KIRISH
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashini taʼminlash, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, ayollarning mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, ayniqsa, oilada, mehnat munosabatlarida, tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat yuritish mexanizmlarini yaratishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Shuningdek, risolada zoʻravonlik, tazyiq tushunchasi va uning turlari; zoʻravonlik va tazyiqning kelib chiqish sabablari; zoʻravonlikdan jabrlangan va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning tavsifi; zoʻravonlik va tazyiqdan himoyalanish, shuningdek uning oldini olish choralariga doir masalalar bayon etilgan. Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquqlarini kamsitilishining oldini olish maqsadida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni ilova qilamiz.
Ushbu risola ayollar duch kelayotgan huquqiy muammolarga yechim topishda, ularning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
SAVOL-JAVOB
1. Nikoh tuzish tartibi qanday? Rasmiy nikohdan oʻtmasdan yashash mumkinmi?
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʻtgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablar boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʻtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
Alohida hollar (homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
2. Ayolni majburlab turmushga berish mumkinmi? Bu uchun javobgarlik mavjudmi?
Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Ota-ona yoki boshqa shaxslar tomonidan nikoh tuzishga majburlangan taqdirda javobgarlik vujudga keladi. Bu uchun Jinoyat kodeksida 136-moddada jazo belgilangan.
Nikoh yoshi nechi yosh qilib belgilangan?
Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanadi.
3. Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Qonunchilikka muvofiq, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanadi.
Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra tegishli tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish javobgarlikni keltirib chiqaradi. Ushbu huquqbuzarliklarni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgandan keyin takroran sodir etish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
4. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar mavjudmi, ular qanday holatlar?
Oila kodeksiga koʻra, nikoh tuzishga:
loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida;
nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;
loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani topa olmayapman.
Aksariyatimiz shu kabi holatlarga duch kelganmiz. Xoʻsh bunday hollarda guvohnoma topilmasa, nima qilish kerak?
Bunday hollarda FHDY (ZAGS) organlariga murojaat qilish lozim.
Bunda oʻsha dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga yoki oʻzi yashab turgan joydagi FHDY organiga murojaat etish mumkin. Yashash joyidagi FHDY organi orqali takroriy guvohnoma berish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat etilganda arizani qabul qilgan FHDY organi uni guvohnomani bergan FHDY organiga ijro uchun joʻnatadi.
Pochta orqali kelib tushgan takroriy guvohnoma soʻralgan arizalar shu kuni ijro etiladi va yoʻllanma xat bilan birgalikda FHDY organiga joʻnatiladi va bir vaqtning oʻzida ariza beruvchiga guvohnoma joʻnatilgani haqida xabarnoma yuboriladi. Ariza beruvchi guvohnomani bergan FHDY organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.
Tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar oʻsha shaxsning oʻziga, uning ota-onasiga yoki tasdiqlangan ishonch qogʻozi asosida boshqa shaxslarga beriladi.
Vafot etgan shaxsga nisbatan tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tugʻilganligi haqida maʼlumotnoma berilishi mumkin. Oʻlim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxoʻrlariga yoki ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi.
Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar tegishli shaxslarning oʻzlariga yoki ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi. Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi maʼlumotnoma berilishi mumkin.
Takroriy guvohnomalar berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida gerb yigʻimi (oʻlim haqidagi gerbli guvohnoma bundan mustasno) va eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida davlat boji toʻlash lozim. Ushbu xizmat Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Baʼzi hollarda, moliyaviy qiyinchilik, eʼtiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasport, nikoh guvohnomasi)ning mavjud emasligi va h.k sabablar tufayli tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma vaqtida olinmaydi. Bu holat kelgusida bola uchun nafaqa olishda, fuqarolikni belgilashda, uni bogʻchaga, maktabga berishda muammolar, ovoragarchiliklarga sabab boʻladi.
Xoʻsh bunday holatda nima qilish kerak?
1-holat bola tugʻruqxonada tugʻilgan boʻlsa.
Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tugʻilgan joydagi FHDY organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:
ota-onaning pasporti;
bolaning tugʻilganligi haqida tibbiy maʼlumotnoma (mazkur maʼlumotnoma soʻralgan kuni tugʻruqxona tomonidan taqdim etiladi);
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (poliklinikadan olinadi);
bolaning taʼlim olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (agar oʻqiyotgan boʻlsa);
bola tugʻilgan joydagi FHDYO arxividan ushbu bolaga nisbatan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
2-holat bola uyda tugʻilgan boʻlsa
Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tugʻilgan joydagi FHDY organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:
ota-onaning pasporti;
bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma (dalolatnoma bola tugʻilgan kunda rasmiylashtirilgan boʻlishi shart);
dalolatnoma asosida uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (poliklinikadan olinadi);
bolaning taʼlim olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (agar oʻqiyotgan boʻlsa);
bola tugʻilgan joydagi FHDYO arxividan ushbu bolaga nisbatan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
Agar bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tuzilmagan boʻlsa, bunday hollarda bolaning aynan shu onadan tugʻilganligi fakti fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan belgilanadi.
6. Aliment qanday tartibda undiriladi?
Voyaga yetmagan bolaga aliment toʻlash tartibini ota-ona oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqli. Ushbu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa, ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undiriladi.
7. Aliment toʻlash asosan otaning majburiyatiga kiradimi?
Yoʻq. Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
8. Aliment qachondan undirila boshlaydi?
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar taʼminot uchun mablagʻ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar koʻrilganligi, ammo aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning uni toʻlashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, oʻtgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
9. Aliment qachongacha undiriladi?
Voyaga yetmagan bolaga aliment u voyaga yetgunga qadar toʻlanadi.
10. Voyaga yetgan bolaga ham aliment toʻlanadimi?
Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shart. Bunda taʼminot berish ota-onaning kelishuviga koʻra amalga oshiriladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
11. Aliment qancha miqdorda undiriladi?
Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – 1/4 qismi; ikki bola uchun – 1/3 qismi; uch va undan ortiq bola uchun – ½ qismi miqdorida undiriladi.
Voyaga yetgan bolaga alimentning miqdori sud tomonidan har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
12. Aliment toʻlovchi hech qayerda ishlamasachi?
Agar aliment toʻlovchi ishlamasa aliment oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi.
13. Bola kasal boʻlganda va boshqa holatlarda qoʻshimcha moddiy taʼminot olinadimi?
Bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarda ota-ona ishtirok etishi shart.
14. Alimentni biratoʻla oldindan toʻlash mumkinmi?
Xa. Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar boʻlgan davr uchun, shu jumladan koʻchmas yoki koʻchar mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yoʻli bilan oldindan toʻlanishi mumkin.
15. Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment toʻlashdan ozod etish mumkinmi?
Ha mumkin. Aliment toʻlovchining boshqa voyaga yetmagan bolalari boʻlib, undan aliment undirilganda oʻsha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan kamroq taʼminlanib qoladigan boʻlsa, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa bir qator hollarda aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining toʻliq taʼminotida boʻlsa, sud toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment toʻlashdan ozod qilishi mumkin.
16. Meros nima?
Meros – bu vafot etgan shaxs (meros qoldiruvchi)ning mulkiy va ayrim nomulkiy huquqlarini merosxoʻrga oʻtishidir. Inson vafot etganidan soʻng unga tegishli boʻlgan barcha mol-mulklar boshqa shaxslarga oʻtadi. Faqat mol-mulklar emas, balki qarzlar yoxud marhum kimgadir qarz yoki biror mol-mulk bergan boʻlsa, uni talab qilib olish huquqi ham uning merosxoʻrlariga oʻtadi. Ana shu jarayon meros deb nomlanadi.
17. Kimlar merosxoʻr boʻla oladi?
Meros qoldiruvchi vafot etgan vaqtda tirik yoki homila holida boʻlgan marhumning vasiyatnomasida koʻrsatilgan shaxslar yoxud uning qarindoshlari merosxoʻr hisoblanadi.
18. Faqat insonlar merosxoʻr boʻladimi?
Yoʻq, amaldagi qonunchilikka koʻra inson vasiyatnomasida oʻz mol-mulkini davlatga, biror-bir tashkilotga yoxud fondga meros qilib qoldirishi mumkin.
Esda saqlang! Merosxoʻrlar:
|
Vasiyat boʻyicha merosxoʻrlar – qarindoshligidan qatʼi nazar, har qanday shaxs, shuningdek yuridik shaxs, davlat yoxud fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻlishlari mumkin.
Qonun boʻyicha merosxoʻrlar – bunda meros qoldiruvchining qon-qarindoshlari voris hisoblanadi. Ular qarindoshlik darajasiga qarab merosga chaqiriladi.
19. Merosning ochilishi deganda nima tushuniladi?
Meros qoldiruvchining vafot etishi natijasida uning mol-mulkiga nisbatan meros ochiladi.
Meros ochilgan vaqt:
- meros qoldiruvchining oʻlgan kuni (zarurat boʻlganda payti ham);
- u vafot etgan deb eʼlon qilinganda esa sudning qarorida koʻrsatilgan aniq muddat;
- sudning qarori kuchga kirgan kun.
20. Meros qayerda ochiladi?
Meros ochilgan joyni aniqlash mazkur meros masalasiga nisbatan qoʻllanadigan qonunni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. FKning 1197-moddasiga asosan meros meros qoldiruvchining oxirgi doimiy turar joyiga ega boʻlgan (meros ochilgan joy) mamlakatning qonunlari boʻyicha belgilanadi.
Masalan:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi oxirgi doimiy turar joyi Turkmaniston Respublikasida boʻlsa, uning meros mol-mulkiga nisbatan Turkmaniston qonunchiligi qoʻllaniladi.
Meros ochilgan joy – meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joy. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi nomaʼlum boʻlsa, meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, koʻchmas mulk boʻlmagan taqdirda esa koʻchar mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi. |
Meros ochilgan joyni aniqlashning boshqa ahamiyatli holatlari meros ochilgan joydagi notarial idora tomonidan koʻrib chiqiladi.
Buni yodda tuting! Koʻchmas mulkni meros boʻlib oʻtishiga nisbatan meros ochilgan mamlakat (yaʼni fuqaroning oxirgi doimiy yashagan mamlakati) qonunchiligi emas, koʻchmas mulk joylashgan mamlakat qonunchiligi qoʻllaniladi. FK 1199-m. |
21. Vasiyatnoma nima va u qanday rasmiylashtiriladi?
Fuqaroning oʻziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof etiladi.

Vasiyatnoma – bu fuqaro tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkning taqdirini oʻzi vafot etgandan keyin belgilovchi yozma hujjat. Unda fuqaro qarzlarini ham meros qilib qoldirishi mumkin.
Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq, agar vasiyat qoldiruvchi sogʻligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan imzolay olmasa, uni oʻrniga boshqa shaxslar vasiyatnomani imzolashi mumkin.
Vasiyat boʻyicha eng koʻp beriladigan savollar 22-savol. Kimlarga vasiyat qoldirsa boʻladi? Faqat qarindoshlargami? Javob: xohlagan kishingizga, xatto tashkilot yoxud istalgan davlatingizga vasiyat qoldirishingiz mumkin. 23-savol. Barcha mol-mulkimni vasiyat qilib qoldirishim shartmi? Javob: Yoʻq, bir qismini ham qoldirsa boʻladi. 24-savol. Kelajakda olmoqchi boʻlgan mol-mulkimni ham vasiyat qilib qoldirsam boʻladimi? Javob: Albatta, hatto Eyfil minorasini ham. 25-savol. Bobom manga Eyfil minorasini vasiyat qilib qoldirgan. Endi Eyfil minorasi menga tegishlimi? Javob: Yoʻq. Sababi bobongiz vafot etgan vaqtda minora unga tegishli boʻlmagan. |
E-notarius.uz saytida notarius qabuliga yozilish uchun fuqarolarimiz Identifikatsiyalashning yagona axborot tizimida (id.gov.uz) roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, yaʼni ID va parolga ega boʻlishi lozim.

Shu munosabat bilan kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatda fuqarolarimiz vasiyatnomani notarial tasdiqlash uchun e-notarius.uz saytida navbatga yozilishlari shart.
Bu uchun fuqarodan tizimga kirish va pasport maʼlumotlari (pasport seriya, raqam, identifikatsion raqam)ni toʻgʻri joylashtirish talab qilinadi.

Zarurat boʻlsa, fuqaroning murojatiga koʻra notarius vasiyatnomani notarial idorasi binosidan tashqarida fuqaroning boʻlib turgan joyida ham tasdiqlashi mumkin. Bunday vaziyatda ham notarius va fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilgan holda vasiyatnomani notarial tasdiqlash jarayonida ishtirok etadi. Vasiyatnomani notarial tasdiqlash va uni imzolash jarayoni majburiy audio va video shaklida qayd etiladi.
26. Men vasiyatnoma tuzmoqchiman, qayerga murojaat qilaman?
Bu uchun siz istalgan notarial idoraga oʻzingizning shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlariningizni hamda amaldagi BHMning 5% miqdorida davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatni taqdim qilishingiz lozim.
27. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga qanday hujjatlar kiradi?
Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsi – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;
harbiy xizmatchilarning shaxsi – harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
chet el fuqarolarining shaxsi – ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinishi lozim) yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
xorijda doimiy yashayotgan va konsullik roʻyxatida turgan Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsi – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun – Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.
Esda tuting! Vasiyatnomani notarial tasdiqlashda meros qilib qoldiriladigan mol-mulkga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Vasiyatnoma vasiyat qoldiruvchining soʻzlaridan yoziladi. |
28. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi nima uchun kerak va u qanday rasmiylashtiriladi?
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiy muassasa tomonidan (murojaat qilgan yoki davolangan joydagi) vaqtincha mehnatga layoqatsiz shaxsga beriladi.
Statsionar sharoitda faoliyat yuritadigan xususiy tizimidagi tibbiy muassasasi ham mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish huquqiga ega.
Xizmat safari yoki mehnat taʼtiliga koʻra yashash joyida boʻlmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (maʼlumotnomasi) u vaqtincha boʻlgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi.
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi.
Xodim quyidagi holatlarda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi:
aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa;
aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan 1 yilda jami 6 oyni tashkil qilsa;
sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik davri kamida 10 oyni tashkil qilsa;
silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchayganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida 6 oyni tashkil qilsa.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati yoʻq tibbiy muassasalar:
tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
shifoxonalarning qabul boʻlimlari;
sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
pansionat va sanatoriy-kurortlar;
fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari.
Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa toʻlanadi (http://lex.uz/docs/357102#367472).
29. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi qanday hollarda beriladi?
Quyidagi hollarda beriladi:
vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallikda (shikastlanishda);
sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda;
karantinda;
sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.
30. Ayol bolani parvarishlash taʼtili davrida ishlashi mumkinmi?
Ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.
Shuningdek, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi 2 yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun taʼtil beriladi. Bu davrda ish joyi saqlanadi. Ayol oʻz xohishiga koʻra, bolani parvarishlash taʼtili davrida toʻliq boʻlmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashi mumkin.
31. Uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol haftada necha soat ishlaydi?
3 yoshga toʻlmagan bolalari bor, budjet tashkilotlarida ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan muddati chogʻida ushbu ayollar mehnatiga haq har kungi toʻliq ish muddati chogʻida tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi.
Bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan boʻlsa – ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga egalar. Basharti, ayol oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni ular 8 yoshga toʻlguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan boʻlsa, pensiya tayinlashda ular haqiqiy farzandlar bilan teng ravishda hisobga olinadi.
32. Xodim roziligi bilan ish vaqtidan tashqari qancha ishlashi mumkin?
Xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Qonunchilikka koʻra, xodim oʻz roziligi bilan ish vaqtidan tashqari surunkasiga 2 kun davomida 4 soatdan (mehnat sharoiti ogʻir va zararli ishlarda – 1 kunda 2 soatdan) va yiliga 120 soatdan ortiq ishlashi mumkin emas. Masalan, agar xodim birinchi kuni 4 soat ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilingan boʻlsa, ertasi kuni hatto uning roziligi boʻlgan taqdirda ham uni bunday ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Ish smenasi 12 soat boʻlganda, shuningdek mehnat sharoiti oʻta ogʻir va oʻta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga, xodimning roziligi boʻlgan taqdirda ham yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, xodimni surunkasiga 2 smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi.
33. Xodimning ish haqidan ushlab qolishga yoʻl qoʻyiladimi?
Xodimning mehnat haqidan ushlab qolish uning yozma roziligi bilan yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin. Xodimning roziligisiz mehnat haqidan quyidagi hollarda ushlab qolinishi mumkin:
belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish uchun;
sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;
oldindan berilgan maqsadli pullar (masalan, xizmat safarlari uchun berilgan va ishlatilmay qolingan avans) boʻyicha hisob-kitob qilish hamda ortiqcha toʻlangan summani qaytarib olish uchun;
mehnat taʼtili boʻyicha hisob-kitob qilish uchun;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun;
intizomiy jazo tariqasida tayinlangan jarimani undirish uchun.
Ish haqidan ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimning ish haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim. Ushbu cheklov aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim.
34. Xodimning asosiy mehnat huquqlari nimalardan iborat?
Quyidagilar xodimning asosiy mehnat huquqlari hisoblanadi:
oʻz mehnati uchun Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadi boʻyicha belgilanganidan oz boʻlmagan miqdorda haq olish;
muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini oʻrnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq toʻlanadigan yillik taʼtillar berish orqali taʼminlanadigan dam olish;
xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ish bilan bogʻliq holda sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;
kasaba uyushmalariga hamda xodimlar va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish;
qariganda, mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish;
oʻzining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;
jamoalarga doir mehnat nizolarida oʻz manfaatlarini quvvatlash.
35. Foydalanilmagan taʼtil uchun pullik kompensatsiya toʻlanadimi?
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda, xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.
Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning xohishiga koʻra, yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillarni berib, undan keyin mehnat munosabatlarini bekor qilinishi mumkin. Bunda taʼtil tugagan kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi.
36. Har doim mehnat shartnomasi dastlabki sinov muddati bilan tuziladimi?
Mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov sharti bilan tuzilishi mumkin:
xodimning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib koʻrish;
xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirish boʻyicha bir qarorga kelishi.
Quyidagilar uchun dastlabki sinov belgilanmaydi:
homilador ayollar;
3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar;
korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻqishni tamomlagach 3 yil ichida birinchi marta ishga kirayotganida;
xodimlar bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda.
37. Ishsizlik nafaqasi kimga va qancha davrga toʻlanadi?
Ishdan mahrum boʻlgan, birinchi marta ish qidirayotgan, shuningdek uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashni istagan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Qaramogʻida uchtagacha kishi boʻlgan, 35 yoshga toʻlmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq toʻlanadigan jamoat ishlarida belgilangan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.
Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab kechi bilan oʻn birinchi kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ishsizlik nafaqasi koʻpi bilan:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan yoki uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga 12 oylik davr mobaynida 26 kalendar hafta;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa 13 kalendar hafta mobaynida toʻlanadi.
38. Xodimga qoʻllaniladigan intizomiy jazoning amal qilish muddati qancha?
Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qoʻllanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar xodim shu muddat ichida yana intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi.
Intizomiy jazoni qoʻllagan ish beruvchi oʻz tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xodimning bevosita rahbari iltimosnomasiga koʻra jazoni bir yil oʻtmasdan oldin ham olib tashlashga haqli.
39. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi qanday huquqiy ahamiyatga ega?
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiy muassasa tomonidan (murojaat qilgan yoki davolangan joydagi) vaqtincha mehnatga layoqatsiz shaxsga beriladi.
Statsionar sharoitda faoliyat yuritadigan xususiy tizimidagi tibbiy muassasasi ham mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish huquqiga ega.
Xizmat safari yoki mehnat taʼtiliga koʻra yashash joyida boʻlmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (maʼlumotnomasi) u vaqtincha boʻlgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi. Oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi. Xodim quyidagi holatlarda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi:
aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa;
aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan 1 yilda jami 6 oyni tashkil qilsa;
sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik davri kamida 10 oyni tashkil qilsa;
silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchayganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida 6 oyni tashkil qilsa.
40. Barcha tibbiyot muassasalari mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishi mumkinmi?
Yoʻq, mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati yoʻq tibbiy muassasalar:
tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
shifoxonalarning qabul boʻlimlari;
sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
pansionat va sanatoriy-kurortlar;
fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari.
Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa toʻlanadi.
41. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi qanday holatlarda beriladi?
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:
vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallikda (shikastlanishda);
sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda;
karantinda;
sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.
42. Boshqa ishga oʻtkazishga xodimning roziligi talab qilinadimi?
Boshqa doimiy ishga oʻtkazishga (xodimning mehnat vazifalarini oʻzgartirishga) – unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Agar obyektiv sabablarga koʻra mehnat shartnomasida belgilab qoʻyilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin boʻlmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni, bunday ish boʻlmagan taqdirda esa korxonada mavjud boʻlgan boshqa ishni taklif etishi shart.
Xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq boʻlsa, mutaxassisligi boʻyicha birmuncha kam malaka talab etiladigan boshqa ish taklif etilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida shartlashib olinmagan ish joyini oʻzgartirish mehnat shartlarini oʻzgartirish deb hisoblanmaydi va bu haqda xodim bilan kelishish talab qilinmaydi.
43. Bayram va dam olish kunlari ish beruvchi xodimni ishga jalb etishi mumkinmi?
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari xodimlarni ishlatish man etiladi.
Xodimlarni shu kunlari ish beruvchining farmoyishi boʻyicha ishga jalb etishga faqatgina jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, – ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.
Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga koʻra ishni toʻxtatib turish mumkin boʻlmagan joylarda, aholiga xizmat koʻrsatish zarurati boʻlgan ishlarda, shuningdek kechiktirib boʻlmaydigan taʼmirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yoʻl qoʻyiladi.
Dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga har yilgi asosiy, shuningdek oʻrindoshlar haqli boʻlgan qoʻshimcha taʼtillar asosiy ish joyidagi har yilgi mehnat taʼtili bilan bir vaqtda beriladi.
Agar oʻrindoshlik asosida ishlashning birinchi ish yilida xodim olti oydan kam ishlagan boʻlsa, u holda oʻrindoshlik asosidagi ishda taʼtil uchun ishlangan vaqtga proporsional haq toʻlanadi.
Birinchi ish yilida olti oy ishlagan oʻrindoshlarning mehnat taʼtiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun mehnat taʼtiliga oʻrindoshlik asosidagi ishning oʻrtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq toʻlanadi.
44. Kichik tadbirkorlik subyektlariga kimlar kiradi?
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan quyidagilar kichik tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi:
yakka tartibdagi tadbirkorlar;
ishlab chiqarish tarmoqlaridagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 20 kishi, xizmat koʻrsatish sohasidagi va ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa tarmoqlardagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 10 kishi, ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 5 kishi boʻlgan mikrofirmalar;
quyidagi tarmoqlardagi kichik korxonalar:
yengil, oziq-ovqat sanoatidagi va qurilish materiallari sanoatidagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 200 kishi;
metallga ishlov berish va asbobsozlik, yogʻochsozlik, mebel sanoatidagi, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 100 kishi;
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika va kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 50 kishi;
fan, ilmiy xizmat koʻrsatish, transport, aloqa, xizmat koʻrsatish sohalari (sugʻurta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa sohalardagi xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 25 kishi.
45. Xususiy firma ochish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va muddati qanday?
Yuridik shaxs tashkil etib yoki tashkil etmasdan tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish quyidagi usullar:
mustaqil ravishda tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali;
Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelgan holda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish real vaqt rejimida, lekin 30 minutdan oshmagan vaqtda amalga oshirilishi lozim.
46. 2 yildan buyon oilaviy korxona tashkil etgan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelyapman, oilaviy korxona mening yashash manzilimda joylashgani sababli, yashash uyimga ulangan elektr energiyasi, suv, gazdan tadbirkorlik faoliyatini yuritishda ham foydalanib kelyapman, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni qanday tariflar asosida amalga oshiriladi?
Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning oʻzida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti va issiqlik taʼminoti) haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.
47. F. ismli shaxs yaqinda tanishidan uning nomidagi xususiy korxonani sotib olganligi haqida maʼlum qilib, ilgari ushbu korxonaga berilgan neft mahsulotlarini (avtobenzin, dizel yonilgʻisi) realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziya asosida ushbu faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida huquqiy tushuntirish berishni soʻradi.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Korxonani sotishda sotuvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi.
48. M. ismli shaxs dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya olmoqchi boʻlganida, litsenziyalovchi organ ushbu litsenziya faqat 2 yil muddatga berilishi haqida maʼlum qilganini bayon qilib, litsenziyalovchi organning ushbu talabi qonuniyligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni soʻradi.
Litsenziyalovchi organning ushbu talabi noqonuniydir. Chunki, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya besh yil muddatga beriladi.
Litsenziya 5 yildan kam muddatga faqat litsenziya talabgorining arizasiga binoan berilishi mumkin.
49. J. ismli shaxs 2 yildan buyon yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgani, hozirda faoliyatini tugatish istagida ekanligi haqida maʼlum qilib, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ixtiyoriy tugatish tartibi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni soʻradi.
Qatʼiy belgilangan soliqlarni toʻlovchi yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) faoliyatini ixtiyoriy toʻxtatish uning roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etgan arizasi asosida amalga oshiriladi.
Arizaga agar mavjud boʻlsa muhr va shtamplar, barcha litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning asl nusxalari, asosiy hisobvaragʻi yopilganligi toʻgʻrisidagi tijorat bankining maʼlumotnomasi ilova qilinadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ariza tushganidan soʻng bir ish kuni ichida DSIga Tizim orqali uning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi yoʻqligini, shuningdek tijorat bankida hisobvaraq ochmaganligini (hisobvaraq ochilmagan deb koʻrsatilgan boʻlsa) tasdiqlash uchun soʻrovnoma yuboradi. Bunda DSI soʻrovnoma olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida Tizim orqali roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga xabarnoma yuboradi.
Roʻyxatdan oʻtkazgan organ arizaga ilova qilingan hujjatlar va DSIning xabarnomasi tushganidan keyin bir ish kuni mobaynida YATT faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi yozuvni davlat reyestriga kiritadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning YATT faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi yozuvni davlat reyestriga kiritish haqidagi qarori qabul qilingandan soʻng bir ish kuni mobaynida YATTga (vakiliga) beriladi yoki pochta orqali joʻnatiladi.
YATT faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi yozuv davlat reyestriga kiritilgandan keyin roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ uch ish kunida DSIni bu haqda Tizim orqali xabardor qiladi, agar mavjud boʻlsa, YATTning muhr va shtamplarini yoʻq qiladi hamda litsenziya va ruxsatnomalarni ularni bergan organlarga yuboradi.
50. Uyimni kompensatsiya pullarini bermasdan buzishmoqchi, buni tartibi qanday?
Yer uchastkasini olib qoʻyish Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Unga koʻra, yer uchastkasi buzilishidan oldin siz bilan hokimlik yoki investor oʻrtasida kompensatsiya turi, miqdori kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi. Kelishilgan kompensatsiya qoplab berilmaguncha uy buzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. 2018-yilda shahar hududida yangi qurilayotgan arzon koʻp qavatli uylardan sotib olish uchun hujjat topshirgan edik, lekin bizdan keyin hujjat topshirgan fuqarolar oldi, kimlar birinchi navbatda olish huquqiga ega?
Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qaroriga asosan, uy-joyi yoʻq yoki ijarada, bepul foydalanish shartlari asosida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashayotganlarga, bir uyda boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashayotganlarga, koʻp bolali onalarga, oila tarkibida I guruh nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalar birinchi navbatda uy-joy olish huquqiga egadirlar.
52. Qishloqda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoniga 2001-yilda imorat qurganman, lekin yer ajratish boʻyicha hokim qarori yoʻq. Endilikda qanday qilib egalik huquqini belgilashim mumkin?
Fuqarolik kodeksining 187-moddasida egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat nazarda tutilgan boʻlib, bunda mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka 15 yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka mulk huquqini olishi mumkinligi koʻrsatilgan.
53. Ekin yer maydonida imorat qurgandim. Endi arxitektura va hokimiyatdan odam kelib, oʻzboshimchalik bilan noqonuniy qurilma qilgansiz, 15 kun ichida buzing deb ogohlantirib ketishdi. Shu asoslimi?
Qurilish maqsadlari uchun ajratilgan yer uchastkalarida, imorat qurish uchun tegishli ruhsatnoma olmasdan, arxitektura va qurilish normalarini buzgan holda qurilgan koʻchmas mulklar oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat deb topiladi. Imoratni qurgan shaxs 15 kunlik muddat ichida uni buzib tashlashi shart. Agarda shu mudat ichida buzib tashlanmasa, tuman hokimi huzuridagi tegishli komissiya tomonidan sud tartibida amalga oshiriladi.
54. Aka-uka qoʻshni boʻlib yashaymiz, onamiz tirikligida vasiyat qilib 1300 kv.m joyni bizlarga qoldirgan, ukam kadastr hujjatlari rasmiylashtirganda meni hududimga oʻtgan, nima qilsam boʻladi?
Fuqarolik kodeksining 1146-moddasiga koʻra, siz meros ochilgan joydagi notariusdan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma olasiz, shuningdek merosni qabul qilib olgan merosxoʻrlardan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli, agarda merosni taqsimlashda merosxoʻrlar kelishuvga erisha olmasa, sud tartibida amalga oshiriladi. Keyin har kim oʻz merosiga nisbatan tuman kadastr boʻlimiga murojaat qilishlari mumkin boʻladi.
55. Tabiiy gaz tarmogʻidan qanday holatda uzilishi mumkin?
Isteʼmolchi yashamaydigan va xizmat safariga ketgan vaqtda xonadonini tabiiy gaz tarmogʻidan uzish uchun tuman gaz filiali rahbari nomiga ariza asosida murojaat qilib, tabiiy gaz tarmogʻidan vaqtincha uziladi. Debitor qarzdorligi mavjud xonadonlar shartnoma shartlariga asosan, ogohlantirish berilgandan soʻng, 10 kundan keyin tabiiy gaz tarmogʻidan uziladi.
Isteʼmolchi tabiiy gaz tarmogʻiga ulanishi uchun aniqlangan qarzdorlik toʻlanganligi boʻyicha toʻlov qogʻozi (kvitansiya) nusxasini taqdim etgandan soʻng, tumangaz rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilib, isteʼmolchi hisobidan tabiiy gaz tarmogʻiga qayta ulanishi mumkin.
56. Korrupsiya soʻzining maʼnosi nima?
Asli lotincha “corruptio” soʻzidan olingan boʻlib, “buzilish” degan maʼnoni anglatadi.
Korrupsiya – bu shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish.
Buni yodda tuting!
Pora olganlik va pora berganlik uchun ham javobgarlik bor.
57. Pora oluvchi kim?
Faqatgina davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsi;
oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan oʻzi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor boʻlgan shaxs.
58. Pora beruvchi kim?
Har qanday aqli raso, 16 yoshga toʻlgan shaxs, oʻz manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga pora beruvchi qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita oʻzi yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy manfaatdor etish.
59. Mansabdor shaxs kim?
Doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini amalga oshiradigan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, maʼmuriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs.
60. Pora olish-berishda vositachi kim?
Pora olish yoki berish xususidagi kelishuvga erishishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiruvchi, manfaatdor shaxslarning topshirigʻi bilan porani bevosita beruvchi.
61. Pora predmeti nima boʻlishi mumkin?
Buni yodda tuting!
- pul, valyuta;
- qimmatbaho qogʻozlar;
- moddiy boyliklar;
- mulkiy mohiyatga molik boʻlgan (masalan, taʼmirlash, qurilish, davolash, qayta tiklash ishlarini bajarish va boshqalar) xizmatlar.
62. Mendan mansabdor shaxs ishimni hal qilib berish uchun pora sifatida pul mablagʻlari oldi, lekin mening ishim hal boʻlmadi, oradan ikki oy vaqt oʻtdi, nima qilishim kerak?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2017-yil
11-oktabrdagi 35-sonli “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, agar qimmatliklarni egallash maqsadida ularning egasi, yaʼni siz aybdor tomonidan pora berishga dalolat etilgan boʻlsangiz, yaʼni sizdan mansabdor shaxs pul mablagʻlarini berishni talab qilgan boʻlsa, uning harakatlari firibgarlik va pora berishga dalolat etish sifatida qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinadi. Qimmatliklar egasining harakatlari esa, yaʼni sizning harakatlaringiz bunday hollarda, pora berishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinadi. Agar pora berish tashabbusi pora beruvchi tomonidan bildirilgan boʻlsa, bunday holda shaxsning harakatlari faqat firibgarlik jinoyati sifatida kvalifikatsiya qilinib, qoʻshimcha ravishda JK 211-moddasi bilan javobgarlikka tortilmasligi belgilab qoʻyilgan.
63. Savol: Men taʼlim muassasasida talabaman, oʻquv fanlaridan baholarni olish uchun moddiy qimmatliklarni oʻqituvchilarga berishimga toʻgʻri kelmoqda, agarda mazkur holat yuzasidan men shikoyat qilsam, mening kelgusi oʻquv jarayonim kafolati qanday taʼminlanadi?
Javob: Avvalo, barcha vazifalarni oʻz vaqtida oʻzlashtirgan talaba oʻz haq-huquqini poymol qildirib qoʻymaydi. Poraxoʻrning, umuman jinoyatchining jinoiy niyatini amalga oshirishiga koʻp hollarda jabrlanuvchining shu jinoyatni sodir etishga imkon beradigan holatga tushib qolishi (darslarni oʻzlashtira olmaganlik) sabab boʻladi. Sizdan moddiy qimmatliklar berishni talab qilayotgan boʻlsa, javobgarlik mavjud (JK 214-modda). Ushbu holatda oʻqituvchi taʼmagirlik qilmasdan, pora berish sizning tashabbusingiz boʻlsa, sizga nisbatan ham javobgarlik mavjud (JK 213-modda). Agar yuqoridagi birinchi holat sodir boʻlsa, siz rahbariyatga murojaat qilishingiz yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz kerak. Ogʻzaki maʼlumotlarga asoslangan, yolgʻon maʼlumotlar, dalillar bilan isbotlanmagan holatda sizning shikoyatingiz qanoatlantirmasligini unutmang. Shu sababli ushbu risolaning sizdan pora berishni talab qilishmoqda, nima qilish kerak? degan savolga javobni yaxshilab oʻqing. Jinoyat ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganlik uchun hech qanday salbiy oqibat kelib chiqmaydi. Bu shaxsning huquqiy madaniyati yuqoriligi bildiradi. Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar davlat himoyasida boʻlib, ularni taʼqib qilish javobgarlikka sabab boʻladi.
64. Savol: Korrupsiyani fosh qilishda amaliy yordam uchun moddiy ragʻbatlantirilamanmi?
Javob: Korrupsiya jinoyati boshqa jinoyatlardan farqli ravishda u haqida xabar beruvchi shaxs pora taklif qilingan mansabdor yoki davlat xizmatchisi, mansabdor shaxs tomonidan pora talab qilingan fuqaro yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxs sanaladi. Jinoyat kodeksining poraxoʻrlik bilan bogʻliq (211-, 212-modda) moddalaridagi jinoyatni sodir etgan shaxslar jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, ular javobgarlikdan ozod etiladi. Bu jinoyat qonunchiligida ragʻbatlantirish hisoblanadi. Bu qoida pora beruvchi va pora olish-berishda vositachilik qiluvchi shaxslarga nisbatan qoʻllanadi. Mansabdor shaxsga pora taklif qilinib, mansabdorga pora predmetini berish vaqtida mansabdor pora berganni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirsa, qonunchilikda mansabdor uchun ragʻbatlantirish mavjud emas, lekin lokal (xodim ishlayotgan tashkilotning ustavi yoki boshqa hujjatalar) hujjatlar bilan ragʻbatlantirish belgilanishi mumkin.
65. Savol: Xalq tilida pora talab qilgan mansabdor shaxsni ustidan ariza qilish yoxud tadbirda ishtirok etish “quloq”larning ishi deb yuritiladi, aholiga bu inson manfaatlarini himoya qilish uchun ekanligini qanday tushuntirsa boʻladi?
Javob: Korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun oʻta salbiy illat ekanligini bilish, bu illatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi ekanligini ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish orqali erishish mumkin. Davlat – bu men, mening oilam, yaqinlarim, degan qoida har birimizning ongimizda, qalbimizda oʻrnashishi kerak. Korrupsiya jinoyatini sodir etayotgan shaxs shu davlatning qaysidir ishonib topshirilgan funksiyasini, yaʼni ishonchini suiisteʼmol qilayotganini, bu orqali oʻzining, yaqinlarining kelajagini barbod qilayotganligini tushunishi kerak. Bu narsani tushunmagan mansabdor shaxs yoki davlat xizmatchisi jazoga sazovor. Bu jinoyatning xavfliligi shundaki, uning salbiy taʼsiri faqat bir shaxsga emas, balki mamlakatga, uning boshqaruvini izdan chiqishiga olib keladi.
66. Savol: Korrupsiya bilan javobgarlikka tortilgan shaxs qayta mansabdor lavozimga tayinlanishi mumkinmi?
Javob: Yoʻq. Davlat organlarining va oʻzga tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlari qonun hujjatlariga rioya etishi, oʻz mansab yoki xizmat majburiyatlarini begʻarazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korrupsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan oʻzini tiyishi shart. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar sudning qaroriga koʻra muayyan huquqlardan, shu jumladan muayyan lavozimlarni egallash huquqidan qonunga muvofiq mahrum etiladi.
67. Savol: Nima uchun maktablarda korrupsiyaning mohiyati va uning oqibatlari tushuntirilmaydi?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF–5618-son Farmonida nafaqat maktablarda, maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchi bolalar, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash gʻoyalarini targʻib qilish, ularning ongida korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun oʻta salbiy illat ekanligini targʻib qilishga qaratilgan oʻquv materiallari tayyorlanishi kabi bir qator vazifalar yuklangan va ularning ijrosi taʼminlanishiga masʼul tashkilotlar ham belgilangan.
68. Savol: Korrupsiya bilan qoʻlga tushgan shaxsni OAVda koʻrsatilishi toʻgʻrimi, bu ibrat uchunmi yoki kimningdir boshini egish uchunmi?
Javob: Ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazoratini taʼminlash funksiyasini amalga oshirib, aholini huquqiy axborot bilan taʼminlash, huquqiy ong va madaniyatni oshirishda boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qiladi. Jinoyat sodir etgan shaxslarni keng jamotchilikka namoyish etish orqali kishida ushbu qilmishni sodir etishdan oʻzini tiyish, jinoyatchiga qarab oʻzining ahvoli ham shunday boʻlishi mumkinligini tasavvur qilish orqali jinoyatning oldini olish mumkinligi orqali jinoyatlarning oldini olishga erishish hisoblanadi. Bu ham huquqiy targʻibotning bir shakli sanaladi.
69. Sizdan pora berishni talab qilishmoqda, nima qilish kerak?
- Asabiylashmang, juda ehtiyotkorlik va xushmuomalalik bilan oʻzingizni tuting, pora talab qiluvchi pora berishni qatʼiyan rad etish talqin qilinishi mumkin boʻlgan beʼmani gaplardan qoching;
- diqqat bilan tinglang va shartlarni aniq eslab qoling (summa miqdori, pora berish muddati usullarini, xizmat va tovarlar nomlanishi);
- pul summasi yoningizda yoʻqligini ayting;
- pul summasini qachon, qanday va qayerda berib yuborishingizni soʻrang;
- suhbatda tashabbusni koʻproq pora talab qiluvchiga qoʻyib bering, imkon qadar koʻproq maʼlumotni qabul qiling;
- zudlik bilan pora talab qilayotganlik holati yuzasidan yashash joyingizga yaqin joylashgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering.
70. Qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish kerak?
Yashash joyingizga yaqin joylashgan huquqni muhafoza qiluvchi quyidagi hududiy boʻlinmalarga murojaat qilish kerak:
tuman prokuraturasi;
davlat xavsizlik xizmati;
tuman ichki ishlar boʻlimi;
tuman adliya boʻlimi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi.
71. Zoʻravonlik va tazyiq deganda nima tushuniladi?
Bizga maʼlumki, soʻngi vaqtlarda ayollar, bolalarni xoʻrlash, ularga zoʻravonlik qilish, tazyiq oʻtkazish va ularni kamsitilish holatlariga tez-tez guvoh boʻlayapmiz. Uzoqqa bormaylik. Fikrimizning isboti sifatida bu kabi holatlarga yurtimizda istiqomat qiladigan, xorijga ketgan xotiniga achchiq qilib, 4 yoshli qizchani urgan sobiq IIB xodimi, yaʼni qizning oʻz otasini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “zoʻravonlik” soʻziga zoʻravonlarga xos xatti-harakat; zoʻrlik, kuch ishlati degan taʼrif berilgan.
“Zoʻrlik” tushunchasi odamlar va jamiyat uchun oʻta xavfli boʻlgan inson xulq-atvori sifatidagi jinoyatni ham oʻz ichiga oladi. Masalan, odam oʻldirish, birovning molini oʻgʻirlash, birovga zoʻrlik ishlatish, insonning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash va hokazolar ogʻir gunoh hisoblanadi. Islom dinida ham “odam oʻldirma”, “zoʻravonlik ishlatma” kabi aqidalar amal qiladi.
Misol: Sh. ikkinchi turmush oʻrtogʻi J. bilan oʻzaro kelishmovchilik oqibatida unga jahl qilib, 2012-yil dekabr oyidan 2013-yil 19-aprel kuniga qadar undan alamini olish maqsadida 2005-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan oʻgay qizi U.ni, 2008-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan oʻgay oʻgʻli N.ni ularning ojiz ahvoldaligidan foydalanib, ularga zoʻrlik ishlatib, doʻpposlab, boshqacha harakatlar bilan qiynab, tazyiq oʻtkazib kelgan.
72. Zoʻravonlik va tazyiqning qanday turlari bor?
Zoʻravonlikning jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy turlari mavjud. Jinsiy zoʻravonlik bu – xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli, shuningdek zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlashdir.
Jismoniy zoʻravonlik deb, shaxsga nisbatan ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, xavfostida qoldirish, hayoti xavfostida qolgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazishning oʻzga choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zoʻravonlik shaklidir.
Jismoniy zoʻravonlikka quyidagilarni kiritish mumkin:
shapaloq tortish, tepish, turtkilash, musht bilan urish;
zarb bilan itarib yuborish;
turli oʻtkir buyum va narsalarni otish;
qurol bilan xavf solish yoki yaralash;
uydan chiqishga jismonan yoʻl qoʻymaslik;
kechasi uxlashga qoʻymaslik va boshqalar.
ruhiy zoʻravonlik – shaxslarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zoʻravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik) tushuniladi.
Ruhiy zoʻrlik – bu sogʻligʻiga shikast yetkazish bilan mulkini nobud qilish yoki jinoiy harakatlarni sodir etishga majburlash va jabrlanuvchi sir saqlanishini istagan maʼlumotlarni oshkor etish maqsadida jabrlanuvchiga zoʻrlik ishlatish bilan uni qoʻrqitishdir.
Ruhiy zoʻravonlikka quyidagilarni kiritish mumkin:
hissiyot va his-tuygʻularni tan olmaslik;
uning fikrlari ustidan kulish;
jazo chorasi sifatida jabrlanuvchining hissiyotlariga eʼtibor bermaslik;
yolgʻon soʻzlar aytib, undan oʻz manfaati yoʻlida foydalanish;
uning doʻstlari va qarindoshlariga xavf yetkazaman deb qoʻrqitish va ular bilan aloqa qilishga yoʻl qoʻymaslik;
jabrlanuvchi bilan ommaviy joylarga chiqishdan bosh tortish;
qarindosh-urugʻlar orasida sharmanda qilish;
uydan ketishini aytib qoʻrqitish;
kasal yoki homilador boʻlganda unga yordam berishdan bosh tortish, tibbiy yordam olishiga qarshilik koʻrsatish;
doimiy ravishda tanqid qilish, xafa qilish, gʻazabga keltirish, yaʼni (sen juda semizsan yoki ozgʻinsan, axmoqsan, eng boʻlmagʻur onasan, toʻshakda boʻlmagʻur sheriksan) va hokazo.
Jismoniy va ruhiy zoʻrlik bir-biridan sodir etish usul va vositalariga koʻra farq qiladi. Xususan, jismoniy zoʻrlikda tan jarohati yetkazadi yoki insonning xulqi, harakat erkinligini cheklaydi, bu uning organizmida organik yoki funksional oʻzgarishlarga sabab boʻlishi ham mumkin. Ruhiy zoʻrlik esa bevosita inson ruhiyatiga taʼsir etadi va ruhiy jarohat yetkazadi yoki uning xohish-irodasi erkinligini yengadi.
Iqtisodiy zoʻravonlik – shaxsga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zoʻravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishga boʻlgan huquqini, mulk huquqini, taʼlim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik)dir.
Iqtisodiy zoʻravonlikka quyidagilarni kiritish mumkin:
birlamchi ehtiyojlari (oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori) uchun asossiz pul bermaslik;
uy-joydan foydalanish huquqini cheklash;
taʼlim olish va mehnat qilishga ruxsat bermaslik;
qancha pul sarflashini nazorat qilish;
oʻzi topgan pulni tasarruf etishga yoʻl qoʻymaslik;
oila budjetidan foydalanish huquqidan mahrum qilish va h.k. harakat (harakatsizlik)da namoyon boʻladi.
Bugungi kunda keng tarqalgan zoʻravonlikning yana bir turi – kiber zoʻravonlik. Zoʻravonlikning ushbu turi internet orqali mutassil davom etuvchi, takroriy va uzoq vaqt davomida birovning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarni amalga oshirishda ifodalanadi.
Ruhiy zoʻravonlikdan zulm oʻtkazayotgan shaxs anonimligi, Internet orqali yoqimsiz xabarlar tunu kun keng ommaga tarqalishi bilan farqlanib, jabrlanuvchiga gʻoyat katta azob-uqubat keltirishi bilan keskin farqlanadi. Internet tarmogʻidan foydalanib, ish yoki oʻqish joyi, oilada turli xil haqoratlar, tuhmat, taʼna, mish-mishlar, uydirma xabarlar tarqatishda ifodalanadi. Shuningdek, Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali insoning ruhiyatiga qattiq taʼsir etuvchi, uni iztirobga soluvchi beshafqat munosabat va zoʻravonlik sahnalarini namoyish etishni ham shaxsga boʻlgan zoʻravonlik, deb eʼtirof etishimiz mumkin.
Zoʻravonlik va tazyiqning kelib chiqish sabablari
Bugungi kunda zoʻravonlik va tazyiqning kelib chiqishga nimalar sabab boʻladi degan savol barchamizni qiziqtirib keladi.
Statistik malumotlarda zoʻravonlik va tazyiq natijasida sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarga sabab boʻlgan omillar quyidagicha tasniflanadi:
- rashk motivi;
- taraflarning murosasi kelishmaganligi;
- oʻch olish hissi;
- mol-mulk talashish;
- huquqiy madaniyatning yetishmasligi;
- zoʻrovonlik va tazyiqqa sabab boʻluvchi filmlarni koʻrish;
- boshqa sabablar.
Maʼlumki, zoʻravonlik, tazyiqning kelib chiqishning ijtimoiy maishiy sabablari koʻp hollarda oilaviy munosabatlar bilan bogʻliqdir.
Shundan kelib chiqib biz oila ichida sodir etiladigan zoʻravonlik, tazyiqning ijtimoiy maishiy sabablariga toʻxtalib oʻtamiz.
Oila doirasida yuzaga keladigan zoʻravonlik, tazyiq va undan viktimlashish–butun jahon xalqlari oldida turgan muammoli masalalardan biridir. Koʻpchilik xorijiy mamlakatlarda oila doirasida zoʻravonlik, tazyiqlar “oiladagi zoʻrlik ishlatish” deb aytiladi.
Tadqiqotimiz davomida oʻrganilganida, fuqarolar profilaktika inspektorlariga oiladagi zoʻravonlik, tazyiqlar natijasida yuzaga keladigan nizolarni hal qilish uchun asosan quyidagi mazmundagi arizalar bilan murojaat etishgan:
- oilada qaynona-kelin oʻrtasida sodir etilgan nizoli vaziyatlar;
- erining spirtli ichimlikka ruju qoʻyganligi;
- erining kaltaklashi va bolalariga shafqatsiz munosabatda boʻlayotganligi;
- qarindosh urugʻlarning oilaga aralashuvi (koʻpincha yosh kelinlarga onasining taʼsiri) oqibatida kelib chiqayotgan nizolar xususida;
- mol-mulkni boʻlish yoki meros talashish masalasida;
- erining xiyonatkorligi yoki xotinini xiyonatda ayblayotganligi;
- farzandining tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar toʻgʻrisida;
- oiladagi maʼnaviy-muhitning nosogʻlomligi, shaxsning salbiy xulq-atvori va ularning boshqa oila aʼzolariga taʼsiri haqida.
73. Himoya orderini berish tartibi qanday?
Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:
tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar va tashkilotlar jabrlangan xotin-qizlar boʻyicha maʼlumotga ega boʻlgach ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi xabarnomani darhol ichki ishlar organlariga taqdim etadi.
Xabarnoma qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi daftarda qayd etiladi.
Tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar va tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻriqlanadi.
Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar darhol profilaktika inspektoriga taqdim etiladi.
Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni 24 soat mobaynida oʻrganib chiqadi hamda oʻrganish davomida:
jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslar hamda boshqa shaxslar bilan holat yuzasidan suhbat oʻtkazadi;
jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning turmush tarzi, tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishining kelib chiqishi sabablari va shart-sharoitlarini oʻrganadi;
jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Profilaktika inspektori murojaat va xabarlarni oʻrganish yakuni boʻyicha:
tazyiq va zoʻravonlik holatlari aniqlangan taqdirda – himoya orderini rasmiylashtiradi;
zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderi berilganligi toʻgʻrisida jabrlanuvchining roziligi bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, shuningdek boshqa tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarni xabardor qiladi;
tazyiq va zoʻravonlik holatlari aniqlanmagan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yigʻini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda – himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish toʻgʻrisidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Shaxs himoya orderini olishni va uni imzolashni rad etganda, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi hamda uni ushbu xatti-harakatni davom ettirgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida rasmiy ogohlantiradi va bu haqda jabrlanuvchini xabardor qiladi.
Himoya orderi rasmiylashtirilganda barcha yozuvlar koʻk (havorang) siyohli ruchkada, tushunarli qilib yoziladi.
Himoya orderi uch qismdan iborat boʻlib:
birinchi qismi (asli) toʻldirilgandan soʻng jabrlanuvchilarga beriladi;
ikkinchi qismi (nusxasi) zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga beriladi;
uchinchi qismi profilaktika inspektorida qoladi.
Himoya orderi oʻttiz kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Profilaktika inspektori himoya orderi berilganidan soʻng uch kun muddatda bu haqda tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosarini xabardor qiladi.
Tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosari himoya orderini rasmiylashtirish uchun toʻplangan materiallarni oʻrganib, taraflar fikrini eshitgan holda profilaktika inspektorining himoya orderini berish toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilishga haqli.
74. Himoya orderining ijrosini taʼminlash tartibi qanday?
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yoʻl qoʻyiladi);
tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Himoya orderida qonun hujjatlarida belgilanmagan boshqa cheklovlarni nazarda tutish taqiqlanadi.
Tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsdan qurol va uning oʻq-dorilarini olib qoʻyish hamda saqlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Profilaktika inspektori himoya orderini rasmiylashtirishda xotin-qizlarga nisbatan oʻtkazilgan tazyiq va zoʻravonlik holatidan kelib chiqqan holda zoʻravonlik sodir etgan shaxsga ushbu Nizomning 18-bandida belgilangan bitta yoki bir nechta cheklovni bir vaqtning oʻzida qoʻllashi mumkin.
Himoya orderi amal qilish davrida:
a) profilaktika inspektorlari:
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, shu jumladan ularning sabablarini hamda shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻradi;
xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan va ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan muntazam asosda profilaktika ishlarini olib boradi;
himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat qiladi hamda uning talablarini buzgan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
b) mehnat organlari:
xotin-qizlarga nisbatan ish joyida tazyiq va zoʻravonlik oʻtkazilgan hollarda, bunday hollarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan, shuningdek xotin-qizlar bilan oʻzaro munosabatlar madaniyatini oshirish boʻyicha tashkilotlarda profilaktika tadbirlarini oʻtkazadi;
himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlagan taqdirda bu haqda profilaktika inspektoriga xabar beradi;
d) taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari hamda taʼlim muassasalari:
taʼlim muassasalarida tahsil oluvchilar orasidan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil shaxslar aniqlanganda ularning xulq-atvorini tuzatish, shuningdek tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda moslashtirish chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarning taʼlim muassasalarida boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishini taʼminlash maqsadida tadbirlar tashkil etadi;
himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda bu haqda profilaktika inspektoriga xabar beradi;
e) davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari:
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda bu haqda profilaktika inspektoriga xabar beradi;
f) Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari:
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlariga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻradi;
jabrlanuvchini ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazganligi va zoʻravonlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turadigan shaxslar bilan nizoli vaziyatlarni profilaktika qilish, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish choralarini koʻradi;
himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda bu haqda profilaktika inspektoriga xabar beradi;
g) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlariga koʻmaklashadi;
xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan va ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida qatnashadi;
himoya orderining amal qilish muddati mobaynida tegishli hududda istiqomat qiluvchi zoʻravonlikni sodir etgan shaxs, shuningdek jabrlanuvchi bilan kelgusida bunday hollarning oldini olish maqsadida mahalla faollari ishtirokida suhbatlar oʻtkazadi;
bu haqda profilaktika inspektoriga xabar beradi.
Zoʻravonlik sodir etgan shaxslar tomonidan himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda profilaktika inspektori tomonidan oʻz vakolati doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
75. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish tartibi qanday?
Himoya orderi amal qilishi davrida xavf bartaraf etilmagan boʻlsa, himoya orderining amal qilish muddati jabrlanuvchining arizasiga koʻra koʻpi bilan oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkin.
Profilaktika inspektori besh ish kuni mobaynida:
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida jabrlanuvchining arizasini, shu jumladan xavf bartaraf etilgan yoki etilmaganligini oʻrganadi;
ushbu masala yuzasidan mazkur Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan tegishli davlat organlari va tashkilotlarning fikri (xulosasi)ni oladi;
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan toʻplangan maʼlumotlarni huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻiga kiritadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi ikki ish kuni mobaynida tegishli hujjatlarni oʻrgangan holda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytiradi yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida asoslangan qaror qabul qiladi.
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda bu haqda amaldagi blankaga belgi qoʻyilib, jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslar tanishtiriladi hamda zoʻravonlik sodir etgan shaxslar zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtishi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan davrda zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga qoʻshimcha cheklovlar yoki profilaktik chora-tadbirlar belgilanishi mumkin.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchilarning himoya orderini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.
76. Himoya orderining amal qilish muddatini tugatish tartibi qanday?
Himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda tugatiladi:
jabrlanuvchi himoya orderini tugatishni soʻrab murojaat qilganda;
himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugaganda;
jabrlanuvchi yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsdan biri sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sodir etgan jinoyati uchun jabrlanuvchi yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanganda;
jabrlanuvchilar yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilganda;
jabrlanuvchilar yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning biri majburiy davolanishga yuborilganda;
jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan uzoq muddatga boshqa mamlakatga chiqib ketganda;
jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslardan biri vafot etganda.
Himoya orderining amal qilish muddati tugaganligi toʻgʻrisida shu kunning oʻzida jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslar xabardor qilinadi.
77. Oʻrtamizda farzand yo‘q, ajrashmoqchiman. Turmush oʻrtogʻim nomida toʻygacha otasi sovgʻa qilgan mashina va toʻydan keyin olingan 2 xonali uy bor, nikohimiz bekor qilinsa, men barcha mulklardan oʻzimga tegishlisini olishim mumkinmi?
Oila kodeksining 25-moddasiga koʻra, er va xotinning nikohga qadar tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olingan mol-mulki har birining oʻz mulki hisoblanadi. Shu sababli, Siz avtomashinadan ulush ololmaysiz. 2 xonali kvartira esa er-xotinning umumiy mulki hisoblanib, undan ulush olishga haqlisiz.
78. Oʻgʻlim kelinim bilan ajrashdi, kelinim bizlarga nabiramizni koʻrishga qarshilik qilmoqda, nima qilsak boʻladi?
Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega. Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ularga imkoniyat berishi mumkin. Shuningdek, bola bilan koʻrishib turish vaqtini belgilash va toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash yuzasidan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilish mumkin.
79. Erim bilan oila qurmasdan, yaʼni qonuniy nikohdan oʻtmasdan yashadik, oʻzini bolaning otasiman deb olgan edi, lekin avtohalokatdan vafot etdi. Qanday qilib otalikni belgilash boʻladi?
Oila kodeksining 62-moddasiga asosan bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot yetgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanadi.
80. Farzandim 15 yoshga toʻldi, uning familiyasini oʻzgartirsam boʻladimi?
FHDY organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola 16 yoshga toʻlguncha bola manfatlarini eʼtiborga olib, uning ismini oʻzgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqli. 16 yoshga toʻlganidan keyin ota-ona roziligi olinmaydi.
81. Nikohdan ajratish toʻgʻrisida daʼvo arizasini elektron tarzda qanday qilib sudga yuborishim mumkin?
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining rasmiy saytida elektron sud xizmatlari portali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, My.sud.uz saytiga murojaat qilish orqali fuqarolik, jinoyat, maʼmuriy hamda iqtisodiy ishlar boʻyicha oʻz murojaatingizni elektron shaklda yoʻllashingiz mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga tegishli boʻlgan oilaviy nizolarga oid 36 turdagi daʼvo arizalarining namunalari mavjud.
Shuni unutmaslik lozimki, har doim ham ajrashish masalalari sudlarda koʻrilmaydi. Nikohdan ajratish sud tartibida yoki Fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etish organlarida (FHDYO) amalga oshirilishi mumkin.
82. Qanday holda nikohdan ajratish masalalari sud tartibida koʻrib chiqiladi?
Er-xotin oʻrtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy taʼminot berish toʻgʻrisida nizo mavjud boʻlganda;
er-xotin oʻrtasida umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisida nizo mavjud boʻlganda;
er-xotin oʻrtasida bolalar toʻgʻrisida nizo mavjud boʻlganda;
agar er-xotindan biri nikohdan ajratish toʻgʻrisida ariza berishdan bosh torsa yoki FHDY organiga ariza berish uchun shaxsan kelish imkoniyatiga ega boʻlmasa yoxud ariza berib, nikohdan ajratishni qayd etish uchun hozir boʻlmagan taqdirda;
spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilishi oqibatida muomala layoqati cheklangan shaxslar bilan nikohdan ajratish toʻgʻrisida nizo mavjud boʻlganda.
83. Qanday holda nikohdan ajratish masalalari FHDY organlarida amalga oshiriladi?
voyaga yetmagan umumiy bolalari boʻlmagan er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlgan taqdirda;
er-xotindan birining arizasi boʻyicha, ular oʻrtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qatʼi nazar, er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa;
ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa (bunda ham er-xotindan birining arizasi boʻyicha, ular oʻrtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qatʼi nazar);
sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa (bunda ham er-xotindan birining arizasi boʻyicha, ular oʻrtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qatʼi nazar).
84. Plastik karta uzoq muddat davomida ishlatilmaganligi bois bloklangan. Uni qanday qilib aktiv holatga keltirish mumkin?
Plastik karta quyidagi sabablarga koʻra, bloklanishi boʻlishi mumkin:
ishlatish muddati tugagan holatda;
plastik karta egasi unga xizmat koʻrsatayotgan bankda oʻz istagiga koʻra bloklasa;
uch marotaba notoʻgʻri PIN-kod kiritilganda avtomatik ravishda bloklanishi mumkin.
Keltirilgan sabablarning har birida ham sizga xizmat koʻrsatayotgan bankka murojaat qilishingiz lozim.
85. Tabiiy gaz tarmogʻidan qanday holatda uzilishi mumkin?
Isteʼmolchi yashamaydigan va xizmat safariga ketgan vaqtda xonadonini tabiiy gaz tarmogʻidan uzish uchun tumangaz filiali rahbari nomiga ariza asosida murojaat qilib, tabiiy gaz tarmogʻidan vaqtincha uziladi. Debitor qarzdorligi mavjud xonadonlar shartnoma shartlariga asosan, ogohlantirish berilgandan soʻng, 10 kundan keyin tabiiy gaz tarmogʻidan uziladi.
Isteʼmolchi tabiiy gaz tarmogʻiga ulanishi uchun aniqlangan qarzdorlik toʻlanganligi boʻyicha toʻlov qogʻozi (kvitansiya) nusxasini taqdim etgandan soʻng, tumangaz rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilib, isteʼmolchi hisobidan tabiiy gaz tarmogʻiga qayta ulanishi mumkin.
86. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi nima?
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasiga koʻra, fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sogʻlomligi holati boʻlib, bu holat uning bola tugʻilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funksiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bogʻliq boʻladi.
87. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi tizimiga qanday tibbiy xizmatlar kiritilgan?
Fuqarolarning reproduktiv salomatligi tizimiga:
fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida ishonchli va toʻliq axborot olish;
homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tugʻilishini taʼminlaydigan, homiladorlik, tugʻish va tugʻishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlar;
reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olish va ularni davolash;
jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklarning oldini olish va ularni davolash;
ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funksiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga koʻmaklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sunʼiy toʻxtatish;
kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish toʻgʻrisida axborot olish xizmatlari kiritilgan.
88. Qonunda homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatishga yoʻl qo‘yiladimi?
“Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasida homiladorlikning 12 haftagacha boʻlgan muddatida ayolning xohishiga koʻra, homiladorning hayotiga xavf soluvchi tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganida homiladorlik muddatidan qatʼi nazar amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan.
Ushbu moddaning 2-qismiga koʻra, tibbiyot muassasalari tibbiy koʻrsatmalarga koʻra homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish toʻgʻrisida yoki homiladorlikni toʻxtatishni rad etish haqida qaror qabul qilgan ayolni uning sogʻligʻi uchun har qanday ehtimol tutilgan salbiy oqibatlar haqida xabardor etishi shart.
89. Nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish nima?
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlari ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf yetishi, qoplashi (kompensatsiya qilishi) uchun shart-sharoitlarni taʼminlovchi hamda ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi-nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish hisoblanadi.
90. Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish nima?
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlari ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga organizmining izdan chiqqan yoki yoʻqolgan funksiyalarini tiklash va ularni kompensatsiya qilish, turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi uchun yordam berishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, jismoniy, kasbga, mehnatga doir chora-tadbirlar tizimi – nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish hisoblanadi.
91. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar doirasiga qanday tibbiy xizmat turlari kiradi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF–2107 sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi”ga asosan, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar doirasiga quyidagilar kiradi:
shoshilinch, kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish;
sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida va bir qator davlat davolash-profilaktika muassasalarida, birinchi navbatda qishloq joylardagi tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmatlar koʻrsatish;
aholini yuqumli kasalliklarga qarshi immunizatsiyalash va emlash;
ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi sil, xavfli oʻsma, ruhiy, narkologik, endokrinologik hamda kasb kasalliklariga duchor boʻlgan shaxslarga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish;
bolalarni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash (pullik muassasalardan tashqari);
15–17 yoshdagi oʻsmirlarni hamda chaqiruv komissiyalarining yoʻllanmalari bilan chaqiriq yoshidagi (18–27 yosh) shaxslarni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash;
homiladorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish (pullik muassasalardan tashqari);
bemorlarning imtiyozli toifalariga (nogironligi boʻlgan shaxslar, urush faxriylari, gʻirt yetimlar va boshqalar) bepul tibbiy xizmat koʻrsatish.
92. Ishsiz shaxslarga qanday moddiy kafolatlar mavjud?
Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi:
ishsizlik nafaqasi toʻlash;
mehnat organlarining yoʻllanmasi boʻyicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya toʻlanishi hamda shu davrni umumiy mehnat stajiga qoʻshish;
ishsiz shaxsga qaramogʻidagilarini hisobga olgan holda moddiy yordam berish;
haq toʻlanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati;
mehnat organlarining taklifiga binoan ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa yerga koʻchish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash.
93. Men 2 yildan beri maktabda farrosh lavozimida ishlab kelaman va maktab direktori ukasining turmush oʻrtogʻi boʻlaman. Hozirda maktab direktori qarindoshlik aloqalari mavjudligi sababli meni ishdan boʻshatmoqchi. Shu qanchalik asosli?
Mehnat kodeksining 79-moddasiga koʻra, oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda-anda boʻlgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻil va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita boʻysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan boʻlsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.
Bu qoidadan istisnolar Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarorida belgilangan.
94. Yaqinda ishdan boʻshadim, lekin 2015–2020-yillarda mehnat taʼtiliga chiqmaganman. Foydalanilmagan taʼtillarni olish tartibi qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 151-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.
Shunga asosan 2015–2019-yillar mobaynidagi ish davrida foydalanilmagan mehnat taʼtillari uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.
95. 2020-yil hisobiga 1-apreldan 28-aprelgacha haq toʻlanadigan taʼtilga chiqdim. Hozirda ish beruchi oʻz hisobimdan taʼtilga chiqishga ariza yozishni talab qilayapti, shu toʻgrimi?
Mexnat kodeksining 150-moddasiga koʻra, xodimni oʻz hisobidan taʼtilga faqat uning roziligi bilan chiqarish mumkin. Shunga koʻra, ish beruvchining talabi asossiz.
96. Nikohni bekor qilish uchun sudda davlat boji kimdan undiriladi?
Davlat boji nikohdan ajratishni soʻrab sudga ariza topshirgan tomondan, agar er-xotin birgalikda nikohdan ajratish haqida sudga ariza yozgan boʻlsa, oʻzaro kelishgan holda tomonlarning biridan undiriladi.
Davlat boji summasi BHMning 2 baravari miqdorida, takroriy nikohni bekor qilish uchun esa BHMning 4 baravari miqdorida undiriladi.
97. 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nafaqa toʻlash tartibi qanday?
Mazkur nafaqa fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi (mahalla) tomonidan kam taʼminlangan oilalarga berilishi mumkin.
Bunda oilaning oxirgi 3 oylik daromadi qoʻshib hisoblanib, oila aʼzolariga boʻlinganda, har bir oila aʼzosiga BHMning 1,5 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda toʻgʻri kelgan oila – kam taʼminlangan deb topilishi hamda nafaqa tayinlanishi mumkin.
98. 2018-yilda ajrashganman. Nikoh davomida olingan mol-mulk yoʻq. 2016-yilda otam menga hadya qilgan Lasetti rusumli avtomashina bor. Sobiq turmush oʻrtogʻim oʻsha avtomashinadan ulush talab qilyapti. Uni haqqi bormi?
Oila kodeksining 25-moddasiga asosan er va xotinning nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birini oʻz shaxsiy mulki hisoblanadi. Shunga koʻra, turmush oʻrtogʻiningiz mashinadan ulush talab qila olmaydi.
99. Men 2 yoshli farzandim bilan chet elga borishim kerak. Yosh bolalarga chet elga chiqish pasportini olish uchun toʻlov miqdori va tartibi qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 26.12.2018-yildagi 4079-son qaroriga asosan, chet elga chiqish biometrik pasportlari quyidagi muddatlarga beriladi:
1 yoshgacha boʻlgan bolalarga – 2 yilga, 1–16 yoshgacha bolalarga – 5 yilga, 16 yoshdan oshganlarga – 10 yilga muddatga beriladi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirganlik uchun, toʻlovlar miqdori:
16 yoshgacha bolalarga – bazaviy hisoblash miqdorining 80% miqdorida;
16 yoshdan kattalarga – bazaviy hisoblash miqdorining 120% miqdorida.
Voyaga yetmagan bolalarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashitirish uchun ota-onani yozma roziligi shart.
100. Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordamning qanday turlari koʻrsatiladi?
Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari koʻrsatiladi:
pul toʻlovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yoʻla beriladigan toʻlovlar);
reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan oʻrindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan taʼminlash;
tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish boʻyicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
transport xizmatlari;
dori vositalari bilan taʼminlash.
NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 7-MART 2019-YILDAGI “XOTIN-QIZLARNING MEHNAT HUQUQLARI KAFOLATLARINI YANADA KUCHAYTIRISH VA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI QOʻLLAB-QUVVATLASHGA OID CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA”GI PQ–4235-SON QARORI:
Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida 2019-yil 1-maydan:
ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi;
tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi;
bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili beriladi;
ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;
erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari koʻmagida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega boʻlgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni (keyingi oʻrinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash tavsiya etilsin:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga koʻmaklashish;
tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish;
ayollarning oʻz biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini shakllantirish, biznes gʻoyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qoʻllash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitishni tashkil etish;
zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi boʻsh turgan binolardan joy ajratilishiga koʻmaklashish;
tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam koʻrsatish, shu jumladan ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda koʻmaklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga koʻmaklashish;
norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga roʻyxatdan oʻtish, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam koʻrsatish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;
markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablagʻlar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida maxsus oʻqitish dasturi boʻyicha oʻqitiladi;
maxsus oʻqitish dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyasiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yildan kam boʻlmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2019-yil 31-dekabrgacha yillik 8 foizli stavkada, 2020-yil 1-yanvardan – Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda hamda hududlarda aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartibi asosida kreditlar ajratiladi;
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB hamda “Agrobank” ATBga har yili ajratiladigan 100 milliard soʻm miqdoridagi resurs mablagʻlari kredit mablagʻlarining manbayi hisoblanadi. Mazkur resurs mablagʻlarining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.
5. Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi koʻmagidagi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
6. Quyidagilar Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatda gender tenglikni taʼminlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini koʻrib chiqish;
kasbiy segregatsiya, ish haqi oʻrtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini koʻpaytirish masalalari boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda keng qamrovli targʻibot ishlarini tashkil etish.
7. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
gender tenglik tushunchasi va turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollash, kredit olish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishda gender tenglikni taʼminlashga oid normalar;
gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek bunday buzilishga olib keladigan qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
b) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
maishiy, ish joyidagi va taʼlim muassasalaridagi tazyiq va zoʻravonliklar turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
tazyiq va zoʻravonliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
sudgacha va sud jarayonida tazyiq va kamsitishlarga duchor boʻlgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar.
Ushbu normativ-huquqiy hujjat qabul qilingandan soʻng jamiyatda ayollarning huquqlarini kafolatlashga, ularni har qanday tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari qabul qilindi.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “XOTIN-QIZLAR VA ERKAKLAR UCHUN TENG HUQUQ HAMDA IMKONIYATLAR KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA”GI QONUNI OʻRQ–562-SON 02.09.2019
Gender – xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihati;
jins boʻyicha bevosita kamsitish – jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq toʻlash;
jins boʻyicha bilvosita kamsitish – bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qoʻyadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, taʼlim, madaniyat orqali targʻib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash.
6-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash kafolatlari
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chogʻida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanishini kafolatlaydi.
Xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar koʻriladi.
9-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirish;
jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirok etishini taʼminlash;
mehnatga oid va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash;
oilani, bolalikni ijtimoiy jihatdan himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash, masʼuliyatli onalik va otalikni shakllantirish;
jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitishga qaratilgan axborotdan jamiyatni himoya qilish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga doir chora-tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish.
10-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Qonunning 11–20-moddalarida davlat organlarining, davlat organlaridagi vakolatli shaxsning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi vakolatlari, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash uchun tanlovlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi, saylov huquqlarini amalga oshirishda, iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi vakolatlari belgilab qoʻyilgan.
21-modda. Mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari.
Ish beruvchi mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish maqsadida quyidagilarni taʼminlaydi:
ishga yollashda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni;
teng mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng ish haqini (mukofotni) hamda xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholashga doir teng yondashuvni;
xizmatda koʻtarilish, qayta tayyorlash va malaka oshirishda teng imkoniyatlarni;
texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, ish hajmlarining qisqarishi oqibatida xodimlarning soni (shtati) yoki ishning xususiyati oʻzgarishi yoxud korxona, muassasa va tashkilot tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda qonunda belgilangan afzalli huquqlarni bergan holda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari tengligini;
oilani ijtimoiy himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha farzandlari bor ayollar va erkaklar foydalana oladigan amaliyotni joriy etish va rivojlantirishni, homilador hamda emizikli ayollar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishni;
xotin-qizlar va erkaklarning hayot faoliyatini hamda sogʻligʻini saqlashni taʼminlaydigan, shu jumladan reproduktiv funksiyalarni saqlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini;
mehnat munosabatlarida shaxslarning qadr-qimmatini poymol qilishga olib keluvchi nomaqbul muomalaga yoki kamsituvchi mehnat sharoitlarini yaratishga yoʻl qoʻyilmasligini;
xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotida ishtirok etishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish uchun teng sharoitlar yaratishni, shu jumladan mehnat qilish imkoniyatini beradigan, bolalarni parvarishlash boʻyicha muassasalar tarmogʻini tashkil etish va kengaytirish orqali sharoitlar yaratishni.
22-modda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Mehnat munosabatlarini jamoa-shartnomaviy jihatdan tartibga solish chogʻida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlaydigan qoidalarni jamoa shartnomalari va kelishuvlariga kiritish, ularning kasbiy va oilaviy majburiyatlarni qoʻshib bajarishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash shart.
Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash majburiyatlarini tashkilotlarning va ular tarkibiy boʻlinmalarining vakolatli shaxsi zimmasiga yuklatish;
ishga qabul qilish va xizmat boʻyicha koʻtarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatiga haq toʻlashda notenglikni bartaraf etish.
23-modda. Ijtimoiy himoya sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari.
Davlat organlari, shuningdek mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlarini teng darajada hisobga olishi shart.
Xotin-qizlar va erkaklar ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega.
24-modda. Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Oila, onalik, otalik va bolalik davlat muhofazasidadir.
Xotin-qizlar va erkaklar oilaviy munosabatlar sohasida teng huquq hamda majburiyatlarga ega.
Oilaviy munosabatlar sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq hamda imkoniyatlarning tengligi quyidagilarga asoslanadi:
xotin-qizlar va erkaklar nikoh tuzishining ixtiyoriyligiga;
majburiy va erta nikohlarga yoʻl qoʻyilmasligiga;
er va xotinning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari tengligiga;
oilaning ichki mojarolarini oʻzaro kelishuv boʻyicha hal qilishga;
uy mehnatiga nisbatan xotin-qizlar va erkaklar huquq hamda majburiyatlarining tengligiga;
bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishda, voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz oila aʼzolarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashda teng ishtirok etishga.
Ota-onalar kichik yoshdagi bolalarni, nogironligi boʻlgan oila aʼzolarini parvarishlash boʻyicha nafaqalar olishda teng huquqlarga ega boʻladi.
Bola tugʻilishi munosabati bilan ona ham, ota ham haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqiga ega. Bolani parvarishlash boʻyicha taʼtilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga koʻra ular oʻrtasida boʻlinishi mumkin, bunda ota-ona taʼtildan uni qismlarga boʻlgan holda foydalanishi mumkin.
25-modda. Uy mehnatini bajarishda teng munosabatlar kafolatlari.
Uy mehnati jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshiriladi.
28-modda. Jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish faktlari ustidan shikoyat qilish.
Agar shaxs oʻzini jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmatlarga haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.
29-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Ko‘pchilik zo‘ravonlik qo‘rboni bo‘layotgan ayollar qanday qilib, himoya orderi olsak bo‘ladi? deb surashmoqda. Himoya orderi – tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.
Dunyoda zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish, shaxs huquq va manfaatlarini himoya qilish bugungi kunda barcha davlatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalardan hisoblanadi.
Dunyoda ayollarga nisbatan ishlatiladigan zoʻravonliklarning 35 foizi jismoniy va jinsiy sheriklari tomonidan sodir etilgan.
2017-yilda dunyo miqiyosida qasddan oʻldirilgan 87000 ta voyaga yetmagan va ayollarning yarimidan koʻpi (50,000-58 foizi) yangi tanishlari yoki oila aʼzolari tomonidan oʻldirilgan. Dunyo boʻylab 137 ta ayol esa oʻz oila aʼzosi tomonidan oʻldirilgan. Zoʻravonliklar tufayli halok boʻlgan ayollarning 33–50 foizi erlarining kaltaklari tufayli vafot etgan[1].
Bu, oʻz navbatida, nozik jins vakillarini maishiy zoʻravonlik jinoyatlardan himoya qilish davr talabi ekanini koʻrsatib turibdi.
Jahonda va respublikada jinoyatchilikka qarshi kurash, zoʻrlik fenomeni vujudga kelishi, zoʻravonlik va tazyiq ishlatuvchining shaxsi tushunchasi, zoʻravonlik va tazyiq ishlatish orqali sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish, bunday holatlardan himoyalanish usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda zoʻravonlik va tazyiqlarning oldini olishga doir oʻziga xos milliy tizim va normativ-huquqiy asoslar yaratilib, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga ahamiyat berilganligi natijasida fuqarolarning turli huquqbuzarliklar va jinoyatlardan himoyalanish darajasi ortib bormoqda.
Darhaqiqat, insonni jinoiy tajovuzlardan himoyalash, jinoyatchilikka qarshi kurash muammosi, amaldagi qonunlarga qatʼiy rioya qilgan holda va jinoyatni jamiyat hayotidagi eng salbiy holat deb qaralgandagina hal qilinishi mumkin hisoblanadi. Mazkur masalaga hukumatimiz alohida eʼtibor berib, barcha hujjatlarda jinoyatchilikka, shu oʻrinda zoʻravonlik va tazyiqlarning oldini olish va unga qarshi kurash masalasini targʻib qilmoqda. Davlatimizning asosiy vazifasidan biri ham jamiyat hayotida qonunga rioya etishni kuchaytirish va mustahkamlash, sud, prokuratura, adliya va ichki ishlar organlarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish yoʻlida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirishdan iboratdir.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda hal qilinishi lozim va muhim boʻlgan masalalaridan biri zoʻravonlik va tazyiqning oldini olish va undan himoyalanish hisoblanadi.
Tazyiq oʻtkazilgan yoki zoʻravonlikdan jabrlangan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 4-moddasiga muvofiq tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega: oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʻgʻrisidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish; maxsus markazlarda, shuningdek bepul ishonch telefoni orqali bepul huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish; ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda ularni bu haqda xabardor qilish; sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik natijasida oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etish. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi. | |
✂————————————————————————————— | |
Tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxs quyidagilarga rioya etishlari shart: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mansabdor shaxs tomonidan belgilab berilgan cheklovlarga rioya etishi; mazkur Qonunga muvofiq mansabdor shaxs tomonidan belgilab berilgan cheklovlar yuzasidan kelib chiqqan nizoli holatlar boʻyicha oʻz vaqtida yuqori turuvchi idoraga yoki sudga belgilangan tartibda murojaat qilishi; himoya orderi berilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning noqonuniy xatti-harakati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoki vakolatli organlarga oʻz vaqtida xabar berish shart. Men himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtishim zarurligi toʻgʻrisida xabardor qilindim. 20 __ yil “ ___ ” __________ ____________ __________________________________________ (tanishgan sana) (imzosi) (tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsining F.I.O)
| |
✂————————————————————————————— | |
Seriya AA № 0000000Himoya orderini berish uchun asos boʻlgan hujjatlar:tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati (1), jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari (2), tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi (3), davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar (4) . | (1) (2) (3) (4) |
Himoya orderida belgilangan cheklovlar: tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash (1) , tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlar bilan aloqasini taqiqlash (2) , tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganning hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash (3) , tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganni davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarga yordam koʻrsatuvchi maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish (4) tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno), saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash (5) , zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtishi shartligi yuzasidan belgilangan majburiyat(6) . | Jabrlangan shaxsning qonuniy yoki vasiylik, xomiylik organi vakili ______________________________________ (F.I.O, tugʻilgan sanasi va joyi, oʻqish, ish va yashash joyi) ___________________ ___________________ ______________________________________ imzosi Cheklovlar bilan tanishdim: (1) (2) (3) (4) (5) , (6)
20_ yil “ __ ” ______ (tanishgan sana) |
Himoya Himoya orderining amal qilish muddati: 20__ yil “___” _______ dan
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilganligi: 20__ yil “__” ______ dan 20__ yil “__” _______ gacha. |
Jabrlanuvchi va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderini berish tartibi
SXEMASI
Bosqichlar | Subyektlar | Tadbirlar | Ijro muddati | |||
1-bosqich | Tazyiq va (yoki) zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar, jismoniy yoki yuridik shaxslar, vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari | Xotin-qizlar tazyiq va (yoki) zoʻravonlikdan jabrlanganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organlariga murojaat qilinadi (xabar beriladi). | Zaruratga qarab | |||
2-bosqich | Ichki ishlar organlari navbatchilik qismi | 1. Murojaat va xabarlar ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi daftarga qayd etiladi. 2. Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar profilaktika inspektoriga taqdim etiladi. | Darhol | |||
3-bosqich |
Profilaktika
| 1. Ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni oʻrganib chiqadi va uning yakuni boʻyicha: tazyiq va zoʻravonlik holatlari aniqlangan taqdirda – himoya orderini rasmiylashtiradi; tazyiq va zoʻravonlik holatlari aniqlanmagan taqdirda – qonun hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yigʻini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy ahloqiy qadriyatlarni mustaxkamlash boʻyicha mutaxassis ishtirokida dalolatnomani rasmiylashtiradi; Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda – himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi. 2. Himoya orderi berilgani haqida tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi)ning huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi (boʻlinmasi, guruhi) (keyingi oʻrinlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi deb ataladi) boshligʻini xabardor qiladi. |
24 soat
Himoya orderi berilganidan soʻng uch kun muddatda | |||
4-bosqich | Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi | 1. Himoya orderini rasmiylashtirish uchun toʻplangan materiallarni oʻrganib, taraflar fikrini eshitgan holda profilaktika inspektorining himoya orderini berish toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilishga haqli. 2. Himoya orderini berish faoliyati ustidan monitoring olib boradi. 3. Profilaktika inspektorlari tomonidan jabrlanuvchi, zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga berilgan himoya orderi toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni umumlashtirib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmalari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalariga taqdim etadi. | Zaruratga qarab Har oyda Har oyning 2-kuniga qadar | |||
5-bosqich | Tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻi | Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻining xotin-qizlarni tazyiqdan himoya qilish, shu jumladan himoya orderini berish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tezkor yigʻilishlarda muhokama qilib boriladi. | Har oyda | |||
6-bosqich | Mehnat organlari, taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari, taʼlim muassasalari, davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari, sogʻliqni saqlash muassasalari, Xotin-qizlar qoʻmitasi hududiy boʻlimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari | 1. Himoya orderi amal qilish davriga muvofiq zimmalariga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi. 2. Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida profilaktika inspektoriga xabar beradi. | Himoya orderi amal qilishi mobaynida | |||
7-bosqich |
Profilaktika
| 1. Tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, shu jumladan ularning sabablarini hamda shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻradi. 2. Xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan va ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktika ishlarini olib boradi. 3. Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat qiladi hamda uning talablarini buzgan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi. | Muntazam ravishda Muntazam ravishda Himoya orderi amal qilishi davrida | |||
8-bosqich |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar ichki
| Jabrlanuvchi, zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga berilgan himoya orderi toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar umumlashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga taqdim etiladi. | Keyingi oyning 5-kuniga qadar |
Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
XOTIN-QIZLARNI TAZYIQ VA ZOʻRAVONLIKDAN HIMOYA QILISH TOʻGʻRISIDA OʻRQ–561-SON 02.09.2019
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jinsiy zoʻravonlik – xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli, shuningdek zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash;
jismoniy zoʻravonlik – xotin-qizlarga nisbatan ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazishning oʻzga choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli;
zoʻravonlik – xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazish choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sogʻligʻi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan gʻayrihuquqiy harakat (harakatsizlik);
iqtisodiy zoʻravonlik – xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zoʻravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishga boʻlgan huquqini, mulk huquqini, taʼlim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
ish joyi – oʻzi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mehnat majburiyatlarini amalga oshirish yoki xizmat vazifalarini bajarish uchun boʻlishi yoki borishi lozim boʻlgan, ish beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan joy;
ruhiy zoʻravonlik – xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zoʻravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik);
tazyiq – sodir etilganligi uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi – oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishi tahdidi ostida boʻlgan yoki tazyiq va zoʻravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs;
tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish – xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi uchun paydo boʻlgan xavfni bartaraf etish, tezkor chora-tadbirlarni talab qiladigan hayotiy vaziyatlar yuz berganda xotin-qizlarning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek jabrlanuvchiga nisbatan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning takroran gʻayriqonuniy xatti-harakatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadidagi iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa tusdagi kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlar tizimi;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish – xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, jamiyatda xotin-qizlarning zoʻravonlikdan xoli boʻlish huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi;
himoya orderi – tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.
4-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʻgʻrisidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;
maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa ularni bu haqda xabardor qilish;
sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik natijasida oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etish.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
5-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosatini, davlat dasturlarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish;
xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilinishini taʼminlash;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qoʻyish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Ichki ishlar organlarining, Mehnat organlarining, Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlarining hamda taʼlim muassasalarining, Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlarining hamda sogʻliqni saqlash muassasalarining, Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarning hamkorligi, Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qoʻyishning umumiy chora-tadbirlari, Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik hollarining statistik hisobi va hisoboti.
19-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarning xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki uni sodir etgan gʻayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash hamda ularga profilaktik taʼsir koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlardir.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar muayyan shaxsning, uning ijtimoiy muhitining oʻziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-maishiy sharoitlari va turmush tarzi, uning gʻayriijtimoiy xulq-atvori, tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga moyilligi, shuningdek u sodir etgan tazyiq va zoʻravonlikning ijtimoiy xavflilik darajasini tavsiflovchi boshqa omillar hisobga olingan holda qoʻllaniladi.
20-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qoʻllash uchun asoslar
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qoʻllash uchun quyidagilar asos boʻladi:
tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlik faktlari aniqlangan taqdirda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishi shart.
Ichki ishlar organlari tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida ogʻzaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qoʻyish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar koʻrishi shart.
21-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
profilaktika suhbatini oʻtkazish;
himoya orderini berish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlarga joylashtirish;
zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish.
22-modda. Profilaktika suhbati
Muayyan shaxsni jamiyatda umum qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy hamda huquqiy oqibatlarini tushuntirish, shuningdek qonunda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish maqsadida profilaktika suhbati oʻtkaziladi.
Tazyiq va zoʻravonlik hollarini aniqlagan vakolatli organ vakili tomonidan profilaktika suhbati tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil shaxslar bilan qonunda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
23-modda. Himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish
Himoya orderi tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga beriladi. Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Shaxs himoya orderini olish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Tegishli hududda tazyiq va zoʻravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zoʻravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida himoya orderini oʻttiz kun muddatgacha beradi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Agar xavf hali bartaraf etilmagan boʻlsa, himoya orderining amal qilish muddati tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga koʻra koʻpi bilan oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkin.
Himoya orderini berish, uzaytirish yoki himoya orderini berishni yoxud uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat uni bergan ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Himoya orderining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
24-modda. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi ularning nomidan himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish toʻgʻrisidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida koʻrib chiqiladi.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi ularning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi.
Himoya orderi berilganligi va uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi axborot vasiylik va homiylik organiga, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga 24 soat ichida yuboriladi.
25-modda. Himoya orderining mazmuni
Himoya orderida quyidagilar koʻrsatiladi:
u rasmiylashtirilgan sana va joy;
uni rasmiylashtirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi;
ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning roʻyxati.
Himoya orderida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining sudga murojaat qilish huquqi toʻgʻrisidagi, tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarligi haqidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
26-modda. Himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlar
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yoʻl qoʻyiladi);
tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan talablardan tashqari, unga tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtishi toʻgʻrisidagi shart majburiy tartibda kiritiladi.
Agar himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlansa, himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallari jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi.
27-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlar
Tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy, ruhiy, tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlar (bundan buyon matnda maxsus markazlar deb yuritiladi) tashkil etishi mumkin.
28-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish
Zoʻravonlik fakti mavjud boʻlgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining boshpana berish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning maxsus markazlarga joylashtirilishini taʼminlaydi.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish uning xohishiga koʻra oʻttiz kungacha boʻlgan muddatga amalga oshiriladi. Zarurat boʻlgan taqdirda bu muddat maxsus markazning ustavida belgilangan tartibda uzaytiriladi. Maxsus markazga joylashtirish muddati tugagach, agar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan xavf mavjud boʻlsa, maxsus markaz maʼmuriyati bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, uning ish joyi saqlab qolinadi.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazda boʻlish vaqti uni taʼlim muassasasidan mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborganligi munosabati bilan chiqarish uchun asos boʻlmaydi.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar tazyiq oʻtkazganlikda va zoʻravonlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi mumkin.
TO‘RABAYEVA ZIYODA YAKUBOVNA
JAMIYATDA AYOLLAR
HUQUQIY BILIMLARINI
OSHIRISHGA DOIR
100 TA SAVOLGA JAVOB
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 5,11 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 157-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
QAYDLAR UCHUN
____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________________________________________________
____________________________________________________________