KIRISH
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudi (keyingi oʻrinlarda Sud yoki XS) BMTning asosiy sud organi boʻlib hisoblanadi. U Gaagadagi (Niderlandiya) Tinchlik Saroyida joylashgan. Sud oʻz faoliyatini 1946-yilda boshlagan, u 1920-yilda Millatlar Ligasi qoshida tashkil etilgan Xalqaro odil sudlov doimiy palatasi (Postoyannaya palata mejdunarodnogo pravosudiya) oʻrnida tashkil topgan.
Sud BMT Ustavi tarkibiga kiruvchi Statutga hamda oʻz Reglamentiga muvofiq faoliyat yuritadi. Sud BMTning oltita asosiy organlari ichida Nyu-Yorkdan tashqarida joylashgan yagona organdir. BMTning qolgan beshta organini Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat tashkil etadi.
Sud zimmasiga ikkita funksiya yuklangan:
– davlatlar tomonidan koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan yuridik nizolarni xalqaro huquqqa muvofiq hal qilish (nizoli ishlar boʻyicha funksiya);
– ixtisoslashtirilgan muassasalar va vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan yuridik masalalar boʻyicha konsultativ xulosalar berish (konsultativ funksiya).
Mazkur ommabop risolada BMT Xalqaro sudi toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar, Xalqaro sud sudyalari, Xalqaro sudning faoliyat tartibi,
Xalqaro sudda nizoli ishlar boʻyicha sud ishini yuritish hamda Sudda konsultativ xulosalarni chiqarish taomiliga doir masalalar bayon etilgan.
I. BMT XALQARO SUDI: UMUMIY
MAʼLUMOTLAR
Nima sababdan BMT huzurida Xalqaro sud tashkil etildi?
BMT va Xalqaro sudni taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan 1945-yilgi San-Fransisko Konferensiyasi ishtirokchilari, bunga quyidagi bir qator sabablarni keltirishadi:
- Sud BMTning asosiy sud organi hamda tashkilotning barcha aʼzo davlatlari – uning Statuti ishtirokchilari boʻlishi shartligi sababli, amalda bu vaqtga qadar qariyb oʻz faoliyatini tugatgan Millatlar Ligasi bilan bogʻliq Xalqaro odil sudlov doimiy palatasiga ushbu funksiyalarni taqdim etishni nomaqbul deb topadi;
- Xalqaro odil sudlov doimiy palatasi Statuti ishtirokchilari boʻlgan bir necha davlatlar San-Fransiskoga taklif etilmagan, ayni vaqtda San-Fransisko Konferensiyasi ishtirokchilari (shu jumladan Amerika
Qoʻshma Shtatlari va Sovet Ittifoqi) mazkur doimiy palata Statutiga aʼzo boʻlmagan;
- Xalqaro odil sudlov doimiy palatasi Yevropa hukmronlik qilgan eskicha tartib bilan bogʻliqligi tufayli, yangi sudning tashkil etilishi uning aʼzolari doirasini yanada universal tusga keltirishga imkon beradi deb hisoblangan.
1978-yilda Sud muhokamalarni soddalashtirish va jadallashtirish maqsadida Reglamentni qayta koʻrib chiqib, qabul qildi.
Xalqaro sud nizolarni hal qilishning sud metodlarini qoʻllagan birinchi xalqaro sud organi boʻlib hisoblanadimi?
Yoʻq. Nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilishda tarixda birinchi xalqaro sud organi 1920-yilda Millatlar Ittifoqi qoshida tashkil etilgan Xalqaro odil sudlov doimiy palatasi (Permanent Court of International Justice-PCIJ) hisoblanadi, Xalqaro sud 1945-yilda uning huquqiy vorisiga aylangan.
Birinchi jahon urushidan keyin Millatlar Ligasi taʼsis etilganidan soʻng,
Xalqaro sud sudyalarini saylash uchun maqbul funksional mexanizm
yuzaga keldi, unga qadar bu masala yengib boʻlmas toʻsiqlarni vujudga keltirardi.
Xalqaro tribunallar Xalqaro sudga boʻysunadimi?
Yoʻq. Xalqaro sud, belgilangan vakolatlarga ega (davlatlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish va BMT organlari va ixtisoslashtirilgan muassasalar uchun konsultativ xulosalar chiqarish) sud hisoblanadi va yordamchi organlarga ega emas.
Ayni damda, 1946-yildan buyon koʻplab mintaqaviy sudlar va ixtisoslashtirilgan tribunallarning tashkil etilishi maʼlum chalkashlikka olib keldi.
Xalqaro sud jinoiy sud yurisdiksiyasiga ega emas, u jismoniy shaxslarni (masalan, harbiy jinoyatchilarni) sudga torta olmaydi. Bu vazifa milliy sud organlari, BMT tomonidan taʼsis etilgan sobiq Yugoslaviya boʻyicha xalqaro jinoyat Tribunali va Ruanda boʻyicha xalqaro jinoyat Tribunali, shuningdek Xalqaro jinoyat sudi kabi maxsus jinoyat tribunallari vakolatiga kiradi.
Xalqaro sudni shuningdek, Lyuksemburgda joylashgan faqat Yevropa Ittifoqi bilan bogʻliq masalalarni koʻruvchi Yevropa sudi, Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi (Strasburg, Fransiya) va Inson huquqlari boʻyicha Amerikalararo sudidan (San-Xose, Kosta-Rika) farqlash lozim, ular Inson huquqlari boʻyicha konvensiya normalarining buzilishi boʻyicha daʼvolarni koʻrib chiqadi. Mazkur uchta sud jismoniy shaxslardan Xalqaro sud oʻz yurituviga qabul qila olmaydigan ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
Xalqaro sud dengiz huquqi boʻyicha Xalqaro tribunal kabi ixtisoslashgan xalqaro tribunallardan ham farq qiladi.
Xalqaro sud, shuningdek, milliy sudlar qarorlari ustidan shikoyat qilish mumkin boʻlgan oliy sud hisoblanmaydi; u jismoniy shaxslar uchun oliy sud instansiyasi ham emas hamda biror xalqaro tribunal qarorini koʻrib chiqadigan apellyatsiya sudi ham hisoblanmaydi. Biroq u oʻz vakolati doirasidagi ishlar boʻyicha chiqarilgan arbitraj qarorlari qonuniyligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishga haqli.

Saylovlar Nyu-Yorkda, odatda kuzda oʻtkaziladi.
- BMT XALQARO SUDI SUDYALARI KIMLAR BOʻLISHI
MUMKIN?
Xalqaro sudning oʻn besh nafar sudyasi toʻqqiz yillik muddatga saylanadi. Ular qayta saylanishi mumkin.
Sud doimiy maʼmuriy organ – Kotibiyatga ega, u Sudga oʻz vazifalarini bajarishda koʻmaklashadi.
Sud aʼzolari kim tomonidan va qay tarzda saylanadi?
Sud BMTning asosiy sud organi
boʻlgani uchun, Sud aʼzolari saylovlarini ushbu tashkilot oʻtkazadi. Sudyalar Bosh Assambleya (Sud Statutiga aʼzo, ammo BMT aʼzosi boʻlmagan davlat – hozirgi kunda Shveysariya ham kiritiladi) va Xavfsizlik Kengashi (ularning aʼzolari saylov maqsadlari boʻyicha veto huquqiga ega emas) tomonidan saylanadi. Mazkur organlar bir vaqtda, biroq bir-biridan mustaqil ravishda ovoz berishadi.
Nomzod saylanishi uchun har ikki organda ham mutlaq koʻpchilik ovoz toʻplashi kerak. Shu munosabat bilan, koʻpincha bir necha marta ovoz berish jarayonini oʻtkazishga toʻgʻri keladi.
Sud tarkibida maʼlum uzviylikni (vorislikni) taʼminlash maqsadida bar-cha 15 nafar sudyaning vakolatlari bir vaqtning oʻzida tugamaydi. Har uch yilda bir marta, sud aʼzolari uchdan bir qismi aʼzolari saylovlari oʻtkaziladi.
BMT Xalqaro sudi sudyalari qanday talablarga javob berishi kerak?
Sud Statutida koʻzda tutilishicha, Sud fuqaroligidan qatʼi nazar, oʻz mamlakatida oliy darajadagi sud lavozimlariga tayinlash uchun belgilangan talablarga javob beradigan, yuksak axloqiy sifatlarga ega shaxslar yoki xalqaro huquq sohasida taniqli huquqshunoslar orasidan saylangan mustaqil sudyalar hayʼatidan tashkil topadi.
Amaliyotda, Sudga saylanishga qadar, uning koʻplab aʼzolari oʻz mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklarida huquqshunos, xalqaro huquq professorlari, elchilar yoki Oliy sud sudyalari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Sud tarkibini shakllantirishda geografik muvozanatga eʼtibor beriladimi?
Ha. Sud tarkibiga bir davlatning bir nafardan ortiq fuqarosi kirishi mumkin emas. Butun sud tarkibi dunyoning asosiy huquqiy tizimlari vakilligini taʼminlashi kerak.
Ushbu tamoyil dunyoning asosiy mintaqalari boʻyicha sud aʼzolarining quyidagi taqsimotida namoyon boʻladi: Afrikadan uch nafar aʼzo, Lotin Amerikasidan ikki nafar aʼzo, Osiyodan uch nafar aʼzo, Gʻarbiy Yevropa va boshqa davlatlar (Kanada, AQSH, Avstraliya va Yangi Zelandiyani oʻz ichiga olgan)dan besh nafar aʼzolar va Sharqiy Yevropa (jumladan, Rossiya)dan ikki nafar aʼzo. Ushbu taqsimot Xavfsizlik Kengashidagi oʻrinlar taqsimotiga mos keladi.
Garchi hech bir davlat avtomatik aʼzolik huquqiga ega boʻlmasa-da, Sud tarkibiga har doim Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi boʻlgan davlatlar fuqarolari saylangan. Istisno tariqasida, 1967–1984-yillar mobaynida milliy guruh Xitoy davlatidan sudyalikka nomzod koʻrsatmaganini keltirish mumkin.
BMT Xalqaro sudi Raisi va uning birinchi oʻrinbosarini tayinlash tartibi qanday?
Xalqaro sud raisi va uning birinchi oʻrinbosari har uch yilda bir marta oʻz hamkasblari tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Saylov uchun mutlaq koʻpchilik ovoz talab qilinadi, bunda ularning fuqaroligi bilan bogʻliq shartlar qoʻllanilmaydi.
Rais Sud ishini boshqaradi va Sudning maʼmuriy boshqaruvi ustidan nazoratni Maʼmuriy-budjet qoʻmitasi va boshqa turli qoʻmitalar yordamida amalga oshiradi.
Rais birinchi oʻrinbosari, agar Rais oʻz vazifalarini bajara olmaganda yoki Rais oʻrni boʻsh boʻlgan hollarda, Rais vazifasini bajarib turadi.
Sudyalar Gaagada yashashi lozimmi?
Gaagada faqat Sud raisi yashashi lozim. Sudning boshqa aʼzolaridan faqat doimiy ravishda Sud ixtiyorida boʻlish talab etiladi. Amalda Sud aʼzolarining koʻpchiligi Gaagada istiqomat qiladi.
Eng uzoq vakolat muddatiga ega boʻlgan sudya Manfred Lyaxe, (Polsha, 26 yil); eng qisqa muddatda esa Richard Bakster, (AQSH, 19 oy).
Sudyalar diplomatik immunitetidan foydalanish huquqiga egami? Sud aʼzolari sudyalik vazifalarini bajarishi davomida diplomatik
imtiyoz, immunitet va afzalliklardan foydalanadi.
Niderlandiyada Sud raisi mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan barcha elchilar, shu jumladan, diplomatik korpus duayeniga nisbatan yuqori mavqega ega. Duayen, undan keyin turadi, uning ortidan maqomi boʻyicha Sud raisi birinchi oʻrinbosari turadi, ulardan soʻng esa yuqorilik mavqei diplomatik korpus va Sud aʼzolari oʻrtasida navbati bilan almashinadi.
Ad hoc sudyalar kimlar?
Sudda koʻrilayotgan muayyan ishda taraf sifatida qatnashayotgan davlat, agar sud tarkibida uning fuqaroligiga ega sudya boʻlmasa, ushbu ish uchun Ad hoc sudyani tanlab olishi mumkin, garchi bu talab qilinmasa ham. Ad hoc sudya uni tayinlagan davlat fuqarosi boʻlishi shart emas (va koʻpincha bunday boʻlmaydi ham).
Ad hoc sudya oʻz vazifasiga kirishishida Sudning boshqa aʼzolari kabi tantanali bayonot qiladi, hamkasblari bilan teng ravishda qaror qabul qilish, ovoz berish huquqiga ega. Shuningdek ishlagan har bir kuni uchun Suddan munosib haq oladi. Sud aʼzolari singari, Ad hoc sudya ham Sudning ixtiyorida boʻlishi va u ishtirok etayotgan ishning sud majlislarida hozir boʻlishi kerak.
Ad hoc sudyasi funksiyalari nimadan iborat?
Ad hoc sudyalari instituti, Sudning faoliyat yuritishini tartibga soladigan asosiy tamoyillardan birini, yaʼni taraflarning qatʼiy tengligi tamoyilini aks ettiradi.
Sudda koʻrilayotgan ishda taraf sifatida ishtirok etayotgan davlat fuqaroligiga ega boʻlgan Sud aʼzosi, ish boʻyicha muhokamada ishtirok etish huquqini saqlab qolar ekan, ishda ikkinchi taraf sifatida ishtirok etayotgan davlat uchun (agar Sud tarkibida uning davlatidan aʼzo boʻlmasa), u yoki bu shaxsni ad hoc sudyasi sifatida tanlash imkonining berilishi unga nisbatan adolatli munosabatda boʻlish maqsadini koʻzlaydi.
III. BMT XALQARO SUDINING FAOLIYAT TARTIBI
Sud bir yilda necha marta yigʻiladi?
Sud majlislari doimiy. Biroq, odatda u yozda maʼlum muddatga va yilning oxirida tanaffus qiladi.
Ochiq sud majlislaridan tashqari, Sud aʼzolari turli xil ichki yigʻilishlarda: muhokamalar, qarorlar loyihalarini oʻqishga bagʻishlangan majlislar, maʼmuriy yigʻilishlar va qoʻmita majlislarida ishtirok etadilar.

Turli ishlarni koʻrishda Sud tarkibi oʻzgarishi mumkinmi?
Ha. Avvalo, sudya, agar ilgari mazkur ishda boshqa har qanday maqomda ishtirok etgan boʻlsa (masalan, ishonchli vakil sifatida), keyinchalik sudya sifatida ishni koʻrishda qatnasha olmaydi.

Bundan tashqari, agar Sud aʼzosi biron-bir sababga koʻra (masalan, qarindoshlik munosabati bilan) ishni koʻrib chiqishda ishtirok eta olmaslik boʻyicha xulosaga kelsa, bu haqda Raisga xabar berishi kerak. Sudda sudya oʻrinbosari lavozimi yoʻqligi tufayli, sud majlisida qatnashmagan sudya oʻrniga boshqa sudya ishtirok eta olmaydi. Bundan kelib chiqadiki, ayrim hollarda ish boʻyicha sudyalar soni 15 nafardan kam boʻlishi ham mumkin. Va aksincha, ad hoc sudyalari tayinlangan taqdirda, sudyalar soni 15 nafardan ortiq boʻlishi mumkin.
Biroq sud ishini yuritishning muayyan bosqichi uchun (masalan, dastlabki eʼtirozlar yoki ishni mazmunan koʻrish) Sud tarkibi belgilanib boʻlganidan va mazkur bosqich doirasida sud eshituvlari oʻtkazilganidan soʻng, Sud tarkibi ushbu bosqichga oid qaror qabul qilinguniga qadar oʻzgarmaydi. Isteʼfoga chiqqan yoki vafot etgan sudyaning ham bu bosqichda oʻrni oʻzgartirilmaydi. Umuman olganda, kasal boʻlib qolgan sudya, agar muhokamaning muhim jihatini oʻtkazib yubormagan boʻlsa, ishning mazkur bosqichida oʻz ishtirokini qayta yangilaydi. Agar saylov ishni koʻrib chiqishning u yoki bu bosqichida eshituvlar ochilganidan soʻng oʻtkaziladigan boʻlsa, vakolat muddati tugagan aʼzolar, ish boʻyicha qaror qabul qilinmagunga qadar ishni koʻrib chiqishda ishtirok etadilar.

1995-yilda Rozalin Xiggins (Birlashgan Qirollik) Sud aʼzosi sifatida saylangan ilk ayol sudyaga aylandi.

Rais muayyan ishni koʻrib chiqishda oʻz vazifalarini bajarishdan bosh tortishi mumkinmi?
Sud Reglamentida koʻzda tutilishicha, agar Sud raisi maʼlum bir ishda ishtirok etuvchi taraf – davlatning fuqarosi boʻlsa, u Rais vazifalarini Birinchi oʻrinbosarga oʻtkazadi, yaʼni ularni bajarishdan voz kechishi shart.
Bundan tashqari, boshqa har qanday sudya singari, Rais alohida sabablarga koʻra ishda ishtirok etishdan ozod etishni soʻrab murojaat etishi mumkin. Har qanday gumon yoki ziddiyat Sud ajrimi bilan hal qilinadi.
Sud ekspertlarni tayinlashi mumkinmi?
Sud tergovni oʻtkazish yoki ekspert xulosasini berish vazifasini oʻzi istagan shaxsga yoki organga topshirishi mumkin. U shuningdek, nizo sodir boʻlayotgan joyga tashrif buyurishi mumkin.
Sud qaysi huquq manbalarini qoʻllaydi?
Sud tomonidan qoʻllaniladigan huquq manbalari Statutning
38-moddasida belgilangan:
- xalqaro konvensiya va shartnomalar;
- xalqaro odat;
- rivojlangan millatlar tan olgan huquqning umumiy tamoyillari;
- sud qarorlari va ommaviy huquq boʻyicha malakali mutaxassislar doktrinalari.
Bundan tashqari, agar taraflar kelishuvga erishsa, Sud ishni yex aequo et bono asosida, yaʼni amaldagi xalqaro huquq normalari bilan cheklanmasdan hal qilishi mumkin.
IV. NIZOLI ISHLAR BOʻYICHA SUD ISHINI
YURITISH

Nizoli ishlarni koʻrish tartibi Xalqaro sudda davlatlar tomonidan koʻrib chiqish uchun taqdim qilingan yuridik nizolarni koʻrib chiqishdan iborat.
Kimlar Sudga ishni koʻrish uchun taqdim etishi mumkin?
BMT Xalqaro sudi Statutining 34-moddasiga muvofiq, faqat davlatlar Sud tomonidan koʻriladigan nizoli ishlarda taraf sifatida ishtirok etishi mumkin, shuningdek, faqat davlatlargina ishni Sudga taqdim etishi mumkin.
Shuning uchun Sud davlat va xalqaro tashkilot oʻrtasidagi yoki ikki xalqaro tashkilot oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqishi hamda qanchalik asosli yoki tashvishli boʻlishidan qatʼi nazar, xususiy subyektlar (masalan, korporatsiyalar yoki nohukumat tashkilotlar) yoki jismoniy shaxslarning Kotibiyatga kelib tushadigan koʻplab yozma va ogʻzaki arizalarini koʻrib chiqmaydi.

Qanday davlatlar Sudga murojaat qilishi mumkin?
- BMT Ustavini ratifikatsiya qilgan hamda Ustavning ajralmas qismi hisoblangan Xalqaro sud Statuti ishtirokchisiga aylangan va unda belgilangan majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzo davlatlari;
- BMTga aʼzo boʻlmasa ham Sud Statuti ishtirokchisiga aylangan davlatlar (Shveysariya);
- BMT yoki Xalqaro sud Statuti ishtirokchisi boʻlmagan, biroq
Kotibiyatga Xavfsizlik Kengashi tomonidan joriy etilgan talablarga javob beradigan murojaatni taqdim etgan va shu orqali Sudning yurisdiksiyasini tan olgan va Sud qarorlarini vijdonan bajarish majburiyatini zimmasiga olgan har qanday davlat (bir qator davlatlar
BMT aʼzosiga aylanguniga qadar shu maqomda boʻlgan).
Davlatlar Sudning yurisdiksiyasini tan olishi shartmi?
Maxsus bitim, yuridik qoʻshimcha izoh (ogovorka) yoki bir tomonlama arizalar nima?
Fakultativ qoʻshimcha izoh (ogovorkalar) tizimi qay tartibda ishlaydi?
BMT Xalqaro sudi nizoli ishni davlatlar Sud oldida muhokama tarafi boʻlishga rozilik bildirgan taqdirdagina koʻrib chiqishi mumkin (taraflarning roziligi prinsipi). Bu xalqaro nizolarni hal qilishni tartibga soluvchi eng asosiy tamoyildir, chunki davlatlar suveren boʻlib, ular nizolarni hal qilish vositalarini tanlash erkinligiga ega.
Davlat oʻz roziligini quyidagi uch xil usulda ifodalashi mumkin:
- Maxsus bitim: muayyan nizo boʻyicha ikki yoki undan ortiq davlatlar, yaʼni ishdagi taraflar u yoki bu masala yuzasidan maxsus bitim tuzishi va birgalikda Sudga taqdim etishi haqida kelishuvga erishishi mumkin;
- Shartnomadagi modda: bir nechta shartnomalarda, ishtirok etuvchi davlatlar oʻrtasida kelgusida shartnomani talqin qilish yoki qoʻllash
masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda, oldindan Sudning yurisdiksiyasini tan olishi majburiyatini belgilovchi moddalar orqali (yurisdiksiya moddalari hisoblanadi);
- Bir tomonlama ariza: Sud Statutiga ishtirokchi – davlatlar Sud yurisdiksiyasini, xuddi shunday majburiyatni oʻz zimmasiga olgan boshqa har qanday davlat uchun majburiy ekanligini tan olishi xususida bir tomonlama ariza bilan chiqishi mumkin. Ushbu oʻziga xos “fakultativ ogovorka” tizimi tufayli, oʻzaro kelishuvga koʻra, Sudni taraflar oʻrtasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal qilish
yurisdiksiyasi bilan taʼminlagan davlatlar guruhi shakllandi. Ushbu
guruhga tegishli har bir davlat boshqa shu kabi davlatga nisbatan Sudda ishni qoʻzgʻatish huquqiga ega. Arizalar vaqt boʻyicha cheklanishi hamda ogovorkaga ega boʻlishi yoki ayrim toifadagi nizolarni istisno etishi mumkin. Ular saqlash uchun BMT Bosh kotibiga topshiriladi.
Agar davlat unga qarshi Sudga ariza berilgan paytda sud
yurisdiksiyasini tan olmagan boʻlsa, bu davlat mazkur ishga nisbatangina Sudning yurisdiksiyasini tan olishi mumkinki, oqibatda Sud bu ishni koʻrishi mumkin boʻladi. Shu tarzda tan olingan kunidan boshlab Sud forum prorogatum qoidasi asosida yurisdiksiyaga ega boʻladi.
Sudning majburiy yurisdiksiyasini tan oluvchi davlatlar (maxsus
shartlar bilan yoki shartlarsiz)1
(2018-yil dekabr holatiga)
Avstraliya
Avstriya
Barbados
Belgiya
Botsvana
Bolgariya
Kambodja
Gretsiya
Gvineya Bisau
Gvineya, Gaiti
Respublikasi
Gonduras
Vengriya
Indiya
Norvegiya
Pokiston
Panama
Paragvay
Peru
Filippin
Polsha
- The international court of justice: Handbook. Triangle Bleu, 59600 Maubeuge, France.
Kamerun
Kanada
Kosta Rika
Kot-dʼIvuar
Kipr
Kongo Demokratik
Respublikasi
Daniya
Djibuti
Dominika, Dominika
Respublikasi
Hamdoʻstligi
Misr
Ekvatorial Gvineya
Estoniya
Finlandiya
Gambiya
Gruziya
Germaniya
Irlandiya
Italiya
Yaponiya
Keniya
Lesoto
Liberiya
Lixtenshteyn
Litva
Lyuksemburg
Madagaskar
Malavi
Malta
Marshall orollari
Mavrikiy
Meksika
Niderlandiya
Yangi Zelandiya
Nikaragua
Nigeriya
Portugaliya
Ruminiya
Senegal
Slovakiya
Somali
Ispaniya
Sudan
Surinam
Svazilend
Shvetsiya
Shveysariya
Sharqiy Timor
Togo
Uganda
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Urugvay
Nima uchun, Sud yurisdiksiyasini tan olgan ayrim davlatlar, Sudga chaqirilganda, bunga qarshi bahslashishadi?
Boshqa davlat tomonidan Sud huzuriga chaqirilgan davlat, garchi Sud yurisdiksiyasini tan olsa-da, ayni paytda yurisdiksiya qoʻllanishi mumkin emas, deb hisoblashi mumkin. Shuningdek, Sudga chaqirgan taraf bilan oʻrtasida nizoning mavjud emasligi yoki uning huquqiy tusga ega emasligi yoxud mazkur davlatning Sud yurisdiksiyasini tan olish boʻyicha roziligi koʻrib chiqilayotgan nizoga nisbatan qoʻllanilmasligini bildirishi mumkin.
Agar taraflardan biri Sudning nizo boʻyicha yurisdiksiyasiga yoki uning ish yurituviga qabul qilish uchun maqbulligi yuzasidan eʼtiroz bildirsa, Sud bu masalani dastlabki qarorda hal etadi.

Xalqaro sudda muhokamani qoʻzgʻatish tartibi qanday?
Maxsus bitim bilan daʼvo arizasi oʻrtasidagi farq nimadan iborat?
Muhokama quyidagi ikki usuldan biri orqali qoʻzgʻatiladi:
- Maxsus kelishuv haqida xabar berish orqali: maxsus kelishuv oʻz xarakteriga koʻra ikki tomonlama hisoblanadi, u nizoni Sudda koʻrib chiqish uchun birgalikda taqdim etish istagida boʻlgan davlatlar tomonidan tuziladi va Sudda koʻrish uchun taqdim etiladigan savollar matnidan iborat boʻladi; ushbu davlatlardan biri ham kelishuv haqida Kotibiyatni xabardor etib, muhokamani qoʻzgʻatishi mumkin;
- Daʼvo ariza berish orqali: daʼvoni qoʻzgʻatish oʻz tabiatiga koʻra bir tomonlama hisoblanadi; u maʼlum bir shartnomadagi yurisdiksiyaviy modda yoki “fakultativ ogovorka” tizimi doirasida ariza asosida bir davlat tomonidan boshqa davlatga qarshi taqdim etiladi.
Tegishli davlatning tashqi ishlar vaziri yoki uning Gaagadagi elchisi maktubi bilan birga yetkaziladigan hujjatlarda, nizoning aniq predmeti va taraflarning nomlari aniq koʻrsatilishi kerak.
Ariza maxsus kelishuvga nisbatan batafsilroq boʻlishi kerak: yuqorida koʻrsatilgan elementlarga qoʻshimcha ravishda, ariza beruvchi davlat, uning fikricha, Sudning yurisdiksiyasi mavjudligidan koʻrsatuvchi asoslarni koʻrsatishi kerak. Shuningdek, unda daʼvoning aniq xususiyati
hamda mazkur daʼvo negizida yotgan holatlar va asoslar qisqacha bayon etilishi lozim.
Kotib maxsus kelishuv yoki ariza darhol boshqa tarafga va sudyalarga, shuningdek BMT Bosh kotibiga va Sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan barcha aʼzo davlatlarga joʻnatadi. U ishni Sudning umumiy roʻyxatiga kiritadi hamda matbuotni bundan xabardor qiladi.
BMT Xalqaro sudida daʼvogar va javobgar kimlar boʻladi?
Daʼvo arizasini taqdim etgan davlat – daʼvogar, daʼvo bildirilgan boshqa davlat esa – javobgar deb ataladi. Daʼvo ishining rasmiy nomida taraflarning nomlari “qarshi” soʻzi bilan ajratib qoʻyiladi (masalan, Kamerun Nigeriyaga qarshi (Cameroon v. Nigeria).
Maxsus bitim mavjudligida, “daʼvogar” ham, “javobgar” ham boʻlmaydi. Shuning uchun taraflarning nomlari kasr belgisi bilan ajratiladi (masalan, Indoneziya / Malayziya).
Taraflarga kim vakillik qiladi?
Davlatlar Sud huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan doimiy vakillarga ega emas. Ish Sudga koʻrish uchun oʻtkazilganda, ular nomidan vakillar sudda qatnashadi.
Hukumat vakili Niderlandiyadagi elchi yoki tashqi ishlar vazirligining huquqshunosi boʻlishi mumkin. Vakil, Sud Kotibidan ishga doir xabarni oladi va unga oʻz hujjatlarini yuboradi. Ochiq eshituvlarda u dalillar keltiradi va bu boʻyicha taqdimotlar qiladi. U hukumati nomidan ishtirok etadi hamda uning nomidan oʻz zimmasiga majburiyatlarni olishi mumkin.
Baʼzida vakilga qoʻshimcha vakil va vakilning oʻrinbosari koʻmaklashadi, unga nizo boʻyicha hujjatlarni tayyorlash va ogʻzaki vajlarni taqdim etishda doimo ishonchli vakillari yoki advokatlar yordam beradi. Vakillar, ishonchli vakillar va advokatlar oʻz vazifalarini mustaqil bajarishi uchun zarur imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi.
Sudda kimlar nutq bilan ishtirok etadi?
Xalqaro sudda advokatlar hayʼati mavjud boʻlmaganligi sababli, Sudda qatnashish uchun ishonchli vakillar yoki advokatlarga nisbatan talablar mavjud emas, birgina talab shundaki, ular ishtirokchi davlat tomonidan ishda qatnashish uchun tayinlanishi kerak.
Ishonchli vakillar qaysi davlat manfaatida ish yuritayotgan boʻlsa, shu davlatning fuqaroligiga ega boʻlishi talab etilmaydi (koʻpincha ega boʻlmaydi ham). Odatda nizolashayotgan davlatlar ularni eng malakali yuristlar, xalqaro huquq professorlari va huquqshunoslar orasidan qidirishadi.
BMT Xalqaro sudida muhokamalar ochiq boʻladimi?
Ha, agar taraflar muhokamaning yopiq oʻtkazilishini talab qilmasa yoki bu toʻgʻrisida Sud tegishli qaror qabul qilmagan taqdirda. Sud muhokamasi Tinchlik Saroyining Odil sudlov katta zalida matbuot va diplomatik korpus vakillari, yuristlar va Sud faoliyatiga qiziquvchi boshqa shaxslar ishtirokida oʻtkaziladi. Saroyga kirish uchun ruxsatnomani majlislar kuni shaxsiy guvohnoma taqdim etilgan taqdirda Saroy darvozalari oldida olish mumkin.
Sudyalar oq jaboli qora mantiyada boʻlishadi. Kotib esa sudyalar bilan birga oʻtirgan holda oq tekis yoqali qora mantiya kiyimida boʻladi. Taraflar vakillari oʻz mamlakatlari odatlariga koʻra kiyingan holda sudyalar roʻparasida oʻtirishadi.
Daʼvo arizasi asosida yigʻilgan sud muhokamasida daʼvogar davlat Raisining chap tomonida, javobgar davlat esa oʻng tomonida joylashadi. Maxsus kelishuv asosida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, tomonlar chap tomondan alfavit tartibida joylashtiriladi.
Sudda nutq qiluvchilar ingliz yoki fransuz tilida gapirishlari mumkin, ayni paytda sinxron tarjima taʼminlangan holda.
Odatda, muhokamalar ikki haftadan olti haftagacha davom etadi.

Sud yakuniy qaror qabul qilishi uchun qancha vaqt kerak boʻladi?
Qoida tariqasida, yakuniy qaror ishning murakkabligiga yoki boshqa kechiktirib boʻlmaydigan sud ishining mavjudligiga qarab, sud muhokamasi tugaganidan keyin uch-olti oydan soʻng chiqariladi.
Qaror, Tinchlik Saroyining Odil sudlov katta zalida Sudning barcha aʼzolari hozirligida ochiq majlisda Rais tomonidan (yoki Rais birinchi oʻrinbosari Rais vazifasini bajarayotganida) eʼlon qilinadi.
Qaror qanday koʻrinishga ega?
Qaror ikki tilda – fransuz va ingliz tillarida qarama-qarshi betlarda 50 betdan iborat holda chiqariladi.
Har bir qaror Sud raisi (yoki Rais birinchi oʻrinbosari, Rais vazifasini bajarayotganida) va Kotib tomonidan imzolanadi va Sud muhri bilan tasdiqlanadi.
Qaror eʼlon qilingan ochiq majlisda taraflar vakillariga matn nusxalari taqdim etiladi. Uchinchi nusxa Sudning arxivida saqlanadi.
Matn uchta asosiy qismdan iborat:
- Kirish: unda sudyalar va taraflar vakillarining ism-shariflari, muhokamaning qisqacha sharhi va taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar koʻrsatiladi;
- Sud qarori asoslari: unda ish uchun ahamiyatga ega faktlar umumlashtiriladi va sud qarori negizida yotgan sabablar bayon etiladi;
- Qaror qismi bandi: unda Sud haqiqatda qabul qilgan qaror bayon etiladi va sudyalar qanday ovoz bergani koʻrsatib oʻtiladi. Mazkur band bir necha kichik bandlarga ajratilishi mumkin.
Xalqaro sud qarori majburiy kuchga egami?
Sudning qarori tegishli taraflar uchun majburiydir. Ushbu tamoyil barcha qarorlarga, Sud toʻliq tarkibda yoki kamera tomonidan chiqarilgan boʻlishidan qatʼi nazar qoʻllaniladi.
BirlashganMillatlarTashkilotiUstavining94-moddasida
“Tashkilotning har bir aʼzosi oʻzi taraf boʻlgan ish boʻyicha Sud qarorini bajarishga majbur”ligi koʻzda tutiladi.
Qaror ustidan shikoyat qilish mumkinmi?
Yoʻq. Barcha qarorlar yakuniy va shikoyatga oʻrin qoldirmaydi. Agar taraflardan biri uning mazmuni yoki hajmi boʻyicha bahslashsa, unda mavjud yagona imkoniyat, qarorni sharhlab berish yoki oʻzgartirishni soʻrab murojaat etishdan iborat.
Biroq, ikkinchi holatda, masala Sud yoki qarorni qayta koʻrib chiqishni soʻragan tarafga ilgari maʼlum boʻlmagan hamda, ishning natijasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatuvchi holatlarga daxldor boʻlishi kerak.
Sud qarori ijro qilinmasa, nima boʻladi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 94-moddasiga binoan,
Tashkilot aʼzosi boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, har qanday davlat, boshqa taraf Sudning qarorini ijro qilmagan deb hisoblasa, ushbu masalani Xavfsizlik Kengashi eʼtiboriga havola etishi mumkin. Agar Kengash zarur deb hisoblasa, tavsiya qabul qilishi yoki Sud qarorining ijro qilinishi uchun choralar koʻrish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Gʻolib chiqqan taraf tovon pulini talab qila oladimi?
Ha. Natijada, nizoni koʻrib chiqishning qoʻshimcha bosqichi yuzaga kelishi mumkin, u, mazmunan koʻrib chiqish ish yurituvi singari yozma va ogʻzaki sud ishi yurituvidan iborat boʻladi.
Nizoli ishlarni koʻrish har doim qaror chiqarish bilan yakun topadimi?
Yoʻq. Baʼzida muhokama davomida taraflar kelishuvni hal qilish bitimiga erishadilar. Bu hol, shuningdek, ariza beruvchi davlat Sudda daʼvo arizasidan voz kechganda yoki har ikki taraf daʼvo arizasini qaytarib olish toʻgʻrisida kelishib olishganda ham yuzaga kelishi mumkin.
Har ikkala holatda ham Sud yoki uning Raisi ishni Sud roʻyxatidan chiqarib tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Sudning majburiy yurisdiksiyasini qabul qilgan davlatlar va
Sud Statutiga aʼzo davlatlar sonining tarixiy oʻsishi
Majburiy | Statutga aʼzo | |
yurisdiksiyani | davlatlar | |
qabul qilgan | ||
davlatlar | ||
1925 (PCIJ) | 23 | 36 |
1930 | 29 | 42 |
1935 | 42 | 49 |
1940 | 32 | 50 |
1945 (ICJ) | 23 | 51 |
1950 | 35 | 61 |
1955 | 32 | 64 |
1960 | 39 | 85 |
1965 | 40 | 118 |
1970 | 46 | 129 |
1975 | 45 | 147 |
1980 | 47 | 157 |
1985 | 46 | 162 |
1990 | 53 | 162 |
1995 | 59 | 187 |
2000 | 63 | 189 |
2005 | 65 | 191 |
2010 | 66 | 192 |
2013 | 70 | 193 |
2018 | 73 | 193 |
V. BMT XALQARO SUDIDA KONSULTATIV XULOSALARNI CHIQARISH TAOMILI
Konsultativ xulosalar olish imkoniyatidan ayrim ommaviy xalqaro tashkilotlar (ayniqsa, BMTning organlari va ixtisoslashgan muassasalari) foydalanishi mumkin. Ular Suddan u yoki bu yuridik masalalar boʻyicha konsultativ xulosalar berishni soʻrab murojaat qilishlari mumkin.
BMTning qaysi organlari va ixtisoslashgan muassasalari Sudga konsultativ xulosa berishni soʻrab murojaat qilishi mumkin?
BMTning beshta organi va 16 ta ixtisoslashgan muassasalari Suddan konsultativ xulosalar berishni soʻrash huquqiga ega.
BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi, ilgari Millatlar Ligasi Statutida Assambleya va Liga Kengashining Xalqaro odil sudlov doimiy Palatasiga nisbatan berilgan huquqlarini BMT Xalqaro Sudiga oid masalalarda meros qilib olgan. Qolaversa, BMTning uchta boshqa organi, jumladan, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash Bosh Assambleya qarori bilan konsultativ xulosa olish huquqiga ega.
Oʻn oltita ixtisoslashgan muassasa ham Bosh Assambleya ruxsati bilan ularning BMT bilan munosabatlarini tartibga soluvchi kelishuvlarga muvofiq konsultativ xulosalar olish huquqiga ega.
Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi “har qanday yuridik masalada”; konsultativ xulosalar olish imkoniga ega boʻlsalar, BMTning boshqa organlari va ixtisoslashgan muassasalari – faqat “faoliyati doirasida yuzaga keladigan yuridik masalalar boʻyicha” olishlari mumkin.
Istisno holatlarda davlat konsultativ xulosa soʻrab murojaat qilishi mumkinmi?
Yoʻq. Konsultativ xulosa soʻrab murojaat qilish huquqi har doim xalqaro tashkilot tomonidan berilishi kerak, hatto baʼzan soʻrov ushbu tashkilotga aʼzo davlat yoki davlatlar guruhining tashabbusi bilan yuborilgan boʻlsa ham.
Konsultativ xulosalar berish protsedurasi nizoli ishlarni koʻrish jarayonidan sezilarli farq qiladimi?
Konsultativ xulosalar berish protsedurasi Sudning konsultativ funksiyalari obyekti va oʻziga xos xarakteri bilan bogʻliq alohida farq qiluvchi xususiyatlarga ega, biroq bu protsedura Sudning nizoli ishlarni koʻrishda qoʻllaniluvchi qoidalariga asoslanadi.
Konsultativ xulosa berish boʻyicha soʻrov olgandan soʻng Sud mazkur ishga aloqador maʼlumot taqdim etishi mumkin boʻlgan davlatlar va tashkilotlar roʻyxatini tuzadi. Ammo ushbu roʻyxatga kiritilgan davlatlarga, nizoli ishlardagi taraflar singari, bir xil holatda qarab boʻlmaydi va Sudning konsultativ xulosa chiqarish jarayonida ularning ishtiroki majburiy hisoblanmaydi.
Ushbu protsedura davlatlar oʻrtasida nizoli ishlarni koʻrish jarayoniga qaraganda tez amalga oshiriladi. Yozma murojaat BMTning tegishli organi yoki ixtisoslashgan muassasasi, shuningdek shu istakda boʻlgan har qanday davlatlar tomonidan taqdim etiladi. Murojaat etganda har bir tarafning arizaga nisbatan sharhini ilova qilishi taklif qilinadi. Shundan soʻng ochiq eshituvlar oʻtkaziladi.

Maslahatlar oʻtkazilmagan tashkilot yoki davlat, konsultatsiya oʻtkazishni soʻrab, murojaat eta oladimi?
Nodavlat tashkilotlarga nisbatan bu borada qanday huquqlar berilgan?
Maslahatlar oʻtkazilmagan tashkilot yoki davlat, ularni oʻtkazish yuzasidan iltimos bilan murojaat etishi mumkin va Sud bu soʻrov yuzasidan qaror chiqaradi. Nodavlat tashkilotlarga oʻz fikrlarini bildirish uchun ruxsat kamdan kam hollarda berilgan.
Amicus curiae yozma qaydlari (yaʼni ishda ishtirok etmayotgan, lekin Sud eʼtiborini chetda qolib ketayotgan jihatlarga qaratishni xohlayotgan shaxs yoki muassasa tomonidan taqdim etilgan qaydlar) qabul qilinmaydi.
KONSULTATIV XULOSALAR SOʻRAB MUROJAAT QILISH HUQUQIGA EGA TASHKILOTLAR
BMT organlari
Bosh Assambleya
Xavfsizlik Kengashi
Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash
Vasiylik Kengashi
Bosh Assambleya sessiyalararo qoʻmitasi
BMT TIZIMIDAGI IXTISOSLASHGAN MUASSASALAR
Xalqaro mehnat tashkiloti
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi tashkiloti
BMTning Taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi tashkiloti (YUNESKO)
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti
Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki
Xalqaro moliya korporatsiyasi
Rivojlanish xalqaro assotsiatsiyasi
Xalqaro valyuta fondi
Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)
Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi
Jahon meteorologiya tashkiloti
Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO)
Butunjahon intellektual mulk tashkiloti
Xalqaro qishloqxoʻjaligini rivojlantirish fondi
Sanoat rivojlanishi boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YUNIDO)
Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligi (MAGATE)
Sud konsultativ xulosa chiqarishni rad etishi mumkinmi?
Ha. Konsultativ xulosa soʻrab berilgan ariza Sudning yuridik tabiati (xarakteri)ga yoki faoliyatidagi asosiy meʼyorlarga zid boʻlsa yoki ariza uni yuborgan organ vakolat doirasiga kirmasa, Sud maslahat xulosasini berishdan bosh tortishi mumkin.
Konsultativ xulosa qanday koʻrinishga ega?
Konsultativ xulosa ham xuddi nizoli sud muhokamalari kabi yopiq sud muhokamalarida yoziladi. U uch qismdan iborat boʻladi, yaʼni muhokamaning qisqacha sharhi, Sud argumentlari va qaror chiqaruvchi qism bandi.
Oʻrtacha olganda, ular hajman biroz qisqaroq boʻladi (har bir tilda taxminan 30 bet). Xulosaga arizalar, alohida yoki maxsus fikrlar ilova qilinishi mumkin. Konsultativ xulosa Tinchlik Saroyining Odil sudlov katta zalida boʻlib oʻtadigan ochiq majlisda eʼlon qilinadi.
Har bir xulosaning imzolangan va muhrlangan bir nusxasi Sud arxivida saqlanadi, ikkinchisi esa BMT Bosh kotibiga yuboriladi; agar soʻrov boshqa organlardan kelgan boʻlsa, uchinchi imzolangan va muhrlangan nusxasi uning direktori yoki bosh kotibiga yuboriladi.
Konsultativ xulosa majburiy kuchga egami?
Qarorlardan farqli oʻlaroq, Sudning maslahat xulosasi majburiy kuchga ega emas. Xulosa soʻrab murojaat qilgan organ yoki BMT ixtisoslashgan muassasasi xulosadagi qoidalarni ijro etishda yoki ijro etmaslikda erkindirlar.
Baʼzi hollarda maslahat xulosasi majburiy kuchga egaligi koʻzda tutiladi (masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Imtiyoz va
immunitetlar toʻgʻrisidagi konvensiyasiga yoki BMT bilan Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida imzolangan BMT Markaziy muassasalari toʻgʻrisidagi kelishuvga taalluqli xulosalar).
Shuni taʼkidlash kerakki, Sudning xulosalari ortida, avvalo, uning obroʻsi turadi. Sudning konsultativ xulosalarining xalqaro tashkilotlar va davlatlar tomonidan eʼtiborga olinishi holati, amaliyotda xalqaro huquq taraqiyotiga hissa qoʻshadi.
Garchi konsultativ xulosalar majburiy kuchga ega boʻlmasa-da, ular xalqaro huquqning rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- Charter of the United Nations, Statute and Rules of Court and other documents. Acts and documents concerning the organization of the Court. International court of justice. No. 6. – 2007.
- The international court of justice: Handbook. Triangle Bleu, 59600 Maubeuge, France.
- The Permanent Court of International Justice. PCIJ-ICJ 1922-
2012.
- Mejdunarodnыy sud. Glavnыy sudebnыy organ OON: voprosы i otvetы. Departamentom obщestvennoy informatsii OON, 2001.
- Mejdunarodnыy Sud OON. Departament informatsii. ICJ-CIJ –
2020.
MIRUKTAMOVA FERUZA LUTFULLAYEVNA
BMT XALQARO SUDI
HAQIDA NIMALARNI
BILASIZ?
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 61-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
32