Bugungi kunda respublikamizda tadbirkorlik subyektlari huquqlariga oid muayyan qonunchilik tizimi shakllangan bо‘lib, unga muvofiq tadbirkorlar faoliyati erkinligi va huquqlarining muhofazasi va kafolati qonun yо‘li bilan himoya qilingan. Biroq amaliyotda hali ham qonun buzilishiga yо‘l qо‘yish holatlari aniqlanayotganligi, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar kuzatilayotganligi, bu esa ularning erkin va tо‘laqonli faoliyat yuritishiga tо‘siq bо‘layotganligi kuzatilmoqda.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatiga tо‘siq bо‘layotgan yuqoridagi holatlarni bartaraf qilish borasida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyovning 2017-yil 7-fevralda “О‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bо‘yicha Harakatlar strategiyasi tо‘g‘risida”gi Farmon[1] bilan tasdiqlangan 2017–2021-yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasi asosiy hujjat vazifasini bajarib berdi. Aynan mazkur hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 2017-yilning 5-may kuni qabul qilingan “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil institutini ta’sis etish tо‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil instituti Prezident huzurida tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, 2017-yil 29-avgust kuni “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risida”gi Qonun[2] qabul qilindi.
Afsuski tadbirkorlik sohasida ularning huquqlarini himoya qiluvchi qonun hujjatlari kо‘p qabul qilinishiga qaramasdan, bu boradagi muammolar saqlanib qolmoqda. Bu haqida Prezidentimiz SH.Mirziyoyev quyidagilarni ta’kidlab о‘tdilar: “Yurtimizda tadbirkorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti? Chunki bu soha vakillarini asossiz ravishda tekshirish holatlari kо‘p. Ochig‘ini aytganda, tadbirkorlikning erkin rivojlanishiga о‘zimiz – davlat idoralari yо‘l qо‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bо‘lmagan tartib-taomillar hamon saqlanib qolmoqda, joylarda kо‘pgina amaldorlar faqat о‘z shaxsiy manfaatini о‘ylab ish kо‘rmoqda. Bu haqda gapirganda, mashhur davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning bir gapi beixtiyor esga tushadi. Qarang, u nima deb yozgan ekan: “Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqli odamlargina tadbirkor deganda og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi. О‘ylaymanki, bu gaplarning naqadar tо‘g‘ri ekaniga izoh berishning hojati yо‘q”[3].
О‘ZBEKISTONDA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING HUQUQLARI VA QONUNIY MANFAATLARINI HIMOYA QILISH BО‘YICHA VAKIL INSTITUTI JORIY ETILISHI VA UNING О‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan 2016-yil yilning 5-oktabrida “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunlar ijrosi ustidan Parlament nazorati shakllarini kuchaytirish maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil institutini tashkil etish belgilandi. Biroq dunyo tajribasi shuni kо‘rsatdiki, ushbu institut oliy vakillik organi huzurida emas, balki davlat boshlig‘i – prezident huzurida tashkil etilishi bizning davlatchiligimizga kо‘proq mos kelishi hamda vakilning faoliyati yanada samaraliroq amalga oshirilishini kо‘rsatdi.
Shu sababli 2017-yilning 5 may kuni qabul qilingan “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil institutini ta’sis etish tо‘g‘risida”gi Prezident farmoni[4]ga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakili instituti Prezident huzurida tashkil etildi.

Fikrimizcha, О‘zbekistonda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil – mamlakatda tadbirkorlikning rivojlanishi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi, ushbu huquq va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi kafolatini ta’minlovchi mansabdor shaxsdir.
Xalqaro tajribalardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning ikki shakli mavjud:
- Ma’muriy shakl;
- Sud shakli[5].
Prezident huzurida tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil instituti orqali tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni ma’muriy shakl sifatida baholash mumkin.

О‘z navbatida О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev ushbu institutni tashkil etilishini quyidagicha izohlaydi: “Konstitutsiyamizda muhrlab qо‘yilgan “Har bir shaxs mulkdor bо‘lishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida” degan normalarni amalda rо‘yobga chiqarish maqsadida yangi institut – О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil instituti ta’sis etildi”[6].
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING HUQUQLARI VA QONUNIY MANFAATLARINI HIMOYA QILISH BО‘YICHA VAKIL INSTITUTINING VAZIFA VA VAKOLATLARI
Bilamizki, davlat boshqaruvi tizimidagi har qanday davlat tuzilmasi о‘z oldida turgan vazifa va funksiyalarni samarali va sifatli amalga oshirishi uchun unga ma’lum bir vakolatlar hamda huquqlar berilishi lozim, xususan biznes ombudsman institutiga ham. 2017-yilning 5-may sanasida qabul qilingan “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakili institutini ta’sis etish tо‘g‘risida”gi Prezident farmonida vakilning huquqlari, vakolatlari, vazifalari hamda tashkiliy huquqiy asoslari belgilab berilgan bо‘lib, bunga muvofiq 2017-yil 29-avgust sanasida “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risi”dagi qonun qabul qilindi hamda ushbu qonunning 7-moddasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yо‘nalishlari etib belgilandi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakili instituti ta’sis etildi va uning asosiy vazifalari va faoliyat yо‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning buzilishiga yо‘l qо‘yilmasligi tо‘g‘risidagi ogohlantirish Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda e’lon qilinadi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil ogohlantirish tо‘g‘risida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga xabar qilishga haqli.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish tо‘g‘risidagi taqdimnoma Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritiladi.
Taqdimnoma kechiktirmay bajarilishi va kо‘rilgan chora-tadbirlar tо‘g‘risida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga, agar boshqa muddat belgilanmagan bо‘lsa, о‘n besh kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar qilinishi lozim.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning majburiyatlari “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risi”dagi Qonunning 11-moddasida belgilangan bо‘lib unga kо‘ra vakil quyidagilarga majbur:
- О‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etishi, о‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining о‘z vakolatlari doirasida amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashmasligi;
- davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga tо‘siqlarni vujudga keltirmasligi;
- davlat sirlarini yoki qonun bilan qо‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish tо‘g‘risidagi qonunchilikning talablariga rioya etishi;
- arz qiluvchilarni shikoyatlarni kо‘rib chiqish natijalari tо‘g‘risida xabardor etishi shart.
Qonunga muvofiq, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil о‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bо‘lmagan tarzda amalga oshiradi va о‘z faoliyatida О‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil va uning о‘rinbosari О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Bu uning konstitutsiyada mustahkamlangan hokimiyatlar bо‘linish prinsipiga aloqador emasligi, faoliyatining mustaqilligi va faqat Prezidentga bо‘ysunishini bildiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil О‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli ravishda davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tо‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi holati tо‘g‘risida axborot taqdim etadi. Ya’ni Vakil qonunlarning tadbirkorlik sohasiga oid qonun va qonunosti hujjatlarning joylarda qay darajada ijro etilayotganligi, qonunlarning amaliyotga naqadar mutanosibligi, qanday qonunlarni takomillashtirish lozimligi yuzasidan va shu kabi holatlar yuzasidan axborotlar taqdim qiladi.

2017-yil 29-avgust kunida qabul qilingan “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risi”dagi Qonunga kо‘ra, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil maqomi, mehnat haqi, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlariga kо‘ra О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining о‘rinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning о‘rinbosari esa — О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni shо‘ba mudiriga tenglashtirilmoqda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning faoliyati esa yuridik shaxs hisoblangan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil devoni tomonidan ta’minlanishi kо‘zda tutilgan.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning faoliyati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning devoni (bundan buyon matnda Vakil devoni deb yuritiladi) tomonidan ta’minlanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning о‘rinbosarlaridan biri bir vaqtning о‘zida Vakil devonining rahbaridir. Vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, ularga nisbatan О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat kо‘rsatish, moddiy rag‘batlantirish va mehnatga haq tо‘lash shartlari tatbiq etiladi. Vakil devonining tuzilmasi va uning xodimlarining shtat birligi О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vakil devonining xodimlari ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar tо‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqiga egadir. Vakil devoni yuridik shaxs bо‘lib, о‘z hisob-kitob varag‘iga va boshqa hisobvaraqlarga, о‘z nomi yozilgan hamda О‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga ega bо‘ladi. Vakil devoni tо‘g‘risidagi nizom Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida xorijiy mamlakatlarning xuddi shunday institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning milliy organlari va boshqa muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga quyidagi huquqlar taqdim etilgan:
1. | tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishga doir qonun hujjatlari davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan sо‘zsiz ijro etilishini о‘rganish; |
2. | tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish bо‘yicha kompleks chora-tadbirlar kо‘rish yuzasidan takliflar kiritish; |
3. | tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bо‘yicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi tо‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish; |
4. | davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda kо‘rib chiqilishi majburiy bо‘lgan aniqlangan qonun buzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish tо‘g‘risida taqdimnoma kiritish; |
5. | tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini kо‘zlab sudlarga davlat boji tо‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilish; |
6. | davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bо‘yicha ijroni qarzdor tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini kо‘zlab kechiktirish yoki bо‘lib-bо‘lib ijro etish tо‘g‘risidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish; |
7. | davlat organlari va tashkilotlaridan о‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar hamda boshqa axborot sо‘rash va olish; |
8. | davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini kо‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislarida ishtirok etish; |
9. | zarur bо‘lgan hollarda, о‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlarining, ilmiy muassasalarning va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb etish, ishchi guruhlar tuzish; |
10. | tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar tо‘g‘risidagi ishlar bо‘yicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va hukm qilingan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashish uchun qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish; |
11. | ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar tо‘g‘risida bayonnomalar tuzish. |
TADBIRKORLARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISH BО‘YICHA VAKILNING TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING SHIKOYATLARINI VA BOSHQA MUROJAATLARINI KО‘RIB CHIQISH TARTIBI
Bizga ma’lumki, umumiy huquqiy himoya tizimi markazida sud orqali himoyalanish yotadi. Binobarin, sudga murojaat qilish huquqi har bir subyekt huquqlari himoyasini ta’minlovchi о‘ziga xos negiz bо‘lib hisoblanadi. Konstitutsiyaning 44-moddasida belgilab qо‘yilganidek, har bir shaxsga о‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Huquqlarni sud orqali himoya qilish huquqiy himoya tizimining eng universal vositadir. Biroq u yagona vosita emas. Subyekt qonunda belgilangan shart-sharoitlar va imkoniyatlardan kelib chiqib о‘zi uchun maqbul yuridik vositadan foydalanishga haqli (jumladan, о‘zini – о‘zi himoya qilish, ma’muriy vositalar orqali himoya, fuqarolik huquqiy vositalar orqali himoya va h.k. )

Ayni paytda tadbirkorlik faoliyati ustidan qat’iy davlat nazorati jarayoni har doim ham ijobiy natijalar beravermaganligini e’tirof etish lozim. Nazorat qiluvchi organlar sonining kо‘pligi, ularni tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga huda-behuda aralashishlari, arzimagan formal huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalarni adolatsiz qо‘llash, ayrim xodimlar suiiste’molchiliklari va ba’zan ta’magirliklari ham uchrab turgani hech kimga sir emas[7].
Tadbirkorlik faoliyatini yanada qо‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatiga ma’muriy organlarning noqonuniy aralashish holatlarini bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, 2011-yil – “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb nomlandi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturiga muvofiq davlat va nazorat organlarining korxonalar moliya-xо‘jalik faoliyatiga aralashuvini tubdan qisqartirish, tekshirishlarni tashkil qilish tizimini yanada takomillashtirish va mansabdor shaxslarning ular faoliyatiga asossiz aralashuvi uchun javobgarligini kuchaytirish, shu asosda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishni ta’minlash maqsadida 2011-yil 4-aprelda qabul qilingan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining tekshirishlarini yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PF–4296-sonli Farmoni tadbirkorlarga yaratilgan yana bir huquqiy kafolat bо‘lib xizmat qilgan edi[8].

ESLAB QOLING!!!
Tadbirkorlik subyektlari о‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bо‘lmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning kо‘rib chiqish doirasiga kirmaydi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni kо‘rib chiqmaydi.
Demak, vakil tomonidan kо‘rib chiqiladigan ishlar doirasiga ma’muriy nizolar kiradi. Ma’muriy nizolarni fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzadigan davlat boshqaruv organi yoki mansabdor shaxslarining xatti-harakati yoki boshqaruv aktidan norozi bо‘lib, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga shikoyat bilan yoki sudga shikoyat bilan hal etilishi mumkin.[9]
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan ma’muriy nizolarni hal etish tartibi ma’muriy yustitsiyaning kvazi sudlov shakli belgilariga о‘xshashdir. Jumladan, ular faoliyatini kamxarjligi va ishni kо‘rish jarayonining soddaligida kо‘rinadi.[10]


О‘zbekiston Respublikasining “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga kо‘ra, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil shikoyatlarni kо‘rib chiqayotganda о‘z vakolatlari doirasida:
- masalani uning mohiyatiga kо‘ra hal qilishi;
- arz qiluvchi о‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bо‘lgan vositalar va shakllarni kо‘rsatishi;
- shikoyatni uning mohiyatiga kо‘ra hal qilishga vakolatli bо‘lgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborishi;
- arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishi;
- sababini albatta kо‘rsatgan holda shikoyatni kо‘rib chiqishni rad etishi mumkin[11].
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham kо‘rishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan о‘ziga axborot tо‘plash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish vazifasi topshirilgan shaxslarning bunday harakatlar uchun ta’qib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning murojaatiga yozma shaklda javob yuborishi, shuningdek sо‘ralayotgan ma’lumotlarni, hujjatlarni va materiallarni tegishli murojaat qabul qilingan kundan e’tiboran о‘n kundan oshmagan muddatda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga taqdim etishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning murojaatiga javob murojaat bevosita qaysi davlat organi rahbariga yо‘llangan bо‘lsa, о‘sha davlat organi rahbarining yoki uning о‘rinbosarining imzosi bilan yuboriladi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlarining boshqa murojaatlarini kо‘rib chiqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
ESLAB QOLING!!!
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil qaysi davlat organining yoki boshqa tashkilotning, uning mansabdor shaxsining qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan bо‘lsa, о‘sha davlat organiga yoki boshqa tashkilotga, uning mansabdor shaxsiga tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan о‘z xulosasini yuboradi.
О‘zbekiston Respublikasining “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga kо‘ra, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham bо‘lishi mumkin[12].
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil arz qiluvchiga о‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ma’lum bо‘lib qolgan paytdan e’tiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bо‘lsa, о‘z shikoyati bо‘yicha qabul qilingan ohirgi qarordan xabar topgan paytdan e’tiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni kо‘rib chiqadi.
Shikoyat berishning uzrli sababga kо‘ra о‘tkazib yuborilgan muddati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan tiklanishi mumkin.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi tо‘g‘risidagi ma’lumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa, uning tо‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) tо‘g‘risidagi ma’lumotlar kо‘rsatilgan bо‘lishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) kо‘rsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bо‘lishi kerak.
Shikoyat bо‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning kо‘chirma nusxalari, shuningdek shikoyatni kо‘rib chiqish uchun zarur bо‘lgan boshqa hujjatlar unga ilova qilinishi mumkin bо‘lib, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u kо‘rib chiqilguniga qadar va kо‘rib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olishi mumkin. Shikoyatni qaytarib olish tо‘g‘risidagi ariza Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar kо‘rilishini istisno etmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.

YODDA TUTING!!!
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini, aloqa vositalari va hujjatlarini kо‘zdan kechirishga yо‘l qо‘yilmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat О‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qо‘zg‘atilishi mumkin.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil lavozimdan quyidagi hollarda О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:

TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING HUQUQLARI VA QONUNIY MANFAATLARINI HIMOYA QILISH BО‘YICHA VAKILNING DAVLAT ORGANLARI BILAN О‘ZARO ALOQASI
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari xususida gap borar ekan, ularning nafaqat qonun hujjatlarida belgilanishi, balki eng muhimi – bu huquq va manfaatlarning davlat tomonidan samarali himoya qilinishi mexanizmlarining yaratilishiga ham e’tiborni qaratish lozim, albatta. Xususan, asosiy qomusimiz bо‘lmish Konstitutsiyaning 54-moddasida iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishning erkinligi hamda davlat tomonidan kafolatlanganligi, bundan tashqari tadbirkorlik subyektlarining avvalo inson ekanligini hisobga oladigan bо‘lsak, inson huquqlarini himoya qilish masalalari Konstitutsiya muqaddimasi va qator moddalarida о‘z aksini topganligini kо‘ramiz.
Fuqarolar huquqlarining himoyasi davlat hokimiyatining barcha organlari, mahalliy о‘zini о‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslarning mutlaq majburiyatidir. Mazkur organlarining har biri о‘z vakolatlari doirasida harakat qilib, mamlakatning konstitutsiyasi va qonunlariga tayanib, о‘ziga tegishli usullar bilan shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish bо‘yicha oldiga qо‘yilgan vazifani bajarishga majbur.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Vakil tomonidan bajariladigan funksiyalarning turli xususiyatga ega ekanligi va uning tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini davlat tomonidan himoya qiluvchi davlat organlari faoliyati bilan bog‘liqligi sabab, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakili institutini ta’sis etish tо‘g‘risida” Farmonida belgilangan umumiy vazifa – tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etishdir.
Vakil institutining ahamiyatga molik jihati shundaki, uning boshqa davlat organlaridan mustaqilligidadir. Vakilning mustaqil bо‘lishi dunyo ombudsmanlarining xalqaro huquqiy maqomiga tо‘la mos keladi. Chunki vakilning mustaqil bо‘lishi ombudsman institutining о‘ziga xos jihatlaridan biridir.
Konstitusiyaning 89-moddasida “О‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘i va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi” deyiladi. Ya’ni davlat hokimiyati organlarining barchasi unga sо‘zsiz bо‘ysunadi. U davlatchiligimiz mexanizmida alohida о‘ringa ega bо‘lib, mamlakat fuqarolarining huquqlari va erkinliklariga, О‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir. U hech qaysi davlat organiga, alohida mansabdor shaxsga xisobdor emas va bо‘ysunmaydi. Shu sababdan vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishda uning asosiy maslahatchisi va yordamchisi bо‘lishi lozim. Shu sababdan vakil huquqiy maqomi jihatdan Prezident maslahatchisining о‘rinbosariga tenglashtirilgan. Hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil va uning о‘rinbosari О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Demak, prezident huzurida tashkil etilgan biznes ombudsman faqat Prezidentga bо‘ysunadi va uning oldida hisobdor[13].

Ombudsman tomonidan bajariladigan funksiyaning turli xususiyatga ega ekanligi va tadbirkorlar huquqlarini davlat tomonidan himoya qiluvchi boshqa davlat organlari faoliyati bilan bog‘liqligi sababli, Vakil institutini ta’sis etish tо‘g‘risidagi Prezident farmonida umumiy vazifa – tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashda boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda Vakilga keng huquq va vakolatlar berilmoqda. Xususan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishga doir qonun hujjatlari davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan sо‘zsiz ijro etilishini о‘rganish uchun Vakil har qanday yoki mansabdor shaxsga murojaat etib, holatni tekshirishga kо‘maklashishi yoki ularni Vakil mazkur tekshiruvda ishtirok etishga taklif qilishi yoxud mazkur tashkilotlarda tadbirkorlik subyektlari huquqlariga tegishli masalalarda ishtirok etish bо‘yicha yuridik kuchga ega bо‘lmoqda.
Vakil mansabdor shaxslardan har qanday hujjatlar, material va boshqa ma’lumotlarni, shuningdek, ma’lum bir tushuntirishlarni olishi va sо‘rash huquqiga ega. Vakilga hal qiluvchi qaror chiqarilgan jinoiy, fuqaroviy va ma’muriy ishlarga oid materiallarni xam sо‘rab olishga ruxsat beradi. Vakil sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushgan javoblarga asoslanmasdan, yuqoridagi hujjatlar asosida arizachining kо‘rsatmalarini tekshirib kо‘radi. Vakilning ish materiallari bilan bevosita tanishishi zarurligining sababi shundaki, fuqarolar sudlar tomonidan chiqarilgan hukm va qarorlarning asossizligi, jinoiy, ma’muriy yoki fuqarolik ishlarida ularning protsessual huquqlari buzilganligi haqida shikoyat qiladilar. Ish materiallari bilan tanishish huquqi kо‘pgina mamlakatlarning Ombudsmanlari tomonidan amalga oshiriladi va u sud mustaqilligiga daxlsizlik sifatida hamda sud vakolatlariga aralashish deb qaralmaydi. Mazkur huquq shikoyatlardagi masalani hal etish imkoniyatini beradi va mavjud huquq buzilishlarini aniqlab, ularni tuzatish choralarini amalga oshirishga imkon beradi. Qonunning 14-moddasiga asosan, Vakil hech bir tо‘sqinliksiz tashkilot va uning mansabdor shaxslarining oldiga kirib, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan uchrashib, suhbatlar о‘tkazish huquqiga ega. Mazkur huquqni amalga oshirish uchun sud va huquqni muhofaza qilish organlari, jinoiy jazoni ijro etish muassasalarning ma’muriyati Vakil olib borayotgan faoliyatning maqsad va shakllarini tо‘g‘ri tushunmog‘i lozim. Bundan tashqari, qabul qilinishi kutilayotgan vakil foliyatini tartibga soluvchi Qonunda Vakil zarur bо‘lgan hollarda, sud raisining roziligi asosida sud majlislarida qatnashishi va jinoiy va fuqarolik protsesslari ustidan kuzatuvlar olib borish huquqiga ega bо‘lmog‘i lozim. Shuningdek, Vakil tadbirkorning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga tegishli masalalar kо‘rilayotgan respublika Oliy sudi Plenumi majlislarida ham ishtirok etish huquqiga ega bо‘lishi zarur. Mazkur amaliyot kо‘pgina demokratik mamlakatlarda qoida bо‘lib hisoblanadi. Ularda Ombudsman, xalq himoyachisi sifatida inson huquqi himoyasi muammolariga bag‘ishlangan barcha sud majlislarida ishtirok etishga vakolatlidir.

Shuni alohida qayd etish lozimki, joriy etilgan Biznes ombudsmanga tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini kо‘zlab sudlarga davlat boji tо‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilish huquqi berilgan. Bu aynan murakkab holatlarda, ya’ni tadbirkor sudda о‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishi uchun yetali mablag‘ va imkoniyatga ega bо‘lmagan holatlarda tadbirkorni moddiy jihatdan qо‘llab quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Bu ham tadbirkorlik faoliyati, iqtisodiy faoliyat mamlakatimiz ucgun nechog‘lik dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir.

2017-yil 29-avgustdagi “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tо‘g‘risi”dagi Qonunning 17-moddasida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyatining institutlari bilan hamkorligi belgilangan bо‘lib, unga kо‘ra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida о‘z faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan о‘z vakolatlari doirasida hamkorlikni amalga oshiradi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha mavjud materiallar tо‘g‘risida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot almashuvini, shu jumladan elektron shakldagi axborot almashuvini amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlar va komissiyalar faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar о‘tkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik tо‘g‘risida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida, shuningdek mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni qо‘llab-quvvatlash uchun Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil huzurida Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bо‘yicha komissiya tuzilishi mumkin. Komissiyani Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil boshqaradi.
Qonunning 18-moddasida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning faoliyatiga kо‘maklashish tartibi belgilangan bо‘lib unga kо‘ra Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilga uning faoliyatida kо‘maklashishi, u tomonidan sо‘ralayotgan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli bо‘lgan hujjatlar, materiallar hamda boshqa ma’lumotlarni, agar boshqa muddat belgilanmagan bо‘lsa, sо‘rov olingan kundan e’tiboran о‘n kundan kechiktirmasdan taqdim etishi shart.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir sо‘rovlari, xulosalari, takliflari va tavsiyalarini kо‘rib chiqishi, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning qonuniy talablarini bajarishi hamda kо‘rib chiqish natijalari va kо‘rilgan chora-tadbirlar tо‘g‘risida belgilangan muddatda uni xabardor qilishi shart.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakil о‘z faoliyatiga doir masalalar bо‘yicha davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bо‘yicha vakilning va uning devoni xodimlarining faoliyatiga tо‘sqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bо‘ladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RО‘YXATI
I. Rahbariy adabiyotlar
- Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, О‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yо‘llari va choralari. – T.: “О‘zbekiston”, 2009.
- Karimov I.A. О‘zbekiston Konstitutsiyasi – biz uchun demokratik taraqqiyot yо‘lida va fuqarolik jamiyatini barpo etishda mustahkam poydevordir. // Xalq sо‘zi. 2009-yil 6-dekabr.
- Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. // Xalq sо‘zi. 2016-yil 6-dekabr.
- Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bо‘lishi kerak. Mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mо‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yо‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruza, 2017-yil 14-y anvar. – T.: О‘zbekiston, 2017. – 104 b
- Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza. 2016-yil 7-dekabr. – T.: О‘zbekiston, 2017. – 48 b.
II. Normativ-huquqiy hujjatlar
- О‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi.– T.: О‘zbekiston, 2017. – 74 b.
- О‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari tо‘g‘risida”gi qonuni. // О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi.– 2000. – № 5–6. – 59- modda.
- О‘zbekiston Respublikasining “Xо‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish tо‘g‘risida”gi Qonuni
- О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. – 1999.
- О‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari tо‘g‘risida»gi Qonuni // О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. – 2000.
- О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF–4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qо‘shimcha chora- tadbirlar tо‘g‘risida”gi Farmoni // О‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tо‘plami, 2016-y., 40-son, 467-modda.
- О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevral PF–4947-sonli “О‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bо‘yicha harakatlar strategiyasi tо‘g‘risida”gi Farmoni // О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. – 2017. № 10.– 209-modda.
- О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-maydagi PF–5037-sonli “О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakili institutini ta’sis etish tо‘g‘risida”gi Farmoni // О‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari tо‘plami.– 2017.– № 13. – 229- modda.
III. Maxsus adabiyotlar
- Oqyulov O., Otaxonov F.H.Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini mustahkamlash muammolari. Monografiya. – T.: TDYUI nashriyoti, 2010. – 203 bet
- Mualliflar jamoasi “Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirishning huquqiy muammolari”. – T.: TDYI nashriyoti, 2010. 38 bet.
3. Dunyo ombudsmanlari / Tahrir hay’ati: S.SH. Rashidova va boshq; Tarj. A.R. Mо‘minov va boshq. – T.: “О‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007. – 402b. (О‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlanadi)
4. O.Oqyulov, B.A.Ibragimov Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari. Risola / Mas’ul muharrir: Y.f.d., prof. S.B.Babaqulov – Toshkent: TDYI nashriyoti, 2011. – 19 bet
Internet saytlari:
JO‘RAYEV ALISHER NASIRDINOVICH
TADBIRKORLIK
SUBYEKTLARINING
HUQUQLARINI HIMOYA
QILISHDA BIZNES
OMBUDSMANINING О‘RNI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 113-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
-
О‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tо‘plami, 2017-y., 6-son, 70-modda ↑
-
О‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tо‘plami, 2017-y., 35-son, 915-modda ↑
-
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi// http://president.uz/uz/lists/view/1371 ↑
-
О‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tо‘plami, 2017-y., 19-son, 333-modda ↑
-
Л.Г. Шербакова. Форми зашити прав субъектов предпринимательской деятельности по законодательству Российской Федерасии // Вестник Томского государственного университета. 2016. № 403. C. 172–178. ↑
-
Prezident Shavkat Mirziyoyevning О‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi// http://president.uz/uz/lists/view/1328 ↑
-
O.Oqyulov, F.Otaxonov. Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya tizimini mustahkamlash muammolari. Monografiya. – T.: TDYI., 2010. – B. 61-62. ↑
-
Tadbirkorlik munosabatlarida ma’muriy reglamentni belgilash va qonunchilikni takomillashtirish masalalari//Monografiya. B.K.Xodjayev va boshqalar. TDYU, 2013. – B. 44. ↑
-
G‘.T.Xakimov. О‘zbekistonda ma’muriy yustitsiyani rivojlantirishning muammolari. Monografiya. / – T.: TDYI nashriyoti, 2009. 65-bet ↑
-
Артамонов А.Н. Формирование и развитие органов административной юстисии в России: Дисс….канд. юрид. наук. – М., 2004. – С. 41. ↑
-
Ushbu Qonun «Xalq sо‘zi» gazetasining 2017-yil 30-avgustdagi 172 (6866)-sonida e’lon qilingan. ↑
-
Ushbu Qonun «Xalq sо‘zi» gazetasining 2017-yil 30-avgustdagi 172 (6866)-sonida e’lon qilingan. ↑
-
Ушбу Фармон «Халq сўзи» газетасининг 2017 йил 6 майдаги 90 (6784)-сонида эълон qилинган. ↑