SO‘Z BOSHI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonida jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish darkorligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.
Bugungi kunda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy tarbiyani keng yo‘lga qo‘yishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish vaqti keldi. Yoshlarimizga bolalikdan “yaxshi” va “yomon”, “mumkin” va “mumkin emas” degan tushunchalar o‘rtasidagi farqni o‘rgatishimiz, o‘zimiz esa ularga doim shaxsiy namuna bo‘lishimiz kerak.
Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda maktab o‘quvchilariga kundalik hayotdagi turli muammoli vaziyatlardan chiqish, kundalik yurish-turish qoidalarini o‘rgatish orqali ularni real hayotiy vaziyatlarga tayyorlash tajribasi mavjud.
Xususan, AQSh va G‘arbiy Yevropa davlatlarida jamiyatda o‘zini tutish va yurish-turish qoidalari, jumladan, boshqa shaxslarning shaxsiy hayotini hurmat qilishini, shaxsning daxlsizligi uning ajralmas tabiiy huquqi ekanligini hurmat qilishiligini, umuman olganda shaxsni real hayotiy vaziyatlarda o‘zini tutish va turli vaziyatlarda to‘g‘ri huquqiy yechim topish ko‘nikmalari nafaqat yoshlarga, balki katta yoshdagi shaxslarga ham turli infografika vositalari va “cho‘ntak” qo‘llanmalar tarzda yetkaziladi.
Mualliflar
1. RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR SHAROITIDA SHAXSIY DAXLSIZLIK HUQUQI TUSHUNCHASI VA MOHIYATI
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi sharoitida shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari dolzarb hisoblanadi.
Binobarin, Raqamli texnologiyalar orqali shaxsga doir ma’lumotlar olinadi, vaholanki, ushbu ma’lumotlar axborot olish erkinligi hisobga olinsa shaxsiy va oilaviy hayotga doir ma’lumotlar olish va foydalanish ehtimoli oshib ketadi. Jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni ochiq yoki cheklangan foydalanish rejimida bo‘lganda ham undan noo‘rin foydalanish insonning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqiga o‘z ta’sirini o‘tkazishini inobatga olgan holda, shaxs hayot daxlsizligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida har kim shaxsiy daxlsizlik huquq ega ekanligi va
12-moddasida esa hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi, shuningdek, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Shuningdek, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt”ning 17-moddasida quyidagicha belgilangan: “Hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz qilinishiga duchor etilishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega”.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasiga ko‘ra har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Tabiiyki, shaxsiy hayot daxlsizligi tariflash uning mazmun mohiyatini ochib berish, ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyamizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish barchamizning sharafli burchimiz ekanligini Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev alohida ta’kidlagan.
Bugungi kunda, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi, jamiyatimiz hayotida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilinishi, davlatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga shaxsiy hayoti daxlsizligini tushunchasini yetkazishni taqazo etmoqda.
Shaxsiy hayot nima ?
Shaxsiy hayot – har bir shaxsning Konstitutsiya bilan himoya qilinadigan, davlat, jamiyat va boshqa shaxslar aralashmaydigan, shaxsiy, oilaviy, jinsiy va fuqarolik munosabatlarga kirishish nisbatan bo‘lgan huquq hisoblanadi.
Shaxsiy hayot daxlsizligi nima?
Shaxsiy hayot daxlsizligi har bir shaxsning individual hayotiga tashqaridan aralashmaslikni nazarda tutadi.
Tasavvur qiling, shaxsning shaxsiy hayot huquqini bir qancha oshkor etilmasligi lozim bo‘lgan sirlarning yig‘indisi deb tushunilsa, uni quyidagicha ikki guruhga ajratib kursatishimiz mumkin: SHAXSIY SIRLAR (hech kimga oshkor etilmaydigan) va KASBIY SIRLAR (fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ma’lum kasb egalariga oshkor qilinishi mumkin bo‘lgan ).
Nima shaxsiy sir hisoblanadi?
E’tibor bering!
Shaxsiy sirlar quyidagilardan iborat:
- ijod va munosabatlar;
- oila;
- turar joy;
- kundaliklar, shaxsiy hujjatlar;
- pochta-telegraf jo‘natmalari;
- telefon so‘zlashuvlari kiradi
Kasbiy sirlarga esa sud himoyasi va vakillik, dastlabki tergov, bank, tibbiyot, notarial harakatlar, farzand asrab olish, fuqarolik holatini qayd etish sirlarini kiritish mumkin.
E’tibor bering!
Shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqning obyekti ikki guruhga ajratiladi – birinchisi FAOLIYAT bilan, ikkinchisi shaxsiy MA’LUMOTlar.
Yuqoridagiladan kelib chiqib, Shaxsiy hayot daxlsizligi mazmunini fuqaroning shaxsiy va oilaviy sirlarga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqi bilan birga namoyon bo‘lishini inobatga olib, quyidagi tushunchalarni anglab olishimiz lozim:
“shaxsiy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlar” – shaxsning shaxsiy, hayot tarzi, ijtimoiy faoliyati doirasida olingan shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi xabar va ma’lumotlar.
“shaxsiy sirni o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlar” – insonning ichki kechinmasi, his-tuyg‘ulari, sevimli mashg‘ulotlari, odatlari, sog‘lig‘i hamda boshqalar bilishi xohlamaydigan shaxsiy ma’lumotlarini tashkil etuvchi yoki tavsiflovchi har qanday ma’lumot (xabarlar, ma’lumotlar);
“oilaviy sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar” – shaxsning turmush o‘rtog‘i, onalik, otalik, voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, farzadlikka olingan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, vasiylik va homiylik ham sir saqlanishi kerak.
2. SHAXSIY HAYOT DAXLSIZLIGINI TA’MINLAYDIGAN QAYSI QONUN HUJJATLARINI BILASIZ?
Insonning ozodligi, sha’ni, qadr-qimmati bebaho va daxlsiz qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Shunga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilinadi.
Xususan, Konstitutsiyamizning 25-moddasida “Har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi”, 27-moddasida “Shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish” huquqi kafolatlangan.
Har bir shaxs o‘zining sifatlariga ma’naviy-axloqiy baho berishga bo‘lgan huquqini shaxsning shaxsiy huquq sifatida baholasak, subyektiv xususiyatga ega hisoblanadi. Shu bois, har bir shaxsning qadr-qimmati va obro‘-e’tibori jamiyatdagi ijtimoiy fikr bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi xam mumkin. Ammo, shaxsning qadr-qimmati, shaxsni ichki o‘zini o‘zi baholash mezoni va jamiyatning unga bergan bahosi bilan o‘zaro bog‘langan mezonlar hisoblanadi.
Shuni ta’kidlashimiz kerakki, har bir jamiyatda insonning sha’n va qadr-qimmati huquqiy-ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, qonun tomonidan himoya qilinishi lozim.
Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasida “Fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli” deb belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida “Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilangan.
Jinoyat sudlov ishlarini yuritishda ham davlat organlarining mansabdor shaxslari (sudya, prokuror, tergovchi v.b) jinoyat protsessi ishtirokchilarining shaxsiy hayotiga aralashishini taqiqlovchi huquqiy normalar belgilangan. Jumladan: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasida “Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart. Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi” deb belgilangan bo‘lsa,
19-moddasida esa “fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash taqazo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yilishi, shaxsiy yozishma va shaxsiy telegraf xabarnomalari ochiq sud majlisida faqat bu xat va xabarlarni jo‘natgan hamda olgan shaxslarning roziligi bilan o‘qib eshittirilishi mumkin” deb belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuning 6-moddasida “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi” deb qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuning 28-moddasida “Subyektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida mulkdor va (yoki) operator yoki shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxs tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan talab shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligidir. Mulkdor va (yoki) operator hamda shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar subyektning roziligisiz shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart”ligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida “Insonning shaxsiy hayoti holatlariga oid ma’lumotlarning oshkor etilishiga olib keladigan, uning hayotini, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi” deb bayon etilgan bo‘lsa mazkur qonunning, 13-moddasida esa “fuqarolarning shaxsiy hayotiga tegishli, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldor ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etmasligi” qattiy belgilangan.
O‘zbekiston Resbuplikasi Oila kodeksining 153-moddasida “Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi” deb belgilangan. Farzandlikka olish haqidagi ma’lumot oilaviy sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar sirasiga kirganligi bois, oilaviy sir hisoblanadi.
E’tibor bering!
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari” to‘g‘risidagi qonunga muvofiq “Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar MAXFIY axborot toifasiga” kirishligi belgilangan.
3.SHAXSIY YOKI OILAVIY SIRINI TASHKIL ETUVCHI SHAXSIY HAYOTI TO‘G‘RISIDAGI MA’LUMOTLARNI NIMALAR TASHKIL QILADI?
Davlatimizda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan eng muhim hujjatlardan biri 2019-yil 2-iyulda qabul qilingan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonundir. Raqamli texnologiyalar rivojlanib borishi bilan fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari hisoblangan fotosurat, xabar va yozishmalar, telefon so‘zlashuvlari bilan bog‘liq axborotlardan g‘ayriqonuniy tarzda foydalanish, o‘z manfaati yo‘lida tarqatish hollari ko‘paygan.
Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, shaxsga doir ma’lumotlarning aniqligi va ishonchligi, ularning maxfiyligi va himoya qilinganligi, jamiyat va davlatning xavfsizligi asosiy prinsiplar sifatida belgilangan. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari orqali fuqarolarning shaxsiy malumotlarini muhofaza qilish, shaxsiy hayotga aralashuvning oldini olish, ularning yaxlitligi va maxfiyligiga rioya etish, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berishning oldini olish asosiy vazifalar hisoblanadi. Bundan tashqari qonunda shaxsiy ma’lumotlarni boshqalarga taqdim etish va foydalanish ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, o‘zganing xususiy ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy tarzda foydalanganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
E’tibor bering!
Shaxsga doir ma’lumotlar – muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot hisoblanadi
Qonunchilikka muvofiq har bir shaxsning shaxsiy ma’lumotlari nimalardan iborat?
- ismi, familiyasi, otasining ismi;
- tug‘ilgan vaqti, tug‘ilgan joyi;
- vaqtincha yoki doimiy yashash joyi;
- oilasi, ijtimoiy holati;
- ma’lumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi;
- daromadlari va mulkiy holati;
- telefon raqami;
- shaxsiy surati (foto va h.k.);
- biometrik va genetik ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar.
E’tibor bering!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Uning vakolatlari quyidagilardan iborat:
Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;
Mulkdorning va (yoki) operatorning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilishini hamda ularning himoya qilinishini ta’minlovchi tuzilmaviy bo‘linmasi yoki vakolatli shaxsi faoliyatini tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;
Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritadi;
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
Shaxsga doir ma’lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi;
Ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va mazmunini, faoliyat turini, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarning haqiqiyligini tahlil qiladi;
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini bartaraf qilish haqida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi va boshqa qonunchilikda belgilangan vakolatlardan iborat.
4. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARGA QANDAY ISHLOV BERILADI?
Shaxsga doir ma’lumotlar globallashuv davrida o‘zining qiyofasini butunlay o‘zgartirib borishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlov berilishining keskin o‘sishi ma’lumotlarni himoya qilishning yagona standartlariga bo‘lgan ehtiyojni keltirib chiqardi.
Shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilishga qaratilgan qonunlarning negizida shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashni tartibga soluvchi me’yoriy tamoyillar yotadi.
E’tibor bering!
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish – avtomatlashtirish vositalari yordamida yoki bunday vositalarni shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan ishlatmasdan, shu jumladan yig‘ish, yozib olish, tizimlashtirish, to‘plash, saqlash, aniqlashtirish, ajratib olish, ishlatish, uzatish (tarqatish, taqdim etish, tanishishga ruxsat berish), egasizlantirish, blokirovka qilish, o‘chirish, yo‘q qilish orqali amalga oshiriladigan har qanday harakat yoki harakatlar majmui.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- subyekt bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berganda;
- subyekt taraf bo‘lgan shartnomani bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar subyektning so‘roviga binoan choralar ko‘rish zarur bo‘lganda;
- mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
- subyektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
- mulkdor va (yoki) operatorning yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun yoxud shaxsga doir ma’lumotlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda;
- agar bu ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan olingan bo‘lsa.
- Subyektning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lgan taqdirda, bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik olish mumkin bo‘lgan paytga qadar subyektning ROZILIGISIZ yo‘l qo‘yiladi.
5. SHAXSIY MA’LUMOTLARNI OSHKOR ETILISHINING OLDINI OLISH MAQSADIDA NIMALARGA RIOYA QILISH LOZIM?
So‘nggi o‘n yillikda internet aloqa vositalaridan foydalanuvchilar soni taboro ortib bormoqda. Buning natijasida, ma’lumotlarni o‘g‘irlash, tijorat sirlarini oshkor qilish, shaxsiy hayotga o‘zgalarning aralashishi kabi holatlar ko‘p uchrab turibdi. Ayniqsa, mashhur shaxslarning shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan internet josusligi natijasida ular haqida matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul materiallar paydo bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda.
Shuningdek, shaxsga oid ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlovga qaratilgan “Windows”, “MacOS”, “Android”, “IOS” va boshqa shu kabi operatsion tizimlarda ishlovchi turli ilovalar hamda “niqoblangan” elektron dasturlar tarqatilmoqda. Fuqarolarimiz esa fotosuratlar, o‘yinlar, qo‘llanmalar, elektron hujjatlar, elektron xatlar yoki boshqa fayllar yuklab olishi natijasida shaxsga oid deb qaralayotgan abonentlar kontakt ro‘yxati, kirish va chiqish qo‘ng‘iroqlar tarixi, akkauntlarga tegishli parollar, bank hisob raqamlari, bank kredit yoki debit kartalari ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar dastur muallifiga yashirin tarzda yuboriladi.
Shaxsiy ma’lumotlar hisoblanuvchi bank karta raqami, pin-kodini boshqalarga aytishda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilishida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rmasak, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etilishiga sababchi bo‘lgan hisoblanamiz.
Shu bois ham shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etilishining oldini olish maqsadida quyidagilarga rioya etishlari tavsiya etiladi:
- ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsga oid ma’lumotlarni jo‘natmaslik;
- “Serdaromad” ish yoki “xorijdagi meros” kabi taklif qiluvchilardan ehtiyot bo‘lish;
- notanish bo‘lgan shaxslar bilan messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, turli platformalar orqali muloqot qilishda shaxsiy ma’lumotlar taqdim etmaslik;
- shubhali fayllar va ilovalarni ochib ko‘rmaslik;
- noma’lum va shubhali manbalardan ma’lumotlar yuklab olmaslik;
- shubhali havolalarni ochib ko‘rmaslik;
6. SHAXSIY HAYOT DAXLSIZLIGINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK QANDAY?
Shaxsiy hayot daxlsizligi insonning shaxsiy huquqlarini kafolatlovchi asosiy konstitutsiyaviy prinsiplardan biri sifatida tushuniladi. Demak, ushbu prinsip ostida insonning shaxsiy va oilaviy hayotiga kimningdir aralashuvi, shuningdek, uning roziligisiz shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni tarqatish man etilishi lozim.
E’tibor bering!
Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish – shaxsning SHAXSIY yoki OILAVIY sirini tashkil etuvchi shaxsiy HAYOTI TO‘G‘RISIDAGI ma’lumotlarni uning ROZILIGISIZ qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish hisoblanadi.
Agarda Sizning shaxsiy yoki oilaviy siringizni tashkil etuvchi shaxsiy hayotingiz to‘g‘risidagi ma’lumotlar Sizning ROZILIGINGIZSIZ tarqatilsa, ushbu xatti-harakatlar qanday javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 461-moddasida e’tibor qaratsak: “Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 1411-moddasi quyidagicha belgilangan Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish ma’muriy javobgarlikka tortmasdan turib ham jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi:
a) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa;
b) g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa;
v) xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa,
– bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – Toshkent, O‘zbekiston, 2022. – 76 b;
- “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun / Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son.
- O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi / Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.09.2021y., 03/21/716/0877-son.
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi / Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2021-y., 03/21/719/0929-son.
- Mirziyoyev Sh. 2018-yil 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasi.
- Madiyev F.K. Constitutional Basis of Ensuring the Right to Privacy in the Age of Informatization. Middle European Scientific Bulletin. 11, (Jul. 2021). DOI:https://doi.org/10.47494/mesb.2021.11.657.
- “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt https://lex.uz/docs/2640479
- N. Saburov. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh”. 132-b,Toshkent. 2008-y
- Sh.Saydullaev. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh” 137, Toshkent. 2013-y http://unicat.natlib.uz:8088/uz-Latn-UZ/Record/Details/03204d75-8abd-4127-9395-b8708d7831dd
- Тулаганова.Г. Защита чести и достоинства человека как одно из конституционных прав //Review of law sciences. – 2020. – Т. 4. – №. Спецвыпуск.
MADIYEV FAXRIDDIN XOSHIM O‘G‘LI
SAFAROVA HULKAR NORBEK QIZI
SHAXSIY HAYOT DAXLSIZLIGI
HUQUQI DEGANDA NIMANI
TUSHUNASIZ?
Ilmiy-ommabop risola
Toshkent davlat yuridik universiteti
Toshkent – 2022
Bosh muharrir O. Choriyev
Muharrir Sh. Jahonov
Musahhih M. Patillayeva
Texnik muharrir U. Sapayev
Dizayner D. Rajapov
08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.
“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.
Adadi 50. 135-buyurtma.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.
100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.
QAYDLAR UCHUN
____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
_____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
____________________________________________________________