KIRISH

О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari mustahkamlangan. Ular tasnifiga kо‘ra, shaxsiy huquq va erkinliklarga, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy huquqlarga bо‘linadi. О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasida “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora kо‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi”, deb belgilangan. Sо‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashning samarali institutlaridan biri bо‘lgan advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish bо‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz SH.M. Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Advokatlar tomonidan yuridik xizmatlar kо‘rsatish borasidagi faoliyatni kengaytirish darkor. Jumladan, tadbirkorlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda kо‘maklashish, davlat organlarida vakillik qilish, nizolarni sudgacha hal etish, mehnat huquqi bо‘yicha yuridik xizmatlar kо‘rsatish, huquqiy savodxonlikni oshirish kabi yо‘nalishlarda bunday xizmatlarni kuchaytirish kerak”. 2022–2026-yillarda Taraqqiyot strategiyasining1 2.6. bandida yuridik yordam va xizmat kо‘rsatish tizimini takomillashtirish: davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining yuridik xizmati faoliyati samaradorligini oshirish; advokatura institutini rivojlantirish, jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlarni kо‘rib chiqishda advokat о‘rnini oshirish masalalariga tо‘xtalib о‘tilgan. Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-may PF– 5441-son Farmoni2 qabul qilingan bо‘lib, mazkur Farmon bilan sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida tomonlarning tortishuvi prinsipining

1 О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF–4947-son Farmoni “О‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bо‘yicha harakatlar strategiyasi tо‘g‘risida”. https://lex.uz/docs/3107036.

  1. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-may PF–5441-son Farmoni

“Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”. https://lex.uz/docs/3731060.

4

lozim darajada ishlashini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi.

1. ADVOKATNI JINOYAT ISHLARIGA TAKLIF ETISH TARTIBI

Ma’lumki, davlat hisobidan advokat taklif qilish faqat jinoyat ishlarida О‘zR JPKning 50-moddasida kо‘rsatilgan asoslarga binoan advokatning ishtirok etishi shart bо‘lgan holatlarda u kо‘rsatgan yuridik yordami uchun davlat tomonidan haq tо‘lanishini anglatadi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tanlagan himoyachi istalgan vaqtda ishda ishtirok etishga kirishishga haqlidir.

Ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini yuridik yordam uchun tо‘lovdan batamom yoki qisman ozod etishga haqlidir. Bunday hollarda advokat mehnatiga haq tо‘lash xarajatlari Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda davlat hisobidan bо‘ladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi uning iltimosi bilan boshqa har qanday shaxs taklif etgan himoyachining ishda qatnashishiga rozilik bermasligi ham mumkin. Kimning himoyachi sifatida ishda ishtirok etishi himoyaga muhtoj shaxsning xohishiga bog‘liq.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan tanlangan himoyachi 24 soat ichida ishda ishtirok etishga imkoniyati bо‘lmasa va shu vaqt davomida hozir bо‘lmasa, boshqa himoyachi taklif etilishi zarur.

Bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi istalgan advokatlar hay’atiga, firmasiga yoki byurosiga murojaat etishi mumkin. Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi advokat taklif etish uchun mablag‘i yetarli emas yoki iqtisodiy nochor bо‘lsa, uni advokat uchun mehnat haqi tо‘lashdan tо‘la yoki qisman ozod qilish mumkin. Bu haqda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror asoslantirilgan qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Bunday hollarda advokat davlat tomonidan tayinlangan hisoblanib, unga davlat budjetidan haq tо‘lanadi. Gumon qilinuvchi,

5

ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan tanlangan himoyachining о‘rniga ishda boshqa advokat ishtirok etishi, himoyachini asossiz chetlatish, protsessual normalarni jiddiy buzilishi deb hisoblanadi.

  1. ADVOKATNING О‘Z-О‘ZINI RAD ETISH ASOSLARI

О‘zR JPKning 80-moddasida himoyachining о‘z-о‘zini rad etish va “Advokatura tо‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida yuridik yordam kо‘rsatish tо‘g‘risidagi topshiriqni qabul qilmaslik asoslari kо‘rsatilgan bо‘lib, boshqa sabablarga kо‘ra himoyachining о‘ziga yuklangan yoki yuklanmoqchi bо‘lgan topshiriqdan voz kechishiga yо‘l qо‘yilmaydi. JPKning 76-79-moddalarida kо‘rsatilgan holatlar mavjud bо‘lgan taqdirda sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, sud majlisining yordamchisi, jamoat birlashmasining yoki jamoaning vakili, himoyachi, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis о‘zini о‘zi rad etishi shart. Advokat о‘z professional faoliyatida amaldagi qonun hujjatlari talablariga, advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokat qasamyodiga rioya etishi, о‘ziga yuridik yordam sо‘rab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan vositalari va usullaridan foydalanishi shart.

  1. USHLAB TURILGAN SHAXSLARNING ADVOKAT YORDAMIDAN FOYDALANISH HUQUQI

Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bо‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.

Ushlab turishni amalga oshirgan ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsga quyidagi protsessual huquqlarini

6

tushuntirib berishi shart: a) advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qо‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish; b) himoyachiga ega bо‘lish; v) kо‘rsatuvlar berishni rad etish. Shuningdek, u bergan kо‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning о‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirish lozim.

Ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan sо‘ng xolislar huzurida bayonnoma

tuzishga haqlidir. Shaxs jinoyat sodir etilgan joyda daliliy ashyolar bilan qо‘lga tushgan hollarda, uni ushlab turish tо‘g‘risida darhol bayonnoma tuzilishi hamda ushbu bayonnomada ushlangan shaxsdan daliliy ashyolar qanday holatda olinganligi aks ettirilishi lozim. Bunday imkoniyat bо‘lmagan hollarda shaxs zudlik bilan ichki ishlar organiga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organiga olib borilib, о‘sha yerda tegishli bayonnoma tuziladi. Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs yoki fuqaro shaxsni qonunga xilof yoki JPKning 221-moddasida kо‘rsatilgan asoslarsiz ushlab turganligi yoxud ushlab turish vaqtida ular ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek, ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazgan hollarda qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

  1. ADVOKATNING SUDGA QADAR ISH YURITUVIDA ISHTIROKI

Jumladan, jinoyat protsessual qonunchiligiga binoan sud, surishtiruvchi, tergovchi, prokuratura organlarining barcha holatlarini tо‘la, har tomonlama xolisona tekshirishlari, ayblanuvchining aybini kо‘rsatuvchi va oqlovchi, uning javobgarligini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi, istisno qiluvchi barcha holatlarini tekshirishlari, ayblanuvchiga qonunda belgilangan huquqiy usul, vositalar yordamida о‘zini himoya qilish uchun imkoniyat berishlari, uning shaxsiy va mulkiy

7

huquqlarini muhofaza qilinishini ta’minlashi kо‘rsatilgan. Ayblanuvchining himoya bilan ta’minlanish huquqi aybsizlik prezumpsiyasi bilan bog‘liq bо‘lib, ayblanuvchining aybsiz ekanligiga asoslanadi, himoyaga bо‘lgan huquq faqat ayblovni rad etishdan iborat bо‘lmay, jinoiy harakatni tо‘g‘ri tasniflashda, yengil jazo tayinlashni asoslashda ayblanuvchi uchun muhim ahamiyatga ega bо‘lgan masalalarni hal qilishda ahamiyatga egadir.

Himoyachi gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishni amalga oshirish hamda ularga zarur yuridik yordam kо‘rsatish vakolatiga ega bо‘lgan shaxsdir. Shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida о‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qо‘yish protsessual harakatlari ham endilikda videoyozuv orqali qayd etilishi shart bо‘ladi.

  1. ADVOKATNING AYRIM TERGOV HARAKATIDAGI ISHTIROKI

Ayblanuvchini sо‘roq qilishda sо‘roq qilish bayonnomasi muhim protsessual hujjat hisoblanishi sо‘roq bayonnomasida qayd etiladi. Demak, himoyachi mazkur protsessual hujjatga ham alohida e’tibor berishi lozim. Texnik vositalari, jumladan, audio yozuvini qо‘llash ularni soxtalashtirish, ayblanuvchiga ruhiy ta’sir kо‘rsatish imkoniyatlariga yо‘l qо‘ymaydigan, qat’iy protsessual kafolatlarini talab qiladi. Tarjimonlar orqali о‘tkazilgan sо‘roq bayonnomasiga himoyachi alohida e’tibor berishi zarur. Bunda og‘zaki tarjima ayblanuvchining kо‘rsatuvlariga tо‘la mos kelishi kerak. Amaldagi qonunchiligimizda ayblovni о‘zgartirish va qо‘shimchalar kiritish mumkinligi tо‘g‘risida norma mavjud. Shuning uchun himoyachi yuqoridagi yengillashtiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda ayblovni о‘zgartirishi yoki bir qismini chiqarib tashlash haqida tergovchiga iltimosnoma kiritishi, tegishli о‘zgartirish kiritilishiga erishish zarur.

8

Guvoh tariqasida ish bо‘yicha biron bir holatni bilgan yoki ayblanuvchi shaxsini tavsiflashga oid ma’lumotlarga ega bо‘lgan har qanday shaxs chaqirilishi mumkin. Agar himoyachining biron bir shaxs ayblanuvchini oqlovchi yoki javobgarligini yengillashtiruvchi holatlar tо‘g‘risida ma’lumotga ega ekanligi ma’lum bо‘lib qolsa, u mazkur shaxsni guvoh tariqasida chaqirilishi xususida iltimosnoma kiritishi lozim. Agar guvohning kо‘rsatuvidan yana biron bir shaxsni guvoh tariqasida sо‘roq qilish, ishga yangi hujjatlar qо‘shish, narsalarni kо‘zdan kechirish va boshqa tergov harakatlarini о‘tkazish zarurati borligi aniqlanib qolsa, himoyachi himoyalanayotgan shaxsning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqib, tegishli iltimosnoma kiritishi lozim. Mazkur guvohlarning kо‘rsatuvlari ham ishning boshqa materiallari kabi sinchkovlik bilan tanqidiy о‘rganilishi va baholanishi lozim. Sо‘roq qilishda ishtirok etayotgan himoyachi guvoh yoki jabrlanuvchilar bayon qilayotgan ma’lumotlarning manbai bilan qiziqishi va agar bu ma’lumotlarni guvoh yoki jabrlanuvchi boshqa shaxslardan bilganliklari aniqlansa, advokat bu kabi dastlabki manba bо‘lishi, shaxslarni sо‘roq qilishini maqsadga muvofiqligi nuqtayi nazaridan bu haqda iltimosnoma kiritish lozim. Himoyachining savollari aniq, ravshan bо‘lishi, ikki xil ma’noni

anglatmasligi, yо‘naltiruvchi bо‘lmasligi, balki kо‘rsatuvlarni aniqlashtirish va detallashtirishga qaratilishi, ularni tо‘g‘riligini tekshirishi va barcha ziddiyatli holatlarni bartaraf etishga qaratilgan bо‘lishi kerak. Himoyachi guvohlarning kо‘rsatuvlari о‘ta muhimligini unutmasligi va shuning uchun guvohlar sud zalidan chiqarilishi va kо‘rsatuv bergan guvohlar kо‘rsatuv bermagan guvohlar bilan sо‘zlashmasligi tо‘g‘risidagi qonun talablari bajarilishini nazorat qilishi kerak. Jabrlanuvchini sо‘roq qilish masalasiga kelsak, bu ham qonunga binoan guvohni sо‘roq qilish tartibi kabi о‘tkaziladi. Lekin bu yerda himoyachi jabrlanuvchining alohida holatini, birinchi о‘rinda ularning manfaatdorligini e’tiborga olishi lozim. Himoyachi xolislarning tergov harakatlarida qatnashishi, jinoyat ishini tо‘la, har tomonlama, xolisona tergov qilinishining muhim vositasi ekanligini nazarda tutishi lozim.

9

  1. ADVOKATNING ISH MATERIALLARI BILAN TANISHISH TARTIBI

Qonun tergovchiga jinoyat ishi bо‘yicha tergov tamom bо‘lganligini e’lon qilish va ish materiallari bilan ayblanuvchini shaxsan о‘zi yoki himoyachi ishtirokida tanishtirish, zaruriyat tug‘ilsa, dastlabki tergovni tо‘ldirish haqida

iltimosnoma kiritish huquqiga ega ekanligini ayblanuvchiga tushuntirish majburiyatini yuklaydi. Ayblanuvchilar ish materiallari bilan himoyachi ishtirokida tanishishlari, tergovni tо‘ldirish haqida iltimosnoma kiritish va boshqa huquqlarga ega. Himoyachi iloji boricha ish materiallari bilan ayblanuvchi ishtirokida tanishishga harakat qilishi zarur.

Chunki ayblanuvchilar huquqiy terminlarni, ayblovning qonuniy mazmunini tushunishga qiynaladilar. Bunda himoyachi ayblanuvchiga unga e’lon qilingan ayblovning mazmunini, tushunarsiz terminlarni, huquq normasini, ba’zi tergov harakatlari va dalillarning mazmuni ahamiyatini tushuntiradi. Bunda ayblanuvchiga va uning himoyachisi tergov harakatlarining tо‘laligi va sifatiga, ish bо‘yicha tо‘plangan dalillarning haqiqiyligiga e’tibor beradilar. Ish materiallari bilan birgalikda sidqidildan, sinchkovlik bilan tanishishi kо‘p hollarda asossiz iltimosnomalar kiritishning oldini oladi, tergov kamchiliklarini aniqlaydi va alohida tergov harakatlari о‘tkazish zaruratini asoslash imkonini beradi.

7. ADVOKATNING SUD MUHOKAMASIDAGI ISHTIROKI

Jinoyat protsessining eng muhim va asosiy bosqichi – sud muhokamasi bosqichi. Aynan shu bosqichda jinoyat ishi yuzasidan tо‘plangan barcha dalillar oshkora, og‘zaki va bevosita tekshiriladi hamda uzil-kesil baholanadi.

Shuningdek, faqat sudda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning aybdorlik masalasi hal etiladi, unga nisbatan hukm chiqariladi. Barcha

10

dalillar kо‘rib chiqilgandan sо‘ng raislik qiluvchi sud tergovini yana nima bilan tо‘ldirish mumkinligi tо‘g‘risida davlat ayblovchisi, sudlanuvchi, himoyachi va boshqa ishtirokchilardan sо‘rab chiqadi. Agar unga qо‘shimchalar kiritish haqida iltimosnomalar mavjud bо‘lsa, sud bu iltimosnomalarni muhokama qilib hal etadi. Sud tergoviga tо‘ldirishlar, aksariyat hollarda iltimosnomalar, qо‘shimcha guvohlarni chaqirtirish, ekspertizalar, kо‘zdan kechirishlar о‘tkazish va boshqa tergov harakatlari, uzrli sabablarga kо‘ra sudga kela olmagan guvohlar bergan kо‘rsatuvlarining bayonnomasi, ekspertiza xulosalari, sudlanuvchi shaxsi haqidagi tavsifnomalar kо‘rinishida bо‘ladi. Sud tergovi tugaganidan sо‘ng sud davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, fuqaroviy javobgar va fuqaroviy da’vogar yoki ularning vakillari, himoyachining nutqlaridan tashkil topgan muzokaralarini boshlaydi. Sud muzokaralarida jamoat himoyachisi ham ishtirok etishi mumkin.

Sud muzokaralari – sud muhokamasi bosqichining mustaqil qismi. Unda ishtirokchilar о‘zlarining nutqlari, replikalari orqali sud tergovidagi tekshiruv va tadqiqot predmeti bо‘lgan barcha dalillarni baholaydilar, tekshiradilar, sudlanuvchi shaxsini tavsiflash, e’lon qilingan ayblovga о‘z fikrini bildirish, u yoki bu jazoni qо‘llash haqida, jazodan ozod qilish yoki butunlay oqlash tо‘g‘risida fikrlar bildirishadi.

8. ADVOKATNING HIMOYA NUTQI

Jinoyat ishlarining sudda kо‘rilishida advokat sudlanuvchining himoyachisi sifatida ishtirok etar ekan, himoya nutqi bilan, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida esa ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi nutqi bilan chiqadi. Himoya nutqida ish bо‘yicha tо‘plangan dalillar ayblanuvchining himoyasi nuqtayi nazaridan tahlil etilib, sud jarayonining mohiyati, jinoyatning kvalifikatsiyalanishi, jazo chorasi va boshqa masalalar bо‘yicha о‘z fikr va mulohazalari ifoda qilinadi. Himoya nutqi muayyan tarzda protsessual shaklga ega bо‘lib, ayblanuvchini oqlovchi yoki uning javobgarligini yengillashtiruvchi

11

holatlarni aniqlashga va ayblanuvchiga zarur yuridik yordam kо‘rsatishga yо‘naltirilgan protsessual faoliyatni о‘zida aks ettiradi. Nutqning mazmuni ish bо‘yicha tanlangan pozitsiya va qonunda kо‘rsatilgan masalalar bilan belgilanadi. Himoya nutqiga qо‘yiladigan asosiy talab uning aniqligi va tushunarliligidir. Himoya nutqiga tayyorgarlik qanchalik izchil, chuqur olib borilgan bо‘lsa, uni ifodalashda notiq о‘zini shunchalik erkin va ishonchli his qiladi.

Himoya nutqiga tayyorgarlik quyidagi holatlarni qamrab oladi: ish bо‘yicha tо‘plangan dalillarni puxta о‘rganish va ularni tekshirishda faol ishtirok etgach, о‘z nutqida ularga tо‘g‘ri baho berish;

  1. ayblov versiyasini chuqur tahlil qilish, zarur hollarda uni himoya versiyasiga solishtirib, tо‘la emasligini, ba’zi holatlarning asossizligini kо‘rsata olish;
  2. sudga ayblovning tо‘la yoki qisman asossizligiga guvohlik beruvchi himoya ixtiyoridagi dalillarni taqdim qilish;
  3. sudlanuvchi sodir etgan qilmishning yuridik kvalifikatsiyasi tahlilini tayyorlash, bu masaladagi о‘z fikrini bayon etib, uni ayblovchining nuqtayi nazariga qarama-qarshi qо‘ya bilish;
  4. sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarni sudga taqdim

qilish;

  1. himoya nutqida aytiladigan mulohazalarni tasdiqlashi mumkin bо‘lgan zarur ma’lumotlarni tayyorlash.

12

MAVZUGA DOIR SAVOLLAR

Advokaturaga oid normativ-huquqiy hujjatlar haqida

nimalar bilasiz?

1996-yilda qabul qilingan “Advokatura tо‘g‘risida”gi hamda 1998-yildagi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va

advokatlarning ijtimoiy himoyasi tо‘g‘risida”gi Qonunlar, hukumat qarorlari va boshqa qator meyoriy hujjatlardan iborat.

Advokatlik tuzilmalari qaysilar?

Advokatlar firmasi

Advokatlar hay’ati

Advokatlar byurosi

Yuridik maslahatxona

“Himoyachi – bu qonunda kо‘rsatilgan tartibda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularga zarur yuridik yordam kо‘rsatish vakolatiga ega shaxsdir”.

Jinoyat protsessida advokatning malakali yuridik yordam kо‘rsatishi nimalardan iborat?

Qoidaga kо‘ra, shaxsning himoyalanish huquqi advokatlar orqali amalga oshiriladi, advokat har qanday huquqiy masalalar yuzasidan malakali huquqiy yordam berib, jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy, ma’muriy huquqbuzarlik ishlarida ishtirok etadi hamda ularga murojaat qilgan shaxslarning manfaatini himoya qiladi. Jinoyat ishlari bо‘yicha advokatning ishtiroki advokatlik faoliyatining turlari ichida markaziy о‘rinni egallaydi, zero, jinoyat ishlarida gumon

13

qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqlarini tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov va sudda himoya qiladi.

Himoyachining ishonch bildiruvchi shaxs bilan uchrashish tartibi qanday?

Jinoyat sudlov ishlarini yuritilishida advokat – о‘zining himoya ostidagi shaxs bilan audio va videokuzatuv qurilmalari bо‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz о‘z vaqtida va hech qanday tо‘siqlarsiz uchrashishi

ta’minlanadi.

Advokat о‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun О‘zbekiston Respublikasi JPKning 19-moddasiga qat’iy rioya etgan holda, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga ega bо‘lib, yopiq sud majlislari bundan mustasno hisoblanadi.

Advokatga qanday murojaat qilinadi?

Jinoyat ishlari bо‘yicha advokatni jalb etishda о‘z huquqini yoki yaqin kishilarining huquqlarini himoya qilinishini istagan

fuqaro advokat bilan huquqiy yordam kо‘rsatish haqida shartnoma tuzadi va shundan keyin о‘zi tanlagan advokat ishga himoyachi sifatida ishtirok etadi. Advokatning mazkur shaxs bilan huquqiy yordam kо‘rsatish haqida shartnoma tuzishi

ixtiyoriy bо‘lib, har qanday bosqichda shartnomani tuzishdan voz kechishga haqlidir. Advokatni jinoyat ishlari bо‘yicha dastlabki tergov va sud jarayoniga jalb etish tartibining boshqa turkumdagi faoliyat turlaridan farqli о‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, jinoyat ishlari yuritishda ishtirok etish uchun advokat jalb etilish ham, tayinlanish ham mumkin. Shuningdek, dastlabki tergov va sud organlarining himoyachi ishtirokini

14

ta’minlashga qaratilgan topshirig‘i deyilganda, qonunda himoyachining ishtiroki shart bо‘lgan holatlar mavjud bо‘lgan jinoyat ishlariga advokatning advokatura orqali taklif qilinishi tushuniladi.

Advokat (himoyachi) davlat hisobidan taklif qilinganda, dastlabki tergov va sudda muayyan himoyachining ishda ishtiroki shart ekanligini sо‘rab, murojaat qilishga haqli emas.

Advokatning sо‘rov yuborish tartibi qanday?

Advokatlarning malakali yuridik yordam kо‘rsatishi uchun zarur bо‘lgan, davlat va boshqa organlar hamda korxona, muassasa va tashkilotlardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalarini olish uchun sо‘rovi qabul qilingan paytdan boshlab kо‘pi bilan о‘n besh kun muddatda bajarilishi shart.

Himoyachi ishda ishtirok etishi uchun qanday tasdiqlovchi hujjat bilan ishtirok etadi?

Ma’lumki, jinoyat protsessida himoyachi sifatida asosan advokatlar ishtirok etadi. Advokatni

jinoyat ishlari bо‘yicha dastlabki tergov va sud jarayoniga jalb etish tartibining boshqa turkumdagi faoliyat turlaridan farqli о‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, jinoyat ishlari

yuritishda ishtirok etish uchun advokat jalb etilish ham, tayinlanish ham mumkin.

О‘zbekiston Respublikasi JPKning 49-moddasiga binoan, himoyachi gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishni amalga oshirish hamda ularga zaruriy yuridik yordam kо‘rsatish vakolatiga ega bо‘lgan shaxsdir.

Advokatning ishda ishtirok etishiga u tomonidan advokat guvohnomasi kо‘rsatilganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli

15

ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yо‘l qо‘yiladi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin

qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuv-chining, sudlanuvchining iltimosnomasi bо‘yicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimiga binoan yо‘l qо‘yilishi mumkin. Himoyachi vazifasini bajarmoqchi bо‘lgan advokatni ishda ishtirok etishiga, avvalo, himoyaga muhtoj shaxsning bevosita roziligi bо‘lishi shart.

Himoyachi qaysi huquqlardan foydalanadi?

Himoyachi: manfaatlarini himoya qilayotgan shaxsning nimada gumon

qilinayotganligi yoki

ayblanayotganligini bilish; advokatlik guvohnomasini kо‘rsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi

orderni taqdim etganidan sо‘ng ishda ishtirok etish; gumon qilinuvchi sо‘roq qilinayotganda ishtirok etish, shaxsga ayblov e’lon qilinayotganda hozir bо‘lish hamda ayblanuvchi sо‘roq qilinayotganda, shuningdek, ularning ishtirokida о‘tkaziladigan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etish va gumon qilinuvchilarga, ayblanuvchilarga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga savollar berish; boshqa tergov harakatlari

yurgizilayotganda surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan ishtirok etish; о‘zi ishtirok etgan tergov harakatining yuritilishi xususida yozma mulohazalar berish; iltimosnoma berish va rad etish; JPKning 87-moddasining ikkinchi qismiga

muvofiq, dalillarni tо‘plash va taqdim etish; gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida о‘tkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar bilan, surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bо‘lganidan keyin esa

16

jinoyat ishining barcha materiallari bilan tanishish hamda undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida о‘z hisobidan kо‘chirma nusxalar olish yoki ularda kо‘rsatilgan ma’lumotlarni о‘zga shaklda qayd etish; agar himoyani amalga oshirish uchun zarur bо‘lsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sirni о‘z ichiga olgan axborot bilan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tanishish; sud tomonidan ish bо‘yicha dastlabki eshituv о‘tkazilayotganda va sud muhokamasida taraf sifatida ishtirok etish; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va bu haqda о‘z mulohazalarini bildirish; ish bо‘yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlar tо‘g‘risida bilish hamda ularga nisbatan e’tirozlar bildirish; apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi majlislarida ishtirok etish huquqiga ega.

Himoyachi qaysi ishlarda ishtirok etishi shart qilib

kо‘rsatilgan?

О‘zR JPKning 51-moddasiga muvofiq, himoyachi ishtirok etishi shart bо‘lgan quyidagi hollar, ya’ni voyaga

yetmaganlarning ishi bо‘yicha; soqovlar, karlar, kо‘rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati

buzilganligi sababli о‘zini о‘zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning ishi bо‘yicha; sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning ishi bо‘yicha; jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bо‘lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning ishi bо‘yicha; shaxslarning manfaatlari о‘zaro qarama-qarshi bо‘lib, ulardan aqalli biri himoyachiga ega bо‘lgan ishlar bо‘yicha; davlat ayblovchisi yoki jamoat ayblovchisi ishtirok etayotgan ishlar bо‘yicha; jabrlanuvchining vakili sifatida advokat ishtirok etayotgan ishlarda; tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarini qо‘llash tо‘g‘risidagi ishlarda; sud

17

tomonidan dastlabki eshituv о‘tkazilayotgan ishlarda; о‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bо‘yicha; shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qо‘llash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalasi kо‘rib chiqilayotganda; aybiga iqrorlik tо‘g‘risida kelishuv tuzilgan ishlar bо‘yicha; apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan kо‘riladigan ishlarda himoyachining ishtirok etishi shart. Agar yuqorida kо‘rsatilgan hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining iltimosiga kо‘ra yoxud ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan himoyachi taklif qilinmagan bо‘lsa, О‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilanadigan advokatlik tuzilmasi rahbari surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning himoyachi tayinlash tо‘g‘risidagi qarori yoki sudning ajrimiga binoan qaror yoxud ajrim О‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasiga kelib tushgan paytdan e’tiboran tо‘rt soatdan kechiktirmay jinoyat ishi bо‘yicha himoyachining ishtirokini ta’minlashi shart.

Himoyachining asosiy vazifasi nimalardan iborat?

Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxsga yuridik yordam kо‘rsatish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, surishtiruv va tergov olib borishda hamda odil sudlovni amalga oshirishda

qonuniylikka rioya qilinishiga erishishdan iborat.

Nota bene! Bir gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bir necha himoyachiga ega bо‘lishi qonun bilan taqiqlanmagan.

Bir himoyachi bir necha shaxsni о‘z himoyasiga olishi ham mumkin. Ishda ishtirok etayotgan himoyachi о‘z himoyasidagilarning manfaatlari bir-biriga zid ekanini bilgani hamono, ulardan birini himoya qilishdan voz kechishi haqida sо‘rab,

tegishlicha tergovchiga yoki sudga murojaat qilishi lozim. Himoya ostidagi shaxs istagan vaqtda himoyachidan voz kechishi, uni ishda

18

qatnashmasligini talab qilishi mumkin.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart.

Shuningdek, shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida о‘tkaziladigan shaxsiy tintuv

va olib qо‘yish protsessual harakatlari ham endilikda videoyozuv orqali qayd etilishi shart bо‘ladi. Bundan tashqari, shaxsga nisbatan qо‘llaniladigan protsessual majburlov chorasi va shaxs ushlab turilgan joyi tо‘g‘risida uning yaqinlariga darhol xabar berilishi shartligi belgilandi.

Himoyachi jinoyat ishining mazmuni bilan tanishgach, о‘z himoyasi ostidagi shaxsga uning huquqlari va majburiyatlarini batafsil, uslubi va vositalari haqida himoyalanuvchini xabardor qilishi, о‘zaro kelishib olishi lozim. Himoya ostidagi shaxsning unga bergan ma’lumotlarini sir saqlashi lozim. Himoyachi mazkur ish bо‘yicha ishtirok etishiga monelik qiladigan biror asos borligini aniqlagach, JPKning 79-moddasiga binoan о‘zining rad etilishini iltimos qilib surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudyaga murojaat qilishi shart. Himoyachi jinoyat ishlarini yuritishda prokuror bilan teng huquqlardan foydalanadi va tortishuv tamoyiliga mos ravishda teng faoliyat olib boradi. Ayni vaqtda haqiqatni aniqlashga dalillarni yо‘q qilish, soxtalashtirish va boshqa qonunga xilof urinishlar orqali ishni tо‘g‘ri yuritilishiga tо‘sqinlik qilgani holda tegishli

javobgarlikka tortiladi. Jinoyat ishini kо‘rib chiqishda ishtirok etishga tayinlangan advokat fuqaroning tо‘lovga qobiliyatsizligini vaj qilib, unga yuridik yordam kо‘rsatishdan bosh tortishga haqli emas.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmagunga qadar aybsiz hisoblanishi ta’kidlangan.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi о‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.

19

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RО‘YXATI

    1. Rahbariy adabiyotlar:
  1. Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. T. 2. – T.: О‘zbekiston, 2018. 508 b.
  2. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020

yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi. https://president.uz/uz/lists/view/4057.

  1. Normativ-huquqiy hujjatlar:
  2. О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi. –T.: О‘zbekiston,

2020. – 40 b.

  1. О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi. Rasmiy nashr – О‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. –T.: Adolat, 2020. – 728 b.
  2. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi

“Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PF–6034-son Farmoni.

  1. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatni raqamlashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida” PQ–4818-son qarori.
  2. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida” 2018-yil 12-maydagi PF–5441-son Farmoni.
  3. “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi tо‘g‘risida”gi О‘zbekiston Respublikasining Qonuni (25.12.1998) // О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalari Axborotnomasi. 2008-yil. №12, 641-modda.

20

  1. О‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qо‘llashning ayrim masalalari”gi 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli qarori//О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlari tо‘plami 1991-2006. T.1. –T.: 2007. -137-149 b.
  2. “Advokatura tо‘g‘risida”gi О‘zbekiston Respublikasi Qonuni (27.12.1996) // О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi. 1997 yil. №2, 48-modda.
    1. Asosiy adabiyotlar:
  3. Жиноят-процессуал ҳуқуқи. Умумий қисм. Дарслик. Муаллифлар жамоаси. – Т.: ТДЮУ нашриёти, 2020. -250 б.
  4. Адвокатура. Дарслик. Муаллифлар жамоаси. – Т. ТДЮУ, 2019,

-195 б.

  1. Адвокатура России: учебник и практикум для прикладного бакалавриата / С.С.Юрьев [и др.] ; под редакцией С. С. Юрьева.-3-е изд., перераб. и доп. – М. : Юрайт, 2019. – 408 б.
  2. Закирова У.А. Ўзбекистон Республикасида адвокатлик мақоми. Ўқув қўлланма. –Т.: ТДЮУ. 2017. –73 б.
  3. Пулатов Ю.С., Тулаганова Г.З. Тергов ҳаракатларида ҳимоячи иштирокининг ҳуқуқий ва ташкилий тактик муаммолари. Ўқув-қўлланма –Т.: ТДЮУ, 2018. –79 б.
  4. Тулаганова Г.З. Адвокатлик фаолиятида криминалистик

билимлардан фойдаланиш имкониятлари. Ўқув-қўлланма.–Т.: ТДЮУ, 2018. – 78 б.

  1. Рахмонова С.М. Рассмотрение уголовного дела в суде первой инстанции. Учебное пособие. -Т.: ТГЮИ, 2010. -145 б.
  2. Саломов Б. Жиноят ишларида адвокатнинг иштироки. Амалий қўлланма. -Т., Адолат, 2007. -472 б.
  3. Тулаганова. Г.З. Жиноят процессида ҳимоячининг иштироки. –

Т.: ТДЮИ, 2005. -168 б.

21

  1. Тулаганова Г.З. Инсон ҳуқуқлари умумжаҳон декларацияси ва тортишув принципи.-Т.: ТДЮИ, 2009. -78 б.
  2. Тулаганова Г.З., Қодиралиев С.Б. Адвокатура ва адвокатлик фаолиятининг хуқуқий масалалари. Ўқув қўлланма. -Т.: ТДЮУ, 2022.

-123 б.

  1. Тулаганова Г.З., Камалова Д.Г., Таджибаева А.Ю. Жиноят ишларида адвокат иштироки. Ўқув қўлланма. -Т.: ТДЮУ, 2021. – 173 б.

4. Elektron ta’lim resurslari:

  1. https://president.uz/
  2. https://sud.uz
  3. http://www.lex.uz

22

TULAGANOVA GULCHEXRA ZAXITOVNA

ADVOKATNING JINOYAT

ISHLARIDAGI ISHTIROKI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

23

16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,4 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 58-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

24