KIRISH

Mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlarini hisobga olgan holda mahalliy tadbirkorlar sonini oshirish, respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy va boshqa tomondan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek respublikaning iqtisodiy, resurs va investitsion salohiyatini oshirish, investitsiya muhitini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy, eng avvalo, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, barcha sohalarda ichki imkoniyat va rezervlarni ishga solish, yangi texnika va texnologiya, eksportbop tovarlarni o‘zlashtirish, ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali davlatimiz iqtisodiy qudratini ta’minlash bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Eng asosiysi, tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi barcha milliy va xorijiy subyektlar uchun qulay huquqiy va qonuniy makonni yaratishdan iborat. Aynan xorijiy investorlar esa huquqi ta’minlanadigan davlatga o‘z sarmoyasini olib kiradi.

Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish sudlar orqali amalga oshiriladi. Sud himoyasida bo‘lish huquqi tobora yuksalib bormoqda. Har bir tadbirkorlik subyekti (xorijiy investor) ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega hisoblanadi.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunda kun sayin tadbirkorlik subyekt (xorijiy investor)lar soni ortib borishi natijasida ular o‘rtasidagi nizolar ham ko‘payib bormoqda. Bunday nizolar esa iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilinib kelinmoqda. Iqtisodiy protsessda tadbirkorlik subyekt (xorijiy investor)larining huquq va manfaatlarini ta’minlash va ularga sud jarayonida ko‘maklashish maqsadida tarjimon ishtirokidan foydalanish imkoniyatini yaratib berishi zarur hisoblanadi.

Tarjimon yoki tarjimon xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan shaxslar ko‘p hollarda o‘zlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, haq to‘lash masalalari, tarjimon xizmatidan foydalanish qoidalari va ularni ishga jalb qilish holatlari borasida muammoli holatlarga duch kelmoqda. Bunday holatda qayerga va kimga murojaat qilish kerakligi, qachon tarjimon xizmatidan foydalanish mumkin, kimlar tarjimonlik faoliyatini olib borish huquqiga ega, tarjimonni rad etish asoslari va qancha haq olish kerakliklari kabi hamda boshqa savollar tug‘ilishi tabiiydir. Ushbu ilmiy-ommabop risolada esa ushbu savollarga javob topish mumkin. O‘ylaymizki, risola sudlar, tarjimonlar va tarjimon xizmatidan foydalanuvchi shaxslar uchun ilmiy-ommabop jihatdan qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

TARJIMON KIM?

Ma’lumki, tarjimaga xalqlarni bir-biriga bog‘lovchi halqa, fan va madaniyatni rivojlantiruvchi va boyituvchi vosita, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikka asos soluvchi ko‘prik deb qaralgan.

Tarjima – tarjimon so‘zidan hosil bo‘lgan, tarjimon esa forscha tarzabon so‘zidan kelib chiqqan. Tar – fors tilida yangi, shirali, tarovatli, nozik, latif kabi ma’nolarni bildiradi. Zabon – til degani. Tarzabon – notiq, chiroyli gapiruvchi, so‘z ustasi, yangi va o‘tkir so‘zlarni aytuvchi.

Tarjimon – bir tildagi og‘zaki nutq yoki yozma matnni ikkinchi tilga tarjima qiluvchi kishi, mutarjim, tilmoch, tarjimachi.

Iqtisodiy protsessual kodeksga binoan tarjimon – tarjima qilish uchun zarur tillarni biladigan sud tomonidan tayinlangan shaxs tarjimondir. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari, garchi tarjima qilish uchun zarur tillarni bilsa ham tarjimon vazifalarini o‘z zimmasiga olishga haqli emas.

Bugungi kunda iqtisodiy sud faoliyatiga o‘zining zimmasiga yuklatilgan majburiyati yuzasidan yordam beruvchi, ya’ni odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarga tarjimonlar ham kirishi belgilangan. Tarjimonlar iqtisodiy sudga daliliy ma’lumotlarni taqdim etish faoliyatiga va boshqa holatlarga ko‘maklashuvchi boshqa shaxslar sifatida qaraladi. Iqtisodiy sudlarda tarjimonlar quyidagi tarjima usullaridan foydalanib faoliyatini amalga oshirmoqda. Jumladan:

– sinxron tarjima (anjumanlar, konferensiyalar, xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarda til bilmaydigan ishtirokchilar uchun);

– ketma-ket tarjima (notiq bir gap yoki abzasni o‘qiydi, tarjimon uni tarjima qiladi – notiq va tarjimon o‘rin almashib turadi);

– tushuntirib berish (biror narsani o‘qib, uning mazmunini og‘zaki aytib berish);

– o‘qib tarjima qilib berish (biror mavzudagi adabiyotni o‘qib, jumla-jumla tarjima qilib borish);

– o‘qib gapirib berish (biror narsani o‘qib, uning shunchaki mazmuni gapirib berish);

– eshitib gapirib berish (boshqa tilda eshitganini til bilmaydigan kishilarga tushuntirib berish).

Til prinsiplari bo‘yicha: ruscha-o‘zbekcha, inglizcha-o‘zbekcha, forscha-o‘zbekcha, arabcha-o‘zbekcha tarjima va hokazo tarzda tarjima amalga oshirilishi mumkin.

Sudlarda tarjimon tarjima faoliyatini amalga oshirayotganda aynan yuridik sohaga oid terminlardan foydalanib tarjima qilishi mumkin. Shuning uchun ham tarjimon sudlarda muhim rol o‘ynaydi. Iqtisodiy sudlarda tarjimonlar yuridik terminlarni bilishi va rasmiy uslubdan foydalangan holda tarjimani amalga oshirishi lozim.

TARJIMONLIK FAOLIYATINING HUQUQIY ASOSLARI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasi va “Davlat tili haqida”gi Qonunning 1-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu Qonunning 11-moddasida sudlov ishlarini yuritish davlat tilida yoki o‘sha joydagi ko‘pchilik aholi tilida olib borilishi va ishda ishtirok etayotgan, sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan tanishish, sud jarayonida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari tarjimon ishtirokidan foydalanish borasidagi normalar “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda ham belgilangan.

Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib borilishi va sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish, sud harakatlarida ishtirok etish huquqi va sudda ona tilida yoki ular biladigan boshqa tilda so‘zlash huquqi ta’minlash lozim ekanligi belgilab qo‘yilgan. Demak, ushbu normalardan ko‘rinib turibdiki, sud ishlarini yuritishda tilni bilmaydigan shaxs (xorijiy investor) lar tarjimon orqali ishtirok etishi belgilangan. Shuningdek, suddagi ish materiallari bilan tanishish va sudda ishtirok etish ham tarjimon bilan qatnashish huquqiga ega ekanligini belgilab beradi.

Yana bir muhim qoidaga to‘xtaladigan bo‘lsak, Iqtisodiy protsessual kodeksning 10-moddasiga binoan sud muhokamasi jarayonida qabul qilinadigan sud hujjatlari sud majlisi qaysi tilda o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘sha tilda tuzilishi belgilangandir. Bugungi kunda tarjimon bo‘lish uchun talablar qo‘yilmagan. Lekin, tarjimon tushunchasiga ozmi-ko‘pmi to‘xtalib o‘tgan. Agar suddagi ishtirokchilar tillarni to‘liq bilsa ham tarjimon bo‘lib ishtirok etolmasligi belgilangan. Maxsus bilim va tajribaga ega tarjima faoliyati bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan yoki bu bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lganlar ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Tarjimon muomala layoqatiga ega bo‘lgan, 18 yoshga to‘lgan va tarjima qilish uchun yetarli bilimga ega bo‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin.

Hozirgi kunda tarjimonlik xizmatlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-apreldagi PF–5400-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi tashkil qilinib, faoliyat olib bormoqda.

Tarjimonlar byurosi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • rejalashtirilayotgan oliy va yuqori darajadagi xalqaro tadbirlar mavzusiga tarjimonlarni oldindan tayyorlash orqali talab katta bo‘lgan xorijiy tillarga sifatli tarjimani ta’minlaydi;
  • tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tuziladigan shartnomalarga asosan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga og‘zaki va yozma tarjima bo‘yicha keng ko‘lamli pulli tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatadi;
  • oliy va yuqori darajadagi tashriflar davomida sinxron va izchil og‘zaki va yozma tarjimani ta’minlash bo‘yicha doimiy tayyorlikni ta’minlaydi;
  • davlat boshqaruvi organlariga, xo‘jalik birlashmalariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga ularning loyihalari asosida ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini davlat va xorijiy tillarga tarjima qilish, muzokaralar jarayonida tarjimani, bosma va media materiallarning tarjimasini hamda hujjatlarning sertifikatlangan tarjimasini ta’minlash, shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlarini qonuniy rasmiylashtirish va hujjatlarni notarial tasdiqlash uchun tarjima (apostil) qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Tarjimonlar byurosi quyidagi huquqlarga ega:

  • tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘z vakolatlari doirasida shartnomalar tuzish;
  • vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha pulli asosda turli xizmatlar ko‘rsatish;
  • o‘z nomidan shartnomalar tuzish, mol-mulk sotib olish.

Sudlar shuni e’tiborga olish lozimki, aynan ushbu tarjimonlar byurosi bilan shartnoma qilish orqali iqtisodiy sudlarda bevosita malakali tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa ortiqcha tarjimon qidirish va ovoragarchilikni oldini oladi va sud hujjatlarini asosli va adolatli chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi.

IQTISODIY PROTSESSDA TARJIMONGA BERILGAN HUQUQLAR

Iqtisodiy sud ishlarini yuritish jarayonida tarjimon tegishli huquqlarga ega bo‘ladi. Bu esa unga sud protsessida va undan tashqarida huquqlarini kafolatlashni nazarda tutadi. Sud ishga tarjimonni jalb qilish uchun ajrim chiqaradi.

Shunga ko‘ra iqtisodiy sudda tarjima qilishi mumkin bo‘lgan tarjimonlar ro‘yxati bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taklif etilgan tarjimonlardan biri ham tarjimon sifatida jalb qilinishi mumkin.

Iqtisodiy sud protsessida ishtirok etishga jalb qilingan tarjimon quyidagi huquqlarga ega va buni bilishi lozim bo‘ladi:

– tarjimani aniqlashtirish uchun sud majlisi ishtirokchilariga savollar berish, ya’ni tarjimon sudga “Hurmatli sud” degan so‘zlar bilan murojaat qilib, sudga tarjimon xizmati faoliyatida aniqlashtirish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tushuntirish berish uchun joyidan tik turgan holda savollar beradi.

– agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega bo‘lmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad qilish, ya’ni bunda tarjimonning iqtisodiy protsessdagi ishning murakkabligidan kelib chiqib o‘zining imkoniyatini baholagan holda ishtirok etishi lozim. Shuningdek, tarjimon quyidagi hollarda ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim. agar u:

1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa;

2) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa o‘z o‘zini rad qilishi haqida arz qilishi shart. Tarjimonni rad qilish sudning tashabbusiga ko‘ra ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Tarjimon o‘z o‘zini rad qilishi va uni arizasi asoslantirilgan bo‘lishi lozim va ishni mazmunan ko‘rish boshlangunga qadar ma’lum qilishi kerak.

– sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish, ya’ni bayonnomada tarjimonnning har bir harakati va bergan og’zaki ma’lumotlari ask etgan bo‘ladi. Bayonnomada esa ushbu jihatlari yozma aks ettiriladi va shuni to‘g‘ri ekanligini tarjimon tanishish huquqiga ega va natijasi bo‘yicha tasdiqlash lozim.

– tarjima yozuvlarining yozilishi to‘g‘riligi xususida e’tirozlar taqdim etish, ya’ni tarjimonning tarjim natijasida yozilgan yozuvlarning noto‘g‘riligi aniqlansa e’tiroz taqdim etadi.

Bundan tashqari, tarjimon videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlisida ishtirok etishi ham mumkin. Tarjimon videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan barcha instansiya sudlarida qatnashishga haqli hisoblanadi. Agarda tarjimonning vakolatli vakili qatnashadigan sud majlisi bo‘ladigan bo‘lsa unda ishonchnoma taqdim etishi lozim.

Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari, garchi tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tillarni bilsalar ham tarjimonlik vaziflarini o‘z zimmalariga olishga haqli emaslar. Ushbu talablar iqtisodiy sud tomonidan jalb qilingan surdotarjimon (karlar uchun tarjimani amalga oshiruvchi shaxslar)lar uchun ham tatbiq etiladi. Tarjimonning ishtiroki sudning hal qiluv qarorida qayd etiladi.

IQTISODIY PROTSESSDA TARJIMONNING MAJBURIYATLARI

Iqtisodiy sud ishlarini yuritish jarayonida tarjimon huquqlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda tegishli majburiyatlarga ham ega shaxs hisoblanadi. Tarjimonning majbu­riyatlari:

Sud chaqiruvi bo‘yicha kelishi, ya’ni iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari (tarjimon) ajrim orqali, zarur hollarda esa sud chaqiruv qog‘ozlari, telegrammalar, fakslar, teletayplar hamda boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.

Agar sud iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi (tarjimon) o‘ziga yuborilgan ajrimning ko‘chirma nusxasini olganligi yoki boshqa usulda xabardor qilinganligi to‘g‘risida sud majlisi boshlanguniga qadar ma’lumotlarga ega bo‘lsa, ushbu ishtirokchi tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi.

Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi (tarjimon) quyidagi hollarda ham sud tomonidan tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi, agar:

  • ajrim yo‘llangan shaxs ajrimning ko‘chirma nusxasini olishni rad etgan va ushbu rad etish qayd etilgan bo‘lsa;
  • ajrimning ko‘chirma nusxasi sud tomonidan elektron pochta orqali yoki xabardor qilinganlik faktini tasdiqlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yuborilgan kundan e’tiboran uch kun o‘tgan bo‘lsa.

Tarjimani aniq, to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirishi, ya’ni tarjimon sud protsessida tarjima qilish uchun chaqirilganda tarjimani aniq (matnlar aynan asl nusxasida qanday qayd qilingan bo‘lsa, xuddi shunday tarzda tarjima qilish) to‘liq (agar matn to‘liq holda tarjima qilinmasa boshqa mazmun kelib chiqadi) to‘g‘ri (boshqa matnlarni yoki so‘zlarni qo‘shmagan holda) amalga oshirish lozim. Agar iqtisodiy sudlarda ushbu tarjimonning majburiyatiga kiritilgan qoidalarga rioya qilinmagan bo‘lsa, yuqori turuvchi instansiya ish uchun ahamiyatli holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi bois birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi munosabati bilan instansiyalar sudining hal qiluv qarori (qarori)ni har qanday holda bekor qilish uchun sud ishi yuritilayotgan til to‘g‘risidagi qoidalar ishni ko‘rish chog‘ida buzilganligi aniqlansa bekor qilish uchun asos bo‘ladi

Sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart, ya’ni tarjimon sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida o‘rinidan turadi. Tarjimon majlis vaqtida tartib buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni uni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, tarjimonni raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Tarjimon sudning hal qiluv qarorini majlis zalida tik turib eshitadi. Ushbu talablar iqtisodiy sud tomonidan jalb qilingan surdotarjimon (karlar uchun tarjimani amalga oshiruvchi shaxslar)lar uchun ham tatbiq etiladi. Tarjimonning ishtiroki sudning hal qiluv qarorida qayd etiladi. Sudning majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin. Tarjimon videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan barcha instansiya sudlarida qatnashishga haqli hisoblanadi. Agarda tarjimonning vakolatli vakili qatnashadigan sud majlisi bo‘ladigan bo‘lsa unda ishonchnoma taqdim etishi lozim.

Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 270-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini o‘tkazishda protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining  5-bandiga binoan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.

Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilarining tarjimon yordamida sud ishlarida ishtirok etish hamda o‘z ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.

Bunda tarjimon bilan ta’minlash videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi yoki ish ish yurituvida bo‘lgan iqtisodiy sud tomonidan amalga oshiriladi. Tarjimon bilan ta’minlash videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashuvchi iqtisodiy sud tomonidan amalga oshirilganda, ushbu sud tarjimonga huquq va majburiyatlarni tushuntirganligi haqida tilxat oladi va ishni ko‘rayotgan sudga yuboradi.

IQTISODIY PROTSESSDA TARJIMONNING NOTO‘G‘RI TARJIMA QILGANLIK UCHUN JAVOBGARLIGI

Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilishda davlat tili qo‘llaniladi. Iqtisodiy nizolar taraflarning roziligi bilan boshqa tilda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Tarjimon xulq-atvorining qonuniyligi noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlikning mavjudligi bilan uyg‘unlashadi. Sud majlisida raislik qiluvchi sudya tarjimonni bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiriladi va ogohlatirilganligi haqida tilxat olinadi. Jinoyat kodeksida tarjimonga nisbatan quyidagicha jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 238-moddasiga binoan tarjimon yolg‘on guvohlik berganligi uchun jinoiy javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan. Unga binoan yolg‘on guvohlik berish, ya’ni tarjimonning bir tildan ikkinchi tilga bila turib noto‘g‘ri tarjima qilishi —

  • uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari,
  • yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash,
  • yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ishni sudda ko‘rish chog‘ida yolg‘on ko‘rsatuvlar berish maqsadida noto‘g‘ri tarjima qilish uchun tarjimonni pora evaziga og‘dirib olish, xuddi shuningdek ularga yoki ularning yaqin qarindoshlariga ruhiy, psixologik, jismoniy ta’sir ko‘rsatish yoki boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish orqali yolg‘on ko‘rsatuv berishga majbur qilish —

  • uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash,
  • yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab;

b) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan bo‘lsa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2003-yil 25-iyuldagi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 111-sonli “Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorning 6-bandiga ko‘ra ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoxud uning vakilining yoki sudyaning jinoiy harakatlari, shuningdek tarjimonning bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganligi, ular ishtirokida ko‘rilgan boshqa ishlarda emas, balki aynan ushbu ishni ko‘rishda sodir etilgan bo‘lsa, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni qayta ko‘rish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ushbu IPKning bandlarda ko‘rsatilgan holatlar sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining  84-moddasida belgilangan asoslar bo‘yicha shaxsning jinoyat sodir etilishida ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan taqdirda, iqtisodiy sudning hujjati IPK 327-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan ya’ni bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan va mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan asos bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

TARJIMONGA IQTISODIY PROTSESSIDAGI ISHTIROKI UCHUN HAQ TO‘LASH MASALALARI

Tarjimonga amalga oshiriladigan to‘lovlar sud chiqimlari bo‘lib, ishning natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar taraflar zimmasiga yuklanadi.

Tarjimonlar bajargan ishlari uchun sudning ajrimiga binoan haq oladilar. Bu haqning miqdori tarjimonni chaqirgan idora tomonidan ularning malakasi va ishning murakkabligi, shuningdek bajarilgan ish uchun sarflangan vaqtni hisobga olib belgilanadi. Tarjimonlarga sudga kelish bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘lkira, xona ijarasi bo‘yicha xarajatlarning o‘rni qoplanadi va kundalik xarajatlar uchun haq to‘lanadi. Tarjimonlar sudning topshirig‘i bo‘yicha bajargan ish ularning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, ular bu ish uchun haq oladi. Tarjimonlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summa tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilgan ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan sudning depozit hisobvarag‘iga oldindan o‘tkaziladi. Agar iltimosnoma ikkala tarafga tegishli bo‘lsa, talab qilinadigan summani ular teng bo‘lib o‘tkazadi. Tarjimonlarga tegishli bo‘lgan summalar ular o‘z vazifalarini bajarganlaridan keyin sud tomonidan to‘lanadi.

Tarjimonga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar O‘zbekiston Respublikasining “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxasisslar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdori to‘g‘risida”gi Qonunga asosan belgilanadi. Unga binoan iqtisodiy sudga chaqiriladigan tarjimonlarga o‘z turar joyidan shu chaqirilgan yerga kelish va bu yerdan qaytib ketish xarajatlari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning xodimlariga xizmat safariga borish va qaytish xarajatlarini qoplash uchun belgilangan tartibda to‘lanadi. Shunindek, tarjimonlar o‘zlarining doimiy yashash joylaridan tashqaridagi iqtisodiy sudga chaqirilganda va ular shu chaqirilgan joyda bir sutkadan ortiq turishlari lozim bo‘lganda, ularga turar joy binosini ijaraga olganlik uchun qilingan xarajatlar va sutkalik xarajatlar, shuningdek xizmat safari bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xodimlarining xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash uchun belgilangan tartibda va miqdorda to‘lanadi.

Doimiy ishi yo‘lda yoki ko‘chib yurish bilan bog‘liq bo‘lgan, yoxud doimiy harakatlanuvchi tusga ega bo‘lgan xodimlarni xizmat yuzasidan borib kelishlari xizmat safari hisoblanmaydi. Xodimlarni xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi va har bir holat uchun yo‘ldagi vaqtni hisobga olmagan holda 40 kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Xizmat safariga yuborilgan xodimni xizmat safarida bo‘lgan muddatida va yo‘lda bo‘lgan muddatda ish joyi (lavozimi), ishbaylar uchun o‘rtacha ish haqi yoki lavozim maoshi yoki xodimlarni boshqa toifalari uchun stavkalari saqlanib qoladi.

Esda saqlash kerakki, tarjimonlar yozma tarjimaga — har 1000 bosma (qo‘lyozma) belgi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan — 0,0036-0,0053 koeffitsiyenti bo‘yicha haq oladilar.

Sud majlislarida tarjimon sifatida qatnashganlik uchun tarjimonlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan — ishning bir soatiga 0,0053-0,0071 koeffitsiyenti bo‘yicha haq oladilar. Tarjimonlar bajargan ishlari uchun sudning ajrimiga binoan haq oladilar. Bu haqning miqdori tarjimonni chaqirgan idora tomonidan ularning malakasi va ishning murakkabligi, shuningdek bajarilgan ish uchun sarflangan vaqtni hisobga olib belgilanadi. Tarjimonlarlarga haq ularni chaqirgan organ tomonidan bu shaxslar o‘z vazifalarini bajarib bo‘lganlaridan keyin, tegishli pullar ish yuzasidan qilingan xarajatlar tarzida yoki hukm etilganlardan protsessual chiqimlar tarzida tashqaridan olingan va undirib olingan yoki olinmaganligidan qat’i nazar darhol to‘lanishi kerak.

Sudga tarjimonlar sifatida chaqiriladigan harbiy xizmatchilarning xarajatlarini (yo‘lkira haqi, sutkalik haq va kvartira haqi) sud harbiy qismlarning talabiga binoan va harbiy xizmatchilarning pul ta’minoti to‘g‘risidagi nizomda belgilangan normalar bo‘yicha to‘laydi.

Iqtisodiy protsessda tarjimon xizmatidan foydalanish va tarjimon xizmatiga oid huquqiy ma’lumotlarni bilish demokratik huquqiy jamiyatda yashayotgan barcha uchun birdek muhimdir. Shunday ekan, ushbu ilmiy-ommabop risolada keltirilgan huquqiy ma’lumotlar nazariyotchi va amaliyotchi xodimlarning faoliyatida zarur bo‘ladi deb hisoblaymiz.

XUDOYNAZAROV DADAXON AVAZ O‘G‘LI

IQTISODIY PROTSESSDA

TARJIMON XIZMATIDAN

FOYDALANISH

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 154-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

_______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________