KIRISH

Zamonaviy dunyoda barcha davlatlar tomonidan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalarining qat’iy bajarilishi alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda turli tahdidlar va xalqaro huquq normalarining buzilishiga qarshi samarali javob berish, xalqaro huquq va o‘rnatilgan tartibni ta’minlashning nafaqat siyosiy, balki huquqiy vositalarining rolini oshirishga har qachongidan ham katta ehtiyoj sezilmoqda. Bunda davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan xalqaro huquq normalarini buzgan huquqbuzar davlatlarga nisbatan ko‘riladigan ta’sir choralari (sanksiyalar) muhim o‘rin tutadi.

Xalqaro huquqning izchil rivojlanishi barcha xalqaro huquq subyekt­laridan birgalikda o‘zaro kelishilgan va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qilishi e’tiborga loyiqdir. Zamonaviy xalqaro huquq tizimida xalqaro tashkilotlar, davlatlar tomonidan davlatlararo munosabatlarda majburlov choralarini qo‘llashning qonuniy asoslari va chegaralari qat’iy xalqaro huquq manbalari bilan belgilab berilganligi, o‘z navbatida, majburlov choralarining ko‘r-ko‘rona qo‘llanilishini bir qator cheklab qo‘yadi. Ko‘p jihatdan sanksiyalarning xalqaro huquqiy tartibga solinishi Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng huquqiy tomondan umumiy kontekstida, shuningdek, yangi keng yuzaga kelishni boshlagan mojaroning yadroviy xususiyatga ega bo‘lishi mumkinligi tahdidi bilan bog‘liq holda zarur chora bo‘lib xizmat qildi.

Universal darajada xalqaro huquqda majburlash xalqaro huquqqa zid harakatga javob sifatida (sanksiyalar yoki qarshi choralar ko‘rish shaklida) yoki BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi BMT Nizomi bilan qat’iy belgilab qo‘yildi.

Barqaror tinchlik, turli tahdidlar va tajovuzlarga qarshi xalqaro munosabatlar tizimining barqaror ishlashini ta’minlashda sanksiyalar asosiy rol o‘ynaydi. Sanksiyalarning asosiy vazifasi – global tinchlik va barqarorlikni saqlashni ta’minlashdir. Shu munosabatdan sanksiyalar xalqaro huquqning barcha subyektlari uchun majburiy hisoblanishi bilan e’tiborlidir.

Sanksiya atamasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, tashkilotning boshqa hujjatlari, shuningdek, xalqaro huquqning boshqa manbalarida mustahkamlanmagan bo‘lsa-da, “sanksiyalar” xalqaro huquq manbalarida nazarda tutilgan aniq majburlov choralari hisoblanadi. Shu bilan birga, xalqaro huquq subyektlari tomonidan sanksiyalardan siyosiy maqsadlarda foydalanish imkoniyati cheklanishining o‘zi sanksiyalardan foydalanishning maqsadini belgilab qo‘ydi.

SANKSIYA DEGANDA NIMANI TUSHUNAMIZ?

Sanksiya – huquqbuzarga nisbatan qoʻllaniladigan va uning uchun muayyan oqibatlar keltiruvchi chora. Sanksiya xarakteri va qaysi organ tomonidan qoʻllanilishiga qarab jinoiy-huquqiy, maʼmuriy-huquqiy, intizomiy-huquqiy, mulkiy sanksiyaga boʻlinadi.

  • Jinoiy-huquqiy sanksiya (ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va hokazolar) faqat sud tomonidan qoʻllaniladi.
  • Maʼmuriy-huquqiy sanksiya (jarima, maʼmuriy qamoq) ma’muriy qonunchilik tomonidan ruxsat etilgan davlat organlari tomonidan qo‘llaniladi.
  • Intizomiy-huquqiy sanksiya (lavozimini pasaytirish, ishdan boʻshatish) mansabdor shaxslar va maʼmuriyat tomonidan qoʻllaniladi.
  • Mulkiy sanksiya (masalan, qoida buzuvchining jabrlanuvchiga yetkazilgan ziyonni toʻlashi yoki jabrlanuvchi foydasiga undirib berilishi, bitim, shartnoma yoki kontraktni haqiqiy emas deb topish, neustoyka toʻlash va shu kabilar) sud tomonidan alohida chora sifatida yoki boshqa choralar bilan birgalikda qoʻllaniladi.

Chet tillari lug‘atida sanksiya so‘zi tarjimasining quyidagicha beshta talqini keltirilgan:

  1. huquqiy normaning bir qismi, qonunning ushbu qonun buzilishining huquqiy oqibatlarini ko‘rsatuvchi qismi;
  2. yuqori organ tomonidan unga huquqiy kuch beradigan har qanday harakatni tasdiqlash;
  3. xalqaro majburiyatlar yoki xalqaro huquq normalarini buzgan davlatlarga qarshi ta’sir choralari (iqtisodiy, harbiy);
  4. moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishning belgilangan tartibini buzgan uyushmalar, korxonalar, tashkilotlarga nisbatan qo‘llaniladigan va ular uchun muayyan salbiy oqibatlarga olib keladigan majburlov choralari;
  5. ruxsat, rozilik.

Huquqiy lug‘atlarda “sanksiya” atamasi xalqaro shartnomalarni buzgan davlatga nisbatan qo‘llaniladigan harbiy, iqtisodiy va siyosiy tusdagi majburlov choralari tizimini anglatadi

XALQARO HUQUQIY SANKSIYA NIMA VA U NIMA UCHUN ISHLATILADI?

Xalqaro sanksiya – bu tashqi siyosiy chora bo‘lib, uning maqsadi tinchlik, xalqaro xavfsizlik, demokratiya yoki qonun ustuvorligini saqlash, tiklash, inson huquqlari yoki xalqaro huquq normalariga rioya qilish va xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga erishishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat xalqaro huquqiy vositadir.

XALQARO SANKSIYALARNI KIM VA QANDAY HUQUQIY HUJJAT ASOSIDA QO‘LLAYDI?

Xalqaro sanksiyalar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi (BMT Nizomi VII bobining 41-moddasi asosida), Yevropa Ittifoqi Kengashi qarorlari (Yevropa Ittifoqi shartnomasining 29-moddasi asosida) bilan yoki davlatlarning milliy qonunchiligida qabul qilingan qonunlar asosida (masalan, Estoniya Respublikasining “Xalqaro sanksiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 7-moddasi) qo‘llaniladi.

Rezolyutsiya (lot. resolution – qaror yoki ruxsat) – xalqaro darajadagi tashkilotlarning rasmiy yoki maslahat organi tomonidan qabul qilingan qarori.

XALQARO HUQUQDA SANKSIYALAR QO‘LLASH TARTIBI QACHONDAN BOSHLANGAN?

Umuman olganda, sanksiyalarni qo‘llash qadimgi dunyo tarixiga borib taqaladi. Ya’ni u ilk bor miloddan avvalgi V asrda qo‘llanila boshlagan. Unda Afina dengiz ittifoqi Peloponnes muxoliflari ittifoqi tarkibiga kiruvchi Megara shahriga qarshi sanksiyalar kiritdi (birlashmalar Afina va Sparta o‘rtasidagi urush sifatida tarixga kirgan mashhur qarama-qarshilikning bir qismi edi). Natijada megaranlar Spartadan yordam so‘radi. Shundan so‘ng katta urush boshlandi. Undan so‘ng sanksiyalar qo‘ygan Afina ittifoqi yo‘q qilindi.

Sanksiyalar instituti xalqaro huquq kategoriyasi sifatida xalqaro huquq bilan bir vaqtda rivojlandi. Xalqaro huquqda universal tashkilot sifatida Millatlar Ligasi paydo bo‘lgunga qadar “sanksiyalar” iqtisodiy ta’sir choralari sifatida qo‘llanib kelingan, ya’ni aynan sanksiya atamasi ishlatilmagan. Sanksiya atamasi ilk bor 1919-yildagi Versal tinchlik shartnomasi matnida qayd etilgan. Ushbu shartnomaning VII qismida Germaniya imperatori Vilgelm II va uning tarafdorlari uchun “xalqaro axloq va shartnomalarning muqaddas kuchi”ni buzganlik, shuningdek, “urf-odatlar va urush qonunlariga zid harakatlar qilish”da jazo nazarda tutilgan. Ko‘rib turganingizdek, hujjatdagi sanksiyalar faqat shaxsning jinoiy javobgarlik choralarini anglatadi. Shuningdek, ayrim davlatlarning javobgarlik shakllari va majburlash choralari Versal shartnomasining boshqa qoidalarida nazarda tutilgan edi.

Millatlar Ligasi Nizomida sanksiya atamasi rasmiy ravishda belgilanmagan. Shu bilan birga, Nizomning 16-moddasida nazarda tutilgan, qoidabuzar davlatga nisbatan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralar amalda sanksiya xarakteriga ega edi. Liga aʼzosi noqonuniy qurolli kuch ishlatgan taqdirda, tashkilotga aʼzo barcha davlatlar qoidabuzar bilan har qanday savdo-iqtisodiy aloqalarni uzish, shuningdek, aybdor davlat fuqarolari bilan bunday munosabatlarni saqlab qolishga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oldi. Shuningdek, Nizom “tashkilotning majburiyatlarini hurmat qilish” uchun Millatlar Ligasi Kengashi tomonidan ma’qullangan holda, qurolli kuch ishlatishni istisno qilmadi. Nizom bo‘yicha majburiyatlarni buzganlikda aybdor deb topilgan davlat (qurolli kuch ishlatish shart emas) Ligadan chiqarib yuborilishi mumkin.

Ustavda mustahkamlab qo‘yilganiga qaramay, sanksiya choralari ularni amalga oshirishning to‘g‘ri mexanizmini ta’minlamadi va shuning uchun ko‘p qismi qog‘ozda qolib ketdi. Ulardan bir necha marta foydalanildi (1921-yilda Yugoslaviya, 1925-yilda Gretsiya, 1931-1932-yillarda Paragvay va Boliviya, 1935-1936-yillarda Italiyaga qarshi) va vaziyatni barqarorlashtirishga unchalik ham yordam bermadi. Ko‘p jihatdan Millatlar Ligasining tajovuzkor davlatlarga (birinchi navbatda, Germaniya va Yaponiya) qarshi sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha “chorasizligi” ularning tajovuzkor xatti-harakatlarining omillaridan biriga aylandi va buning natijasida dunyoda Ikkinchi jahon urushining boshlanishiga olib keldi.

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTIDA SANKSIYALAR

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng 1945-yilda xalqaro huquqda yangi universal tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha yangi davrni boshlab berdi.

Bugungi kunda BMT sanksiyalari atamasi ikki ma’noda qo‘llaniladi:

  • Xavfsizlik Kengashi tomonidan BMT Nizomining VII qismi asosida amalga oshirilgan har qanday chora-tadbirlar;
  • faqat BMT Nizomining 41-moddasiga muvofiq ko‘riladigan choralar (faqat ular harbiy bo‘lmagan majburlov choralarini o‘z ichiga oladi).

BMT Xavfsizlik Kengashi − BMT Ustavining 24-moddasiga muvofiq, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy mas’uliyat yuklangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi organi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanksiyalari – bu harbiy bo‘lmagan, asosan, iqtisodiy, majburlov choralari tizimi bo‘lib, uni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan BMT Nizomining 41-moddasi asosida tinchlik va xavfsizlik, xalqaro qoidalarni buzayotgan davlatga nisbatan qabul qilinadi. BMT sanksiyalarini qo‘llashdan maqsad bunday huquqbuzarlikni to‘xtatish va huquqbuzar davlatning javobgarlik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishini ta’minlashdan iborat. Sanksiyalar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi asosida joriy etilgan.

BMT SANKSIYALARI TARIXI

BMT sanksiyalari tarixini quyidagi davrlarga bo‘lish mumkin:

1945–1990-yillardagi sanksiyalar;

1990-yildan 1998-yilgacha bo‘lgan keng qamrovli sanksiyalar davri;

Manzilli sanksiyalarga o‘tish 1998-yildan hozirgi kungacha.

XALQARO HUQUQDA SANKSIYALARNING TURLARI

Bugungi kunda yuridik adabiyotlarda ham, siyosatda ham sanksiyalar turlari masalasiga katta e’tibor berilmoqda. Shu bilan birga, chalkashliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir sanksiya turini aniq belgilash muammolari dolzarbdir. Shuni ta’kidlash kerakki, sanksiyalar instituti xalqaro huquqning rivojlanishi bilan bir vaqtda rivojlangani kabi uning turlari ham rivojlandi.

Mavzuning dolzarbligini hisobga olgan holda, ta’kidlash kerakki, turli mualliflar sanksiyalarni tasniflashning har xil turlarini taqdim etadilar. Sanksiyalarni joriy etish vakolatiga ega bo‘lgan universal xalqaro tashkilot sifatida BMT Nizomi qoidalarini tahlil etish natijasida tashkilot nizomi sanksiyalarning quyidagi 3 turini belgilab beradi:

  • diplomatik;
  • iqtisodiy;
  • harbiy.

Qo‘llanilish obyektiga ko‘ra:

keng qamrovli, ya’ni butun davlatga taalluqli;

maqsadli, ya’ni qora ro‘yxat bo‘yicha ayrim jismoniy va/yoki yuridik shaxslarga nisbatan cheklovlar qo‘llaniladi.

Qabul qilish subyektiga ko‘ra:

alohida davlat tomonidan qo‘llaniladigan sanksiyalar (individual sanksiyalar);

bir guruh davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llaniladigan sanksiyalar (jamoaviy (kollektiv) sanksiyalar).

Sanksiyalar nomi

Tarkibi

1.

Tijorat yoki savdo sanksiyalari

  1. to‘liq (keng qamrovli) embargo;
  2. qisman (tanlangan) embargo;

d) texnik xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish

2.

Moliyaviy sanksiyalar

  1. davlatning xorijiy aktivlarini muzlatib qo‘yish;
  2. moliyaviy bozorlarga kirishni cheklash;

d) moliyaviy yordam berishni to‘xtatish

3.

Harakatga nisbatan sanksiyalar

  1. muayyan shaxslar yoki shaxslar guruhining o‘z davlati chegarasidan tashqariga harakatlanishini taqiqlash;
  2. har qanday aloqa vositalarining harakatlanishini taqiqlash

4.

Diplomatik sanksiyalar

  1. diplomatik vakolatxonalar xodimlarini sanksiyalar qo‘llanilgan mamlakatdan to‘liq yoki qisman olib chiqib ketish;
  2. diplomatik vizani bekor qilish

5.

Sport va madaniyatga oid sanksiyalar

  1. jazo choralari qo‘llanilgan mamlakat vakili bo‘lgan shaxslar yoki shaxslar guruhining sport musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlash;
  2. sanksiyalar qo‘llanilgan mamlakat vakili bo‘lgan shaxslar yoki shaxslar guruhlari ishtirokidagi ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni tugatish

6.

Protsessual sanksiyalar

  1. ovoz berish huquqini tugatish yoki mahrum qilish;
  2. xalqaro tashkilotning saylangan organlarida vakillik qilish huquqidan mahrum qilish;

d) xalqaro tashkilotga a’zolikni rad etish yoki undan chetlashtirish

INDIVIDUAL SANKSIYALAR

Individual sanksiyalar repressaliya, retorsiya, diplomatik yoki konsullik munosabatlarini uzish yoki to‘xtatish, o‘zini o‘zi himoya qilish kabilarni o‘z ichiga oladi.

RETORSIYA NIMA?

Retorsiya deb bir davlat tomonidan uning manfaatlariga ziyon yetkazgan boshqa bir davlatga nisbatan xalqaro huquqqa mos majburlov choralarini qo‘llashga aytiladi. Retorsiya o‘zga davlatning dushmanchilik harakatlariga qarshi buzilgan huquqlarni tiklashga yo‘naltirilgan muayyan bir davlatning javobi bo‘lishi ham mumkin.

REPRESSALIYA NIMA?

Repressaliya (harbiy bo‘lmagan) – bu bir davlat ikkinchi davlatga nisbatan qo‘llashga haqli bo‘lgan majburlov harakatlari. Repressaliya bir davlat tomonidan ikkinchi bir davlatning huquqqa zid harakatlariga qarshi buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida qo‘llaniladi. U yetkazilgan zararga mos kelishi va majburlov qoniqtiradigan darajada bo‘lishi lozim.

Repressaliyalar iqtisodiy munosabatlar, temiryo‘l, dengiz, havo, pochta, radio va boshqa aloqa turlarining to‘liq yoki qisman uzilishi hamda diplomatik, savdo va boshqa aloqalarning uzilishi, tovar va xomashyoni huquqbuzar davlat hududidan olib chiqishga embargo qo‘yish (taqiqlash) shakllarida bo‘lish mumkin.

SATISFAKSIYA NIMA?

Satisfaksiya – Bu zarar ko‘rgan tarafni sodir etilgan huquqbuzarlik qaytarilmasligi to‘g‘risida ishontirish va uzr so‘rash, huquqbuzarlikni sodir etishdagi aniq, aybdorlarni jazolashdir. Satisfaksiya rasmiy tarzda afsuslanish yoki ta’ziya bildirish; kechirim so‘rash; kelgusida bu kabi xalqaro huquqqa zid harakatlarning sodir etilmasligiga ishontirish; tegishli tantanali vaziyatda jabrlanuvchi davlat bayrog‘iga izzat-hurmat ko‘rsatish yoki uning madhiyasini ijro etish va boshqa yo‘llar bilan ifodalanishi mumkin.

RESTITUTSIYA NIMA?

Restitutsiya – huquqbuzar davlatning yetkazilgan moddiy zararni natura shaklida qoplashi, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan deliktvent davlatning ushbu harakatlari natijasida qo‘lga kiritilgan ishlab chiqarish uskunalari va badiiy boyliklarini aslidek qaytarishidir.

RESTORATSIYA NIMA?

Restoratsiya – bu huquqbuzar davlatning biror moddiy obyektning avvalgi holatini tiklashidir (masalan, uning aybi bilan ifloslangan suvning avvalgi sifatini tiklash).

SUBSTITUTSIYA NIMA?

Substitutsiya – bu restitutsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, u xalqaro huquqqa zid ravishda yo‘q qilingan yoki zarar yetkazilgan mulk, bino, transport vositasi, san’at asarlari, xususiy mulk va shu kabilarni almashtirish yoki o‘rnini qoplashdan iborat.

O‘ZINI O‘ZI HIMOYA QILISH

O‘zini o‘zi himoya qilish deganda, individual sanksiyalarning alohida turi sifatida qurolli hujumga javoban BMT Nizomiga muvofiq (51-modda) huquqbuzar davlatga qarshi qurolli choralarni qo‘llash nazarda tutiladi.

JAMOAVIY SANKSIYALAR

  • xalqaro tashkilotga a’zolikdan kelib chiqadigan huquq va imtiyozlarni to‘xtatib turish;
  • huquqbuzar davlatni xalqaro munosabatlardan chetlashtirish;
  • xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun jamoaviy qurolli choralar.

BMTDA SANKSIYALARNI QO‘LLASH MEXANIZMI

BMT Xavfsizlik Kengashi kengashning barcha a’zolaridan iborat bo‘lgan sanksiyalar bo‘yicha qo‘mitalar tuzadi, ularga sanksiyalar rejimlarini amalga oshirish vazifasi yuklanadi. Ushbu qo‘mitalar ko‘pincha Kengashning doimiy bo‘lmagan a’zolari tomonidan boshqariladi. Kengash, shuningdek, tez-tez qo‘mitalar ishini qo‘llab-quvvatlaydigan ekspert guruhlari (ko‘pincha Ekspertlar Paneli deb ataladi) tuzadi.

BMTDA SANKSIYALARNI QO‘LLASH TARTIBI

BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi. Bunday qarorlar odatdagidek doimiy a’zolar va doimiy bo‘lmagan a’zolarning ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Sanksiyalarni qo‘llashda BMT organlari, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashi va BMT Bosh Assambleyasi tashkilot Nizomining VI va VII boblari qoidalarini qo‘llashdan oldin nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishning barcha mumkin bo‘lgan vositalaridan foydalanishi kerak. Sanksiyalar faqat hech qanday imkoniyatlar mavjud bo‘lmaganda yoki nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishning barcha usullari tugagan taqdirdagina qo‘llanilishi kerak.

YEVROPA ITTIFOQIDA SANKSIYALAR QO‘LLASH MEXANIZMI

Yevropa Ittifoqi o‘z manfaatlari hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni himoya qilish uchun sanksiyalar mexanizmidan (Ittifoqning rasmiy terminologiyasiga ko‘ra, “cheklovchi choralar” deb yuritiladi) faol foydalanadi. Ittifoq o‘z siyosatida ko‘proq diplomatik ta’sir choralarining ahamiyati va ustuvorligini ta’kidlab, sanksiyalarni o‘z maqsad va manfaatlariga erishish uchun tashqi siyosatning so‘nggi vositasi deb hisoblaydi.

YEVROPA ITTIFOQIDA QO‘LLANILADIGAN SANKSIYALARNING TURLARI

Yevropa Ittifoqi cheklovchi choralarining asosiy turlariga quyidagilar kiradi:

  • Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirishni taqiqlash;
  • Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hududida joylashgan xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini muzlatish;
  • Moliyaviy cheklovlar (maqsadli mamlakat Markaziy banki aktivlarini muzlatish, xususiy banklar va boshqa yuridik shaxslarga kredit berishni taqiqlash, pul o‘tkazmalarini cheklash va boshqalar);
  • Tovar va xizmatlarning ayrim guruhlarini yetkazib berishni cheklash (qurol va harbiy texnika yetkazib berishni taqiqlash; yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib berishni taqiqlash va dasturiy ta’minot, oltin, qimmatbaho metallar va boshqalar);
  • Ayrim turdagi tovar va xizmatlar importini taqiqlash (neft va gaz yetkazib berish; ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va boshqalar);
  • Transport cheklovlari va boshqalar.

YEVROPA ITTIFOQIDA SANKSIYALARNI OLIB TASHLASH TARTIBI

Yevropa Ittifoqi cheklovchi choralar kiritilgan holatlarni doimiy ravishda kuzatib boradi. Ittifoq Kengashining cheklovchi choralarni joriy etish to‘g‘risidagi qarorlari 12 oy davomida amal qiladi. Vaziyatning rivojlanishiga qarab, Yevropa Ittifoqi Kengashi ushbu choralarni uzaytirish, kengaytirish, tuzatish, to‘xtatib turish yoki bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, barcha cheklovchi choralar o‘z kuchini yo‘qotadi.

SANKSIYALARNI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK QANDAY?

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzgan jismoniy va yuridik shaxslarni jazolashda milliy hukumatlarga tayanadi. Jazo sifatida katta pul jarimalari va qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

XALQARO SANKSIYALAR QO‘LLANILGAN DAVLATLAR RO‘YXATI

Davlatlar nomi

1.

Angola Respublikasi

2.

Gaiti Respublikasi

3.

Afg‘oniston Islom Respublikasi

4.

Kongo Demokratik Respublikasi

5.

Iroq Respublikasi

6.

Eron Islom Respublikasi

7.

Quvayt

8.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi

9.

Kot-d’Ivuar Respublikasi

10.

Liberiya Respublikasi

11.

Livan Respublikasi

12.

Liviya

13.

Ruanda Respublikasi

14.

Somali Federal Respublikasi

15.

Sudan Respublikasi

16.

Serra-Leone Respublikasi

17.

Eriteriya

18.

Efiopiya Federal Demokratik Respublikasi

19.

Janubiy Afrika Respublikasi

20.

Zimbabve Respublikasi

21.

Rossiya Federatsiyasi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Бахин С.В., Еременко И.Ю. Односторонние экономические «санкции» и международное право/ С.В.Бахин, И.Ю.Еременко// Закон. – 2017. – №.11. – С.162–175.
  2. Бекяшев К.А. Международное публичное право. – М., 2003. – 1008 c.
  3. Деханов С.А. Право и сила в межгосударственных отношениях // Московский журнал международного права. – 2003. –№ 4 (52). – С. 38-48.
  4. Дмитриева Н.И. Экономические санкции как инструмент политического давления // Государственное управление. – 2015. – Вып. № 52, октябрь. – C. 120-143.
  5. Калинин А.В. Экономические санкции ООН и односторонние экстратерриториальные меры экономического принуждения: сравнительный анализ // Юрист-международник. – 2005. – № 4. – C. 30-37.
  6. Кешнер М.В. Экономические санкции в современном международном праве. – М.: Проспект, 2015. – 179 с.
  7. Курдюков Г.И., Кешнер М.В. Соотношение ответственности и санкций в международном праве: доктринальные подходы // Журнал российского права. – 2014. – № 9 (213). – С. 103-115.
  8. Лукашук И.И. Право международной ответственности // Международное публичное и частное право. – 2002. – № 2. – С.30-43.
  9. Синякин И.И. Односторонние действия государства, связанные с применением силы: международно-правовые вопросы // Московский журнал международного права. – 2012. – № 1 (85). – С.125-138.
  10. Alexander K. Economic Sanctions: Law and Public Policy First Edition. – Palgrave Macmillan, 2008. – 378 p.
  11. Ashford E. Not-So-Smart Sanctions/ E.Ashford// Foreign Affairs. – 2016. – January-February. – P. 102-117.
  12. Cortright D., Lopez J. The Sanctions Decade: Assessing UN Strategies in the 1990s. – New York, 2000. – 247 p.

EGAMBERDIYEV DILSHODJON ALISHEROVICH

XALQARO MAYDONDA

QOʻLLANILADIGAN

SANKSIYALAR

(TA’SIR CHORALARI)

HAQIDA BILASIZMI?

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 0,69 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 145-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.