KIRISH

Turizm va mehmonxona xizmatlariga boʻlgan talab kundan kunga ortib bormoqda. Zero, mamlakatimiz hududida mavjud boʻlgan 4 mingdan ziyod moddiy-maʼnaviy obida umumjahon merosining noyob namunasi sifatida YUNESKO muhofazasiga olingan. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Qoʻqon va Toshkent kabi koʻhna va navqiron shaharlarimizdagi obidalarni tomosha qilish, ularning betakror jozibasidan bahramand boʻlish maqsadida uzoq oʻlkalardan kelayotgan sayyohlarning safi yil sayin kengaymoqda. 

Qolaversa, bugungi kunda dunyoda mashhur “Hyatt”, “Lotte”, “Radisson”, “Wyndham”, “Ramada” kabi mehmonxonalar respublika­mizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu bois turizm va mehmonxona xizmatidan foydalanuvchilarga sifatli va maqbul xizmat koʻrsatish, ularning bu boradagi huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun nafaqat turist va mehmonxonalarga tashrif buyuruvchining huquqlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlishi, balki mazkur huquqlar borasida turistlar va tashrif buyuruvchilarning axborotga va yetarli darajada bilimga ega boʻlishi talab etiladi.

Qayd etish lozim, turizm va mehmonxona xizmatidan foydalanayotgan har qanday fuqaro oʻz huquqini sudgacha himoya tartibida mustaqil, turoperator yoki mehmonxona rahbariyati bilan muzokaralar olib borish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin. Ayrim hollarda isteʼmolchining talabi qanoatlantirilishi mumkin. Biroq toʻlangan xizmati haqini qaytarish, tashrif buyuruvchining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun pul toʻlash masalasini barcha bajaruvchi (mehmonxona) ham birinchi talab bildirilganida ijobiy hal qilavermaydi. Aynan mazkur holatlarda isteʼmolchining buzilgan huquqini himoya qilish uchun eʼtiroz tartibini qoʻllash yoki daʼvo tartibida sudga murojaat qilish lozim. Biroq barcha fuqarolar ham mazkur tartibdan xabardor emas va bu holatda ularning bilim va tasavvurlarini boyitish kerak.

Mazkur risola aynan yuqoridagi talablardan kelib chiqib turizm va mehmonxona xizmatlari sohasida isteʼmolchilarning huquq va majburiyatlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarni isteʼmolchilarga yetkazish maqsadida tayyorlangan.

SAVOLLAR VA JAVOBLAR

1. Turizm va mehmonxona xizmatlari deganda nima tushuniladi?

Turizm kishilarning oʻz hududidan boshqa joylarga borishi, oʻsha joylarni tomosha qilishi va hordiq chiqarishidir. Zero, turizm – jismoniy shaxsning vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda doimiy yashash joyidan joʻnab ketishi (sayohat qilishi) hisoblanadi. Turistning mazkur ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun esa muayyan xizmatlar taklif etiladi va bu xizmatlardan foydalanish yoki foydalanmaslik turistning oʻz xohishiga bogʻliq. Odatda turistik xizmatlar – joylashtirish, ovqatlantirish, transport, ekskursiya va maslahat xizmati koʻrsatish boʻyicha, shuningdek turist va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan xizmatlardir.

Mehmonxona xizmati ham mehmonning vaqtinchalik turar-joyga, yana ham aniqroq aytiladigan boʻlsa, tunab qolishga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirishga qaratilgan xatti-harakatlardan iborat. Bunda mehmon muayyan qulayliklarga ega boʻlgan xona bilan taʼminlanadi va unga shu xonada yashashi bilan bogʻliq boʻlgan asosiy xizmat va tegishli ravishda qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi. Mehmonxonada mehmon uchun oʻziga xos xizmatlar majmui taklif etiladi, uning xohishi va imkoniyatlaridan kelib chiqib xizmat turlari taqdim qilinadi. Mehmonxona nafaqat mehmonni kutib olish va uni yotoq joyi bilan taʼminlaydi, balki mehmon mehmonxonada turgan vaqt mobaynida uning turar-joyga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantiradi hamda ayni paytda mehmonning amaldagi yuridik manzili ham hisoblanadi. Agar pasport tizimi bilan bogʻliq qoidalardan kelib chiqiladigan boʻlsa, mehmonxonadagi har qanday mehmonning qaysi xonada yashashi va pasportiga oid maʼlumotlari tegishli kitobda qayd etiladi.

Mehmonxona xizmatlari – joylashtirish vositasida vaqtinchalik yashash joyi berish boʻyicha xizmatlar majmui. Boshqacha aytganda, mehmonxona xizmati – maxsus mulkiy kompleks sifatida mehmonlarni qabul qilish va joylashtirishga moʻljallangan mehmonxonadagi tegishli xonaga mehmonni qulay joylashtirish va uning muayyan vaqt mobaynida turar-joy va dam olishga boʻlgan moddiy va maʼnaviy ehtiyojini maqbul hamda sifatli qanoatlantirishga qaratilgan harakatlardir.

2. Turizm va mehmonxona xizmati sohasida kimlar isteʼmolchi hisoblanadi?

Turizm va mehmonxona xizmati sayyohlar va boshqa hududda boʻlgan mehmonlarning bu boradagi ehtiyojlarini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu sababli mazkur xizmatlar koʻrsatish sohasida isteʼmolchilar sifatida turist va mehmon eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-iyuldagi OʻRQ–549-son “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra turist – vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) yigirma toʻrt soatdan ketma-ket oʻn ikki oygacha boʻlgan davrga boruvchi yoki vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs. Turizm xizmati sohasidagi navbatdagi isteʼmolchi ekskursant hisoblanadi. Ekskursant – vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxsdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2019-yil 26-martdagi 03-mh-son qarori [roʻyxat raqami – 3160, 2019-yil 20-may] bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomda belgilanishicha, mehmonxona xizmatlari boʻyicha buyurtmachi – mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq mehmonxona xizmatlarini buyuruvchi yoki sotib oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar hisoblansa, tashrif buyuruvchi – vaqtinchalik yashash bilan bogʻliq mehmonxona xizmatlarini buyurgan, sotib olgan va/yoki foydalanadigan jismoniy shaxs hisoblanadi.

3. Kimlar turizm va mehmonxona xizmati koʻrsatuvchilar hisoblanadi?

Turizm sohasining subyektlari boʻlib, turistik xizmatlar majmuini yoki ularning bir qismini koʻrsatish, qoʻshimcha turistik xizmatlar (ishlar)ni bajarish hamda turistlar va ekskursantlarga tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil
6-apreldagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan “Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra yuridik shaxslar: turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalari litsenziya asosida turizm faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin. Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar turizm xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlariga muvofiq turlarni tashkil etish boʻyicha xizmatlar, jumladan, band (bron) qilish, joylashtirish, tashish, ovqatlanishni tashkillashtirish, shuningdek rekreatsiya, ekskursiya va boshqa xizmatlar koʻrsatish yuzasidan beriladi. Bunda ekskursiya xizmatlari koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish talab etilmaydi.

Turoperatorlar va turagentlar turistik faoliyatni vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi.

Turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalovchi organ litsenziyani quyidagi uch yoʻnalish boʻyicha beradi:

a) ichki turizm – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

b) chiqish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

d) kirish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun.

Turizm xizmatini bevosita koʻrsatuvchi shaxslar jumlasiga quyidagilar kiradi:

gid (gid-tarjimon) – axborotga oid va tashkiliy xizmatlar koʻrsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;

yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi – turistik yoʻnalishlarda turistlar va ekskursantlarga hamrohlik qilish hamda ularning xavfsizligini taʼminlash uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;

ekskursiya yetakchisi – turistlar va ekskursantlarni muayyan turistik resurs bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs.

Mehmonxona xizmati koʻrsatuvchi boʻlib, bajaruvchi – tashrif buyuruvchiga mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik subyekti, yaʼni mehmonxona hisoblanadi. Mehmonxona – tegishli yashash xonalari va ularga xizmat koʻrsatuvchi qulayliklarga ega hamda mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, shuningdek ularning qulay hordiq chiqarishlariga moʻljallangan mulkiy kompleks hisoblanadi. Ayni paytda mehmonxona tegishli nomerlardan tashkil topadi va ular aynan mehmonlarga xizmat qilish uchun ekspluatatsiya qilinishi lozim. Boshqacha aytganda, isteʼmolchilarga mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish munosabatlarining subyekti sifatida mehmonxona deganda tegishli tartibda ushbu faoliyat turi bilan shugʻullanish uchun litsenziyaga ega boʻlgan, tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtgan, mehmonlarning vaqtinchalik qulay joylashishlari va tunab qolishlari uchun zaruriy sharoit va infratuzilmaga ega boʻlgan yuridik shaxs tushuniladi.

4. Turizm faoliyatini amalga oshiruvchi qanday talablarga javob berishi lozim?

Turizm faoliyatini amalga oshiruvchilarga nisbatan quyidagi litsenziya talablari va shartlari mavjud:

a) turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, turizm sohasidagi xalqaro standartlarga va Oʻzbekiston Respublikasi standartlariga majburiy rioya qilish;

b) yuridik shaxs shtatida “turizm” yoʻnalishidagi oliy taʼlim yoxud oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomiga yoki litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan tartibda 3 yil muddatga beriladigan amaldagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida bir nafar mutaxassis boʻlishi;

d) yuridik shaxs xodimlari (gidlar (ekskursiya yetakchilari) va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar) 3 yilda kamida bir marta litsenziyalovchi organ belgilagan tartibda malaka sertifikati olishi.

e) turizm faoliyatini amalga oshirish uchun yoʻnalishiga koʻra:

“ichki turizm” – yuridik shaxsning tegishli tashkiliy-huquqiy shakli uchun qonunchilikda belgilangan miqdorga teng;

“chiqish va kirish turizmi” – eng kam oylik ish haqining kamida 400 baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasiga ega boʻlishi;

f) turizm xizmatlarining muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan turistlar va ekskursiyachilarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tizimning mavjudligi;

g) mijoz bilan faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq shartnoma, jumladan, elektron tarzda (onlayn) tuzilgandan keyin turizm xizmatlari koʻrsatish;

h) chet davlatga chiqish, kelish va u yerda boʻlishning oʻziga xos xususiyatlari, turistik sayohat vaqtida oʻzini tutish xususiyatlari hamda har bir muayyan mamlakatda boʻlishning boshqa qoidalari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni har bir turistga belgilangan tartibda yetkazish;

i) mijozga litsenziatning ish rejimi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), tegishli litsenziya, turizm xizmatlari sertifikatining mavjudligi, turizm faoliyatining aniq yoʻnalishlari uchun masʼul boʻlgan litsenziatning mutaxassislari familiyasi, ismi, otasining ismi toʻgʻrisida toʻliq va batafsil maʼlumot berish, jumladan, ushbu koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻzining xalqaro internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

j) har yili 500 nafardan ortiq turistga xizmat koʻrsatilganda litsenziatda elektron toʻlovlar, bron qilish, ekvayring kabi xizmatlar koʻrsatuvchi koʻp tilli veb-sayt mavjud boʻlishi.

5. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga qanday hujjatlarni taqdim etadi?

Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) litsenziya talabgorining nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomadagi turizm xizmatlarini koʻrsatish uchun amaldagi muvofiqlik sertifikati va turizm faoliyatini amalga oshirish uchun binoga huquqni beruvchi hujjatlardagi maʼlumotlarning mavjudligi, litsenziya talabgorining joylashgan joyi (pochta manzili), aloqa telefonlari, faks raqamlari, elektron manzili va bank rekvizitlari, shuningdek talab etilayotgan turizm faoliyatining yoʻnalishi koʻrsatilgan litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza;

b) ushbu tegishli hujjatlar nusxalari;

d) litsenziya talabgori arizasining litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilishi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining nusxasi;

e) familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, pasportiga oid maʼlumotlar, uy manzili, maʼlumoti, aloqa telefonlari raqamlari koʻrsatilgan rahbar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

6. Qonunchilikda turoperator xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun qanday maʼlumotlar va hujjatlar taqdim etilishi belgilangan?

Turoperator xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun arizaga arizachining imzosi bilan tasdiqlangan quyidagilar ilova qilinishi kerak:

normativ hujjatlar talablariga binoan turizm sohasida maʼlumotga va/yoki malaka sertifikatlariga ega boʻlgan arizachining xodimlari maʼlumotlar;

turoperator xizmatlari koʻrsatish jarayonida favqulodda holatlar yuzaga kelganda arizachi xodimlarining harakat qilish rejasi;

koʻchmas mulkka doir huquqni belgilaydigan hujjatlar, jumladan, bunday mulkning ijara shartnomasi;

belgilangan shaklda arizachi tomonidan turoperator xizmatini tashkillashtirish uchun tuzilgan shartnomalar (transport va ekskursiya xizmatiga, joylashtirish, gid-tarjimonlar xizmatiga, ovqatlanish, koʻngilochar va dam olish, turagentlik xizmatlariga hamda turistlarni qabul qiluvchi davlatlardagi xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalar va boshqalar) roʻyxati. Ilgari turoperator xizmatlari koʻrsatmagan arizachilar sertifikat olingandan keyin olti oy davomida koʻrsatib oʻtilgan shartnomalar roʻyxatini taqdim qilish toʻgʻrisida kafolat xatini Markazga taqdim etishlari lozim;

turist arizasi, turoperator xizmatlari koʻrsatishga doir namunaviy shartnoma namunalari;

turizm xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida, mamlakatga kirish/chiqish uchun zarur hujjatlar, bojxona va viza qoidalari toʻgʻrisida, xavfsizlik choralari, oʻzini tutish qoidalari va tashrif buyurilayotgan mamlakatning oʻziga xos xususiyatlari, sugʻurtalash, vaksinatsiya zarurati, cheklovlar va qarama-qarshi koʻrsatmalarning mavjudligi va boshqalar toʻgʻrisidagi axborot materiallari.

7. Mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun topshiriladigan arizalarga nimalar ilova qilinadi?

Mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun arizaga arizachining imzosi bilan tasdiqlangan quyidagilar ilova qilinishi kerak:

normativ hujjatlar talablariga binoan turizm sohasida maʼlumotga va/yoki malaka sertifikatlariga ega boʻlgan arizachining xodimlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;

vakolatiga xavfsizlikka rioya etishni nazorat qilish va normativ hujjatning belgilangan talablariga joylashtirish vositasining muvofiqligini tasdiqlash kiradigan, vakolatlangan nazorat organlarining (yongʻin va sanitariya-gigiyena xavfsizligi, gaz qurilmalari va lift jihozlaridan xavfsiz foydalanish) xulosa va dalolatnomalari (ariza kelib tushgan kungacha bir yildan kech boʻlmagan vaqtda tuzilgan) nusxalari. Yangidan tashkil etilgan joylashtirish vositalari uchun ulardan foydalanish kunidan boshlab bir yil davomida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar oʻrniga davlat komissiyasining foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi nusxasi ham taqdim etilishi mumkin;

koʻchmas mulkka doir huquqni belgilaydigan hujjatlar, jumladan, bunday mulkning ijara shartnomasi;

mehmonxona xizmatlari koʻrsatish jarayonida favqulodda holatlar yuzaga kelganda arizachi xodimlarining harakat qilish rejasi;

mehmonlar xavfsizligi va xizmat koʻrsatish (dezinfeksiya toʻgʻrisida, yongʻin signalizatsiyasi tizimi va liftlarga texnik xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida) sifatini taʼminlash boʻyicha tegishli xizmatlar bilan shartnomalar nusxalari;

farroshlar xizmati va ovqatlanish joylari ishchilarining tibbiy daftarchalari nusxalari;

mehmonxona xizmatlari koʻrsatish tartibi va ulardan foydalanish qoidalari toʻgʻrisidagi axborot materiallari.

8. Mehmonxona xizmatlarini baholashda nimalar majburiy shartlar hisoblanadi?

Mehmonxona xizmatlarini baholash oʻtkazilayotganda quyidagilar majburiy shartlar hisoblanadi:

10 tagacha nomerga ega boʻlgan joylashtirish vositalarining nomerlarini toʻliq tekshirish;

10 tadan koʻp nomerga ega boʻlgan joylashtirish vositalarining nomerlarini tanlab tekshirish (15 % dan 30 % gacha);

joylashtirish vositalarining boshqa xonalari va jihozlarini toʻliq tekshirish.

Nomerlarni tanlash komissiya raisi tomonidan amalga oshiriladi va joylashtirish vositasining haqiqiy holatining aniqligini taʼminlashi kerak.

Agar arizachining ikki yoki undan ortiq joylashtirish vositalari mavjud boʻlsa, har bir joylashtirish vositasi boʻyicha alohida sertifikatlashtirish oʻtkaziladi.

9. Turistlarga umumiy ovqatlanish sohasidagi xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun topshiriladigan arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?

Umumiy ovqatlanish sohasidagi xizmatlarni sertifikatlashtirish uchun arizaga quyidagilarning nusxalari ilova qilinadi:

vakolatli idoralar tomonidan berilgan, xizmatlarni koʻrsatishda qoʻllaniladigan obyektlar va qurilmalarni sanitariya meʼyorlari, qoidalari va gigiyenik normativlar, shuningdek yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;

ariza beruvchining ishchilarining boshlangʻich va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar;

alkogol mahsulotlarini sotishga huquq beruvchi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (alkogol mahsulotini joyida isteʼmol qilish uchun sotilganda);

tayyor oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatlarni tayyorlashda qoʻllaniladigan, majburiy sertifikatlashtirilishi kerak boʻlgan mahsulotlarning muvofiqlik sertifikatlari;

metrologiya toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq metrologik taʼminlanganlikni tasdiqlovchi hujjatlar;

ISO/TS 22002 xalqaro standartiga muvofiq menejment tizimi muvofiqlik sertifikati (mavjud boʻlganda).

10. Turistlarga avtotransport xizmatlarini koʻrsatishni sertifikat­lashtirish uchun topshiriladigan arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?

Avtotransport xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun arizaga quyidagilarning nusxalari ilova qilinadi:

avtotransport tashilmalarini amalga oshirishga litsenziya/litsenziya kartochkalari, shuningdek harakatdagi sostavga xizmat koʻrsatish va texnik koʻzdan kechirish uchun tegishli ishlab chiqarish bazasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;

tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalanganligi toʻgʻrisida sugʻurta polisi;

xizmatlarni koʻrsatishda qoʻllaniladigan avtotransport vositalarining texnik holati sozligini tasdiqlovchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlari;

xizmatlarni koʻrsatishda foydalaniladigan avtotransport vositalariga haydovchilar biriktirilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek ularning haydovchilik guvohnomalari;

biriktirilgan haydovchilarning boshlangʻich va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar.

11. Turizm va mehmonxona xizmatiga nimalar kiradi?

Turistni joylashtirish, uning yaxshi hordiq chiqarishini taʼminlashga qaratilgan xizmatlarning turlari “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasida belgilangan boʻlib, unga koʻra joylashtirish vositalari, transport, umumiy ovqatlanish obyektlari va koʻngilochar, maʼrifiy, ishbilarmonlik, davolash-sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya-sport hamda boshqa maqsadga moʻljallangan obyektlar, turistik faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, ekskursiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar majmui, shuningdek ekskursiya yetakchilarining, gidlar (gid-tarjimonlar) hamda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning xizmatlari majmui turistik industriyadir.

Turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq turistik industriyadagi xizmatlarning turlari quyidagilardan iboratdir:

turlarni taqdim etish boʻyicha xizmatlar;

yashash joylarini taqdim etish boʻyicha xizmatlar;

ovqatlantirish boʻyicha xizmatlar;

axborotga oid, reklama xizmatlari;

transport xizmatlari;

barcha turdagi transport uchun chiptalar hamda tadbirlarga va koʻngilochar obyektlarga borish uchun chiptalar taqdim etish (band qilib qoʻyish, sotish va yetkazib berish) boʻyicha xizmatlar.

Turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida boshqa turistik xizmatlar ham nazarda tutilishi mumkin.

Turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyatdir. Turistik mahsulotni shakllantirish, targʻib etish va realizatsiya qilish yuzasidan yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turoperatorlik hisoblanadi. Turistik mahsulotni targʻib etish va realizatsiya qilish yuzasidan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turagentlik sifatida eʼtirof etiladi.

Ekskursiya faoliyati yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan va joylashtirishga (tunab qolishga) doir xizmatlar koʻrsatishni nazarda tutmaydigan, madaniy meros obyektlari, diqqatga sazovor joylar va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yoʻnalishlar boʻyicha ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalar tashkil etishga doir turistik faoliyatning elementidir.

Mehmonxona xizmatini quyidagi turlarga boʻlish mumkin:

a) mehmonxona tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning ahamiyati va mehmonxona faoliyatining xususiyatiga koʻra: asosiy va qoʻshimcha xizmatlar;

b) mehmonxonaning turi va faoliyati doirasiga koʻra: mehmonlarni kutib olish, ularni vokzal, aeroport yoki boshqa joydan tashish, ularni ovqatlantirish yoki boshqa shu turdagi xizmatlar;

d) mehmonxona tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning muddatlari va davomiyligiga koʻra: qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli xizmatlar;

e) umumiy va maxsus xizmatlar. Bunda mehmonxona tomonidan taklif etilayotgan, ommaviy tusda boʻlgan xizmatlar va qoʻshimcha haq evaziga hamda mehmon bilan alohida kelishuv asosida amalga oshiriladigan maxsus xizmatlar ham koʻrsatilishi mumkin.

f) jamoaviy va individual xizmatlar. Jamoaviy xizmatlar bir guruh mehmonlar uchun tashkil etiladi va asosan jamoaviy koʻngilochar dasturlarini tashkil etish, ular uchun turli tadbirlarni uyushtirishni qamrab oladi. Individual xizmatlar har bir mehmonga koʻrsatiladigan xizmatlar jamlanmasi boʻlib, bu har bir mehmonxonaning minimum darajasi sifatida qabul qilinadi.

12. Turizmning qanday shakllari va turlari mavjud?

Xalqaro va ichki turizm turizmning shakllaridir.

Xalqaro turizm quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

kirish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi sayohati;

chiqish turizmi – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning boshqa mamlakatga sayohati.

Ichki turizm Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi sayohatini oʻz ichiga oladi.

Turizm tashkil etilayotgan turning oʻziga xosligi, mavzusi, davomiyligi, harakatlanish usullari va turning boshqa xususiyatlaridan kelib chiqqan holda madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm hamda turizmning boshqa turlariga boʻlinishi mumkin.

13. Mehmonxona tomonidan koʻrsatiladigan asosiy xizmatlarga nimalar kiradi?

Mehmonxona tomonidan koʻrsatiladigan asosiy xizmatlarga nomerlarni bron qilish, sayyohlarni kutib olish, ularning roʻyxatini olish, nomerlarga joylashtirish va uyga yoki boshqa sayohat marshruti punktiga joʻnatish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish, sayyohlarga nomerlarda xizmat koʻrsatishni taʼminlash, nomerlarni sanitar-gigiyenik holatini va qoʻlayligini taʼminlash hamda mehmonlarga doimiy xizmatlar koʻrsatish kiradi. Shuningdek, mehmonlarni qabul qilish va joylashtirish xizmati, oqsochlar xizmati (shveysarlar, yoʻlak xizmatchilari, kiyimxona xizmatchilari, garaj xodimlari) portye xizmati, konsyerj xizmati, xat tashuvchilar xizmati, nomerlarni tozalash boʻyicha inspektor, xavfsizlik xizmati ham mehmonxona tomonidan taqdim etiladigan asosiy xizmatlar hisoblanadi.

Mehmonni mehmonxonaga joylashtirish boʻyicha mehmonxona maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladigan yuridik va faktik harakatlar ham aynan mehmonga ajratiladigan joy (nomer) hisoblanadi. Bunday nomer mehmonga mehmonxona tomonidan taklif etilgan va mehmon tanloviga koʻra belgilanadigan alohida xona yoki xonaning muayyan qismi koʻrinishida ifodalanadi. Masalan, mehmon mehmonxonada mavjud boʻlgan alohida bir kishilik xonada turish uchun yetarli mablagʻga ega boʻlmasa yoki oʻsha paytda mehmonxonada bir kishilik xona band boʻlsa, u ikki yoki uch kishiga moʻljallangan xonaga joylashtirilishi mumkin.

14. Mehmonxona tomonidan taqdim etiladigan qoʻshimcha xizmatlar tarkibiga nimalar kiradi?

Yordamchi xizmatlar mehmonxona kompleksidagi ish jarayonini kir yuvish, tikuvchilik, xonalarni tozalash xizmati, koʻpaytirish xizmati, ombor xizmatlari va boshqalarni taklif qilish bilan taʼminlaydi. Qoʻshimcha xizmatlarga pullik xizmatlar kiradi. Ularning tarkibi sartaroshxonalar, basseyn, sauna, solyariy, aeroport, sport zallari va boshqalarni qamrab oladi.

15. Turizm va mehmonxona xizmatining joylashtirish vositalariga nimalar kiradi?

Turizm xizmati sohasida joylashtirish vositalari mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualarni, dam olish uylari va zonalarini, pansionatlar, kempinglar, motellar, mehmon uylarini, oʻtov va chodirli oromgohlar, sanatoriylarni hamda mehmonxona xizmatlari (joylashtirish boʻyicha xizmatlar) koʻrsatiladigan boshqa obyektlarni, shuningdek joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan yer usti transportini oʻz ichiga oladi.

Mehmonxona xizmatlari sohasida esa joylashtirish vositalari – mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, xostellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari – vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa obyektlar, shuningdek tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transportini qamrab oladi.

16. Turistga turizm xizmatlarini koʻrsatishni tashkil etish yuzasidan tuziladigan shartnomada nimalar koʻrsatilishi lozim?

Turagent va turoperator oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

turistik mahsulotni turagent tomonidan realizatsiya qilish shartlari;

turagentning turistik mahsulotni turoperator nomidan yoxud oʻz nomidan realizatsiya qilishga doir huquq va majburiyatlari;

turagent tomonidan ikkilamchi agent shartnomalarini tuzish mumkinligini (mumkin emasligini) nazarda tutuvchi shartlar;

ularga turistik mahsulotning buyurtmachisi tomonidan turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini ijro etish borasida eʼtirozlar bildirilgan taqdirda turoperator va turagentning hamkorligi tartibi;

turistik mahsulot toʻgʻrisida axborot taqdim etmaganlik yoki notoʻgʻri axborot taqdim etganlik uchun, turistik xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun turistik mahsulotning buyurtmachisi oldida turoperatorning va turagentning javobgarligi, shuningdek taraflardan har birining javobgarligi.

17. Turistik mahsulotning buyurtmachisi bilan tuziladigan shartnomada qanday maʼlumotlar aks etishi lozim?

Turoperator va (yoki) turagent va turistik mahsulotning buyurtmachisi oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

turoperatorning va (yoki) turagentning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), litsenziyasining yoʻnalishi va raqami;

turistik mahsulotning buyurtmachisi toʻgʻrisidagi, uning turistik mahsulotni realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan hajm doirasidagi maʼlumotlar;

turistik mahsulotning qiymati va uni toʻlash tartibi;

turoperatorning va (yoki) turagentning hamda turistik mahsulot buyurtmachisining huquqlari va majburiyatlari;

shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish shartlari;

turoperatorning va (yoki) turagentning va turistik mahsulot buyurtmachisining javobgarligi hamda nizolarni koʻrib chiqish tartibi.

18. Turistning isteʼmolchi sifatida maʼlumot olish huquqini taʼminlash boʻyicha axborot taqdim etish qanday amalga oshiriladi?

Turoperatorlar va turagentlar turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini tuzish chogʻida turistga va ekskursantga quyidagi axborotni taqdim etishi shart:

kirish va chiqish hujjatlari (vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirish va undan chiqish uchun viza)ni rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan asosiy talablar toʻgʻrisidagi;

rioya etilishi turni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tibbiy rasmiyatchiliklar, jumladan, turistning va ekskursantning ularda muayyan kasalliklar, jismoniy holatining va yoshining oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlgan taqdirda turda ishtirok etishiga qarshi koʻrsatmalar toʻgʻrisidagi;

bojxona, chegara qoidalari va boshqa qoidalar (sayohatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hajmda) toʻgʻrisidagi;

vaqtincha boʻlish mamlakati (joyi)da turist (ekskursant)ning hayoti xavfsizligiga va sogʻligʻiga tahdid soluvchi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda yoki boshqa holatlarda, shuningdek turist (ekskursant)ning mol-mulkiga zarar yetishi xavfi yuzaga kelgan hollarda, turist (ekskursant) murojaat qilishi mumkin boʻlgan, vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) mavjud mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik va konsullik muassasalarining joylashgan yeri (pochta manzillari) va aloqa bogʻlash uchun telefon raqamlari toʻgʻrisidagi.

19. Turoperatorlar hamda turagentlar turizm xizmati koʻrsatish boʻyicha qanday huquqlarga ega?

Turoperatorlar va turagentlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

turning davomiyligi va yoʻnalishini, xizmat koʻrsatish shartlarini, transportda xizmat koʻrsatish turini, turistning, ekskursantning xavfsizligini hamda ularning mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlash choralarini turistning va ekskursantning roziligi hamda xohishiga koʻra oʻzgartirish;

turistning va ekskursantning roziligi bilan ularni tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin bu haqida xabardor etish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini koʻpaytirish;

xizmatlar koʻrsatishning imkoni boʻlmaydigan fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, shuningdek guruh tuzish uchun zarur boʻlgan turistlar va ekskursantlarning talab qilinadigan soni yigʻilmagan taqdirda, turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini bekor qilish, bu haqida turistlar va ekskursantlar tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor etilishi kerak;

turistlar, ekskursantlar yoki turizm sohasi subyektlari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi va maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilish.

20. Turoperatorlar hamda turagentlarning majburiyatlari nimalaran iborat?

Turoperatorlar va turagentlar:

turistlar va ekskursantlarga turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida shartlashilgan xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashi;

turistik xizmatlar koʻrsatilmagan yoki ular toʻliq boʻlmagan hajmda koʻrsatilgan yoxud lozim darajada sifatli koʻrsatilmagan taqdirda turistlar va ekskursantlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilishi;

turistlar va ekskursantlarga turni tashkil etish, ularning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida toʻliq axborot taqdim etishi;

turistik resurslarning saqlanishiga koʻmaklashishi;

turistlar va ekskursantlar vaqtincha borilgan mamlakatda (joyda) qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.

21. Turistlar va ekskursantlar qanday huquqlarga ega?

Turistlar va ekskursantlar quyidagi huquqlarga ega:

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan xizmatlardan foydalanish;

sayohat bilan bogʻliq toʻliq va ishonchli axborot olish, jumladan, vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirish va unda boʻlish qoidalari, mahalliy aholining urf-odatlari, diniy marosimlar, madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va turizm sohasining obyektlari, atrof tabiiy muhitning holati toʻgʻrisida axborot olish;

shaxsiy xavfsizligi hamda oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish taʼminlanishi, shuningdek oʻz mol-mulkining but saqlanishi;

shoshilinch tibbiy yordam olish;

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning oʻrni qoplanishi, shuningdek maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishi;

agar turning umumiy qiymati oshishi shartnomada shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, turistik xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomani turoperatorlar va turagentlarga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplamagan holda bekor qilish.

22. Turistlar va ekskursantlar majburiyatlariga nimalar kiradi?

Turistlar va ekskursantlar:

turda ishtirok etish uchun oʻz sogʻligʻi holatining va (yoki) yoshining xususiyatlariga bogʻliq cheklovlar (qarshi koʻrsatmalar) toʻgʻrisidagi, oʻz doimiy yashash joyidan tashqariga chiqishi hamda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirishi uchun cheklovlar haqidagi maʼlumotlarni turoperatorning va (yoki) turagentning talabiga koʻra taqdim etishi;

turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi shartlariga va vaqtincha boʻlish mamlakatining (joyining) qonun hujjatlariga rioya etishi, uning siyosiy hamda ijtimoiy tuzilishini, mahalliy aholining anʼanalarini, urf-odatlarini, diniy eʼtiqodini hurmat qilishi;

vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmasligi;

vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) bojxona va chegara nazorati, shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya etishi shart.

23. Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari hamda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning qanday huquqlari mavjud?

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar quyidagi huquqlarga ega:

tur vaqtida oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun turoperatordan, turagentdan yoki turistik mahsulot buyurtmachisidan zarur axborot bilan taʼminlanishini talab qilish;

oʻz huquq va majburiyatlarini belgilovchi hujjatlar bilan (shartnoma mavjud boʻlganda) tanishib chiqish;

turistlar va ekskursantlar bilan mustaqil ravishda shartnomalar tuzish.

24. Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari hamda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning majburiyatlari nimalardan iborat?

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar:

tegishli maʼlumotga, malaka sertifikatiga ega boʻlishi va oʻz vaqtida malaka oshirishdan oʻtishi;

mamlakatning tarixi, madaniyati, etnografiyasi, iqtisodiyotini va boshqa sohalarini rasmiy yoki ishonchli manbalardan bilishi;

turistik yoʻnalishni rejalashtirish va ekskursiyada hamrohlik qilish koʻnikmalariga ega boʻlishi;

oʻz funksional vazifalarini bajarish chogʻida ismi va familiyasi yozilgan koʻkrak nishoni (beyjik)ni taqib yurishi;

xavfsizlikni taʼminlash choralarini bilishi va favqulodda vaziyatlarda amaliy harakat qilish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlishi shart.

25. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi boʻyicha qanday kafolatlar belgilangan?

Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini va himoya qilinishini, jamiyat va davlat manfaatlarini, turizmdan shaxslarning qonunga xilof migratsiyasi, ularning mehnatini ekspluatatsiya qilish hamda ularni boshqacha tarzda ekspluatatsiya qilish maqsadida foydalanishga qarshi kurashishni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligi, ularning mol-mulki but saqlanishi, atrof tabiiy muhitga, jamiyatning moddiy hamda maʼnaviy qadriyatlariga, davlat xavfsizligiga zarar yetkazilishining oldini olish taʼminlanishini nazarda tutadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari barcha turistik yoʻnalishlar boʻyicha turistlar va ekskursantlarning himoya qilinishini va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy dasturlar ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi.

Turizm sohasi subyektlari turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash, tabiiy ofatlar chogʻida, ular jarohatlanganda, kasallikka chalinganda hamda boshqa hollarda tibbiy va oʻzga tarzda yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Vakolatli davlat organi turoperatorlarni, turagentlarni, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek xavfsizlikka nisbatan tahdid mavjud boʻlganligi sababli borib koʻrish uchun tavsiya etilmaydigan mamlakatlar (joylar) roʻyxatini ommaviy axborot vositalariga, jumladan, oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Muassislari (hammuassislari) davlat organlari boʻlgan ommaviy axborot vositalari vakolatli davlat organiga turistlar va ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid haqidagi axborotni eʼlon qilish imkoniyatini darhol va bepul taqdim etadi.

Turistlar va ekskursantlar yuqumli kasalliklarning yuqori darajadagi xavfiga uchrashi mumkin boʻlgan vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) sayohatni amalga oshirish boshlanguniga qadar xalqaro tibbiy talablarga muvofiq profilaktikadan oʻtishi shart.

Turistlar va ekskursantlar guruhlarini kuzatib boruvchi shaxslar birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dasturiy asosda minimal tibbiy tayyorgarlikka, tibbiy buyumlarga hamda dori qutichasiga ega boʻlishi shart.

26. Turoperatorlar va turagentlar tomonidan turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlashga doir qanday chora-tadbirlar koʻrilishi kerak?

Turoperatorlar turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida:

mustaqil turizmni amalga oshiruvchi turistlar va ekskursantlar murojaat qilgan taqdirda turistlar va ekskursantlarni yoʻnalishning xususiyati hamda ularning oʻz xatti-harakatiga bogʻliq holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf manbalari haqida xabardor qilishi, turistlar va ekskursantlarni jarohatlanish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish va ulardan himoyalanish usullari bilan tanishtirishi, shuningdek yoʻnalishdagi xavfsizlik texnikasi boʻyicha turistlar va ekskursantlarga yoʻl-yoʻriq berishi;

falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga tezkor yordam koʻrsatishi;

togʻ, trek, changʻi, velosiped, mototsikl, gʻor turizmi (tabiiy yer osti yoʻlaklari – gʻorlarga sayohatlar) va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish hamda amalga oshirishdagi xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi;

sayohat vaqtida turistlar, ekskursantlar bilan sodir boʻlgan favqulodda hodisalar toʻgʻrisida, shuningdek sayohatdan qaytib kelmagan turistlar hamda ekskursantlar haqida vakolatli davlat organini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va manfaatdor shaxslarni darhol xabardor qilishi;

turistlar va ekskursantlarga sayohatlarning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida, shuningdek sayohat qilish chogʻida ular duch kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar haqida toʻliq maʼlumotlar taqdim etishi hamda turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ogohlantiruvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishi;

togʻli hududda togʻ, trek, changʻi, velosiped, mototsikl va gʻor turizmi hamda turizmning otda sayr qilish turlarini tashkil etish va amalga oshirishda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar xizmatlaridan foydalanishi shart.

27. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan, qutqaruv va shoshilinch xizmatlari kimlar tomonidan amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga zarur yordam koʻrsatish ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Qidiruv-qutqaruv xizmatlari, shoshilinch operativ xizmatlar va boshqa qutqaruv xizmatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek sogʻliqni saqlash, aloqa, ichki ishlar organlari, davlat oʻrmon xoʻjaligi, gidrometeorologiya, fuqaro aviatsiyasi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi.

28. Xavfsiz turizmni taʼminlash maqsadida IIV bilan qanday shartnoma tuziladi va qanday amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil
13-avgustdagi 669-son qarori bilan ichki ishlar organlari boʻlinmalari tomonidan xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha shartnoma asosida pulli xizmatlar koʻrsatish tartibi tasdiqlandi. Unga koʻra 2019-yil 1-apreldan boshlab IIVning Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish hamda moddiy madaniy meros obyektlarida jamoat tartibini saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishga haqli (2019-yil
6-martdagi PQ–4229-son qaror).

Turistlarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini turli tajovuzlardan himoya qiladi hamda ular transport vositalarida harakatlanishlari davomida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlaydi. Xizmatni olish uchun jismoniy yoki yuridik shaxs tegishli hududiy IIOning Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi kerak. Murojaatda buyurtmachi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, turistlar va transport vositalarining soni, ularni kuzatib borish vaqti va qatnov yoʻli koʻrsatiladi.

Shuningdek, quyidagilarni ham taqdim etish zarur:

  • turistlarning shaxsiga oid maʼlumotlar;
  • ariza beruvchi turistik xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyekti boʻlgan taqdirda tegishli ruxsat beruvchi hujjat;
  • transport vositalari va haydovchilarning hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi.

Murojaatni koʻrib chiqish natijasida toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmasa, buyurtmachi bilan 3 ish kunidan kechiktirmasdan belgilangan shaklda toʻlovni oldindan toʻliq toʻlash bilan shartnoma tuziladi. Kuzatuv xizmati toʻlovi summasi IIV tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan tariflarga muvofiq belgilanadi. Bunda turistlarni tashish masofasi, taqdim etiladigan xodimlar soni, ularni jalb qilish vaqti va boshqalar inobatga olinadi.

29. Bajaruvchi va u tomonidan taqdim etiladigan mehmonxona xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nimalardan iborat?

Bajaruvchi, tashrif buyuruvchilar tanishishi uchun qulay boʻlgan joyda, jumladan, joylashtirish vositasining qabul qilish joyidagi maʼlumotlar taxtasiga va internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga (agar mavjud boʻlsa) quyidagi maʼlumotlarni joylashtirishi lozim:

a) bajaruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, xususan, nomi, manzili, bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron pochta manzili;

b) bajaruvchining yuqori turuvchi tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);

d) joylashtirish vositasining tegishli toifasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);

e) mehmonxona xizmatlari uchun muvofiqlik sertifikati nusxasi yoki mehmon uylari va xostellar reyestridan koʻchirma;

f) nomerlar (joylar) narxi;

g) nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari roʻyxati;

h) mehmonxona xizmatlariga toʻlovni amalga oshirish shakli va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

i) alohida toʻlov evaziga, bajaruvchi tomonidan koʻrsatiladigan boshqa mehmonxona xizmatlari roʻyxati, narxi hamda ularni olish shartlari;

j) bron qilish va bronni bekor qilish shakli, shartlari va tartibi toʻgʻrisida maʼlumotlar;

k) imtiyoz olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifasi roʻyxati, shuningdek mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda taqdim etiladigan imtiyozlar roʻyxati (agar mavjud boʻlsa);

l) joylashtirish vositasida uchinchi shaxslar tomonidan toʻlov evaziga koʻrsatiladigan boshqa xizmatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);

m) joylashtirish vositasiga kelish (ketish) vaqti toʻgʻrisida maʼlumotlar;

n) joylashtirish vositasida mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish qoidalari toʻgʻrisida maʼlumotlar.

Bajaruvchi har bir nomerda joylashtirish vositasining ichki qoidalari boʻlishini taʼminlashi lozim.

Bajaruvchi va u koʻrsatadigan mehmonxona xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tashrif buyuruvchilarga davlat tilida hamda qoʻshimcha ravishda ingliz va rus tillarida, shuningdek bajaruvchining ixtiyoriga koʻra boshqa xorijiy tillarda maʼlum qilinadi.

30. Mehmonxonada joyni bron qilish nimani anglatadi va bron qilingan joyga nisbatan qanday qoidalar qoʻllaniladi?

Bron qilish – tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan joylashtirish vositasida nomer (joy)ni avvaldan buyurtma qilish;

Joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchining kelish vaqtidan boshlab va uning ketishigacha boʻlgan muddatda u band qilgan nomer (joy)ga turar-joy daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi.

31. Mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda bron qilishning qaysi turlari qoʻllaniladi?

Bajaruvchi tomonidan joylashtirish vositasida bron qilishning quyidagi turlari qoʻllaniladi:

kafolatlangan bron qilish – joylashtirish vositasida nomer (joy) tashrif buyuruvchi kelishigacha ushlab turiladigan bron qilish turi boʻlib, bunda tashrif buyuruvchi tomonidan bron oʻz vaqtida bekor qilinmagan, tashrif buyuruvchi belgilangan muddatdan kechikkan yoki kelmagan hollarda tashrif buyuruvchidan nomer (joy)ning boʻsh turganligi uchun, biroq bir sutkadan koʻp boʻlmagan miqdordagi toʻlov summasi bajaruvchi tomonidan undiriladi.

Tashrif buyuruvchi bir sutkadan koʻp vaqtga kech qolganda kafolatlangan bron qilish bekor qilinadi;

kafolatlanmagan bron qilish – joylashtirish vositasida nomer (joy) bajaruvchi tomonidan maʼlum bir soatgacha bron qilinadi, belgilangan muddatda tashrif buyuruvchi kelmaganda kafolatlanmagan bron bekor qilinadi.

Bron qilishning boshqa turlari joylashtirish vositasining ichki qoidalarida belgilanishi mumkin.

32. Mehmonxonadagi nomerni bron qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Bajaruvchi bron qilishni har qanday shaklda, jumladan, shartnoma yoki buyurtma qabul qilish usulida (telefon yoki boshqa shaklda) amalga oshirish huquqiga ega.

Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan buyurtma qilingan nomer toifasi va uning narxi, bron qilish shartlari, joylashtirish vositasida yashash muddati toʻgʻrisidagi, shuningdek bajaruvchi tomonidan aniqlanadigan boshqa maʼlumotlar olingan vaqtdan boshlab bron haqiqiy hisoblanadi.

Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) bron qilish haqidagi buyurtmani oʻz ixtiyoriga koʻra bekor qilish huquqiga ega. Bronni rad etish tartibi va shakli joylashtirish vositasining ichki qoidalari bilan belgilanadi.

Agar buyurtmada koʻrsatilgan sanada boʻsh nomer (joy) mavjud boʻlmasa, bajaruvchi bron qilishni rad etish huquqiga ega.

33. Tashrif buyuruvchi (mehmon) mehmonxonaga joylashtiril­ganligi qanday rasmiylashtiriladi?

Mehmonxona xizmatlari tashrif buyuruvchi tomonidan fuqarolik pasporti yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjat koʻrsatganidan soʻng taqdim etiladi.

Joylashtirish vositasida oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish ular bilan birga boʻlgan ota-onalari (qonuniy vakillari) yoki hamrohlik qilayotgan boshqa shaxslarning fuqarolik pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati, hamrohlik qilayotgan shaxslarning vakolatini tasdiqlovchi hujjati, shuningdek ushbu voyaga yetmaganlarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti asosida amalga oshiriladi.

Tashrif buyuruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish joylashtirish vositalarida yashovchilarni elektron shaklda Internet tarmogʻi orqali hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi orqali amalga oshiriladi.

34. Mehmonxona xizmati koʻrsatish yuzasidan isteʼmolchi huquqlarining kafolatlari bormi?

Mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼiy nazar, koʻrsatilishi lozim.

Mehmonga joy (xona) berishda mehmonxona unga mazkur xonadan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi zarur. Bunda mehmon tegishli xizmatdan foydalanishda qanday shartlarga amal qilishi lozimligini va xavfsizlik talablariga rioya qilishi shartligini bilishi zarur. Masalan, mehmon oʻziga ajratilgan xonadagi elektr jihozlari: televizor, muzlatkich va kondinsionerdan, shuningdek sanuzeldan foydalanishda muayyan qoidalarga amal qilishi talab etiladi.

35. Bajaruvchi (mehmonxona) va tashrif buyuruvchi (mehmon) oʻrtasida tuziladigan shartnomada nimalar koʻrsatiladi?

Bajaruvchi tashrif buyuruvchining talabiga koʻra u bilan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi shartnoma tuzishi lozim:

a) bajaruvchining nomi;

b) tashrif buyuruvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar;

d) taqdim etilayotgan nomer (joy) toʻgʻrisida maʼlumotlar;

e) nomer (joy) narxi;

f) joylashtirish vositasida boʻlish muddati;

g) boshqa zarur maʼlumotlar (tomonlar ixtiyoriga koʻra).

Shartnoma elektron yoki yozma shaklda tuzilishi mumkin.

36. Tashrif buyuruvchiga koʻrsatiladigan xizmatlar haqi qanday hisoblanadi?

Bajaruvchi joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchilarga kecha-kunduz xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.

Tashrif buyuruvchining joylashtirish vositasiga kelishi va undan ketishi mahalliy vaqt boʻyicha shu kundagi sutkaning 12:00 soatida belgilanadigan hisob-kitob soatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bajaruvchi mahalliy xususiyatlar va faoliyat turini hisobga olgan holda belgilangan hisob-kitob soatini oʻzgartirish huquqiga ega.

Hisob-kitob soati va keyingi tashrif buyuruvchining nomerga (joyga) joylashtirish soati oraligʻidagi vaqt (nomer va/yoki joyni tayyorlash uchun) uch soatdan oshmasligi kerak. Kelish vaqti bajaruvchi tomonidan belgilanadi.

Nomer (joy) narxi, nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari roʻyxati, shuningdek nomer (joy)ga toʻlovni amalga oshirish shakli va tartibi bajaruvchi tomonidan belgilanadi.

Bajaruvchi yashash uchun sutkali va/yoki soatli toʻlovni belgilashi mumkin.

Bajaruvchi tashrif buyuruvchining roziligisiz nomer (joy) narxiga kirmaydigan boshqa qoʻshimcha toʻlov evaziga koʻrsatiladigan mehmonxona xizmatlarini taqdim qilishi taqiqlanadi.

37. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining soʻroviga koʻra qaysi turdagi xizmatlarni bepul amalga oshirishi shart?

Bajaruvchi tashrif buyuruvchining soʻroviga koʻra quyidagi turdagi xizmatlarni bepul tarzda taʼminlashi lozim:

a) tez yordam va boshqa maxsus xizmatlarni chaqirish;

b) tibbiyot dori qutisidan foydalanish;

d) tashrif buyuruvchining nomiga yuborilgan yozishmalarni yetkazib berish;

e) maʼlum vaqtda uygʻotish;

f) qaynagan suv, igna-ip, idish-tovoqlar va oshxona anjomlarining bir toʻplamini taqdim etish;

g) bajaruvchining ixtiyoriga koʻra boshqa mehmonxona xizmatlari.

38. Tashrif buyuruvchilarga koʻrsatilgan mehmonxona xizmatlari uchun toʻlov miqdori qanday belgilanadi va u tomonidan mehmon­xona xizmatlaridan foydalanish qaysi hollarda toʻxtatilishi mumkin?

Tashrif buyuruvchilarga koʻrsatilgan mehmonxona xizmatlari uchun toʻlov shartnomada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Hisob-kitob soatidan keyin tashrif buyuruvchining ketishi kechikkan hollarda tashrif buyuruvchidan koʻrsatilgan mehmonxona xizmati uchun toʻlov miqdori bajaruvchi tomonidan belgilanadi.

Tashrif buyuruvchi bajaruvchiga haqiqatan qilgan xarajatlarini toʻlash sharti bilan mehmonxona xizmatlaridan foydalanishni toʻxtatishi mumkin.

39. Mehmonxona tomonidan tashrif buyuruvchining buyum (ashyo)larini saqlash majburiyati va uni bajarmaganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Mehmonxona unda yashayotgan shaxs tomonidan olib kirilgan ashyolarning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchi sifatida alohida kelishuv boʻlmagan taqdirda ham javob beradi, ashyo yengib boʻlmaydigan kuch, ashyoning oʻz xossalari oqibatida yoki mehmonxonada yashovchining oʻzi, uning hamrohlari yoki uning yoniga kelgan shaxslar aybi bilan yoʻqolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan hollar bundan mustasno.

Mehmonxona xodimlariga ishonib topshirilgan ashyo yoki moʻljallangan joyga (mehmonxona nomeri va boshqalarga) joylashtirilgan ashyo mehmonxonaga olib kirilgan ashyo deb hisoblanadi.

Pul, boshqa valyuta qimmatliklari, qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatbaho ashyolar saqlash uchun alohida omonat saqlash shartnomasi boʻyicha qabul qilib olingan boʻlsagina, mehmonxona ularning yoʻqolganligi uchun javobgar boʻladi.

Mehmonxonada yashayotgan, oʻz ashyolarining yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligini bilib qolgan shaxs mehmonxona maʼmu­riyatiga bu haqida kechiktirmay xabar qilishi shart. Aks holda mehmonxona ashyolarning toʻliq saqlanmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

Mehmonxona bu yerda yashayotgan shaxslarning ashyolari saqlanishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini eʼlon qilgan taqdirda ham, javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

40. Shartnoma bajarish boʻyicha majburiyatlarning bajaril­masligi yuzasidan bajaruvchi (mehmonxona)ning javobgarligi nimalardan iborat?

Bajaruvchi shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Fuqarolik kodeksining 706-moddasiga koʻra bajaruvchi haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachi (tashruv buyuruvchi, mehmon)ga batamom toʻlashi shart, lekin bu toʻlov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq boʻlishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

Mehmonxona xizmatni koʻrsatishda ham mehmon joylashtirilgan xona uchun tasodifiy nobud boʻlish xavfi mulkka nisbatan egalik huquqi tegishli shaxs – mehmonxonaning zimmasida boʻladi. Shu sababli ham mehmon faqat oʻzi joylashtirilgan xonada undagi jihozlardan foydalanib yashash va hordiq chiqarish huquqiga ega. Xonadagi jihozlarning sozligi, belgilangan maqsadlar uchun foydalanishga yaroqliligi uchun mehmonxona maʼmuriyati javob beradi.

41. Belgilangan talablarga javob bermaydigan mehmonxona xizmatlari koʻrsatganlik uchun tashrif buyuruvchining hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Shartnoma talablari va/yoki shartlariga javob bermaydigan mehmonxona xizmatlarini taqdim etish natijasida tashrif buyuruvchining hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bajaruvchi tomonidan qoplanishi shart. Bunda Fuqarolik kodeksining 57-bobi 2-§da belgilangan qoidalar asosida javobgarlik belgilanadi.

Jumladan, Fuqarolik kodeksining 1006-moddasiga koʻra, fuqaro mayib qilinganda yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qoʻshimcha xarajatlari, jumladan, davolanish, qoʻshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qoʻydirish, birovning parvarishida boʻlish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan oʻtish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, oʻrni qoplanishi lozim.

Yoʻqotilgan ish haqi (daromadlar)ni aniqlashda jabrlanuvchiga mayib boʻlishi yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, xuddi shuningdek sogʻligʻiga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar eʼtiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab boʻlmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi). Zararni qoplash hisobiga, shuningdek jabrlanuvchi sogʻligʻiga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi.

42. Mehmonxona xizmatlaridan foydalanadigan tashrif buyuruvchi qaysi holatlar uchun javobgar hisoblanadi?

Tashrif buyuruvchining aybi bilan joylashtirish vositasining mulki yoʻqolgan yoki unga ziyon yetkazilgan hollarda tashrif buyuruvchi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi. Mehmonxona mol-mulkining yoʻqotilishi, nobud boʻlishi yoki ishdan chiqishi tashruv buyuruvchining aybi bilan boʻlgan boʻlsa, javobgarlik uning zimmasiga yuklanadi. Qolaversa, mehmonxona mol-mulkiga tashrif buyuruvchining hamrohlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun ham tashrif buyuruvchi javobgar hisoblanadi.

43. Bajaruvchi tomonidan mehmonxona xizmati qoidalarini buzganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Ijrochining mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarishdan boʻyin tovlaganlik, oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek isteʼmolchilarga mehmonxona xizmatlari toʻgʻrisida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik, mehmonxona xizmatlarini majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan xizmat tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining
178-moddasiga koʻra monopoliyaga qarshi organga va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni taqdim etish – fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga – uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga – besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarliklarni tugatish toʻgʻrisidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash, oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga – baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tayyorlovchining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlashi, ularni oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmasligi – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga – besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

44. Mehmonxona xizmati koʻrsatish shartnomasi qanday tartibda bekor qilinadi?

Buyurtmachi (tashrif buyuruvchi, mehmon) xizmatlarning belgilangan bahosini batamom toʻlash sharti bilan haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini toʻlash sharti bilangina haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Agar shartnoma shartlari taraflarning biri tomonidan buzilgan taqdirda ikkinchi taraf shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.

AMALIY TAVSIYALAR

Mehmonxona xizmatini koʻrsatish sohasida isteʼmolchilarning asosiy huquqlari

– bajaruvchi (mehmonxona) va u tomonidan koʻrsatiladigan xizmat toʻgʻrisida axborot olish huquqi (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 5–7-moddalari);

– taqdim etilgan xizmatning lozim darajadagi sifatda boʻlishiga nisbatan huquqi (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasi);

– taqdim etilayotgan xizmatning xavfsiz boʻlishiga nisbatan huquq (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi);

– koʻrsatilgan xizmatning kamchiliklari oqibatida isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek maʼnaviy zararni qoplashni talab qilish huquqi (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasi).

Bajaruvchi (mehmonxona) isteʼmolchi (buyurtmachi, tashrif buyuruvchi)ga taqdim etishi lozim boʻlgan maʼlumotlar

Bajaruvchi (mehmonxona) isteʼmolchi (buyurtmachi, tashrif buyuruvchi)ga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishi lozim:

1) mehmonxona toʻgʻrisidagi, bajaruvchi va u haqidagi aniq maʼlumotlar haqidagi barcha maʼlumotlar;

2) mehmonxonaga berilgan aniq kategoriya (yulduzlar soni) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar ular mavjud boʻlsa);

3) agar bajaruvchining faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirsa, berilgan litsenziya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

4) normativ hujjatlarga muvofiq taqdim etiladigan hujjatlarning sifati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

5) mehmonxonada joylashish qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumot;

6) joylashtirish qiymatiga kiradigan barcha xizmatlar;

7) haq olinadigan qoʻshimcha xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

8) xizmat haqini toʻlash usuli va tartibi;

9) mehmonxonaga imtiyozli joylashtirilishi mumkin boʻlgan fuqarolar va shunday imtiyozlar roʻyxati;

10) mehmonxonada yashash tartibi va qoidalari;

11) agar mavjud boʻlsa, umumiy ovqatlanish, aloqa, savdo, maishiy xizmat tashkilotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

12) yongʻinga qarshi xavfsizlik qoidalari va maishiy elektr uskunlaridan foydalanish qoidalari.

Mehmonxona xizmatlarida nuqsonlar aniqlanganda isteʼmolchi (tashrif buyuruvchi, buyurtmachi)ning talab qilish huquqi

Mehmonxona xizmatlarida nuqsonlar aniqlanganda isteʼmolchi (tashrif buyuruvchi, buyurtmachi) quyidagilar talab qilishga haqli:

– mazkur nuqsonlarni tekinga bartaraf etish;

– xizmatdagi nuqsonlarga muqobil ravishda xizmat haqini kamaytirish;

– yetkazilgan zararni toʻliq qoplagan holda mehmonxona xizmati shartnomasini bir tomonlama bekor qilish.

1-vaziyat

Azimov Rustam sayyohlik yoʻllanmasi sotib olgan edi, biroq sayyohatga ketish kunidan 10 kun oldin ogʻir kasal boʻlib qoldi va bu haqida sayyohlik agentligini darhol xabardor qildi.

Sayyohlik firmasining mijozlarga xizmat koʻrsatish qoidalarida quyidagi tartib belgilangan edi. Yoʻllanma qaytarib berilganda mijoz quyidagi tartibda yoʻllanmaning qiymatini toʻlaydi: joʻnashdan uch hafta oldin qaytarilganda 50 %; oxirgi haftasida – 80 %, bundan kamroq muddatda esa toʻliq summani toʻlaydi.

Savol: 1) Azimov Rustam yoʻllanmaning nechchi foizini qaytarishi lozim; 2) Azimov Rustam yoʻllanmaning muayyan qismini toʻlashdan ozod boʻlishi uchun qanday harakatlarni amalga oshirishi lozim; 3) agar yoʻllanma qaytarilganidan keyin uni Valiyev Qobil sotib olsa, Azimov Rustam va sayyohlik agentligi oʻrtasida yoʻllanma haqini toʻlash bilan bogʻliq munosabatlarda nimadir oʻzgaradimi?

Birinchi vaziyatda Azimov Rustam muddatning oxirgi haftasidan oldin biroq uch haftadan kam muddatdan xabardor qilgani uchun yoʻllanmaning 80 foizini qoplaydi. Zero, u yoʻllanmani ketish muddatidan uch hafta oldin bekor qilish istagini bildirganida 50 foizini toʻlar edi. Bu vaziyatda ogohlantirish muddati uch haftadan oʻtganligi uchun yoʻllanma qiymatining 80 foizini toʻlaydi. Ikkinchi vaziyatda Azimov Rustam yoʻllanmaning muayyan qismini toʻlashdan ozod boʻlishi uchun oʻzining oʻrniga boradigan shaxsni taklif etishi yoki sayyohlik firmasini oldinroq yoʻllanmani bekor qilish haqida ogohlantirish lozim edi. Uchinchidan, Azimov Rustamga tegishli yoʻllanma qaytarilganidan keyin Valiyev Qobil tomonidan sotib olingan boʻlsa, Azimov Rustam yoʻllanmaning oʻrtadagi farqini toʻlaydi, xolos.

2-vaziyat

Mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish majburiyatining mohiyati uni aynan mehmonxona joylashgan manzilda amalga oshirilishini taqozo etadi. Inchinun, mehmonxona xizmati belgilangan joyda va vaqtda koʻrsatilmasa, aynan shu vaqtdagi xizmat boshqa hech joyda va hech qachon koʻrsatilmasdan hamda mehmonxona foyda olmasdan qoladi. Masalan, “Fayz” mehmonxonasi va sayyohlik firmasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra iyun oyining 12–19 kunlari 25 mehmonni joylashtirish va ularga xizmat koʻrsatishi lozim edi. Biroq sayyohlik firmasining aybi tufayli mehmonlar “Fayz” mehmonxonasi joylashgan shaharga emas, boshqa shaharga sayyohatga borishdi va “Fayz” mehmonxonasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar amalga oshmasdan qoldi. Bu esa oʻz navbatida mehmonxona xizmatining oʻz vaqtida hamda belgilangan joyda koʻrsatilishi lozimligidan kelib chiqadi.

Shu munosabat bilan bu vaziyatda sayyohlik firmasi turistlarga yetkazilgan mulkiy zarar va keltirilgan noqulaylik oqibatida yetkazilgan maʼnaviy ziyonni qoplab berishi lozim.

3-vaziyat

Fuqaro Xalilov Buxoro shahri “GRAND BUKHARA” mehmonxonasining 416-xonasiga joylashib, yashay boshladi. Mehmonxonada yashash vaqtida liftning nosozligi bois 40 daqiqa liftda qamalib qoldi. Bu vaqt mobaynida u havo yetishmasligi oqibati nafas olishga qiynaldi va oʻzini juda yomon his qildi. Xizmatning nuqsoni bois fuqaro Xalilov juda noqulay holatda qolish evaziga ruhan siqilib qolishiga toʻgʻri keldi. Bu holatda u oʻziga yetkazilgan moddiy zararni undirish boʻyicha sudga murojaat qildi.

Sud Fuqarolik kodeksining 15, 1021-1022-moddalari, (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasidan kelib chiqib, fuqaro Xalilovning talabini qanoatlantirdi.

IMOMOV NURILLO FAYZULLAYEVICH

MEHMONOV QAMBARIDDIN MIRADXAMOVICH

IBROHIMOV AZIMJON ABDUMUMIN O‘G‘LI

MEHMONXONA VA TURIZM

XIZMATI SOHASIDA

ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQ

VA MAJBURIYATLARI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 2,32 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 144-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.