KIRISH
Butun jahonda notekis moliyaviy-iqtisodiy rivojlanish u yoki bu davlatga oʻzining ijobiy hamda salbiy taʼsirini koʻrsatdi. Bugungi kunda jahonning bir necha moliyaviy kompaniyalari, yirik banklar va boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan taransmilliy kompaniyalar toʻlov qobiliyatini yoʻqotish hamda buning natijasida tanglik holatini kelib chiqish xavfi bilan kurashib kelmoqda. Hozirda jahondagi yirik kompaniyalar oʻz faoliyatini tugatishlari yoki faoliyat doirasini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarini ishlab chiqishdi. Buning natijasi sifatida bir necha davlatlarda ishsizlikning oshib borishi va boshqa salbiy oqibatlar vujudga kelmoqda. Bunday holatlarning oldini olishning samarali vositalardan biri mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni lizing asosida qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi.
Hozirda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan harakatlar lizingni respublika iqtisodiyotiga joriy etish zaruriyatini kun tartibiga qoʻydi. Oʻz navbatida tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy taraflama inqirozga yuz tutishi yoki ularda yetarli darajada aylanma pul mablagʻlarining mavjud emasligi lizingga boʻlgan ehtiyojni kuchaytiradi. Lizing – bugungi kunda asosiy ishlab chiqarish vositalarini zudlik bilan yangilash, korxonalarni zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash yoki joriy etish, shu asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati hamda hajmini keskin oshirishga yordam berib kelmoqda.
Oʻtgan vaqt davomida lizing munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi maxsus qonun normalari yaratildi hamda davlatimiz tomonidan mazkur munosabatni yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir necha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Lizing oʻtgan qisqa muddat ichida respublikamiz iqtisodiyotiga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkaza oldi. Hozirda mazkur shartnomaviy munosabat orqali tadbirkorlik subyektlariga lizing shartnomasi asosida texnika va texnologiyalar yetkazib berilmoqda.
Har bir davlat oʻz hududiga xorijiy investitsiyani jalb qilishda birinchi navbatda ularga iqtisodiy imkoniyatlar yaratib birishga eʼtibor qaratadi, ikkinchi navbatda amaldagi qonun va qonunosti hujjatlar orqali ularning huquqlarini kafolatlaydi.
Shu bilan birga, bu tizimning yanada mustahkamlanishi xususiy banklar va xususiy mulkka asoslangan lizing, sugʻurta kompaniyalari, kredit uyushmalari, mikromoliyaviy tashkilotlar kabi moliyaviy institutlarni tashkil etishning qonunchilik asoslarini shakllantirish hisobidan bank-moliya sohasiga xususiy kapitalni jalb qilish bilan ham bogʻliq. Bu esa bank va boshqa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatning kengayishi hamda mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatining oshishiga imkon beradi va eng yuksak xalqaro standartlar talabiga mos zamonaviy bozor infratuzilmasining rivojlanishi uchun sharoit yaratadi degan konseptual gʻoya mavjud.
Mazkur konseptual gʻoyaga asoslangan holda milliy lizing qonunchiligini yanada takomillashtirish orqali mamlakatning investitsion shafofligi taʼminlanadi va lizing munosabatlari subyektlarining huquqlarini bir xilda himoya qilish kafolatlanadi.
LIZING SHARTNOMASI RIVOJLANISHINING
TARIXIY JIHATLARI
Yuksak taraqqiyotga ega boʻlgan mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishida lizing shartnomasi muhim oʻrin tutgan boʻlib, hozirda ham mazkur shartnomaviy munosabat bir necha davlatlarning iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Bugungi kunda yirik sanoat korxonalari, xususiy tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlgan sanoat sohasini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan taʼminlash, qishloq joylarida ishlab chiqarishga asoslangan korxonalar qurish va ish oʻrinlarini tashkil etish hamda milliy mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish jadallik bilan amalga oshirilib kelinmoqda.
Butun jahonda qoʻllanilib kelingan va oʻzining ijobiy xususiyatlari bilan tadbirkorlik subyektlariga imkoniyatlar taqdim etgan – lizing yuqoridagi masalalarni ijobiy hal etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi. Lizingni tarixiy rivojlanish bosqichiga nazar tashlaydigan boʻlsak, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarni taraqqiy etishi va yuksalishida lizing bozori oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatgan.
Mavjud barcha hodisalar maʼlum sabablar va muayyan harakatlar natijasida vujudga keladi. U vaqt oʻtishi bilan amalga oshirilgan islohotlar va turli oʻzgarishlarga bardosh beradi. Har bir huquqiy munosabatni tarixiy rivojlanish jarayonini bilmasdan turib, ushbu munosabatni bugungi kundagi holatiga toʻgʻri baho berish, fikrimizcha murakkab masala. Lizing – bu kecha yoki bugun paydo boʻlgan shartnomaviy munosabat emas. Chunki, ijara munosabatlarining rivojlanishi natijasida lizing shartnomasiga xos xususiyat va belgilari qadimgi davrlarda mavjud boʻlganligi toʻgʻrisida maʼlumot mavjud.
Toʻgʻri, bugungi kundagi lizing shartnomasi birinchi bor Yevropa mamlakatlarida vujudga keladi, soʻngra AQSHda faoliyat olib borgan yirik monopolistik kompaniyalar lizing bozorini rivojlantirgan va ushbu faoliyatini butun dunyoga tarqalishiga koʻmaklashgan. Shuning uchun lizing mohiyatini tushunib olish uchun lizing shartnomasini vujudga kelishdagi dastlabki shartlari va lizing operatsiyasining huquqiy bazasini yaratilishiga nima taʼsir koʻrsatganligini aniqlash zarur.
Lizing munosabatlari rivojlanishi oʻz navbatida maʼlum bir mehnat qurolini sotib olmasdan turib, undan badal toʻlovi toʻlagan holda foydalanish gʻoyasining vujudga kelishi bilan belgilanadi. Garchi qadimgi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda “lizing” atamasi mavjud boʻlmasa-da, lizing bitimining mohiyatini ochib beruvchi gʻoya va asoslar yaratilgan edi.
Jumladan, birinchi marotaba lizing bitimi mohiyati va mazmuniga yaqin boʻlgan taʼrifni Aristotelning “Retorika” asarida uchratish mumkin, yaʼni unda: “Boylik – xususiy mulk huquqiga ega boʻlishda emas, balki undan foydalanishdan iborat boʻladi”, deyilgan. Qadimdan daromad olish uchun qandaydir mulkni xususiy qilib olish shart emas, balki undan foydalanish va egalik qilish huquqi asosida daromad olish yetarli degan xulosaga kelingan.
Ijaraga oʻxshash shartnomalar er.av. 2000-yillarda qadimgi Shumer davlatida ham mavjud boʻlgan. Mazkur hududdan topilgan sopol taxtachalarda ijara beruvchining mahalliy fermerlar bilan qishloq xoʻjalik asboblari va uy hayvonlarini ijaraga berish toʻgʻrisida tuzgan shartnomalar mavjudligi toʻgʻrisida tarixiy manbalar guvohlik beradi.
Xamurappi qonunlarida, yaʼni er.av. 1775–1750-yillarda Qadimgi Bobil (Vavilon) davlatida ham mulklarni vaqtincha foydalanishga berilganligi, mulkka oid toʻlovlar miqdori taraflar oʻrtasida kelishilganligi, mulklarni nobud boʻlish havfini sugʻurtalash va garov shartlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi meʼyorlar batafsil yoritib berilgan. Qadimgi Gretsiya, Rim va Misrda ijaraning oʻziga xos ijobiy jihatlarini hisobga olib jihozlar, yer, uy hayvonlariga ega boʻlishning yagona yoʻli – ijara shartnomasidan foydalanilgan.
Qadimgi Finikiyada harbiy va savdo kemalarini boshqa shaxslarga ijaraga berishda bugungi lizing munosabatlariga oʻxshash usuldan foydalanilgan. Unga koʻra kemalardan foydalanuvchi shartnoma obyektiga texnik xizmat koʻrsatish, uni taʼmirlash va oxirida lozim darajada eskirganligini hisobga olgan holda soz holatda ijaraga beruvchiga qaytarish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Bunday kelishuv tartibida tuzilgan shartnoma “net leasing” (sof lizing)ga mos keladi.
Qadimgi Rimda oʻzgalar ashyosidan umrbod foydalanib, uning saqlanishi va yaroqli holatda taʼminlash huquqidan ham foydalanib kelishgan. Xulosaga qilish mumkinki, bugungi kunda rivojlangan lizing shartnomasining dastlabki belgilari yuqoridagi holatlarda oʻz aksini topgan.
Angliyada lizing shartnomasiga oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi ilk qonun 1284-yilda qabul qilingan. Mazkur qonun “Uels qonuni” deb atalib, u oʻz ichiga Angliyadagi ijara munosabatlarining rivojlanish tarixini oʻz ichiga qamrab olgan.
Lizing shartnomasi – yangi ishlab chiqarilgan qimmatli texnikalarga ega boʻlish va texnik ishlab chiqarish salohiyatini oshirishning yagona usuli boʻlib koʻrinadi. XIX asrning boshida Angliyada sanoatning rivojlanishi va turli jihozlar ishlab chiqarishining oʻsishi munosabati bilan lizingga beriladigan tovarlarning miqdori oshadi. Hukumat tomonidan temir yoʻl transporti va toshkoʻmir sanoatini rivojlantirish borasidagi urinishlarida lizing shartnomasi asosiy oʻrin tutadi. Yirik kompaniyalar mablagʻlarni foydali sarflash uchun toʻgʻri qaror qabul qilgan holda koʻmir tashish maqsadida vagonlarni sotib oladi va ularni temir yoʻl kompaniyalariga lizingga berish natijasida daslabki maxsus lizing kompaniyalar vujudga keladi.
Ularning kelishuvida boshqa shartnomalardan farqli ravishda shartnoma muddati tugashi bilan lizing oluvchi tomonidan mulkni sotib olishi qoidasi belgilangan edi. Shartnomaga bunday qoidaning kiritilishidan koʻzlangan asosiy maqsad: mulkka nisbatan xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlishning oldini olish; kelgusida mulkga nisbatan lizing oluvchiga egalik qilish huquqi berilish rejaning amalga oshirilishidan iborat edi. Natijada mazkur bitimlar ijara va oldi-sotdi shartnomasining birikmasini tashkil etgan – lizing munosabatlarini tartibga soluvchi shartnomaviy-huquqiy institutini vujudga kelishiga sabab boʻladi.
Lizing – atamasi birinchi bor 1877-yil “Bell” telefon kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Kompaniya telefon apparatlarini sotmasdan turib ularni foydalanishga berish hamda uni mijozning uyiga yoki idorasiga faqat davriy toʻlovlar asosida oʻrnatish toʻgʻrisidagi qarorni ishlab chiqilishi bilan bogʻlangan. Lizing shartnomasidan keng qamrovli foydalanish natijasida AQSH jahonning boshqa mamlakatlariga qaraganda tez fursatda telefonlashtiriladi. Bu amaliyot nafaqat aloqa rivojlanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan, balki oʻz vaqtida moliyaviy xizmat taqdim etishning foydali xususiyatidan kelib chiqib, texnika sanoati kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan yangi texnologiyalarni hayotga tatbiq etishda lizing foydali natija berishini amalda isbotlab bergan.
Maxsus lizing kompaniyalarining taʼsis etilishi lizing munosabatlarini rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Mazkur kompaniyalar oʻz faoliyatlarini huquqiy tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish zarurati mavjudligini kun tartibiga qoʻydi. Lizing munosabatlarini rivojlanishiga yana bir omil ikkinchi jahon urushi davrida AQSH hukumati tomonidan “Lend-Lease” shartnomasini qoʻllab-quvvatlanganligi bilan bogʻliq. Bu oʻz navbatida lizing biznesining taraqqiy etishida muhim turtki boʻldi.
Asosiy faoliyati lizing operatsiyalari bilan bogʻliq boʻlgan dunyodagi birinchi aksiyadorlik jamiyati 1952 San-Fransiskodagi mashhur “United States Leasing Corporation” edi. 1952-yil Kaliforniyada oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi uncha katta boʻlmagan firma harbiy idoradan yirik buyurtma oladi va uni bajarish uchun mashinalar majmuini koʻpaytirishi lozim boʻladi. Lekin firma buyurtmani bajarish uchun yetarli darajada erkin vositalari hamda aylanma pul mablagʻi boʻlmay, bu muammoni yechish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi. Uning ijobiy natijasi sifatida mashinalarni lizingga olish hamda shu shaklda mulklarga egalik qilish uchun moliyalashtirish jarayonini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bunday operatsiyaning foyda keltirishini bilgan va ishongan firma taʼsischilari nafaqat ularga kerakli mashinani lizingga berishni xohladi, balki kompaniya taʼsischilari 20 ming AQSH dollari bilan “United States Leasing Corporation”ni tashkil etdilar. Ikki yildan soʻng bu firma 3 million AQSH dollaridan ortiq miqdorda mashina va jihozlarni lizingga beradi. Lizing munosabatlari AQSHda tezda yoyilishi va bu hududda “lizing beznesi” taraqqiyotining rivojlanishi boshqa davlatlarga ham taʼsirini koʻrsata boshladi.
Yevropaning ilgʻor mamlakatlaridagi birinchi lizing kompaniyalar oʻtgan asrning 60-yillari boshidayoq paydo boʻlib, bugungi kunda lizing operatsiyalarining hajmi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi. Fransiyada birinchi lizing kompaniyasi 1957-yildan SEPAFITES (1962-yildan-Locafrance) nomi bilan vujudga kelgan boʻlsa, Angliyada zamonaviy lizing biznesiga ilk qadam tashlagan kompaniya “Mercantile Leasing Company” boʻlib, u 1960-yil 8-iyunda “Mercantile Credit Company” va “United States Leasing Corporation” oʻrtasidagi qoʻshma korxona sifatida, Italiyada 1962-yilda, Germaniyada esa “Local Lease Mietfinanzierung GmbH” lizing kompaniyasi 1962-yilda taʼsis etilgan.
Xuddi shu davrda lizing biznesi oʻzining Osiyo mintaqasidagi taraqqiyotini boshlaydi. Yaponiyada eng yirik va nomdor lizing kompaniyalardan biri “Century Leasing System” 1969-yilda tashkil etiladi. 1970–1980-yillar davomida sobiq ittifoq tashqi savdo tashkilotlari tomonidan lizing birinchi oʻrinda keng miqyosli unversal va qimmatli dastgohlar, mahsulot ishlab chiqarish liniyalar, yoʻl qurilishi, temir-presslash, energetik jihozlar va taʼmirlash ustaxonalari, dengiz kemalari, avtomashinalar, EHM asosidagi hisoblash mashinalarini sotib olish hamda sotishda lizing shartnomasidan foydalaniladi.
Oʻz-oʻzidan maʼlumki, sobiq ittifoq davrida xoʻjalik yurituvchi korxonalarga toʻgʻridan toʻgʻri xorij mamlakatlaridan asbob-uskunalar olib kelishga turli toʻsiqlarning amalda mavjudligi sababli, xalqaro lizing operatsiyalari deyarli amaliyotda qoʻllanilmagan. Korxonalarda lizing toʻlovlarni amalga oshirish uchun chet el valyutasining yoʻqligi va valyuta konvertatsiyasiga oid muammolar xalqaro lizing shartnomasidan foydalanish imkoniyatini cheklovchi omillardan yana biri edi.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan soʻng, mamlakatda lizing munosabatlarining rivojlanishiga ilk qadam tashlandi. Respublika ichki bozorida lizing munosabatlarining vujudga kelishi 1991-yildan keyingi davrlarga toʻgʻri keladi va bu korxonalarning davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish jarayoniga oʻtganligi bilan bogʻliqdir.
Lizing munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi qonun normalarini yaratilishi ham shu davrga toʻgʻri keladi. 1996-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 34-bobida lizing shartnomasini huquqiy tartibga soluvchi 6-paragraf birinchi marotaba kiritildi.
1999-yil 19-aprelda “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi mazkur sohaning rivojlanishiga qaratilgan huquqiy bazaning yaratilganligidan dalolat beradi. Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston Respublikada yigirmadan ortiq lizing kompaniyalar va lizing munosabatlarini moliyalashtirishga koʻmaklashuvchi banklar tashkil etildi. Mazkur kompaniyalar oʻz oldilariga tadbirkorlik subyektlarini lizing shartnomasi orqali qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilib qoʻyishgan.
LIZING SHARTNOMASI TUSHUNCHASI
Lizing shartnomasi tushunchasi va boshqa shartnomalardan farqlovchi jihatlarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Lizing bilan bogʻliq munosabatlar yuz yillik tarixga ega ekanligiga qaramay, soʻnggi yillardagina qator xorijiy davlatlarning fuqarolik huquqida lizing va uning alohida turlariga yuridik taʼrif berildi.
Lizing munosabatlarining huquqiy taʼminlanganlik darajasiga koʻra mamlakatlarni uch asosiy guruhga ajratish mumkin: yaʼni, lizing shartnomalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus qonunlarga ega boʻlgan mamlakatlar (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Fransiya, Belgiya, Italiya va boshqa davlatlar); maxsus qonunosti hujjatlariga ega mamlakatlar (Angliya, Avstraliya, Yangi Zelandiya); maxsus qonunchilikka ega boʻlmagan davlatlar (AQSH, Germaniya).
Birinchi guruh mamlakatlarida qabul qilingan qonunlar uchun xos boʻlgan xususiyat – ularda nafaqat ikki asosiy hamkor (lizingga oluvchi va lizingga beruvchi), balki lizing kompaniyasi va yetkazib beruvchi oʻrtasidagi munosabatlar, yaʼni lizingda yuzaga keladigan uch tomonlama mulkiy munosabatlarning butun majmui tartibga solinadi. Mazkur qonun qonun hujjatlariga muvofiq uch tomonlama asosli lizing shartnomasida albatta uskunalar kelajakda lizingga berish maqsadida olinayotganligi, undan faqat koʻzlangan maqsadlarda foydalanish mumkinligi koʻrsatilishi shart.
Shartnomada sotib olish huquqi toʻgʻrisidagi shartlar va shartnoma muddati tugaganidan soʻng u sotib olinishi koʻzda tutilgan narxlar kelishiladi. Shu bilan birga, lizing mulkini nobud boʻlishi yoki yoʻqolishi toʻgʻrisidagi xatarlar maxsus qonunlar yordamida muvofiqlashtirilmay, balki fuqarolik va savdo huquqining umumiy meʼyorlari bilan hal etiladi.
Ikkinchi guruh mamlakatlarida lizing vaqtincha foydalanishga berilayotgan mol-mulk qiymatidan hamda lizing shartnomasi subyektlariga bogʻliq ravishda tartibga solinadi. Xususan, Angliya “Ijara va oldi-sotdi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan lizing oluvchi faqat yuridik shaxs hisoblangan va lizing mulkining qiymati 2000 funt sterlingdan ortiq boʻlmagan shartlar belgilangan. Mazkur shartlarga mos tushmagan barcha boshqa holatlar “umumiy huquq” meʼyorlari yordamida tartibga solinadi.
Uchinchi guruh mamlakatlarida lizing munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi maxsus qonunlarni yoʻqligi lizing taraqqiyoti va rivojlanishiga halal beradi. Masalan, AQSH va Germaniyada maxsus qonunchilik yoʻqligini quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin: yaʼni mazkur mamlakatlarda yaqin vaqtgacha asosan amortizatsiya va soliq imtiyozlaridan foydalanishni maqsad qilib qoʻygan holda lizingga murojaat qilishgan. Shuning uchun lizing soliqqa tortish masalalariga bagʻishlangan qonun hujjatlarida belgilangan. Ushbu mamlakatlarda lizing bitimlariga nisbatan shuningdek fuqarolik va savdo huquqining umumiy qoidalari ham keng ravishda qoʻllanilmoqda.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi lizing faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunga ega boʻlgan mamlakatlar guruhiga kiradi. Oʻzbekiston fuqarolik qonunchiligi, zamonaviy huquqiy tizimining bir qismi sifatida roman-german huquqiy oilasiga mansub. Oʻzbekiston Respublikasida lizing munosabatlari 1996-yilda qabul qilingan Fuqarolik kodeksining 587–599-moddalari hamda 1999-yil 14-apreldagi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun normalari bilan huquqiy tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 587-moddasida lizing shartnomasi tushunchasi berilgan boʻlib, unga koʻra “Lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirigʻiga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini oladi” deb belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasida ham lizing tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlib, unga koʻra “Lizing – moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga berilishi” belgilangan.
Lizing qonunchiligiga binoan lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
– lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtsa;
– lizing shartnomasining muddati lizing obyekti xizmat muddatining sakson foizidan ortiq boʻlsa yoki lizing obyektining lizing shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining yigirma foizidan kam boʻlsa;
– lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing oluvchi lizing obyektini uning bozor qiymatidan past narxda evazini toʻlab sotib olish huquqiga ega boʻlsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi lizing obyekti qiymati asos boʻladi;
– lizing shartnomasi davri uchun lizing toʻlovlarining joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymati lizing obyektining lizingga topshirish paytidagi joriy qiymatining toʻqson foizidan ortiq boʻlsa. Joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
Qonuniy asoslariga koʻra shartnomaning birlamchi sharti sifatida uning predmetidan, yaʼni mol-mulkidan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalanish mumkin. Lizing obyektidan faqat tadbirkorlik maqsadida foydalanish lizing shartnomasiga xos belgidir. Agar lizing oluvchi mol-mulkdan tadbirkorlik faoliyatida emas, balki oʻz shaxsiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida foydalansa, lizing shartnomasi oʻziga xos xususiyatini yoʻqotadi va u oddiy ijara shartnomasiga aylanadi.
Garchi lizing shartnomasi qonunchilik va nazariyada ijara munosabatlarining bir turi sifatida eʼtirof etilsa-da, lekin oʻziga xos xususiyatlariga koʻra ijara shartnomasidan farq qiladi. Ijara shartnomasidan farqlovchi belgilarini quyidagi holatlarda koʻrishimiz mumkin:
– shartnoma predmetini va sotuvchisini lizing oluvchining oʻzi tanlaydi;
– mol-mulkdan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalaniladi;
– lizing oluvchi lizing mulkidan boʻnak toʻlamasdan turib egalik qiladi va foydalanadi;
– shartnoma muddati tugagach, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtadi.
Amaldagi lizing qonunchiligi lizing munosabatlarini oʻzaro ikki shartnoma asosida: oldi-sotdi hamda lizing shartnomasi orqali tartibga soladi. Qonunning 2-moddasi 2-3-bandlariga asosan, lizing uch taraflama (sotuvchi – lizing beruvchi – lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi – lizing oluvchi) lizing shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi. Lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qoʻshimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
Bunda lizing oluvchi sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatda boʻlmasa-da, qonunning 12-moddasi 1-bandiga asosan sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli taʼmirlashi va hokazolar xususida talablar qoʻyishga haqli.
Lizing oluvchi bunday huquq va majburiyatlariga ega boʻlishi uchun asos uning lizing beruvchi bilan boʻlgan shartnomaviy munosabatlaridir. Lizing oluvchi lizing beruvchining roziligisiz sotuvchi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga haqli emas. Faqat oldi-sotdi shartnomasining taraflaridan biri shartnoma bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin.
Lizing beruvchi qonunning 11-moddasi 2-bandiga asosan lizing oluvchi uchun mol-mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga maʼlum qilishi lozim. Bunday ogohlantirishning mavjud emasligi shartnomaning haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlmaydi, lekin bu qoidani shartnomaga subyektlar tomonidan kelishgan holda zaruriy qoida sifatida kiritish mumkin.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkni lizing oluvchi joylashgan joyda topshiriladi. Lizing obyekti shartnomada belgilangan muddatda lizing oluvchiga yetkazib berilmagan boʻlsa, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda lizing oluvchi shartnomani bekor qilishi va kelib chiqqan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Lizing beruvchi sifatida koʻp hollarda ixtisoslashgan kompaniyalar, ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar faoliyat olib boradi. Oʻzbekiston Respublikasining “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasiga asosan lizing faoliyati lizing beruvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va (yoki) jalb etilgan mablagʻlar hisobidan lizing obyektining sotib olinishi va uni lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga berilishi borasidagi investitsiya faoliyati turi hisoblanadi.
Milliy qonunchilik va huquqiy hujjatlar lizing beruvchidan lizing faoliyati bilan shugʻullanishi uchun maʼlum bir ruxsatnoma olib ishlashni talab etmaydi.
Maʼlumot uchun taʼkidlab oʻtish lozimki, lizing shatnomasini tartibga soluvchi baʼzi xorij qonunlarida lizing berish faoliyati bilan shugʻullanish uchun tegishli organlardan ruxsatnoma olish talab qilinadi. Qonunda egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi boʻyicha lizing obyektini olayotgan shaxs lizing oluvchi deb eʼtirof etiladi.
Taʼkidlab oʻtish lozimki, xorijiy davlatlarning lizing qonunchiligida lizing oluvchi har qanday mulkdorlik mavqeiga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar boʻlishi mumkin va lizing oluvchidan alohida yuridik shaxs maqomi talab qilinmaydi.
Lizing munosabatlari jahonda tezda tarqalishiga qaramasdan, uning yagona xalqaro tan olingan huquqiy tuzilmasi ayni vaqtda mavjud emas. Lizing shartnomasi tushunchasi va atamasining turlicha talqin qilinishi, albatta, bir necha mamlakatlar huquqiy bazasidagi farqlarga bogʻliq. Olimlar tomonidan tayyorlangan lizing munosabatlariga oid huquqiy va iqtisodiy adabiyotlarda ham lizingga nisbatan turlicha atamalaridan foydalanish holatlarini kuzatish mumkin. Jumladan, MDH mamlakatlarining baʼzilarida lizingni “moliyaviy ijara” yoki “lizing” atamasidan foydalanilsa-da, Amerika va Gʻarbiy Yevropa mamalakatlari huquq tizimlarida “lizing” deganda oddiy ijara munosabatlari tushuniladi.
Jahon lizing bozorining jadallik bilan notekis rivojlanib borishi, albatta, lizing subyektlari joylashgan davlatning hukumatlari tomonidan berilgan imtiyozlar hamda oʻsha davlat milliy qonunchiligining lizing munosabatlariga boʻlgan taʼsiri deb bilish mumkin.
LIZING SHARTNOMASINING SUBYEKTLARI
Lizing shartnomasi ham subyektlarning huquqiy holati va boshqa shartnomalardan farqlanuvchi xususiyatlari bilan shartnomaviy munosabatlarda oʻziga xosligini belgilab beradi. Oʻzbekiston Respublikasining “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq lizing subyektlari (lizing beruvchi, lizing oluvchi va sotuvchi) boʻlib, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar hisoblanadi.
Taʼkidlash lozimki, lizing obyektidan faqatgina tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish, lizing shartnomasining ishtirokchilari tarkibini ham belgilab berdi. Bunda lizing subyektlari boʻlib nafaqat yuridik shaxslar, balki xususiy tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar ham boʻlishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasida lizing faoliyatiga taʼrif berilgan boʻlib, unda lizing faoliyati lizing beruvchi tomonidan oʻz mablagʻlari yoki jalb etilgan mablagʻlar hisobidan lizing obyektini sotib olishi va uni lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga berilishi borasidagi investitsiya faoliyati turidir.
Mazkur shartnomaviy munosabatning eʼtiborli tomoni shartnomada lizing oluvchi yetarlicha imtiyozlarga ega boʻlish bilan bir qatorda, lizing shartnomasini tuzishda faollik koʻrsatadi, lekin kamdan kam hollarda unda yetakchilik qiladi. Shartnomada esa lizing beruvchi asosiy rolni oʻynaydi, chunki shartnomadan kelib chiqadigan barcha tashkiliy koʻrinishdagi vazifalarni asosan lizing beruvchi tomonidan bajariladi. Lizing shartnomasi mexanizmni ishga tushirish aynan lizing beruvchiga bogʻliq boʻlib, u ixtisoslashgan lizing kompaniyasi boʻladimi, bankmi yoki kredit tashkilotimi u bir xilda mazkur munosabatga taʼsir koʻrsata oladi.
Huquqiy adabiyotlarda lizing shartnomasining subyektlari boʻlmish yuridik hamda jismoniy shaxslar lizing beruvchi boʻlib, ushbu munosabatda ishtirok etishi mumkinligi eʼtirof etilgan va buni qonun meʼyorlari ham inkor etmaydi. Koʻp hollarda yirik moliyaviy kompaniyalar yoki ixtisoslashgan lizing kompaniyalar faqat lizing beruvchi boʻlib mazkur munosabatda ishtirok etadi. Tadbirkorlik subyektlari hisoblanmish xususiy korxonalar yoki xususiy firmalar amalda foydalanuvchi sifatida lizing munosabatlarida qatnashadi. Ularni lizing beruvchi sifatida qatnashmasligi uchun maʼlum bir texnologiyalarni lizinga berish maqsadida xarid qilishlari yoki ularni ishlab chiqarish uchun koʻp miqdorda moliyaviy mablagʻ yoki valyutaning yetishmasligi sabab boʻladi.
Oʻzbekistonda esa asosan lizing faoliyati bilan shugʻullanish uchun maxsus lizing kompaniyalar va banklarga alohida tartibda ruxsatnoma (litsenziya) olish tartibi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunida ham, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turining roʻyxati toʻgʻrisida”gi qarorida[1] ham nazarda tutilmagan.
Amaldagi qonunchilikka binoan lizing beruvchi – yuridik shaxslar safiga lizing faoliyatini amalga oshirayotgan lizing kompaniyalaridan tashqari boshqa tashkilotlarni ham kiritish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida qonun doirasidan chetga chiqmagan holda lizing bilan shugʻullanish huquqi tadbirkorlik faoliyatiga asoslangan yuridik shaxslarning alohida toifalariga ham berilishi mumkin.
Yuqoridagi asoslarga koʻra umumiy bank litsenziyasi doirasida bank maxsus litsenziya asosida lizing faoliyatini amalga oshiradi. Bunda bank litsenziya olishi bilan ixtisoslashgan lizing kompaniya singari lizing beruvchi maqomiga ega boʻladi. Bu maʼnoda bank yoki boshqa kredit muassasasi lizing beruvchining barcha xususiyatlarini oʻzida birlashtirgan.
Oʻz navbatida bank amalga oshirilishi lozim boʻlgan barcha lizing loyihalari, yaʼni lizing kompaniyasi singari bozor holatini, amalga oshirilishi zarur boʻlgan loyihaning foydaliligini baholaydi va mustaqil hal etadi. Aniq moddiy taʼminotga ega boʻlgan banklar esa, hatto lizing bilan nomuntazam shugʻullangan sharoitda ham lizing bozoridagi vaziyatni nazorat qilish imkoniga ega va uning boʻlgʻusi taraqqiyoti yoʻnalishini belgilab berishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 589-moddasiga binoan lizing oluvchi egalik qilish va foydalanish uchun lizing obyektini oladigan shaxs hisoblanadi. “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida esa egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi boʻyicha lizing obyektini olayotgan shaxs lizing oluvchi deb eʼtirof etiladi.
Lizing shartnomasi orqali olingan mulkdan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalanishlik qonunning va shartnomaning zaruriy talabi hisoblanadi. Lekin lizing munosabatlarini tartibga soluvchi fuqarolik kodeksning tegishli moddalari va qonunda lizing beruvchi, lizing oluvchi va sotuvchiga nisbatan faqatgina “shaxs” termini ishlatilgan. Amaliyotda lizing shartnomasini tuzish jarayonida lizing oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs maqomiga ega ekanligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qonun va lizing shartnomasidan kelib chiqqan holda lizing mulki har qanday jismoniy shaxsga emas, balki faqat tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxsga berilishi mumkin. Fikrimizcha, “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasining uchinchi bandida lizing oluvchi sifatida eʼtirof etilgan shaxsning huquqiy maqomiga aniqlik kiritish lozim.
Bundan kelib chiqqan holda notijorat tashkilotlar lizing oluvchi sifatida shartnomaviy munosabatlarga kirishishi mumkinligi xususida muammoli masala vujudga keladi. Bu masala yuzasidan lizinga olingan mulkdan oʻz nizom jamgʻarmasida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida lizing oluvchi sifatida notijorat tashkilotlarni chiqarib tashlash taklifi ham huquqiy adabiyotlarda oʻz tasdigʻini topgan. Ammo bu lizing oluvchi sifatida faqatgina tijorat tashkiloti va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlar ushbu munosabatda qatnashishlari mumkin degan tushunchani anglatmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 588-moddasida belgilanishicha, isteʼmol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti boʻlishi mumkinligi eʼtirof etilgan. Bundan tashqari qonunda lizing obyekti sifatida korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda koʻchar va koʻchmas mulklar lizing obyekti boʻlib hisoblanadi.
Yuqorida zikr etilgan obyektlardan turli huquqiy shaklga ega boʻlgan subyektlardan bir xilda foydalanishlarini qonun normalari taqiqlamagan. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 74-moddasiga asosan, jamoat birlashmalari oʻz nizomlarida nazarda tutilgan ishlab chiqarish yoki oʻzga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.
Lizing munosabalarining uchinchi tomoni boʻlib lizing obyektini lizing beruvchiga topshirish majburiyatini olgan sotuvchi yaʼni uskunalarni yetkazib beruvchi ham qatnashadi. Eʼtibor berilgan boʻlsa qonunchilikda sotuvchi tushunchasi ostida nafaqat uskuna-jihozlar tayyorlovchini, balki amalda vositachi vazifasini bajarayotgan sotuvchi ham tushunish mumkin. Lekin lizing oluvchi hamda sotuvchi oʻrtasidagi munosabatlarning oʻziga xosligini hisobga olgan holda mazkur shartnomada sotuvchining vositachilik faoliyati bilan shugʻullanishi masalaning murakkablashuviga olib kelishi mumkin.
Mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik shaxs lizing munosabatlarida sotuvchi boʻlib ishtirok etishi mumkin. Lizing shartnomasi ishtirokchilarining tarkibi muayyan hodisaga bogʻliq ravishda koʻpayishi yoki qisqarishi ham mumkin. Masalan, “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida, asosiy lizing turlaridan biri sifatida qaytarma lizing nomi keltirilib, bunda lizing ashyosini yetkazib beruvchi sifatida tan olingan sotuvchi bir paytning oʻzida lizing oluvchi sifatida ham qatnashishi nazarda tutilgan. Baʼzan lizing amaliyotida sotuvchi hamda lizing beruvchi vazifasini bitta shaxs timsolida (toʻgʻridan toʻgʻri shaklda) olib boradi. Masalan, mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan ishlab chiqarilgan jihozlarini bozorda lizing vositasida oʻtkazish uchun korxonada maxsus tashkil etilgan boʻlim yoki shahobchalar tomonidan ushbu lizing amaliyoti olib boriladi.
Lekin bir qancha davlatlarda lizing faoliyatini litsenziyalash talabi amalda mavjud boʻlganligi uchun toʻgʻridan toʻgʻri shaklda lizing shartnomasini amalga oshirish muammoli vaziyatlarni vujudga keltiradi. Bundan tashqari shunday ishlab chiqarish korxonalari mavjudki, ular bir paytning oʻzida ham mahsulot ishlab chiqaradi, ham uni oʻzida tashkil etilgan maxsus lizing kompaniyalari orqali lizinga beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan lizing ishtirokchilari oʻz majburiyatlari yuzasidan lizing faoliyatini olib borishlari mumkin emas. Yaʼni qonunda lizing obyekti lizing oluvchining krediti (qarzi) hisobidan olingan taqdirda, aniq lizing obyektiga nisbatan lizing beruvchining kreditori va lizing oluvchi bir shaxs timsolida ish koʻrishga yoʻl qoʻyilmaydi. Lekin bu holatda toʻgʻridan toʻgʻri shaklda yoki qaytariladigan shaklda amalga oshiriladigan lizing operatsiyasi bundan mustasno.
Lizing shartnomasining bir ishtirokchisi tomonidan turli vazifalarning bajarilishi, baʼzi hollarda tadqiq etilayotgan munosabatlarning koʻp tomonlilik alomatlari borligi shubhasiz. Koʻp tomonlama deb eʼtirof etiladigan hamda bir necha munosabatlarni tartibga soluvchi shartnoma ham faqat ikki ishtirokchi tomonidan tuzilishi mumkin va bu lizing shartnomasiga ham taalluqli.
Lizing shartnomasi taraflari boʻlmish lizing beruvchi va lizing oluvchidan tashqari ushbu munosabatga oldi-sotdi shartnomasi orqali lizing obyektini topshirish majburiyatini olgan sotuvchi ham qatnashadi. Qonun hujjatlarida lizing oluvchi sotuvchiga oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni bevosita taqdim etish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgani sababli ushbu shartnomaning shartlari lizing oluvchiga yetkazishi yoki u bilan kelishib olinishi zarur.
Lizing qonunchiligi ikki shartnoma, yaʼni lizing va oldi-sotdi shartnomalari oʻrniga lizing oluvchi, lizing beruvchi va sotuvchi ishtirok etadigan hamda ularning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi yagona uch taraflama lizing shartnomasini tuzish mumkinligi ham nazarda tutilgan.
Shartnomani amalga oshirishning muhim bosqichlaridan biri lizing oluvchi tomonidan lizing obyektining qabul qilinishi hisoblanadi, bunda tegishli tartibda qabul qilish va topshirish dalolatnomasi tuziladi. Lizing shartnomasi ishtirokchilarining munosabatlari koʻpchilik hollarda ikki shartnoma: lizing va oldi-sotdi shartnoma bilan rasmiylashtirilganligi uchun ularning lizing obyektini topshirish tartibini belgilaydigan qoidalari bir-biriga zid kelmasligi zarur.
Lizing beruvchi oʻz mulkini lizing oluvchiga egalik qilish va foydalanish uchun topshirar ekan, uning lizing obyektini qoʻriqlash va undan foydalanish boʻyicha shartlarni qatʼiy bajarishni taʼminlashga harakat qiladi. Shu sababli lizing shartnomalarining koʻpida lizing oluvchini lizing obyektidan uning xoʻjalik vazifasiga qatʼiy muvofiqlikda foydalanishni taʼminlashga hamda oʻgʻirlik, yoʻqolish yoki buzilishdan saqlashga majbur etadigan qoidalar bor. Shuningdek, shartomada lizing beruvchining lizing oluvchidan talab qilishga haqli boʻlgan moliyaviy va boshqa hujjatlarning aniq roʻyxatini, shuningdek ularni taqdim etish davomiyligini taʼminlash tartibini belgilab qoʻyish maqsadga muvofiq boʻladi.
Mol-mulkni shaxsiy mulk sifatida xarid qilish uchun lizing oluvchida moliyaviy resurslarning yetishmasligi uni moliyaviy lizing shartnomasidan foydalanishga undaydi. Biroq lizing shartnomasi tugagandan keyin u mazkur mol-mulkni mulk qilib xarid qilishni xohlab qolishi tabiiy holdir. Tabiiyki, qonun lizing oluvchining ana shunday huquqini nazarda tutadi. Lizing shartnomasining asosiy mazmun va mohiyati ham shunda koʻrinadi.
Shu munosabat bilan lizing oluvchi tomonidan lizing obyektini xarid qilish mexanizmi va tartibini lizing shartnomasiga kiritish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Unda shartnoma tugagandan keyin lizing obyektini xarid qilish huquqining oʻzi emas, balki uni sotib olish va narx toʻgʻrisida aniq takliflar koʻrsatilishi kerak. Chunonchi, agar lizing shartnomasida faqat sotib olish huquqining oʻzi nazarda tutilgan boʻlsa, ushbu qoida shartnomada sotib olish bitimini oldindan tuzish sifatida qaraladi va lizing shartnomasining oʻzini ijro etish lizing obyektini avtomatik tarzda xarid qilishni anglatmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 361-moddasiga asosan taraflar kelgusida mol-mulk berish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish haqida dastlabki shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida shartnoma tuzish (asosiy shartnoma) majburiyatini oladi. Agar unda asosiy shartnomani tuzish uchun muddat koʻrsatilmasa, asosiy shartnoma bir yil mobaynida tuzilishi kerak. Agar shu tariqa taraflar lizing obyektini sotib olish toʻgʻrisida asosiy shartnomani tuzmasalar, lizing oluvchining lizing obyektini sotib olish huquqi lizing shartnomasi tuzilgandan keyin bir yildan soʻng oʻz amal qilishini toʻxtatadi. Taraflar lizing shartnomasida lizing obyektini sotib olishning aniq muddatini nazarda tutishlari va bu bilan yuqorida koʻrsatilgan ehtimoliy muammolardan holi boʻlishlari mumkin.
LIZING SHARTNOMASINING MUHIM SHARTLARI
Shartnomaviy munosabatlarda fuqarolar hamda yuridik shaxslar tomonidan shartnomaning mazmunini belgilash va shartlarini aniqlashda oʻz xohish-irodalarini erkin ifoda etadilar. Barcha shartnomalar singari lizing shartnomasining ham oʻziga xos xususiyatlari va shartlari bilan boshqa shartnomalar farqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364-moddasida shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar berilgan boʻlib, unga koʻra agar taraflar oʻrtasidagi shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnomaning obyekti toʻgʻrisidagi shartlar, qonun hujjatlarda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zurur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.
Bitimlarni haqiqiy sanalishi uchun u quyidagi asosiy shartlarga ham javob berishi lozim, yaʼni:
– bitimlarning mazmuni qonunga va qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi;
– bitim tuzuvchi shaxslar muomala layoqatiga ega boʻlishlari;
– tuzilgan bitimlar yuridik oqibatlar keltirib chiqarishi;
– qonunlarda belgilangan tartibda notarial guvohlantirilishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Lizing shartnomasining muhim shartlariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, har qanday fuqarolik shartnomalarida boʻlgani kabi lizing obyektiga doir shartlar lizing shartnomasining ham muhim shartlari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasi 3-qismida lizing shartnomasining muhim shartlari qoʻyidagicha belgilangan:
– lizing obyektining tavsiflanishi (lizing obyektining miqdori, sifati, roʻyxati, kontrakt qiymati va boshqa koʻrsatkichlari) va shartnoma umumiy pul summasining koʻrsatilishi;
– taraflarning lizing obyektini olish va berish bilan bogʻliq majburiyatlari;
– lizing obyektini berish tartibi, shu jumladan lizing obyektini yetkazib berish, montaj qilish va foydalanishga topshirish tartibi;
– lizing toʻlovlarini toʻlash shartlari, miqdorlari, muddatlari va tartibi;
– lizing obyektidan foydalanish, unga qarash, uni saqlab turish va taʼmirlash yuzasidan taraflarning majburiyatlari;
– shartnomaning amal qilish muddati.
– sotuvchi va lizing obyektini tanlash uchun masʼul tarafning koʻrsatilishi.
Lizing shartnomasining asosiy shartlari qatoriga oldi-sotdi shartnomasining subyekti hisoblangan sotuvchini lizing shartnomasiga jalb qilishga oid shartlarini ham asosiy shartlardan biri sifatida kiritish lozim.
Bundan tashqari taraflarning kelishuviga binoan lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin:
– lizing obyektini sotib olish tartibi va muddatlari;
– lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish;
– lizing obyektini sugʻurta qilish;
– lizing beruvchi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi, bunday xizmatlarsiz lizing obyektidan foydalanib boʻlmasa;
– lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 588-moddasida isteʼmol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan. Demak, lizing obyektidan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalanish lozim.
Isteʼmol qilinmaydigan mulklar, vositalar oʻzining tabiiy holatini ishlatilishi jarayonida yoʻqotmasligi umumiy qoida sifatida qabul qilingan, yaʼni lizing muddati tugaganidan soʻng obyekt sotilishga yoki qaytadan lizingga topshirilishga yaroqli boʻlishi lozim. Bunday talablarga ishlab chiqarishning asosiy vositalari, korxonalar va boshqa mulkiy majmualar javob beradi.
“Xalqaro moliyaviy lizing toʻgʻrisida”gi Ottava konvensiyasida esa shartnomaning boshqa bir belgisiga eʼtibor qaratib, unda lizing ashyosidan shaxsiy maqsadlar, oilaviy yoki roʻzgʻor ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin emasligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining mahsulot yetkazib berish toʻgʻrisidagi 437-moddasida “tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, roʻzgʻorda va shunga oʻxshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish” lozimligi koʻrsatilgan.
Lizing shartnomasida lizing mulkini ishlab chiqargan va yetkazib berish majburiyatini olgan sotuvchi ishtirok etishi hamda lizing mulkidan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalanish toʻgʻrisidagi shartlar shartnomaning muhim shartlariga kirmaydi.
Mazkur shartlar lizing shartnomasining turini belgilab beruvchi omillardan hisoblanib, u lizing shartnomasini ijara shartnomasidan ajratib turuvchi chegara hisoblanadi.
Lizing shartnomasi lizing oluvchi va lizing beruvchi oʻrtasida sotuvchi ishtirokisiz ham tuzilishi mumkin. Mazkur holatda lizing beruvchining asosiy majburiyatlaridan biri bu lizing mulkini tanlash, uni yetkazib berish va shartnoma obyektining sifati boʻyicha lizing oluvchi oldida javob berishi hisoblanadi.
Lizing mulkidan faqatgina tadbirkorlik maqsadida foydalanish shartlarning lizing shartnomasiga kiritish yoki kiritilmasligi lizing shartnomasini imzolanmagan deb topish uchun asos boʻla olmaydi. Agarda mazkur shartlar yuzasidan biror-bir nizo kelib chiqadigan hollarda “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli qoidalari asosida hal etish mumkin.
Lizing shartnomasi tomonlaridan biri istagan vaqtda shartnomadan voz kechishi (shartnomada oʻzga shart belgilanmagan boʻlsa), bu muayyan huquqiy vositalar yordamida himoyalanmagan boshqa tomon uchun jiddiy zararlar keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun tomonlar lizing munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari hamda lizing toʻlovlari hisob-kitobining murakkabligini (mulkdan foydalanish muddati noaniq boʻlgan sharoitda) nazarda tutadi va alohida tartibda lizing muddatini belgilashi lozim. Xususan, lizing shartnomasida muddat asbob-uskunalarning foydali xizmat muddati bilan bogʻliq ravishda koʻrsatiladi hamda lizing toʻlovlari ham shartnoma muddatiga bogʻliq tarzda aniqlanadi.
Bundan tashqari mulkning toʻliq yoki tezkor amortizatsiya qilish masalasi ham muddat asosida aniqlanadi. Lizing munosabatlarida tezkor amortizatsiyadan foydalanish ham lizing beruvchi, ham lizing oluvchi uchun iqtisodiy jihatdan foydalidir: yaʼni, birinchidan lizingga nisbatan qisqa muddatda joylagan resurslarini qaytib olish imkoniyatiga ega boʻladi; ikkinchidan, shartnoma subyektlari foyda (daromad)dan olinadigan soliq summasini kamaytirish hamda mulkka egalik qilish muddatini yaqinlashtirish imkoniga ega boʻladi.
Shartnoma subyektlari manfaatlarining himoyasini yanada oshirish maqsadida baʼzi mamlakatlarda (masalan, Buyuk Britaniya) lizingni bekor qilib boʻlmaydigan maʼlum muddat belgilanib, uning davomida tomonlar shartnomadan bir tomonlama bekor qila olmaydilar. Bundan lizing shartnomadagi muddat masalasi shartnoma tuzilayotgan vaqtda maʼlum boʻlishi shart, degan xulosaga kelish mumkin.
Shartnoma subyektlaridan birining talabiga binoan ular yuzasidan bitimga kelishish kerak boʻlgan muhim shartlar toifasiga kelganda esa, lizing shartnomasiga nisbatan biror bir maxsus qoidalar mavjud emas. Shunday qilib, lizing shartnomasining muhim shartlaridan biri – predmet xususidagi shart hisoblanadi.
LIZING SHARTNOMASINING TURLARI VA TASNIFI
Bozor sharoitida shartnomani tasniflash prinsipi, uning predmeti, yaʼni shartnoma nima sababdan tuzilganligi, qanday maqsadni koʻzlashidan iborat boʻlishi bilan izohlash lozim. Lizing tushunchasini xususiy tadbirkorlarga yanada kengroq ochib berish maqsadida garchi qonun normalar bilan belgilanmagan boʻlsa-da lizing turlari tasnifini yoritishni lozim topdik. Quyida biz tasnif qilayotgan lizing turlarining tasnifi respublikamizda lizing faoliyati bilan qiziqayotgan xususiy tadbirkorlarning savollariga javob oladi degan umiddamiz.
Lizing munosabatlarini tartibga soluvchi bitta shartnomada lizingning bir necha turini uchratish mumkin. U oʻzida moliyaviy, kapitalli, toʻgʻri, standartli turlarini qamrab oladi.
Lizing shartnomasida kelishuv shartlariga koʻra bir necha turlarga, yaʼni hissadorlik lizing shartnomasi, bosh lizing shartnomasi, kompensatsiya lizing shartnomalariga boʻlinadi. Lizing munosabatlarini shartnoma orqali tartibga solishda uning oʻziga xos xususiyatlarini, turlarini va shartnoma shartlarini hisobga olgan holda tasniflash lozim.
Xalqaro amaliyotda shartnomada koʻrsatib oʻtilgan mulkni lizing oluvchiga maʼlum muddatga egalik qilish va foydalanishga berish uchun sotib olish, uskunalardan foydalanish muddati, amortizatsiyasi lizing shartnomasining asosiy qismiga mos kelishi toʻgʻrisidagi kelishuv “moliyaviy lizing” deb ataladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun 2-moddasida lizing tushunchasi berilgan boʻlib, unda lizing – moliyaviy ijaraning bir turi sifatida eʼtirof etiladi.
Moliyaviy lizingda shartnoma obyekti va sotuvchini tanlash huquqi lizing oluvchiga tegishli hisoblanadi. Lizing shartnomasida lizing beruvchi olinayotgan mulk lizinga berish uchun xarid qilinayotganligidan sotuvchini xabardor qilishi shart.
Lizing shartnomasini tasniflovchi xususiyatlari quyidagilardan iborat, yaʼni:
– lizing shartnomasi qatnashchilari solidar javobgar sifatida nomoyon boʻladi;
– qoida tariqasida lizing oluvchi shartnoma muddati tugagunga qadar mulkni sotib olishi mumkin;
– lizing mulkini oʻrnatish, taʼmirlash xizmatlari va uni sugʻurtalash masalasi odatda lizing oluvchi tomonidan amalga oshiriladi;
– lizing muddati davomli, unga koʻra xizmat davri va lizing mulkini sotib olish mumkin boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi;
– lizing mulkini roʻyxatga olish tartibi taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq lizing beruvchi yoki lizing oluvchining balansiga kiritiladi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz lizing munosabatlari tartibga soluvchi va barcha talablariga javob beradigan shartnoma bu moliyaviy lizing shartnomasidir. Ushbu shartnoma orqali lizing mulki lizing oluvchiga uzoq muddatga beriladi va mulkdan foydalanish davomida uning haqqini toʻliq toʻlash majburiyatini oʻzida ifodalaydi.
Lizing shartnomasining muddati 12 oydan kam boʻlmasligi, shartnoma muddati tugashi bilan mulkka egalik qilish huquqi lizing oluvchiga oʻtishi, shartnoma davri mulkning foydali xizmati muddatining katta qismini qamrab olishi, shartnoma muddati tugashi bilan mulkning qoldiq qiymati lizing oluvchi tomonidan toʻlangan holda lizing mulkiga egalik qilishi moliyaviy lizing shartnomasi asosini tashkil qiladi.
Moliyaviy lizing shartnomasida lizing mulkiga nisbatan toʻliq amortizatsiya muddatini qamrab olishi shartnomaning oʻziga xos jihatlaridan biri hisoblanadi.
Shartnomada belgilangan mulk lizing oluvchiga meʼyoriy xizmat koʻrsatishi doirasidan kam boʻlgan muddatda va lizing predmeti bir necha marotaba lizing beruvchiga berilishini nazarda tutuvchi shartnoma “operativ lizing” shartnomasi deb yuritiladi. Operativ lizing shartnomasining muddati taraflar tomonidan bir sutkadan 3 yilgacha qilib belgilashi mumkin.
Shuning uchun operativ lizing obyekti boʻlib lizing oluvchi uchun qisqa muddatli, mavsumli yoki bir martalik ishlarni bajarish uchun kerakli mulk hisoblanadi. Mazkur lizing shartnomasi turini vujudga kelishiga sanoat korxonalarini zudlik bilan rivojlantirish va ularni texnika-texnologiyalar bilan taʼminlash zaruratini tugʻilganligi bilan bogʻliq. XX asr boshida Angliya temir yoʻl lizing kompaniyalari tomonidan shartnomada koʻrsatilgan jihozlardan ishonchli foydalanishni uzoq muddat berilishini xohlamaydilar. Ular buning oʻrniga qisqa muddatli shartnomalarni taklif eta boshlaydilar. Shartnoma muddati yakuniga koʻra vagonlarga boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchiga qaytarilishi shartnomaning asosiy mazmunini tashkil qilgan va shunday yoʻl orqali ijara shartnomalari operativ lizinga asos solgan.
Operativ lizing shartnomasida mulkni tanlash huquqi lizing oluvchida boʻladi, lekin tanlash huquqi lizing beruvchining omboridagi mulki bilan cheklanadi. Operativ lizing shaxsiy va ashyoviy foydalanish uchun ashyolarni ijaraga olishni eslatadi, lekin uning bir qator quyidagi xususiyatlari mavjud:
– shartnomaning amal qilish muddati mulkdan foydalanish muddatidan bir muncha qisqa, shuning uchun lizing beruvchi bir shartnomadan qaytadan mulk narxini chiqarib olishga qodir emas;
– lizingga lizing oluvchining arizasi boʻyicha maxsus sotib olingan mulk emas, lizing munosabatlarida mavjud boʻlgan mulk beriladi.
Umuman olganda, lizing shartnomaviy majmuasi mulkini sotib olar ekan, undan aniq foydalanadigan shaxs boʻlmaydi. Shu sababli, operativ lizingga asoslangan kompaniyalar lizing mulkining bozordagi holatini bilishi lozim. Umuman olganda operativ lizing shartnomasi ijara shartnomasining mohiyatini oʻzida qamrab oladi. Bu oʻz-oʻzidan maʼlumki operativ lizing huquqshunos olimlar tomonidan ijara shartnomasining oʻzi deb tan olingan.
Lizingni ijaraga toʻliq yoki qisman oʻxshatuvchi nazariyalarning koʻp mamlakatlarda taraflarning oʻzaro kelishuvi tahliliga tegishli boʻlmagan omillarning maʼlum miqdorini qoʻshib yuborish orqali tushuntirish mumkin.
Lizing Yevropa qitʼasiga tadbiq etayotgan bir paytda, atamalar bilan bogʻliq boʻlgan qiyinchiliklar – lease yoki lizingni, tarjima qilib boʻlmaydigan atamalarni oddiy ijara (location)ga haddan tashqari koʻp oʻxshatishi balki, moddiy taʼminlashning yangi usuli bilan yollash (bail)ning aralashtirishga olib kelgan. Shuningdek, moliyaviy lizing (le leasing (financier) proprement dit)ni koʻpincha “operativ lizing” (leasing operationnel) deb ataladigan sof ijaradan farqlamaganlar. Oʻz navbatida, operativ lizing shartnomasini alohida tur sifatida tan olish uchun yetarli huquqiy asoslar mavjud emas.
Baʼzi davlatlarning qonunlarida lizing shartnomasini moliyaviy va operativ turlarga boʻlinishiga turlicha yondashiladi. Xususan, Oʻzbekiston lizing qonunchiligida mavjud boʻlgan moliyaviy va operativ lizing turlari toʻgʻrisidagi meʼyorlar Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447-II-sonli qonuniga asosan chiqarib tashlangan.
Lizing munosabatlarida lizing mulkini qabul qilish, uni yuritish ishlarini tashkil etishi yuzasidan toʻgʻri lizing, egri lizing, qaytarma lizing, leveredj lizing turlariga boʻlinadi. Lizing beruvchi va sotuvchi vazifalarning bir shaxs zimmasida boʻlishligi toʻgʻri lizing shartnomasida koʻrinadi. Bu holatda lizing mulkini ishlab chiqaruvchisi oʻz tuzilmasidagi marketing xizmati orqali lizing oluvchiga yetkazib beradi.
Huquqiy va iqtisodiy adabiyotlarda, lizing shartnomasi obyektini lizing oluvchiga uchinchi shaxslar orqali berishni nazarda tutuvchi kelishuv “egri lizing” shartnomasi deb ataladi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, barcha lizing shartnomasining asosida egri lizing shartnomasining belgilari yotadi. Lizing beruvchi uchinchi shaxs hisoblangan sotuvchi mulkini moliyalashtiradi va uni lizing oluvchiga beradi.
Lizing mulkining egasi mulkni lizing beruvchiga sotishi va ushbu mulkni lizing beruvchidan oʻzi lizingga olishi “qaytarma lizing (sale and leaseback)” shartnomasi deb ataladi. Taraflar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatda bir shaxs ham sotuvchi, ham lizing oluvchi boʻlib qatnashadi va oʻzida garov va ssuda shartnomasi belgilarini qamrab oladi.
Qaytarma lizing shartnomasida mulkni garovga qoʻyish orqali mablagʻ jalb qilishni ijobiy holat deb baholab boʻlmaydi. Mazkur shartnomada garchi garov belgilari mavjud boʻlsa-da, lekin alohida tartibda lizing munosabatlariga zid ravishda garov shartnomasi tuzilmaydi. Tadbirkorlik subyektlari juda ehtiyotkorlik bilan qaytarma lizing shartnomasini tuzishlari lozim, aks holda bu shartnomaviy munosabatning salbiy oqibatlari natijasida ular bankrot boʻlishiga olib keladi. Yaʼni, qaytarma lizing shartnomasi orqali korxonalarga mulklarni yoʻnaltirish va sotilgan mulkdan lizing asosida foydalanish huquqini beradi. Bu holatda lizing mulki haqlari toʻlab boʻlinganidan soʻng lizing oluvchi lizing shartnomasi asosida lizing mulkini tasarruf etishi mumkin.
Qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish bilan bogʻliq bir qadar murakkab yaʼni koʻp tomonlama moliyalashtirish va qimmatli loyihalarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan lizing kelishuvi “leveredj lizing (leveraged leasing)” shartnomasi deb ataladi.
Mazkur lizing shartnomasi manbalarda koʻproq iqtisodiy kategoriya sifatida baholanadi. Amerika lizing qonunchiligida leveredj lizing tan olingan va amaliyotida ushbu shartnomadan keng doirada foydalanib kelinadi. Mazkur shartnomaga koʻra, lizing beruvchi jihozlarning egasi sifatida qolib, lizinga lizing mulkining faqat bir qismini kiritadi. Qolgan qismini esa bank yoki boshqa moliyaviy tashkilotlardan qarz olish orqali amalga oshiradi hamda ular oldida foydalanuvchidan olinadigan joriy toʻlovlar olish kafolatini beradi.
Leveredj lizing shartnomasining ijobiy xususiyatlari va foydali tomonlari shundan iboratki, unda uskunalarni ijaraga topshirish hamda moliyalashtirish vazifasi ikki yoki undan ortiq tadbirkorlik subyektlari tarafidan amalga oshiriladi.
Leveredj lizingda lizing beruvchi ssudani qaytarish yuzasidan toʻliq javobgar boʻlmasligi mumkin, bu holda qarzlar lizing oluvchidan olinadigan lizing mablagʻlaridan qoplanadi.
Lizing beruvchi sifatida bir necha ishtirokchilarning qatnashishi, maxsus birlashmalar tuzishi hamda keyinchalik lizing munosabatlari yuzasidan kelib chiqadigan amaliyotini boshqaruvchi ishonchli shaxsni tayinlash toʻgʻrisidagi lizing shartnomasi “guruhli” yoki “hissadorlik” lizing deb ataladi.
Guruhli lizing shartnomasining yorqin misoli sifatida, Avstraliya milliy aviakompaniyasi tomonidan foydalanish maqsadida 115 million Avstraliya dollari miqdoridagi ikkita “Boing-747” rusumli samolyotlarni sotib olish amaliyotini keltirish mumkin. Kelishuvda toʻqqizta Yaponiya lizing kompaniyalaridan iborat sindikat ikkita “Boing-747” samolyotlar korpusini sotib oladi va lizing boʻyicha ularni maxsus tashkil etilgan Angliya kompaniyalariga beradi. Bu kompaniya yuqoridagi samolyotlar uchun “Rolls-roys” dvigatellarini sotib oladi va uni yigʻishga kirishadi. Avstraliya davlatiga tegishli boʻlgan banklar, moliyaviy kompaniyalar va aviakompaniya ishtirokida konsersium orqali samolyotlar sotib olinadi.
Lizing mulkidan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish va oʻtkazishni oʻzida ifodalaydigan shartnoma “sotishga yordamlashuvchi lizing (sales-aid leasing yoki vendor leasing)” deb ataladi. Shartnoma sotuvchi va lizing kompaniyasi oʻrtasida turli shaklda tuzilishi mumkin. Eng oddiy usulda lizing kompaniyasining nomi, manzili va boshqa lizing shartnomasining umumiy shartlari sotuvchining reklama hujjatlarida oʻz tasdigʻini topishi lozim. Lizing mulkiga doir munosabatlarni olib borish majburiyatlarini lizing oluvchi va lizing kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Koʻpgina hollarda sotuvchi va lizing kompaniyasi nomidan ham lizing shartnomasini tuzish nazarda tutiladi. Bunday holat natijasida lizing oluvchi bankrot boʻlib qolsa, sotuvchi mulkni lizing kompaniyasidan sotib olish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Lizing mulklarini oʻrnatish, xizmatlar koʻrsatish va boshqa harakatlar doirasiga kiradigan masalar yuzasidan lizing sof (net leasing), nam (wet leasing), toʻla va toʻla boʻlmagan, generalli turlariga boʻlinishi adabiyotlarda keltirib oʻtilgan. Nam lizing (wet leasing) deb nomlanuvchi shartnomada lizingga berilayotgan jihozlarning toʻlov shakli natura tarzida boʻladi. Lizing toʻlovi jihozlarda ishlab chiqarilgan mahsulot orqali yoki jihozdan foydalanmasdan turib, boshqa texnikada ishlab chiqarilgan xom ashyo yoki yarim fabrikatlarni berish bilan toʻlanadi.
Texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, sugʻurtalash, shuningdek marketing xizmatlari va reklama yuzasidan kompleks tizimga ega boʻlgan kelishuv toʻla lizing shartnomasida mujassam boʻladi. Lizing beruvchi mulk huquqini oʻzida saqlagan holda shartnoma muddati davomida soliqlarni toʻlab boradi.
Toʻla lizing shartnomasining ijobiy tomoni shundan iboratki, lizing beruvchi lizing oluvchiga koʻp qirrali xizmatlarni koʻrsatadi va bu faoliyatni olib borishda lizing beruvchi bilan bir qatorda sotuvchining ishtroki ham taʼminlanadi. Lizing munosabatlari ishtirokchilarining bu shakldagi aloqalari orqali mulk ekspulatatsiyasini bir muncha yaxshilaydi, ishlab chiqarish koʻlamini oshiradi hamda raqobatni rivojlanishiga yanada kengroq yoʻl ochib beradi.
Toʻla lizing tizimida foydalanilayotgan texnika va texnologiyalarga nisbatan kafolatli xizmat koʻrsatish muhim oʻrin tutadi. Uning mazmuni shundaki, mulk lizing oluvchiga belgilangan muddat davomida kafolatli tarzda xizmat koʻrsatishda ifodalanadi. Kafolatlangan majburiyatlarni lizing beruvchi, mulkni ishlab chiqaruvchi, maxsus tashkilotlar yordamida ifoda etishlari mumkin. Agar kafolatlangan muddat davomida mulkdan foydalanishda ishlab chiqarishdagi lizing oluvchiga maʼlum boʻlmagan nuqsonlar aniqlansa va ular lizing obyektidan belgilangan maqsadda foydalanishga imkon boʻlmasa, lizing oluvchi ishlab chiqaruvchidan mulkka oid kamchiliklarni bartaraf etish yoki uni boshqasi bilan almashtirib berishni talab qilishga haqli. Lizing mulkiga oid nuqsonlar oldi olungunga qadar lizing haqqini toʻlamasligi, shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Lizing mulkiga xizmat koʻrsatishning muhim elementlaridan biri sifatida lizing oluvchiga qoʻshimcha materiallar berishda ifodalanadi. Dunyo lizing amaliyoti shuni koʻrsatadiki, lizing mulkini toʻxtab qolmasdan ishlatish uchun kerakli detallar bilan taʼminlovchi zahiralar mavjud.
Toʻliq boʻlmagan xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq lizing ham mavjud boʻlib, unda texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq funksiyalar shartnoma taraflari oʻrtasida taqsimlanadi. Masalan, lizing oluvchi mulkidan foydalanish meʼyorlarning bajarilishi ustidan nazorat qiladi, lizing beruvchi esa lizing mulkini yaroqli holda boʻlishini taʼminlaydi.
Haqiqiy lizing amaldagi qonunchilikda koʻrsatib oʻtilgan va hozirda tadbirkorlik faoliyatida keng qoʻllanayotgan lizing shartnomasining shakliga toʻla mos keladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 587-599-moddalari va amaldagi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun meʼyorlaridan kelib chiqqan holda haqiqiy lizingni quyidagi oʻziga xos xususiyatlari mavjud:
– mulkning yuridik egasi shartnoma muddati davomida lizing beruvchi, iqtisodiy egasi esa lizing oluvchi hisoblanadi;
– lizingga berilgan mulk faqat tadbirkorlik maqsadlarida foydalaniladi; umumiy qoida asosida lizing beruvchi mavjud xavf-xatarni oʻz boʻyniga oladi, barcha imkoniyatlardan foydalanadi, mulkning dastlabki qiymatini toʻla yoki qisman moliyalashtiradi;
– lizing shartnomasining muddatini uzaytirish vaqtida mulkning oʻsha paytdagi bozor narxi hisobga olinadi;
– lizing oluvchi lizing mulkini bozor narxida sotib oladi va lizing beruvchi tomonidan lizingni moliyalashtirishda ishtirok etishga haqli emas;
– lizing oluvchiga lizing haqlarining daromaddan chiqarib tashlash huquqi beriladi.
Shu bilan bir qatorda, lizing munosabatlarini tartibga soluvchi soxta lizing turi ham mavjud boʻlib, u oʻz xususiyatlariga koʻra mamlakatda mavjud soliq hamda boshqa imtiyozlardan noqonuniy foydalanishni nazarda tutadi.
Shu maqsadga erishish uchun taraflar lizing oʻrniga haqini toʻlashni kechiktirish bilan bogʻliq oldi-sotdi shartnomalari tuzadi. Agar taraflar tomonidan shartnomaning alohida sharti sifatida mulkning toʻliq amortizatsiya muddati kiritilsa, mulkdan foydalanish muddati oʻzida sinov muddatini ham qamrab oladi.
Koʻpincha lizing mulki lizing oluvchiga toʻgʻridan toʻgʻri emas, balki boshqa shaxs orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Mazkur qoida Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunnining 6-moddasida “qoʻshimcha lizing” nomi bilan kiritilgan. Unga koʻra, lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgan holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli.
Shu bilan bir qatorda, lizing shartnomasining bunday turini xalqaro miqiyosda, yaʼni romano-german huquq tizimi amalda boʻlgan davlatlarda “sublizing” deb atalsa, anglo-sakson huquq tizimi amalda boʻlgan mamlakatlarda “double dipping” deb nomlanadi.
Sublizing mohiyatiga koʻra asosiy lizing beruvchi, vositachi yoki mulk majmuasi orqali mulkni lizing oluvchiga lizing shartnomasi asosida topshiradi. Mazkur shartnomada lizing beruvchining vaqtinchalik toʻlovga qobiliyatsizligi yoki bankrotlik holatlarida lizing haqi asosiy mulk beruvchiga oʻtadi.
Yuqoridagi holat asosiy lizing beruvchi va lizing oluvchi boshqa-boshqa hududlarda faoliyat olib borgan paytda qoʻllaniladi. Koʻp hollarda asosiy korxona oʻzining shoʻba korxonasining faoliyatiga ishonchsizlik bilan ularning tadbirkorlik faoliyatiga kapital kiritmaydi. Shunda asosiy korxonaning oʻzi lizing beruvchi sifatida faoliyat yuritadi va korxonalardan kerakli jihozlarni sotib oladi hamda uni tegishli tartibda buyurtmachi yetkazib beradi.
Yuqorida taʼkidlangan lizing shartnomasining “double dipping” turida lizing mulkiga nisbatan ikki yoki undan ortiq davlatlarda soliq undirilishi holatlarni nazarda tutadi. Tarixiy manbalarda Buyuk Britaniya saksoninchi yillarda lizing shartnomasining ushbu turi orqali AQSHdan lizing kompaniyalar yordamida samolyotlar sotib oladi. Taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuvning oʻziga xos xususiyatlari va foydali tomoni shunda ediki, agar lizing beruvchi mulk huquqiga ega boʻlgan taqdirdagina Buyuk Britaniyadagi mavjud soliq imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan.
AQSHda esa agar lizing beruvchi shartnomada asosiy rolni oʻynasa yoki boshqarish huquqiga ega boʻlsa, unga nisbatan soliq imtiyozlari yaratib berilgan. Yuqorida keltirib oʻtilgan imtiyozlardan foydalanish maqsadida Buyuk Britaniya lizing kompaniyasi samolyotlarni sotib oladi va ularni AQSH lizing kompaniyasiga topshiradi. Oʻz navbatida lizing shartnomasi asosida samolyotlarni Buyuk Britaniya aviakompaniyalariga yetkazib beradi. Amaliyotda koʻpincha lizing kompaniyalar soliq imtiyozlaridan foydalanish maqsadlarida oʻz filallarini soliq imtiyozlari bor hududlarda ochadilar.
Baʼzi davlatlarning lizing qonunchiligida “xalqaro sublizing” normasi mavjudligini kuzatishimiz mumkin. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining amaldagi lizing qonunchiligida “xalqaro sublizing” normasi kiritilgan.
Bu normaga asosan lizing shartnomasi subyektlaridan biri chet el yuridik yoki jismoniy shaxsi boʻlishi talab etiladi va uni asosiy jihati lizing predmetini shartnoma amalda boʻlgan davr mobaynida bojxona hududi orqali olib oʻtish hisoblanadi.
Agar xorijiy yuridik shaxslar rossiyalik xususiy tadbirkorga lizing mulkini berish uchun vakolatxonasi Rossiya hududida joylashgan va faoliyat olib borayotgan subyektlar omborxonalaridan olib berish toʻgʻrisida lizing shartnomasi tuzgan boʻlsa, bunday munosabatlarning yigʻindisi xalqaro sublizing shartnomasi hisoblanmaydi. Chunki lizing va sublizing predmeti boʻlgan tovar bojxona hududidan olib oʻtilishligi hamda bojxona normalari asosida rasmiylashtirilishi xalqaro sublizing shartnomasiga qoʻyilgan qonuniy talabdir.
Ichki lizing amaliyotida shartnoma ishtirokchilaridan biri xorij yoki ishtirokchilarning barchasi turli davlatlardan boʻlgan yoxud xorijiy yuridik shaxs bilan shartnomaviy munosabat ishtirokchilarining umumiy kapitali boʻlgan kelishuv “xalqaro lizing” shartnomasi deb yuritiladi.
Xalqaro lizing bir qator modifikatsiyaga ega boʻlib, bular toʻgʻri eksportli, toʻgʻri importli, tranzitli turlarga boʻlinadi. Toʻgʻri xalqaro lizing oʻzida ikki davlatning yuridik shaxsi hisoblangan tijorat tashkilotlari orqali barcha lizing amaliyotini amalga oshirishda ifodalanadi.
Xalqaro lizing munosabatlarida eksport va import lizing shartnomasining bir-biridan farqi lizing beruvchi va lizing oluvchi joylashgan davlat bilan belgilanadi. Import lizingda yetkazib beruvchi xorijda boʻlsa, eksport lizingda esa xorijiy hamkor lizing oluvchi hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, tranzitli xalqaro lizing shartnomasini moliyalashtirish lizing beruvchi uchun quyidagi ijobiy xususiyatlarga ega:
– lizing oluvchi davlatning mahalliy moliyaviy mablagʻlariga yoʻl ochiladi va lizingga beriladigan tovarlar assortimenti kengayadi;
– lizing toʻlovlarini amalga oshirilishida xalqaro va mahalliy soliq imtiyozlaridan foydalaniladi;
– xorijiy mulkdorlar nomiga mulkni roʻyxatga olish jarayoni yengillashadi;
– ishlab chiqarilgan va chiqarilayotgan mahsulotlar bozori kengayadi hamda bankrotlik yoqasiga kelib qolgan bir necha korxonalarning faoliyatini ijobiy davom ettirishga olib keladi.
Ayrim hollarda lizing shartnomalari orqali chet el jihozlari va boshqa zamonaviy texnika-texnologiyalardan valyuta resurslari boʻlmagan korxonalar ham foydalangan. Bunday bitimlar mazkur jihozda chiqarilgan mahsulotni yetkazib berish yoʻli bilan majburiyatlarni bajarishni yoki jihozlar xaqqini shu yoʻl bilan toʻlashni koʻzda tutadi va bu jahon lizing amaliyotida “taʼminlovchi lizing” deb yaʼni “buy-back” deb nomlanadi.
Germaniyada foydalanayotgan lizing shartnomalari xususiyatiga koʻra lizing toʻlovlarining toʻliq toʻlash (“full–pay–out leasing yoki–vollamortisa–tionsvertag”) turiga mansub. Mazkur turning asosiy mohiyati bekor qilinmaydigan davr mobaynida uskuna amortizatsiya muddati ichida lizing mulkini sotib olish narxiga qoʻshiladi va qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanmaydi. Shartnomaning bunday tarkibi oldi-sotdi shartnomasi tarkibiga juda oʻxshab ketadi. Foydalanuvchi uskunaning deyarli barcha qiymatini toʻlaydi va shartnoma muddati tugaguncha unga egalik qiladi.
Hozirda Germaniyada lizing bozori jadal surʼatlar bilan rivojlangan. Lizing bitimlarini soliqqa tortish tartibi Germaniya Federal Moliya vazirligi tomonidan belgilangan va soliq qonunchiligiga muvofiq tuzilgan lizing shartnomalari boʻyicha qator soliq imtiyozlardan foydalanish mumkin. Germaniya Fuqarolik Tuzugi yaratilganligiga yuz yil boʻlgan boʻlsa ham, bu mamlakatda lizing munosabatlarini tartibga soluvchi maxsus huquq meʼyorlari mavjud emas. Bu davlatda lizing ikki variantda namoyon boʻladi: lizing xaridi va lizing ijarasi. Lizing munosabatlarini tartibga solishda yo savdo munosabatlarini tartibga soluvchi huquqdan yoki ijara munosabatlarini tartibga soluvchi huquqdan foydalanadi. Mazkur davlatda maxsus lizing qonunchiligi mavjud emas.
XORIJIY MAMLAKATLAR QONUNCHILIGIDA MOLIYAVIY LIZING SHARTNOMASINING MAZMUNI VA SHAKLI
Moliyaviy lizing shartnomasining oʻziga xos xususiyatlari yuzasidan tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan baxs-munozaralar hamda tahlillar natijasi shuni koʻrsatadiki, mazkur shartnomaviy munosabat vujudga kelgan davrdan to bugungi kungacha lizing shartnomasi tushunchasi va mohiyatini yoritib beruvchi asoslar yaratildi. Xususan, dunyoning barcha mamlakatlarida hozirda lizing munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi maxsus qonunlarini qabul qilinib, ushbu shartnomaviy munosabatni yanada takomilashtirish yoʻlida bir necha davlatlarda yetarli imtiyozlar yaratilgan. Bundan tashqari, davlatlar oʻrtasidagi xalqaro moliyaviy lizing munosabatlarini rivojlantirish maqsadida xususiy huquq instituti tomonidan (Unidrua) xalqaro moliyaviy lizing toʻgʻrisidagi konvensiyaning qabul qilinganligi va mazkur konvensiyani dunyoning bir necha davlatlari tomonidan jadallik bilan ratifikatsiya qilinayotganligi har bir davlatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga koʻmaklashuvchi vosita ekanligini isbotladi.
Shundan kelib chiqib lizing munosabatlarini yanada rivojlantirish yoʻlida tadbirkorlar uchun qulay boʻlgan lizing xizmatlarini yaratish hamda ularga shu yoʻl orqali yangi zamon talablariga javob beradigan texnika va texnologiyalarni yetkazib berish lozim. Bugungi kunda lizing shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar asosan subyektlar tomonidan shartnomaning mazmuni, shartlarini aniq va toʻgʻri belgilab olmaslik oqibatlarida kelib chiqmoqda. Yuqorida keltirib oʻtilgan kamchiliklarning oldini olishning asosiy yoʻllaridan biri bu iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarning lizing amaliyotini oʻrganish, ulardagi qoʻllaniladigan ijobiy usullardan foydalanish, respublikada lizing munosabatlariga keng yoʻl ochib beruvchi qonun va qonunosti hujjatlarni tahlil etishdir.
Kontinental va anglo-amerika huquq tizimi amalda boʻlgan mamlakatlar lizing qonunchiligi tahlili shuni koʻrsatadiki, moliyaviy lizing shartnomasining obyektiga egalik qilish tartibi turlicha belgilangan. Xususan, xorjiy davlatlarda koʻchar va koʻchmas mulklarning moliyaviy lizingiga nisbatan qoʻyilgan talablar, mulkdan faqat tadbirkorlik maqsadida foydalanish tartibi yoki undan shaxsiy ehtiyoj yoʻlida ham foydalanish mumkinligini misol qilib keltirish mumkin.
Fuqarolik huquqining umumiy qoidalariga asosan shartnoma orqali tararflar oʻz huquq va majburiyatlarini vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi. Shuning uchun shartnomada belgilab qoʻyilgan shartlar va boshqa shartnomaning elementlari taraflarning huquq va majburiyatlarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar shartnoma mazmuni va shartlari bir tarafning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boʻlsa bunday shartnomalardan turli nizolar kelib chiqishi yoki shartnomani haqiqiy emas deb topish mumkin. Lizing shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarning oldini olish maqsadida moliyaviy lizing shartnomasining asosiy mazmuni va shartlarini aniqlab olishimiz lozim.
Shartnomada taraflar tomonidan kelishilgan va mustahkamlangan shartlarning yigʻindisi shartnomaning mazmunini tashkil qiladi.
Qoidaga koʻra subyektlar lizing shartnomasining mazmuni va shaklini belgilashda shartnomalarga qoʻllaniladigan umumiy normalarga asoslanadi. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek lizing shartnomasi ijara shartnomasining bir turi boʻlib hisoblansa-da, tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan shartnomaning “oʻziga xos” xususiyatlari shartnomaning mazmuniga ham taʼsir koʻrsatadi.
Lizing mulkini qoʻlga kiritish va unga egalik qilish uchun subyektlar oʻrtasida tuzilayotgan shartnomada bir paytning oʻzida ijara, pudrat, oldi-sotdi shartnomalari belgilarini qamrab oladi. Shartnoma tuzish amaliyotida koʻp hollarda shartnomadan kelib chiqadigan nizolarni barataraf etishda xoʻjalik sudlari shartnomalarning aralash institutlariga murojaat qilgan holda hal qilinadi. Shuning uchun lizing shartnomasida lizing beruvchi hamda lizing oluvchining huquq va majburiyatlari keng yoritilgan boʻlishi lozim.
Tahlil natijalariga koʻra aytish mumkinki yirik lizing kompaniyalari namunaviy lizing shartnomasini ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Ishlab chiqilgan namunaviy shartnomani lizing beruvchi lizing oluvchiga tavsiya qiladi va ular oʻrtasida mazkur shartnoma imzolanadi. Natijada mazkur shartnoma lizing beruvchining manfaatlarini atroflicha himoya qiladi. Subyektlar oʻrtasida tuzilgan mazkur shartnoma mazmunini lizing beruvchining oʻzi belgilaganligi uchun lizing oluvchiga qaraganda lizing beruvchi uchun koʻproq foydali boʻladi.
Sharnomaviy munosabatlar doirasida ilmiy izlanishlar olib borgan tadqiqotchi D. Treytelning fikricha, “oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi, ijara shartnomasida ijaraga beruvchi, pudrat shartnomasida xizmat koʻrsatuvchi va boshqa shartnomaviy munosabatlarda namunaviy shartnomani qoʻllashdan asosiy maqsad isteʼmol qiluvchiga oʻz manfaatlaridan kelib chiqib taʼsir oʻtkazishdir”. Mazkur holatni lizing shartnomasiga nisbatan ham qoʻlaniyotganligini nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlar lizing amaliyotida ham kuzatishimiz mumkin.
Jumladan, Amerika qoʻshma shtatlarining sud amaliyotida bir tomonlama manfaatlar yaqqol ustun boʻlgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish va shartnomani bekor qilish hollari koʻp uchragan. Bunga AQSHda faoliyat olib borayotgan “Fairfield Lease Corporation Umbers” kompaniyasi bilan tuzilgan bir shartnomani misol qilib keltirishimiz mumkin. Shartnomaga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchiga lizing peredmeti hisoblangan kofe damlab sotishga moʻljallangan avtomat-mashinani yetkazib beradi. Lizing oluvchi esa shartnoma predmeti boʻlgan texnologiyani yaroqsiz holatga solib qoʻyadi. Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning shartlariga koʻra lizing beruvchining asosiy majburiyati uskunani oʻz vaqtida yetkazib berish boʻlsa, lizing oluvchining majburiyati esa oʻz vaqtida davriy toʻlovlarni toʻlash hamda texnologiyalarni lozim darajada saqlashdan iborat. Lizing oluvchi lizing obyektlarini lizing beruvchining ruxsatisiz boshqa shaxsga berish huquqiga ega emas hamda texnologiyani shartnoma amalda boʻlgan muddatda sugʻurta qilish majburiyati ham yuklatilgan.
Amerika qoʻshma shtatlari va Angliya shartnomaviy munosabatlarning tashkiliy qismida baʼzi koʻzda tutilgan shartlar mavjud boʻladi. Xususan, shartnomalarning anglo-sakson huquq tizimining maxsus institutlaridan biri bu – nazarda tutuvchi shartlar (implied conditions) hisoblanadi. Bunda shartnomada koʻrsatilmagan holatlar ham sharoitdan kelib chiqqan holda taraflar bajarilishi lozim boʻlgan masalalar shaklida belgilanishi sudlar tomonidan tan olinadi. Lizing shartnomaviy munosabatlari ham bundan mustasno emas. Jumladan, AQSHning 1982-yilda qabul qilingan “Tovarlar yetkazish va xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida”gi (The Supply of Goods and Services Act) qonunida ijara shartnomasiga taalluqli shartlar sanab oʻtilgan. Angliya qonunchiligida esa lizing va mulk ijarasi shartnomalari garov holda ushlab turish (bailment) munosabatlari qatoriga kiritiladi. Bundan tashqari, mazkur davlatda lizing shartnomasi maxsus ijara (nimaga aynan maxsus, chunki ijara shartnomasi lizing shartnomasi kabi aniq oʻziga xos xususiyatlari ajratib koʻrsatilmaydi) sifatida tasniflanadi.
Lizing shartnomasining shartlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, lizing shartnomasida lizing beruvchi lizing oluvchiga shartnoma muddati davomida mulkdan bemalol foydalanish huquqini beradi. Mazkur shartning shartnomada belgilanishi lizing oluvchining manfaatlarni toʻliq himoya qiladi. Lizing beruvchi tomonidan lizing mulki holatlarini oʻrganish va ularni ekspulatatsiya sharoitlarini tekshirish jarayoni lizing oluvchi uchun mulkdan bemalol foydalanishga halaqit berish hisoblanmaydi.
Shartnomada mulkka egalik qilish huquqiga, mulkning sifati, belgilangan maʼlum maqsadlarda ishlatilishi va talabga javob berish boʻyicha shartlar shartnoma subyektlari istalgan paytda kelishuvni amalga oshirishlari mumkin. Bir necha xorijiy davlatlarning lizing qonunchiligi hamda milliy lizing qonunchiligida ham mazkur shartnomaviy munosabatlarning barcha jihatlarini oʻzida qamrab olmagan. Xususan, lizing shartnomasi asosida olib boriladigan hisob-kitoblar, mulkdan fodalanish davridagi foizlar, rezident va norezident lizing subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar oʻz navbatida qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Moliyaviy lizing shartnomasida lizing oluvchining majburiyatlari ijara shartnomasidagi ijaraga oluvchining majburiyatlaridan farq qiladi. Ijara shartnomasidan farqli ravishda baʼzi lizing shartnomalarida lizing beruvchi oʻz zimmasidagi majburiyatlarini mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi hamda lizing oluvchi zimmasiga yuklaydi. Majburiyatlarni bunday taqsimlanishi koʻpincha lizing oluvchi lizing mulkini va sotuvchisini oʻzi tanlagan hollarda vujudga keladi. Shartnomaga koʻra lizing oluvchi lizing mulkini qabul qilib olishi, maqsadli foydalanishi, uskunalardan insofli foydalanishi va lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlash majburiyatlarini oladi. Xorijiy mamlakatlar lizing qonunchiligida lizing beruvchi tashabbusi bilan davriy toʻlovlarini amalga oshirish uchun koʻpincha lizing oluvchining majburiyatlarini oʻz zimmasiga oluvchi kafil ham lizing shartnomasiga jalb qilishi mumkin. Mazkur shartnomaviy munosabat lizing beruvchi va kafil oʻrtasida alohida shartnoma asosida yoki asosiy lizing shartnomasiga kafilni uchinchi shaxs sifatida jalb qilish orqali rasmiylashtiriladi. Asosiy shartnomada kafilning majburiyatlari lizing oluvchi shartnomada belgilangan shartlarni bajarmagan hollarda vujudga keladi va shartnomadagi majburiyat kafilning zimmasiga yuklatiladi. Baʼzida shartnomada taraflar oʻrtasida shunday qoidalar belgilanadiki, agar kafil ishtirokidagi shartnomaga kafilning roziligisiz oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsa kafilning zimmasidagi majburiyatlar olib tashlanadi.
Lizing shartnomasi ijara shartnomasining bir turi boʻlib hisoblansa ham ijara shartnomasidan oʻziga xos xususiyatlari orqali farqlanib turadi. Xususan, lizing predmeti hisoblangan texnika va texnologiyalar bilan bogʻliq barcha xavflar lizing oluvchi zimmasiga yuklatiladi. Mazkur qoida milliy lizing qonunchiligi hamda xalqaro lizing munosabatlarini tartibga soluvchi normalarda ham oʻz tasdigʻini topgan. Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasida mazkur normalar ham belgilangan boʻlib, unga koʻra lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi. Fransiya Fuqarolik kodeksining 1722-moddasida esa lizing oluvchi lizing mulkining nobud boʻlishi yoki buzilishi yuzasidan lizing beruvchi oldida javobgar boʻladi.
Fransuz fuqarolik qonunchiligining umumiy qoidalariga asosan shartnoma subyekti shartnomada kelishilgan va belgilangan tegishli majburiyatlaridan tashqari texnologiyalarning buzilishi, yoʻqolishi yoki nobud boʻlishi yuzasidan javobgar boʻlmaydi.
Texnika va texnologiyalarning buzilishi, yoʻqolishi yoki nobud boʻlishiga doir majburiyatlarni lizing oluvchining zimmasiga yuklanishi uning xususiy mulkka egalik qilish maqomiga tenglashtirishga asos boʻladi. Bundan tashqari, tegishli lizing munosabatlariga soliq imtiyozlarini qoʻllash yoki qoʻllamaslik harakatlari uchun mulkning egasini aniqlab olish asosiy ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, lizing mulkiga egalik qiluvchi subyekt soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun mulkni oʻz balansida belgilab qoʻyilishi lozim. Baʼzida amaliyotda lizing munosabatlarining subyektlari oʻrtasida tuzilayotgan lizing shartnomalarida yuqorida koʻrsatib oʻtilgan shartlar va majburiyatlarning kiritilmasligi turli muammolarni keltirib chiqaradi. Lizing shartnomasidan kelajakda muammolar va nizolar kelib chiqishining oldini olish maqsadida lizing shartnomasi tuzilayotgan vaqtda subyektlar oʻz eʼtiborlarini quyidagilarga qaratmoqlari lozim. Amaldagi milliy lizing qonunchiligida garchi lizing mulkidan lizing oluvchi foydalansa ham lizing mulkining egasi boʻlib lizing beruvchi hisoblanadi va qonunga asoslangan holda lizing subyektlari tomonidan bu qoida shartnomada belgilab qoʻyiladi. Lizing qonunchiligidagi mazkur qoida lizing mulkini shartnoma subyektlarining qay birining banlansida hisobga olinishi va lizing mulkiga nisbatan soliq undirishda ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida lizing mulki kelishilgan tartibda lizing oluvchiga yetkazib beriladi va mulkga oid barcha majburiyatlar lizing oluvchining zimmasiga yuklatiladi.
Taraflar oʻz huquq va majburiyatlarini shartnoma orqali tartibga solish jarayonida qonun normalarida belgilab qoʻyilgan shartnoma shakllariga ham rioya etish talab etiladi. Shartnoma shakllarini aniqlash va uni rasmiylashtirishda Fuqarolik kodeksining shartnoma shakllariga doir umumiy qoidalari tatbiq etiladi. Lizing shartnomasida ijara va oldi-sotdi shartnomalarining belgilari mavjudligi uchun mazkur shartnomaviy munosabatlarni rasmiylashtirishda ijara va oldi-sotdi shartnomalariga oid umumiy qoidalar qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasida lizing shakllariga taʼrif berilgan boʻlib, unga koʻra lizing uning uchta subyekti ishtirok etadigan toʻgʻridan toʻgʻri shaklda ham, lizing oluvchi va sotuvchi boʻlib bir shaxsning oʻzi ishtirok etadigan qaytariladigan shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Bir necha xorijiy mamlakatlarning shartnoma tuzish amaliyotiga murojaat etish oʻz navbatida shartnoma qanday shaklda rasmiylashtirish toʻgʻrisida maʼlumot olishga imkon beradi. Fransiya Fuqarolik qonunchiligiga koʻra shartnomaning predmetining qiymati ellik frankni tashkil etsa bundan shartnoma yozma shaklda tuzilishi belgilab qoʻyilgan. Germaniya Fuqarolik tuzuklarida koʻchar mulkka nisbatan tuziladigan oldi-sotdi shartnomasida shartnomaga qoʻyiladigan majburiy shakl nazarda tutilmagan. Amerika qoʻshma shtatlari qonunchiligida shartnoma predmeti hisoblangan texnika va texnologiyalarning narxi 500 dollardan ($) yuqori qiymatni tashkil etsa shartnoma yozma shaklda tuzilishi shart.
Lizing shartnomasida ikki yoki undan ortiq shaxsning ishtirok etishi hamda shartnoma predmeti bahosining yuqori miqdordaligi lizing shartnomasini asosan yozma shaklda tuzishni amaldagi qonun normalari talab etadi. Lizing mulkining haqiqiy egasi hisoblangan lizing oluvchini ogohlantirmasdan turib shartnoma predmetini uchinchi shaxsga berilishi mumkin emas. Ogohlantirmasdan turib lizing mulkidan uchinchi shaxsning foydalanishi lizing oluvchiga nisbatan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. MDH mamlakatlari va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolik huquqi tizimida mulk egasining manfaatlari toʻliq himoya qilinadi.
GLOSSARIY
Lizing – moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi.
Lizing obyektlari – tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan isteʼmol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin.
Lizing faoliyati – lizing faoliyati lizing beruvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va (yoki) jalb etilgan mablagʻlar hisobidan lizing obyektining sotib olinishi va uni lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga berilishi borasidagi investitsiya faoliyati turidir.
Lizing shakllari – lizing uning uchta subyekti ishtirok etadigan toʻgʻridan toʻgʻri shaklda ham, lizing oluvchi va sotuvchi boʻlib bir shaxsning oʻzi ishtirok etadigan qaytariladigan shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Qoʻshimcha lizing – lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli boʻladi. Qoʻshimcha lizing shartnomasining amal qilish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Lizing toʻlovlari – lizing toʻlovlari lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi.
Lizing garovi – lizing beruvchi lizing oluvchining oldindan roziligini olmay turib, lizing obyektidan garov sifatida foydalanish huquqiga ega emas. Lizing oluvchi lizing obyektini garov sifatida ishlatishga haqli emas.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
I. Maxsus adabiyotlar
- Агарков М.М. Избранные труды по гражданскому праву. Том И: в 2-х томах / М.М. Агарков. – М.: АО Центр ЮрИнфор, 2002. – 490 с.
- Агарков М.М. Избранныэ труды по гражданскому праву. Том ИИ: в 2-х томах / М.М. Агарков. – М.: АО Центр ЮрИнфор, 2002. – 452 c.
- Агафанова М.Н. Аренда, лизинг, безвозмездное ползование. – М.: ЗАО «Юстис-информ», 2006. – 160 с.
- Агафанова М.Н. Договор аренды, лизинг: учет и налоги. – М.: ООО «Статус-Кво 97», 2005. – 168 с.
- Актуалныэ проблемы гражданского права : сборник статей. Выпуск 9. – М.: Норма, 2005. – 480 c.
- Ануфриева Л.П. Международное частного право. Особенная част. Том 2. – М.: Бек, 2000. – 656 c.
- Байбак В.В. Обязателственное требование как объект гражданского оборота / В.В. Байбак . – М.: Статут , 2005. – 222 c.
- Барагинский М.И. Договоры об играх, пари: понятие выды правовое регулирование / М.И. Барагинский. – М.: Статут, 2004. – 77 c.
- Басин Ю.Г. Избранныэ труды по гражданскому праву / Ю.Г. Басин. -СПб.: Юридический центр Пресс, 2003. -591 c.
- Богуславский М.М. Международное частное право. Элементарный курс. – М.: Юрист, 2002. – 317 с.
- Борисов А.Н. Комментарий к Федералному закону Российской Федератсии «О финансовой аренда (лизинге)». – М.: ЗАО Юстис-информ, 2005. – 2008 с.
- Лапыгин Ю.Н., Цоколских Е.В. Лизинг: Учебное пособие для вузов. – М.: Академический Проект: Алма Матер, 2005. – 432 с.
- Лещэнко М.И., Бочков В.Е., Демин Ю.Н. и др. Международная практика лизинга: – М.: МГИУ, 2005. – 266 с.
- Ғозибеков Д.Ғ., Сабиров О.Ш., Мўминов А.Г., Қулжонов О.М. Лизинг муносабатлари назарияси ва амалиёти. – Т.: Фан ва технология, 2004. – 308 б.
- Покровская В.В. Международныэ коммерческие оператсии и их регламентация.– М.: Прогресс, 1996. – 351 с.
- Раҳмонқулов Ҳ.Р. Мажбурият ҳуқуқи. – Т.: ТДЮИ, 2005. – 334 б.
- Рўзиев Р.Ж. Лизинг шартномаси. –Т.: Адолат, 2002. – 31 б.
- Рўзиев Р.Ж. Тадбиркорлик ва лизинг. – Т.: Адолат, 2002. – 128 б.
- Шомуҳамедова З.Ш. Рим хусусий ҳуқуқи. – Т.: Консаудитинформ, 2002. -125 б.
- Barbara B.Low. Leasing Sourcebook, The Directory of the U.S. Capital Equipment Leasing Industry.: – Cleveland-Ohio, 1994.
- Bey E. De la sumbiotique dans les leasing et credit-bail mobiliyers. – P.: –1987.
- Derek R.Soper, Robert M.Munro, Ewen Cameron. The Leasing handbook. – London.: –1993.
- Fritch B. and Riyesman A. Equipment Leasing – Leveraged Leasing, Practicing Law Institute. – New York. –1980.
- Garrod N. Regulation and response: the case of lease disclosure in the U.K. // Research in Accounting Regulation. –London. 1989.
XAZRATQULOV ODILBEK TURSUNOVICH
LIZING SHARTNOMASI –
TADBIRKORLIKNI
YOʻLLAB-QUVVATLASH
VOSITASI SIFATIDA
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 2,79 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 133-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
-
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida»gi 12.05.2001-yildagi 222-II-conli qarori. ↑