KIRISH

Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topmoqda.

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq va Virtual qabulxonalari, shuningdek, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalari alohida o‘rin tutadi.

Inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekan, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy organlar, institutlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Inson huquqlari davlat tomonidan milliy darajada himoya qilinishidan tashqari, ular xalqaro darajada universal va mintaqaviy darajada xalqaro tashkilotlar tizimida ham himoya qilinadi.

Ammo inson huquqlari buzilishi holatlarida barcha ham murojaat tartibi, qayerga va qanday murojaat qilishni bilmaydi. Aksariyat hollarda fuqaro o‘z davlatida inson huquqlari himoya vositalaridan foydalanganda, ish uning foydasiga hal bo‘lmasa, qaysi xalqaro organlarga murojaat qilishdan xabardor emas. Risolada inson huquqlari buzilganda, shaxslarning qanday milliy va xalqaro organlarga murojaat qila olishlari tartibi Toshkent davlat yuridik universiteti izlanuvchilari tomonidan yoritilgan.

INSON HUQUQLARI NIMA?

Inson huquqlari – bu biz inson sifatida tug‘ilganimiz va mavjud bo‘lganimiz uchun ega bo‘lgan huquqlarimizdir. Bu umuminsoniy huquqlar insonning millati, jinsi, milliy yoki etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili yoki boshqa har qanday holatidan qat’i nazar, barchaga tegishli bo‘lgan huquqlardir.

Ular eng asosiy huquq bo‘lmish yashash huquqidan tortib yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa asosiy huquqlar, masalan, ta’lim olish, mehnat qilish, sog‘liqqa bo‘lgan huquq va erkin bo‘lish huquqlarini qamrab oladi.

Inson huquqlari huquq sohasi sifatida – bu davlat va shaxslar o‘rtasidagi ularning huquqlarini himoya qilish va ta’minlashga qaratilgan huquqiy munosabatlar va ularni tartibga solishga qaratilgan normalar yig‘indisidan mustaqil huquq sohasidir.

Inson huquqlari – insonning davlat bilan munosabatidagi huquqiy maqomi, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy sohalardagi imkoniyatlari hamda daʼvolarini tavsiflovchi tushuncha. Inson huquqlarini erkin va samarali tarzda amalga oshirish fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jumladan, shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari belgilab berilgan (18–52-moddalar).

Jumladan:

18-modda. Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.

24-modda. Yashash huquqi – bu har bir insonning uzviy huquqi. Inson hayotiga suiqasd qilish – eng ogʻir jinoyat hisoblanadi.

25-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

26-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

27-modda. Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlar, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollar va tartibdan tashqari, birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

29-modda. Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

31-modda. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda Inson huquqlari va erkinliklarining ustunligidan kelib chiqadigan, xalqaro miqyosda qabul qilingan yangi yuridik tamoyil va talablarga asoslangan keng huquqiy muhit vujudga keltirildi. Qonunlarni inson huquqlari sohasidagi xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiqlashtirish, mazkur sohada Milliy harakat dasturlarini ishlab chiqish, inson huquqlarini himoya qiladigan muassasalarning yaxlit tizimini barpo etish, Inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalar va hujjatlarga qoʻshilishda davom etib, bu hujjatlar boʻyicha majburiyatlarni bajarish, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar shu hujjatlar talablariga soʻzsiz rioya qilishining mexanizmi yaratildi.

ESLATMA! Inson huquqlari universaldir. Universallik tamoyili xalqaro inson huquqlari huquqining asosi bo‘lib, barchamiz o‘zimizga tegishli bo‘lgan huquqlarimizga teng ekanligimizni anglatadi.

Ushbu tamoyil birinchi bo‘lib 1948-yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ta’kidlangan bo‘lib, inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar va rezolyutsiyalarda ham o‘z aksini topgan.

Inson huquqlari daxlsizdir. Faqatgina milliy qonunchilik va xalqaro normalarda belgilangan ba’zi hollardagina inson huquqlari cheklanishi mumkin. Masalan, agar shaxs sud tomonidan jinoyat sodir etishda aybdor deb topilsa, erkinlik huquqi cheklanishi mumkin.

Barcha inson huquqlari ajralmas va bir-biriga bog‘liqdir. Bu shuni anglatadiki, huquqlarning biri ikkinchisisiz to‘liq amalga oshirilmaydi. Masalan, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanish iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirishni osonlashtiradi. Xuddi shunday, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning buzilishi boshqa ko‘plab huquqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yodda tuting! Diskriminatsiya (kamsitish, ajratish) – insonlar o‘rtasida ular mansub bo‘lgan yoki mansub deb hisoblangan guruhlar, sinflar yoki boshqa toifalarga ko‘ra asossiz ajratish va kamsitish harakatidir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida belgilab qo‘yilishicha, “Barcha insonlar erkin, qadr-qimmati va huquqlari bo‘yicha teng tug‘iladilar”. Deklaratsiyaning 2-moddasida belgilab qo‘yilgan “kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik” prinsipi esa mana shu teng huquqlilikni ta’minlaydi.

Kamsitish aksariyat hollarda insonning irqi, millati, jinsi, yoshi, dini, nogironligi holati va boshqa jihatlariga ko‘ra amalga oshirilish hollari kuzatiladi. Diskriminatsiya ayrim guruh vakillari, ozchilik guruhlarga boshqa insonlarga nisbatan yomonroq, adolatsiz munosabatda bo‘lganda yuzaga keladi. Bu bir guruh a’zolarini boshqa bir guruh a’zolari uchun mavjud bo‘lgan imkoniyat yoki imtiyozlardan cheklashni o‘z ichiga oladi.

INSON HUQUQLARI QANDAY GURUHLANADI?

Inson huquqlari umumiy tushuncha bo‘lib, qaysi sohalarga aloqadorligiga qarab ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy kabi bir qancha turlarga bo‘linadi.

Inson huquqlari, asosan, quyidagi guruhlarga bo‘lingan:

Shaxsiy huquq va erkinliklar. Birinchi navbatda, shaxsiy huquq va erkinliklar shaxsning maqomini asli holicha belgilaydi. Ular ko‘p jihatdan insonning tabiiy huquqlari bilan bog‘liqdir. Ular sirasiga, avvalambor, yashash huquqi kiradi. Yashash huquqiga inson tug‘ilishi bilan ega bo‘ladi. Bu huquqdan mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Yuridik nuqtai nazardan bu shuni anglatadiki, inson hayotidan faqat sudning hukmi bilan mahrum qilinishi mumkin (faqat o‘lim jazosi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda). Аmmo ko‘pgina davlatlarda o‘lim jazosi taqiqlangan.

Konstitutsiyada quyidagi shaxsiy huquq va erkinliklar keltirib o‘tilgan:

– yashash huquqi (24-modda);

– erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi (25-modda);

– sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlar, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqi (27-modda);

– yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar maxfiyligini ta’minlash huquqi (27-modda);

– erkin harakatlanish, yashash joyini tanlash huquqi (28-modda);

– fikr va so‘z erkinligi huquqi (29-modda);

– ma’lumotlar olish huquqi (29-modda);

– vijdon va e’tiqod erkinligi huquqi (31-modda).

Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar. Bu turdagi huquqlarga ta’lim olish, uy-joyga ega bo‘lish, sog‘liqni saqlash, madaniy hayotda ishtirok etish va ilmiy taraqqiyot yutuqlaridan foydalanish kabi huquqlar kiradi.

Iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy huquqlar:

– shaxsiy mulkka ega bo‘lish huquqi (36-modda);

– mehnat va dam olish huquqi (37-, 38-moddalar);

– ijtimoiy ta’minot olish huquqi (39-modda);

– malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi (40-modda);

– bilim olish huquqi (41-modda);

– ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish erkinligi (42-modda); 

– iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi huquqi (53-modda);

– ota-onalar va bolalarning bir-birlariga g‘amxo‘rlik qilishdagi teng huquq va majburiyatlari (64-, 66-modda).

Siyosiy huquqlar. Siyosiy huquqlar ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etish, davlat organlarini shakllantirish, saylash va saylanish kabi huquqlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu huquqlar, qoida tariqasida, mazkur davlatning fuqarolariga tegishli bo‘ladi. Faqat baʼzi davlatlarda ayrim siyosiy huquqlardan (masalan, saylash) fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet elliklar foydalanishlari mumkin.

Siyosiy huquqlar:

– jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi (32-modda);

– yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar, yurishlar va piketlar o‘tkazish huquqi (33-modda);

– kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish huquqi (34-modda);

– vakolatli davlat organlari, muassasalari yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi (35-modda).

Davlatlar inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalarga a’zo bo‘lgan holda o‘ziga majburiyat oladilar. Har bir davlat o‘z fuqarolari (chet eldagi fuqarolarini ham), o‘z hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlarini hurmat qilishi shart. Majburiyatlar quyidagi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi:

  1. Inson huquqlarini hurmat qilish (huquqdan foydalanishga aralashmaslik);
  2. Inson huquqlarini himoya qilish (boshqalarning huquqdan foydalanishiga to‘sqinlik qilish va shu orqali boshqa shaxslarni himoyalash);
  3. Amalga oshirish (huquqni to‘liq amalga oshirish uchun tegishli choralar ko‘rish).

O‘zbekiston Respublikasi ham xalqaro huquqning to‘la huquqli subyekti sifatida inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Davlat mazkur hujjatlarda belgilangan inson huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va taʼminlash, muayyan choralar ko‘rish va bu haqda xalqaro tashkilotlarga maʼlumot berish majburiyatiga ega.

INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI XALQARO VA MILLIY QONUNCHILIK

Har bir huquq sohasining o‘z munosabat doirasi va uni tartibga soluvchi normalar majmuyi bo‘lgani kabi inson huquqlari sohasi ham o‘z tartibga soluvchi xalqaro va milliy qonunchilik tizimi manbalariga ega.

Inson huquqlari sohasidagi munosabatlarni

tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar haqida bilasizmi?

Inson huquqlari milliy, mintaqaviy va universal darajada himoya qilinadi va ta’minlanadi. Shundan kelib chiqqan holda, inson huquqlarini himoya qiluvchi asosiy hujjatlar quyidagi turlarga ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan normativ hujjatlar:

  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (36, 54);
  • O‘zbekiston Respublikasining kodekslari;
  • “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun;
  • Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun;
  • “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Mehnatni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va hokazo. 

Inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro hujjatlar:

  • Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi;
  • Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt;
  • Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt;
  • Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya;
  • Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya;
  • Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya;
  • Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya;
  • Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya va boshqalar.

INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISH VA MONITORING

So‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi o‘rinlarda BMT) 6 ta asosiy shartnomaviy va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalar taqdim etib kelmoqda.

Bundan tashqari, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Davlatlar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya etilishi, shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida turli mexanizmlardan foydalanadi. Shulardan biri monitoring mexanizmi hisoblanadi.

Monitoring – bu soha tashkilotlari tomonidan qonun hujjatida belgilangan talablarga amalda qanchalik rioya etilishi, inson huquqlariga amal qilish holatini aniqlash uchun kuzatish yoki tekshirish jarayonidir. Davlatlar o‘zlarining monitoring faoliyatini amalga oshirish uchun mas’uldirlar.

Yodda tuting! Monitoring – bu ma’lum bir hududda aynan bir guruh va jamoaning inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlaganlik holatini aniqlash uchun ma’lumotlar yig‘ish hamda tahlil qilishdan iborat bo‘lgan jarayondir.

Monitoring ikki turga bo‘linadi: bevosita va bilvosita. Bevosita monitoringda inson huquqlarini ta’minlaganlik va unga rioya etilishi holatini o‘rganuvchi subyekt o‘z tuzilmasida o‘zi mustaqil faoliyat olib boradi. Masalan, Adliya vazirligining tegishli monitoring bo‘limi vazirlikdagi holatni tahlil qiladi.

Bilvosita monitoringda esa inson huquqlarini ta’minlaganlik va unga rioya etilishi holatini o‘rganuvchi subyekt faoliyati shu jarayonga qaratilgan tanlov asosida tuzilmani tanlaydi va monitoring olib boradi. Masalan, Ombudsman Adliya vazirligidagi inson huquqlariga rioya etilish holatini o‘rganadi.

Monitoring o‘tkazuvchi subyektlar to‘rtga bo‘linadi:

  1. xalqaro tashkilotlar;
  2. davlat boshqaruvi organlari;
  3. milliy institutlar;
  4. nodavlat notijorat tashkilotlari.

INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILUVCHI XALQARO TASHKILOTLAR

Yodda tuting! Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar universal va mintaqaviy darajadagi xalqaro tashkilotlarga bo‘linadi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar universal va mintaqaviy darajadagi xalqaro tashkilotlarga bo‘linadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) universal xalqaro tashkilotga yaqqol misoldir. BMT vazifalariga xalqaro tinchlikni saqlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligi va birdamligini qo‘llab-quvvatlash bilan birga inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash kiradi. 1945-yil qabul qilingan Nizomi muqaddimasida tashkilot inson qadri, inson huquqlariga bo‘lgan hurmatni maqsad qilgan holda tashkil etilganligi ta’kidlab o‘tilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus organlar ikki asosiy guruhga bo‘linadi:

  1. ustav organlar;
  2. shartnomaviy organlar.

Ustav organlari BMT qoshida faoliyat yuritadi:

– Sobiq Inson huquqlari bo‘yicha komissiya;

– Inson huquqlari bo‘yicha komissiyani almashtirgan Inson huquqlari bo‘yicha kengash;

– maxsus protseduralar.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash o‘zining birinchi yig‘ilishini 2006-yil 19-iyunda o‘tkazgan. Ushbu hukumatlararo organ Jenevada yiliga 10 hafta davomida faoliyat yuritadi. Kengash Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 47 davlatdan iborat bo‘lib, ular dastlab 3 yilga saylanadi va o‘z vakolatlarini ketma-ket ikki muddatdan ortiq bajara olmaydi. Inson huquqlari bo‘yicha kengash inson huquqlari buzilishini to‘xtatish, tengsizlik va kamsitishni yo‘q qilish hamda huquqbuzarlarni fosh qilish huquqiga ega.

Inson huquqlari kengashi Bosh Assambleya tomonidan berilgan mandatlarga muvofiq, inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasidan alohida mustaqil organ hisoblanadi. Shu bilan birga, BMT Taraqqiyot Dasturi inson huquqlari bo‘yicha Kengash majlislari va keyingi majlislarini o‘tkazishni ta’minlaydi.

Maxsus protseduralar – inson huquqlari bo‘yicha komissiya va inson huquqlari bo‘yicha Kengash tomonidan qabul qilingan mexanizmlarga mamlakatdagi muayyan vaziyatlar yoki dunyoning barcha mintaqalarida tematik masalalarni ko‘rib chiqish uchun berilgan umumiy nom.

BMT Taraqqiyot Dasturi ma’ruzachilar, mustaqil ekspertlar va ishchi guruhlarning ishini maxsus protseduralar bilan ta’minlash bo‘limi orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, tematik mandatlarga xizmat qiladi va tizim sifatida maxsus tartib-qoidalarga markazlashtirilgan yordam beradi. Joylardagi missiyalarni bajarish va texnik hamkorlik departamenti mamlakat mandatlari ishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida inson huquqlarini monitoring qilishning turli mexanizmlariga eng yaxshi tajriba va yordamni taqdim etish uchun ishlaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomiga asoslangan organlari, shu jumladan, Inson huquqlari Kengashi va uning tasarrufida tashkil etilgan tashkilotlar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar va ishtirokchi davlatlar tomonidan ularning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati berilgan mustaqil ekspertlardan iborat. Inson huquqlari bo‘yicha kengash va shartnomalar bo‘yicha BMT Taraqqiyot Dasturi bo‘limi yuqorida ko‘rsatilgan organlarning aksariyatiga ma’muriy xizmatlar ko‘rsatadi.

Shartnomaviy organlar. Hozirda 10 ta shartnomaviy organ mavjud bo‘lib, ular mustaqil ekspert qo‘mitalari hisoblanadi.

Ushbu shartnomaviy organlar quyidagilardan iborat:

1. Inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mita (1976);

2. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mita (1976);

3. Irqiy kamsitishlarning barcha turlariga barham berish bo‘yicha Qo‘mita (1970);

4. Аyollarni kamsitishlarning barcha turlariga barham berish bo‘yicha Qo‘mita (1982);

5. Migrant ishchilar huquqlari bo‘yicha Qo‘mita (2003);

6. Qiynoqlarga qarshi Qo‘mita (1988);

7. Bola huquqlari bo‘yicha Qo‘mita (1990);

8. Nogironlar huquqlari bo‘yicha Qo‘mita (2008).

9. Majburiy yo‘qolishga qarshi Qo‘mita.

Ushbu to‘qqizta shartnomaviy organ BMTga a’zo davlatlar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha shartnomalarning bajarilishini nazorat qiladi. O‘ninchi shartnomaviy organ esa Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokoliga binoan tuzilgan bo‘lib, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha quyi qo‘mita hisoblanadi va Fakultativ protokolga a’zo davlatlardagi qamoqda saqlash joylarini tekshiradi.

1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar kamida bitta inson huquqlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilgan.

Organlar shartnomaning qoidalariga muvofiq tuziladi, ularning bajarilishini nazorat qiladi. Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi shartnoma organlariga ularning ish uslublarini belgilangan talablarga muvofiqlashtirishda yordam beradi.

INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILUVCHI MILLIY INSTITUTLAR

“Irqi, dini, jinsi va tilidan qatʼi nazar, insonlarning ajralmas huquqlari va asosiy erkinliklarining himoya qilinishi va ularning mustahkamlanishi masalasida … xalqaro hamkorlikka erishish” kabi maqsadlar BMT Xartiyasida muhim maqsadlardan biri sifatida keltirilgan edi. Xartiyada keltirilgan Inson huquqlari sohasidagi maqsadlarga erishish, majburiyatlarni bajarish uchun BMT tashabbusi bilan har bir jihatni eʼtiborga olgan dasturulamal ishlab chiqildi. Bu dasturulamalga Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi kabi xalqaro meʼyor va standartlar asos qilib olingan edi. Shunga qaramasdan, inson huquqlarini mustahkamlash vazifasi birgina tashkilot doirasida hal qilinishi ancha mushkul masaladir. Bu barcha hukumatlar, alohida shaxslar, guruhlar va jamiyatning barcha qatlamlaridan mavjud kuchlari bilan harakat qilishlarini talab etadi.

Inson huquqlarini mustahkamlash va himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar anchadan beri mavjud. 1946-yil BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi o‘zining kelajakdagi faoliyatiga yordamchi bo‘la olishini ko‘zlab, aʼzo davlatlarga milliy darajada “inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitalar va guruhlar tuzish xohishi”ni ifoda qildi.

O‘sha paytdan BMT rahbarligidagi shu kabi milliy institutlar taʼsis etilishiga ko‘mak berib kelinmoqda. Turli davlatlarda milliy institutlar tuzilmasi va vazifalari turlicha bo‘lishiga qaramay, ularning umumiy maqsadi – inson huquqlarini himoya qilish va mustahkamlashdir. Ularning hammasi bir xilda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar deb nomlanadi.

Yodda tuting! Parij prinsiplari – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yil 20-dekabrda qabul qilingan 48/134-sonli rezolyutsiya bo‘lib, har bir davlatda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi milliy tuzilmalarning statusini belgilab beruvchi xalqaro standartlar majmuyidir.

XX asrning oxirgi dekadasidagina xalqaro hamjamiyat bu kabi institutlar formati, yaʼni tuzilmasi va vazifalarini aniq belgilab oldi. Bu harakatning cho‘qqisi 1993-yil dekabrda BMT Bosh Аssambleyasida qabul qilingan, inson huquqlari milliy institutlar statusini belgilab bergan Parij prinsiplari bo‘ldi.

Mazkur hujjatga asosan, milliy institutlar quyidagi vazifalarni bajarishlari zarur:

– o‘z mamlakati hukumati va xalqi uchun inson huquqlari bo‘yicha axborot manbayi sifatida ish olib borish;

– jamoatchilikka inson huquqlari sohasida maʼrifatli bo‘lishga yordam berish hamda uning inson huquqlarini tushunib yetishi va hurmat qilishiga ko‘maklashish, inson huquqlari sohasidagi taʼlimni tashkillashtirish;

– u yoki bu mamlakatda yuzaga keladigan hamda ko‘rib chiqishni hukumat milliy institutlarga topshiradigan masalani ko‘rib chiqish, muhokama etish va shu xususda tavsiya berish;

– inson huquqlariga taalluqli bo‘lgan va hukumat tomonidan ularning (milliy institutlarning) ixtiyoriga beriladigan har qanday masalalar yuzasidan maslahatlashish;

– inson huquqlarini rag‘batlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini o‘rganib borish hamda bunday hujjatlarning holati, sud qarorlari, maʼmuriy buyruq va farmoyishlarni kuzatib borish, shuningdek, mazkur masalalar yuzasidan tegishli organlarga maʼruzalar tayyorlash;

– muayyan davlat inson huquqlari sohasidagi, o‘zi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalar bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlardan kelib chiqib, shu davlat hukumati milliy institutlarga qanday vazifalarni berishni lozim topsa, shu vazifalarni bajarish.

Milliy institutlarning tuzilishiga kelganda, shuni aytish kerakki, prinsiplarda qator tavsiyalar nazarda tutilgan bo‘lib, bu tavsiyalarga binoan mazkur institutlar:

– jamoatchilikning keng qatlamlari xohish-irodasini ifoda etishi, bunda inson huquqlari bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish uchun o‘z tarkibiga aholining turli qatlamlari namoyandalarini jalb etishi;

– muntazam faoliyat olib borishi, bunda jamiyatning har qanday aʼzosi yoki davlat organining har qanday vakili unga (institutga) moneliksiz kirishi va murojaat eta olishini taʼminlashi;

– zimmasidagi vazifalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatishi uchun tegishli hollarda mahalliy yoki mintaqaviy maslahatlashuv organlariga ega bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy institutlar qatoriga Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va turli komissiyalarni kiritish mumkin.

OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BO‘YICHA VAKILI (OMBUDSMAN)

Bu so‘z Qadimgi Shved tilidagi “umbudsman” (ayblovchi) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “vakil” degan maʼnoni anglatadi. So‘zning birinchi saqlanib qolgan qo‘llanishi Shved tilidadir. Daniya Yutlandiya Qonunida bu termin 1241-yildan beri “umbozman” tarzida yuritilgan va “qirol fuqaro xizmatchisi” degan maʼnoni bildirgan. 1552-yildan boshlab esa boshqa Skandinaviya tillarida ham islandcha “umbosmadur”, norvegiyacha “ombudsman” va Daniya tilida “ombudsmand” ishlatiladi.

Mazkur atamaning zamonaviy qo‘llanishi Shvetsiyada boshlandi. 1809-yilda Shvetsiya Parlamentida Ombudsman joriy qilingan. Uning joriy qilinishidan maqsad fuqarolarning huquqlarini himoya qiladigan, ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil bo‘lgan boshqaruvchi agentlikka asos solishdan iborat edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va kafolatlari O‘zbekiston Respub­likasining 2004-yil 27-avgustda qabul qilingan “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan bel­gilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi. Vakil O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunchiligini takomillashtirish hamda ularni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, fuqarolarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashadi.

Vakil o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonunchilik hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga amal qiladi.

Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi. Vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.

Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining har yilgi majlislarida eshitiladi. Ushbu hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitalari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi. Hisobotni eshitish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar Vakilga yuboriladi.

Yodda tuting! Saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Vakil lavozimiga saylanishi mumkin. Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, adolatparvarlik, demokratizm, insonparvarlik, oshkoralik, har bir inson uchun ochiqlikdir.

Vakil arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, ariza va takliflarni esa alohida qonunda belgilangan tartibda o‘rganadi.

Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Vakil uchinchi shaxslar, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishi yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun, basharti, ularning bunga roziligi bo‘lsa, qabul qiladi.

Shikoyatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.

Vakil qabul jadvallariga muvofiq, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabuli, shuningdek, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.

Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqmaydi. Anonim murojaatlar Vakil tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) fuqarolar huquqlarining beg‘araz va insonparvar himoyachisidir. U inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqadi va tekshiradi; ayrim tashkilot va mansabdor shaxslar yo‘l qo‘ygan xatoliklarni tugatish yuzasidan tadbirlar tavsiya qiladi; fuqarolarning huquqlari tiklanishiga yordamlashib, inson huquqlarining jiddiy ravishda buzilishiga sababchi bo‘lgan shaxslarni qonunga binoan javobgarlikka tortish to‘g‘risida tavsiya qilishga ham haqli.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari 2000-yildan buyon O‘zbekistonning barcha mintaqalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ular fuqarolarning kelib tushgan murojaatlari bo‘yicha joylarga, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylariga ham chiqib, o‘z tekshiruvlarini amalga oshirish, yana shuningdek, tegishli mintaqalardagi Xalq deputatlari kengashlari majlislarida joylardagi inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha axborotlarni taqdim etish yo‘li bilan Ombudsman ishining samaradorligini ancha kuchaytirmoqda. Bugunga kelib, Ombudsman huzurida Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman instituti ham joriy etilgan. 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI TADBIRKORLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH BO‘YICHA VAKIL (BIZNES-OMBUDSMAN)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) tadbirkorlarning davlat tomonidan belgilangan huquqlari himoyasi uchun xizmat qiladi. Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning vazifalari va huquqlari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlar faoliyati tekshiruvida ularni qonuniy tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga da’vo arizalari berish, ularning faoliyatini monitoring qilib borishdan iborat.

INSON HUQUQLARI BO‘YICHA KOMISSIYALAR

Milliy institutlarning eng ko‘p tarqalgan turlaridan biri – bu quyida ko‘rib chiqadigan Inson huquqlari bo‘yicha komissiyalardir. Ko‘pgina mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilishga daxldor qonunlar hamda qoidalarning samarali tarzda qo‘llanilishini taʼminlash uchun komissiyalar (qo‘mitalar, markazlar) tashkil etilgan. Komissiyalar mustaqillik xususiyatiga ega ekanligi sababli ham, odatda, aholining turli guruhlari vakillaridan tarkib topadi. Bunday vakillar uchun xos narsa inson huquqlari sohasidagi manfaatlar, bilim va tajriba, xolos.

Inson huquqlari komissiyalari, asosan, fuqarolarni kamsitishning barcha shakllaridan himoya qilish hamda insonning fuqarolik va siyosiy huquqlarini muhofaza etish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, ularning zimmasiga iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni rag‘batlantirish va himoya qilish majburiyati ham yuklanadi. Muayyan bir komissiyaning vakolatlari va vazifalari, u qaysi qonun yoki hujjat asosida tashkil etilayotgan bo‘lsa, ayni shu qonun yoki hujjatda aniq belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Аna shu qonun yoki normativ hujjat mazkur komissiya vakolatlari, jumladan, kamsitish yoki zo‘ravonlik xususiyatidagi, komissiyaning o‘zi tekshirishga vakolatli bo‘lgan yoki boshqa usullar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan xulq-atvor turlarini aniqlash yo‘li bilan belgilab olishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha barcha komissiyalar uchun eng muhim vazifalardan biri ayrim shaxslar, baʼzan esa bir guruh shaxslarning go‘yo ularning nazarlarida mavjud milliy qonun hujjatlari buzilgan holda sodir etilayotgan, inson huquqlari sohasidagi suiisteʼmolliklar xususidagi shikoyatlarini olish va ko‘rib chiqishdan iborat.

Komissiya zimmasiga ko‘pincha jamoatchilikning inson huquqlaridan xabardorlik darajasini oshirishdek muhim javobgarlik yuklatilishi hollari ham masalaning to‘g‘ri tushunilganligidan dalolat beradi. Inson huquqlari sohasidagi ommaviy-targ‘ibiy va maʼrifiy faoliyat jamoatchilikni komissiyaning maqsad va vazifalaridan xabardor qilib borish, inson huquqlari sohasidagi turli masalalar bo‘yicha bahs-munozaralar o‘tkazish, seminarlar tashkil etish, maslahat berish tarzida xizmatlar ko‘rsatish va maslahat yig‘ilishlari o‘tkazish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha materiallar tayyorlash va eʼlon qilib borishni qamrab oladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasida Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya, Xotin-qizlar va oila masalalari komissiyasi, odam savdosiga qarshi kurash va majburiy mehnatning oldini olish milliy komissiyasi kabi komissiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZI

Inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratiyalashni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 31-oktabrdagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzildi. Farmonda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning maqsad va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yildi.

1996-yil 13-noyabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori Milliy markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy asosi hisoblanadi. Ushbu qaror bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi Nizom va Milliy markaz tuzilmasi tasdiqlangan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi davlatga qarashli idoralararo tahlil, tushuntirish va muvofiqlashtirish organi hisoblanadi. Ya’ni mazkur organ inson huquqlari sohasida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi; inson huquqlari sohasidagi ishlarning milliy rejasini ishlab chiqadi; O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini tayyorlaydi; davlat xizmatchilari uchun esa inson huquqlari muhofazasi sohasida axborot bazasini yaratadi, ularni o‘qitadi, maslahatlar beradi, tashviqot ishlarini olib boradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Markazning asosiy maqsadi – bu ustuvor vazifalarni har tomonlama hal etish yo‘li bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy faoliyat dasturi, huquq va erkinliklarni himoya qilishning ko‘p jihatli tizimini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishdan iborat.

Milliy markazning xalqaro hamkorligiga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Xususan, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi, EXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar Koordinatori, Xalqaro mehnat tashkiloti, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, YuNESKO, YuNISEF, Xorijiy mamlakatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, qator xalqaro jamg‘armalarning vakolatxonalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatilgan. Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda respublikamizda inson huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, himoya qilish va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan turli loyihalar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlari orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xalqaro va milliy idoralararo muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi, milliy ma’ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. Markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi. Markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish;
  • inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalari («yo‘l xaritalari») ishlab chiqish;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish;
  • inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
  • inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar  hamda  xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash;
  • inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshiri­layotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish.

O‘Z HUQUQLARINGIZNI HIMOYA QILISH UCHUN KIMGA MUROJAAT QILISHNI BILASIZMI?

Inson huquqlari yo‘nalishidagi murojaatlar ikki mazmunda bo‘ladi:

  • inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan murojaatlar;
  • buzilgan inson huquqlarini tiklashga qaratilgan murojaatlar.

Xo‘sh, siz shu ikki mazmundagi murojaatdan biri bilan tegishli xalqaro tashkilot yoki milliy tuzilmaga murojaat etmoqchi bo‘lsangiz, kimga murojaat qilishni bilasizmi?

Inson huquqlarini ta’minlash yoki uni tiklashga qaratilgan murojaatlar bilan xalqaro tashkilotga murojaat qilish tartibini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari Kengashi misolida ko‘rib chiqamiz.

Inson huquqlari kengashiga shikoyat qilish tartibi deganda nima tushuniladi?

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi orqali Inson Huquqlari Kengashi dunyoning istalgan nuqtasida va har qanday sharoitda amalga oshiriladigan barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga oid tizimli hamda ishonchli holatlarga javob beradi (Inson huquqlari bo‘yicha Kengashning 2007-yil 18-iyundagi 5/1-qarori). U sobiq Inson huquqlari bo‘yicha Komissiyaning 1503-sonli rezolyutsiyasiga asoslanib, uning xolisligi, samaradorligi, jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ishlarning tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida o‘zgartirishlar kiritilgan. Yozma xabarlarni ko‘rib chiqish hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarining tizimli va ishonchli tarzda tasdiqlangan qo‘pol buzilishi holatlarini Kengash e’tiboriga yetkazish vakolati bilan ikkita alohida ishchi guruh – Xabarlar bo‘yicha ishchi guruh va Vaziyat bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu shikoyat qilish tartibi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlardagi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qamrab oluvchi yagona universal hujjatdir.

Inson huquqlari bo‘yicha kengashga shikoyat bilan murojaat qilishning qanday afzalliklari bor?

  • Shikoyat, davlat muayyan xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan yoki qilmaganligidan qat’i nazar, har qanday davlatga qarshi berilishi mumkin.
  • Shikoyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari mexanizmining eng yuqori darajasida, ya’ni Inson huquqlari kengashida ko‘rib chiqiladi.

Kengashga kimlar murojaat qila oladi?

Har qanday jismoniy shaxs, shaxslar guruhi yoki nodavlat notijorat tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Kengashning shikoyat tartibiga muvofiq shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.

Kimga qarshi shikoyat bilan murojaat qilish mumkin?

Shikoyat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo har qanday davlatga qarshi berilishi mumkin.

Yodda tuting! Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat qilish uchun shaxs avval qaysi davlat ustidan shikoyat berayotgan bo‘lsa, shu davlatning ichki barcha vositalaridan, ya’ni o‘z huquqlarini himoya qilish uchun davlat ichidagi barcha kerakli organlarga murojaat qilgan bo‘lishi lozim.

Ichki himoya vositalarining tugashi qoidasiga rioya etilishini baholash uchun qanday mezonlar qo‘llaniladi?

– Murojaatda tegishli davlatning milliy qonunchiligida mavjud bo‘lgan ichki himoya vositalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga muvofiq qo‘llanilganligi va tugatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot yoki bayonot, shuningdek, umumiy yurisdiksiya sudi yoki boshqa vakolatli organlarning hujjatlashtirilgan yakuniy qarori bo‘lishi kerak.

– Istisno tariqasida, agar bunday himoya vositalari “samarasiz yoki asossiz uzoq” bo‘lishi mumkin bo‘lsa, ba’zi boshqa qoidalar qo‘llanilishi mumkin. Masalan, agar tegishli protsessual qonunlarni qo‘llash bo‘yicha qonunda belgilangan cheklovlar mavjud bo‘lsa (masalan, mustaqil sud tizimining yo‘qligi) yoki shikoyatchi va/yoki jabrlanuvchiga davlatning ichki organlariga murojaat qilishiga bosh tortilgan (unga murojaat qilish uchun rad javobi berilgan, tegishli sharoit yaratilmagan) yoki huquqiy vositalardan to‘liq foydalanish imkoni berilmagan bo‘lsa, shikoyatchi barcha ichki himoya vositalaridan foydalanishi shart emas.

– Agar shikoyat qilingan davlat barcha ichki himoya vositalari tugamagan deb da’vo qilsa, Kengashning Ishchi guruhi ushbu davlatdan ishning alohida holatlarini hisobga olgan holda, taxmin qilingan jabrlanuvchilar uchun mavjud bo‘lgan samarali himoya vositalarining batafsil ro‘yxatini taqdim etishni so‘rashi mumkin.

Inson huquqlari kengashining shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibiga ko‘ra, qanday shikoyatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi?

Shikoyat quyidagi mezonlarga javob bersa, Inson huquqlari bo‘yicha kengash shikoyatni qabul qiladi:

  • shikoyat BMTning oltita rasmiy tillaridan birida (ingliz, arab, xitoy, fransuz, rus yoki ispan) yozma ravishda berilishi kerak;
  • shikoyat xatida tegishli faktlar (jumladan, taxmin qilingan jabrlanuvchilarning ismlari, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi va boshqa ma’lumotlar) to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar bo‘lishi va 15 sahifadan oshmasligi zarur;
  • shikoyat ochiq siyosiy motivatsiya belgilarini ko‘rsatmasligi darkor;
  • shikoyat faqat OAV xabarlariga asoslanmasligi lozim;
  • hozirda shikoyat bir vaqtning o‘zida inson huquqlari bo‘yicha har qanday maxsus tartib, BMTning boshqa shartnomaviy organlari yoki boshqa shikoyat qilish tartibi yoki shunga o‘xshash inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy tashkilotlar doirasida ko‘rib chiqilmasligi kerak;
  • agar bunday vositalar samarasiz yoki asossiz uzoq vaqt talab qilishi mumkinligiga ishonish uchun asoslar bo‘lmasa, mahalliy himoya vositalari tugatilishi zarur;
  • unda haqoratomuz yoki kamsituvchi so‘zlar bo‘lmasligi lozim;
  • shikoyat qilish tartibi muayyan hollarda himoya vositalarini ta’minlash yoki taxmin qilingan jabrlanuvchilarga tovon to‘lash uchun sanksiyalarni nazarda tutmaydi;
  • ichki himoya mexanizmidan (davlatdagi barcha himoya vositalari) o‘tilgan bo‘lishi lozim. Agar bunday vositalar samarasiz yoki asossiz uzoq vaqt talab qilishi mumkinligiga ishonish uchun asoslar bo‘lsa, ichki himoya vositalaridan o‘tish talab etilmaydi.

Shikoyat qilish tartibi muayyan hollarda himoya vositalarini ta’minlash yoki taxmin qilingan jabrlanuvchilarga tovon to‘lash uchun sanksiyalarni nazarda tutmaydi.

Shikoyatda qanday ma’lumotlar bo‘lishi kerak?

Shikoyat berishda alohida format talab qilinmasa-da, buning uchun maxsus shikoyat shaklidan foydalanish tavsiya etiladi (ilovada keltirilgan). Shikoyat yozma shaklda, o‘qilishi mumkin bo‘lgan husnixatda, bosma harflarda yozilgan va imzolangan bo‘lishi kerak.

Shikoyatda asosiy shaxsiy ma’lumotlar (shikoyatchining familiyasi, fuqaroligi, tug‘ilgan sanasi, pochta manzili va elektron pochta manzili) va shikoyat qaysi davlatga qarshi yozilayotganligi haqida ma’lumot bo‘lishi zarur. Ariza beruvchi manzil yoki boshqa aloqa ma’lumotlaridagi keyingi o‘zgarishlar to‘g‘risida kotibiyatni imkon qadar tezroq xabardor qilishi lozim. Shikoyat asosida yotgan barcha faktlarni xronologik tartibda bayon qilish muhimdir. Voqealar ketma-ketligi imkon qadar to‘liq bo‘lishi va vaziyatga tegishli barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi darkor. Shikoyatchi nima uchun taqdim etilgan faktlarni inson huquqlarining muntazam qo‘pol buzilishi deb hisoblayotganini ko‘rsatishi kerak.

Agar shikoyatda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning shikoyatlar ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha tahlil qilish uchun yetarli ma’lumotlar yoki faktlar tavsifida aniqlik bo‘lmasa, Inson huquqlari bo‘yicha kengash kotibiyati shikoyatchidan batafsilroq ma’lumot so‘rashi yoki shikoyatni qaytarib yuborishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida inson huquqlari buzilsa, Inson huquqlari bo‘yicha organlarga qanday murojaat qilasiz?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mamlakat hududida o‘z huquqlarining ta’minlanganlik yoki ularga rioya etilishidan norozi bo‘lsa, respublikada inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan tuzilmalarga arizalar, takliflar va shikoyatlar shakllarida murojaatlar qilishlari mumkin. Tuzilmalar ushbu murojaatlarni qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.

Milliy institutlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish va o‘z tekshiruvlarini o‘tkazish huquqiga ega. Ular uchinchi shaxslar, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishi yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun, basharti, ularning bunga roziligi bo‘lsa, qabul qiladi.

Shikoyatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.

Milliy institutlar qabul jadvallariga muvofiq, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabuli, shuningdek, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.

Yodda tuting! Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibini rasmiy veb-saytlarda e’lon qilish, shuningdek, ma’muriy binolarda hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlar yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Ma’lumot uchun saqlab qo‘ying!

Huquqlaringiz buzilgan yoki ularga rioya etilmaganda, murojaat etishingiz mumkin bo‘lgan manbalar haqida ma’lumot

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Elektron pochta: info@nhrc.uz

Murojaat uchun: +998 71 239 13 58; +998 71 239 43 39

Manzil: Islom Karimov ko‘chasi, 15-uy

Vaqt: Dushanba-Juma: 9:00-18:00

Sayt: http://www.insonhuquqlari.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsmen) 

Elektron pochta: info@biznesvakil.uz

Murojaat uchun: (+998) 71 202-08-98 (134)

Manzil: Toshkent shahri, Nukus ko‘chasi 73a-uy

Vaqt: Dushanba-Juma: 9:00-18:00

Sayt: https://biznesvakil.uz/

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)

Elektron pochta: info_ombudsman.uzb@umail.uz

Murojaat uchun: (71) 200-10-96 (1096)

Manzil: Toshkent shahri Shayxontohur tumani

Islom Karimov shoh ko‘chasi, 16А-uy

Vaqt: Dushanba-Juma: 9:00-18:00

Sayt: http://ombudsman.uz/

BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashi

Complaint Procedure Unit

Human Rights Council Branch

Office of the United Nations High Commissioner for Human Rights

United Nations Office at Geneva

CH-1211 Geneva 10, Switzerland

Email: cp@ohchr.org

Website: https://www.ohchr.org/

MUROJAAT NAMUNASI

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari Kengashiga murojaat qilish uchun to‘ldiriladigan shikoyat blankasi

Human Rights Council
Complaint Procedure Form

– You are kindly requested to submit your complaint in writing in one of the six official UN languages (Arabic, Chinese, English, French, Russian and Spanish) and to use these languages in any future correspondence;

– Anonymous complaints are not admissible;

– It is recommended that your complaint does not exceed eight pages, excluding enclosures.

– You are kindly requested not to use abusive or insulting language.

I. Information concerning the author (s) of the communication or the alleged victim (s) if other than the author

Individual Group of individuals NGO Other

Last name: ………

First name(s): ………….

Nationality: ………

Address for correspondence on this complaint: ………..

Tel and fax: (please indicate country and area code) ……….

E-mail: ……….

Website: ……….

Submitting the complaint:

On the author’s own behalf:

On behalf of other persons: (Please specify: ………………..)

II. Information on the State concerned

Name of the State concerned and, as applicable, name of public authorities responsible for the alleged violation(s): …………..

III. Facts of the complaint and nature of the alleged violation(s)

The complaint procedure addresses consistent patterns of gross and reliably attested violations of all human rights and all fundamental freedoms occurring in any part of the world and under any circumstances.

Please detail, in chronological order, the facts and circumstances of the alleged violations including dates, places and alleged perpetrators and how you consider that the facts and circumstances described violate your rights or that of the concerned person(s).

……..………………………………………………………………………

………………………………………………………………………………

………………………………………………………………………………

………………………………………………………………………………

………………………………………………………………………………

………………………………………………………………………………

IV. Exhaustion of domestic remedies

1- Steps taken by or on behalf of the alleged victim(s) to exhaust domestic remedies– please provide details on the procedures which have been pursued, including recourse to the courts and other public authorities as well as national human rights institutions[1], the claims made, at which times, and what the outcome was:

…………………..

2- If domestic remedies have not been exhausted on grounds that their application would be ineffective or unreasonably prolonged, please explain the reasons in detail:

…………………………

V. Submission of communication to other human rights bodies

1- Have you already submitted the same matter to a special procedure, a treaty body or other United Nations or similar regional complaint procedures in the field of human rights?

……………

2- If so, detail which procedure has been, or is being pursued, which claims have been made, at which times, and the current status of the complaint before this body:

…………………………

VI. Request for confidentiality

In case the communication complies with the admissibility criteria set forth in Council resolution 5/1, kindly note that it will be transmitted to the State concerned so as to obtain the views of the latter on the allegations of violations.

Please state whether you would like your identity or any specific information contained in the complaint to be kept confidential.

Request for confidentiality (Please tick as appropriate): Yes No

Please indicate which information you would like to be kept confidential

Date: ………………… Signature: …………………….

N.B. The blanks under the various sections of this form indicate where your responses are required. You should take as much space as you need to set out your responses. Your complaint should not exceed eights pages.

VII. Checklist of supporting documents

Please provide copies (not original) of supporting documents (kindly note that these documents will not be returned) in one of the six UN official languages.

– Decisions of domestic courts and authorities on the claim made (a copy of the relevant national legislation is also helpful):

– Complaints sent to any other procedure mentioned in section V (and any decisions taken under that procedure):

– Any other evidence or supporting documents deemed necessary:

VIII. Where to send your communications?

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2019. – B. 76.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Kodekslar to‘plami. Rasmiy nashr. – T.: Adolat, 2019.
  3. O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni. 2004-yil 27-avgust.
  4. O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni. 2019-yil 2-sentabr.
  5. Vazirlar Mahkamasining Inson huquqlari bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori. 1996-yil 13-noyabr.
  6. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi. 1948-yil.
  7. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt. 1966-yil.
  8. Mo‘minov A.R., Tillaboyev M.A. Inson huquqlari. Darslik. – T.: Adolat, 2013.
  9. Юлдашева Г., Борсиева З., Гафурова Н. Права человека. Учебник. ТГЮУ. 2014.
  10. Права человека: учебное пособие. Под ред. д.ю.н., проф. И.В.Гончарова. – М.: Проспект, 2020. – С. 17-18.

JO‘RAYEVA DILRABO DILMURODOVNA

SHERXANOVA UMIDA ALISHER QIZI

INSON HUQUQLARINI

HIMOYA QILUVCHI

XALQARO VA MILLIY

ORGANLAR

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 151-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

  1. National human rights institutions, established and operating under the Principles Relating to the Status of National Institutions (the Paris Principles), in particular in regard to quasi-judicial competence, may serve as effective means of addressing individual human rights violations.