KIRISH
Bugungi kunda jinoyat protsessida shaxs huquqlarini himoya qilish, shaxs huquqlarini cheklashda uning qonuniy manfaatlarini taʼminlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shaxs huquqlarini cheklashda qonuniylikni taʼminlash masalasi Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi hisoblangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham belgilab qoʻyildi.
Taraqqiyot strategiyasida qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash muhim maqsadlardan biri hisoblanadi.
Ushbu yoʻnalishda nazarda tutilgan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida belgilangan “Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, degan qoidani amalda taʼminlashga xizmat qiladi.
Bunda asosiy eʼtibor shaxslarning harakatlanish erkinligini cheklash bilan bogʻliq choralarni qoʻllashda qonuniylikka rioya etish, mahkumlar hamda jazoni oʻtab boʻlgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish orqali ularning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan.
Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida shaxs huquqlarini cheklash bilan bogʻliq protsessual choralarni qoʻllash tartibi shaxsning huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish orqali takomillashtirib borilmoqda.
Ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar insonning shaxsiy huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emasligi haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga toʻla mos keladi.
Aholi vakillari orasida jinoyat protsessida shaxs huquqlarini cheklash asoslari va tartibi, shaxsning huquqlari cheklangan taqdirda kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar, shaxs huquqlarini cheklash vakolatiga ega boʻlgan organlar hamda mansabdor shaxslar, shaxs huquqlarini cheklash ustidan shikoyat qilish tartibi va shartlari qanday amalga oshirilishi boʻyicha tegishli maʼlumotlarni olishni taʼminlash maqsadida mazkur risola tayyorlandi.
Risolada jinoyat protsessida shaxs huquqlarini cheklash asoslari hamda doirasi, ushbu choralarni qoʻllashning protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan tartibi sodda, xalqchil tilda bayon etilgan.
JINOYAT PROTSESSIDA SHAXS HUQUQLARINI
CHEKLASH NIMA?
Jinoyatlarga oid ishlarni sudga qadar va sud bosqichlarida ish yuritishda jinoyat-protsessual faoliyat shaxs huquqlarini cheklash orqali davlatning majburlov kuchi yordamida amalga oshiriladi.
Bunda shaxs huquqlarini cheklash Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda shaxsga nisbatan tegishli protsessual majburlov choralarida oʻz ifodasini topadi.
Bu orqali jinoyat protsessini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va mansabdor shaxslarga jinoyat protsessining vazifalarini muvaffaqiyatli hal qilinishini taʼminlash maqsadida turli protsessual majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq keng protsessual vakolatlar berilganligini anglatadi.
Mazkur choralar shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muayyan darajada cheklaydi, biroq ularni qoʻllamasdan turib jinoyat-protsessual faoliyatni amalga oshirib boʻlmaydi.
Shaxs huquqlarini cheklash – shaxsning erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq boʻlgan, uni maʼlum huquqlardan mahrum etadigan hamda unga ayrim majburiyatlarni yuklaydigan choralar tizimi tushuniladi.
Shaxs quyidagi huquqlardan mahrum etilishi mumkin:
- erkin harakatlanishga boʻlgan huquqi cheklanishi mumkin.
Misol uchun:
jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan yoki qamoqqa
olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxs erkin yurish hamda bir joydan ikkinchi joyga koʻchishga boʻlgan huquqlari cheklanadi.
Bunda, huquqlari cheklangan shaxs oʻzi xohlagan vaqtda maʼlum hududlarga borishi (kafe, restoran va boshqalar), uy-joyni yoki oʻzining yashash manzilini tark etmasligi kabi shartlar belgilanishi mumkin.
- muayyan shaxslar bilan aloqada boʻlish huquqi cheklanishi mumkin.
Misol uchun:
shaxsga nisbatan ushlab turish tarzidagi majburlov chorasi qoʻllanilsa, ushbu shaxs oʻzining yaqin qarindoshlari, oʻqish yoki ish joyidagi yaqinlari, qoʻni-qoʻshnisi bilan uchrashuvlari cheklanishi mumkin.
Bunda, ushlab turilgan shaxsga qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashish uchun ishni koʻrib chiqayotgan tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beriladi (JPKning 230-moddasi).
- har qanday aloqa vositalaridan foydalanish va ular yordamida soʻzlashuvlar olib borish huquqi cheklanishi mumkin.
Misol uchun:
shaxsga nisbatan uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda sud tomonidan shaxsning ayrim toifadagi shaxslar (oʻqish yoki ish joyidagi yaqinlari, qoʻni-qoʻshnisi va boshqalar) bilan telefon yordamida yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilishiga taqiq qoʻyilishi mumkin (JPK 2421-modda).
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamogʻiga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi boʻlsa, bu haqda darhol Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart. Xabarnomaning koʻchirma nusxasi ishga ilova qilinadi.
Shaxsga quyidagi majburiyatlar yuklatilishi mumkin:
- surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga asosan surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudga yetib kelish.
Bunda, majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs chaqiruvga binoan tergov va sud organlariga yetib kelmagan taqdirda, qanday huquqiy oqibat kelib chiqishi mumkin degan oʻrinli savol yuzaga kelishi mumkin?
Protsessual majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs chaqiruvga binoan hozir boʻlmasa, ikki xil oqibat kelib chiqishi mumkin.
a) majburiy keltirilishi mumkin.
Jinoyat ishini yuritish munosabati bilan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan belgilangan tartibda chaqirilgan shaxslar aynan koʻrsatilgan vaqtda hozir boʻlishlari shart. Uzursiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda ular majburiy keltiriladilar. JPK 261-modda.
- qoʻllanilgan ehtiyot chorasi ogʻirrogʻi bilan almashtiriladi. Bunda, shaxsga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot choralari (kafillik,
munosib xulq-atvorda boʻlish haqidagi tilxat, garov va boshqalar) bajarilmasa ushbu ehtiyot choralari ogʻirroq ehtiyot chorasi hisoblangan qamoq yoki uy qamogʻiga oʻzgartirilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda garov sud ajrimi bilan davlat mulkiga oʻtkaziladi va gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qoʻllaniladi (JPK 249-modda).
- jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilmaslik.
Ushbu majburiyatlarga koʻra shaxs jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlash davomida tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari boʻyicha dalillarni yoʻq qilish, gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda hujjatlarga bila turib yolgʻon maʼlumotlarni kiritish orqali ularni soxtalashtirish, ish boʻyicha guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi lozim.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining mazkur koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlari jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilab qo‘yilgan (JPK 46, 48-moddalar).
Bunda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi dalillarni soxtalashtirish orqali haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilgan taqdirda, qanday huquqiy oqibat kelib chiqishi mumkin?
Birinchi navbatda, shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Jinoyat kodeksida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish boʻyicha jinoiy javobgarlik belgilangan (JKning 228-moddasi).
- yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatilishi mumkin. Aksariyat jinoyatlarda, shu jumladan, mol-mulkni talon-taroj qilish
bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarda jinoyat sodir etilishi natijasida jabrlanuvchilarga mulkiy zarar yetkaziladi.
Bunda, zararni qoplash majburiyati majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsga yuklatilishi mumkin.
Yuqoridagilarga koʻra, shaxs huquqlarini cheklash shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan koʻpgina huquq va erkinliklardan mahrum qilish bilan bogʻliq:
- erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlarini cheklovchi ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamogʻi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish choralari (Konstitutsiyaning 25-moddasi);
- respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchib oʻtish va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketish huquqlarini cheklovchi munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat chorasi (Konstitutsiyaning
28-modda);
- xususiy mulkning daxlsizligi huquqlarini cheklovchi garov, mol-mulkni xatlash choralari (Konstitutsiyaning 53-moddasi);
- mehnat qilish, erkin kasb tanlash huquqlarini cheklovchi lavozimdan chetlashtirish chorasi (Konstitutsiyaning 37-moddasi) va boshqalar.
Shu bilan birga, huquqlari cheklangan shaxsning bir nechta huquqlari saqlab qolinadi.
birinchidan, huquqlari cheklangan shaxsning protsessual majburlov chorasi qoʻllanilgani haqida yaqinlariga xabar qilish huquqi mavjud boʻladi (JPKning 217-moddasi).
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki ekspertiza oʻtkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qoʻllaganida shaxsga nisbatan qoʻllanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida darhol oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqida ish yoxud oʻqish joyiga maʼlum qilishi shart.
ikkinchidan, malakali yuridik yordamdan foydalanish huquqi (JPKning 24-moddasi).
Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga
boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi (JPK 49-moddaning toʻrtinchi qismi).
Shu bilan birga, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalasi koʻrib chiqilayotganda himoyachining ishda ishtirok etishi majburiy hisoblanadi (JPK 51-modda, 243-modda).
uchinchidan, tilni bilmasa tarjimon xizmatidan foydalanishga boʻlgan huquqi (JPKning 20-moddasi).
Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga oʻz ona tilida yoki oʻzi biladigan boshqa tilda ogʻzaki yoki yozma arz qilish, koʻrsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Bunday hollarda, shuningdek ish materiallari bilan tanishish vaqtida protsess ishtirokchilari qonunda belgilangan tartibda tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Shuningdek, ushlab turilgan, qamoqqa olingan yoki ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxsning qarovsiz va yordamga muhtoj voyaga yetmagan farzandlari, keksaygan ota-onalari, boshqa boqimandalari boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ularni qarindoshlarining yoki boshqa shaxslar yoxud muassasalarning homiyligiga topshirishi, majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsning nazoratsiz qolayotgan mol-mulki yoxud uy-joyi boʻlsa, ularni qoʻriqlash chorasini koʻrishi shart.
SHAXS HUQUQLARINI QAYSI ASOSLARGA KOʻRA CHEKLASH MUMKIN?
Jinoyat protsessida shaxs huquqlari cheklanishi mumkinmi degan savol yuzaga kelishi mumkin?
Albatta, jinoyat protsessida ham shaxsning huquqlari cheklanishi (uni maʼlum huquqlardan mahrum etish yoki unga nisbatan ayrim majburiyatlarni yuklash) mumkin.
Buning uchun qonunchilikda aniq asoslar va sabablar boʻlishi talab etiladi. Bunda, shaxs huquqlarini cheklash shaxsga nisbatan protsessual majburlov choralarini qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
Jinoyat protsessida protsessual majburlov choralariga quyidagilar kiradi:
- ushlab turish;
- ehtiyot choralari;
- pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib
turish;
- lavozimdan chetlashtirish;
- majburiy keltirish;
- shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish.
- munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat;
- kafillik (shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi);
- garov;
- uy qamogʻi;
- qamoqqa olish;
- voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish;
- harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qoʻmondonlik kuzatuvi.
Bir shaxsga nisbatan bir vaqtning oʻzida ana shu choralardan faqat bittasi qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq protsessual majburlov choralarini qoʻllash orqali shaxsning huquqlarini cheklash faqat asoslar mavjud boʻlganda qoʻllanilishi mumkin (JPKning 214-moddasi).
Bunda, protsessual majburlov choralarini qoʻllash orqali shaxsning huquqlarini cheklashda quyidagilar asos boʻladi:
1) jinoyat protsessi ishtirokchisi tergov yoki sud harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan boʻlsa,
2) jinoyat protsessi ishtirokchisi oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgan boʻlsa,
- gumon qilinuvchi, ayblanuvchining kelgusi jinoiy faoliyatining oldini olish zarurati boʻlsa
- hukm ijrosini taʼminlash uchun zarur boʻlsa,
- surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan oʻrinli taxmin yuzaga kelsa,
- shaxs qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish zarurati yuzaga kelsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan hollarda hamda tartibda majburlov choralarini qoʻllashga haqlidir (JPKning 213, 236-moddalari).
Bundan tashqari, protsessual majburlov choralarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, boshqa asoslarga koʻra ham shaxsning huquqlari cheklanishi mumkin. Bu haqda quyida batafsil maʼlumot beriladi.
JINOYAT PROTSESSIDA KIMLARNING HUQUQLARI CHEKLANISHI MUMKIN?
Jinoyat protsessida shaxsning jinoyat protsessi ishtirokchisi sifatidagi huquqiy maqomidan (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkum, guvoh, jabrlanuvchi va boshqalar) kelib chiqib, uning huquqlari cheklanishi mumkin.
Bunda, qoʻllaniladigan protsessual majburlov choralarining turi ham (ushlab turish, majburiy keltirish, ehtiyot choralari va boshqalar) hisobga olinadi.
Jinoyat protsessida quyidagi toifadagi shaxslarning huquqlari cheklanishi mumkin:
- jinoyat protsessida oʻz manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar, yaʼni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkum, aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslar, jabrlanuvchi);
- jinoyat protsessida ish yuritishga koʻmaklashuvchi shaxslar, yaʼni guvohlarning huquqlari cheklanishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilishi mumkin (JPKning 239-moddasi).
Shu bilan birga, ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan majburlov choralarini qoʻllashda (huquqlarini cheklashda) cheklov ham oʻrnatilgan.
Ushlab turish tarzidagi majburlov chorasi hamda qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashda cheklovlar mavjud.
Immunitet huquqiga ega boʻlgan quyidagi shaxslar daxlsizlik huquqi mavjud boʻlgan holatda, ushlab turilishi hamda ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinishi mumkin emas.
- deputatlar,
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari,
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman),
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil,
- sudyalar va prokurorlar.
Mazkur shaxslar jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushgan taqdirda, ularni ushlab turishga yoʻl quyiladi (JPKning 223-moddasi).
Advokatni majburiy keltirish yoki ushlab turish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin (“Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonun 6-moddasining uchinchi qism).
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi:
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosiga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining tegishli palatasi yoki uning Kengashi roziligi bilan;
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashining deputatiga nisbatan – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, tegishli xalq deputatlari Kengashi roziligi bilan;
- Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalariga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligi bilan, qolgan sudyalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi mavjud boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy sudi Plenumining roziligi bilan;
- Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining aʼzosiga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining roziligi bilan;
- prokuror va prokuratura tergovchilariga nisbatan – Respublika
Bosh prokurorning roziligi bilan qoʻllanilishi mumkin (JPKning 239-moddasi).
Advokatga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi
ehtiyot chorasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat prokurorlari, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga koʻra jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllanilishi mumkin (“Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonun 6-moddasining toʻrtinchi qismi).
Demak, shaxs huquqlarini cheklashda immunitetga ega boʻlgan shaxslar va ushbu huquqqa ega boʻlmagan shaxslarga alohida eʼtibor berish lozim.
SHAXS HUQUQLARINI CHEKLASH VAKOLATIGA EGA BOʻLGAN SHAXSLARGA KIMLAR KIRADI?
Shaxs huquqlarini cheklash vakolatiga ega boʻlgan shaxslar toifasi, birinchi navbatda, qoʻllaniladigan protsessual majburlov chorasining turiga bogʻliq, yaʼni soddaroq qilib aytganda, protsessual majburlov chorasining turidan kelib chiqib, shaxs huquqlarini cheklash vakolatiga ega boʻlgan shaxslar toifasi belgilandi.
Jinoyat protsessida shaxs huquqlarini cheklashga (protsessual majburlov choralarni qoʻllashga) surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud vakolatli hisoblanadi (JPK 213-moddaning birinchi qismi).
Shu bilan birga, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi ushlab turish tarzidagi protsessual majburlov chorasini JPKning 221 va 224-moddalarida belgilangan hollarda va tartibda qoʻllashga haqlidir (JPK 213-moddaning ikkinchi qismi).
Ichki ishlar organining, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni yoki dastlabki tergovni amalga oshiruvchi boshqa organning xodimi, shuningdek muomalaga layoqatli har qanday shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida nazarda tutilgan asoslar (ushlab turishning 4 ta asosi) mavjud boʻlgan taqdirda, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlash va yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelishga haqlidir (JPKning 222-moddasi).
Shuni ham unutmaslik kerakki, ayrim majburlov choralarini surishtiruvchi, tergovchi va prokuror mustaqil ravishda qoʻllay olmaydi hamda sudning ruxsatini olish talab etiladi.
Quyidagi protsessual majburlov choralari sudning ajrimiga asosan qoʻllaniladi:
- pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib
turish;
- ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish;
- majburiy keltirish;
- shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish;
- ehtiyot choralarining ayrim turlari (qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi).
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan garov tarzidagi ehtiyot chorasi ham sud tomonidan qoʻllanilishi mumkin (JPK 239-moddasining ikkinchi qismi).
Ushlab turish tarzidagi protsessual majburlov chorasining muddatini uzaytirish masalasi ham sudning vakolati doirasiga kiradi.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.
Ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) eʼtiboran koʻpi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi (JPKning 226-moddasi).
USHLAB TURISH ORQALI SHAXSNING HUQUQLARINI CHEKLASH MUMKINMI?
Ushlab turish protsessual majburlov choralarining bir turi boʻlib. Mazkur majburlov chorasini qoʻllash orqali ham shaxs huquqlarini maʼlum doirada va muddatda (qirq sakkiz soatgacha, sudning ruxsati bilan qoʻshimcha ravishda 48 soatga uzaytirish mumkin) cheklash mumkin.
Ushlab turish deganda, jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni bevosita qoʻlga olish bilan bir qatorda uni tegishli organga majburiy tartibda keltirish hamda vaqtincha saqlash hibsxonalari yoki boshqa saqlash joylariga joylashtirish ham tushunilishi kerak (“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasi).
Oddiyroq qilib aytadigan boʻlsak, ushlab turish – bu jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni qisqa muddatga (48 soatgacha) ozodlikdan mahrum qilishdir.
Ushlab turish orqali shaxs huquqlarini cheklashdan maqsad:
- shaxsning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga barham berish;
- jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsning qochib ketishini oldini olish;
- jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsning dalillarni yashirish va yoʻq qilib yuborishining oldini olish (JPK 220-moddasining birinchi qismi).
Bu yerda shaxsni “qaysi asoslarga koʻra ushlab turish mumkin”, “ushlab turish asoslari mavjudmi”, degan oʻrinli savol yuzaga keladi.
Amaldagi qonunchiligimizda ushlab turishning qatʼiy asoslari belgilab qoʻyilgan. JPKning 221-moddasiga asosan jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda ushlab turilishi mumkin:
- jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushgan boʻlsa.
Misol uchun:
A. ismli shaxs (oddiy fuqaro) oʻzining oʻgʻlini oʻqishga kiritib quyish maqsadida B. ismli shaxsga (mansabdor shaxs boʻlib, pora taklif etilgani haqida IIVga ariza bilan murojaat qilgan) pul berayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qoʻlga olindi.
Koʻrib turganimizdek, ushbu misolda A. ismli shaxs pora berish jinoyatini sodir etish vaqtida qoʻlga olingan. Bu holat A. ismli shaxsni
JPK
221-moddaning 1-bandi bilan ushlash uchun asos boʻladi;
- jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxsni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatsalar;
misol uchun:
Chorsu bozorida A. ismli shaxs oʻgʻirlik maqsadida B. ismli shaxsning sumkasidan uning telefon apparatini oʻgʻirlab olganlik holatini S. ismli shaxs koʻrib qoldi hamda bu haqda zudlik bilan yonida turgan milliy gvardiya xodimiga xabar berdi.
Ushbu holatda S. ismli shaxsning (jinoyat shohidi) bergan xabarini asos qilib A. ismli shaxsni JPK 221-moddaning 2-bandi bilan ushlash mumkin;
- jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxsni jinoyat sodir etgan shaxsning oʻzida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa.
Misol uchun:
A. ismli shaxs oʻzining tanishi B. ismli shaxsga metall tayoqcha yordamida tan jarohati yetkazdi. A. ismli shaxsning kiyimlariga qon dogʻlari tegdi. Holat boʻyicha tekshiruv oʻtkazilganida A. ismli shaxsning kiyimidagi qon dogʻlari va metall tayoqcha uning uyidan topildi.
Ushbu holatda, A. ismli shaxsning kiyimidagi qon dogʻlari hamda metall tayoqcha A. ismli shaxsni JPK 221-moddaning 3-bandi bilan ushlash uchun asos boʻladi;
- shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos boʻladigan maʼlumotlar mavjud boʻlib, u qochmoqchi boʻlsa yoki doimiy yashaydigan joyi yoʻq yoxud shaxsi aniqlanmagan boʻlsa.
misol uchun:
Chorsu bozori atrofida A.ismli va B.ismli shaxslar narkotik moddalar oldi-berdisi bilan shugʻullanib kelishi haqida tezkor xabar kelib tushgan. Holat boʻyicha Chorsu bozorining atrofida shubhali shaxslarning harakatlari natijasida A.ismi shaxs toʻxtatib soʻralganda, qochishga harakat qildi hamda xodimlar tomonidan qoʻlga olindi.
Ushbu holatda A.ismli shaxsning shubhali xatti-harakatlari natijasida uning qochmoqchi boʻlganligi, ushbu shaxsni JPK 221-moddaning 4-bandi bilan ushlash uchun asos boʻladi.
Demak, yuqorida sanab oʻtilgan, asoslardan biri yoki bir nechtasi yuzaga kelgan taqdirda, shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi sifatida ushlash mumkin. Ushbu asoslar roʻyxati qatʼiy boʻlib, shaxsni JPKning 221-moddasida nazarda tutilmagan boshqa asoslar boʻyicha ushlab turish mumkin emas.
Agarda shaxsni 221-moddada nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha ushlab turish yoki ushlab turishning belgilangan muddatidan ortiq vaqt davomida ushlab turganlik qanday oqibat keltirib chiqaradi, degan savol yuzaga kelishi mumkin.
Agar bunday asoslar boʻlmagan holda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi shaxsni noqonuniy ushlab turgan boʻlsa, bunday hollarda ushbu xodimning oʻzi Jinoyat kodeksining 234-moddasi birinchi qismi bilan javobgarlikka tortiladi. Ushbu modda boʻyicha jazoning eng koʻp miqdori – 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.
Ushlab turishning umumiy muddati 48 soatni tashkil etadi. Mazkur muddat erkin harakatlanishga boʻlgan huquq amalda cheklangan paytdan boshlab hisoblanadi (JPK 226-moddasining birinchi qismi).
Ushlab turishning 48 soatlik muddati faqat sud tomonidan uzaytirilishi mumkin. Ushlab turish muddatini sud tomonidan uzaytirishga quyidagilar asos boʻladi:
- taraflar ushlab turishning asosli yoki asossizligi toʻgʻrisida qoʻshimcha dalillarni taqdim etish uchun vaqt soʻraganda (JPK 243-moddasi oʻninchi qismining 3-bandi);
- muqobil ehtiyot chorasini qoʻllash orqali, yaʼni qamoqqa olish yoki uy qamogʻini qoʻllash oʻrniga garov ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan holda ushbu garov pulini toʻlash uchun imkoniyat berish kerak boʻlganda (JPK 243-moddaning oʻn birinchi qismi).
Boshqa hollarda, ushlab turish muddati (48 soat) tugashi bilan shaxsga nisbatan qamoq yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilishi yoxud u darhol ozod qilinishi lozim.
USHLAB TURISHNING PROTSESSUAL TARTIBI QANDAY AMALGA OSHIRILADI?
Ushlab turish jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar ham, ish qoʻzgʻatilganidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Ushlab turishni jinoyat ishi qoʻzgʻatilganidan keyin amalga oshirishga faqat
surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Ushlab turish tartibiga toʻxtaladigan boʻlsak, ushlab turishni amalga oshirayotgan shaxs oʻzining protsessual harakatlari qonunga muvofiq boʻlishini taʼminlashi talab etiladi. bunda, eng muhim masala shaxsga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berish hisoblanadi.
Birinchidan, ichki ishlar organi xodimi ushlangan shaxsga oʻzini tanishtirishi kerak. Ushlangan shaxs talab qilgan taqdirda, u xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart.
Ikkinchidan, ushlangan shaxsga uni nima sababdan ushlanganligi maʼlum qilinishi lozim. Bunda jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga u jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlanganligini maʼlum qilishning oʻzi yetarli boʻladi.
Uchinchidan, ushlangan shaxsga uning himoyachiga ega boʻlish huquqi mavjudligi tushuntirilishi kerak. Gumon qilinib ushlangan shaxs advokatni harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab himoyachiga ega boʻlish huquqining paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi qoidaga asosan talab qilish mumkin. Xuddi shu paytdan boshlab himoyachining ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilishi kerak (JPK 48-modda, 49-moddasining toʻrtinchi qismi).
Toʻrtinchidan, ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega boʻlish, koʻrsatuvlar berishni rad etishga boʻlgan protsessual huquqlarini tushuntirish (217-modda, 224-modda birinchi qismining 3-bandi).
Bunda, ushlangan shaxs telefon qilish yoki xabar berish imkoniyatlaridan birini tanlashi talab etiladi. Ushlangan shaxsning xohishiga koʻra, faqat birgina yaqin qarindoshiga yoki advokatga qoʻngʻiroq yoki xabar amalga oshirilishi yoki yuborilishi mumkin. Ushlangan shaxsga telefon qilish yoki xabar yuborish imkoniyati shaxsning harakatlanishga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab berilishi kerak.
Beshinchidan, ushlab turilgan shaxsga u bergan koʻrsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi
mumkinligi maʼlum qilinishi lozim. Oddiyroq qilib aytadigan boʻlsak, ushlangan shaxs koʻrsatuvlar berishni rad etish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilinishi kerak (JPK 48-modda, 224-modda).
SHAXS ERKINLIKLARINI CHEKLASH USTIDAN SHIKOYAT QILISH MUMKINMI?
Shaxslarning shikoyat qilishga boʻlgan huquqlari konstitutsiyaviy prinsip hisoblanadi.
Har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasi).
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga asosan har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Amaldagi qonunchilikda jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslar jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizliklari), ishni koʻrib chiqish boʻyicha chiqarilgan qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqlarini nazarda tutadi. Jinoyat protsessida asosiy prinsip sifatida protsessual harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqi nazarda tutilgan.
Protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar, shuningdek, jinoyat ishini yuritishdan manfaatdor boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qoʻyilgan tartibda va muddatda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va sudning protsessual harakati yoki qarori ustidan shikoyat berishga haqlidir (JPK 27-moddasining birinchi qismi).
Eng eʼtiborli jihati, jinoyat protsessida shikoyat qilishga jinoyat protsessining har qanday bosqichida (ishni sudga qadar yuritish bosqich
hamda sud bosqichi) ham yoʻl qoʻyiladi (JPK 27-moddasi 3-qismi). Bu esa mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan ular ish yuritishni boshqa mansabdor shaxsga oʻtkazgandan keyin ham shikoyat qilinishi mumkinligini bildiradi.
Misol uchun:
vakolatli mansabdor shaxs tergovga qadar tekshiruv harakatlarini yakunlaganda va surishtiruvchi yoki tergovchi ishni oʻz yurituviga qabul qilganda ham shikoyat berilishi mumkin. Jinoyat ishi materiallari ish yuritishga vakolatli shaxsning ish yurituvida boʻlmasa ham, uning ustidan shikoyat qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Ayrim holatlarda huquqlari cheklangan shaxsga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan jismoniy yoki ruhiy bosim oʻtkaziladi. Bunda qanday yoʻl tutish lozim?
Inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va maʼnaviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi (JPK 17-moddasining uchinchi qismi).
Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim (JPK 17-moddasining toʻrtinchi qismi).
Bundan tashqari, ushlangan shaxs jarohat olgan boʻlsa, tibbiyot xodimlari zudlik bilan ekspertiza oʻtkazishlari kerak. Uning natij alari belgilangan tartibda qayd etiladi va ushlangan shaxs xabardor qilinadi. Ushlangan shaxs vaqtincha saqlash hibsxonalarining emas, balki davlat sogʻliqni saqlash tizimi boshqa tibbiyot muassasalarining xodimlari tomonidan tekshiruv oʻtkazilishini talab qilish huquqiga ega. Buning uchun hibsxonaning boshligʻi yoki jinoyat ishi uchun masʼul boʻlgan shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi tomonidan qaror
chiqarilishi kerak (“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasi).
Qonunchilikda ariza, taklif va shikoyatlar berishning quyidagi tartibi belgilangan:
– sud, prokuror, himoyachi yoki qamoqda saqlash joylarini tekshirish huquqiga ega boʻlgan davlat organlari nomiga, shuningdek, jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yoʻllangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda adresatga yuboriladi yoki topshiriladi hamda ular senzuradan oʻtkazilmaydi (“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi
Qonun 19-moddasining uchinchi qismi).
– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (Ombudsmanning) va Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuborilishi kerak (“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining toʻrtinchi qismi).
Jinoyat protsessida huquqlari cheklangan shaxs quyidagi tartibda shikoyat berishi mumkin:
1) surishtiruvchining harakatlari ustidan – surishtiruv boʻlimi boshligʻiga yoki prokurorga (JPK 38117-moddasi);
2) tergovchining harakatlari ustidan – tergov boʻlimi boshligʻiga yoki prokurorga (JPK 358-moddasi);
3) prokurorning xatti-harakatlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi prokurorga beriladi (JPK 358-moddasi).
Shu bilan birga, ayrim protsessual majburlov choralari ustidan shikoyat qilishning alohida tartibi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qoʻyilgan.
Ehtiyot choralarini qoʻllash ustidan (JPKning 241-moddasi); pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish
(JPKning 2545-moddasi); shaxsni lavozimidan chetlashtirish (JPKning 258-moddasi); shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish (JPKning 68 – moddasi) tarzidagi majburlov choralari ustidan shikoyat qilishning alohida tartibi belgilangan.
Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli boʻlgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin.
Prokuror shikoyatni olgan paytdan eʼtiboran uch sutka ichida uni koʻrib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni oʻz qaroridan xabardor etishi shart.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish, uy qamogʻi, garov tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllash haqidagi yoki qamoqda saqlash, uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi yoxud uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi masala yuzasidan sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, ushbu sud ularni yigirma toʻrt soat ichida materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudi mazkur materiallarni ular shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay koʻrib chiqishi kerak.
Jinoyat ishi boʻyicha shikoyat berish toʻgʻrisidagi hujjatning maxsus shakli mavjud emas. Ushbu javobda shikoyatdan koʻzlangan maqsadlarga tezda erishishga imkon beradigan minimal tavsiyalargina berilgan.
Shikoyatda koʻrsatilishi lozim boʻlgan eng muhim masala murojaat qilingan (berilgan) mansabdor shaxs, shuningdek, shikoyatni bergan shaxs haqidagi maʼlumotlar hisoblanadi. Shikoyat, odatda, A4 formatidagi varaqlarda tuzilganligi sababli, qabul qiluvchi va joʻnatuvchi yuqori oʻng burchakdagi ustunda koʻrsatiladi.
Hujjatning yuqori chap burchagi shikoyatni koʻrib chiqayotgan shaxsning qarori uchun qoldiriladi. Ariza beruvchining fikriga koʻra, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan buzilgan harakat yoki qonun, shuningdek, ushbu faktlarning tasdiqlanishiga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi. // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-y, 2-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi // Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-y., 1-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 409-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonun // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 168-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatura toʻgʻrisida”ni Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 48-modda.
- “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Axborotnomasi, 1999-y.,1-son, 12-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni /Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son.
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 16-son “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori.
BAZAROVA DILDORA BAXADIROVNA
JINOYAT ISHI BOʻYICHA SHAXS ERKINLIKLARINI CHEKLASH MUMKINMI?
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir
Muharrir
Musahhih
Texnik muharrir
Dizayner
O. Choriyev
Sh. Jahonov
M. Patillayeva
U. Sapayev
D. Rajapov
16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,6 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 65-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
28