KIRISH
Fuqarolarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish huquqlari O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda ham mustahkamlangan. Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi. Ta’lim olish huquqini ta’minlash usullaridan biri sifatida ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) ta’lim olishni tashkil etish ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi hamda 37-moddasida esa har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (keyingi o‘rinlarda – MK) 14-bobi (Ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar) 3-paragrafida ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borayotgan shaxslar uchun imtiyozlar kafolatlangan.
MK 248-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqarishda kasbga doir ta’lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirayotgan yoki ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart.
MK 249-moddasiga ko‘ra, ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga egadirlar.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan 2022-yil 4-mart kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalari talabalari ishlab, daromad topishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalasiga alohida e’tibor berildi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz oliygohlarida 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda (jami 820 ming nafar).

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq rektorlar, talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan.
Ayniqsa, ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar “daftarlar”ga kiritilgan talabalar bor.
“Bu raqamlar haqiqatda ancha yuqori. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan o‘zlari muloqot qilib, haqiqiy holatni bilish va ularni band qilishga shaxsan mas’ul”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu bilan birga, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud.
2022-yil 18-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiyot oliygohlari talabalarini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5-6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Bu orqali yiliga 7 mingga yaqin talaba ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Ushbu risolamizda ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borayotgan shaxslar uchun mehnat qonunchiligidagi kafolatlar haqida batafsil fikr yuritamiz.
- MAKTAB O‘QUVCHILARINING MEHNAT QILISH HUQUQI
Maktab o‘quvchilari necha yoshdan ishlashlari mumkin?
Ishga qabul qilishga 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi. Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun – ular 15 yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanadi. Batafsil: “Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 2071, 21.01.2010-y.) hamda “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari” ro‘yxati (ro‘yxat raqami: 1990, 29.07.2009-y.).
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishlari va tashishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. “O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 1954, 12.05.2009-y.).
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishda qanday kafolatlar bor?
MK 239-moddasiga ko‘ra, belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shart.
Belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga qabul qilishni rad etish taqiqlanadi va bunday rad etish ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Maktab o‘quvchisini ishga olinganda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shartmi?
MK 214-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart.
Tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmaydilar.
- MAKTAB O‘QUVCHILARIGA BERILADIGAN TA’TILLAR VA KAFOLATLAR
MK 135-moddasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga kamida 30 kalendar kundan iborat yillik uzaytirilgan asosiy ta’til beriladi.
Ta’til ularning xohishi bo‘yicha 6 oy o‘tmasdan oldin beriladi va ular bu ta’tildan yoz vaqtida yoki yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtida foydalanishlari mumkin.
18 yoshga to‘lmagan xodimlar uchun ish vaqtining quyidagicha qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Ta’til davrida:
16 dan 18 yoshgacha bo‘lganlarga – haftasiga 36 soatdan;
15 dan 16 yoshgacha bo‘lganlarga – haftasiga 24 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
Ta’til vaqtida 18 sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarning kundalik ish vaqti qisqartirilgan hollardagi mehnatiga haq kundalik ish vaqti to‘liq bo‘lgan chog‘da tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda to‘lanadi. Ya’ni ta’til vaqtida haftasiga 24 yoki 36 soat ishlagan maktab o‘quvchisiga 40 soat uchun haq to‘lanadi. Ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
O‘qishdan so‘ng ishlayotgan o‘quvchilarning o‘quv yili davomidagi ish vaqti muddati esa:
16 dan 18 yoshgacha bo‘lganlarga – haftasiga 18 soatdan;
15 dan 16 yoshgacha bo‘lganlarga – haftasiga 12 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
Korxonalarda o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilarning mehnatiga ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab haq to‘lanadi (MK 242-243-moddalar).
Maktab o‘quvchisini tungi ishlarga jalb qilsa bo‘ladimi?
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi (MK 245-moddasi).
Maktab o‘quvchisi o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkinmi?
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qaroriga ilova “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.
- MAKTAB O‘QUVCHISI BILAN MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISHDA O‘ZIGA XOS JIHATLARI
MK 246-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Maktab o‘quvchisi bilan mehnat shartnomasini ota-onasi talabi bilan bekor qilish mumkinmi?
MK 247-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va vasiylar (homiylar), shuningdek mehnatni muhofaza qilish ustidan nazorat qiluvchi organlar hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, agar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar bajarayotgan ishni davom ettirish ular sog‘lig‘iga ziyon qiladigan yoki ularga boshqacha tarzda zarar yetkazadigan bo‘lsa, bunday shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqlidirlar.
Bunda mehnat shartnomasi MK 106-moddasi (Mehnat shartnomasining taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha bekor qilinishi) 6-bandi (qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda) bilan bekor bo‘ladi.
- TALABALARNING MEHNAT QILISH HUQUQI
O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi bo‘yicha Talabalarning mehnat qilishga hech qanday cheklov yo‘q. Ya’ni Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra 16 yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega. 15 yoshdan esa yoshlarni sog‘lig‘iga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi 9-sonli buyrug‘i 50-bandiga muvofiq “kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin”.
Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.
Talaba faqatgina kunning ikkinchi yarmida ishlay oladimi, kuning birinchi yarmidachi?
Yuqoridagi nizomning 50-bandida talabalarning mehnat faoliyatiga doir g‘alati bir qoida bor: “kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin”.
Ya’ni, bu yerda go‘yoki talabalarga faqat kunning ikkinchi yarmidagina ishlashga ruxsat berilgandek, kuning birinchi yarimida ishlashga taqiq qo‘yilgandek. Lekin biz bilamizki, O‘zbekistonda qanchadan qancha talabalar aksincha kuning ikkinchi yarmida ta’lim olib, kuning birinchi yarmida bo‘sh bo‘ladi. Ya’ni ularda o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlash imkoniyati faqat kuning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.
Nima shunda, ikkinchi “smenada” o‘qiydigan talabalar ishlay olmaydimi?
Mana shu yerda, ayrim ish beruvchilar yuqoridagi 50-banddagi normalarni kuning ikkinchi yarmida o‘qiyotgan talabalar uchun cheklov sifatida qabul qilmasliklari kerak. Chunki boshqa yuqori turuvchi va ustuvor qonun hujjatlaridagi umumnormalar har qanday shaxslarning, jumladan, talabalarning mehnat qilish huquqini ham birdek e’tirof etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko‘ra: “har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir”.
Demak, talaba oliy ta’lim muassassida kunning ikkinchi yarmida tahsil olib, kuning birinchi yarmida bo‘sh qolyaptimi, demak, u kunning birinchi yarmida ham mehnat shartnomasi tuzib, mehnat qilishga va pul topishga to‘laqonli haqlidir.
Pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar nechanchi kursdan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomning 7-8-bandlariga ko‘ra, umumta’lim muassasalarining o‘rta maxsus, kasbiy yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, mazkur Nizom kuchga kirgan paytda pedagogik faoliyatni amalga oshirayotgan pedagog xodimlari uchun, ularning pedagogik tajribasini, shuningdek ular 2006-2007-o‘quv yilida ma’lumot olish uchun tegishli o‘quv muassasalariga o‘qishga kirishlarini hisobga olgan holda, o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.
Oliy yoki o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni umumta’lim muassasalariga pedagogik lavozimlarga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oliy ta’lim muassasasining 4-kursida, pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarining 3-kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.
Avval pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar 4️-kursdan ishlay olar edilar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-sonli qarori bilan yuqoridagi Vazirlar Mahkamasining 275-son qaroriga o‘zgarish kiritilib, 3️-kursdan ishlash imkoniyati berilgan edi.
Ikkinchi kursdan talabalarga ishlash imkoniyati berilishi mumkin. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 2022-yilning 24-fevral kuni Qoraqalpog‘istonda talabalar bilan uchrashuv davomida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalarga amaliyot muddatini ko‘paytirish kerak. “Kerak bo‘lsa, butun o‘quv rejada qator OTMlarda 70 % amaliyot qilish kerak. Pedagogika yo‘nalishda 4+2 yo‘nalishini joriy qilish – 4 kun institutda, 2 kun maktabda”, – dedi vazir.
Demak, Vazirlar Mahkamasining 275-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsa, pedagogika yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar 2️-kursdan ishlashlari mumkin bo‘ladi!
Diqqat! Ushbu qoida oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi talabalari uchun ham, sirtqi ta’limda tahsil olayotganlar uchun ham birdek amal qiladi.
“Yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar nechanchi kursdan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi
PQ–2733-son qarorining 1-ilovasiga ko‘ra yuriskonsult yordamchisi lavozimida oliy yoki o‘rta maxsus yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan yoxud Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazida yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxs, shuningdek, oliy ta’lim muassasasining “Yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistranti ishlashi mumkin.
Yuqori kurs talabalarini akademik litseyga o‘qituvchilikka ishga olsa bo‘ladimi?
Yuqorida tahlil qilganimiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizom pedagogik yo‘nalishda tahsil olayotgan 3-kurs talabalarining umumiy o‘rta ta’limda, ya’ni I-XI sinflarda dars o‘tishlariga ruxsat bergan.
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qaroriga
4-ilova “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizom esa budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining pedagog xodimlari, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va rahbarlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlarini belgilaydi.
Mazkur Nizomning 7–8-bandlariga ko‘ra, Oliy yoki o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi umumta’lim, umumiy kasb va maxsus sikllar pedagogik lavozimlariga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oliy ta’lim muassasasi bakalavriatining oxirgi kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirishga qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.
Tibbiyot oliygohlari talabalari ham o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlay oladilarmi?
2022-yil 18-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiyot oliygohlari talabalarini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5-6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Bu orqali yiliga 7 mingga yaqin talaba ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Diqqat! Lekin amaldagi qonunchilikka hali o‘zgartirishlar kiritilmadi! Demak, tibbiyot oliygohlari talabalari hozircha shifokor bo‘lib ishlay olmaydilar! Agar talabalar tibbiyot kolleji yoki Jamoat salomatligi texnikumlarini bitirgan bo‘lsa, o‘rta maxsus ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika kadrlari sifatida ishlashlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son qaroriga 2-ilova “Klinik ordinatura to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra o‘qitishning ikkinchi yilidagi ta’lim dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan klinik ordinatorlar rahbarlarining yozma tavsiyanomasi asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha soha bo‘limlarida tungi navbatchilik qilish yoki o‘qishdan tashqari vaqtda mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqiga egadirlar.
Faqat 3-kurs yoki bitiruvchi kurs talabalari ishlashi mumkin ekanda, boshqa kurs yoki yo‘nalishlarda o‘qiyotganlar ishlay olmaydimi?
Yo‘q unday emas. Pedagogika, yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari aynan 3-kurs yoki bitiruvchi kursdan ta’lim olayotgan o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlashlari mumkin.
Diqqat! Agar siz kollej diplomi yoki maxsus ma’lumotga ega bo‘lsangiz, ushbu diplom asosida hech qanday cheklovsiz ishga kirishingiz mumkin. Masalan, tibbiyot oliygohlarining bakalavr talabalari o‘qishni tugatmaguncha shifokor bo‘lib ishlay olmaydilar. Lekin agar ularda tibbiyot kolleji diplomi bo‘lsa, bemalol feldsher yoki hamshira bo‘lib ishlashlari mumkin.
Faqat maktabni bitirgan hech qanday maxsus ma’lumot va diplomga ega bo‘lmagan talaba ham ishlashi mumkinmi?
Albatta, bundan toifadagi talabalar ham o‘qishdan bo‘sh vaqtlari mehnat shartnomasi asosida maxsus ma’lumot yoki maxsus tayyorgarlik talab qilmaydigan ishlarda ishlashlari mumkin.
Ma’lumoting yo‘q ekan deb ishga olishni rad etishmoqda. Qaysi kasbga qanday ma’lumot zarur ekanligini qanday bilsa bo‘ladi?
Ishga qabul qilishda xodimlar ma’lumotining eng past darajasi davlat tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, boshqa tashkilotlar uchun esa – tavsiya xususiyatiga ega.
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 12.02.2021-yil 05-1288-son qarori bilan tasdiqlangan “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori” xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarini tizimlashtirish, shuningdek ta’limning yo‘nalishi va darajasiga qo‘yiladigan talablarni aniqlash uchun mo‘ljallangan.
Talaba ish so‘rab murojaat qildi. Ish beruvchi esa chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘ydi… Kimga murojaat qilish kerak?
Bu holatda siz rad etish sababini bilish huquqiga egasiz.
Mehnat kodeksining 78-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, ish so‘rab murojaat qilgan shaxsning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab uch kun muddat ichida yozma javob berishi shart, bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim.
Agar ish beruvchi Sizni asossiz ravishda ishga olmagan yoki ish o‘rinlarini yashirgan bo‘lsa ma’muriy, hattoki jinoiy javobgarlikkacha tortiladi.
Agar sizni asossiz ravishda ishga olishni rad etishsa, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi (+99871 200-06-00) yoki uning hududiy organlari, prokuratura (1007), adliya organlariga (1008) murojaat qiling!
- TALABA TO‘LIQ STAVKADA ISHLASHI
MUMKINMI?
Yuqorida aytganimizdek, talaba faqat o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashi mumkin. MK 115-moddasiga muvofiq xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Ya’ni 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan tashkilotlarda kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart. Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 128-moddasi). Agar yuqoridagi qonun talablariga rioya etilsa, talabaning to‘liq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas.
Shu sababli ish beruvchi talaba xodimning unga o‘qishdan bo‘sh vaqtda 8 soatlik ish kunini belgilash haqidagi arizasini qondirishi mumkin. Uning ish rejimi boshqa xodimlar uchun belgilanganidan farq qilishi mumkin. Masalan, dushanbadan jumagacha soat 14.00 dan 22.00 gacha (7 soat ish va 1 soat tanaffus) va shanba kuni soat 14.00 dan 20.00 gacha (5 soat ish va 1 soat tanaffus) ish soatlarini belgilash mumkin. Bunda bitta majburiy shartga – o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishni bajarishga rioya etish shart. Ushbu talabni mehnat shartnomasida ham qayd etish zarur. To‘liq ish vaqti rejimiga rioya etganda, shuningdek belgilangan mehnat normalarini bajarganda talaba 100 % ish haqi olishi mumkin.
Yana bir misol, xodimning o‘qishi soat 13-00 ga qadar. U kuniga 8 soat – 14.00 dan 22.00 gacha ishlamoqchi. Ushbu holatni tasdiqlash uchun xodim soat 14.00 dan boshlab o‘quv mashg‘ulotlariga qatnamasligi haqidagi oliy ta’lim muassasasining ma’lumotnomasini taqdim etishi maqsadga muvofiq. Yangi ish vaqti rejimini rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha kelishuv tuzib, mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish zarur (MK 88-m. va MK 96-m. 7-q) Qo‘shimcha kelishuv va oliy ta’lim muassasasining ma’lumotnomasi asosida ish beruvchi ish vaqtini o‘zgartirish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Demak, bir shartga rioya etilishi kerak! Ish o‘qishdan bo‘sh vaqtda bajarilishi shart.
Talaba faqat o‘rindoshlik asosida ishlaydimi?
Haqiqatdan ham ayrim ish beruvchilar talabalarni faqat o‘rindoshlik asosida ishga olish kerak deb hisoblashadi. Bu mutlaqo xato. Buni quyidagicha asoslaymiz. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori ilovasiga ko‘ra:
asosiy ish joyi – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 81-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat daftarchasi yuritiladigan tashkilot;
o‘rindoshlik asosida ishlash – xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi. Talabaning ta’lim olish jarayoni mehnat faoliyati hisoblanmaydi.
Demak, talaba mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan va mehnat daftarchasi yuritilayotgan yer uning asosiy ish joyi hisoblanadi.
Talaba bir nechta joyda ishlasa bo‘ladimi?
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan mehnat qonunchiligidagi talablarga rioya qilgan holda talaba o‘qishdan bo‘sh vaqti asosiy ish joyidan tashqari, boshqa tashkilotda o‘rindoshlik asosida ham ishlashi mumkin. Buning uchun esa o‘rindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirayotgan talaba mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha ma’lumotnomani taqdim etishi shart.
O‘rindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy ish joyidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining (xodimlarning boshqa vakillik organining) yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori ilovasi 7-bandiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlashda o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (sog‘liqni saqlash tizimi vrach xodimlari bundan mustasno). Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda u o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.
Diqqat! Agar talaba o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs bo‘lsa o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.
- TALABALIK DAVRI MEHNAT STAJIGA KIRADIMI?
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasida ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari sanab o‘tilgan. Mazkur Qonunning “e” bandiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan chet elda o‘qish umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Ya’ni yoshga doir pensiya olish huquqiga ( erkaklar uchun – 60, ayollar uchun – 55 yosh) qadar kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lsangiz, shundagina oliy ta’lim muassasalarida o‘qigan davringiz ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Nogiron bo‘lib qolgan shaxslar stajiga esa ko‘rsatib o‘tilgan staj muddatidan qat’i nazar qo‘shiladi.
Talabani sinov bilan ishga olish to‘g‘rimi?
Mehnat kodeksining 84-modasiga ko‘ra, homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
Agar yuqoridagi talablarga tushmasangiz sizga dastlabki sinov qo‘llanilishi mumkin.
Diqqat! Lekin aksariyat ishga kirmoqchi bo‘lgan talabalar (bakalavr, magistrlar) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilar hisoblanishadi hamda ularga dastlabki sinov qo‘llanilmaydi.
- TALABALAR UCHUN MEHNAT QONUNCHILIGIDAGI IMTIYOZLAR
Ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart. Talabalar ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa ko‘plab imtiyozlar olish huquqiga egadirlar. Bundan tashqari abiturientlar uchun ham alohida imtiyozlar (MK 254-moddasi) nazarda tutilgan.
1️. Jamoa shartnomasiga ular uchun qo‘shimcha imtiyozlar kiritilishi mumkin (MK 37-modda).
2️. O‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek kasb-hunar ta’limi muassasalarining va oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari uchun ishga joylashishdagi qo‘shimcha kafolatlar mavjud (MK 68-modda).
3️. O‘qishni tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi (MK 84-modda).
4️. Birinchi ish yili uchun yillik asosiy ta’til ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi (MK 143-modda).
5️. Ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi kerak (MK 144-modda).
6️. O‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha ta’tillar beriladi (MK 256-modda).
➡ Diplom loyihasini (ishini) tayyorlash va yoqlash davrida oliy o‘quv yurti talabalariga 4️-oy,
➡ o‘rta maxsus o‘quv yurti talabalariga esa 2️-oy muddat bilan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha ta’tillar beriladi.
Men Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs talabasiman. Hozir o‘zim ishlayotgan tashkilotda amaliyot o‘tamoqdaman. Shu tashkilotda to‘liq stavka ishlasam bo‘ladimi, chunki baribir kun bo‘yi shu yerdaman-ku?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi 9-sonli buyrug‘i 50-bandiga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinligi belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Ya’ni mehnat qonunchiligiga ko‘ra talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.
“Yuridik ta’lim muassasalari (harbiy, maxsus oliy ta’lim muassasalaridan tashqari) talabalari tomonidan tanishtiruv va bitiruv malakaviy amaliyotni, shuningdek stajirovkani o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, amaliyot – nazariy bilimlarni mustahkamlash, amaliy ko‘nikma va mahorat hosil qilish, amaliyotda ishlashga tayyor bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan o‘quv jarayonining bir qismi.
E’tibor bering, amaliyot o‘quv jarayonining bir qismidir. Demak, siz amaliyotdan bo‘sh vaqtingizdagina ishlay olasiz. Ya’ni amaliyot va ishni birdek qo‘shib yubora olmaysiz. Chunki amaliyot davrida Siz mehnat funksiyalaringizni emas, amaliyotni o‘tash dasturini bajarish reja-jadvalida ko‘rsatib o‘tilgan ishni bajarasiz.
OTM talabalariga ham dekret ta’tili va puli beriladimi? Agar berilsa qanday imtiyozlari bor?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
3-iyundagi 344-son qaroriga 1-ilova “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida” Nizom O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish va akademik ta’tildan so‘ng ularning o‘qishini davom ettirish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:
harbiy xizmatni o‘tash uchun;
salomatligini tiklash uchun;
homiladorlik va tug‘ish uchun;
bolalarni parvarish qilish uchun;
oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.
Sizga doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi asosida OTM tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga (Mehnat kodeksi 233-234-moddalari) akademik ta’til berilishi mumkin.
Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalar kamida keyingi o‘quv yilining talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanishi muddatida o‘qishga qaytishi mumkin.
Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.
Agar talaba mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan bo‘lsa, ish joyidan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Agar talaba hech qayerda ishlamay, faqat o‘qiyotgan bo‘lsa unga dekret puli to‘lanmaydi.
- TA’LIM MUASSASALARINING BITIRUVCHILARI BILAN MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI
MK 2471-moddasiga ko‘ra, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining, shuningdek davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi u tuzilgan kundan e’tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organini xabardor qilishi shart.
Men chet elga magistraturaga kirdim. Ishdan bo‘shashga ariza yozsam 14 kun ishlab berishing shart deyishdi. Shu to‘g‘rimi?
MK 99-moddasiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shart.
MK 99-moddasi 5-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishining imkoni yo‘qligi (o‘quv yurtiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollar) bilan bog‘liq bo‘lsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerak.
Demak, Sizning vaziyatingiz MK 99-moddasi 5-qismiga tushadi. Siz ish beruvchini 2 hafta oldin ogohlantirishingiz shart emas va ish beruvchi mehnat shartnomasini Siz iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerak.
Men avans hisobida ta’til olgandim. Ta’tildan so‘ng o‘qishga kirganligim uchun shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lsam, ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun oyligingdan ushlab qolamiz deyishyapti. Shu to‘g‘rimi?
MK 164-moddasiga ko‘ra, hisobidan xodim ta’til olib bo‘lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi. Ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining to‘rtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlari, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek o‘qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi. Demak, Siz shartnomani o‘qishga kirganligingiz tufayli mehnat shartnomasini bekor qilganligingiz uchun, Sizdan ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun mehnat haqingizdan ushlab qolinmaydi.
Men ish beruvchi bilan muddatli shartnoma tuzgan edim. Lekin o‘qishga kirganligim uchun shartnomani muddatidan avval bekor qilmoqchiman. Ish beruvchi esa neustoyka to‘laysan deyapti. Shu to‘g‘rimi?
Bu holatda Siz neustoyka to‘lashdan ozod etilasiz. Chunki, MK 104-moddasiga ko‘ra, agar mehnat shartnomasi MK 99-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda (o‘quv yurtiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollar) xodim tashabbusi bilan bekor qilingan bo‘lsa, u neustoyka to‘lashdan ozod etiladi.
Talaba ishsizlik nafaqasi olishi mumkinmi?
MK 60-moddasiga ko‘ra, ishsizlar — o‘n olti yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno). Demak, ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar ishsiz sifatida e’tirof etilmaydi hamda ularga ishsizlik nafaqasi to‘lanmaydi.
Talaba stajirovka o‘tasa unga haq to‘lanadimi?
Amaldagi qonunchiligimizda oliy taʼlim muassasalari talabalarining davlat idoralarida haq toʻlanadigan stajirovka oʻtash tartibi belgilab berilmagan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarining davlat idoralarida haq to‘lanadigan stajirovka o‘tashi to‘g‘risidagi tartibni tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasini 2022-yilning 5-may sanasida muhokamaga qo‘ygan edi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining davlat idoralarida haq to‘lanadigan stajirovka o‘tashi to‘g‘risidagi tartib tasdiqlanadi.
Ta’kidlanishicha, magistratura talabalari ikkinchi yoki uchinchi semestrdan keyin 3,5 oy, bakalavriat talabalari to‘rtinchi semestrdan so‘ng 1,5 oy davomida stajirovka o‘tashlari mumkin.
- TAYANCH DOKTORANTURADA TA’LIM OLUVCHILARINING MEHNAT HUQUQLARI
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga asosan, har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega. Mehnat kodeksining 97-moddasiga asosan, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bir qator sabablarga ko‘ra bekor qilish mumkinligi ko‘rsatilgan. Ular orasida “xodim doktoranturaga (tayanch doktorantura) o‘qishga kirsa mehnat shartnomasi bekor qilinadi” degan asos yo‘q, shuningdek MK 106-moddasi 6-bandi ham bu holatga tushmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga ko‘ra tayanch doktorantura – falsafa doktori (Doctor of philosophy (PhD) ilmiy darajasiga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli.
Ishlab chiqarishdan ajralgan holda degani mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart (MK 248-moddasi).
Vazirlar Mahkamasining 304-son qaroriga 2-ilovaning 28-bandiga ko‘ra, doktorantlar Kollegial organ qarori bilan tasdiqlanadigan yakka tartibdagi rejaga muvofiq ravishda ta’lim oladilar.
Doktorantlar Kollegial organ qarori bilan tasdiqlanadigan yakka tartibdagi rejadagi vazifalarni bajarishdan bo‘sh vaqtida o‘zi tadqiqot olib borayotgan ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasalarida yoki boshqa tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashlari mumkin.
Mehnat kodeksining 119-moddasiga asosan, doktorant ish beruvchi bilan kelishib to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilashga haqli. Bu mehnatning yangi sharti hisoblanadi. O‘rnatilgan yangi shart asosida mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi. Siz o‘qishdan bo‘sh vaqtda 0,5 va 0,25 shuningdek boshqa stavka asosida ishlashga haqlisiz.
Yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, doktarant tadqiqot olib borayotgan OTM va ITM uning asosiy ish joyi hisoblanmaydi. Chunki ayrim ish beruvchilar doktarantlarni faqat o‘rindoshlik asosida ishga olish kerak deb hisoblashadi. Bu mutlaqo xato. Yuqoridagi 304-qarorda ham doktorant mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasini ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasalariga taqdim etishi aytilgan. E’tibor bering, nusxasini deyilmoqda. Chunki mehnat daftarchasining asli asosiy ish joyida saqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori ilovasiga ko‘ra o‘rindoshlik asosida ishlash – xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishidir. Ta’lim olish jarayoni esa mehnat faoliyati hisoblanmaydi. Yana bir bor ta’kidlaymizki, doktorant ta’limdan bo‘sh vaqtida o‘zi tadqiqot olib borayotgan OTM yoki ITMda yoki boshqa tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashlari mumkin.
Demak, tayanch doktorantlar mehnat shartnomasi asosida ishlashlari mumkin hamda xodimning tayanch doktoranturaga qabul qilinishi mehnat shartnomasi bekor qilinishi uchun asos hisoblanmaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
Xalqaro Konvensiyalar:
- 1989-yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi;
- “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik toʻgʻrisida”gi 2006-yildagi Konvensiyasi;
- 1973-yil 26-iyundagi “Eng kichik yosh toʻgʻrisida”gi Konvensiya;
- 1958-yil 25-iyunda “Mehnat va mashgʻulotlar sohasidagi kamsitishlar toʻgʻrisida”gi Jeneva Konvensiyasi;
- “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisida”gi 182-son Konvensiyasi.
- Qishloq xo‘jaligida bolalarni ishga qabul qilishning eng kichik yoshi to‘g‘risidagi 10-konvensiya (1921 yil 20 oktyabr);
Normativ-huquqiy hujjatlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyot matbaa-ijodiy uyi. 2020-yil;
- “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 2008-yil 7-yanvardagi O‘RQ-139-son;
- O‘zbekiston Respbulikasining Mehnat kodeksi: (2020-yil 1-martgacha boʼlgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar bilan) – T.: “Yuridik adabiyotlar publish” 2020-yil;
- “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 22.09.2016-yildagi O‘RQ-410-son;
- O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi: (2020-yil 1-iyungacha bo‘lgan o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan) – T.: “Yuridik adabiyotlar publish”, 2020;
- O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi: (2021-yil 1-iyungacha bo‘lgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan Rasmiy nashr – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. – T.: “Adolat”, 2021;
- “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 09.08.2021 yildagi PF–6275-son;
- Vazirlar Mahkamasining “Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 15 sentabrdagi 263-son qarori;
- Vazirlar Mahkamasining “Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini yanada rivojalantirish toʻgʻrisida” 2017-yil 27-apreldagi 246-son qarori;
- Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 12 sentabrdagi 714-son qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori, 12.05.2009 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 1954.
Ilmiy adabiyotlar va qo‘llanmalar:
- Mualliflar jamoasi. Mehnat huquqi. Darslik. –T.: TDYU nashriyoti, 2019-y;
- Voyaga yetmaganlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi. O‘quv qo‘llanma. –T.: «Aloqachi» nashriyoti, 2010;
- Muminov A.R., Tillabayev M.A. Bola huquqlari: Darslik / Masʼul muharrir.X.Saidov. – T.: “Adolat” nashriyoti, 2014;
Internet saytlari:
- www.un.org
- www.ilo.org
- www.lex.uz
- www.kasaba.uz
- www.legislation.gov.uz
- www.regulation.gov.uz
- www.ziyonet.uz
KARIMJONOV MUHAMMADAMIN MUHAMMADALIYEVICH
XOJABEKOV MUFTULLA JOLMURZA O‘G‘LI
ISHLAYOTGAN OʻQUVCHILAR,
TALABALAR VA DOKTORANTLAR UCHUN
MEHNAT KAFOLATLARI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 156-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.