SO‘Z BOSHI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv jarayonida Konstitutsiyaga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Prezident mamlakat Konstitutsiyasiga “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi”, “Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi”, “Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi” mazmunidagi moddalarni kiritishni taklif etdi.

Demokratik davlatlarda talab qilinadigan asosiy qoidalardan biri bu insonlar huquqlarini himoyasini kuchaytirishdan iboratdir. Insonlar huquqlarini ta’minlash ularga jamiyat faoliyatida ishtirok etishga teng imkoniyat yaratib berish bugungi kunning dolzarb savollaridan biridir.

Xalqaro darajada ham insonlar huquqlari, xususan, imkoniyati cheklanganlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilingan.

Ushbu ommabop risola ham mamlakatimizda hamda dunyo davlatlarida imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida bo‘lib, ushbu risola inson va fuqarolarning huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.

Muallifdan

“IMKONIYATI CHEKLANGAN” ATAMASI NIMANI ANGLATADI?

Dunyo jamiyatida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, turli sohalarda ulkan choʻqqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yuksak diniy maqomlarga erishgan yoki sportchi, mashhur sanʼatkor, hatto siyosiy yetakchi boʻlgan shaxslar ham talaygina.

Jahon sog‘liqni saqlash

tashkiloti bergan ma’lumotga qaraganda, bugungi kunda dunyo aholisining 10 foizidan ziyodini nogironligi bor shaxslar tashkil etadi.

Bularning barchasi ichki olamning – qalb va ruhning salomatligida. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun imkoniyatlar mavjud. Shunga qaramay, yechimsiz muammolar ham borki, ularni nafaqat 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunida, balki muntazam ravishda taʼkidlasak ham baʼzan kamlik qiladiganday nazarimizda.

Isteʼdodsiz inson yoʻq, faqat buni sezmaydiganlar bor, degan ekan dunyo olimlaridan biri. Andijon viloyati, Xoʻjaobod tumanida yashovchi Mirodil Boltaboyev ismli imkoniyati cheklangan insonning sportga, tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishi koʻpchilik qatori meni ham hamisha hayratga soladi. Negaki bu insonning oyoqlari ham, qoʻllari ham ishlamaydi! Ogʻzi bilan rasm chizadi va shahmat oʻynaydi. Oila aʼzolarining aytishicha, bolaligida chizgan suratlari hatto bir nechta tanlovlarda gʻoliblikni ham qoʻlga kiritgan. Ammo bu insonni jamiyatda ancha yillardan buyon hech qanday tanlov va tadbirlarga chaqirmay qoʻyishgan. Balki ulgʻaygani bois dersiz. Ammo ulgʻayish isteʼdod va mehnatning yakuniga yetganini anglatmaydi-ku? Zotan imkoniyati cheklangan insonlar uchun imkoniyatlar cheklanmasligi kerak emasmi?

Maʼlumotlarning qayd etishicha, oʻtkan yil holatiga koʻra, yurtimizda 710 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxs roʻyxatga olingan. Ular yurtimizning turli hududlarida, turli sharoitlarda yashaydilar. Eng achinarlisi, ularning atigi 10 %i oliy maʼlumotli. Taʼlim bilan qamrab olinmagan nogiron yoshlar qancha… Umuman, tizimga ichkari kirib borsangiz, yechimini kutayotgan muammolar talaygina.

Nogironligi bor shaxslar jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxslardir.

Jahon tarixiga nazar solsak, dunyoning mashhur bastakori Betxoven tugʻma ojiz boʻlgan, AQSHning toʻrt marta prezidenti etib saylangan Franklin Ruzvelt esa bolalar falaji kasalligini boshidan oʻtkazgan. Mashhur ingliz yozuvchisi Jon Milton 43 yoshida koʻzlari ojiz boʻlib qolgan va shunga qaramay oʻzining shoh asari – “Yoʻqolgan jannat”ni yaratgan. Umuman bu kabi misollarni sanasak adogʻi yoʻq. Hammasi avvalo insonning oʻziga bogʻliq deysiz, toʻgʻri. Ammo hamma narsaning shakllanishi va rivojlanishi jamiyatdagi muhitga ham bir qadar bogʻliq. Nafaqat taʼlim tizimida tiflopedagogika (koʻr va zaif koʻruvchilarni oʻqitish), surdopedagogika (kar yoki zaif eshituvchi bolalarni oʻqitish) va oligofrenopedagogika (aqli zaif bolalarni oʻqitish) sohalarda malakali kadrlarni yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim, balki imkoniyati cheklangan insonlarning oʻzlaridan ham maʼlum sohalarda yetuk kadr boʻlib yetishishiga, faoliyat yuritishiga koʻmak berish kerak. Ana shunda biz ham jahonga oʻrnak boʻlamiz. Shunday emasmi?

“Imkoniyati cheklanganlar” haqida gap ketganda jamiyatshunos olimlar ushbu atamani jismoniy imkoniyatlarning cheklanganligidan kelib chiqib emas, insonlar bilan muloqotda yuzaga keladigan nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy yolg‘izligi deb hisoblashadi.

O‘zbekiston Respublikasida 2020-yil 15-oktabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.

Shaxs hayot faoliyatining cheklanganligi – shaxsning o‘ziga o‘zi xizmat qilish, harakatlanish, yo‘lni topa olish, muloqot qilish, o‘z xulq-atvorini nazorat qilish, shuningdek o‘qish va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyatini yoki imkoniyatini to‘liq yoxud qisman yo‘qotganligi.

Nogironligi bo‘lgan bolalar (bola) – barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari tufayli hayotiy faoliyati cheklanganligi munosabati bilan davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatilishiga hamda o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar.

IMKONIYATI CHEKLANGAN SHAXSLAR HAQIDA FAKTIK MA’LUMOTLAR

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun sayyoramizda qariyb 1 milliard nafarga yaqin nogironligi bor shaxslar hayot kechirayotir.

Mamlakatimizda ularning soni 670 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.

Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslarga avvaldan yurtimizda jamiyatning ajralmas bir qismi sifatida e’tibor qaratib kelinadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda respublikamizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun ko‘mak berish borasida katta ishlar qilindi.

Prezidentimiz rahnamoligida og‘ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalar arzon uy-joylar bilan ta’minlanayotgani, tibbiy xizmat, turli maishiy texnikalar sotib olishida beg‘araz yordam ko‘rsatilayotgani fikrimiz dalilidir.

O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga nafaqa to‘lanayotgani, shu bilan birga, mehnat qilishlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani ham insonparvarlik siyosatining bir ko‘rinishi, desak, ayni haqiqat.

Yurtboshimizning “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlan­tirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi.

Nogironligi bor shaxslar ishtirokidagi korxonalar tanlov savdolarida teng sharoitlarda ishtirok etganda ularga ustuvorlik huquqining berilmagani, davlat mulk obyektlaridan ijara asosida foydalanayotganda, boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan bir xil qaralayotgani yoki bo‘lmasa, rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan ijtimoiy tadbirkorlik subyekti doirasining aniqlanmagani bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga jiddiy g‘ov bo‘layotgan edi. Mazkur qaror nogironligi bor shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilishga katta turtki beradi.

Aytish joizki, qarorga asosan, umumiy tushumining 30 foizini nogironligi bor shaxslarga jihozlar ishlab chiqarish hamda ta’mirlash va protezlash xizmatlarini ko‘rsatish hisobiga tashkil etadigan korxonalar, 20 foizini Brayl yozuvidagi bosma nashrlar, ilmiy hamda badiiy adabiyotlar, imkoniyati cheklangan bolalar uchun audiokitoblar, videomateriallarni ishlab chiqarish evaziga tashkil qiladigan korxonalar, ishchilarining 30 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat korxonalar bir qator imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ladi. Qolaversa, ular davlat mulki obyektini ijraga olishda eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizini to‘laydilar. Yuqorida zikr etilgan korxonalarga aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun – uch oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha muddatga, asbob-uskunalar hamda sarflash materiallarini xarid qilish uchun – olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratiladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kreditlar bo‘yicha foizlarga kafillik beradi.

Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan yana bir imtiyoz berilmoqda. Jumladan, ishchilarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan korxonalar xodimlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilandi.

Endilikda yordamga muhtoj va shu muhtojlarga ko‘makka shay bo‘lgan homiylar bir maydonchada virtual muloqotga kirishishlari mumkin bo‘ladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanishi uchun barcha texnik hamda tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda, homiylar hamda homiylik oluvchilarni bog‘laydigan, avvalo, homiylar yordamiga va qo‘llab-quvvatlashiga o‘ta muhtoj kishilar haqidagi maqolalar hamda ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus veb-portal ham yaratildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad internet tarmog‘ida yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarning yagona maydonini yaratishdir. Bu orqali ular ham davlat tomonidan, ham jamoatchilik tomonidan nazorat qilib boriladi.

Qarorda belgilangan yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Moliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari hamda yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini o‘rganish bo‘yicha maxsus guruhlar tuziladi.

Mazkur ishchi guruhi tomonidan respublikamizning har bir hududidagi jamoat birlashmalari korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari va yer maydonlaridan unumli foydalanilishi kompleks tarzda o‘rganiladi.

Qolaversa, nafaqat ular faoliyati o‘rganiladi, balki mavjud muammolar bartaraf etiladi, ular faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

NOGIRONLAR HUQUQLARI TO‘G‘RISIDA KONVENSIYA

1975-yil Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi deklaratsiya qabul qilingan

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrdagi 61/106-sonli Rezolyutsiya bilan qabul qilingan va 2008-yil 3-may kuni kuchga kirgan.

Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2009-yil 27-fevral kuni imzolangan va 2021-yil 7-iyunda O‘RQ-695-sonli qonun bilan ratifikatsiya qilingan edi.

Ushbu xalqaro shartnomada bugungi kunda 184 ta davlat ishtirok etadi.

Konvensiya 50 moddadan iborat bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va asosiy erkinliklari, jumladan ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanish, yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan va ularni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari belgilangan.

Konvensiyada qoidalariga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlarning majburiyatlarining bajarilishini muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident 2017-yilda F–5006-sonli Parmoyishi bilan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etilgan, prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5270-sonli Farmoni va 2020-yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘RQ–641-sonli qonuni qabul qilingan.

Konvensiyada ishtirok etish milliy qonunchilikni va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga hamda ularni xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Konvensiya quyidagi bayonot va qo‘shimcha shart bilan ratifikatsiya qilindi:

“O‘zbekiston Respublikasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z hayotining barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini tan oladi. O‘zbekiston Respublikasi Konvensiya tegishli holatlarda va qonunga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘llab-quvvatlashdan foydalanishini hamda qarorlar qabul qilish mexanizmlarini almashtirishni ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning muomala layoqatini cheklashga yo‘l qo‘yadi deb tushunganligini ma’lum qiladi.

Konvensiyaning 12-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarorlar qabul qilishning o‘rnini bosuvchi mexanizmlarning bekor qilinishini talab etadigan modda sifatida talqin etilishi mumkin bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi tegishli sharoitlarda hamda lozim darajadagi va samarali kafolatlarga rioya etish sharti bilan ushbu mexanizmlardan foydalanishni davom ettirish huquqini o‘zida qoldiradi”.

Konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.  

O‘zbekistonda kam ta’minlanganlar, nogironlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARNING HUQUQLARINI TA’MINLASH SOHASINI TARTIBGA SOLISH

Nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitish taqiqlanadi.

Teng imkoniyatlarni ta’minlash va nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar hamda xizmatlardan, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardan, sog‘liqni saqlashdan, ta’limdan, ishga joylashishdan, shuningdek axborotdan va aloqa vositalaridan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Davlat kamsitilishning barcha shakllaridan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy jihatdan teng ravishda va samarali himoya qilinishini kafolatlaydi.

Davlat insonning asosiy huquqlari va erkinliklaridan foydalanish imkoniyatini berishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tajovuzlardan himoya qilinish, o‘z shaxsiy hayoti, oilasi, uy-joyi yoki xat-xabarlari daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarning oilaga va oila muhitiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtiriladigan nogironligi bo‘lgan bolalar sonini qisqartirish, ularning oilaviy sharoitlarda va nogironligi bo‘lgan bolalarni joylashtirishning boshqa shakllari doirasida qarindoshlarini jalb etish hisobidan muqobil parvarish qilinishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda fuqarolikni olish va o‘zgartirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish va O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish huquqiga ega.

NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARNING SOG‘LIG‘INI SAQLASH VA ULARGA IJTIMOIY YORDAM KO‘RSATISH

  • Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘liqni saqlash xizmatlaridan, sifatli va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga oluvchi tibbiy yordamdan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanish huquqi amalga oshirilishini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘radi.
  • Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida amalga oshiriladigan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy parvarish qilish barcha darajalardagi mavjud tibbiy xizmatlar doirasida, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.
  • Zo‘rayib boruvchi shakldagi yoki yakuniy bosqichdagi bedavo kasalliklarga chalingan shaxslar bemorlarning jismoniy, ruhiy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirishni nazarda tutuvchi palliativ tibbiy parvarishlash xizmatlari ko‘rsatilishi huquqiga ega bo‘ladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:

  • pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;
  • tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabili­tatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
  • transport xizmatlari;
  • dori vositalari bilan ta’minlash.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.
  • Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.
  • Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi.
  • Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirilishini ta’minlash tartibi hamda dori vositalarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlarning va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish sog‘liqni saqlash organlari, bandlik va mehnat munosabatlari organlari, xayriya tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida amalga oshiriladi hamda quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

  • ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari yuzasidan maslahat berish;
  • tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;
  • sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga nisbatan homiylik belgilanishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashish va homiylarning o‘z majburiyatlarini bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olishda ko‘maklashish;
  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarni dori vositalari bilan bepul yoki imtiyozli ta’minlash;
  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari bilan bepul ta’minlanishiga, shu jumladan ovqat tayyorlashiga va uy-joyni yig‘ishtirishiga, gigiyenani amalga oshirishiga ko‘maklashish.
  • Agar xodim ish beruvchining aybi bilan nogiron va o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lib qolgan bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxs mehnat qobiliyatini yo‘qotgan vaqtda uni parvarish qiluvchi shaxsni ish beruvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining yoki pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosasiga binoan o‘z hisobidan ta’minlashi hamda jabrlangan xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplashi va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishi shart.

MEHNAT QILISHGA BO‘LGAN HUQUQNING AMALGA OSHIRILISHINI TA’MINLASH

Nogironligi bo‘lgan shaxs odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslash­tirilgan korxonalarda, sexlarda va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Mehnat munosabatlarining barcha shakllariga nisbatan, shu jumladan ishga qabul qilish shartlariga, ishga yollashga, mehnat faoliyatini amalga oshirishga, ishni saqlab qolishga, xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishga, shuningdek xavfsiz mehnat sharoitlari ta’minlanishiga nisbatan nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish taqiqlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi va ta’tillarda bo‘lishi davrida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot to‘liq tugatilgan hollar mustasno.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tungi vaqtda ishga, shuningdek ishdan tashqari vaqtdagi ishlarga va dam olish kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan ishlovchi shaxslarga nisbatan mehnatga haq to‘lash miqdori kamaytirilmagan holda qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlash, shuningdek mehnat bozorida ularning raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida:

nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy reabilitatsiya qilishni amalga oshiradi, ularni mehnatda kuzatib boradi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning mos keladigan ishga kirishini, saqlab qolinishini va xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilinishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga rag‘batlantiradi, shuningdek ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

ixtisoslashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi kasblarga o‘qitish o‘quv dasturlari tashkil etilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat sektoriga ishga joylashtirilishini va bandligi rag‘batlantirilishi hamda rivojlantirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan, shu jumladan ularning kasanachiligidan foydalanuvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy mehnat organlari tomonidan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni yigirma nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda xodimlar umumiy sonining kamida uch foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hamda mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar va ish o‘rinlari tashkil etiladi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar shart-sharoitlari o‘z imkoniyatlariga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – Toshkent, O‘zbekiston, 2020. – 76 b;

2. 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan // https://lex.uz/uz/docs/5841063

3. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya // https://www.lex.uz/docs/-5501227

4. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi 641-sonli Qonuni // https://lex.uz/docs/-5049511#-5053972

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-iyunda qabul qilingan “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori

BAXODIROV JAVLONBEK BAXODIROVICH

NOGIRONLIGI BO‘LGAN

SHAXSLAR QANDAY

HUQUQLARGA EGA?

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 134-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________