KIRISH
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot bo‘yicha zarur infratuzilmani yaratish va uni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020-yil 28-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4699-sonli Qarori qabul qilindi.
Mazkur Qarorga muvofiq, 2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini ikki baravarga ko‘paytirish vazifasi belgilandi. Shuningdek, ushbu Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari qatorida quyidagilar nazarda tutildi:
– iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishga raqamlashtirish jarayonlarining ta’sirini baholash;
– ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida yangi yo‘nalishlar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganish orqali ularni davlat organlari va tashkilotlarida keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
– iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etishning konseptual va uslubiy asosini shakllantirish.
Bundan tashqari, mazkur Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish doirasida axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining loyihalari va texnik hujjatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish yuklatildi.
1. REKLAMA NIMA VA UNING QANDAY SHAKLLARI MAVJUD?

Hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot elementlari boshqa sohalar qatori reklama sohasiga ham kirib keldi va tobora ommalashib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasida reklamani tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni, Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 1024, 06.04.2001-y.) kabi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasida aynan jahon Internet axborot tarmog‘ida, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan maxsus qonun hujjati hanuzgacha mavjud emas.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasiga ko‘ra, “agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining reklama to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi”[1]. Demak, ushbu normadan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnoma qoidalari Internet tarmog‘ida, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlarni ham qamrab olgan taqdirda, mazkur xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ushbu Qonunning 4-moddasiga asosan, “reklama – bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar, mahsulot, shu jumladan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va texnologiyalar to‘g‘risida har qanday shaklda va har qanday vositalar yordamida qonunchilikka muvofiq tarqatiladigan maxsus axborot”dir[2]. Afsuski, mazkur moddada nazarda tutilgan “har qanday shaklda va har qanday vositalar yordamida” jumlasi – mazmunan onlayn reklama tayyorlash va tarqatish faoliyatini ham qamrab olishi yoki olmasligi aniq belgilab berilmagan.
Shuningdek, Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 1024, 06.04.2001-y.) da[3] ham Internet tarmog‘ida reklama tayyorlash va tarqatish faoliyatini bevosita yoki bilvosita tartibga solishga qaratilgan bir qator normalar mavjud. Xususan, ushbu Nizomning 16-bandi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aynan elektron tijoratda realizatsiya qilinayotgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarga nisbatan muayyan talablar (sotuvchining nomi yoki ism-familiyasi, joylashgan manzili, davlat ro‘yxatidan o‘tgan guvohnoma raqami, STIR va h.k.)ni ilgari suradi. Qolaversa, mazkur Nizomning 24-bandiga muvofiq, “Internet tarmog‘i veb-saytlarida reklamani joylashtirishga ruxsat etiladi”. Biroq, ushbu 24-band matni shu yerda tugaydi, u juda ham umumiy bo‘lgan mazkur jumla bilan cheklanadi. Jumladan, “Internet tarmog‘i veb-saytlaridagi reklama”ga nisbatan ham an’anaviy shakldagi reklama tayyorlash va tarqatish faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari amal qilishi yoki qilmasligi, ayniqsa, “Internet tarmog‘i veb-saytlaridagi reklama” ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan reklamani ham qamrab olishi yoki olmasligi kabi masalalar ochiq qolgan. Shu sababli, Internet tarmog‘idagi, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama tayyorlash va tarqatish faoliyatini tartibga solishda huquqiy bo‘shliq yuzaga kelgan, deb da’vo qilishimiz mumkin. Albatta, bu kabi holatlar huquqni qo‘llash amaliyotida Internet tarmog‘idagi reklama bozori ishtirokchilari, jumladan, mazkur faoliyatni tartibga soluvchi davlat organlari va biznes subyektlari o‘rtasida nizo yuzaga keltirishi ehtimoli kattadir.
Internet tarmog‘idagi reklama faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston qonunchiligining yana bir e’tiborli jihati – bu Soliq kodeksida “Internet tarmog‘ida … reklamaga oid xizmatlar ko‘rsatish”ning aks etganid[4], garchi O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunida bu haqida nazarda tutilmagan bo‘lsa ham. Xususan, Soliq kodeksining 39-bobi elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning 282-moddasiga ko‘ra, “Ushbu bo‘limni qo‘llash maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jahon Internet axborot tarmog‘idan avtomatik usulda foydalanish orqali ko‘rsatilgan xizmatlar elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga kiradi”. Jumladan, bunday xizmatlar toifasiga “Internet tarmog‘ida, shu jumladan elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlardan va Internet tarmog‘ida ishlab turgan ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda reklamaga oid xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek Internet tarmog‘ida reklama uchun reklamaga oid maydon (joy) va vaqt berish” ham kirishi nazarda tutilgan (3-band). Ayni vaqtda, ushbu 282-moddaning oxirgi qismi quyidagi istisnolarni nazarda tutadi:

“1) agar Internet tarmog‘i orqali buyurtma berilganda tovarlar yetkazib berish (xizmatlar ko‘rsatish) aslida Internet tarmog‘idan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan bo‘lsa, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish;
2) elektron hisoblash mashinalari (shu jumladan kompyuter o‘yinlari) uchun dasturlarni va moddiy jismlardagi ma’lumotlar bazalarini realizatsiya qilish (ulardan foydalanish huquqlarini taqdim etish);
3) elektron pochta orqali maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
4) Internet tarmog‘idan foydalanish imkonini berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish”.
Demak, garchi O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunida “Internet tarmog‘ida reklamaga oid xizmatlar ko‘rsatish” bevosita qayd etilmagan bo‘lsa ham, Soliq kodeksi bunday faoliyatni soliqqa tortiladigan faoliyatlar toifasiga kiritgan.
Reklama munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga quyidagilar kiradi:
|
2. REKLAMA DEGANDA NIMA TUSHUNILADI?
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, reklama – bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar, mahsulot, shu jumladan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va texnologiyalar to‘g‘risida har qanday shaklda va har qanday vositalar yordamida qonunchilikka muvofiq tarqatiladigan maxsus axborotdir.

Qolaversa, reklama vositalari esa – reklamani undan foydalanuvchi (reklama yo‘naltirilgan shaxs yoki shaxslar guruhi) ga yetkazish uchun ishlatiladigan vositalar hisoblanadi.
3. REKLAMAGA NISBATAN QANDAY TALABLAR MAVJUD?
Reklamaga doir asosiy talablar quyidagilardir:
- Qonuniylik,
- aniqlik,
- ishonchlilik,
- reklamadan foydalanuvchiga zarar, shuningdek ma’naviy zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalanish.
Reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

– ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida axborot tarqatish;
– jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning mahsulotini badnom etish;
– qonunchilikning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning sog‘lig‘i yoki hayotiga va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, shuningdek xavfsizlik vositalariga e’tiborsizlik tuyg‘usini uyg‘otuvchi harakatlarga da’vat qilish;
– majburiy sertifikatlashtirilishi zarur bo‘lgan yoki ishlab chiqarilishi yoxud realizatsiya qilinishi uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) bo‘lishi talab etiladigan mahsulotni tegishli sertifikati, litsenziyasi bo‘lmay turib reklama qilish;
– agar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa mahsulot reklamasida qo‘llaniladigan umumiy yechim, matn, tasvir, musiqali yoki ovozli ohanglarni aynan takrorlash (taqlid yoki o‘xshatma qilish);
– jismoniy shaxsning nomi yoki tasviridan uning roziligisiz foydalanish;
– pornografiyani tarqatish;
– axborot mazmunining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xorijiy so‘z va iboralardan foydalanish;
– mahsulot davlat organlari yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish;
– ishtirok etish uchun muayyan mahsulotni olish sharti qo‘yilgan rag‘batlantiruvchi lotereya, tanlov, o‘yin yoki shunga o‘xshash boshqa tadbir o‘tkazishni tadbirning tashkilotchisini, uni o‘tkazish qoidalari va muddatlarini, bunday tadbir haqidagi axborot manbaini, mukofotlar yoki yutuqlar miqdorini, ularni olish muddatlari, joyi va tartibini ko‘rsatmagan holda reklama qilish;
– mahsulotni tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi reklama qilish taqiqlangan yoxud reklama qilishga nisbatan tegishli cheklovlar yoki talablar belgilangan mahsulotning tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoxud unga aynan o‘xshash bo‘lgan boshqa mahsulotning reklamasi ko‘rinishida reklama qilish.
- VOYAGA YETMAGANLARGA MO‘LJALLANGAN REKLAMAGA NISBATAN QANDAY CHEKLOVLAR MAVJUD?
Voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

– faqat voyaga yetganlarga mo‘ljallangan yoki voyaga yetmaganlarning olishi yoxud iste’mol qilishi taqiqlangan mahsulotni voyaga yetmaganlar iste’mol qilayotgan yoki undan foydalanayotgan tasvir tushirilgan reklama;
– voyaga yetmaganlarni mahsulot olishga yoki reklama qilinayotgan mahsulotni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga da’vat qiluvchi reklama;
– haqiqiy yoki o‘yinchoq quroldan foydalanilgan reklama.
Eʼtibor qarating! O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1781-moddasiga binoan reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shuningdek, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganligi reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilarni vakolatli davlat organining qarorini yoki ko‘rsatmasini bajarish yoki reklama to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni sodir etish majburiyatidan ozod qilmaydi. |
5. REKLAMANING QANDAY TURLARI MAVJUD?
Reklama turlariga quyidagilar kiradi:
* Noto‘g‘ri reklama

– Noaniqligi, ikki xil ma’noni anglatishi, bo‘rttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qo‘yilgan talablarni va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarni buzishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, shaxslarga, shuningdek davlatga zarar va ma’naviy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama noto‘g‘ri (insofsiz, bilaturib yolg‘on) reklama hisoblanadi.
* Yashirin reklama
– Yashirin reklama iste’molchining idrokiga uning o‘zi anglamagan holda ta’sir o‘tkazadigan, shu jumladan maxsus video ilovalardan (qo‘sh ovozli yozuvdan) foydalanish yo‘li bilan hamda boshqa usullar bilan ta’sir o‘tkazadigan reklamadir.

* Qiyosiy reklama
Qiyosiy reklama – raqobatchiga yoki uning tomonidan taqdim etilayotgan muayyan bir turdagi mahsulotga bevosita yoki bilvosita aynanlashtiriladigan reklamadir.
Agar reklamada mahsulotning moddiy, muhim, ishonchli xossalari xolisona va insofli taqqoslansa, agar bunda reklama undan foydalanuvchini chalg‘itib qo‘ymasa va chalg‘itib qo‘yishi ham mumkin bo‘lmasa, reklama beruvchi bilan raqobatchining shaxsi yoki reklama beruvchining va raqobatchining tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), firma nomi, mahsuloti aralashib ketmasa hamda raqobatchining ishchanlik obro‘sini yoki uning tovar belgisini (xizmat ko‘rsatish belgisini), firma nomini, mahsuloti yoki faoliyatini badnom etmasa, qiyosiy reklamaga yo‘l qo‘yiladi.
* Ijtimoiy reklamali axborot
– Ijtimoiy reklamali axborot sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya resurslarini saqlab qolish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga doir axborot, shuningdek notijorat yo‘sindagi boshqa axborotdir.

* Tashqi reklama
– Tashqi reklamaga alohida maxsus konstruksiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yo‘l chekkalarida, ko‘cha yoritgichlarining tayanchlari va hokazolarda joylashtiriladigan reklama kiradi.

* Energetik ichimliklar reklamasi
Energetik ichimliklar reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak.
Energetik ichimliklar reklamasi ichimliklarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi, ushbu jarayonlar iste’molchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.
Energetik ichimliklar reklamasida quyidagilar taqiqlanadi:
– soat 7-00 dan soat 22-00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish;
– reklama qilish maqsadida energetik ichimliklar namunalarini o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekin tarqatish;
– asosan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan yoki tasviridan foydalaniladigan bo‘lsa;
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
– asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish.

* Aksilreklama
Aksilreklama – noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni bartaraf etish maqsadida tarqatiladigan raddiya.
Vakolatli davlat organlari reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligini aniqlagan taqdirda, qonunbuzar mazkur organlarning qaroriga binoan va ular ko‘rsatgan muddatda aksilreklama berishi shart.
Aksilreklama berish shuningdek, ixtiyoriy ravishda yoki sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin. Aksilreklama berishni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar qonunbuzar tomonidan qoplanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: Oʻzbekiston, 2021. – B. 76.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. – T.: Adolat, 2019. – B. 560.
- Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi. – T.: Adolat, 2021. – B. 632.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi. – T.: Adolat, 2019. – B. 384.
- O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni // “O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi”ning veb-sayti – www.lex.uz.
- Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 1024, 06.04.2001-y.) // www.lex.uz.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4699-sonli Qarori // www.lex.uz.
TURSUNOV ABDUXALIL ABDUSALIMOVICH
REKLAMA BOZORIDA ISTE’MOLCHILARNING
HUQUQLARI HIMOYASINI TA’MINLASH
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
00.00.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 00 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 00-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
-
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni, https://lex.uz/docs/-25458 ↑
-
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni, https://lex.uz/docs/-25458 ↑
-
Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 1024, 06.04.2001-y.), https://lex.uz/docs/-800111 ↑
-
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, https://lex.uz/docs/-4674902 ↑