KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik sharofati bilan o‘z milliy davlatchiligini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu imkoniyat bosib o‘tilgan yo‘lni to‘g‘ri baholash bilan birga, tarixni o‘rganib, o‘tmishdagi boy an’analarni yangi sharoitga tatbiq qilishga zamin yaratdi. Mazkur ishlar aniq maqsad asosida olib borildi va olib borilmoqda. O‘zbekiston demokratik islohotlar yo‘lidan borar ekan, Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikda belgilangan tamoyil hamda normalarni hayotning barcha sohalarida amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirib borishi tabiiy jarayondir. Bu ishlarni globalizatsiya va integratsiyalashuv jarayonlarining faollashib borishi ham taqozo etmoqda.
Demokratik islohotlar yanada chuqurlashgan hozirgi bosqichda ijtimoiy fanlar oldida davlat qurilishi sohasida, xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga oid tegishlicha yangi vazifalar yuzaga kelmoqda. Zero, ularni yechimini topmasdan turib turib demokratiya yo‘lida samarali ilgarilab bo‘lmaydi. Hozirgi kunda mana shu yo‘lni ham nazariy, ham amaliy jihatdan yanada chuqurroq tadqiq etish, uning yangi qirralarini ochib berish barcha olim va amaliyotchilarimiz oldida turgan dolzarb vazifadir. Shu bilan birga, amaliyotda hali mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholi bilan ishlashda mavjud samarali shakl va uslublardan yetarlicha foydalanmayotganligi bilan bog‘liq muammolar uchramoqda.
Aynan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni samarali bartaraf etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish zaruriyati mavjud, chunki mazkur organlar davlat organlari tizimida muhim o‘rin egallaganligi va son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etuvchi bo‘g‘in bo‘lganligi bois ular orqali asosan mamlakat oliy siyosiy rahbariyatining qarorlarini amalga tadbiq etilishi ta’minlanadi.
O‘zbekistonda demokratik islohotlar davrida mahalliy davlat hokimiyati organlarining roli va ahamiyati mavzusi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, bu quyidagilar bilan asoslanadi:
Birinchidan, keyingi paytda yurtimizda xalq deputatlari kengashlarining roli, xalq noiblarining vakolatlari tubdan oshirildi. Siyosiy partiyalarning mahalliy hokimiyat idoralarini shakllantirish borasidagi vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, deputatlik nazorati esa mustahkamlandi.
Ikkinchidan, hokimlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan mahalliy kengashlarga hisobotlar taqdim etadi. Kengashlar esa o‘z o‘rnida tegishli qarorlar qabul qiladi.
Uchinchidan, boshqaruv sohasida birinchi navbatda ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar, moddiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq mezon va tartiblarni joriy etish zarur.
To‘rtinchidan, ijro hokimiyati organlari zimmasidagi vazifalarni amalga oshirish tartibini, ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash lozim.
Beshinchidan, hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlaydigan usul va uslublarni takomillashtirib, o‘ta markazlashgan boshqaruvdan bosqichma-bosqich voz kechish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti mamlakatni modernizastiya qilish modelini amalga oshirish uchun tanlangan – kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari prinsipini tadbiq etishning mazmun-mohiyatini ochib berishda muhim vazifalar qatorida, quyidagilarni belgilaydi: avvalambor, hokimiyat vakolatlarining ma’lum bir qismini markazdan mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazishga qaratilgan mavjud qonun va huquqiy hujjatlarni bir tizimga keltirish va ularga qo‘shimcha tarzda yangilarini ishlab chiqish. Yana bir muhim vazifa – o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahalla, mahalla qo‘mitalari va qishloq fuqarolik yig‘inlarining roli hamda vakolatlarini amalda kuchaytirish lozim[1]. Shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyatini tashkil etish masalasining dolzarbligi xalq deputatlari mahalliy kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvi ishlaridagi rolini tobora oshirib borish zarurati bilan ham belgilanadi. O‘z navbatida, davlat hokimiyati organlari faoliyatining muvaffaqiyati mahalliy ijro hokimiyati organlarining qay darajada samarali amal qilib turganligiga bog‘liq. Jumladan, biz mahalliy deputatlar, mahalliy hokimiyat davlat boshqaruviga ko‘proq ta’sir ko‘rsatishini yoki o‘z vakolatlarini aniqroq belgilab olishini ta’minlashga intilmoqdamiz. Mazkur masala O‘zbekistonda ikki palatali parlament tashkil etilganligidan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Oliy Majlis bilan, ayniqsa, uning yuqori palatasi bilan o‘zaro munosabatlariga yangi shakl va uslublarni joriy etish taqozo etilayotganligida ham o‘z dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Shu tariqa, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatining takomillashuvi siyosiy tizimning rivojiga bevosita xizmat qiladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari funksiyalarini hozirgi davr sharoitlariga mos holda shakllantirish bo‘yicha maqbul bo‘lgan yechimlarini topish masalasining muhim va murakkabdir.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARI TIZIMI: TUSHUNCHASI, TUZILISHI VA ASOSIY TAMOYILLARI
Markaziy Osiya davlatchilik tarixiga nazar solsak, davlat boshqaruvida ma’naviy-siyosiy tafakkurga alohida e’tibor berilgan. Bu fikrlar mavjud o‘lkada mujassamlashgan siyosiy-huquqiy qadriyatlarni Yevropa va boshqa hududlarda shakllantirilgan qadriyatlardan ham rivojlangan holatda ekanligini isbotlaydi. Ushbu hududda vujudga kelgan qadriyatlar va xalqning ma’naviy dunyosi davlat siyosatining asosini tashkil etadi.
Tarixiy manbalardan shu narsa ma’lumki, davlatning kelib chiqishi, dini va tili bir bo‘lgan xalqlarning turli xil davlat bo‘lib hududlarga bo‘linib ketishi hech qaysi davrda tinch-totuv yashashni ta’minlamagan. Bu masalaning eng muhim tomonini ochib bersa, ikkinchi tomondan davlat boshqaruvi masalalarida bunday davlatlarda xalq vakilligi, ya’ni joylarda aholining turmush sharoitlariga e’tiborsizlik mamlakatni parokandalikka yuz tutishga majbur qilgan.
Boshqa manbalarda bosqacha ta’riflar ham mavjud. Rossiyalik davlat arbobi va taniqli yurist A.I. Lukyanovning fikricha, “fevral inqilobi jarayonida paydo bo‘lgan ishchi va soldat deputatlari Sovetlari mehnatkash ommaning saylab qo‘yiladigan organlari bo‘lib, proletariat va dehqonlar inqilobiy-demokratik diktaturasini ifodalar edi, ular dastlabki qadamlardanoq hokimiyat organlari sifatida o‘zini namoyon eta boshladi”[2].
Ko‘rinib turibdiki, ushbu olimning Sovetlarga bergan ta’rifi biroz yuzaki bo‘lib, uning asl yuzi va salbiy faoliyati e’tibordan chetda qolib ketgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, katta miqdordagi adabiy manbalar mavjud bo‘lishiga qaramay, hanuzgacha tarixiy va yuridik adabiyotlarda O‘zbekiston qonun chiqaruvchi organlarining vujudga kelishi, rivojlanishi, huquqiy maqomi va faoliyati tarixiga bag‘ishlanadigan maxsus monografik tadqiqotlar yo‘q. To‘g‘ri, bu masalalarning tegishlilik hamda yo‘nalishlari bo‘yicha A.A. A’zamxo‘jayev, Sh. O‘razayev, G. Samatova asarlarida yoritib o‘tilgan qismlari mavjud.
1992-yil 4-yanvarda qilingan “Mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”[3]gi qonuni asosida O‘zbekiston Respublikasining viloyatlari, tumanlari va shaharlarida vakillik organlariga hamda ijroiya-boshqaruv hokimiyatiga boshchilik qiladigan hokimlik lavozimi ta’sis etildi.
Shunday qilib, viloyatlarning hokimlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga va xalq deputatlariga tegishli hisob beradigan va Prezidentning joylardagi rasmiy vakillari bo‘ldilar. Hokimlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda shundan so‘ng xalq deputatlari tegishli viloyat kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Tuman va shaharlarning (Toshkent shahar bundan mustasno) hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanib, xalq deputatlari tegishli tuman, shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanib, xalq deputatlari tegishli shahardagi tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Tuman va shahar hokimlari o‘zlaridan yuqori turuvchi hokimlarga va tegishli xalq deputatlari Kengashlariga hisob berib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 102-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlariga boshchilik masalalari uzil-kesil mustahkamlab qo‘yildi.
Yuqoridagi fikrlarga xulosa qilib shuni ta’kidlash joizki, mahalliy davlat hokimiyati organlari jamiyatning uyg‘un va samarali hayotiy faoliyatini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi, bu esa bir necha sabablar bilan belgilab berilgan:
Birinchidan, ular mamlakatning hukumati tomonidan ishlab chiqilgan, davlatning iqtisodiy siyosatini mintaqalardagi o‘tkazuvchi organ bo‘lib xizmat qiladi. Mahalliy hokimiyat organlarining muassasalari markazda ishlab chiqiladigan g‘oyalarni, konsepsiya va dasturlarni joylarda amalga oshiradi.
Ikkinchidan, ular aholining turmush darajasini va farovonligini oshirishga, mintaqaning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ekologik sohalarida barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan mintaqaviy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda bog‘lovchi organdir.
Uchinchidan, aynan mahalliy davlat hokimiyati organlari davlat, tadbirkorlik va fuqarolik jamiyati o‘rtasida vositachi sifatida yuzaga chiqadi. Aynan ular “davlat-tadbirkorlik-fuqarolik jamiyati” ijtimoiy hamkorligida muvofiqlashtiruvchi rolni bajarishi lozim.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARINING IJTIMOIY-IQTISODIY VA SIYOSIY HAYOTDAGI O‘RNI
Mahalliy davlat hokimiyati organlari – joylardagi davlat boshqaruv idoralari. Ular mahalliy ahamiyatga molik hamma masalalarni o‘z vakolatlari doirasida o‘zlari hal etadilar, umumdavlat manfaatlarini shu hududda yashab turgan fuqarolarning manfaatlari bilan uyg‘unlashtiradilar, yagona davlat hokimiyati organlarining tarkibiy bo‘g‘ini sifatida yuqori davlat organlari qarorlarining amalga oshirilishini ta’minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, uzoq tarixiy tajribaga, milliy an’analarga tayangan holda ilg‘or mamlakatlar tajribasidagi ijobiy tomonlarni o‘rganib, o‘z davlat idoralarini tubdan qayta isloh qildi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimini yaratdi. Mahalliy hokimiyat tizimini shakllantirish sohasida bir qator qonun va rasmiy hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi[4] Qonun, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar to‘g‘risida”gi[5] Qonun kabilar muhim o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XX bobi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari o‘z aksini topgan. Konstitutsiyaning 99–104-moddalarida mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimi, mavqeyi, vazifalari, tuzilish tartibi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiya mahalliy vakillik organlarining ikki bo‘g‘inli tizimi (ya’ni tuman, shahar xalq deputatlari kengashlari – quyi bo‘g‘in; viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari kengashlari – yuqori bo‘g‘in)ni mustahkamladi va bu mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunga o‘z aksini topdi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari faoliyat yo‘nalishlari ham aniq ko‘rsatib berilgan bo‘lib ular ixtiyoriga quyidagilar kiradi:
qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish[6].
Mahalliy hokimiyat organlari O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradilar, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar.
Yuqori organlarning o‘zlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari quyi organlar ijro etishi uchun majburiydir.
Xalq deputatlari kengashlari va hokimlarning vakolat muddati besh yil etib belgilangan. Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi. Viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Tuman va shaharlarning hokimlari viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar. Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari ikkiga bo‘linadi: mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijroiya organlari. Mahalliy vakillik organlari o‘z faoliyatini kollegiallik asosida olib boradi. Mahalliy kengash ishining asosiy tashkiliy huquqiy shakli sessiya hisoblanadi. Mahalliy vakillik organlarining hamma bo‘g‘inlari saylov yo‘li bilan tashkil qilinadi. Qonun vakillik organlariga har tomonlama bilimga, tajribaga ega, keng, mustaqil fikrlovchi shaxslarning saylanishini va bu organlar ishchan bo‘lishini nazarda tutadi. 1994-yil 25-dekabr va 1999-yil 5-dekabrlarda mamlakatimizda mahalliy davlat hokimiyati organlariga saylovlar o‘tkazildi.
Mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga viloyat, tuman, shahar hokimlari boshchilik qiladi va u yakkaboshchilik prinsipi asosida ish olib boradi. Hokimiyatlar boshqarmalar, bo‘limlar va bo‘linmalardan iborat bo‘lib, ularning tuzilishi, tashkil etilishi va faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi. Viloyatlar va Toshkent shahri ijroiya hokimiyati organlarining tuzilishi va shtatlari hokim tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, tegishli xalq deputatlari kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va o‘zgartiriladi. Tuman, shahar ijroiya hokimiyati organlari tuzilishi va shtatlari tarkibi mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi.
Xalq deputatlari kengashlari va hokim munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarga asosan hududdagi muhim masalalar, muammolarni hal qilishda maslahatlashish uchun hokimlar huzurida maslahat kengashi tuzildi. Lekin bunday maslahat kengashlari tuzilishi hokimning faoliyatidagi yakkaboshchilik prinsipiga putur yetkazmaydi. Ijroiya hokimiyati bo‘linmalari rahbarlari davlat boshqaruvining yuqori organlari bilan kelishilgan holda va hokimning taqdimiga binoan tegishli xalq deputatlari kengashlari sessiyalarida lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Mahalliy vakillik organlari va hokimlar qabul qiladigan hujjatlar konstitutsiya va qonunlarga zid bo‘lmasligi lozim. Hokim tomonidan qabul qilingan hujjatlar ustidan fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar sudga shikoyat qilishlari mumkin.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi tegishli hududda o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadilar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turadilar.
Viloyat, tuman, shahar hokimi zarur bo‘lgan hollarda o‘z faoliyati to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hisobot taqdim etadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi berilgan vakolatlari doirasida umummanfaatni ifodalovchi tadbirlar o‘tkazish, qo‘shimcha korxonalar, xo‘jalik tashkilotlari tuzish uchun, turli tarmoqlar va boshqaruv sohalarida faoliyatlarni uyg‘unlashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasi boshqa viloyatlari, shaharlari va tumanlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan shartnomalar asosida o‘zaro munosabatlar o‘rnatishga haqlidirlar.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi faoliyatining iqtisodiy asosini ma’muriy-hududiy tuzilmalarning davlat mulki (kommunal mulk) hamda viloyat, tuman va shaharda mavjud bo‘lib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga xizmat qiluvchi boshqa mulk tashkil etadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi mutlaq O‘zbekiston Respublikasi mulkida bo‘lgan davlat mulki obyektlariga nisbatan ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni samarali joylashtirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshiradilar. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasining xulosasiga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining mol-mulki, mahalliy budjetlarning mablag‘lari va budjetdan tashqari jamg‘armalarning mablag‘lari viloyat, tuman, shahar mulkidir. Viloyat, tuman, shahar ahamiyatiga ega bo‘lgan muhandislik infrastrukturasi obyektlari va boshqa obyektlar, korxonalar va birlashmalar, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, fan va madaniyat muassasalari, viloyat, tuman, shahar mablag‘i hisobidan tashkil etilgan yoki sotib olingan, shuningdek ulushbay asoslarda tashkil etilgan yoki sotib olingan yoxud xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashiga boshqa manbalardan bepul berilgan qimmatli qog‘ozlar va moliya aktivlari viloyat, tuman, shahar mulki bo‘lishi mumkin.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy vakolatlariga:
hokimning taqdimiga binoan, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlash;
viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarini, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarini tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan ko‘rib chiqish hamda qabul qilish;
viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash;
mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalarini qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;
hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyatiga doir hisobotlarini, shuningdek hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash;
hokim qarorlarini tasdiqlash;
xalq deputatlari Kengashining Ish tartibini, xalq deputatlari Kengashi doimiy va boshqa komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalarini, boshqa organlarini tuzish, saylash va tugatish, ularning tarkibini o‘zgartirish, ular ishiga doir hisobotlarni tinglash;
qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda xalq deputatlarining vakolatlarini e’tirof etish va muddatidan oldin to‘xtatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
ijroiya hokimiyati bo‘limlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini, shu jumladan qonunlarga rioya etilishi, tegishli xalq deputatlari Kengashlari qarorlarining va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan hisobotlarini eshitadi;
tegishli prokurorlarning hisobotlarini eshitish;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
tegishincha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
xalq deputatlarining so‘rovlarini qarab chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
hokimning va quyi Kengashning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish;
hokimning taqdimiga binoan hokimlik strukturasini, uning xodimlari shtatlari va ish haqi fondini tasdiqlash kiradi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari bir yilda kamida bir marta o‘z majlisida viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining tegishli sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitadi. Xalq deputatlari Kengashining mazkur masala yuzasidan qarori O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga yuboriladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimi:
qonunlarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari Kengashi qarorlarining ijrosini tashkil etadi;
jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda tegishli ishlarni tashkil etadi;
viloyat, tuman, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy budjetining, tuman va shahar budjetining tegishli loyihasini, shuningdek uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni xalq deputatlari Kengashiga taqdim etadi;
tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi;
o‘z o‘rinbosarlari va ijroiya hokimiyati struktura bo‘linmalarining rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi qarorlarni xalq deputatlari Kengashi tasdig‘iga taqdim etadi;
hokimlik devoni bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini, basharti ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlariga zid bo‘lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
rahbarlari tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijroiya hokimiyati struktura bo‘linmalarining ishini nazorat qiladi;
xalq deputatlari Kengashi va hokim qabul qilgan va chiqargan hujjatlarni bajarmaganliklari uchun mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda taqdimnoma kiritadi;
davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir iltimosnomalarni qarab chiqadi va takliflar kiritadi;
respublika va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish ko‘radi;
qonun hujjatlarida belgilanadigan alohida soliqlar bo‘yicha belgilangan stavkalarga hududlarning hamda faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda pasaytiruvchi va oshib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritish;
aholini qabul qilishni tashkil etadi, fuqarolarning shikoyatlari, arizalari va takliflarini qarab chiqadi.
Uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilar kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lashga doir talablarni qo‘pol ravishda buzgan hollarda tumanlarning, shaharlarning (shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning) hokimlari kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida kommunal xizmat ko‘rsatuvchilar yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq da’volar bilan sudga murojaat qiladi.
Hokim rejalashtirish, budjet, moliya, hisob-kitob, viloyat, tuman, shahar mulkini boshqarish, mulkchilikning turli shakliga mansub korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan hamjihatlik qilish, qishloq xo‘jaligi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo‘l xo‘jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko‘rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylik, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlarida o‘z vakolatiga berilgan boshqa masalalarni ham hal etadi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi har yili tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etadi.
Viloyat, tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman, shaharning o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida eshitiladi. Mazkur majlis viloyatlarda va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi o‘tkazilganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay, tumanlar va shaharlarda esa viloyatlarda va Toshkent shahrida tegishli majlislar o‘tkazilganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari, viloyat va Toshkent shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari taklif etiladi.
Tuman va shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli saylov okruglaridan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, davlat boshqaruvi organlarining vakillari, viloyat, Toshkent shahar hokimi yoki uning o‘rinbosarlari, tuman va shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari taklif etiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.
Viloyat va Toshkent shahar hokimining hisobotini muhokama qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida berilgan baholar va belgilangan vazifalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
O‘ZBEKISTON MAHALLIY HOKIMIYAT ORGANLARI HUQUQIY ASOSINING YARATILISHI VA HOKIMLIK INSTITUTINING TASHKIL ETILISHI
O‘zbekistonda mustaqillikka erishilgandan keyin boshlangan keng ko‘lamdagi islohotlarning maqsadi mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin, ochiq huquqiy demokratik davlatchilikni barpo etishdir. Bu boshqa tizimlar qatori mahalliy davlat hokimyati tizimida ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni taqozo qildi.
Xalqaro va milliy davlatchilik tajribalarini o‘rganish asosida mustaqillikning dastlabki oylaridayoq joylardagi mahalliy hokimiyat organlarini yangi asosda shakllantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra vakillik organining kollegiallik, ijroiya hokimiyatining yakkahokimlik va shaxsiy javobgarlik tamoyillari asosida shakllantirilishi ko‘zda tutildi. Ana shu konseptual asosga ko‘ra mamlakatimizda hokimlik instituti qayta tiklandi. Shuni ta’kidlash lozimki, hokimlik instituti bu bugungi kunga kelib qilingan ixtiro emas. Uning ildizlari ko‘hna tariximizga borib taqaladi. Shuning uchun ham hokimlik tizimida mamlakatimiz milliy davlat qurilishining ko‘p asrlik tajribasi o‘zining aksini topdi.
Hokimlik instituti kuchli hokimiyatga ehtiyoj katta bo‘lgan hozirgi zamon talablariga to‘la javob beradi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach ana shunday vazifalarni uddalaydigan yangi hokimiyat organlarini shakllantirish va ularning huquqiy maqomini belgilash maqsadida bir qator qonunlar va rasmiy hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Oliy Kengashi qarori bilan 1991-yil 18-noyabrda Toshkent shahrida hokimlik institutining tashkil etilishi bu boradagi birinchi qadam bo‘ldi. 1992-yil 4-yanvarda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi mamlakatimizda mahalliy davlat hokimiyati organlarini qayta tashkil etish haqida konstitutsiyaviy qonun qabul qildi[7]. Bunda bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik huquqiy davlatni qurishning o‘ziga xos jihatlari e’tiborga olinib, o‘tish davri talablaridan kelib chiqib, avvalo ijroiya hokimiyatini mustahkamlash nazarda tutilgan edi. Bu qonunga asosan Toshkent shahrida, barcha viloyat, tuman va shaharlarda hokimlik lavozimi joriy etildi hamda ular zimmasiga vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqarish vazifasi yuklatildi. 1992-yil aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham hokimlik lavozimini joriy etish borasida qonun qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXI bobi “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari” deb nomlangan. Konstitutsiyaning 99-moddasiga ko‘ra, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
Konstitutsiya asosida O‘zbekiston Respublikasi mahalliy hokimiyat organlarining ikki tabaqali tizimi vujudga keltirildi. Mahalliy ijro va vakillik organlari o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarning konstitutsiyaviy holati aniqlandi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari bir-biriga bo‘ysunmagan mustaqil davlat va vakillik organlari bo‘lib, o‘zaro munosabatlarda hamkorlik asosida o‘z faoliyatlarini tashkil etadilar. Mahalliy xalq deputatlari kengashlariga hokimlarning rahbarligi uni Kengash oldidagi mas’uliyatini oshiradi.
Konstitutsiyaga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga quyidagilar kiradi:
- qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
- hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
- mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
- mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
- atrof-muhitni muhofaza qilish;
- fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
- normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish (100-modda).
Mahalliy davlat hokimiyatining faoliyat prinsiplarini amalga oshirilishi tegishli hududning barcha sohalarini rivojlantirishda ularning jamiyat va davlat hayotida tutgan o‘rnini belgilab beradi. Hokim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan miqdorda birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosarlarga ega bo‘ldi. Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari boshqarmalar, bo‘limlar va bo‘linmalardan iborat bo‘lib, ularning tuzilishi va tashkil etilishi tartibi, faoliyat yuritish asoslari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tegishli Nizomlar bilan belgilandi. Xo‘jalik va ijtimoiy – madaniy qurilish tarmoqlarini tezkorlik bilan boshqarishni ta’minlash uchun tegishli bosh boshqarmalar, bo‘limlarni va boshqa ijro etuvchi tuzilma bo‘linmalarini birlashtiruvchi tarmoq majmualari tuzildi. Mana shu tarmoq majmualariga rahbarlik qilish hokimning o‘rinbosarlariga yuklatildi. Tuzilma bo‘linmalari hokim tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida ishlay boshladi.
Mahalliy davlat hokimiyati tizimi doirasida hokimning birinchi o‘rinbosari hududning xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilish sohalarining alohida tarmoqlarini muvofiqlashtirish, tezkorlik bilan boshqarish va ularning faoliyatini nazorat qilishni ta’minlaydi va qaror, farmoyishlar qabul qilish huquqiga egadir.
Hokimning o‘rinbosarlari o‘zlarining tuzilma bo‘linmalari faoliyatiga rahbarlikni, paydo bo‘ladigan muammolar va masalalarni o‘z huquqlari doirasida tezkorlik bilan hal etish, vaqti-vaqti bilan qilingan ishlarni tekshirib turish, keyinchalik bular haqidagi xulosalarni va tavsiyanomalarni hokimga yoki tegishli xalq deputatlari kengashiga taqdim etish kabi vazifalarni bajara boshladilar.
Hokim o‘z o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlab, xalq xo‘jaligini rivojlantirish, o‘ziga qarashli bosh boshqarmalar, tarmoq majmualariga kiruvchi trestlar va bo‘limlar faoliyatini muvofiqlashtirish masalalarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida majmualarning rahbarlari hokimning o‘rinbosarlari bilan birga, o‘z huquqlari doiralarida ko‘rsatmalar (topshiriqlar) shaklidagi farmoyishlar qabul qila boshladi. Ushbu ko‘rsatmalar tegishli hududdagi o‘zlariga qarashli idoralarga, muassasa va tashkilotlarga yetkaziladi va uning bajarilishi shartligi belgilandi.
Hokimning o‘rinbosarlari hokim qarorlari va farmoyishlarini bajarish maqsadida ham ko‘rsatma berish huquqiga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasnnnng 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan qonuniga muvofiq viloyat, tuman, shahar hokimi mahalliy hududning oliy mansabdor shaxsi sifatida tegishli hudud ijroiya hokimiyatini boshqaradigan bo‘ldi. Joylarda hokimliklar joriy etildi. Respublikaning 12 viloyati va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va tegishli Xalq deputatlari kengashlari sessiyasida tasdiqlanadigan hokimlar boshchiligidagi hokimliklar tashkil qilindi.
Shunday qilib, respublikda davlat hokimiyati barcha organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi qonunlar bazasi vujudga keldi. Ular markaziy, viloyat, shahar va rayonlar darajasidagi davlat hokimiyati va boshqaruv funksiyalarini aniq qilib belgilab berdi. Bu mustaqil milliy davlatchiligimizni ta’minlovchi muhim shartlardan biridir.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI VAKILLIK ORGANLARINING SHAKLLANTIRILISHI VA ULARNING DEMOKRATIK JARAYONLARNI CHUQURLASHTIRISHDAGI ROLI
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek, shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir. Respublikada milliy davlatchilik an’analarini tiklashni ko‘zda tutib, hokimlik instituti kiritildi. Hokimlar qonunga muvofiq ham vakillik organlariga, ham ijroiya hokimiyatiga rahbarlik qiladilar. Hokim tegishli hududda oliy mansabdor shaxs hisoblanadi[8].
O‘zbekiston Respublikasidagi davlat hokimiyati vakillik organlarining quyi bosqichlarini ovul, qishloq, shaharcha, tumanga bo‘ysunuvchi shahar va shaharlardagi xalq deputatlari sovetlari tugatilib, ularning o‘rniga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari joriy etildi. Fuqarolik jamiyati qurishning 24 ma’nosi davlatchilik rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, ya’ni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirishdir.
Mahalliy kengashlar faoliyatida qonuniylik prinsipini ta’minlash qator talablarga javob berishni ko‘zda tutadi, ularni asosiylari quyidagilardir:
Birinchidan, konstitutsiya va qonunlar bilan belgilab berilgan vakolatlarga rioya qilish. Har bir kengash qonunlar bilan belgilangan masalalarnigina hal qilishi mumkin.
Ikkinchidan, masalalarni hal qilishning belgilangan tartibiga rioya qilish.
Nihoyat, uchinchidan, qabul qilinayotgan aktlarga nisbatan qonunchilik talablariga rioya qilish, kengash faqat unga berilgan huquqlar doirasidagina aktlar qabul qilishi mumkin. Kengashning qarori o‘zining mazmuniga ko‘ra, qonunlarga va yuqori organlarning aktlariga mos bo‘lishi shart. Qaror, qonunlar ko‘zda tutilgan tartibda va shaklda qabul qilinadi.
Xalq deputatlari kengashlari ishini oshkoraligini ta’minlash usullari juda ham turli-tuman, lekin ular bir-biridan ajralib qolgan emas, ularni demokratik asosi va maqsadi birdir. Alohida olingan usulning o‘zi kengashlarning faoliyatida oshkoralikni ta’minlay olmaydi, albatta, lekin ularning hammasi kengashlar faoliyati omma oldida va uning ishtirokida olib borilishiga muhim omil bo‘ladi.
Bu talablar faqat vakillik organlari faoliyatiga tatbiq qilinib qolmasdan, balki ijroiya hokimiyati, uning organlari va hamma deputatlarning faoliyatiga ham tatbiq qilinadi, chunki deputatlarning sessiyalardagi, komissiyalardagi va saylov okruglaridagi faoliyati, boshqarish sohasidagi davlat faoliyatining bir ko‘rinishidir.
Xalq deputatlari kengashlarini va hokimlarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlarida va boshqa hujjatlarda belgilandi.
Huquqiy hujjatlar bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari, hokimlarni funksiya va vakolatlarini amalga oshirishdagi deputatlarni, hokimlik devonini, devon xodimi va fuqarolarni tutgan o‘rni va roli tartibga solindi.
Shu bilan birga huquqiy hujjatlar bilan xalq deputatlari kengashlari va hokimliklar faoliyatining asosiy tashkiliy shakl va uslublari tartibga solindi. Yuqorida aytganlardan ko‘rinib turibdiki, xalq deputatlari kengashlari va hokimliklar faoliyatini huquqiy tartibga solish murakkab jarayonni tashkil etadi.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI VAKILLIK VA IJROIYA HOKIMIYATI ORGANLARINING O‘ZARO ALOQASI
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“gi va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida“gi qonunlari asosida, mahalliy vakillik organlaridan o‘zini o‘zi boshqarish organlarning ajratilishi, birinchidan, vakillik organlarining davlat organi sifatidagi maqomini belgilab berdi. Bu esa davlat organlarinig vazifasini aniq qilib qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy bo‘linishining eng quyi pog‘onasida davlat organlari o‘rniga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkil qilindi. Tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik kunidan boshlab, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati ikki marotaba takomillashtirildi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligining ilk kunlarida 1993-yil 2-sentyabr qonuni asosida, faoliyati tashkil etilgan edi.1999-yil 14-aprel kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi qonun orqali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati yanada takomillashtirildi. Masalan, birinchi bosqichda fuqarolar yig‘inining oqsoqolligiga nomzodlar haqida aniq talablar qo‘yilmagan edi. Ikkinchi bosqichda, 2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida“gi qarorini amalga oshirishga qaratilgan respublika oqsoqollar kengashining chora tadbirlari “Tashkiliy ishlar”, “Tashviqot targ‘ibot ishlari” to‘g‘risidagi hujjati e’lon qilindi“[9].
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 100-moddasida belgilanganidek: “Mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga quyidagilar kiradi:
- qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
- hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
- mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
- mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
- atrof-muhitni muhofaza qilish;
- fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
- normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish”[10], deb belgilangan konstitutsiyaviy normaning har bir bandini amaldagi ifodasi har bir hududda joylashgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati bilan bog‘liqdir.
Tadqiqotdan olingan xulosalar natijasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyati shakllanishida vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining munosabatlari uzviy bog‘liqligi davlatimiz oldidagi maqsad va vazifalari amalga oshirilishida munosib hissa qo‘shmoqda.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH ISTIQBOLLARI
Bugungi kunda rivojlangan demokratik davlatlar deb tan olinadigan, AQSh, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning tarixiy va zamonaviy shakllanish jarayonlarini o‘rganganimizda boshqaruvning hamma sohalari o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillari asosida qurilganligiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, bu mamlakatlarning modelini ko‘chirib O‘zbekiston Respublikasiga tatbiq etib bo‘lmaydi. Buning uchun eng avvalo xalqimizning huquqiy ongi va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi uni qabul qilish xususiyatlariga ega bo‘lishi lozim. Bu masalaning bir tomonini ochib bersa, ikkinchidan, O‘zbekiston xalqining milliy qadriyatlari hisoblangan urf-odat me’yorlari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun, har qaysi davlatning rivojlanishi uchun unda yashayotgan aholining xohish-irodasiga bo‘ysundirilgan holatda o‘ziga xos va mos ravishda shakllanib boradi. Bu esa tabiat tomonidan har bir xalqqa in’om etilgan madaniy-ma’naviy tafakkur deb ataladi.
O‘zbekiston Respublikasi demokratik davlat qurishni maqsad qilib qo‘ygan ekan, uni xarakterlovchi hamma xususiyatlar talabga javob berishi kerak. Shu tufayli, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbayidir”, deb belgilangan (7-modda). Davlat hokimiyatining tizimi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi (11-modda) qoidalariga mos ravishda, vakillik hokimiyat organlari tizimidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimi ajratildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimi bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimi bir-biridan ajratilsa ham, ular bir-biridan boshqa-boshqa, mutlaqo ajralgan holda faoliyat ko‘rsatmaydi. Ularning bog‘liq tomonlari mavjud. Mahalliy davlat hokimiyati organlari ham, o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qiladi, o‘z faoliyatida aholi tashabbuskorlariga tayanadi, aholini hokimiyatini amalga oshirish ishlariga jalb qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro munosabatining huquqiy asosi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“gi Qonunning 4-moddasida o‘z aksini topgan. Qonunning ushbu moddasi, “Hokimiyat vakillik organlari va hokimlarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro munosabatlari“ deb nomlanib, unga binoan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli hududda o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadilar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turadilar.
Qonunning mazkur moddasida vakillik va hokimlarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro munosabatlari haqida so‘z borsa-da, moddaning o‘zida faqat hokimlar xususida so‘z boradi. Bu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat hokmiyati mahalliy organlari bilan munosabati faqat hokimlar bilan o‘rnatiladi, degan so‘z emas. Vakillik organlari ham o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida ma’lum munosabatlar mavjud. Qonun mazmuniga e’tibor berilsa, hokimlar va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining munosabati asosini hokimlarning o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashishi va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turishi tashkil etadi. Qonunda esa ular o‘rtasidagi munosabat alohida modda qilib berilmagan. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mahalliy davlat organlarining munosabati fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vazifalarini bajarish jarayonida vujudga keladi”[11].
Har qanday organning faoliyat ko‘rsatishida moddiy imkoniyatlar muhim ahamiyatga ega. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rais, mas’ul kotib, kengash devoni xodimlari belgilangan miqdorda haq olib faoliyat faoliyat yuritadi. Ushbu masalada ham mahalliy hokimiyat organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida munosabat vujudga keladi. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy mablag‘larining bir qismini xalq deputatlari, tuman va shahar kengashlari tomonidan ajratilgan budjet mablag‘lari tashkil etadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan tavsiyalarning amalga oshirilishi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada yaxshilashga imkon beradi. Shu bilan birga milliy davlatchilikning bundan keyin ko‘tarilishi va rivojlanishiga, O‘zbekiston Respublikasida huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurilishiga yordam beradi.
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARI TOMONIDAN NORMATIV HUQUQIY HUJJATLAR LOYIHALARINI TAYYORLASH
Adliya vaziri tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq qabul qilindi (roʻyхat raqami: 3333, 18.11.2021-y.).
Qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:
- qaror loyihasini “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqishni tashkil etish;
- qaror loyihasining matniga va tuzilishiga doir talablar;
- qaror loyihasini yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va rasmiy e’lon qilish manbalarini koʻrsatish tartibi;
- qarorlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi loyihalarni tayyorlashning oʻziga хos хususiyatlari;
- qaror loyihasini manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik хizmati tomonidan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish;
- qaror loyihasining hududiy adliya organlaridagi huquqiy ekspertizasi.
Qoidalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga nisbatan tavsiyaviy tusga ega.
Qoidalarda quyidagi tushunchalar keltirilgan:
huquqiy ekspertiza – qaror loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligini, shu jumladan qaror loyihasida havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligini tekshirish;
gender-huquqiy ekspertiza – qaror loyihasini хotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
korrupsiyaga qarshi ekspertiza – qaror loyihasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar koʻrishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar majmuyi;
“E-qaror” elektron tizimi – mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qaror va farmoyish loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazishni ta’minlovchi elektron tizim va boshqalar.
Qaror loyihasini ishlab chiqish, kelishish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazish
“E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik хizmati qaror loyihasini tegishli hududiy adliya organiga huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishini ta’minlaydi.
Qaror loyihasi mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik хizmati tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.
Huquqiy ekspertiza yakuni boʻyicha hududiy adliya organining ijobiy хulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi hujjatlari hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaydi:
- shaхsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga oʻtkazish yoki lavozimidan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash va boshqa shu kabilar);
- tezkor-farmoyishli tusdagi (bir martalik topshiriqlar);
- muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yoʻnaltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni oʻz ichiga olmagan, shu jumladan butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaхslarning hujjatlari toʻgʻrisida хabardor qilishdan iborat boʻlgan hujjatlar;
- sessiya, yigʻilish, konferensiyalarni chaqirish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- loyihalarni koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- tavsiya хususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar;
- normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- umummajburiy хususiyatga ega boʻlmagan boshqa hujjatlar.
Hujjat “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonun, Prezidentning 2021-yil 3-fevraldagi PF–6155-son “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2018-yil 13-apreldagi PF–5415-son “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida mahalliy hokimlik va kengashlar bundan 27 yil avval, yaʼni hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan Qonun asosida ishlayotganini, shuningdek bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarurligini alohida qayd etgan edi.
Amaldagi Qonunda mahalliy vakillik hamda ijroiya hokimiyati bilan bogʻliq normalar umumlashgan holda bayon etilgan. Yangi loyihada esa hokimiyatlar boʻlinishi prinsiplari asosida xalq deputatlari kengashlari hamda hokimlar bilan bogʻliq moddalar alohida mustaqil boblarda tizimlashtirilgan. Xalq deputatlari Kengashi nazorati faoliyati va shakllarining huquqiy asoslari kuchaytirilib, u bilan bogʻliq normalar alohida bob bilan belgilanmoqda. Shuningdek, ushbu bobda “xalq deputatlari Kengashi soʻrovi” instituti alohida modda asosida kiritilgan. Qolaversa, hokim oʻrinbosarlari va mahalliy ijro organlari rahbarlarining oʻz faoliyati yuzasidan hisobot berishlari yangi nazorat shakli sifatida alohida modda bilan kiritilmoqda.
XULOSA
Jahon amaliyoti ko‘rsatadiki, har qanday davlatga markaziy va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi hayotiy muhim munosabatlarni tartibga soladigan, markaz va mintaqalarning manfaatlari optimal muvozanatini ta’minlaydigan mexanizm zarur bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumi tamoyillaridan biri hisoblangan qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarning mavqeyi bir muncha yuqori. Markaziy va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi funksiyalarning optimal bo‘linishini ta’minlash, shuningdek turli darajalar o‘rtasidagi to‘sqinliksiz mablag‘lar ko‘chishi va xizmatlar almashuvini ta’minlash fikrimizning umumiy mulohazalaridan biridir. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda mahalliy boshqaruvning ikkita asosiy shaklini farqlash lozim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- Karimov I.A. Tinchlik va xavfsizligimiz o‘z kuch-qudratimizga, hamjihatligimiz va qat’iy irodamizga bog‘liq. Tanlangan asarlar. 13-Tom. – T., 2004. – 117 b.
- Лукянов А.И. “Развитие законадателства о советских предсбтавителних органах власти:” Некоторие вопроси истории, теорир и практики: Юрид. Лит. 1978. Стр 23-30.
O‘zbekiston yangi qonunlari. 5-son. – T.: Adolat, 1993. – B. 217.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.01.2018-y., 03/18/454/0493-son
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 03/18/498/2051-son.
Tyurikov V., Shog’ulomov R. Mustaqil O’zbekiston Respublikasi. – T.: O‘zbekiston, 1998. – 17 b.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T., 2022.
“Mahalla” gazetasining 2002-yil 7-soni.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2019.
Ozod Husanov. Mustaqillik va mahalliiy hoikmiyat. – Toshkent: Sharq, 1996. – B. 64-65.
MAHALLIY DAVLAT
HOKIMIYATI ORGANLARINING
ROLI VA AHAMIYATI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
09.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 147-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
-
Karimov I.A. Tinchlik va xavfsizligimiz o‘z kuch-qudratimizga, hamjihatligimiz va qat’iy irodamizga bog‘liq. Tanlangan asarlar. 13-Tom. – T., 2004. – 117 b. ↑
-
Лукянов А.И. “Развитие законадателства о советских предсбтавителних органах власти:” Некоторие вопроси истории, теорир и практики: Юрид. Лит. 1978. Стр 23-30. ↑
-
O‘zbekiston yangi qonunlari. 5-son. – T.: Adolat, 1993. – B. 217. ↑
-
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son ↑
-
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.01.2018-y., 03/18/454/0493-son ↑
-
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 03/18/498/2051-son. ↑
-
Tyurikov V., Shog’ulomov R. Mustaqil O’zbekiston Respublikasi. – T.: O‘zbekiston, 1998. – 17 b. ↑
-
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T., 2022. ↑
-
“Mahalla” gazetasining 2002-yil 7-soni. ↑
-
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T.: O’zbekiston, 2019. ↑
-
Ozod Husanov. Mustaqillik va mahalliiy hoikmiyat. – Toshkent: Sharq, 1996. – B. 64-65. ↑