Kirish
Bugungi kunda dori-darmon, mebel, tilla buyumlar savdosiga isteʼmolchilar bevosita kundalik hayotida juda koʻp duch keladi. Dori-darmon isteʼmolchining hayoti va sogʻligʻi bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, mebel, tilla buyumlar savdosi uning kundalik ehtiyojlari, talablaridan kelib chiqadi. Bu esa mazkur sohada isteʼmolchining zarur huquqiy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishini taqozo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil
15-dekabrdagi 341-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom va boshqa qonun hujjatlari isteʼmolchilarning bu boradagi huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.
Bundan koʻrinadiki, dori-darmon, mebel, tilla buyumlar savdosi keng qamrovli boʻlib, bu borada isteʼmolchilar huquqlarini bilish, uning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ularni himoya qilish, taraflarning majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi kabi bir qator masalalar alohida ahamiyatga ega.
Mazkur risola dori-darmon, mebel, tilla buyumlar savdosida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan boʻlib, unda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir qonun hujjatlarida belgilangan asosiy qoidalar, isteʼmolchilarning huquq va majburiyatlari, bu borada xizmatlar koʻrsatish tartibi atroflicha yoritilgan.
Risola keng doiradagi isteʼmolchilar va sohaga qiziquvchilar uchun moʻljallangan.
SAVOLLAR VA JAVOBLAR
1. Dori vositasi nima?
Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasida koʻrsatilishicha, dori vositalari – kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari hisoblanadi.
Qonunga koʻra dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari, dorivor oʻsimlik xomashyosi, farmakologik vositalar farqlanadi.
2. Dori moddalari (substansiyalar)ga nimalar kiradi?
Dori moddalari (substansiyalar) – farmakologik, immunologik yoki metabolik faollikka ega boʻlgan yoxud tashxis qoʻyish maqsadi uchun foydalaniladigan, tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan, kelib chiqishi tabiiy yoki sintetik moddalar.
3. Dori preparatlari nima?
Dori preparatlari – dozalangan, idishga joylangan-oʻralgan, qoʻllanilish uchun tayyor dori vositalari.
4. Dorivor oʻsimlik xomashyosi nima?
Dorivor oʻsimlik xomashyosi bu dori vositalarini ishlab chiqarish va tayyorlash uchun foydalaniladigan, tarkibida biologik faol moddalar boʻlgan oʻsimliklar yoki ularning qismlari hisoblanadi.
5. Farmakologik vosita nima?
Muayyan dori shakliga, tadqiqotlarda aniqlangan farmakologik faollikka va xavfsizlikka ega boʻlgan, klinik tadqiqot obyektlari boʻlgan modda yoki moddalar aralashmasi hisoblanadi.
6. Qanday dori vositalari va oʻxshash vositalar davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi?
Dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin ruxsat etiladi.
Quyidagilar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak:
dori vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining yangi kombinatsiyalari;
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan, lekin boshqacha dori shakllarida, dozalarda yoki boshqa ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari;
tibbiy buyumlar;
tibbiy texnika.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi – Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish, sifat nazorati, standartlashtirish va sertifikatlashtirishni amalga oshiradigan ishchi organi hisoblanadi.
7. Qanday dori moddalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi?
Tarkibida turli dori moddalari boʻlgan dori vositalarini bir xildagi savdo nomi ostida hamda bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqilgan, tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari uchun olib kiriladigan, klinikagacha tadqiqotlar, klinik tadqiqotlar oʻtkazish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish, koʻrgazmalarda, yarmarkalarda, xalqaro anjumanlarda namoyish etish uchun moʻljallangan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
8. Qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum nima?
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalari intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan holda muomalaga kiritilgan dori vositalari hisoblanadi. Qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum esa tarkibi yoki xususiyati toʻgʻrisida yoxud ishlab chiqaruvchisi haqida yolgʻon axborot ilova qilingan dori vositasi va tibbiy buyum sifatida qaraladi.
9. Davlat farmakopeyasi nima?
Davlat farmakopeyasi dori vositalariga va tibbiy buyumlarga doir talablar, umumiy farmakopeya maqolalari, farmakopeya maqolalari, dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilish usullarini oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami boʻlgan rasmiy nashrdir.
Umumiy farmakopeya maqolasi dori vositalarining, tibbiy buyumlarning sifatiga, dorivor oʻsimlik xomashyosiga, ularning sifatini nazorat qilish usullariga, dori vositalarining sifatini nazorat qilishda foydalaniladigan standart namunalarga, reaktivlarga, dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan joylash-oʻrash materiallariga qoʻyiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
Farmakopeya maqolasi muayyan dori vositasining, tibbiy buyumning, dorivor oʻsimlik xomashyosining, yordamchi moddaning sifatiga doir talablarni belgilaydi.
Umumiy farmakopeya maqolalari, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish va ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish Farmakopeya qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Farmakopeya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy ekspert organidir.
Davlat farmakopeyasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan besh yilda kamida bir marta chop etiladi. Davlat farmakopeyasining qayta nashrlari oraligʻidagi davrda Davlat farmakopeyasiga ilovalar chop etiladi.
10. Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining yoxud tibbiy buyumlarning klinikoldi tadqiqotlari oʻtkazilishi mumkinmi?
Ha. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasiga koʻra farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinikoldi tadqiqotlari farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining xavfsizligi va samaradorligini oʻrganish maqsadidagi kimyoviy, fizik, biologik, mikrobiologik, farmakologik, toksikologik tadqiqotlarni hamda boshqa tadqiqotlarni nazarda tutadi.
Tibbiy buyumlarning klinikoldi tadqiqotlari tibbiy buyumlarning xavfsizligini oʻrganish maqsadidagi kimyoviy, fizik, texnik, biologik, mikrobiologik, toksikologik tadqiqotlarni va boshqa tadqiqotlarni nazarda tutadi.
Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining yoxud tibbiy buyumlarning klinikoldi tadqiqotlarini tashkil etish va oʻtkazish ularni ishlab chiquvchilar va ishlab chiqaruvchilar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda zarur moddiy-texnika bazasiga va tadqiqotning tegishli sohasi boʻyicha malakali mutaxassislarga ega boʻlgan ilmiy-tadqiqot muassasalarida, dori vositalarining sifatini nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda, oliy taʼlim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda oʻtkazilishi mumkin.
11. Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlari qanday oʻtkaziladi?
Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlari xavfsizlik va samaradorlikni aniqlash maqsadida ularning farmakologik xossalarini, nojoʻya taʼsirlari va boshqa dori vositalari bilan oʻzaro taʼsiri samarasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrganish uchun oʻtkaziladi.
Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlari bitta davolash-profilaktika muassasasida yoki koʻp markazli klinik tadqiqot tarzida yagona bayonnoma boʻyicha bittadan ortiq davolash-profilaktika muassasasida oʻtkazilishi mumkin.
Odamda farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilinadi.
12. Farmakologik nazorat qanday amalga oshiriladi?
Farmakologik nazorat dori vositasidan uning qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomaga muvofiq foydalanilganda odamda kuzatiladigan, organizm uchun bexosdan va noxush taʼsir koʻrsatadigan nojoʻya reaksiyalarni aniqlashga, baholashga va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.
Davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qoʻllovchi tashkilotlar dori vositalarining qoʻllanilishi chogʻida nojoʻya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi dori vositalarining qoʻllanilishi chogʻida aniqlangan nojoʻya reaksiyalarga baho beradi, baholash jarayonida nojoʻya reaksiyaning klinik koʻrinishlari va dori vositasining qoʻllanilishi oʻrtasidagi sabab-oqibat bogʻlanishlari, shuningdek kutilayotgan foydaning dori vositalari qoʻllanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbati aniqlanadi.
Kutilayotgan foydaning dori vositalari qoʻllanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbatining oʻzgarishiga taʼsir etuvchi faktlar aniqlangan taqdirda ishlab chiqaruvchilar va ularning vakillari salbiy oqibatlarni bartaraf etishga, odamning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishining oldini olishga, bunday dori vositalarining qoʻllanilishidan muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Dori vositasi qoʻllanilganda dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga doir belgilangan talablarga uning nomuvofiqligi toʻgʻrisidagi dalillar aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bunday dori vositasini muomaladan chiqarish yoki uning qoʻllanilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
13. Dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika toʻgʻrisidagi axborot va dori vositalarining reklamasi mumkinmi?
Ha. Dori vositalarining reklamasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining
22-moddasiga koʻra dori vositalari reklamasida quyidagilar boʻlishi shart:
dori vositasining toʻliq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi;
dori vositasidan foydalanish yoki uni qoʻllash haqidagi axborot.
Quyidagilarni reklama qilish taqiqlanadi:
faqat shifokorning koʻrsatmasi (retsepti) boʻyicha beriladigan dori vositalari;
tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari boʻlgan dori vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasida tibbiyotda qoʻllanishga ruxsat berilmagan dori vositalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsatisiz voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan dori vositalarini reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Qanday dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika toʻgʻrisidagi axborot va dori vositalarining reklamasi mumkin emas?
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining
22-moddasiga koʻra qoʻllanishi va realizatsiya qilinishi yuzasidan tegishli davlat organlari maxsus ruxsatnoma bermay turib kosmetika vositalari, maishiy kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, vitaminli va biologik jihatdan taʼsirchan oziq-ovqat qoʻshimchalarini reklama qilish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil
15-dekabrdagi 341-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan dori vositasini reklama qilish uchun ruxsatnoma olingandan soʻng amalga oshiriladi.
15. Farmatsevtika faoliyati qanday faoliyat?
Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra farmatsevtika faoliyatining yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash;
dorivor oʻsimlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji realizatsiya qilish.
Demak, farmatsevtika faoliyati keng qamrovli faoliyat boʻlib, u nafaqat dori vositalari va tibbiy buyumlarini sotish, balki ularni tayyorlash, ishlab chiqarish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishni ham nazarda tutadi.
16. Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talab qilinadimi?
Ha. Farmatsevtika faoliyati belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya besh yil muddatga beriladi. Litsenziya faqat litsenziya daʼvogarining arizasiga koʻra besh yildan kam muddatga berilishi mumkin. Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziatning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil
12-maydagi 284-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Farmatsevtika faoliyati (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno)ni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom litsenziyalash tartibini belgilaydi. Unga koʻra:
a) dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish;
b) dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash;
d) dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish;
e) dorivor oʻsimlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji realizatsiya qilish uchun litsenziya olish talab qilinadi.
17. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ham litsenziya olish kerakmi?
Yoʻq. Litsenziya faqat qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq holatda talab qilinadi. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qonunchilikda litsenziya olish nazarda tutilmagan.
Ijod erkinligi Konstitutsiya bilan kafolatlangan boʻlib, dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari, qoida tariqasida, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Dori vositalarini yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari yangi farmakologik vositalarni izlash, keyinchalik ularning xossalarini oʻrganish, farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining tarkibini ishlab chiqish, dori moddalari (substansiyalar) va dori vositalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini ishlab chiqish, belgilangan tartibda klinikoldi tadqiqotlarni oʻtkazish, farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining xavfsizligiga, sifatiga va ularning sifatini nazorat qilish usullariga doir talablar koʻrsatilgan normativ hujjatlarni tayyorlashni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari tibbiy buyumlarning yangi turlarini izlash, keyinchalik ularning texnik xususiyatlarini oʻrganish, ishlab chiqarish texnologiyalarini ishlab chiqish, tibbiy buyumlarning xavfsizligiga, sifatiga va ularning sifatini nazorat qilish usullariga doir talablar koʻrsatilgan normativ hujjatlar tayyorlashni oʻz ichiga oladi.
18. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi qanday?
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faqat dorixonalar hamda ularning filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
Dori vositalarini chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar boʻyicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining roʻyxatiga koʻra retseptsiz amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki dorixonalar tomonidan tayyorlangan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.
19. Qaysi dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish taqiqlangan?
Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
20. Dorixona nima?
Dorixona dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni, shuningdek ularni tayyorlashni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxs shaklida yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi shaklida tashkil etilishi mumkin. Dorixonalarning filiallari, davolash-profilaktika muassasalarining dorixonalari ham dorixonalar jumlasiga kiradi.
Dorixonalar sanitariya va gigiyena ashyolarini, shifobaxsh oziqlantirish mahsulotlarini, maʼdanli suvlarni, shuningdek davolash-kosmetika mahsulotlarini, biologik faol qoʻshimchalarni realizatsiya qilishni ularning qoʻllanilishi va realizatsiya qilinishi uchun tegishli hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshirishi mumkin.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, berish, realizatsiya qilish qoidalariga va ularning sifatini taʼminlovchi saqlash sharoitlariga dorixonalar tomonidan rioya etilishi kerak.
Dorixonalar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga javob berishi kerak. Ushbu talab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh sanitar vrachi tomonidan 2007-yil 29-dekabrda 0243-07-son bilan tasdiqlangan “Tayyor dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish boʻyicha dorixonalar va ularning filiallari tuzilishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalari”da nazarda tutilgan.
21. Baʼzan dori vositalari chetdan kelganligi sababli unga keragidan ortiq ustama sotuvchi qoʻygandek tuyuladi. Oʻzi ustamaga nisbatan talab mavjudmi?
Ha. Chetdan olib kelinadigan, shuningdek mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi.
Ijtimoiy dorixonalarda esa isteʼmolchilar uchun bundanda qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi ikkinchi xatboshisiga koʻra chetdan olib kelinadigan, shuningdek mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ijtimoiy dorixonalar tomonidan ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10 foizidan ortiq boʻlmagan cheklangan savdo ustamasi qoʻllanilgan holda chakana sotiladi.
22. Isteʼmolchi dori vositalari va tibbiyot buyumlari xarid qilganda unga qanday maʼlumotlar beriladi?
Dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga isteʼmolchiga identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori), dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar, berish sanasi va narxi koʻrsatilgan tovar cheki beriladi.
Shuningdek, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchiga dori vositasi va tibbiy buyumni qoʻllash tartibi, xususan, qoʻllash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qoʻllash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida maʼlumot berishi lozim.
Dorixona xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchining eʼtiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qoʻllash yoʻriqnomasi bilan diqqat bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.
Dorixona xodimi mijozlar bilan boʻlgan munosabatda etika qoidalariga rioya etishi, professionallik va savodxonlik xislatlarini namoyon etishi lozim.
Dorixona xodimlari tomonidan dori vositasini sotib oluvchilarga zarur maʼlumotlar berilishi kerak. Sotib oluvchining talabiga binoan dorixona xodimi dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlari va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishi lozim.
23. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali chakana realizatsiya qilish mumkinmi?
Ha. Dori vositalari (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali chakana realizatsiya qilishda dorixonalar tegishli veb-saytlar va (yoki) mobil ilovalarda quyidagi maʼlumotlarni joylashtirishga majburdir:
yuridik shaxsning toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan holda;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, tadbirkorlik subyektining identifikatsiya raqami;
joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, bogʻlanish telefon raqami;
litsenziyaning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (raqami, amal qilish muddati, litsenziyani berishga vakolatli organning nomi);
realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar haqidagi maʼlumotlar (xalqaro patentlanmagan va savdo nomi, chiqarilgan shakli, dozasi, seriyasi, yaroqlilik muddati, ishlab chiqargan davlat (yetkazib beruvchi), qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma, chakana realizatsiya narxi, savdo ustamasi miqdori, muvofiqlik sertifikati (belgilangan tartibda majburiy sertifikatsiyalanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun);
realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar analoglari haqidagi maʼlumotlar;
hisob-kitob shakli, yetkazib berish tartibi va narxi.
24. Dori vositasini donalab sotish mumkinmi?
Ha. Dori vositasini donalab sotishga ruxsat etiladi. Bunda joylash-oʻrash materialida dori vositasining nomi, seriyasi, yaroqlilik muddati va ishlab chiqaruvchisi koʻrsatilishi kerak. Dori vositasining birlamchi oʻramini buzilgan holda berish taqiqlanadi.
25. Retsept asosida dori vositasini berish tartibi qanday?
Vrach retsepti boʻyicha dori vositasini berish retseptda qayd etilgan xalqaro patentlanmagan nom asosida amalga oshiriladi. Bunda dori vositalarini berish normasi vrach retseptiga muvofiq belgilanadi.
Retsept asosida dori vositasini berishda dorixonaning farmatsevt xodimi retseptning yirtma koreshogiga berilgan dori vositasining nomi, seriya raqami, farmatsevt familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, uni imzolaydi va dorixonaning shtampi qoʻyilgan holda bemor (uning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs)ga topshiradi, retsept dorixonada qoldiriladi.
26. Shifokor retseptisiz sotiladigan dori vositalarining roʻyxati mavjudmi?
Ha. Shifokor retseptisiz sotiladigan dori vositalarining roʻyxati (2019-yil 6-dekabr, roʻyxat raqami – 3200) mavjud boʻlib, unda monopreparatlar (192 ta), majmuaviy preparatlar (1032 ta) dori vositalari roʻyxati tasdiqlangan.
27. Ambulatoriyada davolanishda imtiyozli taʼminlash uchun moʻljallangan dori vositalari mavjudmi?
Ha. Ambulatoriyada davolanishda imtiyozli taʼminlash uchun moʻljallangan dori vositalari roʻyxati (2013-yil 13-noyabr, roʻyxat raqami – 2522)ga koʻra onkologik, sil, moxov, endokrinologik (qandli va qandsiz diabetga), ruhiy, OIV kasalligini yuqtirganlar, yurak klapanini protezlash va organlarni koʻchirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar, shuningdek oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar,
1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1941–1945-yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan – nogiron shaxslar, baynalmilalchi jangchilar, harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar uchun dori vositalari roʻyxati tasdiqlangan.
Ambulatoriyada davolanishda shaxslarning ayrim toifalarini dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlash dori vositalarini ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali yoxud dorixonalar orqali berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
28. Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga kimlar ega?
Bunday huquqqa ega boʻlgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatda nazarda tutilgan. Ular quyidagilar:
Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalari
ROʻYXATI
1. Onkologik kasalliklarga chalinganlar.
2. Sil kasalligiga chalinganlar.
3. Moxov kasalligiga chalinganlar.
4. Endokrinologik kasalliklarga (qandli va qandsiz diabetga) chalinganlar.
5. Ruhiy kasalliklarga chalinganlar.
6. OIV kasalligini yuqtirganlar.
7. Yurak klapanini protezlash va organlarni koʻchirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar.
8. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar.
9. 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar.
10. 1941–1945-yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari.
11. Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan – nogiron shaxslar.
12. Baynalmilalchi jangchilar.
13. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar.
29. Bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish haq evaziga amalga oshiriladimi?
Yoʻq. Bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish bepul amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qarori bilan tasdiqlangan Ambulatoriyada davolanishda shaxslarning ayrim toifalarini dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish bemorlar ambulatoriya tartibida davolanadigan ambulatoriya-poliklinika muassasasida davolovchi vrachlarning tayinlashi boʻyicha bepul beriladi.
Bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish dorixonalar tomonidan bemor ambulatoriya tartibida davolanadigan ambulatoriya-poliklinika muassasasida davolovchi vrach tomonidan yozilgan imtiyozli berish retsepti asosida bepul beriladi.
30. Dori vositalarini imtiyozli olish uchun kimga murojaat qilinadi?
Retseptni olish uchun bemorlar (ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, qarindoshlar) ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqini tasdiqlaydigan hujjat (hujjatlar)ni koʻrsatgan holda bemorlar hisobda turadigan joydagi yoki tibbiy xizmat koʻrsatish uchun biriktirilgan joydagi ambulatoriya-poliklinika muassasasiga murojaat qiladilar.
Retseptda dori vositalari davolashning bir kursidan ortiq boʻlmagan miqdorda tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoziladi. Retsept berilgan kundan boshlab bir oy mobaynida haqiqiydir.
31. Dori vositalarini imtiyozli olish uchun qaysi shifokor tavsiya etishi mumkin?
Quyidagi dori vositalariga retseptlar yozish ushbu muassasaning mutaxassis vrachi yoki tegishli ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari vrachlarining tavsiyalari asosida yashash joyidagi ambulatoriya-poliklinika muassasasining davolovchi vrachi (umumiy amaliyot vrachi) tomonidan amalga oshiriladi:
oʻsmaga qarshi va giyohvandlik vositalari (onkologik, gematologik bemorlar) – onkolog va (yoki) gematologning tavsiyasi asosida;
qandli diabet va qandsiz diabetga duchor boʻlgan bemorlarni davolash vositalari – endokrinologning tavsiyasi asosida;
psixotrop vositalar (ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar) – psixiatrning tavsiyasi asosida;
infeksiyaga qarshi preparatlar (OIVni yuqtirgan bemorlar) – ambulatoriya-poliklinika muassasasi huzuridagi yuqumli kasalliklar xonasining infeksionist vrachining tavsiyasi asosida;
silga qarshi vositalar (silga chalingan bemorlar) – ftiziatrning tavsiyasi asosida.
32. Barcha dorixonalarda boʻlishi majburiy boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati mavjudmi?
Ha. Barcha dorixonalarda boʻlishi majburiy boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati (2016-yil 6-dekabr, roʻyxat raqami – 2846)da nazarda tutilgan 76 ta dori vositasi va tibbiy buyumlari boʻlishi shart. ushbu roʻyxatga kiritilgan dori vositalarining oʻrniga xuddi shu tarkibdagi taʼsir qiluvchi moddalar va dori shakliga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan boshqa dori vositalari ham tan olinadi.
33. Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalari sotiladimi?
Yoʻq. Ularni yoʻq qilish borasida alohida qonun hujjati mavjud. Xususan, Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini, shuningdek muomaladagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni ularning inson sogʻligʻiga zararli taʼsirini tasdiqlovchi faktlar aniqlangan taqdirda muomaladan chiqarish va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar ularning egalarining yoki sudning qarori boʻyicha muomaladan chiqariladi va yoʻq qilinadi.
Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar aniqlangan taqdirda ularning egasi mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarni zudlik bilan muomaladan chiqarishi va 30 kun mobaynida yoʻq qilishi lozim.
34. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish mumkinmi?
Ha. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni quyidagi hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan hamda bojxona rasmiylashtiruvisiz olib kirish va olib chiqishga ruxsat beriladi, agar ular:
mamlakatda boʻlish davrida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy koʻrsatma asosida, davolash kursi doirasida davolash uchun moʻljallangan boʻlsa;
diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda maʼmuriy-texnik xodimlari, jumladan, ular bilan birga yashab turgan oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududidan chiqib ketayotgan transport vositasining yoʻlovchilariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan boʻlsa.
35. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi qanday?
Shaxsiy foydalanish uchun tovarlar – bojxona chegarasi orqali oʻtadigan jismoniy shaxslarning ehtiyojlari uchun shaxsiy, oilaviy, uy ehtiyojlari va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ehtiyojlar uchun moʻljallangan tovarlar hisoblanadi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan quyidagi jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladi va olib chiqiladi:
turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 oʻramdan ortiq boʻlmagan dori vositalari;
5 birlikdan ortiq boʻlmagan tibbiy buyumlar.
Bunda bir oʻramda:
qattiq (tabletkalar, drajelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun – 100 birlikdan ortiq emas;
eritma tayyorlash uchun qoʻllaniladigan kukunlar uchun –
500 gramdan ortiq emas;
granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun – 50 gramdan ortiq emas;
infuzion eritmalar va oral (ogʻiz orqali) qoʻllaniladigan eritmalar uchun – 500 millilitrdan ortiq emas;
inyeksiyalar uchun eritmalar – 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
tashqi dorilar uchun – 200 millilitrdan yoki 200 gramdan ortiq emas.
Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining oʻramida boʻlishi kerak.
Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar boʻlgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Tijorat banklarida tilla buyumlari saqlash uchun topshirilishi mumkinmi?
Ha. Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yoʻriqnoma (2018-yil 29-iyun, roʻyxat raqami – 3028)da bu borada maxsus talab nazarda tutilgan. Unga koʻra tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan bank oʻz mijozlaridan naqd pul va boshqa qimmatliklarni saqlash uchun qabul qilishlari mumkin. Bank pul omboriga jismoniy va yuridik shaxslardan – qimmatli qogʻozlar, kafolat va kafilliklar hamda garov sifatida saqlanayotgan mulklar va mulkiy huquqlar (talablar) hujjatlari, sugʻurta polislari, garov shartnomalari, shuningdek oltin (tilla) va undan tayyorlangan zargarlik buyumlari hamda boshqa qimmatliklar saqlash uchun qabul qilinishi mumkin.
37. Kimlar qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qilishi mumkin?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2003-yil
13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining 92-bandiga koʻra qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qilish xoʻjalik yurituvchi subyektlar – belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
38. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan tovarlar uchun sotuvchiga nisbatan qanday talablar qoʻyilgan?
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan tovarlarni sotish faqat ixtisoslashtirilgan zargarlik doʻkonlari, univermaglar, savdo markazlarining boʻlimlari, seksiyalarida amalga oshiriladi. Ularda koʻrsatib oʻtilgan boyliklarning hisobga olinishi, ishonchli saqlanishi (qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi signalizatsiyasi mavjudligi, savdo boʻlimidan toʻsilgan mustahkamlangan, yonmaydigan poʻlat sandiq mavjudligi) va ularni xaridorlarning tanlashi uchun zarur sharoitlar taʼminlanadi.
Doʻkonlar va boʻlimlarda quyidagilar mavjud boʻlishi shart: “Oʻzstandart” agentligining davlat tekshiruvchilari tomonidan tekshirilgan birinchi yoki ikkinchi klass aniqlikdagi tarozilar, gardish oʻlchagichlar, barmoq oʻlchagichlar, probani aniqlash uchun reaktivlar.
Ixtisoslashtirilgan zargarlik doʻkonlarida, univermaglar, savdo markazlarining boʻlimlari va seksiyalarida xaridorlarga qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni koʻrsatish qulay boʻlishi taʼminlanishi kerak.
Xaridorlarga qulay boʻlishi uchun zargarlik zeb-ziynatlari, stolni tuzash buyumlari va boshqa buyumlar vazifasi va xiliga koʻra guruhlarga ajratilishi kerak.
39. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar haqida zarur axborot qayerda boʻlishi talab qilinadi?
Savdo zallarida qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan probalar toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash tartibi toʻgʻrisidagi normativ hujjatlardan koʻchirmalar, proba tamgʻalari tasviri, chakana savdo korxonasi Davlat probani aniqlash palatasida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, mazkur Qoidalar va xaridorlar uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻzga koʻrinarli joyga osib qoʻyilishi kerak.
40. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarga nisbatan qanday talablar qoʻyiladi?
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda ularni tayyorlaganlarning tamgʻalari va Davlat probani aniqlash palatasi tomonidan qoʻyilgan proba tamgʻalari mavjud boʻlsagina sotiladi.
Chet eldan keltirilgan xorijda ishlab chiqarilgan buyumlarda ham Davlat probani aniqlash palatasining tamgʻasi boʻlishi shart.
Sotuvga qoʻyilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda mahsulotning nomi, tayyorlovchi, artikul, proba, 1 gramm mahsulotning massasi va narxi, sotuvga qoʻyilgan buyumlarning turi, ularning xususiyati, buyumning massasi va chakana narxi koʻrsatilgan holda plombalangan yorliqlar boʻlishi kerak.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq tamgʻalanmaydigan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlarning ayrim turlarida sifat sertifikati boʻlishi kerak.
41. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotishda xaridorga qanday yordam koʻrsatiladi?
Avvalo, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar savdo zaliga qoʻyilgunga qadar sotuvdan oldingi tayyorgarlikdan oʻtishi kerak. Bu tayyorgarlik buyumlarni koʻzdan kechirish va brak qilishni, belgilangan proba tamgʻalari, plomba va yorliqlar mavjudligini tekshirishni, oʻlchamlariga koʻra sortlarga ajratishni oʻz ichiga oladi.
Sotuvchi qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tanlashda xaridorga malakali yordam berishi va uni zarur maslahat bilan taʼminlashi, xaridorni sotuvdagi mavjud namunalar bilan tanishtirishi kerak.
Xaridorning xohishiga koʻra sotuvchi-xodim xaridor tanlagan qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumlarni doʻkon ish kunining oxirigacha boʻlgan muddatga saqlab turishga majburdir.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan bezaklar yakka tartibda oʻrab-joylangan boʻlishi kerak.
Sotuvchi qoʻshimcha tovarlar sotishni tashkil etishi va xaridorga qoʻshimcha xizmatlar kompleksini koʻrsatishi mumkin (oʻyma naqsh solish, oldindan buyurtma qabul qilish, sovgʻani yetkazib berish va topshirish, chiroyli qilib oʻrab-joylash va xizmatlarning boshqa shakllari).
42. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar almashtirilishi mumkinmi?
Umumiy qoidaga koʻra almashtirish mumkin emas. Yaʼni qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi. Biroq agar ularda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd etilmagan nuqsonlar (zirakka toshlar, ilgaklarning, bilakuzukka sharnirli birikmalarning sifatsiz mahkamlanganligi, yorliqlar, ushalgan joylar, tirnalgan joylar, gʻudurlar va boshqa nuqsonlar) aniqlangan, davlat proba tamgʻasi muhrining zargarlik qotishmasi amaldagi probasiga, buyum xususiyatining plombalangan yorliq maʼlumotlariga mos kelmasligi aniqlansa, u holda isteʼmolchi huquqlari himoya qilinishi zarurati yuzaga keladi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd qilinmagan nuqsonlar aniqlangan taqdirda xaridor ularni xarid qilingan kundan boshlab 6 oy ichida xarid narxi tegishlicha qayta hisoblangan holda ana shunday buyumlarga yoki boshqa buyumlarga almashtirish huquqiga ega boʻladi yoxud ulardagi nuqsonlar tekin bartaraf etilishi yoki xarid narxi mutanosib ravishda kamaytirilishi kerak.
Shuningdek, xaridor zarar qoplangan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga ham haqli boʻladi. Xaridorning koʻrsatib oʻtilgan talablari tovar cheki taqdim etilgandan keyin koʻrib chiqiladi.
Asosiysi, almashtirish yoki nuqsonlarni tekin bartaraf etish muddatlari buzilgan taqdirda sotuvchi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq neustoyka toʻlashi shart.
Shu bilan birga, sifatga oid nuqsonlar paydo boʻlishi sabablari masalasida kelishmovchiliklar kelib chiqsa, sotuvchi qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumni xaridordan qabul qilib olishga va uni mustaqil ekspertiza oʻtkazish uchun Davlat probani aniqlash palatasiga yuborishga majburdir.
43. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar xarid qilinganda tovar cheki beriladimi?
Ha. Sotilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun xaridordan naqd pulni qabul qilish nazorat-kassa mashinalari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassalar qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan sotilgan buyum uchun xaridorga kassa cheki hamda savdo tashkiloti qaydi qoʻyilgan va sotuvchi-xodim tomonidan imzolangan tovar cheki nusxasi beriladi. Tovar cheki nusxasida buyumning nomi, artikuli, narxi va sotish sanasi, sotuvchi-xodimning imzosi va savdo korxonasi shtampi koʻrsatiladi.
44. Qimmatbaho metallar, toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchi punktlarning qanday ish qoidalari mavjud?
Qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar siniqlarini va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchi sotib olish punktlari, doʻkonlar va boshqa yuridik shaxslar Davlat probani aniqlash palatasi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasiga ega boʻlishlari kerak. Zargarlik buyumlarini qayta ishlash va tayyorlashda Davlat probani aniqlash palatasi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasiga ega boʻlish kerak.
Sotib olish punktlari koʻrsatib oʻtilgan qimmatli boyliklar ishonchli saqlanishini taʼminlaydigan, shuningdek topshiruvchilarga xizmat koʻrsatish uchun zarur sharoitlarga ega boʻlgan maxsus jihozlangan binolarda joylashtirilishi kerak.
Sotib olingan boyliklarning haqi toʻlanganidan keyin qimmatli boyliklar sotuvchiga sotib olish punkti tomonidan qaytarib berilmaydi.
45. Qimmatbaho metallar, toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchi punktlar aholidan shartnoma asosida qanday buyumlarni sotib oladi?
Ular shartnoma boʻyicha:
qimmatbaho metallar (oltin, platina, palladiy va kumush) va ulardan yasalgan buyumlar;
qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar;
monetalar (oltin, platina va kumush tangalar);
korpusiga oltin qoplangan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import soatlar;
kumush gardishli chinni va billur buyumlarni sotib oladi.
46. Qimmatbaho metallar, toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchi punktlar sotib olishi taqiqlangan buyumlar qaysilar?
Sotib olish punktlarining:
texnik olmoslar;
qayta ishlanmagan shakldagi qimmatbaho toshlar;
yombi, oltin choʻkindi, olib qoʻyiladigan yasama tish, sim va kukun shaklidagi oltin, platina, palladiy va kumush;
oltin, platina, palladiy va kumushdan yasalgan ishlab chiqarish-texnika maqsadidagi buyumlar (chega, laboratoriya idishi va boshqalar);
davlat va jamoat korxonalari va tashkilotlaridan qimmatli boyliklarni sotib olishi taqiqlanadi.
47. Qimmatbaho metallarning probasini aniqlash va qimmatli boyliklarni tosh-tarozida tortish uchun sotib olish punktlarida nimalar boʻlishi talab qilinadi?
Qimmatbaho metallarning probasini aniqlash va qimmatli boyliklarni tosh-tarozida tortish uchun sotib olish punktlari:
barcha aniqlangan probalarni aniqlash uchun kimyoviy reaktivlar;
qimmatbaho toshlarni tosh-tarozida tortish uchun analitik tarozilar;
oltin, platina, palladiy, yarim qimmatbaho, ishlov berilgan va sintetik toshlarni tortish uchun I klassli texnik tarozilar;
kumushni tosh-tarozida tortish uchun II klassli texnik tarozilarga ega boʻlishi kerak.
48. Boyliklarni tosh-tarozida tortish qanday aniqlikda boʻlishi zarur?
Boyliklarni tosh-tarozida tortish:
oltin, platina, palladiy va ushbu metallardan yasalgan buyumlar uchun – 0,01 gramgacha;
kumush va kumushdan yasalgan buyumlar uchun – 0,1 gramgacha;
gardishsiz qimmatbaho toshlar uchun – 0,01 karatgacha;
yarim qimmatbaho toshlar uchun – 0,01 gramgacha;
ishlov berilgan toshlar uchun – 0,1 gramgacha aniqlikda boʻlishi kerak.
Xarid qilish paytida buyumdan olish mumkin boʻlmagan yoki buyumdan olish maqsadga muvofiq boʻlmagan barcha qimmatbaho toshlar karatomer boʻyicha 0,1 karatgacha aniqlikda aniqlanadi.
49. Boyliklarni xarid qilish bilan bogʻliq barcha operatsiyalar qanday tartibda amalga oshiriladi?
Boyliklarni xarid qilish bilan bogʻliq barcha operatsiyalar boyliklarning egasi ishtirokida amalga oshiriladi (probani aniqlash, tortish, shtift, kanifolni yoʻqotish va boshqalar).
Boyliklarning narxi sotuvchi bilan kelishilgandan keyin sotib oluvchi tovarshunos belgilangan namunadagi kvitansiyani 4 nusxada yozadi, kvitansiyani sotib oluvchi tovarshunos va boyliklarni sotuvchi imzolaydi.
Sotib olingan har bir qimmatli boylik kvitansiya bilan birgalikda haqi toʻlangandan keyin darhol konvertga solinadi va reyestrga yozib qoʻyiladi, konvertda kvitansiyaning raqami va qabul qilingan sana koʻrsatiladi. Shundan keyin konvert yelimlanadi. Konvertga sigʻmaydigan sotib olingan yirik hajmli qimmatli boyliklar qogʻozga oʻraladi, ularga konvertda koʻrsatiladiganga oʻxshash maʼlumotlar boʻlgan yorliq yopishtiriladi. Har kuni, ish kuni oxirida sotib oluvchi tovarshunos ichiga qimmatli boyliklar solingan barcha konvertlarni paket (yoki qop)ga oʻraydi va oʻzining plombiri bilan plombalaydi. Plombalangan paketlar seyfda saqlanadi. Seyfning kaliti sotib olish punktining mudirida saqlanadi, agar sotib olish punkti doʻkon huzurida boʻlsa, sotib oluvchi tovarshunosda saqlanadi. Qimmatli boyliklarni saqlash uchun qabul qilishda sotib olish punkti mudiri reyestrni imzolaydi. Reyestrning bir nusxasi sotib oluvchi tovarshunosda qoladi. Paketga yoki qopga joylangan qimmatli boyliklar uchun sotib oluvchi tovarshunos toʻliq moddiy javob beradi.
50. Qimmatbaho metallar, toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchi punktlar ishi ustidan nazoratni kim amalga oshiradi?
Quyidagi masalalar boʻyicha sotib olish punktlari ishi ustidan nazorat:
punktlar ishining toʻgʻri tashkil etilganligi – tasarrufida ushbu punktlar boʻlgan tashkilotlar tomonidan;
roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi mavjudligi, hisobga olish va pul operatsiyalarini yuritish, shuningdek nazorat-kassa mashinalari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassalar qoʻllanilishi boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan;
shartnomaviy narx (tarif)lar shakllantirilishi va qoʻllanilishining toʻgʻri iqtisodiy asoslanganligi – Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan;
buyumlarning sifati, ularda Davlat proba tamgʻasi ottisklari borligi, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi probani aniqlash tamgʻasi mavjudligi – Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat probani aniqlash palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
51. Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlariga nimalar kiradi?
Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 7-dekabrdagi “Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga koʻra Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallardan (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiydan) yasalgan, asillik darajasiga ega boʻlgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamgʻalanishi lozim boʻlgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari deb hisoblanadi.
52. Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq nima?
Oltin zarvaraq qalinligi 0,12 mikron boʻlgan oltin varaqlardan iborat.
Kumush zarvaraq qalinligi 0,32 mikron boʻlgan kumush varaqlardan iborat.
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq asillik darajasiga ega va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamgʻalanadi.
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq turli predmetlarni bezash-pardozlash va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi.
53. Tish yasashga moʻljallangan oltin quymalar nima?
Asillik darajasiga ega boʻlgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamgʻalanishi lozim boʻlgan tegishli shakldagi plastinalar tish yasashga moʻljallangan oltin quymalar deb hisoblanadi.
54. Asillik darajasini belgilash palatasining vakolatlariga nimalar kiradi?
Asillik darajasini belgilash palatasi:
Oʻzbekiston Respublikasida tayyorlanadigan hamda sotish uchun chet ellardan olib kirilayotgan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash, tekshirish va ularga davlat asillik darajasi tamgʻalari bosishni taʼminlaydi;
davlat asillik darajasi tamgʻalarining, tayyorlovchilarga tegishli shaxsiy tamgʻalarning izlarini texnik ekspertizadan oʻtkazadi va ular yuzasidan xulosalar beradi;
qimmatbaho metallar bilan ishlash uchun roʻyxatdan oʻtganlik guvohnomalarini beradi;
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning ushbu Qonunda belgilangan asillik darajasiga muvofiqligi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajalari mazkur Qonunda belgilangan asillik darajasiga mos kelsa, ularga davlat asillik darajasi tamgʻalari izlarini tushiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
55. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi qanday aniqlanadi?
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlardagi asillik darajasi qotishmaning ming ogʻirlik birligida qancha birlikdagi qimmatbaho metall miqdori mavjudligini belgilaydi va bu arab raqamlari bilan ifodalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida asillik darajasining metrik tizimi qoʻllaniladi:
1) zargarlik buyumlari uchun:
oltin – 375 (uch yuz yetmish beshinchi), 500 (besh yuzinchi),
583 (besh yuz sakson uchinchi), 585 (besh yuz sakson beshinchi),
750 (yetti yuz elliginchi), 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi), 958 (toʻqqiz yuz ellik sakkizinchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
kumush – 800 (sakkiz yuzinchi), 875 (sakkiz yuz yetmish beshinchi), 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi), 925 (toʻqqiz yuz yigirma beshinchi), 960 (toʻqqiz yuz oltmishinchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
platina – 950 (toʻqqiz yuz elliginchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
palladiy – 500 (besh yuzinchi), 850 (sakkiz yuz elliginchi),
999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
2) oltin zarvaraq va kumush zarvaraq uchun – 910 (toʻqqiz yuz oʻninchi), 920 (toʻqqiz yuz yigirmanchi), 930 (toʻqqiz yuz oʻttizinchi), 940 (toʻqqiz yuz qirqinchi), 950 (toʻqqiz yuz elliginchi), 960 (toʻqqiz yuz oltmishinchi), 970 (toʻqqiz yuz yetmishinchi), 980 (toʻqqiz yuz saksoninchi), 990 (toʻqqiz yuz toʻqsoninchi), 1000 (minginchi);
3) tish yasashga moʻljallangan mahsulotlar uchun:
oltin quymalar – 900 (toʻqqiz yuzinchi) va 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi).
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar quyidagi asillik darajasidan past boʻlishi mumkin emas:
oltin – 375 (uch yuz yetmish beshinchi);
kumush – 800 (sakkiz yuzinchi);
platina – 950 (toʻqqiz yuz elliginchi);
palladiy – 500 (besh yuzinchi).
56. Qimmatbaho metallardan yasalgan, tamgʻalanmaydigan buyumlar qaysilar?
Quyidagilar davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanmaydi:
past asillik darajasiga ega boʻlgan oltin, kumush, platina va palladiydan yasalgan buyumlar;
tarixiy yoki arxeologik ahamiyatga ega yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining belgilangan tartibda tuzilgan ekspert xulosasi mavjud boʻlgan yuksak badiiy qimmatga molik, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar;
qurollar, vazalar, idishlar va boshqa ashyolar sirtidagi qimmatbaho metalli mayda oʻyma naqshlar (qadama naqshlar);
ilmiy, texnik va boshqa maqsadlarga moʻljallangan, qimmatbaho metallardan yasalgan asbob-anjomlar, laboratoriya idishlari va boshqa buyumlar;
qimmatbaho metallardan yasalgan xomaki mahsulotlar va quymalar;
Oʻzbekiston Respublikasining va boshqa davlatlarning tangalari;
yasama tishlar;
belgilar, farqlash belgilari va medallar, sport mukofotlari;
zarqogʻozlar.
Qonun hujjatlarida tamgʻalanmaydigan, qimmatbaho metallardan yasalgan boshqa buyumlar ham nazarda tutilishi mumkin.
57. Olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash tartibi qanday?
Realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga davlat asillik darajasi tamgʻasi bosilishi kerak.
Qimmatbaho metallardan yasalgan, olib kirilayotgan, bildirilganidan boshqacha asillik darajasiga ega boʻlgan buyumlardagi tamgʻa egasining roziligiga koʻra yoʻq qilinadi. Ushbu buyumlarga qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan asillik darajasiga eng yaqin asillik darajasi tamgʻasi qayta bosilishi lozim. Egasi rozi boʻlmagan taqdirda ushbu buyumlarni u Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishga majburdir.
Olib kirilayotgan buyumlarni tamgʻalash bilan bogʻliq xarajatlar ularning egalari tomonidan qoplanadi.
Tranzit tarzida olib oʻtilayotgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tamgʻalanmaydi.
58. Mebel oldi-sotdi shartnomasi nima?
Fuqarolik kodeksining 386-moddasiga koʻra oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni toʻlash majburiyatini oladi.
Bu oʻrinda mebel ham tovar sifatida bir shaxsdan boshqa shaxsga mulk qilib berilishi nazarda tutiladi. Shu boisdan oldi-sotdi shartnomasi haqidagi qoidalar mebellar oldi-sotdisiga nisbatan tatbiq qilinadi.
59. Sifatsiz mebel sotilganda isteʼmolchi qanday huquqlarga ega?
Fuqarolik kodeksining 402-moddasiga koʻra sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart. Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati toʻgʻrisidagi shartlar koʻrsatilmaganda sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart.
Fuqarolik kodeksining 408-moddasiga muvofiq agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan maʼlum qilinmagan boʻlsa, tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi FKning
434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi. Bunda sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida maʼlum qilinmagan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz xohishiga koʻra almashtirishni, sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirishni, qilingan xarajatlar qoplanishini, narxini kamaytirishni, shartnomani bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, sifatsiz bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Qonunning 20-, 22-, 27-, 29-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi.
60. Zarur sifatga ega boʻlgan mebel boshqasiga almashtiriladimi?
Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga ilova bilan tasdiqlangan Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari roʻyxatiga koʻra mebel (mebel garniturlari va toʻplamlari) qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan tovarlar boʻlib hisoblanadi.
Agar tovar sifati, nuqsoni, butligiga doir masala yuzaga kelsa, u holda Fuqarolik kodeksining 408-, 434-moddalari qoʻllaniladi. Ushbu holatda isteʼmolchi oʻz huquqlarini himoya qilish choralarini tanlashi mumkin.
MUAMMOLI VAZIYATLARDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQLARI VA ULARNING AMALGA OSHIRILISHI

Fuqaro Shoraxmetov dorixonadan shifokor tavsiya qilgan dorini sotib olmoqchi boʻldi. Biroq dorixona xodimi tavsiya qilingandan aslo qolishmaydigan boshqa dori vositasi olishni taklif qildi. Fuqaro ushbu taklifga rozi boʻlib, dori vositasi uchun haqni toʻladi. Biroq uyiga kelganidan soʻng xarid qilgan dori vositasi sifatsizligi aniqlandi. Shu boisdan dorixonadan dori vositasini almashtirib berishni talab qildi.
Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?
Vaziyatdan kelib chiqib javob berish oʻrinli. Umumiy qoidaga koʻra, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga ilova bilan tasdiqlangan Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari roʻyxatida tibbiy buyumlar, priborlar va apparatlar, ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasi vositalari, koʻzoynak linzalari, bolalarni parvarish qilish buyumlari, dori vositalari ham nazarda tutilgan.
Yuqoridagi holatda esa tovarning sifatsizligi aniqlandi. Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositasi boʻlganligi sababli qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalari, shuningdek muomaladagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ularning inson sogʻligʻiga zararli taʼsirini tasdiqlovchi faktlar aniqlangan taqdirda belgilanadigan tartibda muomaladan chiqarilishi va yoʻq qilib tashlanishi kerak.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
Qoidaga koʻra qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar ularning egalarining yoki sudning qarori boʻyicha muomaladan chiqariladi va yoʻq qilinadi.
Sifatsiz bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Qonunning 20-, 22-, 27-, 29-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi.
Fuqaro Qodirov dorixonadan shifokor tavsiya qilgan dorini sotib olmoqchi boʻldi. Biroq dorixona xodimi fuqarodan shifokor retseptini talab qildi. Agar shifokor retsepti boʻlmasa, dori vositasi isteʼmol qilinishi natijasida zararli oqibatlar kelib chiqishi mumkin degan vaj bilan fuqaroga dori vositasi sotilishi mumkin emasligini maʼlum qildi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?
Ha. Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. Chunki dori vositalarini chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar boʻyicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining roʻyxatiga koʻra retseptsiz amalga oshiriladi.
Shifokor retseptisiz sotiladigan dori vositalarining roʻyxati
(2019-yil 6-dekabr, roʻyxat raqami – 3200) mavjud boʻlib, unda monopreparatlar (192 ta), majmuaviy preparatlar (1032 ta) dori vositalari roʻyxati mavjud.
Fuqaro Mirolimov shahardagi “Ijtimoiy” dorixonadan shifokor tavsiya etgan dori vositasini sotib olmoqchi boʻldi. Biroq dori vositasining bahosi uni qoniqtirmadi. Shu boisdan dorixona xodimidan dori vositasining narxi nima uchun qimmatligini soʻradi. Dorixona xodimi fuqaro xarid qilmoqchi boʻlgan dori vositasi chet eldan keltirilganligi sababli tijorat maqsadida ustamalar qoʻyilganligi, yaʼni dori vositasi narxiga nisbatan 50% ustama bilan sotilishini maʼlum qildi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?
Ha. Chunki chetdan olib kelinadigan, shuningdek mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi.
Ijtimoiy dorixonalarda esa isteʼmolchilar uchun bundanda qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi ikkinchi xatboshisiga koʻra chetdan olib kelinadigan, shuningdek mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ijtimoiy dorixonalar tomonidan ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10 foizidan ortiq boʻlmagan cheklangan savdo ustamasi qoʻllanilgan holda chakana sotiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qoʻpol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish shartlari, shuningdek minimal roʻyxat boʻyicha majburiy talablarni nazarda tutgan holda, bir oy muddatda Farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasida bunday shartlar boʻladi.
Isteʼmolchi tegishli tartibda vakolatli davlat organiga yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishi mumkin.
Fuqaro Islomov dori vositasi xarid qilish uchun dorixonaga kirdi va dorixona xodimidan oʻzi uchun zarur boʻlgan dori vositasining xususiyatlari, qanday isteʼmol qilish tavsiya qilinishi haqida maʼlumot soʻradi. Ushbu holatda dorixona xodimi qoʻpollik bilan maʼlumot olish uchun maʼlumotlar byurosiga murojaat qilishi mumkinligi, dorixonadan esa dori vositasi sotib olinishi kerakligini aytdi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?
Ha. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 28-29-bandlariga koʻra dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga isteʼmolchiga identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori), dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar, berish sanasi va narxi koʻrsatilgan tovar cheki beriladi.
Shuningdek, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchiga dori vositasi va tibbiy buyumni qoʻllash tartibi, xususan, qoʻllash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qoʻllash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida maʼlumot berishi lozim.
Dorixona xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchining eʼtiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qoʻllash yoʻriqnomasi bilan diqqat bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.
Dorixona xodimi mijozlar bilan boʻlgan munosabatda etika qoidalariga rioya etishi, professionallik va savodxonlik xislatlarini namoyon etishi lozim.
Bundan tashqari, dorixona xodimlari tomonidan dori vositasini sotib oluvchilarga zarur maʼlumotlar berilishi kerak. Sotib oluvchining talabiga binoan dorixona xodimi dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlari va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishi lozim.
Fuqaro Inoyatov doʻkondan mebel sotib oldi. Biroq uyiga kelib koʻrdiki, mebel tegishli sifatda boʻlmasdan, balki arzon mahsulotlarni ishlatilishi natijasida sifatsiz holatga kelib qolgan. Shu boisdan doʻkonga borib ushbu mebelni boshqa sifatli mebel bilan almashtirib berilishini talab qildi. Sotuvchi esa qonunchilikka muvofiq mebel (mebel garniturlari va toʻplamlari) qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan tovarlar hisoblanishini maʼlum qildi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?
Ha. Isteʼmolchi huquqlari buzilishi sodir boʻlgan. Chunki Fuqarolik kodeksining 402-moddasiga koʻra sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart. Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati toʻgʻrisidagi shartlar koʻrsatilmaganda sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart.
Fuqarolik kodeksining 408-moddasiga muvofiq agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan maʼlum qilinmagan boʻlsa, tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi FKning
434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi. Bunda sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida maʼlum qilinmagan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz xohishiga koʻra:
xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirish;
xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirish;
tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishi;
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish;
koʻrilgan zarar oʻrnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar uchun toʻlangan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan toʻliq yoki qisman foydalanganligi, tovar koʻrinishi yoʻqolganligi yoki boshqa shunga oʻxshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan boʻlsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.
Shuningdek, tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli boʻlmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan FKning
434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli.
Bundan tashqari, sifatsiz bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Qonunning 20-, 22-, 27-, 29-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasida
chakana savdo qoidalariga
1-ILOVA
Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari
ROʻYXATI
1. Uy sharoitlarida kasalliklarni profilaktika qilish va davolash uchun tovarlar (metall, rezina, toʻqimachilik va boshqa materiallardan tayyorlangan sanitariya va gigiyena buyumlari, tibbiy buyumlar, priborlar va apparatlar, ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasi vositalari, koʻzoynak linzalari, bolalarni parvarish qilish buyumlari, dori vositalari.
2. Shaxsiy gigiyena buyumlari (tish choʻtkalari, taroqlar, soch toʻgʻnagʻichlar, soch bigudilari, ulama sochlar, shinyonlar va boshqa shu kabi tovarlar.
3. Attorlik-pardoz tovarlari.
4. Toʻqimachilik tovarlari (ip-gazlama, zigʻir tolali, ipak, jun va sintetik gazlamalar, gazlama tusidagi notoʻqima materiallardan tayyorlangan tovarlar – lentalar, jiyaklar, toʻrlar va boshqalar); kabel mahsulotlari (simlar, shnurlar, kabellar); qurilish va pardozlash materiallari (linoleum, plyonka, gilam qoplamalar va boshqalar) hamda metrlab sotiladigan boshqa tovarlar.
5. Tikuvchilik va trikotaj buyumlari (tikuvchilik buyumlari va trikotaj ichki kiyimlar, paypoq va qoʻlqop buyumlari).
6. Polimer materiallardan tayyorlangan, oziq-ovqat materiallari bilan bogʻliq boʻlgan, jumladan, bir marta foydalaniladigan buyum va materiallar (oshxona idish-tovoqlari va anjomlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish uchun idishlar va oʻrov materiallari).
7. Maishiy kimyo tovarlari, pestitsidlar va agroximikatlar.
8. Mebel (mebel garniturlari va toʻplamlari).
9. Qimmatbaho toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan, yarim qimmatbaho va sintetik toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar, silliqlangan qimmatbaho toshlar.
10. Avtomobillar va motovelotovarlar, ularga tirkamalar va nomerli agregatlar; qishloq xoʻjaligi ishlari uchun kichik mexanizatsiya koʻchma vositalari; sayr qilish qayiqlari va boshqa maishiy suzish vositalari.
11. Kafolat muddatlari belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar (metall qirquvchi va yogʻochga ishlov beruvchi maishiy dastgohlar; maishiy elektr mashinalari va maishiy elektr priborlari; maishiy radioelektron apparat; maishiy hisoblash va koʻpaytirish texnikasi; foto va kinoapparatlar; telefon apparatlari va faksimil apparati; elektr musiqa asboblari; elektron oʻyinchoqlar).
12. Hayvonlar va oʻsimliklar.
Oʻzbekiston Respublikasida
chakana savdo qoidalariga
2-ILOVA
Xaridorning taʼmirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model, artikul)dagi tovarni almashtirish toʻgʻrisidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar
ROʻYXATI
1. Avtomobillar, mototsikllar va mototexnikaning boshqa turlari, ularga tirkamalar va nomerli agregatlar (nogironlar foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlar, sayr qilish qayiqlari va suzish vositalaridan tashqari).
2. Mebel.
3. Pardoz buyumlari sifatida va tibbiy maqsadlarda foydalaniladigan maishiy elektr priborlari (elektrbritvalar, elektrofenlar, sochni jingalak qilish uchun elektrqisqichlar, tibbiy elektrreflektorlar, elektrgrelkalar, elektrbintlar, elektrpledlar, elektrodeyallar).
4. Mahsulotlarni termik qayta ishlash va ovqat tayyorlash uchun foydalaniladigan maishiy elektr priborlari (maishiy SVCH pechlari, elektrpechlar, tosterlar, elektr suv qaynatgichlar, elektrchayniklar, elektrisitgichlar va boshqa tovarlar).
Oʻzbekiston Respublikasida
chakana savdo qoidalariga
3-ILOVA
Tovarlarning olib kirilishini va bojxona bojlari amalda toʻlanganligini tasdiqlaydigan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab 12 oy oʻtgandan keyin sotuvga qoʻyilishiga va chakana savdoda sotilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan tayyor import isteʼmol tovarlari
ROʻYXATI
T/r |
Tovarning qisqacha nomi |
TIF TN kodi |
I. Tikuvchilik buyumlari, ustki trikotaj, ichki trikotaj, sport trikotaji, paypoqlar | ||
1. |
Palto, yarimpalto, yopqichlar, plashlar, kalta kamzullar (shu jumladan, changʻi kamzullari), vetrovkalar, suv oʻtkazmaydigan maxsus kiyimlar va shunga oʻxshash buyumlar |
6101, |
2. |
Kostyumlar, komplektlar, pidjaklar, bleyzerlar, shimlar, koʻkrakka tutiladigan fartukli va lyamka (yelka tasma)li kombinezonlar, jaketlar, koʻylaklar, yubkalar, yubka-shimlar, bridjilar va kalta shimlar (choʻmilishda kiyiladigan kalta shimlardan tashqari) |
6103, |
3. |
Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun koʻylaklar |
6105, |
4. |
Ayollar yoki qizlar uchun bluzkalar, bluzlar va bluzonlar |
6106, |
5. |
Kalsonlar, trusilar, tungi koʻylaklar, pijamalar, yuvinish xalatlari, uy xalatlari hamda erkaklar va oʻgʻil bolalar uchun shunga oʻxshash buyumlar |
6107, |
6. |
Kombinatsiyalar, pastki yubkalar, trusilar, pantalonlar, tungi koʻylaklar, pijamalar, penyuarlar, yuvinish xalatlari, uy xalatlari va ayollar yoki qizlar uchun shunga oʻxshash trikotaj buyumlar |
6108, |
7. |
Maykalar va boshqa ichki fufaykalar |
6109, |
8. |
Sviterlar, puloverlar, kardiganlar, nimchalar va shunga oʻxshash trikotaj buyumlar |
6110 |
9. |
Bolalar trikotaj kiyimlari va bolalar kiyimlari uchun anjomlar |
6111, |
10. |
Sport, changʻi va yuvinish kostyumlari. Boshqa kiyim-kechak buyumlari (trikotaj kiyimlardan tashqari) |
6112, |
11. |
5903, 5906 yoki 5907 TIF TN tovar pozitsiyali trikotaj polotnodan tikilgan kiyim-kechak buyumlari |
6113 00 |
12. |
Boshqa trikotaj kiyim-kechak buyumlari |
6114 |
13. |
Kolgotkalar, chulkilar, golflar, paypoqlar va pataklar hamda boshqa paypoqlar, shu jumladan bosim taqsimlangan kompression paypoqlar va tagcharmsiz trikotaj poyabzal |
6115 |
14. |
Qoʻlqoplar va trikotaj mitenkilar |
6116 |
15. |
Kiyimlar uchun boshqa tayyor anjomlar |
6117 10 000 0 — 6117 80, |
16. |
Byustgalterlar, kamarlar, korsetlar, shimni koʻtarib turadigan ikki yelkaga osiladigan tasmalar, paypoq bogʻichlari va shunga oʻxshash buyumlar va ularning qismlari |
6212 |
17. |
Roʻmollar |
6213 |
18. |
Sholroʻmollar, sharflar, kashnelar (sharflar), mantilyalar, vuallar (shlyapaning yuzni bekitib turadigan toʻri) va shunga oʻxshash buyumlar |
6214 |
19. |
Galstuklar, kapalaknusxa galstuklar va boʻyinbogʻlar |
6215 |
20. |
Qoʻlqoplar va mitenkilar |
6216 00 000 0 |
II. Tyul-gardin polotnosi va undan tikilgan buyumlar | ||
1. |
Trikotaj tyul-gardin polotnosi. Pardalar (shu jumladan eshik va deraza pardalari) va ichki darpardalar, eshik yoki deraza pardasining ustki bezakli qismlari yoki krovatlar uchun toʻr hoshiyalar |
6005 31 100 0, |
III. Koʻrpa-toʻshak gʻiloflari, paxmoq sochiqlar, choyshablar | ||
1. |
Koʻrpa-toʻshak, oshxona, hojatxona gʻiloflari |
6302 |
IV. Charm poyabzal | ||
1. |
Rezina, plastmassa tagcharmli, toza charmdan yoki turli materiallardan tikilgan poyabzal, ustki qismi toza charmdan tikilgan poyabzal |
6403 |
V. Televizorlar | ||
1. |
Televizorlar, televizion aloqani qabul qilish uchun apparatlar |
8528 72 — 8528 73 000 0 |
VI. Sovutgichlar | ||
1. |
Maishiy sovutgichlar-muzlatgichlar |
841810 |
2. |
Sovutgichlar |
8418 21 — 8418 29 000 0 |
VII. Konditsionerlar | ||
1. |
Konditsionerlar |
8415 10, |
VIII. Elektr dazmollar | ||
1. |
Elektr dazmollar |
8516 40 |
IMOMOV NURILLO FAYZULLAYEVICH
MEHMONOV QAMBARIDDIN MIRADXAMOVICH
DORI-DARMON, MEBEL,
TILLA BUYUMLAR SAVDOSIDA
ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQ
VA MAJBURIYATLARI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 2,79 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 149-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.