KIRISH
Mamlakatimizda bozor munosabatlari tizimining shakllantirilishi, uning huquqiy asoslari vujudga keltirilishi shartnoma va bitimlarni ijtimoiy hayotni huquqiy tartibga soluvchi asosiy vositaga aylantirdi. Bugungi kunda fuqarolar, yuridik shaxslar va boshqa subyektlar oʻrtasidagi munosabatlar shartnomalar tuzish orqali amalga oshirilmoqda. Biroq shartnomalarga nisbatan qoʻyiladigan talablarga har doim ham rioya qilinayotgani yoʻq. Bu esa turli nizolarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, qarz shartnomalari boʻyicha nizolarni hal etish bugungi kundagi dolzarb muammoligicha qolmoqda. Bunga qarz shartnomalari qonunda belgilangan shaklda rasmiylashtirilmasligi, taraflar oʻz huquq va majburiyatlarini bilmasliklari sabab boʻlmoqda. Fikrimizni dalili sifatida statistik maʼlumotlarni keltiramiz: 2019-yilda qarzni undirish haqidagi talablar 9390 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilga kelib 10 163 taga, 2021-yil birinchi yarim yilligi holatiga koʻra 6 912 taga yetdi1. Ushbu raqamlar ortida qarz shartnomasini haqiqiy emas deb topishga oid talablar ham mavjud.
Amaliyotda qarz beruvchi tomonidan katta miqdordagi qarz summalarini ogʻzaki shakldagi kelishuvga asosan qarz oluvchiga qarz berganlik holatlari juda koʻp. Aksariyat hollarda ushbu munosabat qarz oluvchining oʻz majburiyatini bajarmaganligi, yaʼni kelishilgan muddat va tartibda qarzni qaytarmaganligi bilan yakunlanadi. Bu esa nizo kelib chiqishi va fuqarolarning sudga daʼvo arizalari bilan murojaat qilishlarining asosiy sababi hisoblanadi.
Ushbu risolada yuqorida koʻrsatilgan muammolarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan huquqiy tavsiyalar xususida soʻz yuritiladi. Shuningdek, qarzdordan qarzni undirib olish tartibi borasida ham bir qancha fikrlar bildirilgan.

1-§. QARZ OʻZI NIMA?
Kishilik jamiyati paydo boʻlibdiki, aholi oʻrtasida qarz munosabatlari mavjud. “Qarz” lugʻatda “qirqish” degan maʼnoni bildiradi. Chunki qarz beruvchi oʻz molidan, mulkidan maʼlum boʻlakni qirqib, qarzga beradi.
Qarz bu muayyan muddatga qaytarish sharti bilan berilgan pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar hisoblanadi.
Agar qarz oluvchi qarz sifatida pul summasini olgan boʻlsa, oʻsha summani qaytarib berishi kerak. Lekin xususiy alomatli ashyo olgan boʻlsa, ashyoning aslini emas, balki uning pul qiymatini toʻlaydi. Bunda qarz beruvchi qarz oluvchidan foizlarni ham talab qilishi mumkin.
Demak, qarz nima degan savolga quyidagi javob beramiz:

Qarz bu – muayyan muddatga qaytarish sharti bilan berilgan pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar
Islom huquqida esa qarz boshqa kishiga bir narsani uning badalini qaytarib berish sharti bilan mulk qilib berishdir. Qarzga olingan narsa qarzga oluvchining mulkiga aylanadi. Uni xohlaganicha ishlatadi. Qarz bergan odamga esa uning badalini bersa boʻladi.
Darhaqiqat, islomda muhtoj kishiga qarz berib turish savob amallardan sanalsa, olingan qarzni qaytarmaslik eng ogʻir gunohlardan hisoblanadi va xalq oʻrtasidagi “qarz qiyomatga qolmasin” iborasi ham musulmon kishi uchun qarzni qaytarmaslik oxirat kunida soʻraladigan, javob berilishi lozim boʻlgan holat sifatida eʼtirof etiladi.

2-§. NIMALARNI QARZGA BERISH MUMKIN?
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasida belgilanganidek, pul va turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolar qarzga beriladi.
Masalan, fuqaro Alimov fuqaro Sobirovdan bir million soʻm miqdorda qarz olishi mumkin. Lekin bu faqatgina soʻm pul birligida qarz munosabatlari amalga oshiriladi degani emas. Qarz sifatida xohlagan xorijiy valyutadagi summa qarzga berilishi va qarzga olinishi mumkin. Hatto aytib oʻtganimizdek, turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolar ham qarz berilishi mumkin. Turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar deganda bir turdagi hamma ashyolarga xos alomatlarga ega boʻlgan hamda soni, ogʻirligi, oʻlchovi va shu kabilar bilan belgilangan ashyolar tushuniladi. Misol uchun, zargarlik buyumlari, qoʻl mehnati asosida yaratilgan ashyolar va boshqalar.
Qarz oluvchi oʻziga “qarzga berilgan” pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyoning mulkdori sifatida ularni tasarruf etishi yoki ularni oʻz ehtiyoji uchun ishlatmasdan aynan oʻzini ham qarz beruvchiga qaytarib berishi mumkin.
Masalan, qarzga berilgan turga xos alomatlari bilan belgilanadigan – 20 ta shiferni qarzga olgan qarz oluvchi ularni ishlatishga ehtiyoj qolmaganligi sababli aynan oʻzini qaytarib bersa, bu vaziyatda qarz munosabatlari amalga oshgan hisoblanadi. Chunki qonun hujjatlarida qarzga olingan pul yoki ashyoning aynan oʻzini qaytarish mumkin emasligi belgilanmagan. Bu vaziyatdagi fuqarolik munosabati tekin foydalanish yoki ijara shartnomasiga oʻxshab ketsa-da, pul yoki ashyoni qarzga olgan shaxs mulkdor sifatida pul yoki ashyoning taqdirini belgilash huquqiga ega boʻlganligi sababli ijaraga oluvchi va ssuda oluvchidan farq qiladi.

3-§. QARZ SHARTNOMASI OʻZI NIMA?
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida qarz shartnomasi mustaqil fuqarolik-huquqiy shartnoma sifatida eʼtirof etilgan boʻlib, unga koʻra, qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf ikkinchi tarafga pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi (732-modda).
Qarz shartnomasida taraflar:

Qarz shartnomasi real, bir tomonlama, haq evaziga yoki tekinga tuziladigan shartnomalar jumlasiga kiradi.
Qarz shartnomasining huquqiy belgilari quyidagilardan iborat:
birinchidan, qarz shartnomasi real shartnoma hisoblanadi, chunki taraflar oʻrtasida huquq va burchlar shartnoma predmeti boʻlgan pul yoki ashyoning topshirilishi vaqtidan eʼtiboran vujudga keladi va shartnoma ham pul topshirilgan vaqtdan kuchga kiradi;
ikkinchidan, qarz bir tomonlama shartnomalar sirasiga kiradi, shartnoma yuzasidan qarz beruvchi huquqlar olsa, qarz oluvchida burchlar vujudga keladi;
uchinchidan, qarz shartnomasi fuqarolar oʻrtasida agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining oʻn barovaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa, qarz summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart;
toʻrtinchidan, qarz mulkka nisbatan boʻlgan egalik huquqini yoki mulkni operativ boshqaruv huquqini oʻtkazishga qaratilgan shartnomalardan hisoblanidi. Qarzdor qarzga olingan narsaning aynan oʻzini qaytarmasdan,
balki olgan pulni yoki oʻsha qarzga olingan narsaning xili, sifati va miqdori baravarida boshqa narsani qaytarishga majbur boʻladi;
beshinchidan, agarda qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi;
oltinchidan, agarda qarz shartnomasi boʻyicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada koʻzda tutilgan hollarda foizlar toʻlanishi kerak.
Shuningdek, qarz shartnomasining fuqarolik huquqiy munosabatlarida alohida ikkita turi mavjud, yaʼni aniq maqsadli qarz va davlat zayomi shartnomasi.

Aniq maqsadli qarz – qarz beruvchi tomonidan qarz oluvchiga foydalanishning aniq maqsadi belgilab berilgan qarz.
Oddiy qarz shartnomasi aniq maqsadli qarz shartnomasidan farq qiladi, bunga sabab shundaki, maqsadli qarz shartnomasi asosida olingan qarz koʻrsatilgan aniq maqsadlar uchun ishlatilishi lozim.
Masalan, korxona, tashkilot oʻz xodimining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida unga qarz bergan boʻlsa, xodim uni boshqa maqsadlarda ishlatsa, qarz beruvchi pulni va foizlarni qaytarib olishga haqli boʻladi. Mazkur shartnoma boʻyicha qarz oluvchi qarz beruvchiga olingan pul mablagʻini aniq maqsadlarda ishlatilayotganligini nazorat qilish imkoniyatini yaratib berish yoki boshqacha soʻz bilan aytganda hisobdor boʻlib turadi.
Agar qarz shartnomasi qarz oluvchining mablagʻlardan aniq maqsadda (aniq maqsadli qarz) foydalanishi sharti bilan tuzilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarz beruvchiga qarz summasidan aniq maqsadda foydalanilishini nazorat qilish imkoniyatini taʼminlab berishi shart. Qarz oluvchi qarz shartnomasining qarz summasidan aniq maqsadda foydalanish haqidagi shartlarini bajarmagan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni toʻlashni talab qilishga haqli.

4-§. QARZ SHARTNOMASINING SHAKLI QANDAY BOʻLISHI LOZIM?
Fuqarolar oʻrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Fuqarolar oʻrtasida qarz summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlgan qarz shartnomasi oddiy yozma shaklda tuzilishi shart (733-modda).
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik quyidagi oqibatlarga olib keladi:
- Shartnomaning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi;
- Nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning koʻrsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Demak, taraflar bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan koʻp qiymatdagi qarz shartnomasini ogʻzaki shaklda tuzishgan boʻlsa ham ushbu shartnoma haqiqiy hisoblanadi. Lekin shartnoma tuzilganligini isbotlash uchun guvohlarning koʻrsatmalari inobatga olinmaydi.
Quyidagi holatda qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:
- qarz oluvchining tilxati mavjud boʻlsa;
- qarz oluvchiga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud boʻlsa;
- berilgan veksel, obligatsiya;
- qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qogʻoz bilan tasdiqlangan boʻlsa.

Yodda saqlang! Taraflar bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlashga haqlidirlar. Masalan, mobil qurilmadagi soʻzlashuvlar, yozishmalar, ovozli yozuvlar va boshqalar.

5-§. QARZ SHARTNOMASI BOʻYICHA FOIZ OLISH MUMKINMI?
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 734-moddasiga binoan qarz shartnomasi boʻyicha berilgan qarz hisobidan foiz olish mumkin. Lekin foiz masalasida, albatta, taraflarning kelishuvi boʻlishi lozim. Foizlar olish shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda amalga oshiriladi. Agar foizlar toʻlash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan boʻlmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda toʻlanadi.
Agar qarz shartnomasi boʻyicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada koʻzda tutilgan hollarda foizlar toʻlanishi kerak.

Misol uchun, fuqaro Sobirov fuqaro Dadaxonovdan 10 million soʻm miqdorda qarz oldi. Qarzni qaytarish muddatini 1 yil, foizini esa har oy uchun berilgan qarz summasining 2 foizi etib belgilashdi. Shunda qarzdor 10 million soʻmni bir yil oʻtgandan soʻng qaytaradi, qarz berilgan kundan boshlab 12 oy muddat davomida har oyda 10 million soʻmning 2 foizi, yaʼni 200 ming soʻmni qarz beruvchiga toʻlashi kerak boʻladi.

6-§. QARZ OLUVCHINING QANDAY HUQUQ VA MAJBURIYATLARI BOR?
Qarz oluvchining huquqlari quyidagilardan iborat:
- Berilgan qarzdan xohlagancha foydalanish mumkin;
- Qarzni uchinchi shaxslarga mulk qilib berib yuborishi ham mumkin;
- Olingan qarz taqdirini oʻzi belgilashi mumkin.
Quyidagilar qarz oluvchining majburiyatlari hisoblanadi:
- olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart;
- olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Yodda saqlang! Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qoʻygan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.
Masalan, qarz beruvchi va qarz oluvchi oʻrtasida shartnoma tuzildi, biroq qarzni qaytarib berish muddati toʻgʻrisida kelishilmadi va bu shartnomada oʻz aksini topmadi. Qarz beruvchiga pul kerak boʻlib qolishi natijasida berilgan qarz summasini qarz oluvchidan talab qildi. Qarz oluvi esa ushbu talabni 30 kunlik muddatda bajarishi shart.
Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin. Foiz evaziga berilgan qarz summasi, agar qarz shartnomasida koʻzda tutilgan boʻlsa yoki qarz beruvchining roziligi bilan, muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.

7-§. QARZ OLUVCHI TOMONIDAN QARZ SHARTNOMASINI BUZISH QANDAY OQIBATLARGA OLIB KELADI?
Agar qarz oluvchi kelishilgan muddatda qarzni qaytarmasa, boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak. Ushbu qoida qarz olganlik uchun foizlar vaqtida toʻlanganligidan qatʼi nazar amal qiladi.
Qarzni vaqtida qaytarmaganlik uchun foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs boʻlganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud boʻlgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini daʼvo qoʻzgʻatilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi.
Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (boʻlib-boʻlib) qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
Agar qarz shartnomasida qarz boʻyicha foizlarni qarzning oʻzini qaytarish muddatidan oldin toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, bu majburiyat buzilgan taqdirda, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini tegishli foizlari bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

8-§. VEKSEL, OBLIGATSIYA VA DAVLAT ZAYOMI HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?
740-modda. Veksel
Qarz shartnomasi veksel, obligatsiyalar yoʻli bilan ham tuzilishi mumkin.
Veksel – taraflarning kelishuviga muvofiq qarz oluvchi veksel bergan boʻlib, bu veksel uni beruvchining (oddiy veksel) yoki vekselda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining (oʻtkazma veksel) vekselda nazarda tutilgan muddat kelgach, qarzga olingan pul summalarini toʻlash haqidagi hech qanday shart bilan bogʻlanmagan majburiyatini tasdiqlasa, taraflarning veksel boʻyicha munosabatlari qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Obligatsiya – qimmatli qogʻoz boʻlib, uni saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini tasdiqlaydi. Obligatsiya uni saqlovchiga obligatsiyaning nominal qiymatidan obligatsiyada qayd etilgan miqdorda foizlar olish huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni ham beradi.

Yodda saqlang! Davlat zayomi shartnomasi boʻyicha davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs esa qarz beruvchi boʻladi.
Davlat zayomlari ixtiyoriydir.
Davlat zayomi shartnomasi qarz beruvchining qarz oluvchidan unga qarzga berilgan pul mablagʻlarini yoki, zayom shartlariga bogʻliq holda, – boshqa mol-mulkni, belgilangan foizlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni zayomni muomalaga chiqarish shartlarida nazarda tutilgan muddatlarda olish huquqini tasdiqlaydigan davlat obligatsiyalari yoki boshqa davlat qimmatli qogʻozlarini qarz beruvchining sotib olishi yoʻli bilan tuziladi.

9-§. QARZNI QANDAY UNDIRIB OLISH MUMKIN?
Ushbu savolga amaliy misol yordamida javob beramiz.
Savol: Men bir odamga 9 million soʻm miqdorida qarz berganman, oʻrtada tilxat bor. U kishi mana bir yildan buyon olgan qarzini toʻlamayapti. Tanishlarim sudga murojaat qilishim kerakligini aytishmoqda, qaysi sudga murojaat qilishim kerak, tartibini toʻliq tushuntirib bera olasizmi?
Javob: Bu holatda Fuqarolik protsessual kodeksi (yaʼni FPK)ning 26-moddasi 1-bandiga asosan, muammo nizoli ish sifatida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Sababi fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy, yer toʻgʻrisidagi va boshqa munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha ishlar, agar taraflardan hech boʻlmaganda bittasi fuqaro boʻlsa, aynan fuqarolik sudlariga tegishli ishlar hisoblanadi.
FPKning 33-moddasiga muvofiq, sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari sifatida arizalar javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashgʻul boʻlgan joydagi sudga beriladi.
Demak, siz ushbu qoidaga asosan, olingan qarz yuzasidan sizning oldingizda javobgar hisoblanuvchi oʻsha qarzdor fuqaro yashayotgan joydagi tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritasiz.
Daʼvo arizangizda murojaat qilinayotgan sudning nomi, daʼvogar sifatida oʻzingiz va javobgar sifatida qarzdor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (F.I.Sh., yashash manzillar kabilar)ni, daʼvo ariza va uning turi (masalan, qarz va unga hisoblangan foizlarni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo ariza) kabi maʼlumotlarni koʻrsatasiz.
Daʼvo arizaning asosiy mazmun qismida esa:
javobgarga qachon va qancha miqdorda qarz berganligingiz; oʻrtada yozma tilxat rasmiylashtirilganligi;
qarzni qaytarish muddati;
javobgar qarzni asossiz ravishda qaytarmayotganligi hamda u qarzni toʻlashni paysalga solib kelayotganligi;
Amaliy
misol!
tegishli qonunlardan asos va dalillar (masalan, qarz shartnomasiga doir Fuqarolik kodeksi 732-738-moddalari)ni koʻrsatasiz.
Daʼvo arizangizni soʻnggi – talab qismida javobgardan, yaʼni qarzdordan undirilishi lozim boʻlgan qarz summalari, zarur boʻlsa, uning foizlarini undirib berishni soʻraysiz (Namuna 1-Ilova).
Shuningdek, daʼvo arizangizga albatta, tegishli hujjatlarni ilova qilishingiz kerak va arizada ularning roʻyhatini koʻrsatishingiz kerak, bular:
daʼvo arizasidan qoʻshimcha bir nusxa; tilxat;
pasport nusxalari (iloji boʻlsa qarzdorniki ham); davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida toʻlov qogʻozi.
Daʼvo arizangiz sizning imzoyingiz bilan tasdiqlanib, u imzolangan sana ham koʻrsatiladi hamda barcha yuqoridagi hujjatlar ilova qilinib javobgar joylashgan fuqarolik sudiga topshiriladi.
Notarial idoralari tomonidan rasmiylashtirilgan qarz shartnomalari boʻyicha qarz summasini qaytarish muddati oʻtgandan soʻng, qarz oluvchi shartnoma shartlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, notarius tomonidan qarz oluvchidan qarzga beruvchiga qarzga berilgan summani undirish toʻgʻrisida ijro yozuvi yozib berilishi mumkin.
Xususan, amaliyotda fuqarolarning mazkur jarayonlarning bilmasligi ularning qarz shartnomasi yuzasidan sudlarga murojaat qilishlariga sabab boʻlmoqda. Vaholanki, notarius tomonidan qarz summasini undirib berish boʻyicha yozilgan ijro yozuvi, qoʻshimcha

qogʻozbozlik yoki ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Daʼvogar S. Rahimovaning (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ishonchli vakili D. Kuryazov sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar F. Yoʻldoshevdan daʼvogar S. Rahimova foydasiga 37 602 810 soʻm asosiy qarz, 1 504 113 soʻm toʻlangan davlat bojini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2019-yil 25-fevraldagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo qanoatlantirilgan. Javobgar F. Yoʻldoshevdan daʼvogar S. Rahimovaning foydasiga 4 500 AQSH dollarining soʻmga nisbatan
qiymati hisobida 37 602 810 soʻm asosiy qarz, 1 504 113 soʻm davlat boji uchun toʻlangan summa, jami 39 106 923 soʻm undirilishi belgilangan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2020-yil 23-yanvardagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining 2019-yil 25-fevraldagi hal qiluv qarori oʻzgartirilib, daʼvogar S. Rahimovaning foydasiga javobgar F. Yoʻldoshevdan 4 196 100 soʻm asosiy qarz, 167 844 soʻm toʻlangan davlat boji, 14 190 soʻm pochta xarajatlari, jami 4 378 134 soʻm undirilgan.
Aniqlanishicha, javobgar F. Yoʻldoshev daʼvogar S. Rahimovadan 2014-yil 29-sentyabrda 2 000 AQSH dollari olganligi, ushbu olgan qarzini olti oy ichida qaytarib berish toʻgʻrisida tilxat yozib bergan.
Shuningdek, javobgar F. Yoʻldoshev tomonidan 2015-yilda S. Rahimovadan olgan pulning qolgan qismini 2 500 AQSH dollaridan 2018-yilda ishlab may oyidan berib borishi toʻgʻrisida tilxat yozib berilgan (2018-yil yanvar oyida).
Birinchi instansiya sudi nizoni hal etishda javobgar F. Yoʻldoshev tomonidan daʼvogardan qarz olganligi yuzasidan yozilgan tilxatlarga, xususan, boʻyab yozilgan tilxatga huquqiy baho bermasdan, ish holatlarini sinchkovlik bilan tekshirmasdan, javobgar F. Yoʻldoshev daʼvogar S. Rahimovadan 2014-yilda 2 000 AQSH dollarini qarzga olib, qarzini hali qaytarmagan bir holatda yana daʼvogar unga 2018-yilda 2 500 AQSH dollarini qarzga berishi mumkinligini sinchkovlik bilan tekshirmasdan, oʻz xulosalarini faktik jihatdan asoslamasdan, daʼvoni toʻliq qanoatlantirib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2019-yil 7-iyundagi xulosasida “F. Yoʻldoshev tomonidan sanasiz yozilgan 2 500 AQSH dollari soʻzlari bilan boshlanib, qoʻlim bilan yozdim F. Yoʻldoshev” soʻzlari bilan tugagan tilxatdagi 500 AQSH dollari soʻzlari birinchi yozilgan boʻlib, 2 raqami qoʻshib yozish bilan asosiy matn yozilgandan keyin amalga oshirilganligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha shahar sudining 2019-yil 13-noyabrdagi hukmi bilan S. Rahimova Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining birinchi qismi va 25, 168-moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan tegishli jazo tayinlangan. Jinoyat
ishlari boʻyicha viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2019-yil 11-dekabrdagi ajrimida F. Yoʻldoshev S. Rahimovadan 2 500 AQSH dollarini qarzga olmaganligi, balki ilgari olgan qarzidan qolgan 500 AQSH dollarini may oyidan bera boshlashi koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 75-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilganligi yoki etilmaganligi masalalari yuzasidan majburiydir.
Shu sababli kassatsiya instansiyasi sudi daʼvogar S. Rahimovaning javobgar F. Yoʻldoshev undan 2 500 AQSH dollari qarz olganligi haqidagi vajlari bilan kelishmasdan, F. Yoʻldoshev tomonidan 2018-yilda yozilgan tilxatdagi “2” raqami 500 raqamidan keyin yozilganligi haqidagi ekspert xulosasini inobatga olib, hozirgi kunda F. Yoʻldoshevning daʼvogar S. Rahimovadan 500 AQSH dollari miqdorida qarzi mavjud deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgartirgan.
ILOVALAR
1-ilova
QARZ SHARTNOMASI
“ | ” may 2021 yil | ||||||||||||||||||
Toshkent viloyati | |||||||||||||||||||
Fuqaro | (pasport: | , | |||||||||||||||||
08.06.2019 yilda TIIB tomonidan | berilgan) (keyingi oʻrinlarda “Qarz | oluvchi”) | |||||||||||||||||
bir tomondan va | fuqaro | (pasport: | , | ||||||||||||||||
08.06.2019 yilda | TIIB | tomonidan | berilgan) | (keyingi | oʻrinlarda | “Qarz | |||||||||||||
beruvchi”) ikkinchi tomondan, ushbu shartnomani quyidagilar haqida tuzdilar | |||||||||||||||||||
1. | Shartnoma predmeti | ||||||||||||||||||
1.1. | Qarz | beruvchi mazkur shartnomaning shartlariga muvofiq Qarz | |||||||||||||||||
oluvchiga | (soʻz bilan) soʻm miqdorda pul mablagʻini foizsiz qarzga beradi, Qarz | ||||||||||||||||||
oluvchi esa oʻz zimmasiga mazkur mablagʻni qaytarish majburiyatini oladi; | |||||||||||||||||||
1.2. | Mazkur shartnomaning 1.1-bandida qayd etilgan miqdordagi qarz summasi | ||||||||||||||||||
Qarz oluvchi tomonidan Qarz beruvchiga qismlarga boʻlib qaytarilishi mumkin; | |||||||||||||||||||
1.3. | Qarzning toʻliq miqdori | ga qadar qaytarilishi shart. | |||||||||||||||||
2. | Tomonlarning huquq va majburiyatlari | ||||||||||||||||||
2.1. | Qarz | beruvchi | mazkur | shartnoma imzolangan kundan boshlab 1 kun |
muddat ichida shartnomaning 1.1-bandida koʻrsatilgan miqdordagi pul mablagʻini naqd shaklda Qarz oluvchiga dalolatnoma asosida taqdim etadi.
Dalolatnomada u tuzilgan sana va joy, taraflarning rekvizitlari; pul mablagʻi
Ushbu dalolatnoma Tomonlar imzolagandan soʻng mazkur shartnomaning
ajralmas qismi hisoblanadi.
2.2. Qarz oluvchi olingan qarz summasini mazkur shartnomaning 1.3-
bandida nazarda tutilgan muddatga qadar Qarz beruvchiga qaytaradi.
2.3. Qarz beruvchi Qarz oluvchidan shartnoma boʻyicha berilgan qarz
summasini shartnomada kelishilgan muddatdan avval talab qilishga haqli.
2.4. Qarz oluvchi qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qoʻygan
kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida qarzni qaytarishi kerak.
2.4. Qarz oluvchi qarz summasini muddatidan avval Qarz beruvchiga
qaytarishga haqli.
3. Tomonlarning javobgarligi
2.5. Qarz oluvchi ushbu shartnomaning 1.3-bandida nazarda tutilgan muddatga qadar Qarz beruvchiga qarzni qaytarmasa har bir kechiktirilgan kun uchun 0,5 (yarim) foiz, lekin qarz summasining 50 (ellik) foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.
4. | Shartnomaning boshqa shartlari |
3.1. | Shartnoma tomonlar imzolagan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va _____ga |
qadar amal qiladi. | |
3.2. | Qarz oluvchi qarz summasini muddatidan avval Qarz beruvchiga qaytargan |
taqdirda qarz summasi qarz beruvchi tomonidan qabul qilib olinganligi haqida dalolatnoma imzolangan kundan shartnoma bekor boʻlishi mumkin.
3.3. Mazkur shartnoma va uning ajralmas qismi hisoblangan dalolatnoma ikki nusxada tuzildi va bir nusxadan tomonlarda saqlash uchun berildi.
3.4. Mazkur shartnomaga kiritiladigan har qanday oʻzgartirishlar tomonlarning roziligi asosida qoʻshimcha shartnoma tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
3.5. Shartnoma yuzasidan kelib chiqadigan nizolar tomonlarning oʻzaro
kelishuvi bilan hal etiladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sud ѐki hakamlik sudida hal etiladi.
5.
Tomonlarning rekvizitlari
Qarz oluvchi:
Qarz beruvchi:
________________
imzo
________________
imzo
“____” may 2021 yil “____” may 2021 yil
2-ilova
DALOATNOMA
(topshirish-qabul qilish toʻgʻrisida)
“ ” may 2021 yil
Toshkent viloyati
Biz quyida imzo qoʻyuvchilar Fuqaro | (pasport: | ||||||||||||
, 08.06.2013 yilda | TIIB tomonidan berilgan) bir tomondan | ||||||||||||
va fuqaro | (pasport: | ,08.06.2013 yilda | |||||||||||
TIIB tomonidan berilgan) ikkinchi tomondan, guvohlar
larning ishtirokida ushbu dalolatnomani quyidagilar haqida tuzdilar:
Men
fuqaro ga
soʻm miqdorda milliy valyutadagi pul mablagʻini naqd pul shaklida qarz sifatida
topshirdim.
Men
fuqaro dan soʻm
miqdorda milliy valyutadagi pul mablagʻini naqd pul shaklida qarz sifatida qabul qilib oldim.
Mazkur dalolatnoma ikki nusxada tuzildi va bir nusxadan tomonlarda saqlash uchun berildi.
Qarz oluvchi:
Qarz beruvchi:
Ishtirok etuvchi guvohlar:
3-ilova
Fuqarolik ishlari boʻyicha ______
tumanlararo (tuman) sudiga
Daʼvogar:____________________________
(F.I.Sh.)
Yashash manzili: ______________________,
Telefon raqami: _____________________,
Javobgar:___________________________
(F.I.Sh.)
Yashash manzili: ______________________,
Telefon raqami: _____________________,
DAʼVO ARIZA
(Qarz shartnomasi boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida)
Men yuqorida ko‘rsatilgan manzilda yashayman. _____ yil ___ oyining ___
kunida __________________ (javobgarning FISH) meni oldimga kelib qarz soʻradi.
Shundan so‘ng men javobgarga oʻzaro tilxat asosida _____ sum qarz berdim.
Javobgar ________ soʻmni ______ yil ________ oyining _____ kuniga qadar
qaytarishi lozim lozim edi, shunday boʻlsada javobgar ______sum qarzni
qaytarmasdan kelayapti, shu kunga qadar javobgarga bir necha bor qarzni qaytarishni soʻrab murojaat qildim, lekin u erta-indinga beraman deb meni aldab kelmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 734-735 moddalariga asosan suddan,
Soʻrayman:
Javobgar_______dan meni foydamga_______(summani soʻz bilan
yozing________________________) soʻm asosiy qarz hamda qarzni oʻz vaqtida
qaytarmaganligi sababli bank foizi bilan hisoblab undirib berishingizni.
Ilova qilingan hujjatlar:
- Daʼvo ariza nusxasi;
- Til xat asli;
- Pasport nusxasi;
- Davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida kvitansiya.
Daʼvo ariza berilgan vaqti ____ yil «___»_________ Daʼvogar imzosi: ______
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –T.: Oʻzbekiston.
2020.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. –T.: Adolat. 2020.
- Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi.–T.:
2020.
- Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi. – T.: Adolat. 2020.
- Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi. T.: Adolat. 2020.
- Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi.//Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 2020-yil, №1, 1-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi. – 2000.-№5-6.-140-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 6-dekabrdagi “Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi.-2002.-№1.-13-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni//Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi.-1996.-
№5-6.-61-modda.
- Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi Qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Axborotnomasi.-1998.-№5-6.-86-modda.
USMONOVA MUNISXON YOʻLDOSH QIZI
QARZ BERISH VA QARZNI
UNDIRISH
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir
Muharrir
Musahhih
Texnik muharrir
Dizayner
O. Choriyev
Sh. Jahonov
M. Patillayeva
U. Sapayev
D. Rajapov
16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,4 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 76-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
24