KIRISH

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash haqida gap borganda, nufuzli, malakali arbitraj davlatning xalqaro ishbilarmonlik muhitida obroʻli qiyofasini shakllantirish, nufuzini mustahkamlashning muhim asosi ekanini taʼkidlash joiz. Arbitraj jarayonining moslashuvchanligi, tijorat sirlari va ishbilarmonlik obroʻsining maksimal darajada himoya qilinishini taʼminlash uchun maxfiylik kafolatlari, arbitr sifatida malakali mutaxassislarni tanlash imkoniyati – bularning barchasi xalqaro tijorat arbitrajini xalqaro savdo subyektlari uchun nizolarni hal qilishning jozibali usuliga aylantiradi.

Xalqaro tijorat munosabati ishtirokchilari odatda boshqa-boshqa mamlakat vakillari boʻlganliklari uchun bir subyekt joylashgan mamlakat yurisdiksiyasi ikkinchi subyektni har doim ham bir ishonchini qozonavermaydi. Davlat sudlariga nisbatan ishonchsizlik, kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizoning xarakteri shartnomaga kirishuvchi taraflarda davlat sudidan boshqa joyda va usulda masalani yechilishi istagini vujudga keltiradi. Bundan tashqari, bir davlatning milliy sudlari tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorlarining boshqa bir davlatda tan olinishi hamda ijroga qaratilishi uchun yagona xalqaro hujjat boʻlmaganligi sababli, koʻplab muammolarga sabab boʻladi. Arbitraj kelishuvining mavjudligi, maʼlum bir shartnoma yuzasidan kelib chiqadigan nizolarning arbitraj sudida hal qilinishi, arbitraj qarorlarini boshqa davlatlarda tan olini va ijroga qaratilishini taʼminlab beradi. Chet el sudlari tomonidan arbitraj sudi qarorlarini tan olinishi va ijroga qaratilishi uchun 1958-yildagi Nyu-York konvensiyasi asos boʻladi.

Ushbu risolada arbitraj kelishuvini tuzishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi, arbitraj kelishuvida tomonlarning huquqni tanlash erkinliklari va arbitraj sudi qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish asoslari xususida soʻz yuritiladi.

4

1-§. ARBITRAJ KELISHUVI OʻZI NIMA?

Arbitraj kelishuvi xususiy nizolarni hal qilish jarayonini tartibga soluvchi huquqiy baza uchun asosdir. Agar arbitraj kelishuvi haqiqiy boʻlmasa, unda arbitrajda koʻrish uchun huquqiy asos mavjud boʻlmaydi. Taraflar kelib chiqqan nizolarini arbitraj orqali hal qilishga qaror qilganlarida, ular ushbu nizolarni milliy sud tizimi orqali hal qilish huquqidan voz kechadi. Buning oʻrniga, ular nizolarni har qanday sud tizimidan tashqarida, shaxsiy ravishda hal qilinishiga rozi boʻladi. Natijada, arbitraj kelishuvi muhim boʻlgan huquqdan, yaʼni nizoni sud orqali hal qilishdan voz kechishni anglatadi va taraflar uchun boshqa huquqlarni yaratishga imkon beradi.

Bu yaratiladigan huquqlar nizoni hal etish jarayonini qanday tashkil etish toʻgʻrisidagi huquqlardir. Arbitraj kelishuvida taraflar arbitraj jarayonining borish tartibini, oʻtkaziladigan joyini, muhokama tilini, arbitraj sudini tartibga soluvchi qonunni va taraflar oʻtkazilayotgan munozara yuzasidan oʻzlarining aniq bir xulosalari borligi uchun koʻp hollarda arbitrlarni ham oʻzlari tanlashlari mumkin. Taraflarning arbitraj kelishuvi arbitrlarga nizoni hal qilish huquqini beradi va ushbu vakolat doirasini belgilaydi.

Taraflarning shartnomaviy xususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qatʼi nazar, biror-bir aniq huquqiy munosabat bilan bogʻliq boʻlgan, ular oʻrtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi shartnomaning arbitraj sharti yoki alohida kelishuv tarzida tuzilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 12-modda.

Taraflarning arbitraj kelishuvi koʻpincha ular oʻrtasida tuzilgan tijorat shartnomasiga kiritilgan bandlarida mavjud boʻladi. Umuman olganda,

5

arbitraj kelishuvi har qanday nizo kelib chiqishidan oldin tuziladi va nizo kelib chiqqan taqdirda uni hal qilish usuli sifatida qaraladi. Ammo taraflar taraflarning oʻzaro shartnomasida nizolarni hal etish uchun arbitraj kelishuvi mavjud boʻlmasa va kelishmovchilik yuzaga kelsa, ikkala taraf ham rozi boʻlgan taqdirda nizo kelib chiqqan zahoti arbitraj kelishuvini tuzishlari mumkin. Bunday kelishuv odatda taqdim etish kelishuvi (submission agreement) deb nomlanadi. Biroq bunday arbitraj kelishuvlari shartnomaga kiritilgan arbitraj izohlariga qaraganda kamroq tarqalgan, chunki nizo kelib chiqqandan soʻng taraflar aksariyat hollarda biron-bir masalada kelisha olmasligi mumkin. Shu sababli birinchidan, yaʼni taraflar munosabatlarga kirishishida, hali oʻzaro munosabatda boʻlgan paytda taraflar arbitraj tartibiga kelishib olishlari yaxshiroq sanaladi.

Arbitraj kelishuvi taraflar oʻrtasidagi shartnomaga kiritilgan boʻlsa ham, aksariyat qonunlar va qoidalarga koʻra u alohida shartnoma deb hisoblanadi. Shu sababli asosiy kelishuv shartnomasi, yaʼni arbitraj kelishuvi kiritilgan shartnoma haqiqiy emas deb topilganda ham, arbitraj kelishuvi oʻz kuchini saqlab qolishi mumkin. Koʻpgina yurisdiksiyalarda ushbu alohidalik doktrinasi (arbitraj kelishuvi avtonomiyasi) arbitrlarga shartnoma bekor qilingan yoki firibgarlik yoʻli bilan tuzilganligi sababli, haqiqiy emas deb topilgan hollarda bir tomonning daʼvosi bilan ham bu munozarani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish huquqini beradi. Bunday daʼvolar arbitrlarni sud amaliyotidan mahrum qilmaydi, chunki ular asosan arbitraj kelishuviga emas, balki asosiy shartnomaga («konteyner shartnomasi» deb ham ataladi) tegishlidir. Shunday qilib, arbitraj kelishuvi alohida va mustaqil kelishuv hisoblanadi, unga asosiy shartnomaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi daʼvolar taʼsir qilmaydi va hanuzgacha arbitrlarga nizoni hal qilish vakolatini beradi. Alohidalik doktrinasi koʻplab arbitraj qonunlari va qoidalarida oʻz aksini topgan.

Taraflar arbitraj kelishuviga erishganlarida taqdim etilgan muhim huquqlar bekor qilinishi bois arbitraj kelishuvining haqiqiyligi juda muhimdir. Arbitraj – bu rozilikning ifodasidir va bu rozilik oshkora, ochiq-oydin va vakolatlar doirasida toʻliq ravishda bildirilgan boʻlishi lozim. Shuning uchun taraflar haqiqatan ham bitim shartlarini qabul

6

qilganliklarini aniqlash uchun koʻplab milliy qonunlar, shuningdek Nyu-York konvensiya asosidagi arbitraj kelishuvini yozma ravishda tuzilishini talab qiladi.

Arbitraj kelishuvi yozma shaklda tuziladi.

Agar arbitraj kelishuvining mazmuni arbitraj kelishuvi yoki shartnoma ogʻzaki shaklda tuzilganligidan yoki tuzilmaganligidan qatʼi nazar, taraflarning harakati asosida yoxud boshqa vositalar yordamida biror-bir shaklda qayd etilgan boʻlsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.

Arbitraj kelishuvini yozma shaklda tuzish toʻgʻrisidagi talab elektron xabar orqali, agar undagi axborot kelgusida undan foydalanish uchun ochiq boʻlsa, qanoatlantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 12-modda.

Shartnomaning yozma ravishda tuzilganligi, imzolanganligi va shu tufayli haqiqiyligi bir taraf arbitraj kelishuvi qaroridan qaytib qolganda oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Garchi taraf arbitraj kelishuviga rozi boʻlsa ham, nizo kelib chiqqandan soʻng, u sudga murojaat qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin va shu sababli sud jarayoni boshlaydi. Bundan tashqari, arbitraj shartnomasi maʼlum bir taraflarga qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi savol, misol uchun bir taraf ushbu arbitraj kelishuvini hech qachon imzolamagani yoki imzolamagan taraf bitimni imzolagan tarafga qarshi qoʻllamoqchi boʻlganda yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda har qaysi taraf yordam soʻrab sudga murojaat qilishi mumkin.

Qoʻshimcha tarzda, arbitraj kelishuvi yaroqli boʻlishi va ijro etilishi uchun maʼlum qonuniy talablarga javob berishi kerak. Nafaqat arbitraj sudi qarorlari, balki arbitraj kelishuvi ham Nyu-York konvensiyaga binoan amalga oshiriladi. Konvensiya Xalqaro arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida deb nomlanib, kelishuvlar tushunchasini oʻz nomida nazarda tutmasa ham, shunga qaramasdan Konvensiyaning 2-moddasiga binoan arbitraj kelishuvlarini tartibga soladi.

7

Har bir ahdlashuvchi davlat yozma kelishuvni tan oladi, unga koʻra tomonlar arbitrajning predmeti boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday muayyan shartnomaviy yoki boshqa huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq holda ular oʻrtasida yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yoki har qanday nizolarni arbitrajga topshirish majburiyatini oladilar.

Agar taraflar ushbu moddaga muvofiq kelishuv tuzgan masala boʻyicha daʼvo bilan ahdlashuvchi davlat sudiga murojaat qilsa va u arbitraj kelishuvini haqiqiy emas, oʻz kuchini yoʻqotgan yoki ijrosini taʼminlashga yaroqsiz deb topmasa, tomonlardan birining iltimosiga koʻra, tomonlarni arbitraj sudiga yuboradi.

Birlashgan millatlar tashkilotining “Chet-el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi, 2-moddasi.

Bugungi kunda shartnomalar asosan ogʻzaki ravishda yoki elektron pochta va fakslar orqali, hech qanday rasmiyatchiliklarsiz tuziladi. Koʻpgina davlatlarda bunday shartnomalar haqiqiy hisoblanadi. Agar arbitraj kelishuvi tegishli milliy qonunchilikka muvofiq boʻlsa, u Nyu-York konvensiyasi ostida kuchga kirishi kerak emasmi? Baʼzi hollarda sudlar yozma shaklda boʻlish talabini qatʼiyan bajarib, arbitraj kelishuvlarini bekor qiladi, garchi taraflar qurilish yoki savdo amaliyoti boʻyicha kelishuv tuzgan boʻlsa ham bu sodir boʻlganda, konvensiya taraflarning arbitraj kelishuviini bajarishda kamroq taʼsirga ega boʻladi. 2-moddaning yozma talabini kamaytiradigan tuzatish kiritilishi mumkin boʻlsa-da, kamida 156 ta ishtirokchilari boʻlgan xalqaro Konvensiyaga oʻzgartirish kiritish va bu oʻzgarishni rasman tasdiqlatish qiyin masaladir. Shu bilan birga, Konvensiyaning maqsadi, yaʼni arbitraj kelishuvlari va sud qarorlarining toʻgʻri bajarilishi bugungi kunda amalga oshirilayotgan bitimlarga toʻgʻri kelmaydigan rasmiyatchiliklarning qatʼiyyligi bilan buzilmasligini taʼminlashning boshqa usullari ham mavjud. Bu usullar quyida koʻrib chiqiladi:

8

birinchidan, Konvensiyaning yozma deb nimani talab qilayotganini tushunib olish zarur. 2-modda (1) yozma talabni belgilash bilan bir qatorda, 2-moddaning (2) oʻzi «yozma ravishda» nimani anglatishini ham tushuntiradi. Yozma talab shartnomadagi band yoki «taraflar tomonidan imzolangan» arbitrajga rozilik toʻgʻrisida alohida kelishuv yoki taraflar oʻzaro almashgan telegramma, xatlar orqali taʼminlanishi mumkin. 2-bandning mazmuni bir qator talqinni oʻz ichiga oladi.

Nyu-York konvensiyasiga binoan taraflar oʻrtasidagi nizo «shartnomaviy yoki yoʻqmi, maʼlum bir huquqiy munosabatlarga tegishli» boʻlishi kerak. Arbitraj bitimlarining aksariyati oʻz tabiatiga koʻra shartnoma asosida amalga oshiriladi. Ammo belgilangan huquqiy munosabatlar shartnomasiz ham boʻlishi mumkin. Shartnomasiz munosabatlar, masalan, delikt qonunlariga asoslanishi mumkin. Arbitraj

bitimini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi keyingi 3-bobda muhokama qilinadigandek, arbitraj bitimini, nafaqat shartnomadan kelib chiqadigan nizolarni, balki delikt harakatlar yoki adolatsiz biznesga asoslangan boshqa nizolarni ham oʻz ichiga olishini nazarda tutib keng mazmunli puxta tayyorlash zarur. Shu sababli arbitraj kelishuvi qoidalarini ishlab chiquvchilarning koʻpchiligi nafaqat taraflar «shartnomadan kelib chiqadigan barcha tortishuvlarni» hal qilishga rozi boʻlishlarini taʼminlabgina qolmay, balki arbitraj kelishuvini «kelishmovchilikdan kelib chiqadigan yoki u bilan bogʻliq boʻlgan barcha nizolar»ni kengroq qilishadi. Odatda, taraflarning delikt daʼvolari yoki adolatsiz ish yuritish amaliyoti toʻgʻrisidagi daʼvolar shartnomadan kelib chiqmasada, shartnoma bilan bogʻliq boʻladi.

Masalan, yetkazib beruvchi xalqaro tarqatish (distribyutorlik) shartnomasini bekor qilishga qaror qildi deylik. Distribyutorni bilmay turib, yetkazib beruvchi distribyutorning asosiy xodimlarini yetkazib beruvchiga tegishli boʻlgan yangi tarqatish kompaniyasida ishlash uchun yollagan. Distribyutorlik shartnomasining bekor qilinishi bir necha oyga choʻzilmaydi va shu vaqt ichida asosiy xodimlar birinchi kompaniyada ishlashni davom ettirishdi, lekin ushbu kompaniyaning mijozlari u ishlay boshlaganidan keyin yangi kompaniyaga oʻtishni iltimos qilishdi. Ushbu

9

adolatsiz biznes amaliyoti bilan bogʻliq nizo keng arbitraj kelishuvi ostida hal qilinishi mumkin. Nizo shartnomadan kelib chiqmadi, chunki shartnomada yetkazib beruvchi distribyutorning asosiy xodimlarini yollay olmasligi yoki ularni distribyutorning xaridorlarini soʻrab olishga undashi mumkinligi toʻgʻrisida hech qanday soʻz boʻlmagan. Biroq aksariyat yurisdiksiyalarda bunday xatti-harakatlar qonunga ziddir va bunday noqonuniy xatti-harakatlarni taqiqlaydigan muddat shartnomaga kiritilishi kutilmaydi. Adolatli yoki adolatsiz ish yuritish amaliyotiga nisbatan taraflarning oʻzaro munosabatlari va oʻzaro majburiyatlari shartnoma qonunlari boʻlmagan qonunlar bilan belgilanishi va boshqarilishi sababli nizo shartnomadan kelib chiqmadi. Shunga qaramay, delikt xatti-harakatlar shartnoma bilan bogʻliqdir. Shartnomadan kelib chiqadigan yoki u bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni nazarda tutgan holda, taraflar shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishmovchiliklarni, shuningdek, shartnomadan kelib chiqadigan adolatsiz ish amaliyotini hal qilishlari mumkin. Biznesning adolatsiz amaliyoti boʻyicha nizo shartnomadan kelib chiqqan nizo boʻlmagan taqdirda ham, arbitraj bitimi Nyu-York konvensiyasiga binoan haligacha kuchga kirishi mumkin, chunki ushbu moddaning boshqa qonunlarga muvofiq belgilanadigan huquqiy munosabatlarni qamrab olish uchun yetarli darajada kengligidir. Arbitraj bitimining kuchga kirishi uchun, nizoning predmeti arbitrajda ko‘riladigan boʻlishi kerak, yaʼni davlat arbitrajni koʻrib chiqishni maʼqul deb bilgan predmet boʻlishi kerak. Koʻpgina yurisdiksiyalarda, masalan, jinoiy ishlar, bolalarga vasiylik qilish, oilaviy masalalar va bankrotlik kabi masalalar hal qilinmaydi. Ushbu sohalardagi masalalarni arbitrajda koʻrishga urinish qonunga yoki mahalliy yurisdiksiyaning davlat siyosatiga ziddir. Bundan tashqari, patent toʻgʻrisidagi Qonun hujjatlarida patentning amal qilish muddati odatda arbitraj orqali hal qilinmaydi, chunki bu tegishli davlat organi yoki mahalliy sud tomonidan koʻriladigan masala hisoblanadi. Boshqa tomondan, patentni litsenziyalash toʻgʻrisidagi shartnomadan kelib chiqadigan nizolar odatda arbitraj orqali hal qilinishi mumkin, chunki bu nizolar asosan shartnomadan kelib chiqadigan nizolardir.

10

Arbitraj kelishuvining predmeti boʻlgan masala yuzasidan oʻziga daʼvo taqdim etilgan sud, agar taraflardan istalgan biri nizoning mazmuni boʻyicha oʻzining birinchi arizasini taqdim etishidan oldin bu haqda soʻragan boʻlsa, agar mazkur kelishuvning haqiqiy emasligini, oʻz kuchini yoʻqotganligini yoki bajarilishi mumkin emasligini aniqlamagan boʻlsa, taraflarni arbitrajga yuborishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 12-modda.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda nizolarning aksariyati arbitraj sifatida koʻrib chiqiladi, jinoyat huquqi, oilaviy huquq, bankrotlik toʻgʻrisidagi Qonun va patent huquqi kabi aniq belgilangan sohalarga tegishli boʻlmagan holatlar bundan mustasno.

Ijro etishni taʼminlash uchun talab qilinadigan shartlarga – yozma shakli, huquqiy munosabatlar va arbitrajda koʻriladigan masalalarga – qoʻshimcha ravishda, Nyu-York konvensiyasi kelishuvning shartnomaviy asosi ijro etishning baʼzi himoya shartlari bilan hisobga olinmasligini taʼminlaydi. 2 (3)-moddada, Konvensiya arbitraj bitimi 2 (1)-moddasining shartlariga javob bersa, sud taraflarning iltimosiga binoan, agar kelishuvni «haqiqiy emas, oʻz kuchini yoʻqotgan yoki ijro etib boʻlmaydigan» deb hisoblamasa, masalani arbitraj kelishuviga yuborishi kerak. Ushbu atamalar bir-biriga oʻxshash yoki hech boʻlmaganda bir-biriga zid boʻlsa ham, sharhlovchilar va sudlar ularni ajratishga harakat qiladilar.

Haqiqiy emas deb hisoblanadigan bitim. Arbitraj bitimi firibgarlik, zoʻravonlik, notoʻgʻri maʼlumot berish, asossiz taʼsir yoki voz kechish tufayli haqiqiy rozilik boʻlmasa, haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin. Bundan tashqari, tomonning huquqiy layoqatsizligi bitimni haqiqiy emas deb topishga asos boʻladi. Layoqatlilik masalasi taraflar, masalan, davlat agentligi – arbitraj bitimini tuzish uchun vakolatga yoki zarur tasdiqlarga ega boʻlmaganda paydo boʻlishi mumkin. Arbitraj bitimi bekor deb ham hisoblanishi mumkin, chunki ushbu moddaning tili shunchalik noaniq boʻlganki, taraflarning maqsadini aniqlab boʻlmaydi. «Patologik» deb nomlanuvchi nuqson arbitraj bandlari, baʼzi holatlarda, arbitraj institutini

11

yoki qoidalarini tanlash noaniq boʻlsa ham, sudlar tomonidan arbitrajga murojaat qilish niyatini saqlab qolish maqsadida talqin qilinishi mumkin. Ammo boshqa holatlarda, shunchalik noaniq koʻrinishi mumkinki, u shartnomani bekor qiladi.

Oʻz kuchini kuchini yoʻqotgan bitim. Agar arbitraj bitimi sud tomonidan (res judicata) taqiqlangan boʻlsa, maʼlum bir nizo boʻyicha oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash mumkin, chunki aynan shu taraflar oʻrtasidagi oʻxshash masalalar ilgari boshqa huquqiy yurisdiksiyada hal qilingan. Taraflar uni bekor qilgan yoki nizoni hal qilish toʻgʻrisida boshqcha kelishuvga erishganligi sababli ishlamay qolishi mumkin. Yana bir ehtimol, kerakli muddat tugagan boʻlishi mumkin. Agar, masalan, tomon shartnoma bekor qilinganidan soʻng arbitrajga murojaat qilish uchun cheklangan vaqtga ega boʻlishsa va bu muddat tugagan boʻlsa, bitim oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.

Ijro etib boʻlmaydigan bitim. Ijro etib boʻlmaydigan arbitraj bitimi oʻz kuchini yoʻqotgan va haqiqiy emas deb topilishi mumkin, shuning uchun baʼzi holatlarda atamalar bir-biriga mos kelishi ularni sinonimga aylantirishi mumkin. Agar arbitraj shartnomasi, masalan, asosiy shartnomada kelishmovchilik mavjud boʻlsa, sud muhokamasiga moʻljallangan taraflar koʻrsatilgan boʻlsa, bajarilishi mumkin emas. Bundan tashqari, agar taraflar kelishuvda maʼlum bir arbitrni tanlagan boʻlsa, u nizo paytida vafot etgan yoki band boʻlsa, arbitraj bitimi, agar taraflar yangi arbitraj toʻgʻrisida kelisha olmasa, ijro etilishi mumkin emas. Bu ikkala taraf ham arbitrajga murojaat qilish xohishiga bogʻliqdir. Bundan tashqari, agar siyosiy inqilob tufayli arbitraj oʻtkazish joyi erishib boʻlmaydigan boʻlsa, bu arbitraj bitimini ijro etib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin. Agar arbitraj bitimi oʻzi juda noaniq, chalkash yoki ziddiyatli boʻlsa, bu arbitraj kelishuvining ijro etilishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Bir necha istisnolardan tashqari, taraflarning arbitraj kelishuviga roziligi bu arbitraj kelishuvining shartidir. Taraflar arbitraj bitimlarining predmetiga va ushbu bitimlarni shartnomalarga kiritiladigan shakliga diqqat bilan qarashlari kerak.

12

2-§. ARBITRAJNING AFZALLIKLARI VA

KAMCHILIKLARI

Arbitrajning afzalliklari. Xalqaro tijorat arbitrajining foydali jihatlari juda ham koʻpdir. Taraflar nizolarni hal etishda nima uchun xalqaro arbitrajni tanlashlari borasida oʻtkazilgan empirik tadqiqotda ikkita eng muhim sabablar aniqlandi: (1) kamida 156 mamlakat taraflari boʻlgan (ishtirok etadigan) kelishuvga, Nyu-York konvensiyasiga, asosan ijroni taʼminlash ehtimoli hamda (2) yurisdiksiyaning betarafligi (yaʼni, boshqa taraf sudi dan tashqarida boʻla olish) mavjud boʻlganligidir. Odatda arbitraj qarorining xalqaro darajada ijro etilishi milliy sud qaroriga nisbatan osonroq, chunki Nyu-York konvensiyaga asosan jiddiy protsessual xatolar yoki jarayonning yaxlitligiga borib taqaladigan muammolar boʻlmasa, sudlar qarorni ijro etishi talab etiladi. Nyu-York konvensiyasini ijro etishda tarafkashlikka yoʻl qoʻyiladi deb hisoblanadi, shuningdek aksariyat sudlar ijroga qaratmaslik uchun ruxsat etilgan asoslar doirasini juda tor talqin etadilar.

Boshqa afzalliklariga protsess va qabul qilinadigan qarorni maxfiy saqlay olishi kiradi. Maxfiylik baʼzi institutsional qoidalar orqali taʼminlanadi va taraflardan maxfiylik kelishuviga amal qilishni talab qilgan holda, maxfiylik taraflar kelishuvi orqali kengaytirilishi (masalan, guvohlar va ekspertlarni qamrab olish uchun) mumkin. Koʻp kompaniyalar maxfiy protseduralarni xohlashadi, chunki ular kompaniya va uning biznes operatsiyalari yoki ular ishtirok qiladigan nizolar haqidagi maʼlumotlar oshkor etilishini istashmaydi yoxud ular nizoning ehtimoliy salbiy oqibati ommaga maʼlum boʻlishini xohlamaydilar.

Shuningdek, taraflar muayyan soha boʻyicha maxsus bilim va tajribaga ega boʻlgan arbitrlarni tanlay olish qobiliyatlarini maʼqul koʻradilar. Bundan tashqari, ularga arbitrajda kamroq maʼlumotlar taqdim etilishi, umuman olganda, shu tarzda keng koʻlamli sud jarayonlaridagiga qaraganda qisqaroq protsessga olib kelinishi yoki eng kamida AQSH uslubidagi sud jarayonidan koʻra qisqaroq boʻlishi yoqadi. Mohiyatiga

13

koʻra qaror yuzasidan bir necha marta shikoyat qilish imkoniyatining mavjud emasligi ham uning jozibador jihatidir. Ishbilarmon shaxslar oʻz bizneslarini davom ettira olishlari uchun nizoni tugatishni qadrlashadi.

Garchi ilgari eʼtirof etilgan bir afzallik bu arbitrajning sud jarayoniga qaraganda arzonroq ekanligi boʻlsa-da, koʻp kompaniyalar bugungi kunda ushbu afzallik haqiqatda mavjud deb hisoblamaydilar. Tijorat arbitrajlari miqdor va tikilgan pul hisobiga oʻsib borgani sari, taraflar arbitrajga aksariyat sud jarayoni taktikalarini koʻproq kiritib bordilar. Ushbu

taktikalar xarajatlarni oshirishga, kechikishlarni keltirib chiqarishga va jarayonning qarama-qarshi xususiyatini kengayishiga xosdir. Shunga qaramasdan, arbitraj bir necha jihatdan sud jarayoniga oʻxshash xarakter kasb eta boshlagan boʻlsa ham, taraflar arbitraj taqdim etadigan boshqa afzalliklar sababli hali ham xarajatga munosib deb topishadi.

Arbitrajning kamchiliklari. Qaysidir darajada arbitrajning baʼzi kamchiliklari boshqa tomondan uning afzalliklari bilan bir xil. Masalan, kamroq maʼlumotlar taqdim etilishi umumiy olganda afzallik sifatida qaralishi mumkin. Shunga qaramasdan, antimonopol nizolar kabi keng qamrovli maʼlumotlar taqdim etilishini nazarda tutadigan nizolarning muayyan turlari tobora koʻproq koʻrilmoqda. Nizolarning ushbu turlari koʻpincha zarar koʻrgan tarafdan qoidabuzarlikni isbotlashni talab qiladi, vaholanki, buni faqat zarar yetkazgan tarafning nazorati ostida boʻlgan hujjatlardan yetarli darajada foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan taqdirdagina isbotlay olish mumkin. Bunday holatda kamroq maʼlumotlar taqdim etilishi daʼvogar isbotlashni amalga oshirishida kamroq imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, aksariyat arbitrajlarda har qanday shikoyat qilish huquqining mavjud emasligi nizoni yakunlash nuqtayi nazaridan manfaatli boʻlishi mumkin, biroq arbitr qonun yoki holatlarga nisbatan shubhasiz notoʻgʻri qaror chiqargan taqdirda, ushbu asoslar boʻyicha qarorni bekor qilish huquqining yoʻqligi maʼlum tarafning hafsalasini pir qilishi mumkin. Shu sababli, Qoʻshma Shtatlardagi baʼzi taraflar oʻzlarining arbitraj izohida har qanday qaror sudda mohiyatan koʻrilishi mumkinligi haqidagi kelishuvni kiritishgan. Biroq 2008-yilda AQSH Oliy sudi taraflar

14

qarorni mohiyatan sud tartibida koʻrish haqida kelisha olmasligi yuzasidan qaror chiqardi. Aksincha, sudda koʻrish uchun alohida asoslar Federal arbitraj aktida keltirilgan. Mazkur asoslar adolatsiz jarayon yoki arbitraj tarafkashligi muammolari yoxud yomon xulq-atvor bilan bogʻliq masalalar sud tartibida koʻrilishini koʻzda tutadi, biroq qonun yoki holat bilan bogʻliq arbitr xatolarini koʻrishga ruxsat bermaydi.

Yana bir kamchiligi shundaki, arbitrlar majburlash vakolatlariga ega emaslar, yaʼni ularda arbitraj talabini bajarmagan tarafni jarimaga tortish vakolati mavjud emas. Masalan, sud, biron-bir taraf sud qaroriga boʻysunmagan taqdirda, jarima solishi mumkin. Oʻz navbatida, garchi, arbitrlar biron-bir taraf tribunalning qaroriga boʻysunmagan taqdirda, salbiy xulosalar chiqara olsalar-da, jarima qoʻllay olmaydilar. Biroq London xalqaro arbitraj sudi (LCIA), arbitraj institutining yangi Qoidalari arbitrga advokat xatti-harakatini nazorat qilish uchun koʻproq vakolat beradi. Biroq taraf boʻlmaganlarga nisbatan arbitrlar odatda umuman vakolatga ega emaslar. Shunday qilib, baʼzan taraflarga, baʼzan arbitrajga, arbitraj qarorlariga rioya qilinishini taʼminlash uchun majburlash vakolatlari zarur boʻlganda suddan yordam soʻrash kerak boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, koʻp taraflama nizolarda, garchi barchasi bir xil nizoning maʼlum jihatlarida qamrab olishi mumkin boʻlsa-da, arbitraj koʻpincha barcha ishga aloqador boʻlgan taraflarni birlashtirish vakolatiga ega emas. Chunki arbitrajning vakolati taraflarning roziligidan kelib chiqadi, agar biron-bir taraf arbitraj koʻrilishiga rozi boʻlmasa, uni odatda arbitrajga jalb qilib boʻlmaydi. Arbitraj turli taraflarning oʻxshash daʼvolarini birlashtirishi barcha aloqador shaxslar uchun samaraliroq boʻlsa ham, odatda, bunday qilish huquqiga ega emas.

Bundan tashqari, tajribali xalqaro arbitrlar dunyosida ham gender, ham etnik xilma-xillikning yetishmasligi kamchiliklardan biri sifatida koʻrilishi mumkin. Umuman olganda, garchi baʼzi arbitraj institutlari va arbitraj hamjamiyatiningbir qancha aʼzolari “arbitraj dunyosi”ni kengaytirishga harakat qilishgan boʻlsalar-da, oʻtgan vaqt davomida biroz oʻzgarish yuz berdi, xolos. Masalan, London xalqaro arbitraj sudi (LCIA) gender xilma-xilligini ilgari surish maqsadida Arbitrajda teng vakillik

15

kafilligini imzoladi va aʼzolari hamda doʻstlarini ham imzolashga taklif qildi.

Taraflar nizolarni arbitraj orqali hal etishga qaror qilishganda amalga oshirishlari kerak boʻlgan tanlovlardan biri bu ular oʻzlarining arbitraj jarayonini arbitraj instituti tomonidan boshqarilishini yoki arbitraj ad hoc boʻlishini xohlash-xohlamasliklaridir. Har bir tanlov uchun afzalliklar va kamchiliklar mavjud. Institutsional arbitrajda institutning muhim maʼmuriy funksiyalarni bajarishi afzallik deb hisoblanadi. Institutsional qoidalar arbitrlarning oʻz vaqtida tayinlanishini, arbitraj oqilona tarzda harakat qilishini hamda taraflar haq va xarajatlarni oldindan toʻlovni amalga oshirishlarini taʼminlaydi. Arbitrlarning nuqtayi nazariga koʻra, toʻlovlar masalasida taraflar bilan kelishishning shart emasligi afzallik hisoblanadi. Bundan tashqari, institutning arbitraj qoidalari vaqt sinovidan oʻtgan va odatda yuzaga keladigan aksariyat vaziyatlarni hal etishda juda samaralidir. Yana bir afzalligi shundaki, mashhur institut nazorati ostida qabul qilingan qaror xalqaro hamjamiyat va sudlarda koʻproq ishonchga ega boʻlishi mumkin. Bu yutqazgan tarafni qarorga nisbatan eʼtiroz bildirmaslikka va imkoni boricha, qaror qilingan summani ixtiyoriy ravishda toʻlashiga sabab boʻlishi mumkin.

Ad hoc arbitrajida maʼmuriy institut mavjud emas. Bundan kelib chiqadigan afzallik (ustunligi) shundaki, taraflar maʼmuriy institutning toʻlovlari va xarajatlarini toʻlamaydilar. Shuningdek, taraflar jarayonni nizolarning muayyan turiga ehtiyotkorlik bilan moslashtirish uchun koʻproq imkoniyatga ega boʻladilar. Ular oʻzlarining qoidalarini ishlab chiqishlari yoki ad hoc arbitrajlarida tez-tez qoʻllaniladigan YUNSITRAL arbitraj qoidalarini tanlashlari mumkin. (YUNSITRALning oʻzi arbitraj jarayonlarini boshqarmaydi hamda arbitraj instituti hisoblanmaydi.) Ad hoc arbitrajlari baʼzan taraflardan biri davlat boʻlganda ayniqsa foydali boʻlib, jarayonda koʻproq moslashuvchanlikka ehtiyoj boʻlishi mumkin. Masalan, har ikkala tarafning ham bir-bir(lar)iga qarshi daʼvolari boʻlganligi sababli har ikki taraf ham javobgar emas degan qarorga kelinishi mumkin. Ushbu holatda har bir taraf shunchaki boshqa tarafga qarshi kiritgan daʼvolarini isbotlash majburiyatiga ega boʻladi. Biroq

16

taraflardan birortasi jarayonga qasddan toʻsqinlik qilsa, ad hoc jarayoni samarasiz boʻlishi mumkin. Bunday vaziyatda, maʼmuriy institutsiz taraflar arbitraj (muhokamasi)ni oldinga siljitish uchun suddan yordam soʻrashlariga toʻgʻri kelishi mumkin.

Xalqaro tijoratning oʻsishi bilan xalqaro tijorat arbitraji rivojlanib

hamda kengayib borgani sari, arbitraj institutlari ham oʻsdi va takomillashdi. Masalan, Amerika arbitraj assotsiatsiyasi faqat xalqaro nizolarni hal qilish uchun xalqaro boʻlinma – Nizolarni hal qilish xalqaro markazi (ICDR)ni tashkil etdi. Arbitraj institutlari xalqaro arbitrajga doʻstonalikni taqdim etish va oʻzlarining muayyan masalalarni hal qilish salohiyatlarini oshirish uchun oʻz qoidalarini doimiy ravishda yangilab boradilar.

Institutlar boshqaruvning sifati va bahosi jihatidan farqlanadi. Koʻp kompaniyalar bahosi balandroq boʻlishiga qaramay, yoshi kattaroq, yaxshi shakllantirilgan institutlar bilan ishlashni afzal koʻrishadi.

17

3-§. ARBITRAJDA TARAFLARNING HUQUQNI TANLASHDAGI ERKINLIKLARI

Koʻp taraflar oʻz shartnomalarini tartibga solish uchun milliy qonunchilikni va arbitraj amalga oshiriladigan joy qonunini, yaʼni lex arbitrini, arbitraj jarayonini tartibga solish uchun tanlashadi. Odatda, taraflar tanlagan qonunni arbitrlar qoʻllashadi. Ushbu tanlovni rad etish ularning oʻz vakolatlaridan chetga chiqishlari hamda arbitraj protsessining taraflar kelishuvi boʻyicha oʻtkazilmaganligi asoslari arbitrlar chiqargan qarorni rad qilinishga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, taraflar maxsus protsessual huquqni tanlamasa ham, ular arbitraj joyini tanlashadi, va koʻp hollarda arbitrajni tartibga soluvchi protsessual huquq sifatida aynan arbitraj turgan joyning protsessual qonuni qoʻllaniladi.

Arbitraj protsessini tartibga soluvchi huquq. Arbitraj jarayonini tartibga soluvchi lex arbitri deyarli hamma vaqt arbitraj joylashgan joy qonuni boʻladi. Baʼzan uni protsessual huquq yoki kurial (curial) huquq deb ham atashadi. Garchi lex arbitri protsessual huquq sanalsa ham unda ayrim moddiy huquqning elementlari bor. Protsessual va moddiy huquqlarni ajratuvchi chiziq hamma vaqt ham aniq emas va hamma davlatlarda bir yondashuv mavjud emas. Tushunish kerak boʻlgan eng muhim narsalar bular lex arbitri tartibga soladigan masalalarning turi hamda ushbu huquqning taraflar tanlagan huquq va asosiy shartnomani tartibga soluvchi moddiy huquq bilan oʻzaro nisbati hisoblanadi.

Biror davlatning lex arbitriga yaqqol misol Xalqaro tijorat arbitrajining YUNSITRAL namunaviy qonuni hisoblanadi. U kamida yetmish ikki mamlakatlar, mintaqalar va davlatlarda qabul qilingan boʻlsa ham, u har doim bir xilda qabul qilinmagan. Shunga qaramay, Namunaviy qonunni oʻzining xalqaro arbitraj qonuni sifatida qabul qilgan yurisdiksiyalarda elementlari bir xil boʻlib qolgan. Namunaviy qonun arbitraj kelishuvining haqiqiyligini va kelishuv haqiqiy boʻlsa, sudning taraflarni arbitrajga yuborish majburiyati borligini belgilagan. U arbitraj masalalariga sudning

18

aralashuvini cheklaydi va taraflarga arbitraj jarayoniga boʻlgan huquqni yoʻqotmasdan suddan vaqtincha yordam olishga ruxsat beradi. U arbitraj sudining tarkibini, arbitrlarni rad qilishni, arbitraj sudining yurisdiksiyasini va ushbu sudning vaqtincha choralarni tayinlash boʻyicha vakolatlarini belgilaydi.

Sud Oʻzbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligiga muvofiq va xalqaro arbitrajning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda arbitraj joyidan qatʼi nazar arbitraj muhokamasi munosabati bilan taʼminlash choralarini belgilash vakolatiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 32-modda.

Ushbu qonun arbitraj protsessini tartibga solib, taraflar arbitraj jarayonini qanday oʻtkazish boʻyicha kelishishiga ruxsat beradi. Agar taraflar jarayonni qanday oʻtkazishni oʻzaro kelishib olishmasa, sud muhokama qanday oʻtishini oʻzi belgilashi mumkin. Unda arbitraj qaroriga, ishni hal qilishga, qarorga qarshi murojaat qilishga, qarorni tan olish va ijro etishga oid qoidalar mavjud.

Shunga qaramay, Namunaviy qonunni qabul qilmagan davlatlarda arbitraj sudlariga oid batafsil tartibga solingan qonunlari boʻlishi mumkin. Angliyada, masalan, 1996-yilgi Angliya arbitraj qonuni lex arbitri ni mukammal rivojlantirib aks ettirgan. Bundan farqli oʻlaroq, 1925-yilda qabul qilingan Arbitraj boʻyicha AQSH federal qonuni, garchi pretsedent huquqi va sudlar sharhi bilan kengaytirilgan boʻlsa ham, ancha qisqaroq va cheklangan qonun hisoblanadi.

Arbitraj muhokamasini tartibga soluvchi qoidalar.Juda kam hollarda, agar mavjud boʻlsa, lex arbitri majburiy hisoblanadi, shuning uchun taraflar tanlagan arbitraj qoidalari institutsional va ad hoc sudlarida ustunlik kasb etadi. Taraflar tanlagan protsessual qoidalar arbitraj muhokamasida qoʻllaniladi. Ushbu tanlangan qoidalar jarayonni oʻtkazishda asosiy manba boʻladi. Ehtiyotkor advokat arbitraj institutini

19

tanlashdan oldin ulardagi arbitraj qoidalari bilan yaxshilab tanishib chiqishi lozim.

Taraflar, ushbu Qonun qoidalariga rioya etish sharti bilan, arbitraj sudi tomonidan muhokamaning yuritilishi tartib-taomili toʻgʻrisida oʻz xohishiga koʻra kelishib olishi mumkin.

Bunday kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda, arbitraj sudi ushbu Qonun qoidalariga rioya etgan holda arbitraj muhokamasini oʻzi lozim deb hisoblagan tarzda yuritishi mumkin. Arbitraj sudiga berilgan vakolatlar har qanday dalilning maqbulligini, aloqadorligini, muhimligini va ahamiyatliligini aniqlashga doir vakolatlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 34-modda.

Taraflar qaysi qoidalarni tanlashidan qatʼiy nazar, ular barcha mumkin boʻlgan protsessual masalalarni hal qilish uchun yetarli darajada batafsil maʼlumotga ega boʻlmaydi. Masalan, arbitraj qoidalarida qanday oshkoralik masalalari yoki qanday dalillarni qabul qilish mumkinligi koʻrsatilmagan. Aksariyat hollarda, ushbu qarorlar arbitrning ixtiyoriga bogʻliq (agar taraflar muayyan kelishuvga erishmagan boʻlsa). Agar taraflar yanada aniqlikni talab qilishsa, ular boshqa qoidalarni, masalan, Xalqaro advokatlar assotsiatsiyasining xalqaro arbitrajda dalillarni qabul qilish qoidalarini qoʻllashga rozilik berishlari yoki ularga murojaat qilishlari mumkin.

Arbitraj kelishuvini tartibga soluvchi qonun.

Garchi lex arbitri odatda arbitraj kelishuvining rasmiy haqiqiyligi masalalarini belgilasa ham, arbitraj kelishuvining moddiy haqiqiyligini har qanday qonunlar belgilashi mumkin. Biroq bu koʻpincha arbitraj joylashgan joy qonuni yoki taraflar tanlagan shartnomaga qoʻllaniladigan moddiy huquq boʻladi. Arbitraj kelishuvining haqiqiyligi koʻp jihatdan rozilik masalsidir va bu rozilik shartnoma huquqining umumiy prinsiplari bilan aniqlanadi. Arbitraj kelishuvining haqiqiyligi toʻgʻrisida savol ikkita bosqichda yuzaga keladi: birinchidan, protsessning boshida, agar bir taraf

20

arbitraj sudiga qarshilik qilsa, ikkinchidan, protsessning tugash bosqichida, agar yutqazgan taraf arbitraj qarorini bekor qilishga harakat qilsa. Yutqazgan taraf, birinchidan, arbitrajda eʼtiroz bildirishi mumkin, ikkinchidan, qarorni ijro etiladigan davlat yurisdiksiyasida eʼtiroz bilan chiqishi mumkin. Demak, har qanday bosqichda arbitraj kelishuvining haqiqiyligi boʻyicha savol koʻtarilishi mumkin.

Faraz qilaylik, A – arbitraj joylashgan davlat. Arbitraj kelishuvi ushbu davlat qonunlari boʻyicha haqiqiy emas, lekin taraflar shartnomaga qoʻllaniladigan asosiy huquq sifatida B davlatning huquqini tanlashgan. B davlatning qonunchiligiga koʻra arbitraj kelishuvi haqiqiy hisoblanadi. Arbitraj qarorini chiqarish bosqichida yutqazayotgan taraf qarorni sud joylashgan joy A davlatning qonuni boʻyicha haqiqiy emas deb topish uchun murojaat qilisa nima boʻladi? Arbitraj kelishuvining haqiqiyligi Qaysi davlat huquqi bilan aniqlanadi – A davlatniki bilanmi yoki B davlatniki bilanmi? Qoʻshimcha tarzda, ijro etiladigan V davlat yurisdiksiyasi qarorni sud joylashgan A davlat qonuni boʻyicha haqiqiy emasligi tufayli ijroga qaratmasligi mumkinmi?

Oʻzbekistnon Respublikasi qonunchiligiga koʻra, agar arbitraj kelishuvi taraflar tanlagan qonun boʻyicha haqiqiy boʻlmasa, yoki qoʻllaniladigan huquqni tanlamagan boʻlsa, haqiqiylik masalasi arbitraj joylashgan joy qonuni bilan belgilanadi. Bundan tashqari, arbitraj kelishuvi taraflar tanlagan qonunga, yoki nizo predmetini tartibga soluvchi qonunga muvofiq boʻlsa haqiqiy deb topiladi. Asos: Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 52-modda.

Namunaviy qonunga koʻra, agar arbitraj kelishuvi taraflar tanlagan qonun boʻyicha haqiqiy boʻlmasa, yoki qoʻllaniladigan huquqni tanlamagan boʻlsa, haqiqiylik masalasi arbitraj joylashgan joy qonuni bilan belgilanadi. Taraflar arbitraj kelishuvini bevosita tartibga soladigan qonunni kamdan kam hollarda tanlagani sababli Namunaviy qonunda bu kelishuvning haqiqiyligi arbitraj joylashgan joy qonuni bilan belgilanadi. Shunday qilib, Namunaviy qonun davlatdagi sud arbitraj kelishuvining haqiqiyligi dastlab taraflar tanlagan qonun boʻyicha aniqlanadi, agar

21

taraflar qoʻllaniladigan huquqni tanlamagan boʻlsa, unda oʻzining huquqiga koʻra arbitraj kelishuvning haqiqiyligini aniqlaydi. Ushbu ssenariy boʻyicha Namunaviy qonun amalda boʻlgan davlatlarda arbitrajjoylashgan joy qonuni arbitraj kelishuvining haqiqiyligini belgilaydi.

Biroq baʼzi arbitrajlar va milliy sudlar shartnomaning mazmuniga nisbatan qoʻllaniladigan asosiy qonun arbitraj izohini haqiqiyligini belgilash uchun qoʻllanilishi tarafdoridir. Bir arbitraj taʼkidlaganidek, “maxsus qoida belgilanmagan boʻlsa, asosiy shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan qonun abitraj toʻgʻrisidagi izohni tartibga solishi umumiy belgilangan”. Agar sud Namunaviy qonun 34(2)(a)(i) moddasining mazmunini sharhlasa – “taraflar (kelishuvni) tartibga soladigan qonunni tanlashgan”, shuni anglatadiki taraflar asosiy moddiy huquqni tanlash orqali aniq ravishda arbitraj kelishuvini tartibga soladigan qonunni ham belgilagan hisoblanadi, shundan soʻng taraflarning shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan qonun borasidagi tanlovi ustun hisoblanadi. Baʼzi hollarda ikkala kelishuvga bitta qonunni qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlib, aks holda ayrim qiyinchilikllarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qarshi fikr shuki, agar sud taraflar tanlagan shartnomani tartibga soladigan huquq arbitraj izohini tartibga solishi mumkin boʻlgan nazariyani rad etsa, u holda sud joylashgan davlat qonuni qoʻllaniladi. Agar arbitraj kelishuvi sud joylashgan mamlakat qonuni boʻyicha haqiqiy emas boʻlsa, qaror uni sud joylashgan joyda yoki ijro yetish joyida, ijro etilgan taqdirda esa bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvodan keyin kuchga kira olmaydi. Arbitraj qarorini bekor qilish boʻyicha daʼvo arizasini koʻrib chiqib arbitraj joyidagi sud arbitraj kelishuvini mamlakat qonuni boʻyicha haqiqiy yemas deb, oʻz navbatida qarorni ham haqiqiy yemas deb topishi mumkin. Nyu – York konvensiyasi doirasida ijro etuvchi davlat sudi arbitraj kelishuvini arbitraj joylashgan davlat qonunchiligi boʻyicha haqiqiqy emas deb topishi va ijroni amalga oshirmasligi mumkin.

Shunday qilib, turli arbitraj va milliy sudlar arbitraj kelishuvining haqiqiyligiga va uni sharhlashga qoʻllaniladigan huquq boʻyicha turli qarashlarni ilgari suradilar. Fransiyada, masalan, sudlar qaror qilishganki,

22

arbitraj kelishuvining mavjudligi va amal qilishi har qanday milliy qonun qoidalariga emas, balki taraflarning niyatiga bogʻliq. Mantiqiy koʻrinadigan holat shuki, faraz qilingan yuqoridagi vaziyatda taraflar qoʻllaniladigan qonunni va arbitraj joyini tanlaganda va ular oʻzaro zid kelganda, sud arbitraj kelishuvining haqiqiyligini aniqlash uchun uzoq tahlil qilishga moyildir. Oddiy mezon – “taraflarning xohishi” – katta ehtimol bilan qoʻllanilishi oson va taraflarni qanoatlantiradi

Yuqoridagi muhokamadan maʼlumki, nega Gonkong xalqaro arbitraj markazi hozirda arbitraj kelishuviga qoʻllaniladigan qonunni koʻrsatuvchi Namunaviy izohni kiritishni talab qilmoqda. Bunday izoh arbitrlar oldida turgan arbitraj kelishuviga qoʻllaniladigan huquqni tanlash muammosini hal qilardi. Agar taraflar arbitraj kelishuviga qoʻllaniladigan huquqni tanlamasa, bu masala ancha qiyinchilik tugʻdiradi. Agar taraflar qoʻllaniladigan huquq va arbitraj joyini tanlamasa bu holat yanada qiyinlashadi.

Arbitrajga tegishlilikni tartibga soluvchi qonun.

Taraflarning arbitraj joyini tanlashi nafaqat sud muhokamasini tartibga soladigan huquqni, balki arbitraj kelishuvini va arbitrabellikni, yaʼni bu nizo arbitrajda yoki sudda koʻrilishi masalasini, tartibga soluvchi huquqni aniqlaydi. Oldin ham taʼkidlanganidek, ayrim nizolar, masalan, oilaviy munosabatlar boʻyicha, jinoyat huquqi, patent nizolari, ayrim holatlarda bankrotlik munosabatlari arbitrajda koʻrilmaydi. Turli yurisdiksiyalar arbitrabellikni turlicha belgilaganligi uchun sud arbitrabellikni aniqlash uchun sud joylashgan joy qonunini, ijro etiladigan davlat qonunini, taraflar tanlagan davlat huquqi yoki boshqa huquq qoʻllanilishini hal qilishi lozim.

Koʻp arbitrajlar bunday vaziyatda sud joylashgan davlat huquqini qoʻllashadi. Agar ushbu huquq boʻyicha nizo arbitrajda koʻrilmasa, milliy sud arbitraj qarorini bekor qiladi. Namunaviy qonunga koʻra “nizo predmeti davlat qonuniga muvofiq arbitrajda koʻrilishi mumkin emas”ligi arbitraj qarorini bekor qilish uchun asos ekanligini belgilab beradi. Masalan, bankrotlik boʻyicha nizo arbitrajda koʻrilmasligi belgilangan

23

yurisdiksiyada shu nizo boʻyicha ushbu yurisdiksiyaning arbitraj qarorini yutqazgan taraf milliy sud orqali bekor qilishi mumkin.

Arbitr nizoning arbitraj qarori ijro etiladigan davlatda ham arbitrajda koʻrilishi mumiknligini inobatga olishi kerakmi? Nyu-York konvensiyasi va Namunaviy qonunga koʻra agar nizo ijro etiladigan davlatda arbitraj orqali koʻrilmasligi belgilangan boʻlsa, u holda ijro amalga oshirilmaydi. Odatda arbitrlar ijro etiladigan mamlakatda arbitrabellik masalasiga eʼtibor berishmaydi. Koʻp hollarda arbitraj qarori chiqqach taraflar ixtiyoriy toʻlashga harakat qilishadi. Bundan tashqari, agar mol-mulk bir necha davalatda joylashganligi uchun ijro bir necha davlatda amalga oshishi mumkin. Agar tegishli yurisdiksiyalarda arbitrabellik boʻlmasa, u holda arbitraj qarori bekor qilinish xavfi mavjud boʻladi. Ammo aksariyat hollarda, agar nizo arbitraj joyida arbitrabellikka ega boʻlsa, ijro etiladigan davlatda arbitrabellikning mavjud emaslik xavfi taraflarda (daʼvogarga) qoladi.

Shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq.

Taraflar odatda oʻz davlatlaridan biridagi milliy moddiy huquqni shartnomani sharhlash va shartnomadan kelib chiqadigan har qanday nizoni tartibga solish uchun tanlashadi. Agar bir taraf oʻzining milliy huquqini boshqa tarafga tan oldirishga yoʻl topa olmasa, taraflar muqobil moddiy huquq manbasiga murojaat qilishadi. Masalan, agar shartnoma tovarlar oldi sotdisi haqida boʻlsa, taraflar BMTning tovarlar xalqaro oldi sotdisi boʻyicha Konvensiyani shartnomaning moddiy huquqi sifatida tanlashlari mumkin. Lekin bu Konvensiya shartnomadagi barcha masalalarni tartibga solmagan.

Shunday qilib, garchi taraflar Konvensiyani tanlashsa ham u tartibga solmagan qismlarni, masalan, shartnoma haqiqiyligi yoki shartnomaning sotilgan tovarlarga nisbatan yuzaga keltiradaigan oqibatlari , tartibga soluvchi milliy huquqni tanlashlari kerak. Ushbu masalalar milliy qonunchilikka havola qilingani tufayli taraflar nafaqat bu masalalarni balki boshqa Konvensiyada tartibga solinmagan boshqa jihatlarni ham qamrab oladigan milliy huquqni tanlashlari kerak.

24

Shartnoma, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflarning kelishuviga koʻra tanlangan mamlakat huquqi bilan tartibga solinadi.

Shartnoma taraflari qoʻllaniladigan huquqni umuman shartnoma uchun ham, uning alohida qismlari uchun ham tanlab olishlari mumkin.

Qoʻllaniladigan huquq taraflar tomonidan shartnoma tuzilayotganda ham, undan keyin ham istalgan vaqtda tanlanishi mumkin. Taraflar, shuningdek istalgan vaqtda shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquqni oʻzgartirish toʻgʻrisida kelishib olishlari mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, 1189-modda

Lex Mercatoria. Agar taraflar milliy yoki xalqaro qonunchilikni tanlashda kelisholmasa, yoki xohlashmasa, ular oʻz shartnomalariga lex mercatoria ni tanlashlari mumkin, masalan, xalqaro huquqning umumiy prinsiplari, UNIDRUA xalqaro tijorat shartnomalari prinsiplari yoki transmilliy tijorat huquqi. Lekin bu ikki xususiy taraflar uchun odatiy tanlov emas. Yuqorida taʼkidlanganidek, Davlatlar oʻrtasidagi yoki davlatlar va xususiy taraflar oʻrtasidagi shartnomalarda lex mercatoria tanlanishi mumkin. Boshqa tarafdan agar ikkita xususiy taraflar shartnoma tuzishsa ular odatda huquq rivojlangan, ijro qilinadigan, shartnoma shartlari aniq sharhlanadigan huquqni tanlashga harakat qilishadi.

Lekin taraflar shartnoma muzokaralarida yoki tanlagan milliy huquqni toʻldirish uchun lex mercatoria ni tanlashlari mumkin. Masalan, transmilliy huquqni qoʻllashda oʻtkazilgan izlanish shu narsani koʻrsatdiki, 59 foiz soʻrovda qatnashganlar UNIDRUA prinsiplarini shartnoma tuzishda qoʻllashgan, 13.1 foizi esa arbitraj qarorini chiqarish bilan bogʻliq masalalarda ushbu prinsiplarga murojaat qilishgan. Bundan tashqari, taraflar shartnomalarida boshqa xalqaro qoidalar yoki standartlarga, masalan, INCOTERMSga, havola qilishlari mumkin.

Bogʻliq boʻlmagan milliy huquq. Agar taraflar qaysi milliy qonunchilikni tanlash boʻyicha kelishuvga kela olishmasa hamda huquqning umumiy tamoyillarini tanlashni hohlashmasa ular hech qaysi

25

tarafga aloqasi boʻlmagan neytral davlat huquqini tanlashlari mumkin. Koʻpgina yurisdiksiyalarda taraflarning avtonomiyasi konsepsiyasining kuchliligi sababli umuman aloqasi boʻlmagan uchinchi davlat qonunchiligini tanlashga ruxsat beriladi. Taraflar iqtisodiyotning maʼlum sektorida huquq rivojlangan yoki koʻp xalqaro bitimlar tuziladigan davlat huquqini tanlashlari mumkin. Koʻpgina xalqaro konvensiyalar taraflarga oʻz shartnomalariga nisbatan qoʻllaniladigan huquqni erkin tanlashlarini belgilab beradi. Ammo taraflar avtonomiyasi imperativ normalar va mamlakatdagi davlat siyosati bilan cheklanishi mumkin.

AQSHda taraflari huquqni erkin tanlay olmaydilar. Qayta nashrdan chiqqan Kollizion normalarga koʻra tanlangan huquq yoki bitim bilan taraflar oʻrtasmda mazmunan bogʻliqlik boʻlishi , yoki tanlovga mantiqiy asos boʻlishi kerakligi belgilangan. Shuning uchun Germaniya va Yaponiya kompaniyalari Florida huquqini tanlasa AQSH sudi buni maʼqul koʻrmaydi, chunki taraflar ham, bitim ham Floridaga bogʻliq emas.

Boshqa tarafdan Nyu-York alohida holat hisoblanadi. Taraflar Nyu-York huquqini tanlashsa, shtat bilan mantiqiy bogʻliqlik boʻlmasa ham Nyu-York arbitraj qarorini ijro etadi. Shartnoma oʻziga oilaviy, shaxsiy yoki uy xizmatlarini, mehnatni qamrab olmasligi hamda shartnomaning qiymati kamida $250 000 boʻlishi kerak. Bundan tashqari, agar taraflar Nyu-York yurisdiksiyasini tanlashsa, Nyu-York uning ijrosini taʼminlaydi. Agar nizoning miqdori $1 million AQSH dollaridan oshsa unda Nyu-York sudlari uni oʻz yurisdiksiyasi boʻyicha koʻrmasliklari mumkin emas. Shunday qilib, agar nizoning miqdori yetarlicha koʻp boʻlsa Nyu-York taraflarning avtonomiyasi boʻyicha ishni koʻrib chiqadi.Nyu-York oʻzining biznes markaz sifatida obroʻsini oshirishni yetarlicha muhim bitimlarni imzolagan taraflarning oʻzining huquqiy tizimiga kirishini osonlashtirgan holda olib bormoqda.

Taraflar arbitraj sudini yoki qoʻllaniladigan huquqni tanlamagan boʻlsa. Xalqaro Savdo Palatasi (ICC) arbitraj kelishuvlarini oʻrganish natijasida Stiven Bond shuni aniqladiki, 1987-yilda 57 foiz holatda va 1989-yilda 68 foiz holatda taraflar arbitraj sudi joyi sifatida faqat shahar yoki davlatni tanlashgan. Ular aniq bir huquqni 1987-yilda 75 foiz holatda

26

va 1989-yilda esa 66 foiz holatda tanlashgan. Agar ushbu tadqiqotlar koʻrsatkichi ozmi koʻpmi ishonarli boʻlsa, taraflar 32 foiz holatda arbitraj joyini va 25 foiz holatda biror bir milliy qonunchilikni tanlashmagan. Bu taraflarning keyingi holati tanlagan qoidalariga bogʻliq. Agar taraflar huquqni, sudni, arbitraj institutni, arbitraj qoidalarini tanlamagan boʻlsa, ishning arbitrajda koʻrilishi muammoli boʻlib, taraflardan biri qarshilik koʻrsatayotgan holatda, muammo sudning yurisdiksiyani oʻzi tanlay olishi yoki sudining arbitraj kelishuvida ushbu elementlarning mavjud emasligi tufayli ijro etishda muammo yuzaga kelishi mumkinligi bilan izohlanadi.

Arbitraj joyini tanlamaslik. Agar taraflar arbitraj amalga oshiriladigan joyni tanlamasa, institutsional arbitrajda shu institut oʻzi tanlaydi. London Xalqaro arbitraj sudi qoidalari agar taraflar arbitraj joyini tanlamagan arbitraj taraflarning fikrini eshitib boshqacha qarorga kelmagan boʻlsa London arbitraj joyi boʻlishini belgilaydi. Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICDR) qoidalariga koʻra agar taraflar nizolarni belgilab olmagan boʻlsa, maʼmuriy organ tomonidan qaror qilinishi mumkin, lekin arbitraj tomonidan u tuzilganidan keyin 45 kun ichida bekor qilinishi mumkin. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO), Xalqaro Savdo Palatasi (ICC) va Stokgolm Savdo Palatasining Arbitraj instituti qoidalari institutsional qarorlar qabul qilinishini koʻzda tutadi. Agar taraflar ad hoc sudini va YUNSITRAL qoidalarini tanlab, lekin arbitraj joyini tanlashmasa, arbitraj oʻzi arbitraj joyini tanlaydi. Namunaviy qonun ham taraflar kelishuvi boʻlmasa arbitraj oʻzi tanlashi mumkinligini belgilagan. Arbitraj joyining ahamiyati arbitraj jarayonini, arbitrabellikni, va ayrim hollarda arbitraj kelishuvini tartibga soluvchi huquqni tanlashdagi ahamiyatini inobatga olib, har qanday ehtiyotkor taraf bu qarorni sudga qoldirishi nomaqbul hisoblanadi. Bundan tashqari, arbitraj joyini taraflar tomonidan emas boshqa shaxs tomonidan tanlanishi ularning arbitraj joylashgan joy qonunini tanlashi va qoʻllanilishi haqida nazariyani yoʻqqa chiqaradi.

Qoʻllaniladigan ququqni tanlamaslik. Taraflar shartnomaga qoʻllaniluvchi huquqni tanlay olmagan taqdirda bu huquq qanday va kim tomonidan tanlanadi? Arbitraj qoidalari va qonunlari asosan bu masalani

27

hal qilishni arbitraj sudyalari vakolatlariga havola qilgan. Qoʻllaniluvchi huquqni tanlash metodi unda kollizion huquqni qoʻllash yoki qoʻllamaslikka qarab farq qiladi. Namunaviy Qonun arbitraj “kollizion normalar bilan aniqlangan hamda qoʻllanilishi mumkin deb hisoblagan huquqni qoʻllashi mumkin” ekanligini belgilaydi. Ammo zamonaviy institutsional qoidalarning aksariyati kollizion huquqni eslatmaydi va arbitrlarga keng diskretsion vakolatlar bergan boʻlib, unga koʻra agar taraflar qoʻllaniladigan huquqni tanlashmasa, arbitraj “eng mos deb bilgan huquqdagi Qonun yoki qoidani qoʻllaydi”.

2010-yilgi YUNSITRAL qoidalari “arbitraj tegishli deb topgan

huquqni qoʻllashini” belgilaydi. Arbitrlarga nafaqat qonun balki huquqdagi Qoidalarni ham qoʻllashga ruxsat berish oʻrtasidagi farq shundan iboratki, “huquqdagi Qoidalar” atamasi arbitrlarga lex mercatoriani yoki huquqning umumiy prinsiplarini ham qoʻllashga ruxsat beradi. Masalan, arbitrajlar taraflar qoʻllaniladigan huquqni tanlay olmaganida, yoki arbitrlar milliy qonunchilikni sharhlash yoki toʻldirishga extiyoj sezganda asosan UNIDRUA Prinsiplariga (qonun emas lekin huquqdagi Qoidalar deb olsak boʻladi) murojat qilishadi.

28

4-§. CHET EL SUDLARI TOMONIDAN ARBITRAJ SUDI QARORLARINI TAN OLINISHI VA IJROGA QARATILISHI

Koʻp hollarda, yutqazgan taraf oʻz ixtiyori bilan arbitraj qarorini bajaradi, shuning uchun ijro ishni yuritish zarur boʻlmaydi. Agar, aksincha boʻlsa, gʻolib taraf yutqazgan tarafni ijrodan boʻyin tovlashi sababli suddan majburiy ijro yurituvni boshlashni talab etadigan, buning yaxshi tarafi shundaki, qaror majburiy ijro etilishi ehtimoli katta. Xalqaro tijorat nizolari boʻyicha taraflarning arbitraj sudiga murojaat qilishining asosiy sabablaridan biri – bu qarorning majburiy ijro etilishi nisbatan aniqligidir. Huquqni qoʻllash ehtimoli yuqori, chunki koʻplab mamlakatlar majburiy ijro etishni qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro konvensiyalarni qabul qildilar, yaʼni ular ijro etishni rad etish uchun faqat juda tor asoslar doirasini koʻzda tutadi.

1958-yildagi chet-el arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish toʻgʻrisidagi konvensiya, shuningdek Nyu-York konvensiyasi nomi ostida tan olingan Konvensiya, ahdlashuvchi davlatlarning sudlaridan ham arbitraj bitimlarni, ham arbitraj qarorlarni bajarilishini talab qiladi. Hozirda Nyu-York konvensiyasiga 156 mamlakat qoʻshilgan, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi ham aʼzo.

Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qatʼi nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda, ushbu moddaning, mazkur Qonunning 52-moddasi hamda arbitrajlarning hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish tartibini belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi qoidalari hisobga olingan holda ijro etiladi.

Arbitrajning hal qiluv qaroriga asoslanayotgan yoki uni ijroga qaratish toʻgʻrisida iltimos qilayotgan taraf arbitraj hal qiluv qarorining tegishli tarzda tasdiqlangan asl nusxasini yoki tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasini taqdim etishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni, 51-modda.

29

Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, agar bunday qarorlarni tan olish va ijroga qaratish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan boʻlsa, ular Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi.

Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari iqtisodiy sud tomonidan nizo boʻyicha hal qiluv qarori oʻz foydasiga chiqarilgan tarafning arizasi boʻyicha hal etiladi.

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi, 253-moddasi.

Tan olish va ijro etish prinsiplari.

Nyu-York konvensiyasining (kelgusida – Konvensiya) III moddasi mamlakatlardan chet el arbitraj qarorlarini majburiy deb tan olish va ularni Konvensiya qoidalariga va milliy qonunchilikka muvofiq ijro etilishini taʼminlashni talab qiladi. Garchi «tan olish» va «ijrosini taʼminlash» atamalari birgalikda kelsada, ular turli xil maʼnolarni anglatadi. Sud arbitraj qarorini «tan olganda», u qaror haqiqiy va majburiy ekanligini tan oladi va shu bilan arbitraj qarorida belgilangan masalalarga nisbatan ustuvor kuch beradi. Shunday qilib, tan olingan qaror, tegishli sud ishida yoki arbitraj sudida inobatga olish yoki huquqiy himoya vaqtida havola qilish mumkin. Arbitraj qarori rasmiy huquqiy maqomga ega, shuning uchun arbitraj qarorda belgilanadigan masalalar, odatda bekor qilinishi yoki qayta koʻrib chiqilishi mumkin emas.

Asos: Birlashgan millatlar tashkilotining “Chet-el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida”gi konvensiyasi, 2-moddasi.

Masalan, deylik, arbitraj sudida gʻolib chiqqan taraf javobgar boʻlgan boʻlsa, va qarorda uning hech qanday javobgarligi yoʻqligi aytilgan. Javobgar sudda yoki boshqa arbitraj muhokamasida unga nisbatan xuddi

30

shu faktlar boʻyicha berilishi mumkin boʻlgan talablarni bekor qilish uchun qarorni tan olinishini istashi mumkin.

Boshqa tarafdan, majburiy ijro etish turli yurisdiksiyalarda turli xil narsalarni anglatishi mumkin. Baʼzi yurisdiksiyalarda, bu shunchaki xalqaro arbitraj qarorini sud qarori shakliga aylantirish jarayonini anglatishi mumkin. Boshqa yurisdiksiyalarda, qarz miqdorini undirish yoki qarorda koʻzda tutilgan har qanday vakolatni boshqacha tarzda bajarish uchun ijro etuvchi yurisdiksiyada mavjud boʻlgan har qanday rasmiy vositalardan foydalanishni anglatishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu maqsad uchun tez-tez foydalanadigan yana bir atama – «ijro etish»dir. Ijro etish, odatda ruxsat beruvchi (ijro etuvchi) yurisdiksiyaning sud protsessiga binoan sud himoyasiga ega boʻlish tartibini anglatadi.

Agar arbitraj qarorida javobgar daʼvogar oldida moddiy zarar uchun javobgar ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa, hamda javobgar tayinlangan summani toʻlashga shoshilmayotgan boʻlsa, u holda daʼvogar – arbitraj qarori kreditori, javobgar – arbitraj qarori boʻyicha qarzdor aktivlari joylashgan yurisdiksiyada qarorni tan olish va ijro etishni talab qilishi mumkin. Ayrim yurisdiksiyalarda arbitraj qaror birinchi navbatda, yaʼni kreditor ijro etuvchi sudning ijro etish mexanizmlaridan foydalanishidan oldin, tan olinishi shart. Qaror tan olingandan soʻng, kreditor qarorda berilgan summani undirish uchun, odatda qoʻllaniladigan har qanday usullardan foydalanishi mumkin, masalan, ijro etuvchi yurisdiksiyadagi huquqiy tartibotlarga asosan aktivlarni hibsga olish mumkin. Boshqa yurisdiksiyalarda tan olish va majburiy ijro tartibotlari oʻrtasida amalda deyarli farq boʻlmasligi mumkin.

Majburiy ijro uchun talablar. Konvensiya chet el qarorlariga nisbatan qoʻllanish uchun moʻljallangan va unda toʻgʻridan toʻgʻri, u majburiy ijro talab qilinadigan davlatdan boshqa davlatda chiqarilgan arbitraj qarorlarga tatbiq etilishi koʻrsatilgan. Shu bilan birga, u ijro etuvchi sud instansiyasi «ichki boʻlmagan» deb hisoblagan arbitraj

qarorlarni ijro etishga yoʻl qoʻyadi. «Ichki» atamasi Konvensiyada belgilanmaganligi sababli, ushbu qarorni Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri oʻzi belgilashi kerak.

31

Ushbu Kodeks maqsadlari uchun chet davlat sudi deganda chet davlatning taraflar oʻrtasidagi nizoni hal etuvchi vakolatli organi tushuniladi, chet el arbitraji deganda chet davlatning taraflar oʻrtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat koʻrsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran uch yil muddat ichida, tan olish va ijroga qaratish uchun taqdim etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining

Iqtisodiy protsessual kodeksi, 253-moddasi

Ahdlashuvchi davlatlarga Konvensiyaning qoʻllash doirasiga nisbatan ikkita izoh qilishga ruxsat beriladi. Birinchi izoh – bu oʻzarolikni cheklashdir: ahdlashuvchi davlat ushbu Konvensiyani faqat boshqa ahdlashuvchi davlat hududida chiqariladigan qarorlarga nisbatan qoʻllashini nazarda tutishi mumkin. Ushbu izoh ahdlashuvchi davlatlarning tahminan yarmi tarafidan qabul qilingan. Shunday qilib, agar oʻzarolik toʻgʻrisida izoh kiritgan ahdlashuvchi davlatda ijro ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa, ammo qaror ahdlashuvchi boʻlmagan davlatda chiqarilgan boʻlsa, bu holda Konvensiya qoʻllanilmaydi. Bu hatto har ikki taraf ahdlashuvchi davlatda joylashgan biznes korxonalarga ega boʻlsa ham, shunday qoladi. Shuni toʻgʻri anglash zarurki, fuqarolik ham, taraflarning joylashuvi ham Konvensiya qoʻllash uchun asosiy hal qiluvchi omil emas. Aksincha, muhim omil – bu arbitraj sudi boʻlib oʻtgan joy. Shuning uchun, arbitraj havolasini tuzishda, bir ahdlashuvchi davlat doirasida boʻlgan arbitraj uchun joy tanlash orqali oʻzarolik mavjud emasligi muammosidan qochish mumkin. Biroq bugungi kunda juda koʻp davlatlar ahdlashuvchi davlatlar boʻlib, oʻzarolik muammosi ahamiyati ancha kamaygan.

Ikkinchi ruxsat berilgan izoh shundan iboratki, bir ahdlashuvchi davlat «Konvensiyani faqat tijoriy deb qabul qilingan huquqiy, shu jumladan shartnomaviy yoki boshqa munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga

32

nisbatan qoʻllanilishini eʼlon qilishi» mumkin. Har holda, qirq toʻrtta davlat ushbu Konvensiyani faqat tijoriy masalalarida qoʻllashini eʼlon qilishgan. Konvensiyada «tijoriy» taʼrifi berilmaganligi sababli, tijoriy atama nima ekanligini ijro yurisdiksiya qonuni belgilaydi. Nazarimizda, «tijoriy» soʻzi maʼnosining yagona tushunishi mavjud emas. Ammo, umuman olganda, jinoyat ishlari va oilaviy ishlar, masalan, ajrashish, bolani asrab olish va farzandlikka olish, shuningdek vasiyatnomalar va ishonchnomalar tijoriy hisoblanmaydi.

Konvensiyaga muvofiq ijro etmaslik asoslari. Arbitraj sudlarining qarorlarini ijro etilishini qoʻllab-quvvatlash uchun Konvensiya majburiy ijro etmaslik uchun faqat juda cheklangan miqdordagi eʼtiroz asoslarini taqdim etadi, ular milliy sudlar tomonidan oʻta tor talqin qilinadi. Ushbu himoya choralari tugal hisoblanadi, yaʼni ular majburiy ijro etmaslik uchun yagona asoslardir. V (1) moddasida besh turdagi himoya va V (2) moddada ikkita qoʻshimcha himoya asoslari mavjud. Qisqacha aytganda, V (1) moddasi boʻyicha beshta eʼtiroz asosi sifatida: (1) muomalaga layoqatsizlik va haqiqiy emaslik, (2) xabarnoma mavjud emasligi yoki adolatsizlik, (3) arbitr oʻz vakolatidan chetga chiqishi, (4) arbitraj yoki protsedura taraflarning bitimiga mos kelmagan va (5) qaror hali majburiy kuchga kirmagan yoki bekor qilingan.

V (2) moddasi boʻyicha ikkita eʼtiroz himoyasi: (1) arbitraj sudi uchun imkoniyat mavjud emasligi va (2) ommaviy tartib buzilishi. V (1) moddasidagi har qanday beshta eʼtiroz boʻyicha majburiy ijro etishga qarshilik koʻrsatgan tarafga isbotlash vazifasi yuklanadi. V (2) moddasidagi ikkita qoʻshimcha himoya sud tomonidan sua sponte koʻtarilishi mumkin, ammo, ehtimol, bu eʼtirozlar, oʻrni kelganda, qarshi taraf tomonidan ilgari surilishi ham mumkin.

Himoyaning eng muhim xususiyati shundaki, ular arbitrlar layoqatligiga asoslanmagan. Konvensiyaga binoan, sud arbitraj qarorini ijro etishni arbitrlarining faktlar yoki qonunlar boʻyicha xato qilgani uchun rad eta olmaydi. Aksincha, ruxsat berilgan himoya jarayonning halolligi, shu jumladan taraflarga nisbatan odillik va eshitish uchun oqilona imkoniyat mavjudligiga qaratilgan. Vakolatli, tajribali arbitrlar tarafidan

33

oʻtkazilgan arbitraj daʼvo kuchiga ega boʻlmagan qaror chiqarishi ehtimoldan yiroq. Amalda, ixtiyoriy ravishda ijro etish bilan birga sud tarafidan majburiy ijro etish xalqaro arbitraj qarorlarining 98 foizini undirish yoki boshqa yoʻl bilan ijro etilishiga olib keladi.

Muomalaga layoqatsizlik va haqiqiy emaslik. Qarorni majburiy ijro etishga muvaffaqiyatli qarshilik koʻrsatish imkoniyati kamligiga qaramay, baʼzi taraflar buni amalga oshirishga majbur boʻlishadi. Shuning uchun Konvensiya doirasida yoʻl qoʻyiladigan himoya vositalari qoʻllanishini yaxshi tushunish muhimdir. Konvensiyaning V (1) (a) moddasida berilgan birinchi himoya, ikki qismdan iborat:

  1. tarafning biron bir layoqatsizligi mavjud yoki (2) kelishuv taraflar tanlagan qonunga binoan, yoki agar taraflar qoʻllanadigan huquqni tanlamagan boʻlsa, u holda shartnoma tuzilgan, qaror chiqarilgan mamlakat qonunchiligiga binoan haqiqiy emas hisoblanadi. Muomalaga layoqatsizlik muammosi, jumladan suveren immunitet kabi masalalarni, yoki, ehtimol, arbitraj kelishuvi korporatsiya nomidan vakolatli boʻlmagan shaxs tarafidan imzolanganligi masalasini koʻtaradi. Haqiqiy emaslik masalasi shunchaki koʻrib chiqilayotgan, taraflar tanlagan huquqi yoki arbitraj joyi huquqi boʻlishi mumkin qonunning shaklga oid talablariga javob bermaslik masalasi boʻlishi mumkin. Haqiqiy emaslik masalalari arbitraj bitimini lozim tarzda tuzish bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin.

Qoida tariqasida, arbitraj muhokamasiga rozilik aniq boʻlishi shart, va aksariyat qonunlar uni yozma ravishda koʻrsatishni talab qiladi.

Konvensiyaning yozma shaklga oid talabi II moddada keltirilgan boʻlib, unda Ahdlashuvchi Davlatlardan arbitraj bitimini yozma ravishdagi shaklini tan olish talab etiladi va bunda, «shartnomadagi arbitraj havolasini yoki taraflar tomonidan imzolangan yoki xatlar va telegrammalar almashish orqali tasdiqlangan arbitraj bitimini” koʻzda tutilishi haqida tushuntirish beriladi. Shu bilan birga, II moddadagi bitimlarga nisbatan qoʻllanadigan yozma shakl haqidagi talab, IV dan VII moddalarda keltirilgan qarorlarni majburiy ijro etish talablariga taalluqli ekanligi haqida savol tugʻiladi. Ehtimol, IV moddada yozma shaklga doir hech boʻlmaganda minimal talablar mavjud. Ushbu modda arbitraj qarorning

34

tan olinishi va ijro etilishi uchun taraf qarorning hamda birlamchi bitimning aslini yoki tasdiqlangan nusxasini taqdim etishi kerakligini belgilaydi. Dastlabki bitimning tasdiqlangan nusxasini taqdim etish talabi bitim yozma shaklda boʻlishini koʻzda tutadi.

Ammo II moddaning shaklga oid talablari Konvensiyaga muvofiq qaror haqiqiyligini aniqlash talablariga kiritilganmi yoki yumshoqroq boʻlgan milliy qonunchilikka amal qilish ham haqiqiylik talabiga javob bera oladimi degan savol ochiq qoladi. V (1) (a) moddasida foydalangan «bitim», aniq ravshan, «II moddada koʻrsatilgan bitim» deb belgilanadi. Demak, arbitraj qarori ijro etilishi uchun, bunga asos boʻladigan bitim II moddada koʻrsatilganidek «shartnomada yoki taraflar tomonidan imzolangan yoki xatlar va telegrammalar almashish orqali tasdiqlangan» bitimda ifodalanishi zarurmi (2)? Yoki, agar bitim II modda talablariga javob bermasa ham, shunga qaramasdan, agar tegishli milliy qonunchilikka binoan, u haqiqiylik talabiga jabo bersa, qarorni majburiy ijro etish maqsadida, u haqiqiy deb topiladimi? Masalan, aytaylik, bir taraf boshqa tarafga arbitraj havolasiga ega yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtma yuboradi. Ikkinchi taraf buyurtmani amalda yuklarni joʻnatish orqali qabul qiladi, lekin shartnoma imzolanmaydi. Baʼzi yurisdiksiyalarda, garchi ikki taraf imzolagan shartnoma va «hujjatlar almashinuvi» boʻlmasa ham, arbitraj bitimi milliy qonunga muvofiq kuchga ega boʻladi. Ammo bitim II modda talablariga javob bermasligi sababli, bunday shartnomaga asosan chiqarilgan qaror boʻyicha nizolashish mumkin. II va V moddalarning oʻzaro aloqalarini anglab yetishning zamonaviy usuli shundan iboratki, II modda talablari eng yuqori deb talqin etish lozim, yaʼni agar ushbu talablar bajarilsa, bitim haqiqiy boʻladi. Masalan, bir Ahdlashuvchi Davlat, haqiqiylikka oid bundan ham yuqori talablar qoʻyishi, masalan, arbitraj bitimi xatlar almashinuvi shaklida boʻlsa, kuchga ega emasligi xususidagi shartni qoʻyishi mumkin emas. Agar II modda talablari eng yuqori emas, quyi darajadagi talabni belgilaganda, u holda milliy qonunchilik Konvensiya bilan cheklanmasdan, arbitraj bitimining haqiqiy ekanligiga nisbatan yengilroq yondashuvni taʼminlashi kerak. Ushbu talqin Konvensiyaning,

35

arbitraj bitimlar va qarorlar qulay ijro etilishi mumkinligidan iborat maqsadlariga mos keladi, boisi asosiy bitimning haqiqiyligiga nisbatan yengilroq yondashuv arbitraj qarori ijro etilishi ehtimolini yanada yuksaltiradi.

Agar kelishuv, talablarga rioya etadigan mamlakat qonunchiligiga koʻra haqiqiy deb topilsa, sud II (2) moddasidagi yozma shakl taʼrifini tugal emas deb koʻrar ekan, hamda VII (1) moddasini bitimlarga va qarorlarga nisbatan qoʻllanishga qodir deb talqin qilar ekan, asosiy arbitraj bitimi II (2) moddasidagi yozma shaklning tor taʼrifiga javob bermagani uchun majburiy ijroni rad etishi mumkin emas.

Xabardor qilishdagi kamchiliklar yoki adolatsizlik. V (1) (b) moddasi majburiy ijroni rad etish uchun ikkinchi asosni taqdim etadi, u taraflarga bildirishnoma yuborilmasligi yoki jarayonda odillik mavjud emasligiga asoslanadi. Tarafga arbitr tayinlanganligi va arbitraj muhokamasi toʻgʻrisida xabarnoma joʻnatilishi kerak. Taraflarga shuningdek oʻz hujjatlarini taqdim etishlari uchun har taraflama imkoniyat berilishi kerak. Demak, agar taraf tegishli bildirishnomani olmagan boʻlsa yoki arbitraj sudyalari tarafning oʻz qarashini taqdim etishiga toʻsqinlik qilgan boʻlsa, yaʼni tarafga adolatli muhokama qilishga yoʻl qoʻyilmagan boʻlsa, arbitraj qarori ijro etilmaydi. Qoida tariqasida, sud arbitraj tomonidan aniq dalillarni muhokamaga kiritish yoki uning guvohlar soniga yoxud ularning koʻrsatuvlari hajmini cheklashga doir qarorlarini oldindan taxmin qilishga urinmaydi. Biroq arbitrning taraflar oʻz hujatlarini taqdim etishi toʻgʻrisidagi Qarorlari, basharti u mohiyatan ishni odilona koʻrishni rad etish deb qaraladigan boʻlsa, sud lozim huquqiy tartibotga yoʻl qoʻyilmaganligi sababli majburiy ijroni rad etishi mumkin.

Arbitr oʻz vakolatidan chetga chiqishi. Majburiy ijroni rad etishning uchinchi asosi arbitrlarning xulq-atvoriga tegishli. Arbitr vakolat doirasi taraflarning kelishuvidan kelib chiqadi va agar arbitr taraflarning arbitraj bitimiga muvofiq oʻziga berilgan vakolatdan chetga chiqsa, unda yakunda chiqarilgan qaror Konvensiyaga muvofiq ijro etilishiga ruxsat berilmaydi. V (1) (c) moddada koʻzda tutilishicha, agar arbitraj qarori taraflarning bitimi shartlarida koʻzda tutilmagan nizolarga tegishli boʻlsa yoki qabul

36

qilingan qaror bitim doirasidan tashqaridagi masalalarga taalluqli boʻlsa, qaror ijroga qabul qilinmaydi. Agar, masalan, arbitraj havolasi tor shaklga ega boʻlsa va faqat taraflar shartnomasidan kelib chiqadigan masalalarga tegishli boʻlsa, sud shartnomadan kelib chiqmaydigan nohalol ishbilarmonlik amaliyoti masalalari boʻyicha tegishli qaror chiqarishi mumkin emas. Ammo, V (1) (c) moddasida berilgan istisno etuvchi izoh, agar ayrim masalalar kelishuv doirasi ichida boʻla turib, baʼzilari esa doiradan chetga chiqqan boʻlsa, ushbu masalalar tan olinishi va ijro etilishi mumkinligini nazarda tutadi. Arbitr vakolatidan chetga chiqib ketganligi toʻgʻrisidagi daʼvoga asoslangan himoya kamdan-kam hollarda muvaffaqiyatga erishgan.

Arbitraj tribunali yoki protseduraning taraflar kelishuviga mos kelmasligi. V(1)(d) modda sudning konstitutsiyasi yoki arbitraj tribunali protsedurasi taraflarning kelishuviga mos kelmasa, ijro etilmaslikni nazarda tutadi. Agar taraflar ushbu ikki masala boʻyicha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, unda sud konstitutsiyasi va arbitraj protsedurasi arbitraj sudi boʻlib oʻtgan mamlakat qonunlariga muvofiq boʻlishi kerak. Ushbu shartlar kamdan kam hollarda tasdiqlanadi va u tasdiqlanganda odatda muvaffaqiyatli natijaga erishmaydi.

Majburiy kuchga ega boʻlmagan qaror yoki ahamiyatga ega boʻlmagan qaror. V (1) (ye) moddasining beshinchi bandiga binoan qaror agar u taraflar uchun majburiy boʻlmasa, ijro etilmaydi. Konvensiyada «majburiy» tushunchasiga taʼrif berilmagan boʻlsa-da, aksariyat sudlar agar apellyatsiya shikoyat qilishning iloji boʻlmasa, qaror majburiy deb hisoblashadi. Konvensiyadagi «majburiy (binding)» soʻzini tanlashda avvalgi 1927-yilgi Jeneva konvensiyasi namuna qilib olingan. Jeneva konvensiyasiga binoan baʼzi mamlakatlarda qarori boshqa malakatda kuchga kirishidan avval oʻz yurisdisyasida majburiy deb tan olinishi kerak. Ikki alohida sud jarayonining bu talabi ikki tomonlama protsedura sifatida tanilgan. Qarorlarni ikki yurisdiksiyada kuchga kirishi tushunchasi “double exequatur” deb ataladi.

Konvensiya ishlab chiqaruvchilarining maqsadlaridan biri bu qarorlar kuchga kirishini ikki mamlakat talabidan birini bekor qilish

37

orqali ijroni soddalashtirish edi. Shunda bajarilishi majburiy boʻlgan qaror avval oʻz yurisdiksiyada tasdiqlanmasdan boshqa yurisdiksiyada kuchga kirishini amalga oshirish mumkin. Jeneva konvensiyasiga koʻra qarorga qoʻyilgan “majburiylik” talabi oʻz yurisdiksiyasi doirasida tasdiqlanishi yakuniy talab boʻlishini nazarda tutadi. Arbitraj sudlarining qarorlariga nisbatan shikoyat qilinmasligi sababli arbitraj sudining qarori, majburiy hisoblanadi. Xuddi shu sabablarga koʻra arbitr tomonidan chiqarilgan qisman qaror odatda majburiydir va shuning uchun ham ijro etiladi.

V(1)(e) moddaga koʻra qaror majburiy ravishda amalga oshirilishi kerak boʻlgan mamlakat boʻysungan qonunga binoan bekor qilinmasligi kerak. Shuni yodda tutish kerakki, qarorni bekor qilish uchun magʻlub boʻlgan tomon qaror berilgan mahalliy sudga murojaat qilishi kerak. Qarorni kuchga kiritish uchun gʻolib tomon yutqazgan tomonning mol-mulki joylashgan sudga murojaat qilishi kerak. Bir qator sudlar va huquq sharhlovchilari Konvensiyaga binoan sud qarorni bekor qilish emas, balki qarorni tan olish yoki uni ijroga qaratish vakolatiga ega degan fikri ilgari suradilar.

Bir taraf arbitraj qarorni u joylashgan joydagi sud orqali bekor qilish qilishga erishsa, milliy sud tizimi bunday arbitraj qarorni qonuniy kuchga ega emas yoki hech qaysi yurisdiksiyada majburiy ijroga qaratilishi mumkin emas deb hisoblaydi. Shubhasizki, qaror bekor qilinganidan soʻng hech qaysi yurisdiksiyada ijro etilishi mumkin emas. Qarorni ijro etishni rad etishning oqibatlari esa turlicha. Agar qaror ijro etilmasa, bekor qilingan qarordan farqli oʻlaroq u oʻz yuridik kuchini yoʻqotmaydi. Aksincha, agar qarorda qarzdorining mol-mulklari bir nechta yurisdiksiya doirasida boʻlsa, undiruvchi unda birinchi yurisdiksiyada qarorni bajarishda ijobiy natijaga erishmasa, ikkinchi yurisdiksiyada qaror ijrosini davom ettirishi mumkin.

V moddada nazarda tutilgan soʻnggi ikki band. V moddaning ikkinchi kichik boʻlimi sud tomonidan ijro etilishi mumkin boʻlgan majburlash asoslari bayon qiladi. Agar sud nizo predmeti uning yurisdiksiya qonunchiligiga binoan arbitraj huquqiga ega emasligini

38

aniqlasa yoki ijro mamlakatning davlat siyosatiga zid kelishini aniqlasa, u holda tan olish va ijro yetish rad etilishi mumkin.

Arbitraj tegishli boʻlmagan masalalar. Mamlakat qonunlarida nizolarning ayrim turlari oʻzboshimchalik bilan hal etilishga yoʻl qoʻyilmasligi mumkin. Masalan, bolalarni asrab olish toʻgʻrisidagi nizolar, jinoiy ishlar, bankrotlik, tovar belgilari yoki patentlarning amal qilish muddati va uchinchi shaxslarga taʼsir koʻrsatadigan yoki jamoat mulki uchun qandaydir oqibatlarga olib keladigan boshqa nizolarda, odatda, sud omnidan qaror qabul qilinishi kerak. Nizolarning eng odatiy turlari bu shartnomaviy yoki tijorat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar boʻlib, taraflar sudning har qanday nazorati yoki aralashuvisiz hal qilishlari mumkin deb hisoblanadilar.

Ommaviy tartib. Konvensiya V(2)(b) moddasida sud tomonidan qaror ushbu davlatning davlat siyosatiga zid keladi deb hisoblasa, u holda arbitraj qarorini tan olish yoki ijro etishni rad etishi mumkin. Davlat siyosati sababli rad etish Konvensiyada rad etish asosi sifatida koʻrsatilmagan va shu sababli ijroni rad etish sohasida yana bir qonundagi boʻshliq paydo boʻlishi mumkin. Umuman olganda, aksariyat sudlar ushbu masalani Konvensiyaning majburiy ijro etishga oid maqsadidan chetga chiqmagan holda koʻrib chiqdi. Ushbu tushunchaga taʼrif berishda koʻp hollarda Parsons & Whittemore Overseas Co., Inc., v. Société Générale de lʻIndustrie du Papier ishi misol sifatida koʻrsatib oʻtiladi. Ushbu ish AQSH Ikkinchi okrugining Apellyatsiya sudi tomonidan koʻrib chiqilgan boʻlib, ushbu ishda Amerika kompaniyasiga qarshi arbitraj qarorini ijro etishni tasdiqlash toʻgʻrisidagi Qarorida “Konvensiyaning davlat siyosatiga qarshi degan asosi juda kamdan kam hollardagina qoʻllanilishi kerak. Chet el arbitraj qarorini ijro etishni ushbu asosga koʻra rad etish faqatgina mamlakatning umumiy maʼnaviy va adolat meʼzonlariga, milliy manfaatlariga zid kelgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi”.

Milliy qonunchilikka koʻra chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etish asoslari. Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi hal qiluv qarori oʻziga qarshi qaratilgan

39

tarafning arizasiga koʻra, chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad qiladi, agar taraf:

  1. arbitraj bitimining taraflari oʻzlariga nisbatan qoʻllaniladigan qonun boʻyicha qaysidir darajada muomalaga layoqatsiz boʻlganligini yoki arbitraj bitimini uning taraflari qaysi qonunga boʻysundirgan boʻlsalar, oʻsha qonun boʻyicha, bunday koʻrsatma mavjud boʻlmaganda esa – hal qiluv qarori chiqarilgan mamlakatning qonuni boʻyicha haqiqiy emasligini;
  2. hal qiluv qarori oʻziga qarshi qaratilgan taraf arbitr tayinlanganligi toʻgʻrisida yoki arbitraj muhokamasi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini;
  3. arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma shartida nazarda tutilmagan yoki ularning shartiga tegishli boʻlmagan nizo boʻyicha hal qiluv qarori chiqarilganligini yoxud arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma shartidan tashqari chiqadigan masalalar boʻyicha qaror mavjudligini, bundan arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma sharti doirasidagi masalalar boʻyicha qarorlar qamrab olinmagan masalalar boʻyicha qarorlardan ajratib olinishi mumkin boʻlgan hollar mustasno;
  4. arbitraj organining tarkibi yoki arbitraj protsessi taraflarning kelishuviga muvofiq kelmaganligini yoki bunday shart boʻlmasa, arbitraj boʻlib oʻtgan mamlakat qonuniga mos kelmaganligini;
  5. hal qiluv qarori taraflar uchun yakuniy boʻlmaganligini yoki u qabul qilingan va qonuni qoʻllanilayotgan davlatning vakolatli organi tomonidan bekor qilinganligini yoxud ijrosi toʻxtatilganligini;
  6. nizo vakolatli boʻlmagan chet davlat arbitraji tomonidan hal etilganligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etsa.

Shuningdek chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish quyidagi hollarda rad qilinishi mumkin, agar:

  1. nizo obyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi boʻyicha arbitraj muhokamasining predmeti boʻla olmasa;
  2. ushbu hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy tartibiga zid boʻlsa yoki unga tahdid solsa;

40

  1. chet el arbitrajining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish muddati oʻtgan boʻlsa.

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi, 256-moddasi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Nyu-York konvensiyasi eng muvaffaqiyatli va mukammal xalqaro bitimdir. Xalqaro qarorlarning ijro etilishini qoʻllab-quvvatlaydigan boshqa konvensiyalar bilan bir qatorda, nizolarni hal qilishning muqobil usuli sifatida xalqaro arbitrajning oʻsishiga hissa qoʻshmoqda. Bugungi kunda nizolashayotgan taraflar xalqaro arbitrajda qatnashishdan qochmaydilar, chunki ularda agar gʻolib boʻlsa, qarzdorning mol-mulki saqlanayotgan dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qaror ijrosini taʼminlashning imkoni bor degan ishonch mavjud.

41

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni. – T.:Oʻzbekiston, 2020.

  1. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan). – T.: Oʻzbekiston, 2019.
  2. Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi(oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan). – T.: Oʻzbekiston, 2018.
  3. Birlashgan millatlar tashkilotining “Chet-el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida”gi konvensiyasi. – Nyu-York, 1958.
  4. Birlashgan millatlar tashkilotining YUNSITRAL namunaviy qonuni (1994).
  5. Xalqaro Savdo Palatsining Arbitraj reglamenti (2021).
  6. Toshkent xalqaro arbitraj markazining (TXAM) arbitraj reglamenti

(2019).

  1. Margaret L. Mozes. Xalqaro tijorat arbitraji tamoyillari va amaliyoti. Kembridj universiteti nashriyoti,

42

AXTAMOVA YULDUZ AXTAMOVNA

ARBITRAJ KELISHUVI

TADBIRKORLIKNI

QOʻLLAB-QUVVATLASH

VOSITASI SIFATIDA

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

43

16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,56 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 59-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

44