KIRISH

Qaysi holatlarda qilmishni jinoyat deb topilmaslik holatlarini inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishda tutgan oʻrnini aniqlash qonunchilikdagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi va bularning qay darajada dolzarb ekanligini quyidagi holatlarda koʻrishimiz mumkin:

birinchidan, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan davlat huquqiy siyosati konsepsiyasi ularni himoya qilish mexanizmlari haqidagi eskicha tasavvurlarni oʻzgartirish jinoyatchilikka qarshi kurash subyektlarini qonuniy huquq va majburiyatlar bilan aholini taʼminlash lozimligini talab etadi. Bunda yangi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishgina emas, balki huquqni qoʻllash amaliyotida ularga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash ham nazarda tutiladi;

ikkinchidan, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi qabul qilinishi bilan uning asosiy qoidalari va prinsiplarini teran anglab yetish zaruriyati paydo boʻldi. Bunday asosiy qoidalar orasida qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar ham boʻlib, bu holatlarni huquqiy tartibga solish, shuningdek ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolar tomonidan qoʻllanish amaliyoti bir qancha muammolarni namoyon etib kelmoqda va ularning aksariyati hanuzgacha oʻzining uzil-kesil yechimini topgani yoʻq. Ayni shu sababli ushbu holatlar olimlar, qonun ishlab chiquvchi organ va huquqni qoʻllovchilar eʼtiborini oʻziga tortib kelmoqda.

Bu muammolarni yechishdagi qiyinchiliklar ilmiy yondashuvlardagi farqlar bilangina emas, balki mamlakatdagi jinoyatchilikning holati va dinamikasi bilan ham belgilanadi. Soʻnggi uch yil mobaynida

Oʻzbekistonda jinoyatchilik muttasil oʻsib bormoqda. Bu koʻrsatkichlarlarning o‘sishi aholi sonining oʻsishi bilan ham bogʻliq, albatta. Biroq qonun normasini amalda qanchalik toʻgʻri tahlil va targʻib qilinishi ham bu kabi jinoyatchilik koʻrsatkichlarini koʻpayishiga oʻz tasirini oʻtkazmay qolmaydi. Shu sababli sodir qilingan bunday turdagi qilmishlar uchun qonun normasida belgilangan har bir yuridik jihatiga

4

eʼtibor berish, ularni qoʻllash yuqoridagi kabi koʻrsatkichlarning kamayishiga sabab boʻladi.

Shu sababli mazkur ilmiy-ommabop risolada qilmishni jinoyat deb topish va uning belgilari; qilmish jinoyat deb topilmaydigan holatlar va ularning turlari; kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat jinoyat deb topilmaslik holatlari; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish jinoyat deb topiladimi? Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish; kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik ham jinoyat deb topilmasligi; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish kabi masalalar bayon etilgan.

5

1-§. QILMISHNI JINOYAT DEB TOPISH VA UNING BELGILARI

Jinoyat qonuni bilan taqiqlangan harakat yoki bajarilishi shart qilib belgilangan harakatni bajarmaslikda ifodalanadigan harakatsizlik, yaʼni huquqqa xilof qilmish jinoyat deb hisoblanadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi (huquqni qoʻllovchi) organlar tomonidan qonunchilikda qayd qilinmagan ijtimoiy xavfli qilmishlar aniqlanishi mumkin, lekin ular jinoiy jazoga loyiq deb topilmaydi. Jinoyat deb hisoblanadigan ijtimoiy xavfli qilmishlar roʻyxati keng talqin qilinmaydi. Jinoiy javobgarlikka va jazoga faqat jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni, yaʼni muayyan jinoyatning alomatlariga ega boʻlgan, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining u yoki bu moddasida belgilangan qilmishni sodir etgan shaxs tortiladi.

Jinoyat belgilari qilmishning jinoiyligini belgilovchi asosiy mezon hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 14-moddasiga koʻra, jinoyat taʼrifining asosiy belgilari:

ijtimoiy xavflilik;

huquqqa xiloflik;

ayblilik;

jazoga loyiqlik.

Jinoyatning ijtimoiy xavfliligi, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida eʼlon qilingan va kafolatlangan muhim ijtimoiy qadriyatlarga tajovuz qilish bilan aniqlanadi. Jinoyat kodeksining 14-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, qonun bilan qoʻriqlanadigan obyektlarga zarar yetkazadigan yoki shunday zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqaradigan qilmish ijtimoiy xavfli qilmish deb topiladi.

Huquqqa xiloflik jinoyatning ijtimoiy-obyektiv alomatlari – ijtimoiy xavflilik va aybdorlikdan farqli ravishda, jinoyatni baholash – normativ belgisi boʻlgan jinoyat qonunidagi ijtimoiy xavflilikning yuridik ifodasidir.

U yoki bu gʻayriqonuniy qilmish Jinoyat kodeksining Maxsus qismida jinoyat sifatida belgilangan, chunki ular ijtimoiy xavflidir. Bu Jinoyat kodeksining Maxsus qismidagi jinoiy-huquqiy normalar dispozitsiyalarida qilmishning belgilanganligini anglatadi.

6

Ijtimoiy xavfli va huquqqa xilof qilmish faqat ayb mavjud boʻlsagina jinoyat deb topiladi. Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat huquqi aybsiz holda zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni istisno etadi. Jinoyat kodeksining ayb uchun javobgarlik prinsipini ifodalagan 9-moddasida “shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar boʻladi”, deya taʼkidlangan. Shuning uchun qonunda ehtiyotsizlik oqibatida kelib chiqqan qilmish aybsiz sodir etilgan deb topilishi mumkin emas.

Bundan tashqari, tasodif holatida sodir etilgan ijtimoiy xavfli xatti-harakatlar jinoyat hisoblanmaydi.

Jinoyat – jazoga loyiq qilmish. Shunga koʻra, qilmishning jinoyat sifatidagi yana bir muhim belgisi uning jazoga loyiqligidir. Jinoyat qonuni jinoiy jazo qoʻllash tahdidi bilan u yoki bu ijtimoiy xavfli xatti-harakat sodir etishni taqiqlaydi. Faqatgina jazoga tortiladigan bunday ijtimoiy qilmishlar jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksining Maxsus qismidagi moddalarning dispozitsiyalarida nafaqat u yoki bu jinoyat alomatlari koʻrsatilgan, balki ularni sodir etganlik uchun sanksiyalar – jazoning turi, muddati va miqdori ham belgilangan. Bunday hollarda jazoning oʻlchovi va xususiyati muayyan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga mos keladi. Qilmishning ijtimoiy xavfliligi doimiy ravishda oʻzgarmas boʻlib qolmaydi. Ijtimoiy munosabatlar rivoji, ilmiy-texnik taraqqiyot qilmishning ijtimoiy xavfli va jazoga loyiq deb topish mezoniga oʻzgartish kiritishi va aksincha boʻlishi mumkin. Bugun ijtimoiy xavfli boʻlgan qilmish, ertaga ijtimoiy norma boʻlishi yoki qandaydir yangi qilmishni jinoyat qonuni taqiqlash zaruriyatini yuzaga keltirishi mumkin.

2-§. QILMISH JINOYAT DEB TOPILMAYDIGAN HOLATLAR VA ULARNING TURLARI

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat qonunchiligiga muvofiq ayrim zararli oqibat keltirib chiqaruvchi qilmishlar jinoyat deb topilmaydi. Garchi ular tashqi koʻrinishidan jinoyatga oʻxshasa-da, lekin Jinoyat kodeksi bilan qoʻyilgan talab va shartlar doirasidan chetga

7

chiqmagan holda zarar yetkazilganligi bois jinoyat deb topilmaydi. Shu sababli qonun chiqaruvchi jinoyat belgilariga ega boʻlgan har qanday qilmishni ham jinoiy va jazoga loyiq deb topmaydi. Inson ayrim hollarda tashqi tomondan u yoki bu jinoyatga oʻxshash harakatlar sodir etishi mumkin. Ammo bu zararli oqibat keltirib chiqaruvchi harakatlarni u zarar yetkazishi aniq boʻlgan xavf-xatarni bartaraf etish, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etishning oldini olish uchun, bunday qilmish sodir etgan shaxsni ushlash, buyruqni yoki oʻz majburiyatini bajarish vaqtida, shuningdek, kasb yoki xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan asosli tavakkalchilikka yoʻl qoʻyishi orqali amalga oshirishi mumkin. Jumladan, hayotiga tajovuz qilayotgan jinoyatchidan oʻzini himoya qilayotgan shaxs, hujum qiluvchini badaniga ogʻir shikast yetkazishi, fuqarolar yongʻinni oʻchirish vaqtida boshqa shaxsning mulkiga ziyon yetkazishi, ichki ishlar organlari xodimi odam oʻldirgan shaxsni ushlash vaqtida uning badaniga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazishi va shunga oʻxshash misollarni keltirish mumkin.

Qonunda belgilangan aniq shartlarga rioya qilib zarar yetkazilgan boʻlsa, bu kabi harakatlar jinoyat sifatida koʻrib chiqilmaydi va shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Aksincha, ular shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi uchun ijtimoiy jihatdan foydali qilmish deb topiladi.

Jinoyat kodeksi Umumiy qismining toʻqqizinchi bobida qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar va ularning turlari ifodalangan. Qonunda belgilanganidek, Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan alomatlar mavjud boʻlsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻlmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi (JK 35-m.).

Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning bunday taʼrifi katta ahamiyatga egadir. Chunki bu tushuncha orqali qonun chiqaruvchi “qilmishni jinoiyligini istisno qiladigan holatlar”ni “jinoyat” tushunchasi bilan taqqoslaydi.

Jinoyat kodeksi Maxsus qismi dispozitsiyalarida koʻrsatilgan jinoyat belgilari mavjud boʻlgan ammo, oʻzining ijtimoiy xavfli emasligi yoki gʻayriqonuniy emasligi yoki aybning yoʻqligi tufayli ushbu holatlar

8

jinoyatdan farq qiladi va bunday holatda harakat qilgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.

Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat, subyektiv tomoniga koʻra, aybli va aybsiz boʻlishi mumkin. Biroq agar ular aybli hisoblangan taqdirda ham odatda ijtimoiy foydali maqsadi – kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavfni bartaraf qilish, jinoyatning oldini olish yoki jinoyatchini ushlash bilan ajralib turadi. Aynan shu ijtimoiy foydali maqsadlar orqali ayrim hollarda zarur boʻlgan bunday qilmishlarning mohiyati fuqarolarning huquqlarini taʼminlashdan iborat boʻlsa, sud qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar deb topadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining toʻqqizinchi bobida qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarning quyidagi turlari koʻrsatilgan:

      1. kam ahamiyatli qilmish (36-m.);

zaruriy mudofaa (37-m.);

oxirgi zarurat (38-m.);

  1. ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish (39-m.);
    1. buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish (40-m.);
  2. kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik (41-m.).
    1. jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish (411-m.)

Bu holatlarni mustaqil guruhlarga ajratish ularning yagona yuridik tabiati va vazifasi bilan bogʻliq, yaʼni jinoiy-huquqiy munosabatlar subyektlarining tashqi tomondan jinoyat sifatida koʻringan ijtimoiy foydali harakatlarini tartibga soladi.

3-§. KAM AHAMIYATLI QILMISHLAR

Qonunda kam ahamiyatli qilmishlarning jinoiyligini istisno qiladigan holat sifatida qonun bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga jiddiy ziyon yetkazmaydigan asoslar keltiriladi. Jinoyat kodeksining 36-

9

moddasida kam ahamiyatli qilmishning taʼrifi berilgan boʻlib, unga muvofiq Jinoyat kodeksida jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud boʻlsa-da, oʻzining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli boʻlmagan harakat yoki harakatsizlikning jinoyat hisoblanmasligi belgilab qoʻyilgan. Ushbu tushunchada kodeksda koʻrsatilgan biror-bir jinoyatning barcha belgilari mavjud boʻladi, ammo bu qilmish oʻz xususiyatiga koʻra ijtimoiy xavfli boʻlmaganligi sababli qonunda uni jinoyat sifatida baholamaslik toʻgʻrisida soʻz yuritilgan.

Kam ahamiyatli qilmishga rasmiy tomondan qaraladigan boʻlsa, u Jinoyat kodeksi Maxsus qismining biror-bir moddasida koʻrsatilgan aniq jinoyat belgilariga mos keladi, aslida esa kam ahamiyatli boʻlgani uchun ijtimoiy xavfi yoʻqligidan qonunning oʻzi uning jinoiy javobgarligini istisno etib, jinoyat deb topmaydi. Qilmishning aynan shu kam ahamiyatli belgisi hisobga olinib, jinoiyligi va jazoga loyiqligi istisno etiladigan holatlar guruhiga kiritiladi.

Ijtimoiy xavflilik jinoyat tarkibining obyektiv tomon belgisi sifatida namoyon boʻlib, qilmishni sodir etayotgan huquqbuzarning qasdiga bogʻliq boʻladi. Ijtimoiy xavflilik jinoyat tarkibining barcha belgilari bilan bevosita bogʻliqdir. Jinoiy-huquqiy ijtimoiy xavflilik jinoyatning barcha salbiy xossalari va belgilari majmuini ifodalaydigan va oʻzida muhofaza ostiga olingan ijtimoiy munosabatlarga zarar (ziyon) yetkazishning aniq imkoniyatlarini ifoda etgan jamiyatga xilof muayyan obyektiv holatdir. Shuning uchun ijtimoiy xavflilik qonun bilan muhofaza qilinadigan ijtimoiy munosabatlarning ahamiyati, sodir etilgan qilmish va yetkazilgan ziyon, huquqbuzarlik subyektining shaxsi, shuningdek, ayb shakli, motivi va maqsadini hisobga olib belgilanadi.

Qilmishning ijtimoiy xavfliligi muayyan shaxsning harakati yoki harakatsizligi tufayli kelib chiqadi hamda uning aqli va irodasi bilan ifodalanadi. Jinoyat huquqi normasi va huquqni qoʻllash organlariga nisbatan ijtimoiy xavflilik umumiy xususiyat kasb etadi. Bu oʻlchamda ijtimoiy xavflilik sifat va miqdor koʻrsatkichlaridan iborat boʻlishi ham mumkin. Jinoyat kodeksining jazo tayinlashning umumiy asoslarini nazarda tutuvchi 54-moddasida koʻrsatilganidek, “sud jazo tayinlashda

10

sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga oladi”.

Ijtimoiy xavflilik xususiyati – bu qilmishning yoʻnaltirilganlik koʻrsatkichi, tajovuzning maqsadga qaratilganligi boʻlib, uning qanday ijtimoiy munosabatga yoʻnaltirilganligi va unga zarar yetkazishi yoki zarar yetkazishi mumkinligidan darak beradi. Bu ayni vaqtda tajovuz usuli, uning oqibatlari, ayb shakli, jinoyatning motivi va maqsadidir. Aniq qilmishning barcha belgilari majmui sodir etilgan jinoyat xususiyatining oʻlchami boʻlib xizmat qiladi.

Ijtimoiy xavflilik darajasi miqdor koʻrsatkichlarida ham namoyon boʻladi. Demak, yetkazilgan zararning hajmi, badanga shikast yetkazish turi, oʻgʻirlangan narsalar miqdori, jinoyat sodir etish bosqichlari hamda boshqa belgilari ijtimoiy xavflilik darajasini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin.

Qilmishning kam ahamiyatliligida ham aybdorlik va qonunga xiloflik singari jinoyat belgilari saqlanib qoladi. Buni hisobga olish bilan sodir etilgan muayyan tajovuzning kam ahamiyatliligini belgilashda aybning shakli, motivi va maqsadidan, qasd mavjudligida esa, uning yoʻnalishidan kelib chiqish zarur.

Shunday qilib, qilmishning kam ahamiyatliligi uning jinoiyligini istisno etuvchi holat sifatida quyidagi xususiyatlarga ega:

– shaxs sodir etgan qilmishning kam ahamiyatliligi yoki ijtimoiy xavfli boʻlmaganligi sababli, qonun uning jazoga loyiqligini istisno etadi va jinoiy javobgarlikka tortmaydi;

– kam ahamiyatli qilmishda jinoyat tarkibining barcha belgilari mavjud boʻladi, ammo obyektiv tomondan juda kam zarar yetkazish bilan tavsiflanadi;

– qilmishning kam ahamiyatli deb baholashda, subyektning kam miqdordagi zarar yetkazish maqsadida harakat qilganligi ahamiyatga egadir;

– kam ahamiyatli qilmish deb topishda uning obyektiv va subyek-tiv belgilari bir vaqtda mavjudligi aniqlanadi.

11

4-§. ZARURIY MUDOFAA JINOYAT DEB TOPILADIMI?

Jinoyat huquqi fuqarolarga qonun doirasida oʻz haq-huquqlarini himoya qilish kerak boʻlgan holatlarda esa tajovuzchiga zarar yetkazib himoyalanish huquqini beradi. Zarar yetkazib himoyalanish huquqlarni fuqarolarga berish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq holda amalga oshiriladi, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida “har kim oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega”, deb belgilab qoʻyilgan.

Davlat fuqarolarning tajovuzchiga zarar yetkazib himoyalanish huquqlarini jinoyat qonuni bilan kafolatlaydi va bu huquq zaruriy mudofaa instituti sifatida mustahkamlab qoʻyilgan.

Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, yaʼni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chogʻida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqmagan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi (JK 37-modda 1-qism).

Zaruriy mudofaaga oʻtish huquqi ham davlat organlarida jinoyatchilikka qarshi kurash olib boruvchi xodimlariga ham oddiy fuqarolarga bir xil berilgan. Zaruriy mudofaa – subyektiv huquq boʻlib, har qanday fuqaro undan foydalanishi yoki voz kechishi mumkin. Shaxs bu huquqdan voz kechib foydalanmasa yoki undan foydalansa hech qanday huquqiy oqibat kelib chiqmaydi, yaʼni qonun bilan taʼqib qilinmaydi.

Ammo ayrim toifadagi shaxslarning egallab turgan lavozimi yoki xizmat majburiyatlari, ularga jinoyatchilikka qarshi kurash vazifasini yuklasa, bunday shaxslar uchun zaruriy mudofaaga oʻtish majburiy hisoblanadi, shuning uchun ular fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini faol himoya qilishdan boʻyin tovlay olmaydilar.

Zaruriy mudofaa huquqi fuqarolarga jinoyatchilikka qarshi mustaqil kurashish, hatto hujum qilgan shaxsga kuch ishlatishdan ham qaytmaslik uchun keng imkoniyat yaratadi. Qonunning bunday imkoniyat berishi

12

fuqarolarning jinoyatchilikka qarshi faol kurash olib borishlariga salmoqli hissa qoʻshadi va jinoyatchilikning oldini olish vositalaridan biri hisoblanadi. Fuqaroning hujumdan faol mudofaalanish huquqini bilgan jinoyatchi, asossiz ravishda qaqshatqich zarba olishdan choʻchib, oʻz jinoiy niyatidan qaytishi mumkin.

Jinoyat huquqi fani va sud amaliyoti tajovuz va undan himoyalanishga oid bir qator qoidalarni ishlab chiqqan boʻlib, qilmishni zaruriy mudofaa deb huquqiy baholash uchun ushbu shartlarga mudofaalanayotgan shaxs rioya qilishini talab qiladi, ushbu shartlardan kamida bittasiga rioya qilmaslik, yetkazilgan zararni qonuniyligini va zaruriy mudofaa holatini istisno qiladi.

Zaruriy mudofaaning qonuniylik shartlari ikkiga – tajovuzga nisbatan va mudofaaga nisbatan shartlarga boʻlinadi.

Tajovuzga taalluqli boʻlgan shartlar tajovuzning huquqiy tabiatini, vaqt doirasi va haqiqiyligini tavsiflaydi va oʻz navbatida uchga boʻlinadi:

– tajovuzning qonunga xilofligi;

– tajovuz boshlangan va tugallanmaganligi;

– tajovuzning haqiqiyligi.

Mudofaaga taalluqli shartlar uning ijtimoiy maqsadini, yoʻl qoʻyiladigan zararning chegarasi va bunday zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan shaxslar doirasini tavsiflaydi va oʻz navbatida uchga boʻlinadi:

– shaxs oʻzini, boshqa shaxsni, davlat yoki jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida harakat qilishi;

– mudofaa vaqtida zarar faqat tajovuzchiga yetkaziladi;

– zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqmasdan zarar yetkaziladi. Zaruriy mudofaaning tajovuzga nisbatan shartlari.

  1. Tajovuzning qonunga xilofligi deganda, Jinoyat kodeksi bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga qonunga xilof ravishda zarar yetkazayotgan qilmish tushuniladi.
  2. Tajovuzning boshlanib, tugallanmaganligi. Zaruriy mudofaaning ushbu sharti tajovuz qiluvchiga zarar yetkazib faol qarshilik qilishga yoʻl qoʻyiladigan muayyan vaqt oraligʻini aniq belgilab beradi. Bu vaqt oraligʻi tajovuzning boshlanishi bilan boshlanadi va tamom boʻlishi bilan

13

tugallanadi. Demak, qonun tajovuz boshlanib hali oxiriga yetkazilmagan vaqtda zarar yetkazish mumkinligini koʻrsatmoqda.

  1. Tajovuzning haqiqiyligi. Tajovuzning haqiqiyligi deganda, tajovuzning haqiqatan ham voqelikda roʻy berayotganligi tushuniladi. Tajovuz aniq, reallikda roʻy berayotgan boʻlishi shart.

Hujumning (tajovuzning) haqiqatan boʻlganligini toʻgʻri aniqlash uchun mudofaalanuvchining boʻlib oʻtgan voqeani subyektiv idrok etish holatini tahlil etish hal qiluvchi ahamiyatgaega.

Sud amaliyotida “xayoliy mudofaa” deb ataladigan koʻpgina hollar maʼlum boʻlib, bunda shaxs voqelikda roʻy bermagan tajovuzdan goʻyoki mudofaalanadi. Xayoliy mudofaa ham har bir vaziyatda chuqur tahlil qilinadi va quyidagi ikki qarordan biri qabul qilinadi.

Masalan, ishdan kech qaytayotgan A.ga, qorongʻi koʻchada begona shaxs “chekishdan bormi?” deb soʻradi. A. “hozir menga hujum qilib narsalarimni tortib oladi” deb oʻylab, unga qoʻlidagi tayoq bilan urib badanga ogʻir shikast yetkazdi. Bu holatda hech qanday tajovuz mavjud boʻlmagan, A. esa xayoliy mudofaa holatida zarar yetkazgan. Lekin A. tajovuz yoʻqligini bilishi mumkin edi. Ehtiyotsizlik natijasida yetkazgan zarari uchun javobgarlikka tortiladi (JKning 111-moddasi).

Agar jinoyatga tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki uni amalga oshirish rejasi tuzilayotganligi aniq boʻlsa ham, tajovuzning mavjudligi istisno qilinadi va bunday hollarda zarar yetkazish umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikka olib keladi. Masalan, D. ismli shaxs B. shaxsni oʻldirish uchun qurol sotib oldi va bundan xabar topgan B. kechasi borib unga tan jarohati yetkazishi zaruriy mudofaa kabi baholanmaydi.

Tajovuz qilish ehtimolini inobatga olib oldindan qonun bilan taqiqlangan zarar yetkazish choralarini koʻrish ham zaruriy mudofaani tashkil etmaydi. Masalan, bogʻdagi olmalarni oʻgʻirlanishdan saqlash maqsadida devorlar ustiga elektr tokini ulab qoʻyish. Bu himoya vositasi shaxslarga zarar yetkazsa, himoyani oʻrnatgan shaxs umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Mudofaaga taalluqli zaruriy mudofaaning qonuniylik shartlari quyidagilardan iborat:

14

  1. Ijtimoiy foydali maqsadning mavjudligi. Hujumni qaytarish vaqtidagi zarar yetkazishning asosiy maqsadi bu – shaxs oʻzini, boshqa shaxsni, davlat yoki jamiyat manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.

Zaruriy mudofaa holatida zarar yetkazayotgan shaxs birinchi navbatda oʻzini qonuniy manfaatlarini himoya qilib harakat qiladi, shu bilan birga qonun boshqa shaxs, davlat va jamiyatning manfaat-larini himoya qilib tajovuzchiga zarar yetkazishga ruxsat beradi. Zarar yetkazishdan maqsad faqat manfaatlarni himoya qilish boʻlishi lozim.

  1. Zararning faqat tajovuzchiga yetkazilganligi. Hujumni faol qarshilik koʻrsatish yoʻli bilan qaytarganda zarar uchinchi shaxslarga emas, faqat hujum qilgan shaxsga yetkazilishi kerak, chunki mudofaa qiluvchining maqsadi, manfaatlarni aynan tajovuzchidan himoya qilish hisoblanadi. Shuning uchun zaruriy mudofaada faqat hujum qilayotgan tajovuzchiga zarar yetkaziladi. Hujum qilgan shaxsni tanishi, hamrohi yoki boshqa hujum qilish holatiga guvoh boʻlgan shaxslarga zarar yetkazish zaruriy mudofaa kabi baholanmaydi.
  2. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqmaganligi. Hujum qiluvchiga yetkazilgan zararni qonuniy deb topishda (ayniqsa, soʻz uni hayotdan mahrum qilish toʻgʻrisida borayotgan boʻlsa) tajovuzning xavflilik darajasidan kelib chiqish kerak. Tajovuz qanchalik xavfli boʻlsa, uni qaytarish uchun yoʻl qoʻyiladigan qarshilik (daf etish) choralari shunchalik qattiq boʻladi. Agar hujum qiluvchi mudofaalanuvchini oʻldirishni niyat qilib zoʻrlik ishlatgan boʻlsa, uning oʻlimiga olib keladigan holgacha himoyalanishi mumkin. Bunda hujum qiluvchining niyatidan u tajovuz jarayonida qoʻllaydigan aniq harakatlari dalolat beradi. Hayotiy muhim aʼzolarga chuqur jarohat yetkazishga harakat qilishi mudofaalanuvchini oʻldirishga urinishidan darak beradi. Tajovuzchi boshqa hayot uchun xavfli boʻlmagan harakatlarni sodir etishga urinishi, oʻldirish niyati yoʻqligidan dalolat beradi.

Zaruriy mudofaa holatida yetkaziladigan zarar tajovuz xavfliligi bilan mos kelishi shart. Tajovuzchi mudofaalanuvchining hayotiga aniq xavf solsa, himoya vaqtida hayotdan mahrum qilish mumkin. Agar tajovuz faqat sogʻliqqa zarar yetkazishga qaratilgan boʻlsa, himoyalanish vaqtida

15

faqat sogʻliqqa zarar yetkazilishi lozim boʻladi. Tajovuz mulkka nisbatan boʻlsa himoyalanuvchi faqat sogʻliqqa zarar yetkazish huquqiga ega. Agar mulkka yoki sogʻliqqa tajovuz qilinganligi aniq boʻlgan holatda, himoyalanuvchi tajovuzchini oʻldirsa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilgan deb topiladi.

Qonunda shaxsning nomusiga tajovuz qilinganda, oxirgi chora sifatida tajovuzchini hayotdan mahrum qilish ham zaruriy mudofaa kabi huquqiy baholanadi. Masalan, tajovuzchi kuch ishlatib, jabrlanuvchining qarshiligini yengib nomusiga tegishga harakat qilganida, jabrlanuvchi oʻzini nomusini himoya qilib tajovuzchini oʻldirsa, zaruriy mudofaa kabi huquqiy baholanadi.

Zaruriy mudofaa bilan bogʻliq yana bir huquqiy ahamiyat kasb etadigan holat bu – zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishdir.

Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilgan deb hisoblash uchun quyidagi bir necha muhim qoidalarni alohida koʻrsatish zarur boʻladi:

  1. himoyaning davomiyligi tajovuzning xususiyatiga mos kelmasligi;
  2. himoya qilishda yetkazilgan zarar hujumning xavflilik darajasiga mos kelmasligi.

5-§. OXIRGI ZARURAT JINOYAT DEB TOPILADIMI?

Oxirgi zarurat deganda shaxsga yoki boshqa fuqarolarga yoxud ularning huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xavfni qaytarish uchun qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazish tushuniladi. Qilmishni oxirgi zarurat deb huquqiy baholash uchun shu xavfni oʻsha holatda boshqa choralar bilan qaytarishning iloji boʻlmasligi hamda keltirilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq boʻlishi talab qilinadi.

Oxirgi zarurat holati qonun bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatga kamroq zarar yetkazib, ikkinchi bir koʻproq ahamiyatga ega manfaatni zarardan saqlab qolishda ifodalanadi. Jinoyat kodeksining 38-moddasi talablariga muvofiq holda qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmaydi, aksincha ijtimoiy

16

foydali harakat deb baholanadi. Chunki shaxs kamroq zarar yetkazish yoʻli bilan koʻproq miqdordagi aniq zarar kelib chiqishi oldini oladi. Shu sababli, muhim shaxsiy va ijtimoiy manfaatlarni taʼminlashga intilib, oxirgi zarurat holatida harakat qiluvchi shaxs ijtimoiy foydali maqsadni koʻzda tutadi yoki ushbu holatda faqat zarar yetkazish yoʻli bilan kelib chiqishi aniq boʻlgan ogʻir oqibatning oldini oladi.

Oxirgi zarurat holatida shaxs qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarni himoya qilish maqsadida qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa ijtimoiy munosabatlarga qasddan ziyon yetkazadi. Shuni inobatga olib, jinoyat huquqi xavf va xavfning oldini olishga nisbatan shartlarni Jinoyat kodeksi normalariga muvofiq holda ishlab chiqqan hamda shu shartlarga rioya qilgan holda yetkazilgan zarar oxirgi zarurat holatida yetkazilgan deb topiladi va zarar yetkazgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Oxirgi zaruratning qonuniylik shartlari ikkiga boʻlinadi:

  1. Xavfga nisbatan shartlari: a) xavfning paydo boʻlishi;

b) xavf ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazishining aniqligi; d) xavf boshlangan va tugallanmaganligi.

  1. Xavfni oldini olishga nisbatan shartlari:
  2. ijtimoiy foydali maqsadning mavjudligi;
  3. yetkazilgan zararning oldi olingan zarardan kamligi;
  4. zararning uchinchi shaxsga yetkazilishi;
  5. zararning oldini olishning boshqa chorasi yoʻqligi.

Oxirgi zarurat holatida zarar yetkazgan shaxs yuqorida keltirilgan barcha shartlarga rioya qilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Xavfning paydo boʻlishi. Xavf turli manbalardan paydo boʻlishi mumkin, masalan, inson yoki hayvon tajovuzi, texnika yoki boshqa jonsiz jismlarning harakati, tabiiy ofatlar, avariya yoki halokat natijasida paydo boʻlgan xavf va boshqalarni kiritish mumkin.

Xavf manbaalarini misollar yordamida koʻrib chiqamiz, jumladan, insonning harakatlari oxirgi zarurat holatida zarar yetkazishga sabab boʻlgan ayrim misollarni keltiramiz: jinoyatchi yoki aqli noraso shaxs tajovuz qilganda, oʻzini hayotini saqlab qolish maqsadida uchinchi

17

shaxsga tegishli boʻlgan transport vositasini olib qochish, kutilmaganda yoʻlning qatnov qismiga mast yoʻlovchining chiqib qolishi va haydovchining rulni boshqa tomonga burib mulkiy zarar yetkazishi va boshqalar.

Oxirgi zaruratda xavf hayvonlar harakati natijasida ham vujudga kelishi mumkin, masalan, zanjiridan uzilib ketgan it odamga tashlanadi, jabrlanuvchini qutqarish uchun uni oʻldirish, hayvonot bogʻida sherning qafasdan chiqib ketishi hamda odamlar qurbon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun xizmatchining sherni otib oʻldirishi va boshqalar.

Texnika va boshqa jonsiz jismlarning harakati ham xavf manbai sifatida oxirgi zaruratni keltirib chiqarishi mumkin, masalan, gʻisht zavodida loyni kesuvchi apparatga xomashyoni olib boruvchi konveyerning lentasiga ishchi ilinib qoldi va 5-6 soniya ichida uni kesuvchi apparatga yetib borishini koʻrgan boshqa ishchi tezkorlik bilan lentani kesishi yoki tok berayotgan transformatorni buzib konveyerni toʻxtatishi va boshqalar.

Tabiiy ofatlar ham xavf manbai boʻlishi mumkin. Masalan, sel oqimini toʻsib qoluvchi tuproqdan qilingan toʻgʻonning yorigʻini berkitish uchun bir qancha yoʻl texnikasini jalb qilishga toʻgʻri keladi va ular qishloqni suv bosishidan saqlab qolish uchun limmolim toʻlgan suv omboridan ortiqcha suvni zudlik bilan tashlab (oqizib) yuborishadi, natijada koʻplab baliqlar nobud boʻladi; yer qimirlashi oqibatida katta magistral-gaz quvurlari yorilsa ekologik falokat yuz berishi xavfining oldini olish maqsadida, gazni oʻchirib qoʻyish issiqlik elektr stansiyasining bevaqt toʻxtab qolishiga olib keladi, natijada davlatga koʻp miqdorda zarar yetkaziladi va boshqalar.

Xavfning ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazishining aniqligi. Xavf qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish tahdidi allaqachon boshlangan va faqat zudlik bilan qilingan harakat uni bartaraf etish mumkin boʻlgan hollarda yuzaga keladi. Bunda tahdid soluvchi xavf tasavvur qilinadigan, soxta emas, balki haqiqiy boʻlishi kerak.

Paydo boʻlgan xavf ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazmasligi aniq boʻlsa, oxirgi zaruratga hojat qolmaydi. Masalan, shaharchadan oʻtgan

18

temir yoʻldagi halokat natijasida sisternadan oqayotgan suyuqlik zaharli va atrofdagilar uchun xavfli boʻlmasa, aholi evakuatsiya qilinmaydi, korxonalar toʻxtatilmaydi. Demak, xavf paydo boʻlib, ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazmasdan oʻtib ketayotgan boʻlsa zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Xavf boshlangan va tugallanmaganligi. Xavfning paydo boʻlganligi aniq va u davom etayotgan boʻlishi kerak. Agar xavf tugashiga kam muddat qolgan, uning ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazishi aniq boʻlib, zarar yetkazib kelib chiqishi mumkin boʻlgan zararning oldi olinsa oxirgi zarurat kabi baholanadi.

Xavf oʻtib ketganidan soʻng yoki ijtimoiy munosabatga zarar yetkazib boʻlganidan soʻng shaxs tomonidan boshqacha zarar yetkazishga qonun yoʻl qoʻymaydi.

Ijtimoiy foydali maqsadning mavjudligi. Oxirgi zarurat holatida harakat qilayotgan shaxs oʻzini, boshqa fuqarolarni, jamiyat va davlatni qonun bilan qoʻriqlanadigan har qanday manfaatlarini zarardan saqlash maqsadida harakat qilishi, yaʼni hayot, sogʻliq, mulk, jamoat tartibi, ijtimoiy xavfsizlik, huquqiy tartib, ekologiya, davlatning iqtisodiy resurslari kabi ijtimoiy munosabatlarni zarardan saqlash maqsadida harakat qilishi lozim. Ushbu maqsadlarda harakat qilish ijtimoiy foydali hisoblanib jinoyat deb topilmaydi.

Yetkazilgan zararning oldi olingan zarardan kamligi. Oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar bartaraf etilgan zarardan, yaʼni oldi olingan zarardan kam boʻlishi kerak. Zararlar nisbatini aniqlash uchun yetkazilgan va oldi olingan zararlar taqqoslanadi. Jumladan, hayot yoki sogʻliqni xavfdan saqlab, mulkiy zarar yetkazish, katta hajmdagi mulkni xavfdan saqlab kichik hajmda mulkiy zarar yetkazish, ayrim holatlarda hayotni saqlash maqsadida badanga shikast yetkazish va boshqalar. Masalan, stanokda ishlayotgan ishchining chap qoʻlini bilagigacha ishlayotgan stanok tortib maydaladi va sekin yana tortishni davom ettirayotgan vaziyatda boshqa ishchi tezkorlik bilan uning qoʻlini yelkasidan kesib tashlab hayotini saqlab qolishi. Bu misolda ishchi qoʻlidan ajralgan boʻlishiga qaramay tirik qoldi, yaʼni hayoti saqlanib qoldi.

19

Zararning uchinchi shaxsga yetkazilishi. Oxirgi zarurat holatida harakat qilgan shaxs faqat uchinchi shaxslar manfaatiga zarar yetkazadi. Oxirgi zarurat holatida uchta element qatnashadi, bular: xavf, xavfning oldini olayotgan shaxs va zarar koʻrayotgan tomon – uchinchi shaxs. Uchinchi shaxs xavfni paydo boʻlishiga aloqasi boʻlmaydi, lekin oxirgi zarurat holatida zarar koʻradi. Masalan, qoʻshnisining uyidagi yongʻinni oʻchirish uchun oʻt oʻchiruvchilar uning xonadonidagi darvoza-sini buzib kirib olovni bartaraf etishi yoki chekka qishloqda tomdan yiqilgan shaxsni kasalxonaga olib borish uchun ishga ketgan shaxsning avtomashinasini soʻramasdan haydash va boshqalar. Xavf insonlardan ham chiqishi mumkinligini yuqorida taʼkidlagan edik. Oxirgi zarurat holatida xavf insondan chiqqan taqdirda ham zarar uchinchi shaxslarga yetkaziladi.

Zararning oldini olishning boshqa chorasi yoʻqligi. Oxirgi zarurat holatida zarar yetkazish eng soʻnggi chora boʻlishi shart. Agar tahdid solayotgan xavfni bartaraf etishning boshqa zararsiz yoʻllari mavjud boʻlsa, shaxs birinchi galda oʻsha zararsiz choralarni qoʻllashi shart. Ular natija bermaganda, eng oxirgi chora sifatida zarar yetkazib xavfni bartaraf etishga qonun ruxsat beradi.

Agar shaxs tahdid qilgan xavfning oldini olish uchun barcha mavjud usul va vositalarni qoʻllasa ham, uning oldini olishning uddasidan chiqolmagan holatda oxirgi zaruratning boshqa shartlariga toʻla rioya qilingan boʻlsa, jinoiy javobgarlik istisno qilinadi. Chunki shaxs oxirgi zaruratning barcha qonuniy shartlarini bajara-di, biroq obyektiv sabablarga koʻra qoʻllagan chora-tadbirlari tahdid qilgan xavfni bartaraf qila olmaydi. Masalan, yongʻinni oʻchirish uchun qoʻshni darvozasini buzilganligiga qaramay uy toʻla yonib ketishi, darvozani buzgan shaxs javobgarligini istisno qiladi.

Yuqoridagi shartlarning barchasiga rioya qilib oxirgi zarurat holatida zarar yetkazish, jinoiy javobgarlikni istisno qiladi.

Oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqish umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikka olib keladi. Jinoyat qonuni, agar boshqa vositalar orqali xavfning oldini olish mumkin boʻlsa yoki keltirilgan zarar oldi olingan zarardan oshib ketsa, qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga

20

bunday zarar yetkazishni oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqish deb topadi (JK 38 m. 3-q.).

6-§. IJTIMOIY XAVFLI QILMISH SODIR ETGAN SHAXSNI USHLASH VAQTIDA ZARAR YETKAZISH JINOYAT DEB TOPILMAYDI

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga zarar yetkazish qonun talab qilgan barcha shartlarga rioya qilingan boʻlsa qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar kabi baholanadi va ushlash vaqtida zarar yetkazgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organ-lariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur boʻlgan choralarning chegarasidan chetga chiqmagan boʻlsa, jinoyat hisoblanmaydi (JK 39-m. 1-q.).

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni zarar yetkazib ushlash jinoyat huquqining javobgarlikning muqarrarligi va qonuniylik kabi prinsiplarini amalga oshirishga, xavfli qilmish sodir etgan shaxsning qonun bilan qoʻriqlanadigan obyektlarga yangidan tajovuz qilishining oldini olishga, fuqarolarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsatishga, boshqa shaxslar tomonidan jinoyat sodir etishni oldini olishga va boshqa ijobiy holatlarga olib keladi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishda qonun talab qilgan shartlarga toʻla rioya qilingan boʻlsa, ijtimoiy foydali va hatto zarur deb topiladi. Bu shartlar ushlashning qonuniyligi va asoslanganligini belgilab beradi hamda qilmishni amalga oshiradigan shaxsning harakat qilish tartiblarini tavsiflaydi.

Shuni esda tutish kerakki, qonunda ushlash vaqtida zarar yetkazishda ushlanadigan shaxsga yetkaziladigan zarar tashqi koʻrinishidan jinoyatga oʻxshab ketadi, ammo ushlash vaqtida yetkazilgan zarar, qonunda koʻrsatilgan shartlar doirasida boʻlganligi sababli, jinoiy javobgarlik istisno qilinadi va ushlashni amalga oshirgan shaxsning harakatlari qonuniy deb topiladi.

21

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishning qonuniyligini quyidagi ikki guruh shartlarga rioya qilinganligi bilan aniqlanadi:

  1. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga taalluqli shartlari: a) shaxsning ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganligi;

b) shaxsning ushlanishdan qochishi yoki shu mazmundagi boshqa

harakatlari;

  1. shaxsni sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortish yoki jazoni ijro etish muddatlarining oʻtmaganligi.

2. Ushlashni amalga oshirish bilan bogʻliq shartlari:

  1. hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash;
  2. zarar faqat ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga yetkazilishi;
  3. ushlash vaqtida yetkazilgan zarar tajovuzning xavfliligiga va ushlash vaziyatiga mos kelishi.

Shaxsning ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganligi. Jinoyat-prosessual qonunchilik asoslariga koʻra, ushlanadigan shaxsning qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi, ushlash uchun asos hisoblanadi. Ammo ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxs tushunchasi jinoyat huquqida kengroq mazmunga ega, yaʼni qilmishida jinoyat tarkibi belgilari bilan bir qatorda, qilmishida jinoyat tarkibi mavjud boʻlmagan shaxslar (jinoiy javobgarlik yoshiga yetmagan yoki aqli noraso) ham ushlanishi mumkin. Bulardan tashqari, jinoyat huquqi nafaqat ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan, balki ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishga tayyorgarlik koʻrgan yoki unga suiqasd qilgan shaxslar ham ushlanishi mumkinligini koʻrsatadi.

Shaxsning ushlanishdan qochishi yoki shu mazmundagi boshqa harakatlari. Jinoyat sodir qilgan shaxs odil sudlov oldida javob berishni hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar qoʻliga tushishni istamaydi yoki undan boʻyin tovlaydi.

Ushlanishdan qochish deganda ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning yugurib qochishi, transport vositalarida qochishi va boshqa shunga oʻxshash harakatlar orqali qochishi tushuniladi. Qochish mazmunidagi harakatlar deganda poyezd vagonidan tushmaslik, poyezd jadval boʻyicha 3-5 daqiqa turganidan soʻng yurishi aniq, ijtimoiy xavfli

22

qilmish sodir etgan shaxs shuni bilib, vagondan tushmasdan poyezd bilan ketishni va natijada huquqni muhofaza qilish organlaridan qochishni rejalashtiradi. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxs ushlashdan qochmasa yoki boshqacha qarshilik koʻrsatmasa, uni ushlash vaqtida zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shaxsni sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortish yoki jazoni ijro etish muddatlarining oʻtmaganligi. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishning ushbu sharti uzoq vaqt qidiruvda boʻlgan yoki jazoni ijro etishdan boʻyin tovlagan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi. Agar shaxsning sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortish yoki jazoni ijro etish muddati oʻtib ketgan boʻlsa, hamda shaxs yangi jinoyat sodir etmagan boʻlsa uni ushlash vaqtida zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishning ikkinchi guruh shartlari ushlashni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlib, ushlashni amalga oshirayotgan shaxs ularga rioya qilishi talab qilinadi.

Hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashdan yagona maqsad hokimiyat organlariga topshirish boʻlishi shart. Boshqa maqsadlarda (oʻch olish, jinoyatini yashirish evaziga pul talab qilish, jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan mulkdan bir qismini tortib olish va boshqalar) ushlash vaqtida zarar yetkazish umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Hokimiyat organlariga topshirish maqsadining mavjudligi ushlash vaziyati bilan aniqlanadi, jumladan zarar yetkazib ushlashni amalga oshirgan shaxs tezda ichki ishlar organlariga olib kelishi, agarda ushlangan shaxsga tez tibbiy yordam zarur boʻlsa, kasalxonaga olib borib u yerdan ichki ishlar organlariga xabar berishi va boshqa shu mazmundagi harakatlarni sodir etishi maqsadning toʻgʻriligidan dalolat beradi.

Zarar faqat ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga yetkazilishi. Ushlash vaqtida zarar yetkazish faqat ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan yoʻl qoʻyiladi. Uchinchi shaxslarga (guvohlarga, notoʻgʻri gumon qilinganlarga, quvlab ketayotganda xalaqit bergan

23

shaxslarga va boshqalarga) zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Adashib boshqa shaxsga zarar yetkazish ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Ushlash vaqtida yetkazilgan zarar tajovuzning xavfliligiga va ushlash vaziyatiga mos kelishi. Ushlash vaziyati, zarar yetkazishdan boshqa usul bilan ushlashning iloji yoʻqligi sababli, ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgan shaxsga zarar yetkazishni shart qilib qoʻyadi.

Soʻnggi chora sifatida shaxs qarshilik koʻrsatsa, yashirinishga urinsa, qurol bilan tahdid qilsa yoki oʻzining ushlanishi va hokimiyat organlariga tutib berilishiga toʻsqinlik qiluvchi boshqa usullardan foydalansa, zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan zoʻrlik ishlatishi mumkin.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishda “yetkazilgan zararning tajovuzning xavfliligiga mos kelishi” deganda yetkazilgan zararning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavfliligiga mos kelishi tushuniladi. Qilmishning xavflilik darajasi qanchalik yuqori boʻlsa, ushlash vaqtida shunga mos ravishda zarar yetkazishga qonun ruxsat beradi. Ammo qilmishning xavflilik darajasi qanchalik kam boʻlsa, ushlash vaqtida minimal zarar yetkazish yoki umuman zarar yetkazmaslik kerak. Masalan, qasddan odam oʻldirgan shaxs qochishga urinsa eng oxirgi chora sifatida hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib ushlash mumkin. Kissavurlik qilgan shaxs qochishga urinsa, badaniga yengil tan jarohati yetkazib ushlashga ruxsat beriladi. Haqorat qilish jinoyatini sodir etgan shaxs qochishga harakat qilsa, hattoki shikast yetkazmasa qochib ketishi aniq boʻlgan taqdirda ham, uning badaniga shikast yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishda “yetkazilgan zararning ushlash vaziyatiga mos kelishi” deganda yetkazilgan zararning ushlash vaziyatiga toʻla mos kelishi tushuniladi. Ushlash vaziyati quyidagilarni taqqoslash orqali aniqlanadi: qochayotgan shaxsning imkoniyatlari (semiz yoki ozgʻin, sportchi yoki kasalmand, ayol yoki erkak va boshqalar), zarar yetkazayotgan shaxsning imkoniyatlari (jismoniy baquvvatligi, bir necha shaxs tomonidan ushlanayotganligi, qurollanganligi, kuch ishlatishda foydalanadigan

24

maxsus vositalar bilan taʼminlanganligi va boshqalar), qochishga urinish holati (yaralangan holatda qochmoqchi boʻlganligi, transport vositalarida qochmoqchi boʻlganligi, keng dalada qochmoqchi boʻlganligi va boshqalar), ushlash sharoiti (jinoyatchi yashiringan uyning qurshab olinganligi, minib qochayotgan avtomobilini buzilganligi yoki shinasi yorilgan holatda qochayotganligi va boshqalar) hamda boshqa ushlashga koʻmaklashuvchi hamda toʻsqinlik qiluvchi sharoitlar taqqoslanadi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqish. Ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek, ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazish ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deb topiladi (JK 39-m. 2-q.).

Qonunda berilgan ushbu taʼrif ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chegarasidan chetga chiqish belgilarini aniq koʻrsatadi, jumladan, ushlash vaqtida zarar yetkazish:

– ushlash vositalari yoki usullariga mos kelmasligi;

– qilmishning yoki uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga mos kelmasligi;

– ushlash sharoitiga butunlay mos kelmasligi;

– ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazganlik.

Yuqorida sanab oʻtilgan toʻrtta mos kelmaslik holatidan kamida bittasini mavjud boʻlishi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish chegarasidan chetga chiqilgan deb huquqiy baholash uchun yetarli hisoblanadi. Masalan, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxs voyaga yetmagan, kasal, nogiron, qarib qolgan boʻlib qochishga urinsa ularni badaniga shikast yetkazib ushlash – ushlash sharoitiga mos kelmagan deb huquqiy baholanadi, yugurib qochayotgan jinoyatchini avtomobil bilan bosib ushlash – ushlash usuliga mos kelmaydi, oʻgʻirlik qilgan shaxs qochayotganida qurol ishlatib ushlash – qilmishning xavfliligiga mos kelmaydi, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxs qochishga uringan, biroq qoqilib, yiqilib tushganida unga zarar

25

yetkazish – ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazganlikni keltirib chiqaradi.

7-§. BUYRUQ YOKI BOSHQA VAZIFANI IJRO ETISH

Jinoyat qonuniga muvofiq, buyruq yoki farmoyishni yoxud mansab vazifasini qonun doirasida bajarish jarayonida yetkazilgan zarar uchun shaxs javobgarlikka tortilmaydi, qilmishi esa jinoyat kabi baholanmaydi.

Buyruq yoki boshqa farmoyish deganda boʻysunuvchi shaxsga biror harakatni bajarish yoki bajarmaslik haqida boshligʻidan tushgan koʻrsatma tushuniladi. Oʻzining yuridik tabiatiga koʻra, buyruq va farmoyish bir xil kuchga ega, yaʼni ular barcha boʻysunuvchi shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Buyruq va farmoyishlar qonun va qonunosti aktlari (hujjatlari) asosida chiqariladi va muayyan shaklga ega boʻlib, belgilangan tartibda ijrochilarga yetkaziladi. Ayrim holda buyruqlar ogʻzaki berilishi ham mumkin.

Mansab vazifasini ijro etish deganda shaxsni egallab turgan lavozimi munosabati bilan uning bajarishi shart deb koʻrsatilgan harakatlarni sodir etishi tushuniladi. Har bir xodim yoki xizmatchi mansab vazifasiga kirishish oldidan oʻziga tegishli huquq va majburiyatlar hamda oʻz boshliqlarining vakolatlari bilan tanishadi.

Buyruq yoki farmoyish yoxud mansab vazifalarini ijro etish natijasida jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga yetkazilgan zarar quyidagi holatlarda jinoyat deb topilmaydi:

  1. Buyruq yoki farmoyish boʻysunuvchi shaxsga boshligʻi tomonidan berilgan boʻlishi yoki bajargan harakati qonun bilan shaxsga vazifa sifatida yuklatilgan boʻlsa;
  2. Buyruq yoki farmoyish yoxud vazifani bajarish qonun doirasida amalga oshirilgan boʻlsa.

Masalan, harbiy xizmatchiga chegarani qoʻriqlash buyrugʻi berilgan, u yoʻriqnomaga muvofiq harakat qilib chegarani buzayotgan shaxsga nisbatan oʻqotar qurolni qoʻllab yarador qilishi yoki huquqni muhofaza qilish organlari xodimi jinoyatchini uyga yashiringanini bilib unga oʻzini

26

tanishtirib eshikni ochishni talab qiladi, agar u eshikni ochishdan boʻyin tovlasa, xodim eshikni buzib (mulkiy zarar yetkazib) jinoyatchini ushlashga majbur. Ushbu holatlarda yetkazilgan zarar uchun buyruq yoki farmoyish yoxud mansab vazifalarini ijro etgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Qonuniy buyruq yoki farmoyish yoxud mansab vazifalarini ijro etish vaqtida zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Ammo gʻayriqonuniy buyruq yoki farmoyish ijro etish jinoiy javobgarlikka olib keladi. Gʻayriqonuniy buyruq yoki farmoyishni bajargan shaxsning harakati ikki xil tartibda hal qilinadi:

  1. Agar bajaruvchi buyruq yoki farmoyishni jinoiyligini bilmagan boʻlsa, vaziyat va ishning holatiga koʻra bilishi mumkin boʻlmasa yetkazgan zarari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, buyruq yoki farmoyish bergan shaxsning oʻzi bilvosita bajargan deb jinoiy javobgarlikka tortiladi. Masalan, oddiy askarga kunduzi boshligʻi yuk mashinasiga ombordan qimmatbaho narsalarni yuklashni buyurdi. Aslida boshliq davlat mulkini oʻzlashtirayotgan edi. Buyruqni gʻayriqonuniy ekanligini bilmaganligi sababli oddiy askar, ushbu buyruqni bajargani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
  2. Agar buyruqni jinoiyligini bila turib uni bajargan boʻlsa ikkala shaxs ham – buyruq bergan boshliq va uni bajargan tobe shaxs javobgarlikka tortiladi. Masalan, oddiy askarga boshligʻi kechasi hech kimga koʻrsatmay moddiy boyliklarni omborxonadan olib uning moshinasiga yuklab qoʻyishini buyurishi, oddiy askar bu buyruqni qonunga xilof ekanligini bila turib uni bajarganligi sababli, davlat mulkini talon-toroj qilganlik uchun boshligʻi bilan birga jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoyat kodeksi 40-moddasining 2-qismida jinoiyligi oldindan ayon boʻlgan buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarib, jinoyat sodir etgan shaxs umumiy asoslarda javob-garlikka tortiladi, deb belgilab qoʻyilgan.

Buyruq yoki farmoyish belgilangan tartibda va belgilangan shaklda chiqarilishi kerak. Qonuniy buyruq yoki farmoyishni ijro etish vaqtida ham shaxs uning doirasidan chetga chiqmasligi kerak. Ijro etuvchining buyruq bilan belgilangan chegaradan chetga chiqishi, agar bu chetga chiqish,

27

Jinoyat kodeksi bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazsa, zarar yetkazgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Masalan, faqat A. shaxsni qamoqqa olish toʻgʻrisida qonuniy sanksiya mavjud boʻla turib, tergovchi unga qoʻshib ukasini ham qamoqqa olishi yoki chegarani qoʻriqlayotgan oddiy askar chegarani buzgan shaxsga jismoniy zarar yetkazish bilan cheklanmasdan, uning yonida turgan (chegarani buzib oʻtmagan) begona shaxsga ham zarar yetkazishi va boshqalar.

Amaldagi jinoyat qonunchiligiga muvofiq, gʻayriqonuniy ravishda berilgan buyruq yoki farmoyishni yoxud mansab vazifasini bajarmagan yoki buzgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi, yaʼni shaxs oʻziga berilgan buyruq yoki farmoyishni noqonuniy boʻlganligi sababli bajarmasa, jinoiy javobgarlik istisno qilinadi. Buyruq ham shaklan, ham mazmunan noqonuniy boʻlishi mumkin. Buyruqda uni chiqarishga haqli boʻlgan shaxsning belgilangan rekvizitlarining boʻlmasligi, imzo, muhr va boshqalarning yoʻqligi, uning shakli boʻyicha noqonuniy ekanligini bildiradi. Buyruq qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga mos kelmasa, yaʼni mohiyatiga koʻra noqonuniy yoki jinoiy xususiyat kasb etsa, uning mazmuni noqonuniy ekanligini bildiradi. Ayrim hollarda buyruqni bajarmaslik jinoyat hisoblanadi. Masalan, Jinoyat kodeksining 279-moddasida boʻysunmaslik, yaʼni buyruqni bajarishdan ochiqdan ochiq bosh tortganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilab qoʻyilgan. Lekin bu oʻrinda shaklan va mazmunan qonuniy buyruqni bajarmaslik toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy intizomga amal qiladigan boshqa shaxslar ham jinoiyligi oldindan ayon boʻlgan buyruqni ijro etadigan boʻlsa, jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

Shunday qilib, buyruq yoki boshqa farmoyishni ijro etish yoxud mansab vazifasini bajarish vaqtida zarar yetkazuvchining qilmishini baholash uchun qilmishning jinoiyligini istisno etadigan yuqorida sanab oʻtilgan barcha shartlarning mavjudligini aniqlash kerak.

28

8-§. KASB YOKI XOʻJALIK FAOLIYATIGA BOGʻLIQ ASOSLI TAVAKKALCHILIK

Oʻzbekiston jinoyat qonunida kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik kabi qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat sifatida alohida institut mavjudligining ahamiyati katta, zero, bu jamiyatning taraqqiy etishiga koʻmak berib, maʼlum holatlarda turli eksperimentlarni amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilib, qaror qabul qilishda yanada tashabbuskorroq boʻlish imkoniyatini yaratadi. Ayni paytda, qonun asossiz, masʼuliyatsiz harakatlarni sodir etishning oldini oladi va xavfli harakatlarni sodir etish yoki etmaslikning qonuniyligini belgilab beruvchi shartlarni koʻrsatadi. Ushbu shartlar buzilgan holatda shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga asos paydo boʻladi.

Ayrim holatlarda mansabdor shaxs oʻziga yuklatilgan vazifani gʻayriqonuniy tarzda bajarishi ham javobgarlikka sabab boʻladi. Masalan, tergovchi hech qanday

asoslarsiz shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlab turishi va boshqalar. JK 41-moddasida ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmasligining shartlari ixchamlashgan shaklda koʻrsatib oʻtilgan.

Aynan shunda, qilmish mazkur barcha talablarga rioya etilganda, u kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik sifatida tan olinib, mos ravishda, jinoyatni istisno qilishi mumkin.

Kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilikning shartlaridan birinchisi – bu ijtimoiy foydali maqsadga yoʻnalti-rilganligidir. Xususan, JK 41-moddasi 1-qismiga asosan, “Ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmaydi”. Bu shuni anglatadiki, tavakkalchilik jamiyat va davlat uchun manfaat keltiruvchi natijalarga erishishga qaratilgan boʻladi. Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, tavakkal qilib sodir etilgan harakatlardan hosil boʻlgan ijobiy natija

29

sezilarli suratda ushbu harakatlar tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlardan ustun boʻlishi kerak. Xususan, tavakkal qilib sodir etilgan harakatning ijtimoiy foydali maqsadi, insonlar hayoti va sogʻligʻini asrab qolishi, ish mahsuldorligini sezilarli surʼatda oshiruvchi yangi texnika yoki texnologiyani kashf etish, rivojlanish surʼatlarini keskin tarzda oshiruvchi yangi fizik qonunlarni va kimyoviy elementlarni topish va hokazolarni qamrab oladi.

Shaxsiy maqsadlarga yoʻnaltirilgan tavakkalchilik asosli deb hisoblanmaydi. Ayni paytda, shaxsiy maqsadlarni shaxsiy motiv (sabab)lardan farqlash darkor. Ushbu talab qoʻyilishiga sabab – shaxsiy motivlarning shaxsiy maqsadlarga mos kelmasligidir. Chunki motiv u yoki bu qilmish sodir etish istagini tugʻdiruvchi sababdir. Shu sababli, shaxsiy motiv ijtimoiy foydali maqsadga qaratilgan boʻlishi ham mumkin. Masalan, olqishlarga sazovor boʻlish uchun shaxsni oʻlimdan qutqarish.

Shuni nazarda tutish lozimki, ijtimoiy foydali maqsad qilmishni kasb yoki xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq tavakkalchilik sifatida kvalifikatsiya qilish, unga toʻgʻri huquqiy baho berish hamda jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun muhimdir (basharti subyekt jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa).

“Agar sodir etilgan harakat zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga muvofiq kelgan, qoʻyilgan maqsadga esa, tavakkal qilmay erishishning iloji boʻlmagan hamda shaxs huquqlar va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilishining oldini olish uchun tegishli choralarni koʻrgan boʻlsa, bunday tavakkalchilik asosli deb topiladi”.

Kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qonuniyligining ikkinchi sharti tavakkalchilik qilmay turib ijtimoiy foydali maqsadlarga erishib boʻlmasligidir. Ushbu maqsadni oddiy usullar bilan amalga oshirish imkoni borligi ayon boʻlgan holatlarda xavfli harakatlarning qonuniyligi oʻz kuchini yoʻqotadi va yetkazilgan zarar uchun javobgarlik umumiy asosda kuchga kiradi. Ayni paytda, sud va tergov organlari ushbu masalani hal etishga alohida yondashmoqlari lozimdir, chunki jamiyatga manfaatli maqsadlarni oddiy usullar bilan

30

amalga oshirish imkoni har qaysi ishning alohida holatlari va faktlarga bogʻliqdir. Shu sabab u mavhum shaklda emas, balki aniq shaklda, yaʼni ishning konkret holatlariga nisbatan tatbiq etilish imkoniga ega boʻlishi lozimdir.

Shuni nazarda tutish lozimki, ijtimoiy foydali maqsadni hech qanday zararsiz amalga oshirish imkoni yoʻqligi, oʻsha zararni yetkazmaslik iloji yoʻqligini anglatmaydi, yaʼni bunda huquq va erkinliklarga zarar yetishi ehtimoli bor deb aytiladi, lekin ushbu zararni yetkazmaslikning iloji yoʻq deb koʻrsatilmaydi. Aks holda, yaʼni subyekt oldindan qaytarib boʻlmaydigan zararli oqibatlarni yuzaga kelishini bilgan holda, xavfli harakatlarni sodir etsa, ular koʻrilayotgan modda qoidalari asosida baholanishi mumkin boʻlmaydi, chunki ushbu holatda lozim boʻlgan tavakkal etib harakat qilish elementi mavjud boʻlmaydi.

Xavfli harakatlar ular zararli oqibatlarni yuzaga kelishi oldini olish imkoniyatlarini obyektiv tarzda koʻrsatuvchi zamonaviy ilmiy-texnika bilimlariga va tajribalariga muvofiq kelgan holatda oqlanadi. Shaxs oʻz tavakkalchilik tarzidagi harakatlarini amalga oshirishda tibbiyot, texnika sohalarida qoʻlga kiritilgan yutuqlardan kelib chiqishi lozim. Shu bilan birga, shuni inobatga olish lozimki, qonun tavakkalchilik texnikaviy meʼyorlar va qoidalarga emas, balki zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga muvofiq kelishini talab etadi.

Tavakkalchilik harakatlarini amalga oshirishning muhim shartlaridan biri – shaxs boshqalarning huquq va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishining oldini olish uchun tegishli choralarni koʻrgan boʻlishligidir.

“Tavakkalchilik odamlarning halok boʻlish xavfi, ekologiya halokati yoxud boshqacha ogʻir oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini bila turib qilingan boʻlsa, asosli deb topilmaydi” (JK 41-moddasi 4-qismi).

Odamlarning halok boʻlish xavfi deganda, tavakkalchilikni amalga oshirish oqibatida ikki yoki undan ortiq odamlarning hayoti xavf ostida qolishi tushuniladi.

Ekologik halokat – insonlar faoliyati natijasida tabiatga zarar yetkazilishi va bu zarar insoniyatning keyingi hayoti uchun jiddiy xavfni

31

keltirib chiqarishini bildiradi (gaz, neft avariyalari, keng qamrovli oʻrmon yongʻinlari).

Boshqa ogʻir oqibatlar sifatida bir necha shaxslar sogʻligʻiga ogʻir shikast yetkazilishi, transport tizimining uzoq muddatga izdan chiqishi, portlash yoki yongʻin natijasida uylar va boshqa inshootlarning vayron boʻlishi va shu kabi holatlar tushuniladi. Agar ularning natijasida teng boʻlmagan manfaat koʻzlangan boʻlsa, ushbu harakatlar oqlanmagan deb tan olinadi (masalan, hosildorlikni oshirish). Ayni paytda, agar shu kabi tahdidlar muhim manfaatlarni amalga oshirishda yuzaga kelsa (masalan, odamlarni koʻmilib qolgan joydan qutqarish, yangi texnologiyalarni, yaʼni avvalgisidan ancha samarali texnologiyalarni kashf etish) xavfli harakatlar asosli deb tan olinadi. Ayni damda bu holatlarda yetadigan manfaat va tegishli harakatlar tahdid solayotgan manfaatga qiyosiy baholanishi lozim boʻladi. Ular ochiq muvofiq boʻlmagan yoki teng boʻlgan holatda bunday maqsadlarga erishish asossiz xavfli harakat deb tan olinishi lozim.

Tadbirkorlik subyektlarining oʻzlariga koʻrsatilgan xizmatlar, shu jumladan berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya

tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini tadbirkorlik tavakkalchiliklari hamda boshqa tijorat tavakkalchiliklari bilan bogʻliq holda bajarmaganligi banklar va boshqa moliya tashkilotlari xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi.

9-§. JISMONIY YOKI RUHIY MAJBURLASH YOXUD QOʻRQITISH

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish kabi qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat sifatida alohida institutning kiritilishining ahamiyati katta, chunki, bu jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan shaxslar qilmishining jinoiyligini istisno qiladi. Ayni paytda, qonun bunday majburlash yoxud qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmaganligini belgilab

32

beruvchi shartlarni koʻrsatadi. Ushbu shartlar buzilgan holatda shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga asos paydo boʻladi.

Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qoʻllash bilan qoʻrqitish natijasida Jinoyat kodeksi bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazilishi, agar bunday majburlash yoxud qoʻrqitish oqibatida shaxs oʻz harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan boʻlsa, jinoyat hisoblanmaydi.

Jismoniy majburlash – boshqa shaxsga unga zoʻrlik ishlatish turidagi, yaʼni uning irodasiga qarshi, shaxsning irodasini bosish yoki boʻysundirish yoxud harakati erkinligini cheklash maqsadida amalga oshiriladigan jismoniy choralarni qoʻllash orqali taʼsir etishdir. Jismoniy majburlashda zoʻrlik ishlatish turidagi choralar turli ogʻirlik darajasidagi tan jarohatlarini yetkazish, turli kuchli taʼsir etuvchi va giyohvandlik moddalarini qoʻllash, izolyatsiya qilish va boshqalarda ifodalanishi mumkin, bu choralarning muayyan turi malakalash uchun ahamiyatga ega emas.

Ruhiy majburlash boshqa shaxsga ruhiy zoʻrlik ishlatish chora-larini qoʻllash orqali taʼsir etish boʻlib, ular majburlanayotgan shaxs yoki uning yaqinlarining hayoti va sogʻligʻi, mulki yoki boshqa huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazish tahdidlari, shuningdek, ruhiyatiga bevosita taʼsir etish (turli psixotrop moddalarni qoʻl-lash, gipnoz va hokazolar) boʻlishi mumkin. Shaxsning irodasini bosish yoki boʻysundirish yoxud harakati erkinligini cheklash uchun qoʻllangan muayyan usullar jinoyatni malakalash uchun ahamiyatli emas.

Ham jismoniy, ham ruhiy majburlashning zaruriy alomati u majburlanayotgan shaxsning irodasiga qarshi va undan tashqari sodir etilishi boʻladi. Aks holda majburlash mavjud boʻlmaydi (masalan, doʻkon qorovuli talonchilarning jinoiy sherigi boʻlgan holda u sheriklik qilishda gumon qilinmasligi uchun ulardan uni bogʻlashlarini soʻraydi).

Ayni paytda shaxsning irodasiga qarshi faqat noqonuniy choralar koʻrilishi majburlash sifatida tan olinishi lozim, yoʻl qoʻyiladigan bir qator hollarda esa, qonun talab qilgan choralarni qoʻllash majburlash sifatida qaralmaydi (masalan, qamoqqa olish, noqonuniy harakatlar ustidan shikoyat qilish tahdidi va h.k.), bunday hollarda goʻyoki majbur etilgan

33

shaxsning qilmishi uchinchi shaxslarning huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazgan holda tegishli qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat deb malakalanishi lozim.

Jismoniy yoki ruhiy majburlash uchinchi shaxslarning huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazgan majburlangan shaxsning irodaviy harakatlariga turlicha taʼsir etishi mumkin. Jumladan, shaxs oʻz harakatlarini tanlash erkinligida toʻliq cheklanishi yoki qisman cheklanishi mumkin. Shaxs faoliyati erkinligining turlicha xarakteri turli huquqiy baholanadi, agar:

– shaxs oʻz harakatlarini idora eta olmasa (masalan, toʻliq izolyatsiya qilish yoki gipnotik uyqu holati va h.k.), bu holda majburlanuvchi majburlovchining qoʻlida vositagina boʻlib, tanlovli harakat qilish imkoniyatidan toʻliq mahrum boʻladi, bunday shaxs javobgarligi amalga oshiriladigan jinoiy-huquqiy harakat yoki harakatsizlikda irodasini namoyon etish boʻlmagani uchun istisno etiladi;

– shaxs oʻz harakatini boshqarish imkonini saqlab qoladi (masalan, zarar yetkazish tahdidi, qiynash holatida va hokazo). Bunday vaziyatda majburlanayotgan shaxsning qilmishi JK 38-moddasiga muvofiq, oxirgi zarurat qoidalari boʻyicha baholanishi kerak. Lekin qilmish oxirgi zarurat qonuniyligi shartlariga javob bermasa, majburlangan shaxsning harakatlari mustaqil jinoyat sifatida malakalanishi kerak. Bunda uni majburlash ostida sodir etilganligi JK 55-moddasi 1-qismi “g” bandi boʻyicha yengillashtiruvchi holat sifatida qaralishi kerak.

34

XULOSA

Xulosa qiladigan boʻlsak, qilmishning jinoyat deb topmaslik holatlari jinoyat qonunchiligida muhim institutlardan biri sanalib, uning qonunchilik tizimimizda mavjudligi va bu qadar ahamiyatga ega ekanligi inson huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat manfaatlarining ustunligi bilan belgilanadi. Bunda biz, avvalo, jinoyat qonunchiligigi nazariyasida mavjud boʻlgan qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar tushunchasini biroz oʻzgartirishni taklif qilamiz.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 35-moddasiga binoan, qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar (bunda jinoyat alomatlari nazarda tutilyapti) rasmiy jihatdan mavjud boʻlsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻlmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi, deb belgilangan. Biroq shunga ahamiyat berishimiz lozimki, jinoyat alomatlari mavjud boʻlgan (normada shunday alomatlar aniq mavjud deyilyapti) har bir qilmish oʻz navbatida ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻladi va aynan shu belgilar mavjudligi sababli ham qilmishda jinoyat alomatlari borligini aniqlashimiz mumkin.

Amaldagi normadan biz qonun chiqaruvchi aynan nima demoqchi ekanligini huquqshunos sifatida tushunishimiz mumkin, ammo qonun hammaga birdek tushunarli boʻlmogʻi lozim. Shu sababdan normadagi fikrlar oʻzaro bir-birini inkor qilmasligi uchun uning mazmunini qoʻyidagicha oʻzgartirishni taklif qilamiz: qilmishda Jinoyat kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjuddek koʻrinsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, gʻayriqonuniy yoki aybli boʻlmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi. Bunda “mavjud boʻlsa-da” jumlasini oʻzgartirish maqsadga muvofiq boʻlib, oʻzgartirilgan “mavjuddek koʻrinsa-da” jumlasi orqali aslida shunday alomatlar mavjud emas degan tushuncha paydo boʻladi

Shu bilan birga, biz qonunchilik tizimiga taklif qilayotgan yangi va oʻzgartirilgan tartibdagi normalarning nazariy sharhini jinoyat huquqining nazariy manbalariga kiritish lozim.

35

Qilmishning jinoyat deb topmaslik holatlar davlat va jamiyat xavfsizligini taminlash, ularning huquqlarini himoya qilishda muhim oʻrin tutib, bunday holatlarning Jinoyat kodeksida qat’iy belgilab qoʻyilishi qonunda adolat va insonparvarlik tamoyillarining mavjudligidan darak beradi. Biroq qonun normasida inson huquq manfaatlarini taʼminlashga doir bir qancha shartlarni kiritish, oʻylaymizki, yuqoridagi kabi tamoyillarning mazmunini yanada mustahkamlaydi.

Yuqoridagi kabi oʻzgartirishlar inson huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Biroq bunda qilmishning jinoyat deb topmaslik holatlarning meʼyoriy chegarasi, ularga xos boʻlgan belgilar, xususiyatlar ijtimoiy hayotda fuqarolar, jamiyat aʼzolari tomonidan toʻliq anglab yetilishi muhim ahamiyat kasb etib, bu jamiyat oʻrtasida qonunning notoʻgʻri talqin qilinishining, bunday holatda jinoyat sodir qilish oʻzini himoya qilishda suiisteʼmolliklarning kelib chiqishining oldini olishga yordam beradi. Bu borada esa davlat tomonidan, xususan HMQO organlari tomonidan aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada samarali olib borish ijobiy ahamiyatga egadir.

36

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini taʼminlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. Oʻzbekiston

Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi. // www.press-service.uz.

  1. Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. Asarlar. I-jild. – Toshkent:

Oʻzbekiston, NMIU, 2017. – 592 b.

  1. “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga va “Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-239-son Qonuni. // Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 52-son, 554-modda.
  2. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrdagi “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni. // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 39-son, 341-modda.
  3. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni. // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 221-modda.
  4. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni. // “Xalq soʻzi” gazetasi, 2016-yil 15-sentyabr, 182 (6617)-son.
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF–4947-sonli “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni. // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 6-son, 70-modda.
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF–5005-son “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning

37

masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni. // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 15-son, 243-modda.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–4947-sonli Farmoni // Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami. – 2017. – № 6.
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 10-apreldagi PF–5005-sonli Farmoni.
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish vizani yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 14-martdagi PQ– 2833-sonli qarori.
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017-yil 12-apreldagi PQ–2883-sonli qarori.
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi

“Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3827-son qarori.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF–5618-son “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
  2. Oʻzbekiston Respulikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentabrdagi “Voyaga yetmaganlar jinoyati haqidagi sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori.
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida” 2006-yil 3-fevraldagi 1-son Qarori. // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi

38

Plenumining qarorlari toʻplami: 1991-2006. T.2. / N.Z.Toshmatovning

umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Oʻqituvchi, 2007. – B. 230-231.

  1. Rustamboyev.M.X. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharh. Umumiy qism.Yangilangan nashr – Toshkent: “Adolat”, 2016.
  2. Rustamboyev.M.X. Jinoyat huquqi. Darslik. Umumiy qism. Toshkent:, 2005.
  3. Usmonaliyev M. Jinoyat huquqi. Darslik. Maxsus qism. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2009.
  4. Ochilov X.R, Turgunboyev E.O. Jinoyat huquqi. Umumiy qism. Darslik. – T, 2013.
  5. Аймаганбетов Р.А. Анализ некоторых подходов законодателя

Шакуров Р.Р. Понятие уголовно-правовых поощрителных правоотношений

  1. //Ichki ishlar organlarning jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatini takomillashtirish. – T., 2001.
  2. Тишкевич И.С. Условия и пределы необходимой обороны. – М., 1969.
  3. Ткаченко В.И. Необходимая оборона по уголовному праву –

M., 1999.

39

NIYOZOVA SALOMAT SAPAROVNA

QAYSI HOLATLARDA

QILMISH JINOYAT DEB

TOPILMAYDI?

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir

Muharrir

Musahhih

Texnik muharrir

Dizayner

O. Choriyev

Sh. Jahonov

M. Patillayeva

U. Sapayev

D. Radjapov

16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 77-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

40