KIRISH
Dunyoda ish vaqtining cheklangan muddati va dam olish huquqi munosib mehnatning muhim tarkibiy qismi sifatida eʼtirof etiladi. Ish vaqti mehnatning sharti sifatida xodimlarning daromadi, farovonligi, turmush sharoiti yaxshilanishiga katta taʼsir oʻtkazadi.
Jahonda soʻnggi yillarda bir qator omillar ish vaqti va mehnatni tashkil qilish sohasida yangi tendensiyalarni vujudga keltirdi. Globallashuv va uning oqibati sifatida raqobatning keskinlashuvi, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi, ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash boʻyicha xavotirning ortishi, tovar va xizmatlarning isteʼmol talabiga nisbatan yangi modellarning paydo boʻlishi ishni tashkil qilishning moslashuvchan usullarini, xususan, anʼanaviy ish kunidan farq qiladigan moslashuvchan ish kuni, toʻliqsiz bandlik, ish vaqtini hisobga olishni maqbullashtirish va masofaviy ishni qoʻllashning kengayishiga olib keldi.
Mazkur risola ish vaqti deganda nima tushuniladi, ish vaqtining qanday turlari mavjud, kimlar uchun majburiy tartibda qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi, I va II guruh nogironi boʻlgan xodimlar uchun qanday ish vaqti belgilanadi, kimlarga ish beruvchi toʻliqsiz ish vaqtini belgilashga majbur, ish vaqtidan tashqari ish va kimni bunday ishga jalb qilsa boʻladi, qanday xodimlarni ishdan tashqari ishga jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, ishlanmaydigan dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilish mumkinmi kabi savollarga javob berish maqsadida tayyorlandi.
Risolada xodimlarning ish vaqti va dam olish vaqtiga oid huquqlari bilan bogʻliq masalalar sodda, xalqchil tilda savol-javob shaklida bayon etilgan.
-
ISH VAQTI DEGANDA NIMA TUSHUNILADI?
Ish vaqti deganda – Xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
Shuni unutmaslik lozimki ish vaqti xodim tomonidan bajarilgan ish hajmini oʻlchash vositasi boʻlib, uning yordamida unga toʻlanishi lozim boʻlgan ish haqi miqdori aniqlanadi. Ya’ni xodimga toʻlanadigan haq miqdori toʻgʻridan toʻgʻri xodim tomonidan sarflangan vaqtga yoki ushbu vaqt davomida ishlab chiqarilgan mahsulotga bogʻliq.
- ISH VAQTINING QANDAY TURLARI MAVJUD?
Ish vaqtining normal muddati
Ish vaqtining qisqartirilgan muddati
Toʻliqsiz ish vaqti
ISH VAQTINING TURLARI
Mehnat kodeksiga asosan ish vaqti yuqorida qayd etilganidek uch turga boʻlinadi va ularni farqlash xodim uchun ham, ish beruvchi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi!
- ISH VAQTINING NORMAL MUDDATI

Mehnat kodeksining 115-moddasiga asosan “xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq (40) soatdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Shu bilan birga kunlik ish vaqtining muddati



Izoh:
Mehnat qonunchiligi ish vaqtining muddatini belgilash orqali barcha xodimlarga ishning joyi va turidan qatʼi nazar xodimning mehnat vazifalarini bajaradigan cheklangan miqdordagi ish vaqtini kafolatlaydi. Boshqa tomondan, bu kuchni tiklash uchun yetarli dam olish vaqtiga ega boʻlishni taʼminlaydi. Shuning uchun ish vaqtini maksimal muddatini belgilash dam olish huquqining eng muhim kafolati hisoblanadi.
Qonun hujjatlarida belgilangan ish vaqtiga rioya qilish toʻgʻrisidagi talab mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxonalarga va yollanib ishlaydigan barcha xodimlarga tegishlidir.
Misol:
- Xususan, besh kunlik ish haftasi va ikki kunlik dam olish kuni (shanba va yakshanba) boʻlgan korxonalarda xodimlar sakkiz soat davomida (5×8 = 40 soat) kunlik ish bilan shugʻullanishlari lozim. Ya’ni besh kunlik ish haftasida ish beruvchi xodimni kuniga 8 soatdan ortiq ishlatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar korxonada ish vaqti soat 8:00 da boshlansa demak ish vaqti soat 17:00 da yoki ish vaqti soat 9:00 da boshlansa soat 18:00 tugashi lozim.
- Olti kunlik ish haftasi va bir kunlik dam olish (yakshanba) kuni boʻlgan korxonalarda kunlik ish vaqtining muddati ichki tartib qoidalarida belgilanadi. Masalan, besh kun yetti soat va haftaning bir kuni (odatda shanba kuni) – besh soat yoki olti kun – olti soat qirq daqiqa yoki toʻrt kun yetti soat va ikki kun olti soat va hokazo.
JUDA MUHIM:
Muayyan davr uchun ish vaqtining normal muddatini hisoblashda bayramlar arafasida va tunning ikkinchi yarmida kundalik ishlarning muddati kamida bir soatga kamayishi haqidagi talablarni hisobga olish kerak.
Shuni ham unutmaslik lozimki xodim uchun dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar (tushlik vaqti) ish vaqtiga kiritilmaydi.
- ISH VAQTINING QISQARTIRILGAN MUDDATI
Mehnat kodeksining 116-moddasiga asosan “ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sogʻligʻi holati, mehnatning shartlari, mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari va oʻzga holatlarni inobatga olib, mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Izoh:
Ish vaqtini qonuniy qisqartirish yuqorida qayd etilgan ayrim toifadagi xodimlar uchun (ularning yoshi, sogʻligʻi holati, mehnatning shartlari va boshqalar) sogʻligʻiga zarar yetkazmasdan ularni ishga jalb qilish maqsadida qulay shart-sharoitlarni yaratish uchun xizmat qiladi.
Shunday qilib, qisqartirilgan ish vaqti mehnat huquqining yuksak insonparvarligidan dalolat berish bilan birga, muhofazaga muhtoj boʻlgan xodimlar salomatligini himoya qilishdir.
Yuqorida qayd etilgan qoidaga asosan ish beruvchi tashkilotda ishlayotgan ayrim xodimlar uchun yoki ishga qabul qilinayotgan xodimlarning yoshi, sogʻligʻi holati, mehnatning shartlari, mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari va oʻzga holatlarni inobatga olgan holda tashkilotda qabul qilingan lokal hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida ish haqini kamaytirmasdan qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi mumkinligi ta’kidlangan. Ya’ni bunday xodimlarning har oylik ish haqi kamaymaydi lekin boshqa xodimlarga nisbatan kamroq ishlaydi.
Misol:
Tashkilotga pensiya yoshidagi xodim muhandis lavozimiga ishga qabul qilinyapti. Tashkilotda 5 kunlik ish haftasi belgilangan boʻlib muhandis lavozimida ishlaydigan pensiya yoshiga yetmagan xodimlar uchun kuniga 8 soatlik va haftasiga 40 soatlik ish vaqti rejimi belgilangan va bunday xodimlarning har oylik maoshi 2 000 000 etib belgilangan.
Bunda ish beruvchi ishga qabul qilinayotgan xodimning yoshini inobatga olgan holda u bilan tuzilayotgan mehnat shartnomasida unga haftasiga 40 soat emas, balki 35 soat yoki 36 soat yoki 30 soat etib qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi mumkin. Bunda xodim haftasiga boshqa xodimlarga nisbatan kam ishlasa ham uning har oylik maoshi qolgan boshqa xodimlar singari 2 000 000 soʻmdan kam boʻlmaydi.
- KIMLAR UCHUN MAJBURIY TARTIBDA QISQARTIRILGAN ISH VAQTI BELGILANADI?
Mehnat kodeksining 116-moddasi 2-qismiga asosan:
Ish vaqtining qisqartirilgan muddati quyidagilar uchun belgilanadi:

Juda muhim:
Yuqorida keltirib oʻtilgan toifadagi xodimlar uchun ish beruvchi bunday xodimlarning roziligidan qat’i nazar qisqartirilgan ish vaqtini belgilashlari majburiydir.
Izoh:
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlar uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 242-moddasiga muvofiq, hafta davomida ish vaqtining muddati bunday xodimlar uchun quyidagilardan oshmasligi kerak:
oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun
36 soatdan
oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlar
24 soatdan
Shuni unutmaslik lozimki 18 yoshga toʻlmagan xodimlar yuqorida keltirilgan soatlar davomida faqatgina oʻqishdan boʻsh boʻlgan vaqtda ishlashlari mumkin. Ya’ni yozgi yoki qishki taʼtil vaqtlarida.
Agarda 18 yoshga toʻlmagan xodim kunning birinchi yarmida oʻqisa va kunning ikkinchi yarmida ishlasa bunday xodimlarning ish vaqti quyidagicha boʻlishi lozim:
oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun
18 soatdan
oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlar
12 soatdan
Juda muhim:
18 yoshga toʻlmagan xodimlarni ularning roziligi bilan ham qonunchilikda belgilangan ish vaqtidan ortiq ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- I VA II GURUH NOGIRONI BOʻLGAN XODIMLAR UCHUN QANDAY ISH VAQTI BELGILANADI?
Mehanat qonunchiligiga asosan xususan Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan I va II guruh nogironlariga mehnatga haq toʻlash kamaytirilmagan holda ish vaqtining haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Izoh:
I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga xodimlarning nogironlik darajasini belgilovchi TIEK xulosasi ish vaqtini qisqartirish uchun asos boʻlib hisoblanadi. Shu bilan birga ish beruvchi TIEK xulosasiga qaramay, qonunchilik talablariga rioya qilmasa va ushbu xodimga qisqartirilgan ish vaqti belgilamasa, ish beruvchi nogironlik haqida xabardor boʻlgan kundan boshlab haftasiga 36 soatdan ortiq ishlangan vaqt uchun kamida ikki barobar miqdorda mehnatga haq toʻlashga majburdir. Demak, bunday holatda mehnat qonunchiligini buzganlikda aybdor boʻlgan mansabdor shaxs intizomiy, moddiy javobgarlikka, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasiga muvofiq maʼmuriy jarimaga tortilishi mumkin.
- NOQULAY MEHNAT SHAROITLARIDAGI ISHLARDA BAND BOʻLGAN XODIMLAR UCHUN BELGILANADIGAN ISH VAQTI
Mehnat kodeksining 117-moddasiga asosan noqulay mehnat sharoitlarida ishlaydigan xodimlar ikki guruhga boʻlinadi:
- birinchisi, mehnat jarayonida sogʻligʻiga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari taʼsir etadigan xodimlar boʻlsa;
- ikkinchisi, Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlardir.
Birinchi toifadagi xodimlar, ya’ni mehnat jarayonida sogʻligʻiga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari taʼsir etadigan xodimlar va bunday ishlarning roʻyxati shu bilan birga ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qoʻyiladi. Agar ular tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, mehnat sharoitlariga baho berishning Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan uslubiyati asosida belgilanadi.
Juda muhim:
Noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan boshqa barcha xodimlar, yaʼni mehnat jarayonida sogʻligʻiga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari taʼsir etadigan xodimlar uchun ish vaqti haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmasligi lozim.
Ikkinchisi toifadagi xodimlar, yani Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining muddati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarorining 8-ilovasida belgilangan.
Unga koʻra, bunday sharoitlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining chegarasi kuniga toʻrt yoki besh soatdan oshmasligi kerak. Masalan, kondensatorchilar, simob ajratuvchilar uchun kunlik ish vaqtining maksimal muddati toʻrt soatdan oshmasligi belgilangan. Yuqorida qayd etilgan nizomning 8-ilovasida koʻrsatilgan xodimlar uchun kunlik ish vaqtining normasi toʻrt yoki besh soat boʻlib, uning muddati oshirilishi mumkin emas (1-jadval). Misol uchun bunday xodimlarga boshqa ishlarni bajarish uchun qoʻshimcha majburiyatlarni yuklash taqiqlanadi.
- MEHNAT SHAROITI OʻTA ZARARLI VA OʻTA OGʻIR ISHLARDA BAND BOʻLGAN XODIMLAR UCHUN ISH VAQTINING CHEKLANGAN MUDDATI
1-jadval
t/r | Ishlarning nomi | Ish kuni muddati, soat |
1 | 2 | 3 |
1 | Rangli va noyob metallar rudasini, shuningdek, olmos xomashyosini va plavik shpatini boyitish, niobit (loparit) rudasidan tashqari Rentgen apparatiga xizmat koʻrsatuvchi laborant-rentgen tuzuvchi | 5 |
2 | Simob ishlab chiqarish Kondensatorchi | 4 |
3 | Simob ajratuvchi | 4 |
4 | Sariq fosfor ishlab chiqarish mexanik usulda | 4 |
5 | Kalsiy karbidi ishlab chiqarish Ishchilar va muhandis-texnik xodimlar (MTX), maydalash-quritish boʻlimi ishchilari va muhandis-texnik xodimlaridan tashqari | 5 |
6 | Nikel karbonili ishlab chiqarish Ishchilar va smena MTXlari | 4 |
7 | Granozan, merkuran, merkurbenzol ishlab chiqarish Simobni qabul qilib olish, amalgamlar tayyorlash, dietilsimob, etilmerkurxlorid, etilmerkurfosfat sintezlash, aralashtirish, idishga joylash va butlash koʻmir regeneratsiyasi oqava suvlarini tozalash boʻlimlarida bevosita band boʻlgan ishchilar va smena MTXlari | 4 |
8 | Sanitariya koʻrigidan oʻtkazuvchi degazatorchi, chilangar-santexnik | 4 |
- ALOHIDA TUSGA EGA BOʻLGAN ISHLARDAGI XODIMLARNING ISH VAQTI
Shuni takidlash lozimki, alohida tusga ega boʻlgan ishlardagi xodimlar uchun ham ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bunday xodimlarning faqat ikkita toifasini, yaʼni tibbiyot xodimlari va oʻqituvchilarni koʻrsatadi. Biroq Mehnat kodeksining 118-moddasi mazmunidan kelib chiqib takidlash joizki, tibbiyot xodimlari va oʻqituvchilardan tashqari, qisqartirilgan ish vaqtining belgilangan toifasiga kiruvchi xodimlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori 4-ilovasida keltirib oʻtilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 118-moddasida nazarda tutilgan umumiy qoidaga koʻra, mehnatning oʻziga xos xususiyatiga ega boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining muddati haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmasligi lozim.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatga ish vaqtining imtiyozli (haftasiga 36 soatdan kam) muddati belgilangan tibbiy xodimlar kiritilgan. Xususan, mazkur roʻyxatga muvofiq ish kuni muddati 5,5 soat etib ambulatoriya-poliklinika muassasalarining (poliklinikalar, ambulatoriyalar, dispanserlar, tibbiy xonalar, stansiyalar, boʻlimlar va xonalar) kasallarning butunlay ambulatoriya qabulida band boʻlgan shifokorlari, tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) va tibbiy-maslahat komissiyalari (TMK)ning shifokorlari va boshqalarga belgilangan. Shuni ham taʼkidlash kerakki, ish kunining belgilangan muddati olti kunlik ish haftasidan kelib chiqadi.
Mehnatning oʻziga xos xususiyatiga ega boʻlgan pedagog xodimlar uchun ham haftalik ish vaqtining maksimal muddati belgilangan. Masalan,
1–4-sinf oʻqituvchilari – logopedlar, maktab defektologlari, barcha turdagi va nomdagi maktab-internatlar uchun ish vaqtining muddati haftasiga
18 soat, barcha turdagi maktab va maktab-internatlarning 5–11-sinf oʻqituvchilari uchun 20 soat, bolalar bogʻchalari va maktabgacha yoshdagi bolalar uylari, maktabdan tashqari muassasalar oʻqituvchilari uchun – 36 soat etib belgilangan (2-jadval).
Mehnat kodeksining 118-moddasi tibbiy va pedagog xodimlarga haftasiga oʻttiz olti soatdan ortiq boʻlmagan ish vaqtining qisqartirilgan muddatini belgilash talablari tibbiyot va taʼlim muassasalarida ishlaydigan boshqa xodimlarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Shuning uchun tibbiy va pedagogik xodimlarni ajratib olish muhim amaliy ahamiyatga kasb etadi.
t/r | Kasb-hunar va lavozimlar | Ish kuni muddati, soat |
I. SOGʻLIQNI SAQLASH VA IJTIMOIY TAʻMINOT | ||
1 | Ambulatoriya-poliklinika muassasalarining (poliklinikalar, ambulatoriyalar, dispanserlar, tibbiy xonalar, stansiyalar, boʻlimlar va xonalar) kasallarning butunlay ambulatoriya qabulida band boʻlgan shifokorlari. | 5,5 |
2 | Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) va tibbiy-maslahat komissiyalari (TMK)ning shifokorlari. | 5,5 |
3 | Poliklinikalarning stomatolog-shifokorlari, tish shifokorlari va tish shifokorlari-protezistlari. | 5,5 |
4 | Butun ish vaqti davomida 200 vattdan baland quvvatdagi ultraqisqatoʻlqinli chastotadagi tibbiyot generatorlari (UQTCh)da ishlaydigan shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlari. | 5,5 |
XALQ TA’LIMI, OLIY VA OʻRTA MAXSUS TA’LIM VA PEDAGOG XODIMLAR | ||
5 | 1–4 sinflar oʻqituvchilari, maktablar, barcha tur va nomdagi maktab-internatlarning oʻqituvchi-logopedlari oʻqituvchi-defektologlari; gimnaziyalar, litseylarning oʻqituvchilari, logopedlik xonalari mudirlari. | 18 |
6 | Barcha tur va nomdagi maktablar va maktab-internatlarning 5–11(12) sinflari oʻqituvchilari, gimnaziyalar, litseylar, maktablararo oʻquv ishlab chiqarish kombinatlarining oʻqituvchilari; oʻrta hunar-texnika bilim yurtlarining umumta’lim fanlari oʻqituvchilari. | 20 |
7 | Barcha tur va nomdagi bolalar yaslilari va maktabgacha tarbiya muassasalari, bolalar uylari, maktabdan tashqari muassasalarning katta tarbiyachilari, tarbiyachilari | 36 |
8 | Oliy oʻquv yurtlari xodimlarining oʻqituvchi-professorlar tarkibi. | 36 |
- UCH YOSHGA TOʻLMAGAN BOLALARI BOR, BUDJET HISOBIDAN MOLIYAVIY JIHATDAN TAʼMINLANADIGAN MUASSASALAR VA TASHKILOTLARDA ISHLAYOTGAN AYOLLARGA UCHUN ISH VAQTIGA OID QANDAY HUQUQLARI BOR?
Mehnat kodeksining 2281-moddasiga asosan “uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan muddati chogʻida yuqorida koʻrsatilgan ayollar mehnatiga haq har kungi toʻliq ish muddati chogʻida tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi.
Izoh:
Shuni unutmaslik lozimki bunday ish vaqtining haftasiga 35 soatga qisqartirilishi barcha uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayol xodimlarga tatbiq etilmaydi. Ayol xodim bunday imtiyozga ega boʻlishi uchun birinchi navbatda budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotda ishlashlari lozim. Masalan, davlat tashkilotlarida, davlat maktablarida yoki bog‘chalarida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarda. Shuni ham unutmaslik lozimki bunday toifa ayol xodimlarning ish vaqti qisqartirilgani bilan har oylik maoshlari boshqa xuddi shunday toifa xodimlarniki singari toʻlanadi.
Misol:
Vazirlikda 40 nafar ayol ishlaydi va ularning har oylik maoshlari 2 000 000 soʻm. Vazirlikda barcha xodimlar uchun ish vaqti haftasiga 40 soat etib belgilangan. 40 nafar ayol xodimlarning 3 nafarida 3 yoshga toʻlmagan farzandlari bor. Yuqorida keltirib oʻtilgan qoidaga asosan 3 nafar 3 yoshga toʻlmagan farzandlari bor ayol xodimlar uchun Vazirlikda 35 soatda oshmaydigan ish vaqti belgilanmogʻi lozim va shu bilan birga ularning oylik maoshlari kamaytirilmadi. Ya’ni boshqa xodimlar singari har oy 2 000 000 soʻmdan oylik maosh oladilar.
- TOʻLIQSIZ ISH VAQTI VA XODIMLARNING UNGA BOʻLGAN HUQUQLARI
Toʻliqsiz ish vaqti – bu normal yoki qisqartirilgan ish vaqtining bir qismi (ish kuni, hafta) boʻlib, uning muddati xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha belgilanadi va ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda toʻlov amalga oshiriladi.
Yuqoridagi takidlab oʻtilganidek, ish vaqtining normal yoki qisqartirilgan turlarida ishlagan xodimlar uchun oylik ish haqlari toʻliq miqdorda toʻlanishi haqida gapirgan boʻlsak, toʻliqsiz ish vaqtida band boʻlganlarning oylik ish haqlari ishlangan vaqtga yoki bajarilgan ishga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 119-moddasiga asosan toʻliqsiz ish vaqti oʻz ichiga:
– toʻliqsiz ish kuni
– yoki toʻliqsiz ish haftasini oladi.
Bu nima degani?
Xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda kuniga boshqa xodimlar singari 8 soat yoki 7 soat emas, balki undan ham kamroq ishlashni belgilashi mumkin. Masalan, 5 soat yoki 4 soat va hokazo. Bunday holatda xodimga toʻliqsiz ish vaqti xususan toʻliqsiz ish kuni belgilangan hisoblanadi va xodimning har oylik maoshi uning ishlagan vaqtiga mutanosib yoki ishlab chiqargan mahsulotiga mutanosib amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, xodimga toʻliqsiz ish kuni emas, balki toʻliqsiz ish haftasi belgilanishi mumkin, bunday holatlarda xodim boshqa ishchilar singari kuniga toʻliq 8 soat yoki 7 soat ishlab haftaning qaysidir kunlari ishga chiqmaydi (odatda juma yoki payshanba kunlari) bunday toʻliqsiz ish vaqtining turi toliqsiz ish haftasi deb nomlanadi va mehnatga haq toʻlash yuqorida ta’kidlab oʻtilganidek amalga oshiriladi.
Izoh:
Shuni unutmaslik lozimki, xodim ayrim oilaviy, oʻqish bilan bogʻliq yoki kasal oila aʼzosini parvarish qilish uchun ish beruvchidan toʻliqsiz ish vaqtini belgilash orqali oʻzining oilaviy muammolarini hal qilishga yetadigan boʻsh vaqtni soʻrashi mumkin. Bunday holatlarda shuni unutmaslik lozimki umumiy qoida boʻyicha toʻliqsiz ish vaqti faqatgina ish beruvchi va xodim oʻtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi va xodim yoki ish beruvchi bunday ish vaqtini belgilashni talab qilishga haqli emas.
Misol: Masalan, korxonada kunlik sakkiz soat ish vaqti belgilangan boʻlsa, xodim sakkiz soat oʻrniga toʻliqsiz 7,6,5 soat ishlaydi yoki korxonada besh kunlik ish haftasi belgilangan boʻlsa, xodim bunda faqatgina 4 kun yoki 3 kun ishlasa bunday xodimga toʻliqsiz ish vaqti belgilangan hisoblanadi.
Bundan tashqari, xodimga kombinatsiyalangan toʻliqsiz ish vaqti ham belgilanishi mumkin, unga koʻra bunday xodimga bir vaqtning oʻzida ish kuni va ish haftasi qisqartiriladi, shuning uchun xodim korxonada belgilangan ichki tartib qoidada yoki ish grafigida belgilanganligiga qaraganda kamroq soat va kamroq ish kunlari ishlaydi. Masalan, har kuni besh soat va haftasiga toʻrt kun.
- KIMLARGA ISH BERUVCHI TOʻLIQSIZ ISH VAQTINI BELGILASHGA MAJBUR?
Yuqorida keltirib oʻtilgan qoidaga asosan toʻliqsiz ish vaqti umumiy qoidaga asosan ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Biroq qonun hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan ayrim hollarda xodimning iltimosiga binoan toʻliqsiz ish vaqtini belgilash ish beruvchining majburiyati hisoblanadi.
Masalan, bunday majburiyat Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 220-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan TIEKning nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻliqsiz ish vaqti rejimi oʻrnatish, ularning vazifasini kamaytirish va mehnatning boshqa shartlari haqidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiydir. Ya’ni ish beruvchi nogironligi boʻlgan xodimga TIEKning xulosasiga koʻra toʻliqsiz ish vaqtini belgilashga majbur.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 229-moddasiga asosan homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.
Shuningdek, qonunchilikda xodimni faqatgina toʻliqsiz ish vaqti asosida ishga qabul qilish holatlari nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning muddati ushbu toifadagi xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan ish vaqtining yarmidan oshmasligi kerak. Masalan, bunday sharoitlarda oʻrindoshlar, shuningdek, oʻquv yili davomida boʻsh vaqtlarida ishlayotgan oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar ishga qabul qilinishi kerak.
Qoʻshimga maʼlumot:
Shuni taʼkidlash kerakki, ish beruvchi xodimning iltimosiga binoan jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodimni toʻliqsiz ish vaqti rejimiga oʻtkazish haqidagi aniq holatlar (qonun hujjatlarida belgilangan holatlardan tashqari) belgilanishi va bunday holatlar paydo boʻlganda ish beruvchi xodimga toʻliqsiz ish vaqtini belgilashga majbur.
- ISH VAQTIDAN TASHQARI ISHLARGA KIMLARNI JALB QILSA BOʻLADI?
Ishdan tashqari ish – bu Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasiga muvofiq, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish hisoblanadi.
Misol:
Tashkilotda ish vaqti soat 8:00 dan 17:00 gacha qilib belgilangan. Agar xodim ishga soat 17:00 dan keyin yana qoʻshimcha ishda qolib ishlashga jalb qilingan boʻlsa bunday ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning faqatgina roziligi bilan qoʻllanishi mumkin.
Izoh:
Koʻrinib turibdiki, ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish uchun asos sifatida milliy mehnat qonunchiligida faqat xodimning roziligi boʻlishi talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasiga asosan ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida 4 soatdan oshmasligi belgilangan. Yaʼni, agar birinchi kuni xodim ish vaqtidan tashqari ishga toʻrt soatdan ortiq ishlagan boʻlsa, ertasi kuni hatto uning roziligi boʻlsa ham, uni bunday ishlarga jalb qilish mumkin emas. Agar birinchi kun uchun ishlangan ish vaqtidan ortiqcha ishning muddati uch soat boʻlsa, ertasi kuni bunday xodimning ish vaqtidan tashqari ishlagan vaqti bir soatdan oshmasligi lozim.
- QANDAY XODIMLARNI ISHDAN TASHQARI ISHGA JALB QILISHGA YOʻL QOʻYILMAYDI?
Shuni eʼtibordan chiqarmaslik lozimki, ayrim xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish faqatgina ularning roziligi boʻlgan taqdirda ayrimlarini esa bunday ishlarga umuman jalb qilish taqiqlanadi, bularga:

QOʻSHIMCHA MAʼLUMOT:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasida zararli va ogʻir mehnat sharoitlarida ishlaydigan xodimlar uchun ish vaqtidan tashqari ish kuniga ikki soatdan koʻp boʻlmaganligi nazarda tutilgan. Yil davomida xodim bajarishi lozim boʻlgan ish vaqtidan tashqari ishning maksimal muddati barcha hollarda yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak
Muhim:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasining ikkinchi qismida ish beruvchi har bir xodim tomonidan haqiqatda ishlangan ish vaqtini, shu jumladan ish
vaqtidan tashqari ishlagan vaqtini oʻz vaqtida aniq hisobini olib borish sharti belgilangan.
Ish vaqtidan tashqari ishning yana bir xususiyati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga koʻra, ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki barobar miqdorda haq toʻlanadi. Yoki boshqa dam olish kuni (otgul) berilishi va bir baravar miqdorda haq toʻlanishi lozim.
- ISHLANMAYDIGAN DAM OLISH VA BAYRAM KUNLARI ISHGA JALB QILISH MUMKINMI?
Xodimlarni dam olish va bayram kunlari ishlashga jalb qilish normal mehnat sharoitlardan chetga chiqish hisoblanadi. Umumiy qoidaga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasiga asosan dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Biroq, ayrim hollarda ish beruvchining farmoyishiga koʻra ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollarda, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishib belgilangan asoslar va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Shu bilan birga, Umumiy qoidaga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasiga asosan Bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash man etiladi.
Xuddi shu tartibda ayrim xodimlarni bayram (ishlamaydigan) kunlarda ishlashga jalb etishga ham yoʻl qoʻyiladi (132-modda birinchi qismi).
Unutmang!
Dam olish kunlari va bayram kunlarida ishga jalb qilish, birinchi navbatda, faqat korxonaning alohida xodimlariga, ikkinchidan, faqat oldindan nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Jamoa shartnomasida nafaqat asoslar (holatlar) aniqlanadi, balki jalb qilish tartibi ham belgilanadi va shu belgilangan tartib orqali ish beruvchi oʻz xodimlarini bunday ishlarga jalb qilishga haqlidir.
Binobarin, agar jamoa shartnomasida belgilangan tartib (agar u tuzilmagan boʻlsa – ish beruvchining kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi) boʻlsa va bu tartibda kasaba uyushmasining roziligi olinish koʻrsatilgan boʻlsa, ish beruvchi xodimlarni dam olish yoki bayram kunlari ishlashga jalb qilishi uchun kasaba uyushmasining roziligini olishi shart.
Korxonada xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb qilish tartibini belgilashda (aniqlashda) qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga qatʼiy rioya qilish zarur.
Masalan:
- Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 220-moddasi beshinchi qismiga koʻra, nogironlarni dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan boʻlsa yoʻl qoʻyiladi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 228-moddasiga muvofiq homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni dam olish kunlarida ishga jalb qilish faqatgina ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 245-moddasiga koʻra, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarni dam olish va bayram kunlari ishlashga ruxsat berilmaydi.
Muhim:
Dam olish kunlari va bayram kunlarida ishlash uchun kompensatsiya puli Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasi talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Xususan, ushbu kunlarda ishlaganlik uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanishi lozim.
Korxonaning lokal hujjatlarida bunday ish uchun toʻlov ikki baravardan koʻproq miqdorda belgilanishi, ammo qonun bilan kafolatlanganidan past, yaʼni ikki baravaridan kam miqdorda boʻlishi mumkin emas.
Bundan tashqari, xodimning xohishiga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasida koʻrsatilganidek, bayram yoki dam olish kunidagi ish, boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan almashtirilishi mumkin. Agar dam olish yoki bayram kunidagi ishlangan ishlar boshqa dam olish kuni bilan almashtirilsa bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnatga haq toʻlanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son;
- Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi. Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son;
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 133-son qarori. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son;
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 743-son qarori. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son;
- Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 14-iyunda 746-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan). https://lex.uz/docs/582817.
MURODULLAYEV DOSTONJON NIGMATULLO OʻGʻLI
YUSUPOV NODIRBEK ABDUJALILOVICH
XODIMLARNING ISH VAQTI VA
DAM OLISH VAQTIGA
OID HUQUQLARI
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 158-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.