K I R I SH
Asrlar osha oʻz ohorini yoʻqotmay kelayotgan “Suv – bebaho boylik”, “Suv – zar, suvchi – zargar” kabi maqollar ham obihayotning qanchalik qadrli neʼmat ekanligidan dalolat beradi. Iqtisodiyot tarmoqlari orasida qishloq xoʻjaligi eng yirik suv isteʼmolchisi sanaladi. Ushbu tarmoqda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda yangi, zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini toʻlaroq qondirish hamda toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi amaliy ishlarni koʻpaytirish asosiy vazifalardan biridir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha choralar koʻrildi.
Taʼkidlash kerakki, ishlarning haqiqiy holati tahlili qishloq xoʻjaligida, ayniqsa, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy asoslangan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish va sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etishda jiddiy qoloqliklarga yoʻl qoʻyilayotganligidan dalolat bermoqda, xususan:
birinchidan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, mazkur texnologiyalarni qoʻllayotgan paxta xomashyosining ishlab chiqaruvchilarini, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ushbu tizimlarni butlovchi qismlar bilan taʼminlovchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlari mavjud emas;
ikkinchidan, yuqori hosildorlikka, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga erishishni taʼminlaydigan, respublikaning tuproq-iqlim va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilishning ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalari mavjud emas;
uchinchidan, zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, loyihalash va qurish, paxta xomashyosini yetishtirishda mahsulot sifatini nazorat qilish masalalari eʼtibordan chetda qolmoqda;
toʻrtinchidan, tomchilatib sugʻorish tizimidan foydalangan holda yetishtirishga moʻljallangan navlarni yaratish maqsadida qishloq xoʻjaligi ekinlarining, ayniqsa, gʻoʻzaning mahalliy navlari seleksiyasi sohasida ilmiy izlanishlarni jadallashtirishga kuchli zarurat mavjud;
beshinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun zarur boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashina va mexanizmlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan;
oltinchidan, sugʻorishning suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish va ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalarini, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba va nou-xaularni amaliyotga joriy qilish boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimlari zamonaviy talablarga javob bermaydi.
Respublikamizda bir yilda oʻrtacha 52 mlrd m3 suv ishlatiladi, shundan 80 foizi trenschegaraviy daryolar hissasiga toʻgʻri kelib, qoʻshni davlatlar hududidagi muzliklar va qorlarning erishi hisobiga shakllanadi. Respublikamiz oladigan suvning 90 foizi qishloq xoʻjaligi sohasida foydalaniladi.
Soʻnggi yillarda yaqqol sezilayotgan global iqlim oʻzgarishi va antropogen taʼsirlar oqibatida togʻliklardagi muzliklar maydonining kamayishi natijasida Markaziy Osiyoning asosiy daryolari hisoblangan Amudaryo va Sirdaryoning suvlilik darajasining kamayishi kuzatilmoqda. Chuchuk va qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli boʻlgan suv resurslari tanqisligi sharoitida Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi davlatlar, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham aholi soning oʻsishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi sharoitida suvga boʻlgan talab yanada ortib bormoqda.
Qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, ayniqsa, ekinlarni sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish masalasa dolzarbdir. Respublikamiz suv xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha bir qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga boʻlgan talabning oʻsib borishi sharoitida qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirish vazifalarini belgilab berdi.
SUVNI TEJAYDIGAN SUGʻORISH TIZIMLARI HAQIDA ASOSIY TUSHUNCHALAR

Hovuz-tindirgich – oqar suv tarkibidagi loyqa-oqiziqlarni ushlab qolish (suvni tindirish) hamda sugʻorish uchun zarur boʻladigan suv zaxirasini saqlash uchun moʻljallangan inshoot.
Nasos stansiyasi – suvni manbadan ekinlarni sugʻorish uchun zarur miqdor va kerakli bosimda yetkazib berishga moʻljallangan, elektr energiyasi, suyuq yonilgʻi yoki boshqa muqobil energiya yordamida ishlaydigan qurilma.
Filtrlash stansiyasi – sugʻorishda foydalaniladigan suvning tarkibidagi yirik va mayda zarralarni suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyasi talabi darajasida tozalashga moʻljallangan qurilma.
Tarqatuvchi quvur – suvni bosh quvurdan olib tomizgʻichli sugʻorish shlanglariga yetkazib va taqsimlab berish uchun yoki qator orasiga suvni tarqatishga xizmat qiluvchi yer osti yoki ustida yotqiziladigan quvurlar.
Tomizgʻichli sugʻorish shlanglari – ekinlar qatorlari oralariga yotqiziladigan va belgilangan meʼyordagi suvni oʻsimlik ildiz tizimiga yetkazib berish uchun moʻljallangan tomizgichli shlanglar.
Tizimning avtomatlashtirilgan boshqaruvi – suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini ishlatishda inson omilini kamaytirish orqali oʻsimliklarga suv va mineral oʻgʻitni eng samarali miqdorlarda avtomatlashtirilgan usulda yetkazishga moʻljallangan uskuna va dasturiy taʼminot majmuasi.
Tomizgʻichli shlang tarqatuvchi va yigʻishtiruvchi uskuna – bir mavsumli ekin qatorlari oralariga yotqiziladigan tomchilatib sugʻorish tizimi shlang (lenta)larini tarqatishda va mavsum oxirida yigʻishtirib olishda foydalaniladigan qurilma majmuasi.
Suv hisoblagich – sugʻorishda foydalaniladigan suvning avtomatik tarzda hisobini yurituvchi qurilma.
Tomchilab sugʻorish tizimi va suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar:
|
|
|
|
|
|
|
TOMCHILATIB SUGʻORISHNING QANDAY
AFZALLIKLARI BOR?

Birinchidan, tomchilatib sugʻorishning afzalligi, eng avvalo, suv resurslarini iqtisod qilishda namoyon boʻladi. Tomchilatib sugʻorish tizimi jahonning qishloq xoʻjaligi taraqqiy etgan koʻpgina mamlakatlarida ham joriy etilgan boʻlib, keng jamoatchilik va ilmiy jihatdan intensiv texnologiya deb tan olingan. Tomchilatib sugʻorish bu – suvni asta-sekin aynan oʻsimlik ildizi joylashgan yerga yetkazib berishdir. Tuproqdagi namlikni optimal darajada ushlab turar ekan, bu sugʻorish usuli suvning quyosh va shamolda bugʻlanib ketishiga ham yoʻl qoʻymaydi. Ikkinchidan, suv keraksiz joydagi tuproqni, yaʼni ariq oralarini ham namlantirish uchun sarflanmaydi va ildiz atrofida namlikning eng maqbul darajasi saqlab qolinadi. Tuproq turi va meva turi uchun, uning navi yoki yoshiga koʻra tomchilatgichga, sugʻorishning qancha davom etishi va suv sarfi belgilanishi kerak. Tomchilatib sugʻorish tuproqning barcha turlariga mos keladi. Uchinchidan, sugʻorish paytida tuproqda haddan ziyod namlikning ortishi ekinni suvga boʻktirsa, sugʻorishlar orasidagi vaqtning uzoqligi oqibatida tuproq qurib ketib, oʻsimlikni suvsiz qoldiradi. Natijada ekin yaxshi oʻsa olmaydi. Tomchilatib sugʻorishda esa namlik doimiy bir xilda saqlanishi tufayli oʻsimlik bir tekis rivojlanadi. Toʻrtinchidan, sugʻorishni avtomatlashtirish imkoniyati mavjud ekanligi eng kam xarajat bilan eng katta samaraga erishish imkonini beradi. Shuningdek, bogʻning cheklangan ravishda namlanishi agrotexnik tadbirlarni sugʻorish bilan bir vaqtda olib borish va mehnatni toʻgʻri tashkil etish imkonini beradi. Beshinchidan, Mineral oʻgʻitning eritilgan holda berilishi evaziga esa uning samaradorligi bir necha barobarga ortib, 50 foizgacha iqtisod qilishga erishiladi hamda oʻsimlik Ozuqa moddalar bilan yaxshi toʻyinadi. Ekinga suv va oziq moddalar uning ehtiyojiga mos ravishda kichik miqdorlarda tez-tez beriladi. Eng muhimi, daladan oqova suvning chiqmasligi bois tuproq eroziyasi bartaraf etiladi. Ushbu jihat nishabligi katta va tekislanmagan maydonlarda ham tomchilatib sugʻorishni qoʻllash katta samara berishini koʻrsatadi. Suvning tuproqqa singishining cheklanganligi yer osti suvlari koʻtarilib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.
TOMCHILATIB SUGʻORISH TIZIMINING KAMCHILIKLARI NIMALARDAN IBORAT?
Birinchidan, sotib olish va oʻrnatish xarajatlari yuqori. Ikkinchidan, mevali daraxtlar ildizlari yuqorida joylashishi sababli suv uzilishlari katta zararga olib keladi. Uchinchidan, shoʻrlangan yerlarda qoʻllash cheklangan. Koʻrinib turibdiki, tomchilatib sugʻorish, eng avvalo, suvdan oqilona foydalanishni taʼminlaydi. Bu tizim nafaqat hosildorlikni, balki mehnat unumdorligini ham oshiradi. Yerning meliorativ holatini yaxshilashga, agrotexnik tadbirlarni samarali yoʻlga qoʻyishga katta yordam beradi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, bogʻdorchilikda sugʻorishning ushbu yangi tizimini keng joriy qilish mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshadi.
Yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi

Yomgʻirlatib sugʻorish – yomgʻirlatib sugʻorish ekinlarni sunʼiy yomgʻir hosil qilish asosida sugʻorishga moʻljallangan sugʻorish usuli hisoblanadi. Yomgʻirlatib sugʻorish suv yetkazib beruvchi va yomgʻirlatuvchi maxsus muhandislik qurilmalari yordamida amalga oshiriladi.
SUVNI TEJAYDIGAN TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH BOʻYICHA XORIJIY DAVLATLAR TAJRIBASI QANDAY?

Dunyo mamlakatlariga nazar tashlaydigan boʻlsak, Isroilda sugʻoriladigan maydonlar 100 foiz suvni tejovchi texnologiyalarga oʻtkazilgan. AQSHda bu koʻrsatkich 38,2 foizni, Misrda 36 foizni, Qozogʻistonda 14 foizni, Turkiyada 12 foizni, Xitoy Xalq Respublikasida 11 foizni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllangan Murojaatnomada 2021-yilda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlarini 5 barobarga koʻpaytirish va 430 ming gektarga yetkazish vazifasini qoʻydilar. Bugungi kunda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan ushbu vazifa ijrosini taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimida rejalar tuzilib, izchil ish olib borilayapti.
SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALARNI PAXTA XOMASHYOSINI YETISHTIRISHDA QO‘LLASHDA DAVLAT TOMONIDAN BERILAYOTGAN IMTIYOZLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 27-dekabrdagi PQ–4087-son qaroriga asosan: Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimi uskunalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xomashyolar 2021-yilning 1-yanvariga qadar bojxona bojini toʻlashdan ozod etilgan. 5 yil muddatga yagona yer soligʻi toʻlamaydi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 428-moddasiga asosan suvni tejaydigan (tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqa) sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan eʼtiboran besh yil muddatga. Ushbu imtiyoz suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz boʻlgan yoki demontaj qilingan boʻlsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.
TOMCHILATIB SUGʻORISHNING RESURS TEJAMKORLIGI
Tomchilatib sugʻorishda mineral oʻgʻitlar eritilib suv bilan birga ekinlarni sugʻorish vaqtida bevosita ildiz qatlamiga berilishi natijasida ularning mineral oʻgʻitlarni oʻzlashtirish darajasi 90-95 foiz boʻladi. Shu bilan birga, Ozuqa moddalar tez va jadal soʻrilib ketadi, bu esa quruq iqlim sharoitida oʻgʻit berishning eng samarali usulidir. Bu esa mineral oʻgʻitlar sarfini 50 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.
“Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (01.03.2022-y. PQ-144-son)ning mohiyati

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurclaridan yanada samarali foydalanish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
2022-yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
Shunga koʻra, 2022-yil yakunigacha respublika boʻyicha kamida:
– 230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish;
– 28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomgʻirlatib sugʻorish;
– 2 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida diskretli sugʻorish tizimlari joriy qilinadi;
– 218 ming gektar ekin maydonlarilazerli uskuna yordamida tekislanadi.
Qarorga muvofiq, 2022-yildan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sugʻoriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:
– paxta maydonlari uchun – 8 mln soʻm (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun 12 mln soʻm);
– sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun – 1,5 mln soʻm;
– poliz ekinlari maydonlari uchun – 1,3 mln soʻm;
– ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar uchun – 2,5 mln soʻm;
– mevali ekinlar uchun – 6 mln soʻm;
– uzum maydonlari uchun – 8 mln soʻm.
Subsidiya mablagʻlari, hisob-kitob qilingan summaning:
– 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;
– 50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;
– qoʻshimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, gʻalla va meva-sabzavot klasterlariga toʻlab beriladi.
Subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi.
2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika budjetidan 1 182,4 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
YANGI TARTIBGA ASOSAN SUBSIYADAR MIQDORI QANCHA BOʻLADI?
2020-yil 11-dekabrda Prezidentimizning “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ–4919-sonli qarori qabul qilindi.
Tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilganda har gektar maydon uchun paxtaga 8 mln. soʻm, sabzavot ekinlari va kartoshkaga 1,5 mln. soʻm, poliz ekinlariga 1,3 mln. soʻm, mevali daraxtlarga 6 mln. soʻm, uzumga 8 mln. soʻmdan subsidiya ajratiladi. Agar sifatli tizim joriy qilinganida 11 mln. soʻmgacha subsidiya beriladi. Keng qamrovli sugʻorish tizimi, “Sprinkler” va diskretli sugʻorish tizimlari uchun ham subsidiyalar belgilangan. Paxta, donli ekinlar, sabzavot va kartoshka, poliz, ozuqabop, moyli va dorivor ekinlar maydonini lazerli tekislash uchun 1 mln. soʻmdan subsidiya beriladi.
Shuningdek, nasos stansiyasi, filtrlash qurilmasi, magistral quvurlar, tarqatuvchi quvurlar, tomizgichli sugʻorish shlanglari, tizimning avtomatlashtirilgan boshqaruvi, suv hisoblagichlar uchun sifati baholanib, tegishli tartibda subsidiyalar beriladi.
Tomchilatib sugʻorishga 1 gektar ekin maydoni uchun 25 million soʻmdan oshmaydigan qismi boʻyicha loyiha sonidan qatʼiy nazar, milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin Markaziy bank asosiy stavkasining 45 foizidan oshmagan miqdorigacha, tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining xorijiy valyutadagi kreditlar uchun – 3 foizlik punktdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu keng qamrovli sugʻorish tizimi, diskretli sugʻorish, “Sprinkler” tizimi uchun paxta, donli ekinlar, sabzavot va kartoshka, poliz, ozuqabop ekinlar, mevali daraxtlar va uzumga nisbatan tegishli tartibda qoʻllaniladi.
SUVNI TEJAYDIGAN TEXNOLOGIYALAR JORIY ETILGAN MAYDONLARNI OLIB QOʻYISH MUMKINMI?
Prezidentimizning 2020-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ–4919-sonli qaroriga binoan, suvni tejovchi texnologiyalarni davlat har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan keyin suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning bozor qiymati va olib qoʻyish sababli yetkazilgan zararning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni hamda “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-martdagi PQ–144-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.06.2022-y. 315-son “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va muqobil energiyadan foydalanish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan boʻlib unga koʻra, Paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilingan:
paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdorini hisoblash;
paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ajratilgan subsidiyadan samarali foydalanilishi ustidan nazorat olib borish tartibi belgilangan.
QISHLOQ XOʻJALIGI ISHLAB CHIQARUVCHILARIGA 10 GEKTARDAN KAM BOʻLMAGAN, SUVNI TEJAYDIGAN SUGʻORISH TEXNOLOGIYALARI JORIY ETILGAN PAXTA VA BOSHOQLI DON EKIN MAYDONLARINI SUGʻORISH
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini belgilaydigan alohida Paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilingan (VM 2022-yil 7-iyundagi 315-son qarori bilan tasdiqlangan). Ushbu hujjatga koʻra, subsidiya – talabgorlarning 10 gektardan kam boʻlmagan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻ. Talabgorlar – qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer maydonida 2022-yil yoki undan keyingi yillarda 10 gektardan kam boʻlmagan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardir. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va koʻchma generatorlar kabi uskunalar – 10 gektardan kam boʻlmagan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun nasos stansiyalari va sugʻorish quduqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida quyosh, suv, shamol yordamida hamda koʻchma generatorlar orqali elektr energiyasini hosil qiluvchi qurilmalar hisoblanadi.
QISHLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARUVCHILARIGA YANGI INTENSIV BOGʻ VA TOKZORLARDA LOYIHA ASOSIDA TOMCHILATIB SUGʻORISH TEXNOLOGIYALARINI JORIY QILISH
Burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini belgilaydigan maxsus normativ huquqiy hujjat qabul qilingan. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan “Yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda loyiha asosida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida” Nizom asosida tartibga solinadi. Unga koʻra, subsidiya – talabgorning yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish, ushbu maqsadda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va/yoki qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiya qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻ hisoblanadi. Talabgor – qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer maydonida 2019-yilda yoki undan keyingi yillarda tashkil etilgan (tashkil etiladigan) yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda loyiha asosida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilgan, burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurgan hamda qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiya qurilmasini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi – qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari, klasterlar, kooperatsiyalar va boshqa yuridik shaxs boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar. Intensiv bogʻ – pakana va yarim pakana payvandtaglarda yetishtirilgan koʻchatlarni zich sxemada ekib, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan bogʻ. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasi – suv tindirgich (hovuz), suv nasosi, suv tozalagichlar (filtrlar), mineral oʻgʻitlar eritmasini tayyorlovchi moslama, suvni boshqarish va oʻlchash vositalari, suv yetkazuvchi, suv tarqatuvchi va suv tomizgichli quvurlardan iborat sugʻorish majmuasi hisoblanadi.
Subsidiyani berish tartibi:
yangi intensiv bogʻ, xoʻraki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan yoki barpo etadigan talabgorga – Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi;
sanoatbop tokzorlarni barpo etgan yoki barpo etadigan talabgorga – Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.
Bunda, yaratilayotgan har 10 gektar maydondagi uzum va mevali bogʻlar plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdordagi hamda qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida subsidiya proporsional tarzda ekin turiga qarab beriladi.
SUV RESURSLARIDAN TEJAMKORLIK BILAN FOYDALANGANLIK UCHUN IMTIYOZLAR
Tabiatdan foydalanuvchilarni iqtisodiy ragʻbatlantirish bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi kunda ularning ekologik jihatdan maqsadga muvofiq hamda tabiatga kam zarar yetkazuvchi faoliyatini ragʻbatlantirish davlat ekologik siyosatining muhim va ustuvor yoʻnalishini tashkil etadi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishni taʼminlash tabiatni muhofaza qilish faoliyatini iqtisodiy ragʻbatlantirish vositasida amalga oshirilishi mumkin. Iqtisodiy ragʻbatlantirish atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish muammosini tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish yoʻli bilan hal qilish vositalaridan biri boʻlib, mazkur jarayonda tabiatni muhofaza qilish masalasi hal etiladi.
Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ragʻbatlantirishni nazarda tutadigan meʼyorlarni ikki guruhga ajratiladi:
1) atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ragʻbatlantirish;
2) soliq qonunchiligida nazarda tutilgan imtiyozlar.
Hozirgi qadar suv va suvdan foydalanishga doir munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Suv resurslarini muhofaza qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstituisyasining talablarini oʻzida aks ettirgan Oʻzbekiston Respublikasinig “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni va unga muvofiq qabul qilingan qonunchilikning boshqa hujjatlari muhim oʻrin tutadi.
Bu boradagi qonunchilik hujjatlarining asosiy vazifalari aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvlardan oqilona foydalanishni taʼminlash, suvlarni bulgʻanish, ifloslanish va kamayib ketishdan saqlash, suvlarning zararli taʼsirining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv obyektlarining holatini yaxshilashdan, shuningdek suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fermer, dehqon xoʻjaliklari hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
Davlatning yagona suv zahiralariga jilgʻalar, soylar, daryolar, suv omborlari, koʻllar, dengizlardan, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari, buloqlar, hovuzlarning suvlari va boshqa yer usti suvlaridan; yer osti suvlari, qor zaxiralari va muzliklar tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra esa, suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy choralari oʻz ichiga suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda, suvni muhofaza qilish va tejashda samarali boʻlgan faoliyatni amalga oshirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga hamda fuqarolarga beriladigan soliqqa, kreditga oid va boshqa imtiyozlarni; suvdan kompleks va oqilona foydalanishda hamda uni muhofaza qilishda huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy, ekologik va oʻzga ragʻbatlantirish omillarining samarali choralari tizimini qoʻllashni nazarda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 176-sonli qarori qabul qilindi va ushbu hujjat bilan “Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi. Qarorga asosan tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish ustuvor tartibda vegetatsiya davrida suv resurslari oʻrtacha koʻp yil taqchil boʻlgan sugʻoriladigan yer uchastkalarida, shuningdek sugʻorish suvini yuqoriga koʻtarishda katta xarajatlar qilinadigan mashina bilan sugʻoriladigan yerlarda, bogʻlar, uzumzorlar, sabzavot-poliz mahsulotlari va boshqa yuqori rentabelli ekinlar uchun ajratilgan yer uchastkalarida, irrigatsiya eroziyasiga uchragan kuchli nishabli yer uchastkalarida hamda shoʻrlanmagan va kam shoʻrlangan yengil tuproqli tekis yer uchastkalarida amalga oshirilishi nazarda tutildi.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan hukumat qarori bilan suv resurlaridan oqilona foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga tejalgan suv resurslaridan boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlarda qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻstirish uchun foydalanish huquqi berildi. Endilikda shunday texnologiyalar qoʻllangan fermer va dehqon xoʻjaliklari ajratilgan limit doirasida tejalgan suvni oʻz hoxishlariga koʻra boshqa ekinlar yetishtirish uchun ishlatishlari va qoʻshimcha daromad olishlariga sharoit yaratildi.
Shuni aytib aytib oʻtish lozimki, Soliq qodeksining 428-moddasiga muvofiq, suvni tejaydigan (tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqa) sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan eʼtiboran besh yil muddatga. Ushbu imtiyoz suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz boʻlgan yoki demontaj qilingan boʻlsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.
Soliq nazariyasidan maʼlumki. soliqlarning funksiyalaridan biri bu – ragʻbatlantirish funksiyasidir. Soliqning ragʻbatlantirish funksiyasi soliq tizimining eng muhim funksiyalaridan biri boʻlib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, shunigdek moddiy xomashyo resurslaridan samarali foydalanishga ragʻbatlantiruvchi taʼsir koʻrsatadi, yaʼni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga hamda soliq toʻlovchilarni investitsiya faoliyatini rivojlantirishga ragʻbatlantiradi.
Yagona yer soligʻi toʻlovchilar uchun ular tomonidan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan yer maydonlaridan yagona yer soligʻi toʻlashdan ozod etilishi boʻyicha imtiyozlari asosiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari boʻlgan fermer xoʻjaliklarini soliq yukini kamaytirish orqali ularning faoliyatini rivojlantirishni hamda mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanishlarini ragʻbatlantirishdan iboratdir.
Fermer xoʻjaliklariga berilgan yuqoridagi soliq imtiyozlari orqali davlatimiz ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, mamlakatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlanishini taʼminlaydi.
TOMCHILATIB VA YOMGʻIRLATIB SUGʻORISH TEXNOLOGIYASINI JORIY QILISH UCHUN OZUQABOP EKINLAR YETISHTIRUVCHILARNI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASH
Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sugʻorish tik quduqlarini burgʻulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi.
Bunda subsidiya xarajatlari 2019-yilda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi;
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valyuta turidan qatʼi nazar, ekvivalenti 10 milliard soʻmdan oshmaydigan qismi boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.
TOMCHILATIB SUGʻORISH TIZIMINI VA SUVNI TEJAYDIGAN BOSHQA SUGʻORISH TEXNOLOGIYALARINI JORIY ETISHNI XOHLOVCHI TALABGORLAR
1-martgacha tuman ishchi guruhiga xat-ariza bilan murojaat qiladilar.
Xat-arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihaning biznes-rejasi;
sugʻorish uchastkalarining konturlari, ularning ball-boniteti va sugʻorish manbalari koʻrsatilgan holda yer uchastkasining masshtabli xaritasi;
oxirgi uch yilda sugʻoriladigan yerlarning suv bilan taʼminlanganligi va meliorativ holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oxirgi uch yilda yoxud amalda foydalanilgan davrda yer uchastkalaridan foydalanish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchisining xoʻjalik faoliyati va moliyaviy holati, shuningdek kredit olish uchun garov bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ariza beruvchining loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun oʻz mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yer-suv resurslari, loyihaning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilgan holda loyihaga annotatsiya.
Tuman ishchi guruhi yuqorida koʻrsatilgan maʼlumotlarni va zarur hujjatlarni toʻplashda talabgorlarga koʻmaklashadi.
Loyihaning biznes-rejasi va boshqa maʼlumotlar talabgor tomonidan mustaqil ravishda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotni shartnoma asosida jalb etgan holda tayyorlanadi.
Tuman ishchi guruhi har yili 1-aprelgacha:
joyiga borgan holda tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni xohlovchi talabgorlarning xat-arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganadi;
har bir loyiha boʻyicha tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi asoslangan xulosani tayyorlaydi;
eng ustuvor loyihalarni tanlaydi va kelgusi yil uchun tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tuman manzilli dasturi loyihasini shakllantiradi.
Kelgusi yil uchun tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish tuman manzilli dasturi loyihasi:
loyihaning, talabgorning nomi va sugʻorish manbai, yer uchastkasi konturi raqami, qishloq xoʻjaligi ekinining maydoni va turi, loyihaning dastlabki qiymati, moliyalashtirishning moʻljallanayotgan manbalari (bank krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklarining nomlari va boshqalarni;
kutilayotgan samara koʻrsatilgan holda tuman manzilli dasturi loyihasining annotatsiyasini oʻz ichiga oladi.
Tuman ishchi guruhining tuman manzilli dasturi loyihasini maʼqullash toʻgʻrisidagi qarori guruhning har bir aʼzosi bilan kelishgan holda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Tuman manzilli dasturining maʼqullangan loyihasi talabgorlarning arizalari, tuman ishchi guruhi rahbarining xati bilan birgalikda har yili
15-aprelgacha koʻrib chiqish uchun hududiy ishchi guruhga kiritiladi.
Hududiy ishchi guruh:
tuman manzilli dasturlari loyihasi taqdimotini tashkil etadi, tuman manzilli dasturi loyihasiga kiritilgan har bir loyihani batafsil muhokama qiladi;
moliyalashtirish manbalarini, har bir loyihaning asoslanganligi va samaradorligini oʻrganadi va zaruriyat boʻlganda tuman manzilli dasturi loyihasiga tuzatishlar kiritadi;
har yili 1-maygacha tuman manzilli dasturlari loyihalarini umumlashtiradi va tasdiqlangan prognoz parametrlar doirasida tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning hududiy manzilli dasturi loyihasini ishlab chiqadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining 06.05.1993-y. 837-XII-son “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi”, 1993-yil, 5-son, 221-modda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 01.03.2022-y. PQ–144-son “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori “Xalq soʻzi”, 2022-yil 2-mart
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.12.2018-y. PQ–4087-son “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori. “Xalq soʻzi”, 2018-yil 28-dekabr
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.12.2020-y. PQ–4919-son “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”,2020-yil 21-dekabr, 49-50-son, 549-modda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.06.2022-y. 315-son “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va muqobil energiyadan foydalanish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (www.lex.uz), 2022-yil 8-iyun
- Yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda loyiha asosida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida Nizom (OʻzR VM 10.06.2022-y. 327-son qaroriga 1-ilova) Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (www.lex.uz), 2022-yil 11-iyun
- Turkiya Respublikasi “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi” vazirligi hamda “Denizbank” hamkorligida tayyorlangan “100 ta kitob”dan iborat toʻplami.
- Хорст М.Г., Икрамов Р.К. Основные принципы районирование орошаемых земел Узбекистана по применимости капелного орошения. //Сборник научных трудов по капелному орошению. //Труды САНИИРИ, Ташкент, 1995. — с.13-24.
- Mamatov S. Tomchilatib sugʻorish tizimi. SANIIRI–“Mehridaryo” MCHJ. Toshkent, 2012. – b. 79.
NARZULLAYEV OLIM XOLMAMATOVICH
Tomchilab sugʻorish
tizimi va
suvni tejaydigan
texnologiyalarni joriy
etishning huquqiy
asoslari
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,86 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 140-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.