KIRISH
О‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadida istiqbolli dasturlar orqali izchil va bosqichma-bosqich sud-huquq islohotlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ–3723-son qarori bilan tasdiqlangan О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida1 rag‘batlantiruvchi normalarni, jumladan, jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilish doirasini belgilash, jazoni yengillashtirish yoki shaxsni jinoiy javobgarlik yoxud jazodan ozod qilish shartlarini о‘rnatuvchi normalarni kengaytirish takomillashtirishdagi ustuvor yо‘nalishlardan biri etib belgilangan. Xususan, jinoyat qonunchiligida jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilish doirasini belgilash, jinoyat qonunchiligini qо‘llash amaliyotini yaxshilash maqsadida ayrim takroriy normalarni chiqarib tashlash, milliy va xorijiy tajribani inobatga olgan holda sudlar tomonidan jazo tayinlashda jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilish doirasiga aniqlik kiritish, ushbu sohalarda qonunchilikni takomillashtirish zarurati mavjud.
Mazkur ilmiy-ommabop risolada jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilish tushunchasi, qanday hollarda qonunning о‘z kuchini yо‘qotishi va jinoyat qonuni orqaga qaytishi hamda ayrim xorijiy mamlakatlar qonunchiligining tahlili masalalari bayon etilgan.
- О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini
tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ–3723-son qarori.
- Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2018 y., 07/18/3723/1225-son, 01.10.2018 y., 06/18/5547/1975-son.; www.old.lex.uz/docs/3735818
1-§. JINOYAT QONUNINING VAQT BО‘YICHA AMAL QILISHI TUSHUNCHASI
О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 13-moddasi 1-qismiga kо‘ra qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanadi. Agar ushbu Kodeks moddasida harakat yoki harakatsizlik sodir qilish payti jinoyat tamomlangan payt deb hisoblangan bо‘lsa, ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan payt jinoyat sodir qilingan vaqt deb topiladi. Agarda ushbu Kodeks moddasida jinoiy oqibat yuz berishi bilan jinoyat tamom bо‘lgan deb hisoblangan bо‘lsa, jinoiy oqibat yuz bergan payt jinoyat sodir etish vaqti deb topiladi.
Ya’ni qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan paytda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanadi. Jinoyat qonunini vaqt bо‘yicha amal qilishini tо‘g‘ri belgilash quyidagicha:
qonunning amal qilish vaqtini aniqlash zarurligi;
jinoyat sodir etilgan vaqtni aniqlash kabi shartlarga asoslanishi kerak. Amalga kiritilgan va о‘z kuchini yо‘qotmagan qonun amalda deb
hisoblanadi. Har bir aniq holatda jinoyat sodir etilgan paytda amaldagi jinoyat qonuni kuchga kirganligini aniqlash muhim о‘rin tutadi. Binobarin, qonun, agar u rasman qonuniy kuchga kirgan va boshqa qonun bilan bekor qilinmagan bо‘lsa, amaldagi qonun sifatida tan olinadi.
Jinoyat qonuni qonuniy kuchga kirishdan avval, u О‘zbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi organi tomonidan qabul qilinishi va matbuotda e’lon qilinishi shart.
Yuzaga kelgan amaliyotning kо‘rsatishicha, qonun chiqaruvchi oliy organ tomonidan qabul qilingan qonunlar norasmiy matbuotda yoki ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi mumkin. Biroq norasmiy matbuotda e’lon qilingan qonun matnlari jinoyat huquqiga oid normalarni qо‘llash uchun huquqiy asos bо‘la olmaydi. Bunday xulosa qonunlar rasmiy matbuotdan kо‘chirib olinayotganida xato va kamchiliklarga yо‘l qо‘yilishi, bu esa, о‘z navbatida, oldini olib bо‘lmaydigan salbiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi sababli kelib chiqadi. Qonunni
qо‘llash amaliyotida rasmiy matniga asoslanish va shu asosda qо‘llash maqsadga muvofiqdir.
Jinoyat qonunining О‘zbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning о‘zida kuchga kirishi jinoyatchilikka qarshi kurashda muhim ahamiyatga egadir. Xususan, u yoki bu qilmishning jinoiyligi va jazoga loyiqligi haqidagi qonunning hamma yerda bir vaqtning о‘zida о‘rnatilishi zarur profilaktik tadbirlar о‘tkazishga imkon beradi.
Qonun e’lon qilinganidan sо‘ng belgilangan muddat, huquq-tartibot organlari xodimlari kabi О‘zbekiston aholisiga ham u bilan tanishib chiqish uchun yetarli hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 13-moddasi birinchi qismida muayyan jinoyatning tarkibi – rasmiy (formal) yoki moddiy tarkibiga kо‘ra, uning sodir etilish vaqtini aniqlash bо‘yicha qoida belgilangan. Rasmiy (formal) tarkibli jinoyat sodir etilgan payt sifatida ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan vaqtni, moddiy tarkibli jinoyatda esa, jinoyat qonunida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar yuzaga kelgan vaqtni e’tiborga olish lozim.
Turli tarkibli jinoyatlarni sodir etish vaqtini belgilash bо‘yicha huquqiy kо‘rsatmalar bilan bir qatorda, ma’lum vaqt davomida sodir etilgan jinoyatlarning bajarilish vaqtini aniqlash muhim amaliy ahamiyatga egadir. Jinoyat huquqi fanida jinoiy qilmishning muayyan vaqt oralig‘ida davom etishiga kо‘ra, jinoyatlar quyidagi turlarga ajratiladi: 1) bir vaqtda sodir etiladigan jinoyatlar; 2) turli vaqtda sodir etiladigan jinoyatlar; 3) davomli jinoyatlar; 4) uzoqqa chо‘zilgan jinoyatlar. Biroq ta’kidlash joizki, taklif etilgan tasnif nisbiy hisoblanadi, chunki bir qilmishning sodir etilish sharoitlariga kо‘ra, uni turli guruhlarga kiritish mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishining umumiy sharti jinoyat qonuni u qabul qilingan vaqtdan sо‘ng sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan qо‘llanishi mumkin.
О‘zbekiston Respublikasida qonun hujjatlarini qabul qilish va ularni kuchga kirishi, amalda bо‘lishi О‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-apreldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar tо‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Ushbu qonuning 43-moddasida Normativ-huquqiy hujjatning vaqt bо‘yicha amal qilishi belgilab qо‘yilgan bо‘lib, normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqacha izoh berilmagan bо‘lsa, muddatsiz amal qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat yoki uning bir qismi uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda normativ-huquqiy hujjat yoxud uning bir qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar о‘z kuchini saqlab qolishi kо‘rsatilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga qadar yoki hodisa yuz berguniga qadar hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish tо‘g‘risida yoxud normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka, о‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yо‘nalishlariga, jamiyatdagi barqaror huquqiy munosabatlarga muvofiq bо‘lgan taqdirda normativ-huquqiy hujjatga (uning qismiga) muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Jinoyat kodeksi 13-moddasi 1-qismida harakat yoki harakatsizlikning sodir qilish vaqti jinoyat tomomlangan vaqt deb hisoblangan bо‘lsa, ijtimoiy qilmish bajarilgan vaqt jinoyat sodir qilingan vaqt deb topiladi. Bu qoida formal tarkibli jinoyatlarga nisbatan amal qiladi.
Agar Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasida jinoiy oqibat yuz berishi bilan jinoyat tamom bо‘lgan deb hisoblangan bо‘lsa, jinoiy oqibat yuz bergan payt jinoyat sodir etish vaqti deb topiladi. Bu qoida esa moddiy tarkibli jinoyatlarga nisbatan amal qiladi.
Bir vaqtda sodir etilgan jinoyatlarning davom etish muddati qisqa bо‘lib, u jinoyatning boshlanishi va yakunlanishi orasida qisqa muddat о‘tishi bilan tavsiflanadi. Bir vaqtning о‘zida formal (rasmiy) tarkibli jinoyatlar (masalan, haqorat qilish JK 140-moddasi, nomusga tegish JK 118-moddasi, va h.k.) kabi, moddiy tarkibli jinoyatlar (jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qо‘l yukidagi ashyoga nisbatan о‘g‘rilik qilish JK169-modda ikkinchi qismi a bandi, qasddan odam о‘ldirish JK 97-moddasi va h.k.) ham sodir etilishi mumkin. Bir vaqtda sodir etilgan
jinoyatlarning sodir etilish vaqtini aniqlash uchun Jinoyat kodeksining 13-moddasi birinchi qismiga murojaat etish lozim.
Turli vaqtda sodir etilgan jinoyatlar sodir etilish muddatining davomiyligi, ya’ni jinoyatning boshlanishi va yakunlanishi orasida uzoq muddat о‘tganligi bilan tavsiflanadi. Bunday jinoyatlarning sodir etilish vaqti muayyan jinoyat yakunlangan yoki tо‘xtatilgan payt bо‘lishi mumkin. Masalan, bir guruh shaxslar oldindan til biriktirib, shifoxonadan tarkibida giyohvandlik moddasi bо‘lgan dori vositasini о‘g‘irlash uchun tayyorgarlik kо‘rishgan va eski qonun amalda bо‘lgan vaqtda tarkibida giyohvandlik moddasi bо‘lgan dori vositasini qonunga xilof ravishda о‘g‘irlik yо‘li bilan egallash harakatini boshlaganlar, agar ular dori vositalarini yangi qonun amalga kiritilgan paytda egallagan bо‘lsalar, bunday jinoiy qilmish yangi qonun amalda bо‘lgan vaqtda sodir etilgan deb topiladi (JK 271-moddasi, ikkinchi qismi “b” bandi).
Aksincha, ushbu shaxslarning jinoiy qilmishlari yangi qonun amalga kiritilgan paytgacha tо‘xtatilgan hollarda, ular jinoyat sodir etishga tayyorgarlik kо‘rilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bо‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
Bundan kelib chiqqan holda, uzoq davom etadigan jinoyat jinoiy harakat (yoki harakatsizlik) sodir etilgan vaqtdan boshlangan va aybdorning jinoyatni tо‘xtatish maqsadida qilgan harakatlari yoki uni davom ettirishga tо‘sqinlik qiladigan hodisalar yuz bergani (masalan, hokimiyat organlarining aralashuvi) tufayli tugallangan bо‘lsa, bunday jinoyat sodir etilgan vaqtni aniqlashda, ushbu jinoyat tugallangan vaqtda amalda bо‘lgan qonunga amal qilish lozim.
Davomli jinoyatning boshlanish vaqtini umumiy qasd bilan qamrab olingan va yagona maqsadga yо‘naltirilgan bir jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi bir-biriga о‘xshash bir necha jinoiy qilmishlardan biri bajarilgan paytni, yakunlanish vaqti sifatida esa oxirgi jinoiy qilmish tugallangan paytni hisoblash kerak. Davomli jinoyatlarning sodir etilish vaqtini aniqlashda, ushbu jinoyat tarkibidagi bir-biriga о‘xshash bir necha jinoiy qilmishlardan oxirgisi yangi qonun kuchga kiritilgan yoki eski qonun amalda bо‘lgan vaqtda sodir etilganini aniqlab olish lozim. Tugallangan
davomli jinoyatning sodir etilish vaqtini bir jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi bir-biriga о‘xshash jinoyatlarning oxirgisi bajarilgan paytni, tugallanmagan davomli jinoyatning sodir etilish vaqtini esa, ushbu jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi har qanday oraliq jinoyatlardan biri bajarilgan paytni hisoblash kerak.
2-§. QANDAY HOLLARDA QONUN О‘Z KUCHINI
YО‘QOTADI?
Jinoyat qonunining о‘z kuchini yо‘qotish masalasi qonunning о‘zida hal qilinmaydi. Jinoyat huquqi nazariyasida umume’tirof etilishicha, qonun bekor qilinganda yoki boshqa qonun bilan о‘zgartirilganda о‘z kuchini yо‘qotadi. Qonunning qonun chiqaruvchi tomonidan tо‘liq yoki qisman о‘z kuchini yо‘qotishi quyidagi yо‘l orqali amalga oshiriladi: 1) qonunni bekor qilish tо‘g‘risida maxsus huquqiy hujjatning e’lon qilinishi;
- yangi qonun qabul qilinishi munosabati bilan о‘z kuchini yо‘qotgan qonunlar rо‘yxatining e’lon qilinishi; 3) yangi qonunda avvalgi qonunning bekor qilinishi haqida matn berilganda va h.k.
Jinoyat qonunining faoliyati yangi qonun qabul qilinishi munosabati bilan tо‘xtatilishi mumkin. Bunda yangi qonun matnida avval amalda bо‘lgan qonunning bekor qilinishi haqida e’lon qilinmaganligi hech qanday ahamiyatga ega emas.
Masalan, О‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi “О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartishlar va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida”gi Qonunga binoan, Jinoyat kodeksi
164-moddasi birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda berilgan: “Bosqinchilik, ya’ni о‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bо‘lgan zо‘rlik ishlatib yoxud shunday zо‘rlik ishlatish bilan qо‘rqitib sodir etilgan bо‘lsa”, Jinoyat kodeksi 166-moddasi ikkinchi qismida esa: “Talonchilik: a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bо‘lmagan zо‘rlik ishlatib yoxud shunday zо‘rlik ishlatish bilan qо‘rqitib; b) ancha miqdorda; v) bir guruh shaxslar
tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bо‘lsa”, deb berilgan. Ushbu qonunda bevosita 1994-yil 22-sentabrdagi Jinoyat kodeksining 164-moddasi birinchi qismi va 166-moddasi ikkinchi qismidagi matnlarning bekor qilinishi haqida kо‘rsatma berilmagan bо‘lsa-da, yangi qonun qabul qilingandan sо‘ng ushbu moddalar yangi tahrirda qо‘llana boshlaydi.
О‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-apreldagi “Normativ-
huquqiy hujjatlar tо‘g‘risida”gi Qonuning 45-moddasiga asosan, Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishini tо‘xtatib turish va tugatish tartibi belgilangan. Unga muvofiq, Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar tо‘xtatib turilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi quyidagi hollarda о‘zining amal qilishini tugatadi:
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qaysi muddat yoki hodisa yuz berishi uchun mо‘ljallangan bо‘lsa, о‘sha muddat tugaganida yoki hodisa yuz berganida;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qonunda belgilangan tartibda О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiq emas yoxud haqiqiy emas deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi о‘z kuchini yо‘qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi bekor qilinganda.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda holat joriy etilgan hududda amalda bо‘lgan О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining, vazirliklar, davlat qо‘mitalari hamda idoralar buyruqlari va qarorlarining, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining amal qilishini ushbu hujjatlar О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda holat joriy etish tо‘g‘risida”gi Farmoniga zid bо‘lgan taqdirda, favqulodda holatning amal qilish muddatida tо‘xtatib turishga haqli.
3-§. QANDAY HOLLARDA JINOYAT QONUNI ORQAGA QAYTADI?
Jinoyat kodeksi 13-moddasi 2-qismida jinoyat qonunini orqaga qaytish kuchi tushunchasi va prinsipi ifodalangan.
Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, ya’ni ushbu qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan, jazoni о‘tayotgan yoki о‘tab bо‘lgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi.
Qilmishning jinoiyligini bekor qilish deganda jinoyat qonunida javobgarlik belgilangan qilmishni jinoyatlar qatoridan chiqaradigan qonunning qabul qilinishi tushuniladi. Bu qonun kuchga kirgan kundan boshlab, shunday qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan tergov idoralari va sudlardagi jinoyat ishlari tо‘xtatilishi lozim.
Jazoni о‘tayotganlar ilgari sudlangan hollarda ular sudlanmagan deb topiladilar.
Ya’ni, qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi qonun sifatida, ushbu qilmishni jinoyatlar toifasidan chiqaruvchi qonunni inobatga olish zarur. Bunday qonun kuchga kirgan vaqtdan boshlab, ushbu qonun bilan bekor qilingan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan surishtiruv organlari va sudlarda qо‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tо‘xtatilishi, ularni sodir etishda ayblanuvchi shaxslar javobgarlikdan yoki jazoni о‘tashdan ozod etilishi, jazoni о‘tab bо‘lgan va sudlangan shaxslar sudlanmagan deb hisoblanishi zarur.
Qonunda quyidagi hollarda jazoni yengillashtiruvchi holat deb hisobga olinadi: 1) agar asosiy va qо‘shimcha jazoning eng kо‘p muddati kamaytirilsa; 2) agar asosiy va qо‘shimcha jazoning eng oz muddati kamaytirilsa; 3) agar muqobil sanksiyada nazarda tutilgan og‘irlashtiruvchi jazo chorasi bekor qilinsa; 4) muqobil sanksiyaga asosiy jazo sifatida yengilroq jazo chorasi kiritilsa; 5) ma’muriy preyuditsiya tayinlansa; 6) о‘zaro teng asosiy jazo choralari mavjudligida qо‘shimcha jazo chorasi
bekor qilinsa; 7) о‘zaro teng asosiy jazo choralari bо‘lganda, qо‘shimcha jazo uchun majburiy jazo chorasi bekor qilinsa; 8) о‘zaro teng asosiy jazo choralarida yengilroq qо‘shimcha jazo chorasi nazarda tutilsa va hokazo.
Jinoyat sodir etgan shaxsning ahvolini yengillashtiruvchi yoki aksincha og‘irlashtiruvchi qonunga baho berishda, nafaqat muayyan moddada belgilangan jinoyat huquqiga oid majburlov choralarini, balki Jinoyat kodeksining umumiy qismidagi bevosita jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi yoki yengillashtiruvchi holatlarga ta’sir qiluvchi umumiy qoidalarni nazarda tutish lozim.
Chunonchi, amaldagi Kodeksda, 1959-yildagi Jinoyat kodeksiga qaraganda, shaxsning javobgarligi darajasiga ta’sir qiluvchi moddalarga sezilarli о‘zgartirishlar kiritildi. Masalan, an’anaviy jazo qо‘llashning asos va shartlarining о‘zgartirilishi, yangi jazo turlarining tayinlanishi, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish asoslarining qayta kо‘rib chiqilishi, ma’lum jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi darajasi va mohiyatidan kelib chiqqan holda, og‘ir va о‘ta og‘ir jinoyatlar toifasidan ijtimoiy xavfi katta bо‘lmagan va uncha og‘ir bо‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiritilishi, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish asoslari, sudlanganlik holatining tugallanishi va olib tashlanishi shartlari va boshqalar. Bularni qonunning orqaga qaytish kuchi haqidagi masala hal qilinishi zarur bо‘lgan hollarda huquq-tartibot organlari inobatga olishi kerak.
Yangi jinoyat qonunining qattiq yoki yumshoqligini baholashda nafaqat normaning sanksiyasi, balki boshqa holatlar ham shaxsning ahvolini yengillashtiradigan yoki og‘irlashtiradigan holat deb baholashga xizmat qilishi mumkin. Masalan, shartli ravishda jazodan ozod qilish shartlarining о‘zgarishi, sudlanganlik muddatining tugashi yoki olib tashlanishi shartlarining о‘zgarishi, shartli hukm qilishda sinov muddatining qisqarishi, jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish muddatining о‘zgarishi va boshqalar, shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan holatlar deb qaraladi.
Qilmishni jinoyat deb hisoblaydigan, jazoni kuchaytiradigan yoki shaxsning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
О‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-apreldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar tо‘g‘risida”gi Qonuning 41-moddasida Normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi haqida sо‘z yuritilgan bо‘lib, Normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qо‘llaniladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
О‘zbekiston Respublikasi qonunining amal qilishi u amalga kiritilguniga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qonunda tо‘g‘ridan tо‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Agar qonunda mazkur qonun qabul qilinguniga qadar javobgarlikka sabab bо‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bо‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etish yoxud kuchaytirish nazarda tutilsa, shuningdek agar qonunning qо‘llanilishi natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkaziladigan bо‘lsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berishga yо‘l qо‘yilmaydi.
4-§. JINOYAT QONUNINING VAQT BО‘YICHA AMAL QILISH MASALALARI XORIJIY MAMLAKATLAR QONUNCHILIGIDA QANDAY?
Huquq nazariyasiga kо‘ra, huquq normasi turli belgilarga ega bо‘lgan holda ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Muayyan о‘ziga xos munosabatlar turini tartibga soluvchi huquq normalari guruhi esa huquqiy institutni tashkil qiladi. Ma’lum bir ijtimoiy munosabatlar doirasinigina tartibga soluvchi huquq normalari esa huquq sohasini tashkil qiladi. Bularning о‘zaro aloqadagi majmui huquq tizimini tashkil etsa, huquq
tizimi, huquqiy madaniyat va huquqni amalga oshirish о‘rtasidagi о‘zaro aloqadan huquqiy tizim shakllanadi.
Nafaqat turli huquqiy tizimdagi, balki bir huquqiy tizimdagi turli huquq sohasi, huquq instituti va huquq normasini о‘zaro qiyoslab о‘rganish, huquqshunos olimlar, huquqni qо‘llovchilar va jamiyatning boshqa a’zolarini qiynovchi, huquq ilmi va qonun chiqaruvchi hal etishi lozim bо‘lgan muhim, xususan, jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi bilan bog‘liq masalalarni, jumladan, qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi, boshqa huquqiy oqibatlari qaysi qonun bilan belgilanishi, jinoyat qachon sodir etilgan hisoblanishi, jinoyat qonuni orqaga qaytishiga bо‘lgan taqiq va istisnolar, oraliq qonuni va uni qо‘llash hamda boshqa masalalar yechimini topishga yordam beradi.
Shu maqsadni kо‘zlab, roman-german huquqiy tizimidagi bir nechta davlatlardagi jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi institutini qiyosiy tahlil qilishga hamda tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga urinib kо‘rildi.
Jinoyat kodeksi qabul qilinib, kuchga kirgan vaqtdan buyon, ya’ni 25 yil davomida yangi moddalar, yangi boblar bilan tо‘ldirildi, ayrim moddalar chiqarib tashlandi, ayrim moddalar yangi qismlar, bandlar bilan tо‘ldirildi, ayrim moddalarning qismlari, bandlari chiqarib tashlandi, moddalar, ularning qismlari yangi tahrirlarda bayon etildi, moddalarning dispozitsiya va sanksiya qismlariga о‘zgartishlar qiritildi, moddalarning nomi о‘zgartirildi, 8-bо‘limdagi atamalarga о‘zgartishlar kiritildi, yangi atamalar bilan tо‘ldirildi, ayrim atamalar chiqarib tashlandi.
О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 13-moddasida jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi tartibga solingan bо‘lib, qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanadi.
Bir qator, aniqrog‘i о‘nga yaqin xorijiy mamlakatlar jinoyat qonunchiligining tahlili natijasida mazkur moddada mustahkamlangan qoidalar jinoyat qonuni vaqt bо‘yicha amal qilishining barcha jihatlarini qamrab olmaganligi haqidagi xulosaga kelindi.
Qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanishi. Tahlil etilayotgan davlatlar jinoyat qonunchiligida, xususan, О‘zbekiston Jinoyat kodeksining 4-moddasida “Qonuniylik prinsipi”ga berilgan ta’rifga kо‘ra, sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanadi.
Boshqa huquqiy oqibatlar kelib chiqishi jinoyat sodir etilishi bilan bog‘liq bо‘lib, ammo jinoiy jazolar sirasiga kirmaydi. Jumladan, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilishning barcha kо‘rinishi, tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarini qо‘llash, sudlanganlik va hokazolar boshqa huquqiy oqibatlar jumlasiga kiradi.
“Qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi” ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanishi qoidasi esa Jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishiga oid moddalarda mustahkamlangan bо‘lib, boshqalardan farqli ravishda Ukraina Jinoyat kodeksining 4-moddasi qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi hamda boshqa jinoyat-huquqiy oqibatlari mazkur qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan jinoiy javobgarlik tо‘g‘risidagi qonun bilan belgilanishini nazarda tutadi. Demak, Ukraina jinoyat qonunchiligiga kо‘ra, nafaqat qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi, balki boshqa huquqiy oqibatlari ham tegishli qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan jinoyat qonuni bilan belgilanadi.
Qolaversa, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 12-moddasida tarbiyaviy va tibbiy xususiyatdagi majburlov choralari ish sudda hal qilinishi vaqtida amalda bо‘lgan qonun asosida qо‘llanilishi mustahkamlangan. Demak, qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilansa, tarbiyaviy va tibbiy xususiyatdagi majburlov choralari jinoyat sodir etilgan vaqtda emas, balki ish sudda hal qilinishi vaqtida amalda bо‘lgan qonun asosida qо‘llaniladi.
Ta’kidlash joizki, yuqorida nazarda tutilgan ikki holat О‘zbekiston jinoyat qonunida kuzatilmaydi.
Jinoyat sodir etish vaqti deb topiladigan vaqt masalasi. О‘tgan asrlardan hozirgi kunga qadar bо‘lgan davrdagi jinoyat huquqiga oid adabiyotlarda jinoyat sodir etish vaqti masalasi bahsli hisoblanib, huquqshunos olimlar tomonidan turli fikrlar bildirilishini kuzatish mumkin.
Tahlil etilayotgan davlatlar jinoyat qonunchiligida ham bu borada quyidagicha holatni kuzatish mumkin:
- Jinoyat sodir etilgan vaqt deb ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilgan vaqt topiladi. Masalan, Ozarbayjon Respublikasi Jinoyat kodeksida “jinoyat sodir etilgan vaqt deb oqibat kelib chiqqan vaqtdan qat’i nazar ijtimoiy xavfli harakat (harakatsizlik) sodir etilgan vaqt topiladi”. Rossiya
Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Ukraina Respublikasi Jinoyat kodekslarida ham mazkur qoida о‘rnatilgan.
- Jinoyat sodir etilgan vaqt deb ham ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilgan vaqt ham ijtimoiy xavfli oqibat yuzaga kelgan vaqt topiladi. Masalan, Turkmaniston Respublikasi Jinoyat kodeksida “jinoyat sodir etilgan vaqt deb uning oqibatlari kelib chiqqan vaqt, jinoyat qonunida nazarda tutilgan harakat (harakatsizlik) faktining о‘zi uchun javobgarlik nazarda tutilgan hollarda esa, mazkur harakat (harakatsizlik)ni sodir etish vaqti topiladi”. О‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunida ham shu kabi qoida mavjud.
Jinoyat qonunining orqaga qaytib amal qilishi taqiqlanishi masalasi.
Insonlar orqaga qaytib amal qiluvchi qonunlardan holi bо‘lishlari lozimligi prinsipining ildizi boshqa “qonunsiz jinoyat ham jazo ham yо‘qdir” prinsipiga borib taqaladi. Bu prinsip lotin tilida “nulla poena nullum crimen sine lege”, ingliz tilida esa “the principle of legality” deb nomlanadi. Avstraliyalik huquqshunos olim Djeyms Popplning fikriga kо‘ra, nullum crimen maksimasidan huquqshunoslar jinoyat qonunining orqaga qaytib amal qilishi taqiqlanishi prinsipini keltirib chiqarganlar.
Shu nuqtayi nazardan, jinoyat qonunining orqaga qaytib amal qilishiga bо‘lgan taqiq barcha davlat jinoyat qonunchiligida
mustahkamlangan bо‘lib, bu bо‘yicha quyidagicha holatni kuzatish mumkin:
- Kо‘rib chiqilayotgan barcha davlatlar jinoyat qonunchiligi bu jihatdan bir xil taqiqni о‘rnatgan bо‘lib, yangi og‘irroq qonun orqaga qaytib amal qilmaydi. Masalan, RF Jinoyat kodeksining 10-modasiga kо‘ra, qilmishning jinoiyligini о‘rnatuvchi, jazoni kuchaytiradigan yoki mazkur qilmishni sodir etgan shaxsning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
- Ikkita davlat jinoyat qonunchiligida boshqalardan biroz farqli bо‘lgan konstruksiyalardan foydalanilgan. Qozog‘iston Respublikasi
Jinoyat kodeksining 6-moddasida “qilmishning jinoiyligi yoki jazoga sazovorligini о‘rnatuvchi, javobgarlik yoki jazoni og‘irlashtiruvchi yoki mazkur qilmishni sodir etgan shaxsning ahvolini boshqacha tarzda og‘irlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas”ligi mustahkamlangan. Ya’ni Qozog‘iston Respublikasi qonun chiqaruvchisi
“qilmishning jinoiyligini о‘rnatuvchi”, “jazoni og‘irlashtiruvchi” emas, balki “qilmishning jinoiyligi yoki jazoga sazovorligini о‘rnatuvchi”, “javobgarlik yoki jazoni og‘irlashtiruvchi” kabi ifodalardan foydalangan.
Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 12-moddasida “qilmishning jinoiyligini о‘rnatuvchi yoki jinoiy qilmishning jinoyat-huquqiy oqibatlarini og‘irlashtiruvchi qonun orqaga qaytib amal qilmaydi”, degan norma о‘rnatilgan. Bunda qonun chiqaruvchi о‘ziga xos tarzda, “jazoni
og‘irlashtiradigan” va “shaxs ahvolini boshqacha tarzda og‘irlashtiradigan” sо‘z birikmalaridan emas “jinoiy qilmishning jinoiy-huquqiy oqibatlarini og‘irlashtiruvchi” sо‘z birikmasidan foydalangan.
Jinoyat qonunining orqaga qaytib amal qilishiga bо‘lgan taqiqdan istisno masalasi. Jinoyat qonuning vaqt bо‘yicha amal qilishining markaziy va nisbatan о‘tkir masalasi bо‘lib jinoyat qonunini orqaga qaytish kuchini qо‘llash masalasi hisoblanadi. Mazkur masala orqaga qaytish kuchini jazoni о‘tayotgan shaxslarga nisbatan qо‘llashda yanada
о‘tkirroq namoyon bо‘ladi. Jinoyat qonunining orqaga qaytib amal qilishiga bо‘lgan taqiqdan istisno masalasi yuzasidan quyidagi holatni kuzatish mumkin:
- Kо‘rib chiqilayotgan barcha davlatlar jinoyat qonunchiligida bu jihatdan bir xil istisno о‘rnatilgan bо‘lib, yangi yengilroq qonun orqaga qaytib amal qiladi. Ya’ni qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi, jazoni yengillashtiruvchi yoki jinoyat sodir etgan shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, ya’ni tegishli
qilmishni bunday qonun kuchga kirguniga qadar sodir etgan, shu
jumladan, jazoni о‘tayotgan yoki о‘tab bо‘lgan shaxslarga nisbatan, agar
ular sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi. Ikkita davlat jinoyat qonunchiligida boshqalardan biroz farqli bо‘lgan konstruksiyalardan foydalanilgan. Ya’ni Qozog‘iston Respublikasi qonun chiqaruvchisi
“qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi”, “jazoni yengillashtiruvchi” emas, balki “qilmishning jinoiyligi yoki jazoga sazovorligini bekor qiluvchi”, “javobgarlik yoki jazoni yengillashtiruvchi” kabi ifodalardan foydalangan. Qirg‘iziston Respublikasi qonun chiqaruvchisi о‘ziga xos tarzda, “jazoni yengillashtiradigan” va “shaxs ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan” sо‘z birikmalaridan emas “jinoiy qilmishning jinoiy-huquqiy oqibatlarini yengillashtiruvchi” sо‘z birikmasidan foydalangan.
2. Belarus Respublikasi, Tojikiston Respublikasi jinoyat qonunchiligida boshqalardan farqli ravishda qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan qonun kuchga kirguniga qadar sodir etilgan qilmish shunday qonun kuchga kirgan kundan jinoiy hisoblanmasligi tо‘g‘risidagi qoida о‘rnatilgan.
Yangi qonun shaxsning jazo о‘tayotgan qilmishi uchun jazoni yengillashtirganda jazoning qisqartirilishi masalasi. Mazkur masala yuzasidan tahlil etilayotgan davlatlar qonunchiligida quyidagi holatni kuzatishimiz mumkin:
- Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 10-moddasiga kо‘ra, yangi qonun shaxsning jazo о‘tayotgan qilmishi uchun jazoni yengillashtirsa, bu jazo yangi jinoyat qonunida nazarda tutilgan chegara doirasida qisqartirilishi lozim. Biroq bunda qisqartirish bо‘yicha aniq mezonlar kо‘rsatilmagan. Mazkur qoida Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikasi jinoyat qonunida ham mavjud.
- Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksi 9-moddasiga kо‘ra, “yangi qonun shaxs jazoni о‘tayotgan qilmishning jazoga sazovorligini yengillashtirsa, sud Kodeks 62-moddasiga rioya qilgan holda yangi qonun sanksiyasiga muvofiq jazo tayinlaydi”. Ya’ni bunda umumiy asoslarda jazo tayinlanishi nazarda tutilgan. A.Y. Yakubovning fikricha, Belarus qonun chiqaruvchisi mazkur murakkab masalani amalda deyarli yechib bо‘lgan.
- Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 13-moddasiga kо‘ra esa, “yangi qonun shaxs jazoni о‘tayotgan qilmish uchun jazoni yengillashtirsa, tayinlangan jazo yangi qonun sanksiyasining yuqori chegarasiga muvofiq tarzda qisqartiriladi”. Bunda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligidan farqli ravishda jazoni qisqartirish bо‘yicha aniq mezon, ya’ni yangi qonun sanksiyasining yuqori chegarasiga muvofiq tarzda qisqartirilishi belgilangan.
О‘zbekiston jinoyat qonunchiligida esa bunday qoidalar umuman kuzatilmaydi.
Oraliq qonunini qо‘llash masalasi. Jinoyat qonunining orqaga qaytish kuchi masalasining murakkab jihatlaridan biri bо‘lib, shaxs tomonidan jinoyat sodir etish vaqti va mazkur shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish vaqti oralig‘ida ikki yoki undan ortiq qonun qaul qilinganda vujudga keluvchi “oraliq” qonunning amal qilishi masalasi hisoblanadi. Oraliq qonunini qо‘llash masalasi yuzasidan tahlil etilayotgan davlatlar qonunchiligida quyidagi holatni kuzatishimiz mumkin:
- Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksining 9-moddasiga muvofiq
“jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan jinoyat qonuni qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi, jazoni yengillashtiruvchi yoki mazkur qilmishni sodir etgan shaxsning holatini boshqacha tarzda yengillashtiradigan qonun bilan bekor qilingan yoki о‘zgartirilgan bо‘lsayu, biroq sudga qadar ish olib borilishi yoki jinoyat ishi sudda kо‘rilishi vaqtida og‘irroq jinoyat qonuni kuchga kirgan bо‘lsa, yengilroq bо‘lgan oraliq qonun qо‘llaniladi.
Ukraina Respublikasi Jinoyat kodeksi 5-moddasiga kо‘ra, “shaxs tomonidan mazkur kodeksda nazarda tutilgan qilmish sodir etilganidan
sо‘ng jinoiy javobgarlik tо‘g‘risidagi qonun bir necha marotaba о‘zgargan bо‘lsa, qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi, jinoiy javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan jinoiy javobgarlik tо‘g‘risidagi qonun orqaga qaytib amal qiladi”.
Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksi 12-moddasiga kо‘ra esa “jinoyat qonuni jinoyat sodir etilgan vaqtdan hukm chiqarilishi vaqtiga qadar bir necha marotaba о‘zgartirilganda eng yengil qonun qо‘llaniladi”.
- Oraliq qonun masalasi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston
Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi,
Armaniston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va О‘zbekiston
Respublikasi jinoyat qonunchiligida yoritilmagan.
Yangi qonun javobgarlikni qisman yengillashtib, qisman og‘irlashtirgan holat masalasi. Jinoyat huquqiga oid adabiyotlardan ma’lum bо‘lishicha, mazkur masala yuzasidan bahslar XIX asrdan buyon davom etmoqda. Masala о‘zi nimada? Masala shuki, yangi jinoyat qonuni jazoni sanksiyaning boshqa chegarasini о‘zgartirmay faqatgina bir chegarasida yengillashtirgan yoki ikkala, ham yuqori ham quyi chegarasida kamaytirgan hollarda qо‘llaniladigan tegishli qonunni tanlashda muammo tug‘ilmaydi. Muammo yangi qonun jazoni turli yо‘nalishlarda о‘zgartirganda, ya’ni sanksiyaning bir chegarasida oshirib bir chegarasida kamaytirganda vujudga keladi. Mazkur masala bо‘yicha quyidagi holatni kuzatish mumkin:
- Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksi 12-moddasiga kо‘ra, “qilmishning jinoyat-huquqiy oqibatlarini qisman yengillashtiruvchi va qisman og‘irlashtiruvchi qonun bu oqibatlarni yengillashtirish qismidagina vaqt bо‘yicha orqaga qaytib amal qiladi”.
- Ukraina Jinoyat kodeksi 5-moddasiga kо‘ra, “jinoiy javobgarlikni qisman yengillashtiruvchi yoki shaxs ahvolini boshqacha tarzda yaxshilovchi, jinoiy javobgarlikni qisman og‘irlashtiruvchi yoki shaxs ahvolini boshqacha tarzda og‘irlashtiruvchi jinoiy javobgarlik tо‘g‘risidagi qonun faqat jinoiy javobgarlikni qisman yengillashtirish yoki shaxs ahvolini boshqacha tarzda yaxshilash qismida orqaga qaytib amal qiladi”.
- Armaniston Respublikasi Jinoyat kodeksi 13-moddasiga kо‘ra esa “javobgarlikni qisman yengillashtiruvchi va bir paytda qisman javobgarlikni og‘irlashtiruvchi qonun javobgarlikni yengillashtirish qismida orqaga qaytish kuchiga ega”.
- Tahlil qilingan boshqa davlatlar, ya’ni Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Turkmaniston
Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va
О‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligida mazkur masala ochiq qolgan.
Demak, zamonaviy davlatlar qonunchiligi tahlili shuni ko‘rsatadiki, jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi uch asosiy prinsip bilan belgilanadi:
– qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi mazkur qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bо‘lgan qonun bilan belgilanadi;
– qilmishning jinoiyligini bekor qiluvchi, jazoni yengillashtiruvchi va shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilovchi qonun orqaga qaytish kuchiga ega, shu jumladan jazoni о‘tayotgan yoki sudlanganlik maqomidagi shaxslarga nisbatan ham;
– qilmishning jinoiyligini belgilovchi, jazoni og‘irlashtiruvchi yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, tahlil qilingan davlatlar jinoyat qonunchiligida jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi institutiga oid masalalar о‘ziga xos tarzda yoritilgan. Bu davlatlardagi mazkur institut bilan bog‘liq mavjud qonunchilik tajribasidan о‘zaro unumli foydalanish jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishi instituti bilan bog‘liq ayrim masalalarga yechim topishda, mazkur institutni takomillashtirishda, umuman olganda, qonuniylik, odillik, insonparvarlik prinsiplarining ta’minlanishiga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, О‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunini takomillashtirish konsepsiyasi bо‘yicha amaldagi jinoyat qonunining vaqt bо‘yicha amal qilishini tartibga soluvchi 13-moddasi normalarini yuqorida keltirilgan
holatlardan kelib chiqib takomillashtirishda quyidagilarni inobatga olish taklif etiladi:
– boshqa huquqiy oqibatlarga nisbatan qaysi jinoyat qonuni qо‘llanilishi masalasiga oydinlik kiritish, ya’ni “jinoyat sodir etilgan vaqtda”, “bu oqibatlar vujudga kelgan vaqtda” yoki “ish sudda hal qilinishi vaqtda” amalda bо‘lgan jinoyat qonuni bilan belgilanishini jinoyat qonunchiligida mustahkamlash;
– jinoyat sodir etilgan vaqt deb topiladigan vaqt masalasini qayta kо‘rib chiqish;
– yangi qonun shaxsning jazo о‘tayotgan qilmishi uchun jazoni yengillashtirganda jazoning qisqartirilishi, yangi qonun shaxsning jazo о‘tayotgan qilmishi uchun jazoni yengillashtirganda jazoning qisqartirilishi, oraliq qonunini qо‘llash, yangi qonun javobgarlikni qisman yengillashtib, qisman og‘irlashtiradigan holatlara qanday yо‘l tutish masalasiga oydinlik kiritish.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RО‘YXATI
1. Ўзбекистон Республикаси Жиноят кодекси.
- Рустамбаев M.X. Ўзбекистон Республикаси жиноят ҳуқуқи курси. Том 1. Жиноят ҳақида таълимот. Дарслик. 2-нашр, тўлдирилган ва қайта ишланган – T.: Ўзбекистон Республикаси Миллий гвардияси Ҳарбий-техник институти, 2018. – 30 б.
- Дурманов Н.Д. Советский уголовный закон. – М.: Изд-во Моск. ун-та, 1967. – С.261
- Блум М.И., Тилле А.А. Обратная сила закона – М.: Юрид. лит.
http://base.spinform.ru/show_doc.fwx?rgn=2324 (мурожаат санаси 06.12.2020 й.)
- А.Е. Якубов. Действие уголовного закона во времени: проблемы совершенствования закона. ВЕСТН. МОСК. УН-ТА. СЕР. 11. ПРАВО. 2013. № 6
- БеларусьРеспубликасиЖинояткодекси.
http://base.spinform.ru/show_doc.fwx?rgn=1977 (мурожаат санаси 06.12.2020 й.)
- АрманистонРеспубликасиЖинояткодекси.
http://base.spinform.ru/show_doc.fwx?rgn=7472 (мурожаат санаси 06.12.2020 й.)
- Додонов В.Н. Сравнительное уголовное право. Общая часть. Монография. Под общ. и науч. ред. д.ю.н., профессора, заслуженного деятеля науки РФ С.П.Щербы. – М.: Издательство «Юрлитинформ»,
2009. – 118 с.
SHAMSIDINOV ZAYNIDDIN ZIYOVIDINOVICH
QAYSI JINOYAT QONUNI
QО‘LLANILADI:
ESKISIMI YOKI YANGISI?
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir
Muharrir
Musahhih
Texnik muharrir
Dizayner
O. Choriyev
Sh. Jahonov
M. Patillayeva
U. Sapayev
D. Rajapov
16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,4 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 66-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
24