Inson hayotda yashar ekan, yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi. Lekin “yaxshilik” va “yomonlik” tushunchalariga har kim har xil taʼrif beradi. Hayot ezgulik bilan goʻzal. Ammo baʼzan ezgulikka yovuzlik koʻlanka soladi. “Asr vabosi” nomini olgan giyohvandlik insonning osuda hayotiga raxna solib, ongini oʻziga boʻysundiruvchi zahri qotildir. Bu shunday qurolki, oʻz domiga ilintirgan odamni razolat dunyosiga yetaklaydi va bu jarayonda inson jamiyatdagi oʻrnini yoʻqota boshlaganini anglamay qoladi.
Giyohvandlik – XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Oʻrta asrlarda insoniyat hayotiga jiddiy xavf solgan vabo va oʻlat kabi ofatlar, bugungi sivilizatsiya zamoniga kelib oʻz oʻrnini giyohvandlik illatiga boʻshatib berdi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev taʼkidlaganidek, qanchalik qiyin boʻlmasin, biz yoshlar tarbiyasi boʻyicha oʻzimizga xos va taʼsirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzgʻunchi va zararli gʻoyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, maʼnaviy qashshoqlik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Sogʻlom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu koʻchaga kirib qolsa, oʻzining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Giyohvand kishi nafaqat oʻziga, balki yaqinlariga ham toʻxtovsiz azob beradi.
Undan tugʻilajak farzandlar esa ota-onasining xatosi oqibatida bir umrga majruhlik qismatiga mubtalo boʻladilar. Zero, faqat sogʻlom ota-onadangina sogʻlom zurriyod dunyoga keladi.
Sogʻlom bola esa farovon kelajak demakdir. Baʼzan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini koʻrib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuygʻularining uygʻonishi tabiiy.
Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni toʻlmoqda. Qiyofasi odam, qilmishi zulm boʻlganlarning qora ogʻuni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni isteʼmol qilishga targʻib qilayotganiga jim qarab turib boʻlmaydi, albatta.
Statistik maʼlumotlarga koʻra dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yoʻliqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etmoqda. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan koʻz yumadi. Shu bilan birga, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Davlatimizning oqilona siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sogʻlom, oliyjanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va maʼnaviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat boʻlishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan davlatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda.
Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoda “asr vabosi” deb nom olgan giyohvandlikning inson sogʻligʻiga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytilmoqda va keng tushuntirilmoqda.
Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-gʻayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar oʻrganishga sarflashi kerak boʻlgan bir paytda, oʻsmirlarni aldov yoʻli bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgan kimsalar ozmi? Qanchadan-qancha oilalarning yostigʻini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson oʻzi kurashmogʻi, tashqi taʼsirlardan himoyalanmogʻi lozim.
Sogʻlom avlod oʻtmishi qadim, tuprogʻi oltin, osmoni musaffo Oʻzbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sogʻlom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar oʻpqoni ularni oʻziga jalb qila olmasin.
Giyohvandlik koʻchasiga kirib qolish kishilarda turli xilda kechadi. Baʼzilar toʻqlikka shoʻxlik qilsa, boshqalar oʻzi bilmagan holda aldovlar natijasida uning qurboniga aylanadi. Ushbu illatga ruju qoʻyganlarning, ayniqsa, yoshlarning bu ajal girdobiga tushib qolishida koʻpincha oiladagi muhit yoki beeʼtiborlik sabab boʻladi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini bekor oʻtkazishi, ota-onalarning farzandini haddan tashqari erkalatishi va ular tarbiyasiga beparvoligi yuqorida keltirilgan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Farzandning sogʻ-salomat dunyoga kelishi, unib-oʻsishi, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi, eng avvalo, oila boshliqlariga bogʻliq. Bu borada mehribon ota-onalar zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi. Demak, “Asr vabosi” deb ataluvchi giyohvandlikning oldini olish, unga qarshi kurashishga faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki jamiyatdagi har bir inson masʼul.
Maqsad esa, dunyoni giyohvandlik balosidan saqlash, insoniyat salomatligini asrashdir. Giyohvandlik – inson maʼnaviyatiga zid boʻlgan, uning ijtimoiy-ruhiy holatini butkul izdan chiqaradigan gʻoyat xatarli illat, bedavo xastalik.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, oʻrtacha yigirma besh yil umr koʻrishligi, giyohvand faqatgina oʻz sogʻligini yoʻqotmay, balki oʻz xatti-harakatlarini ham nazorat qila olmasligi, u nafaqat bir shaxsni, balki butun bir xalqni, millatni yoʻq qilib yuborishga qodirligi va giyohvandlar asosan 16 yoshdan 35 yoshgacha boʻlib, aksariyati oʻziga toʻq oilalardandir. Giyohvandlik ijtimoiy xavfga ham ega.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishga tegishli eng oʻtkir va dolzarb muammolardan biri giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish muammosidir. Bugungi kunda giyohvandlik yer shari aholisining istisnosiz barcha qatlamlarini oʻz domiga tortib oldi, desak, mubolagʻa boʻlmasa kerak.
Yaqin va Oʻrta Sharq, Osiyo davlatlari haqli ravishda giyohvandlik eng avj olgan “markazlar” hisoblanadi. BMT maʼlumotlariga koʻra, opium xom ashyosining uchdan ikki qismi Tailand, Birma va Laosga toʻgʻri kelmoqda. Lotin Amerikasi mamlakatlari ham giyohvand moddalar xom ashyosining tarqatilishida katta ulushga ega. Oʻtgan asrning 1980-yillari oxiridan boshlab, ushbu sohaga oid jinoyatlar sonining koʻpayishi sobiq SSSR, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ham qayd qilina boshlandi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining hududi giyohvandlik vositalarini Rossiya Federsiyasiga va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish uchun tranzit hudud hisoblanadi.
Insoniyat anchadan beri giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishning samaraliroq ijtimoiy, siyosiy, tibbiy va huquqiy usullarini topishga urinib kelmoqda.
Aksariyat mamlakatlarda giyohvandlik vositalarining gʻayriqonuniy tayyorlanishi va isteʼmol qilinishining tez surʼatlarda koʻpayib borayotgani soʻnggi oʻn yilliklardagi eng xavfli tendensiyalardan bittasidir. Giyohvandlik moddalarining butun dunyo boʻylab noqonuniy tarzda tarqatilayotgan umumiy hajmidan 10-15 foizigina huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan aniqlanmoqda.
Giyohvandlikka bogʻliq vaziyatning ogʻirlashib borayotgani barcha mamlakatlarning aksariyati – 158 ta davlatni (dunyo mamlakatlarining 80 foizi) narkotiklarni nazorat qilish boʻyicha xalqaro konvensiyalarga birlashishga undadi.
Giyohvand moddalar savdosi muammosi irqiy, jinsiy, diniy va milliy chegaralarini bilmaydi. Giyohvand moddalar savdosi va u bilan bogʻliq boshqa uyushgan jinoyatchilik turlari oʻrtasida barqaror bogʻliqlik mavjud. Shunday qilib, hozirgi vaqtda giyohvandlik global ijtimoiy muammo xarakterini kasb etmoqda. Odamlar salomatligi va farovonligiga yetkazilgan zarar, jamiyat va davlat hayotining iqtisodiy, madaniy va siyosiy asoslariga salbiy taʼsir koʻrsatishi xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirishni, xalqaro-huquqiy choralarni koʻrishni talab qiladi. Giyohvand moddalar savdosi va giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq uyushgan jinoyatchilikning oldini olish muammolariga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu yerda oʻzaro hamkorlik va xalqaro hamkorlik katta ahamiyatga ega. Ilmiy-texnik taraqqiyotning rivojlanishi bilan ushbu sohadagi hamkorlik ham oʻzgarib bormoqda va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xuddi shu narsa jinoyat ishlarini yuritish, shu jumladan jinoyatchilarni qidirish, hujjatlarni taqdim etish, guvohlarni soʻroq qilish, ashyoviy dalillarni yigʻish va boshqa tergov harakatlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatishda ham sodir boʻladi.
Oʻzbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga samarali qarshi kurashishni tashkil qilish muammosi mamlakatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish jarayonida obyektiv tarzda muhim oʻrin egallaydi. Davlatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, jamiyat boshidan kechirayotgan qiyinchiliklar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlardan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishning yanada mukammal va taʼsirchan tizimini yaratishni talab qilmoqda.
Shu munosabat bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasini aniqlash boʻyicha aniqroq ishlarni tashkil etishni talab etadi.
Muallif
GIYOHVANDLIK NIMA?
Giyohvandlik, narkomaniya, bangilik – narkotik moddalarga oʻrganib qolish, ruju qilish, aniqrogʻi tabiiy yoki sintetik zaharli moddalar (ayrim dori moddalari)ni vaqtincha yoki surunkasiga isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallik holati. Giyohvandlik organizm somatik va ruhiy holatining chuqur oʻzgarishiga sabab boʻladi va giyohvandni tanazzulga olib boradi. Giyohvandlikda oʻzini toʻxtatib boʻlmaydigan darajada giyohvand moddalarni isteʼmol qilish mayli paydo boʻladi, giyohvand moddaning miqdoriga nisbatan ehtiyoj, ruhiy va jismoniy bogʻliqlik ortib boradi. Giyohvandlik asta-sekin boshlanib, surunkali davom etadi. Giyohvand moddalar dastlab xushnudlik, dimogʻchogʻlik (Eyforiya), xotirjamlik hissini uygʻotib, kayf qildiradi, keyin bora-bora bu kasallikka aylanadi. Giyohvandlik 2 zaylda avj olishi mumkin. Birinchi holda vrach buyurgan va bemorning ruhi hamda kayfiyatini oshirish xususiyatiga ega boʻlgan dorilarni uzoq vaqt va notoʻgʻri qabul qilish; ogʻriq, uyqusizlik va boshqa dardlardan qutilish maqsadida dori miqdori (dozasi)ni oshirib borish; darddan tuzalib doriga unchalik ehtiyoj boʻlmasa ham, uni qabul qilaverish natijasida dorining narkotik taʼsiri va miqdori orta borib, pirovardida giyohvand moddaga moyillik kuchayib, u xumor qiladigan boʻlib qoladi. Ikkinchi hol ongli ravishda dam olish maqsadida giyohvand moddalarga oʻrganishdir.
Giyohvandlikka, odatda, irodasi kuchsiz, oʻzini tiya olmaydigan, oʻtkir sezgilarni oʻzida sinab koʻrishga qiziquvchan, ruhan zaif va oʻta xudbin kishilar beriluvchan boʻladi. Yoshlar tarbiyasidagi nuqson va kamchiliklar, giyohvand moddalarni isteʼmol qilib yuruvchi katta yoshdagilarga taqlid va havas, oiladagi noxush sharoit (ota-onaning ichkilikboz yoki giyohvand boʻlishi) hamda giyohvand moddalarning oson topilishi yoki qoʻl ostida boʻlishi ham giyohvandlikka sabab boʻlishi mumkin. Giyohvandlikka mubtalo boʻlganlarda xastalik borgan sari kuchaya borib, odatda, kutilmagan yomon oqibatlarga olib keladi. Giyohvandlik eyforiyasida, yaʼni kayfi chogʻlikda 2 bosqich kuzatiladi: qisqa muddatli –1-5 daqiqa davom etadigan oʻtkir hissiyotli bosqich (haqiqiy eyforiya) va uzoq (1–3 soat) choʻziladigan boʻshashish, tinchlanish davri. Bu bosqichlarning qisqa yoki uzoq boʻlishi qanday giyohvand modda qabul qilinganiga va miqdoriga bogʻliq. Giyohvandlikning hamma turi ham oʻz rivojida giyohvand moddalarga oʻrganib qolish yoʻli bilan Giyohvandlik sindromining shakllanishiga olib keladi. Bu sindromning rivojlanishida ham 3 bosqich farqlanadi:
1) giyohvand moddaga nisbatan organizm reaktivligining oʻzgarishi va ruhiy bogʻlanishning paydo boʻlishi;
2) xumor (abstinent) sindromi koʻrinishida jismoniy bogʻlanishning yuzaga kelishi;
3) organizm barcha sistemalarining zaiflashishi (tolerantlikning pasayishi, yaʼni giyohvand moddalarning avvalgi miqdorini koʻtara olmaslik, xumorning surunkali davom etishi va ayrim hollarda polinarkomaniyaning vujudga kelishi). Giyohvandlikka mubtalo boʻlgan kishi giyohvand moddalarni qayta-qayta va koʻproq miqdorda isteʼmol qila boshlaydi. Keyinchalik esa giyohvand moddalarsiz turolmaydigan boʻlib qoladi. Bunday ahvoldan qutilish va oʻzini bir oz yengil his qilish uchun yana giyohvand moddaga ruju qiladi va oxir-oqibat giyohvand moddalarga hirs qoʻyish kelib chiqadi. Organizmning dastlabki himoya reflekslari (koʻngil aynishi, qusish) yoʻqoladi. Bu davrda organizmda giyohvand moddalarga nisbatan moyillik shu darajada kuchayib ketadiki, goʻyo bu moddalar avvalgi taʼsir kuchini yoʻqotgandek boʻlib qoladi, endi avvalgidek eyforiya (kayf) holatini his qilish, xumorni tarqatish uchun oʻsha moddadan koʻproq miqdorda qabul qilgisi keladi. Oldiniga giyohvand modda birmuncha yoqimsiz taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, keyinchalik goʻyoki uning holatini “normallashtirganga” oʻxshaydi, bemor oʻzini birmuncha yaxshi his qiladi, ish qobiliyati, ruhi goʻyo tetiklashadi, pirovardida u haqiqiy giyohvand boʻlib qoladi. Giyohvandlarda avval ruhiy oʻzgarishlar (tajanglik, kayfiyat buzuqligi, xotira pasayishi) paydo boʻlgan boʻlsa, keyinchalik jismoniy oʻzgarishlar – jismoniy bogʻlanib qolish sindromi (terlash, yurak urishi, ogʻiz qurishi, ozib ketish, qoʻl-oyoqning titrashi va b.) roʻy beradi. Agar giyohvand oʻz vaqtida narkotik moddani qabul qilmasa, organizmda kuchli ruhiy va jismoniy oʻzgarishlar, yaʼni giyohvandlikka xos ogʻir holat – xumorlik (Abstinensiya) sindromi paydo boʻladi.
GIYOHVANDLIK VOSITALARI VA PSIXOTROP MODDA TUSHUNCHASI
Giyohvandlik vositalari – maxsus roʻyxatga kiritilgan va davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlikni keltirib chiqaruvchi sintetik vosita (preparat)lar va oʻsimliklar. Giyohvandlik vositalari roʻyxati BMTning 1988-yildagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi konvensiyasida, shuningdek Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining qaroriga (1995-yil 1-aprel) 1-sonli ilovada berilgan. Giyohvandlik vositalari sirasiga marixuana, nasha, kannabis smolasi, nasha moyi, qoradori, morfin, geroin, kodein, efedron, kokain va boshqalar kiradi. Giyohvandlik vositalaridan tibbiy maqsadlarda foydalanilganda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibga qatʼiy rioya etilishi kerak. Giyohvandlik vositalari bilan erkin muomala qilish taqiqlangan. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustdagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan, ularni veterinariya, ilmiy va oʻquv maqsadlarida, ekspertlik faoliyatida, jismoniy shaxslarga berish va boshqa maqsadlarda muomalada boʻlish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Psixotrop moddalar, neyroleptik moddalar, neyroleptiklar – kishining psixik faoliyatiga taʼsir etadigan dorilar guruhi, ular es-hushni buzmay, alaxlash, gallyutsinatsiya va psixozga xos boshqa belgilarni yoʻqotadi. Nerv kasalliklari va psixik kasalliklarni davolashda qoʻllanadi. Taʼsir etishiga koʻra, neyroleptiklar (aminazin, galoperidol), anksiolitiklar (seduksen), psixostimulyatorlar (fenamin), antidepressantlar (amitriptilin)ga boʻlinadi.
Preparat (lotincha prayeparatus – tayyorlangan) – 1) ichiladigan tayyor dorilar; 2) kimyoviy tadqiqotlar uchun tayyorlangan moddalar; anatomik, gistologik va boshqa tadqiqotlar uchun tayyorlangan hayvon yoki oʻsimlik organizmining qismlari; 3) laboratoriya yoki fabrikada tayyorlangan kimyoviy yoki farmatsevtik mahsulotlar.
ISLOM DINIDA GIYOHVANDLIK UCHUN JAVOBGARLIK MASALALARI
Hozirda insoniyat boshiga turli balolarni solib, oilalarni va jamiyatni tanazzulga olib boradigan illatlardan biri giyohvandlikdir. Giyohvandlik oqibatida minglab norasida goʻdaklar mayib-majruh tugʻilmoqda, oilalarda ajrashishlar koʻpaymoqda va dunyoda millonlab odamlar hayotdan bevaqt koʻz yummoqda. Eng afsuslanarli jihati shundaki, bu jirkanch narsaga mubtalo boʻlgan kimsalarning tuzalishi juda ham qiyindir.
Giyohvand moddalarning haromligi haqida Qurʼoni karim va paygʻambarimizning hadislarida ochiq dalillar kelmagan. Giyohvand moddalar Paygʻambar sallolohu alayhi vassalam, sahobalar, mujtahid ulamolar davrida, Ummaviylar davrida ham maʼlum boʻlmagan. Giyohvandlik Islom oʻlkalarida Abbosiylar davrining soʻngi yillarida hijriy oltinchi asrda milodiy XIII asrda paydo boʻlgan[1].
Dinimiz taʼlimotlarida inson hayoti, sogʻligʻiga zarar beradigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday giyohvand modda u qanday koʻrinishda boʻlishidan qatʼiy nazar, zararli deb hisoblanadi.
Giyohvandlik yoki bangilikning boshlanishi va kelib chiqishiga sabab boʻlgan omillar haqida toʻxtalganda quyidagilarga eʼtibor qilish lozim:
birinchidan, giyohvand moddalarga moyillik, unga oʻrganib qolishlikda shaxsning holatlari ahamiyatlikdir. Masalan, tajanglik, asabiy holatlari, oʻzini nazorat qila olmasligi, irodasizligi, oʻz talabini qondira olmaslik, baʼzi hayotiy qiyinchiliklarga bardosh bera olmaslik;
ikkinchidan, yosh avlodni kelgusidagi jismoniy va maʼnaviy shakllanishi, asosan oiladagi muhit, ota-onasining kimligi, oilada qanday oʻrin egallashiga, er-xotinning oʻzaro muomalasiga, farzandining har tomonlama shakllanishida ular olib borayotgan tarbiyaviy ishlarga bogʻliq.
Uchinchidan: hayot shuni koʻrsatadiki, yosh avlodning kamol topishida, maʼlum bir foydali yaxshi yoki yomon yoʻlga kirishida atrof tevarakdagi oʻrtoqlari, oshna-ogʻaynilari, ayniqsa, oʻsha muhitdagi oʻrtoqlarining taʼsiri kattadir.
Shuning uchun oilada, yoshlarning tarbiyasida hamma vaqt ularni qayerda va kimlar bilan birgalikda boʻlishlari, nima ish bilan mashgʻul ekanlari, qanday oʻrtoqlari borligini nazorat qilish juda muhimdir.
Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin boʻlgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan boʻlib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yoʻq qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.
Giyohvand moddalari shariat koʻzda tutgan besh zaruratga bir vaqtni oʻzida birdek zarar keltiradi. U odamni dindan chiqaradi, nafsiga (joniga) zavol boʻladi, molini behudaga sovuradi, aqlini zaiflashtiradi va naslini yoʻq qiladi.
Alloma Ibn Hojar Makkiyning “Fatovoi Kabir” kitobida, “Giyohvand moddalarni isteʼmol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini oʻtmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yoʻqotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan toʻsadi, sharm-u hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”. “Shuningdek, bu zararli illat insonni oʻta yalqov, kamgʻayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qoʻyadi, koʻzni xiralashtiradi, tishlarni toʻkib yuboradi”.
GIYOHVANDLIKNING KOʻRINISHLARI
Giyohvandlikdagi abstinensiyaning har bir turida oʻziga xos xususiyatlariga ega boʻladi. Bu xususiyatlar asosida ular differensial tashxis qilinadi. Odatda bu juda ogʻir azob beruvchi ruhiy va jismoniy oʻzgarishlardir. Giyohvandlikning boshlangʻich bosqichlarida shaxsning oʻzgarishlari kuzatiladi. Giyohvandlik va toksikomaniyani quyidagi turlari maʼlum: Nasha giyohvandligi Opiy giyohvandligi (koʻknor, morfinizm, geroinizm): opiy, promedol, kodein. Kokain giyohvandligi Barbituromaniya (fenobarbital (amital), nembutal, xloralgidrat, barbital natriy). Amfetamin isteʼmol qiluvchi giyohvandligi: fenamin, fenatin, efedrin. Gallyutsinogenlar giyohvandligi: LSD Efedron giyohvandligi. Polinarkomaniya. Psixofarmakologik moddalarni isteʼmol etish bilan oʻtadigan toksikomaniya (trankvilizatorlar, antidepressantlar, neyroleptiklar) Psixostimulyatorlar toksikomaniyasi (sentidrin, kofein). Siklodol toksikomaniyasi (parkopan, artan, romparkin). Uchuvchan organik moddalar toksikomaniyasi (benzin, boʻyoq va lak erituvchilari). Nikotinomaniya (tamaki, nos) Opiy (afyun) giyohvandligi. Afyunmandlik-afyun va uning birikmalari (morfin, promedol, geroin, opiy, kodein, kodterpin va boshqalar) teri ostiga, tomirga, ichish yoki chekish paytida havo orqali organizmga yuboriladi.
Afyunni bir marta qabul qilgan kishida koʻtarinki kayfiyat, rohatbaxsh “tinchlik” sezgisi, ijobiy mazmunga ega boʻlgan oʻzgaruvchan tasavvur va tushsimon xayollarning paydo boʻlishi kuzatiladi. Fikrlash, soʻzlash va baʼzida harakatlar tezlashadi. Tashqi taʼsirotning kuchi susayadi yoki yoʻqoladi. Narkotik moddalarning doimiy qabul qilish, yuqorida koʻrsatilgan koʻtarinki kayfiyat holati afyunga xirs qoʻyishga, tez orada ruhiy va jismoniy qaramlikka olib keladi.
Opiyning kimyoviy xosilasi – geroin boʻlib, geroinli giyohvandlikka kishilar 1-2 marotaba ineksiya qilganlaridayoq oʻrganib, unga tobe boʻlib qoladilar. Ineksiyadan soʻng tanaga yoqimli issiqlik yuguradi, qoʻl va oyoqlar ogʻirlashadi, boʻshashish paydo boʻlib, 2-3 daqiqalik tinchlik paydo boʻladi. Kayfiyat koʻtarilib, juda yoqimli uyquga sabab boʻladi. Bu holat 8 soat davom etadi. Giyohvand geroinni tez-tez qabul qila boshlaydi. Organizmni surunkali zaharlay boshlaydi. Giyohvand terisining rangi qoramtir yersimon boʻladi. 1-oy davomida ruhiy qaramlik shakllanadi. Eyforiya holati 4 soatga qisqaradi, tolerantlik ortib boradi va 1,5–2 oy mobaynida jismoniy qaramlik rivojlanadi. Afyunmandlik kasalligining kechishida afyunga chidamlilikning oshishi, uni isteʼmol qilishni birdaniga toʻxtatib qoʻyishganda xumorning paydo boʻlishi asosiy oʻrinni egallaydi. Xumor holati 15–20 soatdan soʻng bemorning tez-tez esnashi, yoʻtal paydo boʻlishi, koʻzi yoshlanishi, yurak urishi va nafas olishning tezlashib ketishi, titroqning paydo, badan uvishishi, koʻz qorachigʻini kengayib ketishi, oyoq-qoʻl mushaklarining tortishishi, ich surishi bilan tavsiflanadi. Bemor xumor tutgan paytda juda tajang, qoʻzgʻaluvchan, jahldor boʻlib afyunga cheksiz moyillik sezadi va bu borada qonun buzarlikka ham qo‘l urishi mumkin. Kasallik oqibatida 2–4 kundan keyin bemorlarning ahvoli asta-sekin ogʻirlashadi, uning umumiy qoʻpollashuvi, dunyoqarashining torayishi kuzatiladi. Bundan tashqari, bemor ichki aʼzolarining faoliyati ham buziladi. Afyunmand kishining tashqi koʻrinishi ham oʻziga xos boʻlib, teri qavatining nihoyatda qurib ketishi va qorayib, yersimon rangga kirishi. Yuzlarida paydo boʻlishi. Badan terisining qorayib ketishi, ko‘z qorachigʻining torayib ketishi, vegetativ buzilishlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi. Opiyning hosilasi morfin hisoblanib, u ogʻriqsizlantirishda ishlatiladi. Morfin, promedol yoki geroin teri ostiga va tomirga yuboriladi, opiy ichiladi va tomirga yuboriladi yoki chekish paytida havo orqali kiradi. Bemorlarda fikrlash, soʻzlash tezlashadi. Xayol surish, rohatlanish, vaqtixushlik koʻrinishidagi kayfiyatning koʻtarilishi yuz beradi. Baʼzida harakatlari tezlashuvi mumkin. Lekin bu holatning maʼlum maqsadi boʻlmaydi. Narkotik moddalarning kerakli miqdorini olish uchun qilingan yoʻnalish bundan istisno. Moddalarni doimiy isteʼmol qilish tez orada ruhiy va jismoniy qaramlikka olib keladi. Narkotik isteʼmol qilish barcha istaklardan ustun turadi. Morfinga boʻlgan tolerantlik juda tez hosil boʻladi, bir necha haftadayoq birinchi miqdordan ancha koʻproq modda isteʼmol qilishga oʻrganib qolinadi. Bemorlarda morfin kabi opiy hosilalarini surunkali isteʼmol qilish natijasida oʻz ishiga, atrofdagilarga qiziqish yoʻqoladi, qiziqish doirasi keskin torayadi. Bemorlar koʻpol, xudbin boʻlib qoladilar. Ularning xulqi asotsial boʻlib qoladi. Bemorlar barcha ishga qodir boʻlib qoladilar, hatto narkotik moddalar topish harakatida hech narsadan qaytmaydilar. Abstinent sindrom – avvaliga kuchsizlanish, koʻz yoshlanishi, qorachiqning torayishi va titrash bilan tavsiflanadi. Maʼlum vaqtdan soʻng (15–20 soat) titrash, qorachiqning kengayishi kuzatiladi. Bemorda tumov, aksirish, yoʻtalish, koʻz yoshlanishi va terlash kuzatiladi. Ichak harakati tezlashadi. Opiy giyohvandligidagi abstinensiyaning ruhiy qoʻrinishi bezovtalanish, kuchli tarqoq ogʻriq, yurak urishi va nafas olish tezlashuvi, arterial bosim koʻtarilishi bilan tavsiflanadi. Keyinroq (2–3 kundan keyin) koʻrsatilgan alomatlar kuchayib, ularga mushak ogʻriqlari, kuchli uyqusizlik qoʻshiladi. Bemor tanasida, asosan boʻgʻimlarida, belda, qorinning pastki qismida kuchli ogʻrik sezadi. Bu simptomlar 3-4 kundan soʻng juda kuchayadi. Bemorning ahvoli ogʻirlashadi, ishtahasi yoʻqoladi, qayt qilishi, ich ketishi kuzatiladi. 4-5 kunlardan soʻng bu alomatlar yoʻqoladi. Lekin 1-2 oy ichida baʼzi-baʼzida boʻgʻimlardagi ogʻriqlar, uyqusizlik bezovta qilib turadi. Nasha moddalar giyohvandligi. Narkotik moddalarning ushbu guruhiga nashaning turli navlaridan olinadigan sakichsimon moddalar- marixuana, anasha, bang, xusus, xaras kiritiladi. Nasha tarkibidagi aromatik aldegid kannabinol boshlangʻich taʼsir kuchiga egadir. Nasha chaynab, chekib, ichimlik shaklida qabul qilinadi. Nasha chekilganda eyforiya, borliqni rangbarang qabul qilish, fikrlashning tezlashishi, xirsiy xususiyatlarning kuchayishi paydo boʻladi. Bundan tashqari, psixosensor oʻzgarishlar, illyuziyalar (kichik ariq xuddi katta daryoga oʻxshab, sekin ovozlar gumbirlashdek, shovqindek tuyulishi), depersonalizatsiyalar (oʻz tana aʼzolarini inkor etish) uchraydi. Mastlikning kechki davrlarida fikrlashning bogʻlanmaganligi, bachkanalik, kulgili holatlar, tashnalik, loqaydlik bilan tugaydi. Nashaga oʻrganib qolish sekin rivojlanadi. Xumorlik holati yumshoqroq boʻlib, somatovegetativ oʻzgarishlar va bexollik, depressiya, disforiya, isteriya holatlari bilan namoyon boʻladi. Nasha xaddan tashqari koʻp qabul qilinganda psixozlar (hushning namoshshomsimon, delirioz buzilishi, epilepsiyaga oʻxshagan tutqanoqlar, behushlik) paydo boʻladi. Bemorlarda oʻtkir psixozlar – deliriy, namoshshomsimon ong buzilishi, qoʻrqinch, bezovtalik bilan kechadigan va choʻzilgan endoform psixozlar uchraydi. Nasha giyohvandligidagi shaxs oʻzgarishi psixopatsimon holatlar, maishiy buziklik va aql idrokning kamayishi shaklida kuzatiladi. Nasha – kanopning turli navlaridan olingan modda. Uni chekish yoki ichish yoʻqi bilan isteʼmol qilinadi. Kanopning ruhiy faol xossaga ega boʻlishi undagi kannobinoidlarga bogʻliq Nasha bilan oʻtkir zaharlanishning klinik koʻrinishi – hushdan ketish koʻrinishidagi ongning oʻzgarishi, telbanoma hulqli, besabab kuluvchi, assotsiatsiyaning tezlashuvi va shu kabi belgilardir. Kanop moddalarini doimiy isteʼmol qilishdan kamgaplik kamquvvatlik va shaxsning inqirozga uchrashi kuchayadi, shaxs oʻz xususiyatlarini yoʻqotadi. Bemor terisining qizarishi yoki rangparlik, shox pardaning qonga toʻlishi, terlash, soʻlak oqish kuzatiladi. Nasha bilan surunkali zaharlanishning sunggi bosqichi koʻrinishi shizofreniyaga oʻxshash boʻladi. Kokain giyohvandligi. Kokain-Janubiy Amerikada oʻsadigan koka nomli oʻsimlik bargidan tayyorlanib, alkaloidlar turkumidagi modda hisoblanadi. Bangilar kokainni isteʼmol qilganlarida, ularda fikrlash qobiliyatining kuchayishi, sergaplik, harakatchanlik bilan oʻtadigan eyforiya holati kuzatiladi. Oqibatda ularda darmonsizlik, jahldorlik, mushaklar boʻshashuvi va titroq holatlari aniqlanadi. Kasallikning birinchi yillaridayok bemorlarda qoʻrslik, oʻzbilarmonlik, maydagaplik, jahldorlik, oʻziga qaramaslik holatlari bilan kechadigan chuqur shaxs oʻzgarishlari rivojlanadi. Agar kokain surunkasiga isteʼmol qilinsa, psixozlar kelib chiqadi. Barbituromaniya. Barbituromaniya (uxlatadigan moddalar isteʼmoli giyogʻvandligi). Koʻpincha alkogolizm, afyun giyohvandligida uchragan bemorlarda yoki koʻp vaqt uyqusizlikdan qiynalayotgan kishilarda uchraydi. Oxirgi koʻrsatilgan holatdagi shaxslarda barbituratlarning uyqu keltiruvchi miqdori koʻpayib boradi, bu esa eyforiya holatiga olib keladi. Ana shu eyforiya holati bemorlarni barbituratlarga oʻrgatib qoʻyadi. Kasallikning rivojlanishi boshqa 10 narkomaniyalardagi kabi xumor holatlari ogʻir kechib, kuchli asteniya, uyqusizlik, xavotirlanish mushaklar uchishi, ich ketish holatlari bilan ifodalanadi. Xumorning 4-5 kunlarida bemorlarda tutqanoqlar, psixozlar (deliriy, gallyutsinoz) kuzatilishi mumkin. Kasallikning rivojlanishi boshqa narkomaniyalardagi kabi barbituratlar uzoq vaqt isteʼmol etilganda bemorlarda surunkali eyforiya, jahldorlik, disforiya, parishonxotirlik, 4-5 yildan soʻng organik demensiya, xotira va aql-idrokning susayishi bilan nevrologik oʻzgarishlar (talaffuz buzilishi, titroq, muvozanat yoʻqolishi) kuzatiladi. Psixostimulyatorlar giyohvandligi (amfetaminlar – fenamin, fenatin, efedrin). Bu moddalar qabul qilganda kuchga toʻlish, joʻshqinlanish, harakatlar kuchayishi bilan oʻtadigan eyforiya paydo boʻladi. Xumor uzoq uyqusizlik, oʻz-oʻzini ayblash bilan oʻtadigan depressiya holati, suiqasd qilish kabi oʻzgarishlar bilan ifodalanadi. Koʻpincha hushning buzilishi, qoʻzgʻaluvchanlik bilan oʻtadigan psixozlar, baʼzan esa taʼqib va munosabat vasvasalari, eshitish, koʻrish va sezish gallyutsinatsiyalari kabi oʻzgarishlar kuzatiladi. Gallyutsinogenlar giyohvandligi (LSD va boshqalar). Bu moddalarga tez oʻrganib qoladi. Bemorlarda depressiya yoki maniakal holat, deliriy, gallyutsinator-vasvasali va depersonalizatsiya holatlari kuzatiladi. Toksikomaniyalarning klinik koʻrinishi. Toksikomaniya-narkotik moddalar roʻyxatiga kirmagan tabiiy va sunʼiy zaharlovchi moddalarni isteʼmol qilish natijasida yuz beradigan vaqtinchalik yoki surunkali zaharlanish holati. Toksikomaniyani keltirib chiqaruvchi moddalarning asosiysi psixotrop moddalardir. Trankvilizatorlar, parkinsonizmda qoʻllaniladigan moddalar, antidepressantlar, ruhiy holatni tetiklashtiruvchi dorilar (sentedrin, kofein), korxonalarda va sanoatda ishlatiladigan kimyoviy moddalarni hidlash natijasida toksikomaniyaning oʻtkir va surunkali zaharlanish belgilari namoyon boʻladi. Toksikomaniyaning oʻtkir zaharlanishda 4 ta bosqich farqlanadi: eyforiya, ongning o‘zgarishi, gallyutsinatsiyalar, holatdan chiqish bosqichlari. Surunkali zaharlanishda psixoorganik sindrom belgilari namoyon boʻladi. Toksikomaniyalarda ham xuddi narkomaniyalardagi singari shu moddalarga moyillik va chidamlilikning oshishi, xumor holatining paydo boʻlishi kuzatiladi. Psixofarmakologik moddalarni isteʼmol etish bilan oʻtadigan toksikomaniyalar. Bemorlar oʻz holatlarini yaxshilovchi har qanday psixofarmakologik moddalarga oʻrganib qolishlari mumkin. Bu holat koʻpincha psixotrop (trankvilizatorlar, antidepressantlar) moddalar bilan uzoq davolashda yoki psixopatik shaxslarda, nevrozlarda, ipoxondrik holatdagi bemorlarda kuzatiladi. Hozirgi vaqtgacha psixofarmakologik moddalarga moyillik belgilari haqida umumiy fikrlar yoʻq. Lekin koʻpgina tajribalar shuni koʻrsatadiki, neyroleptiklarga jismoniy moyillik rivojlanganda bosh ogʻrishi, behushlik holatlari, yurak urishi tezlashishi, titroq bosishi, tutqanoqlar, psixoz holatlari kuzatiladi. Koʻpincha benzodiazepam turkumidagi psixotrop moddalarga (xlordiazepoksid, diazepam, nozepam, nitrozepam, lorazepam, tazepam) ham moyillik boʻlishi mumkin. Shu moddalar uzoq vaqt isteʼmol etilganda ularga chidamlilik oshadi, xumor (qoʻrquv, uyqusizlik, bezovtalik, koʻp terlash, titroq) holatlari paydo boʻladi, bu esa jismoniy moyillik, vegetativ oʻzgarishlar paydo boʻlishiga olib keladi. Psixofarmakologik moddalarni surunkali isteʼmol etishda toksikomaniyalarga xos shaxs oʻzgarishlari asta-sekin rivojlanib boradi. Bu shaxs oʻzgarishlari befarqlik, mujmallik, oʻzini tuta bilmaslik, jahldorlik, kayfiyatning oʻzgaruvchanligi, qiziqishlari faqat davolashga qaratilganligi bilan kuzatiladi. Psixostimulyatorlar toksikomaniyalari. Bu toksikomaniyalar narkotik moddalar roʻyxatiga kiritilmagan miya faoliyatini tetiklashtiruvchi moddalar (sentidrin, kofein, atsifin, sidnokarb, sidnofen va boshqalar) suiisteʼmol qilganda vujudga keladi. Bu moddalar qabul qilganda tetiklashish, kuchga toʻlish, yengillanish kabi holatlar paydo boʻladi. Bu holat oz vaqtdan soʻng boʻshashishlik, tushkunlik, bosh ogʻrigʻi, badan qaqshashi bilan tugallanadi. Bemorlar ana shu moddalarni takror qabul qilishga majbur boʻladilar, bu esa toksikomaniyaga olib keladi. Tetiklashtiruvchi moddalarga oʻrganib qolish, koʻpincha psixopatik (oʻz-oʻziga ishonmagan, ikkilanuvchi, koʻpincha uyquchanlikka, tez charchashga berilgan) shaxslarda uchraydi. Bemorlar bu moddalarni isteʼmol qilishni birdan toʻxtatganda ong buzilishi (deliriy) va qoʻzgʻalish holatlari paydo boʻlishi, bundan tashqari, vasvasaviy, gallyutsinator-vasvasaviy psixozlar, koʻrish, eshitish, sezish gallyutsinatsiyalar boʻlib, gipomaniya, ekstaz holatlari kuzatilishi mumkin. Siklodol toksikomaniyasi. Parkinsonizmga qarshi ishlatiladigan dori-darmonlar (siklodol, artan, romparkin, parkopan) oz-ozdan emas, 2-4-marta koʻprok dozada qabul qilinganda eyforiya mastlik yoki gallyutsinatsiyalarga sabab boʻlishi kabi holatlar yuzaga keladi. Bu moddalar isteʼmoli miqdori oshib ketganda qoʻrqinchli aniq koʻrish gallyutsinatsiyalari (oʻrgimchaklar, mayda hayvonlar, qoʻngʻizlar) bilan kechadigan deliriy yoki ovoz eshitish gallyutsinatsiyalari kuzatiladi. Bundan tashqari, oʻtkir sezish, taʼqib, munosabat, taʼsir etish vasvasalari qoʻzgʻaluvchanlik bilan oʻtadigan psixozlar kelib chiqishi mumkin. Oradan 1-1,5 yil oʻtgach kasallikning surunkali davri boshlanadi. Chidamlilik 30–40 tabletkaga yetadi. Xumor holati qoʻl va tana titrashi, mushaklarda ogʻriq, tortishish, boʻgʻimlarda va umurtqa pogʻonasida ogʻriq paydo boʻlishi, yurak urishining buzilishi, xavfsirash, qoʻrqish kuzatiladi. Kasallikning kechki davrida ruhiy va jismoniy moyillik ogʻirlashib, organik turdagi aql pasayishi kuzatiladi. Uchuvchan organik moddalar toksikomaniyasi. Bu turkumdagi moddalar benzin, boʻyoq va lak erituvchilari, dogʻ ketkizuvchi moddalar, kimyoviy yelimlar hisoblanadi. Ular asosan ogʻiz, burun orqali hidlash yoʻli bilan nafasga olinadi. Oʻtkir zaharlanishda (mastlikda) eyforiya holati paydo boʻlib, u rang-barang, sahnasimon, fantastik mazmunli gallyutsinatsiyalar bilan ifodalanadi. Bemorlarda shaxs xususiyatlarining oʻzgarishi, notoʻgʻri xatti-harakatlar paydo boʻla boshlaydi. Ular bu moddalarni 2-3 kun isteʼmol etmasalar, yurak urishi, qon bosimi buziladi, qoʻl titrashi, tana shishi paydo boʻladi, bezovtalik, tashvishlanish, 5-7 kunga borib depressiya, apatiya, boʻshashish, asteniya uchraydi. Kasallik rivojlanganda bemorlarda shaxs oʻzgarishlari koʻrina boshlaydi. Ular affektiv oʻzgaruvchanlik, disforiyalar, gʻazablanish, bagʻritoshlik, xujumkorlik, aql-idrokning chuqur oʻzgarishlari kuzatiladi. Bemorlar tez orada ishga yaroqsiz boʻlib qoladilar, qonunbuzarliklar qiladilar.
GIYOHVANDLIK VOSITALARI YOKI PSIXOTROP MODDALAR BILAN QONUNGA XILOF RAVISHDA MUOMALA QILGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK MASALALARI
Giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlamay, oz miqdorda, gʻayriqonuniy tarzda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan (OʻzR MJtK 56-modda). Oʻzbekiston Respublikasi JKda tarkibida giyohvandlik vositalari boʻlgan ekinlarni ekish yoki yetishtirish (270-modda), qonunga xilof ravishda egallash (271-modda), oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlash, olish, saqlash, tashish, joʻnatish (273-modda), giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga jalb etish (274-modda), ularni ishlab chiqarish yoki foydalanish qoidalarini buzish (275-modda), oʻtkazish maqsadini koʻzlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar (276-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Giyohvandlik vositasi boʻlgan oʻsimliklarni ekish” deyilganda ularning urugʻini maxsus tayyorlangan yerga sepish yoki koʻchatini oʻtqazish tushuniladi va shu harakatlarning oʻzi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga asos boʻladi. “Giyohvandlik vositasi boʻlgan oʻsimliklarni yetishtirish”, deyilganda har qanday yerda ekilgan yoki oʻzi unib chiqib, oʻsib yotgan shunday oʻsimliklarni parvarish qilish (sugʻorish, chopish, oʻgʻit berish va h. k.) tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimliklarni yetishtirish davlat monopoliyasi hisoblanadi (6-modda) va bunga ruxsat maxsus vakolatli organ belgilagan tartibda, davlat korxonalariga ilmiy maqsadlarda mazkur faoliyat turi uchun litsenziyasi boʻlgan taqdirda beriladi.
Agar taqiqlangan ekinlarni ekish yoki yetishtirish maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga binoan amalga oshirilayotgan boʻlsa, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish uchun jinoiy javobgarlik istisno etiladi. Mazkur faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziyani Ichki ishlar vazirligi beradi. Bunda litsenziatga faoliyatni litsenziya talablari va shartlariga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshirish majburiyati yuklanadi (“Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasi).
“Giyohvandlik vositalarini konunga xilof ravishda egallash”, deyilganda ularni oʻgʻrilik, firibgarlik, oʻzlashtirish, talonchilik, mansabni suiisteʼmol etish, tovlamachilik, bosqinchilik kabi yoʻllar bilan egallash tushuniladi.
Qonunga xilof ravishda egallash jinoyatning koʻrsatilgan predmetlarini qasddan gʻayriqonuniy ravishda qoʻlga kiritish yoki ularni shaxsiy isteʼmol yoki oʻzgacha tarzda gʻayriqonuniy foydalanish maqsadida olib qoʻyishdir.
Jinoyat JK 271-moddasi boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi uchun giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar aynan kimga – davlat yoki xususiy korxonalar, muassasalar, tashkilotlar yoki ularga qonuniy yoki qonunga xilof ravishda egalik qiluvchi ayrim fuqarolarga qarashli boʻlgani ahamiyatga ega emas.
Tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimliklarni yoki bunday oʻsimliklarning qismlari (koʻknor chanogʻi va poyasi, nasha oʻsimligi poyasi va h.k.)ni qishloq xoʻjalik korxonalarining dalalarida yoki fuqarolarning yer maydonlarida ekinlarning haqiqiy egasi roziligisiz terish, bunday oʻsimliklar qonunga xilof ravishda yetishtirilgan boʻlsa ham, gʻayriqonuniy egalik qilish deb tushunilishi lozim.
Giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlagan, olgan, saqlagan, tashigan shaxs, agar shunday harakatni birinchi marta sodir etgan boʻlsa va ular miqdori koʻp boʻlmasa, oʻz ixtiyori bilan aybini boʻyniga olib kelib, giyohvandlik vositalarini topshirsa, jazodan ozod qilinadi (273-modda). Giyohvandlik vositalarining qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻygan yuridik shaxs sudning qaroriga binoan tugatilishi mumkin.
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari psixotrop moddalar oʻtkazish maqsadini koʻzlamay oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish uchun aybdorlar barcha hollarda maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar. Agar mazkur harakatlar oʻtkazish maqsadini koʻzlab sodir etilsa, qilmish Oʻzbekiston Respublikasi JK 273-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi JK 273-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish deganda, ularni turlicha usulda haq evaziga yoki tekinga (sotish, hadya etish, almashtirish, qarzi evaziga yoki qarz sifatida va h.k.) boshqa shaxsga berish tushunilishi lozim. Bunda vositalar, moddalar, oʻsimliklar shaxs tomonidan bevosita yoki boshqa (masalan, ular saqlanadigan joy haqida xabar berish, shartlashilgan joyga qoʻyib ketish) usulda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunga muvofiq giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxs, agar topshirilgan vosita yoki modda ozginadan koʻproq miqdorni (Oʻzbekiston Respublikasi JK 273-moddasining oltinchi qismi) yoki koʻp miqdorni (Oʻzbekiston Respublikasi JK 276-moddasining uchinchi qismi) tashkil etmasa, sud tomonidan jazodan ozod qilinadi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni har qanday shaklda isteʼmol qilishga jalb etish (undash) JK 274-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Undash, yaʼni subyektning oʻzga shaxsda koʻrsatilgan vositalar yoki moddalarni isteʼmol qilish maylini uygʻotishga qaratilgan har qanday qasddan qilingan harakatlar (undash, taklif qilish, maslahat berish va kabi harakatlar)da, shuningdek taʼsir oʻtkazilayotgan shaxsni giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qildirish maqsadida aldash, ruhiy yoki jismoniy zoʻrlik ishlatish, ozodligini cheklash va boshqalarda aks etadi.
XOLIKOV FARXOD UKTAMOVICH
GIYOHVANDLIK –
ASR VABOSI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 143-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
-
religions.uz/uz/news/detail?id=170 ↑