OʻZ-OʻZIDAN HAQIQIY SANALMAYDIGAN BITIMLARNI TURLARI VA ULARNING NIZOLI BITIMLARDAN FARQI

Bitimlar erkning ifodalanish shakli sifatida shaxslar uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi va shu orqali fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yuzaga keltiradi. Bitimni tuzish orqali shaxs muayyan hayotiy holat yuzasidan oʻzining xohishini ifodalaydi va shu orqali oʻz huquqlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Biroq shaxs tomonidan oʻz erkini ifoda etishga qaratilgan har qanday xatti-harakat ham bitim hisoblanmaydi. Shaxsning harakatlari fuqarolik huquq va majburiyatlarini vujudga keltirishi uchun mazkur harakatlar muayyan shartlarga javob berishi lozim. Amaldagi fuqarolik qonunchiligida bitim tushunchasiga taʼrif berilgan, biroq bitimlarga nisbatan muayyan talablar belgilanmagan. FKning 101-moddasiga koʻra, bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi.

Yuridik adabiyotlarda bitimlarga nisbatan xos boʻlgan shartlar va xususiyatlar borasida bir qator fikrlar bildirilgan. Xususan, I.B.Zokirovning fikricha, bitimlar uchun quyidagi shartlarning boʻlishi muhimdir:

a) bitim tuzuvchi shaxs fuqarolik huquqining subyekti hisoblanishi;

b) muayyan bitimni tuzuvchi shaxsda bu bitimni tuzish erki boʻlishi va bu erk maʼlum huquqiy oqibatlar tugʻdirishga qaratilgan boʻlishi;

v) shaxsning erki muayyan yuridik fakt hisoblangan harakatda oʻzining tashqi ifodasini topishi, yaʼni maʼlum shaklda izhor qilingan boʻlishi kerak[1].

H.R.Rahmonqulovning taʼkidlashicha, fuqarolik huquqi fanida bitimlar quyidagi xususiyatlari va belgilari bilan tavsiflanadi:

1. Bitimlar keng tarqalgan yuridik faktlardan hisoblanadi.

2. Bitim – bu erk bayonnomasi, yaʼni taraflarning erk-irodasi bayon etilgan harakatlardan iborat.

3. Bitim – bu qonunga mos, qonunga rioya qilingan harakatlardan hisoblanadi.

4. Bitim – bu taraflari muomala layoqatiga ega boʻlgan shaxslar ishtirokidagi harakatlardan hisoblanadi.

5. Bitim – bu muayyan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni vujudga keltirish, oʻzgartirish, bekor qilishga qaratilgan harakatlardan hisoblanadi.

6. Bitim – bu huquqiy tabiati va yuridik oqibatlari boʻyicha fuqarolik-huquqiy munosabatlardan hisoblanadi[2].

Tuzilgan bitimning haqiqiyligi masalasi yuqorida qayd etilganidek, qonun hujjatlarida oʻz ifodasini topmagan. Biroq adabiyotlar bu borada muayyan mulohazalar uchraydi. I.B.Zokirov fikricha, bitimlar haqiqiy sanalishi uchun quyidagi shartlarga javob berishi:

birinchidan, bitimlarning mazmuni qonunga va qonun asosida chiqarilgan aktlarga, umuminsoniy qoidalarga muvofiq boʻlishi;

ikkinchidan, bitimlarni tuzuvchi shaxslar muomala layoqatiga ega boʻlishlari;

uchinchidan, bitimlar koʻrinish uchungina tuzilmay, balki chindan ham yuridik oqibat tugʻdirish maqsadida tuzilgan boʻlishi;

toʻrtinchidan, notarial guvohlantirishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan bitimlar haqiqiy sanalmasligi havfi ostida qonun bilan talab qilingan shaklda rasmiylashtirilishi kerak[3].

Har qanday bitim qoidaga koʻra qonun yoʻl qoʻygan harakatlar jumlasiga kiradi va uning mazmuni qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi lozim. Yaʼni, bitimda ifodalangan shaxsning erki qonunga zid boʻlmasligi zarur. Masalan, vasiyatnomada vasiyat qodiruvchi oʻz vorislariga oʻch olishni yoki boshqa shaxsga shikast yetkazish topshirigʻini bersa, bunday vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Albatta, bitimning qonunga muvofiq boʻlishi nafaqat bir tomonlama bitimlar uchun zarur boʻlgan qoida hisoblanadi, balki ikki tomonlama bitimlar jumlasiga kiruvchi shartnomalarda ham muhim va rioya qilinishi zarur boʻlgan holat sifatida baholanadi. Masalan, taraflar oddiy shirkat shartnomasini tuzish yoʻli bilan noqonuniy savdo faoliyati bilan shugʻullanishi yoki litsenziya olmasdan faoliyat yuritishi ham bitimning haqiqiy emasligiga sabab boʻlishi mumkin.

Yuridik adabiyotlarda bitimning haqiqiy emasligi koʻp hollarda qonun buzilishi va huquqqa xiloflik bilan ayniy tushunchalar sifatida baholanadi. Ayrim mualliflar bitimlar haqiqiy emasligi ularning qonun hujjatlariga muvofiq emasligini anglatishini taʼkidlashadi. Biroq bitimning haqiqiyligi va uni tuzish shartlarini har doim qonun hujjatlariga muvofiqlik bilan emas, balki ularga zid kelmaslik bilan baholash toʻgʻri boʻladi. Shu bois ham bitimning mazmuni qonunga muvofiq boʻlishi emas, balki qonunga zid boʻlmasligi lozimligi toʻgʻriroqdir. Binobarin, bu holat FKning 8-moddasi 2-qismi 1-bandi qoidalaridan ham anglashiladi. Mazkur normada qonunchilik bitimlarning qonunga zid boʻlmaslik talabini belgilaydi.

Bitimlarni haqiqiy sanalmasligi yuqoridagi talablarni buzilishi bilan bogʻliq. Fuqarolik huquqi nazariyasi bu borada muayyan asoslarni ishlab chiqqan. Unga koʻra, bitimlarni haqiqiy sanalmasligi quyidagi sabablar bilan bogʻlangan boʻlishi mumkin:

a) bitim subyekti bilan bogʻliq nuqsonlar. Agarda bitim muomalaga layoqatsiz shaxs bilan tuzilgan boʻlsa, yoxud qonun bunday vakolat bermagan shaxs bilan tuzilgan boʻlsa (masalan, muomala layoqati cheklangan shaxs) bunday bitim haqiqiy hisoblanmaydi;

b) erk-irodani shakllanishida nuqsonlar mavjud boʻlgan bitimlar. Ular ham oʻz navbatida ikki guruhga boʻlinadi;

1) ichki xohishsiz tuzilgan bitimlar. Bunday bitimlar jumlasiga zoʻrlik, qoʻrqitish orqali tuzilgan bitimlar, shuningdek, oʻz xatti-harakati oqibatini tushuna olmaydigan shaxs tomonidan tuzilgan bitimlar kiradi;

2) bitim tuzishga hohish va iroda notoʻgʻri shakllantirilgan bitimlar. Bunda yanglishish natijasida tuzilgan yoxud ogʻir holatga tushib qolganligi sababli tuzilgan bitim kiradi. Bunda bitim tuzuvchida muayyan xohish bor, biroq bunday xohish boshqa subyektlar tomonidan gʻayriqonuniy ravishda shakllantirilgan boʻladi.

d) bitim shaklida nuqson boʻlgan bitimlar (yozma shakliga, notarial guvohlantirishga, davlat roʻyxatidan oʻtkazishga rioya qilmaslik);

e) soxta va koʻz boʻyash maqsadida tuzilgan bitimlar[4].

Amaldagi fuqarolik qonunchiligidan kelib chiqib, oʻz-oʻzidan haqaqiy boʻlmagan bitimlarning quyidagi turlarini sanab oʻtish mumkin: bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik (115-modda), qonun hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligi (116-modda), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi (117-modda), muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi (119-modda), qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi (124-modda), yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan bitimning haqiqiy emasligi (125-modda) kabilar.

Bitimlarning haqiqiy emasligi ikki turga: oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan va nizoli bitimlarga boʻlinishini H.R.Rahmonqulov quyidagicha asoslaydi: nizoli bitimning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi isbotlanishi, qolaversa sud orqali aniqlanishi lozim. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emasligini isbotlash shart emas, uning haqiqiy emasligi soʻzsiz muqarar[5]. Lekin mazkur fikrga qoʻshilmaydigan mualliflar ham mavjud. Ularning fikricha, nafaqat nizoli bitimlarni balki, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlarning haqiqiy emasligi ham sud tomonidan eʼtirof etilishi lozim[6].

Fuqarolik kodeksi 113-moddasining 1-qismiga koʻra bitim ushbu kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼiy nazar haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).

Mazkur qoidaning FKda belgilanishi muhim ahamiyatga ega. Shartnomalarning alohida turlariga bagʻishlangan bir qator moddalarda muayyan holatlarda shartnomani oʻz oʻzidan haqiqiy emas deb topilishiga doir koʻrsatma mavjud. Masalan, dastlabki shartnoma (361 modda), hadya shartnomasi (502 modda), ikkilamchi ijara (550 modda), kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (863-modda) da yuqoridagi fikrning dalilini koʻrishimiz mumkin.

Akademik H.Rahmonqulov bitimlar haqiqiy deb hisoblanishi uchun bitim boʻyicha amalga oshirilgan harakatlar yuridik fakt sifatida tan olinishi kerak, aks holda bitim haqiqiy deb hisoblanmaydi, uning taraflari uchun ular xohlagan huquq va majburiyatlarni vujudga kelishi, oʻzgarishi va bekor boʻlishi uchun asos boʻlolmaydi[7].

FKning 11-moddasida bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashni fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari sifatida belgilanishi ham diqqatga sazovor.

Bitimning haqiqiy emasligi shuni anglatadi-ki, bitim koʻrinishida amalga oshirilgan harakat subyektlar sodir boʻlishini istagan fuqarolik-huquqiy oqibatlarni yuzaga keltiradigan yuridik fakt sifatlariga ega boʻlmaydi.

Haqiqiylik shartlaridan biri buzilgan hollardagina bitimning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida gapirish mumkin. Yaʼni bitimning haqiqiy emasligi quyidagilar bilan belgilanishi mumkin:

a) mazmunining noqonuniyligi;

b) uni tuzuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning bitim tuzishga haqli emasligi;

d) erk-iroda va erk-iroda izhorini nomuvofiqligi;

e) bitim shakliga rioya etilmaganligi.

Yuqorida qayd etilganidek, bitimning haqiqiy emasligining qonun hujjatlarida belgilangan asoslar boʻyicha, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim), yoki bunday deb topilishidan qatʼiy nazar (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim) haqiqiy emas deb hisoblanadi. Boshqacha soʻzlar bilan aytganda mazkur tasnif “oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan” atamasini “mutlaqo haqiqiy boʻlmagan” atamasiga oʻxshash atama sifatida, “nizoli” atamasini esa “nisbatan haqiqiy boʻlmagan” atamasiga oʻxshash atama sifatida ishlatish imkonini beradi. Taklif etilgan tasnif ancha toʻgʻriroq hisoblanadi, chunki u obyektiv mezonga, aniqrogʻi bitimlarning haqiqiy emasligi shaklida sodir etilgan harakatlarning turli noqonuniylik darajasiga tayanadi.

Bitimning oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi shuni anglatadi-ki, bitim koʻrinishida amalga oshirilgan harakat qonunga nomuvofiqligi sababli uning ishtirokchilari istagan huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirmaydi va yuzaga keltirishi mumkin emas.

Oʻgʻirlangan ashyolarni sotib olish, muomalaga layoqatsiz shaxsdan qimmatli ashyoni xarid qilish sotib oluvchida mulk egasi huquqlarini yuzaga keltirmaydi; notarial tasdiqlanmagan koʻchmas mulk garovi garovga oluvchi huquqlarini vujudga keltirmaydi va h.k.

Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim noqonuniy harakat boʻlgani holda faqat qonunda ushbu holat uchun koʻzda tutilgan huquqbuzarlikka qarshi oqibatlarni yuzaga keltiradi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi talab har qanday manfaatdor shaxs tomonidan bildirilishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusiga koʻra qoʻllashga haqlidir. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlar shaklida amalga oshirilgan mutlaq koʻpchilik harakatlarning noqonuniyligi nihoyatda ravshan, misol uchun ruhiy kasallik tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro bilan bitimni amalga oshirish holatida. Shuning uchun bunday hollarda sudning vazifasi qonunda koʻzda tutilgan bitimlarning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq oqibatlarni qoʻllashdan iborat boʻladi .

Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlar uchun xos boʻlgan umumiy jihat bu qonunda belgilab qoʻyilgan holatlarga qarma-qarshi oʻlaroq bitim tuzish hamda belgilangan talab va shartlarga rioya etmaslik hisoblanadi. Mazkur holatlarga rioya etilmasdan tuzilgan har qanday bitim oʻz-oʻzidan, yaʼni tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.

BITIMLAR OʻZ-OʻZIDAN HAQIQIY SANALMASLIGINING HUQUQIY OQIBATLARI

Amaldagi qonunchilik oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarga nisbatan muayyan huquqiy oqibatlarni belgilaydi. Bunday oqibatlar oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan har bir bitimning mohiyati va oʻrnidan kelib chiqib qonunchilikda oʻz ifodasini topgan. FKning 114-moddasiga binoan haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.

Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.

Bitimni haqiqiy emas deb topishning umumiy va maxsus asoslari va xuddi shuningdek bunday deb tan olishning umumiy va maxsus oqibatlari farqlanadi. Soʻz yuritilayotgan umumiy asoslar 116-moddada mustahkamlangan boʻlib, unda qonun hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlmagan bitimlar haqiqiy emas deb topiladi. Bitimni haqiqiy emasligining umumiy oqibatlarini FKning 114-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ikki tomonlama restitutsiya, yaʼni, taraflarni ular bitim tuzishdan oldingi holatga keltirish tashkil qiladi.

Haqiqiy boʻlmagan bitim taraflarini ular bitim tuzishdan oldingi holatga keltirish uchun qonun taraflarning har biri uchun boshqa tarafga bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarish majburiyatini yuklaydi. Agar olingan narsalarni asl holida qaytarish mumkin boʻlmasa, qiymatni pul bilan qoplash lozim. Olingan narsani asl holida qaytarish mumkin boʻlmagan hollarda (mulkdan foydalanish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) qoplash miqdori mazkur vaziyatda yuzaga kelgan mulkdan foydalanish, oʻxshash ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin.

Mulkni asl holida qaytarishda uning holati hisobga olinishi lozim. Agar mulk shikastlangan boʻlsa, normal amortizatsiya hisobga olingan holda uning yomonlashishi qoplanishi lozim. Agar mulkdan foydalangan shaxs mulkka uning qiymati oshishiga olib keluvchi oʻzgartirishlar kiritgan boʻlsa, tegishli summa mulk qaytarilayotgan taraf tomonidan berilishi lozim[8].

Yuqorida qayd etilganidek, bitimlar haqiqiy emas deb topilganda qoʻllaniladigan umumiy usullardan biri restitutsiya hisoblanadi. D.O.Tuzovning fikricha, restitutsiyaviy huquqiy munosabatlar oʻzida bir tomonlama qoʻriqlash majburiyati ifodalaydi va ular doirasida vindikatsiyaviy, posessor, kondiksiyaviy daʼvolar, shuning zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar amalga oshiriladi[9]. Haqiqiy boʻlmagan bitim boʻyicha topshirilgan individual-belgilangan ashyolarni FKning 114-moddasi 2-qismi boʻyicha talab qilish (egalik restitutsiyasi) qoidaga koʻra, faqat bitim tomonlari foydasiga agar ular ashyoga nisbatan qandaydir huquqlarga (ish materiallaridan boshqa holat anglashilmasa egalik mulk huquqi taxmin qilinadi) ega boʻlsa vujudga keladi va bu holatda egalik restitutsiyasi vindikatsiya bilan mos keladi. Agar tradent ashyoga nisbatan hech qanday huquqlarga ega boʻlmasa, u posessor himoya belgilari mavjud boʻlganda, yaʼni aynan ashyo oluvchining egaligiga amalda tradentning erkiga qarshi oʻtganda (muomalaga layoqatsizlar va yosh bolalar bilan tuzilgan bitimlar, zoʻrlik taʼsiri tuzilgan bitimlar, shuningdek oʻz harakatning oqibatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan shaxslar tomonidan tuzilgan bitimlar) ashyoni talab qilib olish huquqiga ega boʻladi. Agar vindikatsiya, posessor himoya uchun shartlar boʻlmaganda, egalik restitutsiyasini qoʻllash imkoniyati vujudga kelmaydi va ashyo oluvchining egaligida qoldirilishi lozim. Haqiqiy boʻlmagan bitim tomonlarida boyish mavjud boʻlmaganda kompensatsiyaviy restitutsiya doirasida mazkur bitim boʻyicha olingan narsaning bahosini toʻlash majburiyati yuzaga keladi. Bunda yoʻqotilgan mol-mulkning oqibati oʻzida javobgarlik chorasini ifodalaydi. FKning 1025-moddasi 2-qismiga koʻra, qoʻlga kirituvchi jabrlanuvchining oldida har qanday, shu jumladan u orttirilgan boylikning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan keyin asossiz qoʻlga kiritilgan yoki tejab qolingan mol-mulkning tasodifiy yetishmovchiligi yoki yomonlashuvi uchun javobgar boʻladi. Bu paytgacha u qasd va qoʻpol ehtiyotsizlik uchungina javobgardir. FKning 1025-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan javobgarlik shartlari mavjud boʻlmaganda toʻlov majburiyati asossiz orttirilgan boylik sifatida baholanadi, restitutsiya esa kondiksiyaviy daʼvo sifatida ifodalanadi. Shu sababli FKning 114-moddasi 2-qismi asosida olingan narsaning qiymatini toʻlash majburiyati muomalaga layoqatsizlar va delikt layoqatiga ega boʻlmagan voyaga yetmaganlarga yuklatilishi mumkin emas. Bunda ularga nisbatan talablarning miqdori haqiqiy boʻlmagan bitimni tuzish va ijro etish natijasida olingan asossiz orttirilgan boylikning miqdoridan oshib ketmasligi lozim.

Amaldagi qonunchilikda bitimning qonun talab qilgan shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelishi belgilangan boʻlsada, uning huquqiy oqibatlari nazarda tutilmagan. Bu turdagi bitimlarga nisbatan FKning 114-moddasida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi va restitutsiya asosida taraflar bir-birlaridan olgan narsalarini qaytarib beradilar.

Sh.M.Asyanovning fikricha, haqiqiy sanalmaydigan bitimlarning navbatdagi turi boʻlgan qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmagan bitimlarning huquqiy oqibatlari ham FKning 114-moddasida belgilangan. Bunday bitim taraflarining har ikkisida gʻarazli niyat boʻlgan boʻlsa – bitim ikki taraf tomonidan ham bajarilgan holda – ular bitim boʻyicha olgan barcha narsalar Oʻzbekiston Respublikasi daromadiga undirib olinadi, bitim bir taraf tomonidan bajarilgan holda esa ikkinchi tarafdan u olgan barcha narsalar va buning evaziga birinchi tarafga berilishi lozim boʻlgan barcha narsalar Oʻzbekiston Respublikasi daromadiga undirib olinadi.

Fuqarolik ishdagi birinchi daʼvo talabi bevosita qarshi daʼvo talabi bilan bogʻliq va undan kelib chiqishi sababli sud qarshi daʼvo talabini koʻrib chiqish chogʻida taraflar oʻrtasida tuzilgan uy-joyni oldi-sotdi bitimining haqiqiy emasligini koʻrib chiqish chogʻida mazkur bitimni FKning 116 va 124-moddalariga koʻra haqiqiy emas deb topgan. Fuqarolik ishida toʻplangan hujjatlarga koʻra nizoli Koson tuman Istiqlol mahallasi Shirin koʻchasi 23 uy javobgar K.Haydarovga mulk huquqi asosida tegishli boʻlganligi, Koson tuman xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius T.Shaymardonov tomonidan 2007-yil 27-dekabrda tasdiqlangan javobgar K.Haydarov va daʼvogar Sh.Tursunovlar oʻrtasidagi uy-joyni oldi-sotdi shartnomasiga koʻra Sh.Tursunov 40 000 000 soʻmga sotib olganligi, mazkur uy-joy uchun DAT “Asaka” banki Qashqadaryo viloyat filialida 2007-yil 26-dekabrda Sh.Tursunov nomiga uy-joy sotib olish uchun 40 000 000 soʻm miqdorida ipoteka krediti shartnomasi tuzilganligi koʻrinadi.

Mazkur uy-joyni oldi-sotdi qilish va u boʻyicha olingan ipoteka kreditini qoplash bilan bogʻliq jinoyatlar yuzasidan JIB Qarshi shahar sudining 2012-yil 27-sentabrdagi hukmiga koʻra K.Haydarov, Sh.Tursunov va boshqalar oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirib, uyushgan guruh boʻlib, hujjatlarni soxtalashtirish yoʻli hamda DAT Asaka bankining “Aholiga uy-joy qurish va sotib olishga ipoteka krediti berish” Tartibi talablariga zid ravishda Sh.Tursunov nomiga 40 000 000 soʻm miqdorda kredit rasmiylashtirib, keyinchalik mazkur pul mablagʻlari boshqa shaxslar tomonidan oʻzlashtirilishiga sababchi boʻlganlikda aybdor deb topilganligi koʻrinadi.

Sud “uy-joyning oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqida”gi daʼvo talabi qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror chiqargan va bitim boʻyicha taraflar olgan narsalarini bir-biriga qaytarilishini belgilagan.

Koʻrinib turibdiki, FKning 116-moddasida belgilanganidek, qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmagan bitim qonuniylikni taʼminlashda, qonun hujjatlariga bir xilda rioya qilinishiga erishilishida salbiy holat hisoblanadi va bunga nisbatan qatʼiy choralarni belgilash lozim. Shu sababli huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi bitimlar tuzilmasligiga erishish hamda bu boradagi jinoyatchilikning oldini olish maqsadida bunday bitimlar olinadigan narsalarni davlat daromadiga undirilishiga oid qoidalarni fuqarolik qonunchiligiga kiritish zarur.

Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxslar tomonidan tuzilgan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari 117-moddasi 2-qismida belgilangan boʻlib, unga koʻra, bunday bitimdagi taraflarning har biri bitim boʻyicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi, olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa – uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart. Bundan tashqari, muomalaga layoqatli taraf, agar ikkinchi tarafning muomalaga layoqatsizligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, ikkinchi tarafga u koʻrgan haqiqiy zararni toʻlashi shart.

Muomalaga layoqatsiz fuqaro tomonidan tuzilgan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari ham 14 yoshga toʻlmagan bolalar tuzgan bitimlar haqiqiy emasligi oqibatlariga oʻxshaydi. Mazkur holatda ham restitutsiya qoʻllaniladi va bitim tomonlari olgan narsalar egalariga qaytariladi. Shu sababli FKning 119-moddasida bunday bitimlarning huquqiy oqibatlari 14 yoshga toʻlmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlarning huquqiy oqibatlari qoʻllanilishini nazarda tutadi. Bu holatda ham bir tomon ikkinchi tomonning muomalaga layoqatligini bilgan va bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, bitim boʻyicha olgan narsasini qaytarib berish bilan birga, yetkazilgan zararlarni ham qoplashi lozim boʻladi.

Qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitimning huquqiy oqibatlari FKning 124-moddasida nazarda tutilgan. Qalbaki bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. U hech qanday huquqiy oqibatlarni tugʻdirmaydi. Taraflar ushbu bitimni ijro etish niyatida emas, biroq u bajarilayotgani toʻgʻrisida tasavvur hosil qilish uchun ayrim harakatlarni: mol-mulkni boshqaga berish, zarur hujjatlarni tuzish va h.k.ni amalga oshiradilar.

Taʼkidlash lozimki, amaldagi FKda koʻzbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimlarning huquqiy maqomi masalasi aniq ifodalanmagan. FKning 124-moddasi 1 va 2-qismlari oʻrtasidagi nomuvofiqlik xususida toʻxtalib oʻtish lozim. Agar mazkur moddaning 1-qismida qalbaki bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitim hisoblanishi belgilangan boʻlsa, ikkinchi qismida koʻzboʻyamachilik bitim qanday bitim ekanligi, yaʼni “sud tomonidan haqiqiy deb topiladigan” (nizoli bitim) bitimmi yoki oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb topiladigan bitim ekanligi ochiq qoldirilgan. Bu esa oʻz navbatida, huquqni qoʻllash amaliyotida turli tushunmovchiliklar va nizolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli FKning 124-moddasi 2-qismini quyidagicha belgilash lozim: agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan boʻlsa (koʻzboʻyamachilik bitimi), taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qoʻllaniladi. Koʻzboʻyamachilik bitimi qonun talablarini chetlab oʻtish maqsadida tuzilgan boʻlsa, bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.

FKning 124-moddasi 2-qismini bu tarzda ifodalanishi amaliyotda vujudga kelayotgan turli qonun buzilish holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Zero, koʻp oʻrinlarda avtomashinalarning oldi-sotdisi bilan bogʻliq bitimlarni tuzishda koʻzboʻyamachlik bitimlarini tuzish va keyinchalik sud orqali uni haqiqiy deb topish va belgilangan davlat bojini toʻlash qochish hollari uchramoqdaki, FKga kiritilishi taklif etilayotgan mazkur oʻzgarish ushbu holatlarga chek qoʻygan boʻlar edi.

Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari sifatida amaldagi qonunchilik faqat restutsiyani nazarda tutadi va haqiqiy emas deb topilgan bitim taraflari bir-birlariga bitim tuzilayotganda olingan narsalarni qaytarib berish yoʻli bilan huquqiy munosabatga yakun yasashadi.

Bitimning haqiqiy emasligining qonun hujjatlarida belgilangan asoslar boʻyicha, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim), yoki bunday deb topilishidan qatʼiy nazar (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim) haqiqiy emas deb hisoblanadi. Boshqacha soʻzlar bilan aytganda mazkur tasnif “oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan” atamasini “mutlaqo haqiqiy boʻlmagan” atamasiga oʻxshash atama sifatida, “nizoli” atamasini esa “nisbatan haqiqiy boʻlmagan” atamasiga oʻxshash atama sifatida ishlatish imkonini beradi. Taklif etilgan tasnif ancha toʻgʻriroq hisoblanadi, chunki u obyektiv mezonga, aniqrogʻi bitimlarning haqiqiy emasligi shaklida sodir etilgan harakatlarning turli noqonuniylik darajasiga tayanadi.

Bitimning oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi shuni anglatadi-ki, bitim koʻrinishida amalga oshirilgan harakat qonunga nomuvofiqligi sababli uning ishtirokchilari istagan huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirmaydi va yuzaga keltirishi mumkin emas.

Bitimlar oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmasligi bilan bogʻliq normalarni amaliyotga tatbiq etishda bitim tuzish shartlari va bitimlarning qonun talab qilgan talablarga muvofiq tuzilishi muhim hisoblanadi. Tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas, deb topishda bitim tuzuvchilarning huquq va muomala layoqatiga ega emasligi hisobga olinadi. Fuqarolik qonunchiligida bitimni bekor qilishda rioya etilishi zarur boʻlgan tegishli muayyan tartib qoidalar ham nazarda tutilgan. Odatda, bitim tuzish vaqtida foydalanilgan shaklga rioya etish toʻgʻrisidagi talab qoʻyiladi. Masalan, agar bitim yuridik shaxslar oʻrtasida yoki yuridik shaxslar bilan fuqarolar oʻrtasida yozma shaklda tuzilsa, ushbu bitimni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ham yozma shakldan foydalanilishi kerak.

Bitimni bekor qilishdan manfaatdor taraf shartnomani bekor qilish haqidagi ariza bilan sudga quyidagi vaziyatlarda murojaat qilishi mumkin:

– boshqa taraf bitimni oʻzgartirish yoki bekor qilish taklifini rad etganida;

– taklifda belgilangan muddat ichida javob olinmaganida;

  • qonun yoki shartnomada belgilangan muddat ichida javob olinmaganida.

Shuningdek, FKning 116-moddasida oʻz oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqida qoida mavjud. Unga koʻra qonun xujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz oʻzidan haqiqiy emasdir. Qonunda bunday umumiy qoidani boʻlishi muhim ahamiyatga ega va maqsadga muvofiqdir. Bitimni nizoli deb hisoblash uchun uning qonunga muvofiq tuzilmaganligi va manfaatdor shaxsning daʼvosiga asosan sud tomonidan tan olinishiga bogʻliq. Agar oʻz oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim taraflarning xohishidan, ularning daʼvo qoʻzgʻatishi yoki qoʻzgʻatmasligidan qatʼiy nazar tuzilgan vaqtdan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblansa, nizoli bitim taraflarning daʼvosiga asosan sud tomonidan koʻrilishi, sudning qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Nizoli bitim sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgunga qadar haqiqiy boʻlib hisoblanadi va sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan vaqtdan eʼtiboran uning davom etishi kelajak vaqt uchun harakatdan toʻxtaydi. Haqiqiy boʻlmaydigan bitimni tuzish gʻayriqonuniy harakat deb hisoblanadi va yuridik jihatdan maʼlum salbiy oqibatlar keltirib chiqarish uchun sabab boʻladi[10].

Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi talabni ushbu kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishi mumkin boʻlsa, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanishi toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashi mumkin.

Amaldagi fuqarolik kodeksida bitimlar haqiqiy emasligiga oid uch yillik daʼvo muddati belgilangan boʻlib, Rossiya Federatsiyasi fuqarolik qonunchiligida nizoli bitimlardan farqli ravishda oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlarga nisbatan uzaytirilgan daʼvo muddati nazarda tutilgan boʻlib, bu muddat 10 yil qilib belgilangan. Mazkur holatda kelib chiqib, FKga ham bitimlarning haqiqiy emasligiga nisbatan uzaytirilgan daʼvo muddati joriy etish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Shuningdek, bitimni haqiqiy emas deb topish bilan bekor qilish haqidagi talablar ham bir-biridan farqlanadi.

Bu farqlanish, avvalo bitim haqiqiy emasligi nizolashilganda uning qonunga xilof tuzilganligi boʻlsa, bitimni bekor qilish asosi uning qonuniyligiga qaramasdan, bekor qilinishi talab etadigan har xil holatlar mavjudligida koʻrinadi.

Shuningdek, bitim bekor qilinishi faqat kelgusidagi majburiyatlar bekor boʻlishiga olib keladi va shartnoma amalda boʻlgan vaqtda vujudga kelgan huquq va majburiyatlarni bartaraf qilmaydi.

Bitimni haqiqiy emas deb topish uchun daʼvo muddati belgilangan boʻlsa, bitimni bekor qilish uchun biror muddat bilan cheklanmagan va u shartnoma amalda boʻlgan istalgan vaqtda qoʻyilishi mumkin.

Sudlar tomonidan bitimlar bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda qonun talablarini bir xil qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida 2006-yil 22-dekabrda 17-sonli “Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi Plenum qarori qabul qilingan boʻlib, unda bitimlar haqiqiy emasligi, bitimni bekor qilish bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda qonun normalarini toʻgʻri qoʻllash yuzasidan sudlarga batafsil rahbariy tushuntirishlar berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi FKning 112-moddasi 2-qismi talabiga koʻra haqiqatdan ham agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni toʻla yoki qisman bajargan boʻlsa, ikkinchi taraf esa – bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi boʻyicha uni xaqiqiy deb xisoblashga xaqlidir. Ushbu xolatda asosiy talablardan biri bitimning qonuniy boʻlishida.

Nizoni hal etishda sud taraflar tomonidan taqdim qilingan yozma dalillarni (tilxatni yoki bitimni) xaqiqiyligini tekshirishi shart. Jumladan, agar sobiq mulk egasi vafot etgan boʻlsa yoki uning qayerdaligini aniqlashning imkoni boʻlmasa, sud tomonidan sudga oid xatshunoslik ekspertizasi oʻtkazish masalasini xal qilmogʻi lozim. Ammo sud tomonidan mazkur fuqarolik ishini koʻrishda mazkur talablar bajarilmagan.

Sudlar tomonidan avtomashinalarni oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topish haqidagi daʼvo arizalarni koʻrishda tegishli qonun talablarini bajarmaganligi oqibatida, noqonuniy sud qarorlarining qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilgan.

Nizoli bitimning haqiqiy emasligi deganda, tuzilgan bitim yuridik fakt sifatlariga ega emasligi, shu sababli uni “yoʻq qilish” lozimligi (yuridik fakt sifatida bekor qilish)ni sud tomonidan tan olinishi tushuniladi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligi bundan farqli ravishda muayyan xususiyatlar ega hisoblanadi: oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emas deb topish bilan bitimga oʻxshash harakatlar bekor qilinmaydi, balki ularning qonunga xilofligi tasdiqlanadi va bu manfaatdor taraflar uchun oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllash talab qilish imkoniyatini beradi, yaʼni ruxsat etilmagan harakatni sodir etish natijasida yuzaga kelgan yuridik oqibatlarni bartaraf etish talab etiladi. Biroq, oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlar ruxsat etilmagan harakat hisoblanganligi sababli, ularga nisbatan “haqiqiy boʻlmagan bitim” tushunchasini qoʻllashdan voz kechish maʼqul boʻlishini aytib oʻtish mumkin.

Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning yuridik oqibatlari taraflar uni ijro qilganlarida namoyon boʻladi. Yaʼni, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni sodir etish natijasini taqdim etish zararli oqibatni siftidagi huquqiy natijani yuzaga keltiradi.

Natijada oʻzida avvalo oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni tuzish yuridik faktini ifodalovchi yuridik tarkib (huquqbuzarlik tarkibi) aniqlanadi, shuningdek u asosda jabrlanuvchining mulkiy manfaatdorligiga putur yetish holatlari yuz beradi .

Agar taraf oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni tuzgan, biroq uni ijro etishga hali kirishmagan boʻlsalar, huquqbuzarlik haqida gap boʻlishi mumkin emas, chunki huquqbuzarlik tarkibi zaruriy elementlari mavjud boʻlmaganda yuzaga kelmaydi. Ular mavjud boʻlmaganda esa bitimni oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb topishni talab qilish, oʻz mohiyatiga koʻra, masalan zarar yetkazish mavjud boʻlmaganda yetkazilgan zararni tan olishni yoxud qoʻlga kirituvchining jabrlanuvchi hisobidan mol-mulkni egallash va asossiz tejab qolish mavjud boʻlmagani holda asossiz boylik orttirishni tan olishni talab qilish bilan tengdir.

Yuqorida aytib oʻtilganlar sudlarda oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarni haqiqiy emas, deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni sudda koʻrishga mumkinligi haqidagi va FKda bunday daʼvoni qoʻzgʻatish istisno etilmasligiga asoslanadigan fikrga qoʻshilib boʻlmasligini koʻrsatadi.

Mazkur nuqtayi nazarning asoslantirish uchun quyidagilarni aytib oʻtish mumkin:

Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarning haqiqiy emasligi qonunda imperativ norma metodi bilan oʻrnatilgani holda, nizoli bitimlarni haqiqiy emasligi ularning haqiqiyligi nizolashish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimni haqiqiy emasligi toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga “rasman” ruxsat berish, amalda oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan va nizoli bitim oʻrtasidagi chegarani belgilaydi.

Bundan tashqari, FKning 11-moddasida sanab oʻtilgan, amaliyotda koʻp uchraydigan fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullaridan mazmunidan anglashilishicha, u yoki bu himoya usulining qoʻllanilishi toʻgʻridan-toʻgʻri qonun hujjatining mohiyatidan kelib chiqadi. FKning mazkur moddasida oʻz ifodasini topgan usullar roʻyxati qatʼiy emas, chunki himoya qilishning boshqa usullari bitimlar, mulk huquqi, majburiyat huquqi, mutlaq huquqlar institutlariga oid normalarda belgilangan. Biroq fuqarolik huquqlarini himoya qilishning boshqa usullari faqat qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda qoʻllaniladiki, bu holatning FKning 11-moddasi 2-qismida belgilangan. Boshqacha aytganda, subyektiv fuqarolik huquqi buzilgan yoki nizolashilayotgan fuqaro oʻz huquqining buzilish oqibatlarini faqat qonunda nazarda tutilgan usullar orqali bartaraf etishi mumkin. Agar qonunda huquqi buzilgan shaxs foydalanishni xohlagan huquqni himoya qilish usulidan foydalanish nazarda tutilmagan boʻlsa, bunday usul qoʻllanilishi mumkin boʻlmaydi. Mazkur tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, fuqarolik qonunchiligida oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarni haqiqiy emas deb topish (oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimning haqiqiy emasligi oqibatlariga tatbiq etish haqidagi talabdan tashqari) usulidan foydalanishni nazarda tutmasligi, uni qoʻllashni istisno etadi.

Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitim ruxsat etilmagan (yoʻl qoʻyilmaydigan) harakat hisoblanadi va u boʻyicha amalga oshirilgan harakatlar nafaqat huquqiy asosga ega emas, balki huquqbuzarlik (huquqbuzarlik elementi) hisoblanadi. Bunda jabrlanuvchi (yoki boshqa manfaatdor shaxs) faqat mazkur bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashni talab qilishga, yaʼni ushbu bitim boʻyicha amalga oshirilgan ijroni qaytarishni talab qilishga haqli boʻladi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitimlarni haqiqiy emasligin tan olish daʼvolari, uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi talab mavjud boʻlmaganda qoʻllanilgan holatlarda odatda ushbu bitim ishtirokchilariga oʻziga xos bosim oʻtkazish maqsadida foydalaniladi va boshqa maqsadni koʻzda tutmaydi.

BITIMLAR HAQIQIY EMAS DEB TOPILGANDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQLARI

Isteʼmolchi ishtirokidagi shartnomalarda ham ishlab chiqaruvchilar, sotuvchi (pudratchi yoki ijrochi)lar zimmalaridagi majburiyatni belgilangan shartlar va talablar asosida bajarishi orqali isteʼmolchining shaxsiy, uy-roʻzgʻor va tadbirkorlik bilan bogʻliq boʻlmagan oʻzga ehtiyojlari taʼminlanadi. Masalan, chakana oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi haridorga shartnomada kelishilgandek belgilangan sifatdagi, assortimentdagi va boshqa mezonlar va talablarga mos keladigan darajadagi tovarni topshirish majburiyatini oladi. Bu majburiyatning bajarilmasligi esa, isteʼmolchi huquqlarining buzilishiga va unga zarar yetkazilishiga olib keladi. Aholining isteʼmol tovarlariga boʻlgan ehtiyojlari chakana savdo faoliyati orqali qanoatlantiriladi. Chakana savdo orqali tovarlarni sotib olayotgan shaxslar – isteʼmolchi hisoblanadi va ularning ushbu huquqiy munosabatdagi maqomi hamda huquqlarini himoya qilish esa doimiy dolzarblik kasb etadi. Keyingi yillarda chakana savdo faoliyati koʻlamining ortib borayotganligi, chakana savdo faoliyati ayni paytda savdoga oid xizmat koʻrsatish turlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgani ham isteʼmolchining huquqlariga nisbatan yangi chaqiriq va xavflarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa ayni paytda isteʼmolchi huquqlarini himoya qilishning samarali va har tomonlama maqbul usullarini joriy etish, isteʼmolchi huquqlarini himoya qilishda huquqbuzilishining oldini oladigan choralarni belgilash hamda buzilgan huquqlarni tiklashning tezkor va tatbiq etish oson boʻlgan mexanizmlarini ishlab chiqish zaruratini koʻrsatadi. Bunda chakana savdoga oid isteʼmolchi toʻliq va ishonchli maʼlumotni taqdim etish, tovarning sifati va assortimentining belgilangan talablar darajasida ekanini nazorat qilish, chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlarning ishchanlik obroʻsi va gudvilining qadrini oshirish kabi omillar alohida oʻrin tutadi.

Ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish jarayonida isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki, isteʼmolchi mahsulot sotib olar ekan, uning qanday sifatga ega ekani, ushbu mahsulot xarid qilinguncha qanday sharoitda saqlanganidan xabarsiz boʻladi. Bu holni faqatgina ushbu mahsulot turi sotuvchisigina biladi. Shu maʼnoda isteʼmolchi bunday hollarda aldanib qolishi, uning isteʼmolchi sifatidagi huquqlari buzilishiga olib keladi.

Qonun hujjatlarida belgilangan asosiy huquqlarini bilish har bir isteʼmolchiga ularning huquq va manfaatlari buzilgan vaziyatlarda oʻzini toʻgʻri tutishiga hamda vaziyatdan chiqib ketishga yordam beradi. Shu bois, isteʼmolchilar oʻz huquqlarini himoya qilishning ayrim usullarini bilib olishsa kifoya. Fikrimizcha, isteʼmolchilar huquqlarini quyidagi usullar orqali himoya qilishlari mumkin.

Birinchi usul – fuqaro boshqa organlarga murojaat qilmasdan
oʻz huquqlarini oʻzi himoya qilishi. Yaʼni, xarid qilish paytida isteʼmolchining huquqlari buzilgan taqdirda, u darhol savdo yoki xizmat koʻrsatish doʻkonining sotuvchisi yoki ijrochisiga ogʻzaki shikoyat bilan murojaat qilishi kerak. Agar ushbu jarayonda hamma narsa bir maromda boʻlsa, lekin mahsulot yoki xizmatning yaroqsizlik xususiyati uyda aniqlangan boʻlsa, unda isteʼmolchi tovarlar yoki xizmatlarni sotish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi hujjat yoki kassa chekini koʻrsatish orqali doʻkonga daʼvo qilishlari mumkin.

Ikkinchi usul – isteʼmolchi isteʼmolchilarning roʻyxatdan oʻtgan jamoat tashkilotlaridan biriga murojaat qilishlari mumkin.

– tovarlarning sifati va xavfsizligi tekshiruvlarini oʻtkazish;

– isteʼmolchilar huquqlari va xizmat koʻrsatish qoidalariga muvofiqligini tekshirtirish;

– tartibga solinadigan narxlarning qoʻllanilishini kuzatishda ishtirok yetish;

– isteʼmolchilar huquqlarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida prokuratura va boshqa organlarga materiallar taqdim etish;

– isteʼmolchilar manfaatlarini koʻzlab sudga daʼvo qoʻzgʻatish
va boshqalar.

Uchinchi usul – isteʼmolchini himoya qilish uchun maxsus davlat organlariga murojaat qilish. Isteʼmolchining oʻzi ziddiyatli vaziyatni
hal qila olmasa, davlat uni himoya qiladi. Isteʼmol bozoridagi huquqbuzarliklarga qarshi kurash boʻyicha inspektorlar, mahalliy oʻzini
oʻzi boshqarish organlarida va ichki ishlar idoralariga murojaat etish maqsadga muvofiqdir. Isteʼmolchi sifatida huquqlarimiz buzilgan taqdirda ular bilan bogʻlanishimiz mumkin.

Agar yuqoridagi usullar yordam bermasa, fuqarolar oʻz huquqlarini buzilganligi munosabati bilan daʼvo bilan sudga murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Toʻrtinchi yoʻl – isteʼmolchilar huquqlarini sud tomonidan himoya qilishlari mumkin deb hisoblaymiz.

Amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida isteʼmolchilarning umumiy huquqlari keltirilib oʻtilgan boʻlib, unga koʻra isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:

  • tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish;
  • tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishi;
  • tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz boʻlishi;
  • hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni boʻlgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning toʻliq hajmda qoplanishi;
  • buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini soʻrab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
  • isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.

Yuqoridagi qoida isteʼmolchilarning umumiy huquqlarini bayon qiladi. Bitimlar haqiqiy emasligi oqibatida esa isteʼmolchilarning boshqa turdagi huquqlari naʼmoyon boʻladi.

Birinchidan, agar bitim qonunda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilsa, ushbu bitimning ishtirokchi boʻlgan isteʼmolchi restitutsiya instituti qoʻllanilishi tufayli ikkinchi tarafdan (sotuvchi, ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) oʻzi topshirgan ashyoni qaytarib olish huquqiga ega boʻladi.

Ikkinchidan, alohida taʼkidlash kerakki, yuqoridagi qonun isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlari mavjud boʻlgan shartnomani oʻz oʻzidan haqiqiy sanalmasligini kafolatlash orqali isteʼmolchining huquqini himoya qiladi (Qonun 21-modda).

Ushbu normaga koʻra shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Ushbu qoidaning mazmuni isteʼmolchiga nafaqat bitim haqiqiy emasligi oqibatida ikkinchi tarafga bergan pulni qaytarib olishni, balki aynan shu bitim haqiqiy emas deb topilishi narijasida oʻzi koʻrgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ham ega boʻlmoqda.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 360-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq qoʻshilish shartnomasi garchi qonunchilikka zid boʻlmasada, biroq qoʻshiluvchi tarafni odatda ana shunday turdagi shartnomalar asosida beriladigan huquqlardan mahrum etsa, ikkinchi tarafning majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligini istisno etsa yoki cheklasa yohud unda qoʻshilgan taraf uchun ochiqdan-ochiq ogʻir boʻlgan, bu tarafda shartnoma shartlarini belgilashda qatnashish imkoniyati boʻlganida u oʻzining manfaatlarini koʻzlab qabul qilmaydigan shartlar yozib qoʻyilgan boʻlsa, shartnomaga qoʻshilgan taraf shartnomani bekor qilishni yoki oʻzgartirishni talab qilishga haqli.

Qonun chiqaruvchi bunday huquqni faqat isteʼmolchilarga bergan deyishimiz mumkin. Chunki yuqoridagi normaning uchinchi qismida bunday huquqdan tadbirkorlik maqsadida shartnoma tuzayotgan taraf foydalana olmasligi ham qayd etilgan.

Aslida qoʻshilish shartnomasidagi shartlar qatʼiy formulyar yoki standart shaklga ega boʻlib, unga qoʻshilgan taraf ushbu shartlarga rioya qilishga majbur boʻladi. Biroq bundan bir tomoni isteʼmolchi boʻlgan bitimlar mustasno. Yaʼni isteʼmolchi:

• isteʼmolchini huquqlaridan mahrum qiladigan (misol uchun sotib olingan tovarni qaytarib berish huquqi);

• sotuvchining javobgarligini cheklaydigan yoki javobgarlikdan ozod qiladigan;

• istemolchini ogʻir ahvolga solib qoʻyadigan shartlarini oʻzgartirishni talab qilishi yoki bunday shartlarni haqiqiy emas deb toptishirish huquqiga ega boʻladi. Bundan tashqari, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Yaʼni bunda bir tarafda isteʼmolchi qatnashayotgan bitimlarda sotuvchi oʻzidan tovar, ish yoki xizmat sotib olayotgan isteʼmolchiga aynan shu tovarni (ish, xizmat) sotib olayotgani uchun uning qoʻshimcha tovarlarini (ish yoki xizmatlari) sotib olishni talab qilishi yoki bunga majburlashi mumkin emas.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish nafaqat milliy qonunchiligimiz, balki har qanday mamlakat tijorat huquqining ajralmas qismidir. Ushbu masalani tartibga solishda nazorat va nazorat bilan shugʻullanadigan organlarning nomlari farq qilishi mumkin, ammo ularning barchasi isteʼmolchilarni har tomonlama himoya qilish himoya qilish va sifat nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun zarurdir.

Xalqaro miqyosda isteʼmolchining huquqlari bir nechta tashkilotlar tomonidan himoya qilinadi. Ularning eng yuqori kuchga ega boʻlgani “Consumer Іnternational – SІ” mustaqil, notijorat, siyosiy boʻlmagan tashkilot hisoblanadi. U (1960-yilda tashkil topgan boʻlib, 21 ta milliy isteʼmolchi ittifoqini birlashtirgan boʻlsa, bugungi kunda uning aʼzolari, deyarli, dunyoning 110 dan ortiq mamlakatlarining 270 ta milliy, davlat, mintaqaviy va boshqa isteʼmol tashkilotlari va guruhlari sanaladi. Izlanishlar natijasida shuni aniqladikki, CI isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan adolatli jamiyatni rivojlantirishga, shu jumladan, isteʼmolchilarning kambagʻal va kam taʼminlanganlaridan tortib aholining barcha qatlami aʼzo boʻlgan tashkilotlarni, ayniqsa yosh isteʼmolchilar guruhlarini va umuman xalqaro isteʼmolchilar harakatini qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash orqali yordam berishga harakat qilmoqda. CI isteʼmol siyosati quyidagicha hisoblanadi.

  • asosiy ehtiyojlarni qondirish huquqi;
  • sogʻlom muhit huquqi (eko-isteʼmolchilik);
  • isteʼmolchilarning xavfsizlik huquqi; zararni qoplash huquqi;
  • eshitish huquqi;
  • axborot olish huquqi;
  • isteʼmolchining taʼlim olish huquqi;
  • tanlash huquqi.

Ayrim Gʻarb ekspertlarining fikricha, AQSH, Yaponiya va Gʻarbiy Yevropa davlatlarida mahsulotning sifati uchun “Ishlab chiqaruvchining mutlaq javobgarligi” tushunchasini qoʻllash yoʻnalishida tinimsiz harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Yaponiyada isteʼmolchilarning manfaatlarini huquqiy himoya qilish sohasida parlament tomonidan tasdiqlangan 50 ta milliy qonun, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan oʻnlab farmon va farmoyishlar mavjud. Avstriyada esa bu koʻrsatkich 200 ga yaqin, AQSHda 150 ga yaqin, Germaniyada 80 ga yaqin qonunlar, shuningdek 300 dan ortiq hukumat qoidalari (non, sharob, sut, baliq va boshqa mahsulotlarni chakana sotish qoidalari) mavjud. Bir-birini toʻldiruvchi bu qonunlar isteʼmolchi sifatida inson faoliyatining barcha sohalarini qamrab oladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Zokirov I.B. Fuqarolik huquqi. I-qism. – Toshkent: TDYI, 2009. – 252 b.

Rahmonqulov H. Bitimlar. – Toshkent: TDYI, 2010. – B. 9-10.

Zokirov I.B. Fuqarolik huquqi. I-qism. – Toshkent: TDYI, 2009. – 260 b.

Гражданское право. Част 1. / Под.ред. А.П.Сергеева, Ю.К.Толстого. -М.: Проспект, 1996. –С.232-242.

X.Rahmonqulov. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar. -Toshkent: Iqtisodiyot va huquq dunyosi. 1997. B. 261-262.

Брагинский М.И., Витрянский В.В. Договорное право. Книга первая. Общие положения. –М.: Статут. 1999. – 190 с.

Raxmonqulov X.R. Bitimlar. T.: TDYI, 2010. 71 b.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga sharh. I jild. – Toshkent: Vektor-Press, 2010. – B. 340-341.

Тузов Д.О. Общие учения теории недействителных сделок и проблемы их восприятия в российской доктрине, законодателстве и судебной практике: Автореф. дис. … докт. юрид. наук. – Томск: 2006. – 14 с.

Raxmonqulov X.R. Bitimlar. T.: TDYI, 2010. 74 b.

IMOMNIYOZOV DONIYORBEK BAXTIYOR O‘G‘LI

BITIM HAQIQIY EMAS DEB

TOPILGANDA

ISTEʼMOLCHINING QANDAY

HUQUQLARI BOR?

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 129-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

_______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

  1. Zokirov I.B. Fuqarolik huquqi. I-qism. – Toshkent: TDYI, 2009. – 252 b.

  2. Rahmonqulov H. Bitimlar. – Toshkent: TDYI, 2010. – B. 9-10.

  3. Zokirov I.B. Fuqarolik huquqi. I-qism. – Toshkent: TDYI, 2009. – 260 b.

  4. Гражданское право. Част 1./Под.ред. А.П.Сергеева, Ю.К.Толстого. -М.: Проспект, 1996. –С.232-242.

  5. X.Rahmonqulov. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar. -Toshkent: Iqtisodiyot va huquq dunyosi. 1997. B. 261-262.

  6. Брагинский М.И., Витрянский В.В. Договорное право. Книга первая. Общие положения. –М.: Статут. 1999. – 190 с.

  7. Raxmonqulov X.R. Bitimlar. T.: TDYI, 2010. 71 b.

  8. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga sharh. I jild. – Toshkent: Vektor-Press, 2010. – B. 340-341.

  9. Тузов Д.О. Общие учения теории недействителных сделок и проблемы их восприятия в российской доктрине, законодателстве и судебной практике: Автореф. дис. … докт. юрид. наук. – Томск: 2006. – 14 с.

  10. Raxmonqulov X.R. Bitimlar. T.: TDYUI, 2010. 74 b.