KIRISH

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR ORGANLARINING ASOSIY YO‘NALISHLARI

  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash;
  • tergovga qadar tekshiruvni, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv hamda dastlabki tergovni oʻtkazish;
  • jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish, shu jumladan terrorchilik harakatlariga chek qoʻyishda hamda garovga olinganlarni ozod qilishda ishtirok etish yoʻli bilan kurashish, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash;
  • ehtiyot choralarini, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini ijro etish, shuningdek shaxslarni qidirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
  • maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, maʼmuriy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etish;
  • yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash;
  • pasport tizimi talablarining bajarilishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish va unga kirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, doimiy va vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalarni berishga hamda rasmiylashtirishga doir ishlarni, pasport tizimiga va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishni amalga oshirish;
  • sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallarning, shuningdek pirotexnika buyumlarining, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning va ular prekursorlarining muomalada boʻlishi sohasida nazorat qilish;
  • ekspert-kriminalistika faoliyatini amalga oshirish;
  • davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan obyektlarni va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash;
  • litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shuningdek litsenziya va ruxsat etishga oid talablarga hamda shartlarga rioya etilishini nazorat qilish.

ICHKI ISHLAR ORGANLARINING

ASOSIY PRINSPLARI

Ichki Ishlar Vazirligining faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonun (2016-yil 16-sentabr) bilan tartibga solinadi.

Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilar hisoblanadi:

qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.

  1. Qonuniylik prinsipi – Ichki ishlar organlari xodimlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.

Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga koʻra yuz berganidan qatʼi nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

Ichki ishlar organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻidagi oʻzining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlarini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq boʻlmagan boshqa biror-bir holatni roʻkach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir gʻayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, koʻndirish, undash taqiqlanadi.

  1. Yagonalik prinsipi – Ichki ishlar organlari huquqni muhofaza qiluvchi organlardir va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan yagona tizimdan iborat.
  2. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsipi – Ichki ishlar organlari oʻz faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish asosida amalga oshiradi va himoya qilinishini taʼminlaydi.

Qiynoqlarga solish, zoʻravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada boʻlish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan ogʻriq, jismoniy yoki maʼnaviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qoʻyishi shart.

Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat qilish tartibi qonun bilan tartibga solinadi. Jumladan, oʻz lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi, shundan soʻng murojaat qilishining sababi va maqsadini maʼlum qilishi; fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qoʻllanilgan taqdirda, bunday choralar qoʻllanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

4. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi deganda, ichki ishlar organlari oʻz faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi tushuniladi.

Ichki ishlar organlarining tizimi quyidagi iyerarxiyadan tashkil topgan: Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari), transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmalari (boʻlimlari), jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlarining oʻta muhim va toifalangan obyektlardagi boʻlinmalari, shaharcha ichki ishlar boʻlinmalari va ichki ishlar organlarining tayanch punktlari, shuningdek taʼlim va tibbiyot muassasalari, ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa boʻlinmalar va tashkilotlardan iboratdir.

Shuningdek, bu tizimga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqlar va imtiyozlardan foydalanadigan qorovul qoʻshinlari hamda xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlar ham kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, qonun hujjatlariga muvofiq ayrim masalalar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axborotni yiliga ikki marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etadi.

Ichki ishlar xodimlarini tayinlash masalasi: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻz maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi.

– Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;

– Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan;

Viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan;

Tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

ICHKI ISHLAR ORGANLARINING VAZIFALARI VA HUQUQLARI

Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat.

Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:

  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash;
  • tergovga qadar tekshiruvni, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv hamda dastlabki tergovni oʻtkazish;
  • jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish, shu jumladan terrorchilik harakatlariga chek qoʻyishda hamda garovga olinganlarni ozod qilishda ishtirok etish yoʻli bilan kurashish, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash;
  • ehtiyot choralarini, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini ijro etish, shuningdek shaxslarni qidirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
  • maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, maʼmuriy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etish;
  • yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash;
  • pasport tizimi talablarining bajarilishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish va unga kirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, doimiy va vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalarni berishga hamda rasmiylashtirishga doir ishlarni, pasport tizimiga va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishni amalga oshirish;
  • sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallarning, shuningdek pirotexnika buyumlarining, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning va ular prekursorlarining muomalada boʻlishi sohasida nazorat qilish;
  • ekspert-kriminalistika faoliyatini amalga oshirish;
  • davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan obyektlarni va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash;
  • litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shuningdek litsenziya va ruxsat etishga oid talablarga hamda shartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
  • harbiy-safarbarlik ishlarini va fuqaro muhofazasi tadbirlarini amalga oshirish;
  • qonun ijodkorligi faoliyatida hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir ishlarda ishtirok etish.

Ichki ishlar organlarining huquqlari va majburiyatlari Qonunning 16- va 17-moddalarida ifodalangan. Ularning ayrim huquq­lariga toʻxtalib oʻtiladi:

  • fuqarolardan qonun hujjatlariga rioya etishni, gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qoʻllash;
  • fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshirish, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, agar tergovga qadar va tergov harakatlarini, tezkor-qidiruv va qidiruv tadbirlarini oʻtkazish, jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik, hodisa holatlarini hujjatlashtirish yoki jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik izlarini, hodisa holatlarini saqlab qolish uchun zarur boʻlsa, fuqarolardan jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishni talab qilish;
  • sodir etilayotgan jinoyatlarga chek qoʻyish, shuningdek ularni sodir etayotgan shaxslarni taʼqib qilish hamda ushlash uchun, agar buning kechiktirilishi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jamiyat va davlat xavfsizligini tahdid ostiga qoʻyishi mumkin boʻlsa, tashkilotlar va fuqarolarning hududiga, turar joylariga va boshqa binolariga, yer uchastkalariga, transport vositalariga sutkaning istalgan vaqtida toʻsqinliksiz kirish (oshib tushish);
  • fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda boʻlgan shaxslarni aniqlash hamda ushlash maqsadida fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarda va boshqa binolarda, ularga qarashli yer uchastkalarida fuqarolarning roziligi bilan, tashkilotlar joylashgan hududda va binolarda ularning maʼmuriyati ruxsati bilan yoki mulkdorning roziligi bilan boʻlish;
  • jinoyat ishlarini tergov qilish va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish, jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar haqidagi arizalar hamda xabarlarni koʻrib chiqish doirasida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kirish, zarur hujjatlar va materiallar bilan tanishish, shuningdek davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan hamda fuqarolardan maʼlumotlarni va boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni soʻrash va olish;
  • terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilayotgan zonada jismoniy shaxslarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, ulardagi ashyolarni, transport vositalarini hamda olib oʻtilayotgan yuklarni koʻrikdan oʻtkazishni, shu jumladan nazorat qilishning texnik va boshqa vositalarini qoʻllagan holda koʻrikdan oʻtkazishni amalga oshirish va h.k.

Ichki ishlar organi xodimi oʻziga biriktirilgan oʻqotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni qoʻllash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega boʻladi.

Ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun koʻchada har kimni toʻxtatishi mumkin. Bu vaziyatdan tezroq va iloji boricha talafotlarsiz chiqib ketish yoʻllari bor.

Eng avvalo, sizni nega toʻxtatishlari mumkin?

Bugungi kunda tez-tez uchraydigan holat: ichki ishlar xodimi koʻcha yoki metroda hujjatlaringizni tekshirish uchun sizni toʻxtatdi. Masalan, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq xodim sizni qidiruvdagi shaxs deb gumon qilsa, toʻxtatib hujjatlaringizni tekshirish huquqiga ega.

Agar yoningizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, huquq-tartibot organi xodimi shaxsingizni aniqlash maqsadida 3 soatgacha ushlab turish huquqiga ega. Hujjatlaringiz borasida muammo boʻlmasa, sizni darhol qoʻyib yuborishi shart. Biroq ichki ishlar xodimi sizni uzoqroq ushlab turish uchun har doim sabab topishi mumkin – masalan, u pasportingiz soxta ekanligiga shubha bildirishi mumkin. Shunda sizni tuman ichki ishlar boʻlimi yoki tayanch punktiga olib ketishadi. Ichki ishlar xodimi hujjatlaringizni tekshirish uchun yuzlab sabab topishi mumkin. Agar sizning pasportingiz yoki shaxsingiz xodimga yoqmasa, unda ichki ishlar boʻlimiga borishga majbur boʻlasiz.

Koʻchada ichki ishlar xodimi toʻxtatganda oʻzingizni qanday tutishingiz kerak?

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq ichki ishlar xodimi, eng avvalo, unvoni, lavozimi, ism-familiyasini aytib, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini taqdim etishi shart, shundan soʻng toʻxtatish sababi va murojaat maqsadini aytadi.

Agar sizni patrul-post xizmati xodimi toʻxtatsa, u xizmat nishoniga ega boʻlishi va xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart, siz esa uni suratga olish yoki maʼlumotlarni yozib olish huquqiga egasiz.

Agar ichki ishlar xodimi oʻzini tanishtirish va guvohnomasini koʻrsatishdan bosh tortsa, 102 raqamiga qoʻngʻiroq qiling va “nomaʼlum shaxs mening hujjatlarimni tekshirishga urinayapti” deb xabar bering.

Pasportingizni ichki ishlar xodimi qoʻliga bermang. Qonunga koʻra siz begona shaxslarga hujjatingizni berishingiz mumkin emas. Agar siz boshqa viloyatdan kelgan boʻlsangiz, yoningizda doimo poyezd (samolyot) chiptasi yoki vaqtincha roʻyxatga qoʻyilganlikni tasdiqlovchi hujjat boʻlishi kerak. Ichki ishlar xodimi oʻzini tanishtirishi shart. Agar bosh tortsa 102 raqamiga qoʻngʻiroq qiling. Hujjatingizni oʻzingizda saqlang va uni ichki ishlar xodimi qoʻliga bermang.

Sizni qoʻyib yuborishmadi. Nima qilish kerak?

Baqir-chaqir qilmang, asabiylashmang va hujjatingizni koʻrsatishdan bosh tortmang. Agar shunday qilsangiz, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 195-moddasiga koʻra sizni ichki ishlar xodimiga qarshilik koʻrsatishda ayblab 15 sutkaga qamashlari mumkin. Ichki ishlar xodimining hujjatni tekshirish va shaxsni koʻrikdan oʻtkazish huquqi “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida koʻrsatilgan. Agar siz ushbu qonundan xabardor ekanligingizni koʻrsatsangiz, huquq-tartibot xodimlari siz bilan ehtiyotkor munosabatda boʻlishadi yoki hujjatlaringizni tekshirmasliklari ham mumkin. Ichki ishlar xodimlari choʻntagingiz, sumka va telefoningizni ham koʻrikdan oʻtkazishni (tekshirishni) talab qilishlari mumkin. Siz rad etish huquqiga egasiz. Advokat bilan bogʻlaning. Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda boʻlgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin. Agar xodimlar bu koʻrik (tekshiruv) emas, balki tintuv ekanligini aytayotgan boʻlsa, ular tintuv uchun ajrimni koʻrsatishi va xolislarni keltirishlari shart. Tintuv surishtiruvchi yoki tergovchining qarori yoxud sudning ajrimiga koʻra oʻtkaziladi. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda bu harakatlar qayerda va kimnikida oʻtkazilishi zarurligi, qaysi narsa yoki hujjatlarning qidirib topilishi va olib qoʻyilishi lozimligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Navbatchi prokurorning yoki Bosh prokuraturaning ishonch telefoni raqamlari doimo yoningizda boʻlsin. Agar sizni toʻxtatgan organ xodimi qonunni buzayotganini payqasangiz prokurorga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin. Baʼzan qoʻngʻiroq qilayotganingizning oʻzi huquq-tartibot xodimlariga taʼsir koʻrsatishi va ular sizni qoʻyib yuborishi mumkin. Agar ichki ishlar xodimlari maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzsa, siz ushbu bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarni kiritish huquqiga egasiz. Bayonnoma tuzishdan avval sizga oʻz huquqlaringizni tushuntirib berishlari shart. Agar sizga tushuntirib berilmasa, siz hujjatga imzo qoʻyishdan bosh tortib, buning sabablarini bayon etishga haqlisiz. Sud siz tarafda boʻlishi mumkin. Eng muhimi, asabiylashmang, advokat kelguncha sukut saqlang va tintuv qilinishingizga yoʻl qoʻymang.

SHAXSNI USHLAB TURISH JARAYONI TOʻGʻRISIDA FUQAROLARNING BILISHI KERAK BOʻLGAN MAʼLUMOTLAR

Shaxsni maʼmuriy yoki jinoyatda gumon qilib ushlab turish jarayoni haqida nimalarni bilasiz? Ichki ishlar organlari qanday asosda va qancha muddat biror kishini ushlab turishi mumkin? Ushlab turilgan shaxs qanday huquqlarga ega? Unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi mumkinmi? “Gazeta.uz” kishi oʻz huquqlarini himoya qilishi uchun nimalarni bilishi kerakligi toʻgʻrisida qoʻllanmani taqdim etadi.

Shaxsni ushlash jarayoni qanday oʻtishi kerak? Ushlab turilgan shaxsning qanday huquqlari bor? Unga nisbatan jismoniy kuch qoʻllanilishi mumkinmi? Shaxs qancha muddatga ushlab turilishi mumkin? Oʻz haq-huquqlarini bilish ularning buzilishidan saqlanishga yordam beradi.

Dastlab, ushlab turish nima ekanligiga aniqlik kiritamiz. Ushlab turish maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishga barham berish maqsadida qoʻllaniladi. Shunga koʻra, ushlab turishning ikki turi mavjud: maʼmuriy ushlab turish va jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turish.

Bundan tashqari, IIO xodimlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan kishining shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga borishini soʻrashlari mumkin.

Shaxsni ushlab turish jarayonining qonuniy asoslari va huquqiy normalari toʻgʻrisida batafsilroq maʼlumot “Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish” va “Jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni ushlab turish” qonunchilikda toʻliq keltirilgan.

Avvalom bor ushlab turish jarayoni toʻgʻrisida nimalarni bilish lozim?

Oddiy odam uchun protsessual qonunchilikni tushunish haqiqatan ham qiyinligini tan oladi.

Istisnosiz barcha holatlarda birinchi qoida, bu — qonun talablariga rioya qilishdir. Qarshilik koʻrsatmaslik lozim, ammo shu bilan birga, masalani “norasmiy” yoʻl bilan yechish boʻyicha takliflar kabi ehtimoliy provokatsiyalarga tushib qolmaslik kerak.

Mansabdor shaxsdan hujjatlarni taqdim etishini soʻrang, ismini, familiyasini va lavozimini (hujjat raqami, nishoni) yozib oling yoki eslab qolishga harakat qiling. Odatda hujjatlar va nishonlarni suratga olishga ruxsat berilmaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri savol bilan aniqlik kiriting: sizni ushlashdimi va ushlab turish (toʻxtatish, murojaat qilish, tintuv qilish va h.k.) uchun qanday asoslar mavjud. Agar ushlab turish tasdiqlansa, huquqbuzarlik, ushlab turish, koʻzdan kechirish va h.k.lar haqida bayonnomalarni tuzish jarayonida advokatning ishtirokini talab qilish lozim.

Agar ushlab turish maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish uchun amalga oshirilayotgan boʻlsa, bayonnomani nima uchun joyida tuzishning iloji yoʻqligi sababiga oydinlik kiritishni soʻrash mumkin.

Amaliyot shuni koʻrsatadiki, ushlab turish yoki IIOga olib borish asoslarini muhokama qilish baʼzi hollarda foydasiz boʻlishi mumkin. Qonunda belgilangan ushlab turish muddati tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga chaqirtirilgan paytdan boshlab hisoblab chiqilishini inobatga olsak, bunday tortishuv asossiz kechiktirishga olib keladi. Yaxshisi qarindoshlaringizga xabar berishni iltimos qiling yoki ularga oʻzingiz qoʻngʻiroq qiling, qayerga olib borilayotganingizni ayting va advokat yollashni soʻrang.

Agar siz aniq bir qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan boʻlsangiz, sabr qiling va sukut saqlang, mansabdor shaxslarga tushuntirishlar bermang yoki advokatingiz kelguniga qadar hujjatlarni imzolamang. Siz oʻzingizga qarshi guvohlik berishga majbur emassiz.

Qonunda beriladigan koʻrsatmalarning hajmi va muddatida cheklovlar yoʻqligi bois siz barcha mavjud dalillardan foydalanib, vaziyatni batafsil tavsiflashingiz mumkin. Bundan tashqari, qonun sizning yaqinlaringiz yoki sizga hamroh boʻlgan boshqa odamlarning sizning foydangizga guvohlik berishini cheklamaydi. Shunday qilib, siz ularni guvohlik bayonnomasini toʻldirishga jalb qilishingiz mumkin.

Siz oʻz ona tilingizda guvohlik va tushuntirish berish huquqiga egasiz, shuningdek, tarjimonning yordamidan bepul foydalanishingiz mumkin (va hatto kerak boʻlsa, uni rad qilishingiz mumkin). Siz gapiradigan tilda barcha ogʻzaki va yozma guvohliklar berilishi, hujjatlar shu tilda rasmiylashtirilishi yoki tashqi manbadagi tarjimon tomonidan tarjima qilinishi lozim. Siz, shuningdek, lotin (yoki kirill) yozuvida matnni oʻqiy olmasligingizni ham koʻrsatishingiz mumkin.

Tushuntirishlar berish va bayonnomani toʻldirish — sizning huquqingizdir. Siz har qanday tushuntirish berishdan bosh tortish huquqiga egasiz. Shunga qaramay, bayonnomani imzolash tavsiya etiladi, chunki mansabdor shaxs sizning rad etishingizni koʻrsatgan holda xolislar bilan bayonnomani rasmiylashtirishi mumkin. Agar siz bayonnomani toʻldirmagan boʻlsangiz yoki boʻsh joy qoldirgan boʻlsangiz, boʻshliqni chiziq (Z) bilan toʻldiring.

Albatta, bayonnomada ushlanish vaqtini koʻrsating va advokat ishtirokida ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisida rasmiy iltimosnoma bering. Biror nimani imzolashdan oldin, hujjatning mazmuni bilan tanishib chiqing va sizga huquq va majburiyatlar tushuntirilmagan boʻlsa, shuningdek, noroziliklarni koʻrsating. Shunday qilib, siz mansabdor shaxsni maʼmuriy ish boʻyicha qaror qabul qilishiga toʻsqinlik qilib, barcha hujjatlarni sudga topshirishga majbur qilasiz, chunki Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 245-moddasiga muvofiq, huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etgan ishlar toʻgʻridan-toʻgʻri sud tomonidan koʻrib chiqiladi.

Bayonnoma nusxasini olish huquqi (hozircha) qonunchilikda koʻzda tutilmagan, ammo bu hujjatni kameraga rasmga olishga toʻsqinlik qilmaydi.

Imkon boricha qonunda yoki ushlab turishni amalga oshiruvchi organning mahalliy harakatlarida yoki boshqa protsessual harakatlarda aniq taqiqlanmagunga qadar jarayonni diktofonga yoki mobil telefoningiz kamerasiga yozib boring. Agar bunga toʻsqinlik qilinsa, bu haqda bayonnomada qayd eting.

Har doim oʻz advokatingizni jalb qiling. Davlat tomonidan taqdim etilgan advokat xizmatidan voz kechishga haqqingiz bor (qonunda mansabdor shaxsdan advokat ishtirok etishi talab qilinadigan holatlar koʻzda tutilgan) yoki undan boshqa advokatni yollash uchun iltimosingizni qarindoshlarga yetkazishni soʻrang.

Shuningdek, sizning yashash joyingizdan kelib chiqib, ishni koʻrib chiqish uchun rasmiy iltimosnoma berish mumkin. Huquqbuzarliklarning ayrim turlari, masalan, transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi huquqbuzarliklarning aksariyati transport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish joyida ham koʻrib chiqilishi mumkin.

Agar siz mansabdor shaxsning xatti-harakatlaridan norozi boʻlsangiz yoki u oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilmoqda deb taxmin qilish uchun asoslar boʻlsa, shu joyning oʻzida uning harakatlaridan noroziligingizni maʼlum ishonch telefonlari (102, 1007, 1000 va boshqalar)ga qoʻngʻiroq qilib, bildirishingiz mumkin. Shuningdek, siz hozircha ushlab turilmaganingiz va huquqlaringiz cheklanmaganligi bois oʻzingiz bilgan huquqshunosga qoʻngʻiroq qilishingiz va u bilan maslahatlashishingiz mumkin.

Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish

MJtKning 285-moddasiga binoan maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish quyidagi hollarda qoʻllaniladi:

  • boshqa taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanib boʻlinganidan keyin maʼmuriy huquqbuzarlikni toʻxtatish maqsadida;
  • shaxsni aniqlash uchun;
  • basharti bayonnoma tuzish zarur boʻlib, uni huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida tuzish imkoni boʻlmagan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish uchun;
  • ishlarning oʻz vaqtida va toʻgʻri koʻrib chiqilishini taʼminlash va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish maqsadida.

Shaxsni qancha muddat ushlab turish mumkin?

MJtKning 288-moddasiga binoan, maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas, alohida zarurat munosabati bilan qonun hujjatlarida boshqacha muddatlarning belgilanishi bundan mustasno. Agar shaxs oʻzining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yashirsa yoki MJtKning 288-moddasida koʻrsatilgan maʼmuriy huquqbuzarliklardan birini sodir etgan boʻlsa, u holda 24 soatdan koʻp boʻlmagan muddatga ushlab turilishi mumkin.

Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish muddati huquqbuzarni bayonnoma tuzish uchun olib kelish paytidan boshlanadi, mast holdagi shaxslar uchun esa — ular hushyor tortgan vaqtdan boshlanadi.

Maʼmuriy ushlab turish kim tomonidan amalga oshirilishi mumkin?

MJtKning 287-moddasiga binoan, agar kamida bitta asos boʻlsa, maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish:

  • ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan;
  • chegara qoʻshinlari tomonidan;
  • qoʻriqlanadigan obyekt joylashgan yerdagi harbiy soqchilikning katta mansabdor shaxsi tomonidan;
  • harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • bojxona organlari xodimlari tomonidan;
  • harbiy patrul tomonidan;
  • davlat soliq organlarining, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shaxs tegishli organ tomonidan qaysi maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganida ushlab turilishi mumkinligi bilan MJtKning 287-moddasida tanishish mumkin.

Ushlash jarayonida koʻrikdan oʻtkazish tartibi

Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishda MJtKning 289-moddasiga binoan shaxsni koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirish mumkin.

Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish ichki ishlar organlarining, harbiy soqchilik, havo transportining, bojxona organlari, Milliy gvardiya organlari va chegara qoʻshinlarining vakolatli shaxslari, shuningdek, shunga vakolati boʻlgan boshqa organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda boʻlgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Ashyolarni koʻzdan kechirib chiqish shunga vakolati boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:

  • ichki ishlar organlari;
  • harbiy soqchilik;
  • havo transporti;
  • bojxona organlari;
  • Milliy gvardiya organlari;
  • chegara qoʻshinlari;
  • soliq organlari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalari;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatli shaxslar.

Ashyolarni, ov qilish va baliq tutish qurollarini, qoʻlga kiritilgan mahsulotlar va boshqa buyumlarni koʻzdan kechirish, odatda, shu ashyo va buyumlar kimning mulki yoki egaligida boʻlsa, oʻsha shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, mazkur ashyolar, buyumlarni mulkdorsiz (egasisiz) ikkita xolis guvoh ishtirokida ham koʻzdan kechirib chiqilishi mumkin.

Ushlash jarayonida ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish tartibi

Huquqbuzarlarni ushlash, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish yoki ashyolarini koʻzdan kechirish vaqtida aniqlangan huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita shunday ashyolar boʻlmish ashyo va hujjatlar MJtKning 287 va 289-moddalarida nazarda tutilgan organlarning mansabdor shaxslari tomonidan olib qoʻyiladi.

Olib qoʻyilgan ashyo va hujjatlar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilgunga qadar shunday ashyo va hujjatlarni olib qoʻyish huquqi berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan belgilab beriladigan joylarda saqlanadi, ish koʻrib boʻlinganidan keyin esa, uni koʻrib chiqish natijalariga qarab, bu ashyo va hujjatlar belgilangan tartibda musodara qilinadi yoki egasiga qaytarib beriladi yoxud yoʻq qilib yuboriladi, ashyolar haq toʻlab olib qoʻyilgan taqdirda esa — sotib yuboriladi.

Olib qoʻyilgan orden, medal, faxriy unvonning koʻkrakka taqiladigan nishoni qonuniy egasiga qaytarib beriladi, basharti, egasi nomaʼlum boʻlsa, unda tegishli organga joʻnatiladi.

Ashyo va hujjatlar olib qoʻyilgan taqdirda bu xususda bayonnoma tuziladi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga yoxud buyumlarni koʻzdan kechirib chiqish yoki maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish haqidagi bayonnomalarga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.

Ushlab turilgan shaxs qanday huquqlarga ega?

MJtKning 286-moddasiga binoan, ushlab turilgan shaxsning iltimosiga koʻra, u ushlab turilgan joy haqida uning qarindosh-urugʻlari, advokat, ish yoki oʻqish joyidagi maʼmuriyat xabardor qilib qoʻyilishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxs ushlab turilgani haqida uning ota-onasi yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar albatta xabardor qilinadi.

Ushlab turilgan shaxs ushlab turish toʻgʻrisidagi bayonnomani imzolashdan bosh tortishi mumkin.

MjtKning 273-moddasiga binoan, agar ushlab turilgan shaxs ish koʻrib chiqilayotgan tilni bilmasa, tarjimon orqali ish materiallari bilan toʻliq tanishish va ishni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqish chogʻida qatnashish huquqi, shuningdek oʻz ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.

Ushlab turish bayonnomasini tuzish

MJtKning 286-moddasida: “Maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, unda: bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnoma tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; ushlab turilgan shaxs haqidagi maʼlumotlar; uni ushlab turish vaqti, joyi va uning asoslari koʻrsatiladi” deyilgan.

Bayonnoma uni tuzgan mansabdor shaxs va ushlab turilgan shaxs tomonidan imzolanadi. Ushlab turilgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga shu haqda yozib qoʻyiladi.

Ushlangan shaxs ushlab turish boʻyicha talablarga rioya qilmasa nima boʻladi?

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194-moddasiga binoan, agar shaxs ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarliklarni toʻxtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki koʻrsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida boʻlish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) ½ qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida bir shaxs tomonidan takror sodir etilsa, BHMning ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni ushlab turish

Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 220-moddasiga binoan, qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi. Gumon qilinayotgan shaxs uning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yoʻq qilib yuborishining oldini olish maqsadida ushlab turiladi.

Agar JPKning 221-moddasida koʻrsatilgan quyidagi asoslardan kamida bittasi boʻlsa, shaxs jinoyatda gumon qilinuvchi sifatida ushlab turilishi mumkin:

  • agar u jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushsa;
  • agar jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatsalar;
  • agar uning oʻzida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;
  • shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos boʻladigan maʼlumotlar mavjud boʻlib, u qochmoqchi boʻlsa yoki doimiy yashaydigan joyi yoʻq yoxud shaxsi aniqlanmagan boʻlsa.

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga binoan Ichki ishlar organlari xodimlari quyidagi shaxslarni ushlash huquqiga ega:

  • JPKda nazarda tutilgan tartibda jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni;
  • sud ajrimiga asosan keyinchalik aniq yashash joyiga ega boʻlmaganlarni reabilitatsiya qilish markazlariga joylashtirgan holda aniq yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni;
  • favqulodda holat yoki favqulodda vaziyat rejimini buzgan shaxslarni;
  • umumiy harbiy majburiyatni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni;
  • qoʻriqlanadigan obyektlarga gʻayriqonuniy ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni;
  • oʻziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxslarni;
  • qidiruvdagi shaxslarni;
  • oʻziga nisbatan ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov kelib tushgan shaxslarni;
  • maʼmuriy qamoq jazosini oʻtashdan, maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilishdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish yuritilayotgan shaxslarni;
  • jinoiy jazoni oʻtashdan, shuningdek oʻziga nisbatan sud tomonidan tayinlangan tibbiy va boshqa yoʻsindagi majburlov choralarini bajarishdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni;
  • oʻzini oʻzi oʻldirishga uringan yoxud ruhiy holatining yaqqol ifodalangan buzilishi belgilariga ega boʻlgan hamda oʻz harakatlari bilan oʻzi va atrofdagilar uchun xavf tugʻdirayotgan shaxslarni.

Shu bilan birga, deputatlar, Oliy Majlis Senati aʼzolari, ombudsman va biznes-ombudsman, sudyalar va prokurorlar ushlab turilishi mumkin emas, chunki ular JPKning 223-moddasiga binoan ushlash chogʻida immunitet huquqiga ega. Ushbu shaxslar jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushgan holatlar bundan istisno.

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga koʻra, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan voyaga yetmagan shaxs ushlab turilgan boʻlsa, uning yaqin qarindoshlariga yoki boshqa qonuniy vakillariga darhol xabar berilishi kerak.

Shaxs qancha muddatga ushlab turilishi mumkin?

JPKning 226-moddasida koʻrsatilganidek, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turish muddati gumon qilinuvchi IIOga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga olib borilgan paytdan boshlab 48 soatdan oshmasligi kerak.

Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilsa, ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turish muddati tugashidan oldin, agar asoslar boʻlsa, ushlab turilgan shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun olib kelish, unga ayblov qoʻyilishi kerak, u soʻroq qilinishi kerak (JPKning 109−112-moddasi) va jazo chorasi borasida qaror berilishi lozim (JPKning 236−240-moddalari).

Istisno holatlarda sud ushlab turilgan gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, uy qamogʻida saqlash yoki garov puli tarzidagi jazo choralarini qoʻllashi mumkin. Bunda, gumon qilinuvchiga ushlangan kundan boshlab 10 kun ichida ayblov qoʻyilishi kerak.

Aks holda, jazo chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamogʻidan ozod qilinadi va garov puli garov toʻlovchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandan soʻng va qamoqqa olishning butun muddati davomida ish olib boruvchi surishtiruvchi va tergovchi oʻz vakolatlari doirasida jinoyat sodir etish holatlarini aniqlash, hibsga olish asosini tekshirish uchun tergov harakatlarini amalga oshirishi mumkin.

Shaxsni ushlash jarayonini amalga oshirishga kim haqli?

JPKning 222-moddasiga binoan jinoyatni sodir etishda gumon qilinganlarni ushlash ichki ishlar organlari xodimlari va tergovga qadar qadar tekshiruvni, surishtiruvni yoki dastlabki tergovni amalga oshiruvchi boshqa organning xodimi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

JPKning 38 va 39−1-moddalariga muvofiq, ularga quyidagilar kiradi:

Bundan tashqari, JPKning 222-moddasi qoidalariga muvofiq, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs asoslar mavjud boʻlgan taqdirda muomalaga layoqatli har qanday shaxs tomonidan ushlanib va yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga binoan, Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega boʻlish va ularni amalga oshirish, oʻzi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, yaʼni oʻn sakkiz yoshga toʻlgach toʻla hajmda vujudga keladi. Agar shaxs voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan oʻtsa, nikohdan oʻtgan vaqtdan eʼtiboran toʻla hajmda muomala layoqatiga ega boʻladi.

Shaxsni ushlash va shaxsiy tintuv oʻtkazish tartibi

JPKning 224-moddasiga koʻrsatilganidek, shaxsni ushlayotgan vakolatli xodim oʻzini tanishtirishi (lavozimi, unvoni va ismi-sharifini) shart va ushlab turilgan shaxsning talabiga koʻra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.

Soʻng xodim gumon qilinuvchiga ushlanish sababini aytishi kerak. Keyin uning huquqlari borasida tushuntirish beradi (ushlangan shaxs qanday huquqlarga egaligini quyida koʻrish mumkin).

Keyin ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilinishi shart.

JPKning 224-moddasiga binoan, ushlayotgan vakolatli shaxs shaxsiy tintuv yoki olib qoʻyishni amalga oshirishga haqlidir. Buning uchun unda gumonlanuvchida qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud boʻlishi kerak. Shaxsiy tintuv oʻtkazish yoki olib qoʻyish toʻgʻrisidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan soʻng xolislar hozirligida tuzilishi mumkin.

Maʼlumot uchun, olib qoʻyish — bu jinoiy ish uchun ahamiyatli boʻlgan predmet va hujjatlarni olishdir.

JPKning 162-moddasiga binoan, shaxsiy tintuv hamda narsa va hujjatlarni olib qoʻyish tintilayotgan shaxs bilan bir jinsdagi mutaxassis hamda xolislar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.

Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror gumon qilinuvchining ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida darhol oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud oʻqish joyiga maʼlum qilishi shart.

Ushlab turilgan shaxs qanday huquqlarga ega?

JPKning 224-moddasiga binoan ushlab turilgan shaxs advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish huquqiga ega.

Ushlab turilgan shaxs u nimada gumonlanayotganini bilishga haqli. Unga u bergan koʻrsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi bildirilishi shart.

Ushlab turilgan shaxsga himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish huquqi kafolatlangan, bundan tashqari, u, shuningdek, oʻzining himoyalanish huquqini shaxsan oʻzi amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, koʻrsatma berishdan bosh tortish ham mumkin.

JPKning 49-moddasiga binoan, himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.

Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa, u holda uning huquqlari birinchi soʻroqdan oldin tarjimon ishtirokida tushuntirilishi kerak.

JPKning 48-moddasiga binoan, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs ushlanganidan keyin yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay soʻroq qilinishini talab qilish haqqi bor.

IIO xodimlari shaxsni ushlash jarayonida jismoniy kuch ishlata oladimi?

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 21- va 22-modda­lariga binoan IIO xodimi agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qoʻllash huquqiga ega boʻladi.

Jismoniy kuch quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin:

  • jinoyatlarga va maʼmuriy huquqbuzarliklarga chek qoʻyish uchun;
  • jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;
  • ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etish uchun.

Shu bilan birga, IIO xodimi gumonlanuvchini jismoniy kuch ishlatilish niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan holda ogohlantirishi kerak. Ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud ularning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning va ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiradigan hamda boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno.

Ichki ishlar organi xodimi har qanday zararni minimallashtirishga harakat qilishi shart.

Shaxsni ushlash jarayonida qanday maxsus vositalardan foydalanish mumkin?

“Ichki ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasiga binoan, ichki ishlar xodimi bir qator hollarda, shu jumladan yashirinishga urinayotgan yoki qurolli qarshilik koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxsni ushlashda maxsus vositalardan foydalanish huquqiga ega.

Gumon qilinuvchini ushlash jarayonida IIO xodimlari quyidagi maxsus vositalardan foydalanish huquqiga ega:

  • rezina tayoqlar — shu bilan birga qonun insonga rezina tayoqlar bilan boshdan, boʻyindan, oʻmrov sohasidan, qorindan, jinsiy aʼzolardan, yurak sohasidan zarb berishni taqiqlaydi.
  • koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, gazli, shikastlantiruvchi qurol;
  • qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari;
  • elektroshok qurilmalari;
  • xizmat hayvonlari;
  • tinchlantirish koʻylagi ;
  • toʻsiq-gʻovlarni bartaraf etuvchi vositalar.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarni qoʻllash mumkin. Bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.

Bundan tashqari, kuch ishlatmasdan, jamoat tartibini, transport, aloqa vositalari va tashkilotlarning ishini buzmasdan oʻtkazilayotgan gʻayriqonuniy yigʻilishlar, mitinglar, namoyishlar, ommaviy chiqishlar va piket qoʻyishlarni bartaraf etish chogʻida maxsus vositalarning, shu jumladan gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning qoʻllanilishi taqiqlanadi.

Maxsus vositalarning qoʻllanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi va mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak.

Qaysi holatlarda oʻqotar quroldan foydalanish mumkin?

“Ichki ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-moddasida IIO xodimi faqat quyidagi hollarda oʻqotar quroldan foydalanish huquqiga ega deyilgan:

  • oʻta ogʻir jinoyatni sodir etish chogʻida koʻrib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni boʻlmasa;
  • qurolli qarshilik koʻrsatayotgan shaxsni, shuningdek yonidagi qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish toʻgʻrisidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;
  • jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarning, oʻziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning qamoqdan qochib ketishiga chek qoʻyishda, shuningdek ushbu shaxslarni kuch ishlatib ozod qilishga boʻlgan urinishlarga chek qoʻyishda.

Ichki ishlar organining xodimi oʻqotar qurolni qoʻllashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.

Qonunda ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan, maxsus vositalarning, shu jumladan gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning qoʻllanilishi taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.

Oʻqotar qurol qoʻllanilishi natijasida tasodifiy shaxslar jabrlanishi mumkin boʻlsa, ichki ishlar organi xodimi koʻp fuqarolar toʻplanganda uni qoʻllash huquqiga ega emas.

Ushbu Qonunning 21-moddasiga koʻra, jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrilishi, ularning qarindoshlari esa yigirma toʻrt soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.

Psixologik (ruhiy) bosim oʻtkazilishi mumkinmi?

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida hech kim qiynoqqa solinmasligi yoki shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazoga duchor qilinmasligi kerak deb aytilgan. 1995-yilda Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning 1-moddasiga binoan, odamga maʼlumot olish yoki jazo qoʻllash uchun axloqiy yoki jismoniy azob berish qiynoqqa solish deb hisoblanishi mumkin.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston prezidentining 2017-yil 30-noyabr-dagi Farmoniga binoan, jinoyat ishini koʻrib chiqayotganda, qiynoq, psixologik va jismoniy bosim va boshqa jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatlarni qoʻllash orqali olingan maʼlumotlar dalil sifatida qabul qilinmaydi.

Shaxsni ushlash jarayonini videoyozuv bilan qayd etish

2020-yil may oyida qabul qilingan “Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan ushlab turish paytida baʼzi protsessual harakatlar videokameraga yozilishi shart.

JPKning 224-moddasiga binoan, bunga quyidagilar kiradi:

  • ushlab turilgan shaxsning huquqlari tushuntirilishi;
  • uning jinoyatda gumon qilinib ushlanganligini aytilishi;
  • ushlashni amalga oshirayotgan xodim oʻzini tanishtirishi va ushlangan shaxs talabiga koʻra oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi;
  • ichki ishlar organi yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishni talab qilish;
  • shaxsiy tintuv yoki olib qoʻyishni amalga oshirish.

Agar ushbu protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib boʻlmaydigan boʻlsa, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi. Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan boʻlsa, ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan soʻng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirish shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Shaxsni yalangʻochlash bilan bogʻliq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.

Ushlab turish bayonnomasini tuzish

Ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan soʻng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi JPKning 225-moddasida keltirilgan barcha maʼlumotlarni koʻrsatgan holda ushlab turish bayonnomasini boshliqning koʻrsatmasiga binoan darhol tuzishi kerak:

  • uning tuzilgan joy va vaqti;
  • kim, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda koʻrsatilgan qanday asoslarga koʻra ushlanganligi;
  • ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligi;
  • ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligi;
  • shaxsiy tintuv qilish va olib qoʻyish natijalari (ular oʻtkazilgan boʻlsa);
  • ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u oʻtkazilgan boʻlsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlari.

Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib, tasdiqlaydi.

Agar ushlab turilgan shaxs bayonnoma yoki keltirilgan gumon bilan rozi boʻlmasa, u “Tanishdim, lekin rozi emasman” deb bayonnomani imzolashga haqli.

Ushlab turilganlarni saqlash joylari

Jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan ushlangan shaxs ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan soʻng u ozodlikdan mahrum etish joyi hisoblanmagan xizmat binolarida saqlanishi shart yoki vaqtincha saqlash hibsxonasi kamerasiga joylashtiriladi.

Ushlab turilganlarni ayrim joylarda istisno tarzida maxsus moslashtirilgan binolarda, dengiz va daryo kemalarida esa maxsus ajratilgan kayutalarda saqlashga yoʻl qoʻyiladi.

Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan ushlangan shaxs kim bilan uchrashishi mumkin?

JPKning 230-moddasiga binoan, ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi soʻroqqacha ruxsat beriladi.

Qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvga ushlab turilgan shaxslar saqlanadigan joyning maʼmuriyati ushlab turish toʻgʻrisidagi materiallar qaysi tergovchi yoki surishtiruvchining ish yurituvida boʻlsa, faqat oʻsha tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beradi, himoyachi bilan uchrashuv bundan mustasno.

Jinoyatni sodir etishda gumon qilinib, ushlab turilgan shaxs qaysi holatlarda ozod qilinishi kerak?

Jinoyat-protsessual kodeksning 234-moddasiga binoan ushlab turilgan shaxs quyidagi holatlarda ozod qilinishi kerak:

  • jinoyat sodir etganligi haqidagi gumon tasdiqlanmasa;
  • ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash zarurati boʻlmasa yoki uni qoʻllash sud tomonidan rad etilsa;
  • ushlab turishning belgilangan muddati tugagan boʻlsa va ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilmagan yoxud ushlab turish muddati uzaytirilmagan boʻlsa.

Ushlab turilgan shaxsni ozod qilish surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga binoan ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshligʻi tomonidan amalga oshiriladi.

Prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining ushlab turilgan shaxsni ozod qilish haqidagi qarori yoxud sudning uni ushlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi ajrimi qonunda belgilangan ushlab turish muddati ichida ushlab turilganlar saqlanadigan joyga kelib tushmasa, ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshligʻi bu shaxsni ozod qiladi va uning ozod qilinganligi toʻgʻrisida prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga bildirish xati yuboradi.

Zarur hollarda ushlab turilganlar saqlanadigan joyning maʼmuriyati ozod qilingan shaxslarning yashash joyiga tekin joʻnab ketishini taʼminlaydi; ularning iltimosiga koʻra, ushlab turilganlar saqlanadigan joyda boʻlgan vaqti haqida maʼlumotnoma beradi.

Agar shaxs noqonuniy ushlab turilgan boʻlsa, unda unga yetkazilgan zarar, JPKning 235-moddasiga muvofiq toʻliq qoplanishi shart.

XULOSA

Ichki ishlar organlari “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanilishini taʼminlaydi. Ichki ishlar organi xodimining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablarini, shu jumladan qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruvlar materiallarini va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, ichki ishlar organiga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablarini barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini toʻxtatib turmaydi. Ichki ishlar organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda aniqlangan jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklarga oid mavjud materiallar toʻgʻrisidagi axborotni almashishni, shu jumladan elektron shaklda almashishni, shuningdek boshqa axborotni almashishni amalga oshiradi. Shuningdek ichki ishlar hodimlari fuqarolarni toʻxtatgan vaqtida ular qonun doirasidan va kasb etikasi qoidalariga qatʼi rioya qilishlari shart aks xolda qonunda belgilangan javobgarlikka olib kelinishi mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Lex.uz
  2. https://uz.wikipedia.org/wiki/Bosh_Sahifauz
  3. https://parliament.gov.uz/uz/laws/adopted/203/18441/

MATKARIMOV QUDRAT QALANDAROVICH

ICHKI ISHLAR ORGANI

XODIMI

SIZNI TOʻXTATSA…

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,09 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 125-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.