KIRISH
So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirdi va bu xalqaro hamjamiyatda biznes va investitsiyalar uchun turli xil to‘siqlarni bartaraf etishda ochiqlik, yangilanish va qat’iyatlilik ramzlaridan biri sifatida tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining samarali ijro etilishi uchun investorlar bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, hokimliklar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va tijorat banklari rahbarlari o‘rinbosarlaridan iborat bo‘lgan davlat hokimiyat organlari hamkorligining 4 bosqichli mexanizmi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mexanizm investorlarning barcha so‘rovlariga tezkor javob qaytarish va qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishining samaradorligini kerakli tarzda nazorat qilish imkonini beradi.
Shu bilan bir qatorda, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining ko‘magi bilan tuzilgan, Respublikada faoliyat yuritayotgan investorlar bilan bevosita muloqotni ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining rolini ta’kidlash muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro hakamlik sudlari institutining rivojlanishi ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘z navbatida, bu mamlakat investitsiya muhitining muhim va tizimli tashkil etuvchi tarkibiy qismi bo‘lgan qonun ustuvorligi hamda davlat va mahalliy investorlar zimmasidagi majburiyatlarning to‘g‘ri bajarilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, jahon amaliyoti va tajribasi shuni ko‘rsatadiki, biznesning investitsiya va innovatsion faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni endi oddiy vositalar, ya’ni imtiyozlar berish yoki yangi deklarativ me’yorlarni nashr etish bilan hal qilishning imkoni yo‘q.
Xususiy investitsiyalarni faollashtirish uchun tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish talab etiladi. Biznes bilan doimiy muloqot, muayyan sektorlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan muammolarni aniqlash va yengib o‘tish bo‘yicha astoydil ish olib borish kerak. Shu munosabat bilan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Birinchidan, iqtisodiy o‘sishning bir maromdagi yuqori va barqaror sur’atlarini saqlab qolish uchun mamlakat iqtisodiyotining barqaror va raqobatbardosh, bank tizimi aktivlarining katta qismi xususiy investorlar qo‘lida bo‘lgan modelini shakllantirish zarur.
Ikkinchidan, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan infratuzilmaga yo‘naltirilgan investitsiyalarning jadal o‘sishini ta’minlash maqsadida davlat-xususiy sheriklik va loyihalarni moliyalashtirish vositalarini rivojlantirish orqali investitsiyaviy faoliyatni rag‘batlantirish ham faol tarzda olib borilmoqda.
Uchinchidan, raqamlashtirish va davlat xizmatlarini masofaviy taqdim etish orqali investitsiya loyihalarini amalga oshirishda byurokratik to‘siqlar va cheklovlarni to‘liq bartaraf etish uchun investorlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar optimallashtirilmoqda. Shaffoflikni maksimal darajada ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish uchun xorijiy investorlarning murojaatlari va so‘rovlari bilan ishlashni tashkil etish sifati yaxshilanmoqda.
To‘rtinchidan, ish kuchi va kapitalning iqtisodiyotning qonuniy sektorlaridan yashirin iqtisodiyotga oqib ketishiga olib keladigan tranzaksiya xarajatlarining kamayishi kuzatilmoqda.
Beshinchidan, kelgusida texnologik yutuqlarga erishish nuqtasiga aylanishi va keyingi 20-30 yil davomida mamlakat ishlab chiqarish quvvatlari rivojlanishi uchun zamin yaratishi mumkin bo‘lgan O‘zbekistonning eng istiqbolli sohalariga yo‘naltirilgan investitsiya siyosati strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Investitsiya muhiti mamlakatdagi barcha faoliyat sohalariga ta’sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda, islohotlar ko‘lami iqtisodiy, institutsional, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, energetika, transport va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Shuningdek, tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi eng yorqin misol – bu 2020-yilda tuzilgan eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining faoliyati bo‘lib, uning vazifalariga tadbirkorlar va eksportchilar bilan yaqin hamkorlik qilish, pandemiya tufayli yuzaga kelgan cheklovlar bilan bog‘liq muammolarni tahlil qilish, shuningdek, har bir tadbirkorlik subyektining muammosini hal qilishda individual yondashuv asosida tezkor va samarali yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish kiradi.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha Komissiya a’zolarining joylarga chiqqan holda olib borgan faoliyati natijasida 98 mingdan ortiq korxonalar faoliyati manzilli tartibda o‘rganildi va natijada 5902 ta korxonalarning 6235 ta muammoli masalalari aniqlandi[1]. Muammolarning har biri tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari va respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan yaqin hamkorlikda hal etildi.
I BOB. XORIJIY INVESTITSIYALAR TUSHUNCHASI, TURLARI VA O‘ZIGA XOS JIHATLARI

1-§. Investitsiya tushunchasi. Xorijiy investitsiyalarning
mazmuni va mohiyati
Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlar o‘rtasida boshlangan liberal iqtisodiy tizimning eng katta mo‘jizalaridan biri xorijiy investitsiya ekanligiga hech qanday shubha yo‘q.
Darhaqiqat, risolamizda so‘z yuritiladigan xorijiy investitsiyalar “Osiyo arslonlari” nomini olgan Janubi-Sharqiy Osiyoning to‘rtta davlatida, keyinchalik Xitoyda va hozirgi kunda esa Sharqiy Yevropa va Vetnamda mamlakat iqtisodiy o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatdi va hali-hamon ushbu jarayon davom etmoqda.[2]
Aynan xorijiy investitsiya atamasi, shuningdek, uning iqtisodiy jihatlariga e’tibor qaratilganining sababi quyidagicha izohlanadi. Iqtisodiy ma’nodagi xorijiy investitsiya xususida bahs yuritilganda, olimlar, birinchidan, uning, haqiqatan ham, rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotiga musbat ta’sir etishi yoki etmasligi haqida ko‘plab bahs yuritganlar va hozirda ham ushbu bahslar o‘z nihoyasiga yetgani yo‘q. Ikkinchidan, xalqaro savdo sohasida Butunjahon Savdo Tashkiloti (BST) (World Trade Organization,WTO) bo‘lgani kabi xorijiy investitsiyalarni tartibga soladigan ko‘p tomonlama xalqaro tashkilot yoki bitim hali-hanuz mavjud emas[3]. Ushbu holat xorijiy investitsiya bo‘yicha davlatlarning turlicha siyosat yuritishi, natijada esa dunyoda xorijiy investitsiyaning iqtisodiy o‘lchoviga nisbatan turlicha tizimlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Bugungi kunga qadar xorijiy investitsiyaning rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotiga qanday ta’sir etishini baholovchi uch asosiy nazariya mavjud. Ushbu nazariyalardan qaysi birini mamlakatda tatbiq etilishiga ko‘ra, unga xorijiy investor va investitsiyaga nisbatan huquqiy himoya rejimi ham o‘z o‘rnida o‘zgarib ketishini eslatish o‘rinlidir. Bu uch nazariya, asosan, Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida chop etilgan mashhur M.Sornarajahning “Xorijiy investitsiyalarga oid xalqaro huquq” kitobida tanishtirib o‘tilgan.
Klassik nazariya rivojlangan davlatlar tomonidan himoyalanadigan liberal iqtisodiyot doktrinaga (economic liberalism) asoslanadi. Ushbu doktrinaga ko‘ra, xorijiy investitsiya uni qabul qilivchi davlat uchun foydali bo‘lib, xorijiy investitsiya orqali mamlakatga yangi texnologiyalar transferi, korxonalar qurilishi, ishsizlikning pasayishi va ishchilar malakasi oshishi kuzatilib, xorijiy investor orqali jamiyatda sog‘liq, ekologiya va transport tizimining sifati yaxshilanadi.
Klassik nazariya 1990-yillardagi sobiq Sovet Ittifoqining qulashi tufayli keng yoyildi va o‘sha paytdan boshlab Ikki tomonlama investitsiya bitimlari (keyingi o‘rinlarda ITIB) tuzilishining tezlashishi ham ushbu holatning natijasidir. Shu bilan birga, Jahon Banki va Xalqaro Valyuta fondi kabi xalqaro tashkilotlar Amerika Qo‘shma Shtatlarini qo‘llab-quvvatlovchi kuch sifatida ushbu nazariyani ma’qullab, rivojlangan davlatlarga nisbatan mazkur klassik nazariyani shart qilgan holda qarzlar berdi[4]. Ammo yuqorida aytilgan musbat tomonlari bo‘lsa ham, xorijiy investitsiyaga doir klassik nazariyaga aniq bo‘lgan dalillar yetishmaydi. Sornarajahga ko‘ra, klassik nazariyaning quyidagi kuchsiz tomonlari mavjud:
1. Investor rivojlanayotgan davlatga, albatta, yangi texnologiyasini olib boradi, degan fikr xato bo‘lib, rivojlangan davlatlar bozorida eskirgan mahsulotni ishlab chiqaruvchi texnologiyani ham transfer qilish holatlari mavjud. Chunki rivojlanayotgan davlatlar bozorining eng so‘nggi texnologiya yutuqlarini iste’mol qilishga xarid qobiliyati yetmaydi.
2. Albatta, xorijiy investitsiyaning uni qabul qiluvchi mamlakatga ijobiy ta’siri kuzatilsa-da, kapital va menejerlik qobiliyatiga boy bo‘lgan multinatsional kompaniyalarning (multinational companies) rivojlanayotgan davlatlar bozoriga kirib, u yerdagi kuchsiz mahalliy firmalarni raqobatda sindirib, bozordan chiqarib yuborish holatlari ham mavjud.
3. Xorijiy investitsiya o‘z mamlakatining qattiq ekologiya qonunchiligidan qochib, ekologiya qonunchiligi va uning ijrosi zaif bo‘lgan hududlarga ko‘chib o‘tib, ushbu davlatlar tabiatiga zarar yetkazish xavfi mavjud [5].
4. Investor o‘z foydasini yuqori darajaga ko‘tarish maqsadida narx transferi (transferring prices) va noqonuniy pul o‘tkazmalari (money laundering) kabi manfiy harakatlarni tez-tez amalga oshiradi.
Umuman olganda, ushbu nazariyaga asoslangan holda, xorijiy investitsiyaga doir bo‘lgan siyosat yuritish nomuvofiq bo‘lib, bundan boshqa holatlarni ham ko‘zda tutish lozim. So‘nggi paytlarda aytilayotgan inson huquqlari va ekologiya masalalari shular qatoridadir. Eng so‘nggida esa garchi klassik nazariya uchun aniq dalillar yetishmasa ham uning orqasida turgan va rivojlangan davlatlarning “ko‘rinmas qo‘li” hisoblangan Xalqaro Valyuta Fondining ushbu nazariyani qo‘llab-quvvatlashi hali-hamon to‘xtamasligi aniqligini aytish joizdir.
Xorijiy investitsiyaga doir qaramlik nazariyasiga ko‘ra, investitsiyani qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyoti uni investitsiya qiluvchi mamlakat (ko‘pgina hollarda rivojlangan mamlakat) iqtisodiyotiga qaram holga keladi va shuning uchun xorijiy investitsiyaning foydasi bo‘lmaydi. Davlat xorijiy investitsiyani qonunlar orqali qattiq nazorat qilsa-da, investorlar ushbu davlatning elitar qatlami bilan hamkorlik qilib, qonunlarning ishlamas holga kelish xavfi tug‘iladi. Shu sababli ushbu nazariya jamiyatdagi boy va kambag‘allar o‘rtasidagi farqni yo‘q qilish uchun iqtisodiy millatchilik doktrinasini (Economic nationalism)[5] oldinga suradi. Uning markaziy g‘oyasi shuki, iqtisodiy harakatlar davlat qurilishi va davlat manfaatlari bilan bir xil bo‘lishi hamda unga bo‘ysunishi lozim.
Qaramlik nazariyasi Lotin Amerikasi davlatlarining Shimoliy Amerika investitsiyasiga qarshi tug‘ilgan kuchli dushmanchilik qarashi bo‘lib, uning ostida AQShning ushbu davlatlar iqtisodiyotida yuqori mavqe egallaganligi sababi yotadi. 1870-yillarda kelib chiqqan Kalvo doktrinasi (Calvo Doctrine) yuzaga kelishining ushbu nazariya bilan bog‘liqligi ehtimoli ham mavjud.
Ammo 1990-yillardan boshlab xorijiy investitsiyaga nisbatan Lotin Amerikasi davlatlarining tutgan yo‘llari ham o‘zgarib, ushbu davlatlar ham faol ravishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish siyosatini yurita boshladi. Boshqa tomondan esa moliyaviy inqiroz kabi iqtisodiy tushkunlik boshlanishi bilan xorijiy investitsiyaning mamlakatdan “qochib chiqib ketishi” xavfi yuzaga keldi. Lekin moliyaviy inqiroz paytida mamlakatdan osonlik bilan chiqib, holatni yanada yomonlashtiradigan xorijiy investitsiya turi ushbu maqolada so‘z ketayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya (foreign direct investment) emas, balki qimmatli qog‘oz ko‘rinishida bo‘ladigan portfel investitsiya (portfolio investment)lardir[6]. Masalan, 1994-1995-yillarda Meksika va 1997-1998-yillarda Janubiy Osiyoda ro‘y bergan moliyaviy inqiroz paytida portfel investitsiyalarning ta’siri katta bo‘lganligi aytiladi.
Uchinchi nazariya hisoblangan O‘rta yo‘l nazariyasi oldingi ikki nazariyaning ham eng o‘rtasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Unga ko‘ra, xorijiy investitsiyaning uni qabul qiluvchi davlatga musbat ta’siri bo‘lishi bilan birga, investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi multinatsional kompaniyalarning salbiy ta’sirlari ham bor. Shuning uchun klassik nazariyaga teskari tarzda[7], O‘rta yo‘l nazariyasi xorijiy investitsiyaga nisbatan mutlaq himoya emas, investitsiyani qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyotiga foydali bo‘lgan xorijiy investitsiyaga tanlov asosidagi himoyani bergan holda, mamlakat suverenitetiga manfiy ta’sir etuvchi multinatsional kompaniyalar bilan ham o‘zaro ishonch asosida oldi-berdi qilishi ushbu nazariyaning maqsadidir.
Ta’kidlash joizki, qaramlilik nazariyasining bir dalili bo‘lgan, ya’ni multinatsional kompaniyalar tomonidan rivojlanayotgan va hali zaif bo‘lgan davlatlar suverenitetiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar xavfi so‘nggi yillarda rivojlanayotgan davlatlarning ushbu sohada tajribalari oshishi natijasida yo‘qolib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar, O‘rta yo‘l nazariyasiga ko‘ra, davlat uchun eng foydali bo‘lgan sohalargagina (“tanlov asosida”) xorijiy investitsiyani jalb etib, xorijiy investitsiya faoliyatini dunyoda eng ko‘p amalga oshiruvchi multinatsional kompaniyalarning hali global tarzda tartibga solinmagan xatti-harakatlarini mamlakat ichida “Axloq kodekslari”ni (Code of conduct) tuzib, qattiq nazorat qolayotganligi uning bir misolidir.
Ushbu nazariya keyingi paytlarda eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanayotgan qarashlar sirasidandir. Biroq rivojlanayotgan davlatlarning ushbu nazariyani samarali qo‘llash paytida investitsiyaning erkinlashtirilishini talab etuvchi klassik nazariya bilan bir qancha muammolar yuzaga keldi.
Birinchidan, o‘tish davri mamlakatlarining O‘rta yo‘l nazariyasiga asoslangan investitsiyaga bog‘liq siyosatlaridagi xorijiy investitsiya himoyasi va klassik nazariyaga asoslanuvchi xorijiy investitsiya himoyasi o‘rtasidagi ixtilof. Ya’ni bu yerda tuzilayotgan ITIBlari moddalarining mazmuni muammo bo‘ladi. Masalan, Butunjahon Savdo Tashkiloti bitimlaridan hisoblangan Savdo munosabatlariga bog‘liq investitsiya choralari (Trade Related Investment Measures, TRIMS) Bitimidagi investitsiyani qabul qiluvchi davlat tomonidan investorga nisbatan “amalga oshirish talablari”ni (performance requirement)[8] man etuvchi moddalar so‘nggi paytlarda ITIBlarga ham faol tarzda tatbiq etilib, BSTga a’zo bo‘lmagan davlatlar investitsiya siyosatlarining moslashuvchanligi darajasi keskin pasaydi. Bunga misol qilib Yaponiyaning rivojlanayotgan davlatlar bilan tuzayotan ITIBlarini keltirish mumkin. Shular orasida O‘zbekiston bilan 2008-yilda tuzilgan ITIBining 5-moddasida yuqorida ko‘rilgan TRIMs bitimidan ham “amalga oshirish talablari”ni man etuvchi holatlar ko‘zda tutilgan.
Agar O‘zbekiston Respublikasining 50 dan ortiq davlatlar bilan shunday bitimlari borligi va ularning ko‘pchiligida Eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejim mavjudligini eslasak, O‘zbekiston Respublikasinig xorijiy investitsiya sohasidagi moslashuvchanlik siyosati naqadar yomonlashganligining guvohi bo‘lamiz. Mana shunday holatda xorijiy investitsiyaning foydasini qanday qilib qo‘lga kiritish masalasi muammo bo‘ladi.
Ikkinchidan, investitsiyani erkinlashtirish (liberalization) muammosi mavjud. Ya’ni ITIBlarda, odatda, mavjud bo‘ladigan Milliy rejim xorijiy investitsiyaning mamlakatga kirib kelish payti (pre-establishment phase) uchun tatbiq etiladimi yoki investitsiya qilinib, ish boshlanadigan payt (post-establishment phase) uchun tatbiq etiladimi, degan muammodir. Ushbu atamalarning ma’nosini ITIBlardan topishimiz mumkin[9]. Ya’ni milliy rejim ostida xorijiy investitsiyaning mamlakatga kirib kelish paytidagi ruxsat deganda, xorijiy investitsiyaning mamlakat fuqarolari bilan teng ravishda hech qanday to‘siqsiz iqtisodiy sohalarga kirib kelishi tushuniladi. Milliy rejim ostida xorijiy investitsiyaning ish boshlanadigan payt uchun ruxsati deganda esa xorijiy investitsiyaning mamlakat tegishli organlari tekshiruvidan o‘tgandan keyingina iqtisodiy sohalarga kirib kelishi tushuniladi.
Garchi xorij investitsiyasi kirib kelishi uchun cheksiz erkinlik va ruxsat bergan mamlakat yo‘q bo‘lsa-da, uni qabul qiluvchi davlatlarning investitsiya bitimlari orqali investitsiya erkinligini ta’minlash yoki chegaralangan holda ta’minlash yoxud bunday bitimlarni tuzmasdan ichki qonunchilik orqali investitsiyani qabul qilish bo‘yicha moslasuvchanlikni ta’minlash imkoniyatini saqlab qolish kabi harakatlar bilan investitsiya siyosati farqlanadi.
Davlatlar ITIBlarini iloji boricha o‘zlari uchun foydali qilib tuzishga harakat qilishlaridan boshqa yo‘l yo‘q. Xulosa qilsak, ITIBlarida milliy rejim ostida xorijiy investitsiyaning ish boshlanadigan payt uchun ruxsat bergan davlatlar ITIBlarning to‘la erkinlashgan modeli (ful liberalization model), xorijiy investitsiyaning mamlakat tegishli organlari tekshiruvidan o‘tganidan keyingina iqtisodiy sohalarga kirib kelishiga ruxsat berishni va’da bergan ITIBlar esa nazorat ostida kirish modelini (controlled entry model) tanlaganligi kelib chiqadi[10].
Xorijiy investitsiyaga ruxsat berishning yuqoridagi ikki bosqichini tanlash yoki yanada soddaroq aytadigan bo‘lsak, xorijiy investitsiyaga ichki bozorni ochishning qaysi yo‘lini tanlash hali to‘la rivojlanib ulgurmagan sanoat sohalarini yetishtirib chiqarish nuqtayi nazaridan juda muhim investitsiya siyosati bo‘lib, monopoliyani cheklash, raqobatni qo‘llab-quvvatlash qonunchiligi va kadrlarni yetishtirish hali to‘la rivojlanmagan yoki yetarli darajaga erishilmagan mamlakatlarda yuqori darajadagi investitsiya erkinligining amalga oshirilishi natijasida, xorijiy investitsiya tomonidan hajmi hali kichik bo‘lgan mahalliy firmalarning bozordan chiqarib yuborilish ehtimoli bor. Ushbu nuqtada Ikkinchi jahon urushidan so‘ng menejment qobiliyatiga boy va kapitalga to‘yingan AQSh kompaniyalarining Yaponiya bozoriga kirish mamlakat sanoatining o‘sishi va mahalliy texnologiya taraqqiyoti xavf ostiga tushishi ehtimolini e’tiborga olib, 1970-yillarga qadar ko‘pgina sohalarga investitsiya qilishga ruxsat bermagan Yaponiya tajribasi rivojlangan davlatlar uchun ba’zi darslarni bersa, ajab emas.[11]
2-§. Xorijiy investitsiyalarning turlari va tavsifi

To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari – bu boshqa iqtisodiyotda (qabul qiluvchi davlatda) tijorat faoliyatini olib borayotgan korxonaning uzoq muddatli boshqaruv huquqini beruvchi mol-mulki (odatda, o‘n foiz yoki undan ortiq ovoz beruvchi aksiyalar/ulush)ni chet ellik investor tomonidan sotib olishga qaratilgan (qabul qiluvchi davlatga kirib keluvchi) investitsiyalarning sof oqimlaridir. Bu turdagi investitsiyalar korxona balansida aks etuvchi ustav kapitali (aksiyalar), reinvestitsiyalar, boshqa uzoq va qisqa muddatli kapitalning yig‘indisi hisoblanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari yangi biznesni boshlash (“Greenfield investment”) yoki mavjud biznesni sotib olishga (“Brownfield investment”) qaratilgan bo‘lishi mumkin[12].
O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasiga ko‘ra, chet el investitsiyalari – chet ellik investorning hukumat kafolatlarisiz, tavakkalchilik sharoitlarida o‘z mablag‘lari yoki qarz mablag‘lari hisobidan investitsiyalari; O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar – aksiyalari (ulushlari, paylari) yoki ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o‘n besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar; chet ellik investorlar – chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari, davlatlar o‘rtasidagi bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tuzilgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyekti bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar, har qanday boshqa shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar, chet davlat fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari global biznes sharoitida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, kun sayin yanada o‘sib bormoqda. Bu turdagi investitsiyalar tadbirkorlik subyektlariga yangi bozor va marketing kanallari, arzonroq ishlab chiqarish quvvatlari, yangi texnologiya, mahsulot, malaka va moliyalashtirishga ega bo‘lish imkoniyatini yaratib berishi mumkin. Qabul qiluvchi davlat uchun esa bunday investitsiyalar yangi texnologiya, kapital, jarayon, mahsulot, tashkiliy texnologiyalar va menejment mahoratining manbasini taqdim etishi va shu tariqa uning iqtisodiy rivojlanishiga kuchli turtki berishi mumkin.[13]
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari portfel investitsiyalardan bir qator asoslarga ko‘ra farqlanadi. Jumladan, odatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari uzoq muddatli majburiyatlar va investitsiya tugatilgandan so‘ng qaytarib bo‘lmaydigan katta xarajatlarni qamrab oladi. Shuningdek, bunday investitsiyalar kiritilgan aktivlarning uzoq vaqt davomida qaytarib olinishi hamda qabul qiluvchi davlat bilan uzoq muddatli munosabatlarni nazarda tutadi. Shu bilan birga, ushbu turdagi investitsiyalar jiddiy tijoriy va siyosiy xatarlarga duch keladi. Bu o‘rinda Xalqaro investitsiya huquqi, asosan, investorlar uchun siyosiy xatarlar yuzasidan bo‘lgan munosabatlarni tartibga soladi.
Portfel investitsiyalar

To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi bo‘lmagan har qanday investitsiyani portfel investitsiya deb hisoblash ushbu turdagi investitsiyani tavsiflashda keng tarqalgan yondashuv hisoblanadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) portfel investitsiyani biznesni boshqarish yoki boshqarish ustidan doimiy manfaatdor bo‘lmagan sarmoyalar (ya’ni o‘n foizdan kam ovoz beruvchi aksiyalar/ ulush) deb ta’riflagan[14]. Portfel investitsiyalar ularni sotish yoki boshqa usullarda qaytarib olish osonroq ekani bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridan farq qiladi. Ushbu turdagi investitsiyalarning bunday xususiyati ularni boshqarish keskin o‘zgaruvchan hamda ularni qabul qiluvchi davlatdan osonroq olib chiqib ketish mumkinligini anglatadi. Shu sababli ham xalqaro investitsiya shartnomalarida portfel investitsiyalarning himoyasiga ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini himoya qilishga qaraganda kamroq ahamiyat berilgan.
Har qanday investorning ma’lum bir davlatga sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishini shakllantiruvchi to‘rtta asosiy iqtisodiy omil mavjud. Bular:
a) to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini kiritishga undovchi tabiiy resurslar.[15]
Investor qabul qiluvchi davlatda tabiiy resurslarning mavjudligi sababli ushbu davlatga o‘z sarmoyasini kiritishi mumkin. Bu o‘rinda investor sarmoya kiritilayotgan chet davlatdan qo‘shimcha aktivlar (masalan, kapital, texnologiyalar, menejment va tashkiliy mahorat)ni import qilish yo‘li bilan mavjud resurslardan foydalanib, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishi va uni xalqaro bozorlarda sotishi mumkin. Ushbu turdagi investitsiyalar, asosan, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport hajmini oshirish orqali mahalliy iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq bu turdagi investorlarning asosiy maqsadi o‘z mahsulotlarini mahalliy bozorlarda sotish imkoni bo‘lmagani uchun tabiiy resurslarga yo‘naltirilgan investitsiyalar qabul qiluvchi davlat iqtisodiyoti uchun qandaydir ahamiyatli qo‘shimcha ta’sirga (masalan, mahalliy ishchi kuchi orasida yangi kasbiy ko‘nikmalar shakllantirish) ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ham mumkin. Bunday investitsiyalar qabul qiluvchi davlatning tegishli mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha nisbiy ustunligidan foydalanishga qaratilgan. Masalan, foydali qazilmalar kabi birlamchi materiallarga boy bo‘lgan mamlakatlar ushbu resurslarni o‘zlashtirishga intilayotgan investorlarni jalb qiladi.
b) yangi bozorlarni topishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari.
Investor qabul qiluvchi davlatda nisbatan katta ichki iste’mol bozori mavjudligi sababli ushbu davlatga sarmoya kiritishga intilishi mumkin. Bu vaziyatda investorning asosiy qiziqishi o‘z investitsiya faoliyati natijasida ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni qabul qiluvchi davlat ichki bozorida sotishdan iborat. Mazkur turdagi investitsiya, shuningdek, ishlab chiqariladigan mahsulotning raqobatbardoshligini oshirish uchun qo‘shimcha aktivlarni (ya’ni texnologik innovatsiyalarning muvaffaqiyatli tijoratlashtirilishi va marketingini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilma yoki boshqa vositalar) ham qabul qiluvchi davlatga olib kirilishini nazarda tutadi. Bozorlarni topishga qaratilgan investitsiyalar, odatda, tegishli mahsulot ishlab chiqarilishi uchun zarur bo‘lgan resurslarni xorijdan sotib olish, shuningdek, ta’minot zanjirida ixtisoslashgan ishchi kuchini shakllantirish orqali o‘z ishlab chiqarishini ta’minlab turuvchi tizimlarning yaratilishiga olib keladi (backward supply linkages). Shuningdek, bu turdagi investitsiyalar ichki bozorda mahsulot sifatini oshiradi hamda mahalliy xaridorlarning mahsulot sifatiga bo‘lgan talablarini oshirish orqali iste’molchilar xatti-harakati va xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatadi[16].
Yana bunday investitsiyalar mahalliy tadbirkorlikni rag‘batlantirishi va ichki raqobatni kuchaytirishi mumkin. Ushbu turdagi investitsiyalar, odatda, mavjud yoki kutilayotgan talabga asosan, turli xil maishiy iste’mol tovarlari yoki boshqa turdagi sanoat tovarlari ishlab chiqarish uchun kiritiladi. Ba’zi hollarda tadbirkorlik subyektlari xorijdagi o‘z mijozlariga yaqin bo‘lish uchun tegishli davlatga investitsiya kiritadi. Avtomobil qismlari ishlab chiqaruvchilar avtomobil ishlab chiqaruvchilar ortidan ularga yaqin bo‘lish uchun biron-bir davlatga investitsiya kiritishi bunga misol bo‘lishi mumkin.
d) samaradorlikni oshirishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari.
Investor ma’lum bir davlatdagi mavjud qulayliklardan kelib chiqadigan foydani ko‘zlab, o‘zining global biznesining bir qismini ushbu davlatga investitsiya sifatida kiritishga qiziqishi mumkin. Jumladan, investor arzon ish kuchi, davlatdagi qulay tartibga solish tizimi yoxud kapital, materiallar, xomashyo va tegishli ko‘nikmalarga ega ishchi kuchining mavjudligidan kelib chiqib, biron-bir davlatga sarmoya kiritishi mumkin. Global doirada tarif va tarifsiz to‘siqlar, transport va aloqa xarajatlarining pasayishi hamda savdo-sotiqdagi boshqa to‘siqlarning olib tashlanishi ushbu turdagi investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi. Odatda, investitsiyalarning ushbu turi eksport qilishga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilgan bo‘lib, shu orqali qabul qiluvchi davlatga xorijiy valyuta kirib kelishini kuchaytiradi. Shuningdek, bunday sarmoya mahsulot diversifikatsiyasi va geografik diversifikatsiyaga yordam beradi, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy tuzilmalar shakllanishiga turtki beradi (masalan, butlovchi qismlar yoki xomashyoni yetkazib beruvchilar), texnologiya transferi kabi qo‘shimcha ta’sirga ham ega. Samaradorlikni oshirishga qaratilgan investitsiyalar qabul qiluvchi davlat iqtisodiyotini tizimli takomillashtirishda ham ko‘mak beradi.
Nestlé kompaniyasining Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi filiallari ushbu turdagi investitsiyalarga misol bo‘lishi mumkin. Zero, keltirilgan har bir filial mintaqaviy bozor uchun ixtisoslashgan mahsulot ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, ularning har biri o‘z mahsulotini ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan boshqa mahsulotlarni qo‘shni mamlakatlardagi “sho‘ba” filiallardan import qiladi. Buning asosida yuqoridagi mintaqa bir butunlikda bir guruh mahsulotlar ishlab chiqaradi, biroq har bir filial alohida ushbu mahsulotlarning faqat kichik bir qismini ishlab chiqarishga javobgar[17].
e) strategik aktivlarga egalik qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari.
Strategik aktivlarni izlayotgan investor tovar nomi, texnologiya yoki maxsus ko‘nikmalar kabi o‘ziga xos (aksariyat hollarda mahalliy bo‘lgan) aktivlarni sotib olish uchun sarmoya kiritishga qiziqadi. Strategik aktivlarga egalik qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari qabul qiluvchi davlatga kapital va qo‘shimcha aktivlar kiritilishini nazarda tutadi. Bu turdagi investitsiyalar qabul qiluvchi davlatning strategik aktivlari global biznes tizimga kiritilishi orqali ularni xalqaro bozorlarga chiqishini ta’minlaydi hamda ularning global tizimlar bilan bog‘liqligini kuchaytiradi. Masalan, biron-bir transmilliy korporatsiya (TMK) o‘zaro manfaatli ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun boshqa davlatda joylashgan kompaniya bilan strategik ittifoq tuzishi mumkin.
Bunday investitsiyalar sanoati rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan.
3. Investitsiya faoliyatini tartibga solishning turli darajalari
Xalqaro investitsiya faoliyatini tartibga solish uchta darajada amalga oshiriladi: milliy (ichki), ikki tomonlama (masalan, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar), ko‘p tomonlama mintaqaviy (masalan, mintaqaviy preferensial savdo bitimlarning investitsiyalarga bag‘ishlangan qismi) hamda universal darajalarda. Milliy qonun hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarining iqtisodiyot uchun ijobiy bo‘lgan jihatlaridan samarali foydalanish hamda ular tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan. Bu boradagi xalqaro hujjatlar esa, odatda, investorlarni qabul qiluvchi davlatlar tomonidan ularga nisbatan adolatsiz hamda kutilmagan choralar ko‘rilishidan himoya qilish, shuningdek, ayrim holatlarda investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Milliy darajadagi investitsiya faoliyatini tartibga solib turuvchi hujjatlar davlatlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarining iqtisodiyot uchun ijobiy bo‘lgan jihatlaridan samarali foydalanish hamda ular yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlarning oldini olishni ta’minlashga qaratilgan milliy qonun hujjatlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishi bilan shakllantiriladi.
Davlatlar o‘zaro aynan bir turdagi investitsiyalarni jalb qilishda raqobatlashayotgani sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish maqsadida, ular, odatda, sarmoyalar kiritish uchun oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash bilan birga, kiritilayotgan investitsiyalarni himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar va choralarni ham taklif etadi. Bunday choralar bojsiz import va eksportga ruxsat beradigan erkin zonalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar va boshqa moliyaviy imtiyozlar, chet el investitsiyalari bo‘yicha turli kafolatlar (masalan, ichki qonunlarni barqarorlashtirish, soliq imtiyozlari berish va valyutani konvertatsiya qilish, sotishdan tushgan daromad va foydani olib chiqib ketish, ya’ni mablag‘larni erkin o‘tkazish bo‘yicha kafolatlar) ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Ular tegishli davlatga chet el investitsiyalarini ko‘proq jalb qilish maqsadida joriy etiladi[18].
Chet el investitsiyalari davlat iqtisodiyotiga foyda keltirishi bilan birga, qabul qiluvchi davlat uchun bir qator xavflarni ham keltirib chiqaradi. Chet el investitsiyalari, asosan, milliy xavfsizlik va mudofaa, davlat suvereniteti, davlatning to‘lov balansi (jumladan, kelajakda investor tomonidan katta miqdordagi mablag‘larning erkin olib chiqib ketilishi yoki investitsiya loyihasining katta hajmdagi importga asoslangani sababli), milliy sanoatni himoya qilish, tabiiy resurslarning nazorati hamda milliy qadriyatlarni himoya qilish kabi boshqa nomoddiy masalalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, chet el investitsiyalari atrof-muhitga ziyon yetkazish, o‘rnatilgan mehnat va inson huquqlarini buzish, tegishli malakalarning yetishmasligi bahonasida cheklangan texnologiya transferini amalga oshirish, mahalliy ishchi kuchlarini boshqa davlatlarga ko‘chirish orqali qabul qiluvchi davlatda ishchi o‘rinlari sonini qisqartirish, o‘zining ustun mavqeyini suiiste’mol qilgan holda, raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatish, investor bilan o‘zaro bog‘liq xorijiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi kelishilgan narx-navo asosidagi transfertlar orqali mahalliy soliqlarni to‘liq to‘lashdan qochish yo‘li bilan ham qabul qiluvchi davlatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu o‘rinda davlatlar o‘z milliy qonunchiligi vositasida bunday salbiy ta’sirlarning oldini olishga harakat qiladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish barobarida, ular yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan yuqorida sanalgan salbiy ta’sirlarning oldini olish maqsadida, davlatlar o‘zlarining tegishli milliy qonun hujjatlarida turlicha yondashuvlarni qo‘llashlarini kuzatish mumkin. Masalan, ular iqtisodiyotning muayyan sohalariga chet el investitsiyalarining kiritilishini cheklashlari, chet el investitsiyalari kiritilishidan avval ularning majburiy tasdiqdan o‘tkazilishini talab qilishi mumkin. Shuningdek, milliy qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari (i) investorlar mahalliy tadbirkorlik subyektlari bilan investitsiya qilish uchun qo‘shma korxona tuzish; (ii) yakuniy mahsulot ishlab chiqarish uchun faqat qabul qiluvchi davlatda ishlab chiqilgan mahsulotlardan foydalanish (mahalliy manbalardan foydalanish talabi); (iii) o‘z importi qiymatini mavjud eksporti qiymatiga tenglashtirish (savdo balansini ta’minlash); (iv) kelishilgan eksport ko‘rsatkichlari talablarini bajarish; (v) faqat belgilangan mahsulotlar ishlab chiqarish (ishlab chiqariladigan mahsulotni belgilab qo‘yish) yoki (vi) yangi texnologiyalar kiritish shartlari asosida kiritilishi mumkinligi ham belgilab qo‘yilgan bo‘lishi mumkin[19]. Boshqa shu kabi choralar qatoriga, shuningdek, yerga egalik qilish, investitsiyalarni qaytarish yoki valyutani konvertatsiya qilish bo‘yicha cheklovlarni kiritish mumkin. Qabul qiluvchi davlatlar ushbu turdagi shartlar va cheklovlarni joriy etish bilan birga, ularning iqtisodiyoti hali-hamon to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari uchun jozibador bo‘lishiga ham erishishlari lozim.
Xalqaro investitsiya huquqi chet el investitsiyalarini qabul qiluvchi davlatga kirib kelishini ta’minlaydigan hamda investitsiyalarni turli xatarlardan (ayniqsa, siyosiy xavfdan) himoya qilishga qaratilgan xalqaro qoidalar yig‘indisi sanaladi. Ushbu tizim qabul qiluvchi davlatlarga chet el investitsiyalarini muhofaza qilishga qaratilgan maxsus majburiyatlarni yuklaydi. Jumladan, investitsiyalar va boshqa aktivlar rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilingan taqdirda, munosib kompensatsiya olishga bo‘lgan huquq hamda qabul qiluvchi davlat chet el investitsiyalarini himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganda, investorlarning investor-davlat arbitraji orqali moliyaviy kompensatsiya olishga bo‘lgan huquqi mana shunday qoidalar hisoblanadi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi keng qamrovli ko‘p tomonlama universal shartnoma na Jahon savdo tashkiloti (JST) va na boshqa xalqaro tizim doirasida mavjud emas. 2001-yil Doha shahrida bo‘lib o‘tgan JSTning vazirlar darajasidagi konferensiyasida (Rivojlanish bo‘yicha Doha kun tartibi) investitsiyalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, 2004-yilga kelib bu yo‘nalishdagi o‘tkazilishi mo‘ljallangan muzokaralar tugatildi.
Bundan avval esa IHTTga a’zo davlatlar o‘rtasida cheklangan ishtirokchilik asosidagi ko‘p tomonlama investitsiya bitimini kelishish uchun muzokaralar olib borilgan bo‘lib, ular ham 1997-yilda biron-bir natijasiz tugatilgan. Natijada investitsiyalar bo‘yicha xalqaro qoidalar tarqoq (kodifikatsiya qilinmagan) bo‘lib, bu boradagi majburiyatlar ham xilma-xildir.
Bu o‘rinda xalqaro odat huquqi normalari investitsiya bo‘yicha tomonlarning munosabatlarini tartibga solib tursa-da, bunday shakldagi normalarning amal qilish doirasi cheklangan va bahsli. JST tizimidagi Savdo bilan bog‘liq investitsiya chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Bitim (TRIMs) juda cheklangan xalqaro shartnoma bo‘lib, faqat Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh Bitim (GATT) asosidagi tovarlar savdosiga ta’sir ko‘rsatadigan investitsiya qoidalarini o‘zida belgilab beradi.
Mazkur Bitim, asosan, tovarlarga nisbatan milliy rejim talablariga zid bo‘lgan investitsiya faoliyati shartlari (masalan, mahalliy manbalardan foydalanish talabi) yoxud kvotalarning o‘rnatilishini taqiqlaydi. JST tizimidagi Xizmatlar savdosi bo‘yicha Bosh Bitim (GATS) esa chet el tadbirkorlik subyektlarining boshqa davlat hududida tijorat faoliyatini olib borish maqsadida tuzilgan bo‘linmalari yoki boshqa shakldagi shaxslariga (Bitim bo‘yicha xizmatlarning uchinchi turi) nisbatan qo‘llaniladi.
Shu sababli xalqaro ikki tomonlama va mintaqaviy ko‘p tomonlama shartnomalar investitsiya huquqining asosiy manbayi hisoblanadi. Ular umumlashtirilib, “Xalqaro investitsiya shartnomalari” (International Investment Agreements) deb nomlanadi.
Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar, investitsiyalarga bag‘ishlangan qismga ega mintaqaviy preferensial savdo bitimlari, shuningdek, shunday qismga ega ikkiyoqlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishning oldini olish to‘g‘risidagi kelishuvlar xalqaro investitsiya shartnomalari hisoblanadi.
Bunday shartnomalarning aksariyati (ikkiyoqlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi kelishuvlar bundan mustasno) investor va davlat o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi (asosan, xalqaro arbitraj organlari orqali). To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari bo‘yicha nizolarning taxminan 2/3 qismi davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari o‘rtasidagi sarmoyaga doir nizolarni tartibga solish to‘g‘risidagi Konvensiya asosida hal etiladi.
Ushbu xalqaro shartnoma a’zo davlatlarga hech qanday muhim moddiy majburiyatlar yuklamay, faqat davlat va investor o‘rtasidagi nizolarni hal qilish mexanizmini taklif etadi.
Oxirgi vaqtda xalqaro investitsiya shartnomalarining soni keskin ko‘paydi. So‘nggi o‘n yillikda bu o‘sish taxminan 40 foizni tashkil etdi. Bu borada so‘nggi paytlarda Osiyo davlatlari o‘rtasida ko‘plab investitsiya shartnomalari tuzilmoqda. Ayniqsa, 1996-yil hamda 2001-yillarda bunday shartnomalar ko‘p miqdorda imzolandi.
Bugungi kunga kelib dunyo bo‘ylab 3200 dan ortiq xalqaro shartnomalar investitsiya masalalariga bag‘ishlangan. Ularning 2900 dan ortig‘ini 180 davlatning ikki tomonlama investitsiyalarini rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi shartnomalar tashkil qiladi. Ko‘plab shartnomalar juda ham chigallashib ketgan va natijada ma’lum darajada o‘zaro bog‘liq murakkab shartnomalar tarmog‘ini shakllantirdi.
II BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XORIJIY INVESTITSIYALARNI TARTIBGA SOLISH VA JALB ETISH
1-§. O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhiti va unga ta’sir etuvchi omillar

Respublikamizda bozor munosabatlariga asoslangan, kelgusida iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan kuchli normativ-huquqiy baza yaratilmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik yangilash va diversifikatsiya qilish, yangi texnologiyalarni faol joriy etish bozor munosabatlarini iqtisodiy mexanizmga tatbiq qilish va respublikani xalqaro hamjamiyatga kiritishga qaratilgan iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘yicha aniq va har tomonlama asoslangan davlat harakat dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Bu vazifani amalga oshirish iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini tubdan qayta qurishni nazarda tutadi, bu esa, o‘z navbatida, katta sarmoya kiritishni talab qiladi[20].
Investor uchun mamlakatning investitsion jozibadorligini baholash, uning imkoniyatlarini hisobga olish muhim masala sanaladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda qulay investitsiya muhitini muntazam ravishda yaxshilab borishni ta’minlash ustuvor vazifadir. Bunda davlatning asosiy vazifasi kapital jalb qilish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish va uning jozibadorligini oshirish bilan izohlanadi.
Xorijiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga jalb etishdan manfaatdorlik har qanday davlatning o‘z investitsiya siyosatini ishlab chiqishini talab etadi. Bu siyosat xorijiy investitsiyalarni jalb etishning o‘ziga xos yo‘nalishi, shuningdek, ularni jalb etishni rag‘batlantirish tizimini aniqlab beradi va investitsiya faoliyatining huquqiy tartibini belgilaydi.
2020-yil dunyo mamlakatlari uchun og‘ir sinovli yil bo‘ldi. Iqtisodiy pandemiya oqibatida 1930-yil va 2007–2009-yillarda kuzatilgan “Buyuk resessiya” inqirozidan tubdan farq qilib, 2019-yilda boshlangan “COVID-19” pandemiyasi davlat iqtisodiy siyosatiga katta xavf tug‘dirdi. Aholi salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan xavf yuzaga kelishi, aloqalarning cheklanishi, vaqtinchalik ish joylarini yo‘qotishlar va korxonalar o‘rtasida pul oqimlarining qisqarishi, ishsizlikning oshib ketishi kabi muammolar ko‘pchilik mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi[21].
Bunday jarayonlarni yumshatish, iqtisodiyotda investitsiyaviy faollikni shakllantirish bevosita xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jozibadorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatidagi moliyaviy resurslarni jalb qilishning zamonaviy manbalari va hajmiga katta e’tibor qaratishni talab qiladi. Aynan mazkur manbalar korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi. Buni hammamiz chuqur tushunib olishimiz va ishimizni shu asosda tashkil etishimiz shart. Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatimizning investitsiya salohiyatini to‘la namoyon etish choralarini ko‘rishimiz kundalik hayotimizdan joy olgan eng dolzarb masalalardan biri bo‘lmog‘i lozim”[22], deb ta’kidlab, xorijiy investitsiyalarning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi g‘oyat muhim ahamiyati va uni jalb qilishning dolzarbligini e’tirof etdi.
Investitsiya muhiti holatini investitsiya faoliyatini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi va jozibadorligini aniqlaydigan iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy, huquqiy, siyosiy, ekologik va boshqa shart-sharoitlarning umumlashtiruvchi xususiyatlari belgilab beradi.
Eʼtibor qarating!
Investitsiya muhiti deganda, mamlakat iqtisodiyoti yoki uning ma’lum bir hududiga kiritiladigan investitsiyalarning samaradorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, tashkiliy-huquqiy, ekologik, madaniy va boshqa shart-sharoitlar majmuasi tushuniladi. U muayyan hududga investitsiyalar kiritishning maqsadga muvofiqligi va jozibadorligini belgilaydigan shart-sharoitlarning mavjud ijobiy va salbiy tomonlarini anglatadi.
Investitsiyaviy jozibadorlik mamlakat, tarmoq yoki alohida olingan korxona investitsiyalarining daromadlilik, rivojlanish istiqbollari va investitsiya xatari darajasi nuqtai nazaridan baholanishidir. Investitsiyaviy jozibadorlik investitsiya salohiyati va investitsiya xatari darajasini shakllantiradigan ikki guruh omillarning bir vaqtda ta’sir etishi orqali aniqlanadi. Bu kabi ko‘rsatkichlarga baho berish orqali investitsiyalarning maqsadga muvofiqligi hamda jozibadorligi, investitsiya xatari darajasini aniqlash mumkin.
Investitsiya muhiti holatiga baho berishda quyidagilarni inobatga olish zarur:
– jami ichki mahsulot, milliy daromad va sanoat ishlab chiqarishining o‘sishi yoki kamayishi; milliy daromadning taqsimlanishi; jamg‘arma va iste’mol munosabatlarining o‘zgarishi; xususiylashtirish jarayonlarining borishi; ma’muriy yo‘l bilan investitsiya faoliyatini tartibga solishning holati; alohida investitsiya bozorlari, shu jumladan, fond va pul bozorlarining taraqqiyoti;
– investitsiya iqlimiga ta’sir etuvchi barcha omillarni hisobga olish. Bu omillar qatoriga quyidagilarni kiritish maqsadga muvofiq: hududning iqtisodiy salohiyati, ya’ni mintaqaning pul mablag‘lari bilan ta’minlanganligi; ishlab chiqarish va investitsiyalarni yo‘lga qo‘yish uchun bo‘sh yerlarning mavjudligi; mehnat va energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi; ilmiy-texnikaviy salohiyatning rivojlanganlik darajasi; olib borilayotgan umumiy xo‘jalik yuritish shart-sharoitlari, ya’ni ekologik holat, moddiy ishlab chiqarish sohalarining rivojlanganligi; tugallanmagan qurilishlarning hajmi; asosiy ishlab chiqarish fondlarining eskirish darajasi; uy-joy qurilishi sohasining taraqqiy etganligi;
– mintaqada bozor muhitining tarkib topganligi, ya’ni to‘laqonli bozor infratuzilmasining rivojlanganligi, xususiylashtirishning investitsiya jarayoniga ta’siri, inflyatsiya darajasi va ta’siri, aholining investitsiya faoliyatiga jalb etilish darajasi, tadbirkorlar o‘rtasida raqobat muhitining rivojlanganlik darajasi, xo‘jaliklararo aloqalarning faollik darajasi, eksport imkoniyatlari, xorijiy kapitalning mavjudlik darajasi;
– siyosiy omillar, ya’ni aholining mintaqa yoki mamlakat hokimiyat organlariga ishonchi darajasi, mintaqa rahbariyatining markaziy davlat rahbariyati bilan munosabatlari, ijtimoiy barqarorlik darajasi, milliy, diniy munosabatlarning ahvoli;
– ijtimoiy va madaniy omillar, ya’ni aholining hayot darajasi, maishiy-yashash sharoitlari, tibbiy xizmatning rivojlanganligi, ichkilikbozlik, giyohvandlik va shunga o‘xshash salbiy odatlarning aholi o‘rtasida tarqalganlik darajasi, jinoyatchilik darajasi, haqiqiy ish haqining o‘rtacha miqdori, aholi ko‘chishining investitsiya jarayoniga ta’siri, aholining o‘z davlati va chet davlat tadbirkorlariga nisbatan munosabatlari, xorijlik mutaxassislarning ishlashi uchun shart-sharoitlar;
– tashkiliy-huquqiy omillar, ya’ni hokimiyatning o‘z va chet davlat investorlariga munosabati, mintaqa rahbariyatining investitsiyaga doir qonun va me’yorlarga amal qilishi; korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish muammolari va uni hal etish darajasi, ma’lumotlarni olish imkoniyatlari, mahalliy ma’muriyatning malakaviy darajasi, huquqni himoya qilish idoralari faoliyatining samaradorligi, tovarlar, kapital va ishchi kuchini tashish va ko‘chirish shart-sharoitlari, mahalliy tadbirkorlarning ishchanlik sifatlari va madaniy-axloqiy darajasi;
– moliyaviy omillar, ya’ni mintaqa byudjetining daromadlari, aholi jon boshiga byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari bilan ta’minlanganlik darajasi, markaziy va mintaqa byudjetlaridan moliyaviy mablag‘lar olishning imkoniyatlari, xorij valyutasida kredit olish imkoniyatlari, bank krediti foizlari darajasi, banklararo hamkorlikning rivojlanganligi, har ming aholiga bank kreditlarining to‘g‘ri kelgan qismi, uzoq muddatli kreditlarning umumiy kredit qo‘yilmalaridagi salmog‘i, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan omonatlar miqdori, zarar ko‘rib ishlovchi korxonalarning umumiy korxonalar tarkibidagi ulushi va boshqalar.
Har qanday davlatga investitsiyalarning kirib kelishi va rivojlanishi mazkur mamlakatdagi investitsiya muhitiga ta’sir etuvchi omillarga bevosita bog‘liq. Investitsiya muhitiga ta’sir etuvchi omillar, asosan, to‘rt guruhga bo‘linadi: huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy omillar[23].
2-§. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va milliy iqtisodiyotda ulardan samarali foydalanish yo‘llari

Jahon hamjamiyatida globalizatsiya jarayoni kechmoqda. Globalizatsiya jarayoniga qo‘shilish – bu dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamkorlikda bo‘lish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohadagi davlat siyosatining o‘zaro manfaatli asosda bu davlatlar siyosatiga mos kelishidir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston jahon hamjamiyati oldida bugungi kunda o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, dunyo xaritasida geografik joylashishi, tabiiy resurslarining tarkibi va zaxirasi, hukumat olib borayotgan investitsiya siyosati va boshqalar bilan muhim rol o‘ynaydi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi uchun qulay investitsiya muhiti barpo etish zaruriyatini ko‘rsatadi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi, investitsiya faolligining o‘sish sur’atlari investitsiya muhitiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Xorijiy investitsiyalarni respublika iqtisodiyotiga jalb etish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilishi muhimdir, u qachonki qaysi mamlakatda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va huquqiy shart-sharoitlar mavjud (ijobiy) bo‘lsagina, o‘sha davlat iqtisodiyotiga qo‘yilishi mumkin[24].
Bozor islohotlarining navbatdagi bosqichida mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni takomillashtirish masalalarini hal qilish, xorijiy sarmoyasini jalb qilish borasidagi muammolarni bartaraf etish, xorijiy investitsiyalar hajmini ko‘paytirish hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari asosiy vazifalardan biridir. Ana shunday vazifalarning amalga oshirilishi hisobiga 2011–2019-yillar davomida mamlakatimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalarning o‘sish sur’atlari ta’minlanayotganligi qayd etilmoqda.
Yodda tuting! Сhet el investitsiyalari – chet ellik investor tomonidan ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek, reinvestitsiyalar. |
2019-yilda xorijiy investitsiyalar hajmi 13,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 9,3 mlrd AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Tahlil etilayotgan davrda jami xorijiy investitsiyalar hajmi
2019-yilda 2011-yilga nisbatan 3,5 martaga ortgan.
2019-yil yakunlari bo‘yicha xorijiy investitsiyalarni mamlakatga jalb qilish bo‘yicha asosiy xorijiy hamkorlar Xitoy, Rossiya va Germaniya davlatlari bo‘ldi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritadigan davlatlar umumiy soni 50 tadan oshdi. Yirik investor-davlatlarning umumiy jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlardagi ulushi 34 foizgacha qisqardi[25].
2021-yilga kelib O‘zbekiston 8,6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi. O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 2020-yilga nisbatan 109 foiz o‘sish sur’ati bilan 254 trillion so‘m, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 8,6 milliard dollarni tashkil etdi[26].
Yodda tuting! O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar – aksiyalari (ulushlari, paylari) yoki ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o‘n besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar. |
O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunini samarali amalga oshirish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda investorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning 4 bosqichli mexanizmi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari va diplomatik vakolatxonalardan iborat. Xorijdagi va tijorat banklari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, bu esa investorlarning barcha murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligini to‘g‘ri nazorat qilish imkonini beradi.
Mamlakatimizda investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirish maqsadida 2020-yil 28-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4937-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad respublikada xomashyo bazasini kengaytirish va uni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yuqori texnologiyalarni keng jalb qilish, investitsiya loyihalarining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini ta’minlash, shu asosda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish hamda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdan iborat[27].
Yodda tuting! O‘zbekiston Respublikasida chet ellik investorlar quyidagilar bo‘lishi mumkin: – chet el davlatlari, chet el davlatlarining maʼmuriy yoki hududiy organlari; – davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyektlari bo‘lgan xalqaro tashkilotlar; – chet el davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar; – chet davlat fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. |
O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi bilan bir qatorda, investitsiyalarni rag‘batlantirish va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish sohasida mamlakatlar o‘rtasida imzolangan xalqaro shartnomalar xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim va ba’zan asosiy rol o‘ynaydi hamda investitsiya qarorini qabul qilish jarayonida investorlar uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Buning sababi shundaki, xalqaro shartnomalarda mavjud bo‘lgan huquqiy normalar milliy qonun normalariga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat va ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, davlat tomonidan huquqiy tartibga o‘zgartirish yoki boshqa choralarni qabul qilishda barqarorlik elementini kiritadi. Xalqaro shartnomalar xorijiy investor uchun kafolatlarning qo‘shimcha himoyasi bo‘lib xizmat qiladi va adolatli, teng huquqli tartibni ta’minlash orqali investitsiyalarni qabul qiluvchi mamlakatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan hamda xorijiy investorlarni himoya qilishning standart kafolatlarini ta’minlash, tegishli kompensatsiyasiz shaxsiy mulkdorlarning mol-mulkini majburiy ravishda begonalashtirishning oldini olish, zararni qoplash, shuningdek, kamsituvchi muomaladan himoya qilish, nizolarni hal qilish uchun xalqaro arbitrajni jalb qilishga qaratilgan va boshqa afzalliklari mavjud.
Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasidagi xalqaro shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi hukumati va alohida xorijiy investor o‘rtasida investitsiya shartnomalari tuzilishini sezilarli darajada qisqartirmoqda.
Eʼtibor qarating!
Hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Yevropa, MDH, Osiyo va Afrika, Osiyo – tinch okeani mintaqasi mamlakatlari hamda Amerika qit’asi bilan 52 ta ikki tomonlama investitsiya shartnomalarini imzolagan[28].
Tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini samarali ta’minlash maqsadida mamlakatimizda tegishli tuzilmalar, jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ayniqsa:
– Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi – Oʻzbekiston Respublikasining eksport, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda iqtisodiyot va xalqaro savdoning boshqa jabhalari masalalari bilan shugʻullanuvchi davlat organi;
– O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalari – tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashni sifatli va samarali tashkil etishni ta’minlaydi;
– Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi – xorijiy investorlarni jalb etish va Oʻzbekistonga sarmoya kiritish istagida boʻlgan xorijiy ishbilarmonlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlaydi;
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi – tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi – Xorijiy investorlar kengashi qulay investitsiya muhiti, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni mamlakatimizning ustuvor tarmoqlariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini yaratishda bevosita ishtirok etadi[29].
Yodda tuting! O‘zbekistonda chet el investitsiyalari kiritish shakllari: – O‘zbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamg‘armalari hamda boshqa mol-mulkida ulush qo‘shib qatnashish; – chet ellik investorlarga to‘liq qarashli bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish; – mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini sotib olish; – intellektual mulk, shu jumladan, mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, shuningdek, ishchanlik nufuzi (gudvill)ga huquqlar kiritish; – konsessiyalar, shu jumladan, tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo‘lgan konsessiyalar olish; – savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari obyektlari, turar-joy binolariga ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqi, shuningdek, yerga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan, ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish orqali; – shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin. |
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining asosiy yo‘nalishlari orasida quyidagilarni alohida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin:
– investitsiya jalb qilish uchun xalqaro me’yor va konvensiyalarga mos, sanoati rivojlangan mamlakatlar investorlari tomonidan tan olinadigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga intilish;
– respublikaga jahon darajasidagi texnologiyalarni yetkazadigan va iqtisodiyotning zamonaviy tuzilishini vujudga keltirishga yordam beradigan investorlar uchun ochiq eshiklar siyosatini izchillik bilan amalga oshirish;
– ishlab chiqarish bilan bog‘liq investitsiyalarni kiritishga ko‘maklashish;
– mamlakatning kredit qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash;
– mamlakatning ayrim mintaqalarida ijtimoiy va ekologiya muammolarini hal qilishga qaratilgan investitsiyalarni kiritishga yordam berish.
Yodda tuting! Investitsiyalar va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘llaniladigan imtiyoz hamda preferensiyalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin: – davlat mulki bo‘lgan obyektlar yoki ularga bo‘lgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki nolga teng xarid qiymati bo‘yicha investorga berish; – soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish; – investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini subsidiyalash. Imtiyozlar va preferensiyalar quyidagilarga qarab beriladi: – investitsiyalar hajmi; – investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan joyning shart-sharoitlari; – kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samara va yangi ish o‘rinlari yaratish; – investitsiya loyihasini amalga oshirish sohalari va tarmoqlari. Soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar qonunda belgilangan tartibda beriladi. |

Xorijiy sarmoyadorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasidagi barcha korxonalar uchun belgilab qo‘yilgan bojxona va soliq imtiyozlari bilan bir qatorda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar jalb etayotgan quyidagi iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari uchun qator imtiyozlar mavjud:
– radioelektron sanoat buyumlari va kompyuter hamda hisoblash texnikalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish;
– yengil sanoat;
– ipakchilik sanoati;
– qurilish materiallari sanoati;
– parranda go‘shti va tuxum yetishtirish;
– oziq-ovqat sanoati;
– sut-go‘sht mahsulotlari sanoati;
– kimyo-farmatsevtika sanoati.
Eʼtibor qarating!
Ushbu korxonalar asosiy faoliyati bo‘yicha daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirishdan olinadigan soliq, ekologiya solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq, shuningdek, Respublika yo‘l fondiga majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod etiladi.
Yodda tuting! Qayd etilgan soliq imtiyozlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsiy xorijiy sarmoyalar quyidagi hajmda jalb etilganda taqdim etiladi: – 300 ming AQSh dollaridan 3 mln dollargacha – 3 yil muddatga; – 3 mln AQSh dollaridan 10 mln dollargacha – 5 yil muddatga; – 10 mln AQSh dollaridan ortiq – 7 yil muddatga. Bunda qayd etilgan soliq imtiyozlari quyidagi shartlarda taqdim etiladi: – yuqorida qayd etilgan korxonalarni mehnat ko‘p hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Navoiy, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari qishloq aholi punktlarida joylashtirish; – xorijiy sarmoyadorlar tomonidan shaxsiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni O‘zbekiston Respublikasi kafolatlarini taqdim etmagan holda amalga oshirish; – xorijiy ishtirokchilarning korxona Ustav kapitalidagi hissasi 50 foizdan kam bo‘lmasligi kerak; – qayd etilgan korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng shaxsiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar kiritish; – xorijiy sarmoyalarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik uskuna ko‘rinishida kiritish; – ushbu imtiyozlar taqdim etilishi natijasida olingan daromadni ulardan foydalanish muddati davomida korxonani yanada rivojlantirish uchun qayta sarmoya kiritishga yo‘naltirish. |
Respublikada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar bilan birga investitsiyalarni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar ham mavjud bo‘lib, ularni hal qilish O‘zbekistonning yanada rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Ularni hal etishda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
– qo‘shma korxonalarning tashqi bozorlarga yo‘naltirilgan faoliyatini jadallashtirish, valyuta oqimini barqarorlashtirish;
– investitsiyalar hududiy bir yoqlamalik xususiyatining oldini olish maqsadida yanada ko‘proq manfaatdorlik, moyillik yaratish;
– aholining bo‘sh pul mablag‘larini investitsiya jarayonlariga jalb qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish;
– ishlab chiqarishni tuzilmaviy-texnologik qayta qurishni jadallashtirish maqsadida markazlashgan kredit resurslarining bir qismini tez qoplaydigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga qaratish;
– investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning nokredit usullaridan bo‘lgan lizing, franchayzing, faktoring kabilardan foydalanishni yanada kengaytirish;
– investitsiya loyihalarining sifatini oshirish, loyihalarni kapital qo‘yilmalar samaradorligi talablariga mos kelishi maqsadida tijorat asosida doimiy ravishda faoliyat yurituvchi investitsiya loyihalari ko‘rgazmasini tashkil qilish;
– erkin iqtisodiy hududlarni yanada rivojlantirish, yetakchi mamlakatlarning bu yo‘nalishdagi amaliyotini o‘rganish va ularni joriy qilishga erishish;
– ayrim tarmoq va mintaqalarda xorijiy investorlar uchun real amal qilishi uchun qo‘shimcha imtiyozlar tizimini yaratish;
– xorijiy investitsiyalarni sug‘urtalashning samarali va zamonaviy mexanizmini yaratish;
– iqtisodiyot tarmoqlarini monopoliyadan chiqarish bo‘yicha tadbirlarni jadallashtirish[30].
XULOSA
Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan mamlakatlarning amaliy tajribasi hamda korxonalar investitsiyaviy faolligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari o‘rganish hamda shunga muvofiq strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etadi. Ayniqsa, iqtisodiy pandemiya davrida korxonalar investitsiyaviy faolligini oshirish va ularning iqtisodiy faolligiga ta’sir etuvchi omillarni mukammal tahlil qilish orqali jalb etish maqsadga muvofiqdir. Ikkinchidan, korxonalar iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash yo‘lida mamlakatning investitsiyaviy muhitini sog‘lomlashtirish borasida qabul qilgan qonunlarni tahlil qilish hamda mazkur qonunlarga aynan korxona investitsiya samaradorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritish; uchinchidan, tadqiq qilingan xorij tajribalarini mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tatbiq etish tavakkalchilikni pasaytirish va mavhumlikning oldini olish hamda yuqori samaradorlikni ta’minlashga olib keladi[31].
Albatta, hamma biznes qilish, ayniqsa, investorlar o‘z daromadini yanada ko‘paytirishni istaydi. Bu esa, o‘z navbatida, investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratishni talab etadi. Buning uchun, eng avvalo, investorning mazkur mintaqada mavjud siyosiy barqarorlikka, bu davlatda qabul qilingan qonunlar, huquqiy me’yorlar har bir kapital egasi olishni istagan foyda, daromadni kafolatlashiga ishonch hosil qilishiga bog‘liq.
Qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritilayotgan mintaqadagi imkoniyatlar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, resurslar narx-navosi, infratuzilmaning rivojlanish holati, axborot ishonchliligi, xizmat ko‘rsatish, ya’ni aloqa, transport rivojlanish holati va istiqboli hamda jozibali loyihalar mavjudligi investorlar qiziqishini yanada oshiradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. «Xalq so‘zi» gazetasi, 2018-yil 29-dekabr, № 271-272- (7229-7230) soni.
2. Kriebaum U., Dolzer R., Schreuer C. Principles of international investment law. – Oxford University Press, 2022.
3. Mortenson J. D. The Meaning of Investment: ICSID’s Travaux and the Domain of International Investment Law //Harv. Int’l LJ. – 2010. – Т. 51. – С. 257.
4. Ahrorovа S. XXI asrda xorijiy investitsiyalar bo‘yicha tushunchalar // Общество и инновации. – 2022. – Т. 3. – №. 6/S. – С. 287-292.
5. Collins D. An introduction to international investment law. – Cambridge University Press, 2016.
6. Titi C. The right to regulate in international investment law. – Bloomsbury Publishing, 2014. – Т. 10.
7. Qobiljon ogli, A. A. (2021). The Concept, Types and Licensing Procedures of Activities that Must Be Licensed in International Investment Law. International Journal of Development and Public Policy, 1(6), 188-193.
8. Miles K. The origins of international investment law: empire, environment and the safeguarding of capital. – Cambridge University Press, 2013. – Т. 99.
9. Д.А. Ещанова. Правовое регулирование инвестиционной деятельности. “ODILLIK MEZONI” / № 4 / 2020. стр.49.
10. Marboe I. et al. Calculation of compensation and damages in international investment law //OUP Catalogue. – 2009.
11. Investor va davlat o‘rtasida nizolarni hal qilish asoslari (Trening materiallari). – – Toshkent: 2021-yil.
12. Ibrohimov A. A. M. O. G. L., Nechayeva E. V. XALQARO INVESTITSIYA HUQUQIDA MILLIY REJIM VA ENG QULAY SHARTLAR REJIMI //Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. – 2022. – Т. 2. – №. 2. – С. 414-425.
13. Abe C. Dunn, Kyle K. Hood, Alexander Driessen, Measuring the Effects of the COVID-19 Pandemic on Consumer Spending Using Card Transaction Data, Bureau of Economic Analysis (BEA), BEA Working Paper Series, WP2020-5, April 24, 2020.
14. Mustafakulov Sh.I. Investitsion muhit jozibadorligi. Ilmiy-amaliy qo‘llanma. –Toshkent: Baktria press, 2017. – B. 320.
15. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2020-y., 07/20/4937/1672-son.
18. https://review.uz/post/v-2021-godu-uzbekistan-privlek-86-mlrd-pryamx-inostrannx-investiciy
19. https://www.minjust.uz/ru/press-center/news/98735/
20.http://iqtisodiyot.tsue.uz/sites/default/files/maqolalar/31_Akhmedov_Nematov_Salimov.pdf
21. https://inscience.uz/index.php/socinov/article/view/814/1030
22. https://mift.uz/oz/investi
23. https://mift.uz/uz/pages/statistika-tovarooborota
ESHANOVA DAULETBIKE AMETBEKOVNA
AHROROVA SAYOHAT AKROM QIZI
XORIJIY
INVESTITSIYALARNI
JALB QILISH
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 2,79 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 115-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
QAYDLAR UCHUN
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
QAYDLAR UCHUN
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
QAYDLAR UCHUN
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
QAYDLAR UCHUN
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
-
https://mift.uz/uz/pages/statistika-tovarooborota ↑
-
Kriebaum U., Dolzer R., Schreuer C. Principles of international investment law. – Oxford University Press, 2022. ↑
-
Mortenson J. D. The Meaning of Investment: ICSID’s Travaux and the Domain of International Investment Law //Harv. Int’l LJ. – 2010. – Т. 51. – С. 257. ↑
-
Ahrorova S. XXI asrda xorijiy investitsiyalar bo‘yicha tushunchalar //Общество и инновации. – 2022. – Т. 3. – №. 6/S. – С. 287-292. ↑
-
Collins D. An introduction to international investment law. – Cambridge University Press, 2016. ↑
-
Ahrorova S. XXI asrda xorijiy investitsiyalar bo‘yicha tushunchalar //Общество и инновации. – 2022. – Т. 3. – №. 6/S. – С. 287-292. ↑
-
Titi C. The right to regulate in international investment law. – Bloomsbury Publishing, 2014. – Т. 10. ↑
-
Qobiljon ogli, A. A. (2021). The Concept, Types and Licensing Procedures of Activities that Must Be Licensed in International Investment Law. International Journal of Development and Public Policy, 1(6), 188-193 ↑
-
Qobiljon ogli, A. A. (2021). The Concept, Types and Licensing Procedures of Activities that Must Be Licensed in International Investment Law. International Journal of Development and Public Policy, 1(6), 188-193 ↑
-
Miles K. The origins of international investment law: empire, environment and the safeguarding of capital. – Cambridge University Press, 2013. – Т. 99. ↑
-
Marboe I. et al. Calculation of compensation and damages in international investment law //OUP Catalogue. – 2009. ↑
-
Investor va davlat o‘rtasida nizolarni hal qilish asoslari (Trening materiallari). Toshkent: 2021-yil. ↑
-
Investor va davlat o‘rtasida nizolarni hal qilish asoslari (Trening materiallari). Toshkent: 2021-yil. ↑
-
Collins D. An introduction to international investment law. – Cambridge University Press, 2016. ↑
-
Ibrohimov A. A. M. O. G. L., Nechayeva E. V. XALQARO INVESTITSIYA HUQUQIDA MILLIY REJIM VA ENG QULAY SHARTLAR REJIMI //Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. – 2022. – Т. 2. – №. 2. – С. 414-425. ↑
-
Investor va davlat o‘rtasida nizolarni hal qilish asoslari (Trening materiallari). Toshkent: 2021-yil. ↑
-
Investor va davlat o‘rtasida nizolarni hal qilish asoslari (Trening materiallari). Toshkent: 2021-yil. ↑
-
Collins D. An introduction to international investment law. – Cambridge University Press, 2016. ↑
-
Collins D. An introduction to international investment law. – Cambridge University Press, 2016. ↑
-
Д.А.Ещанова. Правовое регулирование инвестиционной деятельности. “ODILLIK MEZONI” / № 4 / 2020. стр.49. ↑
-
Abe C. Dunn, Kyle K. Hood, Alexander Driessen, Measuring the Effects of the COVID-19 Pandemic on Consumer Spending Using Card Transaction Data, Bureau of Economic Analysis (BEA), BEA Working Paper Series, WP2020-5, April 24, 2020. ↑
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. «Xalq so‘zi» gazetasi, 2018-yil 29-dekabr. № 271-272- (7229-7230) soni. ↑
-
https://finance.uz/index.php/uz/fuz-menu-economy-uz/1391-ulaj-investitsiya-mu-iti-i-tisodijot-tara-ijotining-garovi ↑
-
Mustafakulov Sh.I. Investitsion muhit jozibadorligi. Ilmiy-amaliy qo‘llanma. –Toshkent: Baktria press, 2017. –B.320. ↑
-
https://kun.uz/news/2020/01/20/2019-yilda-ozbekiston-qancha-xorijiy-investitsiyalarni-ozlashtirgani-malum-boldi ↑
-
https://review.uz/post/v-2021-godu-uzbekistan-privlek-86-mlrd-pryamx-inostrannx-investiciy ↑
-
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2020-y., 07/20/4937/1672-son. ↑
-
https://www.minjust.uz/ru/press-center/news/98735/ ↑
-
http://iqtisodiyot.tsue.uz/sites/default/files/maqolalar/31_Akhmedov_Nematov_Salimov.pdf ↑
-
https://inscience.uz/index.php/socinov/article/view/814/1030 ↑