KIRISH

Intellektual mulk sohasi iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda intellektual mulk sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xalqaro standartlarning bajarilishini ta’minlash va huquqni qo‘llash bo‘yicha yagona amaliyotni ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi intellektual mulkni muhofaza qilish va himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organiga aylandi.

Ikkinchidan, intellektual mulk sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilmoqda. Xususan, “Patent platformasi” samarali qo‘llanilmoqda, intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasini olish uchun arizalarni onlayn yuborish va qabul qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, intellektual mulk huquqlari himoya qilish ishlari jadallashdi. Jumladan, huquqbuzarlik holatlarini aniqlash maqsadida “Kontrafaktsiz oy” oyliklari o‘tkazila boshlandi. Mualliflar va huquq egalarining manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish salmog‘i oshdi.

To‘rtinchidan, qonunchilik takomillashtirilmoqda. Kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq intelektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi, mualliflik huquqini huquqiy himoya qilish muddati uzaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasida 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasining joriy yilda qabul qilinishi muhim voqea bo‘ldi. Ushbu strategiya yaqin yillarda sohani rivojlantirish yo‘nalishlarini tanlashni nazarda tutadi.

Intellektual mulkni himoya qilish nima beradi?

Avvalambor, globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida intellektual mulk alohida ahamiyatga ega. Kelajakda intellektual mulk huquqlari yanada muhimroq bo‘ladi. Koronavirus pandemiyasi buning tasdig‘i bo‘ldi. Aynan intellektual mulk obyekti bo‘lgan vaksina jahon hamjamiyatining muhim ehtiyojlaridan biriga aylandi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tomonidan boshqariladigan xalqaro hujjatlarda intellektual mulkka asoslangan innovatsiyalarni hamda ijodkorlikni rag‘batlantirish va himoya qilish muhimligi ta’kidlangan.

4

Intellektual mulkni himoya qilish umuman iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro savdoga bog‘liq bo‘lgan deyarli har bir mamlakat o‘zining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish uchun keskin choralar ko‘rmoqda. Intellektual mulkni himoya qilish innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun juda muhimdir. Ijodiy ishlarni himoya qilmasdan, yirik kompaniyalar va tadbirkorlar o‘zlarining ixtirolari, brendlaridan to‘liq foydalana olmaydilar, buning natijasida tadqiqot va ishlanmalarga kamroq e’tibor beriladi.

Amaldagi Konstitutsiyaning 42-moddasi ilmiy-texnikaviy ijod erkinligini, madaniy yutuqlardan foydalanish huquqini, shuningdek, jamiyatning madaniy, ilmiy-texnikaviy taraqqiyoti uchun g‘amxo‘rlik qilishni kafolatlaydi.

Intellektual mulk huquqining tan olinishi ilmiy va ijodiy faoliyatni rag‘batlantirish uchun huquqiy asos bo‘ladi. Davlat nafaqat intellektual mulk huquqi egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini tan oladi, balki himoya qiladi.

O‘z navbatida, intelektual mulk huquqlarining konstitutsiyaviy kafolati adabiyot va san’at taraqqiyotining poydevori hisoblanadi, chunki bu soha vakillarining huquqlari davlatning asosiy Qonuni darajasida himoya qilinadi. Bundan tashqari, u jamiyatning ma’naviy va madaniy hayotini rivojlantirish uchun qulay muhit yaratadi. Binobarin, intellektual mulk sohasini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash iqtisodiyot va madaniy sohalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

5

  1. INTЕLLЕKTUAL MULK OBYЕKTLARI VA SUBYЕKTLARI TUSHUNCHASI

Intellektual mulk deganda nima tushuniladi?

Intellektual mulk deganda insonning ijodiy faoliyati natijalariga bo‘lgan huquqi tushuniladi. Rassomning o‘zi chizgan suratiga, adibning o‘zi yozgan kitobiga, ixtirochining o‘zi yaratgan yangi qurilmasiga bo‘lgan huquqi intellektual mulk hisoblanadi.

Intellektual mulk obyektlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1031-moddasida nazarda tutilgan. Ular jumlasiga: intellektual faoliyat natijalari, fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar kiradi.

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar ham intellektual mulk hisoblanishi mumkin.

Intellektual faoliyat natijalariga nimalar kiradi?

Intellektual faoliyat natijalari quyidagilar:

– fan, adabiyot va san’at asarlari (darslik, badiiy asar, roman yoki hikoya, rasm, qo‘shiq);

– ijrolar (biron-bir asar, xususan, fonogramma, she’r, qo‘shiq va boshqalarning o‘yin, ifodali o‘qish, kuylash, raqsga tushish orqali jonli ijro yoki texnika vositalari yordamida taqdim etilishi);

– fonogrammalar (qo‘shiq yoki musiqali asar ijrosining ovozli yozuvi);

– efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;

– elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari (kompyuter dasturlari, mobil ilovalar);

– ixtirolar va foydali modellar (har qanday sohada mahsulotga yoki usulga taalluqli bo‘lgan texnik yechim, misol uchun, biron-bir yangi qurilma yoki uskuna, tibbiy muolajaning yangi usuli). Bunda ixtiro foydali modeldan farqli o‘laroq ixtirolik darajasiga ega bo‘ladi, ya’ni avval texnika taraqqiyoti darajasi haqidagi ma’lumotlardan yaqqol ayon bo‘lmaydi;

– sanoat namunalari (buyumning tashqi ko‘rinishini ifodalaydigan badiiy-konstruktorlik yechimi, misol uchun, choynak yoki idishning unga qulaylik beruvchi ma’lum bir ko‘rinishi);

6

– seleksiya yutuqlari (ular qatoriga o‘simliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zoti kiradi, misol uchun, paxtaning yangi navi);

– oshkor etilmagan axborot, shu jumladan, ishlab chiqarish sirlari, nou-xau (misol uchun, biron-bir tashkilot yoki korxonaning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi texnikaviy, tashkiliy yoki tijorat axboroti).

Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga nimalar kiradi?

Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar quyidagilar:

– firma nomlari (yuridik shaxs bo‘lgan tijorat tashkilotining individual nomi, misol uchun, “Alpari” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Alpari” degan nomiga bo‘lgan huquqi);

– tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari (bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgilar, misol uchun, “Coca Cola” belgisi tegishli salqin ichimlik mahsulotlariga bo‘lgan tovar belgisi, “Evos” belgisi esa, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklari bilan ta’minlash faoliyatining xizmat ko‘rsatish belgisi hisoblanadi);

– tovar kelib chiqqan joy nomi (mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa jo‘g‘rofiy obyektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan, uning alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan mazkur jo‘g‘rofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanadigan nomi tovar kelib chiqqan joy nomi, misol uchun, Borjomi, Chust, Omonxona ma’danli suvlari).

Qonunchilikda belgilangan intellektual mulk turlari chegaralanganmi? Hozirgi kunda intellektual mulk obyektlari soni kengayib bormoqda va shu sababli ham kelajakda qonunchilikka yangi intellektual mulk turlari kirib kelishi mumkin. Misol uchun, bugungi kunda sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarning joriy etilishi sun’iy intellekt bilan bog‘liq, shuningdek, bozor iqtisodiyotining rivojlanishi geografik ko‘rsatkichlar

kabi yangi intellektual mulk turlari kiritilishi rejalashtirilgan. Intellektual mulkka nisbatan biron-bir hujjat olinishi lozimmi?

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

7

Intellektual mulk himoyasini ta’minlashda ayrim intellektual mulk obyektlarining muhofaza qilinishiga ham e’tibor qaratish lozim. Quyidagi intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquq vujudga kelishi uchun ular muhofazaga olingan bo‘lishi lozim:

ixtiro, foydali model, sanoat namunasi; seleksiya yutug‘i;

tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi; tovar kelib chiqqan joy nomi;

elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalari.

Yuqoridagi intellektual mulk obyektlarining muhofazasi tegishli muhofaza hujjati (patent va guvohnoma) bilan tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tayotgan intellektual mulk obyektlari bilan qayerda tanishsa bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan intellektual mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar tegishli Byulletenda

e’lon qilinadi (Byulletenning elektron nusxasi bilan http://baza.ima.uz/home/bulletin havolasi orqali tanishib chiqish mumkin).

Intellektual mulkka nisbatan qanday huquqlar mavjud?

Intellektual mulkka nisbatan huquqlar ikkiga bo‘linadi. Bular shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar hisoblanadi.

Intellektual mulkka nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlar nimani anglatadi?

Shaxsiy nomulkiy huquqlar intellektual mulk muallifiga tegishli bo‘ladi va muallif shaxsi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:

– yaratilgan intellektual mulk muallifi deb e’tirof etilish huquqi (ya’ni ma’lum bir intellektual mulkni aynan ushbu shaxs yaratilganligi jamoatchilik orasida tan olinishi);

– intellektual mulkdan muallifning haqiqiy ismi-sharifi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismi-sharifini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (ya’ni muallif o‘z asaridan boshqa shaxslar foydalanishiga ruxsat berishi va foydalanishda o‘z ismi-sharifini ko‘rsatishni talab qilishi);

– intellektual mulkni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (ya’ni bir necha marotaba intellektual mulk bilan jamoatchilikni tanishtirish va undan barchaning voqif bo‘lishi uchun imkon beradigan harakatni amalga oshirish uchun boshqa shaxslarga ijozat berish);

8

– intellektual mulkni, shu jumladan, uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).

Muallifning mulkiy huquqlari boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham unda shaxsiy nomulkiy huquqlar saqlanib qoladi. Ya’ni shaxsiy nomulkiy huquqlar har doim uni yaratgan shaxsga tegishli bo‘ladi va hech qanday muddat bilan chegaralanmaydi, boshqa shaxslarga o‘tkazilmaydi. Ya’ni muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning vafotidan keyin ham saqlanib qoladi. Misol uchun, G‘ofur G‘ulomning “Shum bola” asariga nisbatan huquqlari hozir ham amalda saqlanib qolgan.

Intellektual mulkka nisbatan shaxsiy mulkiy huquqlar nimani anglatadi?

Mulkiy huquqlar tegishli intellektual mulkdan foydalanishni anglatadi. Mulkiy huquqlar tushunchasi mutlaq huquq tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur atama intellektual mulk obyektidan o‘z xohishiga ko‘ra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqini anglatadi.

Mulkiy huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilishi va berilishi mumkin. Misol uchun, ixtironi yaratgan, muallif hisoblanadigan shaxs o‘z ixtirosini boshqa shaxsga shartnoma asosida berishi va tegishli haq talab qilib olishi mumkin.

Intellektual mulk himoyasini so‘rab kimlar murojaat qilishi mumkin? Amaldagi qonunchilikka muvofiq intellektual mulk himoyasini so‘rab

huquq egasi, muallif, ish beruvchi hamda ularning vakillari murojaat qilishi mumkin.

Huquq egasi kim?

Intellektual mulkka nisbatan huquqlarga ega bo‘lgan hamda qoida tariqasida, intellektual mulkni yaratgan shaxs huquq egasi hisoblanadi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan huquqiy muhofaza hujjati olish nazarda tutilgan hollarda (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi; seleksiya yutug‘i; tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi; tovar kelib chiqqan joy nomi; elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalari), tegishli intellektual mulk o byektini o‘z nomiga rasmiylashtirgan va tegishli muhofaza hujjatida ismi -sharifi ko‘rsatilgan shaxs huquq egasi hisoblanadi. Huquq egasi nafaqat fuqaro

9

(jismoniy shaxs), balki yuridik shaxs, ya’ni korxona, tashkilot va muassasa ham bo‘lishi mumkin. Amaliyotda yaratilgan intellektual mulkka nisbatan muhofaza hujjatini olishda muallif o‘z talabnomasida (arizasida) boshqa bir shaxsni, korxona, muassasa va tashkilotni ko‘rsatishi mumkin.

Kim intellektual mulk muallifi sifatida e’tirof etiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1046-moddasiga muvofiq intellektual mulk kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu shaxs muallif deb e’tirof etiladi. Misol uchun, badiiy asarni yaratgan fuqaro ushbu badiiy asarning muallifi hisoblanadi. Xuddi shuningdek, ixtironing muallifi uni yaratgan shaxs sanaladi. Mualliflik intellektual faoliyat natijalariga nisbatan amal qiladi. Binobarin, firma nomlari, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlarining muallifi bo‘lmaydi. Muallifga shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy va mutlaq huquqlar (agar muallif bir vaqtning o‘zida huquq egasi ham bo‘lsa) tegishli bo‘ladi.

Agar intellektual mulk ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ular hammualliflar hisoblanadilar.

Qachon ish beruvchi intellektual mulk egasi bo‘ladi?

Agar ish beruvchi bilan muallif (hammualliflar) o‘rtasidagi shartnomada yaratilgan intellektual mulk ish beruvchiga tegishli ekanligi haqidagi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, u holda intellektual mulk egasi ish beruvchi hisoblanadi.

Bu holatda ish beruvchi to‘rt oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga talabnomani topshirishi, talabnomani topshirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishi va tegishli obyektni sir saqlash to‘g‘risida muallifga (hammualliflarga) ma’lum qilishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda ish beruvchi muallifga (hammuallifga) shartnomada belgilanadigan miqdorda tovon to‘lab, o‘z ishlab chiqarishida tegishli sanoat mulki obyektidan foydalanishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

Ish beruvchi intellektual mulk obyektini sir saqlagan taqdirda muallifga (hammualliflarga) mutanosib ravishda haq to‘lashi shart, haq miqdori shartnomada belgilanadi.

10

  1. INTЕLLЕKTUAL MULK HIMOYASIDA ISHTIROK ETUVCHI

DAVLAT ORGANLARI VA BOSHQA TASHKILOTLAR

Intellektual mulkni qaysi davlat idoralari va tashkilotlari himoya qiladi?

Amaldagi qonunchilikka muvofiq intellektual mulkning himoyasi quyidagi davlat organlari va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi sud organlari;

O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari;

O‘zbekiston Respublikasi monopoliyaga qarshi kurashish organlari; mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati nimalardan iborat?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar notijorat tashkilotlari hisoblanib, mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar yoki boshqa huquq egalarining o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Bunday tashkilotlar mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyor-lovchilar yoki boshqa huquq egalari tomonidan tuzilishi mumkin.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning ustavlarida mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar yoki boshqa huquq egalarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga doir qoidalar nazarda tutiladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning turlari:

huquq egalarining turli huquqlari bo‘yicha tashkilotlar; huquq egalarining turli toifalari bo‘yicha tashkilotlar;

bir toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ko‘zlab turli huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlar;

turli toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ko‘zlab, huquqlarning bir turini boshqaruvchi tashkilotlar.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar qanday faoliyat olib boradi?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarish uchun vakolatlar bevosita huquq egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda yozma shartnomalar

11

asosida, shuningdek, mulkiy huquqlarni boshqarishni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan tegishli shartnomalar bo‘yicha beriladi.

Muallif yoki boshqa huquq egasi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotga shartnoma bo‘yicha o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirish uchun vakolatlar berishga haqlidir, tashkilot esa, agar bunday huquqlarni boshqarish shu tashkilotning ustavida ko‘rsatilgan faoliyatiga taalluqli bo‘lsa, bu huquqlarni jamoaviy asosda amalga oshirishni o‘z zimmasiga olishi shart. Muallif yoki boshqa huquq egasi o‘z mulkiy huquqlari yoki huquqini amalga oshirish vakolatlarini tegishli toifadagi huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi faqat bitta tashkilotga berishga haqlidir.

Haq miqdori va foydalanuvchilar bilan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish uchun shartnoma tuzish shartlari, yig‘ilgan haqni taqsimlash va to‘lash usuli hamda mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot faoliyatining boshqa muhim masalalari xususidagi qarorlarni qabul qilish faqat mualliflar yoki boshqa huquq egalari tomonidan umumiy yig‘ilishda jamoaviy tarzda amalga oshiriladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot boshqa shaxslarning noqonuniy harakatlaridan intellektual mulkni himoya qiladimi?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalaridan boshqa shaxslar, ya’ni foydalanuvchilar tomonidan intellektual mulk obyektidan noqonuniy foydalanish holatlarini kuzatib boradilar. Muallif va huquq egalarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida bunday tashkilotlar boshqa shaxslar (foydalanuvchilar) bilan tegishli intellektual mulkdan foydalanish uchun shartnomalar tuzadi. Shartnoma-larning shartlari foydalaniladigan asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining turi va hajmiga qarab aniqlanadigan bitta toifadagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil bo‘lishi kerak. Mazkur tashkilotlar foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzishni yetarlicha asoslarsiz rad etishga haqli emas. Bunday shartnomalar ularda nazarda tutilgan usullar bilan barcha asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishga ruxsat beradi hamda barcha huquq egalarining nomidan ularning

manfaatlarini ko‘zlab taqdim etiladi. Huquq egalarining foydalanuvchilarga nisbatan bunday shartnomalar asosida ularning intellektual mulk obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha ehtimol tutilgan mulkiy e’tirozlari shartnomalar tuzgan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan tartibga solinishi kerak.

12

Foydalanuvchilar mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarga intellektual mulk obyektlaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash uchun zarur bo‘ladigan boshqa ma’lumotlar hamda hujjatlarni taqdim etishlari shart. Ma’lumotlar va hujjatlarning ro‘yxati mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilanadi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot boshqarish uchun olingan intellektual mulkni himoya qiladimi?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar jamoaviy asosda boshqarish uchun olingan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishni amalga oshirishga haqli emas.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar qanday huquqlarga ega?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, shu huquq egalarining nomidan va ulardan olingan vakolatlar asosida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

to‘lanadigan haq miqdorini va shartnomalarning tuzilishiga doir boshqa shartlarni foydalanuvchilar bilan kelishib olish;

bunday tashkilot boshqarayotgan huquqlardan foydalanish uchun foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzish;

tashkilot to‘lanadigan haqni yig‘ish bilan shartnoma tuzmasdan shug‘ullangan taqdirda, bunday haq miqdorini foydalanuvchilar bilan kelishib olish;

shartnomalarda nazarda tutilgan haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash; bunday tashkilot o‘zi boshqarayotgan huquqlarni himoya qilish uchun

zarur bo‘ladigan har qanday yuridik harakatlarni bajarish;

shunday tashkilot tomonidan belgilangan tartibda asarlarni va (yoki) turdosh huquqlar obyektlarini, shuningdek, asarlarga va (yoki) turdosh huquqlar obyektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatga olishni va (yoki) saqlashga topshirishni amalga oshirish.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning majburiyatlari nimalardan iborat?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarayotgan tashkilot:

13

haq to‘lash bilan bir vaqtda huquq egalariga ularning huquqlaridan foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobotlarni taqdim etishi;

yig‘ilgan haqdan faqat huquq egalariga taqsimlash va to‘lash uchun foydalanishi (bunda tashkilot yig‘ilgan haqdan bunday haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash bo‘yicha o‘zining haqiqiy xarajatlarini qoplash summalarini, shuningdek, shu tashkilot tomonidan o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, shu huquq egalarining roziligi bilan va ularning manfaatlarini ko‘zlab tashkil etiladigan maxsus fondlarga yo‘naltiriladigan summalarni chegirib tashlashga haqlidir);

yig‘ilgan haq summalarini, ushbu qismning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan summalarni chegirib tashlagan holda, asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan amalda foydalanilishiga mutanosib ravishda taqsimlashi va muntazam to‘lab borishi;

yig‘ilgan haqni bevosita huquq egalariga taqsimlashi hamda to‘lashi va (yoki) uni huquq egalariga taqsimlash va to‘lash uchun tegishli toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ifodalovchi boshqa tashkilotlarga shu tashkilotlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida o‘tkazishi;

talab qilib olinmagan haqni huquq egalarini qidirish choralarini ko‘rgan holda, u tashkilot hisobiga tushgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida saqlab turishi shart. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, tashkilot talab qilib olinmagan haqni taqsimlanadigan summalarga qo‘shib yuborishga yoki uni tashkilot o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, faqat shu huquq egalarining roziligi bilan va ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa maqsadlarga qaratishga haqlidir.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot zimmasida huquq egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida va qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Kimlar mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qiladi?

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi axborotni taqdim etishi shart:

tashkilotning ustaviga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida;

tashkilot shunga o‘xshash huquqlarni boshqaruvchi chet el tashkilotlari bilan tuzadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlar to‘g‘risida;

14

umumiy yig‘ilish qarorlari to‘g‘risida;

yillik balans, yillik hisobot, shu jumladan, talab qilib olinmagan haqlar haqidagi ma’lumotlar va tashkilot faoliyatining auditorlik tekshiruvi to‘g‘risida;

tashkilot nomidan ish ko‘rishga vakolatli shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi to‘g‘risida.

Bundan tashqari, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotdan uning faoliyati o‘z ustaviga va qonunchilikka muvofiqligini tekshirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha axborot talab qilib olinishi mumkin.

Intellektual mulk himoyasiga oid masalalarni ko‘rish qaysi sudlar tomonidan amalga oshiriladi?

Intellektual mulk himoyasi yuzasidan sudlarga murojaat qilish masalasi tegishli nizoning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan intellektual mulkka nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarning buzilishi, xususan, muallif yoki huquq egasi roziligisiz foydalanish, shartnoma shartlarini buzish bilan bog‘liq va boshqa shu kabi nizolarni ko‘rib chiqadi. Misol uchun, muallif o‘z asari boshqa shaxs tomonidan uning ruxsatisiz foydalanilganligi holati bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Agar ikkita tashkilot orasida intellektual mulk bilan bog‘liq shartnoma tuzilgan bo‘lsa, mazkur shartnoma yuzasidan nizolar iqtisodiy sudda ko‘rib chiqiladi.

Ma’muriy sudlar davlat organlari va idoralarining intellektual mulk muhofazasi yuzasidan qabul qilgan qarorlari va amalga oshirgan harakatlari ustidan shikoyatlar va arizalarini ko‘rib chiqadi. Misol uchun, tovar belgisiga talabnoma topshirgan shaxs, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellatsiya Kengashi tomonidan rad javobi berilgan taqdirda, ushbu rad javobi ustidan ma’muriy sudga shikoyat berishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar intellektual mulk huquqlarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlarni ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini intellektual mulk sohasidagi faoliyatining asosiy mohiyati nimadan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi intellektual mulk sohasidagi faoliyatining asosiy mohiyati intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va

15

boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining intellektual mulk sohasidagi asosiy vakolatlari nimalardan iborat?

Qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi intellektual mulk himoyasi va muhofazasi bo‘yicha quyidagi vakolatlarga ega:

intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini olib borish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish sohasida:

intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqadi;

intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha, shu jumladan kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, realizatsiya qilishga qarshi kurashishda vakolatli davlat organlariga ko‘maklashish orqali ta’sirchan choralar ko‘radi;

intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilinishi va qo‘llanilishi amaliyotini o‘rganadi va tahlil qiladi;

mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida belgilangan tartibda xulosa beradi;

intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni noto‘g‘ri va ziddiyatli qo‘llash amaliyotini o‘rganadi, ushbu sohada huquqbuzarliklarni bartaraf etishga doir amaliy choralar ko‘radi, shuningdek, mazkur masalalardagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi;

xorijiy patent idoralari, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan patent hujjatlari va patent-huquqiy adabiyotlarning xalqaro almashinuvini amalga oshiradi;

qonunchilikka muvofiq intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi;

intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida manfaatdor shaxslarga uslubiy yordam ko‘rsatadi;

intellektual mulk sohasining rivojlanish holatini, jumladan, ushbu sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar metodologiyasi va mezonlarini hisobga olgan holda har tomonlama tahlil qiladi va baholaydi;

16

intellektual mulk obyektlarining ishonchli huquqiy muhofazasi va himoyasini ta’minlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi qabul qilgan xalqaro majburiyatlar bajarilishining monitoringini o‘tkazadi;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, geografik ko‘rsatkichlar, tovar kelib chiqqan joy nomlari va integral mikrosxemalar topologiyalarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish, talabnoma topshirilgan obyektlarning ustuvorligini belgilash, seleksiya yutuqlarining rasmiy ekspertizasini o‘tkazish hamda EHM uchun dasturlar, ma’lumotlar bazalarini tekshirish ishlarini tashkillashtiradi;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, geografik ko‘rsatkichlar, tovar kelib chiqqan joy nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni, EHM uchun dasturlarni, ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiradi, muhofaza hujjatlarini beradi, O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatini va tegishli reyestrlarni yuritadi;

muhofaza va boshqa zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilaydi; depozitariyda saqlanayotgan intellektual mulk obyektlarining ochiqligi

va ulardan erkin foydalanishni ta’minlovchi depozitariy funksiyasini bajarilishini, shu jumladan depozitariyga zarur bo‘lgan nusxani depozitariy bilan shartnoma asosida olish uchun murojaat qilgan har qanday shaxsga imkoniyat yaratilishini ta’minlaydi;

intellektual mulk obyektlaridan foydalanishga huquqlar berish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomalarini, shuningdek, ularni to‘liq yoki qisman berish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazadi va tegishli reyestrlarni yuritadi;

intellektual mulkning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, ularning saqlanishi va foydalanilishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlaydi;

Davlat patent fondini jamlash ishlarini tashkil etishni va amalga oshirishni, undan iqtisodiyotning real sektoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan samarali foydalanilishi uchun uning saqlanishi va qulayligini ta’minlaydi;

intellektual mulk sohasidagi axborotnomalarni va boshqa rasmiy nashrlarini, shuningdek, intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish masalalari bo‘yicha boshqa ma’lumotlar va materiallarni chop etishni tashkil qiladi hamda amalga oshiradi;

17

patent vakillarini attestatsiyadan va ro‘yxatdan o‘tkazadi, patent vakillarining davlat reyestrini yuritadi;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro mavqeyini, jumladan, jahon hamjamiyatiga mamlakatda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xolisona axborot yetkazish orqali mustahkamlash, obzorli, ma’lumotnoma va boshqa materiallarni tayyorlash choralarini ko‘radi.

Bojxona organlari tomonidan intellektual mulk himoyasi qanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona organlari o‘z vakolatlari doirasida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish choralarini ko‘radi.

Bojxona hududiga olib kiriladigan va bojxona nazorati ostida turgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash uchun bojxona organlari quyidagilarni amalga oshiradi:

intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turishi;

intellektual mulk obyektlarini o‘z ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishi mumkin.

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi ariza kimga topshiriladi?

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi ariza huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga beriladi.

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizada nimalar yozilishi kerak?

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

himoya qilinishi uchun ariza berilayotgan, intellektual mulk obyektlarini o‘z ichiga olgan tovarlarning tavsifi;

huquq egasining fikricha, uning intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarini buzayotgan tovarlarning, bojxona organlari bunday tovarlarni aniqlay olishi uchun yetarlicha batafsil tavsifi, agar huquq egasi yoki uning vakolatli vakili shunday ma’lumotlarga ega bo‘lsa;

18

taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlash uchun ko‘maklashadigan har qanday boshqa axborot (ishlab chiqaruvchi, eksport qiluvchi, import qiluvchi yoki yukni qabul qiluvchi, tovar turishi mumkin bo‘lgan joy va uning bojxona chegarasi orqali olib o‘tilish sanasi, tashilish xususiyatlari va o‘rovining ko‘rinishi, tovar turgan joy yoki rejalashtirilayotgan yetkazilish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar).

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizaga huquq egasinin g yoki uning vakolatli vakilining tovarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish tufayli deklarantga yetkazilishi mumkin bo‘lgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi yozma shakldagi majburiyati ilova qilinadi.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestri nima?

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha choralar qo‘llanilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan intellektual mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar kiritiladigan onlayn ma’lumotlar bazasi Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestri deb ataladi. Mazkur reyestrga ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestrini yuritadi va keyinchalik uni doimiy ravishda yangilab borgan holda o‘z rasmiy veb-saytida vaqti-vaqti bilan e’lon qiladi. Mazkur reyestr bilan http://imo.customs.uz/IMO_REESTR/ veb-sayti orqali tanishish mumkin.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestrini yuritish tartibi va shakli O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish uchun kimga murojaat qilish lozim?

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish to‘g‘risidagi ariza huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga beriladi.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish to‘g‘risidagi arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

huquq egasi yoki uning vakolatli vakili to‘g‘risidagi, uning nomini, rekvizitlarini, shuningdek, agar mavjud bo‘lsa, elektron pochta manzilini ko‘rsatgan holda;

huquq egasi yoki uning vakolatli vakili himoya qilish to‘g‘risida murojaat etayotgan intellektual mulk obyektining tavsifi;

19

vakolatli organ tomonidan berilgan intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarning amal qilish muddati haqidagi;

intellektual mulk obyektini ishlab chiqaruvchi, shuningdek, huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi;

intellektual mulk obyekti Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga qaysi muddatga kiritilayotgan bo‘lsa, o‘sha muddat haqidagi, lekin bu muddat intellektual mulk obyekti ushbu reyestrga kiritilgan kundan e’tiboran uch yildan ko‘p bo‘lmasligi kerak;

himoya qilinishi uchun ariza berilayotgan intellektual mulk obyektlari mavjud bo‘lgan tovarlarning tavsifi (fotosuratlar, rasmlar, chizmalar, mahsulotlarning pasportlari va boshqa ma’lumotlar).

Agar Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish to‘g‘risidagi ariza vakil tomonidan berilsa, ushbu arizaga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish to‘g‘risidagi arizaga intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarning mavjudligi va mansubligini tasdiqlovchi mavjud hujjatlarning (patentning, guvohnomaning, litsenziya shartnomasining yoki boshqa hujjatlarning) huquq egasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi.

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish huquq egasiga qanday imkoniyatlar beradi?

Huquq egasi yoki uning vakolatli vakili Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilganidan keyin intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash uchun intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilib bojxona organlariga bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish bo‘yicha choralar ko‘rilishi uchun murojaat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish uchun arizani u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi va mazkur reyestrga kiritish to‘g‘risida yoki kiritishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakolatli organlardan taqdim

20

etilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi qo‘shimcha axborot va hujjatlarni so‘rab olishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi huquq egasiga yoki uning vakolatli vakiliga Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida yoki kiritish rad etilganligi haqida, rad etilishi sabablarini asoslantirgan holda xabar yuboradi.

Qanday hollarda intellektual mulk obyektlari Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestridan chiqariladi?

Intellektual mulk obyektlari quyidagi hollarda Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestridan chiqarilishi kerak:

huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatiga ko‘ra;

tegishli hujjatlardagi noto‘g‘ri ma’lumotlar bojxona organi tomonidan aniqlanganda;

intellektual mulk obyektining huquqiy muhofazasi belgilangan tartibda tugatilganda;

intellektual mulk obyekti Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilgan kundan e’tiboran uch yil o‘tgach;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellatsiya kengashining qarori asosida.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini intellektual mulk obyektlari Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestridan chiqarilganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida yozma shaklda xabardor qiladi.

  1. INTЕLLЕKTUAL MULKNI INSOFSIZ RAQOBATDAN HIMOYA QILISH

Insofsiz raqobat nima degani?

O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining

4-moddasiga ko‘ra:

raqobat – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi;

insofsiz raqobat – xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega

21

bo‘lishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari”, – deb belgilangan.

Insofsiz raqobatning qanday shakllari mavjud?

Insofsiz raqobatni quyidagi shakllari mavjud:

noto‘g‘ri taqqoslash – raqobatchilar yoki boshqa shaxslar tomonidan tarqatiladigan, tovar yoki moliya bozorida ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektga afzalliklar yaratadigan yoxud xo‘jalik yurituvchi subyektni (raqobatchini) yoki raqobatchi ishlab chiqargan tovarni yomonlovchi yolg‘on, noaniq yoki buzib taqqoslash;

yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individual-lashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish;

iste’molchilarni chalg‘itish;

fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan, tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;

tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘siq qo‘yish.

Intellektual mulkni insofsiz raqobatdan himoya qilish qaysi tartibda amalga oshiriladi?

Intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanish insofsiz raqobatni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan hisoblanadi. Ushbu holat asosan sanoat mulki obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq. Bularga ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari hamda individuallashtirish vositalari kiradi.

Ya’ni yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individual – lashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan, tovarni xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yo‘li bilan, shuningdek, ushbu belgidan domen nomida

22

foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Yuqoridagi holatlar vujudga kelgan taqdirda, monopoliyaga qarshi organning tovar belgisiga bo‘lgan mutlaq huquqni olish xususidagi qoidalari buzilganligini e’tirof etish to‘g‘risida chiqargan qarori tovar belgisiga huquqiy muhofaza berish haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun manfaatdor shaxs tomonidan intellektual mulk bo‘yicha vakolatli organga yoki sudga yuboriladi.

Intellektual mulk bilan bog‘liq insofsiz raqobat O‘zbekiston Respublikasi amaliyotida ham bo‘lganmi?

Ha bunday vaziyatlar amaliyotda vujudga kelgan. Misol sifatida, amaliyotda yuz bergan “Nestle O‘zbekiston” qo‘shma korxonasini va “Family Group” kompaniyasi o‘rtasidagi nizoni tahlil qilishimiz mumkin.

2016-yilda “Nestle Pure Life” tomonidan “Nestle” savdo belgisi grafik elementlaridan reklama faoliyati, “Family” water suvlarini ishlab chiqarish va sotishda foydalanganligi haqida “Family Group”ga qarshi da’vo taqdim etilgan.

“Nestle Pure Life” vakillarining fikricha “Nestle” mineral suvlariga taalluqli bo‘lgan qo‘llarini yuqoriga ko‘targan odamlarning uslublash-tirilgan siymosi (bir rangda ishlangan kontur surat), shuningdek, markazdan taraluvchi ko‘k-moviy nurlar manzarasidagi aylana “Family Group” tomonidan noqonuniy foydalanilgan. Bu esa “Family” suvlari O‘zbekiston iste’molchilarida katta ehtimol bilan u “Nestle” tomonidan parallel ravishda “Nestle Pure Life” bilan yoki hattoki uning o‘rniga ishlab chiqarilmoqda, degan tasavvur uyg‘otgan.

Yana bir misol sifatida quyidagi holatni ham ko‘rib chiqishimiz mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Amerikaning “Colgate-Palmolive Company” kompaniyasining O‘zbekis-tonning “Torimed Pharm” MCHJ tomonidan “Galaxy” nomi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotining tashqi ko‘rinishini “Colgate” kompaniyasi tovar belgisiga taqlid qilish yo‘li bilan kompaniya intellektual mulk huquqlarining buzilishi haqidagi murojaatini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

“Galaxy” tovar belgisiga ega tish pastasining tyubiki va qadog‘i tashqi ko‘rinishining rang gammasi va boshqa elementlari “Colgate” mahsulotining tashqi qiyofasiga juda o‘xshash, bu iste’molchilarning

23

ushbu tish pastasi ishlab chiqaruvchilariga nisbatan chalg‘ishiga olib keladi”.

Insofsiz raqobatga olib keladigan qoidabuzarlik fakti o‘z tasdig‘ini topgani tufayli, monopoliyaga qarshi kurashish organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasini buzganligi tan olingan hamda “Torimed Pharm” MCHJga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Torimed Pharm” MCHJga “Colgate-Palmolive Company” kompaniyasi mahsulotlari qadog‘i dizayniga taqlid qiluvchi qadoqda mahsulotlarni sotishni va reklama qilishni to‘xtatish yo‘li bilan qonunbuzarlik holatini bartaraf qilish haqida ko‘rsatma berilgan.

Intellektual mulk bilan bog‘liq insofsiz raqobat sodir etgan shaxslar haqida ma’lumotlar ochiqmi?

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan intellektual mulk huquqlarini buzgan nohalol tadbirkorlik subyektlari reyestri e’lon qilinib borilmoqda.

Misol uchun, 2020-yilning yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan reyestrga muvofiq 38 nafar tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun ishlab chiqilgan nomlar avval ro‘yxatga olingan tovar belgilariga grafik o‘xshash deb topilgan (https://antimon.gov.uz/ xizmatlar/ochiq-malumotlar/2020-yilda-intellektual-mulk-huquqlarini-buz-gan-nohalol-tadbirkorlik-subektlari-reestri/).

Ular orasida, jumladan, taniqli brendlar – Zerda, Galaxy, Akfa va “Rollton” kabilar bor.

Tadbirkorlik subyektlarining barchasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasi, birinchi qismi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari bilan ogohlantirilgan va mavjud vaziyatda qo‘mitaning talabini qondirganlar.

“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, raqobat-chining tovar belgisiga o‘xshash chalkashlikdagi belgini tovarlarga, yorliqlarga va qadoqlarga joylashtirib, ulardan noqonuniy foydalanish orqali tovarlarni sotish taqiqlanadi.

Ushbu yo‘nalishda xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi shuni ko‘rsatib turibdiki, bunday davlatlarda intellektual mulkka oid huquqni buzganlik uchun qat’iy jazolar qo‘llaniladi.

24

  1. INTЕLLЕKTUAL MULKKA NISBATAN HUQUQLARNI

BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK

Intellektual mulk huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan qanday javobgarlik choralari nazarda tutilgan?

Intellektual mulk huquqlarini buzgan shaxslar fuqarolik huquqiy, ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Intellektual mulkka yetkazilgan zarar qanday tavsiflanadi?

Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek, bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.

Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda, boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli.

Qonunchilikka muvofiq agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs o‘ziga yetkazilgan zararning to‘la qoplanishini talab qilishi mumkin.

Intellektual mulkka yetkazilgan zararning qiymatini baholash qaysi bosqichlardan iborat?

Intellektual mulkka yetkazilgan zararning qiymatini baholash quyidagi bosqichlardan iborat:

baholashga oid vazifani belgilash va intellektual mulkka yetkazilgan zararni baholash to‘g‘risida shartnoma tuzish;

baholash obyektini identifikatsiya qilish; axborotni yig‘ish va uni tahlil qilish;

baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qo‘llash;

turli baholash yondashuvlarini qo‘llashda olingan natijalarni muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;

baholash to‘g‘risida hisobot tuzish.

Intellektual mulkka yetkazilgan zarar kim tomonidan va qanday amalga oshiriladi?

Intellektual mulkka yetkazilgan zararni baholash tashkilotlari hamda baholovchilar tomonidan amalga oshiriladi.

25

Ta’kidlash lozimki, baholovchilar intellektual mulkni baholash predmeti va maqsadini aniq tushunishlari lozim. Qanday obyektlarni baholash kerakligi va ushbu nomoddiy aktivlar qanday aniqlanishi – bu baholash maqsadiga bog‘liq bo‘ladi, nomoddiy aktivlarning qay tarzda aniqlanishiga qarab qiymatda jiddiy tafovut yuzaga kelishi mumkin.

Intellektual mulkni identifikatsiya qilishda baholovchi taqdim etilgan hujjatlarning baholash obyekti va unga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy holatiga muvofiqligini aniqlaydi. Baholash jarayonida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan farazlar va cheklovchi shartlar tahlili amalga oshiriladi.

Intellektual mulkka yetkazilgan zararni qoplashda qanday yondashuvlar mavjud?

Intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni baholashga uchta asosiy yondashuv, ya’ni qiyosiy, xarajat va daromad yondashuvlarini qo‘llash mumkin.

Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda obyekt qiymati bozorning faolligidan (masalan, bir xil yoki o‘xshash obyektlar bilan bitimlar) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Intellektual mulk ishtirokidagi bitimlar ko‘pincha boshqa aktivlarni ham, masalan, nomoddiy aktivlar bilan bog‘liq bo‘lgan biznesni birlashtirishga oid bitimlarni o‘z ichiga oladi.

Baholovchilar quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda intellektual mulkni baholashga qiyosiy yondashuvni qo‘llashi kerak:

mustaqil taraflar o‘rtasidagi bir xil yoki o‘xshash nomoddiy aktivlar jalb qilingan bitimlar haqida baholash sanasidagi yoki unga yaqin sanadagi axborotdan foydalanish mumkin;

baholovchi baholanayotgan nomoddiy aktiv bilan bunday bitimlarda ishtirok etayotgan aktivlar o‘rtasidagi barcha ahamiyatli tafovutlarni hisobga olish maqsadida tuzatishlarni amalga oshirishi uchun yetarli axborotga ega bo‘lganda.

Daromad yondashuvidan foydalanilganda intellektual mulkning qiymati, iqtisodiy xizmat muddati davomida ko‘rsatilgan daromad qiymati, pul oqimlari yoki sarf-xarajatlardagi tejash asosida aniqlanadi.

Daromad yondashuvi eng keng tarqalgan usul bo‘lib, nafaqat intellektual mulkni baholashda, balki quyidagilarni baholashda ham qo‘llaniladi:

texnologiyalarni;

mijoz bilan bog‘liq nomoddiy aktivlarni (masalan, bajarilmagan (bo‘lajak) buyurtmalar jurnallari, kontraktlar, shartnomaviy munosabatlar);

26

savdo nomlari/tovar belgilari/brendlarni;

faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalarni (masalan, franchayzing haqida kelishuvlar, foydali qazilmalarni kavlab olishga, qurilishga litsenziyalar va h.k.);

raqobatni cheklash haqida kelishuvlarni.

Baholash obyektining qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun baholovchi tomonidan baholash obyektidan kutilayotgan daromadlarni baholash sanasidagi qiymatning yagona miqdoriga aylantirishga asoslangan quyidagi usullardan biri qo‘llanadi:

to‘g‘ridan to‘g‘ri kapitallashtirish usuli; POD (pul oqimlarini diskontlash) usuli.

Ta’kidlash lozimki, intellektual mulkdan foydalanishdan daromad (foyda) olinganda daromad yondashuvidan foydalanish mumkin. Intellektual mulkka huquq egasining ulardan foydalanish huquqini vaqtning muayyan davrida boshqa shaxslarga berishi natijasida olinadigan pul tushumlari va pul xarajatlari o‘rtasidagi farq nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan olinadigan daromad hisoblanadi.

Intellektual mulkni bozor qiymatini aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:

baholash obyektidan foydalanish orqali hosil bo‘ladigan pul oqimlarini aniqlash;

baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirishning tegishli stavkalari miqdorini aniqlash;

baholash obyektidan foydalanish orqali olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirish yo‘li bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.

Agar intellektual mulkdan foydalanishdan keladigan pul oqimlari bir maromda bo‘lmagan taqdirda, qiymat miqdori POD usuli bilan aniqlanadi.

Bozor qiymatining POD usuli bilan aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:

baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarining miqdori va tuzilmasini aniqlash;

diskontlashning tegishli stavkasi miqdorini aniqlash;

baholash obyektidan foydalanish bilan bog‘liq barcha POD usuli bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.

Intellektual mulk huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan qanday ma’muriy javobgarlik choralari belgilangan?

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida intellektual mulkka nisbatan huquqlarni buzish bilan bog‘liq

27

uchta huquqbuzarliklar (Kodeksning 177-1772-moddalari) uchun javobgarlik belgilangan:

o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish (bunda o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zga firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish tushuniladi);

mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish (bunda asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek, asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari to‘g‘risida, shuningdek, mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolg‘on axborotni ko‘rsatish tushuniladi).

ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzish (bunda tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek, ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish tushuniladi).

Qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha jarima belgilangan.

Intellektual mulk bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan kimga murojaat qilish lozim?

Intellektual mulk bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq sud organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tegishli ma’muriy bayonnomani tuzish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda, huquqlari buzilgan shaxs ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi haqida bayonnomani rasmiylashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat qilishi lozim.

28

Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilganmi?

Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 149-moddasida belgilangan. Mazkur moddaga asosan mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish, ya’ni tafakkur mulki obyektiga nisbatan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, tafakkur mulki obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgunga yoki e’lon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilishni nazarda tutadi. Mazkur jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari ko‘rinishidagi jinoiy jazo nazarda tutilgan.

Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish jinoyati yuzasidan kimga murojaat qilish lozim?

Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq prokuratura organlari tergoviga tegishli ekanligini inobatga olib, huquqlari buzilgan shaxs prokuratura organlariga murojaat qilishi lozim.

29

FOYDALANILGAN MANBALAR

  1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
  2. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni
  3. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2020, 03/20/603/0071-son.
  4. O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 2-maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni//Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020, 03/20/601/0025-son.
  5. O‘zbekistonRespublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun//Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2019, 03/19/598/4221-son.

30

ILOVALAR

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot va muallif o‘rtasida tuziladigan shartnoma namunasi

Mualliflik huquqi himoyasi bo‘yicha yuridik xizmat ko‘rsatish

bo‘yicha

____-son shartnoma

Toshkent sh. “___” ___________ 2022-y.

Keyingi matnda birgalikda “Taraflar” deb nomlanuvchi

“____________________________________” jamoat birlashmasi

(keyingi o‘rinlarda – Jamiyat), nomidan Ustav asosida faoliyat yurituvchi Jamiyat ijrochi direktori ________________________________________ bir tarafdan, Huquq egasi (keyingi o‘rinlarda – Huquq egasi) fuqaro

_____________________________________ ikkinchi tarafdan mazkur

shartnomani quyidagilar haqida tuzdilar:

1. Shartnoma predmeti

1.1. Ushbu shartnoma Jamiyatga Huquq egasining taklifiga asosan xizmat ko‘rsatadi. Huquq egasi esa ushbu ko‘rsatilgan xizmatlarni kelishilgan tartibda qabul qilib oladi va haqini to‘laydi.

1.2. Jamiyat va Huquq egasi uchun quyidagi xizmatni bajaradi:

Bajariladigan

Bajariladigan xizmat

xizmat uchun

to‘lov

1.

_________________________________________

2.

_________________________________________

_________________________________________

JAMI:

2. Taraflarning huquq va majburiyatlari

2.1. Jamiyatning huquqlari.

2.1.1. Huquq egasi nomidan da’vo arizalariga imzo qo‘yish, ularni, shu jumladan, qarshi da’vo arizalarini sudga kiritish. Huquq egasining

31

huquqlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan ariza va boshqa hujjatlarni uning nomidan sudga topshirish;

2.1.2. Sud surishtiruvida ishtirok etish, ish materiallari bilan tanishish, ish hujjatlaridan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, e’tiroz bilan chiqish, dalil-isbot keltirish va ularning o‘rganilishida ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shu jumladan, guvohlar, mutaxassis va ekspertlarga savol berish, dalillarni talab qilib olish haqida iltimosnoma bilan chiqish, sudda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalariga e’tiroz keltirish, sudga yozma va og‘zaki tushuntirishlar berish, sud jarayonida vujudga keluvchi barcha masalalar yuzasidan fikr bildirish yoki tushuntirish berish;

2.1.3. Da’vo talablaridan qisman yoki to‘liq voz kechish, iltimosnoma va arizalarga imzo qo‘yish, da’voni qabul qilish, da’vo predmeti va asoslarini o‘zgartirish, da’vo talablarini o‘zgartirish (oshirish yoki kamaytirish), yarashuv (mediatsiya) kelishuvini imzolash, vakolatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (ishonib topshirish);

2.1.4. Sud qarorlari ustidan arz qilish, shu jumladan, nazorat tartibida, ijro varaqalarini undiruvga qaratish uchun taqdim qilish, ijro amaliyotining jarayoni haqida axborot olish, ijro amaliyoti hujjatlaridan nusxa ko‘chirish va ko‘chirmalar olish, davlat ijrochisi harakatlari ustidan arz qilish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa protsessual xatti-harakatlarni amalga oshirish;

2.1.5. Huquq egasi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun Jamiyatga zarur bo‘lgan hujjat va ma’lumotlarni taqdim etmagan taqdirda, shuningdek, Huquq egasi tomonidan to‘lov shartlari buzilgan taqdirda, ushbu shartnomani bir tomonlama bekor qiladi.

2.2. Jamiyatning majburiyatlari.

2.2.1. Huquq egasi nomidan huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.

2.2.2. Da’volar, da’vo bayonnomalari va ularga javoblar tayyorlash;

2.2.3. Sud majlislarida ishtirok etish;

2.2.4. Sud organlarining qarorlari, ajrimlari va qarorlari nusxalarini olish;

2.2.5. Tartibot yuritish bosqichida huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

2.2.6. Ishni va unga oid hujjatlarni shartnoma shartlari asosida Huquq egasiga topshirish.

2.3. Huquq egasining huquqlari.

2.3.1. Jamiyat tomonidan tayyorlangan tegishli hujjatlar bilan tanishib chiqish va ulardan nusxalar olish;

32

2.3.2. Da’vo talablaridan to‘liq yoki qisman voz kechish, da’vo talablarini kamaytirish, mediativ kelishuv imzolash kabi harakatlarni amalga oshirishda jamiyat bilan kelishish;

2.3.3. Sud surishtiruvida ishtirok etish, ish materiallari bilan tanishish, ish hujjatlaridan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, e’tiroz bilan chiqish, dalil-isbot keltirish va ularning o‘rganilishida ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shu jumladan, guvohlar, mutaxassis va ekspertlarga savol berish, dalillarni talab qilib olish haqida iltimosnoma bilan chiqish, sudda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalariga e’tiroz keltirish, sudga yozma va og‘zaki tushuntirishlar berish, sud jarayonida vujudga keluvchi barcha masalalar yuzasidan fikr bildirish yoki tushuntirish berish.

2.4. Huquq egasining majburiyatlari.

2.4.1. Jamiyatga davlat organlari, tashkilotlar va muassasalarda Huquq egasining manfaatlarini ifodalash uchun jamiyat xodimlariga ishonchnomalar berish.

2.4.2. Shartnomada belgilangan bahoda yuridik xizmat ko‘rsatish narxini to‘laydi;

2.4.3. Shartnomada belgilangan xizmat bajarilgandan so‘ng, Huquq egasi yuridik xizmatlarni qabul qilish bo‘yicha dalolatnomani imzolash.

  1. Shartnoma bo‘yicha to‘lov

3.1. Xizmatlar qiymati tomonlar tomonidan ushbu shartnomaga muvofiq kelishiladi va Jamiyatning barcha xarajatlarini o‘z ichiga oladi.

3.2. Ushbu shartnoma bo‘yicha to‘lov mablag‘larni Jamiyatning hisobvarag‘iga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

4. Shartnomaning amal qilish muddati

4.1. Shartnoma taraflar tomonidan imzolangandan kuchga kiradi va shartnomada belgilangan ish yakunlangunga qadar amal qiladi.

5. Taraflarning javobgarligi

5.1. Yuridik xizmat ko‘rsatish muddatini buzganligi uchun aybdor taraf ikkinchi tarafga yetkazilgan zararni to‘liq qoplash majburiyatini oladi.

5.2. To‘lovni kechiktirganligi uchun Huquq egasi Jamiyatga har bir kechiktirilgan kun uchun, to‘lovni kechiktirilgan qiymatining 0.05 %

33

miqdorida, lekin ushbu summaning 50 % dan oshmaydigan miqdorda tovon (penya) to‘laydi.

5.3. Mazkur shartnomada nazarda tutilmagan taraflarning javobgarligi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

6. Nizolarni hal qilish

6.1. Mazkur shartnoma majburiyatlari bo‘yicha Jamiyat va Huquq egasi o‘rtasida nizolar yuzaga kelgan taqdirda tomonlar, ularni o‘zaro muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan hal etish uchun barcha zarur choralarni ko‘radilar. Nizolar va boshqa bahsli holatlarni o‘zaro muzokara yo‘li (yarashuv) bilan hal etilishiga erishilmagan taqdirda, ular sud orqali hal etiladi.

7. Boshqa shartlar

7.1. Mazkur shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lgan taraf, 30 (o‘ttiz) kundan kam bo‘lmagan muddat ichida Shartnomani uzaytirishdan voz kechishi haqida yozma xabarnomani ikkinchi tarafga taqdim qilishi lozim; 7.2. Taraflar mazkur Shartnomani muddatdan oldin bekor qilishga haqli, bunda uning bekor qilinishi haqidagi ogohlantirish yozma ravishda,

Shartnoma bekor qilinishidan 3 (uch) oy oldin taqdim qilinishi lozim;

7.3. Mazkur Shartnoma ikki nusxada imzolanadi. Bir nusxasi Huquq

egasida, ikkinchisi esa Jamiyatda saqlanadi.

8. Taraflarning rekvizitlari

JAMIYAT:

MUALLIF:

“__________________________”

___________________

jamoat birlashmasi

Manzil: _______________

Manzil: _______________

Tel.: __________________

Tel.: __________________

STIR: _________________

STIR: _________________

H/R: ___________________

H/R: ___________________

Bank: __________________

Bank: __________________

Bank kodi: _____________

Bank kodi: _____________

34

O‘zbekiston Respublikasi

Adliya vazirligiga

________________________

________________________

______________________da

istiqomat qiluvchi fuqaro

_____________________dan

ARIZA

Mening muallifligimdagi “ASALARI” nomli she’r

_________________ ismli fuqaro tomonidan ijro etilgan. E’tiborli jihati

ushbu she’rni ijro etishda mening roziligim olinmagan bo‘lib, ushbu xatti-harakati bilan ijrochi ___________________ O‘zbekiston Respublikasi

“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning bir qator normalarini buzgan.

Fuqaro _________________ tomonidan qilingan ushbu xatti-harakatlar

O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasida muallif yoki huquq egasining roziligini olgan holda amalga oshirish lozim bo‘lgan harakatlar sirasiga kirib, o‘z navbatida, ushbu harakatlarni muallif roziligisiz amalga oshirish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, men muallif sifatida o‘z asarimdan foydalanishning har bir turi uchun haq olish (gonorar) huquqiga egaman.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mening qalamimga mansub “ASALARI” nomli she’rdan mening roziligimsiz foydalanilganligi uchun fuqaro ________________ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda

javobgarlik masalasini hal etishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman.

Muallif, _______ ______________

imzo

35

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga

Da’vogar: ____________________

Joylashgan manzili:

_____________________________

_____________________________

Telefon raqami: _______________

Javobgar: “WORLD” MCHJ

(restoran)

Joylashgan manzili:

_____________________________

_____________________________

Telefon raqami: _______________

DA’VO ARIZA

(Ma’naviy ziyon va boy berilgan foydani undirish to‘g‘risida)

O‘zbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya

qilish jamiyati (Jamiyat) a’zosi, muallif (huquq egasi)

__________________ning 2021-yil 20-aprelda (“CUMITE” nomli

musiqiy asaridan uning ruxsatisiz “WORLD” MCHJ Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Oltintepa ko‘chasi, 28-uyda joylashgan) qilgan murojaati asosida, Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga 2021-yil 28-aprelda “muallifning musiqiy asaridan muallif (huquq egasi)ning ruxsatisiz yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmagan holda foydalanilayotganligi holati yuzasidan qonuniy chora ko‘rish to‘g‘risida” ariza bilan murojaat qilingan. Ushbu murojaat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan ko‘rib chiqilib, Agentlikning 2021-yil 31-maydagi 01-12-3\1468-son javob xatida bildirilishicha, “WORLD” MCHJ rahbariga nisbatan intellektual mulk sohasida aniqlangan qonun buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritildi hamda musiqiy asar restoran ma’muriyati tomonidan butunlay o‘chirib tashlanganligi ma’lum qilindi.

36

Shuni aytish lozimki, muallif (huquq egasi) __________ “WORLD”

MCHJ tomonidan “CUMITE” nomli musiqiy asaridan o‘zining ruxsatisiz foydalanayotganini bilgan vaqtda “WORLD” MCHJga ogohlantirish bilan chiqqan va ushbu musiqiy asar bevosita uning muallifligida yaratilganligini va ushbu asardan foydalanish uchun tegishli tartibda o‘zidan ruxsat olinishi lozimligini aytgan. “WORLD” MCHJ xodimi ushbu asarni muallif ___________ga tegishliligini tasdiqlovchi dalillari

yo‘qligini va “qo‘lidan kelgan ishni qilishi”ni aytgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasida muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega ekanligi aytib o‘tilgan.

Ushbu qonunga ko‘ra, quyidagi harakat (huquq)larni amalga oshirish uchun bevosita muallif yoki huquq egasidan tegishli tartibda rozilik olish talab etiladi:

asarni takrorlash (takrorlash huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);

tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan, mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);

asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);

asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);

asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);

asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);

asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);

asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot

37

tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).

O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 62-moddasiga ko‘ra:

mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish;

ijrochining ismi-sharifga bo‘lgan va ijroni har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz qilinishidan himoya qilish huquqlarini buzish;

huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish;

O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunida nazarda tutilgan hollarda haq to‘lash to‘g‘risidagi talablarni buzish;

asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish;

huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqacha tarzda buzish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, “WORLD” MCHJ tomonidan muallifning O‘zbekiston Respublikasi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 19-moddasida keltirib o‘tilgan huquqlari buzilmoqda. Shuningdek, “WORLD” MCHJ tomonidan Fuqarolik kodeksining 1056-moddasida keltirib o‘tilgan muallifning mulkiy huquqlari ham buzilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 65-moddasiga ko‘ra, muallif va ijrochi o‘z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma’naviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Shuningdek, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 65-moddasiga muvofiq, muallif zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zararning o‘rnini qoplash evaziga to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini talab qilishi mumkin.

“WORLD” MCHJ musiqiy asarni omma e’tiboriga namoyish qilib davogarga hech qanday muallif haqi (gonorar) to‘lamadi.

38

Shu sababli yuqorida bayon etilganlarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga asosan suddan,

SO‘RAYMAN:

Javobgar “WORLD” MCHJdan da’vogar foydasiga ellik million so‘m ma’naviy zarar hamda ellik million so‘m boy berilgan foydani tovon sifatida undirib berishingizni.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan shaxslar ro‘yxati berilgan bo‘lib, ushbu moddaning yettinchi qismiga asosan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquqlari hamda manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga ariza bilan murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6000-son farmonining 7-bandiga asosan, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar ularga bevosita huquq egalari yoki ularning merosxo‘rlari tomonidan berilgan vakolatlar doirasida da’vo bilan sudga murojaat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lash muddati kechiktirilib, bu boj keyinchalik aybdor tarafdan undirib olinadi.

Ilova:

muallifning pasport nusxasi;

muallif bilan tuzilgan shartnomadan nusxa; muallifning arizasidan nusxa;

muallif tomonidan berilgan ishonchnomadan nusxa;

Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga yuborilgan xat nusxasi;

Intellektual mulk agentligi tomonidan javobgarga nisbatan kiritilgan taqdimnoma.

Da’vogar nomidan:

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot rahbari

39

XO‘JAYEV SHOXJAXON AKMALJON O‘G‘LI

MUQUMOV BOBUR MELIBOY O‘G‘LI

INTELLEKTUAL MULK

HIMOYASINI TA’MINLASH

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir

Muharrir

Musahhih

Texnik muharrir

Dizayner

O. Choriyev

Sh. Jahonov

M. Patillayeva

U. Sapayev

D. Rajapov

16.08.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 85-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

40