Kirish

Jamiyat taraqqiyotining oʻtgan asrlarga nisbatan XIX–XX asrlar davomida jadal rivojlanishi shunday darajaga yetib keldiki, bu davrda energiya taʼminoti iqtisodiyotni rivojlantirishning zarur vositasiga aylandi. Chunki bu davrga kelib, mashina va asbob-uskunalar, uy-joylar, qurilish va ishlab chiqarish obyektlarining barchasi energiyaga muhtoj boʻlib qoldi. Shunday sharoitlarda isteʼmolchilarga energiya yetkazib berishni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi energiya taʼminoti shartnomasi yuzaga keldi.

Energiya taʼminoti shartnomasi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun muhim hisoblanadi. Zero, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi energiya resurslaridan oqilona foydalanishni, u bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonunchilik bazasini mukammal boʻlishini talab qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil kuz-qish mavsumida uy-joylar, ijtimoiy muassasalar va korxonalarni energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda mamlakatdagi barqaror va sifatli energiya taʼminoti – Oʻzbekistonni iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan biri ekanligini alohida qayd etdi”[1].

Isteʼmolchilarga energiya yetkazib berishning oʻziga xos xususiyatlari va birmuncha qiyinchiliklari mavjud, chunki energiya yetkazib berishda maxsus moslamalarning boʻlishligi, jumladan, elektr tarmoqlari, gaz quvurlari, transformator va nasos stansiyalarisiz bu ishni amalga oshirib boʻlmaydi. Shuningdek, energiyani isteʼmol qilishda maxsus moslamalar qoʻllanishligini taqozo qiladi. Bular: injenerlik kommunikatsiyalari, oʻlchov va nazorat qiluvchi asboblar va energiyadan foydalanishda qoʻllaniladigan xavfsizlikni taʼminlovchi asbob-uskunalar. Energiya bilan taʼminlovchi hamda isteʼmolchi (abonent) oʻrtasidagi texnik qurilmalar – energiyani qabul qilish va undan xavf-xatarsiz foydalanishni taʼminlovchi vositalar tutashtirilgan tarmoq hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksida energiya taʼminoti shartnomasi oldi-sotdi shartnomasi turlaridan biri sifatida koʻriladi va uning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil shartnoma konstruksiyasi sifatida tartibga solingan. Energiya taʼminoti shartnomasidan kelib chiqadigan munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining mahsulot yetkazib berish toʻgʻrisidagi normalari bilan tartibga solinmasdan, balki 29-bobning 468–478-moddalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Energetika toʻgʻrisida”gi qonunlari bilan tartibga solinadi.

Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyotida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish jarayoni kuzatilmoqda. Jumladan, quyosh energiyasi, dengiz toʻlqinlari, shamol energiyasi, biologik chiqindilar energiyasi va boshqalardan foydalanish keng rivojlanmoqda. Iqtisodiy taraqqiy etgan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarda uglevodorod xomashyosining jahon miqyosidagi zaxiralari kamayib borayotgan sharoitda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim omili sifatida muqobil energiya manbalaridan amalda foydalanish boʻyicha ishlanmalar jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalaridan, eng avvalo, quyosh energiyasidan foydalanish sohasida ilmiy va eksperimental tadqiqotlar olib borish borasida salmoqli tajriba toʻplangan boʻlib, ular yuzasidan bir qancha oʻn yillar mobaynida ishlanmalar tatbiq etilmoqda. Respublikada Markaziy Osiyoda oʻxshashi yoʻq ilmiy-eksperimental markaz – Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil qilingan boʻlib, uning tadqiqotlari natijalari jahon miqyosida eʼtirof etildi.

Hozirgi kunda energiya taʼminoti shartnomasining huquqiy tabiati, shartnomada ishtirok etuvchi subyektlar tarkibining oʻziga xosligi, taraflarning majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi kabi bir qator masalalar muhim ahamiyatga ega.

Mazkur risola elektr energiyasi va gazdan foydalanishga doir xizmatlar koʻrsatishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan, unda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir qonun hujjatlarida belgilangan asosiy qoidalar, xizmatdan foydalanuvchi va xizmat koʻrsatuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari, xizmatlar koʻrsatish tartibi atroflicha yoritilgan.

Risola keng doiradagi isteʼmolchilar va sohaga qiziquvchilar uchun moʻljallangan.

SAVOLLAR VA JAVOBLAR

1. Elektr energiyasini yetkazib berish qanday hujjat asosida amalga oshiriladi?

Elektr energiyasi elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq yetkazib beriladi. Elektr taʼminoti shartnomasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga isteʼmolchida kerakli uskunalar va elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish priborlari mavjud boʻlgan taqdirda unga elektr tarmogʻi orqali elektr energiyasi yetkazib berish majburiyatini yuklaydigan, isteʼmolchiga esa elektr energiyasi haqini toʻlash, shuningdek elektr energiyasi isteʼmolining shartnomada nazarda tutilgan rejimiga rioya qilish, oʻz tasarrufida boʻlgan elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish xavfsizligi hamda elektr energiyasi isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlgan oʻzi foydalanadigan uskunalar va asboblarning soz holatda boʻlishini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni bajarish majburiyatini yuklaydigan bitim hisoblanadi.

2. Ayrim hollarda elektr taʼminotida uzilishga avariya roʻy boʻlganligi sabab sifatida koʻrsatiladi. Oʻzi avariya rejimi nima?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra avariya rejimi – elektr energetika obyekt­larining ishlash texnologik parametrlarining yagona elektr energetika tizimi ishonchli ishlashining izdan chiqishiga va isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish cheklanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan tarzda chetga chiqishi hisoblanadi.

Shu boisdan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridagi avariyalarning oldini olish va bartaraf etish yoki odamlar xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur boʻlganda isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda elektr energiya uzatishni uzib qoʻyish yoki cheklashga ruxsat etiladi.

3. Baʼzida elektr energiyasi taʼminotida uzib qoʻyishlar kuzatiladi. Ushbu holat qonuniymi?

Elektr taʼminoti shartnomasi boʻyicha muayyan holatlarda uzilishlar yoki rejali uzib qoʻyishlar sodir boʻlishi nazarda tutilishi mumkin. Bunda elektr energiyasi taʼminotidagi tanaffus (uzib qoʻyish) – isteʼmolchiga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish hisoblanadi. Bunday tanaffusga avtomatika qurilmalarining muvaffaqiyatli ishlashi tufayli yoki elektr energiyasi isteʼmol qilishning cheklanishiga olib kelmaydigan, bir vaqtning oʻzida bir nechta liniyalar boʻyicha elektr energiyasi oluvchi isteʼmolchilar uchun bitta yoki bir nechta elektr energiyasi yetkazib berish liniyalarining uzib qoʻyilishi tufayli sodir boʻladigan tanaffuslar kirmaydi.

Rejali uzib qoʻyishda agar elektr taʼminoti shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr qurilmalarini rejali-ogohlantirish taʼmirlash jadvali boʻyicha taʼmirlash yoki profilaktika qilish davrida isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda isteʼmolchiga elektr energiyasi berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatishi mumkin. Bunda isteʼmolchi kamida 3 sutka oldin ogohlantirilishi shart.

4. Maʼlumki, elektr energiyasidan deyarli barcha fuqaro va tashkilotlar foydalanadi. Biroq “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunda isteʼmolchi – jismoniy shaxsligi koʻrsatilgan. Oʻzi elektr energiyasi boʻyicha isteʼmolchi kimlar hisoblanadi?

Haqiqatan ham, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun isteʼmolchi deganda jismoniy shaxsni nazarda tutadi. Elektr energiyasida isteʼmolchi esa elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq ishlab chiqarish va (yoki) maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs boʻlishi mumkin. Shu boisdan qanday maqsadlarda elektr energiyasini ishlatishiga koʻra ular farqlanadi.

Bunda maishiy isteʼmolchilar sifatida elektr energiyasidan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanuvchi aholi (hovli/kvartira xonalari va hududini yoritish, elektr-maishiy va boshqa asboblardan foydalanish, ovqat tayyorlash, isitish va issiq suv taʼminoti) tushuniladi.

5. Maʼlumki, elektr energiyasi quvvatining bir maromda boʻlishi isteʼmolchi fuqaro uchun muhim ahamiyatga ega. Oʻzi bunday holatlarda qonunchilikda muayyan quvvat belgilanganmi?

Ha. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil
12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra isteʼmolchining ulangan quvvati – isteʼmolchining elektr energiyasini (bevosita elektr qabul qilgichlarni taʼminlaydigan) ishchi kuchlanishga aylantiruvchi transformatorlarining va 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr dvigatellarining elektr tarmoqlariga ulangan jami quvvati. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari tarmoq transformatorlardan yoki hududiy elektr tarmoqlari korxonasining past kuchlanishli tarmoqlaridan taʼminlanganda isteʼmolchining ulangan quvvati uchun foydalanishga ruxsat etilgan quvvat qabul qilinadi, uning miqdori hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan belgilanadi hamda elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi.

6. Isteʼmol qilingan elektr energiyasining hisobi qanday aniqlanadi?

Isteʼmol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uchun “Oʻzstandart” agentligi yoki Oʻzbekiston Respublikasining oʻlchov vositasi turini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sertifikatiga ega boʻlgan hududiy boʻlinmalar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi isteʼmolchilar bilan birgalikda isteʼmol qilingan elektr energiyasining amaldagi miqdorini aniqlash uchun ulardagi elektr energiyasini hisobga olish asboblari (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) koʻrsatkichlarini har oyda yozib olishi va zarur boʻlganda elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ulash sxemasini tekshirib koʻrishi kerak. Isteʼmolchi tomonidan elektr energiyasi sarfi toʻgʻrisida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga belgilangan shakl boʻyicha oʻz qoʻli bilan, faksimil, elektron yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilgan hisobot yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar uchun isteʼmol qilingan elektr energiyasining amaldagi hajmini aniqlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ning joriy etilishi munosabati bilan isteʼmolchilarning hisobga olish asboblaridagi koʻrsatkichlar avtomat­lashtirilgan tizimning texnik parametrlariga muvofiq, biroq bir oyda kamida bir marta yoki isteʼmolchining buyurtmasi boʻyicha yozib olindi.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari shaxsiy hisobraqam va hisobga olish asboblarining holati haqida batafsil maʼlumotlar doimiy asosda shakllantirilishini va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga real vaqt rejimida yuborilishini taʼminlaydi.

7. Isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun onlayn toʻlovlarni amalga oshirish qoidalari qanday?

Maishiy isteʼmolchilardan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni internet orqali toʻlash tizimi ishga tushirilgan. Toʻlovni amalga oshirish uchun isteʼmolchi onlayn plastik kartochkasini infokiosk orqali “SMS-xabar” tizimiga biriktirishi, soʻng internet orqali www.uzcard.uz. saytga kirib toʻlovni amalga oshirish uchun parol olish lozim. www.uzbekenergo.uz sayti “Maishiy isteʼmolchilar uchun xizmat” sahifasidan “Maishiy isteʼmolchi”ning shaxsiy kabinetida https://my.uzbekenergo.uz/pcabinet/ “onlayn toʻlov” menyusiga kiriladi va elektr tarmoqlari korxonasi tanlanadi, shaxsiy hisobraqami teriladi va toʻlov amalga oshiriladi.

8. Isteʼmolchi qancha kuchlanishga ega boʻlgan qoʻshimcha elektr qurilmalarini oʻrnatishi mumkin?

Isteʼmolchi oʻziga tegishli elektr tarmoqlariga kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan qoʻshimcha elektr qurilmalarini ruxsat etilgan quvvat miqdori darajasida ulashi mumkin. Bunga elektr energiyasini isitish va issiq suv taʼminoti uchun qoʻllash kirmaydi.

9. “Oʻzenergoinspeksiya” elektr energiyasi yetkazib berishni qanday hollarda toʻxtatib qoʻyadi?

Elektr energiyasining isrof qilib sarflanishi va isteʼmolchi elektr qurilmalarining avariya xavfini tugʻdiradigan yoki odamlar hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati aniqlanganda “Oʻzenergoinspeksiya” elektr energiyasi yetkazib berishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.

“Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan isteʼmolchida energiyadan nooqilona foydalanganlik, elektr energiyasini tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni bajarmaslik holatlari aniqlangan taqdirda (imzolangan dalolatnomaga muvofiq), hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasidan nooqilona foydalanish boʻyicha aniqlangan holatlardan kelib chiqqan holda energiya isteʼmolining shartnomadagi miqdorini kamaytirishga haqlidir.

Bundan tashqari, hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridagi avariyalarning oldini olish va bartaraf etish yoki odamlar xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur boʻlganda isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda elektr energiyasini uzatishni uzib qoʻyish yoki cheklashga ruxsat etiladi.

Obyektning elektr taʼminoti loyihasida koʻzda tutilgan oʻzaro zaxiralanuvchi manbalarni avtomatik ishga tushirish yoki asosiy manbani qayta avtomatik tiklash vaqtida elektr energiyasining uzib qoʻyilishi (sabablaridan qatʼiy nazar) elektr taʼminotida tanaffus deb hisoblanmaydi.

10. Elektr taʼminoti shartnomasi qanday tartibda tuziladi?

Elektr energiyasi bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarilishi va isteʼmol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar turi sifatida, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va energiya qurilmalari shu tashkilot tarmogʻiga bevosita ulangan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasi asosida yetkazib beriladi.

11. Elektr taʼminoti shartnomasi qanday shaklda tuziladi?

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi oʻrtasidagi elektr taʼminoti shartnomasi elektr taʼminotining namunaviy shartnomasiga muvofiq tayyorlangan shaklda tuziladi.

Bunda elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, “Oʻzenergo­inspeksiya” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Elektr taʼminoti shartnomasi 2 nusxada tuziladi. Bir nusxasi isteʼmol­chiga taqdim etiladi, ikkinchisi hududiy elektr tarmoqlari korxonasida qoladi.

12. Elektr taʼminoti shartnomasida subisteʼmolchilar ishtirok etishi mumkinmi?

Mumkin. Fuqarolik kodeksining 475-moddasiga koʻra abonent energiya bilan taʼminlovchi tashkilotdan tutashtirilgan tarmoq orqali qabul qilib olgan energiyani boshqa shaxs (qoʻshimcha abonent)ga faqat energiya bilan taʼminlovchi tashkilot roziligi bilan berishi mumkin.

Mazkur holatda subisteʼmolchilar isteʼmolchilar bilan elektr taʼminoti shartnomasini hududiy elektr tarmoqlari korxonalari roziligiga asosan tuzadi.

Subisteʼmolchilarga oʻz tarmoqlari orqali elektr energiyasini yetkazib beruvchi isteʼmolchilar subisteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan elektr energiyasining umumiy (jami) miqdori boʻyicha elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi.

13. Energiya miqdori qanday aniqlanadi?

Fuqarolik kodeksining 470-moddasiga koʻra energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va taraflar kelishgan energiya berish tartibiga amal qilgan holda energiya berishi lozim. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot bergan va abonent qabul qilgan energiya miqdori oʻlchov asboblari koʻrsatkichlari bilan aniqlanadi.

Energiya taʼminoti shartnomasida abonentning oʻzi qabul qiladigan energiyaning shartnomada belgilangan miqdorini energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning energiyani shartnomada belgilanmagan miqdorda berishni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash sharti bilan oʻzgartirish huquqi nazarda tutilishi mumkin.

Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq abonent boʻlgan taqdirda u energiyadan oʻzi uchun zarur boʻlgan miqdorda foydalanishga haqli.

14. Energiya sifati bilan bogʻliq qanday talablar mavjud?

Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot beradigan energiyaning sifati standartlashtirish boʻyicha qonun hujjatlarida yoki energiya taʼminoti shartnomasida belgilangan talablarga javob berishi lozim.

15. Tarmoqlar, asbob va uskunalarni saqlash va ishlatish boʻyicha abonentning qanday majburiyatlari mavjud?

Fuqarolik kodeksining 473-moddasiga koʻra abonent ishlatilayotgan energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning zarur texnikaviy holati va xavfsizligini taʼminlashi, energiya ishlatishning belgilangan tartibiga amal qilishi, shuningdek avariyalar, yongʻinlar, energiyani oʻlchash asboblaridagi nosozliklar va energiyadan foydalanish paytida kelib chiqadigan boshqa buzilishlar toʻgʻrisida energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga darhol xabar berishi lozim.

Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, energetika tarmoqlari, shuningdek energiya isteʼmolini hisobga olish asboblarining zarur texnik holati va xavfsizligini taʼminlash majburiyati energiya bilan taʼminlovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.

Energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning texnik holatiga va ularni ishlatishga qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

16. Energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha qanday javobgarlik mavjud?

Fuqarolik kodeksining 477-moddasiga koʻra energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda energiya bilan taʼminlovchi tashkilot shu tufayli yetkazilgan zararning, abonent esa yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashi shart.

Agar energiya berishdagi uzilishlar quvvat va energiya yetishmasligi sababli energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan qonun hujjatlari asosida isteʼmolni tartibga solish natijasida yuz bergan boʻlsa, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot aybdor boʻlgan taqdirdagina shartnoma majburiyatlarini bajarmagani yoki tegishli darajada bajarmagani uchun javob beradi.

17. Elektr energiyasi uchun texnik shartlarni olish majburiymi?

Ha. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra elektr energiyasi isteʼmolchilari, jumladan, xususiy uy-joylarda yashovchilar, obyektlarni loyihalashtirish va ishga tushirishdan avval elektr qurilmalarining yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarini hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni olishga majbur.

Texnik shartlarsiz elektr qurilmalarning elektr taʼminotini loyihalashtirish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarning bajarilishi barcha isteʼmolchilar, loyihalash, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

Shunisi muhimki, isteʼmolchilar uchun texnik shartlar toʻlov undirmasdan beriladi.

18. Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalar uchun ham texnik shart olinadimi?

Ha. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan transformatorlar yoki dvigatellarning yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarini ulash, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining tarmoq transformatorlariga past kuchlanishli qurilmalarning yangi quvvatini ulash yoki ularning ruxsat berilgan quvvatini oshirish uchun texnik shartlar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan isteʼmolchi-buyurtmachi (quruvchi)dan yoki uning topshirigʻi boʻyicha bosh loyihalash tashkilotidan buyurtma olingandan soʻng bir oy muddatda belgilangan tartibda beriladi.

19. Elektr energiyasidan foydalanish boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga texnik shartlar qayerda beriladi?

Tadbirkorlik subyektlariga texnik shartlar davlat xizmatlari markazlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi. Bunda isteʼmolchilarning xohishiga koʻra ularni elektr tarmoqlariga “tayyor holda” ulash mumkin.

20. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligi aniqlanadimi?

Ha. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligini aniqlash va ularga kuchlanish berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bunda isteʼmolchilarning quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan elektr qurilmalari yagona elektr energetika tizimi elektr tarmoqlariga ularning ekspluatatsiya qilishga tayyorligi aniqlanmasdan va “Oʻzenergo­inspeksiya” tomonidan Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash toʻgʻrisidagi dalolatnoma imzolanmasdan ulanganligi aniqlanganda, ushbu elektr qurilmalar qoidabuzarliklar bartaraf etilgunicha va mazkur buzilishlarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgunicha elektr tarmoqlaridan darhol uziladi.

Agar isteʼmolchilarning quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan yangi yoki rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalariga kuchlanish berish “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan ularning ekspluatatsiya qilishga tayyorligi aniqlangani, tekshirilgan sxemalar va hisobga olish priborlari plombalangandan keyin, shuningdek elektr taʼminoti shartnomasi tuzilganidan soʻng amalga oshiriladi.

Eʼtibor qaratish lozimki, isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligini aniqlaydigan “Oʻzenergoinspeksiya” va uning hududiy boʻlimlari, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonalari ekspluatatsiya qilish jarayonida ularning normal ishlashi uchun javobgar boʻlmaydi.

21. Elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarining texnik holati yuzasidan javobgarlik kimning zimmasida boʻladi?

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra elektr uskunalarining holati, foydalanilishi va ularga xizmat koʻrsatilishi yuzasidan isteʼmolchilar bilan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik darajasi elektr uskunalarining balans boʻyicha mansubligi bilan belgilanadi va elektr taʼminoti shartnomasiga ilova qilinadigan elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligini va tomonlarning ekspluatatsiya qilish boʻyicha javobgarligini chegaralash dalolatnomasida qayd etiladi.

Elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligini va tomonlarning foydalanish javobgarligini chegaralash dalolatnomasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va isteʼmolchi vakillari tomonidan imzolanadi.

22. Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlik chegaralari qanday belgilanadi?

Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlik chegaralari:

yopiq taqsimlash qurilmalarining tashqi tomonidan elektr uzatish havo liniyasining oʻtish izolyatori ulangan joyda va simning ochiq taqsimlash qurilmalari izolyatorlari portal tizmasining taranglovchi qisgichidan chiqish joyida;

elektr uzatishning taʼminlovchi yoki chiquvchi liniyalarining kabel yoki havodagi kirish simlari ulangan joylarida belgilanadi. Bunda oldingi jumlada keltirilgan ulanmalarning holati uchun podstansiyadan foydalanuvchi korxona javob beradi.

Turli isteʼmolchilarga tegishli, tarmoqlangan simlarga (yopiq yoki ajratkichlar orqali) ega boʻlgan kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr uzatish liniyalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlikning boʻlinish chegarasi asosiy liniyaning tarmoqlanish amalga oshirilgan tayanch nuqtasida belgilanadi. Tarmoqlangan simlarni ulovchi qisqichlarning holati uchun javobgarlik asosiy elektr uzatish liniya egasiga yuklatiladi.

23. Kuchlanishi 1000 V boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish uchun isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi qanday aniqlanadi?

Kuchlanishi 1000 V boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish uchun isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi:

havodagi tarmoqlanishda – bino yoki quvur tayanchida oʻrnatilgan birinchi izolyatorlarda;

kabel bilan kiritishda – binoga kirish joyida taʼminlovchi kabelning ulanish joylarida belgilanadi.

Bunda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga, muassasalarga va boshqa ishlab chiqarish bilan shugʻullanmaydigan isteʼmolchilarga tegishli uylardagi elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasidagi ulanmalarning holati uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi javob beradi. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish xususiyatlariga koʻra javobgarlikning boshqa asoslangan chegaralari ham belgilanishi mumkin.

24. Isteʼmolchi oʻz tasarrufidagi elektr qurilmalarning holati yuzasidan javobgar boʻladimi?

Ha. Isteʼmolchi oʻz tasarrufidagi elektr qurilmalarning texnik holati va elektr xavfsizligi, Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi, elektr energiyasining oqilona sarflanishi, elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimlari bajarilishi, elektr energiyasi sifatining taʼminlanishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi koʻrsatmalarining oʻz vaqtida bajarilishi uchun javob beradi.

25. Maishiy isteʼmolchi kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr tarmoqlarini oʻrnatishiga nisbatan qanday talablar mavjud?

Qonunchilikda bunday isteʼmolchilar uchun muayyan talablar qoʻyilgan. Jumladan, maishiy isteʼmolchi tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr tarmoqlari montaj qilingan hollarda:

elektr energiyasini hisobga olish pribori TPning 0,4 kVli taqsimlash qurilmasida oʻrnatiladi;

elektr tarmoqlari maishiy isteʼmolchining uyga egalik qilish hududidan tashqarida joylashtiriladi.

Maishiy isteʼmolchi 1000 V dan yuqori kuchlanishdagi elektr tarmoqlariga ega boʻlgan holda maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi (liniyalar, TP) elektr energiyaning texnologik yoʻqotishlari hisob-kitob yoʻli bilan aniqlanadi va uning isteʼmoliga qoʻshiladi hamda bu haqida elektr taʼminoti shartnomasida tegishli yozuv qayd etiladi.

26. Elektron hisobga olish asboblari oʻrnatilishi majburiymi?

Ha. Elektr energiyasi uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan hisob-kitob qilish uchun isteʼmolchilar majburiy tartibda Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ga mos keladigan elektron hisobga olish asboblari bilan, 750 kVA va undan yuqori quvvatga ulangan isteʼmolchilar esa EHNATga mos keladigan koʻp funksiyali (koʻp tarifli) elektron hisobga olish asboblari bilan taʼminlangan boʻlishlari kerak.

EHNAT koʻrsatkichlar buzilishidan va inson omilining taʼsirini mumkin qadar kamaytirgan holda axborotlardan ruxsatsiz foydalanishdan kompleks himoya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.

27. Koʻp xonadonli uy-joylarda elektr energiyasini hisobga olish asboblari qayerda oʻrnatiladi?

Koʻp xonadonli uy-joylarda elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish maqsadida elektr energiyasini hisobga olish asboblari har bir xonadon uchun maxsus ajratilgan joylarda oʻrnatiladi.

Har bir xonadonga oʻrnatishdan tashqari uy-joylarda uyning umumiy ehtiyojlari (zinapoyalarni yoritish, liftlar, nasoslarning ishlashi va hokazolar) uchun sarflanadigan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitob qilish uchun ham umumiy hisobga olish asboblari oʻrnatiladi.

28. Maishiy isteʼmolchilardagi elektr energiyasini hisobga olish elektron asboblarini oʻrnatish xarajatlari kimning zimmasida boʻladi?

Maishiy isteʼmolchilardagi elektr energiyasini hisobga olish elektron asboblarini sotib olish, oʻrnatish, roʻyxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan oʻtkazish va plombalash, shuningdek mavjud (jumladan, induksion) hisobga olish asboblari hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablagʻlari hisobidan almashtiriladi.

Elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uy-joylar va xonadonlarda Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ga ulanadigan elektr energiyasini hisobga olish asboblari ham hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan sotib olinadi, oʻrnatiladi, roʻyxatga olinadi va plombalanadi.

Elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uylar va xonadonlarda maishiy isteʼmolchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan birgalikda elektr energiyasini hisobga olish asboblari oʻrnatiladigan joy va ularni oʻrnatish uchun zarur materiallar oldindan aniqlanadi. Bunda hisobga olish priborini montaj qilish uchun materiallar isteʼmolchi tomonidan sotib olinadi.

Hisobga olish pribori uy-joy yoki xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda, uning ishtirokida hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan oʻrnatiladi.

29. Hisobga olish isteʼmolchining aybi bilan buzilgan hollarda masʼuliyat kimning zimmasida boʻladi?

Hisobga olish isteʼmolchining aybi bilan buzilgan taqdirda (tok va kuchlanishni oʻlchash transformatorlarining ishdan chiqishi, shuningdek ikkilamchi kommutatsiya, hisobga olish asboblarining shikastlanishi va ularning yoʻqolishi) hisobga olish nazorat qilish asboblarini va ularga tegishli asbob-uskunalarni almashtirish, taʼmirlash, davlat qiyoslovidan oʻtkazish va oʻrnatish isteʼmolchi tomonidan ular qiymati va koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlangan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

30. Elektr energiyasini hisobga olish asboblarida qanday plomalar boʻlishi shart?

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga koʻra elektr energiyasini hisobga olish asboblarida:

mahkamlanadigan joyda kojuxlarga, hisobga olish asboblari bilan birga foydalaniladigan oʻlchov transformatorlarida esa alohida ajratilgan joylarda “Oʻzstandart” agentligining yoki uning hududiy boʻlinmasining belgilangan namunadagi plombasi boʻlishi kerak;

elektr energiyasini hisobga olish priborining klemmniki qopqoqlarida, tok transformatorlarning klemmniklarida, xotira blokida va sinov bloklarining hisobga olish asboblarini dasturlashdan foydalanish tugmasida (boʻlmasida), oʻtuvchi klemmniklarda, kuchlanish transformatorlari ajratkichlari yuritmalari va himoya avtomatlarida – hududiy elektr tarmoqlari korxonasining va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining belgilangan namunadagi plombalari boʻlishi kerak.

31. Elektr energiyasini hisobga olish asboblari qancha muddatda qiyoslovdan oʻtkazilishi zarur?

Elektr energiyasini hisobga olish asboblari va oʻlchov transformatorlari birlamchi qiyoslovdan ishlab chiqaruvchi zavodda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.

Agar elektr energiyasini hisobga olish priborini ishlab chiqarish kunidan boshlab, to uni oʻrnatishgacha uch fazali asbob uchun 12 oydan koʻp muddat va bir fazali asbob uchun 2 yildan koʻp muddat oʻtgan boʻlsa, unda hisobga olish pribori oʻrnatilishidan oldin egasining hisobidan davlat qiyoslovidan oʻtkaziladi.

Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini va oʻlchov transformatorlarini davriy qiyoslovdan oʻtkazish “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.

32. Maishiy isteʼmolchi oʻz hisoblash asbobini mustaqil ravishda qiyoslovdan oʻtkazish huquqiga egami?

Ha. Agar maishiy isteʼmolchining elektr energiyasini hisobga olish priborining qiyoslovdan oʻtkazish oraligʻi tugashi bilan elektr taʼminoti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qiyoslov tadbirlari oʻtkazilmagan boʻlsa, unda ushbu isteʼmolchi qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisobga olish priborining koʻrsatkichlariga koʻra elektr energiyasi haqini toʻlaydi.

Bunda elektr taʼminoti korxonasi maishiy isteʼmolchi tomonidan qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisobga olish priboridan foydalan­gan elektr energiyasi uchun qaytadan hisob-kitob qilish huquqiga ega emas.

Maishiy isteʼmolchi oʻz hisoblash asbobini “Oʻzstandart” agentligida mustaqil qiyoslovdan oʻtkazish huquqiga ega. Bunda elektr taʼminoti korxonasi maishiy isteʼmolchining birinchi talabiga koʻra elektr energiyasini hisobga olish priborini bepul yechish, oʻrnatish, plombalash va roʻyxatdan oʻtkazishga majbur.

33. Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning koʻrsatmasi boʻyicha hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakillari shaxsiy guvohnomalari boʻlgan taqdirda sutkaning istalgan vaqtida hisobga olish priborining koʻrsatkichlarini yozib olish va koʻrikdan oʻtkazish uchun isteʼmolchilarning (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasini hisobga olish asboblari va ularning ulanish sxemalarini toʻsqinliksiz borib koʻrish huquqiga egadir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirishiga yoʻl qoʻymaslik dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Isteʼmolchi Majburiy ijro byurosi tomonidan tuzilgan dalolatnoma bilan tanishib, uni imzolashi zarur. Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda bu haqida tegishli belgi qoʻyiladi. Rad etish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Dalolatnomani imzolashni rad etgan isteʼmolchi buning sababini tushuntirishga haqli va u dalolatnomaga kiritilgan boʻlishi lozim.

Isteʼmolchining dalolatnoma imzolashni rad qilgani uni elektr tarmoqlardan uzishga asos boʻladi va bu haqida u xabardor qilingan boʻlinishi lozim.

34. Oʻlchov transformatorlarini boshqa joyga oʻrnatish va almashtirish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Elektr energiyasini hisobga olish asboblari va elektr energiyasini hisobga olish asboblari bilan birgalikda foydalaniladigan oʻlchov transformatorlarini boshqa joyga oʻrnatish va almashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va koʻrsatilgan xizmatlar haqi isteʼmolchi tomonidan toʻlanadi.

Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini, oʻlchov transformatorlarini oʻzboshimchalik bilan boshqa joyga oʻrnatish va (yoki) almashtirish holatlari aniqlangan taqdirda Byuro yoki uning koʻrsatmasiga koʻra hududiy elektr tarmoqlari korxonasi isteʼmolchini elektr tarmoqdan uzib qoʻyadi.

Qaytadan hisob-kitob qilish Byuro tomonidan hududiy elektr taʼminoti korxonasi bilan birgalikda Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Elektr energiyasini hisobga olish sxemasini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday ishlar faqat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Byuro vakili va isteʼmolchi ishtirokida, bu haqida ular yozma ravishda xabardor qilingandan soʻng amalga oshiriladi. Ishlarni bajarish davrida foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish va hisob-kitob qilish hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan belgilangan vaqtinchalik sxemalar boʻyicha amalga oshiriladi.

35. Elektr energiyasi uchun toʻlov qaysi muddatlarda amalga oshiriladi?

Elektr energiyasi uchun toʻlov quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

maishiy isteʼmolchilar har oyning 10-sanasiga qadar oʻtgan oyda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻliq hisob-kitob qilishlari shart;

yuqoridagi muddat oʻtgandan keyin qarzdorlik mavjud boʻlganda maishiy isteʼmolchilar belgilangan tartibda elektr tarmoqlaridan majburiy uziladi.

36. Kommunal xonadonda bir nechta oila yashaganda hisob-kitob qanday amalga oshiriladi?

Kommunal xonadonda bir nechta oila yashaganda hisob-kitob davrida isteʼmol qilingan elektr energiyasini alohida oilalar oʻrtasida taqsimlash nazorat hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.

Nazorat hisobga olish asboblarini oʻrnatish uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ruxsati talab qilinmaydi.

Nazorat hisobga olish asboblarining toʻgʻri ishlashini nazorat qilish, ularning koʻrsatkichlarini yozib olish va elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish majburiyatlari yashovchilarning zimmasiga yuklanadi.

Umumiy foydalaniladigan joylarda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori alohida oilalar oʻrtasida amalda yashovchilarning soni boʻyicha taqsimlanadi.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasidan umumiy hisobga olish pribori orqali foydalanuvchi fuqarolar bilan hech qanday hisob-kitoblarni amalga oshirmaydi.

37. Elektr energiyasini hisobga olish asboblari zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan taqdirda masʼuliyat kimning zimmasida boʻladi?

Elektr energiyasini hisobga olish asboblari zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda tasarrufida uy-joy boʻlgan idora, tashkilot javob beradi.

Zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga zarar yetkazilganda yoki oʻgʻirlangan taqdirda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va idora, tashkilot ularni oʻz hisobidan tiklashi shart.

Koʻp qavatli uylardagi xonadonlar va xususiy xonadonlar ichida oʻrnatilgan hisobga olish asboblarining saqlanishi va butunligi uchun isteʼmolchi javob beradi.

38. Elektr energiyasi uchun maishiy isteʼmolchilar bilan hisob-kitob qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Maishiy isteʼmolchilar xonadonlarda, shaxsiy uy-joylarda, yordamchi xoʻjaliklar, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida maishiy ehtiyojlari uchun foydalanilgan elektr energiyasi uchun maishiy ehtiyojlarda qoʻllaniladigan tok qabul qilgichlar quvvati va vazifasidan qatʼiy nazar, aholi uchun belgilangan yagona bir stavkali tarif boʻyicha haq toʻlaydi.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ga ulangan, shuningdek elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov qurilmasi bilan jihozlangan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga ega maishiy isteʼmolchilarga elektr energiyasi elektr taʼminoti shartnomasi asosida va oldindan toʻlangan toʻlov doirasida yetkazib beriladi.

Maishiy isteʼmolchilardan elektr energiyasi uchun belgilangan tarif qiymatidan ortiqcha biror-bir qoʻshimcha mablagʻ undirish taqiqlanadi.

Biror-bir sababga koʻra elektr energiyasini hisobga olish pribori boʻlmagan va/yoki mazkur turar joyda vaqtinchalik yashamayotgan maishiy isteʼmolchi elektr energiyasi uchun notoʻgʻri toʻlov hisoblanishining oldini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasini bu toʻgʻrida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

39. Maishiy isteʼmolchi bilan hisob-kitob nimaga asoslanib aniqlanadi?

Maishiy isteʼmolchi tomonidan hisob-kitob davrida amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori isteʼmolchining elektr energiyasini hisobga olish pribori koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi.

Elektr energiyasini hisobga olish asboblaridan koʻrsatkichlarni yozib olish va toʻlov hujjatini yozib berish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vakili yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.

Byuro vakili tomonidan yozib berilgan toʻlov hujjati (bildirishnoma) maishiy isteʼmolchiga imzo qoʻydirib topshiriladi, u boʻlmagan taqdirda esa u bilan birga bir xonadonda (xususiy uyda) yashovchi voyaga yetgan shaxsga topshiriladi yoki bildirishnoma bilan birga buyurtma xat orqali joʻnatiladi.

Byuro maishiy isteʼmolchilar xabardor qilingan vaqtdan boshlab besh kun muddat oʻtgandan soʻng, Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarning 71-bandi talablarini inobatga olgan holda esa oʻn besh kun muddat oʻtgandan soʻng, kelib chiqqan qarzdorlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu isteʼmolchilarning plastik kartalariga xizmat koʻrsatiladigan bank hisobvaraqlaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda soʻzsiz har oyda chiqarish choralarini koʻradi.

40. Elektr energiyasini hisobga olish priboridan maʼlumotlarni olish imkoniyati boʻlmasa, koʻrsatkich qanday aniqlanadi?

Agar navbatdagi aylanib chiqish davomida elektr energiyasini hisobga olish pribori oʻrnatilgan xona yopiq boʻlsa, bu haqida maishiy isteʼmolchining shaxsiy hisobraqamida tegishli belgi qayd etiladi.

Hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini nazorat tartibida yozib olish boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdori boʻyicha yoki oldingi davr uchun amaldagi elektr energiyasi isteʼmolining hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asosan toʻlov yozish huquqiga ega boʻlib, bu haqida maishiy isteʼmolchining hisobraqamida tegishli belgi qoʻyiladi. Bunda hisobga olish asboblaridan nazorat koʻrsatkichlari yozib olingandan keyin amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilinadi.

41. Xonadondagi elektr energiyasini hisobga olish asboblari kuning qaysi vaqtda koʻrilishi mumkin?

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili guvohnomasini koʻrsatgan taqdirda xonadondagi elektr energiyasini hisobga olish asboblarini soat 800 dan 2000 gacha hech qanday qarshiliklarsiz koʻrish huquqiga egadir.

42. Agar xonadondagi elektr energiyasini hisobga olish asboblarini koʻzdan kechirishga ruxsat berilmasa, qanday choralar koʻrilishi mumkin?

Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini koʻzdan kechirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimini qoʻymaslik dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Isteʼmolchi dalolatnoma bilan tanishishi shart. Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda dalolatnomada bu haqida tegishli yozuv qayd qilinadi. Rad etish ikki guvoh yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanadi. Imzolashni rad etgan isteʼmolchi buning sababini tushuntirishga haqli va bu dalolatnomaga kiritilishi lozim.

Isteʼmolchining dalolatnomani imzolashni rad etishi uni elektr tarmoqlaridan uzib qoʻyishga asos boʻladi va bu haqida u xabardor qilinishi lozim.

43. Toʻlov hujjatlarini yozish va haq toʻlash paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar qancha muddatga qadar hisobga olinadi?

Toʻlov hujjatlarini yozish va haq toʻlash paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan daʼvo muddati mobaynida, ushbu xatoliklar aniqlanguniga qadar hisobga olinadi.

Toʻlov tegishli tashkilot tomonidan qabul qilib olingan sana toʻlov amalga oshirilgan sana deb hisoblanadi.

Toʻlov elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilgan taqdirda pul mablagʻlari isteʼmolchining shaxsiy hisobraqamiga oʻtkazilgan (tranzaksiya) sana toʻlov amalga oshirilgan vaqt deb hisoblanadi.

Toʻlov ish beruvchi tomonidan xodimlarining arizalari asosida ish haqidan chegirib qolish yoʻli bilan amalga oshirilganda, har bir isteʼmolchi uchun pul mablagʻlari oʻtkazilgandan keyin pul toʻlagan xodimlarning nomi qayd etilgan reyestr hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga taqdim etilgan sana toʻlov amalga oshirilgan sana deb hisoblanadi.

44. Maishiy isteʼmolchilar toʻlov boʻyicha qarzdor boʻlganda qanday javobgarlik kelib chiqadi?

Maishiy isteʼmolchilar toʻlov boʻyicha qarzdor boʻlganda toʻlov muddati oʻtgan har bir kun uchun toʻlov muddati oʻtgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydilar.

Penya hisobga olish pribori koʻrsatkichlari yozib olingandan keyin va amalga oshirilgan qayta hisob-kitoblardan soʻng, shuningdek belgilangan tartibda kiritilgan oldindan toʻlov hisobga olingan holda, hisob-kitob davridan keyingi oyning 11-kunidan boshlab maishiy isteʼmolchining aniqlashtirilgan qarzdorlik (toʻlanmangan qarz) summasidan undiriladi.

Penyani hisoblash uchun qarzdorlik hosil boʻlgan oy aniqlanadi va qarz toʻlangan har bir oy boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun penya shu oydan boshlab hisoblanadi.

45. Isteʼmol qilingan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar javobgar boʻladimi?

Isteʼmol qilingan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.

Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi.

46. Arifmetik xatoliklar, tariflarni notoʻgʻri qoʻllash tufayli paydo boʻladigan kam yoki ortiqcha toʻlovlar qancha muddatda hisobga olinadi?

Arifmetik xatoliklar, tariflarni notoʻgʻri qoʻllash tufayli paydo boʻladigan kam va ortiqcha toʻlovlar tegishli tarif boʻyicha kVt soatlarda qayta hisoblab chiqiladi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan daʼvo muddati doirasida koʻrsatkichlardagi tafovut yoki qoʻshimchalar bilan birgalikda hisobga olinadi.

47. Maishiy isteʼmolchi oldindan elektr energiyasi haqini toʻlashi mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, bu qancha muddatni qamrab oladi?

Maishiy isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra 2 oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan toʻlab qoʻyishi mumkin va bunda tarif oʻzgarsa ham, qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi.

48. Isteʼmolchi elektr qurilmasini hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulashi mumkinmi?

Yoʻq. Isteʼmolchilar (shu jumladan, maishiy isteʼmolchilar) elektr qurilmalarini hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulagan taqdirda elektr qurilmalari elektr tarmogʻidan darhol uzib qoʻyiladi, isteʼmolchidan esa ruxsatsiz isteʼmol qilingan elektr energiyasining qiymati isteʼmolchi rasmiy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻtgan vaqt mobaynida (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda) yoki daʼvo muddati uchun elektr energiyasini qabul qilgich qurilmaning ulangan quvvat boʻyicha sutkasiga 24 soat davomida ishlashi va oʻzboshimchalik bilan ulangan elektr tarmogʻi (elektr uzatish liniyasi va transformatorlar) uchastkasida yoʻqotilgan quvvat hisobidan undiriladi.

Hisobga olinmagan elektr energiyasi qiymatini undirish uchun elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻygan isteʼmolchi yoki uning vakili ishtirokida yoki uning ishtirokisiz, belgilangan tartibda qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.

49. Elektr energiyasini hisobga olish isteʼmolchining aybisiz buzilganda yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qanday amalga oshiriladi?

Elektr energiyasini hisobga olish isteʼmolchining aybisiz vaqtinchalik buzilganda yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosini xabardor qilgan holda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining qarori boʻyicha, hisobga olish buzilishiga qadar boʻlgan oldingi hisob-kitob davridagi yoki hisobga olish tiklangandan keyingi davrdagi oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.

Elektr energiyaning oʻrtacha sutkalik sarfi boʻyicha hisob-kitob qilish davri bir oydan oshmasligi kerak va shu vaqt ichida hisobga olish tiklanishi zarur.

Agar elektr energiyani hisobga olish priborini obyektiv sabablarga koʻra koʻrsatilgan muddatda (oʻlchash transformatorining, hisobga olish priborining yoʻqligi, oʻtib boʻlmaydigan yoʻllar va shu kabilar tufayli) tiklash imkoniyati boʻlmasa, isteʼmolchiga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi va hisobga olishni tiklash muddati isteʼmolchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining oʻzaro kelishuvi bilan belgilanadi.

50. Maishiy isteʼmolchida elektr energiyasini hisobga olish qurilmasi buzilganda hisob-kitob qanday amalga oshiriladi?

Maishiy isteʼmolchida elektr energiyasini hisobga olish priborini ulash sxemasi oʻzgarganda, priborga zarar yetkazilganda (isteʼmolchining aybi bilan) yoki plombalari buzilganda, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasi (boʻlmasi)ga tashqaridan taʼsir koʻrsatilganda, elektr energiyasini hisobga olish priborlaridan tashqari boshqa elektr qabul qilgichlar ulanganda va amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi koʻrsatkichlarini kamaytirish maqsadida boshqa qoida buzishlarga yoʻl qoʻyilganda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vakili qoida buzilishi haqida belgilangan namunada dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnoma asosida:

elektr energiyasini hisobga olish pribori, oʻlchov transformatorlari ulanishi, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasi (boʻlmasi)ga tashqaridan taʼsir koʻrsatilishi va hisobga olishni nazorat qilish priborlaridan tashqari elektr qabul qilgichlar koʻz bilan koʻrib aniqlanmaydigan yashirin yoʻl bilan (yashirin elektr simlari, oʻzgartirish moslamalari montaj qilinishi va shu kabilar) ulanish sxemalari oʻzgargan taqdirda hisobga olishning nazorat asboblari oxirgi almashtirilgan yoki ulanish sxemalari tekshirilgan kundan boshlab, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga;

elektr energiyasini hisobga olish priboriga zarar yetkazilganda (isteʼmolchining aybi bilan) yoki pribor mavjud boʻlmaganda, plombalar buzilgan va amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi koʻrsatkichlarini kamaytirish maqsadida aylanib chiqishda koʻz bilan koʻrib aniqlanadigan boshqa qoida buzishlarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda (shu jumladan, elektr energiyasini hisobga olish priboridan boshqa elektr qabul qilishlar ulanganda) – oxirgi marta aylanib chiqilgan kundan boshlab, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori qiymati hisob-kitob qilinadi.

51. Qoida buzilgan holda foydalanilgan elektr energiyasi qiymati qanday aniqlanadi?

Qoida buzilgan holda foydalanilgan elektr energiyasi qiymatini qayta hisob-kitob qilish Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 120-bandiga muvofiq maishiy isteʼmolchida shtepsel rozetkalari mavjud boʻlganda (rozetkalar va elektr energiyasi qabul qilgichlar sonidan qatʼiy nazar) bir sutkada 24 soat 600 Vt quvvatdan foydalanish hisobidan, 600 Vt dan ortiq quvvatli isitish asboblari yoki boshqa elektr asbob-uskunalari mavjud boʻlganda esa maishiy isteʼmolchi foydalanayotgan elektr energiyasi qabul qilgichlardan bir sutkada 24 soat foydalanish hisobidan kelib chiqib, ularning amaldagi quvvati boʻyicha amalda yoritish elektr energiyasi qabul qilgichlardan sutkaning yorugʻ boʻlmagan vaqtida foydalanish hisobidan kelib chiqib, yoritish elektr qabul qilgichlarning quvvati boʻyicha amalga oshiriladi.

Hisobga olinmagan elektr energiyasining qayta hisob-kitobi belgilangan tartibda, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga, elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻygan isteʼmolchi yoki uning vakili ishtirokida yoxud ishtirokisiz hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda qoida buzish aniqlanishidan oldingi davr uchun amalda toʻlangan elektr energiya miqdori hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

52. Hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori qanday aniqlanadi?

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 123-bandiga koʻra hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori dalolatnoma asosida aniqlanadi va toʻlash uchun maishiy isteʼmolchiga qoʻshimcha toʻlov hujjati yozib beriladi.

Qoida buzilishi yuzasidan toʻlov hujjatini yozishda amaldagi tarif qoʻllanadi.

Maishiy isteʼmolchi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining qarori yuzasidan eʼtiroz bildirish huquqiga ega, biroq bu uni qoida buzish dalolatnomasi boʻyicha yozilgan qoʻshimcha toʻlov hujjatini belgilangan muddatda toʻlashdan ozod qilmaydi.

Qoʻshimcha toʻlov hujjati boʻyicha haq 10 kun muddatda toʻlanmasa, Byuro maishiy isteʼmolchidan koʻrsatilgan summani majburiy tartibda undirish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi beradi.

53. Elektr energiyasi isteʼmolchilari qanday huquqlarga ega?

Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagi huquqlarga ega:

oʻz elektr qurilmalarini texnik shartlarga muvofiq hududiy elektr tarmoqlariga ulash;

sifat koʻrsatkichlari davlat standartlariga muvofiq boʻlgan elektr energiyasini olish;

elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtashi yoki toʻxtatib qoʻyilishi sabablari toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot olish;

hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga ular isteʼmol qiladigan elektr energiyasi hajmlarining oʻzgartirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish. Bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini oʻzgartirish boʻyicha taklif moʻljallanayotgan oʻzgartirishdan 10 kun oldindan (joriy oy tugagungacha) berilishi kerak;

elektr energiyasi toʻliq hajmda yetkazib berilmasligi yoki sifat koʻrsatkichlari davlat standartlariga muvofiq boʻlmagan elektr energiyasi yetkazib berilishi oqibatida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki elektr taʼminoti korxonasi tomonidan yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda qoplash;

elektr taʼminoti shartnomasini bekor qilganda foydalanilmagan elektr energiyasi miqdori uchun toʻlangan summani qaytarishni talab qilish;

qonun hujjatlariga muvofiq bir taraflama tartibda elektr taʼminoti shartnomasini bekor qilish;

elektr energiyasi yetkazib berilishi toʻxtatilganda yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish;

elektr taʼminoti shartnomalarini tuzish va bajarishda yuzaga kelayotgan nizolarni hal etish uchun sudga yoki boʻysunishi boʻyicha yuqori tashkilotga, mansabdor shaxsga murojaat qilish.

54. Elektr energiyasi isteʼmolchilari qanday majburiyatlarni bajaradi?

Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagilarga majbur:

hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan belgilangan elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya etish;

foydalanilgan elektr energiyasi (quvvati) uchun oʻz vaqtida haq toʻlash;

ishlatilayotgan elektr qurilmalari, asboblar va asbob-uskunalarning zarur texnik holatini va isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishini taʼminlash, hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga yoki elektr taʼminoti korxonasiga elektr asbob-uskunalarining nosozligi toʻgʻrisida xabar qilish;

elektr energiyasidan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va “Oʻzenergoinspeksiyasi”ning yozma koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarish;

Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari talablariga rioya etish;

oʻrnatilgan tartibda Byuro va/yoki hududiy elektr tarmoqlari korxonasi vakiliga elektr energiyasini hisobga olish asboblarini koʻrishiga imkon berish;

yil mobaynida yangidan ishga tushiriladigan elektr qurilmalaridan foydalanish boshlanishidan kamida bir oy oldin (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasining zarur miqdori uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga buyurtmanoma berish;

kelgusi yil uchun elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni aniqlashda elektr energiyasini elektr tarmoqlaridan uzatishda, ishlab chiqariladigan mahsulot (ishlar turlari)ning texnologik jarayoni ishlab chiqarish ehtiyojlariga, ishlab chiqarish binolari va maʼmuriy binolarni yoritishga, isitishga, shamollatishga elektr energiya sarfini, shuningdek ushbu elektr tarmoqlariga ulangan subisteʼmolchilarning ehtiyojini hisobga olish.

55. Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari qanday huquqlarga ega?

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagi huquqlarga ega:

isteʼmolchilardan elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan majburiyatlarni tegishli darajada bajarishni talab etish;

isteʼmolchilar tomonidan elektr taʼminoti shartnomasi shartlari bajarilmasligi yoki buzilishi oqibatida unga yetkazilgan zararning belgilangan tartibda qoplanishi;

avariya rejimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosini xabardor qilgan holda isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan uzish (oʻchirish);

Byuro koʻrsatmasi boʻyicha isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan, shuningdek EHNATga ulangan va oldindan toʻlangan mablagʻ tugagandan soʻng elektr energiyasi uchun oldindan toʻlovni amalga oshirish qurilmasiga ega hisobga olish asbob mavjud boʻlgan isteʼmolchilarni uzish.

56. Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari qanday majburiyatlarni bajaradi?

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagilarga majbur:

elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik boʻlinish chegarasiga elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hajmda uzluksiz yetkazib berish;

uskunalarni, elektr uzatish liniyalarini, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ekspluatatsiya qilish, ularga xizmat koʻrsatish va uskunalarni taʼmirlash, shuningdek oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etish;

oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlab turish;

elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida kamida 3 kun oldin ogohlantirish;

isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatib turilishi va buning sabablari toʻgʻrisida maʼlumot berish;

joriy etiladigan cheklashlar haqida, cheklashning hajmi va vaqtini koʻrsatgan holda, oʻz vaqtida xabar qilish;

qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar.

57. Elektr energiyasi isteʼmolchilariga muayyan tarif guruhlari mavjud. Isteʼmolchi fuqarolar qaysi guruhga kiradi?

Barcha elektr energiyasi isteʼmolchilari toʻrt tarif guruhiga boʻlinadi
(I, II, III va IV). III tarif guruhiga maishiy isteʼmolchilar kiradi. Ushbu tarif guruhi boʻyicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xoʻjaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida, jumladan, bogʻ shirkatlari va dala hovlilar sugʻorish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining oʻrnatilgan joyidan qatʼiy nazar, toʻlanadi.

58. Elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqini toʻlashda imtiyozlar mavjudmi?

Ha. Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanadi.

Bunda ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan elektr energiyasi isteʼmolchilari ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanishi boʻyicha haq toʻlaydi. Ushbu uylar va yotoqxonalarni elektr tarmoqlariga ulash boʻyicha texnik shartlarda avval boshidan mazkur elektr plitalarining quvvati hisobga olingan, elektr qurilmalarni (transformatorlar, kuch kabellari, taqsimlash shitlari, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatkichlar va boshqalarni) loyihalashtirish va montaj qilish ularning texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvat hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

59. Tabiiy gazdan foydalanishda maishiy isteʼmolchilar kimlar hisoblanadi?

Tabiiy gazdan foydalanishda maishiy isteʼmolchilar maishiy ehtiyoj (ovqat tayyorlash, issiq suv va isitish) uchun tabiiy gazdan foydalanuvchi aholi hisoblanadi.

60. Tabiiy gaz nima?

Tabiiy gaz – gazni qayta ishlash tashkilotlari ishlab chiqaradigan, gaz uzatish tashkilotlari tomonidan tashiladigan gaz, shuningdek neftni qayta ishlash tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan va yonilgʻi yoki xomashyo sifatida foydalanish uchun moʻljallangan yonilgʻi gazi.

61. Isteʼmolchilar nimalarga asosan gaz bilan taʼminlanadi?

Isteʼmolchilar (shu jumladan, umumiy hisob quvvati 100 kVt gacha boʻlgan gazdan foydalanish uskunalariga ega oilaviy korxonalar) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq va qonun hujjatlariga koʻra gazlashtirish ishlarini bajarish huquqiga ega tashkilotlar tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan holda ishlab chiqilgan gazlashtirish loyihalariga asosan gaz bilan taʼminlanadi.

62. Qanday tartibda isteʼmolchilarni gaz bilan taʼminlash imkoniyatlari koʻrib chiqiladi?

Isteʼmolchilarni quyidagi tartibda gaz bilan taʼminlash imkoniyatlari koʻrib chiqiladi:

isteʼmolchi gaz taʼminoti tashkilotiga elektron yoki yozma shaklda gazlashtirish haqidagi arizani kadastr hujjati nusxasini ilova qilgan holda taqdim etadi;

taqdim etilgan ariza uch ish kuni mobaynida gaz taʼminoti tashkilotining mutaxassislari tomonidan joylarga chiqib, gazlashtirishning texnik imkoniyatlariga mos kelishi yoki mos kelmasligi boʻyicha oʻrganiladi. Oʻrganish natijasida gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda isteʼmolchiga ichki gaz quvurlari, gazda ishlaydigan asboblar (turi va soni) va tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlariga qoʻyilgan talablarni oʻz ichiga olgan gazlashtirish texnik shartlari beriladi.

63. Qanday hollarda isteʼmolchini gaz bilan taʼminlashning texnik imkoniyati mavjud?

Isteʼmolchi obyekti joylashgan hududda isteʼmolchiga gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tabiiy gaz uzatish imkonini beradigan quvvatga ega boʻlgan gazni taqsimlash tarmogʻi mavjud boʻlganda isteʼmolchini gaz bilan taʼminlashning texnik imkoniyati mavjud deb tan olinadi.

Gazlashtirilgan xususiy uy-joylar maishiy isteʼmolchi va oilaviy korxonaga ajratilgan taqdirda ularning har biri gazlashtirish loyihalari asosida, tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish uchun alohida priborlar oʻrnatish sharti bilan va oilaviy korxonani gazlashtirish uchun qoʻshimcha gazlashtirish texnik sharti olingan holda gaz bilan taʼminlanadi.

64. Gazlashtirilgan xususiy uy-joylar ikki va undan ortiq maishiy isteʼmolchiga ajratilgan taqdirda alohida priborlar oʻrnatiladimi?

Ha. Gazlashtirilgan xususiy uy-joylar ikki va undan ortiq maishiy isteʼmolchiga ajratilgan taqdirda har bir uy qismi uchun alohida gazlashtirish loyihalarini ishlab chiqish va gazlashtirish uchun qoʻshimcha texnik shartlarni olmasdan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga oladigan alohida priborlar oʻrnatish sharti bilan uy-joyni ajratish rejalari (kadastr hujjati) asosida gaz bilan taʼminlanadi.

65. Gazlashtirish texnik shartlari kim tomonidan ishlab chiqiladi?

Gazlashtirish (gazdan foydalanish uskunalari, qurilma va uy ichi gaz quvurlari) loyihasi qonun hujjatlariga muvofiq mazkur faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlgan loyiha tashkilotlari tomonidan gazlashtirish texnik shartlari asosida ishlab chiqiladi.

66. Gazdan foydalanish uskunasi nima?

Gazdan foydalanish uskunasi – energiya samaradorligi va energiyani tejash talablariga javob beradigan, markazlashtirilgan isitish va issiq suv taʼminoti uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun, turli ishlab chiqarishlarning texnologik jarayonlarida tabiiy gazdan yonilgʻi sifatida foydalanadigan qozonlar, ishlab chiqarish pechlari, utilizatorlar, texnologik liniyalar hamda gazdan xomashyo sifatida foydalanadigan boshqa qurilmalar, shuningdekkoʻp xonadonli va turar joy binolarida oʻrnatilgan va gazdan shaxsiy, oilaviy, uy-joy, xoʻjalik va boshqa ehtiyojlar uchun yonilgʻi sifatida foydalanadigan boshqa uskunalar.

67. Gaz uzatish tashkiloti qanday tashkilot?

Gaz uzatish tashkiloti – tabiiy gazni qabul qiluvchi, uzatuvchi, gaz taʼminoti tashkilotlari va isteʼmolchilarga magistral gaz quvurlari orqali yetkazib beruvchi tashkilot.

68. Gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi qayerdan aniqlanadi?

Gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi – gaz uzatish tashkiloti, gaz taʼminoti tashkiloti va isteʼmolchilar oʻrtasida gaz tarmogʻining tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish priborlari oʻrnatilishi lozim boʻlgan va tegishliligi boʻyicha aniqlanadigan boʻlinish nuqtasi hisoblanadi.

Tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish pribori isteʼmolchiga tegishli boʻlsa, tashqi (uzib qoʻyadigan) kran, agar tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish pribori gaz taʼminoti (gaz uzatuvchi) tashkilotga tegishli boʻlsa, tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish pribori gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi hisoblanadi.

69. Tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi nima?

Tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi – gaz taʼminoti (gaz uzatuvchi) tashkilotiga tabiiy gazni isteʼmolchiga oʻzining gaz tarmoqlari orqali uzatish, isteʼmolchiga esa qabul qilingan tabiiy gaz uchun toʻlovni amalga oshirish majburiyatini yuklaydigan bitim.

70. Kommunal va maishiy isteʼmolchilar kimlar?

Kommunal va maishiy isteʼmolchilar – umumiy hisob quvvati 100 kVt boʻlgan gazdan foydalanish uskunalarida maishiy maqsadlarda (ovqat tayyorlash, issiq suv taʼminoti va isitish) gazdan foydalanuvchi va yuridik shaxs maqomini tashkil qilmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar.

71. Ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi isteʼmolchilar kimlar?

Ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi isteʼmolchilar – gazdan yonilgʻi yoki xomashyo sifatida, shuningdek umumiy hisob quvvati 100 kVt yuqori boʻlgan gazdan foydalanish uskunalarida maishiy ehtiyojlarda (ovqat tayyorlash, issiq suv taʼminoti va isitish) foydalanuvchi, yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar.

72. Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar kimlar?

Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar – tabiiy gaz yetkazib berish shartlari va roʻyxati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadigan ijtimoiy soha muassasalari va budjet tashkilotlari.

73. Strategik ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar kimlar?

Strategik ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar – uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi ishlab chiqarish-texnologik obyektlarga ega boʻlgan hamda tabiiy gaz yetkazib berish shartlari va roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan isteʼmolchilar.

74. Gazlashtirishning texnik shartlari nima?

Gazlashtirish texnik shartlari – shartlariga rioya etish isteʼmolchining gazdan foydalanish uskunasini gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkiloti gaz tarmoqlariga ulashning texnik imkoniyatini yaratadigan va gazlashtirish loyihasini (loyiha-texnik hujjatlarni) ishlab chiqish uchun asos hisoblanadigan dastlabki hujjat.

75. Gazlashtirish loyihasida qanday yechimlar nazarda tutilishi kerak?

Gazlashtirish loyihasida quyidagi yechimlar nazarda tutilishi kerak:

belgilangan standartlarga muvofiq samarali gazdan foydalanish uskunasini oʻrnatish;

isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz sarfining hisoblangan diapazonida hisobga olishning ishonchliligini taʼminlaydigan, gaz hajmini standart shartlarga muvofiqlashtirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan hamda tabiiy gaz isteʼmolini avtomatik tarzda nazorat qilish va hisobga olish tizimiga mos keladigan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini (ularni qulay joylashuv nuqtalarini koʻrsatgan holda) oʻrnatish.

76. Gazlashtirish loyihasi qancha muddatda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim?

Gazlashtirish loyihasi gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan qurilish-montaj ishlari boshlanishidan avval, biroq gazlashtirish uchun texnik shartlar berilgan kundan boshlab 24 oydan kechikmasdan roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.

77. Gaz taʼminoti tashkiloti ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda isteʼmolchiga gazlashtirishning qanday texnik shartlari beriladi?

Agar gaz taʼminoti tashkiloti ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda isteʼmolchiga quyidagilar koʻrsatilgan gazlashtirish texnik shartlari beriladi:

gaz quvuriga ulanish joyi;

boʻlinish chegaralari va tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarining joylashuvi;

ulanish nuqtasidagi tabiiy gazning maksimal soatlik, kunlik, yillik sarfi va ishchi bosimi, shuningdek ushbu bosimning oʻzgarish chegaralari;

gaz taqsimlash shoxobchasi (keyingi oʻrinlarda – GTSH) inshootini qurish zarurligi, GTSHga boʻlgan texnik talablar, avtomatika turi, gaz quvurlari soni va ularning har biridagi tabiiy gaz bosimi, chirishdan himoyalash chora-tadbirlari va boshqalar;

qoʻshimcha gaz quvurlarini qurish ishlari;

gazdan foydalanish uskunasi va gaz gorelkali qurilmalariga qoʻyiladigan talablar (turi va soni), muvofiqlik sertifikatining mavjudligi;

tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priboriga qoʻyiladigan talablar;

tabiiy gazdan asosiy yonilgʻi turi sifatida foydalanishning aniq davri (oylar boʻyicha);

zaxira yonilgʻidan foydalanish davrini koʻrsatgan holda zaxira yonilgʻi xoʻjaligini qurish zarurligi.

78. Gazlashtirish texnik shartlarining amal qilish muddati qancha?

Gazlashtirish texnik shartlarining amal qilish muddati ular berilgan kundan boshlab 2 yilni tashkil qiladi. Belgilangan muddat oʻtgach agar isteʼmolchi gazlashtirishni tugatmagan boʻlsa, gazlashtirish uchun yangi texnik shartlar olinishi lozim.

79. Loyihalashtirish tashkilotining gazlashtirish texnik shartlari talablarini bajarish majburiymi?

Ha. Isteʼmolchilar va gazlashtirish loyiha-texnik hujjatlarini ishlab chiqish oshirilgan loyihalashtirish tashkiloti gazlashtirish texnik shartlari talablarini bajarishi majburiy hisoblanadi. Texnik shartlarda koʻrsatilgan talablarni rad etishga faqat gaz taʼminoti tashkiloti bilan kelishilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Kelishish buyurtma berilgan kundan keyin uch ish kuni davomida amalga oshiriladi va yozma shaklda rasmiylashtiriladi.

80. Gazlashtirish loyiha-texnik hujjatlari nimalardan tashkil topadi?

Gazlashtirish loyiha-texnik hujjatlari quyidagilardan iborat:

tushuntirish xati;

issiqlik-mexanika qismi;

texnologiya qismi;

nazorat-oʻlchov priborlari va avtomatika qismi;

gaz taʼminoti qismi;

zaxira yonilgʻi xoʻjaligi qismi;

uskunalar va materiallar spetsifikatsiyasi qismi;

elektr qismi.

81. Loyiha-texnik hujjatlarida nimalar nazarda tutiladi?

Loyiha-texnik hujjatlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

yuqori tejamkor texnologik sxemalarni, jarayonlarni va sertifikatlangan gazdan foydalanish qurilmalarni va gaz gorelka qurilmalari qoʻllanishi;

isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz sarfining hisoblangan diapazonida hisobga olishning ishonchliligini taʼminlaydigan, gaz hajmini standart shartlarga keltirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan hamda tabiiy gazni isteʼmol qilishni avtomatik tarzda nazorat qilish va hisobga olish tizimiga mos boʻlgan tabiiy gazni hisobga olish priborlarini qoʻllash;

ikkilamchi energiya resurslaridan iqtisodiy asoslangan va texnik jihatdan mumkin boʻlgan tarzda foydalanish;

xavfsizlik avtomatika priborlarining mavjudligi;

issiqlik jarayonlarini avtomatik tarzda tartibga solish va nazorat qilish tizimlarini qoʻllash;

tabiiy gazning va undan foydalangan holda ishlab chiqilgan mahsulotning hisobga olinishini taʼminlash;

ishlab chiqarilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) birligiga yoqilgʻi-energetika resurslarini normativ boʻyicha sarflash koʻrsatkichlari;

amaldagi loyihalash normalariga muvofiq agregatlarni va issiqlik quvurlarining qizish yuzasini himoyalovchi issiqlik izolyatsiyalarini qoʻllash;

yonadigan mahsulotlar tarkibini va haroratini nazorat qilishni taʼminlash;

binolar va inshootlarning isitiladigan hajmlari, shuningdek obyektlardan gaz quvurlarigacha boʻlgan masofa toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

82. Loyiha-texnik hujjatlari ekspertizadan oʻtkaziladimi?

Ha. Loyiha-texnik hujjatlari belgilangan tartibda sanoat xavfsizligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazilishi kerak.

83. Ishlayotgan gazdan foydalanish va yordamchi uskunada hamda gazdan energiya sifatida foydalanuvchi tashkilotlarda qancha muddatda rejim sozlash ishlari oʻtkaziladi?

Ishlayotgan gazdan foydalanish va yordamchi uskunada har 3 yilda kamida bir marta, gazdan energiya sifatida foydalanuvchi tashkilotlarda esa (mukammal va joriy taʼmirlashni oʻtkazish xususiyatini hisobga olgan holda) har 4 yilda bir marta rejim sozlash ishlarining quyidagi turlarini oʻtkazish nazarda tutilishi kerak:

gazdan foydalanish uskunasini issiqlik texnikasi (rejim) jihatidan sozlash;

yonish jarayonini nazorat qilish va avtomatik tarzda tartibga solish vositalarini sozlash;

gazdan foydalanish uskunasi xavfsizligining avtomatika vositalarini sozlash;

issiqlikni utilizatsiya qiladigan va yordamchi uskunalarni sozlash;

suvni tayyorlash tizimlarini sozlash;

zaxira yonilgʻi xoʻjaligini sozlash;

tabiiy gaz va zaxira yonilgʻini birgalikda yondirishda yonish jarayonini sozlash.

84. Gazdan foydalanish uskunasida va yordamchi uskunada rejim sozlash ishlari qanday holatlarda amalga oshiriladi?

Gazdan foydalanish uskunasida va yordamchi uskunada RSI quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

gazdan foydalanish uskunasini mukammal yoki rejadan tashqari taʼmirlashdan keyin;

gazdan foydalanish samaradorligiga taʼsir koʻrsatadigan konstruktiv oʻzgarishlar kiritilgandan keyin;

gazdan foydalanish uskunasi rejim (texnologiya) xaritalari talablaridan muntazam ravishda chekinilgan holda ishlaganda;

foydalanilayotgan yoqilgʻining turi va tavsiflari oʻzgarganda.

85. Tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkiloti va isteʼmolchi oʻrtasida tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha shartnoma gaz taʼminotining namunaviy shartnomasiga muvofiq tayyorlangan shaklda tuziladi.

Gaz taʼminotining namunaviy shartnomasi “Oʻztransgaz” AJ tomonidan ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, “Oʻzneftgazinspeksiya” va Davlat raqobat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

86. Maishiy isteʼmolchilar bilan tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasi tuzilmagan hollarda toʻlov amalga oshiriladimi?

Ha. Chunki maishiy isteʼmolchilar bilan tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasi tuzilmagan taqdirda shartnoma gaz tarmogʻiga belgilangan tartibda amalda ulangan vaqtdan tuzilgan hisoblanadi.

Bunda gaz taʼminoti tashkiloti mazkur isteʼmolchi bilan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi tuzish hamda belgilangan talablarga muvofiq tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari koʻchmas mulk huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazgandan soʻng uch kun muddat ichida isteʼmolchi bilan shartnomani qayta rasmiylashtirish uchun gaz taʼminoti tashkilotiga koʻchmas mulk egasi toʻgʻrisida maʼlumot yuboradi.

87. Tabiiy gazdan qanday maqsadlarda foydalaniladi?

Isteʼmolchiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz faqat isteʼmolchi tomonidan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanishiga yoʻl qoʻyiladi.

Yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmidan bir qismini uchinchi shaxslarga oʻtkazish yoki sotish faqat gaz taʼminoti tashkiloti bilan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini tuzish hamda alohida tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish priborini oʻrnatish asosida amalga oshirilishi shart.

88. Gaz taʼminoti tashkiloti tabiiy gazni qancha miqdorda yetkazib beradi?

Gaz taʼminoti tashkiloti tabiiy gazni oʻrtacha sutkalik norma doirasida oy mobaynida bir xil miqdorda, isteʼmol qilishning sutkalik normasidan kamaytirish hisobiga chekinish zarurati boʻlgan holatlarda esa tomonlar oʻrtasida kelishilgan dispetcherlik jadvallari boʻyicha yetkazib berishi, isteʼmolchi esa (maishiy isteʼmolchilar va umumiy hisob quvvati 100 kVt.dan koʻp boʻlmagan gazdan foydalanish uskunasiga ega oilaviy korxonalardan tashqari) uni boʻlinish chegarasida oʻrnatilgan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish pribori orqali olishi shart.

Gaz taʼminoti tashkilotlariga GTSning alohida chiqish gaz quvurlari (nuqtalar) orqali yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmlari isteʼmolchilar bilan boʻlinish chegarasida oʻrnatilgan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarining umumiy yigʻindisi boʻyicha aniqlanadi. GTSning alohida chiqish gaz quvurlar (nuqtalar) va isteʼmolchilar bilan boʻlinishi chegarasida oʻrnatilgan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlariga qadar oʻrnatilgan boshqa tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari, gaz taʼminoti tashkilotlari bilan oʻzaro hisob-kitob qilish uchun yaroqsiz deb hisoblanadi.

Respublika hududi boʻyicha tabiiy gazni yetkazib berishning oylik hajmlari “Oʻztransgaz” AJ tomonidan gaz tashish tizimining resurs va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

89. Gaz yetkazib berishning rejalashtirilayotgan qisqarishi qancha muddatlarda xabar beriladi?

Gaz yetkazib berishning rejalashtirilayotgan qisqarishi (toʻxtatilishi) toʻgʻrisida:

tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilar (“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ orqali) gaz uzatish tashkilotini – 2 soat mobaynida;

gaz uzatish tashkilotlari (“Oʻztransgaz” AJ orqali) gaz taʼminoti tashkilotini – 2 soat mobaynida;

gaz taʼminoti tashkilotlari (joylardagi mahalliy hokimiyati organlari orqali) isteʼmolchilarni – 1 soat mobaynida xabardor qilishi shart.

90. Maishiy isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qanday aniqlanadi?

Maishiy isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz hajmi tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari boʻyicha, ular mavjud boʻlmagan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, gazni hisobga olish priborlari mavjud boʻlmagan hollarda aholiga kommunal va maishiy ehtiyojlar uchun beriladigan tabiiy gazning bir oylik sarf meʼyorlari boʻyicha aniqlanadi.

Tabiiy gazni hisoblash uchun faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi oʻlchov vositalari Davlat reyestriga kiritilgan turdagi priborlardan foydalanilishi shart.

Bundan tashqari, tabiiy gazni isteʼmol qilishni hisobga olish priborlari ularning foydalanish uchun yaroqli ekanligini tasdiqlovchi hujjat, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan belgilangan joylarda tegishli shakldagi amal qiluvchi belgilar va tamgʻalarga ega boʻlishi shart.

91. Tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini almashtirish, taʼmirlash qanday tartibda amalga oshiriladi?

Tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini almashtirish, taʼmirlash, xizmat koʻrsatish, davlat qiyoslovidan oʻtkazish va sozligini monitoring qilish uchun yechib olish gaz taʼminoti tashkiloti vakillari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi vakillari tomonidan Isteʼmolchi ishtirokida amalga oshiriladi.

Bunday holatda hisobga olish pribori oʻrniga tekshirilgan boshqa hisobga olish pribori gaz taʼminoti tashkiloti hisobidan darhol oʻrnatiladi.

Xatlovdan oʻtkazish dalolatnomasi tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborini davlat qiyoslovidan oʻtkazish uchun yechib olish sanasida tuziladi. Maishiy isteʼmolchida hisobga olish priborlari mavjud boʻlmaganda xatlovdan oʻtkazish dalolatnomasi uch yilda kamida bir marta tuziladi.

Almashtirish, taʼmirlash, xizmat koʻrsatish, davlat qiyoslovidan oʻtkazish va sozligini monitoring qilish uchun yechib olingan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborini oʻrnatish gaz taʼminoti tashkiloti vakillari tomonidan amalga oshiriladi va shu vaqtning oʻzida Byuroning masʼul xodimlari bilan birga tamgʻalanadi.

92. Isteʼmolchi tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborini koʻzdan kechirish uchun kunning qaysi vaqtlarida ruxsat berishi zarur?

Isteʼmolchi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vakolatli xodimlariga sutkaning istalgan vaqtida tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborini koʻzdan kechirish uchun kirish imkoniyatini taʼminlashi shart. Maishiy isteʼmolchilarning tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini koʻzdan kechirish soat 0800 dan 2000 gacha amalga oshiriladi.

Byuro xodimini tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻymaslik holati dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Isteʼmolchi mazkur dalolatnoma bilan tanishishi lozim. Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda dalolatnomada bu qayd etiladi. Rad etish holati ikki guvoh yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanishi kerak. Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashni rad etish sababini bayon qilish huquqiga ega va bu dalolatnomaga qayd etilishi shart.

Dalolatnomaga imzo qoʻyishni rad etish isteʼmolchini gaz tarmogʻidan uzib qoʻyish uchun asos boʻladi va u bu haqida ogohlantiriladi.

93. Tabiiy gaz isteʼmoli uchun hisob-kitob qachon amalga oshiriladi?

Hisob-kitob oyida tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlaridan koʻrsatkichlarni toʻliq yozib olish taʼminlanmagan taqdirda qamrab olinmagan isteʼmolchilar bilan hisob-kitob joriy oyda tabiiy gazni isteʼmol qilish meʼyorlaridan kelib chiqib va keyingi oyda haqiqatda isteʼmol qilingan hajmga aniqlik kiritgan holda amalga oshiriladi. Bunda koʻrsatkichlarga aniqlik kiritilgandan soʻng haqiqatda isteʼmol qilingan gaz uchun qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.

Tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (TGHNAT) ulangan va belgilangan meʼyorlar asosida hisob-kitob qilinadigan isteʼmolchilarga hisob-kitob oyida yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi billing tizimi orqali avtomatlashtirilgan rejimda aniqlanadi.

Billing tizimiga kiritilgan koʻrsatkichlar asosida gaz taʼminoti tashkiloti yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmini, debitorlik va kreditorlik qarzdorlik boʻyicha ishonchli hisobni amalga oshirish uchun har bir isteʼmolchining shaxsiy hisobraqamlari boʻyicha yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi.

94. Isteʼmolchi qancha muddatda isteʼmol qilingan gaz uchun hisob-kitob qilishi zarur?

Isteʼmolchi oy tugaganidan soʻng 10 kun mobaynida isteʼmol qilingan gaz hajmi uchun tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari yoki belgilangan meʼyorlar asosida toʻlovni amalga oshiradi.

95. Isteʼmol qilingan tabiiy gaz boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar ham javobgar hisoblanadimi?

Ha. Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 93-bandiga koʻra isteʼmol qilingan tabiiy gaz boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladi. Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi.

96. Isteʼmol qilingan tabiiy gaz boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qanday choralar koʻriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi isteʼmolchilar xabardor qilingan vaqtdan boshlab besh kun muddat oʻtgandan soʻng, qarzdorlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy undirish, jumladan, kelib chiqqan qarzdorlikni eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ushbu isteʼmolchilarning plastik kartalariga xizmat koʻrsatiladigan bank hisobvaraqlaridan soʻzsiz har oyda chiqarish, shuningdek isteʼmolchilarni gaz tarmoqlaridan uzish choralarini koʻradi.

97. Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari buzilganda hisob-kitob qilish tartibi qanday?

Isteʼmolchi tomonidan quyida koʻrsatilgan qoida buzilishlari sodir etilgan taqdirda undan isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmlari narxi (amaldagi tariflar boʻyicha) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi yoki gaz taʼminoti tashkilotining vakolatli xodimi soʻnggi koʻrikdan oʻtkazish vaqtidan boshlab, gazdan foydalanish uskunasi sutkaning 24 soatida toʻliq quvvat bilan ishlashi hisobidan kelib chiqqan holda undiriladi:

a) tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priboriga qasddan shikast yetkazish;

b) oʻchirish qurilmalari, gazdan foydalanadigan uskuna yoki tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborida oʻrnatilgan tamgʻalarni qasddan buzish;

d) tabiiy gaz hisobini yuritmasdan yoki oʻrnatilgan tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlaridan foydalanmasdan tabiiy gazni ishlatish, oylik meʼyorlar boʻyicha aholi maishiy ehtiyojlari uchun tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha xizmat koʻrsatish bundan mustasno;

e) gaz quvurlari yoki gaz taqsimlash shoxobchalarida, gaz taqsimlash tarmoqlarini texnologik ish rejimini buzishga olib keladigan qurilmalarni oʻrnatish.

Mazkur tartib maishiy isteʼmolchiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Agar yuqoridagi qoida buzilishi aniqlansa, u holda ushbu qoidabuzarlik holatlari, shuningdek shaxsiy hisobraqamiga (belgilangan meʼyorlar boʻyicha isteʼmol qilingan tabiiy gaz miqdorini hisoblash uchun gaz yetkazib beruvchi tashkilotning billing tizimi) kiritilgan boshlangʻich maʼlumotlar (isitish maydoni, gazdan foydalanish uskunalari soni va yashovchilar soni) buzib koʻrsatilishi holatlari aniqlanganda maishiy isteʼmolchidan Byuro yoki gaz taʼminoti tashkiloti vakolatli xodimining soʻnggi tashrif buyurgan kunidan boshlab, amalda aniqlangan maʼlumotlar asosida belgilangan isteʼmol meʼyori boʻyicha hisoblangan gaz hajmining haqi undiriladi.

98. Maishiy isteʼmolchilar majburiyatlari qanday?

Maishiy isteʼmolchilar majburiyatlari:

a) yangi turar joylarga koʻchib oʻtilganda hamda mavjud uy-joy fondini gazlashtirish davomida gaz xoʻjaligidan xavfsiz foydalanish qoidalari boʻyicha koʻrsatmalar olish;

b) oʻz tasarrufidagi gaz tarmoqlari, priborlar, uskunalar, shuningdek foydalanilayotgan yertoʻlalar, texnik yoʻlaklar va boshqalarni soz holatda saqlash, elektr yoritish va ventilatsiya tizimining doimiy ishlashini taʼminlash;

d) binolar yertoʻlalaridagi yer osti kommunikatsiyalarining zichligini, shuningdek binolar qurilish elementlarining gaz tarmoqlari bilan oʻzaro kesishgan joylarini kuzatib borish;

e) favqulodda va avariya holatlarida, kunning istalgan vaqtida oʻz xizmat guvohnomalarini koʻrsatgan gaz taʼminoti tashkiloti ishchilariga qarshilik koʻrsatmasdan ularning gaz sizib chiqish holatini tekshirish uchun barcha yertoʻlalar, texnik yoʻlaklar, xonalarga kirishini taʼminlash;

d) belgilangan tartibda tutun moʻrilari, moʻrilarning kallaklarini va ventilatsiya kanallarining holatini oʻz vaqtida tekshirilishini tashkil qilish;

f) tutun moʻrilari va ventilatsiya kanallaridagi nosozliklar toʻgʻrisida yongʻin xavfsizligi xizmatlariga nosozliklarni tuzatish uchun zudlik bilan xabar berish;

g) gaz taʼminoti tashkilotini xususiy mulk huquqida tegishli boʻlgan turar joylar buzilishi yoki qayta qurilishi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilish;

h) Byuro va gaz taʼminoti tashkilotining majburiy koʻrsatmalarini bajarish;

i) uy ichi gaz quvurini chirishdan himoya qilish choralarini koʻrish, muntazam ravishda boʻyab turish;

j) tabiiy gazdan oqilona foydalanish;

k) foydalanilgan tabiiy gaz va gazdan foydalanish uskunasi hamda uy ichi gaz tarmoqlariga xizmat koʻrsatish yuzasidan bajarilgan ishlar uchun gaz taʼminoti tashkiloti bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilish;

l) gaz priborlarini toza saqlash, taom tayyorlash jarayonida gaz yondirgichlarni ifloslanishdan saqlash;

m) gazlashtirish loyihasi saqlanishini taʼminlash hamda uni gaz taʼminoti tashkiloti va boshqa vakolatli davlat organlari vakili talabi bilan taqdim qilish;

n) yertoʻla, yoʻlak, hovli, koʻchada tabiiy gaz hidi sezilgan taqdirda avariya xizmatiga “104” telefoni orqali xabar berish;

o) gaz bilan toʻlgan joylardan odamlarni olib chiqish, elektr yoritish tizimi yonib va oʻchib qolishi, ochiq olov yoki uchqun paydo boʻlishining oldini olish yuzasidan choralar koʻrish;

p) Byuroning vakillariga soat 08:00 dan 20:00 gacha tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlarini koʻzdan kechirish uchun qarshiliksiz kirish imkoniyatini taʼminlash;

q) tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularning ishlashiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni amalga oshirmaslik, ularga qasddan shikast yetkazishning oldini olish va oʻrnatilgan tamgʻalarni butunligini taʼminlash.

99. Maishiy isteʼmolchilar gazdan foydalanishda qanday huquqlarga ega?

Maishiy isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:

a) tabiiy gazni standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarda koʻzda tutilgan hajmda va sifatda, uzatish rejimiga rioya qilgan holda toʻxtovsiz yetkazib berilishi;

b) tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan gaz hajmi uchun toʻlangan summani qaytarishni talab qilish;

d) tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini qonun hujjatlariga muvofiq bir tomonlama bekor qilish;

g) tabiiy gaz uzatish toʻxtatilishi natijasida vujudga kelgan zararni qoplashni talab etish;

d) gaz taʼminoti tashkiloti vakilini uzish va qayta ulanish uchun qoʻshimcha haq toʻlamasdan, gaz priborlarini gaz taʼminotidan vaqtincha yoki toʻliq uzib qoʻyish maqsadida chaqirish.

100. Tabiiy gazdan foydalanishda qanday harakatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi?

Tabiiy gazdan foydalanishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:

a) oʻzboshimchalik bilan gazlashtirish, gazdan foydalanish uskunasini mustaqil ravishda koʻchirish, almashtirish va taʼmirlash;

b) gazdan foydalanish uskunasi joylashgan xonalarda meʼyoriy talablarga nomuvofiq tarzda qayta rejalashtirish;

d) gazdan foydalanish uskunasi, moʻri va ventilatsiya tizimlari tuzilishiga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritish, shuningdek moʻrilarni tozalash uchun moʻljallangan ventilatsiya kanallari va lyuklarni yopib qoʻyish;

e) xavfsizlik va tartibga solish avtomatika tizimini oʻzboshimchalik bilan oʻchirish, gaz priborlari, avtomatika va armatura yaroqsiz holga kelgan taqdirda gazdan foydalanish;

f) gazlashtirilgan pechlar va moʻrilarda sinch zichligi, suvoqdagi (yoriqlar) buzilishi holatlarida tabiiy gazdan foydalanish;

g) tabiiy gazdan moʻri va ventilatsiya kanallari tekshirilganligi va tozalanganligi haqidagi dalolatnoma mavjud boʻlmaganda yoki uning muddati oʻtganidan soʻng foydalanish;

h) moʻri va ventilatsiya kanallarini oʻzboshimchalik bilan tozalash;

i) darchalar (framugalar), jalyuzi panjaralari, ventilatsiya kanallari panjaralari, hammom va oshxona eshiklari ostidagi tirqishlarning yopiq holatlarida, moʻri va ventilatsiya kanallarida tortish kuchi yoʻq boʻlganda gaz priborlaridan foydalanish;

j) ishlab turgan gaz priborlarini qarovsiz qoldirish, uzluksiz ishlab turishni nazarda tutadigan va buning uchun tegishli avtomatlashtirilgan tizimga ega gaz priborlari bundan mustasno;

k) gazdan foydalanish uskunalaridan maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek oʻz xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan va ushbu uskunalardan foydalanish qoidalaridan bexabar shaxslar foydalanishga ruxsat etish;

l) gaz quvurlariga arqon bogʻlash va gaz quvurlariga ogʻir vaznli buyum qoʻyish;

m) tabiiy gaz va gazdan foydalanish uskunalaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, gaz plitalarini xonalarni isitish uchun foydalanish;

n) gazdan foydalanish uskunasi oʻrnatilgan xonalardan uxlash va dam olish uchun foydalanish;

o) tabiiy gaz sizib chiqish joylarini aniqlash uchun ochiq olovdan foydalanish.

MUAMMOLI VAZIYATLARDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQLARI VA ULARNING AMALGA OSHIRILISHI

Fuqaro Alimov elektr energiyadan isteʼmol uchun foydalanib kelar edi. U energiya oʻlchovchi uskunani noqonuniy tarzda oʻchirib qonunga xilof ravishda foydalanib kelar edi. Ushbu holatdan xabardor boʻlgan energiya nazoratchisi kelib, fuqaroning xonadonidagi barcha elektr isteʼmol qiladigan uskunalar, yoritkichlarni hisobini olib, eng yuqori darajada hisob-kitob qilib, abonentni elektr energiyadan uzib tegishli dalolatnomani rasmiylashtirib ketadi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?

Yoʻq. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 120-bandiga koʻra maishiy isteʼmolchida elektr energiyasini hisobga olish priborini ulash sxemasi oʻzgarganda, priborga zarar yetkazilganda (isteʼmolchining aybi bilan) yoki plombalari buzilganda, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasi (boʻlmasi)ga tashqaridan taʼsir koʻrsatilganda, elektr energiyasini hisobga olish priborlaridan tashqari boshqa elektr qabul qilgichlar ulanganda va amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi koʻrsatkichlarini kamaytirish maqsadida boshqa qoida buzishlarga yoʻl qoʻyilganda Byuroning vakili qoida buzilishi haqida belgilangan namunada dalolatnoma tuzadi.

Ushbu dalolatnoma asosida:

elektr energiyasini hisobga olish pribori, oʻlchov transformatorlari ulanishi, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasi (boʻlmasi)ga tashqaridan taʼsir koʻrsatilishi va hisobga olishni nazorat qilish priborlaridan tashqari elektr qabul qilgichlar koʻz bilan koʻrib aniqlanmaydigan yashirin yoʻl bilan (yashirin elektr simlari, oʻzgartirish moslamalari montaj qilinishi va shu kabilar) ulanish sxemalari oʻzgargan taqdirda hisobga olishning nazorat asboblari oxirgi almashtirilgan yoki ulanish sxemalari tekshirilgan kundan boshlab, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga;

elektr energiyasini hisobga olish priboriga zarar yetkazilganda (isteʼmolchining aybi bilan) yoki pribor mavjud boʻlmaganda, plombalar buzilgan va amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi koʻrsatkichlarini kamaytirish maqsadida aylanib chiqishda koʻz bilan koʻrib aniqlanadigan boshqa qoida buzishlarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda (shu jumladan, elektr energiyasini hisobga olish priboridan boshqa elektr qabul qilishlar ulanganda) oxirgi marta aylanib chiqilgan kundan boshlab, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori qiymati hisob-kitob qilinadi.

Qoida buzilgan holda foydalanilgan elektr energiyasi qiymatini qayta hisob-kitob qilish ushbu Qoidalarning 120-bandiga muvofiq maishiy isteʼmolchida shtepsel rozetkalari mavjud boʻlganda (rozetkalar va elektr energiyasi qabul qilgichlar sonidan qatʼiy nazar) bir sutkada 24 soat 600 Vt quvvatdan foydalanish hisobidan, 600 Vt dan ortiq quvvatli isitish asboblari yoki boshqa elektr asbob-uskunalari mavjud boʻlganda esa maishiy isteʼmolchi foydalanayotgan elektr energiyasi qabul qilgichlardan bir sutkada 24 soat foydalanish hisobidan kelib chiqib, ularning amaldagi quvvati boʻyicha amalda yoritish elektr energiyasi qabul qilgichlardan sutkaning yorugʻ boʻlmagan vaqtida foydalanish hisobidan kelib chiqib, yoritish elektr qabul qilgichlarning quvvati boʻyicha amalga oshiriladi.

Fuqaro Ravshanov bir nechta ixtirolari bilan tanilgan olim boʻlib, uyida elektr toki koʻp oʻchganligi bois oʻzi ixcham elektr energiyasi hosil qiluvchi qurilma yaratdi. Shu boisdan odatdagi elektr energiya­sidan foydalanishdan voz kechdi. Ushbu holatdan xabardor boʻlgan elektr taʼminoti korxonasi kelib, oʻzi yaratgan energiya qurilmasidan olingan elektr toki uchun ruxsat olish kerakligini, qolaversa, bir tomonlama elektr taʼminoti shartnomasini bekor qilishga haqi yoʻqligini maʼlum qildi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzildimi?

Ha. Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida investitsion, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilashga doir qoʻllab-quvvatlash amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksining 476-moddasiga koʻra energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda u energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga maʼlum qilish va foydalanilgan energiya haqini toʻliq toʻlash sharti bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4422-son qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan quyidagi tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida moliyalashtiriladi:

jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million soʻmdan;

quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million soʻmdan;

gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming soʻmdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etish.

Salimovlar oilasi koʻp qavatli xonadonda yashashadi va ular doimiy ravishda elektr energiyasi uchun haqni belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida toʻlov toʻlab keladi. Kunlarning birida hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakillari kelib, toʻlovlarni tekshirib, amalga oshirilayotgan toʻlovlar qonun talablariga muvofiq emasligi va soʻnggi besh yil boʻyicha qayta hisob-kitob qilinishini maʼlum qilishdi.

Ushbu holatda isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?

Ha. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil
12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 152-bandiga koʻra III tarif guruhiga maishiy isteʼmolchilar kiradi. Ushbu tarif guruhi boʻyicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xoʻjaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida, jumladan, bogʻ shirkatlari va dala hovlilar sugʻorish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi, tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining oʻrnatilgan joyidan qatʼiy nazar, toʻlanadi.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanadi.

Bunda ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan elektr energiyasi isteʼmolchilari mazkur bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan tarif boʻyicha haq toʻlaydi. Ushbu uylar va yotoqxonalarni elektr tarmoqlariga ulash boʻyicha texnik shartlarda avval boshidan mazkur elektr plitalarining quvvati hisobga olingan, elektr qurilmalarni (transformatorlar, kuch kabellari, taqsimlash shitlari, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatkichlar va boshqalarni) loyihalashtirish va montaj qilish ularning texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvat hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Shunisi muhimki, hisob-kitoblar daʼvo muddati davomida elektr energiyasini qabul qilgich qurilmaning ulangan quvvati boʻyicha amalga oshiriladi.

Fuqaro Naimov xonadonida elektr energiyasi uchun toʻlov boʻyicha qarzdorlik yuzaga keldi va olti oy mobaynida toʻlamadi. Shunda hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakillari kelib soʻnggi olti oylik toʻlov uchun 0,1 foiz miqdorida jami 80 foizlik penya toʻlanishini talab qilishdi.

Isteʼmolchi huquqiy maslahatxonaga murojaat qildi.

Ushbu holatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 113-bandiga koʻra maishiy isteʼmolchilar toʻlov boʻyicha qarzdor boʻlganda toʻlov muddati oʻtgan har bir kun uchun toʻlov muddati oʻtgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashi mumkin.

Penya hisobga olish pribori koʻrsatkichlari yozib olingandan keyin va amalga oshirilgan qayta hisob-kitoblardan soʻng, shuningdek belgilangan tartibda kiritilgan oldindan toʻlov hisobga olingan holda, hisob-kitob davridan keyingi oyning 11-kunidan boshlab maishiy isteʼmolchining aniqlashtirilgan qarzdorlik (toʻlanmagan qarz) summasidan undiriladi.

Penyani hisoblash uchun qarzdorlik hosil boʻlgan oy aniqlanadi va qarz toʻlangan har bir oy boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun penya shu oydan boshlab hisoblanadi.

Isteʼmol qilingan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladi. Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi.

Fuqaro Obidov tabiiy gazdan foydalanganlik uchun oʻz vaqtida toʻlovni amalga oshirmadi. Ushbu holat aniqlangandan soʻng fuqaro gaz tarmogʻidan uzib qoʻyildi va qayta ulanish uchun toʻlov toʻlanishi lozimligi maʼlum qilindi. Mazkur holatda fuqaro Obidov oʻzining huquqlari buzilayotgan deb hisoblab huquqiy maslahatxonaga murojaat qildi.

Isteʼmolchi huquqlari buzilganmi?

Yoʻq. Chunki Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 92-bandiga koʻra isteʼmolchi oy tugaganidan soʻng 10 kun mobaynida isteʼmol qilingan gaz hajmi uchun tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari yoki belgilangan meʼyorlar asosida toʻlovni amalga oshiradi. Ushbu holatda fuqaro toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlamadi.

Mazkur qoidalarning 99-bandiga asosan qayta ulanishda isteʼmolchidan toʻlov kuni amalda boʻlgan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida haq undiriladi.

Biroq tabiiy gaz isteʼmolni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan isteʼmolchilarni gaz tarmoqlariga qayta ulanishi uchun haq undirilmaydi.

Shu boisdan isteʼmolchining haq toʻlashi bevosita tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan yoki ulanmaganligiga bogʻliq holda aniqlanadi.

IMOMOV NURILLO FAYZULLAYEVICH

MEHMONOV QAMBARIDDIN MIRADXAMOVICH

TOGʻAYEV INOMJON UMURBEKOVICH

ENERGIYA TAʼMINOTI SOHASIDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 3,72 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 146-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

  1. http://uza.uz/oz/society/100-mvt-uvvatli-fotoelektr-stantsiyasi-uriladi-13-09-2019