KIRISH

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirilib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

2020-yil 22-iyunda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida ham yoshlar huquqlarini ta’minlash, ularning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar belgilangan.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda nafaqat mamlakat miqyosida, balki umumjahon darajasida ham yoshlar huquqlarini ta’minlash masalalarini ilgari surayotgan va bu borada muhim tashabbuslar ko‘rsatayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bildirilgan yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya qabul qilish zarurligi to‘g‘risidagi taklif dunyo davlatlarini yoshlarning taqdiri va kelajagi borasidagi mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga undovchi o‘ziga xos chaqiriq bo‘ldi.

Ushbu taklif xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. Mazkur konvensiya ikki milliarddan ortiq dunyo yoshlarini terrorizm, ekstremizm kabi buzg‘unchi g‘oyalardan va ta’sirlardan himoya qilishi, ularga har tomonlama madad berishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari Sh.M. Mirziyoyev 2020-yilning 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, jahon davlatlarini yana bir bor Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Mazkur amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi negizida, birinchi navbatda, yoshlarimizning huquqlarini himoya qilish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan band qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yotgan bo‘lsa, ikkinchi navbatda, ular tomonidan turli salbiy xatti-harakatlar va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish yotibdi.

Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

BМТ Bosh Assambleyasining

72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan

I. YOSHLAR HUQUQLARI TUSHUNCHASI

1.1. YOSHLAR DEGANDA KIMLAR TUSHUNILADI?

Yoshlar (yosh fuqarolar) – o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar.

Yosh oila – er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (Yoshlar) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);

yosh mutaxassis oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodim.

Ma’lumot uchun: Hozirgi kunda butun dunyoda 7,9 mlrd. aholi bo‘lsa, shundan, 2,3 mlrd. nafardan ko‘proq qismini yoshlar tashkil qiladi. Respublikamizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 mln.dan oshdi va mamlakatimiz aholisining qariyb 55 foizini tashkil etmoqda.

1.2. YOSHLAR HUQUQLARINING KONSTITUTSIYAVIY ASOSLARI

Konstitutsiyaning Muqaddimasida yoshlar huquqlariga bevosita aloqador bo‘lgan O‘zbekistonda inson huquqlariga sodiqlik, xalqaro huquqning umume’tirof etilishi, fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga oid norma­larning ustuvorligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konsti­tutsiyasining 13-moddasida inson, shu jumladan, yoshlarning ham hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat, deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Konsti­tutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli bo‘ladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.

Nikohda va nikohsiz tug‘ilgan bolalar teng hamda har taraflama himoyadan foydalanadi. Davlat yoshlarning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi. Yoshlar huquqlari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Yoshlar huquqlari davlat himoyasidadir. Yoshlar huquqlari va erkinliklarining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi konstitutsiyaviy-huquqiy maqomining asosiy qoidalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VII-X-boblarida, ayrim istisnolardan tashqari, yoshlarga bevosita tegishli bo‘lgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inson huquqlari aks etilgan.

Konstitutsiyaning 45-moddasida “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deyilgan.

Konstitutsiyaning 64-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi” degan norma e’tirof etilgan.

Konstitutsiyaning 65-moddasida “Farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, – deyilgan.

18 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning huquqlari “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya” va milliy qonunchilik, 18 yoshdan katta yoshlarning barcha huquq va erkinliklari esa Konstitutsiya hamda boshqa qonunlarda belgilangan tarzda ta’minlanishi to‘la kafolatlanadi.

Yoshlar (bolalar)ning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlari

Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.

Har bir yosh o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.

Yosh (bola) qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Davlat yoshlarning shaxsi, turar joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda yoshlarni ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, jinoiy faoliyatga, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etilishdan himoya qilishni amalga oshiradi.

1.3.YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI DEGANDA NIMA TUSHUNILADI?

Yoshlarga oid davlat siyosati – davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimidir.

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  • ochiqlik va shaffoflik;
  • yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi;
  • yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
  • ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
  • yoshlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
  • yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;
  • yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
  • yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;
  • yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
  • yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
  • yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;
  • yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
  • yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

1.4. YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATINI RO‘YOBGA CHIQARISHNI AMALGA OSHIRUVCHI HAMDA UNDA ISHTIROK ETUVCHI ORGANLAR VA MUASSASALAR

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

Mahalliy davlat

hokimiyati organlari

  • yoshlarga oid davlat siyo­satining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
  • tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;

  • yoshlarga oid davlat siyo­satini ro‘yobga chiqarishga qara­tilgan normativ-huquqiy hujjat­larni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
  • tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning fao­liya­tini muvofiqlashtiradi;

  • yoshlarga oid davlat siyo­satini ro‘yobga chiqarishning borishini umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etadi ham­da uni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘ra­di;
  • yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati ro‘­yobga chiqarilishini ta’minlaydi, mehnat bozori va yosh muta­xassislarni ishga joylashtirish ama­liyoti monitoringini tashkil etadi;

  • yoshlarga oid davlat siyo­sati sohasida xalqaro ham­korlikni amalga oshiradi.

Batafsil o‘qish uchun QR kodni skanerlang!

Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:

II. YOSHLARNI HUQUQIY VA IJTIMOIY HIMOYA QILISH

2.1. YOSHLAR HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINING KAFOLATLARI QANDAY TA’MINLANADI?

O‘zbekiston Respublikasining Konsti­tutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi.

Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday cheklash qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Davlat voyaga yetmaganlarni jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida saqlashda shaxsning huquqlariga va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, insonparvarlik prinsiplariga rioya etilishini kafolatlaydi.

Voyaga yetmaganlar uchun ular sodir etgan huquqbuzarlikning og‘irlik darajasi va ularning yoshi hisobga olingan holda jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida qonunchilikka muvofiq taba­qalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.

2.2. YOSHLARNI IJTIMOIY HIMOYA QILISH

KAFOLATLARI

Qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlar uchun quyidagilar kafolatlanadi:

  • bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi;
  • bepul umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olish;
  • davlat ta’lim muassasalarida davlat grantlari doirasida bepul kasb-hunar va oliy ta’lim olish;
  • davlat sport-sog‘lomlashtirish va madaniy-ma’rifiy muassasalariga borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • uy-joy qurish, olish va uni rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
  • ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtiyozli kreditlar berish;
  • yetim yoshlarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni turar joylar bilan ta’minlash;
  • o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ta’lim muassasasini bitirganidan keyin bandlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • mehnat sohasida yoshga doir o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda imtiyozlar berish va ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish chog‘ida yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olish;
  • jamoat transportidan foydalanishda imtiyozlar berish.

Ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan yosh fuqarolarni ishga joylashtirishga yordam qo‘shimcha ish o‘rinlari va ixtisoslashtirilgan korxonalarni barpo etish, o‘qitish bo‘yicha maxsus dasturlarni tashkil etish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ish joylarining eng kam miqdori zaxirasini yaratish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Kam ta’minlangan yosh oilalarga qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralari ko‘rilishi mumkin.

O‘quv jarayoni vaqtida o‘quvchilar va talabalarni jamoatchilik ishlariga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ular tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli bo‘lgan hollar yoxud o‘quvchilar va talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtida ixtiyoriy mehnat qilgan hollar mustasno. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat to‘g‘risidagi yoki fuqarolik qonunchilikka muvofiq shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Qonunchilikda yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlari ham berilishi mumkin.

2.3. IQTIDORLI VA ISTE’DODLI YOSHLARNI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH

  • Davlat qonunchilikda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilaydi, ta’lim grantlari taqdim etadi,
  • fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashadi,
  • umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar faoliyatini tashkil etadi,
  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni aniqlaydi va rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, konsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etadi hamda o‘tkazadi,
  • yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi; iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlaydi;
  • ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;
  • sport-ta’lim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va iste’dodli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazish;
  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda rag‘batlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Qonunchilikda iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.

2.4. YOSHLARNI VA YOSH OILALARNI IJTIMOIY HIMOYA QILISHDA YOSHLAR IJTIMOIY XIZMATINING FAOLIYATI

Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam ko‘rsatish va maslahatlar berish;
  • imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
  • yosh oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
  • ta’lim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
  • yosh mutaxassislarga yangi ish joyiga moslashishida, ularni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ularni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
  • ozodlikdan mahrum etish joylaridan va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yosh fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish;
  • yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • huquqiy targ‘ibot, yoshlarni ishga joylashish, ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlik borasida, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turizm va sport sohasidagi imkoniyatlar to‘g‘risida xabardor etish;
  • yoshlarning yashash joylarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish.

Yoshlar ijtimoiy xizmati o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiq boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham amalga oshirishi mumkin.

III. YOSHLARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISHDA YARATILGAN IMKONIYATLAR

O‘zbekistonda yoshlar huquqlarini himoya qilish masalasi bosqichma-bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda.

Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tasabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.

3.1. PREZIDENTNING 5 MUHIM TASHABBUSI

Birinchi  tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan  samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalarini nazarda tutadi.

3.2. YOSHLAR PORTALI HAQIDA

Yoshlarning huquqlarini himoya qilishda yaratilgan yana bir imkoniyatlardan biri bu – Yoshlar portali (https://yoshlarportali.uz/uz/) hisoblanadi. U har bir foydalanuvchi o‘z huquq va imkoniyatlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi va ulardan to‘liq foydalanishi uchun yaratilgan.

Yaratilish tarixi

Portal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq Yoshlar ishlari Agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ta’lim olayotgan va ishlayotgan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va tashabbuslar haqida ma’lumot berish maqsad qilib qo‘yilgan. Portal yosh avlodga, shuningdek, yoshlar sohasida faoliyat yuritayotgan boshqa manfaatdor tomonlarga mo‘ljallangan.

Imkoniyatlar haqida qisqacha

Yoshlar portali yoshlarga turli imtiyozlar, imkoniyatlar, grantlar, tanlovlar, turli tadbirlar haqida tez va qulay ma’lumot beradi. U o‘z salohiyatini maksimal darajada oshirish uchun sifatli o‘quv kurslarini taklif etadi. Yigit va qizlarni tengdoshlarining erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berish orqali ilhomlantiradi.

3.3. “Yoshlar daftari” haqida

“Yoshlar daftari” – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bo‘lib, “Yoshlar daftari”ga tuman (shaharlar)dagi har bir sektor kesimida mahallabay “Yoshlar daftari”ga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:

ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar – muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida, profilaktik hisobda yoki ma’muriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi farzandlari;

iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar – tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar;

psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar – jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj yoshlar (suitsid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);

3.4. YOSHLARGA BERILGAN IMTIYOZLARDAN

NAMUNALAR

ishsiz yoshlar – haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno).

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga quyidagi yordamlar taqdim etiladi:

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam;

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlarini qoplash;

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish;

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilish uchun noturar joyning ijara xarajatlarini qoplash;

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratish;

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlarining, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish bo‘yicha to‘lov-kontrakt summasining bir qismini to‘lab berish va boshqa yordamlar.

Yoshlarga uy-joy sotib olish uchun subsidiya

Imtiyoz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezi­dentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5886-son Farmoniga muvofiq yoshlarga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, ayrim shaxslarga, shu jumladan daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanadi.

Kimlar uchun?

Quyidagi shaxslar “Daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar” hisoblanadi:

  • uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar,
  • mehnat migrantlari,
  • alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar,
  • og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar,
  • Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari,
  • Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari,
  • ichki ishlar organlari xodimlari.

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/docs/4637331

Sayt: https://www.mf.uz/

Tel: (998 71) 203-00-50

Respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun taʼlim krediti

Imtiyoz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6260-son Farmoni bilan talabalar uchun taʼlim kreditlari berishga doir tartibot soddalashtirilgan.

Chunonchi, respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi.

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati:  https://lex.uz/docs/5512119

Sayt: https://www.mf.uz/     

Kimlar uchun?

Taʼlim kreditlari oliy taʼlim tashkilotlarining kunduzgi taʼlim shaklida bakalavriat va magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan, shuningdek o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.

Talabalar uchun soliq imtiyozlari

Imtiyoz haqida

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, taʼlim kontrakti to‘lovini ish haqi yoki boshqa daromadlardan amalga oshirgan shaxs soliq imtiyozlari olsa bo‘ladi.

Imtiyozlarning mazmuni shundaki, fuqarolarning OTMlarda taʼlim olish uchun ajratilgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Imtiyozdan foydalanishi mumkin:

  1. 26 yoshga to‘lmagan farzandlari shartnoma asosida o‘qiydigan ota-onalar;
  2. 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtoqlari shartnoma asosida o‘qiydigan shaxslar;
  3. Yoshidan qatʼi nazar daromad oluvchi (rasman ishlayotgan) talabalar.

Ushbu imtiyoz yaqin qarindoshlar, yaʼni aka-uka va opa-singillar, xola, amaki va boshqalarning shartnomalarini to‘lashga qo‘llanilmaydi.

Soliq imtiyozi quyidagi manbalar hisobidan o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilganda taqdim etiladi:

  1. O‘z mablag‘lari;
  2. Jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan taʼlim kreditlari;
  3. Yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lar (ssudalar).

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/ru/docs/4674902#4687278

Sayt: https://soliq.uz/?lang=uz

Tel.: 71 202-32-82, 1198

Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiyalar

Imtiyoz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Preziden­tining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6208-son Farmoni bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiyalar ajratish nazarda tutilgan.

Xususan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/docs/5382151

Sayt: https://yoshlar.gov.uz

Tel: 1093.

Kimlar uchun?

Imtiyozlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli mikrokreditlar

Imtiyoz haqida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4862-son qarori bilan yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratish asoslari belgilangan.

Unga koʻra, nodavlat taʼlim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlar / mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga:

  • oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlarni taʼminotsiz ajratiladi.
  • uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/docs/5045889

Yoshlar sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyozlar

Imtiyoz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5088-son qarori bilan hududlarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini (Yoshlar sanoat zonalari) tashkil etilgan.

Mazkur qarorda belgilanishicha:

  • Davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun belgilanadigan ijara to‘lovining eng kam miqdoridan oshmagan stavkalarida ijaraga beriladi;
  • maydoni 1000 m² gacha bo‘lgan yer uchastkalarini, istisno tariqasida, elektron auksion savdosi o‘tkazmasdan, qaror bilan ajratiladi;
  • 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda 7 yilgacha muddat bilan moliyaviy resurslar taqdim etiladi;
  • kredit summasining 50 %gacha miqdorida, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi;
  • Ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 % va undan ziyod bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50 %gacha miqdorida, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda, yillik 2 % stavkasida sug‘urta polisini taqdim etiladi.

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/docs/5383002

Kimlar uchun?

Imtiyoz Yoshlar sanoat zonalari rezidentlari (ishtirokchilari)ga nisbatan tatbiq etiladi.

Yosh dasturchilar uchun imtiyozli kredit va subsidiya

Imtiyoz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6208-son Farmoniga binoan yosh dasturchilar uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratish tartibi o‘rnatilgan.

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlar uchun kompyuter xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratish va ularning foiz to‘lovlarini Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilish belgilangan.

Imtiyoz yuzasidan batafsil maʼlumot olish uchun havolalar:

Maxsus qonun hujjati: https://lex.uz/docs/5382151

Sayt: https://mikrokreditbank.uz/, https://www.xb.uz/

Tel: (998 71) 210-20-02, 1285, (+998 71) 200-65-65

Yoshlar berilgan boshqa 100 dan ortiq imtiyozlar va imkoniyatlar bilan https://yoshlarportali.uz/uz/opportunities orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

IV. YOSHLAR HUQUQLARINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK

Yoshlar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ta’minlashda, ularning huquqlari buzilganligi uchun tegishli ravishda javobgarlikka tortish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday buzilgan huquqni tiklashda, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli ravishda javobgarlik belgilanishi yoshlar huquqlarini tiklash bo‘yicha odil sudlovning muhim vazifasi hisoblanadi. Huquqbuzarlikka qarshi jazoning muqarrarligi, adolat tamoyilining asosiy mezonidir.

Yoshlarning odil sudlov sohasidagi huquqlarini, shaxsiy daxlsizlik huquqini, ularni ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, qiynoqlardan yoki muomalaning boshqa shafqatsiz, qo‘pol yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi shakllaridan, jinsiy zo‘ravonlikda, o‘g‘irlanish, jinoiy faoliyatga jalb qilinishdan himoya qilish va shu kabi huquqlarini ta’minlash yoshlarning yashash huquqini ta’minlash bo‘yicha davlat faoliyatining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Yoshlar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun, sodir etilgan huquqbuzarlikning xarakteriga qarab, huquqbuzar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Jinoyat kodeksi, Fuqarolik kodeksida ko‘zda tutilgan ma’muriy, jinoiy, fuqarolik yoki moddiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

4.1. MA’MURIY JAVOBGARLIK

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning “Fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar” deb nomlanadigan 5-bobida yoshlar huquq­larini ta’minlash sohasidagi huquq­buzarliklarning turli xillari uchun javob­garlikni ko‘zda tutgan bir qator moddalar mustahkamlangan.

Shuningdek, yoshlarning sha’ni va qadr-qimmatini hamda uning shaxsiy hayotiga noqonuniy aralashishdan himoya qilinishga bo‘lgan huquqi buzilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy qonunchiligida javobgarlik ko‘zda tutilgan. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga binoan, tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish tegishli miqdorda jarima to‘lashga olib keladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga asosan, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash tegishlicha miqdorda jarima undirilishga olib keladi.

Ushbu kodeksning 47-moddasi ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilangan.

Yoshlar va bolalarning zararli axborotlardan himoya qilish huquqini buzganlik uchun javobgarlik masalasi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasida ko‘zda tutiladi. Unda, pornografik mazmundagi materiallarni tarqatish uchun, ya’ni pornografik mazmundagi asarlar, bosma nashrlar, ashyolarning tasvirlari, kino-video filmlar, teleradio dasturlar, video va ovoz yozuvli materiallar, kino-foto materiallar va boshqa mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

4.2. JINOIY JAVOBGARLIK

Yoshlar huquqlarining buzilishi jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida yoshlar (bolalar) huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Masalan, yashash huquqini buzganlik (o‘ldirish) uchun javobgarlikni ko‘zda tutgan quyidagilar moddalarni misol sifatida keltirish mumkin: 97-modda (qasddan odam o‘ldirish), 98-modda (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish), 100-modda (onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirish), 102-modda (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish), 103-modda (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) va yoshlarning shaxsiy daxlsizligini buzganlik uchun JKning 104-106 va 109-111-moddalarida, ya’ni qasddan badanga shikast yetkazish va qiynash uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 235-moddada qiynoqlar va muomalaning va jazoning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi turlari uchun sanksiyalar belgilangan. Shahvoniy zo‘ravonlik orqali shaxsiy daxlsizlikni buzish uchun 118-moddada (nomusga tegish) va 119-moddada (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) javobgarlik ko‘zda tutilgan. Yoshlarga nisbatan bunday jinoyatlarni sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanib, ular uchun og‘irroq jazo tayinlanadi. Jinoyat kodeksida oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarga bag‘ishlangan alohida bob (5-bob) mavjud bo‘lib, unda voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash uchun (122-modda), voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish =(127-modda), 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda), 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar qilish (129-modda), pornografik narsalarni tayyorlash yoki tarqatish (130- modda), fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish (131-modda) uchun javobgarlik belgilangan.

Pornografik narsalarni tayyorlash va tarqatish uchun ham jinoiy javobgarlik ham ko‘zda tutilgan. Jinoyat kodeksining 130-moddasiga binoan, namoyish qilish yoki tarqatish maqsadida pornografik narsalarni tayyorlash, shuningdek ularni 21 yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida namoyish qilish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127-moddasiga binoan, voyaga yetmagan shaxsni tilamchilikka, spirtli ichimliklar iste’mol qilishga, giyohvandlik yoki psixotrop hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, tegishli miqdorda jarima yoki tegishli muddatlarga axloq tuzatish ishlari yoxud qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol etishga jalb qilish – tegishli muddatgacha qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksining 135-moddasida ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga binoan bu jinoyat aybdorga oldindan ma’lum bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi va tegishli muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksida fuqarolarning, jumladan, bolalarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish uchun, jumladan fuqarolarning teng huquqligini (141-modda), turar joy daxlsizligini (142-modda), fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini (144-modda), vijdon erkinligini (145-modda), mehnat qilish huquqini (148-modda) buzish uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga binoan, voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu normani buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 145-moddasi, 2-qismiga binoan tegishli jinoiy javobgarlik ko‘zda tutiladi.

Yoshlarning shaxsiy huquq va erkinliklari hamda siyosiy huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik masalalari tegishli ravishda ma’muriy, jinoiy, fuqarolik, mehnat qonunchiligida belgilab qo‘yilgan. Yoshlar huquqlarini buzish uchun javobgarlik masalalarini tahlil qilish orqali xulosa qilish mumkinki, bunday javobgarlikni belgilab qo‘yilishi, birinchidan, yoshlar huquqlarining kafolatlaridan biri hisoblansa, ikkinchidan esa, bunday huquqbuzarliklar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlaydi. Uchinchidan, esa, uni sodir etganlar va bunday huquqbuzarlikni sodir etishi mumkin bo‘lganlar tomonidan yangi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN MANBALAR

  1. 2020-yil 22-iyunda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasi.
  2. Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ma’ruzasi.
  3. Sh.M. Mirziyoyev 2020-yilning 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqi.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezi­dentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5886-son Farmoni.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6260-son Farmoni.
  6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6208-son Farmoni.
  7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4862-son qarori.

Yoshlarga oid qonun hujjatlari bilan batafsil tanishish uchun QR kodni skanerlang!

ILOVALAR

Hujjat nomi

QR kodi

O‘zbekiston Respublikasining

Konstitutsiyasi

https://lex.uz/docs/-20596

Inson huquqlari umumjahon

deklaratsiyasi

https://constitution.uz/oz/pages/humanrights

“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi

O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/docs/-3026246

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi

O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/docs/-5055690

“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/docs/-3333797

“Voyaga yetmaganlar o‘rta­sida nazoratsizlik va huquq­buzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/acts/-1685726

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/docs/-26013

“Ta’lim to‘g‘risida”gi

O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/docs/-5013007

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi

O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

https://lex.uz/acts/-1297315

“Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shim­cha chora-tadbirlar to‘g‘risi­da” Vazirlar Mahkamasining 11.03.2021-y., 132-son qarori

https://lex.uz/ru/docs/-5328442

“Moddiy yordam va ko‘mak­ka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining 28.04.2021-y., 250-son qarori

https://lex.uz/docs/-5398681

“Yoshlаrning tаdbirkorlik fаoliyatini qo‘llаb-quvvаtlаsh vа bаndligigа ko‘mаklаshish, ulаrni ijtimoiy himoya qilish hаmdа bo‘sh vаqtini mаzmunli tаshkil etishgа oid qo‘shimchа chorа-tаdbirlаr to‘g‘risidа” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

https://lex.uz/docs/-5382151

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo’llab-quvvatlashning qo’shimcha chora tadbirlari to’g’risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.10.2021-yildagi 617-son qarori

https://lex.uz/docs/-5668176

BOTIROV XURSHID ILYOS O‘G‘LI

YOSHLAR HUQUQLARI VA

ULARNING HIMOYASI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 118-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________