KIRISH

Ma’lumki, har qaysi davlat o‘zining kelajagi bo‘lgan yoshlarga, ularning bilim olishiga alohida e’tibor qaratadi. Boisi faqat bilimgina mamlakatni tanazzuldan qutqarib, rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli deyarli barcha davlatlar, ayniqsa rivojlangan davlat o‘z fuqarolarining bilim olish huquqini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi.

Darhaqiqat, ta’lim-tarbiya jarayonlari millatning ertasini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanib, uni zamon talablariga muvofiq ravishda takomillashtirib borish dolzarb masala hisoblanadi. Shu maqsadda o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda ham har bir shaxsning bilim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi. Bundan tashqari, ushbu konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish tartibiga doir bo‘lgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. 2020-yil 23-sentabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni bu sohada qilingan katta islohot bo‘ldi deb aytish mumkin. Ushbu Qonun bilan bilim olish huquqi imkoniyatlari yanada kengaydi. Yangi qonunga jismoniy, aqliy, ruhiy va boshqa jihatlariga ko‘ra nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etilishi belgilanganligi alohida e’tiborga loyiq. Boisi bosh qomusimizda har bir shaxs bilim olish huquqiga ega deb belgilab qo‘yilgan ekan, u individual imkoniyatlarining xilma-xilligidan qat’i nazar barcha uchun ta’minlanishi lozim. Mazkur risolada bilim olish huquqining shu va boshqa jihatlari tahlil qilinadi.

I. BILIM OLISH HUQUQI TUSHUNCHASI HAMDA UNING HUQUQIY ASOSLARI

Ta’lim olish huquqi haqida so‘z yuritganda, dastavval, ta’lim o‘zi nima, mustaqil huquq instituti sifatida ta’lim olish huquqi orqali qanday ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi hamda uning mazmun-mohiyati nimalarda aks etishi haqida to‘xtalib o‘tish joiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashlaricha: “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etgan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lishsin, lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”. Chindan ham, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlatning kelajagini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ta’lim va tarbiya tushunchalari bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikda bo‘lib, ularni ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda ham mazkur ikki tushunchaga birgalikda to‘xtalib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra tarbiya ta’limning asosini tashkil etib, uning poydevori hisoblanadi. Tarbiya aniq maqsadli hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishga, ularning ongini, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan tizimli jarayon hisoblanadi.

Bilim insonni yuksak darajaga ko‘taribgina qolmasdan, u yashayotgan mamlakatni ham yuksaltiradi. Jahon tajribasi ham faqat bilim orqaligina ko‘plab muammolarni hal qilish mumkinligini ko‘rsatdi. Shuning uchun, har bir uzoqni ko‘ruvchi mamlakat o‘z fuqarolarining bilimli bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi va shu yo‘lda harakat qiladi. Fuqarolarning bilimli bo‘lishi esa, bilim olish qanday yo‘lga qo‘yilganligi, unga qanday sharoit-imkoniyatlar yaratilganligiga ta’sir qiladi. Bunda ta’lim tizimining qandayligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ta’kid­laganlaridek: “Yangi O‘zbekiston maktabdan boshlanadi, bilimsiz avlodning kelajagi yo‘q”[1].

O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahririda ta’lim tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ta’lim – ta’lim oluvchilarga chuqur nazariy bilim, malakalar va amaliy ko‘rsatmalar berishga, shuningdek, ularning umumta’lim va kasbiy bilim, malaka hamda ko‘nikmalarini shakllantirishga, qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan jarayon hisoblanadi.

Yuqorida ta’lim tushunchasi haqida qisman bo‘lsa ham to‘xtalib o‘tib, uning mazmun-mohiyatini anglashga harakat qildik. Endilikda, keyingi masala – ta’lim huquqi haqida so‘z yuritsak. Bilamizki, har bir huquqiy munosabat asosida birorta ijtimoiy munosabat yotadi, mazkur ijtimoiy munosabatlar huquq normalari orqali tartibga solinib, huquqiy munosabatlarni tashkil etadi.

Ta’lim olish huquqi shaxsning asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ta’lim davlatni rivojlantirish, uning kelajakdagi istiqboliga yo‘l ochish hamda ertangi taqdirini belgilash, jamiyatning har qaysi sohasini chuqur va tadrijiy rivojlantirishda ustuvor soha hisoblanadi. O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi davlat siyosati umuminsoniy qadriyatlarni, xalqning tarixiy tajribasini, madaniy va fan bobidagi an’analarini hamda jamiyatning istiqboldagi rivojini hisobga olgan holda yurgiziladi. Ta’lim ilm va tarbiya berishni o‘z ichiga olib, u mamlakatimizning zakovat va bilim borasidagi kuch-quvvatini rivojlantirish, jamiyat, oila oldidagi o‘z mas’uliyatini anglaydigan har jihatdan barkamol avlodni shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi.

Ta’lim olish huquqi insonning tabiiy huquqlaridan biri hisoblanib, u doimo ilm olishga o‘zida ehtiyoj sezadi. Ana shu bilim olish ehtiyojini qondirishga bo‘lgan talab ta’lim olish huquqini alohida huquq instituti sifatida rivojlanishini taqazo etgan.

O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda yashovchi har bir shaxsga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, teng ravishda ta’lim olish huquqi kafolatlanadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha uchun ta’lim olish huquqi ta’minlangan bo‘lib, har kim hech qanday to‘siqlarsiz ta’lim olishga haqlidir. Kishilarning mazkur huquqi davlat tomonidan kafolatlanadi. O‘zbekistondagi barcha shaxslar qonunda belgilangan tartibda ham dunyoviy, ham diniy bilimlarni egallashlari, o‘zlarining qiziqish va intilishlaridan kelib chiqqan holda ta’lim olishlari mumkin. Bunda qonunda belgilangan tartiblardan tashqari hech kim va yoki hech qanday davlat organi hamda tashkilotlari tomonidan cheklanishi mumkin emas.

O‘zbekistonda ta’lim olish huquqi ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish, ta’lim tashkilotlarida innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va o‘quv dasturlarini innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirish, ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, va ularning malakasini oshirish, umumiy, o‘rta, o‘rta maxsus ta’limni va boshlang‘ich professional ta’limni bepul olish, oilada yoki mustaqil o‘qish orqali ta’lim olgan fuqarolarga, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim olmagan shaxslarga akkreditatsiyadan o‘tgan davlat ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta’minlanadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston tomonidan ko‘plab xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan bo‘lib, mamlakatimizda ularning ustunligi so‘zsiz tan olinishi, shuningdek, milliy va xalqaro huquq normalari o‘rtasida kolliziyalar vujudga kelganda, albatta, xalqaro huquq normalari birinchi navbatda tan olinishi lozim. 1948-yil 10-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiya”sida ham Konstitutsiyamizga hamohang ravishda ta’lim olish huquqi insonning tabiiy va zaruriy huquqlaridan biri deb topilib, ushbu deklaratsiyaning 26-moddasiga ko‘ra, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega. Ta’lim olishda hech bo‘lmaganda boshlang‘ich va umumiy ta’lim tekin bo‘lishi kerak. Boshlang‘ich ta’lim majburiy bo‘lishi kerak. Texnik va hunar ta’limi hammaning qurbi yetadigan darajada bo‘lishi, oliy ta’lim esa har kimning qobiliyatiga asosan hamma uchun yetarli imkoniyat doirasida bo‘lmog‘i kerak. Ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi kerak. Kichik yoshdagi bolalari uchun ota-onalar ta’lim turini tanlashda imtiyozli huquqqa egadirlar.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ta’lim olish huquqi shaxslarning ijtimoiy huquqi hisoblanib, ijtimoiy huquqlar uchun asosiy poydevor manbaa hisoblanuvchi 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi Xalqaro paktning 14-moddasida ta’lim olish huquqi haqidagi asosiy normalar belgilangan bo‘lib, unda ta’kidlanishicha, har bir shaxsning ta’lim olish huquqi e’tirof etilib, ta’lim inson shaxsining to‘liq rivojlanishi va uning qadr-qimmatini anglashiga qaratilgan bo‘lishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklari hurmat qilinishini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, ta’lim barchaga erkin jamiyatning foydali a’zolari bo‘lishga imkoniyat yaratishi, barcha irqiy, etnik va diniy guruhlar o‘rtasidagi do‘stlikka, xayrixohlikka va sabr-toqatli bo‘lishga ko‘maklashishi lozim.

Ushbu Paktga asosan, boshlang‘ich ta’lim hamma uchun majburiy va tekin bo‘lishi, o‘rta ta’limning barcha shakllari, jumladan, hunar-texnika o‘rta ta’limi ochiq bo‘lishi va barcha zarur choralar ko‘rilib, xususan, asta-sekin pulsiz ta’lim olishni joriy etish yo‘li barchaning imkoni yetadigan darajada bo‘lishi, har bir insonning qobiliyatini hisobga olgan holda barcha zarur choralarni ko‘rish, xususan, asta-sekin bepul ta’lim olishni joriy etish yo‘li bilan oliy ta’lim olish hamma uchun imkon yetadigan darajada bo‘lishi, barcha darajadagi maktablar tarmoqlari faol rivojlantirilishi, stipendiyalarning qoniqarli tizimi belgilanishi va o‘qituvchilarning moddiy ahvoli doimiy yaxshilanib borilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 41-moddasida ham yuqorida biz tanishib o‘tgan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga asoslangan holda ta’lim olish huquqining konstitutsiyaviy maqomi belgilanib, mazkur huquq shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlaridan biriga aylangan: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.

“Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir.”

Yuqoridagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarida belgilangan qoidalar asosida O‘zbekistonda ta’lim ustuvorligi tan olinib, ta’lim olish huquqi quyidagi tamoyillar asosida, ya’ni ta’lim olish shakllarini erkin tanlash, ta’lim sohasidagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaslik, ta’lim olishga oid teng imkoniyatlarning ta’minlanishi, ta’lim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi, ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik xususiyati, ta’limning uzluksiz va izchilligi, davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi, o‘quv dasturlarini tanlashga doir yondashuvning yagonaligi va tabaqalashtirilganligi, insonning butun hayoti davomida ta’lim olish imkoniyatining mavjudligi, ta’lim tizimining dunyoviy xususiyatga egaligi, bilimlilik, qobiliyatlilik va iste’dodning rag‘batlantirilishi, ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvining uyg‘unligi, ta’lim faoliyati sohasidagi ochiqlik va shaffoflik kabi prinsiplar asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olish huquqining kafolatlari, eng avvalo, bosh qomusimiz hisoblanmish – Konstitutsiya va uning orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Oila Kodeksi orqali mustahkamlanib qo‘yilgan.

II. MAKTABGACHA TA’LIM – BILIM OLISHNING

POYDEVORI

Maktabgacha ta’lim tizimini yaxlit uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida yanada takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish masalalariga bugungi kunda davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yillar davomida aytib o‘tilgan ushbu amaliy ishlar bo‘yicha muhim chora tadbirlarni belgilab bergan quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Qabul qilingan ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash natijasida maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi quyidagi ko‘rinishga keldi:

Maktabgacha ta’lim muassasalari, xususan, xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni ham keskin oshirildi. Jumladan birgina 2020-yilning o‘zida ularning soni 18254 taga yetkazilgan bo‘lsa, shundan 700 tasi xususiy muassasalar hisoblanadi. Ilgari mavjud bo‘lmagan 1025 ta davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 10 mingdan ortiq oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etildi. Bundan tashqari, davlat ushbu sohaga alohida e’tibor qaratib, sohani rivojlantirish uchun 2016-yildagi 200 milliard so‘m mablag‘ bugungi kunda 5,5 trillion so‘mga oshirildi. Ushbu mablag‘larni yosh avlod uchun davlat tomonidan berilayotgan juda katta e’tibor sifatida baholash mumkin. Prezidentimizning maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratishi millionlab fuqarolarimizga ko‘p jihatdan quvonch ulashdi. Sababi minglab fuqarolarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsa, millionlab fuqarolarimiz farzandlarini o‘zlari ma’qul ko‘rgan maktabgacha ta’lim muassasalariga berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususiy bog‘chalarning ko‘payishi bu sohada raqobatning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Bilamizki, raqobat bo‘lgan joyda rivojlanish, yuksalish bo‘ladi. Davlatimiz ushbu islohotlardan hech qachon ortga chekinmaydi. Maktabgacha ta’lim – bilim olish huquqini ta’minlashning muhim poydevoridir.

III. XALQ TA’LIMI TIZIMIDAGI ISLOHOTLARNI ORTGA SURISH – MAMLAKATNI TANAZZULGA YETAKLAYDI

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga ta’lim berishning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish bo‘yicha bir qator muhim ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, prezidentimiz yosh avlodga ta’lim berish juda ham muhim vazifa ekanligini, mamlakatimizning ertangi kuni yosh avlodga bog‘liq ekanligini, yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berishda asosiy kuch o‘qituvchi-pedagoglarning salohiyatiga, ularning o‘z kasbidan qoniqish hissini kuchaytirishga bevosita bog‘liq ekanligini ko‘p bora ta’kidladilar. Buning uchun barcha chora-tadbirlar, xususan, o‘qituvchilarning oylik maoshlari bir necha bor oshirilganligiga, ularni xizmat vazifasidan tashqari ishlarga jalb etish holatlariga chek qo‘yilganiga, ular tomonidan to‘ldirilishi talab etiladigan hujjatlar soni 1,5 barobarga qisqartirilganiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Bundan tashqari, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyatlari yo‘lga qo‘yildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Prezidentimizning 2021-yil 19-iyuldagi qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari sifatida qayta tashkil etildi.

Dastlab Agentlik tizimida 16 ta, jumladan, 4 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritgan bo‘lsa bugungi kunda barcha viloyatlarda Prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Quyida Prezident ta’lim muassalarining tashkiliy tuzilishini ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tahqari o‘tgan yillar davomida xalq tizimi sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

6 mingga yaqin umumta’lim maktab­larida 65 mingga yaqin o‘quvchining bilim olish huquqi ta’minlandi.

9114 ta umumta’lim maktablari keng polosali Internetga ulandi.

Barcha tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari videokonferensiya aloqa vositalari bilan, maktablar 73448 ta yangi kompyuter bilan ta’minlandi.

4715 ta maktablarda lokal tarmoq va kompyuter sinf xonalariga Wifi qurilmalari o‘rnatildi.

Nodavlat ta’lim muassasalari soni 6 barobarga oshirildi.

Amalga oshirilgan ushbu islohotlar albatta o‘z natijasini bermoqda. Yildan yilga maktab o‘quvchilarining xalqaro olimpiadalardagi ishtiroklari, ulardagi medallar soni va salmog‘i ortib borayotganligi fikrimizning ayni isbotidir.

IV. OLIY VA O‘RTA-MAXSUS KASB HUNAR TA’LIMI

Mamlakatimizda olib borilgan islohotlardan hech shubhasiz ta’lim tizimining ajralmas va eng muhim halqasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim tizimi ham chetda qolmadi. Xususan, оliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.

Shuningdek, ta’limning uzluksizligini ta’minlash maqsadida o‘rta-maxsus kasb hunar ta’limi ham isloh qilinib professional ta’limni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga uch bosqichli professional ta’lim tushunchalari kiritildi.

  • 15 ta Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi tashkil etildi.
  • Respublikaning barcha hududlarida 14 ta yuridik texnikum tashkil etildi.
  • Oliy ta’lim tashkilotlari soni 150 ta yetkazildi.
  • Oliy ta’lim qabul kvotasi 3 barobarga davlat grantlari 47 mingtaga ko‘paytirildi.

Qayd etilgan ushbu chora-tadbirlar natijasida maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi hamda istiqboldagi rejalar quyidagicha ko‘rinishga keldi.

Bundan tashqari, pedagog-o‘qituvchilarning oylik maoshlari 2018-yilga nisbatan bugungi kunda 2,5 barobardan ortiq miqdorga oshirildi. 2020-yilda 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan bo‘lsa bugungi kunda 35 ta oliy ta’lim muassasasiga o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha mustaqillik berildi.

Yuqoridagilarning barchasi fuqarolarimizning oliy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga, ta’lim tizimini takomillashtirish orqali malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

V. XORIJIY MAMLAKATLAR KONSTITUTSIYASIDA BILIM OLISH HUQUQI MASALALARI

Ma’lumki, har qaysi davlat o‘zining kelajagi bo‘lgan yoshlarga, ularning bilim olishiga alohida e’tibor qaratadi. Boisi faqat bilimgina mamlakatni tanazzuldan qutqarib, rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli deyarli barcha davlatlar, ayniqsa rivojlangan davlat fuqarolarning bilim olish huquqini ta’minlash masalasiga jiddiy yondashadi. Bu to‘g‘risida ko‘plab adabiyotlarlarda olimlar tomonidan mamlakat rivojlanishining asosiy omillaridan biri sifatida aynan bilim olish huquqi hamda uning davlat tomonidan ta’minlanishi qaraladi.

Xususan, O.T.Husanov ham shunday fikr bildiradi “… har bir uzoqni ko‘zlovchi mamlakat o‘z fuqarolarining bilimli bo‘lishidan manfaatdor va shu yo‘lda harakat qiladi. Fuqarolarning bilimli bo‘lishiga esa, bilim olish qanday yo‘lga qo‘yilganligi, unga qanday sharoit-imkoniyatlar yaratilganligi ta’sir qiladi”.

Umuman olganda bilim olish bu insonning uzviy huquqi ekanligi, uning bu huquqlari inson huquqlariga doir ko‘plab xalqaro huquqiy hujjatlarda mavjud ekanligini ham ko‘rishimiz mumkin. Xususan,
1948-yilda BMT tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari Umumjahon dekloratsiyasi, 1966-yilda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt (unga 1966-yildagi tegishli fakultativ protokolni ham qo‘shib) va ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt ham bu sohada o‘zining alohida ahamiyatiga ko‘ra ajralib turadi.

Ushbu xalqaro hujjatlardan tashqari, ko‘pgina mamlakatlar shaxsning bilim olish huquqini o‘zining asosiy qonuni konstitutsiyalarida mustahkamlab qo‘ygan.

Germaniya Federativ Respublikasining bosh qonuni 7-moddasida maktab tizimi va uning davlat nazoratida ekanligi, fuqarolarning davlat va xususiy maktablarda bilim olish huquqi ta’minlanishi, 91b-moddasida ta’lim dasturlari hamda 104s-moddasida maktab ishlarining davlat tomonidan moliyalashtirilishi mustahkamlanligini ko‘rishimiz mumkin.

Yaponiya Konstitutsiyasining 26-moddasida barcha shaxslar bir xil bilim olish huquqiga ega ekanligi, majburiy ta’lim bepul olib borilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Koreya Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida ham barcha fuqarolar bir ta’lim olish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shuningdek, majburiy ta’lim bepul bo‘lishi, davlat uzluksiz ta’limni qo‘llab-quvvatlab, uni rivojlantirish choralarini ko‘rishi konstitutsiya bilan mastahkamlangan.

Dunyoda ta’lim sifati bo‘yicha eng yuqori o‘rinda turadigan Finlandiya Konstitutsiyasi 16-moddasida ta’lim olish huquqiga doir masalalar belgilangan. Unga ko‘ra har kim asosiy ta’limni bepul olish huquqiga ega. Davlat hamma uchun bir xil ta’lim olish huquqini kafolatlaydi.

Shaxsning ta’lim olish bilan bog‘liq asosiy huquqlari MDH davlatlarida ham konstitutsiya bilan mustahkamlash amaliyoti shakllanganligini ushbu davlatlar konstitutsiyalarini tahlil qilish asnosida guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Xususan, Rossiya Federatsiyasi Konsti­tutsiyasining 43-moddasida har kim ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, umumiy ta’lim majburiy hisoblanib, davlat tomonidan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Shu jumladan, mamlakatimizda ham yoshlarning bilim olishlariga, o‘z ustida ishlab, vatan kelajagini o‘z qo‘liga olishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga oladigan salohiyatli kadr bo‘lib yetishishlariga barcha imkoniyat yaratilgan. Fuqarolarimizning asosiy huquqlarini aniq mustahkamlab bergan bosh Qomusimizning 41-moddasida ham ta’lim olish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi sifatida belgilangan.

Bundan tashqari, ta’lim huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish uchun, bu sohadagi munosabatlarni zamonaviy talablarga mos holatga keltirish maqsadida 2020-yil 23-sentabrda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

2021-yilning 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ham kelajak avlodning ta’lim olishiga alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 28 foizdan 50 foizga yetkazilishi nazarda tutilgan. (Ma’lumot uchun: bugungi kunda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazilgan).

Xulosa qilib aytganda, ta’lim olish har bir shaxsning ajralmas, uzviy huquqidir hamda uning konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilishi bu davlatning kelajak avlodi bilimli bo‘lishiga katta hissa qo‘shadigan asosiy omillardan biridir.

Narimanov, B.A., Karaxodjayeva, O., Bokiyev, J.N.

B Bilim olish huquqi [Matn] / Narimanov Bekzod Abduvaliyevich, Karaxodjayeva Okilaxon Rufatovna, Bokiyev Jahongir Nurmatjon o‘g‘li. – T.: Toshkent davlat yuridik universiteti, 2022. – 24 b.

ISBN

UO‘K: 342.4(041)(575.1)

KBK: 000

NARIMANOV BEKZOD ABDUVALIYEVICH

KARAXODJAYEVA OKILAXON RUFATOVNA

BOKIYEV JAHONGIR NURMATJON O‘G‘LI

BILIM OLISH HUQUQI

Ilmiy-mmabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 127-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________

  1. Husanov O.T. Konstitutsiyaviy huquq: darslik. To‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashri. – Toshkent: Yuridik adabiyotlar publish, 2020. – 400 bet. 135-bet.