunga xilof muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlar sifatida rasmiy ommaviy hujjatlarni oʻtkazish (JK 229-modda) va rasmiy hujjatlarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish (JK 230-modda) koʻrsatilgan.

Yaponiya davlati Jinoyat kodeksida rasmiy hujjatlar bilan bogʻliq jinoyatlar bir nechta bobda nazarda tutilgan. Jumladan, Yaponiya JK 17-bobi “Hujjatlarni qalbakilashtirishdan iborat jinoyatlar” (JK 154-161-moddalar), 18-bobi “Qimmatbaho qogʻozlarni qalbakilashtirishdan iborat jinoyatlar” (JK 162-163-moddalar), 19-bobi “Muhrlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar” (JK 164-168-moddalar) uchun javobgarlikni belgilaydi.

Mazkur boblarda faqatgina turli xususiyatdagi hujjatlarni, muhrlarni, qimmatbaho qogʻozlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Yevropa mamalakatlari boʻlgan Germaniya va Shveysariya jinoyat qonunchiligida hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik masalasi ham oʻrganildi.

Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasi Jinoyat kodeksining 23-bobi aynan “Hujjatlarni soxtalashtirish” deb nomlanib, bu uchun javobgarlik quyidagi moddalarda belgilangan:

  • hujjatlarni soxtalashtirish (JK 267-modda);
  • texnik audio yozuvlarni soxtalashtirish (JK 268-modda);
  • dalillar sifatida qoʻllaniladigan hujjatlardagi maʼlumotlar va belgilarni soxtalashtirish (JK 269-modda);
  • huquqni amalga oshirishda aldash (JK 270-modda);
  • hujjat vositalarini soxtalashtirish (JK 271-modda);
  • xizmat guvohnomalarini oʻzgartirish (JK 273-modda);
  • chegarani bildiradigan hujjatlarni yashirish; belgilarni oʻzgartirish (JK 274-modda);
  • xizmat guvohnomalarini soxtalashtirishga tayyorgarlik koʻrish (JK 275-modda);
  • qalbaki xizmat guvohnomalarini egallash (JK 276-modda);
  • sogʻlikni holatini isbotlovchi hujjatlarni soxtalashtirish (JK 277-modda);
  • sogʻlikni holati haqidagi hujjatlarni notoʻgʻri berish (JK 278-modda);
  • sogʻlikni holati haqidagi notoʻgʻri berilgan hujjatlardan foydalanish (JK 279-modda);
  • hujjatlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalanish (JK 281-modda).

Shuningdek, Shveysariya Jinoyat kodeksining 11-bobi “Hujjatlarni soxtalashtirish” deb atalib, bu uchun javobgarlik quyidagi moddalarda belgilangan:

  • hujjatlarni soxtalashtirish (JK 251-modda);
  • guvohnomalarni soxtalashtirish (JK 252-modda);
  • hujjatlarni yoʻq qilish (JK 254-modda).

Yuqoridagilarga asoslanib, shunday xulosa qilish mumkinki, bizning mamlakatimiz Jinoyat kodeksida hujjatlarni soxtalashtirish jinoyati obyektiv tomondan, soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlash yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish yoxud bunday hujjatlarni sotish, shunday maqsadlarda korxona, muassasa, tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotishda ifodalanadigan harakatlar bilan sodir qilinadigan qilmish uchun javobgarlik oʻrnatilgan boʻlib, biz oʻrgangan davlatlar qonunchiligiga nisbatan kengroq sanaladi, deb xulosa qilish mumkin. Shuningdek, ayrim davlatlarning jinoyat qonunchiligida davlat mukofotlarini soxtalashtirganlik uchun ham javobgarlik mavjud.

Xorijiy davlatlar jinoyat qonunchiligini oʻrganish natijasida hujjatlarni soxtalashtirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida nazarda tutilmagan quyidagi jinoyat tarkiblari aniqlandi:

– davlat mukofoti va boshqa davlat ahamiyatiga ega hujjatlarni soxtalashtirish uchun jinoiy javobgarlik (Ozarbayjon JK 320-modda, Qozogʻiston Respublikasi JK 324-modda);

– hujjatlarga oid jinoyatlar boʻyicha alohida bobning mavjuligi (Koreya Respublikasi Jinoyat kodeksining 20-bobi);

– baʼzi mamlakatlarning JKlarida hujjatlarni soxtalashtirganligi va oʻtkazganlik uchun bitta modda bilan javobgarlik belgilangan.

Shunday qilib, hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish jinoyatini kvalifikatsiya qilish sodir etilgan jinoyatni toʻgʻri baholash va javobgarlikni belgilash uchun zarurdir. Shuningdek, bu jinoyatni sodir qilinish sababini oʻrganish kelajakda mazkur jinoyat sodir etilishini oldini olish uchun zarur asos hisoblanadi. Shuning uchun ham, quyidagi takliflarni ilgari suramiz.

  1. Agarda rasmiy hujjatning nusxasi asliga toʻla muvofiq kelsa, uni qalbakilashtirish yoki soxta tayyorlash ham OʻzR JKning 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni tashkil qiladi. Ammo, asl nusxasi taqdim etilgan taqdirdagina yuridik ahamiyatga ega boʻladigan hujjatlarning nusxalari qalbakilashtirilgan boʻlsa, qalbakilashtirish jinoyatini tashkil etmaydi.
  2. JKning 228-moddasi uchinchi qismi, yaʼni “Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish” alohida jinoyat hisoblanadi. Chunki, bu harakatning alohida bevosita obyekti, obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomoni mavjud. Shuning uchun, bu harakatni alohida, mustaqil jinoyat deb hisoblaymiz. Bizningcha, JKning 228-moddasi uchinchi qismini 2282-moddasini sifatida “qalbaki va soxta hujjatlardan foydalanish” sifatida kiritish lozim deb hisoblaymiz.

XULOSA

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik masalasi boʻyicha jinoyat huquqiga oid ilmiy-nazariy va yuridik adabiyotlarni, shuningdek, tergov amaliyoti materiallarini oʻrganish va tahlil qilish orqali oʻz xulosalarimizni quyidagicha bayon qildik:

1. Qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyekti hujjatlar, shtamp, muhr, blankalarni, yaʼni biron-bir faktni tasdiqlovchi, biron huquq yoki majburiyatni oʻrnatuvchi yoki ulardan ozod etuvchi moddiy jismlarning aylanishi bilan bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Yuqoridagi taʼriflarga asosan, bizningcha, ushbu jinoyatning bevosita obyekti hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarning aylanishi, tayyorlanishi va ulardan foydalanishdagi ijtimoiy munosabatlardir. Sababi, hujjatlarning aylanishiga yuridik adabiyotlarda taʼrif uchramaydi, faqatgina elektron hujjatlarning aylanishiga taʼrif berib oʻtilgan. “Elektron hujjatlarning aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, elektron hujjatlarning aylanishi elektron hujjatlarni joʻnatish va qabul qilish harakatlarini tashkil qilib, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash va ulardan foydalanish jinoyatining obyektini qamrab olmaydi.

2. Jinoyat nazariyasida huquqshunoslarning “hujjat” tushunchasiga bergan taʼrifida hujjatlar, faqatgina yozma tarzda ifodalanishi nazarda tutilgan. Jumladan, hujjat ‒ yuridik ahamiyatga ega boʻlgan fakt, voqea-hodisani, biron-bir muayyan harakatlarni guvohlantiruvchi yozma aktdir, deyilgan. Lekin, elektron hujjatlar ham hujjat sifatida eʼtirof etiladi. Yuqoridagi taʼrifda “hujjat”ga berilgan taʼrifni tor deb hisoblaymiz. Bizningcha, mazkur taʼrifga “elektron” soʻzini qoʻshib, quyidagicha ifodalanishi kerak deb hisoblaymiz. Hujjat ‒ yuridik ahamiyatga ega boʻlgan fakt, voqea, hodisani, biron-bir muayyan harakatlarni guvohlantiruvchi elektron yoki yozma aktdir.

3. Tadqiqotimiz obyekti dorasida MDH mamlakatlari, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining jinoyat qonunchiligi boʻyicha tajribasi oʻrganilganda, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida nazarda tutilmagan quyidagi jinoyat tarkiblari aniqlandi:

‒ davlat mukofoti va boshqa davlat ahamiyatiga ega hujjatlarni soxtalashtirish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan (Ozarbayjon JK 320-modda, Qozogʻiston Respublikasi JK 324-modda);

‒ hujjatlarga oid jinoyatlar boʻyicha alohida bobning mavjuligi (Koreya Respublikasi Jinoyat kodeksining 20-bobi, Germaniya Federativ Respublikasi JK 23-bobi);

‒ baʼzi mamlakatlarning JKlarida hujjatlarni soxtalashtirganlik va oʻtkazganlik uchun bitta modda bilan javobgarlik belgilangan.

Xorijiy mamlakatlarning aynan hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlikni oʻrnatuvchi normalarining predmeti kamligini (XXR), obyektiv tomondan soxtalashtirish va qalbakilashtirish harakatlarining alohida-alohida koʻrsatilmaganligini koʻrishimiz mumkin.

4. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish tushunchasini kiritish zarur deb hisoblaymiz. Sababi, JKning 228-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasiga qaraydigan boʻlsak, rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va qalbakilashtirish alohida tushuncha hisoblanadi. Rasmiy hujjatlarni qanday holatda soxta yoki qalbaki ekanligi aniqlab olinganidan keyingina bunday ijtimoiy xavfli qilmish uchun javobgarlik mavjud boʻladi. Shuning uchun ham, Jinoyat kodeksining 8-boʻlimiga rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish tushunchalarini kiritish lozim, deb hisoblaymiz.

5. JKning 228-moddasi birinchi qismida “Soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi” tarzida “soxta hujjatlar” va “qalbaki hujjatlar” tushunchalari ajratib koʻrsatilgan. Chunki, bu tushunchalar alohida-alohida, mustaqil harakatlar hisoblanadi. “Soxta hujjatlar” yoki “qalbaki hujjatlar” tayyorlanishi bilan bu jinoyat tamomlangan hisoblanadi. Lekin, JK 228-moddasining uchinchi qismida “Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib foydalanish”da faqatgina, shaxs tomonidan hujjatning qalbaki ekanligini bila turib foydalanilganidagina javobgarlik belgilanadi. Shaxs tomonidan hujjatning soxta ekanligini bila turib foydalanishida esa javobgarlik doirasi qanday belgilanishi ochiq qolgan. Shuning uchun ham, JKning 2282-moddasi quyidagicha tahrirda ifodalanishi va “soxta” soʻzi bilan toʻldirilishi kerak deb hisoblaymiz.

“2282-modda. Soxta yoki qalbaki hujjatdan foydalanish.

Hujjatning soxta yoki qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish”.

ILOVALAR

Loyiha

Oʻzbekiston Respublikasining “Hujjatlarning majburiy nusxasi toʻgʻrisida”gi Qonuni

I. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunda foydalaniladigan asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

hujjat – matn, ovoz yozuvi (fonogramma), tasvir yoki ularning birgalikdagi majmui shaklidagi axborot qayd etilgan, jamoat tomonidan foydalanilishi va saqlanishi maqsadlarida vaqt hamda hudud orqali yetkazib berishga moʻljallangan va uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beruvchi rekvizitlarga ega boʻlgan moddiy tashuvchi;

Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy nusxasi (bundan buyon matnda majburiy nusxa deyiladi) – bu Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlangan, uning hududida jamoatchilik uchun tarqatishga moʻljallangan, ushbu Qonunda belgilangan tartibda va miqdorda ularning tayyorlovchilari tomonidan tegishli tashkilotlarga bepul ravishda yetkazib berilishi lozim boʻlgan turli xil hujjatlarning nusxasidir;

nusxa – tirajli hujjatning asli bilan aynan boʻlgan namuna;

majburiy nusxa tizimi – majburiy nusxalar turlarining majmui, shuningdek ularni toʻplash, taqsimlash va ulardan foydalanishning oʻrnatilgan tartibi;

Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy bepul nusxasi – Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlangan, uning tayyorlovchilari tomonidan tegishli tashkilotlarga haq olmasdan, ushbu Qonunda belgilangan tartibda va miqdorda berilishi lozim boʻlgan turli xil hujjatlarning nusxalari;

Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy pulli nusxasi – Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlangan, uning tayyorlovchilari tomonidan tegishli tashkilotlarga haq evaziga, ushbu Qonunda belgilangan tartibda va miqdorda berilishi lozim boʻlgan turli xil hujjatlarning nusxalari;

Oʻzbekiston Respublikasi mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlarining majburiy bepul nusxasi – bu Oʻzbekiston Respublikasi hududining tegishli qismida tayyorlangan, uning tayyorlovchilari tomonidan tegishli tashkilotlarga haq olmasdan, ushbu Qonunda belgilangan tartibda va miqdorda berilishi lozim boʻlgan turli xil hujjatlarning nusxalari;

hujjatlarni tayyorlovchi – majburiy bepul va pulli nusxalarni tayyorlash, nashr qilish hamda tarqatish (yetkazib berish) faoliyatini amalga oshiruvchi tashkiliy-huquqiy shakli va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har qanday yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tuzmasdan bunday faoliyat bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxs (nashriyot, ommaviy axborot vositasi tahririyati, fonogramma tayyorlovchi, audiovizual mahsulot tayyorlovchi, teleradiomahsulot tayyorlovchi tashkilot va teleradioeshittirish tashkiloti, ilmiy-tadqiqot va texnologiya ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar hamda nusxalarni tayyorlash, nashr qilish va tarqatish (yetkazib berish) faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa shaxslar;

hujjatlarni qabul qiluvchi – bepul yoki pulli asosda majburiy nusxalarni qabul qilish, saqlash va ijtimoiy foydalanish huquqi taqdim etilgan yuridik shaxs;

Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining davlat axborot fondi – majburiy bepul va majburiy pulli nusxa asosida toʻplanadigan, arxivlar, kutubxonalar hamda ilmiy-texnika axborot muassasalari oʻrtasida taqsimlanadigan, doimiy ravishda saqlanish va jamoatchilikning foydalanishiga moʻljallangan barcha turdagi majburiy nusxalar majmui.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy nusxasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy nusxasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va unga muvofiq ravishda qabul qilinadigan boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Ushbu Qonunning amal qilish doirasi

Ushbu Qonun majburiy nusxani tayyorlovchi va qabul qiluvchilarga, jumladan majburiy nusxani taqsimlovchi tashkilotlarga nisbatan amal qiladi.

Arxiv tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasining arxiv fondiga tegishli boʻlgan hujjatlarni shakllantirish, hisobga olish, saqlash va ijtimoiy foydalanishga doir faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Arxivlar toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Ushbu Qonun shaxsiy yoki oila siri aks etgan hujjatlarga; davlat, xizmat yoki tijorat siri aks etgan hujjatlarga; yakka tartibdagi ijro uchun yaratilgan hujjatlarga; arxiv hujjatlari (materiallari)ga (ushbu Qonunning 7-, 10-14-moddalariga muvofiq arxiv muassasalariga saqlash uchun beriladigan hujjatlar bundan mustasno); tarmoq ichida foydalanish uchun tarqatiladigan elektron hujjatlarga; boshqaruv hujjatlari va texnikaviy hujjatlar (formulyarlar, ekspluatatsiya boʻyicha instruksiyalar, blankali ashyolar, hisobga olish hamda hisobot shakllaridagi albomlar)ga nisbatan amal qilmaydi.

4-modda. Majburiy nusxa tizimini shakllantirish maqsadlari

Majburiy nusxa tizimini shakllantirish maqsadlari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasi milliy kutubxona-axborot fondining bir qismi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining axborot fondi jamlamasini yaratish;

arxiv muassasalari va kutubxona fondlarining jamlamasini yaratish;

davlat bibliografik hisobga olishni amalga oshirish;

majburiy nusxaning davlat hamda mahalliy darajada doimiy ravishda saqlanishini tashkil qilish;

isteʼmolchilarga axborot-bibliografik, kutubxona va arxiv xizmatlarini koʻrsatishda majburiy nusxadan foydalanish;

hujjatlarni roʻyxatga olish (bibliografik, statistik, arxivli), bibliografik, arxiv (joriy va retrospektiv) hamda statistik axborotni tayyorlash;

yigʻma kataloglarni, signalli va referatli axborotni, har bir yil uchun nashr yilnomasini tayyorlash hamda chiqarish;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlangan barcha turdagi hujjatlar toʻgʻrisida aholini xabardor qilish;

mahalliy hujjatlar majmui va davlat fondlari shakllantirilishini taʼminlash;

majburiy nusxani Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi qabul qiluvchilar oʻrtasida teng ravishda tarqatish;

hujjatlarni qabul qiluvchiga toʻliq va tezkor ravishda yetkazib berish.

5-modda. Majburiy bepul va majburiy pulli nusxalar tarkibiga kiruvchi hujjatlarning turlari

Majburiy bepul va majburiy pulli nusxalar tarkibiga hujjatlarning quyidagi turlari kiradi:

nashrlar (matnli, notali, kartografik, tasviriy nashrlar) – tahririy-nashriyot tarafidan qayta ishlangan, poligrafik jihatdan mustaqil rasmiylashtirilgan, nashrga oid maʼlumotlar (nashrning bosilib chiqqan vaqti, joyi, tiraji va h.k.)ga ega boʻlgan nashrlar;

koʻzi ojizlar va koʻzi zaif koʻruvchilarga moʻljallangan nashrlar – Brayl tizimi boʻyicha relyef-nuqtali shriftda tayyorlanadigan nashrlar, relyefli-grafik nashrlar, “gapiruvchi kitoblar”, koʻzi zaif koʻruvchilar uchun katta shriftdagi nashrlar, koʻrlar uchun elektron nashrlar (koʻz koʻrishi buzilgan odamlarning brayl displeyi va nutq sintezatori yordamida oʻqishiga moslashtirilgan nashrlar);

audiovizual mahsulot – har qanday tashuvchilar vositasida yaratilgan va tasvirlangan kino, video, fono-, fotomahsulot va uning kombinatsiyalari;

elektron nashrlar – elektron hisoblash mashinalari va maʼlumot bazalari uchun dasturlar, shuningdek tahririy-nashriyot tarafidan qayta ishlangan, nashrga oid maʼlumotlarga ega boʻlgan, mashina oʻqish tashuvchilari vositasida tirajlanadigan va tarqatiladigan elektron hujjatlar.

Oʻzbekiston Respublikasi mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz ehtiyojlarini hisobga olgan holda mahalliy hujjatlarning majburiy nusxasi tarkibiga kiradigan hujjatlarning turlarini belgilashi mumkin.

6-modda. Majburiy bepul nusxani tayyorlash, nashr qilish va tarqatish, yetkazib berishga doir harajatlar

Hujjatlarni tayyorlovchilar majburiy bepul nusxani hujjatlarni qabul qiluvchilarga haq olmasdan berishlari shart.

Hujjatlarni tayyorlovchilar majburiy bepul nusxalarni tayyorlash, nashr qilish va tarqatish (yetkazib berish) bilan bogʻliq xarajatlarni majburiy bepul nusxaning tarkibiga kiradigan hujjatlarning tannarxiga kiritadilar.

Nuqsonli majburiy bepul nusxalar hujjatlarni qabul qiluvchilarning soʻroviga binoan bir oy ichida hujjatlarni tayyorlovchilar tomonidan almashtirib beriladi.

Hujjatlarni qabul qiluvchilar hujjatlarni tayyorlovchilar tomonidan yetkazib berilmagan majburiy bepul nusxalarni ularning hisobidan qoʻshimcha ravishda sotib oladilar.

7-modda. Bosma nashrlarning majburiy bepul nusxasini yetkazib berish

Hujjatlarni tayyorlovchilar barcha turdagi bosma nashrlarning bittadan majburiy bepul nusxasini tirajning birinchi partiyasi bosilgan kuni Oʻzbekiston Respublikasining ijro hokimiyati organiga, nashriyot va ommaviy axborot vositalari sohasidagi maxsus vakolatli organga poligrafiya tashkilotlari orqali yetkazib beradi.

Hujjatlarni tayyorlovchilar tirajning birinchi partiyasi bosilgan kuni poligrafiya tashkilotlari orqali fondlarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha quyidagi qabul qiluvchilarga yetkazib beradilar:

A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga oʻzbek tilidagi, Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi boshqa millatlarning tillarida va xorijiy tillardagi kitoblar hamda risolalar, jurnallar va davomli nashrlar, tasviriy nashrlar, notali nashrlar, geografik xaritalar va atlaslar, matnli betli nashrlardan ikkitadan majburiy bepul nusxa;

Oʻzbekiston davlat arxiviga oʻzbek tilidagi, Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi boshqa millatlarning tillarida va xorijiy tillardagi kitoblar hamda risolalar, jurnallar va davomli nashrlar, tasviriy nashrlar, notali nashrlar, geografik xaritalar va atlaslar, matnli betli nashrlardan ikkitadan majburiy bepul nusxa;

bolalar kutubxonalariga bolalar hamda oʻsmirlarga moʻljallangan nashrlardan ikkitadan majburiy bepul nusxa (oʻzbek tilidagi, Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi boshqa millatlarning tillarida va xorijiy tillardagi);

koʻzi ojizlar kutubxonalariga moslashtirilgan nashrlar (koʻz koʻrishi buzilgan odamlarning brayl displeyi va nutq sintezatori yordamida oʻqishiga moslashtirilgan kitoblar hamda risolalar, jurnallar va davomli nashrlar)dan ikkitadan majburiy bepul nusxa.

Hujjatlarni tayyorlovchilar poligrafiya tashkilotlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining qaroriga binoan belgilanadigan qabul qiluvchilar roʻyxati va hujjatlarning majburiy nusxa (nusxa)lariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlaridan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida bosib chiqarilgan barcha turdagi bosma nashrlardan ikkitadan majburiy bepul nusxa yetkazib beradi.

Muassislar, shuningdek nashriyot va boshqa nashriyot tashkilotlarini roʻyxatga olgan davlat organlari bunday nashriyot yoki boshqa nashriyot tashkiloti tomonidan bosib chiqarilgan nashrlardan majburiy bepul nusxa olish huquqiga ega.

8-modda. Koʻzi ojizlar va koʻzi zaif koʻruvchilarga moʻljallangan nashrlardan majburiy bepul nusxani yetkazib berish

Hujjatlarni tayyorlovchilar koʻzi ojizlar va koʻzi zaif koʻruvchilarga moʻljallangan nashrlardan ikkitadan majburiy bepul nusxani koʻzi ojizlar kutubxonalariga yetkazib beradilar.

9-modda. Audiovizual mahsulotdan majburiy bepul nusxani yetkazib berish

Audiovizual mahsulotni tayyorlovchilar uni hisobga olish, saqlash va foydalanish maqsadida audiovizual mahsulotdan bitta majburiy nusxasini Oʻzbekiston davlat arxiviga yetkazib beradilar.

10-modda. Elektron nashrlardan majburiy bepul nusxani yetkazib berish

Hujjatlarni tayyorlovchilar fondlarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston davlat arxiviga, A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga elektron nashrlar tarkibiga kiradigan elektron hisoblash mashinalari va maʼlumot bazalari uchun dasturlardan bittadan majburiy nusxasini yetkazib beradilar.

11-modda. Turli xil tashuvchilar vositasida bajarilgan hujjatlardan majburiy bepul nusxani yetkazib berish

Majburiy bepul nusxa quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:

kombinatsiyalangan hujjatlar – turli xil (bosma, audiovizual, elektron) tashuvchilar vositasida bajarilgan hujjatlar majmui;

oʻxshash, turli xil tashuvchilarda qayd etilgan axborot (maʼlumot)ni oʻz ichiga olgan hujjatlar.

Kombinatsiyalangan hujjatlardan tashkil topgan majburiy bepul nusxa yagona komplekt sifatida yuborilishi kerak.

Hujjatlarni tayyorlovchilar turli xil tashuvchilar vositasida bajarilgan hujjatlardan ikkitadan majburiy bepul nusxani Oʻzbekiston davlat arxiviga, A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga fondlarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha yetkazib beradilar.

12-modda. Hujjatlarning majburiy pulli nusxasini yetkazib berish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining qarori bilan hujjat tayyorlovchilar Oʻzbekiston davlat arxiviga, A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga, bolalar kutubxonasiga vakolat berilgan organ tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorda nashrning birinchi tiraj partiyasidan majburiy pulli nusxani yetkazib berishi shart.

Quyidagilar yetkazib berilmaydi: reklama mahsuloti (bukletlar, otkritkalar, xaritalar va rejalar, plakatlar, portretlar, koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalari, kalendarlar, afishalar, etiketkalar), Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi boshqa millatlarning tillarida (oʻzbek tili bundan mustasno)gi nashrlar, xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar, jiddiy hisobot hujjatlari, harbiy mahsulotning texnik hujjatlari, blankali mahsulotlar, hisobot blankalarini toʻldirish boʻyicha koʻrsatmalar, hisobga olish va hisobot shakllaridagi hujjatlarning albomlari, koʻzi ojizlar hamda koʻzi zaif koʻruvchilar uchun moʻljallangan nashrlar.

Hujjatlarni tayyorlovchilar Oʻzbekiston davlat arxiviga, A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga, bolalar kutubxonasiga majburiy pulli nusxani yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlarni bosma mahsulotning tannarxiga kiritadilar.

13-modda. Hujjatlarni tayyorlovchilarning huquqlari

Majburiy bepul va majburiy pulli nusxaning toʻliq va tezkor ravishda yetkazib berilishi hujjatlarni tayyorlovchilarning quyidagi huquqlarini kafolatlaydi:

bibliografik axborotning Oʻzbekiston Respublikasi nashr yilnomasida, signalli va referatli axborot nashrlarida, reklama nashrlarida bepul ravishda nashr qilinishi;

ular tomonidan tayyorlanadigan barcha turdagi hujjatlarning davlat hamda mahalliy darajada doimiy ravishda saqlanishi;

bibliografik axborotni avtomatlashtirilgan axborot banklariga kiritilishi;

ularning soʻroviga muvofiq ularning mahsulotiga doir faktografik va statistik maʼlumotlarni berilishi;

ular tomonidan avval davlat saqlanishiga berilgan hujjatlardan teleradio ishlab chiqarish tashkilotlarining foydalanishi;

hujjatlarni qabul qiluvchilar (hujjatlarning majburiy bepul va majburiy pulli nusxasini) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulkchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq hujjatlarni tayyorlovchilarning huquqlariga rioya qilinishi;

majburiy bepul va majburiy pulli nusxa yetkazib berilganligining yozma ravishda tasdiqlanishi.

14-modda. Hujjatlarning majburiy nusxasini markazlashtirilgan holda taqsimlovchi organning huquqiy maqomi

Hujjatlarning majburiy bepul va majburiy pulli nusxasini markazlashtirilgan holda taqsimlovchi, shuningdek hujjatlarning majburiy nusxasini yetkazib berilishini nazorat qiluvchi organ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining qaroriga binoan belgilanadi.

15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarining majburiy bepul nusxasini qabul qiluvchi tashkilotlarning majburiyatlari

A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

hujjatlarning majburiy bepul nusxasini fondlarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatga olish, hisobga olish, komplektlash, doimiy ravishda saqlash va foydalanish.

Oʻzbekiston davlat arxivining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

hujjatlarning majburiy bepul nusxasini fondlarni shakllantirish yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatga olish, hisobga olish, komplektlash, doimiy ravishda saqlash va foydalanish.

Bolalar kutubxonasining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan hujjatlarning majburiy bepul nusxasini roʻyxatga olish, hisobga olish, komplektlash, uning doimiy ravishda saqlanishi va foydalanilishini taʼminlash.

Koʻzi ojizlar kutubxonasining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

koʻzi ojizlar va koʻzi zaif koʻruvchilarga moʻljallangan hujjatlarning majburiy bepul nusxasini roʻyxatga olish, hisobga olish, komplektlash, uning saqlanishi va undan foydalanilishini taʼminlash.

16-modda. Hujjatlar majburiy nusxasining doimiy ravishda saqlanishi

Hujjatlarning majburiy nusxasini qabul qiluvchilar davlat normativ-huquqiy hujjatlari, davlat standartlari va yoʻriqnomalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hujjatlarini davlat axborot fondida doimiy ravishda saqlanishini taʼminlaydilar.

17-modda. Hujjatlarning majburiy nusxasidan nusxa koʻchirish

Fuqarolar va tashkilotlarga axborot xizmatlarini koʻrsatish maqsadlarida hujjatlarning majburiy nusxasidan nusxa koʻchirish hamda reproduksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

Hujjatlar majburiy nusxasining doimiy ravishda saqlanishi va foydalanilishini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan qabul qiluvchilar tashkilotlar va fuqarolarning murojaatiga binoan ushbu majburiy nusxadan nusxa koʻchirilishini taʼminlaydilar.

18-modda. Hujjatlarning majburiy bepul nusxasi toʻgʻrisida xabardor qilish

Turli xil tashuvchilardagi hujjatlarning majburiy bepul nusxasini qabul qiluvchi va saqlovchi muassasalar bunday hujjatlarning majburiy bepul nusxalari mavjudligi toʻgʻrisida isteʼmolchilarni xabardor qilishlari shart.

19-modda. Majburiy nusxani yetkazib berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik

Majburiy nusxani oʻz vaqtida yetkazib bermaganligi va toʻla boʻlmagan ahvolda yetkazib berganligi uchun hujjatlarni tayyorlovchilar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.

20-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Loyiha

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY SUDI PLENUMINING

QARORI

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish (Jinoyat kodeksi 228-moddasi)ga oid sud statistikasi ushbu ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, sudlar shunday turdagi ishlarni asosan toʻgʻri hal qilmoqdalar, lekin shu bilan birga, ushbu qonunni qoʻllashda xato va kamchiliklar, ayrim muammolar mavjud.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi qoidalarini toʻgʻri tatbiq qilishni taʼminlash, shuningdek, ushbu moddalarni amaliyotda qoʻllashda muammolar vujudga kelganligi va sud amaliyotida mazkur moddalarni bir xilda qoʻllanishi va qonun talablariga toʻliq rioya etilishiga erishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan, Oliy sud Plenumi

QAROR QILADI:

Maʼlumki, rasmiy hujjatlar mamlakat hayotida umuman boshqaruv tizimida va fuqarolarning kundalik va doimiy hayoti va faoliyatida juda katta ahamiyatga ega boʻlib, ulardan toʻgʻri va qonunga muvofiq ravishda foydalanish mamlakat hayotini va fuqarolarning hayoti va faoliyatini aniq, sodda va tez amalga oshirish imkonini beradi.

Ulardan gʻayriqonuniy foydalanish yoki qonunga xilof ravishda ular bilan muomala qilish fuqarolar, korxona, tashkilot va muassasalar, davlat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon yetkazadi. Koʻplab moddiy boyliklarning talon-taroj qilinishiga sabab boʻladi.

Jinoyat kodeksining 8-boʻlimiga koʻra, hujjat deganda, huquqiy ahamiyatga ega boʻlgan fakt va voqealarni tasdiqlovchi, lozim darajada tuzilgan va zaruriy rekvizitlari (shtamp, imzo, muhr, sana, tartib raqami) mavjud boʻlgan yozma hujjat tushuniladi.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash deganda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, muassasalarga tegishli hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni oʻzboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda haqiqiysiga oʻxshatib tayyorlash tushuniladi.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish deganda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, muassasalar tomonidan beriladigan haqiqiy hujjatni rekvizitlarini yoki undagi maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda ana shunday hujjatlarning haqiqiysiga oʻxshatib soxta tayyorlash tushuniladi. Bevosita rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish qalbakilashtiruvchi tomonidan unga berilgan haqiqiy hisoblangan rasmiy hujjatning rekvizitlarini yoki undagi yozuvlarni turli usullarda, masalan, oʻchirish, qattiq va uchli jism bilan qirish, maxsus suyuqlik moddalari bilan boʻyash kabi qalbakilashtirish harakatlarida oʻz aksini topadi.

Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni sotish deganda, soxtalashtirish yoʻli bilan tayyorlangan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni soxtaligini oldindan bilgan holda uni boshqa shaxsga maʼlum bir qiymatdagi haq evaziga oʻtkazilishi tushuniladi.

Qalbaki hujjatdan foydalanish deganda, shaxs hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, qonunga xilof ravishda foydalanish tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 27-oktabrda 1077-son bilan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2001-yil 15-sentabrdagi “Muhrlar va shtamplarni tayyorlash, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 255-sonli buyrugʻiga koʻra ushbu Nizom yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan muhr va shtamplar tayyorlash, saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilab beradi.

Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalanilgan:

Muhr – vakolatli shaxs tomonidan u bildirgan istak-xohishning yoki unga nisbatan tayyorlash, saqlash va foydalanishning alohida tartibi belgilangan boshqa axborotning haqiqiyligini qoʻshimcha ravishda rasman tasdiqlash uchun ishlatiladigan vosita.

Muhrlar asosiy, tarkibiy, shaxsiy va yordamchi muhrlarga boʻlinadi.

Asosiy muhr – yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxsni tashkil etmaydigan dehqon xoʻjaligi nomidan chiqadigan hujjatlarni tasdiqlash uchun ishlatiladigan muhr. Bunda shartnomalar, ishonchnomalar, bank hujjatlari va pul va moddiy vositalarni tasarruf etish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar faqat asosiy muhrlar bilan tasdiqlanadi.

Tarkibiy muhr – bevosita yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi nomidan chiqadigan hujjatlarni tasdiqlash uchun ishlatiladigan muhr.

Shaxsiy muhr – xususiy amaliyot bilan shugʻullanadigan yoki davolash muassasalarida ishlaydigan shifokorlar tomonidan tibbiy hujjatlarni tasdiqlash uchun ishlatiladigan muhr, shuningdek notariuslar ishlatadigan muhr.

Yordamchi muhr – yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxsni tashkil etmaydigan dehqon xoʻjaliklarining ularning asosiy muhr bilan tasdiqlashni talab etmaydigan ichki hujjatlarini tasdiqlash uchun ishlatiladigan muhr.

Shtamp – ularga nisbatan tayyorlash, saqlash va foydalanishning alohida tartibi belgilangan axborotni tasdiqlash yoki hujjatlarni roʻyxatga olish vositasi. Shtamplar burchak, roʻyxatga olish (hisob), axborot, shuningdek shaxsiy shtamplarga boʻlinadi.

Burchak shtamp – yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxsni tashkil etmaydigan dehqon xoʻjaligi nomidan chiqadigan hujjatlarga qoʻyiladigan shtamp.

Roʻyxatga olish (hisob) shtampi – hujjatlarni roʻyxatga olish va hisobga qoʻyish uchun ishlatiladigan shtamp, shu jumladan rasmiy shtamp.

Axborot shtamplari – yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxsni tashkil etmaydigan dehqon xoʻjaligining, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning axboriy tusdagi, burchak va roʻyxatga olish shtamplariga kirmaydigan boshqa shtamplari.

Shaxsiy shtamp – jismoniy shaxslar oʻz ehtiyojlari uchun ishlatadigan, nomli yoki nomsiz shtamp.

Shtempel-oʻymakorlik korxonalari – muhr va shtamplar tayyorlaydigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va ichki ishlar organlarida roʻyxatga olingan matbaa korxonalari.

Yuridik shaxslarning nomlari, shuningdek jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi yozilgan barcha turdagi muhr va shtamplar (bundan keyin – nomli muhr va shtamplar) shtempel-oʻymakorlik korxonalari tomonidan ichki ishlar organlari beradigan ruxsatnomalar asosida tayyorlanadi. Agar muhr va shtamplar ichki ishlar organlari beradigan ruxsatnomalarsiz tayyorlangan boʻlsa, aybdor shaxsning harakatlari jismoniy yoki mansabdor shaxs boʻlishidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Nomsiz shtamplar, shuningdek plombirlar, faksimile va shtempellar shtempel-oʻymakorlik korxonalari tomonidan ichki ishlar organlari ruxsatisiz tayyorlanadi.

Muhr va shtamplarni yoʻqolishi va oʻgʻrilash holatlarida ichki ishlar organlari toʻplangan materiallarni Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq sud organlariga yuborishga haqlidir.

Nomli (familiya, ism, otasining ismi bitilgan) muhr va shtamplarning yoʻqolishi, yoʻq qilinishi yoki oʻgʻirlanishi toʻgʻrisida ularni tayyorlashga ruxsatnoma bergan ichki ishlar organi zudlik bilan xabardor qilinadi. Agar ushbu holat boʻyicha maʼsul boʻlgan mansabdor shaxs oʻz vaqtida ichki ishlar organini xabardor qilmasligi fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, aybdor mansabdor shaxsning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 207-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Yoʻqolgan (yoʻq qilingan, oʻgʻirlangan) muhr va shtamplar oʻrniga tayyorlanadiganlarida “D” (dublikat) harfi bitiladi.

Agar shaxs rasmiy ravishda tayyorlangan, lekin yoʻqolganligini bila turib, muhr va shtamplardan foydalansa, uning harakatlari hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-modda 3-qismi boʻyicha javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Shuningdek, soxta yoki qalbaki hujjatdan foydalanish (JK 228-moddasi 3-qismi)ning tarkibini mavjud boʻlishi uchun quyidagi shartlar boʻlishi lozim:

  • shunday hujjatdan foydalangan shaxsning hujjat soxta yoki qalbaki ekanligini bilganligi;
  • qalbaki yoki soxta hujjatni taqdim qilar ekan, shaxsning muayyan huquqqa ega boʻlish yoki muayyan majburiyatdan ozod boʻlishni istaganligi;
  • shunday hujjatni muayyan tashkilot, muassasa, korxona, mansabdor shaxsga yoki jismoniy shaxsga taqdim qilinganligi talab qilinadi.

Subyektning qilmishini JK 228-moddasi 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilib, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yuqorida keltirilgan shartlarning barchasi bir vaqtda mavjud boʻlishi kerak. Agarda ana shu shartlardan biri boʻlmasa, qilmishni JKning 228-moddasi 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilib javobgarlikka tortishning iloji boʻlmaydi.

Aybdor shaxs firibgarlikni sodir etishda soxta hujjatdan foydalansa, uning qilmishi 168-modda (firibgarlik) tarkibi bilan qamrab olinadi va u Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinmaydi. Bunday holatda soxta hujjat firibgarlik jinoyatini sodir etish usuli va aldashning shakli sifatida baholanadi.

Agar firibgarlik jinoyatini sodir etish maqsadida aybdor shaxsning oʻzi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlasa, ularni qalbakilashtirsa, uning qilmishlari jinoyatlar jami boʻyicha JK 168- va 228-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab notoʻgʻri hisoblash ushbu jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi boʻlgani uchun Jinoyat kodeksi 146-moddasi (saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish) boʻyicha tavsiflanib, JK 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi.

Agar qalbakiligi aybdorga ayon boʻlgan valyuta qimmatliklari koʻrinishidagi, pul muomalasida qoʻllanishini istisno qiladigan darajada haqiqiysiga roʻy-rost oʻxshamaydigan kupyuralar oʻtkazilgan boʻlsa, shuningdek, aybdorda jabrlanuvchini qoʻpol ravishda aldash niyati boʻlganligidan guvohlik beruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa, bunday qilmish Jinoyat kodeksi 176-moddasining tegishli qismi boʻyicha tavsiflanib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi.

Fuqarolarning muddatli harbiy xizmat yoki muqobil xizmatga chaqiruvdan, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati safiga olinish yoxud xizmatni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervida oʻtashdan uzrli sababsiz boʻyin tovlash maqsadida hujjatlarni qalbakilashtirishi ushbu jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi boʻlgani uchun, qilmish Jinoyat kodeksi 225-moddasining tegishli qismi boʻyicha tavsiflanib, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi.

Mansabdor shaxs tomonidan gʻarazgoʻylik yoki boshqa manfaatlarni koʻzlab, rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, qilmish JK 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Hujjatni qalbakilashtirish usuli orqali harbiy xizmatdan boʻyin tovlash shundan iboratki, bunda harbiy xizmatni oʻtashdan ozod boʻlish maqsadida harbiy xizmatchi oʻz qoʻmondoniga soxta hujjat taqdim etadi. Barcha hollarda qalbakilashtirishning mohiyati shundaki, hujjatda koʻrsatilgan voqea va hodisalar amalda mavjud boʻlmasdan, ularga tayangan holda harbiy xizmatchi oʻzini vaqtincha yoki doimiy ravishda harbiy xizmat majburiyatlarini oʻtashdan ozod qilishni iltimos qiladi. Harbiy xizmatdan boʻyin tovlashdagi hujjatlarni qalbakilashtirish (JK 290-modda) obyektiv tomonining zaruriy belgisi boʻlgani uchun uni Jinoyat kodeksining hujjatlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi (Harbiy xizmat boʻyicha Plenum qaroridan kelib chiqqan holda).

Sudlar, amaldagi qonunchilikka koʻra, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarning rahbarlari ham mansabdor shaxslar toifasiga kirishini inobatga olishlari kerak. Shuning uchun, mazkur mansabdor shaxslar tomonidan bankka yoki boshqa kredit muassasasiga xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik ahvoli toʻgʻrisida bila turib yolgʻon maʼlumotlarni taqdim qilish yoʻli bilan kredit yoxud kredit olish uchun imtiyozlarning olinishi, kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoki tekinga olish maqsadi boʻlmagan taqdirda, agar bu xatti-harakatlar oqibatida davlat yoki jamiyat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan boʻlsa, Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan tavsiflanishi kerak. Basharti, koʻrsatib oʻtilgan xatti-harakatlar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan sodir etilgan boʻlsa, u Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim (“Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qonunchilikni qoʻllash sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi Plenum qaroridan).

Tushuntirib oʻtilsinki, agar mansabdor shaxs oʻzi sodir etgan talon-taroj jinoyatini yengillashtirish yoki yashirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolgʻon maʼlumotlar va yozuvlar kiritgan boʻlsa, uning qilmishi JK 167- va 209-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak. Agar mansab soxtakorligi mansabdorlik jinoyatining subyekti boʻlmagan boshqa shaxslar bilan ishtirokchilikda sodir etilgan boʻlsa, bunday ishtirokchilarning harakatlari, basharti ular talon-taroj jinoyati ishtirokchisi boʻlmasa, JK 228-moddasi bilan emas, balki mazkur Kodeksning 28-, 209-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak (“Jazolarni liberallashtirish toʻgʻrisidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qoʻllashning ayrim masalalari haqida” Plenum qaroridan).

Agarda muayyan huquq beruvchi yoki muayyan majburiyatdan ozod etuvchi rasmiy hujjatni bergan tashkilot tugatilgan, uning bergan yoki chiqargan hujjatlari amalda qoldirilgan (yaʼni bekor qilinmagan) boʻlsa, bunday hujjatni qalbakilashtirish, ana shunday hujjatni sotish yoki foydalanish JK 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil qilaveradi. Masalan, Sobiq Ittifoq davrida olingan “Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma”, oʻrta, oʻrta maxsus, Oliy oʻquv yurtini bitirganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar, oʻsha davrda notarius tomonidan tasdiqlangan hujjatlarni, dotsentlik, professorlik diplomlarini va hokazo hujjatlarni qalbakilashtirish JK 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil qilaveradi.

ERMATOV GʻAYRAT OQMIRZAYEVICH

RASMIY HUJJATLARNI

QALBAKILASHTIRISH VA

ULARDAN FOYDALANISH

JINOYATINI

KVALIFIKATSIYA QILISH

MASALALARI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 4,18 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 124-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________

  1. Karimov I.A. 2015-yil 23-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi maʼruza //www.senat.uz.

  2. Постников В.С. Уголовная ответственность за подделку, изготовление, сбыт и использование подложных документов, штампов, печатей, бланков: Автореф. канд. дис. – Mосква, 2005. – С. 10-11.

  3. Интересно отметит, что значение слова «подлог» (существителное – действие) примыкает к одному из значений слова «подложить»: «…Положить скрытно, с каким-нибуд умыслом» (см.: Ожегов С.И., Шведова Н.Ю. Толковый словарь русского языка. – Москва, 2008. – С. 527).

  4. Шаяхметова Э.Ф. Понятие «подлог документов» / Вестник ТИСБИ. – 2004. – №3.

  5. Oʻzbekiston yuridik Ensiklopediyasi. – T.: “Adolat”, 2009. – B. 64.

  6. Karimov I.A. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. – T.: “Maʼnaviyat”, 2008. – B. 51.

  7. Muqimov Z. Oʻzbekiston huquqining tarixiy manbalari. – Samarqand: Zarafshon, 1995. – B.107.

  8. Rustambayev M.H. Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. I tom. Umumiy qism. Jinoyat toʻgʻrisidagi taʼlimotlar. Oliy taʼlim muassasalari uchun darslik. – T.: ILM –ZIYO. – B 39.

  9. Rustambayev M.H. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi. III tom. Maxsus qism. Shaxsga qarshi jinoyatlar. Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar. ‒T.: ILM ZIYO, 2011. – B. 19.

  10. Rustambayev M.H. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi. IV tom. Maxsus qism. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Oliy taʼlim muassasalari uchun darslik. – T.: ILM –ZIYO. – B.112.

  11. Oʼsha joyda. – B. 335.

  12. Rustambayev M.H. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi. I tom. Umumiy qism. Oliy taʼlim muassasalari uchun darslik. – T.: ILM –ZIYO, 201l. ‒ B. 38.

  13. Ermatov Gʻ.O. Rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanishga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va kriminologik choralari. Yu.f.nomzod. … diss. ‒ Toshkent, 2007. – B.43.

  14. Rustambayev M.X. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga sharhlar (Umumiy qism). – T.: ILM ZIYO, 2006. – B.154.

  15. Рарог A.И. Субъективная сторона и квалификация преступлений. – М.: Профобразования, 2001. – С.26.

  16. Rustambayev M.X. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga sharhlar (Umumiy qism). – T.: ILM ZIYO, 2006. – B.159.

  17. Тяжкова И.M. Неострожные преступления с исползованием источников повышенной опасности / Пoд. ред. д-ра юридических наук, проф. В.С. Комиссарова. – СПб.: “Юридический центр Пресс”, 2012. – С.14-15.

  18. Bakunov P. Ayb jinoyat subyektiv tomonining zaruriy belgisi sifatida. – T. “Adolat”, 2006. – B. 99; Ворошлин Е.В., Кригер Г.A. Субъективная сторона преступления. – М.: МГУ, 1987; Рарог A.И. Проблемы субъективной стороны преступления. – М.: МЮИ, 1991. – С. 90.

  19. Гаврилов С.T., Покаместов A.В., Тямкин A.В. Проблемы квалификации отделных видов преступлений. – Воронеж: ВШ МВД, 2007. – С. 49.; Гаухман Л.Д. Квалификация преступлений: закон, теория, практика. – М. Юринформ. 2001. – С. 115; Куликов A.В. Двойная форма вины: понятие, виды, конструкция составов, квалификация. – Свердловск, 2000. – С.7.; Горелик A.С. Конкуренция уголовно-правовых норм. –Изд-во. Красноярск. Красноярск ун-т, 2008. – С. 35.

  20. Костарева T.A. Квалифицирующие обстоятелства в уголовном праве. – М.: Юрист, 2005. – С. 112; Ларин A.M. Преступность и раскрываемость преступлений // Государство и право. – 2009. – № 4. – С. 83-89.

  21. Toshpoʻlatov A.I. Yolgʻon guvohlikning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari. – T.: Falsafa va huquq, 2009. – B. 75.

  22. Алоухонов Е.O. Квалификация хищений совершенных по подложным документам. – T.: “Adolat”, 2000. – С. 119; Bakunov P. Ayb jinoyat subyektiv tomonining zaruriy belgisi sifatida. – T.: “Adolat”, 2006. – B. 29.

  23. Рарог A.И. Субъективная сторона и квалификация преступления. – М.: Профобразования, 2001. – С. 61-74.

  24. Гаухман Л.Д. Субъективная сторона преступления (сравнительно-правовой аспект). Лекция. – Москва, 2002. – С. 47-48.

  25. Питеский В. К вопросу о степени вины в уголовном праве / Ж. Уголовное право. – Москва, 2009. – № 3. – С. 41-46.

  26. Usmonaliyev M. Jinoyat huquqi. Umumiy qism. ‒ T.: Yangi asr avlodi, 2005. – B. 254.

  27. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-iyuldagi “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 8-sonli qarori //www.lex.uz.

  28. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi “Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 8-sonli qarori // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Axborotnomasi. – T.: “Muharrir”, 3-son, 2013. ‒ B.23.

  29. Maxkamov O.M., Ermatov Gʻ.O. Mansab soxtakorligi yoki hujjatlarni qalbakilashtirish soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash usuli sifatida // “ADVOKAT” jurnali, № 01/2015. ‒ B.30.

  30. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi 11-sonli qarori. http:// http://www.lex.uz.

  31. Maxkamov O.M. Soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning jinoiy-huquqiy va kriminologik jihatlari. Monografiya. – T.: “TDYUU” nashriyoti, 2015. ‒ B.240.

  32. Rustambayev M.X. Ugolovnoye pravo Respubliki Uzbekistan. Osobennaya chast. – T.: Mir ekonomiki i prava, 2002. – S. 345.

  33. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. 1997-yil, 2-son, 42-modda.

  34. Ermatov Gʻ.O. Rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanishga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va kriminologik choralari. Yu.f.nomz. … diss. ‒ T., 2007. – B. 77.

  35. Уголовный кодекс Азербайджанской Республики (Утвержден Законом Азербайджанской Республики от 30 декабря 1999 г. № 787-ИҚ) (Вступил в силу с 1 сентября 2000 года согласно Закону Азербайджанской Республики от 26-мая 2000 г. № 886-ИҚ).

  36. Уголовный кодекс Республики Беларусь от 9 июля 1999 г. – №275-з //http://www.pravo.by

  37. Уголовный кодекс Грузии: Принят 22 июля 1999 года; Введен в действие с 1 июня 2000 года // http://law.edu.ru

  38. Уголовный кодекс Республики Казахстан // http://kodeks-advocate.kz

  39. Уголовный кодекс Российской Федерации // http://www.uk-rf.com

  40. Уголовный кодекс КНР. http://www.asia-business.ru