KIRISH

Transport (havo, temiryoʻl va jamoat transportlari)da yuk va yoʻlovchi tashish xizmatlari koʻrsatishning turlarining soni yildan yilga oshib va mazmunan boyib bormoqda. Oʻz navbatida, bu mazkur xizmat foydalanuvchi fuqarolar – isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini samarali taʼminlash zaruratini ham yuzaga keltiradi. Binobarin, ortib borayotgan xizmat turlari va ulardan foydalanish boʻyicha isteʼmolchilarga zaruriy tushuntirish berish, transport xizmatlarini koʻrsatishda isteʼmolchilarga qulaylik va maqbullik yaratish hamda ularning huquqlarini kafolatlash muhim ahamiyatga ega.

Maʼlumki, bugungi kunda havo, temiryoʻl, avtomobil va jamoat transportida isteʼmolchilarga yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish xizmatlari koʻrsatiladi. Transportning har bir turida tashish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha alohida normativ-huquqiy hujjat amal qiladi va ularda isteʼmolchilarning huquqlari turlicha belgilangan. Bu holat transportning turi va uning tashish imkoniyatlari hamda tashish turlari (xalqaro, shaharlararo, shahar, jamoat transportida)dan kelib chiqadi. Shu bois isteʼmolchi transport turlarida tashish jarayonida qanday huquqlarga egaligini koʻp hollarda anglashi qiyin. Albatta, bunda isteʼmolchi fuqaro xarid qilgan yoʻl chiptasi (bilet)da yoki tashish xizmatini koʻrsatayotgan transport vositasining oʻzida uning huquq va majburiyatlari borasida ayrim maʼlumotlar belgilangan boʻlishi mumkin. Biroq bu holat isteʼmolchining huquqlari va ularni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha holatlar va jihatlarni qamrab olmaydi. Masalan, yoʻlovchining chiptani almashtirishga boʻlgan huquqi, oʻziga yetkazilgan zararni talab qilish huquqi yoki transport vositasining sifatiga boʻlgan talabni bildirish huquqi kabilar chiptada belgilanmaydi yoki transport vositasida bu haqda xabar mavjud boʻlmaydi. Shu va shu kabi boshqa muhim ahamiyatga ega boʻlgan, transportda tashish xizmatlari sohasida isteʼmolchilarning huquq va majburiyatlari, mazkur huquqlarni amalga oshirish shartlari va tartibi borasidagi bilim va tasavvurlarini oshirish maqsadida turli amaliy qoʻllanmalar tayyorlash dolzarb. Ushbu amaliy qoʻllanma ham transport (havo, temiryoʻl va jamoat transportlari)da yuk va yoʻlovchi tashish xizmatlari koʻrsatish sohasida isteʼmolchilarning huquqlari doirasi, ularni amalga oshirish va himoya qilish borasidagi muayyan masalalarni qamrab oladi.

Amaliy qoʻllanma isteʼmolchilarning transportda tashish xizmatlarini koʻrsatishda isteʼmolchining qanday huquqlari mavjudligi transport turlaridan kelib chiqib savollar va javoblar tarzida yoritilgan. Shuningdek, qoʻllanmada muammoli vaziyatlarda isteʼmolchilarning huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish yoʻllari aniq misollar yordamida ochib berilgan.

SAVOLLAR VA JAVOBLAR

1. Transportda tashish xizmatlari koʻrsatish sohasida kimlar isteʼmolchi hisoblanadi?

Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi 221-I-son “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni
1-moddasiga koʻra isteʼmolchi – foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda boʻlgan fuqaro (jismoniy shaxs)dir.

Masalan, tegishli transport tashkiloti tomonidan taklif etilgan xizmatdan oʻzining shaxsiy manfaatlari uchun foydalanish istagida chipta, patta sotib olgan yoki yuk joʻnatish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan fuqaro isteʼmolchi hisoblanadi. Agar fuqaro tadbirkorlik maqsadini amalga oshirish maqsadida transport vositasida yuk tashish toʻgʻrisida shartnoma tuzsa, bunday fuqaro isteʼmolchi hisoblanmaydi. Masalan, Surxandaryolik fuqaro oʻzining tomorqa xoʻjaligida yetishtirgan 30 tonna piyozni Toshkent shahriga yetkazib berish toʻgʻrisida “Alfa-tashish” firmasi bilan shartnoma tuzsa, bu fuqaro isteʼmolchi maqomiga ega boʻlmaydi. Fuqaro isteʼmolchi maqomiga ega boʻlishi uchun, avvalo, qanday maqsadni koʻzlab huquqiy munosabatga kirishayotganidan kelib chiqish lozim. Isteʼmolchi boʻlishi uchun fuqaro quyidagi maqsadlarni koʻzlab ish yoki xizmatga buyurtma berishi yoxud tovar sotib olishi talab etiladi: 1) foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy isteʼmol; 2) foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlar.

Shaxsiy isteʼmol maqsadida transportda tashish uchun buyurtma berishga yoʻlovchi sifatida fuqaroning A punktdan B punktga chipta xarid qilishi, yukni tegishli qabul qilib oluvchiga joʻnatishi, bagajni tegishli manzilga yetkazishga oid shartnoma tuzishini keltirishimiz mumkin. Masalan, Gulistonlik fuqaro Valiyev Moskvada oʻqiyotgan oʻgʻliga qishki kiyimlarni temiryoʻl transport orqali joʻnatadigan boʻlsa, bu foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy maqsadlarda tashish xizmatlaridan foydalangan boʻladi.

Foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda ham bevosita tadbirkorlik yoki oʻzga daromad usulini nazarda tutmagan holda harakat qilishini nazarda tutadi. Masalan, fuqaro Aliyev 250 ta kompyuterni xarid qilib, oʻzi oʻqigan universitetga sovgʻa qilish uchun ularni tashib olib borish maqsadida “Sobirov shirkati” avtotransport korxonasi bilan tashish shartnomasini tuzsa, bu holatda Aliyev isteʼmolchi hisoblanadi. Chunki tashish xizmatiga foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadda buyurtma qilgan hisoblanadi.

2. Transport (havo, temiryoʻl va jamoat transportlari)da yuk va yoʻlovchi tashish xizmatlari koʻrsatish sohasida isteʼmolchining huquqlari bilan bogʻliq asosiy tushunchalar

Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 766-I-son “Temiryoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilanishicha:

yoʻlovchi – yoʻl hujjatlariga ega boʻlgan va poyezdda safar qiluvchi fuqaro (jismoniy shaxs);

bagaj – yoʻlovchi olib ketayotgan va safar davomida yoʻlovchilar vagonida uning yonida boʻladigan buyumlar, tovarlar va boshqa moddiy boyliklar;

yuk bagaji – yoʻlovchilar va pochta-bagaj poyezdlarida tashiladigan temiryoʻl tashish obyekti;

yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) – oʻz nomidan yoxud yuk yoki yuk bagaji egasi nomidan ish koʻruvchi va tashish hujjatlarida qayd etilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

yuk oluvchi (oluvchi) – yuk yoki yuk bagajini olish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

yuk – tashish uchun temiryoʻl transporti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan, oʻz vaqtida yetkazib berilishi va saqlanishi uchun temiryoʻl javobgar boʻlgan temiryoʻl tashish obyekti
(1-modda).

Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra mijoz (yoʻlovchi, yuk oluvchi, yuk joʻnatuvchi) – tuzilgan tashish shartnomasiga muvofiq tashuvchining xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir.

3. Transportda tashish xizmatlari koʻrsatishda isteʼmolchining asosiy huquqlari nimalardan iborat?

Isteʼmolchining asosiy huquqlari doirasi ancha keng qamrovli hisoblanadi. BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan chiqarilgan “Isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha rahbariy tamoyillar” deb nomlangan (1985-yil 9-apreldagi 39/248-sonli rezolutsiyada isteʼmolchilarning quyidagi asosiy huquqlari koʻrsatib oʻtilgan:

  1. Tovarning xavfsiz boʻlishi huquqi.
  2. Maʼlumot olish huquqi.
  3. Tovar tanlash huquqi.
  4. Oʻz manfaatlarini ifoda etish huquqi.
  5. Asosiy ehtiyojlarini qondirish huquqi.
  6. Yetkazilgan zararni qoplatish huquqi.
  7. Isteʼmolchilik haqida bilim olish huquqi.
  8. Sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan huquqi.

Mazkur huquqlar hajmi va doirasidan kelib chiqib transportda tashish xizmatlari sohasida isteʼmolchilarning quyidagi asosiy huquqlarini sanab oʻtish mumkin:

1. Tashish xizmatlarining xavfsiz boʻlishini talab qilish huquqi.

2. Tashish xizmatlari yuzasidan maʼlumot olish huquqi.

3. Tashish xizmatlarini tanlash huquqi (transport vositasi, xizmatlar turi v. b.).

4. Tashish xizmatlarining sifatli amalga oshirilishini talab qilish huquqi.

5. Oʻziga yetkazilgan zararni qoplash huquqi.

Tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda:

– oʻzi bilan bolalarni bepul yoki boshqa imtiyozli shartlarda olib yurish;

– belgilangan miqdor doirasida oʻzi bilan bepul bagaj olib yurish;

– belgilangan miqdor doirasida bepul, miqdordan ortiqchasi uchun esa tarif boʻyicha haq toʻlab, tashish uchun bagaj topshirish huquqi.

4. Tashish xizmatlarining xavfsiz boʻlishini talab qilish huquqi nimani anglatadi?

Tashish xizmatlarining xavfsiz boʻlishini talab qilish huquqi tashish xizmatlaridan foydalanuvchi isteʼmolchining asosiy huquqlaridan hisoblanadi. Bunda tashish turli transportda – havo, temiryoʻl, avtomobil, daryo transportida amalga oshirilishidan qatʼiy nazar, tashish xizmatlarining xavfsiz boʻlishiga doir talab amal qiladi. Tashish xizmatlarida yoʻlovchi tashish, bagaj, yuk tashishga nisbatan xavfsizlik talablari belgilanadi va tashish xizmatlarining xususiyatidan kelib chiqadi.

Yoʻlovchi ishtirokida bagajni tashishga qabul qilish vaqtida qonun hujjatlarida belgilangan vakolatli organlar tomonidan xavfsizlikni taʼminlash maqsadida parvoz boshlangan va tugallangan davlatning bojxona qoidalariga asosan olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan buyumlar, narsalar, moddalar, mahsulotlarning borligini bilish uchun bagaj tekshiriladi.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
87-bandi.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasida xavfsizlik nuqtayi nazaridan, quyidagi xavfli narsalar va moddalar roʻyxatga olinmagan bagaj sifatida qabul qilinmaydi[1]:

Oʻq otadigan qurollar, toʻpponchalar va oʻq-dori vositalari – oʻq uzish mumkin boʻlgan yoki u orqali tan jarohati yetkazish mumkin boʻlgan har qanday narsa yoki shunga oʻxshash narsalar;

Sanchiladigan, kesadigan qurollar va uchli narsalar – undan foydalanib tan jarohati yetkazish mumkin boʻlgan har qanday sanchiladigan yoki kesadigan narsa;

Toʻmtoq uchli narsalar – undan foydalanib tan jarohati yetkazish mumkin boʻlgan har qanday toʻmtoq uchli narsa;

Portlaydigan va tez oʻt oladigan moddalar – yoʻlovchilar va ekipaj sogʻligʻi yoki aviatsion xavfsizlik, havo kemasining uchish xavfsizligiga yoki mulkiga tahdid soluvchi har qanday portlaydigan va tez oʻt oladigan moddalar;

Kimyoviy va zaharli moddalar – yoʻlovchilar va ekipaj sogʻligʻi yoki aviatsion xavfsizlik, havo kemasining uchish xavfsizligiga yoki mulkiga tahdid soluvchi har qanday kimyoviy va zaharli modda.

Aviakompaniyalar reyslarida parvozlar xavfsizligini taʼminlash uchun, roʻyxatga olingan bagaj va qoʻl yuki sifatida litiy batareyalari tomonidan harakatga keltiriladigan uncha katta boʻlmagan personal transport moslamalarini olib oʻtish taqiqlangan (monogʻildirakchalar, segveylar, giroskuterlar, elektrosamokatlar va boshqa shunga oʻxshash moslamalar).

Bunday cheklovlar Xalqaro Havo Transport Assosiatsiyasi (IATA) xavfsizlik standartlari tomonidan 2015-yil 16-dekabridan kuchga kiritilgan, chunki litiy batareyalari oʻz-oʻzidan yonib ketish hollari qayd qilinganligi tufayli “xavfli narsalar” toifasiga tegishli deb belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil
4-noyabrdagi 482-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida Avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablar tasdiqlangan. Avtobus yoʻnalishlari oʻtadigan avtomobil yoʻllari, koʻchalar, sunʼiy inshootlar, temiryoʻldan oʻtish joylari, parom orqali oʻtish joylarining texnik holati, ularning muhandislik jihozlanishi qurilish normalari va qoidalari, avtomobil yoʻllarini tuzatish va saqlashning texnik qoidalari, boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat xavfsizligi talablarini qanoatlantirishi kerak.

Bundan tashqari, avtobuslarning texnik holati va ularning jihozlari tegishli standartlar talablariga, texnik foydalanish qoidalariga, avtomobil transporti harakatdagi qismiga texnik xizmat koʻrsatish va uni tuzatish toʻgʻrisidagi nizomga, tayyorlovchi korxonalarning yoʻriqnomalariga va boshqa normativ-texnik hujjatlarga javob berishi kerak. Tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar, turistik yoʻnalishning qatnov yoʻli sxemalari boʻyicha harakatlanayotgan avtobuslarga hamrohlik qilishni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmati boʻlinmalarini yoki xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalarini xabardor qilish tashuvchi tomonidan joʻnab ketishdan kamida 12 soat oldin amalga oshiriladi.

Avtobus yoʻnalishlaridagi koʻpriklar, kesishgan yoʻl ustidan oʻtkazilgan koʻndalang yoʻllar, estakadalar va boshqa sunʼiy inshootlar qurilish normalari va qoidalari hamda boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.

Avtobusda harakat xavfsizligiga xavf tugʻdiruvchi nosozliklar paydo boʻlganda, shuningdek haydovchi oʻzini yomon his etganda avtobus harakati darhol toʻxtatilishi kerak. Bu haqida eng yaqin avtovokzal (avtostansiya) dispetcheriga yoxud avtobus yoki haydovchi almashtirishi, tashishning bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrishi majburiy boʻlgan tashuvchiga xabar qilinadi.

Har biriga 30 kishidan ortiq odam sigʻadigan ikki yoki undan ortiq avtobuslarda, har biriga 30 kishidan kam odam sigʻadigan yoʻlovchilar tashilganda ularning harakati kolonna bilan amalga oshiriladi. Tashuvchi tomonidan yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalariga, avtobuslardan foydalanish qoidalariga, boshqa normativ hujjatlarga, harakat xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan shaxs belgilanadi.

Kolonnalarni yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi davlat xizmati transport vositalari bilan kuzatib borish haqidagi qaror ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari, harakat xavfsizligi xizmati avtomobillari bilan kuzatib borish haqidagi qaror esa tashuvchilar tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil
30-noyabrdagi “Temiryoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 314-son qarori qabul qilingan boʻlib, mazkur qaror bilan Temiryoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning temiryoʻl vokzallari (stansiyalari)da boʻlishi qoidalari tasdiqlangan.

Temiryoʻl vokzallari (stansiyalari)da yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom temiryoʻlda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash, temiryoʻl transportida odamlarning hayoti va sogʻligʻini hamda obyektlarni noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilish, yoʻlovchilar tashish temiryoʻl transportida transport xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida temiryoʻl vokzallari (stansiyalari)da yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, temiryoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish qoidalarini, shuningdek koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning huquq va vazifalarini belgilab bergan. Unga koʻra koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar uni oʻtkazishda temiryoʻlda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga majburdir.

Yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning temiryoʻl vokzallari (stansiyalari)da boʻlishi qoidalariga koʻra Temiryoʻlda va yoʻlovchilar platformalarida boʻlish vaqtida xavfsizlik choralariga rioya qilish va salomatlikni saqlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:

a) yoʻlovchilar platformasi va temiryoʻlning harakatlanuvchi tarkibi tagiga kirish, vagonlar oʻrtasidagi avtomatik ulagichlardan oshib oʻtish;

b) temiryoʻlning belgilanmagan joylaridan oʻtish, poyezdlar harakatini buzishga olib kelishi mumkin boʻlgan buyumlarni temiryoʻlga qoʻyish;

d) yoʻlovchilar platformasi chetidagi chegaralovchi liniyalarga oʻtish, kelayotgan yoki joʻnayotgan poyezdlarning yonida yoʻlovchilar platformasida yugurish;

e) turli harakatli oʻyinlar oʻynash, bolalarni qarovsiz qoldirish (bolali shaxslar uchun);

f) temiryoʻl transporti toʻliq toʻxtagunga qadar vagonlarga yaqinlashish, poyezd yurib borayotganda vagonga chiqish va (yoki) tushish, vagonlar derazalari va tamburlar eshiklaridan bosh chiqarish, yoʻlovchilar platformasidan temiryoʻlga sakrash;

g) belgilar, koʻrsatkichlar yoki boshqa axborot manbalari bor boʻlgan jismlarga shikast yetkazish, iflos qilish, toʻsib qoʻyish, ularni olib tashlash, mustaqil ravishda oʻrnatish, temiryoʻl transporti infratuzilmasi obyektlariga, jumladan, temiryoʻlning harakatlanuvchi tarkibiga ziyon yetkazish;

h) turgan vagonga suyanish, temiryoʻlning harakatlanuvchi tarkibi tomiga chiqish, vagonlar eshiklarining avtomatik ochilishi va yopilishini toʻxtatib turish, temiryoʻlning harakatlanuvchi tarkibi harakatiga xalaqit berish;

i) zinapoyalarda va oʻtish maydonchalarida turish, tirgaklarga hamda bogʻlovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalariga va havo liniyalariga va sunʼiy qurilmalarga chiqish, tirgaklardan hamda bogʻlovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalaridan va elektr uzatish havo liniyalaridan oʻtadigan simlarga qoʻl tegizish;

j) chekish uchun moʻljallanmagan joylarda chekish, temiryoʻl yoʻlovchilar tashish transportida alkogolli ichimliklar, toksik va giyohvand moddalar isteʼmol qilib mast holatda boʻlish;

k) ekilgan himoya daraxtlariga, qordan himoya qiluvchi toʻsiqlarga va boshqa yoʻl obyektlariga, signal beruvchi qurilmalar va aloqa inshootlariga shikast yetkazish;

l) sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalari, gigiyena qoidalari va normativlarini buzish, poyezdlar vagonlaridan axlatlar va boshqa buyumlarni tashqariga tashlash;

m) nazorat qilinadigan zona hududida yongʻin xavfsizligi qoidalarini, jamoat tartibi qoidalari va normalarini buzish;

n) tegishli oʻramalarsiz yoki gʻiloflarsiz fuqarolarni mayib qilishi mumkin boʻlgan moddalar va buyumlarni oʻzi bilan olib yurish.

Temiryoʻl vokzali (stansiyasi) temiryoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat koʻrsatishga doir unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq yoʻlovchilar poyezdlarga oʻtishining xavfsiz yoʻnalishlarini taʼminlash, imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar, uyushgan guruhlar, jumladan, bolalar guruhlari, harbiy komandalarning vagonlarga chiqishi-tushishi va temiryoʻl vokzalida boʻlishi uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni taʼminlash, transport hodisalari, yongʻinlar va halokatlar, atrof-muhitga zararli biologik taʼsirning oqibatlarini bartaraf etish chogʻida temiryoʻl vokzali (stansiyasi) hududida boʻlish davrida ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilish hamda fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash ishlarini tashkil etish nazarda tutiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalariga koʻra yoʻlovchilarni uzilgan vagondan boshqa vagonlarga oʻtkazishda yoʻlovchilarning qoʻl yukini tashib oʻtish va ularga tashib oʻtishda yordam koʻrsatish tashuvchi xodimlarining majburiyati hisoblanadi va yoʻlovchi tashish poyezd brigadiri tomonidan stansiya yoki vokzal boshligʻi bilan birgalikda zarur ehtiyot choralarini koʻrgan va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlagan holda tashkil qilinadi.

Yoʻlovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar mazkur qoidalar, shuningdek temiryoʻl transporti vositalaridan foydalanish, harakat xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi qoidalarini, temiryoʻl transportida sanitariya-gigiyena va sanitariya-epidemiyaga qarshi qoidalarni buzganliklari, qurilmalar, transport vositalari va ularning ichki jihozlarini shikastlaganliklari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda javob beradilar.

5. Isteʼmolchi tashish xizmatlari yuzasidan qanday maʼlumotlarni olishga haqli?

Tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi subyektlar hamda tashish xizmatidan foydalanish maqsadidan kelib chiqib, isteʼmolchi tashish xizmatlari yuzasidan muayyan maʼlumotlarni olishga haqliligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan.

Havo transportida tashishda yoʻlovchilar uchun aeroportlarda tashish bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni olish uchun axborot xizmati tashkil etilishi lozim.

Aeroportda yoʻlovchilarga zarur xizmat koʻrsatish majmuasi tashkil etilishi kerak. Aeroportning aerovokzallarida roʻyxatdan oʻtkazish (ustunlari) zallari, chiptalarni sotish kassalari, maʼlumot beruvchi xizmat, omonat saqlash xonalari, ona va bola xonalari, doʻkonlar, dorixonalar, aloqa va telegraf xizmati, valyuta almashtirish shoxobchalari, shuningdek zarur boʻlganda tibbiy yordam, shaharlararo va xalqaro aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan boʻlishi lozim.

Aeroportlarda jismoniy imkoniyatlari cheklangan yoʻlovchilarga alohida yordam koʻrsatilib, keng ommaga koʻrsatiladigan oddiy xizmatdan qulayroq, kafolatlangan xizmat koʻrsatilishi kerak. Bino, inshootlar va xizmat koʻrsatish hududiga kiriladigan yoʻllar va xizmatning barcha turlari jismoniy imkoniyatlari cheklangan yoʻlovchilarning harakatlanishi uchun zarur boʻlgan talablarga javob berishi kerak.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
137-, 142-, 143-bandlari.

Odatda, chiptani rasmiylashtirish vaqtida yoʻlovchiga tashish shartlari haqida maʼlumot beriladi. Masalan:

bagajning shikastlanishi, yoʻqolishi yoki nobud boʻlishidan saqlash maqsadida uni tegishli oʻramlarda tashish zarurligi toʻgʻrisida yoʻlovchilarga maʼlumot berish;

tashish man etilgan xavfli narsalar toʻgʻrisida yoʻlovchilarga maʼlumot berish.

Bunda tegishli maʼlumotlar yoʻlovchilarga chiptalarni roʻyxatdan oʻtkazish boshlanguniga qadar yoki boshlanganida tashuvchining maʼlumot saytlari, chiptalar sotiladigan hamda yoʻlovchi va bagajni roʻyxatdan oʻtkazish joylarida osib qoʻyiladigan eʼlonlar orqali yetkazilishi lozim.

Temiryoʻlda tashishda stansiyalarda va vokzallarda majburiy tartibda keng miqyosda, jumladan, yoʻlovchilar uchun avtomatik maʼlumotlar qurilmalari, turli xildagi tablo va koʻrsatkichlar yordamida, radio va telefon orqali, shuningdek maʼlumotlar byurosi orqali koʻzdan kechirishdan oʻtish tartibotlari boʻyicha axborot ishlari tashkil qilinadi.

Maʼlumotlar byurosi maʼlumotlarni ogʻzaki taqdim qiladi.

Yozma maʼlumotlar faqat yoʻlovchi va shaharlararo yoʻlovchi tashish poyezdlarining kechikishi toʻgʻrisida beriladi.

Yoʻlovchilar va yuridik shaxslar iltimosiga koʻra qoʻshimcha yozma maʼlumotlar berilsa, tashuvchi tomonidan belgilangan tarif boʻyicha haq toʻlanadi.

Havo transportida tashishda tashuvchi tomonidan muntazam ravishda amalga oshiriladigan tashishlarni amalga oshirish uchun parvozlar jadvali tasdiqlanadi. Parvozlar jadvalida har bir yoʻnalish boʻyicha parvozlarni amalga oshiruvchi havo kemalarining qatnovi, qatnov raqamlari, qatnovlar bajariladigan hafta kunlari, uchish vaqtlari va ularning rusumlari haqida, shuningdek tashuvchi yoʻlovchilarga yetkazilishi lozim deb hisoblangan boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasiga koʻra barcha bekatlarda, oxirgi va toʻxtab oʻtish manzillarida yoʻnalishning nomi, tartib raqami va harakatning oraliq vaqti toʻgʻrisidagi maʼlumot lavhasi joylashtiriladi. Metropoliten bekatlarida esa poyezdlar harakatining oraliq vaqti maxsus qoidalarga binoan belgilanadi.

Shahar yoʻlovchilar transportining salonida harakat yoʻnalishi, yoʻlovchi va bagaj tashish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumot, shuningdek boshqa zarur axborot boʻlishi lozim. Yoʻlovchilar bekatlar va oxirgi dispetcherlik manzillari dispetcherlaridan shahar yoʻlovchilar transportining ishi toʻgʻrisida axborot olish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasiga koʻra yoʻl harakati qatnashchilari qatnovning xavfsiz sharoitlari toʻgʻrisida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq mahsulot va xizmatlar sifati haqida toʻliq va ishonchli axborot olish huquqiga ega.

6. Tashish xizmatlarini tanlash huquqi nimani oʻzida ifodalaydi?

Tashish xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar faoliyatining xususiyatiga bogʻliq ravishda isteʼmolchi koʻrsatiladigan xizmatlarni tanlash huquqiga ega.

Mazkur huquq avtomobil transportida oʻrin joyi; havo transportida alohida toifadagi yoʻlovchilarni tashish, tejamkor (“econom”) xizmat koʻrsatish toifasi; temiryoʻl transportida umumiy, plaskart, kupe vagonini tanlash va boʻlishi mumkin.

Tashuvchi oʻzining tashish qoidalarida quyidagi toifalar uchun tashishning alohida shartlarini oʻrnatishi mumkin:

2 yoshgacha boʻlgan bolalar;

2 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar;

ota-onalari, vasiylari yoki homiylari hamrohligisiz uchayotgan bolalar;

zambildagi kasal yoʻlovchilar;

tashish uchun salonda qoʻshimcha joy talab qiladigan yoʻlovchilar;

imkoniyatlari cheklangan, jumladan, oʻrindiq-aravachada tashiladigan yoʻlovchilar yoki oʻzlarining harakatlanishlari uchun maxsus uskunalardan foydalanuvchi yoʻlovchilar;

qurol va oʻq-doriga ega boʻlgan yoʻlovchilar;

deportatsiya qilingan yoʻlovchilar va mamlakatga kirishi rad qilingan yoʻlovchilar;

oʻta muhim yoʻlovchilar (VIP);

diplomatik kuryerlar;

hayvon yoki qushlarini tashib oʻtayotgan yoʻlovchilar.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
68-bandi.

Havo transportida tashishda tashuvchi oʻz qoidalarida quyidagi toifalar uchun band qilishning alohida shartlarini oʻrnatishi mumkin:

2 yoshgacha boʻlgan bolalarni tashishda;

2 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarni tashishda;

ota-onalari, vasiylari yoki homiylari hamrohligisiz uchayotgan bolalarni tashishda;

zambildagi kasal yoʻlovchilarni tashishda;

tashish uchun salonda qoʻshimcha joy talab qiladigan yoʻlovchilarni tashishda;

imkoniyatlari cheklangan yoʻlovchilar, jumladan, oʻrindiq-aravachada tashiladiganlarni tashishda;

qurol va oʻq-doriga ega boʻlgan yoʻlovchilarni tashishda;

tashuvchi tomonidan bepul tashishga ruxsat etilgan belgilangan meʼyordan oshgan bagajni tashishda;

yigʻilgan koʻrinishda uch oʻlchov yigʻindisi boʻyicha hajmi 200 sm dan oshgan bagajni, jumladan, turli xil sport anjomlarini tashishda;

faqat havo kemasi salonining qoʻshimcha oʻrindigʻida tashilishi mumkin boʻlgan bagajni tashishda;

hayvonlar yoki qushlarni tashishda.

Tashuvchi quyidagi toifadagi bagajlarni tashishda oʻzining alohida qoidalarini oʻrnatishga haqli:

hayvonlar (uy itlari, mushuklar va qushlar), jumladan, koʻr va kar yoʻlovchilarni kuzatuvchi, oʻrgatilgan yetaklovchi itlar;

avtoruchkalar, flakonlar, sigaretlar uchun yondirgichlar va maʼlum balandlikda tarqalish xususiyatiga ega boʻlgan gazli boshqa idishlar;

qonun hujjatlari bilan tashilishi taqiqlanmagan suyuqliklar, gellar va aerozollar;

sport anjomlarining alohida turlari (golf, serfing, velosipedlar uchun anjomlar);

nogironlar aravachasi;

elektron uskunalar;

havo kemasi salonida qoʻshimcha oʻrinda tashilishi kerak boʻlgan bagaj;

diplomatik bagaj;

yirik oʻlchamli va katta ogʻirlikdagi bagaj;

qimmat va moʻrt bagaj.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
93-bandi.

Odatda, tashish shartnomasi majburiy va ixtiyoriy ravishda oʻzgartirilishi mumkin. Tashish shartnomasi majburiy ravishda oʻzgartirilganda tashuvchi quyidagilarni bajarishga majbur:

a) yoʻlovchini qoʻnish manziliga oʻzining boshqa muntazam qatnovida yoki boshqa tashuvchining boʻsh joyi boʻlgan qatnovida, tez fursatda, qoʻshimcha toʻlovlar olmagan holda, zarurat boʻlganda yuqori xizmat koʻrsatish toifasida va yoʻlovchi uchun qulay boʻlgan boshqa shartlarda yetkazish;

b) yoʻlovchini band qilingan chipta bilan taʼminlash;

d) yoʻlovchi tomonidan toʻlangan xizmat koʻrsatish toifasining oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻymaslik, agar xizmat koʻrsatish toifasining bunday oʻzgarishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, unda:

xizmat koʻrsatish toifasi pastroq toifaga majburiy ravishda almashtirilganda, tashuvchi yoʻlovchiga yoʻnalishning xizmat koʻrsatish toifasi oʻzgargan qismidagi (qismlaridagi) tariflar va yigʻimlar farqini qaytaradi;

xizmat koʻrsatish toifasi yuqoriroq toifaga majburiy ravishda almashtirilganda va tashish narxi oshganida yoʻlovchidan qoʻshimcha yigʻim undirilmaydi;

g) bajarilmagan tashish uchastkasi uchun, pul qaytarilishi bilan, yigʻimlar olinmagan holda, chiptaning majburiy qaytarilishini taʼminlash.

Temiryoʻlda tashishda joylari raqamlangan vagonlar (plaskart, kupe)ga chiptalar sotishda, ikki va undan ortiq chipta sotib oladigan yoʻlovchilarga, teng miqdorda pastki va yuqori joylar taqdim etiladi. Umumiy, plaskart, kupe vagoni kuzatuvchisi chiptalarni saqlash uchun yigʻib olganda, yoʻlovchilardan chiptalarda koʻrsatilgan joylar soniga mos keladigan miqdorda chiptalar olishi shart.

Havo transportida bronlash toifasi, tarif turi, marshrut, yoʻlovchi, aviabilet amal qilish muddati oʻzgarganda bilet qayta rasmiylashtiriladi.

Uchib ketish sanasi yoki reys raqami oʻzgarsa, agar tashish marshruti va tarif turi oʻzgarmay qolsa, u holda qayta bronlashtirish lozim boʻladi.

Bunda qayta rasmiylashtirish va qayta bronlashtirishda yigʻim undiriladi.

7. Tashish xizmatlarining sifatli amalga oshirilishini talab qilish huquqi nimalarni nazarda tutadi?

Har bir tashish xizmatlarini koʻrsatishda haqi toʻlangan xizmatlar xususiyatidan kelib chiqib sifat talablari qoʻyiladi. Jumladan, temiryoʻl transportida yoʻlovchilar tashishda kupe, plaskart va umumiy vagonlardan foydalanish farqlanadi.

Havo transportida esa birinchi toifa, biznes toifa, tejamkor toifalar amal qiladi. Bunda:

F – Birinchi toifa
Bagaj: 40 kg, qoʻl yuki: 8 kg. Bepul CIP va VIP xizmatlar.

S – Biznes toifa
Bagaj: 30 kg, qoʻl yuki: 8 kg.

Y – Tejamkor toifa
Bagaj: 20 kg, qoʻl yuki: 5 kg.

CHD – Bolalar uchun tarif

2 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tanlangan tarifdan kelib chiqqan holda, 33 %dan 50 %gacha chegirma taklif etiladi. Bu toifaga kiruvchi bolalar tayyorada alohida joy egallash hamda aviakompaniya qoidalariga asosan ruxsat etilgan vaznda bagaj olib oʻtish huquqiga ega.

INF – Chaqaloqlar uchun tarif

2 yoshdan kichik boʻlgan bir goʻdak uchun joy taklif etilmagan holda
90 % chegirma. 2 yoshgacha boʻlgan ikkinchi va keyingi bolalar normal (balogʻatga yetgan) shaxs uchun moʻljallangan tarifning 50 % miqdorida tashiladi.

G – Guruh tarifi

Tejamkor toifa bilan sayohat qilayotgan guruhlar (kamida 10 shaxs) uchun maxsus imtiyozlar taklif etiladi. Chegirma bir oy davomida joʻnash nuqtasidan manzilgacha sayohat qilayotgan har bir guruh aʼzosi uchun taklif etiladi. Chiptaning amal qilish muddati – bir oy. Uchish va qaytish sanalari oʻzgartirilmaydi. Umumiy qoida boʻyicha, guruh chiptalari qaytarilmaydi. Agar guruhdagi odamlar soni ruxsat etilgan minimal odamlar sonidan kamroq boʻlib qolsa, chipta narxi guruh tarifidan oddiy tarifga oʻtkazilib qayta hisoblanadi.

Rasm. Havo transporti bortida turli toifali yoʻlovchilar uchun oʻrindiqlar joylashuvi.

Havo transportida tashishda sifatli xizmat koʻrsatish oʻz ichida maxsus taomlarni ham qamrab oladi. Bunda aviachipta xarid qilganingizda, aviayo‘lovchining yoshi va diniy eʼtiqodlarini inobatga olgan holda, maxsus taomlarni buyurtma etishingiz mumkin. Vegetarian taomlarni bepul buyurtma qilish mumkin.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasida quyidagi menyu turlari taklif etiladi:

Vegetarian (Osiyo) taomlar – maxluqotga oid barcha mahsulotlar, jumladan, qush va qisqichbaqasimonlar istisno etiladi.

Talabchan vegetarian taomlar – oʻsimliklarga oid mahsulotlardan tayyorlangan taomlar.

Vegetarian (sut) taomlar – goʻsht, qush, mollyusk, aynimagan baliqdan tayyorlangan taomlar istisno etiladi.

Hind taomlari – mol goʻshti, buzoq goʻshti va shu turdagi goʻshtlar ekstraktlari istisno etiladi.

Halol taomlar – choʻchqa goʻshtidan tayyorlangan taomlar istisno etiladi.

Kosher taomlar (Isroilda tayyorlanadi).

Bolalar uchun taomlar.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasida qulaylik va servis:

qulay oʻrinlar va ularning orasidagi masofaning kattaligi – tejamkor toifada 0,81 m.gacha va biznes va birinchi klassda
1,57 m.gacha;

turli taomlardan iborat yuqori sifatli va aʼlo mazali doimiy menyu: goʻsht va pishloq assortilari, issiq taomlar va turli-tuman desertlar, alkogolli va alkogolsiz ichimliklarning toʻla assortimenti;

maxsus taomlar, chipta buyurtma qilingan holda bepul;

tayyoralar salonida oʻqish uchun individual chiroqlar, personal oldinga suriladigan stollar, hajmi katta bagaj polkalari, kamida 12ta audiokanal, videoproyektorlar;

Chipta klassi va safar davom etish vaqtiga qaramasdan issiq jun yopingʻich va yostiqlar;

“Boing” tayyoralarida – xaritada tayyoraning joyi va “air-show” uchish maʼlumotlari.

8. Temiryoʻl transportida foydalanishda yoʻlovchi qanday imtiyozlarga ega?

Yoʻlovchi poyezdda oʻzi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish huquqiga ega. Yoʻlovchi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bittadan ortiq bola ketayotgan boʻlsa, ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlari esa chipta toʻliq qiymatining 50 foizi chegirilgan, alohida joy berilgan holda olib yuriladi. Besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarga ham chipta toʻliq qiymatining 50 foizi chegirilgan holda alohida joy beriladi. Temiryoʻl transportida bolalarni tashish boʻyicha bu imtiyozlar temiryoʻl transporti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Temiryoʻl transportida chiptalar yoʻlovchilarga toʻliq qiymatda sotiladi, qonun hujjatlari bilan poyezdda imtiyozli yurish belgilangan fuqarolar bundan mustasno.

Temiryoʻllarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagilarga taqdim qilingan:

Sovet Ittifoqi qahramonlari va “Shon-shuhrat” ordenining uchta darajasi bilan taqdirlangan shaxslarga;

yarador boʻlgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan
1 va 2-guruh urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;

Chernobil AESdagi avariyani bartaraf etuvchilari – nogironlariga (Oʻzbekiston Respublikasi hududida).

Temiryoʻllarda chiptaning toʻliq qiymatidan ellik foiz chegirmalar bilan yiliga bir marta yurish huquqi (borish va kelishga) talonlarga almashtirish va guvohnoma taqdim etish boʻyicha quyidagilarga berilgan:

3-guruh urush nogironlariga;

urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga.

Temiryoʻllarda chipta toʻliq qiymatidan ellik foiz chegirmalar bilan yiliga bir marta (borish va kelishga) yurish huquqiga ega shaxslarga, ularning xohishiga koʻra ikki yilda bir marta ikki yillik talonlar (joriy va oldingi yoki joriy va keyingi yilgi) oʻrniga yiliga bir marta bepul yurish (borish va kelishga) taqdim qilinadi. Bu holda toʻgʻri yoʻnalishda bunday yurish “borish” ikki taloni oʻrniga, qaytishga esa – “Kelish” ikki taloni oʻrniga rasmiylashtiriladi. Ushbu tartib 3-guruh urush nogironlari va urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

1-guruh urush nogironlarini kuzatib kelayotgan shaxslarga (bittadan koʻp boʻlmagan kuzatuvchiga), talonlar oʻrniga yiliga bir marta (borish va kelishga) chiptaning toʻliq qiymatidan ellik foiz chegirma beriladi. Kuzatuvchi shaxsga chipta rasmiylashtirilayotganda faqat joriy yil talonlari hisobga qabul qilinadi. Oʻtgan va keyingi yil talonlari hisobga qabul qilinmaydi. Kuzatuvchi shaxsga talonlar oʻrniga bepul chipta rasmiylashtirish amalga oshirilmaydi.

Imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beruvchi quyidagi tegishli hujjatlar taqdim qilinishi kerak: “Urush nogironi guvohnomasi”, “Urush qatnashchisi guvohnomasi” yoki “Imtiyozga huquqi toʻgʻrisida guvohnoma”.

“Faxriy temiryoʻlchi” nishoni bilan taqdirlangan temiryoʻl transporti xodimlari yil mobaynida MDH boʻylab bepul yurish huquqiga (borish va kelishga) egadir, buning uchun xizmat guvohnomasi va yozib berilgan temiryoʻl chiptasi taqdim qilinishi zarur.

10 va undan ortiq odamlar sonidan iborat tashkil qilingan guruhlar chiptalarining umumiy qiymatidan jamoaviy chipta boʻyicha quyidagi miqdorda chegirmalar taqdim qilinadi:

a) harakat yoʻnalishining umumiy masofasi 2000 km gacha boʻlganda (boshqa poyezdga oʻtishni hisobga olib):

guruhdagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha boʻlganda chiptalarning umumiy toʻliq qiymatidan 10 foiz;

guruhdagilar soni 25 nafar va undan ortiq boʻlganda chiptalarning umumiy toʻliq qiymatidan 15 foiz;

b) harakat yoʻnalishining umumiy masofasi 2000 km dan ortiq boʻlganda (boshqa poyezdga oʻtishni hisobga olib):

guruhdagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha boʻlganda chiptalarning umumiy toʻliq qiymatidan 20 foiz;

guruhdagilar soni 25 nafar va undan ortiq boʻlganda chiptalarning umumiy toʻliq qiymatidan 30 foiz.

Ekskursiyaga guruh bilan poyezdda yurish qiymatini naqd pul va toʻlov topshiriqnomalari boʻyicha toʻlashga ruxsat etiladi.

Oʻquvchilarning shaharlararo qatnovchi poyezdlarda va ichki temiryoʻl aloqalarida qatnovchi yoʻlovchi tashish poyezdlarida yolgʻiz yurganda chipta kassalari belgilangan tartibdagi imtiyozli chiptalarni, ularda taqdim qilingan hujjatlar raqamini, zarur hollarda – belgilangan shakldagi qoʻshimcha toʻlovlar kvitansiyasini koʻrsatib beradi.

Imtiyozli chiptalar bilan poyezdda yurayotgan shaxslar, vagonga oʻtirayotganlarida va poyezdda yurish vaqtida, kuzatuvchilar va nazorat qiluvchi shaxslar talabiga binoan chipta sotib olingan hujjatini taqdim qilishi shart.

Imtiyozli chiptalarni tekshirishda tegishli hujjatlarni taqdim qilmagan yoʻlovchilar chiptasiz deb hisoblanadilar va belgilangan miqdorda jarimaga tortiladilar. Bundan tashqari, ulardan chiptalar berilgan stansiyadan manzil stansiyasigacha chipta qiymatining farqi (imtiyozli va toʻliq tarif oʻrtasidagi) undiriladi.

Imtiyozli tarif boʻyicha chiptalar notoʻgʻri berilgan har bir holat toʻgʻrisida nazorat qiluvchi shaxslar dalolatnoma tuzishlari va uni choralar koʻrish uchun tashuvchi rahbariyatiga joʻnatishlari shart.

9. Temiryoʻl transportida tashishda abonement chiptalaridan qanday foydalaniladi?

Shaharlararo chipta kassalarida, bir martalik chiptalardan tashqari, turli xildagi abonement chiptalari, jumladan, imtiyozli abonement chiptalarini sotish ham amalga oshiriladi.

Abonement chiptalari ularda koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha barcha shaharlararo qatnovchi poyezdlarda yurish huquqini beradi. Yoʻlovchi tashish poyezdlarida shaharlararo qatnash chiptalari bilan yurishga, tashuvchi koʻrsatmasiga binoan yoʻl uchastkasida shaharlararo qatnash harakati mavjud boʻlmaganda 150 km gacha masofada ruxsat etiladi.

Abonement chiptalari sotish oldindan, biroq ularni amal qilish muddatidan 30 sutkadan koʻp boʻlmagan muhlatda amalga oshiriladi. Bunday hollarda chiptalarga chipta amal qilish muddati sanasi koʻrsatilgan komposter qoʻyiladi.

Shaharlararo qatnash bir yoʻnalishdagi toʻxtash punktidan shaharlararo qatnash boshqa yoʻnalishdagi toʻxtash punktigacha (shu jumladan, bir vokzalga kelish va boshqasidan joʻnash bilan) uzel punktlari orqali yurishlar uchun bir dona abonement (imtiyozli abonement) chiptasini sotilishiga ruxsat etiladi. Bu holatda poyezdda yurish umumiy masofasi 150 km dan oshmasligi kerak. Bunday chipta narxi uzel punktigacha va undan ketish tariflari yigʻindisi boʻyicha belgilanadi.

Imtiyozli abonement chiptalarida: yoʻlovchining familiyasi, joʻnash – toʻxtash punkti, manzil va uzel punktlari nomlari, agar bular mavjud boʻlsa, shuningdek chipta qiymati koʻrsatiladi.

Nomiga berilgan abonement (imtiyozsiz) chiptalar yuridik shaxslarga, kimga sotib olinayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilib sotiladi. Abonement chiptasi: oylik chipta uchun – 50 marta poyezdda yurish qiymati, mavsumiy – tegishli ravishda
200 marta poyezdda yurishning, yarim yillik – 300 marta poyezdda yurishning va yillik – 600 marta poyezdda yurishning qiymati hisobidan, bu uchastkada shaharlararo qatnash yoʻnalishida qoʻllaniluvchi tarif (kilometrli, umumiy) boʻyicha toʻlanadi. Zonaviy tarif qoʻllaniluvchi uchastkalarda abonement chiptalari qiymatini hisoblash kilometrli tarif stavkalari boʻyicha amalga oshiriladi.

10. Temiryoʻlda tashuvchi qanday axborotlar bilan taʼminlashi zarur?

Temiryoʻlda tashuvchi quyidagi axborotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bilan yoʻlovchilar, yuk joʻnatuvchilar, yuk qabul qiluvchilarni oʻz vaqtida va ishonchli taʼminlashi kerak:

ish va xizmatlar roʻyxati, ularning qiymati;

yoʻlovchi tashish poyezdlarining joʻnash va kelish vaqtlari;

yoʻlovchi chiptasining toʻliq qiymati, ortiqcha qoʻl yukini tashish, shuningdek bagaj va yuk bagajini tashish qiymatlari;

chiptalarni sotish muddatlari;

yoʻlovchi tashish poyezdlarida tashish taqiqlangan va chegaralangan xavfli moddalar va buyumlar roʻyxati;

chipta va bagaj kassalari, tovar idoralari, yuk saqlash xonalarining ish vaqti;

yoʻnalish boʻyicha borish yoʻlida qayta ortishsiz bagajni koʻzda tutilgan stansiyaga yetib kelish vaqti;

vokzal xonalari, temiryoʻl stansiyalari umumiy foydalanish joylari, qoʻl yukini tarozida bepul tortish joylarining joylashishi;

uzoq muddat dam olish xonalari hamda ona va bola xonalarida joy berish tartibi;

qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar va afzalliklar beriladigan fuqarolar toifalari roʻyxati;

majburiy va ixtiyoriy sugʻurtalash tartibi;

yuqori darajadagi qulaylik vagonlarida harakatlanish uchun chiptaning toʻliq qiymatiga kiruvchi qoʻshimcha ishlar va xizmatlar roʻyxati;

daʼvolarni qabul qilishga vakolatlangan tashuvchi rahbariyatining nomi va yuridik manzili.

Koʻrsatilgan maʼlumotlar yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaj joʻnatuvchilar va qabul qiluvchilar, yuk joʻnatuvchilar, yuk qabul qiluvchilarga temiryoʻl stansiyalari, temiryoʻl vokzallari, poyezdlar va boshqa xizmat koʻrsatish joylarida davlat tilida, shuningdek mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqqan holda boshqa tillarda ham taqdim qilinishi mumkin (qulay va koʻrinarli joylarda), bunday sharoit boʻlmagan taqdirda foydalanuvchilarning birinchi talabiga binoan taqdim qilinishi kerak.

Ushbu ishlarni tashkil etish uchun avtomatlashtirilgan tizimlar, turli xildagi informatsiya tashuvchilar, bepul maʼlumotlar byurosi, baland soʻzlashuvchi aloqa va yoʻlovchilarni xabardor qilishning boshqa vositalaridan foydalaniladi.

11. Chipta kassalarida chipta sotib olish boʻyicha qanday ustunlik huquqlari mavjud?

Chipta kassalarida chipta sotib olish boʻyicha ustunlik huquqi:

a) 10 yoshgacha (bu yoshga toʻlgan) bolali yoʻlovchilarga, shuningdek yoʻllanmalar chipta kassasiga taqdim qilingan holda yoʻllanmalar boʻyicha sanatoriya-kurort davolanishiga borayotgan 10 yoshdan katta kasal bolalarni kuzatib borayotgan yoʻlovchilarga;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlariga;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati xodimlariga, Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, prokuratura, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi xizmatchilariga, xizmat koʻrsatish hududlari doirasida yoki xizmat safari guvohnomalarida koʻrsatilgan stansiyalargacha xizmat ishlari yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan yoʻlga chiqishlarda tibbiyot xodimlariga, veterinariya va sanitariya nazorati xodimlariga;

e) tasdiqlangan telegraf chaqiruvi bilan ketayotgan shaxslarga;

g) avariya yoki yongʻinni bartaraf etish uchun safarbar qilingan “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzdavneftgaz-inspeksiya”, gaz nazorati, gaz, kimyo, neft, neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati, geologiya xizmatchilariga taqdim qilinadi.

12. Temiryoʻl transporti yoʻlovchilari qanday sugʻurtalanadi?

Temiryoʻl transporti yoʻlovchilari poyezdda yurish va stansiya (vokzal)da boʻlishlari vaqtida baxtsiz hodisalardan qonunchilikda koʻzda tutilgan tartibda majburiy shaxsiy sugʻurta qilinadilar.

Foydalanilmagan chiptalar boʻyicha pullar qaytarilganda sugʻurta tarifi toʻliq toʻlanadi, qisman foydalanganlari uchun – sugʻurta tarifi toʻlanmaydi.

Sugʻurta holati vujudga kelish joyiga qarab stansiya (vokzal) boshligʻi yoki yoʻlovchi tashish poyezdi brigadiri dalolatnoma tuzishi va uni yoʻlovchi yoki uning qarindoshlariga taqdim qilishi shart.

13. Yoʻlovchi tashish poyezdlarida yotarjoy buyumlari kimlarga beriladi?

Yotoq joylari mavjud boʻlgan yoʻlovchi tashish poyezdlaridagi vagonlarda yurilganda yoʻlovchi, qiymati plaskarta qiymati tarkibiga kiritilgan yotarjoy buyumlari komplekti bilan taʼminlanadi.

Yotarjoy buyumlari komplekti ikkita choyshab, bitta yostiq jild, bitta sochiqdan iborat boʻladi va bu buyumlar komplekti yoʻlovchiga butun yoʻl davomida foydalanish uchun beriladi.

Yoʻlovchi xohishiga koʻra kuzatuvchi yoʻnalish davomida ishlatilgan yotarjoy buyumlarini qoʻshimcha haq hisobiga almashtirib berishi mumkin.

Ayrim hollarda kuzatuvchilar yotarjoy buyumlari komplektini yoʻlovchilar joylariga yetkazishlari, nogiron, kasal, katta yoshdagi shaxslar, yosh bolali yoʻlovchilar, shuningdek ikki joyli yotoq kupelarida ketayotgan yoʻlovchilarga yotoqlarini toʻshab berishlari shart.

Shuni unutmaslik lozimki, matras, yostiq va koʻrpadan foydalanish uchun toʻlov plaskarta qiymati tarkibiga kiritilgan va qoʻshimcha ravishda yoʻlovchidan undirib olinmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 51-bandi.

14. Temiryoʻl transportida tashishda isteʼmolchiga qanday qulayliklar yaratilishi zarur?

Barcha toifadagi yoʻlovchi tashish poyezdlarining yotoq joyli vagonlari, shuningdek oʻtirish joylariga ega tezkor yoʻlovchi tashish poyezdlarining vagonlari kuzatuvchilari, yoʻlovchilarni ularning iltimosiga koʻra tashuvchi belgilagan narxlarda kuniga kamida uch marta choy bilan taʼminlashi kerak.

Yoʻlovchi tashish poyezdining barcha yoʻlovchilari butun yoʻnalish davomida sovutilgan qaynatilgan ichimlik suv bilan bepul taʼminlanishi kerak.

15. Temiryoʻl transportida tashishda qoʻl yukini tashishga doir qanday imtiyozlar mavjud?

Har bir yoʻlovchi (toʻliq yoki bolalar chiptasiga) oʻzi bilan birga
36 kg dan oshmagan qoʻl yuki olib yurish huquqiga ega. Ikki oʻrinli kupe vagonlarida 50 kg qoʻl yuki olib yurilishiga ruxsat etiladi.

Shaharlararo qatnovchi yoʻlovchi tashish poyezdlarida yoʻlovchilar tomonidan bepul meʼyordan ortiq (lekin 50 kg dan oshmagan) qoʻl yukining tashilishi bagaj tarifiga binoan toʻlanishi kerak. Shaharlararo qatnovchi yoʻlovchi tashish poyezdlari tamburlarida qismlarga ajratilmagan bittadan ortiq velosipedni tashishga ruxsat etiladi.

Yoʻlovchiga qoʻl yuki belgilangan meʼyordan (36 kg) ortiqcha quyidagilarni tashishga ruxsat etiladi: portfel, ayollar sumkachasi, durbin, changʻi va unga tayoqchalar, qarmoqlar, fotoapparat, soyabon, shuningdek uch oʻlchamiga koʻra 100 sm dan oshmaydigan boshqa kichik buyumlar.

Shaharlararo qatnovchi yoʻlovchi tashish poyezdlarida bepul qoʻl yuki tashish meʼyori hisobiga, shuningdek bolalar aravachasi, oʻsimliklar, yuqori qismi boylangan va ildizlari oʻralgan koʻchatlar hamda boshqa ekin materiallarini tashishga ruxsat etiladi. Bunday qoʻl yukining har bir joy vazni 18 kg dan va balandligi 1,5 m dan oshmasligi kerak.

Karantin eʼlon qilingan hududlarda, ushbu tashishlar qoʻl yuki egasining karantin hujjatlarini taqdim etgandagina amalga oshirilishi mumkin. Oʻzi bilan birga oʻz oʻlchamlariga koʻra vagonlarda qoʻl yuki uchun moʻljallangan joylarda joylashishi mumkin boʻlgan yoʻlovchi qoʻl yuki meʼyori hisobidan qismlarga ajratilgan holdagi bolalar aravachasi, baydarkalarni tashishga ruxsat etiladi.

Yoʻlovchilar tomonidan tashilayotgan qoʻl yukini tortish uchun stansiyalar (vokzallar)da tarozilar oʻrnatiladi. Yoʻlovchilar tomonidan bunday tarozilardan bepul foydalaniladi.

16. Temiryoʻl transportida tashish qanday hollarda rad etilishi mumkin?

Tashuvchi yoʻlovchi tashilishini rad etish yoki yoʻlovchini yoʻlovchi tashish poyezdidan chiqarib yuborish huquqiga quyidagi hollarda haqli:

a) yoʻlovchi koʻzdan kechirishdan oʻtmaganda, bu chiptada belgi yoʻqligidan va (yoki) koʻzdan kechirishdan oʻtganligi toʻgʻrisida qoʻl yuki va bagajda shtampning yoʻqligidan maʼlum boʻladi. Bunda chiptaning toʻliq qiymati qaytarilmaydi;

b) yoʻlovchi mast holatda, giyohvand va zaharli moddalar taʼsiridan mast holatda yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilishi natijasida yuzaga kelgan holatda, mazkur qoidalarni va jamoat tartibini buzayotganda. Bunday yoʻlovchini yoʻlovchi tashish poyezdiga oʻtqazishni rad etish yoki uni yoʻlovchi tashish poyezdidan tashuvchi tomonidan, boʻysunmagan hollarda esa transportdagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan chiqarib yuboriladi. Bunday shaxs chiptasiga quyidagi qayd qoʻyiladi: “Tashishga rad etildi”. Bunda chiptaning toʻliq qiymati (bosib oʻtilmagan masofa uchun) va bagaj tashish qiymati qaytarib berilmaydi;

d) yoʻlovchi atrofdagilar tinchini buzuvchi kasalmand holatda boʻlgan va bunda uni alohida joylashtirish imkoniyati mavjud boʻlmaganda. Yoʻlovchi yoʻlovchi tashish poyezdidan tegishli davolash-tibbiy muassasalari mavjud boʻlgan stansiyalarda chiqariladi. Bunda yoʻlovchiga bosib oʻtilmagan masofa uchun chipta toʻliq qiymati qaytariladi.

17. Bagaj, chipta yoki bagaj kvitansiyasi qanday hollarda yoʻqotilgan hisoblanadi?

Agar bagaj stansiyaga yetib kelish muddatidan 10 kundan keyin yetib kelmasa, bagaj yoʻqotilgan hisoblanadi va yoʻlovchi uning qiymatini tiklab berishni talab etish huquqiga ega.

Qiymati eʼlon qilingan bagaj yoʻqolgan taqdirda yoʻqotilgan bagaj uchun pul kompensatsiyasi sutka mobaynida eʼlon qilingan qiymat va toʻlangan yoʻl haqi miqdorida stansiya boshligʻi tomonidan stansiya tushumidan toʻlanadi. Qiymati eʼlon qilingan bagaj yoki yuk bagaj yoʻqotilganda temiryoʻl pul kompensatsiyasi sifatida yoʻqotilgan bagajning eʼlon qilingan qiymati miqdorini toʻlaydi. Bagaj yoki yuk bagaj qisman yoʻqotilganda temiryoʻl yetishmayotgan eʼlon qilingan qiymat miqdorining har bir kilogrammi uchun tegishli ulushini toʻlaydi.

Qiymati eʼlon qilinmasdan tashishga topshirilgan bagaj toʻliq yoki qisman yoʻqotilganda tashuvchi yoʻlovchiga yetishmayotgan har bir kilogrammi brutto ogʻirligi uchun 2 (ikki) shveysariya frankidan oshmagan miqdorda yoʻqotilgan bagaj yoki uning yoʻqotilgan qismi haqiqiy qiymatini toʻlaydi.

Bagaj shikastlangan yoki buzilganda yoʻlovchiga oʻtkazilgan ekspertizada aniqlangan baholashga muvofiq, biroq yoʻlovchi qiymatni eʼlon qilgan boʻlsa, eʼlon qilingan bagaj qiymati miqdoridan oshirmasdan toʻliq bagaj yoki uning qismi uchun qiymat qaytariladi. Agar bagaj buzilishi uning yetkazish muddatidan oʻtib ketganligi sababli yuzaga kelgan, u esa qiymati eʼlon qilinib topshirilgan boʻlsa, eʼlon qilingan qiymat yoʻlovchiga buzilgan bagaj vazniga mutanosib ravishda toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 105-bandi.

Yoʻqotilgan bagaj uchun pul kompensatsiyasi toʻlangan vaqtda berilgan tilxatda, yoʻlovchi topilgan bagajni unga temiryoʻl stansiyalaridan biriga bepul yetkazilishi toʻgʻrisida maʼlum qilishi mumkin. Bagaj qidirish va yetkazish holatida bagaj egasi uni bagaj yetib kelganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab 30 kun mobaynida olishi shart. Bagaj olayotganida u pul kompensatsiyasini qaytarib berishi shart.

Tashish amalga oshirilgan chipta, bagaj kvitansiyasi yoʻqotilganda, yoʻlovchiga bagaj undan yuk bagaji tarifi boʻyicha tashish toʻlovi farqini undirilgandan keyin yozma arizaga binoan (joʻnatma unga tegishliligi isbotlari taqdim etilganda) shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar maʼlumotlari koʻrsatilgan tilxat bilan beriladi. Yoʻl vedomostida yoʻlovchi va stansiya boshligʻi imzolari bilan tasdiqlangan chipta, bagaj kvitansiyasi taqdim etilmasdan bagajni berish sabablari toʻgʻrisida belgi kiritiladi.

18. Temiryoʻl transportida tashishda unutib qoldirilgan va topilgan buyumlar qanday tartibda olinadi?

30 kun oʻtgandan keyin topib olingan va talab qilib olinmagan buyumlarni vokzal boshligʻi dalolatnoma va roʻyxat bilan hujjatsiz yuklar omboriga joʻnatadi. Yoʻlovchilar tomonidan yuk saqlash xonalaridan olinmagan buyumlar chiqarib olinganda buyumlar roʻyxati bilan birga dalolatnoma tuzilishi kerak. Yuk egasining joylashgan joyini aniqlash mumkin boʻlgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda unga zudlik bilan buyumlar joylashtirilgan joy haqida xabarnoma joʻnatiladi.

Topilgan buyumlarni talab qilib oluvchi shaxs, oʻzining buyumlari egasi ekanligini, buyumlarning aniq alomatlarini, ular nimadan iborat ekanligini yozma ravishda koʻrsatgan yoki buyumlarni qulflovchi qulflarga kalitni taqdim qilgan holda isbotlab berishi kerak. Agar buyumlar ular topib olingan yoki topshirilgan vokzalda saqlanayotgan boʻlsa, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilgandan keyin vokzal boshligʻi farmoyishiga asosan egasiga topshiriladi.

Buyumlarni qabul qilib olishda uning egasi tashuvchiga lozim boʻlgan barcha toʻlovlarni (saqlash, oʻrash, bagaj tarifi boʻyicha tashish va eʼlonni chop etish, agar bu qilingan boʻlsa) toʻlashi, shuningdek buyumlarni qabul qilib olganlik haqida tilxatni, unda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjati maʼlumotlarini koʻrsatib taqdim qilishi kerak. Buyumlarni saqlash uchun barcha toʻlovlar belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.

Agar yoʻlovchi vagondan chiqib, uning tomonidan vagonda buyumlar unutib qoldirilganligini oʻzi aniqlasa, u vokzal boshligʻiga murojaat qilishi kerak. Vokzal boshligʻi yoʻlovchi yozma arizasiga binoan bu haqidagi xabarni, ushbu xabarda yoʻlovchi egallagan vagon va joy raqami, unutib qoldirilgan buyumlar bayonini hamda ularning egasi joylashgan manzilga yetkazilish talabini koʻrsatgan holda zudlik bilan yoʻlovchi tashish poyezdining harakatlanayotgan yoʻnalishdagi birinchi yirik stansiya yoki yoʻlovchi tashish poyezdi yetib kelish stansiyasi boshligʻiga yoʻllaydi.

Bunday holatlarda buyumlarni qaytarish bilan bogʻliq barcha xarajatlar (xabar yoʻllash, oʻrash, tashish va boshqalar) buyum egasi hisobiga amalga oshiriladi.

19. Temiryoʻl transporti orqali tashishda qanday buyumlar oʻramsiz qabul qilinishi mumkin?

Velosipedlar, aravachalar va bolalar karavotlari, protez aravachalari va hokazolar oʻrami bilan va oʻramsiz qabul qilinishi mumkin. Bagajni tashishga bir joy ogʻirligi 80 kg dan ziyod, uzunligi esa 3 m dan ortiq yuk va buyumlar qabul qilinmaydi. Vazni 80 kg dan ortiq boʻlgan boʻlinmaydigan joylar (muzlatgich, gaz plitalari va boshqalar) bagaj tashishga, yaʼni yoʻlovchi tashish poyezdida har bir rasmiylashtirilgan joyga bir birlik miqdoridagi chipta boʻyicha qabul qilinadi. Bu miqdordan ortiqcha qabul qilingan boʻlinmaydigan buyumlar tashilishi yuk bagaj tarifi boʻyicha toʻlanadi.

20. Temiryoʻl transportida tashishda bagaj qanday rasmiylash­tiriladi?

Tashishga topshirilayotgan bagajning har bir joyi, belgilangan markirovkalash qoidalariga muvofiq markirovkalanadi. Tashuvchi tomonidan tashishga topshirilayotgan bagaj joyi markirovkalangan holatlarda, joʻnatuvchidan Qoʻshimcha ishlar va xizmatlar roʻyxatiga muvofiq belgilangan yigʻim undiriladi.

Markirovkalash yorliq taqib qoʻyish yoki yozuv yozish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Alohida bagaj joyining vazni 5 kg dan kam boʻlmasligi kerak.

Bagajni tashishga qabul qilinishini tasdiqlash uchun yoʻlovchiga bagaj kvitansiyasi taqdim etiladi. Bagaj kvitansiyasida chipta raqami, yoʻlovchi xohishiga koʻra bagaj yetib kelganligi haqida xabar yoʻllanishi mumkin boʻlgan pochta manzili koʻrsatiladi, bunda tashish hujjatlarining “alohida qaydlar” ustuniga joʻnash stansiyasida “xabar yoʻllanishi bilan” degan qayd kiritiladi.

Bagajga oʻralmagan velosiped va hokazolar qabul qilinganda bagaj kvitansiyasida, albatta, velosiped raqami, rusumi (erkaklarniki, ayollarniki, bolalarniki va boshqalar) va u bilan birga qanday anjomlar (qoʻngʻiroq, nasos, fonar, sumka va boshqalar) mavjudligi koʻrsatilishi kerak.

Avtomobil shinalari bagaj va yuk bagaj tashishlariga bagaj kvitansiyasidagi “kamera bilan” yoki “kamerasiz”, “yangi” yoki “ishlatilgan” qaydlari bilan faqat oʻralmagan holda qabul qilinadi. Bunda eʼlon qilingan qiymat uchun yigʻimlarning oshishi avtomobil shinalariga tatbiq qilinmaydi.

21. Temiryoʻl transportida tashishda bagaj qiymatini eʼlon qilish qanday amalga oshiriladi?

Yoʻlovchi bagajni topshirayotgan vaqtda belgilangan tarifga muvofiq yigʻimni toʻlagan holda uning qiymatini eʼlon qilishi mumkin. Agar tashishga bir nechta bagaj joyi taqdim qilinayotgan boʻlsa, yoʻlovchi har bir joy qiymatini alohida yoki barcha joylar umumiy qiymatini eʼlon qilishi mumkin. Qiymatni eʼlon qilish ogʻzaki tarzda amalga oshiriladi. Agar yoʻlovchi bagaj qiymatini eʼlon qilgisi kelmasa, yoʻlovchi imzolayotgan bagaj kvitansiyasining “Eʼlon qilingan qiymat” ustunida “Qiymat eʼlon qilishni rad etaman” degan qayd kiritiladi.

Eʼlon qilingan qiymat umumiy miqdori bagaj kvitansiyasida raqamlar va yozuvlarda ifodalanadi, agar tashishga bir nechta bagaj joylari taqdim qilinayotgan boʻlsa, har bir alohida joy qiymati va vazni raqamlar bilan yoziladi. Eʼlon qilingan bagaj qiymati umumiy miqdori yoʻlovchi tomonidan soʻmlarda aytilishi va bagajdagi buyumlar haqiqiy narxlaridan kelib chiqishi kerak.

Tashuvchi tomonidan bagajning eʼlon qilingan qiymati uchun joʻnatuvchidan belgilangan tartibda qoʻshimcha yigʻim undiriladi.

22. Temiryoʻl transportida itlar, mayda uy hayvonlari, qushlar va arilarni tashishga ruxsat beriladimi?

Bagaj vagonida tashish uchun itlar, mayda uy hayvonlari, arilar va qushlar harakatlanayotgan yoʻnalishda qayta yuklanmaydigan holatda qabul qilinadi.

Itlar, mayda uy hayvonlari va qushlar vagondagi mavjud boshqa bagajga zarar yetkazmaslikni kafolatlovchi, vagonni esa ifloslanishdan saqlovchi maxsus konteynerlar yoki joʻnatuvchining poddonli tarasida (qafaslar, savatlar, qutilar)da tashilishi mumkin. Ushbu tara tashilayotgan hayvonlar oʻlchami va miqdoriga mos kelishi va haddan tashqari qoʻpol boʻlmasligi kerak.

Itlar, qushlar va mayda uy hayvonlarini boqish va parvarishlash majburiyati ularning egalari va kuzatuvchilari zimmasiga yuklanadi, ularni tashishda tashuvchi aybi bilan kechiktirish hollari bundan mustasno.

Mayda uy hayvonlari, qushlar va arilarni tashishga tegishli yoʻlovchi tashish poyezdi joʻnashiga kamida uch soat vaqt qolganda qabul qilinadi. Yovvoyi hayvonlarni bagaj bilan tashishga qabul qilinmaydi. Bagaj bilan itlar, qushlar, mayda hayvonlar va arilar tashilishiga bagaj kvitansiyasi taqdim etiladi, unda: “It qafasda”, “Qush qafasda” va shu kabi qaydlar, uning tara bilan umumiy vazni hamda tashilayotgan hayvon va qushlar soni koʻrsatiladi.

Qushlar, mayda hayvonlar va arilar yoʻlovchi tashish poyezdining belgilangan manzil stansiyasiga yetib kelgandan keyin 12 soatdan kechiktirmasdan yoʻlovchi tomonidan qabul qilib olinishi kerak.

Bagaj vagonlarida mayda uy hayvonlari, itlar va arilarni tashish, tegishli shakldagi veterinariya guvohnomalari taqdim qilinishi boʻyicha amalga oshiriladi.

23. Temiryoʻl transportida tashishda qiymati eʼlon qilingan bagaj yoʻqolgan toʻlov qachon amalga oshiriladi?

Qiymati eʼlon qilingan bagaj yoʻqolgan taqdirda yoʻqotilgan bagaj uchun pul kompensatsiyasi sutka mobaynida eʼlon qilingan qiymat va toʻlangan yoʻl haqi miqdorida stansiya boshligʻi tomonidan stansiya tushumidan toʻlanadi. Qiymati eʼlon qilingan bagaj yoki yuk bagaj yoʻqotilganda temiryoʻl pul kompensatsiyasi sifatida yoʻqotilgan bagajning eʼlon qilingan qiymati miqdorini toʻlaydi. Bagaj yoki yuk bagaj qisman yoʻqotilganda temiryoʻl yetishmayotgan eʼlon qilingan qiymat miqdorining har bir kilogrammi uchun tegishli ulushini toʻlaydi.

Qiymati eʼlon qilinmasdan tashishga topshirilgan bagaj toʻliq yoki qisman yoʻqotilganda, tashuvchi yoʻlovchiga yetishmayotgan har bir kilogrammi brutto ogʻirligi uchun 2 (ikki) shveysariya frankidan oshmagan miqdorda yoʻqotilgan bagaj yoki uning yoʻqotilgan qismi haqiqiy qiymatini toʻlaydi.

Bagaj shikastlangan yoki buzilganda yoʻlovchiga oʻtkazilgan ekspertizada aniqlangan baholashga muvofiq, biroq yoʻlovchi qiymatni eʼlon qilgan boʻlsa, eʼlon qilingan bagaj qiymati miqdoridan oshirmasdan toʻliq bagaj yoki uning qismi uchun qiymat qaytariladi. Agar bagaj buzilishi uning yetkazish muddatidan oʻtib ketganligi sababli yuzaga kelgan, u esa qiymati eʼlon qilinib topshirilgan boʻlsa, eʼlon qilingan qiymat yoʻlovchiga buzilgan bagaj vazniga mutanosib ravishda toʻlanadi.

24. Temiryoʻl transportida tashishda vokzallarda yoʻlovchilarga qanday qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi?

Dam olish xonalari hamda ona va bola xonalaridan, “VIP zal”dan, “Biznes zal”dan foydalanish, shuningdek yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan boshqa majburiy boʻlmagan operatsiyalar va xizmatlar (chipta va bagaj yetkazilishi, xabarnomalar joʻnatish, bagaj aravachalaridan vokzal hududidan tashqarida foydalanish, oʻram oʻrash, stansiya radiosi orqali eʼlon berish, mototsikllar, mopedlar, velosipedlarni bagaj omborlarida saqlash va hokazolar) yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tashuvchi tomonidan belgilangan stavkalari boʻyicha toʻlanadi.

Ona va bolalar xonalarida 10 yoshgacha bolalarning yashashi, katta yoshdagi yoʻlovchilar uchun belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida toʻlanadi.

Urush nogironlari va urush qatnashchilariga, shuningdek “Faxriy temiryoʻlchi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga dam olish xonalarida joylar birinchi navbatda taqdim qilinadi.

25. Bolalarni poyezdda notoʻgʻri olib yurganlik uchun qanday javobgarlik mavjud?

Yoshi 5 yoshdan 10 yoshgacha boʻlgan bolalarni bolalar chiptasisiz yoki ikki va undan ortiq 5 yoshgacha bolalarni katta yoshdagi bir yoʻlovchi bilan poyezdda olib yurilganda undan bunday holatlar uchun belgilangan miqdorda jarima undiriladi, bunda yoʻlovchi keyinchalik yoʻlida davom etishi uchun bolalar chiptalari sotib olishi kerak.

10 yoshdan oshgan bolalarning bolalar chiptasi bilan poyezdda yurganda yoʻlovchilarni kuzatib kelayotgan shaxslarga belgilangan miqdorda jarima solinadi. Bundan tashqari, ular dastlabki joʻnash stansiyasidan manzil stansiyasigacha toʻliq va bolalar chiptasi oʻrtasidagi farqni toʻlashi shart. Bunday holatda chiptalar bahosining farqi chipta kassasi yoki belgilangan shakldagi kvitansiya taqdim etgan holda nazorat qiluvchi shaxs tomonidan undiriladi.

26. Avtomobil transportida tashish xizmatlaridan foydalanishda yoʻlovchiga chipta xarid qilish va saqlash borasida qanday talablar belgilangan?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil
4-noyabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagajni tashish qoidalarida belgilanishicha, muntazam yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlaridagi avtotransport vositalari orqali yurishda yoʻlovchi yoʻl chiptasi sotib olishi, uni butun yoʻlda yurish vaqti davomida saqlashi va uni nazoratchining birinchi talabiga koʻra koʻrsatishi shart.

Yoʻlovchilar yoʻl chiptalarini kassalardan yoki konduktordan (haydovchidan) sotib oladi.

Yoʻnalishdagi avtotransport vositasi nosoz boʻlgan taqdirda yoʻlovchilarga berilgan yoʻlda yurish hujjatlari aynan shu yoʻnalishdagi boshqa avtotransport vositasida yurish uchun haqiqiy hisoblanadi. Yoʻlovchilarni boshqa avtotransport vositasiga oʻtkazish nosoz avtotransport vositasining haydovchisi tomonidan amalga oshiriladi.

Yoʻlovchilar yoʻqotib qoʻygan chiptalar tiklanmaydi, ular uchun toʻlangan pul qaytarib berilmaydi.

27. Avtobusda harakatlanishda yoʻlovchi qanday talablarga rioya etishi lozim:

Avtobusda harakatlanayotganda, yoʻlovchi bir qator qoidalarga va talablarga rioya etishi talab etiladi. Bunda yoʻlovchining:

a) yoʻlovchilarning mast holda yurishi;

b) alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish;

d) haydovchi (konduktor)ning ruxsatisiz oynalarni ochish;

e) oynadan tashqariga osilish;

f) tez yonuvchan, portlovchi, zaharlovchi, zaharli, qoʻlansa, radioaktiv moddalar va ashyolarni, gʻilofsiz oʻqotar qurol, tigʻli va keskir ashyolarni olib yurish;

g) oʻlchami 100 sm x 50 sm x 30 santimetrdan katta yoki bitta oʻrin uchun ogʻirligi 60 kilogramdan ortiq buyumlarni, shuningdek uzunligi 200 santimetrdan ortiq boʻlgan buyumlarni olib yurish;

h) salonni yoki yoʻlovchilarning kiyimlarini iflos qiluvchi buyumlar va ashyolarni olib yurish;

i) tumshuqbogʻsiz itlar va boshqa hayvonlarni olib yurish taqiqlanadi.

28. Shahardagi yoʻnalishlarda avtomobil transporti tashish xizmatlarini koʻrsatishda yoʻlovchilarga imtiyozlar belgilanganmi?

Yoʻlovchilarning ayrim toifalariga transportda imtiyozli (shu jumladan, bepul) yurish huquqi beriladi.

Avtomobil transportida imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilar toifalari va ushbu imtiyozlarni berish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 278-I-son “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonuniga koʻra shahar yoʻlovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi faqat:

1941–1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;

1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;

1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;

Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;

haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;

Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;

koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxslarga beriladi.

29. Shahardagi yoʻnalishlarda avtomobil transportida yoʻlovchi tomonidan yoʻl haqini yoʻlkira kartochkalari bilan toʻlash qanday tartibda amalga oshiriladi?

Avtomobil transportida, xususan, shahar yoʻlovchi transportida yoʻl haqini yoʻlkira kartochkalari bilan toʻlash mumkin. Bunda yoʻlkira kartochkalarini oldindan sotish maxsus tashkil etilgan sotish shoxobchalarida, shuningdek savdo tashkilotlari va bevosita tashuvchi orqali amalga oshiriladi.

Yoʻlkira kartochkasi bagajni bepul tashish huquqini bermaydi.

Yoʻlkira kartochkalari seriyalari, transport turlari boʻyicha boʻlinadi va yoʻlovchilarning barcha toifalari uchun, imtiyozli kartochkalar esa pensionerlar, nogironlar, talabalar va oʻquvchilar uchun haqiqiy hisoblanadi.

Shahar transportida foydalaniladigan barcha seriya va turdagi yoʻl kartochkalari taksilar, shahar atrofidagi va shaharlararo (viloyatlararo va xalqaro) yoʻnalishlar uchun haqiqiy hisoblanmaydi.

30. Shahardagi yoʻnalishlarda avtomobil transportida yoʻlovchi qanday shartlariga rioya etishi lozim?

Yoʻlovchilarni transportga chiqarish va undan tushirish faqat toʻxtab oʻtish manzillarida amalga oshirilishi mumkin. Yoʻnalishda “talabga koʻra” toʻxtash joylari mavjud boʻlganda yoʻlovchi haydovchiga avtotransport vositasini toʻxtatish zarurligi toʻgʻrisida oldindan maʼlum qilishi kerak.

Yoʻnalishli yoki yoʻnalishsiz taksilar yoʻlovchilarini chiqarish va tushirish yoʻlovchilar talabiga koʻra yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Yoʻl kartochkasi yoxud avtobusda yurish huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjati boʻlgan yoʻlovchi uni avtobusga chiqish vaqtida koʻrsatishi shart.

Shahardagi avtobus yoʻnalishlarida yoʻlovchi yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Maktabgacha yoshdagi bolali yoʻlovchilar, homilador ayollar, nogironlar va keksa fuqarolar uchun avtobus salonida, uning yoʻlovchi sigʻimiga qarab 6 ta oldingi joylar ajratiladi. Ushbu joylarni egallagan boshqa yoʻlovchilar ularni mazkur shaxslar uchun boʻshatishlari kerak.

Haydovchi avtobusni toʻxtash joyidan faqat eshiklarni yopgan holda, yoʻlovchilar toʻliq tushirib va chiqarib boʻlingandan soʻng yurgizishi, bekatlarni aniq va toʻgʻri eʼlon qilishi, qatnov yoʻnalishi oʻzgargan taqdirda esa bu toʻgʻrida har qaysi bekatda eʼlon qilishi shart. Avtobus salonini avtobusning muayyan turi uchun belgilangan umumiy sigʻimidan ortiqcha toʻldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

31. Shahardagi yoʻnalishlarda avtomobil transportida yoʻlovchi qoʻl yuki va bagaj olib yurishiga nisbatan qanday talablar belgilanadi?

Yoʻlovchi hajmi 60 sm x 40 sm x 20 sm va ogʻirligi
kilogramdan ortiq boʻlmagan qoʻl yuki hamda musiqa asbobi,
150 santimetrgacha uzunlikdagi buyumlar, shuningdek qafasga solingan mayda hayvonlar va parrandalar, aravacha (bolalar, nogironlar va boshqalarning aravachalari), mayda bogʻdorchilik inventari, bolalar chanalarini oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Hajmi 60 sm x 40 sm x 20 santimetrdan 100 sm x 50 sm x
30 santimetrgacha boʻlgan va uzunligi 150 santimetrdan
200 santimetrgacha boʻlgan buyumlarni, shuningdek oʻlchamidan qatʼiy nazar, ogʻirligi 20 kilogramdan ortiq boʻlgan bagajni olib yurish tarifga muvofiq haq toʻlagan holda amalga oshiriladi.

Oʻlchami 33-bandda koʻrsatilgan eng katta hajmlarning hatto bittasidan ortiq boʻlgan bagaj belgilangan parametrlarga nomuvofiq hisoblanadi.

Bagajning joylanishi va tashilishi yoʻlovchilarga va avtotransport vositasiga biron-bir zarar yetkazish imkoniyatini toʻliq istisno qilishi kerak.

Bagajni olib yurish qiymati yoʻlovchining yoʻl haqi qiymati kabi tartibda belgilanadi.

32. Shahar atrofi yoʻnalishlaridagi bekatlar qanday talablarga javob berishi lozim?

Shahar atrofi yoʻnalishlaridagi bekatlar yoʻlovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini taʼminlashi hamda qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda joylashtirilishi va quyidagilarga ega boʻlishi kerak:

a) pavilyonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yoʻlovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yoʻlkalar;

b) yoʻlovchilarning yomgʻir, qor, shamoldan bekinishi uchun pavilyon;

d) bekatning nomi yozilgan koʻrsatkich;

e) yoʻnalishlar koʻrsatkichi, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yoʻnalishlarning tartib raqami, ularning oxirgi manzili nomi (qatnov yoʻnalishlari boʻyicha), harakatlanish oraligʻi 30 minutdan ortiq boʻlganda ushbu manzildan avtobuslarning joʻnash jadvali. Yoʻnalishda avtobuslar qatnovi oraligʻi 30 minutdan kam boʻlganda jadval oʻrniga qatnovlar oraligʻi jadvali koʻrsatilishi mumkin. Unda avtobuslarning birinchi va oxirgi joʻnash vaqti hamda sutka davrlari boʻyicha qatnov oraliqlari vaqti koʻrsatilgan boʻladi.

33. Shahar atrofi yoʻnalishlarida toʻxtab oʻtish manzillariga nisbatan yoʻlovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, qanday shartlar belgilangan?

Birinchi navbatada, shahar atrofi yoʻnalishlarida toʻxtab oʻtish manzillari yoʻlovchilar uchun eng qulay joylarda boʻlishi kerak:

a) shahar atrofi yoʻnalishlarining shahardagi soʻnggi bekatlari yoʻlovchilar gavjum boʻladigan yirik manzillar (temiryoʻl vokzallari va stansiyalari, daryo portlari, bozorlar, metropolitenning oxirgi bekatlari va shu kabilar) yonida boʻlishi kerak;

b) shaharda shahar atrofi yoʻnalishlarining toʻxtab oʻtish manzillari shahar yoʻlovchi tashish transporti yoʻnalishlari toʻxtab oʻtish manzillari bilan bir joyda boʻlishi va shaharning transportni boshqarish boʻyicha vakolati organlari bilan kelishilgan boʻlishi kerak;

d) aholi yashash joylari chegaralarida joylashgan shahar atrofi yoʻnalishlari toʻxtab oʻtish manzillari oraligʻidagi masofa 1,0 km atrofida, qolgan hollarda – oʻrtacha 1,5 km boʻlishi kerak;

g) shahar atrofidagi bekatlar yoʻnalish trassasida joylashgan har bir aholi yashash joyida boʻlishi kerak.

34. Chiptalari kassalar orqali sotiladigan shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlar toʻxtab oʻtish manzillarida nimalar boʻlishi lozim?

Chiptalari kassalar orqali sotiladigan shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlar toʻxtab oʻtish manzillarida quyidagilar boʻlishi kerak:

a) ish tartibi koʻrsatilgan holda chipta sotish kassalari;

b) toʻxtab oʻtish manzili zonasida yoʻlovchilarning transportga chiqishi-tushishi uchun supacha;

d) avtotransport vositalarining toʻxtab turishi uchun maydonchalar;

e) yoʻl haqi va bagaj tashish haqi bahosi jadvallari;

f) yoʻnalishlar sxemasi;

g) shaharlararo (xalqaro) avtotransport vositalarining qatnov jadvali;

h) sanitariya uzeli.

Chipta sotish kassasi boʻlmagan pavilyonlarda va shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlar toʻxtab oʻtish manzillarida ushbu toʻxtab oʻtish manzili orqali oʻtadigan avtotransport vositalarining qatnov jadvallari osib qoʻyiladi.

35. Shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yurish chiptalari kim tomonidan sotiladi va bu borada yoʻlovchilar qanday huquqlarga ega boʻladi?

Shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yurish chiptalari haydovchilar (mavjud boʻlganda konduktorlar) tomonidan, chipta sotish kassalari tashkil etilgan yoʻnalish toʻxtab oʻtish manzillarida esa kassirlar tomonidan sotiladi.

Avtobusdagi yoʻlovchi yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Yoʻlovchi tomonidan shahar atrofi yoʻnalishlariga joriy sotish kassalaridan sotib olingan chiptalar agar chiptani sotish chogʻida va chiptada oʻzgacha hol aytilmagan va koʻrsatilmagan boʻlsa, avtobus joʻnashidan 5 minut oldin qaytarib berilishi mumkin.

36. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda chipta sotib olish tartibi va shartlari, yoʻlovchilar uchun belgilangan imtiyozlar nimalardan iborat?

Yoʻlovchi avtotransport vositasida yurish uchun chiptalarni:

a) joriy kungi reyslarga – shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlarning boshlangʻich manzillaridagi kassalardan avtobus joʻnaydigan kunda;

b) oraliq manzillardagi kassalardan – avtobusda boʻsh oʻrinlar mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot olingan vaqtdan boshlab;

d) kassadan chiptalar sotish tashkil etilmagan toʻxtab oʻtish manzilida avtobus joʻnagungacha unga chiqish vaqtida – haydovchidan;

g) oldindan chipta sotish kassalaridan (boshlangʻich va oxirgi manzillarda, shuningdek transport-ekspeditorlik va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan manzillarda) – oldindan chipta sotish joʻnash kuni arafasida toʻxtatilgan holda avtotransport vositasi joʻnashidan 10 sutka oldin sotib olish huquqiga egadir.

Boshlangʻich va oraliq manzillardagi kassalarda joriy kungi qatnovlarga chiptalar sotish avtobus joʻnashidan 5 minut oldin toʻxtatiladi.

Yoʻlovchidan, jumladan, imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchidan chiptalarni oldindan band qilib qoʻyganlik uchun chipta bahosiga qoʻshiladigan toʻlov undirilishi mumkin.

Avtovokzal (avtostansiya) yoki tashuvchi oʻz xohishiga koʻra sotish joyida yoki avtotransport vositasi salonida chegirma shartlari va miqdori toʻgʻrisidagi eʼlon majburiy koʻrsatilishi sharti bilan oldindan sotib olish muddatiga qarab chiptalar oldindan sotish kassalaridan sotib olinganligi uchun chegirma qilishi mumkin.

Chiptalarga pochta otkritkasi, telegramma, telefon, elektron pochta yoki internet orqali oldindan buyurtma berilishi mumkin.

Buyurtmada buyurtmachining familiyasi, joʻnash sanasi va vaqti, boriladigan joy, chiptalar soni, olish usuli (uyga eltib berish yoki eltib bermasdan) koʻrsatiladi. Chiptaga uyga eltib bergan holda buyurtma berilganda buyurtmachining manzili, xizmat yoki uy telefoni mavjud boʻlganda esa uning raqami koʻrsatiladi.

Chipta sotib olish va olish, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq elektron usulda ham tashkil etilishi mumkin.

Buyurtma berilgan chiptalarni uyga eltib berganlik uchun yoʻlovchidan toʻlov undiriladi, toʻlovning tasdigʻi sifatida yoʻlovchiga kvitansiya beriladi, kvitansiyada transport tashkilotining nomi va kvitansiya berilgan sana koʻrsatiladi. Yozuvlar aniq holda qayd etiladi, berilgan sana esa kompyuter yoki shtamp bilan qoʻyiladi.

Yoʻlovchi buyurtma bergan va haqi toʻlangan chiptalar oldindan chipta sotish kassasida uni yoʻlovchi talab qilib olgungacha saqlanadi.

Yoʻlovchi tomonidan buyurtma berilgan, lekin haqi toʻlanmagan chiptalar oldindan chipta sotish kassasida saqlanadi va yoʻlovchi tomonidan avtobus joʻnashidan kamida bir soat oldin talab qilib olinishi kerak. Talab qilib olinmagan chiptalar sotish uchun joriy sotish kassasiga beriladi.

Yoʻlovchi oʻzi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bir bolani bepul – alohida oʻrinsiz, besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolani chiptaning toʻliq bahosi 50 foiz chegirilgan – alohida oʻrin berilgan holda olib yurish huquqiga egadir, oʻn yoshgacha boʻlgan ikki nafar va undan koʻproq bolalar olib yurilganda ulardan bittasi bepul, qolganlari – chipta toʻliq bahosining 50 foizi chegirilib, alohida oʻrin berilgan holda olib yuriladi.

37. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda chiptadan foydalanmaganda yoki uni qaytarib berishda yoʻlovchi qanday huquqlarga ega?

Agar oʻzgacha hol tomonlarning kelishuvida qayd etilmagan va chiptalarni sotishda eʼlon qilinmagan boʻlsa:

a) chipta sotib olingan avtotransport vositasiga uning joʻnash vaqtidan boshlab uch soat atrofida, kasallik yoki baxtsiz hodisa oqibatida esa uch sutka mobaynida kechikilganda yoʻlovchining xohishiga koʻra avtobusda yurish hujjati chipta bahosining 25 foizini qoʻshimcha ravishda toʻlatgan holda tiklanadi yoki unga chiptaning toʻlangan bahosi 25 foiz chegirilgan holda qaytarib beriladi.

Yoʻlovchining avtobusga kasallik yoki baxtsiz hodisa oqibatida kechikkanligi davolash muassasasining maʼlumotnomasi yoki baxtsiz hodisa toʻgʻrisidagi dalolatnoma bilan tasdiqlanishi kerak;

b) chipta avtovokzal (avtostansiya) kassasiga avtotransport vositasi joʻnashidan kechi bilan 2 soat oldin qaytarilgan taqdirda yoʻlovchiga chipta bahosi uning oldindan sotish toʻlovi chegirilgan holda qaytariladi. Chipta ushbu muddatdan kech, biroq avtotransport vositasi joʻnashidan oldin qaytarib berilganda chipta bahosi uning qiymatining 15 foizi va oldindan sotilganligi uchun toʻlov chegirib tashlangan holda qaytariladi;

d) avtotransport vositasining joʻnashi jadvalga nisbatan 1 soatdan ortiqqa kechikkanda, yoʻlovchiga chipta sotilganidan pastroq yuqori klassli avtotransport vositasidan joy berilganda, shuningdek unga chiptada koʻrsatilgan joy berilmaganda u chiptani avtotransport vositasi joʻnagungacha kassaga qaytarib berish va chiptaning toʻliq bahosini, jumladan, uning oldindan sotilganligi uchun toʻlovni qaytarib olish huquqiga ega.

38. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishda avtotransport vositasida chipta qaytarib berilganda uning haqini qaytarib olish boʻyicha yoʻlovchi huquqlari qanday tartibda amalga oshiriladi?

Yoʻlovchi pastroq klassli avtotransport vositasida ketishga rozi boʻlganda unga toʻlangan summa bilan toʻlanadigan yoʻl haqi oʻrtasidagi farq summasi qaytarib beriladi.

Pullar avtovokzal (avtostansiya), avtotransport vositalarini joʻnatish punkti boshligʻi (yoki navbatchisi) koʻrsatmasiga binoan qaytarib beriladi. Chipta uning teskari tomoniga “qaytarish” shtampi qoʻyilgan holda qaytariladi hamda yoʻlovchi uni topshirgan vaqt va qaytarilgan chiptaning qiymati koʻrsatiladi.

Pullar kassir tomonidan, chiptalarni qabul qilib olish va pullarni qaytarib berish vedomostidagi yoʻlovchi imzosi bilan beriladi, vedomostda qatnovning sanasi, tartib raqami, yoʻnalish nomi, chiptaning raqami va bahosi koʻrsatiladi.

Qaytarib berilgan chipta va pullarni qaytarib berishga asos boʻlgan boshqa hujjatlar (oldindan sotilganligi uchun toʻlov kvitansiyasi, bagaj chiptasi va hokazolar) vedomost bilan birga kassir hisobotiga ilova qilinadi.

39. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishda avtotransport vositasida koʻrsatiladigan xizmatlarning muddatlari, shartlari va tartibi oʻzgargarda yoʻlovchining huquqlari bormi?

Agar jadvalda belgilangan avtotransport vositasi oʻrniga chiptaning bahosi yuqori boʻlgan avtotransport vositasi berilsa, u holda chiptani ushbu haqdagi eʼlongacha sotib olgan yoʻlovchi mazkur chipta bilan, qoʻshimcha toʻlovsiz ketishga haqlidir. Avtobus almashgani toʻgʻrisida eʼlon qilingan vaqtdan boshlab chiptalar, yoʻlovchilarni tegishli ravishda ogohlantirgan holda, belgilangan yuqoriroq tarif boʻyicha sotiladi.

Agar yoʻlovchi qatnov yoʻlida borayotgan avtotransport vositasidan oʻz aybi bilan qolib ketsa, chipta keyingi qatnovga qayta rasmiylashtirilmaydi va yurilmagan masofa uchun pullar qaytarib berilmaydi.

Tashkilotlar tomonidan ularning oldindan sotib olgan transportda yurish hujjatlari avtovokzallar (avtostansiyalar) kassalariga avtotransport vositasi joʻnashidan 3 sutka oldin qaytarib berilgan taqdirda agar oʻzgacha hol tomonlarning kelishuvida va chiptalarni sotishda eʼlon qilinmagan boʻlsa, ularga yurish hujjatlari qiymati, ular oldindan sotilgani uchun toʻlovni chegirgan holda qaytariladi. Yurish hujjatlari ushbu muddatdan kechikib qaytarilganda yoʻl haqi qiymatining 15 foizi ushlab qolinadi.

Avtotransport vositasining joʻnashi bekor qilinganda yoki yurish hujjatlari qaytarilishda ularni qaytarish muddatidan qatʼiy nazar, yoʻl haqi qiymati summasi ushlab qolinmaydi.

Qaytarib berilgan foydalanilmagan chiptalar va boshqa yurish hujjatlari qiymatini toʻlash yurish hujjatlari sotib olingan joyda amalga oshiriladi.

40. Avtortransport vositasida tashish xizmatlarini koʻrsatishda yoʻlovchining qoʻl yuki va bagajni olib yurishga oid asosiy huquqi nimadan iborat?

Yoʻlovchi avtotransport vositasi xizmatlaridan foydalanishda oʻzi bilan qoʻl yuki va bagaj olib yurishga haqli. Bunda tashishga topshiriladigan bagaj puxta oʻrab-joylangan boʻlishi kerak. Tashishga qabul qilib olingan bagaj uchun bagaj chiptasi beriladi.

Avtomobilning bagaj boʻlimi parametrlariga koʻra tashuvchi, avtomobilning umumiy sigʻimi va yuk koʻtaruvchanligini oshirmasdan, tashishga qabul qilib olinayotgan bagaj oʻrinlari soni va ogʻirligini koʻpaytirishga haqlidir. Qoʻl yuki va bagaj miqdori, uni olib yurish shartlari avtotransport vositasida tashish xizmatlarining turlaridan kelib chiqib turlicha belgilanadi.

41. Avtotransport vositalarida shahar atrofi yoʻnalishlarida qoʻl yuki va bagaj olib yurish boʻyicha yoʻlovchining huquqlari qanday?

Yoʻlovchi hajmi 60 sm x 40 sm x 20 santimetrgacha va ogʻirligi
20 kilogramdan ortiq boʻlmagan, 150 santimetrgacha uzunlikdagi qoʻl yuki, shuningdek qafasga solingan holdagi mayda hayvonlar va parrandalar, aravacha (bolalar, nogironlar aravachalari va boshqalarning aravachalari), kichik bogʻ jihozlari, bolalar chanalarini oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Shahar atrofida tashishlarni hamda aviayoʻlovchilarni aeroportlarga va aeroportlar oʻrtasida tashishlarni amalga oshiruvchi, bagaj boʻlimi (otseki) mavjud boʻlgan avtobuslarda yoʻlovchi ikkita bagaj oʻrni uchun haq toʻlagan holda har birining hajmi 100 sm x 50 sm x 30 santimetrdan ortiq boʻlmagan va 150 dan 200 santimetrgacha uzunlikdagi buyumlarni oʻzi bilan birga olib yurish huquqiga ega.

Shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtotransport vositalarida bagajni olib yurishga chiptalar haydovchilar (mavjud boʻlganda konduktorlar) tomonidan, chipta sotish kassalari tashkil etilgan yoʻnalishlarning oxirgi manzillarida esa kassirlar (perron nazoratchilari) tomonidan sotiladi.

42. Avtotransport vositasida shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda qoʻl yuki va bagaj olib yurishda isteʼmolchi qanday huquqlarga ega?

Yoʻlovchi shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlardagi avtotransport vositalarida oʻzi bilan birga:

a) hajmi 60 sm x 40 sm x 20 santimetr boʻlgan va ogʻirligi 30 kilogramdan ortiq boʻlmagan qoʻl yukini, jumladan, qafasga solingan holdagi mayda hayvon va parrandalar yoki bir juft changʻi (bolalar chanalari), 150 santimetrgacha uzunlikdagi buyumni – bepul;

b) bagaj boʻlimi (otseki) mavjud boʻlmagan avtobuslarda – hajmi 100 sm x 50 sm x 30 sm dan ortiq boʻlmagan va ogʻirligi
60 kilogrammdan koʻp boʻlmagan bagajni bitta joy uchun tarif boʻyicha haq toʻlagan holda;

d) bagaj boʻlimi (otseki) mavjud boʻlgan avtobuslarda hajmi
100 sm x 50 sm x 20 santimetrdan ortiq boʻlmagan, har birining ogʻirligi 60 kilogramdan koʻp boʻlmagan bagajni va 150 santimetrdan
santimetrgacha uzunlikdagi buyumlarni – ikkita joy uchun haq toʻlagan holda olib yurish huquqiga ega.

43. Yoʻlovchining bagaj mashinalarida bagajni joʻnatish borasidagi huquqlari nimalardan iborat?

Yoʻlovchi, bagaj (yuk) avtomobillari harakati tashkil etilgan shaharlararo (xalqaro) yoʻnalishlarda, bagaj avtomobillarida bagajini tashishga topshirish huquqiga ega.

Yoʻlovchilarning bagajlari yoʻl chiptalari taqdim etilganda bagaj avtomobillariga tashish uchun qabul qilinadi. Har bir yoʻl chiptasiga (toʻliq yoki bolalar chiptasiga) umumiy ogʻirligi 150 kilogramdan yuqori boʻlmagan bagaj qabul qilinishi mumkin. Tashuvchi bagaj avtomobilining parametriga bogʻliq holda tashishga qabul qilingan bagajning joyi va ogʻirligini koʻpaytirish huquqiga ega.

Tashish uchun topshirilayotgan bagaj oʻzining oʻlchamlari, oʻrami hamda xususiyatlari boʻyicha bagaj avtomobiliga yuklash va joylashtirishda qiyinchiliklar tugʻdirmasligi, shuningdek boshqa yoʻlovchilarning bagajiga zarar yetkazmasligi kerak. Butun tashish vaqtida bagajning idish va oʻrami butunligi va saqlanganligini taʼminlashi lozim.

Bagaj oʻralganda bagajni yoʻqotish xavfi yoki buzilishi mumkin boʻlgan kamchiliklar boʻlganda bu kamchiliklar toʻgʻrisida tashish hujjatlarida belgi qoʻyilib, bagaj qabul qilinishi mumkin.

Bagaj avtomobilida bagajni joʻnatishni xohlagan yoʻlovchi, yukni oldindan topshirishi, lekin bagaj avtomobilining joʻnashidan 20 minutga kechikmasdan taqdim etishi lozim.

Bagajni tashish uchun qabul qilishning tasdigʻi sifatida yoʻlovchiga belgilangan namunadagi bagaj kvitansiyasi beriladi.

Yoʻlovchi bagajni tashish uchun topshirganda belgilangan tarif toʻlovi bilan topshirilayotgan bagajning qiymatiga qarab uning bahosini eʼlon qilish huquqiga ega.

Bagaj belgilangan joyga yetib kelganda bagaj kvitansiyasini taqdim etuvchiga beriladi.

Yoʻlovchidan alohida tashish uchun qabul qilingan bagaj yoʻlovchi belgilangan joyga jadval boʻyicha yetib kelish kunidan kechikmasdan ushbu manzilga yetkazilishi kerak.

Yoʻlovchi tomonidan talab qilib olinmagan bagaj avtovokzalda yoki belgilangan yetkazib berish manzilida tashuvchi tomonidan yetkazib berishning nazarda tutilgan muddatidan keyin 30 kun mobaynida saqlanadi. Bagaj saqlanganligi uchun tarif boʻyicha toʻlov undiriladi.

Belgilangan yetkazib berish muddatidan 30 kun oʻtgandan keyin talab qilib olinmagan bagaj sotilishi, sotishdan tushgan summa esa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanishi mumkin.

44. Avtotransport xizmatlarini koʻrsatishda yoʻlovchilar tomoni­dan unutilgan buyumlar qanday tartibda saqlashga topshiriladi?

Yoʻlovchilarning unutib qoldirgan buyumlari qatnov tugashi bilan haydovchi tomonidan avtovokzal (avtostansiya) smena navbatchisiga yoki tashuvchining navbatchi dispetcheriga, ular boʻlmaganda esa topilmalar idorasiga topshirilishi shart.

Avtovokzal (avtostansiya) navbatchisi, tashuvchining navbatchi dispetcheri yoki topilmalar idorasi xodimi topilgan buyumlarni olib kelgan shaxs ishtirokida unutilgan buyumlarning roʻyxati bilan ikki nusxada dalolatnoma tuzishi shart.

Dalolatnoma tuzilgandan keyin omborchidan ikki nusxaga ham tilxat olinib, bittasi tashuvchida qoldiriladi, boshqasi esa omborxonaga topshirish uchun omborchiga barcha buyumlar bilan birgalikda beriladi.

Avtovokzal (avtostansiya) navbatchisi yoki tashuvchining navbatchi dispetcheri yoʻlovchining avtotransport vositasida unutib qoldirgan buyumlarni qidirishga tegishli boʻlgan savollariga tushuntirish berishi shart.

45. Yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilar va bagajni tashishga nisbatan qonunchilikda qanday talablar belgilangan?

Yoʻnalishsiz taksilar yakka tartibda foydalanish tartibida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro tashish boʻyicha xizmat koʻrsatishga moʻljallangan.

Yoʻlovchilarni:

a) yoʻnalishsiz taksilarning maxsus jihozlangan toʻxtash joylarida;

b) tegishli harakatlanish tarkibining toʻxtashi ruxsat etilgan koʻcha-yoʻl tarmogʻi uchastkalarida;

d) yoʻlovchilarning buyurtmasi boʻyicha yoʻnalishsiz taksilarni yoʻlga chiqarish joylarida yoʻlovchilarni yoʻnalishsiz taksilarga chiqarish va undan tushirish mumkin.

46. Yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilar va bagajni tashishda yoʻl haqi qanday tartibda toʻlanadi?

Yoʻnalishsiz taksilarning yoʻlovchilarni tashish va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanadi.

Yoʻl haqi yoʻlovchi tomonidan safar tugagandan keyin va bagaj tushirilgandan keyin u bilan kelgan yoʻlovchilar hamda tashib keltirilgan bagaj sonidan qatʼi nazar, taksometr koʻrsatkichi boʻyicha toʻlanadi. Haydovchi bilan hisob-kitob naqd pul bilan yoxud hisob-kitob terminalidan foydalangan holda bank plastik kartochkalari mablagʻlari bilan amalga oshiriladi yoxud internet orqali elektron toʻlov vositasi yordamida.

Yoʻnalishsiz taksi bir necha yoʻlovchilar (navbatda turgan birinchi yoʻlovchining roziligi bilan) tomonidan toʻxtash joyida yollagan yoki taksini yollagan yoʻlovchi roziligi bilan yoʻli bir boʻlgan yoʻlovchi chiqarilgan taqdirda yoʻl haqiga toʻlovning umumiy summasi yoʻlovchilar oʻrtasida har bir yoʻlovchining bosib oʻtgan masofasiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Yoʻnalishsiz taksiga yoʻlovchilarni chiqarishda haydovchi bagajni joylashtirishda yordam koʻrsatishi, safar tugaganda esa yoʻlovchiga uning buyumlarini va bagajini tushirishi toʻgʻrisida eslatishi shart.

Yoʻnalishsiz taksiga oldindan buyurtma berilganda haydovchi avtomobil bilan naryadda koʻrsatilgan vaqtda kelishi shart.

47. Yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilarning yurish shartlari nimalardan iborat?

Yoʻnalishsiz taksilar belgilangan toʻxtash joylarida umumiy navbat tartibida yollaniladi.

Shahar chetiga yoʻnalishsiz taksilarni yoʻlga chiqarishga buyurtmalar dispetcher tomonidan telefon orqali va shaxsan yoʻlovchidan qabul qilinadi.

Yoʻnalishsiz taksini yoʻlga chiqarish qiymati buyurtmachi tomonidan buyurtma boʻyicha belgilangan tarifga muvofiq taksometr koʻrsatkichi boʻyicha toʻlanadi.

Yoʻnalishsiz taksi yoʻlovchining iltimosiga koʻra tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra alohida toʻlov evaziga yoʻlovchini uning iltimosiga binoan kutib turadi.

48. Yoʻnalishsiz taksilarda qoʻl yuki va bagajni tashishda yoʻlovchilarning huquqlariga nimalar kiradi?

Yoʻnalishsiz taksilarning bagaj boʻlinmalarida bagajni tashish faqat yopiq bagajxona boʻlganda ruxsat beriladi.

Yoʻnalishsiz taksilarning salonida avtomobil eshigi orqali bemalol sigʻadigan, salon qoplamasini va uning uskunalarini buzmaydigan va iflos qilmaydigan, haydovchining avtomobilni boshqarishiga hamda orqani koʻrish koʻzgusidan foydalanishiga xalaqit bermaydigan har xil buyumlar va ashyolarni tashishiga ruxsat beriladi.

Mushuklar, itlarni tizgin va toʻshagi mavjud boʻlganda tumshuqbogʻlarda, kichik jonivorlarni savatlarda, sumkalarda hamda qushlarni qafaslarda tashishga ruxsat beriladi.

49. Avtotransportda imtiyozli yoki bepul yoʻl yurish huquqidan foydalanuvchi yoʻlovchilar uchun umumiy qoidalar nimalardan iborat?

Avtotransportda bepul yoki imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga, mansubligi yoki mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, yoʻnalishli avtobuslarida bepul va imtiyozli yurishga ruxsat beriladi.

Avtomobil transportida bepul yuruvchi, shuningdek imtiyozli yurishdan foydalanuvchi yoʻlovchilar uchun avtomobil transportida yoʻlovchi tashishning amal qiladigan qoida va shartlari majburiydir.

Avtobuslarda bepul yoki imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilar tomonidan bagajni tashish va xizmatlar koʻrsatish uchun toʻlovlar umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

50. Avtotransport vositalarida yoʻlovchiga yetkazilgan zarar hamda bagajning yoʻqolishi, kam chiqishi, buzilishi yoki shikastla­nishi uchun tashuvchining javobgarligi nimalardan iborat?

Yoʻlovchilar va bagajni tashish shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarilmagan yoki zarur darajada bajarilmagan taqdirda tashuvchilar mazkur qoidalarda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda moddiy javob beradilar.

Tashish uchun qabul qilingan bagajning yoʻqolishi, kamomadi, buzilganligi yoki shikastlanganligi uchun agar tashuvchilar yoʻqolish, kamomad, buzilish yoki shikastlanish ularning aybi bilan boʻlmaganligini isbotlay olmasa, moddiy javob beradi va zararlarni toʻlaydilar.

Bagajni tashishda yetkazilgan zarar tashuvchi tomonidan quyidagi miqdorda:

bagaj yoʻqolgan yoki kamomadga yoʻl qoʻyilgan taqdirda – yuk yoki bagajning yoʻqolgan yoki yetmagan qiymati miqdorida;

bagajga zarar yetgan (buzilgan) taqdirda uning qiymati kamaygan summa miqdorida, shikastlangan (buzilgan) bagajni tiklash imkoniyati boʻlmaganda esa uning qiymati miqdorida;

qiymati eʼlon qilingan holda tashish uchun topshirilgan bagaj yoʻqolganda bagajning eʼlon qilingan miqdorida toʻlanadi.

51. Avtotransport vositasida tashish xizmatlarini koʻrsatish kechikkanligi yoki lozim darajada boʻlmaganligi uchun tashuvchiga nisbatan qanday javobgarlik choralari nazarda tutilgan?

Shahar yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishdan tashqari yoʻlovchilarni tashish uchun avtotransport vositasini joʻnatish kechikkanligi yoki belgilangan manzilga kechikib kelganligi uchun tashuvchi agar kechikishlar yengib boʻlmaydigan kuch holatlari yoki tashuvchiga bogʻliq boʻlmagan boshqa sabablar oqibatida yuz berganligini isbotlab berolmasa, yoʻlovchiga jarima shaklida neustoyka toʻlaydi.

Yoʻlovchilar tashish uchun avtotransport vositasini joʻnatish kechikkanligi yoki belgilangan manzilga kechikib kelganligi holati yuzasidan avtovokzal (avtostansiya)ning navbatchi dispetcheri tomonidan dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada avtotransport vositasining tasdiqlangan jadval boʻyicha joʻnash (yetib kelish) vaqti va haqiqatda joʻnagan (yetib kelgan) vaqti koʻrsatiladi. Dalolatnoma navbatchi dispetcher va ikki yoʻlovchi tomonidan imzolanadi. Avtovokzalda (avtostansiyada) navbatchi dispetcher boʻlmagan taqdirda dalolatnoma kamida uchta yoʻlovchi tomonidan imzolanadi.

Avtotransport vositasining joʻnashi (yetib kelishi) kechiktirilganligi uchun yoʻlovchiga toʻlanadigan jarima miqdori – joʻnashi (yetib kelish) kechikkanligining birinchi toʻliq soati uchun (60 minut) chipta bahosining 10 foizi hisobidan uning davomiyligiga bogʻliq holda joʻnash (kelish) kechikishining har bir keyingi 15 minuti uchun esa chipta bahosining 3 foizi hisobidan aniqlanadi. Jarima umumiy summasi chipta bahosining 50 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.

Yoʻlovchiga jarima tashuvchi tomonidan yoki avtovokzal (avtostansiya) boshligʻining yozma koʻrsatmasi boʻyicha toʻlanadi.

Yoʻlovchiga toʻlangan jarima, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq avtotransport vositasining joʻnashga kechikkanligi yoki uning belgilangan manzilga yetib kelishi kechikkanligi oqibatida yoʻlovchiga yetkazilgan zararni unga toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Avtotransport vositasining joʻnashi kechikkanligi sababi boʻyicha yoʻlovchi tashishni rad etgan taqdirda tashuvchi yoʻlovchiga yoʻl haqi toʻlovini hamda u tomonidan koʻrilgan boshqa xarajatlarni qaytarishi shart.

52. Avtotransport vositalarida tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashuvchi yoʻlovchining hayoti va sogʻligiga yetkazilgan zarar uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Amaldagi qonunchilikda, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikka bagʻishlangan maxsus qoidalar nazarda tutilgan. Xususan, FKning 725-moddasiga koʻra yoʻlovchining hayoti yoki sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi uchun tashuvchining javobgarligi agar qonunda yoki shartnomada kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu kodeksning 57-bobi qoidalari boʻyicha belgilanadi.

FKning 57-bobi 2-§ “Fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash”ga bagʻishlangan. Jumladan, ushbu paragrafning 1006-moddasi birinchi qismiga binoan fuqaro mayib qilinganda yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qoʻshimcha xarajatlari, jumladan, davolanish, qoʻshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qoʻydirish, birovning parvarishida boʻlish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan oʻtish xarajatlari agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, oʻrni qoplanishi lozim.

Bundan tashqari, yoʻlovchining hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilganda yoʻqotilgan ish haqi va daromadlarni hisoblashga nisbatan alohida qoidalar ham oʻrnatilgan.

53. Avtotransport vositalaridan tashish xizmatlari boʻyicha tashuvchiga eʼtirozlar va daʼvolarni bildirishga nisbatan qanday tartib va muddatlar belgilangan.

Yoʻlovchilar va bagajni tashish jarayonida paydo boʻladigan eʼtirozlar tashuvchiga joʻnash yoki yetib kelish manzilida eʼtiroz bildiruvchining xohishi boʻyicha berilishi mumkin.

Eʼtiroz arizalariga eʼtirozni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.

Tashuvchiga eʼtirozlar 6 oy mobaynida, jarimalar toʻlash toʻgʻrisidagi eʼtirozlar esa 45 kun mobaynida berilishi mumkin.

Koʻrsatilgan muddatlar:

a) bagajning buzilganligi, shikastlanganligi yoki kamomadi uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi eʼtirozlar boʻyicha – bagaj berilgan kundan;

b) bagaj yoʻqolganligi uchun zararni qoplash toʻgʻrisidagi eʼtirozlar boʻyicha – bagaj yetkazib berilgan muddatlar tugagandan
10 kundan keyin;

d) qolgan barcha holatlarda – eʼtiroz bildirish uchun asos boʻladigan voqealar boʻlgan kundan boshlab hisoblanadi.

Tashuvchi eʼtiroz olingan kundan boshlab quyidagi muddatlarda:

a) avtomobil qatnovidagi tashishlardan paydo boʻladigan eʼtirozlar boʻyicha – 3 oy mobaynida;

b) toʻgʻri, aralash qatnovlarda paydo boʻladigan eʼtirozlar boʻyicha – 6 oy mobaynida;

d) jarima toʻlash toʻgʻrisidagi eʼtirozlar boʻyicha – 45 kun mobaynida bildirilgan eʼtirozni koʻrib chiqishi va uning qanoatlantirishi toʻgʻrisida arizachiga xabar berishi shart.

Eʼtirozlar qisman qanoatlantirilganda yoki rad etilganda tashuvchi bu haqidagi bildirishnomada qabul qilingan qarorning sababini koʻrsatishi hamda eʼtirozlarga ilova qilingan hujjatlarni ariza beruvchiga qaytarishi kerak.

Eʼtirozlar toʻliq summada qanoatlantirilganda arizaga ilova qilingan hujjatlar qaytarilmaydi.

Yoʻlovchilar va bagajni tashishdan kelib chiqadigan daʼvolar sudga berilishi mumkin.

MUAMMOLI VAZIYATLARDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQLARI VA ULARNING AMALGA OSHIRILISHI

Fuqaro Poʻlatov yoʻlovchi tashish poyezdida Toshkent–Buxoro yoʻlanilishi uchun chipta xarid qildi. U poyezdga chiqqach yoʻl koʻrsatuvchi uning uchun joy yoʻqligini, ushbu chipta bilan turgan holda manzilga yetib olishi mumkinligini maʼlum qildi. Mazkur holatda fuqaro Poʻlatov qanday huquqlarga ega?

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 207-bandiga koʻra yoʻlovchi tashish poyezdida (shaharlararodan tashqari) yoʻlovchiga sotib olingan chiptaga binoan joy taqdim qilinmaganda yoʻlovchi talabiga binoan joʻnash stansiyasi tomonidan dalolatnoma tuziladi va bu dalolatnoma asosida unga zudlik bilan chipta uchun, amalga oshirilmagan bagaj tashilishi uchun esa dalolatnoma orqa tomonida qoʻl qoʻydirib, pullar toʻliq qaytariladi.

Bundan tashqari, yoʻlovchiga oʻsha yoʻlovchi tashish poyezdining oʻzida quyi toifa vagonida joy taqdim qilinganda stansiya poyezdda yurish uchun olingan summa va oʻsha vagonda taqdim etilgan joyning haqiqiy qiymati orasidagi farqni qaytaradi.

Fuqaro Salimov Toshkent–Samarqand yoʻnalishidagi termir yoʻl poyezdida sayohat qilish uchun chipta xarid qildi. Biroq joʻnab ketishidan 2 kun oldin sogʻligʻi yomonlashganligi sababli kasalxonaga tushdi. U davolanishi jarayonida poyezd joʻnab ketishidan 8 soat oldin temiryoʻl kassasiga borib chiptani qaytarishini maʼlum qildi. Biroq temiryoʻl kassasi chipta qaytarib olinmasligini maʼlum qildi. Ushbu holatda yoʻlovchi qanday huquqlarga ega?

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 207-bandiga koʻra temiryoʻl stansiyasi chipta kassasiga foydalanilmagan chiptalar yoʻlovchi tashish poyezdi joʻnashiga qadar 24 soat kechiktirmasdan qaytarilganda chipta toʻliq qiymati, foydalanilmagan chiptalar 24 soatdan kamroq, biroq yoʻlovchi tashish poyezdi joʻnashiga qadar 6 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda chipta qiymati va plaskartaning ellik foiz qiymati, foydalanilmagan chiptalar 6 soatdan kamroq, biroq yoʻlovchi tashish poyezdi joʻnagandan keyin 3 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda chipta qiymati qaytariladi, plaskartaning qiymati qaytarilmaydi.

Shuni yodda tutish lozimki, chiptalar qaytarilganda vositachilik yigʻimi qaytarilmaydi.

Fuqaro Tohirov Toshkent–Qarshi yoʻnalishidagi termir yoʻl poyezdi uchun chipta xarid qildi. U joʻnab ketishidan 2 kun oldin sogʻligʻi yomonlashganligi sababli kasalxonaga tushdi. U davolanishi jarayonida poyezd joʻnab ketishidan 6 soat oldin temiryoʻl kassasiga borib chiptani qaytardi. Biroq temiryoʻl kassasi chipta uchun vositachilik yigʻimi ushlab qolinishini maʼlum qildi. Ushbu holatda yoʻlovchi huquqlari buzilganmi?

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 207-bandiga koʻra chiptalar qaytarilganda vositachilik yigʻimi qaytarilmaydi. Chiptaning qiymatiga qoʻshimcha tariqasida chipta sotish jarayonida koʻrsatilgan xizmatlar uchun vositachilik yigʻimlari undiriladi. Bunda rasmiylashtirilgan har bir joy uchun yoʻlovchi tashuvchi tomonidan belgilangan vositachilik kelishilgan narxda undiriladi. Bugungi kunga kelib (yoʻlovchi poyezddagi har bir joy uchun):

“Afrosiyob” tezyurar poyezdlarida (Samarqand, Jizzax, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz va Navoiy shaharlariga) – 10 000 soʻm;

mahalliy yoʻnalishdagi barcha yoʻlovchi poyezdlar uchun – 20 000 soʻm;

yoʻlovchilar uchun № 647/648 (Nukus – Beyneu – Nukus) umumiy va platskart vagonlar uchun – 15000 soʻm;

MDH davlatlari bilan aloqada boʻlgan barcha davlatlararo yoʻlovchi poyezdlari “Oʻzbekiston temiryoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasiga tegishli – 70 000 soʻm;

MDH davlatlari bilan aloqada boʻlgan barcha davlatlararo yoʻlovchi poyezdlari va boshqa davlatlar uchun – 95 000 soʻm.

Fuqaro Musayev Toshkent–Nukus yoʻnalishidagi temiryoʻl poyezdi uchun chipta xarid qildi. U oʻzi bilan 4 yoshli oʻgʻlini hamda 8 yoshli qizini ham olib ketmoqchi boʻlib, ular uchun imtiyozli ravishda chipta berilishini talab qildi. Biroq temiryoʻl kassasi unga imtiyozli toifa mavjud emasligini maʼlum qildi. Ushbu holatda yoʻlovchi huquqlari buzilganmi?

Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarining 31-bandiga koʻra yoʻlovchi oʻzi bilan birga yoʻlovchi tashish poyezdida yoʻl haqi toʻlamasdan 5 yoshgacha (joʻnash vaqtiga yoshi toʻlgani ham) bitta bolani alohida joy berilmasdan olib yurish huquqiga ega. 5 yoshgacha bolaga chipta rasmiylashtirish yoʻl haqi toʻlamasdan ota-onalar birining chiptasiga asosan amalga oshiriladi.

Yoʻlovchi bilan bittadan ortiq 5 yoshgacha (joʻnash vaqtiga yoshi toʻlgani ham) bolalar ketayotgan boʻlsa, ulardan biri yoʻl haqi toʻlanmasdan, qolganlari qiymatidan ellik foiz chegirma bilan alohida joy taqdim qilinib tashiladi.

5 yoshdan 10 yoshgacha (joʻnash vaqtiga yoshi toʻlgani ham) bolalarga ham tarif qiymatidan ellik foiz chegirma bilan alohida joy beriladi.

Demak, bu oʻrinda yoʻlovchi huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. Mazkur holatda yoʻlovchining yuqoridagi huquqlarini amalga oshirish imkoniyati yaratilishi shart.

Fuqaro Salimov farzandlari 6 yoshli Akrom va 5 yoshli Mohira bilan shahardagi avtobusga chiqdi. U oʻzi uchun yoʻlkira haqini toʻlab, farzandlari bepul yurish huquqiga egaligini maʼlum qildi. Haydovchi esa unga eʼtiroz bildirib, farzandlarining yoshi kattaligi, ushbu holat ularning gavda tuzilishidan koʻrinib turganligi, qolaversa, faqat bitta farzandi bepul yurishi mumkinligi sababli yoʻlkira haqi toʻlashi shartligini aytdi. Ushbu holatda yoʻlovchi huquqlari buzilyaptimi?

Bu oʻrinda yoʻlovchining huquqlari buzilayotganligi koʻrinib turibdi. Chunki Oʻzbekiston Respublikasida Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarining 29-bandiga koʻra shahardagi avtobus yoʻnalishlarida yoʻlovchi yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Bunda shu holatga eʼtibor qaratish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlardagi avtobusda besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish, besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bola uchun alohida joy berilgan holda chipta toʻliq qiymatining 50 foizini toʻlab chipta sotib olish va oʻn yoshgacha boʻlgan ikki yoki undan ortiq bola olib yurilganda ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlari uchun – alohida joy berilgan holda chipta toʻliq qiymatining 50 foizini toʻlab chipta sotib olinadi.

Demak, bu oʻrinda fuqaro Salimovning shahar transportida shahar va shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan bepul olib yurish huquqi qonunda belgilab qoʻyilgan.

Fuqaro Abdullayev Afgʻoniston Respublikasida jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchi hisoblanadi. U shahar transportidan foydalanish maqsadida avtobusga chiqqanida undan yoʻlkira haqini toʻlashni talab qilishdi. Shunda u bepul yurish huquqiga egaligini, bu huquqi qonunda nazarda tutilganligi sababli izoh bermasligini maʼlum qildi. Ushbu holatda Fuqaro Abdullayevning harakatlari qonuniymi?

Ushbu munosabatni huquqiy tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Qonunga muvofiq shahar yoʻlovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi faqat:

1941–1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;

1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;

1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;

Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;

haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;

Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;

koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs uchun saqlab qolingan.

Yuqoridagi faziyatda fuqaro Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (2013-yil 4-mart, roʻyxat raqami –2434) koʻra guvohnoma olgan boʻlishi va bepul yurish huquqini amalga oshirish uchun uni koʻrsatishi zarur.

Fuqaro Raimov tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish maqsadida Toshkentning Qoʻyliq bozoridan bir qop kartoshka va sabzi xarid qilib shaharning Oloy bozoriga boruvchi avtobusga chiqdi. U avtobus uchun yoʻlkira haqini toʻlab, bagaj qoʻl yuki sifatida qaralishi sababli uning uchun haq toʻlamasligini maʼlum qildi. Bu oʻrinda vaziyat qanday hal qilinadi?

Ushbu holatda eʼtibor qaratish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasida Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarining 32-bandiga koʻra yoʻlovchi hajmi 60 sm x 40 sm x 20 sm va ogʻirligi 20 kilogramdan ortiq boʻlmagan qoʻl yuki hamda musiqa asbobini, 150 santimetrgacha uzunlikdagi buyumlar, shuningdek qafasga solingan mayda hayvonlar va parrandalar, aravacha (bolalar, nogironlar va boshqalarning aravachalari), mayda bogʻdorchilik inventari, bolalar chanalarini oʻzi bilan birga bepul olib yurish huquqiga ega.

Agar hajmi 60 sm x 40 sm x 20 santimetrdan 100 sm x 50 sm x 30 santimetrgacha boʻlgan va uzunligi 150 santimetrdan 200 santimetrgacha boʻlgan buyumlarni, shuningdek oʻlchamidan qatʼiy nazar, ogʻirligi
20 kilogramdan ortiq boʻlgan bagajni olib yurish tarifga muvofiq haq toʻlagan holda amalga oshiriladi.

Bagajni olib yurish qiymati yoʻlovchining yoʻl haqi qiymati kabi tartibda belgilanadi.

Demak, fuqaro Raimovning yuki hajmi 60 sm x 40 sm x 20 sm va ogʻirligi 20 kilogramdan ortiq boʻlmasa, bepul olib yurish huquqiga ega hisoblanadi.

Fuqaro Sharipov nafaqaga chiqqanidan soʻng Toshkent shahrining koʻngilochar manzillarini sayohat qilish uchun keldi va tashish xizmatlaridan foydalanish uchun metropolitenga tushdi. U nafaqadagi shaxslar metropolitendan bepul foydalanishlari mumkinligi haqida maʼlumotga ega boʻlganligi sababli oʻzining huquqidan foydalanishini maʼlum qildi. Biroq metropoliten xodimlari ushbu huquqdan foydalanish uchun tegishli tartibda ruxsatnoma olish zarurligini maʼlum qildi. Bu oʻrinda fuqaroning qanday huquqlari mavjud?

Haqiqatan ham, bugungi kunda imtiyozli toifaga ega boʻlgan shaxslarning tashish xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-martdagi 128-son qarori bilan Kunduzi Toshkent metropolitenidan bepul foydalanadigan pensionerlar sonini hisobga olish va “Oʻzbekiston temiryoʻllari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.

Mazkur nizomga koʻra pensioner metropolitenda bir marta bepul yurish uchun bitta jeton olish uchun bir martalik maxsus bepul jetonni realizatsiya qiladigan metropoliten kassasi operatoriga pensiya guvohnomasini koʻrsatadi, bunda bir martalik maxsus bepul jeton faqat shaxsan pensionerning oʻziga beriladi.

Metropoliten har qaysi stansiyasining kirish joyida soat 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan davrda bepul yurish uchun bir martalik maxsus bepul jetonlarni qabul qilish boʻyicha bitta maxsus turniket ajratiladi. Pensioner olingan bir martalik maxsus bepul jeton bilan maxsus turniket yoniga boradi va unga bir martalik maxsus bepul jetonni tashlab metropolitendan foydalanadi.

Demak, fuqaro metropoliten har qaysi stansiyasining kirish joyida soat 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan davrda bepul yurish huquqiga ega.

Fuqaro Salimov Yevropaga sayohat qilish uchun Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanishga qaror qildi va aviachipta xarid qildi. Sayohatga ketayotganida u oʻzi bilan qoʻl yuki va bagaj olgan edi. Uning qoʻl yuki gabaritlari 56 sm (22 dyuym) x 45 sm (18 dyuymo) x 25 sm (10 dyuym) har birining jami hajmi esa – 115 sm (45 dyuym) tashkil qildi. Fuqaro ushbu qoʻl yuki bilan bir qatorda farzandining yoʻl beshigi, oʻzining ustki kiyim boshlarini hamda zerikmasligi uchun badiiy kitoblarni ham olgan edi. Biroq aeroportda xodimlar uning qoʻl yuklari hajmi kattaligi sababli bagaj sifatida rasmiylashtirish zarurligini aytishdi. Ushbu holatda fuqaro oʻzining huquqlari buzilayotgan deb hisobladi. Vaziyatga qanday huquqiy baho berish mumkin?

Haqiqatan ham, yoʻlovchilar buyumlarini roʻyxatdan oʻtkazilgan bagaj yoki qoʻl yuki sifatida tashishlari mumkin. Bunda qoʻl yuki birkalar bilan belgilanadi.

Eʼtibor qaratish lozimki, havo kemasining salonida yoʻlovchining kuzatuvi ostida tashiladigan qoʻl yukining meʼyori tashuvchi tomonidan tasdiqlanadi. Bu oʻrinda qoʻl yuki gabaritlari 56 sm (22 dyuym) x 45 sm (18 dyuym) x 25 sm (10 dyuym) har birining jami hajmi esa 115 sm
(45 dyuym) tashkil qilishi mumkin.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
78-bandiga koʻra yoʻlovchiga havo kemasi salonida qoʻl yukidan tashqari oʻzining zarur ehtiyoji uchun kerak boʻladigan shaxsiy buyumlarini (masalan, portfel, ayollar sumkachasi, hujjatlar uchun jild, soyabon, hassa, ustki kiyim, guldasta, parvozda oʻqish uchun bosma nashrlarni, bola uchun ozuqani va bolalar yoʻl beshigi, nogironlar uchun oʻrindiq-aravacha yoki jismonan imkoniyatlari cheklangan yoʻlovchilarning harakatlanishlari uchun moslashtirilgan anjomlar va boshqalar) tashishga ruxsat beriladi.

Demak, fuqaro qoʻl yuki bilan bir qatorda farzandining yoʻl beshigi, oʻzining ustki kiyim boshlarini hamda badiiy kitoblarni tashishga haqli.

Fuqaro Sharipov Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanish maqsa­dida aviachipta xarid qildi. Uchish oldidan roʻyxatdan oʻtish jarayonida u roʻyxatdan oʻtkazil­gan bagaj sifatida oʻzi bilan birga uy sharoitida tayyorlangan spirtli ichimlik, kislorod balloni ham olib oʻtmoqchi boʻlganida aeroport xodimlari ushbu buyumlarni olib oʻtish taqiqlanganligini maʼlum qilishda. Vaziyatga qanday huquqiy baho berish mumkin?

Havo kemasida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar roʻyxati Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) Xavfli yuklarni havoda tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalari (Doc 9284) hamda Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 183-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligiga tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomning 7-ilovasiga muvofiq 5 litrdan oshmagan hajmdagi
24 % alkogol ichimlik hamda tibbiy maqsadlarga moʻljallangan ogʻirligi 5 kilogramgacha boʻlgan kislorod ballonini roʻyxatdan oʻtkazilgan bagaj sifatida tashishga haqli.

Demak, fuqaro chakana savdo uchun moʻljallangan hajm yoki oʻlchamda boʻlgan alkogol mahsuloti hamda tibbiy maqsadlarga moʻljallangan kislorod ballonini tashishga haqli.

Fuqaro Oripov xorijda mehnat migranti sifatida meh­nat qiladi. U bayram kunlari oʻz ona yurtiga kelishga qaror qildi va Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasi chip­talarini xarid qildi. Biroq u aeroportga kelganida parvoz kechikayotganligi maʼlum qilindi. U esa kutishga majbur emasligini, boshqa reysda boʻlsa ham, uchishiga imkon berilishini talab qildi. Aviakompaniya esa uning ushbu talablarini rad qildi. Natijada fuqaro 18 soat boshqa mamlakatning aeroport terminalida qolib ketishga majbur boʻldi. Ushbu vaziyatda ham unga hech qanday qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatilmadi. U oʻziga yetkazilgan zararni qoplanishini talab qildi. Isteʼmolchi fuqaroning qanday huquqlari bor?

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining
1301-bandiga koʻra rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega boʻlgan yoʻlovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berish rad etilgan boʻlsa va bu yoʻlovchining belgilangan vaqtdan ortiq uchish punktida ushlanib qolishiga sabab boʻlsa, yoʻlovchiga yetkazilgan zarar tashuvchi tomonidan kompensatsiya toʻlovi yoki bepul qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish orqali qoplanadi.

Kompensatsiya toʻlovini toʻlash tartibi va miqdori tashuvchi tomonidan fuqarolik qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan qoidalar, Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi, mazkur qoidalar, shuningdek joʻnab ketish yoki tranzit mamlakatning qonun hujjatlari va xalqaro tijorat ittifoqlarining talablari asosida belgilanadi.

Parvoz tashuvchi tomonidan belgilangan aniq vaqtdan kechiksa, tashuvchi yoʻlovchiga yetkazilgan zararni qoplashi shart. Zarar miqdori parvoz kuponi narxidan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi.

Yoʻlovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan quyidagi bepul qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi:

  • bir marotaba telefon orqali gaplashish yoki telegramma yuborish yoki boshqa aloqa xizmatlaridan foydalanishni taʼminlash;
  • parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha boʻlgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan taʼminlash;
  • tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan koʻra koʻproq boʻlsa, mehmonxona bilan taʼminlash;
  • kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qoʻyish va qaytishni taʼminlash;
  • chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash.

Demak, fuqaro yuqoridagi huquqlardan foydalanishga haqli.

Avstriya fuqarosi Fly Emirates aviakompaniyasidan parvoz uchun aviachipta xarid qildi. U oʻzi bilan qimmatbaho metallari mavjud bagaj ham olgan edi. U bagajni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazdi. Xorijiy mamlakatdan Oʻzbekistonga yetib kelganida sogʻligʻi yomonlashib kasalxonaga tushdi. Kasalxonada davolanib boʻlgach, yuklarini talab qildi. Biroq aeroport xodimlari yoʻqolgan bagajlar qoidaga muvofiq chet ellik tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan bagaj aeroportda koʻpi bilan 7 kun saqlanadi va uni olib kelgan tashuvchining reysi bilan qaytarib yuborilishini maʼlum qildi. Bu oʻrinda isteʼmolchi huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilganmi?

Haqiqatan ham, Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalarining 1041-bandiga koʻra chet ellik tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan bagaj aeroportda koʻpi bilan 7 kun saqlanadi va uni olib kelgan tashuvchining reysi bilan qaytarib yuboriladi.

Biroq shunga eʼtibor qaratish lozimki, qimmatbaho metallar, qimmatbaho, yarim qimmatbaho toshlar hamda tabiiy marvaridlar va boshqa shunga oʻxshash predmetlar yoʻq qilinmaydi. Bunday predmetlar boʻyicha komissiya aʼzolari tomonidan ikki nusxada ularning vazni va alohida belgilari koʻrsatilgan roʻyxat tuziladi. Mazkur roʻyxat komissiya aʼzolari va komissiya ishida ishtirok etgan aeroportning bojxona xizmati va ichki ishlar organlari vakillari tomonidan imzolanadi. Aeroport direktori tomonidan roʻyxat rasmiylashtirilgach uch ish kuni ichida unda nazarda tutilgan predmetlarni tasarruf qilish boʻyicha tegishli qaror qabul qilish uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishi shart.

Demak, bu oʻrinda aeroport fuqarolik ishlari boʻyicha sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishi lozim. Shuningdek, bu oʻrinda fors-major holati yuzaga kelganligi ham eʼtibordan chetda qoldirilmasligi zarur.

Fuqaro Ne’matovning Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanish jarayonida roʻyxatdan oʻtkazilgan bagaji yoʻqolib qoldi. Yoʻqolgan buyumlar juda qimmatbaho boʻlganligi sababli u aeroportdan uning aslini topishni yoki xalqaro standartlarga muvofiq qimmat narxda zarar qoplanishini talab qildi. Bunga aeroport eʼtiroz bildirib, barcha uchun belgilangan qiymatga haq toʻlanishi mumkinligini maʼlum qildi. Vaziyatga qanday huquqiy baho beriladi?

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalari 126-bandiga koʻra bagaj yoki yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolgani, kamomadi va ularga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi:

tashish uchun olingan qiymati eʼlon qilingan bagajning yoʻqolgani yoxud kamomadi uchun – eʼlon qilingan qiymati miqdorida, agar tashuvchi eʼlon qilingan qiymat haqiqiy qiymatdan balandligini isbot qilsa – haqiqiy qiymat miqdorida;

qiymati eʼlon qilinmagan holda tashish uchun qabul qilingan bagajning, shuningdek yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolganligi, kamomadi yoxud ularga yetkazilgan zarar uchun – Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladi.

Demak, bu oʻrinda fuqaro bagajdagi yukning qiymatini eʼlon qilgan boʻlsa, yuqoridagi talabni, yaʼni qimmat narxdagi toʻlovni oʻzi eʼlon qilgan miqdorda talab qilishga haqli. Bunday hollarda tashish xizmatlari koʻrsatilishidan oldin tashuvchi va fuqaro buyumning narxi borasida kelishuvga erishishlari talab qilinadi.

Fuqaro Olimov Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasidan aviachipta xarid qildi. Uning yaqin qarindoshi vafot etganligi sababli chipta olgan kundan boshqa kunda uchishi uchun chiptani qayta rasmiylashtirish talabi bilan aviakassaga murojaat qildi. Aviakassa narxlar oshganligi sababli qoʻshimcha toʻlov toʻlanishi zarurligini maʼlum qildi. Bunday hollarda aviachipta narxida oʻzgarishlar boʻlsa, isteʼmolchi qanday harakat qiladi?

Qoidaga muvofiq tashish shartnomasi majburiy va ixtiyoriy ravishda oʻzgartirilishi mumkin.

Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalari 63-bandiga koʻra agar yoʻlovchi tashish shartnomasining har qanday shartini (qatnov, uchish sanasi, yoʻnalishi, xizmat koʻrsatish toifasi, chiptaning tashish uchun yaroqlilik muddati va hokazo) ixtiyoriy ravishda oʻzgartirmoqchi boʻlsa, bu toʻgʻrisida tashuvchini xabardor qilishi lozim. Bunda tashuvchi tashish shartnomasining yangi shartlari boʻyicha tarifni hisoblashi kerak, agar tashish shartnomasining bunday ixtiyoriy oʻzgarishidan tashish qiymati oshadigan boʻlsa, unda yoʻlovchi birinchi narxdagi miqdor bilan yangi narxdagi miqdor oʻrtasidagi farqlarni toʻlashi kerak. Agar bu oʻzgarish natijasida yangi tashishning qiymati birinchi toʻlangan narxdan past boʻlsa, unda tashuvchi yoʻlovchiga tashish qiymatidagi farqni qaytarishi kerak.

Tashish bilan bogʻliq belgilangan tariflar va yigʻimlarning miqdoriga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda ushbu oʻzgartirishlar ular kiritilgunga qadar tuzilgan tashish shartnomalariga tashish boshlanish vaqtiga qadar tatbiq etilmaydi.

Agar tashish boshlanishiga qadar yoʻlovchining xohishi bilan tashish shartnomasiga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda yangi tashish sanasidagi tarif va yigʻimlarning miqdori asosida qaytadan chipta rasmiylashtiriladi.

IMOMOV NURILLO FAYZULLAYEVICH

MEHMONOV QAMBARIDDIN MIRADXAMOVICH

TRANSPORT (HAVO, TEMIRYOʻL VA JAMOAT TRANSPORTLARI)DA YUK VA YOʻLOVCHI TASHISH XIZMATLARI KOʻRSATISH SOHASIDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQLARI

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 4,18 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 159-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

  1. https://www.uzairways.online/luggage-restriction.html