Kirish
Ovqatlanish insonning asosiy hayotiy ehtiyojlaridan sanaladi. Shu sababli umumiy ovqatlanish korxonalari: restoran, kafe, oshxona, choyxona, bufetlar xizmatidan isteʼmolchilar bevosita kundalik hayotida koʻp duch keladi. Ushbu tuzilmalar isteʼmolchilarning sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga hamda ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashda asosiy savdo va ayni paytda xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshiradilar. Garchi, ovqatlanishga boʻlgan ehtiyoj isteʼmolchilikning birlamchi talablaridan boʻlsa-da, har doim isteʼmolchi huquqlarini amalga oshirish kutilgan samarani berada. Shu bois bu borada isteʼmolchining zarur huquqiy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ovqatlanish aholi sogʻligʻini belgilaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi. Sogʻlom ovqatlanish – bu insonning sogʻligʻi mustahkamlanishiga va kasalliklar kamayishiga koʻmaklashadigan, uning oʻsishini, normal kamol topishini va hayot faoliyatini taʼminlaydigan ovqatlanish. Ovqatlanish tuzilmasida balansning har qanday buzilishi inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, shuningdek turmush sifati pasayishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Respublikada oziq-ovqat sanoati rivojlanishining tadrijiy oʻsishini taʼminlashga va mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Buning hisobiga keyingi yillarda aholining ovqatlanishi sifati ancha yaxshilandi, oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish tuzilmasi oʻzgardi, jon boshiga goʻsht va goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qilish 1,3 baravar, sut va sut mahsulotlarini isteʼmol qilish – 1,6 baravar, tuxum yeyish – 2,2 baravar, sabzavotlarni isteʼmol qilish – 2,6 baravar, kartoshkani isteʼmol qilish – 1,7 baravar, mevalarni isteʼmol qilish – 4,0 baravar oʻsdi[1].
Umumiy ovqatlani tarmogʻi keng qamrovli boʻlib, bu borada isteʼmolchilar huquqlarini bilish, uning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ularni himoya qilish, taraflarning majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi kabi bir qator masalalar alohida ahamiyatga ega.
Mazkur risola umumiy ovqatlanish sohasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan boʻlib, unda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir qonun hujjatlarida belgilangan asosiy qoidalar, isteʼmolchilarning huquq va majburiyatlari, bu borada xizmatlar koʻrsatish tartibi atroflicha yoritilgan.
Risola keng doirasidagi isteʼmolchilar va sohaga qiziquvchilar uchun moʻljallangan.
SAVOL-JAVOBLAR
1. Umumiy ovqatlanish sohasida fuqaroning isteʼmolchilik maqomi qaysi paytdan boshlanadi?
Odatda kishining moddiy ehtiyojlari orasida ovqatlanish asosiy va dastlabki ehtiyojlardan sanaladi. Zamonaviy jamiyatda fuqarolarning ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda umumiy ovqatlanish korxonalari alohida oʻrin tutadi. Fuqarolar oʻzlarining ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojini oziq-ovqat mahsulotini xarid qilish va shu asosda oʻzlari uchun ovqat tayyorlash yoʻli bilan yoki umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlaridan foydalanish qanoatlantirishlari mumkin.
Umumiy ovqatlanish fuqarolarga maxsus ovqatlanish joylarini tashkil etish va ularning ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga oid keng tarmoqli xizmat koʻrsatish sohasi hisoblanadi. Ushbu sohadagi ijtimoiy munosabatlarning bir tarafi – xizmat koʻrsatuvchi subyektlar boʻlsa, ikkinchi tarafi – isteʼmolchi fuqarolar hisoblanadi. Umumiy ovqatlanish sohasida fuqaroning isteʼmolchilik holati ham Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqib umumiy ovqatlanish korxonalariga ovqatlanish borasidagi xizmatga buyurtma bergan yoki shu istakda murojaat qilgandan boshlanadi. Bunda fuqaroning ovqatlanishga buyurtmasi shaxsiy isteʼmolga moʻljallanganligi yoki boshqa maqsadlarni koʻzlashi, masalan, tayyorlangan ovqatni oʻzi bilan olib ketishi ahamiyatga ega boʻlmaydi. Aynan fuqaroning umumiy ovqatlanish korxonasi murojaati, yaʼni buyurtmasidan boshlab u isteʼmolchi huquqlari ega hisoblanadi.
2. Umumiy ovqatlanish sohasida kimlar xizmat koʻrsatuvchi subyektlar hisoblanadi?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qaroriga 2-Ilova “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish” Qoidalari (keyingi oʻrinlarda Qoidalar)da belgilanishicha, umumiy ovqatlanish sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyekt – bu umumiy ovqatlanish sohasida kulinariya, shuningdek boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, sotish va isteʼmol qilishni tashkil etish hamda xizmatlar koʻrsatish boʻyicha funksiyalarni bajaruvchi yuridik shaxsdir.
Umumiy ovqatlanish sohasida uy sharoitlarida yoki joylardagi davlat hokimiyati organlari qarori bilan maxsus ajratiladigan joylarda ovqatlanish joylari tashkil etmasdan donali taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va sotish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchilar umumiy ovqatlanish korxonasi hisoblanmaydi va ularga buyurtma bergan fuqarolar ham isteʼmolchi maqomiga ega hisoblanmaydi.
Umumiy ovqatlanish korxonasi tegishli tartibda ruxsatnoma olganidan keyin oʻz faoliyatini amalga oshirishni boshlashi mumkin hisoblanadi. Ruxsatnoma, umumiy ovqatlanish korxonasiga u belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin, uning joylashgan joyidagi hokimiyat tomonidan beriladi.
Ruxsatnomani berish, qaytarib olish va uning amal qilishini toʻxtatib turish Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish va ular tomonidan savdo faoliyatini amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 16-noyabrdagi 407-son qarori bilan tasdiqlangan Ulgurji va chakana oʻtkazishni hamda ular savdo faoliyati roʻyxatdan amalga oshirilishi tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda nazarda tutilgan.
3. Umumiy ovqatlanish korxonalarining qanday turlari mavjud?
Amaldagi qonunchilikka muvofiq umumiy ovqatlanish korxonalarining turlari alohida tasniflanadi va xizmatini umumiy ovqatlanish korxonasi faqat belgilangan shaklda tashkil etib amalga oshirishi mumkin. Qonunchilikda umumiy ovqatlanish korxonalarining roʻyxati qatʼiy belgilangan va bu roʻyxatdan boshqa shakldagi umumiy ovqatlanish korxonasini tashkil etish mumkin emas.
Qoidalarda belgilanishicha, umumiy ovqatlanish korxonalari quyidagi talablar asosida mulkdor deb belgilanadigan quyidagi turlarga boʻlinadi: restoran, vagon-restoran, bar, kafe, yozgi kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona.
4. Umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida restoran tushunchasi va unda koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan talablarga nimalar kiradi?
Restoran umumiy ovqtalanish korxonalarining sifatida va qulayligi nuqtayi nazaridan yuqori turuvchi boʻgʻini hisoblanadi. Bunda isteʼmolchiga uning buyurtmasi asosida maxsus xizmat koʻrsatilishi mumkin. Restoran – oʻz nomiga ega boʻlgan, isteʼmolchilarga murakkab usulda tayyorlanadigan yuqori sifatli kulinariya va qandolatchilik mahsulotlarining keng assortimentini hamda ichimliklarni taqdim etadigan eng qulay umumiy ovqatlanish korxonasidir. Restoran taomnomasiga majburiy tartibda porsiyali va firma ovqatlari kiritiladi. Xizmat koʻrsatish dam olish, ovqatlar pishirish va xizmat koʻrsatish bilan uygʻunlashtirilgan holda yuqori malakali oshpazlar va ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladi.
5. Vagon-restoranda isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishning xususiyati nimada?
Vagon-restoran – yoʻlda yurish davomida temir yoʻl transporti yoʻlovchilariga va poyezd brigadalari xodimlariga nonushtalar, tushliklar, kechki ovqatlar, qandolatchilik mahsulotlari va ichimliklar bilan xizmat koʻrsatish uchun moʻljallanadi.
Vagon-restoranda koʻrsatiladigan umumiy ovqatlanish xizmati faqat temir yoʻl transporti yoʻlovchilari uchun moʻljallanadi va isteʼmolchining vagon-restoranga nisbatan talablari yoʻlovchi temir yoʻl chiptasini taqdim etganda yuzaga keladi.
6. Umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida bar qanday turdagi xizmatlarni koʻrsatadi?
Bar – tik turgan holda isteʼmolchilarga ichimliklar va zakuskalar bilan xizmat koʻrsatishni (stolchalar yonida xizmat koʻrsatish bilan bir qatorda) tashkil qiladi. Sotiladigan ichimliklar va mahsulotlar turlariga koʻra barlar pivo, vino, kokteyl, sut barlari va boshqa barlarga ixtisoslashgan boʻladi.
7. Kafeda isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan xizmatlarga nimalar kiradi?
Kafe – isteʼmolchilarga turli qaynoq va sovuq ichimliklar, qandolatchilik, sut mahsulotlari hamda tayyorlanishi murakkab boʻlmagan kulinariya mahsulotlarini taqdim etadi. Sotiladigan mahsulotlari yoki yoʻnalishiga koʻra kafelar: shirinliklar, muzqaymoq, sut kafesi, bolalar kafesi, yoshlar kafesi va shu kabilarga ixtisoslashgan boʻladi; ularda oʻz oʻziga xizmat koʻrsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat koʻrsatish usullari qoʻllaniladi; kechki vaqtlarda musiqiy xizmat koʻrsatish tashkil etilishi mumkin.
8. Umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida yozgi kafening xususiyatlari nimada?
Yozgi kafe – isteʼmolchilarga ochiq maydonchada bostirma ostida xizmat koʻrsatadi. Odatda yozgi kafelarda salqin ichimliklar, muzqaymoq, yengil va tez tayyorlanadigan ovqatlar sotish xizmatlari koʻrsatiladi. Yozgi kafe mavsumiy tusda faoliyat olib boradi va isteʼmolchilarning yoz oylaridagi ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan xizmatlarni koʻrsatishga ixtisoslashgan boʻladi.
9. Kafeteriy umumiy ovqatlanish sohasida qanday xizmatlarni koʻrsatadi?
Kafeteriy – bu doʻkon huzurida shu joyning oʻzida isteʼmol qilinadigan issiq ichimliklar, sut, sharbatlar, buterbrodlar, qandolatchilik mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sotish uchun tashkil etilgan boʻlimdir.
10. Umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida oshxona tomonidan qanday xizmatlar koʻrsatiladi?
Oshxona – bu isteʼmolchilarni nonushtalar, tushliklar va kechki ovqatlar bilan taʼminlovchi korxonadir. Oshxonalar joylashgan joyiga va xizmat koʻrsatiladigan mijozlariga koʻra umumiy ravishda foydalaniladigan sanoat korxonalari, muassasalar, qurilishlar, oʻquv yurtlari va shu kabilar huzuridagi oshxonalarga boʻlinadi. Ishlab chiqarish korxonalari, oʻquv yurtlari va muassasalar huzuridagi oshxonalarda asosan hafta kunlari boʻyicha turli xil kompleks tushliklar, nonushtalar va kechki ovqatlar tashkil etiladi. Ularda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish va stollarga kompleks ovqatlarni oldindan qoʻyish usullari qoʻllaniladi.
11. Isteʼmolchilarga choyxonalarda xizmat koʻrsatish nimalardan iborat?
Choyxona – bu choynaklarda choy berish xizmat koʻrsatishning asosiy turi hisoblanadigan korxonadir. Bundan tashqari choyxonalarda turli xil obinonlar, milliy shirinliklar, qandolatchilik, bulka mahsulotlari va boshqa bufet mahsulotlari boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, choyxonalarda buyurtma asosida turli milliy taomlarni tayyorlash va alohida kichik guruhlar uchun ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatish amalga oshiriladi. Bunda choyxonada oʻrinlar uchun ham alohida haq olinish tartibi belgilanadi. Shuningdek, ovqat tayyorlash va boshqa qoʻshimcha xizmatlar hamda mahsulotlar sotish xizmatlari ham choyxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakatimizda choyxonalar asosan erkaklarning toʻplanib oʻzaro ovqatlanish, dam olish va suhbatlashish uchun alohida xonalar, “kabinka”lar yoki joylarni taqdim etish xizmatlarini ham taqdim etadilar. Ayni paytda choyxona xizmatlari tarkibiga ovqatni buyurtmachi isteʼmolchilarning oʻzlari ham tayyorlash imkoni taqdim etilishi ham mumkin. Biroq barcha holatlarda ham buyurtmachilar umumiy ovqatlanish korxonasi – choyxonaning isteʼmolchisi sanaladi.
12. Bufetda qanday xizmatlar koʻrsatiladi?
Bufet – bu isteʼmolchilarga cheklangan turdagi qaynoq va salqin ichimliklar, sovuq taomlar va zakuskalar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari, shuningdek oson tayyorlanadigan issiq va shirin taomlar bilan jadal xizmat koʻrsatishga moʻljallangan korxonadir. Unda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat koʻrsatish qoʻllaniladi.
Odatda bufet tez ovqatlanish muassasi boʻlib, unda fuqarolar tik turgan holatda ham ovqatlanishlari uchun ham joylar mavjud boʻladi. Bufetlarda muayyan tashkilotlar va muassasalarda faoliyat yuritishi yoki mustaqil tashkilot sifatida ham amal qilishi mumkin.
13. Kichik oshxonada umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatish nimalarni qamrab oladi?
Kichik oshxona – bu isteʼmolchilarga oson tayyorlanadigan taomlar va zakuskalar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat koʻrsatishni tashkil etuvchi korxonadir. Sotiladigan mahsulotlar turiga koʻra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan boʻlishi mumkin: kabobxona, palovxona, somsaxona, sosiskaxona, chuchvaraxona, cheburekxona, pirojkaxona, blinchikxona va shu kabilar.
14. Umumiy ovqatlanish korxonalarining vositalari va asbob-uskunalarga qanday talablar qoʻyiladi?
Savdo, omborxona, ishlab chiqarish va maʼmuriy-maishiy binolarga, mahsulot ishlab chiqarish anjomlari va jihozlariga, texnologiya rejimlariga, sotish va isteʼmol qilishni tashkil etishga, koʻrsatiladigan xizmatlarga qoʻyiladigan talablar va mezonlar amaldagi texnik reglamentlar yoki standartlar, sanitariya normalari, texnika xavfsizligi qoidalari, yongʻindan saqlash va boshqa talablarga muvofiq belgilanadi.
Umumiy ovqatlanish subyekti mahsulotlar va tovarlarni sotishni, isteʼmolni va xizmatlar koʻrsatishni tashkil etishni qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilgan holda ham savdo zallarida, ham ulardan tashqarida amalga oshirishi mumkin.
15. Umumiy ovqatlanish korxonasiga qanday talablar qoʻyiladi?
Tovarlarni saqlash, mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish bilan bogʻliq umumiy ovqatlanish korxonasida ishlaydigan xodim maxsus tayyorgarlikka ega boʻlishi, quyidagilar:
ushbu Qoidalar;
sanitariya-normalari va talablari;
yongʻindan saqlash normalari;
standartlar talablari;
texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishgan boʻlishi va ularga rioya qilishi kerak.
16. Xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonasiga nisbatan qanday qoʻshimcha talablar belgilangan?
Xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalari shtatida oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan hajmda kamida bitta xorijiy tilni (ingliz, nemis, fransuz tilini) biladigan xodimlar (metrdotellar, ofitsiantlar) boʻlishi kerak. Ushbu korxonalarda firma jildlarida, davlat tilida va xorijiy tillarda yozilgan taomnoma boʻlishi kerak.
17. Umumiy ovqatlanish korxonasi haqida isteʼmolchining maʼlumot olish huquqi nimalardan iborat?
Isteʼmolchiga har qanday turdagi xizmatlar koʻrsatish sohasida boʻlgani kabi umumiy ovqatlanish sohasida ham isteʼmolchi maʼlumot olish huquqiga ega. Bunda umumiy ovqatlanish subyekti isteʼmolchilarga oʻzining toʻliq nomi, ish rejimi, tavsiya etiladigan mahsulotlar, tovarlar va koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi zarur va ishonchli maʼlumotlarni koʻrgazmali va qulay shaklda yetkazishi shart, maʼlumotlarda toʻgʻri tanlash imkoniyatini taʼminlaydigan kamida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
mahsulotlar va tovarlar roʻyxati;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyor taomlari porsiyalarining umumiy vazni (hajmi), tavsiya etilayotgan ichimlik butilkasining sigʻimi va uning porsiyalari hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xizmatlar roʻyxati va ularni koʻrsatish shartlari;
xizmatlar narxi va ularni toʻlash shartlari.
18. Oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan yaroqlilik muddati nimani anglatadi?
Yaroqlilik muddati odatda faqat tovarlar uchun belgilanadi (ishlar va xizmatlar uchun esa boshqa muddatlar belgilanishi mumkin). Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda shaxsga tegishli subyektiv huquqlarni amalga oshirishda yaroqlilik muddatlarining oʻrni katta hisoblanadi. Bu muddat tovarning belgilangan vaqt oraligʻi mobaynida isteʼmol uchun xavfsiz boʻlishligini ifodalaydi.
Yaroqlilik (saqlash) muddati – muayyan davr boʻlib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli boʻladi va u tamom boʻlgach, tovar odamlar hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkin (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 1-moddasi).
Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati (foydalanish muddati) – bu muddat davomida oziq-ovqat mahsulotini saqlash, tashish, realizatsiya qilish chogʻida xavfsizlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilgan taqdirda u foydalanishga yaroqli boʻlib turadi, bu muddat tamom boʻlganidan keyin esa mahsulot odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfli boʻlib qolishi mumkin.
Oziq-ovqatning yaroqli boʻlishi degan tushuncha faqatgina ovqat isteʼmolchi uchun xavfsiz boʻlishini bildirmaydi. Shu bilan birga oziq-ovqatning yaroqliligi uning belgilangan sifat va standartlar talablariga javob berishi, tayinlanish maqsadiga koʻra foydalanish imkoni boʻlishligi bilan izohlanadi. Bunda oziq-ovqatning belgilangan muddat davomida yuqoridagi talablarga javob bermasligi, sotuvchining javobgarligiga olib keladi, yaroqlilik muddati oʻtgach esa sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) javobgarlikdan ozod etiladi.
19. Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddatini aniqlashga nisbatan isteʼmolchining qanday huquqlari mavjud?
Umumiy qoidaga koʻra barcha oziq-ovqat mahsulotlariga kafolat muddatlari koʻrsatilishi majburiydir. Lekin, oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ham qadoqlanib yoki maxsus idishlarda sotilmasligini hisobga olib, ularning yaroqlilik muddatini aniqlashda isteʼmolchi sotuvchidan yaroqlilik muddati aks ettirilgan yozuvni (sifat sertifakatini) koʻrsatishni talab qilishi mumkin boʻladi.
Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli boʻlgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun yaroqli boʻlib turadigan sana bilan belgilanadi (FKning 406-moddasi). Bu qoida yaroqlilik muddatining kafolat muddatidan farqli tomonlarini ifoda etadi. Agar kafolat muddati tovar isteʼmolchiga topshirilgan yoki u tovardan foydalanish imkoniga ega boʻlgan paytdan boshlansa, yaroqlilik mudddati tovar sotib oluvchiga qachon topshirilganidan qatʼiy nazar, tovar ishlab chiqarilgan paytdan boshlab hisoblanadi. Yaroqlilik muddatlari toʻgʻridan toʻgʻridan tovarning oʻzida (idishda, gʻilofda yoki uning sifat sertifikatida) yozib qoʻyilsa, kafolat muddati esa sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, pudratchi, ijrochi) bilan xaridor (buyurtmachi) oʻrtasidagi alohida kelishuv tartibida belgilanadi.
20. Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati qanday belgilanadi va hisoblanadi?
Yaroqlilik muddati muayyan davr va aniq sana bilan belgilab qo‘yiladi. Masalan, baliq konservasi ishlab chiqilgan paytdan boshlab ikki yilgacha isteʼmol uchun yaroqli hisoblanadi yoki oʻsimlik yogʻi idishining qopqogʻida u ishlab chiqilgan sana (Masalan, 12.06.19, yaʼni 2019-yil 12-iyun) va undan qaysi sanagacha (12.12.19, yaʼni 2019-yil 12-dekabrgacha) foydalanish mumkinligi koʻrsatiladi.
Odatda, oʻzbek tilida yozilgan yaroqlilik muddatini ifodalovchi yozuvlar tegishli sanadan muayyan sanagacha – tarzida bayon qilinadi. Yaʼni, 1.03.19. dan deyilganda, tovar yaroqlilik muddati aynan 2019-yil 1-martdan boshlanganligini bildiradi. 1.09.19.gacha deyilsa, yaroqlilik muddati 1-sentyabr kuni emas, 31-avgust kuni tamom boʻlishi tushunilishi kerak va 1-sentyabr kuni isteʼmol qilinishi natijasida fuqaroga zarar yetkazilsa, hech qanday huquqiy oqibat vujudga kelmaydi.
Yaroqlilik muddatini ishlab chiqaruvchining oʻzi oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilamaydi. Shuningdek, bu muddatlar taraflarning kelishuvi bilan ham belgilanishi mumkin emas. Tovarning yaroqlilik muddati qonun hujjatlarida yoki tegishli standartlarda mustahkamlab qoʻyiladi. Ana shu standartlarda qaysi tovarning yaroqlilik muddati qancha vaqtgacha davom etishi yozib qoʻyiladi va ishlab chiqarilgan mahsulot belgilangan talablarga mos kelsa (tegishli tekshiruv va ekspertizadan soʻng) standartdagi mavjud yaroqlilik muddati tovarning idishiga yozib qoʻyiladi. Bunda albatta shu muddat davomida tovarning yaroqli boʻlishligiga standartlar asosida tovarga yaroqlilik muddati belgilangan davlat organlari, ishlab chiqaruvchi va sotuvchi javobgar boʻladi.
Tovarning yaroqlilik holati birinchi navbatda texnik savollar asosida aniqlanadi. Bunda yaroqlilik muddati belgilanayotgan tovarning tabiiy, kimyoviy va boshqa xususiyatlari oʻrganiladi va shu asosida xulosa chiqariladi.
21. Oziq-ovqat mahsulotini qadoqlash, oʻrash va tamgʻalashga nisbatan qanday talablar belgilangan?
Oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, oʻralgan (barcha muomala bosqichlarida sifati va oziqlik qimmati saqlanib qolishini taʼminlaydigan) va qonun hujjatlariga muvofiq tamgʻalangan holda chiqarishlari shart.
Qadoqlangan va oʻralgan oziq-ovqatlar, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, oziq-ovqat qoʻshimchalari yorliqlarga (suqma varaqalarga) ega boʻlishi, ularda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
oziq-ovqatning nomi;
oziq-ovqatni nimaga moʻljallanganligi (bolalarga maxsus moʻljallangan mahsulotlar va parhez taomlar uchun);
tayyorlovchining nomi;
tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);
oziq-ovqat tarkibiga kirgan narsalar, shu jumladan oziq-ovqat qoʻshimchalarining nomi;
oziqlik qimmati, navi;
saqlash shart-sharoitlari;
tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;
tayyorlash usuli (masalliqlar hamda maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
ogʻirligi;
foydalanish usuli (biologik faol qoʻshimchalar: oziq-ovqat qoʻshimchalari, maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
muvofiqlik belgisi (mahsulotini muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash huquqini beradigan litsenziyasi bor korxonalar uchun);
normativ yoki texnikaviy hujjatlarning nomerlari.
22. Isteʼmolchilarga oziq-ovqat mahsuloti qanday realizatsiya qilinadi?
Majburiy sertifikatlanadigan oziq-ovqat mahsuloti yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini tasdiqlaydigan moslik sertifikati yoki muvofiqlik belgisi boʻlgan taqdirda realizatsiya qilinadi.
Oziq-ovqat mahsuloti bilan savdo qilishga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shu maqsadlar uchun ajratilgan joylarda yoʻl qoʻyiladi.
23. Qaysi holatlarda isteʼmochilarga oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi?
Quyidagi hollarda oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi:
mahsulot sifati belgilangan normalar va qoidalar talablariga muvofiq boʻlmasa, majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar uchun esa moslik sertifikati boʻlmasa;
saqlash va realizatsiya qilish uchun tegishli sharoit boʻlmasa;
yaroqlilik muddati tugagan boʻlsa;
mahsulot qalbakilashtirilgan boʻlsa;
mahsulotlarni taqqoslash mumkin boʻlmasa.
24. Umumiy ovqatlanish korxonalarining ish rejimi qanday tartibda belgilanadi?
Umumiy ovqatlanish korxonalarining ish rejimi, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, mustaqil ravishda, sanoat korxonalari, muassasalar, oʻquv yurtlari huzuridagi umumiy ovqatlanish korxonalarining ish rejimi esa maʼmuriyat va kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Tasdiqlangan ish soatlariga mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tomonidan majburiy tartibda rioya qilinishi kerak.
Umumiy ovqatlanish korxonasi (rejali sanitariya tadbirlarini oʻtkazish, taʼmirlash va shu kabilar uchun) yopilgan taqdirda korxona kamida bir hafta oldin tegishli eʼlonni osib qoʻyishi kerak.
25. Umumiy ovqatlanish korxonasiga isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish qaysi paytga qadar davom ettirilishi lozim?
Umumiy ovqatlanish korxonasida isteʼmolchilarga xizmat tashkilot belgilangan ish vaqti mobaynida koʻrsatilishi lozim. Albatta, taomnomada koʻrsatilgan xizmatlar va taqdim etilishi taklif etilgan ayrim ovqatlarning tugab qolishi yoki tegishli mahsulotning tamom boʻlganligi xususida mijoz (isteʼmolchi)ga zudlik bilan xabar berilishi va unga mavjud taomlar va xizmatlar haqida maʼlumot berish lozim. Shu bilan birga, qonunchilikda umumiy ovqatlanish korxonasida mijozlarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish vaqti aniq belgilab qoʻyilgan. Bunda ofitsiantlar xizmat koʻrsatadigan umumiy ovqatlanish obyektlariga mijozlarni kiritishni ularning yopilishidan 30 daqiqa oldin, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish usuli boʻyicha ishlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlariga esa ularning yopilishidan 15 daqiqa oldin toʻxtatishga yoʻl qoʻyiladi.
26. Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan mijozlarga taqdim etilayotgan ovqatlarning miqdori oʻlchash vositalariga nisbatan qanday talablar belgilangan?
Umumiy ovqatlanish korxonasi qoʻllanishga ruxsat etilgan oʻlchash vositalariga ega boʻlishi va ularni soz holatda saqlashi, oʻz vaqtida va belgilangan tartibda metrologik tekshirishdan oʻtkazishi shart.
Barcha oʻlchash vositalari, tortish va oʻlchash priborlari, koʻrinib turadigan ishonch tamgʻasiga yoki “Oʻzstandart” agentligi organlarining amal qilish muddati oʻtmagan tekshirish guvohnomasi soz holatda, toza, toʻgʻri oʻrnatilgan boʻlishi, belgilangan maqsadda qoʻllanilishi hamda oʻlchashlarning yagonaligini va ishonchliligini taʼminlashi va tegishli pasportga ega boʻlishi kerak.
Nosoz va qoʻllanishga ruxsat etilmagan oʻlchash vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
27. Umumiy ovqatlanish korxonalarid mijozlar bilan hisob-kitob qanday tartibda amalga oshiriladi?
Isteʼmolchilar bilan naqd pulli hisob-kitoblar nazorat-kassa mashinalarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Umumiy ovqatlanish obyekti rahbari xodimni nazorat-kassa mashinalarini ishlatish qoidalari bilan tanishtirishi shart.
Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt ovqat uchun hisob-kitoblarning oldindan toʻlash, taomlar tanlangandan keyin toʻlash, ovqatlanib boʻlgandan keyin toʻlash, oʻzi hisoblash kabi turli usullaridan foydalanishi mumkin. Ovqat uchun hisob-kitoblar shakllari xizmat koʻrsatish metodiga, xizmat koʻrsatiladigan mijoz spetsifikasiga, obyekt turiga va uning ixtisoslashganligiga koʻra belgilanadi.
Oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish usuli boʻyicha ishlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlarida va kulinariya doʻkonlarida (boʻlimlarida) hisob-kitob vaqtida isteʼmolchiga kassa cheki beriladi.
Xizmat koʻrsatish ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladigan barcha umumiy ovqatlanish obyektlarida berilgan mahsulot uchun haq toʻlash ofitsiant bergan schyot yoki belgilangan namunadagi nazorat-kassa mashinalari cheki boʻyicha amalga oshiriladi.
Barcha umumiy ovqatlanish obyektlarida bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminalining mavjudligi taʼminlanishi kerak.
Doimiy mijozlarga (ishchilar, xizmatchilar, talabalar, oʻquvchilar va shu kabilarga xizmat koʻrsatadigan oshxonalarda hisob-kitob yakka tartibdagi yoki guruh abonementlari boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
28. Umumiy ovqatlanish korxonasini taomlar va mahsulotlar roʻyxati qanday shakllantiriladi?
Umumiy ovqatlanish subyekti taomlar, mahsulotlar, ichimliklarning assortiment roʻyxatini sanitariya va texnologiya talablariga toʻliq rioya qilishni hisobga olgan holda mustaqil ravishda ishlab chiqadi, taomlar retsepturalarini tuzadi va tasdiqlaydi. Kalkulyatsiya kartochkasi mahsulot narxini belgilash uchun asos hisoblanmaydi, u faqat umumiy ovqatlanish obyektlari egalari tomonidan ichki foydalanish uchun xizmat qiladi. Kalkulyatsiya kartochkasini yuritish majburiy emas. Mahsulot narxi unga boʻlgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
29. Umumiy ovqatlanish korxoanlarida mahsulotlar bahosiga oid maʼlumotlar isteʼmolchilarga qanday taqdim etiladi?
Umumiy ovqatlanish korxonalarining faoliyati bevosita chakana savdoning bir koʻrinishi boʻlganligi sababli ular tomonidan taklif etilgan mahsulotlar va taomlar narxi haqidagi maʼlumot ochiq va koʻrinarli tarzda isteʼmolchiga taqdim etishi lozim. Narxlar mijozlarga ovqatlanish korxonasining taomnomasida yoki tegishli koʻrinarli joyda joylashtirilgan boʻlishi lozim. Boshqa holatlarda esa isteʼmolchining talabi bilan mahsulotlar va taomlar narxi unga taqdim etiladi. Kulinariya va yarim tayyor mahsulotlar doʻkonlarida, bufetlarda sotiladigan barcha tovarlar va mahsulotlarda tovar va mahsulotning nomi, uning sorti, oʻlchovi, ogʻirligi yoki upakovkasi birligi narxlari koʻrsatilgan, yagona namunadagi va aniq rasmiylashtirilgan narxnomalar boʻlishi kerak.
30. Isteʼmolchining mahsulotlarni tekshirish va koʻzdan kechirishda qanday huquqlari mavjud?
Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari isteʼmolchiga unga sotilgan taomlar, kulinariya mahsulotlari, tovarlarning oʻlchami va ogʻirligini, shuningdek sotilayotgan mahsulotning (xizmatning) normativ-hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish imkoniyatini yaratishi kerak. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati tartibida umumiy ovqatlanish mahsulotini tayyorlash va sotish bilan shugʻullanuvchi shaxslar isteʼmolchining iltimosiga koʻra unga yakka tartibdagi tadbirkorning (yuridik shaxs boʻlmagan dehqon xoʻjaligining) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani koʻrsatishi kerak.
31. Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardagi kamchiliklar boʻyicha isteʼmolchi qanday huquqlarga ega?
Kulinariya mahsuloti (koʻrsatilayotgan xizmatlar) sifatida kamchiliklar, kam tortishlar yoki hisob-kitobdan urib qolishlar aniqlangan taqdirda umumiy ovqatlanish korxonasi rahbariyati va xodimlari isteʼmolchining tanlashiga koʻra:
belgilangan kamchiliklarni bepul bartaraf etishi;
kulinariya mahsuloti (xizmatlar) uchun toʻlov miqdorini kamaytirishi;
qoʻshimcha haq toʻlatmasdan xuddi shunday taomni, kulinariya mahsulotini tayyorlashi (xizmatni takroran bajarishi);
isteʼmolchining sifatsiz kulinariya mahsuloti sotib olish (xizmatlarni bajarish) bilan bogʻliq xarajatlarini toʻliq qaytarishi;
yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplashi shart.
32. Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan buyurtmalarni bajarish muddatlari buzilganda isteʼmolchi qanday huquqlarga ega?
Xizmat koʻrsatishga oldindan berilgan buyurtmani bajarish muddatlari buzilganda, koʻrsatilayotgan xizmatda kamchiliklar aniqlanganda isteʼmolchi oʻz tanloviga koʻra:
umumiy ovqatlanish subyektiga xizmatlar koʻrsatishni boshlashi va (yoki) tugallashi kerak boʻlgan yangi muddatni tayinlashga va koʻrsatilayotgan xizmat narxini kamaytirishni talab qilishga;
koʻrsatilayotgan xizmat narxini kamaytirishni talab qilishga;
isteʼmolchi tayinlagan maqbul muddatda kamchiliklarni bepul bartaraf etishni yoki zarur sifatdagi ana shunday umumiy ovqatlanish mahsulotini tayyorlashni yoki uni boshqa mahsulotlar bilan almashtirishni talab qilishga;
koʻrsatiladigan xizmatlardan voz kechishga haqlidir.
Isteʼmolchi shuningdek xizmatlar koʻrsatishni boshlash va (yoki) tugallash muddatlari buzilishi sababli oʻziga yetkazilgan zararning toʻliq qoplanishini talab qilishga haqlidir. Yetkazilgan zarar isteʼmolchining tegishli talablarini qondirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda qoplanadi.
Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt xizmat koʻrsatish muddatlarining buzilishi yengib boʻlmaydigan kuchlar oqibatida yoki isteʼmolchining aybi bilan sodir boʻlganligini isbotlagan taqdirda isteʼmolchining talablari qondirilmaydi.
33. Umumiy ovqatlanish korxonalarida tayyorlangan taomlarni isteʼmolchi oʻzi bilan olib ketishga haqlimi?
Isteʼmolchi umumiy ovqatlanish korxonalarida tayyorlangan mahsulotlar va xarid qilingan tovarlarning mulkdori sanaladi va ularga nisbatan mulk huquqini oʻz xohishidan kelib chiqib amalga oshiradi. Masalan, buyurtma asosida ovqatlarni tayyorlatib oʻzi bilan olib ketishi ham mumkin. Bunda umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat koʻrsatish jarayonida tayyor mahsulotlar va xarid qilingan tovarlar isteʼmolchining xohishiga koʻra tegishli idishda va oʻramda olib chiqib ketilishi mumkin. Biroq alkogolli ichimliklarni isteʼmolchi oʻzi bilan olib ketishga haqli emas. Chunki, alkogolli mahsulotlar maxsus idish va oʻramlarda hamda tegishli tartibda qadoqlangan holda maxsus doʻkonlarda sotiladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida mahsulotlar va ovqatlarni isteʼmolchiga olib chiqib ketishda idish yoki oʻram sifatida polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning qiymatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar qiymatiga qoʻshish, shuningdek ularni oʻz tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno) taqiqlanadi.
34. Umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlarni olib chiqib ketish uchun sotishga yoʻl qoʻyiladimi?
Alkogolli ichimliklarni olib chiqib ketish uchun sotishga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan belgilangan tartibda beriladigan ruxsat guvohnomasi mavjud boʻlganda sotiladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli ichimliklar preyskurantlarida ichimliklar nomi, butilkasining sigʻimi, butilka umumiy sigʻimining, shuningdek 100 yoki 50 grammining narxi koʻrsatilishi kerak.
Alkogolli mahsulotlarni sotish joylarida ularning yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga sotilmasligi, shuningdek alkogolli mahsulotlarning inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuv boʻlishi lozim.
35. Umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlarni sotish qaysi holatlarda taqiqlanadi?
Alkogolli mahsulotlar quyidagi holatlarda umumiy ovqatlanish korxonlari tomonidan sotilishi mumkin emas:
savdo avtomatlari orqali;
bolalar oʻyinchoqlari, konfetlar yoki bolalar assortimenti boshqa tovarlari koʻrinishida;
sotish joylarida alkogolli ichimliklar yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga sotilmasligi, shuningdek alkogolli mahsulotlarning inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuvlar boʻlmaganda;
alkogolli mahsulot idishida alkogolli mahsulotlarni isteʼmol qilish inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisidagi matn va (yoki) rasm shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud boʻlmaganda;
yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga sotish.
Alkogolli mahsulotlarni sotayotgan sotuvchi koʻrinishi yigirma yoshdan kichik koʻringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishni talab qilishi, hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda esa alkogolli mahsulotlarni sotishni rad etishi shart.
36. Isteʼmolchi qaysi muddatgacha oʻz buyurtmasidan voz kechishga haqli?
Umumiy tartibga koʻra, umumiy ovqatlanish korxonasiga buyurtma bergan isteʼmolchi umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektga amalda qilingan xarajatlarni toʻlagan taqdirda oʻzi buyurtma bergan xizmatlardan istalgan vaqtda voz kechishi mumkin. Biroq oʻzaro kelishuvga koʻra, isteʼmolchi xohlagan paytda buyurtmadan voz kechishi mumkin. Boshqa holatlarda isteʼmolchi umumiy ovqatlanish korxonasiga buyurtmasi haqini toʻlagan holdagina undan voz kechishi mumkin boʻladi.
37. Taomlar tayyorlash va oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishga nisbatan qanday talablar belgilangan?
Ishlab chiqarish jarayonida taomlar ularni sotish sanitariya qoidalarida belgilangan muddatlarga qatʼiy muvofiq holda sotish mumkin boʻlgan partiyalarda tayyorlanishi kerak. Oldingi kundan qolgan goʻsht, maydalangan baliq mahsulotlari, makaronlar, qayla, yorma mahsulotlardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Tayyorlangan taomlar ertasi kuni sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat koʻrsatishda qaysi holatlar qoidalarni buzish hisoblanadi?
Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan xizmat koʻrsatish va savdo qoidalarni buzish isteʼmolchilarning huquqlarini buzilishiga olib keladi. Quyidagi holatlarda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan savdo qoidalarini buzish isteʼmolchilarning huquqlariga daxl qiladi:
narxlarni asossiz ravishda oshirish;
tovarlar, mahsulotlarni notoʻgʻri oʻlchash, notoʻgʻri tortish yoki xizmatlar koʻrsatmaslik;
tovarlar, mahsulotlarni (xizmatlarni) chek (kvitansiya, schyot) bermasdan sotish;
xaridorga tovarning, mahsulotning miqdori, vaznini tekshirish imkoniyati yaratishdan bosh tortish;
nosoz yoki tamgʻalanmagan tortish va oʻlchash priborlaridan foydalanish.
39. Umumiy ovqatlanish korxonasi yana qaysi holatlar uchun javobgar hisoblanadi?
Shuningdek, quyidagi holatlar umumiy ovqatlanish korxonasi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga asosan javobgar boʻladi:
toʻlov terminallari bilan jihozlash va pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qoʻllash tartibiga;
nazorat-kassa mashinalarini qoʻllash tartibiga;
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish;
quyidagilarni:
sifatsiz tovarlarni, kulinariya buyumlarini va atayin nostandart mahsulotlarni sotish, shuningdek xaridorga sotilgan sifatsiz tovarni, mahsulotni almashtirib berishni yoki pullarni qaytarishdan bosh tortish;
tovarlarni, mahsulotlarni ularning sifatini va ishlab chiqarish markasini tasdiqlovchi yoki sertifikatsiyalangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotish;
ishlab chiqarish markasida yoki tovar belgisida tayyorlovchining nomi va joylashgan oʻrni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan tovarlarni sotish;
yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni sotish;
polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning qiymatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar qiymatiga qoʻshish, shuningdek ularni oʻz tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno).
40. Umumiy ovqatlanish qoidalari buzilishiga nisbatan qanday javobgarlik chorasi belgilangan?
Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari buzilganda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga 164-moddasiga binoan javobgarlik belgilanadi. Ushbu moddaga koʻra, savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini ancha miqdordagi qiymatda buzish –
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini koʻp miqdordagi qiymatda buzish, –
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
41. Qaysi holatlarda umumiy ovqatlanish sohasida isteʼmolchining huquqlari buzilgan deb hisoblanadi?
Isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan ham ularning huquqlarining buzilishiga olib keladigan holatlar sifatida quyidagi koʻrsatib oʻtish mumkin:
tovarning yonma-yon turishiga rioya qilinmaganda va tovarlarning saqlash sharoitlari buzilganda;
ovqatni isteʼmol qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud boʻlmaganda;
korxonaning nomi, uning ish rejimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlmaganda, xaridorga ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan maʼlumotlarni berishdan bosh tortganda;
korxonaning ish rejimiga rioya qilinmaganda;
tovarlarda, mahsulotlarda narxnomalar boʻlmaganda yoki atayin notoʻgʻri rasmiylashtirilgan narxnomalar qoʻyilganda;
ruxsat berilmagan anjom qoʻllanilganda ham paydo boʻladi.
texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga javob bermaydigan tovarlarni, mahsulotlarni sotish, mahalliy yigʻimlarni toʻlamaslik yoki oʻz vaqtida toʻlamaslik.
42. Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalarida isteʼmolchilarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qanday xavfsizlik choralari koʻriladi?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 624-son qaroriga koʻra, jamoat xavfsizligi boʻyicha umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarda quyidagi talablarni belgilagan holda ularning 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritishini taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat koʻrsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida oʻttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini oʻrnatish;
binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
binoda shovqinning ruxsat etiladigan shovqin meʼyorlariga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalaridan oshmasligini taʼminlash, shu jumladan obyektlarni toʻliq tovush oʻtkazmaydigan etib jihozlash yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan foydalanmaslik;
yongʻin oʻchirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻplami solingan tibbiy yordam qutichalari bilan taʼminlash;
binoning barcha uchun koʻrinarli joylariga yongʻin va boshqa favqulodda (tezkor) vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻrnatish.
43. Bugungi kunda Oʻzbekistonda aholini sogʻlom ovqatlanishigi taʼminlash yuzasidan qanday vazifalar belgilangan?
Oʻzbekiston Respblikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-avgustdagi 251-son qaroriga 1-Ilova “2015–2020-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash” Konsepsiyasida belgilashicha, Oʻzbekiston Respublikasi aholisining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi turli guruhlarining sogʻlom ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishni taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratish, jismoniy faollik hamda alkogolli mahsulotlarni va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni qisqartirish yoʻli bilan kasallikka chalinish va bevaqt vafot etishni kamaytirish;
nooqilona ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va ular tarqalishi darajasini pasaytirish, aholi sogʻlom turmush tarzining asosi sifatida sogʻlom ovqatlanishga doir keng tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish va shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan faol foydalangan holda sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilishni kuchaytirish;
ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklar tarqalishini kamaytirishga yoʻnaltirilgan sogʻlom ovqatlanish masalalari boʻyicha aholining turli guruhlari uchun taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, sogʻlom ovqatlanish sohasida fundamental tadqiqotlarni ustuvor rivojlantirish;
jamoalarda tashkil etilgan ovqatlanishni tashkil etishni takomillashtirish, homilador va bola emizuvchi ayollarning, shuningdek 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning toʻlaqonli ovqatlanishini tashkil etish, davolash jarayonining ajralmas qismi sifatida davolash-profilaktika muassasalarida parhezli (davolash va profilaktik) ovqatlanishni yaxshilash;
sifat va xavfsizlikka qoʻyiladigan zamonaviy talablarga muvofiq oziq-ovqat xom ashyosining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirish, almashtirib boʻlmaydigan komponentlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari va bolalar ovqatlanishi uchun ixtisoslashtirilgan mahsulotlar, parhezli (davolash va profilaktik) oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatga biologik aktiv qoʻshimchalar ishlab chiqarishni rivojlantirish;
oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xom ashyosiga tegishli boʻlgan texnik reglamentlar va davlat standartlarini ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va chet eldan yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xom ashyosining sifati ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
aholi sogʻligʻi koʻrsatkichlari va tarqalgan alimentar-bogʻliq holatlar rivojlanishi dinamikasi tahlili asosida ovqatlanish sohasida monitoring dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish.
44. Oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan yaroqlilik muddatining oʻtishi ishlab chiqaruvchi va sotuvchiga nisbatan qanday majburiyatlarni yuklaydi?
Odatda, yaroqlilik muddati oziq-ovqat mahsulotlariga, parfyumeriya-kosmetika tovarlariga, dori-darmonlar va maishiy kimyo mahsulotlariga va boshqa tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi. Yaroqlilik muddati joriy qilinadigan tovarlar uchun bitta umumiy qoida mavjud, yaʼni vaqt oʻtishi bilan isteʼmol xususiyati yomonlashib boradigan tovarlarga yaroqlilik muddati qoʻllaniladi. Masalan, yogʻ, tuz, turli ichimliklar vaqt oʻtgan sari oʻzining sifati va isteʼmol xususiyatini pasaytirib boradi. Zero, ular insonning tabiiy ehtiyojlarini qondirishga qaratiladi. Umuman olganda yaroqlilik muddati faqatgina inson tabiiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan va bevosita inson tanasi uchun (masalan, parfyumeriya-kosmetika, dori-darmonlar) ishlatish moʻljallangan tovarlarga tatbiq etiladi. Bunday talablarga javob bermaydigan tovarlarga nisbatan kafolat muddatlari joriy qilinishi mumkin, lekin yaroqlilik muddati joriy etilmaydi.
FKning 405-moddasiga muvofiq, qonun hujjatlarida, shu jumladan davlat standartlarida tovar oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan deb hisoblanadigan vaqt (yaroqlilik muddati) belgilanadi. Ushbu normadan koʻrinib turibdiki, yaroqlilik muddati qonun hujjatlari bilan, qolaversa, davlat standartlari bilan belgilanadi. Bunda, sotuvchi yaroqlilik muddati belgilangan tovarni sotib oluvchiga shunday moʻljal bilan topshirishi kerakki, toki undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar oʻz vazifasiga koʻra foydalanish mumkin boʻlsin. Zero, har qanday tovar ham maʼlum vaqt oʻtgach isteʼmol uchun yaroqsiz holatga kelishi tabiiy hol, albatta. Shu munosabat bilan yaroqlilik muddati tovarni isteʼmol qilish mumkinligini va tovarning inson salomatligi uchun xavfsizligini belgilaydi.
Yaroqlilik muddati ishlab chiqaruvchi (sotuvchi)ning tegishli davr mobaynida oʻzi ishlab chiqargan (sotgan) tovari belgilangan maqsadlar uchun foydalanish mumkinligi va bunday foydalanish isteʼmol uchun hech qanday xavf tugʻdirmasligi toʻgʻrisidagi kafolati hisoblanadi. Bu muddat davomida tovar oʻzining tayinlanish maqsadiga koʻra foydalanishga va isteʼmolga yaroqsiz boʻlsa, buning uchun ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) qonun hujjatlari va shartnomalarda belgilangan doirada javobgar boʻladi.
Yaroqlilk muddati koʻrsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va va boshqa shu kabi tovarlar sotilishi, qonun hujjatlari bilan taqiqlanadi. Chunki, yaroqlilik muddati tovarning isteʼmol uchun xavfsizligini bildirishi tufayli, bu holatda isteʼmolchi (xaridor) tovar oʻzi uchun xavfsiz ekanligini aniqlay olmaydi. Bu esa istemolchi huquqlarining buzilishi hisoblanadi.
45. Oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati oʻtganligi uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Umumiy qoidaga koʻra, sotuvchining yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki bu muddat oʻtib ketgan tovarlarni qabul qilishi va sotishi man etiladi (“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi).
FKning 1019-moddasiga muvofiq belgilangan yaroqlilik muddatlari oqibatida tovardagi nuqsonlar natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi lozim. Masalan, yaroqlilik muddati davomida isteʼmol qilingan oʻsimlik yogʻi isteʼmolchining sogʻligiga zarar yetkazilishiga sabab boʻldi. Bunda sotuvchi isteʼmolchining sogʻligʻini tiklashi uchun ketgan xarajatlarni qoplashi va nuqsonli tovarni maqbul sifatli tovarga almashtirib berishi yoki uni haqqini qaytarishi lozim boʻladi.
Yaroqlilik muddatiga qoʻshimcha ravishda fuqarolik qonun hujjatlari shu muddat davomida tovar nuqsonlari aniqlanganda uni sifatli tovarga almashtirishi yetti kun muddat ichida amalga oshirishini belgilaydi. Shu bilan birga agar tovar sifatini tekshirish zarurati yuzaga kelsa bunday almashtirish yigirma kunlik muddat ichida amalga oshirilishi lozim. Choʻl va olis joylarda tovar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan boshqa joylarda isteʼmolchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berishi uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi kerak. Ana shu muddatlarning oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) nafaqat yaroqlilik muddati davomida tovardagi nuqsonlar uchun javobgar boʻladi, shu bilan birga u isteʼmolchining yaroqlilik muddati tugaganidan keyin zarur boʻlgan harakatlarni qilishi toʻgʻrisida va koʻrsatilgan harakatlarni bajarmagan taqdirda kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisida ogohlantirmagan boʻlsa ham, buning natijasida vujudga kelgan zarar uchun javobgar boʻladi.
46. Energitik ichimlik qanday talablarga javob berishi kerak?
Keyingi paytlarda fuqarolarning oziq-ovqat ratsioniga energitik ichimliklarning kirib kelishi bir muncha jadallashdi. Bu esa, oʻz navbatida, bu turdagi ichimlik ishlab chiqish va tayyorlashga nisbatan muayyan talablar belgilash zarurati yuzaga keltirdi. Shu sababli qonunchilikda energitik ichimlikka oid ayrim talablar nazarda tutildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasiga koʻra, energetik ichimliklar tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni oʻzgartiruvchi taʼsir koʻrsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud boʻlgan ichimliklardir.
Energetik ichimliklarning oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
47. Qoidalar va normalarga mos kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish hamda uni yoʻq qilib tashlash qanday amalga oshiriladi?
Yaroqlilik muddati oʻtgan, sifatsizligi belgi berib turgan, taqqoslash va ishlab chiqaruvchisini aniqlash mumkin boʻlmagan, shuningdek sanitariya-gigiyena ekspertizasi, laboratoriya tekshiruvlari va (yoki) veterinariya, veterinariya-sanitariya ekspertizasi va sertifikatlashtirish sinovlari natijalariga koʻra davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlari tomonidan ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilish va realizatsiya qilinishdan olib tashlanadi, u belgilangan maqsadda ishlatilmasligi hamda qayta ishlanishi yoki yoʻq qilib tashlanishi kerak.
Oziq-ovqat mahsulotini qayta ishlash yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari uchun egasi tomonidan tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishib olinadi.
Oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish (uni qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash uning egasi tomonidan yoki mahsulot egasi shu ishlarni bajarishni shartnoma boʻyicha topshiradigan tashkilotlar tomonidan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga davlat hokimiyati mahalliy organlarining, davlat nazorati organlarining, soliq organlarining va jamoatchilikning vakillari kiradi.
Oziq-ovqat mahsuloti hayvonlarga yem sifatida ishlatilgunicha yoki yoʻq qilib tashlagunicha alohida joyda (rezervuarda), alohida hisobda, miqdorini, ishlatish (qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari aniq koʻrsatilgan holda saqlanishi kerak. Bunday mahsulotning but saqlanishi uchun uning egasi javobgar boʻladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ekspertiza qilish, yoʻq qilib tashlash usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish va yoʻq qilib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni uning egasi toʻlaydi.
Oziq-ovqat mahsulotining egasi davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlariga ushbu mahsulotdan foydalanilganligi yoki u yoʻq qilib tashlanganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani taqdim etadi.
48. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini qanday normalanadi?
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat tomonidan normalash oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish shart-sharoitlariga qoʻyiladigan talablarni oʻz ichiga oladigan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini, fitosanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini, davlat standartlarini, texnikaviy shartlarni (bundan keyin matnda normalar va qoidalar deb yuritiladi) belgilash yoʻli bilan amalga oshiriladi
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar davlat organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi va ular oziq-ovqat mahsuloti muomalasi sohasida ish olib borayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
IMOMOV NURILLO FAYZULLAYEVICH
MEHMONOV QAMBARIDDIN MIRADXAMOVICH
TOGʻAYEV INOMJON UMURBEKOVICH
UMUMIY OVQATLANISH SOHASIDA ISTEʼMOLCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 2,09 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 148-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
QAYDLAR UCHUN
____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________