KIRISH


Bolalar har bir mamlakatning ulkan boyligi, katta salohiyatga ega strategik resurslaridan biridir. Bolalarga gʻamxoʻrlik qilish dunyoning barcha mamlakatlarida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.
Mamlakatimizda unib-oʻsib kelayotgan bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida eʼzozlanadi. Aslida, oʻzbek xalqi – azaldan bolajon xalq. Xalqimiz qaysi din, qaysi millat farzandi boʻlishidan qatʼi nazar, ularni ardoqlaydi. Hattoki qomusiy olimlarimizning bolalar taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlangan koʻplab asarlari borki, bu asarlarning mazmun-mohiyati maʼnan yuksak avlod tarbiyasiga qaratilgan.
Bolaga yoshligidan oila va jamiyatda risoladagidek tarbiya berilmasa, ulgʻaygach, uni toʻgʻri yoʻlga solish qiyin boʻladi. Shu boisdan mashhur Sharq mutafakkiri, buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino oʻzining “Donishnoma” asarida bola tarbiyasi uchun, avvalo, ota-ona masʼulligini taʼkidlaydi. Shuningdek, buyuk alloma farzand tarbiyasi haqida fikr yuritib, bunga atrof-muhitning ham taʼsiri ulkanligi xususida shunday deydi: “Yosh bola taʼlim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turish-turmushi namunali bolalar boʻlishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib oʻrganadi va ular bilan doʻst boʻladi”.
Alisher Navoiy ham oʻz asarlarida bolaning voyaga yetishida tarbiyani birinchi oʻringa qoʻyadi. Oʻzbek xalqining yana bir buyuk maʼrifatparvari Abdulla Avloniyning fikricha, odam tugʻilishidan yomon xulq bilan tugʻilmaydi. Uning yaxshi inson boʻlib yetishishida esa tarbiya oʻta muhim rol oʻynaydi. Zero, insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi.
1-§. Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya: umumiy maʼlumotlar
Ushbu masala xalqaro hamjamiyat tomonidan umumeʼtirof etilgan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Jumladan, 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat qabul qilingunga qadar ham bola huquqi boʻyicha tegishli hujjatlar amal qilgan (Jeneva deklaratsiyasi (1924-y.) va Bola huquqi Deklaratsiyasi (1959-y.) shular jumlasidan).
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning qabul qilinishi amalda bola huquqlarining institutsionallashuvini taʼminladi. Zero, mazkur xalqaro hujjatda “bola” tushunchasi huquq subyekti sifatidan tan olindi.
Oʻtgan davr mobaynida ushbu Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan muhim xalqaro huquqiy hujjatga aylandi. Unda ishtirok etuvchi mamlakatlarning vazifa va majburiyatlari hamda ularning bajarilishi shartligi qatʼiy belgilangan. Hozirda ushbu Konvensiya dunyoning 191 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Taʼkidlash lozimki, Konvensiya qabul qilingunga qadar aksariyat davlatlarda bolalarga faqat ular himoyaga muhtoj boʻlgandagina gʻamxoʻrlik qilingan. Konvensiyaning qabul qilinishi bu borada mutlaqo yangicha yondashuv bo‘ldi. Unga koʻra, bolaga gʻamxoʻrlik va uni himoya qilish – bu nafaqat muruvvat, balki bola huquqlarining toʻla taʼminlanganligiga asoslanishi lozim. Konvensiya kuchga kirishi bilan u bolalar uchun asosiy ijtimoiy va huquqiy mezonlar, tartib va qoidalar qatʼiy belgilangan majmuaga aylandi. Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya BMTning bolalikni himoyalash boʻyicha eng universal hujjati hisoblanadi.
Mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. Oʻzbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qoʻshilgan. BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilyapti. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari taʼminlanmoqda. Jumladan, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va maʼnaviy xurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti.
Maʼlumki, bolaning huquqi uning tugʻilishidan avval paydo boʻladi. Shu bois mamlakatimizda goʻdakning, avvalo, sogʻlom tugʻilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chaqaloqlar dunyoga kelgan kundan boshlab tibbiy nazoratga olinayotir. Ularni turli kasalliklar, sogʻlom kamol topishiga xavf soladigan taʼsirlardan asrash chora-tadbirlari koʻrilyapti.
Binobarin, mamlakatimizda bolalar huquqlari kafolatlangan ekan, mazkur huquqlarning oilada ota-onalar tomonidan ham himoya qilinishi, kafolatlanishi hamda taʼminlanishi yangi Oʻzbekistonning bosh maqsadidir. Shu bois ushbu risola ommabop boʻlib, sodda va ixchamgina shaklda tayyorlandiki, toki yangi Oʻzbekistonning kelajagi boʻlmish bolajonlar huquqi uchun barchamiz birdek masʼul ekanligimizni unutmaylik.


2-§. BOLALAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHGA OID ASOSIY HUQUQIY NORMALAR


Bolalar huquqlarini himoya qilishga oid asosiy normalar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida oʻz ifodasini topgan. “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari mamlakatimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va maʼnaviy xurujlardan asrash kabi muhim masalalarni oʻz ichiga olgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, bolada tugʻilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklari vujudga keladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi.
Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan.
45-moddada “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolgʻiz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deb eʼtirof etilgan.
Asosiy Qonunimizda oilaga alohida bob ajratilgan. “Oila” bobining 64-moddasida “Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalar va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʻishlangan xayriya faoliyatlarini ragʻbatlantiradi” deb kafolatlab qoʻyilgan.
65-moddada esa “Farzandlar ota-onalarining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” deb taʼkidlangan.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng ratifikatsiya qilingan eng birinchi xalqaro huquqiy hujjatlardan biri – bu Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyadir. Oʻzbekiston 1992-yilda mazkur Konvensiyaga qoʻshilib, bola huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha bir qator xalqaro huquqiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi. Jumladan, Konvensiya qoidalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar tashkilotining bola huquqlari boʻyicha Qoʻmitasiga Konvensiyaning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib turadi.

Darhaqiqat, bola huquqlari himoyasi kafolati butun dunyoda taʼminlanmoqda, bu borada xalqaro mexanizm vujudga kelgan. Konvensiya mubolagʻasiz bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan muhim xalqaro huquqiy hujjat boʻlib, ishtirok etuvchi mamlakatlar uning qoidalarini qatʼiy bajarishi shartligi belgilangan. Mamlakatimiz ham mazkur Konvensiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis senatining 1992-yil 9-dekabrdagi qaroriga muvofiq qoʻshilgan.

3-§. BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI
Oʻzbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining maqsadi bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Qonunning
3-moddasida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bola (bolalar) – oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs (shaxslar);
bolaning qonuniy vakillari – ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar;
vasiylik va homiylik – ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ularga taʼminot, tarbiya hamda taʼlim berish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Vasiylik oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan, homiylik esa oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan belgilanadi;
yetim bola – otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki ular sud qaroriga binoan vafot etgan deb eʼlon qilingan bola;
jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bola – nogironlikni belgilash uchun yetarli boʻlmagan jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) va (yoki) ruhiy nuqsonlari boʻlgan bola;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar – yuzaga kelgan holatlar sababli ogʻir turmush sharoitida qolgan, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlashga muhtoj bolalar, shu jumladan:
nogironligi boʻlgan bolalar;
jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar;
yetim bolalar;
ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar;
ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar;
muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan bolalar;
kam taʼminlangan oilalardagi bolalar;
jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar;
zoʻravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar;
nogironligi boʻlgan bolalar (bola) – barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari mavjudligi oqibatida hayot faoliyati cheklanganligi munosabati bilan davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam koʻrsatilishi hamda oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj boʻlgan bolalar (bola);
ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar – qonunda belgilangan tartibda bolaga nisbatan ota-onalik huquqini amalga oshiruvchi va ota-onalik majburiyatlarini bajaruvchi, lekin bolaning ota-onasi boʻlmagan shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar);
ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola – har qanday sababga koʻra ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola, bundan yetim bola mustasno deb qayd etilgan.

Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarida bola huquqlarining qonuniy kafolatlari alohida belgilab qoʻyilganligi eʼtiborga molik. Unga koʻra, har bir bolaga inson huquqlari va erkinliklari tegishli boʻladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.

FARZANDINGIZ HUQUQLARINING ASOSIY KAFOLATLARI
Bola huquqlarining qonuniy kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq, har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli boʻladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.
Nikohda va nikohsiz tugʻilgan bolalar teng hamda har taraflama himoyadan foydalanadi.
Davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini taʼminlash uchun zarur choralar koʻradi.
Bola huquqlari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
FARZANDINGIZNING YASHASH HUQUQI KAFOLATLARI

Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir.
Davlat sogʻlom bolaning tugʻilishi va rivojlanishini taʼminlash uchun sharoit yaratadi.

Bolaning individuallik va uni saqlab qolishga boʻlgan huquqi kafolatlari
Har bir bola tugʻilgan paytdan eʼtiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega boʻlish, shuningdek, ularni saqlab qolish huquqiga ega.
FARZANDINGIZNING ERKINLIK VA SHAXSIY DAXLSIZLIK HUQUQI
Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.

Har bir bola oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlar, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega. Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligi, xat-xabarlari sir tutilishini taʼminlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonlik, qiynoqlarga solish yoki shafqatsiz, qoʻpol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklar, huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya q ilinishini amalga oshiradi.
Davlat bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek, ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;

ekspluatatsiya va zoʻravonlikka duchor boʻlgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha choralar koʻradi.
FARZANDINGIZNING HIMOYAGA BOʻLGAN HUQUQI
Har bir bolaning himoyaga boʻlgan huquqi kafolatlangan. Unga koʻra, har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
FARZANDINGIZNING OILAVIY MUHITGA BOʻLGAN HUQUQI
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish huquqiga ega, uning manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno.
Bolaning ota-onasi boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda hamda bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda uning oilada yashash hamda tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan taʼminlanadi.
Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota va onaning alohida yashashi bola huquqlariga taʼsir qilmaydi.
Ota va ona turli davlatlarda yashagan taqdirda ham bola ular bilan koʻrishish huquqiga ega.

Ekstremal vaziyatlarga (ushlab turish, hibsga olish, qamoqqa olish, davolash muassasasida boʻlish va boshqa hollarda) tushib qolgan bola oʻz ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrishish huquqiga ega.
FARZANDINGIZNING GʻAYRIQONUNIY KOʻCHIRILISHDAN HIMOYALANISH HUQUQI
Har bir bola gʻayriqonuniy koʻchirilish va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Ushbu masala boʻyicha ota va ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasidagi har qanday kelishmovchilik sud tomonidan hal qilinadi.
Ota-ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolaning yoʻqolganligi haqida tegishli organlarga darhol xabar berishlari shart.
Ota-ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar hamrohligida boʻlmagan bolalar ularning yoniga kafolatli qaytarilish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari chet elda qonuniy vakillari hamrohligisiz turgan bolalarning – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi va ularning qaytarilishi boʻyicha choralar koʻradi. Ota-onasi bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki ular vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat boʻlmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini koʻradi.
Qonuniy vakillari hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq, davlat ijro etish maqsadlari, shakllari va usullaridan qatʼi nazar, bolalarni gʻayriqonuniy koʻchirishning oldini olish, shuningdek, ularni doimiy yashaydigan mamlakatiga qaytarish choralarini koʻradi.

FARZANDINGIZNING OʻZ FIKRINI IFODA ETISH HUQUQI
Oilada har qanday masala hal qilinayotganda, bola oʻz fikrini ifoda etish, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama jarayonida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
FARZANDINGIZNING AXBOROT OLISH HUQUQI

Har bir bola axborot olish huquqiga ega. Har bir bola oʻzining sogʻligʻi, axloqiy va maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborot olish huquqiga ega. Har bir bola har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega, qonunda nazarda tutilgan cheklashlar bundan mustasno. Pornografiya, shafqatsizlik va zoʻravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli taʼsir koʻrsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻluvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanadi.
FARZANDINGIZNING SOʻZ, VIJDON VA EʼTIQOD ERKINLIGI HUQUQI
Shuningdek, farzandingizning fikrlash, soʻz, vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqlari mavjud. Unutmang, bola fikrlash, soʻz, vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega.

Bolaning fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin.
FARZANDINGIZNING XUSUSIY MULKKA BOʻLGAN HUQUQI
Oʻzbekistonda bolaning xususiy mulkka boʻlgan huquqi kafolatlangan. Bola qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk huquqiga ega boʻlishi mumkin. Bolaning shaxsiy foydalanishida boʻlgan, bola tomonidan hadya, meros tariqasida olingan, shaxsiy mehnati evaziga yoki boshqa qonuniy usulda olingan buyumlar, mol-mulk uning xususiy mulkidir. Voyaga yetmagan bolalar qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk egasi boʻlish huquqiga egadirlar.

Voyaga yetmagan bolalarning qonunda belgilangan tartibda hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek, shaxsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulki ularning xususiy mulki hisoblanadi.
Voyaga yetmaganlarning tadbirkorlik faoliyatiga qoʻshgan mablagʻi va undan orttirgan daromadi, agar bola bilan ota-ona yoki oilaning boshqa aʼzolari oʻrtasida boshqacha tartibni belgilovchi shartnoma boʻlmasa, voyaga yetmaganlarning xususiy mulki hisoblanadi.
Voyaga yetmaganlarning shaxsiy foydalanishidagi buyumlari (kiyim-kechak, poyabzal, ishlab chiqarish qurollari, oʻquv anjomlari va boshqalar) ularning xususiy mulki hisoblanadi.
FARZANDINGIZNING TURAR JOYGA BOʻLGAN HUQUQI
Har bir bola turar joyli boʻlish huquqiga ega. Mazkur huquq qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchining oila aʼzolari boʻlgan bolalar ular qayerda boʻlishlaridan qatʼi nazar, turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchisi egallab turgan turar joyga nisbatan huquqqa ega boʻladi.
Tarbiya, davolash muassasalari va boshqa muassasalarda, qarindoshlari, vasiylari yoki homiylari qaramogʻida boʻlgan yetim bolalar, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar turar joyga boʻlgan mulk huquqi yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Vasiylik yoki homiylik belgilangan bolaning mulkida yoki foydalanishida boʻlgan turar joyni oʻzga shaxsga oʻtkazish uchun vasiylik yoki homiylik organining roziligi talab qilinadi.

BOLANING MEHNAT QILISH HUQUQI KAFOLATLARI
Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turi va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega.
Ishga qabul qilishga oʻn olti yoshdan yoʻl qoʻyiladi.
Bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlari oʻquvchilarini ularning sogʻligʻi hamda maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan, yengil ishni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun – ular oʻn besh yoshga toʻlganidan keyin ota-onasidan biri yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Davlat oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan ishlovchi shaxslarga ishni taʼlim bilan qoʻshib olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni koʻrish orqali bolaning mehnat qilish huquqi taʼminlanishini kafolatlaydi.
BOLANING DAM OLISH VA BOʻSH VAQTGA BOʻLGAN HUQUQI KAFOLATLARI
Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻi hamda ehtiyojlariga mos keladigan dam olish va boʻsh vaqtga boʻlgan huquqqa ega.

Ota-ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz qobiliyatlari hamda imkoniyatlariga muvofiq, bolaning har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun zarur turmush sharoitini taʼminlaydi.
Bolalar sogʻlomlashtirish, sport, ijodiy tashkilotlar hamda dam olish va boʻsh vaqtni uyushtiruvchi boshqa tashkilotlar qonunchilikka muvofiq davlat organlari tomonidan taʼsis etiladi va qoʻllab-quvvatlanadi.
BOLANING SOGʻLIGʻINI SAQLASH HUQUQI KAFOLATLARI
Har bir bola sogʻligʻini saqlash huquqiga ega.
Davlat sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash uchun onaga uning sogʻligʻini saqlash sharoitlarini yaratadi.
Davlat bolalarga qonunchilikka muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi.
Bolaning sogʻligʻini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini tashkil qilish;

bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi;
bolalar va oʻsmirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash;
talab darajasidagi sifatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish;
bolaning fiziologik xususiyatlari va sogʻligʻi holatiga javob beradigan taʼlim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish;
kasbga yaroqlilikni aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish;
sanitariya-gigiyena taʼlimi berish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ragʻbatlantirish;
sogʻligʻining holati toʻgʻrisida bola uchun qulay boʻlgan tarzda zarur axborotni taqdim etish.
Oʻn toʻrt yoshdan katta yoshdagi bola maʼlumotlarni bilgan holda, tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
Bola bilan uning hayoti, sogʻligʻi va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa eksperimentlar oʻtkazish taqiqlanadi.
Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali bolani alkogolga moyillik, chekish, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga taʼsir koʻrsatadigan boshqa moddalarni isteʼmol qilishdan himoya qilish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
BOLANING BILIM OLISH HUQUQI KAFOLATLARI
Har bir bola bilim olish huquqiga ega. Davlat bolaning bepul majburiy umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus taʼlim olishini kafolatlaydi.
4-§. IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALARNING
OILA MUHITIGA BOʻLGAN HUQUQI
KAFOLATLARI
Davlat bolaning oilada boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf etish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish boʻyicha zarur choralar koʻradi.
Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy yordam, maslahat yordami va boshqa yordamlar koʻrsatadi hamda ularni qoʻllab-quvvatlaydi.
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir boʻlgan qarindoshlariga beriladi.
Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.
Oilada tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ularga zarur gʻamxoʻrlik hamda qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning shakllari quyidagilar:
vasiylik va homiylikni belgilash;
bolani farzandlikka olish;
oilaga tarbiyaga olish (patronat);
ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalari, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish.
Qonunchilikka muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllari ham nazarda tutilishi mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALARNING JAMIYATGA UYGʻUNLASHISH HUQUQI KAFOLATLARI
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar jamiyat hayotida ishtirok etishda boshqa bolalar bilan teng huquqlarga egadir.
Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ular oilalarining jamiyat hayotida faol ishtirok etishini taʼminlash uchun ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaslik shartlari asosida dasturlar ishlab chiqish tashabbuskori boʻladi hamda zarur resurslar ajratadi.
Taʼlim, tibbiyot va madaniy-maʼrifiy muassasalar nogironligi boʻlgan bolalar hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarning erkin harakatlanishlari uchun moslashtirilgan boʻlishi kerak.
Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni reabilitatsiya qilish tizimini shakllantirish va rivojlantirishni tashkil etadi hamda bunga koʻmaklashadi.
Nogironlik belgilangan paytdan boshlab bola tegishli davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturidan foydalanish huquqiga ega.
IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALARNING TURAR JOYGA BOʻLGAN HUQUQLARI KAFOLATLARI
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, toʻliq davlat taʼminotida turgan ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarini bitirgan yoki jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan bolalar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan boshqa toifadagi bolalar oʻzlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega boʻlish yoki qonunchilikka muvofiq turar joy olish huquqiga ega.

IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALARNING
IJTIMOIY YORDAM OLISHGA BOʻLGAN HUQUQI KAFOLATLARI
Ijtimoiy yordam uni olish huquqiga ega boʻlgan har bir bolaga tayinlanadi.
Ijtimoiy yordam koʻrsatish miqdori, shartlari va tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Davlat organlari ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir bolaga, bolalarning joylashtirilishi shaklidan qatʼi nazar, moddiy va boshqa sharoitlar yaratadi.

Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan homiylik dasturlarini qonunchilikka muvofiq ragʻbatlantiradi.
TOʻLIQ DAVLAT TAʼMINOTIDA BOʻLGAN YETIM BOLALAR VA OTA-ONASI YOKI BOSHQA QONUNIY VAKILLARINING QARAMOGʻIDAN MAHRUM BOʻLGAN BOLALAR HUQUQLARINING KAFOLATLARI
Yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sogʻlomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, oʻrta maxsus, taʼlim muassasalariga tarbiyaga berilgan kundan eʼtiboran toʻliq davlat taʼminotida boʻladi.
Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga taʼlim berish, ularni uy-joy, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy taʼminot buyumlari bilan taʼminlash, ular taʼlim muassasalarini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy taʼminot buyumlari sotib olish uchun nafaqa toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
NOGIRONLIGI BOʻLGAN BOLALAR, JISMONIY VA (YOKI) RUHIY RIVOJLANISHIDA NUQSONLARI BOʻLGAN BOLALARNING TIBBIY-IJTIMOIY YORDAM OLISHGA BOʻLGAN HUQUQI KAFOLATLARI
Nogironligi boʻlgan bolalar tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega boʻlib, bu profilaktika, davolash-tashxis qoʻyish, reabilitatsiya, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordami, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli shartlarda taʼminlanish va boshqa yordam turlarini oʻz ichiga oladi.
Nogironligi boʻlgan bolalar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish va oʻz uylarida parvarish qilinish huquqiga ega.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tartibi, ularga beriladigan imtiyozlar roʻyxati qonunchilik bilan belgilanadi.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, homiylik va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan, shuningdek, ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning mablagʻlari hisobidan ijtimoiy muhofaza tizimi muassasalarida saqlanishlari mumkin.

IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALARNING TAʼLIM OLISH HUQUQI KAFOLATLARI
Davlat maxsus pedagogik yondashuvga ehtiyoji boʻlgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga belgilangan taʼlim standartlari va talablari darajasida bilim olishlarini kafolatlovchi zarur mablagʻlar ajratadi hamda boshqa choralar koʻradi.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar va nogironligi boʻlgan bolalar ular uchun maxsus ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim muassasalarida oʻqish va tarbiyalanish hamda oʻz jismoniy, aqliy qobiliyatlari va xohishlariga mos boʻlgan taʼlim olish huquqiga ega.
Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning tavsiyasi boʻlgan taqdirda, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar va nogironligi boʻlgan bolalarning ota-onalari oʻz xohish-istagiga koʻra hamda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, taʼlim (umumtaʼlim yoki ixtisoslashtirilgan) muassasasi turini tanlash huquqiga ega.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishda qonunchilik bilan imtiyozlar belgilanishi mumkin.
Otalikning sud tartibida belgilanishi
Oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi boʻlmasa, ushbu Kodeksning 61-moddasida koʻrsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanishi mumkin.
Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan biri yoki bolaning vasiysi (homiysi) yoxud bola kimning qaramogʻida boʻlsa, shu shaxsning arizasi, shuningdek, bola voyaga yetganidan keyin uning oʻzi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.
Otalik belgilanayotganda, sud bolaning onasi bola tugʻilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy roʻzgʻor yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud taʼminlab turganliklari yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni eʼtiborga oladi.
Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda, uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.
Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.
BOLANING HIMOYAGA BOʻLGAN
HUQUQI
Bola oʻz huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq, toʻla muomala layoqatiga ega deb eʼtirof etilsa, u oʻz huquq va majburiyatlari, shu jumladan, himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.
Bola ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qilinadigan suiisteʼmolliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda, bola oʻz huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab, vasiylik va homiylik organi, oʻn toʻrt yoshga toʻlgandan keyin esa mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganidan xabardor boʻlgan shaxslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishi shart. Shunday maʼlumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi zarur.
BOLANING OʻZ FIKRINI IFODA ETISH HUQUQI
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, bola oʻz fikrini ifoda qilish, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
BOLANING ISM, OTA ISMI VA FAMILIYA OLISH HUQUQI
Bola ism, ota ismi va familiya olish huquqiga ega.
Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi – otasining ismiga koʻra beriladi. Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda boʻlganda, ota-onaning kelishuviga binoan, bolaga otasi yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga koʻra, bolaga ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona oʻrtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi boʻyicha kelishuv boʻlmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
BOLANING ISMI VA FAMILIYASINI OʻZGARTIRISH
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan, bola oʻn olti yoshga toʻlguncha bola manfaatlarini eʼtiborga olib, uning ismini oʻzgartirish, shuningdek, unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqlidir.
Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga oʻz familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlari va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek, ota yoki ona bolaga taʼminot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga koʻra boʻyin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.
Agar bola oʻzaro nikohda boʻlmagan shaxslardan tugʻilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini eʼtiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.
Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
OTA-ONA HUQUQ VA MAJBURIYATLARINING
TENGLIGI
Ota-ona oʻz bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar (ota-onalik huquqlari). Ushbu bobda nazarda tutilgan ota-onalik huquqlari bolalar oʻn sakkiz yoshga toʻlganlarida (voyaga yetganda), shuningdek, voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga yetmasdan toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganlarida tugaydi.
VOYAGA YETMAGAN OTA-ONANING HUQUQLARI
Voyaga yetmagan ota-ona oʻz bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.
Oʻzaro nikohda boʻlmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tugʻilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda, oʻn olti yoshga toʻlishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona oʻn olti yoshga yetgunga qadar, bolani voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
Voyaga yetmagan ota-ona oʻz otaligi va onaligini umumiy asoslarda eʼtirof etish yoki bunga eʼtiroz bildirish huquqiga egadir.
OTA-ONANING BOLALARGA TAʼLIM-TARBIYA BERISHGA OID HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.
Ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart.
Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.
Ota-ona bolalarining qonunchilikda belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shart.
5-§. BOLALARNING HUQUQ VA MANFAATLARINI HIMOYA QILISH BOʻYICHA OTA-ONANING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.
Ota-ona oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan, sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.
Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona oʻz bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas. Ota-ona va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda, vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.

OTA-ONALIK HUQUQINI AMALGA
OSHIRISH
Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini taʼminlash ota-ona gʻamxoʻrligining asosini tashkil qilishi lozim.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollik, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomala, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli boʻlishi kerak.
Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Bolalarning taʼlim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda, ota-ona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organi yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
Ota-ona alohida yashaganda, bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud bolaning ota-ona, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligi, bolaning yoshi, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlar, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
BOLADAN ALOHIDA YASHAYOTGAN OTA (ONA)NING OTA-ONALIK HUQUQINI AMALGA OSHIRISHI
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan koʻrishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va taʼlim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan koʻrishishiga, agar bunday koʻrishish bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻi, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasa, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan, sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda, aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda, sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan, bola manfaatlari va uning fikrini hisobga olgan holda, bolani unga berish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga oʻxshash muassasalardan oʻz bolasi toʻgʻrisida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sogʻligʻi uchun xavf-xatar boʻlgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
BOBO, BUVI, AKA-UKA, OPA-SINGIL VA BOSHQA YAQIN QARINDOSHLARNING BOLA BILAN KOʻRISHIB TURISH HUQUQI
Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega.
Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasa, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin.

Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan koʻrishib turishga toʻsqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud bolaning manfaatlari va bolaning fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.
Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda, aybdor ota (ona)ga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.
BOLA ALIMENTINI BUZGANLIK UCHUN
JAVOBGARLIK
3 yoshgacha boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ishlamaydigan ona bolaning otasi tomonidan moliyaviy koʻmak berilishi huquqiga ega. Buni Oila kodeksining 118-moddasi kafolatlaydi.
Eʼtiborga olish lozimki, fuqarolik qonunchiligiga binoan, ona bolaning qonuniy vakili hisoblanadi va unga munosib hayotni taʼminlab berishi shart. Binobarin, shunday majburiyat otaning zimmasida ham bor.
BOLANING HIMOYAGA BOʻLGAN HUQUQI KAFOLATLARI

Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetguncha qonunga muvofiq toʻla muomalaga layoqatli deb eʼtirof etilgan (emansipatsiya) bola oʻz huquqlari, shu jumladan, himoyaga boʻlgan huquqini mustaqil amalga oshirish hamda majburiyatlarini mustaqil bajarishga haqlidir.
BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISH (PATRONAT)
OILAGA TARBIYAGA BERILADIGAN BOLALAR (PATRONAT)
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
OILAGA TARBIYAGA OLINGAN BOLALARNING
HUQUQLARI
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar:
- oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni oladi;
- uy-joyga boʻlgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanadi;
- qonunchilikka muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladi.
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar.
Bolaning manfaatiga daxldor har qanday masala oilada hal qilinayotganda, bola oʻz fikrini bildirishga haqli.
IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJ BOLALAR HUQUQLARI
“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari ham nazarda tutilgan. Unga koʻra, bunday toifa bolalar huquqlarining quyidagi kafolatlari belgilangan:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga boʻlgan huquqi kafolatlari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning jamiyatga uygʻunlashish huquqi kafolatlari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga boʻlgan huquqlari kafolatlari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy yordam olishga boʻlgan huquqi kafolatlari;

- nogiron bolalar, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarning tibbiy-ijtimoiy yordam olishga boʻlgan huquqi kafolatlari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olish huquqi kafolatlari.
Mamlakatimizda bola huquqlarini amalga oshirish nafaqat davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi, balki bu sohada fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ham oʻrni beqiyosdir.
Ushbu masala milliy qonunchiligimizda ham oʻz aksini topgan. Misol uchun, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish va himoya qilishda koʻmaklashadi, bola yoki uning qonuniy vakiliga huquqiy, uslubiy, axborotga oid va boshqa yordam koʻrsatadi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari:
- bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha davlat dasturlari va hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishda ishtirok etishi;
- bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga doir vakolatlarni amalga oshirishda davlat va xalqaro tashkilotlardan uslubiy, tashkiliy hamda moliyaviy yordam olishi mumkin.

BOLALARGA TAʼMINOT BERISHDA OTA-ONA MAJBURIYATLARINING TENGLIGI
Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
OTA-ONANING VOYAGA YETMAGAN BOLALARIGA ALIMENT TOʻLASH TARTIBI
Ota-onalar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibi va shakli haqida ota-ona oʻrtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalar va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak.
OTA-ONANING VOYAGA YETGAN BOLALARIGA ALIMENT TOʻLASHI
Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shart.
Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona oʻrtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, nizo sud tartibida hal qilinadi.
BOLALARNING TAʼMINOTI UCHUN QILINADIGAN QOʻSHIMCHA XARAJATLAR
Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʻshimcha xarajatlarni qisman pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.


ALIMENT TOʻLASHDAN BOSH TORTGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslar Oila Kodeksining 79-moddasiga asosan, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK
Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

XULOSA
Eʼtirof etish joizki, Konvensiyaning qoidalari nafaqat milliy huquq, balki davlat organlari vakolatlariga oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Oʻz organlarining vakolatini belgilash davlatning suveren huquqidir. Lekin bunga xalqaro huquqning ham taʼsiri mavjud. Xalqaro huquq davlat va binobarin, uning organlari nimaga qodir va nima qilmasligini belgilaydi. Bu davlat organlarining vakolatlarini ham belgilash demakdir.
Davlatimiz tomonidan navqiron avlodning har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, bugungi kunda bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy bazaning mavjudligi mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ishonchli kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
1. Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya. https://lex.uz/docs/ 2595913
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni. https://lex.uz/docs/1297315
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Oila Kodeksi. https://lex.uz/docs/ 104720
MUXITDINOVA FIRUZA ABDURASHIDOVNA
FARZANDLARIMIZ
HUQUQI DAVLAT
HIMOYASIDA
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 150-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.