KIRISH

Jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar barchaga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Globallashuv deyarli barcha yer yuzi hududiga tarqalib bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Bunday o‘zgarishlar ijtimoiy hayotga ma’lum bir ta’sir ko‘rsatib undagi munosabatlarni o‘zgarishiga olib keladi. Bunday ta’sirni bolalar kattalarga nisbatan kuchliroq qabul qilishadi. Internetning rivojlanishi va butun dunyoga tarqalishi bir necha omillar ta’sirida bolalarning ongiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Dunyo bo‘yicha bolalarning “noto‘g‘ri” yo‘lga kirib ketish holati hozirda oddiy holatga aylanib bormoqda. Ma’lum bir yoshga yetgandan so‘nggina bilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar, ular hali bolaligidanoq bilish imkoniyatini bermoqda. Bu bolalarda ongning noto‘g‘ri shakllanishiga olib kelmoqda. Ana shunday jahon hamjamiyatida bo‘layotgan o‘zgarishlar va bolalar ongining o‘zgarishi bolalarning harakatlarida aks etmasdan qolmaydi. Bunday aks etish shakli bu bolalar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatlardir.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni sudda hal qilish dunyo mamlakatlari tajribasida har xildir. Buning sababi bolalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kattalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlardan uning hususiyati bilan farq qilishidadir. Bolalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni jinoyat sodir etgan bolalarning hususiyatlaridan kelib chiqqan holda tartibga solishning bir necha huquqiy tizimi mavjud. Bunday tizimlardan biri Yuvenal yustitsiya tizimidir.

Hozirgi kunda dunyo mamlakatlari tomonidan Yuvenal yustitsiyaga qiziqish ortib bormoqda. Uni o‘z milliy huquq tizimiga kiritish va uni joriy qilish uchun xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda harakatlar amalga oshirilmoqda. Biz bu risolada Yuvenal yustitsiya haqida so‘z yuritamiz. To‘liqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu risolada Yuvenal yustitsiya tizimining qanday tizim ekanligi, unga doir xalqaro hujjatlar, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda Yuvenal yustitsiya tizimi haqida yoritilgan.

1. YUVENAL YUSTITSIYA TUSHUNCHASI VA AHAMIYATI

Xo‘sh, Yuvenal yustitsiya o‘zi nima? U qanday tizim? Yuvenal so‘zi ingliz tilidagi “juvenile”, ya’ni “voyaga yetmagan shaxs” ma’nosini, yustitsiya so‘zi esa ingliz tilidagi “justice”, ya’ni adolat so‘zining ma’nosini anglatadi. Ya’ni voyaga yetmaganlarga nisbatan adolatli ish yuritish degani. Aniqroq aytganda, Yuvenal yustitsiya tizimi voyaga yetmagan huquqbuzarlarning qonunni buzganliklari uchun ko‘rib chiqish va ularga munosabatda bo‘lishni tartibga solish, ularning manfaatlarini himoya qiluvchi huquqiy himoya vositalarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar tizimidir[1]. Yuvenal yustitsiya ko‘pgina mamlakatlarda jinoyat sodir etgan huquqbuzar voyaga yetmaganlar ishini o‘z ichiga qamrab oladi. Yaponiya kabi mamlakatlarda esa, faqatgina jinoyat sodir etgan emas, balki jinoiy javobgarlik yoshiga yetmasdan jinoyat sodir etgan bolalar va jinoyat sodir etish ehtimoli baland bo‘lgan bolalarni ham o‘z doirasiga qamrab oladi.

Ushbu tizim nima uchun mavjud? Uning ahamiyati nimada? Yuvenal yustitsiya tizimi yosh huquqbuzarlarga hayotda ikkinchi imkoniyat berish va ularga yaxshi kelajakni saqlab qolish uchun muhim ahamiyatga ega. Yuvenal yustitsiya tizimining asosiy maqsadi yosh huquqbuzarlarni reabilitatsiya qilishdir[2]. Yuvenal yustitsiya tizimi paydo bo‘lishining asosi 1899-yilda Amerikaning Illinoys shtatida tashkil etilgan birinchi voyaga yetmaganlar sudidir. Bu sud keyinchalik boshqa shtatlarga tarqaldi. Ushbu sud tizimini o‘rgangan chet el olimlari o‘z davlatlarida ham shunday sudlarni tashkil etishga harakat qilishgan va buning uddasidan chiqishgan. Masalan, 1910-yilda Sankt-Peterburgda bolalar sudi tashkil etilgan[3]. Undan 12 yil o‘tib, 1922-yilda Yaponiyada “Voyaga yetmaganlar” to‘g‘risidagi Qonun qabul qilindi va voyaga yetmaganlar sudi tashkil etilgan.

Yuqoridagilarni eshitgan inson, “bu tizim jinoyat sodir etgan bolalarga yon bosuvchi tizim ekan” deb o‘ylashi mumkin. Lekin unday emas. Jamiyatda jinoyatni kamaytirish va yo‘q qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu barchamizning maqsadimizdir. Lekin bu tizim kattalar sud tizimidan farqli o‘laroq, Yuvenal yustitsiya tizimi umumiy jazoni qonuniy maqsad sifatida emas, aksincha, uning maqsadi yoshlarga kelajakda huquqbuzarliklarning oldini olish va qonunga bo‘ysunuvchi katta insonlar bo‘lib yetishishga yordam berishdir. Ushbu tizim har bir voyaga yetmaganlarning individual ehtiyojlarini qondirish va ularni kattalardan ajratish uchun maxsus ishlab chiqilgan. Shu maqsadda tizimga qonunbuzarlik bilan kelgan yoshlarning yaxlit tabiatini hal qilish tizimi keng ko‘lamli idora va tashkilotlarga bog‘liq[4].

2. YUVENAL YUSTITSIYA TIZIMINING PAYDO

BO‘LISH TARIXI[5]

Yuvenal yustitsiya tizimi paydo bo‘lishi bir necha bosqichlarga bo‘linadi. Quyida ana shu bosqichlar haqida gaplashamiz.

Birinchi bosqich bu bolalar jazo ijro etiladigan muassasalarning alohidalashuvidir. 18-asr oxiri 19-asr boshlarida sudlar tomonidan jazolanish asnosida qamoqxonalarga joylashtirilgan. Ularni qamoqxonaga joylashtirishdan boshqa yo‘llarning juda kamligi sababli, har qanday yoshdagi va jinsdagi bolalar ko‘pincha katta yoshdagi jinoyatchilar va ruhiy kasallar bilan gavjum bo‘lgan hamda eski jazoni o‘tash muassasalarida befarq tarzda jazo o‘tashdi. Bu yoshlarning aksariyati jinoiy bo‘lmagan xatti-harakatlari uchun shunday muassasalarda jazo o‘tashgan. Chunki yuqorida aytganimizdek boshqa jazo muassasasi juda kam edi. Shu bilan birga, Amerika shaharlari bolalar qashshoqligining yuqori darajasiga duch keldi va shahar rahbarlariga ushbu paydo bo‘lgan ijtimoiy muammoni hal qilish e’tiborsiz qoldi. Bunga nisbatan qamoqxona islohotini amalga oshirishni yoqlab chiqqan bir necha fidoyilar yoshlarni kattalar qamoqxonalariga joylashtirishga qarshi turishdi va yangi turdagi muassasalar yaratishni talab qilish uchun “qashshoqlikning oldini olish jamiyati”ni tashkil qildilar. Ularning ishi 1825-yilda “Nyu-York boshpana uyi” (New York House of Refuge) ning tashkil etilishiga olib keldi, bu hukumat tomonidan huquqbuzarlik yo‘lida deb hisoblangan kambag‘al, qashshoq va sarson yoshlarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan birinchi muassasa bo‘ldi.

Nyu-Yorkdagi boshpana uyi keyinchalik Yuvenal yustitsiya tizimining bir bo‘lagiga aylanishi kerak bo‘lgan birinchi harakat hisoblanadi. Bu uy ochilganidan uch yil o‘tgach, xuddi shunday muassasalar Boston va Filadelfiyada ochildi. 1840-yillarga kelib butun mamlakat boʻylab yana 25 ga yaqin ana shunday muassasalar tashkil topdi.

Boshpana uylari tashlab ketilgan, huquqbuzar yoki tuzatib bo‘lmas deb belgilangan yoshlar uchun shaharlarda joylashgan qal’aga o‘xshash yirik yig‘ilish uslubidagi muassasa shaklida tashkil etildi. Boshpana uyidagi yoshlarning o‘rtacha soni 200 nafar, ammo ba’zilari, masalan, Nyu-Yorkdagi boshpana uyida 1000 dan ortiq yoshlar joylashtirilgan.

Ikkinchi bosqich bu voyaga yetmaganlar uchun sudlarning tashkil etilishidir. 19-asr oxirigacha jinoiy sudlar yoshlarni kattalardan ajratmagan holda sud qilishgan. 19-asrning o‘rtalariga kelib bu tizimga yangiliklar kiritila boshlangan. Ya’ni boshpana uylari yaratilgandan so‘ng, yozgi uylar, uydan tashqarida joylashtirish va sinov kabi yangi innovatsiyalar joriy etilgan. Bu yangi yondashuvlar, odatda, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar muammosini hal qilishning yangi va yaxshiroq yo‘llarini izlagan tashabbuskor ijtimoiy islohotchilarning natijasi edi.

Ushbu muassasalar va dasturlar to‘plami nihoyat voyaga yetmaganlar sudining tashkil etilishiga olib keldi. Birinchi marta 1899-yilda Illinoy shtatining Kuk okrugida voyaga yetmaganlar sudi tashkil etildi va keyin butun mamlakat bo‘ylab tez tarqaldi.

Ushbu sudning asosida qirolni barcha fuqarolarning vakili (parens patriae) yotadi. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sudning asosiy maqsadi yoshlarni reabilitatsiya qilish va himoya qilish nazoratini ta’minlash edi. Sud bolaga tegishli sudya tomonidan individual e’tibor qaratiladigan. Sud majlislari kattalarda bo‘ladigan rasmiy emas, norasmiy tarzda bo‘lgan.

1-rasm. Voyaga yetmaganlarni sud qilish jarayoni (Amerika)[6]

3. YUVENAL YUSTITSIYA TIZIMINING PRINSPLARI VA XALQARO-HUQUQIY ASOSLARI

Yuvenal yustitsiya tizimida shu tizimga xos muhim prinsplar mavjud. Bu prinsplar yuqorida ko‘rgan tizim ahamiyati bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari bu prinsplar mazmuni quyida ko‘ruvchi bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning maqsadi va vazifalari bilan ham bog‘liq. Quyida bu tizimning prinsplarini ko‘rib chiqamiz[7].

1) Barcha bolalarning ehtiyojlarini qondira olishi. Yuvenal yustitsiya tizimining o‘zaro ta’siri yoshlarning individual ehtiyojlariga xos bo‘lishi kerak. Bu barcha voyaga yetmaganlar uchun teng imkoniyatlar berishi va ularning ehtiyojlarini teng darajada qondira olishi kerak.

2) Voyaga yetmaganlarning o‘ziga xos hususiyatlaridan kelib chiqishi. Ya’ni, ushbu tizim oʻz ishiga inson taraqqiyoti nuqtai nazaridan yondashishi, har bir voyaga yetmaganning oʻziga xosligini va rivojlanishning oʻsishi insonning oʻsmirlik davrida va 20 yoshning oʻrtalarida shakllanishda davom etishini tushunishi kerak.

3) Professional xodimlar tomonidan amalga oshirilishi. Yuvenal yustitsiya tizimi xodimlari turli xil kelib chiqishi, tajribalari va qadriyatlar tizimidan kelgan turli xil madaniy va irqiy yoshlar bilan ishlash uchun maxsus o‘qitilishi kerak. Xodimlar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan va hayotida jiddiy travmatik hodisalarni boshdan kechirgan shaxslar bilan ishlashga imkon beradigan ishchi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Xodimlar shaxslararo fazilatlar uchun tanlanishi va muvaffaqiyatni oshiradigan usullarga o‘rgatilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular doimiy treningdan o‘tishlari va o‘z ishlari bo‘yicha izchil fikr-mulohazalarni olishlari kerak.

4) Minimal ta’sir choralarini qo‘llash. Agar voyaga yetmaganlarga sanksiyalar zarur bo‘lsa, ular birinchi navbatda eng kam cheklovchi sanksiyalarga e’tibor qaratishlari va qamoqqa olishni oxirgi ehtiyot chorasi sifatida qo‘llashlari kerak. Shu bilan birga ularni jamiyatga qaytarish uchun choralar ko‘rilishi lozim.

5) Sanksiyalarning voyaga yetmaganlarning imkoniyatidan kelib chiqishi. Sud tomonidan belgilangan shartlar oqilona qo‘llanilishi, izchil va adolatli bo‘lishi kerak. Shuningdek, bolaning sog‘lom hissiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi kerak. Agar moddiy sanksiyalari qo‘llanilsa, voyaga yetmaganlarning to‘lov qobiliyatini va oilaning faoliyatiga ta’sirini hisobga olishi kerak.

6) Reintegratsiya. Ijobiy oila va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tarmoqlari balog‘atga yetmaganlar adliya tizimiga to‘liq integratsiya qilinishi kerak. Yuvenal yustitsiya tizimlari oilaga do‘stona bo‘lishi, oila va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarni o‘z yoshlarini davolash va dastur xizmatlari bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilishda jalb qilishi va uzoq muddatli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Hozirda olib borilayotgan tadqiqotlar oilaviy munosabatlar retsidivlarning kamayishiga olib kelishini ko‘rsatmoqda.

7) Amaliyot sifatini oshirib borish. Sifatni yaxshilash va ta’minlash Yuvenal yustitsiya tizimining samarali strategiyalarini amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi organlar o‘zlarining siyosatlari va amaliyotlari hozirgi dalillarga asoslangan amaliyotlarga mos keladimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun oraliq va uzoq muddatli maqsadlar va natijalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqishlari kerak.

Endi Yuvenal yustitsiya tizimining prinsplari haqida ko‘rib chiqamiz. Yuqorida Yuvenal yustitsiya tizimi tushunchasi va ahamiyati haqida ko‘rdik. Lekin bu tizim qanday huquqiy asosga tayanib ishlashi hammaga qiziq bo‘lsa kerak.

Bu tizimning xalqaro-huquqiy asosi sifatida birinchi navbatda 1989-yilda qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir[8]. Ushbu konvensiya bola hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi 54 ta moddadan iborat bo‘lib, barcha bolalar fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni belgilaydi. Shuningdek, u barcha bolalar o‘z huquqlaridan foydalanishiga ishonch hosil qilish uchun kattalar va hukumatlar qanday hamkorlik qilishlari kerakligini tushuntiradi. Har bir bola millati, jinsi, dini, tili, qobiliyati yoki boshqa har qanday holatdan qat’i nazar, huquqlarga ega. Konvensiyani bir butun sifatida ko‘rish kerak: barcha huquqlar bir-biriga bog‘langan va hech qanday huquq boshqasidan muhimroq emas. Dam olish va o‘ynash huquqi (31-modda) va so‘z erkinligi huquqi (13-modda) zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqi (19-modda) va ta’lim olish huquqi (28-modda) kabi bir xil ahamiyatga ega[9].

Keyingi xalqaro-huquqiy asoslaridan biri bu 1985-yilda qabul qilingan BMTning balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari) hisoblanadi[10]. Ushbu qoidalar qabul qilinishidan maqsadlaridan biri balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan sudlov harakatlari barcha balog‘atga yetmagan bolalar uchun har tomonlama ijtimoiy adolatni ta’minlash va ayni chog‘da shu yo‘l bilan yoshlarni himoyalash va jamiyatda tinchlik hamda osoyishtalikni saqlab turishdir.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishning maqsadi balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov tizimi birinchi navbatda balog‘atga yetmagan bolaning farovonligini ta’minlashga va balog‘atga yetmagan huquqbuzar bolalarga nisbatan har qanday ta’sir choralari har doim huquqbuzar shaxsning o‘ziga xos jihatlari bilan bir qatorda huquqbuzarlik shart-sharoitiga ham mutanosib bo‘lishini ta’minlashga yo‘naltirilgandir. Bundan tashqari voyaga yetmaganlar ishini ko‘rishda asosiy protsessual kafolatlar, xususan, aybsizlik prezumpsiyasi, ayb qo‘yilganlik haqida xabardor etilish huquqi, guvohlik berishdan bosh tortish huquqi, advokat olish huquqi, ota-ona yoki vasiyning hozir bo‘lishi huquqi, guvohlar bilan yuzlashish va ularning ikki yoqlama tergovida bo‘lish huquqi va yuqori instansiyaga apellyatsiya berish huquqi sudlov harakatlarining barcha bosqichlarida kafolatlangan bo‘lishi zarurdir (7.1-qoida).

Pekin qoidalari belgilangan qoidalardan biri voyaga yetmaganlarga keraksiz oshkoralik tufayli ziyon yetishidan yoxud ular obro‘siga putur yetkazishdan saqlanish uchun balog‘atga yetmagan bolalarning maxfiylikka taalluqli huquqi barcha bosqichlarda hurmat qilinishi zarurligidir (8.1-qoida). Bu qoidaning mavjudligi bolani jamiyatdagi unga nisbatan bo‘ladigan har xil bosiluvchi “tamg‘a” lardan asrashida muhim ahamiyatga ega. Obro‘ga ziyon yetkazish masalasi yuzasidan o‘tkazilgan kriminologiya tadqiqotlari natijalari dalolat berishicha, o‘smirlarga nisbatan munosabatda “huquqbuzar” yoki “jinoyatchi” ta’riflarining muntazam ravishda ishlatilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Pekin qoidalarining ikkinchi qismida tergov va sudlov harakatlari haqida qoidalar belgilangan. Voyaga yetmagan shaxs hibsga olinganda uning ota-onasi yoxud vasiysi bu haqda zudlik bilan xabardor etilishi lozimligi, zudlik bilan ma’lumot yetkazish mumkin bo‘lmagan hollarda ota-ona yo vasiy kechroq, ammo iloji boricha qisqa muddat ichida xabardor etilishi kerakligi belgilab qo‘yilgan (10.1-qoida). Bundan tashqari, huquq-tartibot organlari bilan voyaga yetmagan huquqbuzar bola o‘rtasidagi aloqalar balog‘atga yetmagan bolaning huquqiy maqomi hurmat qilinadigan, voyaga yetmagan bolaning farovonligiga ko‘maklashadigan va ishning barcha jihatlarini tegishlicha hisobga olgan holda bolaga ziyon yetkazishdan ehtiyot bo‘linadigan tarzda amalga oshirilishi kerakligi haqida qoidalar mavjud (10.3-qoida).

Voyaga yetmagan bolalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni surishtiruv-tergov qilish jarayonida uni amalga oshiruvchi organlarning ixtisoslashuvi ham bu tizimning muhim elementi hisoblanadi. Qisman yoki butunlay balog‘atga yetmagan bolalar ishlari bilan shug‘ullanuvchi yoxud asosan balog‘atga yetmagan bolalar jinoyatchiligining oldini olish bilan shug‘ullanuvchi politsiya xizmatchilari o‘z vazifalarini maqbul darajada bajarishi uchun maxsus instruktaj va tayyorgarlikdan o‘tishi zarur. Shu maqsadda yirik shaharlarda politsiyaning alohida bo‘linmalari tuzilgan bo‘lishi shartdir (12.1-qoida).

Sud tomonidan voyaga yetmagan bolaga nisbatan qo‘llaniladigan ta’sir choralari ham ushbu Pekin qoidalarida belgilab qo‘yilgan. Bu masala yuzasidan bir necha prinsplar belgilab qo‘yilgan. Bular quyidagilar:

a) ta’sir choralari har doim nafaqat tegishli shart-sharoit va huquqbuzarlikning og‘irligiga, balki balog‘atga yetmagan bolaning ahvoli va ehtiyojlariga, shuningdek, jamiyat ehtiyojlariga mutanosib bo‘lishi zarur;

b) balog‘atga yetmagan bolaning shaxsiy erkinligini cheklash haqidagi qarorlar, masala batafsil o‘rganib chiqilganidan keyingina qabul qilinishi kerak va cheklashlar imkon qadar kamaytirilgan bo‘lishi kerak;

s) balog‘atga yetmagan huquqbuzar bola biror-bir shaxsga qarshi zo‘ravonlik ko‘rsatish bilan bog‘liq jiddiy ayb qilmagan bo‘lsa yoki bir necha bor boshqa xil jiddiy huquqbuzarliklarni sodir etmagan bo‘lsa, shuningdek, boshqa tegishli ta’sir choralari mavjud bo‘lmasa, uni shaxsiy erkinligidan mahrum etish kerak emas;

d) balog‘atga yetmagan o‘g‘il yoki qiz bolaning ishini ko‘rib chiqishda uning farovonligi haqidagi masala asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi lozim (17.1-qoida).

Voyaga yetmaganlarga nisbatan tan jazolari va o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin emas (17.2-17.3 qoidalar). Xo‘sh unda ularga nisbatan qanday choralar qo‘llaniladi? Imkon qadar ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlash va iloji boricha axloq tuzatish muassasalarida hibsda saqlashdan uzoq bo‘lish maqsadida vakolatli hokimiyat organlari ishni hal etishda keng ko‘lamli ta’sir choralari majmuiga ega bo‘lishi zarur. Bunday choralar quyidagilardan iborat:

a) vasiylik, rahbarlik va nazorat to‘g‘risidagi qarorlar;

b) probatsiya;

s) jamoa farovonligi uchun ishlash to‘g‘risidagi qarorlar;

d) moliyaviy jazolar, kompensatsiya va restitutsiya;

e) oraliq va boshqa xil choralar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar;

f) guruh tarkibida psixoterapiyada ishtirok etish va boshqa shu kabi tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlar;

g) yashash joyiga tarbiya uchun berish va boshqa xil tarbiyaviy choralar to‘g‘risidagi qarorlar;

h) boshqa tegishli qarorlardir.

Yuvenal yustitsiya tizimining asosi sifatida yuqorida keltirilgan xalqaro-huquqiy hujjatlardan tashqari BMTning balog‘atga yetmagan bolalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan darsturiy prinsplar (Ar-riyod dasturiy prinsplari)[11], BMT ning ozodlikdan mahrum etilgan balog‘atga yetmagan bolalarni himoya qilishga doir qoidalari[12] kabi ko‘pgina hujjatlar ham mavjud.

4. O‘zbekistonda Yuvenal yustitsiya

O‘zbekistonda Yuvenal yustitsiya tizimi Yaponiya yoki Amerika kabi mamlakatlardan farq qilib jinoyat huquq tizimidan alohidalashtirilmagan. Masalan voyaga yetmaganlarga nisbatan Jinoyat kodeksida alohida bo‘lim[13] mavjud. Voyaga yetmaganlarga nisbatan ularning javobgarligi va ularga qo‘llaniladigan jazolar kattalarnikidan farq qiladi.

O‘zbekistonda chet el tajribasidan o‘rgangan holda yuqorida xususiyatlari keltirilgan Yuvenal yustitsiya tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. O‘zbekistondan ushbu tizimni yaratish hamda joriy qilish uchun huquqiy asoslar hamda uni amalga oshirishga doir tajriba mavjud. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida qabul qilgan qonunlardan biri bu “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun[14] hisoblanadi. Ushbu Qonunda bola tushunchasi, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosati, bola huquqlarining qonuniy kafolatlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari kabi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir qoidalar belgilab qo‘yilgan. Ushbu qonun “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyaning mazmuniga mos keladi. Ushbu Qonun bu tizimni yaratishning huquqiy asoslaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun[15] ham bu tizimni yaratish va takollimlashtirishning huquqiy asoslaridan biri hisoblanadi. Ushbu Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi va qoidalari, O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, yoshlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish kabi qoidalar belgilab qo‘yilgan. Bu qonun davlat tomonidan voyaga yetmagalarga doir davlat siyosatini belgilashdagina emas, yuvenal yustitsiya tizimini rivojlanitishning ham huquqiy asosi hisoblanadi.

Ushbu tizimni rivojlantirish hozirda ham davom etib kelmoqda. Joriy yilning 1-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash” mavusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida Yuvenal yustitsiya tizimida Bolalar ombudsmanining roli va ahamiyati, mazkur institutga doir xorijiy mamlakatlar tajribasi va xalqaro standartlar, O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollari, konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash zarurati kabi masalalarga doir maʼruzalar tinglandi[16].

Bundan tashqari suhbatda horij mamlakatlari tajribasi va xalqaro standartlardan kelib chiqib O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollari, uning kontseptual hamda bazaviy asoslarini mamlakatimiz Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yish milliy amaliyot rivojlanishiga asos yaratadi. Buni amalga oshirish uchun esa bu bo‘yicha milliy qonunchilik va uni qo‘llash amaliyotini ilmiy va nazariy jihatdan chuqur o‘rganish, xorijiy mamalakatlar qo‘llayotgan modellarni tahlil qilish hamda uning maqbul tomonlarini aniqlash, qonunchiligimizga kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim hisoblanishi haqida ham so‘z ochildi[17].

Bundan keyin ham Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar doirasida Yuvenal yustitsiyaga doir qoidalar qonunchiligimizda mustahkamlanishi muhim ahamiyat kasb etadi va bu tizimning rivojiga katta hissa qo‘shadi.

5. Xorij tajribasi: Yaponiyada Yuvenal

yustitsiya

Yaponiyaning Yuvenal yustitsiya tizimi Amerikaning Yuvenal yustitsiya tizimi ostida tashkil topgan va rivojlangan desak adashmagan bo‘lamiz. Yaponiyada birinchi bor “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonun 1922-yilda qabul qilingan. Ushbu Qonun qabul qilishiga yuqorida ko‘rgan Amerikada tashkil etilgan voyaga yetmaganlar sudining ta’siri kuchli bo‘lgan. “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishida yuvenal yustitsiya tizimini tadqiq qiluvchi olimlarning o‘rni katta bo‘lgan. Ular Amerikaning yuvenal yustitsiya tizimini chuqur o‘rganishgan va ushbu Qonun qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatishgan.

Ikkinchi jahon urishi tugagandan so‘ng 1948-yilda yangi “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan va bu oxirgi Qonun hozirda ham amal qilmoqda.

Yaponiyaning Yuvenal yustitsiya tizimi quyidagi o‘ziga hosliklarga ega:

1. Alohida qonunning mavjudligi

Alohida qonunning mavjudligi ushbu tizimning tizimlashtirganidan dalolatdir. Bundan tashqari qonunning mavjudligi qonun maqsadini belgilash va uni ro‘yobga chiqarishga yordam beradi. Masalan, Yaponiya “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida “Ushbu Qonunning maqsadi voyaga yetmaganlarning sog‘lom tarbiyalanishiga ko‘maklashish, shu bilan birga huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning shaxsidagi kamchiliklarni tuzatish va reabilitatsiya tadbirlari orqali ularning muhitini o‘zgartirish, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat” degan maqsad belgilangan. Ushbu qonun alohidalashtirilganligi boshqa tomondan Jinoyat qonuni kabi jazo tayinlash emas balki qayta tarbiyalashni maqsad qiladi.

2. Alohida sudning mavjudligi

1922-yilda “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi bilan birga voyaga yetmaganlarni ishlarini ko‘rib chiqish uchun alohida sud tashkil etish ehtiyoji ham tug‘ilgan. Buni amalga oshirish uchun voyaga yetmaganlar sudlari tashkil etilgan edi.

1948-yilda qaytadan qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonun vaqtida esa voyaga yetmaganlar sudlari oila sudlariga almashtirilgan va ushbu sudning voyaga yetmaganlar bo‘limida ularning ishlari ko‘rib chiqila boshlangan. Hozirda ham ushbu oila sudlari voyaga yetmaganlarining ishlarini ko‘radi.

Voyaga yetmaganlar sudining mavjudligi voyaga yetmaganlar ishlarini aniq va chuqur o‘rganishga yordam beradi. Ushbu sudda mutaxassislar mavjud bo‘lib, ular voyaga yetmagan amalga oshirgan jinoyatning kelib chiqishi sabablari, jinoyat sodir etilishga ta’sir ko‘rsatgan omillar o‘rganib chiqiladi. Voyaga yetmaganning maktabiga va oilasiga, ish joyiga borib suhbat o‘tkazilib, voyaga yetmagan shaxs haqida ma’lumotlar to‘planadi. Bunday mutaxassislarning mavjudligi ushbu sudning o‘ziga hos xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

3. Qo‘llaniladigan choralar

Yuqorida ko‘rganimizdek, “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonunning maqsadi jazolash emas balki qayta tarbiyalashdir. Bu o‘z-o‘zidan sud tomonidan jinoyat sodir etgan voyaga yetmagan shaxsga jazoni birinchi o‘ringa qo‘ymaslikka ta’sir qiladi. Yaponiyaning “Voyaga yetmaganlar to‘g‘risida”gi Qonuni asosida belgilangan choralarning deyarli barchasi uni qayta tarbiyalashni maqsad qiladi. Agar voyaga yetmagan oila sudlari mutahassislari tomonidan qayta tarbiyalash qiyin degan xulosaga kelingandagina ish qaytadan prokurorga yuboriladi va ish jinoyat sudlarida ko‘rib chiqilib jazo qo‘llanishi mumkin. Boshqa holatlarda ish oila sudlarida ko‘rib chiqib uning sodir etgan jinoyati va uning shaxsi hisobga olinib choralar qo‘llaniladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya. – T.: O‘zbekiston, 2019. – B.76
  2. O‘zbekiston Respublikasi Kodekslar to‘plami. Rasmiy nashr. – T.: Adolat, 2019.- B.
  3. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun. 2008-yil 7-yanvar.
  4. “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun. 2016-yil 14-sentabr.

HAYITOV SUNNATULLA FAXRIDDIN O‘G‘LI

YUVENAL YUSTITSIYA VA

BOLA HUQUQLARI TO‘G‘RISIDAGI

XALQARO HUJJATLAR

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

06.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 0,93 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 119-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

  1. https://www.britannica.com/topic/juvenile-justice/Egypt

  2. https://www.bartleby.com/essay/The-Importance-Of-The-Juvenile-Justice-System-PCGHW4FHU6

  3. https://pravo.ru/news/view/125339/

  4. https://www.appa-net.org/eweb/docs/APPA/stances/ps-GPSWYIJS.pdf

  5. http://www.cjcj.org/education1/juvenile-justice-history.html

  6. http://mjdaonline.org/mjda-blog/2018/3/14/watch-history-of-the-juvenile-justice-system

  7. O’sha yerda.

  8. https://tergov.uz/uz/childs/konventsija-o-pravah-rebenka

  9. https://www.unicef.org.uk/what-we-do/un-convention-child-rights/

  10. https://www.un.org/ru/documents/decl_conv/conventions/beijing_rules.shtml

  11. https://www.un.org/ru/documents/decl_conv/conventions/juveniles_deinquency_prevention.shtml

  12. https://www.unodc.org/pdf/criminal_justice/United_Nations_Rules_for_the_Protection_of_Juveniles_Deprived_of_their_Liberty.pdf

  13. Jinoyat kodeksi 6-bo’lim: Voyaga yetmaganlar javobgarligining hususiyatlari (81-90 moddalar).

  14. https://lex.uz/acts/-1297315

  15. https://lex.uz/acts/-140894

  16. https://uza.uz/uz/posts/yuvenal-yusticiya-institutini-takomillashtirish-davr-talabi_394692

  17. O’sha yerda.