KIRISH
Mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan sud-huquq islohotlari izchil amalga oshirilib kelinmoqda. Ushbu sud-huquq islohotlarining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida nizolarni hal qilishning muqobil usullarini amaliyotga joriy qilish va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish hisoblanadi.
Ushbu sohadagi islohotlar doirasida dastlab, 2006-yil 16-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 2007-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kirishi bilan yurtimizda hakamlik sudlari – fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat organ sifatida oʻz faoliyatini boshladi. Fuqarolik va iqtisodiy protsessual qonunchilikda fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqib, yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolar taraflarning kelishuviga binoan, fuqarolik yoki iqtisodiy sud hal qiluv qarori chiqarguniga qadar hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirilishi mumkinligi mustahkamlandi.
2018-yil 3-iyulda Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi va 2019-yil 1-yanvardan kuchga kirishi bilan mamlakatimizda nizolarni muqobil hal etishning (ADR – alternative dispute resolution) yangi usuli – mediatsiya joriy etildi. Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilish usuli boʻlib hisoblanadi.
Oʻz navbatida, “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda nizolarni hal qilishning muqobil usullarini amaliyotga keng tatbiq etish boʻyicha islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Jumladan, 2019-yil 20-martdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan moddiy va protsessual qonunchilikka nizolarni mediatsiya orqali hal etish va uni qoʻllashning protsessual mexanizmlariga doir yangi normalar kiritildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4754-son qarori qabul qilinganligini alohida qayd etish darkor. Qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish nazarda tutildi. Jumladan, ishni sudda koʻrishga tayyorlash vaqtida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni koʻrib chiqishning muqobil usullarini qoʻllash mumkinligini aniqlashi, nizo suddan tashqarida hal etilishining huquqiy oqibatlarini tushuntirishi belgilandi. Shuningdek, muqobil institut sifatida “Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashlari” faoliyat yuritishi mustahkamlandi.
Oʻz navbatida amalga oshirilgan ushbu islohotlar fuqarolarimiz va tadbirkorlarimizga oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini nafaqat davlat sudlarida himoya qilish, balki nizolarni hal qilishni muqobil usullaridan foydalangan holda samarali hal qilish imkonini yaratdi. Biroq islohotlarning hozirgi bosqichida davlat organlarida nizolarni sudgacha koʻrib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlar faoliyatini takomillashtirish, nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlar sifatida fuqarolar hamda tadbirkorlarning ularga boʻlgan ishonchini oshirishni taqozo etmoqda.
Shunday ekan, ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar yaratish, xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, monografik tadqiqotlar olib borish, oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar yaratish, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, bu borada aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur risolada nizolarni hal qilishning muqobil usullari tushunchasi va turlari, hakamlik sudlari tushunchasi, turlari, ular tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik muhokamasi taraflari, hakamlik bitimi, hakamlik sudining tarkibi, nizolarni hakamlik sudida hal etish bilan bogʻliq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hal qiluv qarori, uni ustidan nizolashish va ijro qilish tartibi, mediatsiya tushunchasi, afzalliklari, mediatorga qoʻyilgan talablar, mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv, mediativ kelishuv, mediatsiya protsedurasini oʻtkazish tartibi, mediatsiyani tugatish asoslari va mediatorlik faoliyatiga haq toʻlash bilan bogʻliq masalalar oʻrin olgan.
I. NIZOLARNI HAL QILISHNING MUQOBIL USULLARI TUSHUNCHASI VA TURLARI

Nizolarni suddan tashqari hal qilish mumkinmi?
Nizolarni suddan tashqari “nizolarni hal qilishning muqobil usullari” yordamida hal qilish mumkin.
Nizolarni muqobil hal qilish deganda, asosan davlatning odil sudlov tizimidan tashqarida nizolarni hal etishning uslub va usullari, mexanizmlari tushuniladi. Zero, nizolar nafaqat sud hokimiyati yoki ijro hokimiyati (soliq, bojxona organlari) organlari tomonidan, balki boshqa nodavlat organlar – hakamlik sudlari, xalqaro arbitraj sudlari yoxud mediatsiya orqali hal etilishi mumkin.

Nizolarni hal qilishning muqobil usullari deganda nima tushuniladi?
Qonun hujjatlari yoki taraflarning kelishuvi yoxud lokal hujjatlar bilan belgilangan va huquqiy munosabat ishtirokchilari oʻrtasida vujudga keladigan nizolarni suddan tashqari hal qilishga qaratilgan tartib-taomillar, usullar, mexanizmlar tushuniladi.

Nizolarni muqobil hal qilish qanday afzalliklarga ega?
qisqa muddatlarda nizoni hal qilish imkoniyati mavjud;
taraflar nizoni hal qilish uchun uchinchi shaxs (mediator, hakamlik sudi sudyasi, ekspert)ni mustaqil tanlash huquqiga ega;
sud muhokamasining boʻlmasligi, taraflarning daʼvogar va javobgar singari maqomga ega emasliklari sababli taraflar oʻrtasida sogʻlom muhit saqlanib qoladi;
sud muhokamasidan farqli ravishda norasmiy shaklda oʻtkazilishi natijasida taraflar oʻzini erkin tutishlari mumkin;
maxfiyligi, yaʼni hech qanday bayonnomalar yuritilmaydi, yopiq tarzda oʻtkaziladi;
taomillarning moslashuvchanligi – taraflar tomonidan nizolarni hal qilishning muqobil usullarini erkin tanlay olishlari, oʻzgartirishlari mumkin;
taraflar oʻrtasida oʻzaro munosabat bir-biriga raqib, nizolashuvchi taraf sifatida emas, balki hamkorlik va oʻrtoqlik aloqalarining rivojlanishi bilan belgilanadi.

Xorijiy davlatlar amaliyotida nizolarni hal qilishning qaysi muqobil usullari qoʻllaniladi?
ekspert xulosasi (expert determination);
muzokaralar (negotiation);
vositachi ishtirokidagi muzokaralar (facilitated negotiation / facilitation);
yarashuv (conciliation);
vositachilik (mediation);
arbitraj / hakamlik muhokamasi (arbitration);
vositachilik-arbitraj (mediation-arbitration);
mustaqil hal qilish (adjudication);
kichik-protsess (mini-trial);
holatlarni aniqlash (fact finding);
nizolarni hal qilish komissiyasi (dispute review boards);
xususiy sud (private judging);
mustaqil dastlabki baholash (early neutral evaluation);
koʻp eshikli sud (multi-door courthouse);
nizolarni hal qilish boʻyicha sudgacha majlis oʻtkazish (settlement conference);
soddalashtirilgan xolislar sudi (summary jury trial) va b.qa.

Nizolarni muqobil hal qilishning eng keng tarqalgan turlariga qaysilar kiradi?
Mediatsiya (mediation) – bevosita nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator (uchinchi shaxs, xolis) koʻmagida hal qilish usuli hisoblanadi. Ayrim yuridik adabiyotlarda vositachilik termini qoʻllaniladi.
Hakamlik muhokamasi / arbitraj (arbitration) – taraflarning oʻzaro ixtiyoriy roziligi asosida nizoni hal qilish uchun oʻzlari tomonidan tanlangan hakamlik sudi(arbitraj)ga murojaat qilishlari tushuniladi. Biroq boshqa NMH usullariga nisbatan rasmiy taomil boʻlib hisoblanadi. Chunki nizoni hakamlik muhokamasi(arbitrajlari)da hal qilish natijalariga koʻra hakamlik sudyasi(arbitr) taraflar uchun majburiy tusga ega boʻlgan hal qiluv qarorini qabul qiladi. Ushbu qaror taraflar tomonidan ixtiyoriy ijro etilmagan taqdirda, ulardan birining arizasiga koʻra vakolatli sudlar tomonidan majburiy ijroga qaratilishi mumkin.
Yarashuv (conciliation) ham taraflarning xolis (uchinchi shaxs)ga murojaat qilgan holda nizoni hal qilish taomili hisoblanadi. Biroq boshqa NMH usullariga, xususan hakamlik muhokamasiga nisbatan oʻzining norasmiyligi, ishni yakuni boʻyicha majburiy qaror chiqarilmasligi bilan farq qiladi. Bunda xolisning asosiy vakolatlari taraflarga maslahat va nizoni yechimi boʻyicha takliflar berish bilan cheklanadi.
Muzokara (negotiation) – boshqa NMH qilish usullaridan farqli ravishda, nizolashuvchi taraflarning nizoni uchinchi shaxsga murojaat qilmasdan oʻzlari tomonidan mustaqil hal qilishlarini nazarda tutadi.
- NIZOLARNI HAKAMLIK SUDLARIDA HAL QILISH TARTIBI

Mamlakatimizda qachondan boshlab hakamlik sudlari faoliyat yurita boshladi ?
2006-yil 16-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi va 2007-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kirishi bilan mamlakatimizda hakamlik sudlari oʻz faoliyatini yurita boshladi.

Hakamlik sudi qanday organ hisoblanadi?
Hakamlik sudi – doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi yoki muvaqqat hakamlik sudi shaklida tashkil etilib, fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat organ hisoblanadi.

Hakamlik sudining qanday turlari mavjud?
“Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida hakamlik sudlarining ikki turi – doimiy faoliyat koʻrsatuvchi va muvaqqat hakamlik sudlari tashkil yetilishi mumkin.
Hakamlik sudini turlarga ajratish uning faoliyat yuritishi davriga nisbatan belgilangan. Jumladan, doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudi tegishli tartibda tashkil qilingandan soʻng, doimiy ravishda oʻz faoliyatini yuritadi. Muvaqqat hakamlik sudi esa taraflar oʻrtasida muayyan nizoni hal qilish maqsadida tashkil qilinadi va hakamlik muhokamasi natijalariga koʻra hal qiluv qarori chiqarilgandan soʻng tugatiladi.
Hakamlik sudlarida nizolarni hal qilish qanday afzalliklarga ega?

Taraflar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik munosabatlarining saqlanib qolishi
Davlat sudlariga nisbatan qisqa muddatlar koʻrib chiqilishi
Taraflar tomonidan
hakamlik sudyasini
tanlash
imkoniyatining
mavjudligi
Davlat sudlariga
nisbatan sud
xarajatlarning kamligi (50%)
Hakamlik
jarayonining
mahfiyligi
Vakolatli sud hakamlik sudi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqishga haqli emasligi
Hakamlik sudining
hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kirishi-Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarining mavjud emasligi
Hakamlik sudining hal qiluv qarorining ixtiyoriy ijro qilinishi
Hakamlik sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy ijro
qilinmagan taqdirda majburiy ijro qilish mexanizmining mavjudligi
Hakamlik sudlari tomonidan qanday nizolar hal etilishi mumkin?


Taraflar nizoni hakamlik sudining hal qiluviga topshirishlari uchun qanday shart bajarilishi lozim?
Nizoni hakamlik sudining hal qiluviga topshirish uchun nizolashuvchi taraflar oʻrtasida hakamlik bitimi tuzilgan boʻlishi lozim. Chunki nizoning hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishining asosiy sharti − hakamlik bitimining mavjudligi bilan belgilanadi. Yaʼni, hakamlik bitimining mavjudligi taraflarga hakamlik sudlariga murojaat qilish huquqini vujudga keltiradi.

Hakamlik bitimi nima va u qanday shaklda tuziladi?
Hakamlik bitimi deganda taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvi tushuniladi.
Hakamlik bitimi taraflarning erk-irodasi, xohishini oʻzida ifoda etib, ixtiyoriy tartibda shartnomaning sharti sifatida yoki alohida hakamlik bitimi sifatida rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, hakamlik bitimi taraflarga ular oʻrtasida yuzaga kelgan yoki kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni, oʻzlari tanlagan hakamlik sudlari tomonidan koʻrib hal qilish imkoniyatini beradi. Shu bilan birgalikda, hakamlik bitimi taraflar uchun majburiy xarakterga ega boʻlib, taraflar nizoni hakamlik sudiga topshirishdan bosh tortishga haqli boʻlmaydi. Biroq taraflarning ixtiyoriy roziligi boʻlgan taqdirda hakamlik bitimi bekor qilinishi va huquqiy munosabat turidan kelib chiqqan holda nizo fuqarolik yoki iqtisodiy sudlar tomonidan, yoxud boshqa davlat organlari tomonidan hal etilishi mumkin
Hakamlik bitimi yozma shaklda tuziladi.

Hakamlik bitimi qanday rasmiylashtirilishi mumkin?
Hakamlik bitimi shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Hakamlik bitimi, agar u hakamlik bitimi taraflari tomonidan imzolangan hujjatda ifodalangan boʻlsa yoki bunday bitimni qayd etishni taʼminlovchi elektron yoxud boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda xatlar yoki xabarlar almashish yoʻli bilan tuzilgan boʻlsa, yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Hakamlik bitimi yuqorida belgilangan yozma shaklga rioya qilinmagan holda rasmiylashtirilgan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Hakamlik bitimi mazmuniga aniq talablar mavjud emas, ammo uning matnida taraflarning nizoni hakamlik sudiga topshirish haqidagi erki bildirishlari aks etilishi shart. Hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim.
Bundan tashqari, hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari, nizoni koʻrib chiqish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Agar hakamlik bitimida taraflar oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida koʻrsatilgan boʻlsa, hakamlik kelishuvini haqiqiy emasligi haqidagi nizo ham hakamlik sudida koʻrib chiqiladi.

Shartnomaning sharti sifatida hakamlik bitimi qanday rasmiylashtiriladi?
Agar hakamlik bitimi shartnomaning sharti sifatida rasmiylashtirilgan boʻlsa, uning mazmunida hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasida kelgusida kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizolar hakamlik sudi tomonidan koʻrib hal etilishi toʻgʻrisidagi qoida mustahkamlanadi. Shuningdek, nizo muvaqqat yoki doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudi tomonidan koʻrib hal yetilishi, agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi ham koʻrsatilishi lozim.
Agar taraflar hakamlik bitimini shartnomaning sharti sifatida rasmiylashtirmagan boʻlsalar, nizo kelib chiqqandan soʻng shartnomaga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritib, hakamlik bitimini shartnoma-ning sharti sifatida kiritishlari mumkin. Shuningdek, shartnomadan tashqari, alohida hakamlik bitimi sifatida rasmiylashtirishlari mumkin.

Alohida bitim sifatida rasmiylashtiriladigan hakamlik bitimida nimalar koʻrsatilishi lozim?
Alohida bitim sifatida rasmiylashtirilgan hakamlik bitimi mazmunida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
hakamlik bitimi tuzilayotgan joyi va sanasi;

hakamlik bitimi taraflari (familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi), agar taraflar tashkilot boʻlsa nomi va joylashgan joyi);
hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida;
agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi va joylashgan manzili;
hakamlik sudining tarkibi;

hakamlik muhokamasi tili.

nizoni hal qilish muddati.

hakamlik sudi tomonidan qoʻllaniladigan qoidalar.


Taraflar oʻrtasidagi nizo iqtisodiy yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrilayotganda ham hakamlik bitimini tuzish mumkinmi ?
Agar nizo iqtisodiy yoki fuqarolik sudida koʻrib chiqilayotgan boʻlib, hali hal qiluv qarori chiqarilmagan boʻlsa, taraflar hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar hakamlik bitimi tuzishlari mumkin.

Shartnomaning sharti sifatida rasmiylashtiriladigan hakamlik bitimi va alohida bitim sifatida rasmiylashtiriladigan hakamlik bitimidan farqi nimada?

Nizolarni hakamlik sudida hal qilishda vakolatli sud deganda qaysi sud nazarda tutiladi?
Vakolatli sud deganda Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan sudlovga tegishlilikka muvofiq iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sud nazarda tutiladi.
Nizoni hakamlik sudida koʻrish haqidagi bitim namunasi.
Nizoni hakamlik sudida koʻrish haqidagi
BITIM
Toshkent shahri, 2017-yil 25-noyabr
Nizom asosida faoliyat koʻrsatuvchi “FAYZ” masʼuliyati cheklangan jamiyat ushbu jamiyat direktori I.T.Umarov nomidan bir taraf sifatida va Nizom asosida faoliyat koʻrsatuvchi “ZAR” yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati ushbu jamiyat boshqarmasi raisi K.Sh.Olimov nomidan ikkinchi taraf sifatida quyidagi shartlar boʻyicha ushbu bitimni tuzdilar:
- Taraflar oʻrtalarida 15/45-sonli 2017-yil 25-noyabrida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan (matnda “Shartnoma” deb berilgan) kelib chiqishi mumkin boʻlgan yoki u bilan bogʻliq boʻlgan barcha nizo va qarama-qarshiliklarni muzokaralar orqali hal etish erklarini tasdiqlaydilar.
- Shartnomadan kelib chiqadigan yoki u bilan bogʻliq holda, shu jumladan, shartnoma uning bajarilmaganligi yoki bekor qilinishiga Taraflar tomonidan muzokaralar orqali tartibga solinmagan nizo, anglashilmovchiliklar yoki talablar Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi (Toshkent sh.) Hakamlik sudida mazkur Shartnoma imzolangan kunida amaldagi uning Reglamentiga binoan yakuniy hal qilinishi lozim.
- Hakamlik muhokamasi uch nafar hakamlik sudyalari tomonidan amalga oshiriladi. Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi
Hakamlik sudi shaxsiy tarkibi uning Reglamentida qayd yetilgan tartibda,
Markaz tomonidan tasdiqlangan hakamlik sudyalari roʻyxatida koʻrsatiladi.
- Hakamlik muhokamasini oʻtkazish joyi Oʻzbekiston, Toshkent shahri deb tanlanadi.
- Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi Hakamlik sudiga murojaat etishdan avvalgi nizolarni hal etishning dastlabki (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etish Taraflar uchun majburiy hisoblanmaydi.
- Taraflar Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi Hakamlik sudida ish koʻrilishi rus va oʻzbek tillarida olib borilishini eʼtiborga oladilar va hakamlik muhokamasi tili sifatida oʻzbek tilini tanlaydilar.
- Taraflar Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi Hakamlik sudi hal qiluv qarori ular uchun yakuniy boʻlishini tan oladilar va Huquqiy muammolarni oʻrganish Markazi qoshidagi Hakamlik sudi hal qiluv qarori va Reglamentida aniqlangan tartibga rioya qilgan holda bunday hal qiluv qarorini unda koʻrsatilgan muddatda bajarish majburiyatini oladilar.
- Nizoni Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi qoshidagi Hakamlik sudiga koʻrib chiqish uchun topshirish haqidagi ushbu bitim
Taraflar tomonidan ixtiyoriy tarzda tuzilgan. Ushbu bitim yuridik jihatdan mustaqil va Shartnomaning boshqa shartlariga tobe yemas. Shartnomaning bekor qilinishi (haqiqiy yemasligi) qonunga koʻra ushbu bitimning bekor qilinishini keltirib chiqarmaydi.
Taraflarning muhri va imzolari:
____________________________________________________________
____________________________________________________________

Hakamlik bitimi qaysi hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin?
Hakamlik bitimi:
qonun talab qiladigan shaklga rioya qilmagan holda tuzilgan

boʻlsa;
qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmagan holda tuzilgan

boʻlsa;
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan boʻlsa;

oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan boʻlsa;
muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan boʻlsa;
muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan boʻlsa;

oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan boʻlsa;
yanglishish taʼsirida tuzilgan boʻlsa;

aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki ogʻir holatlar yuz berishi taʼsirida tuzilgan boʻlsa;
qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan boʻlsa;

yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqqan holda tuzilgan boʻlsa haqiqiy emas deb topiladi.

Hakamlik bitimi va hakamlik muhokamasi taraflari kim?
Hakamlik bitimi taraflari – hakamlik bitimi tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar.
Hakamlik muhokamasi taraflari – oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga daʼvo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (daʼvogarlar), shuningdek oʻziga nisbatan daʼvo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar).

Kimlar hakamlik sudi sudyasi boʻlishi mumkin?
yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan;
nizoning xolis hal qilinishini taʼminlashga qodir boʻlgan;
nizoning pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlmagan;
hakamlik bitimi taraflaridan mustaqil boʻlgan;
hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin.
Bundan tashqari, nizoni yakka tartibda hal qiluvchi hakamlik sudyasi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Nizo hayʼatda hal qilinayotganda hakamlik sudi tarkibining raisi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak.
Shuningdek, hakamlik sudyasining malakasiga qoʻyiladigan talablar hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida bevosita kelishib olinishi yoki doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanishi mumkin.

Kimlar hakamlik sudi sudyasi boʻlishi mumkin emas?
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlgan shaxs;
sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun sudya, advokat, notarius, tergovchi, prokuror yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan shaxs;
qonunda belgilangan mansab maqomiga muvofiq hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin boʻlmagan shaxs(masalan, sudya, senator, qonunchilik palatasi deputati va b.qalar).

Hakamlik sudi sudyalarini saylash(tayinlash) tartibini tushuntiring?
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari mazkur hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan hakamlik sudyalari roʻyxati shakllantiriladi. Hakamlik bitimi taraflari ushbu roʻyxatdan oʻzaro kelishgan holda hakamlik sudyalarini tanlashlari mumkin.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining raisi tomonidan hakamlik bitimi taraflaridan birining iltimosiga binoan oʻn kun muddat ichida quyidagi hollarda hakamlik sudyasi tayinlanishi mumkin:
agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa;
hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda);
agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash toʻgʻrisida oʻzlari saylangan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelisha olmasalar.

Nizoni hakamlik sudida hal qilishda daʼvogar oʻz talablarini qanday bayon qiladi?
Daʼvogar oʻz talablarini hakamlik sudiga yozma shaklda beriladigan daʼvo arizasida bayon etadi. Daʼvo arizasining nusxasi javobgarga yuboriladi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
daʼvo arizasining sanasi;
hakamlik muhokamasi taraflari boʻlgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
daʼvogarning talablari;
daʼvogarning talablariga asos boʻlgan holatlar;
daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
daʼvoning bahosi;
daʼvo arizasiga ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Daʼvo arizasi daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Agar daʼvo arizasi daʼvogarning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, daʼvo arizasiga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.

Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarga nimalar kiradi?
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
hakamlik sudyalarining gonorari;

hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda taʼminlash xarajatlari;
hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlari, shu jumladan nizoni koʻrib chiqish joyiga borib kelish uchun toʻlanadigan yoʻl haqi xarajatlari;
hakamlik sudyalarining yozma va ashyoviy dalillarni mazkur dalillar turgan joyda koʻzdan kechirish hamda tekshirish bilan bogʻliq xarajatlari;
ekspertlar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar; guvohlar tomonidan sarflangan xarajatlar;


hakamlik sudining hal qiluv qarori taraflardan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf vakilining xizmatlari haqini toʻlash xarajatlari;
hakamlik sudi tomonidan belgilanadigan boshqa xarajatlar.


Hakamlik sudyalarining gonorari qanday belgilanadi?
Umumiy qoidaga koʻra, hakamlik sudyalari gonorarining miqdori daʼvoning bahosi, nizoning murakkabligi, hakamlik sudyalari hakamlik muhokamasi uchun sarflagan vaqt va gonorar miqdoriga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Shuningdek, doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik sudi tarkibi tomonidan hakamlik sudyalarining doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida nazarda tutilgan hakamlik sudyalari gonorarlari shkalasiga muvofiq belgilanadi Agar ushbu shkala boʻlmagan taqdirda, daʼvoning bahosi, nizoning murakkabligi, hakamlik sudyalari hakamlik muhokamasi uchun sarflagan vaqt va gonorar miqdoriga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik muhokamasi taraflari kelishuvi boʻyicha va yuqorida qayd etilgan umumiy qoidalarni hisobga olgan holda hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
Hakamlik muhokamasi qoidalari qanday belgilanadi?
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi, agar hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasining boshqa qoidalari qoʻllanilishi toʻgʻrisida shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasini doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik muhokamasini hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiradi.

Hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudi majlisida ishtirok etishi tartibi qanday?
Hakamlik muhokamasining har bir tarafiga oʻz nuqtayi nazarini bayon etishi hamda oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishi uchun teng imkoniyatlar berilishi kerak.
Hakamlik muhokamasi, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Hakamlik muhokamasi taraflariga hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida oldindan xabarnoma yuborilishi yoki topshirilishi lozim.
Shuningdek, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi nizoni yopiq majlisda koʻrib chiqadi.

Hakamlik muhokamasida mediatsiyani qoʻllash mumkinmi?
Hakamlik muhokamasida mediatsiyani qoʻllash mumkin. Ushbu holatda mediatsiya hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qoʻllanilishi mumkin.
Hakamlik muhokamasining taraflari tomonidan mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish haqida kelishuv tuzilgan taqdirda, hakamlik sudi mediatsiya tartib-taomili tugaguniga qadar hakamlik muhokamasini qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Agar taraflar mediativ kelishuvni tuzsa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasini tugatadi.

Hakamlik sudi tomonidan hal qiluv qarorini qabul qilish tartibi qanday?
Hakamlik sudi nizo holatlari tekshirilganidan soʻng hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalarining koʻpchilik ovozi bilan hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori hakamlik sudining majlisida eʼlon qilinadi. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat xulosa qismini eʼlon qilishga haqli. Bunday holda asoslantirilgan hal qiluv qarori hal qiluv qarorining xulosa qismi
eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay hakamlik
muhokamasi taraflariga yuborilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv
qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.

Nizolarni hakamlik sudida hal qilishda taraflar kelishuv bitimini tuzishlari mumkinmi?
Agar kelishuv bitimi qonunchilikka zid boʻlmasa hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflarining iltimosnomasiga binoan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Kelishuv bitimining mazmuni hakamlik sudining hal qiluv qarorida bayon qilinadi.

Hakamlik muhokamasi qaysi hollarda tugatiladi?
Hakamlik sudi oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni koʻrib chiqish uchun hakamlik sudi vakolatga ega emasligi toʻgʻrisida ajrim chiqarsa;
daʼvogar oʻzining daʼvo talabidan voz kechsa va javobgar hakamlik muhokamasini tugatishga qarshi eʼtiroz bildirmasa;
hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida kelishuvga erishsa;
hakamlik muhokamasi taraflari kelishuv bitimi tuzsa va u hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan tasdiqlansa;
hakamlik muhokamasining taraflari mediativ kelishuv tuzgan

boʻlsa;
hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan boʻlsa;
hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan boʻlsa yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa va huquqiy vorisdan hakamlik muhokamasini davom ettirish toʻgʻrisida ariza tushmasa;
ayni bir hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha kelib chiqqan nizo yuzasidan vakolatli sudning yoki hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa.

Hakamlik sudi hal qiluv qarori ustidan nizolashish tartibi qanday?
Hakamlik sudi hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati(protesti) berilmaydi. Faqatgina taraflar tegishli vakolatli sudlar (fuqarolik yoki maʼmuriy sud)ga hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Hakamlik sudi hal qiluv qarorini ijro etish tartibi qanday?
Hakamlik sudining hal qiluv qarori mazkur hal qiluv qarorida belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ijro etiladi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida ijro etish muddati belgilanmagan boʻlsa, u darhol ijro etilishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy ijro etilmagan taqdirda, majburiy ijro etiladi. Bunda hal qiluv qarori kimning foydasiga chiqarilgan boʻlsa oʻsha taraf fuqarolik yoki iqtisodiy sudga hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni soʻrab murojaat qilishi lozim.
- NIZOLARNI MEDIATSIYA ORQALI HAL QILISH TARTIBI
2018-yil 3-iyulda Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi va 2019-yil 1-yanvardan kuchga kirishi bilan mamlakatimizda nizolarni muqobil hal etishning yangi usuli joriy etildi.

Mediatsiya nima? Mamlakatimizda mediatsiya orqali nizolarni hal qilishning muqobil usuli qachon joriy etildi?
Mamlakatimizda ham garchi mediatsiya deb nomlanmasa-da, mediatsiyaga oʻxshash yarashtirish taomillari qadimdan ota-bobolarimiz tomonidan keng qoʻllanilib kelinganligi qayd etish darkor. Xususan, oilaviy nizolar qadimdan milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizga koʻra, mahallaning hurmatga sazovor yoshi ulugʻ oqsoqollari, fuqarolar yigʻini raislari, qoʻni-qoʻshnilar, yoki qarindosh-urugʻlar ishtirokida, ular tomonidan muayyan yarashtirish choralarini koʻrgan holda hal qilinib kelingan. Yaʼni, oilaviy nizolarni hal qilishda ular mediator vazifasini bajargan.
Mediatsiya deganda nizoni taraflar oʻzaro ixtiyoriy kelishib, mediator yordamida hal qilish usuli tushuniladi. Mediator esa bevosita mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxsdir.
“Mediatsiya” soʻzining lugʻaviy maʼnosiga toʻxtaladigan boʻlsak, lotin tilida “mediare”, ingliz tilida “mediation” soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, “vositachilik” maʼnosini anglatadi.

Nizolarni mediatsiya orqali hal qilish qanday afzalliklarga ega?
qisqa muddatlarda nizoni hal qilish imkoniyati mavjud;
taraflar uchun nafaqat mediatorni, balki mediatsiyani oʻtkazish tartib-taomilini mustaqil tanlash imkoniyati mavjud;
taraflar uchun oʻzaro manfaatli kelishuvga erishish mumkin;
taraflar uchun qulay muhit, norasmiy jarayonda oʻtkaziladi;
mediatsiyada gʻolib yoki magʻlub taraf boʻlmaydi, yaʼni oʻzaro manfaatli kelishuvga erishilganligi uchun har ikki taraf “win-win” – gʻolib maqomida boʻladi;
maxfiylik prinsipi asosida oʻtkaziladi;
kam sarf-xarajatli hisoblanadi.

Nizolarni mediatsiya orqali hal qilish uchun qanday shartlar bajarilishi kerak?
“Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasida mediatsiyani qoʻllash shartlari belgilangan. Mediatsiyani qoʻllashning eng asosiy shartlaridan biri “taraflarning xohish-istagi” hisoblanadi. Chunki mediatsiya suddan tashqari va sud tartibida faqat taraflarning xohish-istagi boʻlgan taqdirda qoʻllanilishi mumkin.

Mediatsiyani qoʻllashning qoʻshimcha shartlariga nimalar kiradi?
Mediatsiya qaysi jarayonda qoʻllanilishiga koʻra qoʻshimcha shartlar belgilangan. Jumladan, mediatsiya:
nizoni sud tartibida koʻrish jarayonida – sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida – faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi mediator ishtirok etgan taqdirda;
nizoni hakamlik sudida koʻrish jarayonida – hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qoʻllanilishi mumkin.


Mediatsiyani oʻtkazish uchun asos nima?
Taraflar oʻrtasida mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvning mavjudligi mediatsiyani oʻtkazish asosi boʻlib xizmat qiladi.

Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvni rasmiylashtirish tartibi qanday?
Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv shartnomaning alohida sharti sifatida uning tarkibiy qismiga kiritilishi yoki yozma shaklda alohida kelishuv sifatida rasmiylashtirilishi mumkin.
Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda taraflar oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoki muayyan nizolar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish yoʻli bilan hal etilishi kerakligi haqidagi qoida mustahkamlanishi lozim. Bundan tashqari, mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda
nizo predmeti;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarda taraflarning ishtirok etish shartlari;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi mumkin.
Ushbu maʼlumotlar mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda kiritilmagan boʻlsa, keyinchalik mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuvda batafsil koʻrsatiladi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻ-risidagi kelishuvda nimalar koʻrsatiladi?
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuvda:
- taraflar;
- nizo predmeti;
- mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi;
- mediator, taraflar tomonidan kelishilgan majburiyatlar, ularni bajarish shartlari va muddatlari;
- mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan til, joy va sana;
- mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan muddat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak.

Mediatsiya protsedurasini oʻtkazish tartibi qanday?
Mediatsiya protsedurasi dastlab taraflar oʻrtasida nizoni mediatsiya orqali hal etish istagining vujudga kelganligi bilan boshlanadi. Dastlab taraflar oʻrtasida mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv tuziladi. Shundan soʻng, taraflar oʻrtasida yozma shaklda mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv rasmiylashtirilishi lozim. Chunki, mediatsiya protsedurasi ushbu kelishuvda belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Ushbu kelishuvga koʻra, taraflar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun bir yoki bir necha mediatorni tanlashlari mumkin. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati ham mazkur kelishuvda belgilanadi. Qonun bilan mediator va taraflarga oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda mediatsiya tartib-taomilini tugatish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish majburiyati yuklangan. Ushbu muddat taraflarning oʻzaro roziligi bilan yana oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkin.
Biroq, ushbu qoida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatiga tadbiq etilmaydi. Ijro bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati koʻpi bilan oʻn besh kunni tashkil qiladi.
Mediatsiya muzokaralari natijasida mediator koʻmagida taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishilsa, mediativ kelishuv tuziladi va imzolanadi. Mediatsiya protsedurasining yakuniy bosqichi mediativ kelishuvni ijro qilish hisoblanadi.

Mediatorga nisbatan qanday talablar belgilangan?
Mediator oʻz faoliyatini professional yoki noprofessional asosda amalga oshirishi mumkin. Aynan ushbu asoslarga koʻra mediatorga qoʻyilgan talablar ham farqlanadi.
“Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga koʻra, professional asosdagi mediator faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin.
Noprofessional mediatorlik faoliyati bilan
shugʻullanadigan shaxslarga qanday talablar
Noprofessional mediatorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun shaxs yigirma besh yoshga toʻlgan boʻlishi va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan boʻlishi talab etiladi. Noprofessional mediator uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtish ixtiyoriy hisoblanadi.

Kimlar mediatorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas?
“Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga koʻra quyidagi shaxslar mediatorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas:
davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxs, bundan notariuslar mustasno;
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlgan shaxs;
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
oʻziga nisbatan jinoiy taʼqib amalga oshirilayotgan shaxs.
Qayd qilish lozim, mediatorning faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.

Mediatsiya qaysi asoslarga koʻra tugatilishi mumkin?
Mediatsiya quyidagi asoslarga koʻra tugatilishi mumkin:
taraflar tomonidan mediativ kelishuv tuzilganda;
nizo xususida oʻzaro maqbul boʻlgan qarorga erishish imkoniyati mavjud boʻlmaganda;
mavjud ixtiloflar boʻyicha kelishuvga erishmay turib mediatsiyani tugatish toʻgʻrisida taraflarning kelishuvi tuzilganda (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida yozma kelishuv mavjud boʻlgan taqdirda);
biror-bir tarafning mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishni maʼlum qilganda;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari oʻtganda.

Mediatorning faoliyatiga qancha miqdorda haq
toʻlanadi?
Professional asosdagi mediatorning faoliyati haq evaziga yoki tekin amalga oshirilishi mumkin.
Noprofessional asosdagi mediatorning faoliyati tekin amalga oshiriladi.
Noprofessional mediatorga uning mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bogʻliq holda qilgan xarajatlarining, shu jumladan nizoni koʻrib chiqish joyiga borib kelish uchun yoʻl haqi, yashash va ovqatlanish xarajatlarining oʻrni qoplanishi mumkin.
Haq toʻlash va xarajatlarning oʻrnini qoplash taraflar tomonidan, agar ular boshqacha qoida haqida kelishib olmagan boʻlsa, teng ulushlarda amalga oshiriladi.
Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishni rad etgan taqdirda, u mediatsiya taraflari tomonidan oʻziga toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarib berishi shart.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi // “Xalq soʻzi” gazetasi, 1992-yil 15-dekabr, 243 (494)-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 16-oktabrdagi “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 42-son, 416-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 1-avgustdagi OʻRQ–106-son “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni //
“Xalq soʻzi” gazetasi, 2007-yil 2-avgust, 150 (4303) – son.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-iyuldagi “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuni // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi,
04.07.2018-y., 03/18/482/1447-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 02/18/FPK/0612-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.01.2018-y., 02/18/IPK/0623-son.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 169-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PF–4850-son “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 43-son, 497-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi PF–4966-son “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni // “Xalq soʻzi” gazetasi, 2017-yil 22-fevral, 38 (6732)-son.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF–4947-son “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha
Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 6-son, 70-modda.
- 2019-yil 20-martdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4754-son qarori.
- Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 30-oktabrdagi 235-son q bilan tasdiqlangan “Hakamlik sudlari hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizom. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 44-45-son, 443-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2018-yil 29-noyabrdagi 533-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Professional mediatorlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2018-y., 10/18/3092/2246-son.
- “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi hakamlik sudi” Nizomi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi hakamlik sudining Reglamenti”, “Oʻzbekiston Respublikasi
Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudida hakamlik yigʻimi,
xarajatlari va taraflarning chiqimlari toʻgʻrisida”gi Nizom. https://chamber.uz/uzk/page/4857
SALIMOVA IRODA MAMAYUSUFOVNA
NIZOLARNI MUQOBIL HAL QILISH
HUQUQINGIZ BOR
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir
Muharrir
Musahhih
Texnik muharrir
Dizayner
O. Choriyev
Sh. Jahonov
M. Patillayeva
U. Sapayev
D. Rajapov
16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 71-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
32